Lunsayni Kaba – gvineyalik shoir
IRQChILIK OLAMI
Bu ko‘chalar,
mahalla,
bu yo‘llar —
senga emas.
Bu oltin
mehrob, ma’bad,
darvoza —
senga emas.
Senga emas
uylar ham —
bari xo‘jayinlarniki,
xo‘jayinlarniki.
Senga-chi, senga esa —
faqat turma,
faqat barak,
faqat kon.
Senga emas
kuy sadosi,
bar va rangin
tun havosi.
Tunlar xuddi
qaro sendek,
qarolikdan
bo‘g‘ilma lek.
Bu o‘lkalar
senga emas,
chunki tanang
oq emas.
Senga emas
bu Vatan.
Boisi sen —
qora tan.
AGAR YuRAK
Agar yurak guldirasa
qaldiroq kabi
chaqmoq tun pardasin
so‘kib, yirtib otgann mahal,
gar yurak guvlasa
go‘yo eshikni
bo‘ron uvlab mushtlagan kabi;
agar yurak
og‘ir-og‘ir
aks-sado bersa,
zamon zinasidan
shoshib, yugurib,
lahza sayin yaqinlashgan
taqdir qadamlaridan,—
to‘xta,
tegrangga nazar sol
ko‘rasan:
oldinda —
bir odam qorasi.
Sen qutulding!
Inson
senga ishonch
qo‘lini tutar,
kuchliroq, yovqurroq
bo‘lmoqlik uchun.
Siz — ikkingiz
yo‘lga birga tushasiz
chaqmoqzor oralab,
bo‘ron, qaldiroqdan hayiqmay,
taqdirga qarshi…
MUSIQA – QON!
Sozandalar keldi
kuyladi
elektr gitarlar.
Violonchel
ingradi.
Barabanlar darangladilar!
Dirijyor baqirar:
«Qaytadan!»
Dirijyor uqtirar:
«Jonli, jonliroq!»
Va musiqa
qon bo‘lib
ketdi,
ketdi
tomirlar bo‘ylab,
o‘t chaqnatib
toshlardan,
munis to‘lqin bo‘lib,
to‘ldirib
arzu samoni.
Musiqa
yurakka aylanib,
naq
bo‘g‘zingga kelib tiqildi,
charchoqlar quladi,
oromgohidan, qayg‘ular
taxtidan
yiqildi.
Gitaralar toshib
chuvvos solganda,
saksofonlar bo‘zlab
turganda bot-bot,
tam-tamlar asabiy
bo‘kirishganda
go‘yo qoq bo‘linib
ketdi Koinot!
Va yurak qaytadan
qadimiy
hasratli ohangga
chulg‘andi:
oyoqda zalvorli
kishanlar,
elkada qamchilar
to‘lg‘ondi.
Qora osmon
zirillar, guvlar,
vahshiy
erning
chiqadi changi.
Yurakdan
yurakka ko‘chib boradi,
ko‘chib boradi
og‘riqlar ohangi,
qahr ohangi!
Chori Avaz tarjimalari
YuRAK URIB TURSA…
Agarda yuraging
Orom yo‘qotsa
Chaqmoqlar yashnagan oqshom chog‘ida
Ufq bo‘ylab yugurgan
Momaqaldiroq kabi;
Agarda yuraging
O‘ynay boshlasa
Dahshatli dovulga ermak bo‘lgan
Eshikning qo‘sh tabaqasiday;
Agarda yuraging
Vazmin aks-sado qaytarsa
Taqdirning,
Ha,
Vaqt zinalaridan gurs-gurs ko‘tarilib,
Lahza sayin yaqinlashib kelayotgan
Taqdir odimlariga —
To‘xta va
Boq:
Oldinda albatta
Inson qorasini ko‘rgaysan.
U najotkoringdir!
Ha,
Inson
Senga ishonch ila
Uzatgay qo‘lin,
Qudratli bo‘lur, deb, ikkovlon.
Qo‘lni berib qo‘lga
Tushgaysiz yo‘lga
Dovuldan hayiqmay,
Chaqmoqlardan osha —
Taqdirga peshvoz…
Muhammad Solih tarjimasi