Bunaqa bo‘lishini oldindan kim o‘ylabdi, deysiz. Kimdir birov kinogami yoki teatrgami ketayotganda, o‘ziga o‘xshab o‘sha yerga borayotgan odamlar haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi: kiyinib bo‘lgach, film qachon boshlanishini, joyi qayerda ekanini so‘rab yana bir karra qo‘ng‘iroq qiladi, yo o‘n birinchi yo yettinchi qator, nimqorong‘ilik va musiqa, hech kimga, ayni paytda hammaga tegishli maskan, hamma – bir xilda tamoshabin, erkaklaru ayollar, g‘uj-g‘uj odam, lekin hech kim yo‘qdek, ora-sira kech qolib bezovta qilayotgani uchun uzrxonlik, norozi ohangdagi shivirlashlar, kim kimga e’tiroz bildiryapti – noma’lum, doimiy osoyishtalik, nigohlar sahnaga yoki ekranga qadalgan, yon-verida kim o‘tiribdi-yu, nimalar bo‘layapti – hech kim qiziqmaydi, holbuki, zal to‘la odam… Xuddi shunga o‘xshab, reklamalaru kinoteatr oldidagi uzundan-uzoq navbatlarni ko‘rib, gazeta-jurnallarda tinimsiz e’lon qilayotgan taqriz va maqolalarni o‘qib ham, Glendaning muhlislari bunchalar ko‘p ekanini bilmas ekanmiz.
Uch yil, narisi bilan to‘rt yil bo‘ldi shu voqealarning boshlanganiga, hozir bu fikrning birinchi bo‘lib kimdan chiqqanini hech kim aniq aytib berolmaydi, qisqasi, vaqt o‘tib biz asosiy guruh, yoshlar esa klub, deya nom qo‘ygan o‘sha qandaydir birlashma tashkil etish g‘oyasi qachon – kinoni ko‘rib chiqqach, bir qadahdan musallas ichib o‘tirgandami, suhbat qiziganida yoki jimgina xayol surayotganimizda vujudga keldimi, tavba, Urasusta bilan Diana Riveroning ham allaqachon esidan chiqib ketgan bo‘lsa kerak.
Aslida bu hech qanaqa klub-plub emasdi, oddiygina Glenda Garsenni yaxshi ko‘radiganlar davrasi edi, vaholanki, uning iste’dodi bilan ijodiga yuksak baho berishdan nariga o‘tmaydigan muxlislardan ajralib turishimizga shuning o‘zi ham kifoya qilar edi. Zotan, Glenda yorqin iste’dodi bilan bizni ham mahliyo etib, chinakam san’atga oshno qilgan edi, shuningdek Anuk, Merilin, Anni, Silvana hamda – bo‘lmasam-chi – Marchello, Iv, Vittorio va Dirk singari aktyorlar ham yuragimizdan o‘rin olgandi, lekin biz faqat Glendani chinakamiga yaxshi ko‘rar edik, aynan shuning uchun, mana shuning sharofati bilan guruhimiz tashkil topdi va shakllandi hamda qattiyan o‘z maqomini belgilab oldi; bu sabablarni yolg‘iz o‘zimiz bilardik – buni hech kimga aytmasdik, keyin-keyin, bir muncha vaqt o‘tib, bitta-yarimta Glendaning muxlislari bilan tanishib qolib, ular bilan bordi-keldi qilib yurib, uzoq davom etgan suhbatlardan so‘ng kimki Glendani chin dildan yaxshi ko‘rishiga o‘zi ishonib qolmay, bizlarni ham ishontira olsa, dilimizda bu tuyg‘ularni o‘shanga inonib aytardik.
Diana bilan Irasusta tashkil etgan uyushma sekin-asta kengayib borardi. “Qor uzra yolqin” filmi ekranlarga chiqqan yili biz nari borsa olti yoki yetti kishi bo‘lsak, “Zebolik tuhfasi” ishlanganda uyushma a’zolarining soni haddan tashqari ko‘payib, oqibatda ayrimlar o‘zlarini allakim bilib, uncha-muncha narsani mensimaydigan bo‘lib borayotganlarini sezib qoldik. Biz – Irasusta, Diana va yana ikki uch kishi o‘zaro fikrlashib talabchanlikni oshirish, sinamasdan va viskixo‘rlik paytida o‘zini dono hamda fidoyi qilib ko‘rsatishni yaxshi ko‘radiganlarni imtihon qilmasdan (O, Buenos-Ayres, London va Mexikoga xos bu tungi imtihonlar) olmaslikka qaror qildik. “Omonat baxt” premerasi kuni Glendani yaxshi ko‘radiganlar biz o‘ylagandan hiyla ko‘proq ekaniga taassuf ila iqror bo‘ldik. Kinoteatrda tez-tez uchrashib qolishlar, film tugagandan keyin ko‘z urishtirishlar, sarosimaga tushgan ayollarning parishon chehralari va alamini ichiga yutgan erkaklarning sukut saqlashi – allaqanday nishonlaru shartlashgan so‘zlardan ko‘ra bizni ochiq ravshanroq ajratib turardi. Bir-birimizni so‘zsiz, bexato topib olardik, qisqasi.
Aql bovar qilmaydigan bahonayu sabablar izmi ixtiyorida beixtiyor hammamiz shahar markazidagi bitta qahvaxonaga borib qolardik. Alohida-alohida turgan stollar birpasda birlashtirilar va hamma kelishib olgandek bir xil kokteyl chaqirar, ana shundan so‘ng kerak-nokerak gumon va ikkilanishlarni yig‘ishtirib qo‘yib, bir-birimizning eng so‘nggi filmning eng so‘nggi sahnasida oxirgi kadrdagi Glendaning hali o‘chib ulgurmagan siymosi aks etib turgan ko‘zlarimizga tikilib qarashga botinardik.
Kim biladi, yigirmata edikmi yo o‘ttiztami – qisqasi, necha kishi kelganimizni baribir bilolmasdik. Chunki Glenda ishtirok etgan filmlar ba’zan bitta kinoteatrda oylab namoyish etilar, ba’zida esa bir vaqtning o‘zida ikkita yoki to‘rtta kinoteatrda qo‘yilardi. Bir safar – kutilmagan hodisa – u hatto sahnada, “Quyushqondan chiqqanlar” spektaklidagi yoshgina qotil qiz rolini ijro etdi va qanchadan qancha yangi muxlislar orttirdi, el-yurt olqishiga sazovor bo‘ldi, biz esa buni jiddiy qabul qilmadik. O‘sha paytda biz juda inoqlashib ketdik, o‘zaro bordi-keldi qiladigan bo‘ldik, to‘g‘risini aytganda asosan Glenda haqida gurunglashib o‘tirgani bir-birimiznikiga mehmonga borardik. Avval boshdanoq Irasusta bir ovozdan uyushma rahbari sifatida tan olingandi, holbuki, bunga u hech qachon da’vo qilmagan, Diana Rivero esa go‘yo uning ishonchli vakili – o‘rinbosari edi, u asosan bizga qo‘shilish niyatida bo‘lgan nomzodlarni “elakdan o‘tkazar”, ular bilan suhbatlashar – saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib, bizni betayin va olg‘ir muxlislardan asrar edi. Dastlab mustaqil assotsiatsiya sifatida dunyoga kelgan narsa endi jamoatchilik asosidagi tashkilotga aylana boshladi va dastlabki paytlardagi, yengil-elpi savol-javoblar o‘rnini aniq maqsadga qaratilgan suhbatlar, konkret muammolar egalladi. “Zebolik tuhfasi”dagi xatoga yo‘l qo‘yilgan epizod, “Qor uzra yolqin” filmining intihosidagi so‘nggi iddaolar, “Omonat baxtdagi” sharmu hayosiz lavha haqida savollar beriladigan bo‘ldi. Glendaga nisbatan ko‘nglimizdagi mehr-muhabbat shunchalar kuchliligidan hammaslak bo‘lmagan muxlislar, sharm-hayosiz qiz-juvonlar, aravani quruq olib qochadigan mahmadonalar bilan mutloqo murosa qilgimiz kelmasdi. Hatto shu sababdan bo‘lsa kerak, bir odat joriy etildi (qayerdan, kim tomonidan – tagiga yetolmadik baribir): Glenda ishtirok etgan film markazda qo‘yilsa, juma kunlari, chekka tumanda takroran namoyish etilayotganda esa hamma ko‘rishga ulgurishi uchun bir hafta kutar edik, ya’ni keyingi uchrashuv muddati surilardi; barcha vazifalar qat’iyyan belgilab qo‘yilgan bo‘lib, so‘zsiz itoat etilardi, aks holda, jazo tariqasida Irasustaning nafrat va istehzo to‘la kulgisi yoki Diananing o‘ta ko‘ngilsiz, o‘t chaqnagan nigohiga duchor bo‘lishardi.
O‘sha kezlarda bizning uchrashuvlarimiz boshdan-oyoq Glendaga bag‘ishlanardi, bu yig‘inlar ochiqdan ochiq “Glenda” deb atarlardi – zero, Glenda har birimizning qalbimizda baayni yashar va shu vajdan oramizda tafriqa yo‘q va birligimizga hech qanday gumon va shubhalar rahna sololmas edi. Vaqti kelib ayrimlar botinib, asta-sekin, avvaliga istihola hamda ehtiyotlik bilan, bo‘sh chiqqan epizodlardan hayron qolib yoki hafsalalari pir bo‘lib, siyqa fikr yoki taqlidlarni ochiqdan-ochiq tanqid qilishga o‘tdilar.
Biz “Olifta” filmining ta’sir kuchini susaytirgan ba’zi yerlardagi kamchiliklar yoki “Sababini hech qachon bilolmaysan”ning yakuni uchun Glenda aybdor emasligini bilardik. O‘sha rejissyorlarning boshqa asarlarini ham ko‘rganmiz, syujetlari qaydan paydo bo‘ldi-yu, stsenariysini kim yozgan – hammasidan xabardor edik, ularga shafqat qilmasdik, shu sababli juda yaxshi tushunardikki, bizning munosabatimiz aktrisaga havas bilan qarashdan farq qiladi, faqat boshqalarning aybi tufayli yuzaga kelgan xom-xatala nomukammal asarlar Glenda sha’niga dog‘ tushirmasligi uchun kuyinardik. Bizning yuksak vazifamiz, ehtimol, burchimiz haqida birinchi bo‘lib Diana gapirdi, u asl niyatini ochiq aytib o‘tirmay odatdagicha, o‘ziga xos tarzda – kinoya aralash shama qilib o‘tdi, ochig‘i, u bizni ochiqdan-ochiq xayrixohlik bildirishmaydi deb o‘ylagan, shekilli, uning har bitta gapiga qo‘shilib, har bir fikrini ma’qullashimizdan boshi osmonga yetdi, biz ham kinozallarni to‘ldirib o‘tirishlar, qahvaxonada diydorlashmoq endi talabimizga javob bera olmaydi, hatto Glendani bunaqa yaxshi ko‘rib yurish ham kam ekaniga iqror bo‘ldik.
Biroq o‘shanda ham ochiq aytilmagandi ichimizdagi asosiy gaplar – balki unda ehtiyoj yo‘q edimi?! Glendani qalbimizda asrash baxti hamma narsadan muhimroq va bu baxt kamolotga erishgandagina to‘liq bo‘lishi mumkin edi. Kutilmaganda filmlarda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlar yomon ta’sir qila boshladi: biz “Hech qachon sababini bilolmaysan” filmining bu tarzda tugashini istamasdik yoki “Qor yuzidagi yolqin”da poker o‘yini chog‘idagi betayin epizod o‘zini oqlamagan deb hisoblardik (Glenda u yerda bo‘lmasa-da, qay yo‘l bilandir uni ham isnodga qo‘yardi). Har doimgidek bizni istiqbolda kutayotgan vazifalarni Irasusta aniq belgilab berdi va o‘sha oqshom biz zimmamizdagi mas’uliyat yuki ostida ezilgancha hamda istiqbolda kutayotgan saodat haqida o‘ylab, ya’ni nuqson va xiyonatlar Glendaning munavvar siymosiga zarracha gard yuqtirmasligiga ishonch baxsh etgan saodat umidida uy-uyimizga tarqaldik.
Biz to‘garakka boshqa hech kimni qabul qilmay qo‘ydik, burchimizni bajarish uchun odamlarimiz yetarli edi. Qolaversa, muhmal hur fikrlilik maqsadimizni amalga oshirishga to‘g‘onoq bo‘lardi. Irasusta Reside-de Lobasdagi bog‘li koshonasida qurilgan tajribaxona haqida butunlay bitgandan keyingina og‘iz ochdi. Shundan keyin hamma ish kelishib olindi va birinchi topshiriq “Omonat baxt” filmining hamma nusxalarini topib, yig‘ib kelishga mas’ul guruh tuzildi va uyushma a’zolari o‘rtasida teng taqsimlandi, bu filmdan boshlaganimizning boisi, muvaffaqiyatsiz chiqqan o‘rinlari nisbatan kamroq edi. Masalaning moliyaviy tomoni haqida birov g‘ing demadi, Irasusta Pichincheda qo‘rg‘oshin koni ochgan Govard Xyuz bilan sheriklik qilardi, pul bo‘lsa changalda sho‘rva – barcha ishlari: samolyotlar, hamkorlik qiluvchilar, pora berish uchun pul masalasi osongina hal qilindi. Bizning idoramiz, idoraga qarashli korxonamiz ham yo‘q edi, “Xeygar Loss” kompaniyasining kompyuteri oldimizdagi vazifalar va ularning bajarilish bosqichlari tartibini programmalashtirib berdi. Diana Riveroning hammamizni birdan harakatga keltirgan gaplaridan ikki oy o‘tgach, tajribaxona ish boshlashga tayyor bo‘ldi; “Omonat baxt”dagi qushlar bilan bog‘liq bo‘sh epizod boshqasi bilan, Glenda ijrosiga munosib me’yor va dramatik holat haqqoniy aks ettirilgan boshqa bir lavha bilan sezilmaydigan tarzda o‘zgartirildi, ba’zilarning zikricha, to‘g‘rilandi. Film ekranlarga bir necha yil muqaddam chiqqan bo‘lib, uning qayta jahon ekranlarida namoyish etilishi hech kimni hayron qoldirmadi: tomoshabinlar va muxlislarning xotirasi chetdan qaraganda g‘alati taassurot qoldirar ekan, biz ilgari ko‘rgan, lekin vaqtiki kelib o‘zgarish kiritilgan yoki qisman o‘zgartirilgan narsalarni xotiramizning unutishi yoki o‘zgarishi orqali qabul qilamiz, shu nuqtai nazardan olganda Glendaning o‘zi ham filmning o‘sha epizodlarida ro‘y bergan o‘zgarishlarni sezmagan bo‘lsa, ajab emas. Darhaqiqat, uning matbuot konferentsiyasida aytgan gaplari shu fikrni yuz joiz tasdiqlardi.
Biz tinim nimaligini esdan chiqarib yubordik; tajribaxonada amalga oshirilgan ishning samarasini amalda ko‘rgach, paysalga solmasdan “Qor yuzidagi yolqin” bilan “Jodu” nusxalarini yig‘ishtirib oldik; so‘ng qayta ishlab, tuzatish uchun boshqa filmlar keltirildi, “Xeygar Loss”ning kompyuterchilari bilan tajribaxona xodimlari bir me’yorda qizg‘in ish olib borishardi. Faqat “Zebolik tuhfasi” biroz qiynadi: arab amirliklaridagi neft kompaniyalarining magnatlari film nusxalarini butunlay sotib olib uylarida saqlashar ekan, uni o‘g‘irlab chiqib, (boshqa so‘z ishlatishning hojati bormi) o‘rniga boshqasini qo‘yib qo‘yish uchun turli hiyla-nayrang ishlatishga va odam yollashga to‘g‘ri keldi, Tajribaxona pand bermay bir tekis va yuqori darajada ishlardi, boshida bunaqa puxta ish olib borishiga aslo ishonmagan edik, (tabiiyki Irasustaga ko‘ngimizdagi ishtibohni aytishga botinolmagandik), taaajub, hammadan ko‘ra Diana ko‘proq ishonqiramagandi, lekin Irasusta “Sababini hech qachon bilolmaysan”ni ko‘rsatganda va biz film yakunida Glendaning Romanolar xonadoniga qaytib kelmay mashinasida qoyatosh sari shamoldek yelib ketgani va o‘z tiynatiga sodiq qolgan holda toshqin daryoga g‘arq bo‘lganini ko‘rib, haqiqiy yakun mana shunday bo‘lishi kerakligini his qilgandik, zero ko‘nglimizda bu dunyoda ham benuqson kamolotga erishish mumkinligiga ishonch uyg‘ongan va Glenda biz uchun ana shunday barkamol bo‘lib qoladi, deb xayol qilganmiz.
Albatta, eng qiyini nimani o‘zgartirish lozim, qayerini kesib tashlash kerak, montaj jarayonida nimalarga e’tibor berish, bachkana, tuturuqsiz yerlarini qanday hal qilish edi. Har birimiz Glendani turlicha tasavvur qilar edik, qalblarimizga jo qilganimiz bilan bu Glendalar o‘rtasida tafovut mavjud edi, – ana shu narsa ixtilofga sabab bo‘lardi, bahs-munozaralar asablarini qaqshatayotganlar, uzoq va atroflicha tahlil qilib tushuntirganimizdan keyin o‘zaro bitimga kelishar, ayrim paytlarda masala ko‘pchilik fikrig‘a tayanib hal qilinardi. Afsuski, fikri inobatga olinmaganlar qabul qilingan yangi variantiga ichlari achishib qarashar hamda bizning o‘ylaganlarimizga to‘la-to‘kis javob bermaydi, deb hisoblashar edi-yu, lekin ishonchim komilki qilingan ishlardan hech kimning ko‘ngli to‘lmay qolgan, biz Glendani shunchalar yaxshi ko‘rardikki, natija hamisha o‘zini oqlash tugul, ko‘pincha avval boshdan ko‘zlaganimizdan afzalroq bo‘lib chiqar edi. Ba’zi ko‘ngilsizliklar ham ro‘y berib qolardi: “Tayms” gazetasida bir gazetxonning xati bosilib chiqdi, u “Qor yuzidagi yolqin” filmida uchta voqea, ilgari bu tartibda kelardi, hozir butunlay o‘zgargan, deya hayron bo‘lsa, “Opinon”da san’atshunosning maqolasi bosilib chiqdi, u ochiqdan ochiq “Jodu”dagi bir sahna butunlay qirqib tashlanganiga norozilik bildirardi, uning taxminicha, bu riyokor amaldorlar siyosatidan boshqa narsa emas. Barcha holatlarda gazak olib ketmasligi uchun shoshilinch choralar ko‘riladi; buning hech qiyin yeri yo‘q edi, negaki ommaga kaltabin toifa – u birpasda hamma narsani unutib yuboradi yoki nimani taqdim etsa, yangidek qabul qilib ketaveradi yoki o‘zi bir yangilik axtarishga beriladi, qisqasi, u yangilikka o‘ch – yangilikparast, kino olami siyosat dunyosi kabi beqaror, buqalamunga o‘xshaydi, hammasi o‘zgarishdan bir lahza to‘xtamaydi, bu faqatgina bizga – Glendani jonidan ortiq ko‘ruvchilarga taalluqli emas, aslida bid’at va ixtiloflarning doyasi bo‘lmish uyushmada to‘satdan boshlanib qoladigan bahs-munozaralar bo‘lib, ular nihoyatda xavfli edi. Garchi biz o‘zimizni har doimgidan ko‘ra yakdil, burchimiz taqozosiga ko‘ra o‘zimizni hamjihat sezsak-da, ittifoqo bir kuni kechki payt siyosiy safsatabozlik illatidan tamomila qutulmagan “ahli donishlar”ning muborak ovozlari yangrab qoldi, ish avji qizigan paytda hammamizning oldimizga axloqiy muammolarni ro‘kach qilib qo‘yishmoqchi bo‘lishdi, ular o‘zimizga mahliyo bo‘lib ketib, fil suyagiga yoki guruch donasiga jimjimador naqsh chizishdek hech kimga keragi yo‘q faoliyat bilan shug‘ullanmayapmizmi, deya savol berishdi. Bunday ishbuzarlardan shartta yuz o‘girish oson emasdi, agar shunday qilinsa, jamoaning tartib bilan bir me’yorda olib borayotgan faoliyatiga putur yetar, chunki bizlar bamisli havoga ko‘tarilgan samolyotning barcha murvatlari bir paytda baravar ishlagan uchun havoda parvoz qilayotgani kabi yaxlit va uyg‘un organizmga aylangan edik, mabodo bitta murvat buzilsa yoki olib tashlansa, umumiy harakat butunlay to‘xtab qolishi aniq. Bu tanqidiy mulohazalarni, bizni kuch-quvvatini, g‘ayrat-shijoatini behuda narsalarga isrof qilishdek nodonlikda ayblashlarini chidab eshitishning ham o‘zi bo‘lmasdi. Shunga qaramasdan endi-endi nish ura boshlagan shakkoklik kurtaklarini hoziroq – vaqtida yulib tashlashga zarurat yo‘q edi, chunki hatto shu isyonkorlar ham bizga o‘xshab Glendani haddan ziyod yaxshi ko‘rishardi, shu bois har qanday axloqiy qarashlar yoki nuqtai nazarlardagi ixtiloflardan qat’i nazar, Glendaning kamoloti bizlarni ham, qolaversa, dunyoni ham barkamol qilajagiga ishonch hissi bizni bir umrga birlashtirgan edi. Holbuki, biz ortig‘i bilan ajru mukofotga sazovor bo‘lgan edik, zero, bir faylasuf do‘stimiz behuda ikkilanishlar davrida qiyinchiliklarni bartaraf etib, avvalgi hamjihatlikni saqlab qola bildi; uning og‘zidan, har qanday xususiy faoliyat tarixiy ahamiyat kasb etishi mumkin, insoniyat tarixida kitobning kashf etilishidek muhim kashfiyot yigit kishining bir ayol nomini tinimsiz takrorlash orqali abadiylashtirish istagining sharofati bilan voqe bo‘lgan, degan naqlni eshitdik.
Xullas, biz Glendaning siymosi har qanday nuqson va qusurlardan xoli ekaniga ishonadigan kunlarga ham yetib keldik; uning siymosi jahon ekranlari orqali o‘zi orzu qilgan – biz bunga amin edik – darajada nur sochmoqda edi, ehtimol, shuning uchundir matbuotda uning kino olamini tark etishi haqidagi intervyusi bosilib chiqqanida unchalik hayajonlanmadik ham, fikrimizcha, Glendaning g‘ayriixtiyoriy ravishda faoliyatimizga, hayotimizning mazmunini boyitishga qo‘shgan bebaho hissasi karomat ham emas, tasodif ham emasdi, bu o‘ziga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimizni g‘oyibona his qilgan qalbning javobi edi go‘yo, yoki bo‘lmasa, uning bu ahdu qarori yuragining tubida tug‘yon qilgan minnatdorlik tuyg‘ularining in’ikosi sifatida yuzaga qalqib chiqqandi; vaholanki, kino san’atiga mansub turli-tuman shunos-shunoslar uning tahsinga loyiq bu qarorini – ajoyib aktrisaning kutilmaganda san’atni tark etishini qadrdon go‘shasini bevaqt tashlab ketgan qushlar qismatiga qiyoslagan bo‘lsalar, biz esa, aksincha, abadiyat sarhadlaridagi makonlariga qaytgan qushlarning ibratomuz ahdu qarori sifatida qabul qildik. Bizning quvonchimiz chegara bilmasdi: og‘ir kechinmalarga to‘la halovatsiz kunlar, uyqusiz tunlar ortda qoldi, zero, biz chekkan zahmatlarimiz evaziga baxshida etilgan ne’matlardan bahramand bo‘lmoqlik sharafiga noil va munosib edik. Endi o‘zimiz yaratgan bu olam ichra xotirjam yashasak bo‘ladi, chunki ertaga yana biror kor-hol ro‘y bermasligiga ishonar hamda Glenda ishtirok etgan har qanday filmni bemalol, bexavotir tomosha qila olardik; biz xohlagan paytimizda dilimizga hadik va xavotir oralamasdan, bamisli xavf-xatardan xoli bog‘larda chah-chah urib sayragan qushlar kabi yayrab-yayrab vaqtimizni o‘tkazar edik.
Afsuski, bu quvonchimiz uzoq davom etmadi. Glenda yashayotgan mana shu olamda yashab o‘tgan bir shoir qachonlardir: abadiyat zamon beqarorligiga maftundir, deb yozgan ekan, bir yil o‘tar-o‘tmas Diana ko‘ngilsiz gap topib keldi. Glenda yana kino olamiga qaytarmish, bu haqda o‘z og‘zi bilan matbuot konferentsiyasida aytibdi, sababi tushunarli – ijod uning hayot-mamoti, kinosiz, teatrsiz yasholmas ekan, tavsiya qilinayotgan filmlar stsenariysi maxsus uning uchun yozilgan va yaqin kunlar ichida suratga olish ishlari boshlanib ketar emish hokazo va hokazo. O‘sha kezlari shahar markazidagi kinoteatrlarda “Zebolik sirlari” namoyish etilayotgan edi. Filmni ko‘rgach, o‘zimiz o‘rgangan o‘sha qadrdon qahvaxonada yig‘ilishib o‘tirgan oqshom hech birimizning esimizdan chiqmasa kerak.
Irasusta dilidagini ochiq aytishi shart emasdi, chunki hammamiz bunday adolatsizlik va xiyonat alamidan yurak-bag‘rimiz qon bo‘lib o‘tirardik. Biz Glendani shunchalik yaxshi ko‘rar ediki, azbaroyi xudo, ayblashga tilimiz bormasdi, rost-da, mashhur aktrisa bo‘lgani uchun, boz ustiga, iste’dodli va husn-latofatda tengsizligi uchun gunohkormi?! Hamma balo Glenda qaytib kelayotgan kino olamining harom-xarish, g‘irromlardan iborat ekanida! Mol-dunyo, obro‘-e’tibor, tomoshabinlar olqishi, Oskar kabi baloyu ofatlar biz shuncha mashaqqatlar evaziga bino qilgan ehromlarni ko‘z ochib-yumguncha bemalol yakson qilib yuborishi mumkinligida! Diana Irasustaning kaftlariga kaftini qo‘yib: “O‘zga chorasi yo‘q”, deganda u hammamizning nomimizdan gapirayotganini bilardi. Uyushma hech qachon bunchalik qudrat kasb etmagan va shu kuchni amalga oshirish uchun maqsadini bunchalik aniq va lo‘nda ifoda etmagan edi. Biz ichimizda faqat bir kishigina oldindan biladigan kuni ro‘y berishi muqarrar hodisadan hozirdanoq ta’sirlanib ruhsiz, shalviragancha uy-uyimizga tarqaldik. Biz endi qahvaxonada boshqa uchrashmasligimizni bilardik, bundan buyon har bitta odam o‘zi yaratgan saltanatda yolg‘iz yashashga mahkum ekanini ham chuqur bir armon bilan his qilardi. Irasustaga o‘xshagan bir so‘zli odam uchun bu ishni amalga oshirish xamirdan qil sug‘irgandek gap – buni hamma tushunib turardi. Bizlar xuddi erta-indin “Omonat baxt” yoki “Jodu”dan keyin baribir ko‘rishamiz-u, degan xayolda odatdagidek hayrlashmadik ham, ba’zilar shoshilib, bir nimalar degancha, ba’zilar kech bo‘lib qolibdi, uyga borish kerak endi, deb g‘udrangancha tezroq ketishga oshiqardi, qahvaxonadan hamma bitta-bitta chiqdi, ahvol shunday ediki, ilojini topgan odam to o‘sha ahd bajarilmagunga qadar unutishni, mutlaqo eslamaslikni xohlagan bo‘lardi, afsuski, buning sira iloji yo‘qligi va kunlarning birida ertalab gazetalardan biridagi hissiz yozilgan ta’ziyanomani o‘qishga to‘g‘ri kelishi muqarrar ekani hammaga ravshan edi. Bu haqda hech kim, hatto hammaslak do‘stlarimiz bilan ham sirlashmaymiz, kinodami, ko‘chadami uchrashib qolsak, ming istihola bilan, bir-birimizni ko‘rmaganga solib o‘tib ketamiz; faqat shunday qilsakkina, uyushma Glendaga bo‘lgan sadoqatini saqlab qoladi va amalga oshirgan ishidan hech kim boxabar bo‘lmaydi. Biz Glendani shunday yaxshi ko‘rar edikki, unga boqiy kamolot baxsh etdik. Uni erishib bo‘lmaydigan yuksaklikka olib chiqdikmi, bas, qulab tushishdan o‘zimiz asraymiz; uning sadoqatli muxlislari bundan buyon ham bemalol, hech narsadan hadiksiramay unga ta’zim qilaversalar bo‘ladi, chunki xochdan tirik tushish hali hech kimga nasib etmagan.
Olim OTAXON tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 10-son