Tomas Mann. Ko‘ngil qolishi nima? (hikoya)

Gapning rosti, manovi janobning g‘alati gaplaridan butunlay dov­dirab qolgandim va hozir ham ularni xuddi o‘shandek tarzda takrorlab berolmasam kerak, deb qo‘rqaman, negaki, o‘sha oqshom boshqalar ham undan xuddi menga o‘xshab g‘oyat mutaassir bo‘lgan edilar. Bunga balki mutlaqo notanish odamning g‘aroyib, hayron qoldiradigan darajadagi samimiyati sabab bo‘lgandir, ehtimol…
O‘sha notanish kimsani birinchi marta bundan ikki oycha muqaddam San Marko maydonida uchratgandim. Keng maydon bo‘ylab aylanib yurgan odamlar kamchil, moviy osmon sari bo‘y cho‘zib turgan, zarrin naqshlar bilan bezatilgan hashamatli, ajoyib bino oldidagi bayroqlar dengiz tarafdan esayotgan yengil shabadada ajib hilpirardi; bosh darvoza yaqinida bir qizaloq har tomondan yopirilib kelayotgan kaptarlarning ulkan galasiga makkajo‘xori doni sepmoqda edi. Beqiyos, go‘zal manzara…
Shunda men uni uchratib qoldim, hozir, ushbu satrlarni yozayotganda ham uni ko‘z o‘ngimda aniq-tiniq tasavvur qilmoqdaman. O‘rta bo‘yli bu odam tez yurar, yurganda ham hassasini ikki qo‘li bilan orqada tutganicha bukchayib qadam tashlardi. Boshida qora tusdagi xunuk shlyapa, egnida esa ochrang yozgi palto, qoramtir yo‘l-yo‘l shim kiyvolgan. Negadir men uni ingliz bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim. Yoshi o‘ttizlarda, balki ellikka ham borgandir. Yuzi silliq tarashlangan, burni biroz katta, kulrang ko‘zlari horg‘in boqar, lablarida hamisha qandaydir anglab bo‘lmaydigan, g‘alati tabassum o‘ynardi. Ahyon-ahyonda qoshlarini bir chimirvolib, yon-veriga sinovchan nazar tashlaydi, so‘ng yana yerga qarab, o‘ziga o‘zi bir nimalar deb gapirgan ko‘yi boshini sarak-sarak qilganicha kulimsirab qo‘yardi. Shu alfozda u maydon bo‘ylab uzzukun u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.
O‘sha kundan boshlab uni endi har kuni kuzata boshladim, chunki uning, xoh havo ochiq bo‘lsin, xoh bulut bo‘lsin, tushdan oldinmi yo ke­yinmi, baribir kun bo‘yi keng maydon bo‘ylab o‘ttiz yo ellik marotaba u yoqdan-bu yoqqa yolg‘iz o‘zi xuddi o‘shandek g‘alati xatti-harakatlar bilan odimlab borib kelishdan boshqa hech qanday yumushi yo‘q hisobi edi.
Yuqorida aytganim o‘sha oqshom allaqanday harbiy xor kontsert berayotgan edi. Kamina “Florian” qahvaxonasining keng maydon uzra o‘rnatilgan mo‘jazgina stollaridan birining yonida o‘tirardim. Kontsert tugab, tomoshabinlar oqimi tarqala boshlagach, notanish kishi har doimgidek parishonxotir kulimsiraganicha yonimdagi bo‘sh o‘rinlardan biriga kelib o‘tirdi.
Vaqt o‘tgan sayin tevarak-atrofdagi g‘ala-g‘ovur ham tinib, hademay barcha stollar bo‘shab qoldi. U yer-bu yerda onda-sonda odamlar ko‘rinib qolar, endi maydon bo‘ylab ulug‘vor osoyishtalik hukm surar, osmon to‘la yulduzlar charaqlar, go‘zal San Marko uzra yarimta Oy balqib turardi.
Men notanish qo‘shnimga orqa o‘girganimcha gazeta o‘qirdim, nihoyat, unga tomon o‘girilishga majbur bo‘ldim; chunki shu paytgacha undan na biron sas eshitilgan, na biror harakat sezilgan, endi esa u to‘satdan gapira boshlagan edi.
– Venetsiyaga birinchi marta kelishingizmi deyman, afandim? – so‘radi u, frantsuzchani biroz buzib gapirarkan; men unga ingliz tilida javob qaytarmoqchi edim, u kutilmaganda sof olmon tilida asta, xirillagan bo‘g‘iq ovoz bilan, tovushini tiniqlashtirish uchunmi, tez-tez tomoq qirib yo‘talgan ko‘yi so‘zida davom etdi: – Bularning hammasini ilk bor ko‘rib turgandirsiz, hoynahoy? Barchasi siz kutganingizdek ekanmi, ishqilib? Balkim undan ham ziyodaroqdir, ehtimol? Eh!.. Bu qadar go‘zal deb o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak-a? To‘g‘rimi? Sizni baxtiyor hisoblab, havas qilishlari uchungina shunday deyayotgan bo‘lmasangiz kerak? Eh!..
U o‘rindiqqa bemalol suyanib oldi-da, ko‘zlarini tez-tez pirpiratib, menga diqqat bilan tikildi. Uning hozirgi yuz ifodasida allaqanday mubhamlik zuhur edi. Oraga uzoq sukunat cho‘kdi, ushbu g‘alati suhbatni qanday davom ettirishni ham bilolmay, o‘rnimdan turmoqchi bo‘lgandim, u shoshib men tomon engashib, so‘z qotdi.
– Ko‘ngil qolishi nima ekanligini bilasizmi, afandim? – qat’iy ohangda, sekin so‘radi u va hassasiga qo‘llari bilan tayanib oldi. – Chakana muvaffaqiyatsizlik, omadsizlik emas, balki chinakam, keng ma’nodagi ko‘ngil qolishi, barcha narsalardan, butun hayotdan ko‘ngil sovishini aytayapman. Albatta, buni siz bilmasangiz kerak. Ammo shu tuyg‘u kaminani yoshligimdan beri mudom ta’qib etib keladi, u meni nihoyat, yolg‘iz, so‘qqabosh, bebaxt va biroz g‘alati ham qilib qo‘ygan, buni inkor etolmayman. Siz meni tushuna olarmidingiz, afandim? Lekin sizdan iltimos qilgudek bo‘lsam, men uchun ikki daqiqa vaqt ajratib, gaplarimni tinglay olarsiz, deb o‘ylayman. Chunki gap ochildimi, endi uni aytmasam bo‘lmas…
Avvalo shuni aytishim kerakki, kamina kichkinagina bir shaharchada, pastor oilasida tug‘ilib, o‘sganman. Uning fayzga to‘la hujralarida eskicha urfdagi, ulamolargagina xos jo‘shqin, ta’sirli nekbinlik hamda yaxshi va yomon, savob va gunoh haqidagi dabdabali pand-nasihatlardan iborat o‘ziga xos, g‘ayrioddiy muhit hukm surardi. Kamina bundayin balandparvoz gaplarni tinglashga sira-sira toqat qilolmasdim, chunki nazarimda azob-uqubatlarimga aynan ular aybdordek tuyulaverardi. Hayot men uchun shunchaki quruq safsatadangina iborat edi, xolos, negaki nasihatlar kaminada favqulodda va ahamiyatsiz tasavvur-tushunchalar uyg‘otar, men esa ulardan hech nimani anglay olmas edim.
Shu tariqa men odamlardan ilohiy ezgulik yoki aql bovar qilmas razolat, hayotdan esa maftunkor go‘zallik yo qabohat kutib yashardim. Kaminani ularning barchasiga – bepoyon borliqqa, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bo‘lg‘usi sarguzasht voqealarga, favqulodda baxt-omad hamda so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan, kutilmagan dahshatli iztiroblarga bo‘lgan teran, vahimali hirs va havas chulg‘ab olgan edi.
Hayotimdagi ilk ko‘ngil qolishi nechog‘li qayg‘uli bo‘lganligi hamon esimda, afandim. E’tibor bersangiz, u biron-bir go‘zal orzu-umidning sarobga aylanishi bilan emas, balki hayotimga ilk musibatning kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan edi. O‘shanda yoshgina bola edim. Bir kuni kechasi qandaydir shovqindan uyg‘onib ketdim; uyimizga o‘t tushgan edi. Olovning sirli, makkor tillari chor-atrofni chulg‘ab olib, to xonam eshigigacha yetib borayozgan, butun qavat va zina ham alanga ichida qolgandi. Buni payqaganim hamonoq pastga yugurdim va jonholatda “Yonyapti! Yonyapti!” deb qichqira boshladim. Bu so‘zlar hamon quloqlarim ostida favqulodda tiniq jaranglaydi. O‘shanda garchi es-hushim, ongim hali yetilmagan bo‘lsa-da, har holda nimanidir his etganim mudom esimda. Anglashimcha, bu yong‘in edi; mana hozir ham uni aniq-tiniq ko‘z oldimga keltirayapman! Oxiri nima bo‘ldi deysizmi? E, hali bu hammasi emas…
Yolg‘iz Xudoga ayon, bu hazilakam falokat emasdi. Butun boshli uy batamom yonib kul bo‘lgan, oilamiz favqulodda xavf-xatardan bir amallab jon saqlab qolgan, o‘zim esa, ko‘p joyim kuyib, jiddiy jarohat olgandim. Shu o‘rinda o‘shandagi bolalarcha tasavvurim bilan bo‘lajak voqea-hodisotlardan o‘zib ketib, tug‘ilib o‘sgan uyimning yong‘inda kuyib, kul bo‘lishini ilgaritdan sezgan edim, desam noto‘g‘ri bo‘lar edi. Ammo shunga aminmanki, botinimda allaqanday noaniq shuur, g‘ira-shira tasavvur yashagan va allaqanday dahshatli bir hodisani oldindan anglab, payqashimga turtki bergan ediki, bunga qiyosan butun borliq menga ojiz ko‘rinib ketgandi. Yong‘in – umrimdagi birinchi mudhish voqea bo‘lgan, oqibatda hayotimdagi hayratlanarli va ajoyib orzu-umidlardan ham ko‘nglim qolgan edi.
Qo‘rqmang, sizga barcha umidsizliklarimni birma-bir batafsil hikoya qilmoqchi emasman. Men faqat bir narsani aytmoqchiman, ya’ni hayotimdagi ulkan orzu-umidlarimni o‘zimning bebaxt ishtiyoq-intilishlarim bilan, qolaversa, minglab kitoblardagi: shoirlarning asarlaridagi quruq safsatalar bilan bir umrga allalab kelgan ekanman. Eh, shu desangiz, men ularni, ana o‘sha shoirman deganlarni yomon ko‘rib qoldim deng. Ularga qolsa, o‘zlarining balandparvoz so‘zlari bilan to‘rt tomonga jar solishsa, iloji bo‘lsa, ana o‘sha so‘zlarini Vezuviy uzra qad ko‘targan kedr daraxti bilan yonma-yon va hatto, samo gumbaziga ham muhrlab qo‘yishsa, har qanday dabdabali so‘zning aslida yolg‘on-yashiq yoxud kinoya-pichingdan iborat ekanligini his etmasligim mumkinmi, axir!
Eh, ko‘ngli zavq-shavqqa to‘la o‘sha shoirlarning nag‘masini qarang. Nima emish, go‘yo tilimiz kambag‘al emish, e, yo‘q, ularning o‘zlari kambag‘al, afandim! Fikri ojizimcha, hayotdagi muhtojlik va yetishmovchiliklar bilan solishtirganda, aslida tilimiz boy, nihoyatda boy. Azob-iztiroblarga kelsak, ularning ham o‘z sarhadlari bor: ojizlikning jismoniy, kaltafahmlikning esa ruhiy sarhadi mavjud – baxt va omad bobida ham xuddi shunday! Insonning o‘z fikrini bayon qilish ehtiyoji sabab tovushlar dunyoga kelgan va ular vositasida ana o‘sha sarhadlar osha yolg‘onlar to‘qilib kelingan. Nima, bunga men aybdormi? Yoki bo‘lmasa, aslida yo‘q hodisalar haqida tasavvur uyg‘otayotgan ma’lum so‘zlar ta’sirida faqat mening esim og‘ib qolayotganmikan?..
Men ana shunday ishtiyoq-la o‘zimning ulkan tasavvur-tushunchalarimga mos sarguzashtlarga to‘lib-toshgan katta hayotga qadam qo‘ydim. Xudo shohid, afsuski, o‘zim kutgan taassurotlardan bahra olish menga nasib etmagan ekan! Kamina dunyoning ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan joylarini ham borib ko‘rdim, insoniyat eng dabdabali so‘zlar bilan aylanib-o‘rgiladigan san’at asarlaridan bahramand bo‘lish uchun uzoq vaqt darbadar kezdim; nihoyat, ular bilan yuzma-yuz turarkanman, o‘zimga o‘zim shunday dedim: Naqadar go‘zal. Biroq bundan-da go‘zalroq narsalar yo‘qmikan? Bori shumikan?
Kamina “voqelik”, “haqiqat” degan so‘zlarni tushunolmayman; bu bilan hamma gapni aytib bo‘ldim, chog‘i. Qachonlardir, aniq vaqti esimda yo‘q, dunyoning qay bir go‘shasida, tog‘ ustida, torgina chuqur dara tepasida turardim. Qoya devorlari tik va yalang‘och edi, huv pastda esa toshdan-toshga urilib, pishqirib oqayotgan suvning shovullashi eshitilardi. Pastga qarab turib, o‘zimcha o‘yladim: hozir qulab tushsam nima bo‘ladi? O‘zimga javobim ham tayyor edi: mabodo shu hodisa ro‘y bergudek bo‘lsa, yiqilayotib o‘z-o‘zimga shunday degan bo‘lardim: “Nihoyat, pastga qulayapsan, bilsang, mana shu haqiqat!” Xo‘sh, haqiqat degani nima, o‘zi?..
Ko‘rgan-kechirganlarim biroz hangoma qilishga yetadi, desam ishonasizmi? Bundan ko‘p yillar muqaddam bir qizni sevardim, u shunday bir go‘zal xilqat ediki, uni jon deb o‘z himoyamga olgan bo‘lardim; biroq qiz meni sevmasdi, buning esa hech bir ajablanarli joyi yo‘q, men bo‘lmasam, boshqasi… Biroq men uchun bundan battar ko‘rgilik bo‘lishi mumkinmidi? Lazzat o‘rniga achchiq musibat keltirgan ushbu voqeadan ham ko‘ra og‘irroq azob bormidi menga?.. Shundan so‘ng qanchadan-qancha tunlarni mijja qoqmay, bedor o‘tkazdim, alalxusus, bir o‘y mudom miyamda charx urardi: zo‘r musibat degani mana shu! Nihoyat, uni boshdan kechirayapman! Xo‘sh, musibat degani nima, o‘zi?..
Endi sizga hayotimdagi baxtu omad haqida ham gapirib berishim shartmikan? Inchunin, boshimga baxt qushi qo‘ngan paytlar ham bo‘lgan, lekin deng, baxt-iqboldan ham ko‘nglim qolgan… Hojati yo‘q; chunki men sizga aytmoqchi bo‘lganim misollar ko‘nglimni qoldirgan, hafsalamni pir qilgan, umidsizlikka chulg‘angan o‘sha hayotning o‘rtamiyona, zerikarli va bema’ni kechganini sizga baribir tushuntirib berolmayman.
“Yarim ma’bud deya maqtalgan Inson – kim o‘zi u?” deb yozgan edi yosh Verter bir zamonlar. Nima, o‘ziga nihoyatda zarur kuchlardan ham mahrummi u? Modomiki, quvonchdan entikkan yo iztirobga cho‘mgan ekan, uni bularning hech biri to‘xtatib qololmaydi, bepoyon cheksizlik qa’rida yo‘q bo‘lishga talpingani uchun ham uning xira, tussiz ongi qaytalayveradi.
Dengizni ilk bor ko‘rgan kunimni tez-tez eslayman. Dengiz ulkan, bepoyon. Uni sohildan turib kuzatarkanman, o‘zimni ozod, erkin his etardim, chunki uning adog‘ida ufq yastanib yotardi. Nega endi aynan ufq? Axir, men hayotdan cheksizlik kutgan edim-ku… Balki, mening nazarimdagi ufq boshqa birovlarnikiga qaraganda torroqdir? Kamina voqelik, haqiqat degan narsalarni tushuna olmasligimni aytib o‘tgan edim – balki aqlim oshib-toshib ketayotgani uchun shunday bo‘layotgandir? Yoki bularni tushunib ulgurmayotganmikanman? Ehtimol, xulosa qilishga shoshayotgandirman, kim biladi? Yo baxt-iqbol va dardu iztiroblarning faqat eng quyi darajalarinigina, eng nozik holatlarinigina anglarmikanman?
Yo‘q, bunday deb o‘ylamayman; odamlarga ham ishonolmayman, hayot bilan yuzma-yuz turib, shoirlarning balandparvoz so‘zlariga qo‘shiladigan kamchil kishilargagina ishonaman, xolos, axir, bu qo‘rqoqlik va aldovning o‘zginasi-ku! Ha, aytganday, e’tibor berganmisiz, afandim, yana shunday bir toifa odamlar ham borki, ular shunaqangi maqtanchoq va boshqalarning chuqur hurmat-ehtiromiga, zimdan havas qilishlariga shu qadar o‘ch bo‘lishadiki, o‘zlarini eng zo‘r baxt-omadga erishgan qilib ko‘rsatadilaru, biroq ko‘rgan-kechirgan azob-uqubatlari haqida lom-mim demaydilar…
Qorong‘i ham tushib qoldi, endi gaplarimni unchalik eshitgingiz ham kelmayotgandir; shuning uchun so‘zni muxtasar qilib, bir narsaga iqror bo‘lmoqchiman, ya’ni men o‘zim ham bir paytlar o‘zimni o‘zimga va boshqalarga baxtiyor qilib ko‘rsatmoq uchun… ana shunaqangi odamlarga qo‘shilib… yolg‘on so‘zlashga uringanim rost… Biroq ancha yil bo‘ldi, shuhratparastligim barham topib, undan qutulganman, ana shundan berisiga kamina yolg‘iz, bebaxt va biroz g‘alati ham bo‘lib qolganman, buni inkor etmayman. Endi esa… tunlari yulduz to‘la osmonni kuzatib, xayol surish sevimli mashg‘ulotimga aylangan; chunki bu dunyoga, bu hayotga qo‘l siltab, undan voz kechib qo‘yaqolishning eng yaxshi yo‘li ham shu emasmi, axir? Shu bilan birga, o‘zimning ulug‘vor tasavvur-tushunchalarimni zig‘ircha bo‘lsa-da, hamon asrab qolish haqida, ulargagina xos bo‘lgan haqiqatni umidsizlikning hech bir azob-uqubatisiz namoyon qila oladigan ozod, erkin hayot haqida, hech qanday ufqqa ega bo‘lmagan umr haqida orzu qilayotganimni kechirimli hol deb o‘ylayman, shunday emasmi?..
Kamina mudom shu haqda orzu qilib, o‘limni kutib yashamoqdaman.
Eh, men uni, o‘limni, ana shu oxirgi ko‘ngil qolishini ham hozirdanoq shunday bir aniq tasavvur qilamanki!.. Axir, shumi o‘lim degani hali? So‘nggi damda o‘z-o‘zimga shunday deyishim turgan gap: mana, nihoyat, unga ham yetib keldim! Xo‘sh, o‘lim degani nima, o‘zi?..
Maydonga ham kechki ayoz tushib qoldi, afandim; buni sezib turibman, he-he! Endi siz bilan xayrlashsam devdim. Adieu*, afandim…

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 6-son

_______________

* Adieu – Xayr, yaxshi qoling (frants.).