Teodor Drayzer. Omonat (hikoya)

Arqonlar yechilib, “Sietl-4” sohildan asta-sekin uzoqlasha boshladi. Paluba yuklar bilan liq to‘lgan, yuklarning ustida esa turli tusdagi hindular, it­lar, chana haydovchilar, savdogarlar hamda uylariga qaytishayotgan oltin izlovchilar g‘ujg‘on edilar. Dou­son aholisining ko‘pchiligi jo‘nab ketayotganlarni kuzatish uchun sohilga to‘planishdi. Taxta zinalar ko‘tarilib, paroxod siljiy boshlagach, vidolashish nidolari quloqni batang qiladigan darajaga yetdi. Hamma so‘nggi onlarda zarur gaplarini aytib qolish­ga urinishib, daqiqa sayin ulardan uzoqlashayot­­­gan yaqinlariga baqirib-qichqirishardi. Lui Bondell bir qo‘li bilan mo‘ylabini silab, ikkinchi qo‘lini so­hildagi do‘stlariga silkib turgan mahal birdan nimadir yodiga tushdida bortga otildi.
– Hoy, Fred! – baqirdi u. – Fred!
Fred Lui Bondell nima demoqchiligini anglash uchun olomonni yorib o‘tdi. Bondellning baqiraverga­nidan yuzi bo‘g‘riqib ketgan, lekin birorta so‘zi eshi­tilmasdi. Buning ustiga paroxod bilan sohilning orasi tobora kengayib borardi.
– Hoy, kapitan Skott! – qichqirdi Bondell kapitan bo‘lmasiga o‘girilib. – Paroxodni to‘xtating!
Signal qo‘ng‘irog‘i jaranglab, kema quyrug‘idagi ulkan g‘ildirak teskari tomonga aylanib to‘xtadi. Bort va pristandagilar fursatdan foydalanib, bir-birlari bilan yana bir bor baqirib-chaqirib xayr-xo‘shlasha boshladilar. Sohildagilar so‘zlarini eshitishlari uchun Lui Bondell astoydil urinardi. “Sietl-4” yo‘lini yo‘qotib, oqim uni olib keta boshladi. Kapitan Skott kemani yurg‘izib ikkinchi marta to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Kapitan bo‘lmasida uning boshi ko‘rinmay qoldi va bir zumdan so‘ng u qo‘lida megafon bilan yana paydo bo‘ldi.
Endi kapitan Skottning ovozi favqulodda kuchga ega bo‘ldi. Paluba hamda qirg‘oqdagi olomonga “Jim bo‘linglar!” deb o‘shqirganida uning ovozi, ehtimol, Bug‘utog‘ cho‘qqilari va hatto Klondayk ko‘chalarigacha yetib bordi. Kapitan bo‘lmasidan chiqqan bu rasmiy chaqiriq shovqin-suronni tinchitdi.
– Ana endi nima demoqchiligingizni ayting, – buy­ruq berdi kapitan.
– Fred Cherchillga shuni yetkazingki…U sohilda…Aytingki, u Mak-Donaldnikiga kirsin. Mak-Do­naldda kichkinagina sakvoyajim bor. Fredga shuni yetkazingki, sakvoyajni o‘zi bilan olib kelsin.
Lui Bondell gapini tugatishi bilan kapitan Skott bu xabarni megafonda sohilga yetkazdi:
– Hoy, siz Fred Cherchill, Mak-Donaldning ol­di­ga boring… Unga saqlash uchun kichkina sakvoyaj topshirilgan… Sakvoyaj Lui Bondellga tegishli… Bu juda ham muhim… Uni o‘zingiz bilan olib keling… Tushundingizmi?
Cherchill tushundim degandek qo‘lini silkitdi. Ayni damda bu yerdan yarim mil narida yashovchi Mak-Donald derazalarini ochganda gap nimadaligini tu­shunardi. Yana xayrlashuv so‘zlari yangrab, kema qo‘n­g‘irog‘i chinqirdi. “Sietl-4” oldinga siljidi va Yukon bo‘ylab quyiga suzib ketdi. Bondell va Cherchill so‘ngi daqiqalargacha qo‘llarini bir-birlariga sil­kitib qolishdi.
Bu voqea yozda bo‘lib o‘tgan edi. Yilning oxirida esa bortida uylariga qaytayotgan ikki yuzta yo‘lovchi bilan “U.X. Uillis” Yukon bo‘ylab yuqoridan suzib kelardi. Yo‘lovchilar orasida Cherchill ham bor, kayutasidagi qopchig‘ida kiyimlari bilan Lui Bondell tayinlagan sakvoyaj ham yotardi. Bu qirq funtcha og‘irlikdagi kichkinagina pishiq terili chamadoncha edi. Cherchill har safar undan uzoqlashishi hamon asabiylasha boshlardi. Qo‘shni kayutadagi kishi oddiy chamadonda ichki kiyimlari orasiga yashiringan oltin qumlar­ni olib kelardi. Oxir-oqibat ikkalasi navbati bilan qorovullik qilishga kelishib olishdi. Agar biri pastga ovqatlangani tushsa, ikkinchisi kayuta eshiklaridan ko‘zini uzmasdi. Cherchill qarta o‘ynagisi kelsa, qo‘shnisi soqchilik qilar, qo‘shnisi ko‘ngil yozgisi kelsa, Cherchill ikki eshik o‘rtasida qaytarma stulga o‘tirib olib to‘rt oy avvalgi ro‘znomalarni titkilashga tushardi.
Tevarak-atrofdagi belgilarga ko‘ra, qish erta ke­lishni va’da qilar, yo‘lovchilar tong sahardan qo­rong‘i tushguncha, hatto yarim kechagacha bir nar­sa­ni gapirishardi: daryo muzlaguncha manzilga yetib olisharmikin yoki paroxodni tashlab muzda yurish­lariga to‘g‘ri kelarmikin? Buning ustiga g‘ashga te­gadigan to‘xtab qolishlar ham bo‘lib turdi. Ikki marta kema buzilib, naridan-beri tuzatildi. Tez orada qish kelishidan darak bergandek, ikki safar ham qor yog‘di. To‘qqiz marta “U.X. Uillis” Beshbarmoq ostonatoshlarini ishg‘ol qilishga urinib ko‘rdi. Ni­hoyat, bunga erishilgach, aniq bo‘ldiki, paroxod qatnov jadvaliga ko‘ra to‘rt kunga kechikayotgan ekan. Shunda, ularni Yashik darasidan teparoqda “Flora” paroxodi kutib turarmikan, degan savol ko‘tarildi. Yashik darasi va Oq Tulpor ostonatoshlari orasidagi yo‘lga kemalar kirolmas va yo‘lovchilar bir paroxoddan ikkinchisiga chiqish uchun bu yerlarni piyoda bosib o‘tishardi. O‘sha paytlari bu yerlarda telefon yo‘q, shuning uchun “Uillis” to‘rt kunga kechikib bo‘lsa-da kelayotganligi haqida “Flora”ni ogohlantirishning birorta imkon topilmasdi.
“Uillis” Oq Tulporga kirib borganda ma’lum bo‘ldiki, “Flora” uni muddatdan uch kun ko‘p kutib, bir necha soat ilgari jo‘nab ketibdi. Yana aytishdi-ki, “Flora” Tagish postida yakshanba ertalab to‘q­qizgacha bo‘larkan. Hozir kunduz soat to‘rt, shanba. Yo‘lovchilar miting o‘tkazishdi. “Uillis” bortida Bennet ko‘liga kiraverishdagi politsiya postiga mo‘l­jallangan kanada kanoesi yotardi. Yo‘lovchilar bu kanoe uchun javobgarlikni bo‘yinlariga olishdi. Ke­yin ko‘ngillilar chaqirildi. “Flora”ni quvib yetish uchun ikki kishini tanlab olishga qaror qilindi. Shu zahoti o‘nlab ko‘ngillilar o‘rtaga chiqdilar. Ular orasida Cherchill ham bor edi. Uning fe’l-atvori shunaqa, haligi Bondellning sakvoyajini o‘ylamay turib otilib chiqdi. Bu narsa yodiga tushgach, hafsalasi pir bo‘ldi, biroq kollej futbol jamoasi sardori, atletika klubi prezidenti bo‘lib dong taratgan, Yukonda eng yaxshi chana haydovchilardan hisoblanmish, qolaversa, shunday yag‘rindor yelkali azamat bunday ishga nomzod bo‘lolmay qolmasdi. Topshiriq Cherchill va devqomat nemis Nik Antonsenga yuklandi.
To olomon kanoeni pastga olib tushguncha Cherchill kayutasiga otilib kirdi. Chemodandagilarni polga so­chib, sakvoyajni qo‘liga oldi; uni qo‘shnisiga saqlash uchun berish niyatida edi. Lekin shu zahoti ikkila­nib qoldi: axir, bu birovning mulki, uni qo‘ldan chiqarishga haqqi yo‘q. Sakvoyajni o‘zida qoldirib, qirg‘oq bo‘ylab yugurib ketdi. Sakvoyajni u qo‘lidan-bu qo‘liga olib, ichida o‘ylardi: sakvoyaj chindanda qirq funtdan oshiq emasmikin?
Cherchill va Antonsen yo‘lga tushishganda kechki besh yarim edi. O‘ttizinchi mildagi oqim shunaqangi kuchli edi-ki, eshkakdan foydalanishga hojat qolmagandi. Ular yelkalarida arqon bilan qirg‘oq yoqalab, toshlarga qoqilib, butazorlarda kiyimlari sitilib, tizza va bellarigacha suv kechib, yo‘lda o‘tib bo‘lmas qoyalar uchraganda kanoega o‘tirib, oqim olib ketmasidan jon-jahdlari bilan narigi qirg‘oq tomon eshkak eshishga va yana qayiqni yelkalarida arqon bilan sudrab borishlariga to‘g‘ri keldi. Bu tinka-madorni quritadigan mashaqqat edi. Antonsen kuchi boricha sabr bilan zo‘r berib harakat qilar, Cherchill bo‘lsa, baquvvat jussasi va bukilmas irodasi bilan uning ortidan tezroq yurishga undardi. Ular biror marta bo‘lsin dam olishga to‘xtashmadi. Ular faqat va faqat oldinga yurishardi. Yuzlariga qattiq shamol urar, qo‘llari sovuq qotar, uvishib qolgan barmoqlarida qon yurgizish uchun vaqti-vaqti bilan qo‘llarini bir-biriga ishqashardi.
Kech kirganda taqdir irodasiga suyanishdan o‘zga iloj qolmadi. Ular tez-tez qirg‘oqqa chiqib, yo‘l to­polmay, changalzorda kiyimlari yirtilib, zo‘rg‘a qa­dam bosishardi. Ikkalasining ham badani tirnalib, qontalash bo‘lib qolgandi. Qirg‘oqdan qirg‘oqqa suzib o‘tayotib o‘n martacha suvga botgan to‘nkaga urilib qayiq ag‘darildi. Bu birinchi marta sodir bo‘lganda Cherchill uch fut chuqurlikka sho‘ng‘ib sakvoyajni izladi. Yarim soat vaqtini izlashga sarfladi, axiyri uni qayiqqa bog‘lab qo‘ydi, shu tariqa kanoe suzishga yaroqsiz bo‘lib qolmaguncha sakvoyaj xavfsizlikda bo‘ldi. Antonsen uni masxara qildi, ertalabga borib, sakvoyajni la’­natlay boshladi, ammo Cherchill hamrohlariga qilgan ishining sababini aytib o‘tirmadi.
To‘xtab qolishlar va omadsizliklar ularni har qa­damda ta’qib qilardi. Katta ostonatosh bilan ke­silgan burilishda daryoning tezoqar joyidan o‘tishga ikki soat urinishdi. Bu vaqt ichida qayiq ikki marta ag‘darilib ketdi. Bu yerda ikkala qirg‘oqda suv tagidan tik qoyatoshlar ko‘tarilib turar, shuning uchun qayiq­ni arqon bilan sudrashning sira iloji yo‘q, oqimni esa eshkaklar bilan yengib bo‘lmadi. Ikkovlon bor kuch­lari bilan zo‘r berib eshkak eshishardiki, zo‘riqish­dan yuraklari ko‘kraklaridan otilib ketadigandek edi, biroq har safar oqim qayiqni orqaga oqi­zib ketardi. Axiyri, bu ostonatoshlarni haqiqiy tasodif tufayli zabt etishga muvaffaq bo‘lishdi. Navbatdagi omadsizlikdan so‘ng, daryoning tezoqar yerida oqim Cherchillning qo‘lidan eshkakni yulqib, qayiqni qoyatoshga uloqtirdi. Cherchill tavakkaliga qoyaga sakradi va Antonsen suvdan chiqqunicha bir qo‘li bilan toshdagi yoriqni mahkam tutib, boshqasi bilan qayiqni ushlab oldi. Keyin qayiqni chiqazib, nafas rostlashdi. Yana g‘ayrat bilan kuch sarflashib, ostonatoshlarni bosib o‘tishdi. Qirg‘oqqa kelib urilgach, darhol quruqlikka chiqishdi va qayiqni yel­kada arqon bilan sudrab butalar orasidan yurib ketishdi.
Erta tongda ular Tagish postiga yaqinlashib qolishdi. Soat to‘qqizda “Flora”ning xayrlashuv qo‘n­g‘irog‘i eshitildi. Soat o‘nda, postga yetib borgach, janubga ketayotgan paroxodning tutuninigina ko‘­rishdi. Otliq politsiyadan bo‘lgan kapitan Jons bu ikki mutlaqo holdan toygan, juldur kiyingan kishilarni tutib oldi va ularga ovqat berdi, keyin esa hayotida hali biror-bir odamning bunday ishtaha bilan ovqatlanganini ko‘rmaganligini ta’kidladi. Qorin to‘yg‘izgach, egnilaridagi uvadalarini ham yech­masdan pech yoniga yonboshlashgancha uxlab qolishdi. Ikki soatdan keyin Cherchill uyg‘ondi, Antonsenni turtib uyg‘otib, yostiq vazifasini bajargan Bon­dellning sakvoyajini olib kanoega o‘tirishdi va yana “Flora”ning iziga tushishdi.
– Nimalar bo‘lmaydi, deysiz? – kapitan Jons qancha urinmasin Cherchillni shu yerda qolishga ko‘n­dirolmagandi. – Kema buzilib qolishi yoki biror kor-hol yuz berishi mumkin. Men paroxodni quvib yetib, qolganlarni ham olib ketish uchun uni ortga qaytarishim kerak.
Tagish ko‘li kuchli kuz shamolidan ko‘piklanib oqardi. To‘lqinlar ikkovidan birini doimo qayiq ichidan suvni cho‘michlab olib turishga majburlab, ularga tashlanardi. Natijada faqat bir kishi eshkak esha olardi. Bunday sharoitda oldinga intilishning iloji bo‘lmasdi. Ular qiyalama qirg‘oqqa kelib urilib, kanoedan tushishdi. Biri arqonni ushladi, ikkinchisi qayiqni orqadan itardi. Bellarigacha, gohida naq bo‘g‘izlarigacha suv, gohida odam bo‘yi qor kechib, shamol bilan olishishardi. Ular bu g‘ayriinsoniy shavqatsiz olishuvda tinim bilmasdilar. Shu kecha qor bo‘roni qo‘pib turgan vaqtda Tagish ko‘lidan chiqishda “Flora”ni quvib yetishdi. Antonsen palubaga ag‘darildi-yu, shu zahoti xurrak ota boshladi. Cherchillning ahvoli ni­hoyatda nochor edi. Ustidagi kiyimlari arang osilib turar, yuzlari muzlab, shishib ketgandi. Yigirma to‘rt soat davomidagi tinimsiz harakatdan qo‘lidagi tomirlar bo‘rtib ketgan, barmoqlarini bukolmay qol­gandi. Oyoqlari shu darajada og‘rirdi-ki, tik turish chidab bo‘lmas azob edi.
“Flora” kapitani ortga qaytishga aslo rozi bo‘l­madi. Cherchill qancha oyoq tiramasin, kapitan o‘jarlik qilib turaverdi. Kapitan so‘nggi dalil sifatida shu­ni aytdi-ki, “Flora” ortga qaytgan taqdirda ham ular hech narsaga erisha olmasdi. Chunki Dayiga su­zuvchi yagona paroxod “Afinalik” seshanba kuni er­talab jo‘nab ketardi. “Flora” Oq Tulporda qolib ket­ganlarni olib, “Afinalik” jo‘naguncha qaytib ke­lishga ulgurolmasdi.
– “Afinalik” qachon jo‘naydi? – so‘radi Cherchill.
– Seshanba kuni ertalab soat yettida.
– Bo‘pti, – dedi Cherchill xurrak otayotgan Anton­senni oyog‘i bilan turtib. – Oq Tulporga qaytaveringlar. Biz borib “Afi­nalik”ni to‘xtatib turamiz.
Uyqusirab turgan Antonsenni kanoega itarib chi­qarishdi. Devqomat nemis to ustiga muzdek to‘l­qin quyilmaguncha va Cherchillning hayqirig‘ini eshit­ma­guncha nimalar bo‘layotganini idrok qila olmadi.
– Nima, eshkak eshish yodingdan ko‘tarildimi? Yoki cho‘kib ketishimizni xohlaysanmi?
Tong otganda ular Bug‘u dovonida edilar. Shamol to‘xtagan bo‘lsa-da, Antonsenning hatto eshkakni ush­lashga ham mutlaqo holi qolmagandi. Cherchill kanoeni qirg‘oqqa chiqardi va ular mizg‘ib olmoqqa ahd qil­dilar. Cherchill atayin boshini qo‘liga qo‘yib yotdi, qo‘li uvushib uyg‘onganda esa soatiga qarab qo‘yardi. Ikki soatdan keyin Antonsenni turtib uyg‘otdi va yana olg‘a intildilar. Bennet ko‘li uzunasiga o‘ttiz mil, sokin edi, ammo yarim yo‘lda janubdan shamol esib, suv oppoq ko‘piklanib oqardi. Ular Tagish ko‘lida bo‘lgani kabi bellari va bo‘g‘izlarigacha muzdek suv kechib, qayiqni sudrab to davangirdek Antonsen emaklab qolmaguncha soatlab tabiat injiqliklari bilan jang olib borishdi. Cherchill hamrohini aya­may yurishga majburlar, biroq Antonsen uch fut chuqurlikda bo‘g‘ziga suv tiqilib, cho‘kib ketay de­ganda, Cherchill uni qayiqqa chiqarib oldi. Cherchill kurashni bir o‘zi davom ettirdi. Tushga yaqin Bennet ko‘liga kiraverishdagi politsiya postiga yetib keldi. U Antonsenni qayiqdan tushirmoqchi bo‘ldi, lekin qo‘lidan kelmadi. Hamrohining og‘ir nafas olishiga quloq solib, unga hasad qila boshladi. Antonsen yotishi, uxlashi mumkin, u esa osmono‘par Chilkutga ko‘tarilib, dengizga tushishi lozim. Haqiqiy mashaqqat hali oldinda edi. Cherchill vujudida yetarli kuch-quvvat borligidan o‘kindi, chunki bu kuch-quvvat tufayli ozmuncha azobni bosib o‘tishi kerak emasmi?!
Bondellning sakvoyajini qo‘liga olib oqsoqlan­gancha politsiya postiga kirib bordi.
– Pastda sizlar uchun kanoe turibdi, – bidirladi eshikni taqillatganda uni qarshi olgan ofitserga, — ichidagi odam zo‘rg‘a nafas olyapti. Unga hech narsa bo‘lgani yo‘q, faqat holdan toygan. Unga ko‘z-quloq bo‘lib turinglar. Shoshilib turibman. Ko‘rishguncha. “Afinalik”ka yetib olishim kerak.
Bennet va Linderman ko‘li o‘rtasiga bir mil uzunlikdagi to‘g‘on yotqizilgandi. Cherchill so‘nggi so‘zlarini yelkasi osha aytib, to‘g‘on ustidan chopib ketdi. Yugurish juda qiyin edi, lekin u tishini tishi­ga qo‘yib olg‘a intildi. Sakvoyajga bo‘lgan nafratdan og‘riqni ham unutdi. Bu og‘ir sinov edi. Cherchill sak­voyajni qo‘lidan qo‘liga olar, qo‘ltig‘iga qistirar, yelkasiga ortvolar, sakvoyaj esa har bir qadamda yelkasini “savalardi”. Sakvoyajning dabdalasi chiqqan, shishgan qo‘llari bilan ko‘tarib yurish mislsiz uqubat edi, bir necha marta qo‘lidan tushirib yubordi. Bir safar qo‘ldan qo‘lga o‘tkazayotganda sakvoyaj sirpanib tushib ketdi, Cherchill unga qoqinib yiqildi.
To‘g‘on oxiriga yetib borib, bir dollarga qayish sotib oldi va sakvoyajni beliga bog‘ladi. Shu yerning o‘zidayoq barkas yolladi. Tushdan keyin to‘rtda barkas uni olti mill uzoqlikdagi Linderman ko‘lining chetiga eltib qo‘ydi. “Afinalik” Dayidan ertasiga ertalab yettida jo‘nab ketishi kerak edi. Dayigacha yigirma sakkiz mill yo‘l bor. Oldinda esa Chilkut qad ko‘tarib turardi. Cherchill yuqoriga o‘rlashdan avval oyoq kiyimini tuzatmoqchi bo‘lib o‘tirdi-yu, uyg‘onib ketdi. Uni o‘tirishi bilanoq mudroq bosgandi. Ko‘zi ilinganida o‘ttiz soniyadan oshmagan bo‘lsa-da, qo‘rqib ketdi: keyingi safar ko‘proq mudrab qolishi mumkin. Tik turgancha oyoq kiyimini tartibga keltirmoqchi bo‘ldi. Shu tik turganida ham holsizlikni darrov yenga olmadi. U bir zumga hushini yo‘qotdi; buni u bemajol yerga yiqilayotganda sezdi, ammo darhol o‘zini qo‘lga olib, oyoqqa turdi. Hushsizlikdan ko‘ngli aynib, qaltiray boshladi. Cherchill g‘ovlab ketgan miyasiga tetiklikni qaytarish uchun boshiga mushtlay boshladi.
Krater ko‘liga yengil yuk bilan qaytayotgan Jek Bernsning karvoni Cherchillga ulovda ketishni taklif qildi. Berns sakvoyajni boshqa xachirga yuklamoqchi bo‘ldi, biroq Cherchill uni egarga o‘rnashtirib, o‘zida olib qoldi. Cherchill tez-tez pinakka ketib, sakvoyaj egarning goh u, goh bu tarafiga sirg‘anar va har safar Cherchill og‘riq bilan uyg‘onardi. Keyin, qosh qoraya boshlagach, xachir daraxt shoxiga urilib, Cherchillning yuzi shilindi. Bu ham yetmagandek, xachir yo‘ldan adashdi. Bu yog‘iga Cherchill so‘qmoqda (agar so‘qmoq deyishga arzisa) piyoda yurishni ma’qul ko‘rdi. Xachir ham boshini egib bir-bir odimlay boshladi.
Tevarak-atrofdan taralayotgan qo‘lansa hid bu yerlarda o‘lib yotgan otlar oltin ortidan quvgan aza­matlarning qurboniga aylanganini aytib turardi. Ammo Cherchill hech narsani sezmasdi. U uxlashni juda ham xohlardi. Bu vaqtga kelib ular Uzoqko‘lga yetishdi. Chuqurko‘lda Cherchill yulduzlarning xira yoru­g‘ida ko‘zini uzmagan sakvoyajni Bernsga topshirdi. Sakvoyajga hech narsa bo‘lmasligi lozim edi.
Karvon Krater ko‘lida qoldi. Cherchill bo‘lsa sak­voyajni beliga bog‘lab, dovonga o‘rmalay boshladi. Ba­landlikka ko‘tarilgani sari haqiqiy charchoqni his etdi. Oyoq-qo‘li zil-zambildek og‘irlashib emaklab qoldi. Har safar oyog‘ini ko‘targanda butun vujudi zo‘riqardi. Cherchillda oyoqlarimga qo‘rg‘oshin boshmoq kiyib olganman, degan o‘y paydo bo‘ldi va u egilib “qo‘rg‘oshin”ni ushlab ko‘rish istagini arang bosib turardi. Bondellning sakvoyajiga kelsak, qanday qilib qirq funt bunchalik og‘irligiga aql bovar qilmasdi. Sakvoyaj uni shunchalik ezardi-ki, go‘yo yelkasida tog‘ni ko‘tarib ketayotgandek edi. Cherchill bir yil avval yelkasida yuz ellik funt yuk bilan mana shu dovonga ko‘tarilganini eslab o‘ziga ishonmasdi! Agar o‘shanda yuz ellik funtni ko‘targan bo‘lsa, hozir Bondell sakvoyaji besh yuz funt chiqsa kerak.
Krater ko‘lidan dovonga o‘tishdagi birinchi tepalik kichik muztog‘dan iborat edi. So‘qmoq bu yerdan yax­shi ko‘rinardi. Lekin o‘rmon chegarasi hisoblanmish muzlikdan teparoqda sochilib yotgan yalang‘och qoya va toshlardan boshqa hech narsa yo‘q edi. Yo‘l qorong‘uda ko‘rinmas va u odatdagidan uch barobar ko‘p kuch sarflab yurdi. U qor bo‘roni avjiga minganda dovonga yetib keldi. Baxtiga pastakkina tashlandiq chodirga duch kelib qoldi. Chodirda so‘ligan kartoshka, olti dona pishmagan tuxum topib, ularni paqqos tushirdi.
Bo‘ron tindi. U shiddat bilan pastga tusha boshladi. Bu yerda so‘qmoq yo‘q, u toshlarga qoqinib, tavakkaliga qadam bosar, gohida tubsiz dara yoki jarlik yoqasiga kelib qolardi. Tez orada qora bulutlar yulduzlarni to‘sib qo‘ydi va bu zulmatda toyib ketib, yuz fut pastlikka dumalab ketdi. Hamma yeri shilingan, qon­talash holda ko‘zini ochganda o‘raning tubida edi. Ot jasadlaridan chiqayotgan badbo‘y atrofni tutgandi. O‘ra so‘qmoqqa yaqin bo‘lib, ko‘pincha yaroqsiz kasal va o‘layotgan otlarni shu o‘raga uloqtirishardi. Badbo‘y­dan Cherchillning ko‘ngli aynib, go‘yo bosinqiragandek yuqoriga tirmasha boshladi. Yarim yo‘lda sakvoyajni eslab qoldi. Sakvoyaj ham Cherchillga qo‘shilib o‘raga tushib, qayish uzilib ketgandi. U sakvoyajni batamom unutgandi. Yana sassiq o‘raga tushishga to‘g‘ri keldi. Yarim soat sakvoyajni paypaslab qidirdi. Sakvoyajga qoqinib ketguncha o‘n yettita o‘lik otni sanadi. Bitta joni uzilamaganiga esa revolveridan o‘q uzdi. O‘zining biror bora mardlik va qahramonlik ko‘rsatmagan o‘tmishiga nazar tashlab, amin bo‘ldiki, sakvoyajni deb orqaga qaytishi hayotidagi eng qahramonona ishi ekan. Shunchalik qahramonona ediki, o‘radan chiqquncha ikki marta hushidan ketay dedi.
Nihoyat, pastga tushib, Chilkut ortda qolganda, yo‘l yurish biroz yengillashdi. Albatta, eng yaxshi so‘qmoqni ham ravon deb bo‘lmasdi, biroq bu eng maqbul yolg‘izoyoq yo‘l edi. Agar, Cherchill butunlay holdan toymaganida, oyoq ostini yoritish uchun tosh fonari bo‘lganida, Bondellning la’nati sakvoyaji bo‘lmaganida edi, u bemalol yo‘l yura olardi. Cherchill hozir shunday ahvolga tushgandiki, sakvoyaj uning uchun, maqolda aytilganidek, tuyaning belini sindirgan poxolpoya edi. U gavdasini arang ko‘tarib yurar, biroq har safar qoqinib ketganda ortiqcha yuk uni yerga qulatardi. Oyoqqa turganda esa zimistonning qaysidir burchidan daraxt shoxlari chiqib, sakvoyajga yopishgancha Cher­chillni orqaga sudrardi.
Asta-sekin Cherchillda shunday ishonch paydo bo‘ldi-ki, agar “Afinalik”ni qo‘ldan chiqarsa, bu faqat sakvoyaj tufayli. Umuman uning ongida ikki narsa qolgandi: sakvoyaj va paroxod. U faqat shu ikki narsa haqida o‘ylardi, ular necha asrlar davomida bajarib kelgan qandaydir og‘ir topshirig‘i bilan chambarchasdek tuyuldi. U xuddi tushida odimlar, kurashar edi. Go‘yo tushida Cho‘ponlar Lageriga yetib keldi. Qovoqxonaga hovliqib kirib, yelkasidan qayishni yechdi. Sakvoyajni asta polga qo‘ya boshlaganda, qo‘lidan tushib ketdi. Dupullagan ovozdan hatto endigina ketishga shaylanib turgan ikki kishi ham sapchib tushdi. Cherchill bir stakan viskini sipqordi. Qovoqxona xo‘jayinidan o‘n daqiqadan so‘ng uyg‘otib qo‘yishini so‘radi. Keyin oyoqlarini sarpoyajning ustiga, boshini tizzasiga qo‘yib cho‘kkaladi.
Cherchillning horg‘in vujudini charchoq shunday siquvga olgandiki, uni uyg‘otish uchun yana o‘n daqiqa hamda uvishib qolgan mushaklarini yozish uchun yana bir stakan viski kerak bo‘ldi.
– Hoy, boshqa yoqqa ketyapsan! – baqirdi unga qo­voqxona xo‘jayini. So‘ngra Cherchillning ortidan chiqib qorong‘uda uni Kanon-siti yo‘liga chiqarib qo‘ydi. Cherchill ongining qaysidir shu’lasida to‘g‘­ri yo‘nalishga ketayotganligini sezardi. Yana tush ko‘rayotgandek so‘qmoq chetidan daraga tushib ketay deya yo‘lga tushdi. Nima ogohlantirganini bilmaydi, biroq ayni damda qandaydir xavfni sezdi va revolveri­ni chiqazdi. Hamon uyqusirayotgan holida ikki erkak paydo bo‘lganini ko‘rdi. Ular Cherchilldan to‘xtashini talab qilishdi. Uning revolveridan to‘rt marta o‘q uzildi. Yo‘lto‘sarlarning ham qurollaridan chiqqan chaqmoqni ilg‘ab, o‘q ovozini eshitdi, bundan tashqari, biqinidan yaralanganini sezdi. Haligi kishilardan biri yiqildi. Ikkinchisi yaqiniga yugurib kelganida Cherchill revolver bilan basharasiga tushirdi. Keyin o‘girilib yugurishga tushdi. Tez orada u yarim uyqudagi holatidan hushyor tortib, so‘qmoq bo‘ylab hansiragan­cha yugurayotganligini payqadi. Revolverini axta­rib, yo‘qolganiga amin bo‘lmaguncha bularning barini tush deb o‘yladi. Birdan biqinida qattiq sanchiqni sezdi. Biqinini ushlab ko‘rdi: qo‘lida qon yuqi. Ha, chindan ham yaralanibdi, lekin u darajada jiddiy emas. Butunlay hushiga kelib, Kanon-siti tomon ja­dalladi.
U yerda yigirma dollarga issiq o‘rnini tashlab, otlarni aravaga qo‘shishga rozi bo‘lgan aravakashni uchratdi. Cherchill furgonga chiqib o‘rindiqqa o‘zini tashladi. Sakvoyajni yelkasidan olmasdan ham uyquga ketdi. Furgon Dayiga olib boruvchi vodiy bo‘ylab yomg‘irda sirpanchiq bo‘lgan yo‘ldan taqir-taqir qilib yelib borardi. Cherchill faqat g‘ildiraklar xarsang toshlarga urilgandagina uyg‘onardi. Arava bir funtcha yuqoriga irg‘itganda ham u bezovta bo‘lmadi. Yo‘lning so‘nggi mili tekisroq ekan, u qotib uxladi.
Manzilga tongda yetib kelishdi. Aravakash Cherchillni qattiq silkib uyg‘otib, qulog‘iga “Afinalik” jo‘nab ketdi, deya qichqirdi. Cherchill bandargohga ma’nosiz boqdi.
– Huv, ana, Skagueyda tutun ko‘rinyapti, – dedi ara­vakash.
Cherchill qovoqlari shishib ketganidan hech narsani ko‘rmadi, shunday bo‘lsada:
– Bu o‘sha, menga qayiq topib bering, – dedi.
Aravakash iltifotli odam bo‘lib chiqdi, o‘n dollarga — pulni oldindan to‘lash sharti bilan — eshkak eshishga odam va qayiq topdi. Cherchill pulni to‘ladi. Uni qayiqqa chiqishiga qarashib yuborishdi, o‘zi qayiqqa chiqadigan ahvolda emasdi. Skagueygacha olti mil bor va u uxlab olish orzusida edi. Ammo u bilan qayiqqa o‘tirgan kishi eshkak eshishni eplolmadi. Cherchillning o‘zi yana bir necha yuz yil eshkak bilan olishdi. Olti mil masofa ilgarilari bunchalik uzoq va mashaqqat­li tuyulmagandi. Kuchli shamol esib, qayiqni orqaga haydadi. Cherchill ko‘ngli behuzur bo‘lib qayt qilar, oyoq-qo‘llari muzlab qolgandi. Sherigi sho‘r suvdan hovuchlab, yuziga sepdi.
Ular “Afinalik”ning oldiga yetib kelishganda al­laqachon langar ko‘tarilgan. Cherchill esa tamomila kuchdan qolgandi.
– To‘xtating! To‘xtating! – Cherchillning ovozi xi­rillab chiqardi, – muhim xabar bor! To‘xtating!
Shu zahoti boshi shilq etib tushib, uxlab qoldi. Olti kishi uni ko‘tarib taxta zinadan tepaga olib chiqishayotganda ko‘zini ochdi. Sakvoyajga qo‘lini cho‘­zib, cho‘kayotgan odam xasga yopishgandek uni mahkam quchoqlab oldi.
Palubadagilar Cherchillga achinish va qiziqish bilan boqishdi. Oq Tulpordan kiyib chiqqan kiyimlari­ning uvadasi chiqib ketgan, o‘zining ham ahvoli havas qiladigan darajada emasdi. U favqulodda shijoat bi­lan ellik besh soat yo‘l yurgan edi. Shu vaqt ichida olti soatgina uxlab, yigirma funtga ozgandi. Yuzi, qo‘llari, umuman, butun tanasi yara-chaqa bo‘lib ket­gan, ko‘zlari deyarli hech narsani ko‘rmasdi. Cherchill o‘rnidan turishga urindi, lekin oyoqqa tura olmay palubaga yiqildi. Shunda ham sakvoyajni qo‘lidan qo‘ymadi va aytmoqchi bo‘lgan xabarini yetkazdi.
– Endi esa meni uxlagani yotqizinglar, – gapini tugatdi, – ovqat esa uyg‘onganimdan so‘ng.
Cherchillga hurmat ko‘rsatishib, uni juldur kiyim­lari bilan kemadagi eng katta va eng hashamatli kayutaga joylashtirishdi. U ikki kun uxladi, keyin vanna qabul qildi, soqol-mo‘ylabini qirtishladi, tamaddi qildi. Oq Tulpordan ikki yuz yo‘lovchi yetib kelganida, u sigara tutatib, paluba chetidagi tutqichni ushlab turardi.
“Afinalik” Sietlga yetib kelganda Cherchill butun­lay sog‘aygandi. Sohilga bardam, qo‘lida Bondellning sakvoyaji bilan tushdi. Endi u bu sakvoyaj bilan faxrlanardi. Sakvoyaj uning uchun mardlik, halollik va ishonch timsoli edi. “Men uddaladim”. Ushbu oddiy so‘zlar bilan u yuqoridagi yuksak tushunchalarni o‘zi uchun ifodaladi. Hali qorong‘u tushmagandi. Cherchill to‘ppa-to‘g‘ri Bondellning uyi tomon yurdi. Lui Bondell uni xursand bo‘lib, qo‘shqo‘llab so‘rashib qarshiladi va ichkariga sudradi.
– O, rahmat, qariya, olib kelganing yaxshi bo‘libdi, – dedi Bondell sakvoyajni qabul qilayotib.
Bondell sakvoyajni beparvolik bilan kushetkaga irg‘itdi. Cherchill kushetka ustida sakvoyajni butun og‘irligi bilan sakraganini sezdi. Bondell uni savolga ko‘mib tashladi.
– Ahvollaring qalay? Yigitlar sog‘-omonmi? Bill­ Smitersga nima bo‘ldi? Del Bishop Pers bi­lan hali ham kompaniyadami? Itlarimni sotdimi? Oltingugurtsoyda nima gaplar? Biron narsa topish­dimi? Ko‘rinishing chakki emas. Qaysi paroxodda kelding?
Cherchill barcha savollarga batafsil javob berdi. Shu tarzda suhbat yarim soat davom etdi. Nihoyat, ikkisi ham jimib qoldi.
– Ochib ko‘rmaysanmi? – taklif qildi Cherchill sakvoyajni ko‘rsatib.
– Hammasi joyida turibdi, – dedi Bondell. – Mitchellning hosili kutilganidek mo‘l bo‘ldimi?
– Menimcha, ochib ko‘rganing ma’qul, – Cherchill ga­pida turib oldi. – Menga ishonilgan omonatni egasi­ga topshirayotganimda hammasi joyidaligiga ishonch ho­sil qilishim kerak. Uxlab qolganimda sakvoyajga nimadir kirgan yoki biror narsa sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
– Unda aytarli muhim narsa yo‘q, qariya, – dedi kulib Bondell.
– Muhim narsa yo‘q? – takrorladi Cherchill. Keyin qat’iy dedi: – Lui, sakvoyajda nima bor? Bilishni xohlayman.
Lui unga ajablanib qaradi. Narigi xonaga o‘tib, kalitni olib chiqdi. Sakvoyajni ochib ichidan qirq to‘rtinchi kalibrli koltni oldi. Uning ketidan re­volver hamda vinchester uchun bir necha qutida patron chiqdi.
Cherchill sakvoyajni ag‘darib, asta silkitib ko‘rdi.
– Revolver zanglabdi, – payqab dedi Bondell. – Yomg‘irda qolib ketgan, shekilli.
– Ha, – dedi Cherchill. – Ichiga nam o‘tgani chakki bo‘libdi. Aftidan, ehtiyotsizlik qilgan ko‘rinaman.
Cherchill o‘rnidan turib, chiqib ketdi. O‘n daqiqadan so‘ng Lui Bondell ham tashqariga chiqdi. Cherchill qo‘­lini iyagiga tirab, zinapoyada qorong‘ulikka tikilib o‘tirardi.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi