— Oyijon, qayoqqa boryapmiz? — so‘radi qizcha onasiga cho‘chinqirab qarab.
— Otang boshlab boryapti bizni, — javob berdi onasi.
— Ota, biz qayoqqa boryapmiz? — so‘radi qizcha otasidan.
— Bir yaxshi joyga. Sen hali tushunmaysan, — uzuq-yuluq javob qildi otasi qizchaning qo‘lidan ushlab oldinga boshlarkan.
— Ayta qoling, qayoqqa?! — tinchimadi qizcha.
— Juda ajoyib joyga, — dedi onasi qaysar qizini tinchlantirish va erining jahlini chiqarmaslik uchun yumshoq ohangda. Qizcha ikkala qo‘lidan ushlagancha gavjum ko‘chadan yetaklab borayotgan ota-onasiga ortiqcha qarshilik qilmay qo‘ydi. Uni hech qachon bunchalik kech uydan yetaklab chiqishmagandi. Bular hammasi qizcha uchun yangilik edi va ota-onasi yetovida rastalari oydin qilib yoritilgan do‘konlarni tomosha qilgancha ketib borardi. Mabodo, biror yo‘lovchi yorug‘likni to‘sib qo‘ysa, u rastalardagi manzaraga bo‘ynini cho‘zib qarardi. Oradan sal o‘tib u yana gapira ketdi:
— Oyijon, qornim ochdi.
Otasi qizchaga zarda aralash qarab qo‘ydi. «Qizni juda taltaytirib yubording, o‘zini hech tutolmayapti», degan to‘ng‘illashni eshitgach, «Biroz chidab tur», dedi onasi achchiqlangandek. Qizcha otasining norozi bo‘layotganini sezib, onasiga achinib ketdi. U yuzini ma’yus bujmaytirib onasiga qaradi, onasi esa hozir qizcha ochlikdan yig‘lab yuboradi deb o‘yladi.
— Bolani ovqatlantirish kerak, juda ochqab ketdi, bechora, — dedi ayol eriga jur’atsizgina ko‘z tashlab.
— Bo‘pti. Ana, bo‘g‘irsoq do‘koni, biron nima olib bera qol, — otasi yo‘l chetida to‘xtadi va jimgina qo‘shib qo‘ydi: — Ha, aytganday, so‘rab ko‘r-chi, balki ular Qo‘rg‘on yo‘lini bilar?
U shunday deya qizchaga ma’nodor ko‘z tashladi, chunki u qizim «qo‘rg‘on» so‘zini eshitib qoldi, deb qo‘rqqan edi. Qizcha qandaydir qo‘rg‘onga ketishayotganini angladi, biroq ota-onasining gapini eshitmaganga olib, o‘zini ko‘chani berilib tomosha qilayotgandek tutdi.
Ular uch kishi bo‘lib bo‘g‘irsoq do‘koniga kirishdi. Onasi bo‘g‘irsoq tanlayotganida otasi past ovozda sotuvchi ayoldan nimadir so‘radi. Qizcha otasining lablari «Qo‘rg‘on» so‘zini talaffuz qilganini sezdi.
— Bu qizning qo‘g‘irchoqdek yasanib olganini qarang, — erkaladi sotuvchi ayol. — Nechaga kirding, do‘ndiqcha?
— Beshga, — dedi qizcha va uning erkalashiga e’tibor ham bermay, onasining yoniga borib turdi.
Tashqariga chiqishdi.
— Oz-moz oydinlashdi, — dedi otasi yo‘lakning o‘rtasida to‘xtab, — hozir to‘g‘riga yurish kerak, yo‘lchiroqdan so‘ng chapga burilamiz.
— Shoshilmasak bo‘lmaydi, qorong‘i tushib qoldi.
— Qayoqqa shoshardik, buyog‘i bir qadam, — dedi otasi odatdagiday injiq tovushda.
— Oyi, suv ichgim kelyapti, — dedi qizcha.
— Muyulishda xiyobon bor, favvorasi ham bo‘lsa kerak, o‘sha yerda ichasan, — onasi o‘rniga javob berdi otasi. Ular uncha katta bo‘lmagan xiyobonga kirib, uzun kursilardan biriga o‘tirdilar. Qizchaning hech narsa yegisi kelmadi, ammo onasini tashvishga solmaslik uchun bo‘g‘irsoqni shoshib chaynay boshladi.
— Tez chaynama, odobli qiz bunday qilmaydi, — jerkib berdi uni otasi, lekin ayni paytda uning xayoli mutlaqo boshqa yoqda edi.
— Bolani o‘zimiz bilan olib bekor qilibmiz, chog‘i, — dedi onasi horg‘in ovozda.
— Senga uni momosi bilan qoldiraylik, deb aytgandim, — achchig‘lanib dedi otasi. Biroz jim turgach, past ovozda qo‘shib qo‘ydi:
— O‘zing qara, kech tushdi. Chiroqlar yona boshladi.
— Agar u joyni bugun topolmasak, nima qilamiz? — so‘radi onasi.
— Tun bo‘yi izlab chiqamiz, — dedi qat’iy qilib otasi.
— Bola bilan-a?
Onasining o‘zi haqida o‘ylayotganini eshitgan qizcha yana xarxasha qildi:
— Oyijon, men charchadim.
— U ertalab oltidan beri tik oyoqda. Uyqu elityapti.
Onasi qizini tizzasiga o‘tqizib, quchoqlab oldi. Qizcha ko‘zlarini yumdi. Tungi chiroqlardan taralayotgan shu’lalar qizil, oq, yashil rangda kipriklarida jilva qilardi.
— Bilmadim, biz nega uyni tashlab chiqdik, — shivirladi o‘zicha onasi.
— Jin ursin o‘sha uyni. Biz endi unga qaytmaymiz, — jerkib tashladi otasi.
— Mening to‘qish asboblarim meqmonxonada o‘sha holicha qolib ketdi, — erining gapini eshitmaganday davom etdi onasi.
— Ie, bu nima? Buni qara, cho‘ntagimda eshikning kaliti kelibdi. Cho‘ntagim lash-lush solingan axlat o‘rasiga o‘xshab qolibdi. Bu narsalar bilan biz hech qachon Qo‘rg‘onni topolmaymiz.
Kalit favvoraga shaloplab tushdi. Qiz suvsagani yodidan ko‘tarilganini esladi. Biroq ko‘zini ochishi mumkin emas, ota-onasining gapini bo‘lib qo‘yishi mumkin.
U yana o‘zini uxlaganga soldi. Ko‘zlarini yumib yotayota oxiri rostakamiga uxlab qoldi.
Qiz ko‘zlarini ochganida oqish nurga chulg‘angan xonada yotardi.
— Qo‘rg‘on shumi? — so‘radi u.
— Nima-a? — tutaqib ketdi otasi. — Kattalarning gapiga quloq solishga qanday hadding sig‘di?
— Axir u yosh bola emas-ku. — Qizchaning yonini oldi onasi, — yaxshisi hammasini unga ochiq aytish kerak.
— Qani, tur o‘rningdan. Oying seni kiyintirsin.
Otasi xonaning burchida joylashgan yuvinish joyiga borib soqolini ola boshladi. Onasi uni oyoqqa turg‘azib, kiyimining tugmalarini qadarkan, tushuntirdi:
— Bu hali Qo‘rg‘on emas. Qo‘rg‘onni endi izlaymiz.
Qizcha xursand edi, unga o‘zining yaxshi ko‘rgan kiyimlarini kiygizishdi, ustiga-ustak, ota-onasining qo‘lidan ushlab sayr qilish qanday yaxshi.
Ular Qo‘rg‘onni uzoqroq izlashsa yanayam ko‘ngildagiday bo‘lardi.
Tushdan so‘ng ular izma-iz o‘tayotgan yuk tashuvchi mashinalarning shovqiniga to‘lgan katta yo‘lga chiqdilar. Bu atrofda yo‘lovchilar deyarli ko‘rinmasdi.
— Jonginam, axir bu yer shahar chekkasi-ku, — dedi xavotirlanib onasi.
— To‘g‘ri. Qo‘rg‘on shaharning o‘rtasida joylashgan, deb aytishgandi.
— Kecha bo‘g‘irsoqfurush senga chapga burilasizlar, deb aytmaganmidi?
— Ha, shunday degandi. Balki biz u aytgan yo‘lchiroqdan o‘tib ketgandirmiz?
Otasi tashvishli qiyofada qo‘llarini ko‘kragiga solishtirgancha uzoq o‘yladi. Qizcha, o‘zining qizil boshmog‘iga qaradi va birdan yig‘lagisi keldi — boshmoqlari quyuq changga belangandi.
— Ha, adashibmiz. Orqaga qaytamiz, — qaror qildi otasi va ortga burildi. Qizchaning qo‘lidan ushlagancha onasi erining izidan ergashdi. Otasi zarda bilan tez-tez yurib borar, o‘zicha nimadir deb to‘ng‘illardi. Onasi ham qattiq o‘yga cho‘mgan, shu bilan birga orqada qolmaslikka harakat qilardi. Qizcha ancha joygacha uning yetoviga bo‘ysunib, deyarli yugurib bordi, so‘ng birdan to‘xtab, baland tovushda:
— Boshqa yurishni istamayman, — dedi.
— Bu yoqqa qara! — Onasi otasini yordamga chaqirdi. Otasi to‘xtab, iziga burildi:
— Nima deysan?
Uning ovozi odatiga xilof ravishda sokin va quruq edi: bu tovush qizchaga yoqmadi… «Undan ko‘ra urishib bergani yaxshi edi», deb o‘yladi qizcha.
— Ko‘tarib ol!— buyurdi otasi: onasi qizchani qo‘lida ko‘targancha erining izidan yugurdi. Ular bir-biriga bir og‘iz ham gapirmay, ancha joygacha yonma-yon borishdi. Ayol orqada qolib ketar, shunda erkak qizchani o‘z yelkasiga olardi.
— «Qo‘rg‘on ufqning qizg‘ish nurlariga ko‘milib yotadi», deb aytishgandi. Chamasi, g‘arbga qarab yurishga to‘g‘ri keladi, — dedi erkak noxush jimlikni buzib va ko‘chalardan biriga burildi. Qizchaning ko‘z oldida lovullab yonayotgan ulkan shar paydo bo‘ldi va undan taralayotgan yog‘duga dosh berolmay ko‘zlarini qisib oldi. Keyin otasining yelkasida o‘tirgancha uyquga ketdi, ko‘zlarini ochganda esa onasining quchog‘ida ketar, kech kirib qolgandi. Otasi qulflangan eshikka olib boradigan tosh zinaga behol cho‘kdi.
— Yana omadsizlik, — u oldida tik turgan ayolga mungli qaradi. — To‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz, deb shunchalar ishongan edim. Yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldik.
— Hechqisi yo‘q, — ayol eriga tasalli berdi. — Biz baribir Qo‘rg‘onni topamiz, bizning, axir, undan boshqa hech narsamiz yo‘q-ku!
— Seni ham qiynab yubordim, — to‘ng‘illadi erkak.
— Qo‘y, buni o‘ylama. Ke, yaxshisi hammasini bir boshdan o‘ylab ko‘ramiz. Biz haddan tashqari ishonuvchan bo‘lgan ekanmiz.
Erkak sekin o‘rnidan turdi va yo‘lakka qarab tupurdi.
— Bizning xaritamiz yo‘q, — dedi u xuddi tovush chiqarib mulohaza qilayotganday. — Baribir Qo‘rg‘on xaritada ham ko‘rsatilmagan bo‘lsa kerak.
— Biroq bizda niyat bor! Chinakam kirishsang, har qanday istak, butun umring sarf bo‘lsa ham, albatta, amalga oshadi, — eriga taskin berishda davom etdi ayol.
— To‘g‘ri. To‘g‘ri-yu…
— Eslab ko‘r, oila qurishga ahd qilganimizda ham xuddi shunday bo‘lgandi…
Shunda qizcha ham suhbatga qo‘shildi:
— Oila qurmaslaringdan oldin ham dadam va oyim edingizlarmi? Er-xotin qizchaga qarab kulib yuborishdi:
— Biz unda bola edik, — dedi otasi.
— Unda men kim edim? — yana so‘radi qizcha.
— Sen hali tug‘ilmaganding.
— Tug‘ilmasdan oldin kim edim?
Otasi nima deb javob berishni bilmay, onasiga qaradi.
Shu payt kichkina eshik ochilib, qo‘lida chiroq tutgan yoshgina erkak paydo bo‘ldi. U otasining oldiga kelib, qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Onasi xavotir aralash qizchani quchog‘iga tortdi.
Otasining yuzi yorishib ketdi, noma’lum kishi bilan bo‘layotgan suhbat qizg‘in tus oldi. So‘ng otasi ichki cho‘ntagidan qalin konvert olib, ichidan bir taxlam qog‘oz chiqardi-da, yigitga uzatdi. U chiroqni ko‘tarib, qog‘ozni sanay boshladi, otasi esa onasi yoniga kelib, quvnoq tovushda dedi:
— Bu odam bizni Qo‘rg‘onga boshlab boradi.
— Rostdanmi? — ishonqiramay so‘radi onasi va yosh yigitga xavotirli ko‘zlarini tikdi; yosh yigit ayolga o‘girilib jilmaydi.
— Hech xavotir olmang, xonim. Men u yerga sizga o‘xshagan ko‘plab kishilarni boshlab borganman. Mendan hali minnatdor ham bo‘lasiz. Bu narsalarni pul uchun qilayotganim yo‘q.
Yigit ularni ergashtirib jo‘nadi. Ular tor, kimsasiz ko‘chalarni uzoq oraladilar, qorong‘i joylarda yo‘l boshlovchi qo‘l chirog‘ini yoqardi.
— U yerga yilning ayni shu payti tashrif buyurish kerak. Hozir eng qulay fasl, joy ham yetarlicha topiladi. Qo‘rg‘on haqida juda kam odam biladi, reklama bilan shug‘ullanishmaydi. Menday yo‘l boshlovchisiz sizlarga juda qiyin bo‘lardi…
Yo‘l bo‘yi yigitning jag‘i tinmadi, uning quvnoq, qat’iyatli tovushidan ayol biroz xotirjam tortdi.
— Ko‘rinishim bir holatda, juda noqulay-ku menga, — dedi ayol yo‘l boshlovchiga.
— Hechqisi yo‘q. U yerda hech kim kiyimga e’tibor bermaydi. Keyin esa sizlarni xuddi yaqin kishilarimday tanishtiraman. Men u yerdagi hammani taniyman, o‘ylaymanki, bu sizlarga juda qo‘l keladi. Men kabi yo‘lboshchi bo‘lmaganida sizlar bu yo‘lni hech qachon topa olmasdilaring, — maqtanardi yigit. — Mana, deyarli yetib keldik. Meni shu yerda kutib turinglar. Men borib, xabarlashib kelaman, — dedi yo‘lboshlovchi shivirlab. Ular qandaydir tepalikning oldida turardilar. Tepalikning yuqori qismini qop-qora zulmat qoplagandi. Qizcha va ota-onasi tepalikka ko‘tarilayotgan yo‘lboshlovchiga zimdan qarab turardilar. Ancha yurgach, yo‘lboshlovchi birdan to‘xtab, pastga tushib kela boshladi. — Bunday qilsak, yaxshisi men sizlarga o‘zimning qo‘lchirog‘imni qoldirsam. Yuqorida chiroq yonsa, bu sizlarga ishora bo‘ladi, o‘zlaringiz chiqaverasizlar. Men sizlarni o‘sha yerda kutib turaman. O‘zim chiroqsiz ham ko‘tarilsam bo‘ladi, yo‘l tanish. — Yigitcha qichqirgancha tushib kelardi. Erkak uning oldiga borib, qo‘lidan chiroqchani oldi.
So‘ng zulmat qo‘ynida uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. Quloqlarining ostida jaranglab turgan yo‘lboshchilarining javrashi va o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari zulmat qo‘ynida so‘nib, o‘rnini noxush tuyg‘ular egallay boshladi.
— Hammasi joyidamikin? — so‘radi qo‘rqa-pisa ayol.
— Bilmadim… Yana biroz kutaylik-chi, — javob berdi erkak tun zulmatiga ma’yus nigoh tashlab.— Men unga pulimning yarmidan ko‘pini berib yuborgandim.
— O, xudoyim, — alam bilan ingrab yubordi ayol. Burnini kavlab o‘tirgan qizcha ayolning ingrog‘idan cho‘chib yig‘lab yubordi.
— Bolani qo‘rqitib yubording! — o‘shqirdi otasi jahli chiqib. Onasi qizchani quchog‘iga tortdi.
Ular chiroq yorug‘ida tepalikka ko‘tarila boshlashdi. Uzoq o‘tirganlaridan va ko‘ngillarida paydo bo‘lgan noxushlikdan oyoqlari xuddi lattaday bo‘shashib qolgan, o‘rlik esa hech tugay demasdi. Onasining issiq yelkasida ketayotgan qizchaning ko‘zlari yumilib-yumilib ketardi.
Ikki kunlik taassurotlar va hayajon shunchalik charchatib qo‘ygandiki, u hatto o‘z tanasini ham his qilmasdi.
— Azizim, nihoyat chiqdik-a, — shivirladi ayol horg‘in. Uning oyog‘i ostida tekis yo‘l to‘shalib yotar, tik so‘qmoq tugagandi.
— Shundayga o‘xshaydi, — tasdiqladi past tovushda otasi, uning ovozi xuddi tun zulmatiga singib ketgandek tuyuldi.
— Chirog‘ing bilan atrofini yoritib ko‘r-chi, — yana holsiz shivirladi onasi.
— Hozir.
Otasi qorong‘ulikni chiroq nurlari bilan tilimlab chiqdi. Yon-berlarida hech narsa ko‘zga tashlanmasdi.
— Qandaydir dala, shekilli.
— Ha. Dala.
Binoga o‘xshaydigan narsaning qorasi ham ko‘rinmasdi. Ko‘zlari ilg‘amayotgan bo‘lishi mumkin emas, chunki oyoqlari tagida olis-olislarga cho‘zilib ketgan yo‘l aniq ko‘rinib turardi.
— Nahotki, u bizni aldagan bo‘lsa? — so‘radi onasi, ovozi umidsizlikdan qaltirab ketdi.
Ular oyoqlarini zo‘rg‘a bosganlaricha dalani kesib o‘tishdi. Bu xuddi tushga o‘xshardi. Oyoqlarini qanchalik ko‘tarib bosishmasin, joylaridan siljimasdi. Gohida otasi chiroq bilan atrofni yoritar, biroq undan chiqayotgan yorug‘likni zulmat yutib yuborardi. Nihoyat, u tilga kirdi:
— Yurish foydasiz, ertalabgacha biron yerda tunamasak bo‘lmaydi.
Ular dalada tunash uchun shundoq yo‘l yoqasiga cho‘kishdi. Sovuq suyakni qaqshatar, faqat onasining quchog‘iga yopishib uxlab qolgan qizchagina buni sezmasdi. Ayol va erkak past ovozda uzoq suhbatlashib yotdilar. Qizcha uyqu aralash bir marta yonboshiga ag‘darilganda onasi uning yuzini o‘zining sochlari bilan yopdi. Shunda qizcha otasining shivirlab aytayotgan gapini eshitdi:
— Senga men bilan juda og‘ir. Sensiz men ado bo‘lardim…
Oradan ancha vaqt o‘tdi, yuziga yorug‘lik tushib, qizcha birdan uyg‘onib ketdi. U keng dalani qoplab olgan maysa ichida yotar, tepasida esa otasi unga tikilib turardi.
— Oyim qani?
Otasi mehr bilan qizchani quchoqladi va past ovozda dedi:
— Qani bo‘l, ketdik.
— Oyim-chi?
Otasi indamay boshini chayqadi, qizcha shunda endi onasi haqida so‘rash mumkin emasligini angladi. Unga otasi bir kechada munkayib, qarib qolgandek tuyuldi. Demak, menga ikki kishi uchun ham quvonishga to‘g‘ri keladi, qaror qildi qizcha.
Shu kuni yo‘lda ketisharkan, otasi unga ko‘p narsalar haqida gapirib berdi. Bosh maqsad qanday bo‘lmasin Qo‘rg‘onni izlab topish, bu juda muhim, biroq shu maqsadga olib boradigan yo‘lni topish undan ham muhimroq. Qizcha otasi o‘ziga xuddi g‘oyib bo‘lgan onasiga qilayotganday munosabatda bo‘layotganini sezdi. Yana unga o‘zi ham avvalgiga qaraganda ancha kattarib qolganday tuyuldi. U onasi haqida boshqa so‘ramadi, u bu dunyoda gapirilmaydigan narsalar ham borligini tushungandi.
Bir muncha muddatdan so‘ng u o‘sha sayohatlarining birinchi kuni o‘tishgan ko‘chadan ketishayotganini sezib qoldi.
— Otajon, bu o‘sha ko‘cha-ku! — xitob qildi qizcha otasining qo‘lidan siltab tortar ekan. Otasi yon-veriga ko‘z yugurtirdi:
— Shundaymi? Negadir eslay olmayapman.
Qizcha otasining xotirasi zaiflashganidan uning qanchalar keksayib qolganini sezdi. Va otasiga tasalli berish uchun baland tovushda gapira boshladi.
— Ana, sen yo‘lni so‘ragan o‘sha bo‘g‘irsoq do‘koni, eslayapsanmi?
— Bo‘g‘irsoq do‘koni? — takrorladi otasi.
— O‘sha, ana, qaragin. — Qizcha qo‘li bilan ishora qildi. Do‘kon oynasidan qizcha o‘zini «qo‘g‘irchoq qizcha» deb maqtagan sotuvchi ayolni ko‘rib qoldi.
— Assalomu-alaykum, xolajon, — qichqirdi u do‘konga kirar ekan.
— Alaykum-assalom, — javob berdi sotuvchi.
— Esingizdami, biz sizdan bo‘g‘irsoq sotib olgan edik? — so‘radi qizcha.
— Rostdanmi? Bu qachon bo‘lgandi? — ajablandi ayol.
— Esingizda yo‘qmi? Men mana bu yerda, onam bilan yonma-yon turgandim, — tushuntira boshladi qizcha.
— E-ha, sen o‘sha qizchamisan? — hayratga tushdi ayol. — Katta qiz bo‘lib qolibsan! O‘shanda sening yoshing… beshda edi, shekilli? Onang qani?!
Qizcha nima deb javob berishini bilmay, otasiga qaradi, otasi indamay uning ko‘lidan ushlagancha ko‘chaga yetakladi. U o‘zining eshik oynasidagi aksiga cho‘chib ko‘z tashladi va ko‘zgudan o‘ziga o‘n yoshlardagi qizcha termulib turganini ko‘rdi. «Ajablanadigan joyi yo‘q, — o‘yladi u, — axir otam ham ancha keksayib qolgan». Shuningdek, onasi haqidagi xotira ham uni endi qiynamas, sekin-sekin uzoqlashib ketayotgan edi. U otasi bilan ko‘cha bo‘ylab yurib ketdi, endi kim-kimning — erkak qizaloqningmi yoki qizaloq erkakningmi qo‘lidan yetaklab borayotganini aniqlab bo‘lmasdi.
Oradan yana — balki bir necha soatdir, balki bir necha yildir — ancha vaqt o‘tdi. Qizcha va otasi omborga o‘xshash binoning ulkan eshigi oldida to‘xtadilar.
— Mana, nihoyat Qo‘rg‘onimizga ham yetib keldik, — dedi otasi. — Onang ko‘rganda qanchalar xursand bo‘lardi. Afsuski, juda kech topdik.
Qizaloq, — yo‘q, balog‘atga yetgan qiz — ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi va otasining gapiga e’tiroz bildirdi:
— Hayotda hech narsa kechikib kelmaydi, otajon. Afsus qilma.
— Ha, to‘g‘ri, — javob berdi otasi. — Meni shu yerda kutib tur. Ichkarini ko‘rib chiqaman.
— Otajon, kel, yoqangni to‘g‘rilab qo‘yay.
Qiz otasining kiyimlarini diqqat bilan tartibga soldi, u yer-bu yerini to‘g‘riladi, silab-siypadi, otasi esa devorida bironta ham darcha bo‘lmagan binoga maymoqlanib kirib ketdi.
U binoga kirib ketguncha qiz izidan qarab turdi, so‘ng yuzini ko‘chaga burib, yon-atrofni tomosha qila boshladi. Yo‘lakda bolalar yo‘lga tosh otib o‘ynar, daraxt soyalarida oshiq-ma’shuqlar shivirlashib o‘tirar, nariroqda, daryo bo‘yida esa baliq ovlovchilar qarmoqqa tikilib o‘tirishardi.
— Ey, sen, bu yerda nima qilib o‘tiribsan? — degan ovoz keldi izidan. Qiz burilib yo‘lakda o‘ziga jilmayib qarab turgan miqti jussali, yuzidan navqironlik yog‘ilayotgan o‘smirni ko‘rdi. U birdan xijolat cheka boshladi, o‘smirning ko‘zlari tiniq va o‘tkir, go‘yo bu ko‘zlar xuddi ko‘nglini ko‘rib turganday edi.
— Men otamni kutyapman.
— U qayerda?
Binoning devoriga suyangancha ular suhbatlasha boshladilar. O‘smir ovozining boricha xaxolab yubordi.
— Qo‘rg‘on? Ol-a! Juda kulgili. Dunyoda hech qanday Qo‘rg‘on yo‘q.
— Sen otamni haqorat qilyapsan! — xitob qildi qiz va birdan ko‘zlariga yosh qalqdi. Unga bu o‘smir shunchalar yoqib qolgandiki, endi esa u ko‘ziga baloday ko‘rinardi. Qizning ko‘zidagi yoshni ko‘rib, yigit darrov jiddiylashdi:
— Iltimos, meni kechir. Haqorat qilishni o‘ylaganim ham yo‘q. Faqat shunday yosh bo‘la turib, boshingni bo‘lmag‘ur xomxayollar bilan og‘ritma demoqchi edim.
— Otam bu Qo‘rg‘onni umr bo‘yi axtarib o‘tdi. Biz uni shunchalar ko‘p izladikki, shunchalar izladikki…
— Bu otangning hayoti. Sen esa boshqacha, o‘zing xohlaganday yashash huquqiga egasan. Yur, yaxshisi yaxtada sayohat qilamiz. Biz yoshlar uchun dengizdan qiziqroq narsa bo‘lishi mumkinmi?
Qiz ko‘z yoshlarini artib, e’tiroz bildirganday bosh chayqadi.
— Yo‘q, otamni yolg‘iz tashlab ketolmayman.
Shunday dedi-yu, tamom, endi o‘smirni boshqa hech qachon ko‘rmayman, deb o‘yladi va yuragini qandaydir og‘riq zirqiratib yubordi. O‘smir esa birdan uning qo‘lini qattiq qisib, do‘stona ohangda taklif qildi:
— Unda bunday qilamiz. Sen ichkariga kirib, otangni izlab ko‘r. Bu yerda turgandan ko‘ra shunday qilganing ma’qul. Men seni kutib turaman.
Qiz birdan yengil tortdi. Uning yoshga belangan yuzi yigitga minnatdorona tabassum hadya qildi va o‘zi ham yigitning qo‘lini qattiq qisdi-da, binoning eshigidan yugurgancha kirib ketdi.
Ichkari tim qorong‘u edi. Kiraverishda, yon tarafdagi ustunda «Ro‘yxatga olish» deb yozilgan lavha turardi, biroq u yerda hech kim yo‘q edi. Yuqoriga zina orqali ko‘tarilardi, qiz yorilib ketgan to‘siqqa suyangancha eski yog‘och zinadan chiqa boshladi. Zina devorga taqalib turar, shu yerdan yangi zina boshlanardi: undan keyin yana devor, yana nafas rostlash joyi… Qiz shoshib yuqoriga ko‘tarilardi. U har qadam tashlaganda tashqarida o‘zini kutib turgan yigitdan yana ham ko‘proq uzoqlashayotganini his qiladi. Saldan keyin unga umuman hech qanday tashqari mavjud emasday tuyula boshladi. Faqat mana shu tuganmas zina bor, boshqa hech narsa yo‘q. Nihoyat, qiz qandaydir eshikning ro‘parasidan chiqib qoldi. U qo‘li bilan eshikning sirtqi qismini paypaslab ko‘rdi, so‘ng unga yuzini qo‘yib, quloq sola boshladi.
Unga ichkaridan odam tovushi, to‘g‘rirog‘i, faqat otasining tovushi eshitilayotgandek tuyuldi. Bu tovush shunchalar tanish ediki, kimgadir u o‘zining qizi haqida faxr bilan hikoya qilardi. Hikoyatchi bu mavzu haqida soatlab gapirishi mumkinligi tovushidan sezilib turardi.
Qiz jilmayib qo‘ydi va tabaqani itardi.
— Otajon, — chaqirdi u va tabaqani kuchliroq itardi-da, ostonadan hatlashga hozirlandi, biroq eshik ochilib sal bo‘lmasa yiqilib tushayozdi — epchillik bilan dastakdan ushlab qolishga ulgurdi.
Eshik orqasida xona ham devor ham, osmon ham — hech narsa yo‘q edi. Bo‘shliq bor edi faqat. Qiz bo‘shliqqa ko‘z tashladi. Bo‘shliqni hatto ko‘rib ham bo‘lmaydi, degan fikr keldi birdan xayoliga. Va agar hozir iziga burilsa, o‘zini bu yerga boshlab kelgan zinani ham ko‘rmasligiga uning ishonchi komil edi.
Jabbor Eshonqulov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 5-son