– Ikki kishilik dasturxonmi? Qani, mana bu yoqqa marhamat qilsinlar, hurmatli janob. O, xonimingiz nihoyatda latofatli ekan! Siz uchun ataylab deraza oldidagi joyni tanladik, ko‘rfaz manzarasidan bahra olib o‘tirasizlar-da! Qalay, ma’qulmi? — dedi mulozamat ko‘rsatib ofitsant.
Alisa xursand bo‘lib eriga qaradi:
–Ha, albatta! Bo‘lmasam-chi! – dedi ayol quvonchdan ko‘zlari chaqnab. – Mark, azizim, bu yerda biz o‘zimizni xuddi dengizda, qayiq ichida tushlik qilayotganday his etamiz! O, qanday ajoyib! Bu yerni…
Ayolning gapi og‘zida qolib ketdi. Eri xotinining qo‘lini qattiq qisdi.
–U yerdan sal beriroqdagi joy ancha tuzukroq ko‘rinadi, chamamda».
– Anavi yoqdagi, deysanmi? Naq odamlarning o‘rtasida-ya? Lekin menga ko‘proq…
– Alisa, jonginam, iltimos.
Mark ayolining qo‘llarini yanayam mahkamroq qisdi. Bu gal u shunday harakat qildiki, Alisa beixtiyor eriga o‘girilib qaradi.
– Nima gap? Senga nima bo‘ldi?
– Tiss…, – dedi Mark barmog‘ini labiga ohista bosib. U xotiniga bor vujudi bilan tikilib turardi. Alisani tamaddixona o‘rtasidagi stol tomon boshladi.
— Nima gap, Mark? Tinchlikmi? — xavotirlanib so‘radi Alisa yana.
— Keyin aytib beraman, azizam. Kel, avval taom buyurtma qilib olaylik. Xo‘sh, nima yeymiz? Mayda dengiz qisqichbaqasiga tobing qalay? Yo qovurilgan tuxum xohlaysanmi?
— Istaganing, azizim, menga farqi yo‘q.
Ikki yosh bir-birlariga mehr bilan jilmayib qo‘yishdi. Keyin yonlarida tinmay raqsga tushayotgan bir to‘da odamlarni maroq bilan kuzatib o‘tirdilar.
— Unday bo‘lsa, birinchisiga mayda qisqichbaqadan bo‘la qolsin, — dedi Mark. — Keyin tuxum va tuzlangan cho‘chqa go‘shti ham yeymiz. Yana jo‘ja kabob bilan italyancha salat olsak. Bugun bir maza qilib o‘tiraylik, a, Alisa? Shoshmang, — dedi u shunda ofitsiantga yuzlanib. — Yodimdan ko‘tarilayozibdi, yana ikkita qora qahvadan ham olib kelsangiz.
Shunday dedi—da, u yana Alisaga qarab gapida davom etdi:
— Haydovchimiz ham tushlik qilayotgandir hozir. Demak, taxminan ikki soatlardan so‘ng ketsak ham bo‘ladi. Buyog‘idan tashvishlanma. Ikki soat davomida bemalol dam olsak bo‘ladi.
Bir muddat shunday gaplar bilan o‘zini nimadandir chalg‘itgan Mark nihoyat yengil xo‘rsinib, go‘yo ichidagi og‘ir bir toshni sal bo‘lsa-da qo‘zg‘atgandek biroz yengil tortdi. So‘ngra u hayotining mazmuniga aylangan, chiroyli shlyapasi ustidan ro‘molini nafis tang‘ib olgan go‘zal xilqat —umr yo‘ldoshiga nigohlarini qadadi.
— Sen juda dilbarsan, jonim! — dedi u rafiqasining nurli chehrasidan ko‘zini ololmay. Mana bu dengiz suvi esa sening jozibali ko‘zlaringga ajib zangorlik bag‘ishlab, husningni yanayam oshirgan. O‘zing ham bir ko‘rgin-a, Alisa! Buning ustiga sayohatma-sayohat yuraverib, ancha vazn tashlagansan ham. Faqatgina… Sen o‘zing ham shu malohatni qalbing bilan xuddi menday his qila olishing kerak, Alisa, eshityapsanmi?!
Ayolning ixcham ko‘kraklari uning qomatini yanada jozibali ko‘rsatardi. U erining so‘zlarini butun vujudi bilan tinglar, unga bo‘lgan mehri yanada oshardi.
Mark to‘satdan jiddiy tortib, ayolga sinchkov ko‘zlarini tikdi.
— Alis, bilasanmi, sen hozir bu yerda senga notanish bo‘lgan, ammo menga judayam tanish bo‘lgan odam bilan bitta tamaddixonada o‘tiribsan.
— Menga notanish bo‘lgan odam?
— Ha… Ya’ni, o‘sha odam mening sobiq xotinim.
Shu payt ayolning ko‘zlari hayratdan katta-katta ochilib ketdi, u qanday kalima bilan ayni damda ichida kechayotgan kuchli g‘alayonni ifodalashni bilolmay, so‘zsiz qotib qoldi.
— Xo‘sh, nima qipti?.. — deb og‘iz ochdi u nihoyat. Uning bu yerda ekanligining bizga nima ahamiyati bor? Axir… u sen uchun muhim inson emas-ku, Mark… Alisa shunday deb o‘zini biroz chalg‘itgani bilan baribir barcha ayollarga xos qiziquvchanlik ila erini qator savollarga ko‘mib tashladi:
— Uning o‘zi seni ko‘rdimi? Yo sening unga qaraganingni payqab qolmadimi? U qani hozir, qayerda turibdi? Mark, o‘shani menga ko‘rsatib yubora olmaysanmi?
— Hozir emas, iltimos. U bizni kuzatayotgan bo‘lishi mumkin… Zimdan nazar tashla: Huv, ana — jigarrang sochli, boshida shlyapasi yo‘q, yalangbosh ayol. Ko‘rdingmi? U shu mehmonxonada turgan bo‘lsa kerak.
— Hmm, tushunarli.
Alisa ko‘pgina ayollar orasidan axiyri, uni ko‘rib olishga erishdi. U ayol erining o‘n besh oy muqaddam turmush o‘rtog‘i bo‘lgandi.
— Bema’nilik, — dedi Mark g‘ashi kelib. — Menga bu hol umuman yoqmayapti… Turgan-bitgani bema’nilik! To‘g‘ri, biz tarbiyali kishilarday jimgina, janjalsiz ajralishdik. Keyin mening hayotimga farishta misol sen kirib kelding. Men seni sevib qoldim va sen ham men bilan bir umrga baxtiyor bo‘lishni istading. Bizning baxtimiz, atrofdagi har qanday g‘alamislar ig‘vosiyu hasadgo‘ylar hiylasidan omon qoladi! Menga ishon, azizam!
O‘sha boshyalang, jigarrang sochlari yelkasini qoplab, to‘zg‘itib yotgan ayol hech kim bilan ishi yo‘q, parvoyi falak, ko‘zlarini yarim yumgancha sigara tortib o‘tirardi. Alisa undan ko‘zlarini oldi-da, eri tarafga o‘girildi.
Dasturxondagi qovurilgan qisqichbaqaga titroq qo‘llarini uzatdi-da, shoshilmay yeya boshladi. Oraga bir necha soniyalik sukunat cho‘mdi. Oxiri Alisa chidamay so‘radi:
— Nega sen menga uning ko‘zlari ko‘k ekanligini indamaganding?
— Buni aytish hecham kallamga kelmagan ekan!
Mark xotinining nonga uzatgan qo‘llarini olib, ohista o‘pdi, Alisa xotirjam qiyofaga kirdi.
Asta-sekin tamaddixonani oqshom chulg‘ay boshladi, atrof tobora qorong‘ulik bag‘riga singib, devorlarda uzun-qisqa ko‘lankalar soya tashladi. Alisaning ham ko‘nglini qandaydir notinchlik bosib borar, nimadandir tashvishlanar, joyida tinch o‘tirolmasdi. Uning ko‘zlari hadeb odamlar orasidan jigarrang sochli, sigara tutatib o‘tirgan ayolni qidirardi.
Mark turmush qurganlaridan buyon xotiniga qildek ham yomonlik qilmagan, bor-budi bilan Alisani xursand qilishga urinardi.
Ular ancha payt gaplashmasdan ovqat yeyishdi, shampan ichishdi, miriqib o‘tirganday bo‘lishdi, ammo har ikkisining ham xayoli o‘sha «jigarrang soch»li ayolda edi. Ora-orada Alisa qattiq kulib yuborar, Mark bo‘lsa uning har bir xatti-harakatidan hushyor o‘tirar, Alisaning bosh burishlariyu, qayerga ko‘z tashlashlarigacha nazaridan qochirmasdi. Ular buyurtma qilgan qahvalarini uzoq vaqt kutib qolishdi. Ufq shu’lasi ostida yotgan poyonsiz dengiz sathiga uzoq tikilib qolishdi. Chindanam, dengiz ko‘zni qamashtirguday darajada yal-yal tovlanib turardi.
— Mark, — dedi Alisa eriga biroz sarosima aralash. U hali ham shu yerda.
— Bu seni bezovta qilyaptimi? — javob berdi Mark xotinining vahimasiga pisand qilmaslikka urinib. — Qahvamizni boshqa biron xoliroq yerga borib ichaylikmi? Nima deysan?
— Yo‘q, yo‘q! Aslo! U menga nimaga halal bersin? Menimcha, u bu yerda yomon dam olmayotgan ko‘rinadi, raftorini ko‘ryapsan-ku o‘zing! Nima, endi uni deb shunday shirin o‘tirishimizni buzishimiz kerakmi? Hecham-da!
Mark sigarasini olib tutatdi-da, xuddi ayni damda sobiq xotini chekayotgani singari burunidan pag‘a-pag‘a tutun chiqardi.
So‘ng Mark jiddiy qiyofaga kirdi. U endi hech narsani yashirmay, bor jinoyatini fosh qilish fursati yetganini anglagan aybdor kabi so‘zlay ketdi:
— Yo‘q…Yo‘q, — dedi u o‘ychan bosh chayqab. — To‘g‘risini aytganda, u men bilan sirayam baxtli bo‘lolmadi. Ehtimol, men o‘zim u kutgan baxtini bera olmagandirman? Ehtimol, u men tufayli baxtsizdir…
— O, sen uning yurish-turishiga bir qara. G‘irt takasaltang-ku! Nega sen o‘zingni gunohkor hisoblashing kerak, azizim?
Mark yuzlari kuchli hayajondan qizarib, nozik barmoqlari asabiy titrayotgan xotinining butun vujudiga mehr-muhabbat to‘la ko‘zlarini qadadi.
— Mening butun fikru xayolimni o‘g‘irlagan jinoyatchi bu sensan, jonim… Sen… Sen naq farishtaning o‘zginasisan… Sening sevging… Sening ishq to‘la nigohlaringni har on ko‘rganimda, beixtiyor entikib ketaman. Sening nigohlaring bo‘lakcha, Alisa. Uni men qanday qilib sendek mas’ud qilishni bilolmadim, bor-yo‘g‘i shu, xolos.
— Uning o‘zi shunga munosib ekan!
Alisa yana asabiylashib, yengil qaltiray boshladi, yana o‘sha jigarrang sochli tannoz xonimga tez-tez alamnok qarardi. U ayol bo‘lsa hamon hech kim bilan ishi yo‘q, parvoyi falak, baland kursisi orqasiga boshini tashlagancha, haliyam sigara tortib o‘tirardi. Uning nigohlarida horg‘inlik, loqaydlik va alam aks etardi.
— Sen haqsan, — deb iqror bo‘ldi Mark Alisaga yuzlanib. — Nimayam derdim? Bahtiqaro odamlarga faqat achinish kerak, xolos. Keyin esa o‘zgacha bir g‘urur bilan xotiniga baland ovozda xitob qildi:
— Biz esa bahtiqaro emasmiz! Biz juda-juda baxtlimiz! Shunday emasmi, azizam?
Alisa indamadi. U erining yuziga sinchkov tikilib qolgandi. U Markning chehrasidan o‘zi uchun xufiya bir belgini, nosamimiy biron alomatni qidirar, erining qalin, qora sochlariyu oppoq, uzun-uzun barmoqlariga ziyraklik bilan boqar ekan, ich-ichini ayovsiz qiynoq timdalardi. U ilk marotaba shuncha vaqt ardoqlagan, ishongan eridan shubha qildi. Qandaydir xavf borday, hushyor tortdi. Xayolidan «Ehtimol, birinchi xotini haliyam erining ko‘yida yurgandir?..» degan fikr o‘tdi.
…Nihoyat, ular ko‘ngilsizliklarga makon bo‘lgan tamaddixonani tark etishdi. Mark hisobni to‘lagan zahoti haydovchisini chaqirdi. U go‘yo hech nima yuz bermaganday yo‘l bo‘yi haydovchisi bilan chaqchaqlashib ketdi. Alisaning xayolidan esa o‘sha sigara tortib o‘tirgan Markning shirakayf sobiq xotini ketmas, u har nafas «Balki u erimni qidirib, ortimizdan quvib kelayotgandir» degan vahima bilan ortiga qarar, tashvishdan yuragi taka-puka urardi.
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi