Qayum Tangriquliyev. Yortiquloq (ertak-qissa)

Bor ekan, yo‘q ekan, qarib-qartaygan bir odam dala-dashtda ketib borar edi. Yo‘l uzoq, yurgan sari cholning horg‘inligi ortar, ammo uni, ayniqsa, farzandsizlik haqidagi o‘y-xayollar qiynar, hatto mana shu uzoq yo‘lda ham taqdirga bitilgan bunday kemtik his-tuyg‘ular unga armon bo‘layotgan edi. Chol dilidagi dardini yashira olmay nogahon:
– Eh, qani endi, o‘g‘lim bo‘lsa! – deb yubordi. – Mayli, qanday o‘g‘il bo‘lsa ham… Tugmaday kichik, pakana bo‘lmaydimi?! Baribir, menu kampirimga ovunchoq bo‘lardi…
Qarangki, chol shunday niyatlarni ko‘nglidan kechirib nido qilib turganida, birdan qulog‘iga qo‘ng‘iroq sadosiday ajib tovush eshitildi.
– Mana, men keldim! – dedi kimdir.
Qariyaning taajjubi ortib, atrofiga alanglab qaradi. Ammo yon-verida jon asari yo‘q edi. Faqat yo‘l chetida yantoq chaynab, boshini tovlab, lopillatib kavsh qaytarganicha yolg‘iz tuya turar edi. Lekin tuya… hecham odam tilida gapirmaydi-ku?
Shu payt notanish ovoz yana xitob qilib qoldi:
– Hoy, otaginam, o‘g‘lingiz borligidan xursand emasmisiz?
Chol hayratdan dovdirab tuproq yo‘l o‘rtasida o‘tirib qolibdi:
– Bu kim bo‘ldi?
– Men sizning o‘g‘lingiz, Yortiquloqman.
Qariya tevaragiga yana bir qur zehn bilan ko‘z yugurtirdi. Bunday qarasa, tuyaning shalpang qulog‘ida jimitday bolakay sakrab-o‘ynoqlayapti. U Yortiquloq edi. No‘xatdaygina jussali edi.
Shundan buyon mitti Yortiquloq yorug‘ olamda kezib yuribdi. Birovlar uning borligidan dili xushnud, boshqa birovlarning esa ta’bi xufton. Yaxshi odamlar bu antiqa bolakay to‘g‘risida maqtov so‘zlarni bir-biridan oshirib-toshirib gapirsa, niyati buzuq, yaramas fe’l-atvorli kimsalar uni nuqul yomonotliq qilib yurishadi.
Aytishlaricha, qaysi bir zamonda badavlat, ammo o‘lguday qurumsoq bir kishi yashagan ekan. Dunyoda qurumsoqlikda undan o‘tadigani yo‘q ekan. Bir kuni u qo‘lidagi piyolani chayib-tozalab, ichidagi bir qultum yuvindi suvni chetga sepib yuboribdi. Biroq sepilgan suv yerga emas, balki shu yaqin atrofda mizg‘iyotgan bir bechora odamning og‘ziga borib tushibdi. U esa uyqu aralash suvni yutib yuboribdi. Buni ko‘rib qolgan zodagon qurumsoq haligi qashshoq odamni yelkasidan silkib-turtib turg‘azib, “ichgan suvingning pulini to‘laysan”, deb turib olibdi va yoqasidan g‘ippa bo‘g‘ib qozixonaga sudrabdi. Qozi esa ushbu ishni ko‘raturib, boyga:
– Qonunga ko‘ra, muhtaram boy janoblari, mana bu juldurvoqi sizga taalluqli suvni ichib yuborganini tasdiqlab, xaloyiqning ko‘z o‘ngida qasam ichishingizga to‘g‘ri keladi. Shundagina biz Xudoning bu gunohkor bandasini jazoga mustahiq etib, sizga qul qilib topshirgaymiz. Ammo, bilib qo‘ying, mabodo, ichgan qasamingiz yolg‘ondakam bo‘lsa, yuzingiz el oldida qora bo‘lib qoladi-ya… – debdi.
Xuddi shu damda Yortiquloq yetib kelib ishga aralashmaganida, kambag‘al bechoraning ahvoli voy bo‘lardi. Yortiquloq esa kechikadiganlardan emasdi. U ertalab kulbasidagi dekchani dog‘-dug‘dan artib tozalab, yuvib, kuyundi va yog‘ bosgan qozon lattani qo‘yniga solganicha qozixonaga yetib kelibdi. Axir, Yortiquloqning qadami yetgan joyda adolatsizlik doimo barham topgan-da. Qurumsoq boy xo‘ppa semiz va hamisha gavdasidan ter quyilib yuradigan odam edi. U sud chog‘ida guvohlik minbari yonida turib, kambag‘al kishini o‘g‘irlikda ayblab, gaplarining rostligini tasdiqlash uchun to‘plangan xaloyiqning ko‘zi oldida surbetlarcha qasam ichdi va shu ondayoq terlab ketgan yuzini artish muddaosida dastro‘molini izlab hamyoniga qo‘l yugurtirdi. Yortiquloq esa allaqachon qurumsoq boyning hamyoniga kirib olgan edi. U boyning hamyonga suqilgan qo‘liga dastro‘mol o‘rniga darhol kir-chir qozon lattani tutqazdi. Boy buva shu latta bilan terlagan peshonasini, ikki yuzini, burnining qirrasini, iyaklari va bo‘ynini shoshilib artib-surta boshladi va ko‘pchilikning ko‘zi o‘ngida hammayog‘i qop-qora kuyundi, dog‘-dug‘ga botib, rosa kulgiga qoldi…
Yortiquloq yaxshi odamlarga doimo yaxshilik qilardi. Yomonlik va yomon odamlarni esa ming chaqirimdan bo‘lsa-da, dili-dilidan sezib-payqab turardi.
Xullas, Yortiquloq o‘ziga ota-ona bo‘lib qolgan cholu kampir bilan xayr-xo‘shlashib, kunlardan bir kuni savdo karvonlariga qo‘shilib olibdi-da, olis mamlakatlarga safarga otlanibdi! U haligacha dunyo kezib yurganmish. Bizning elimizda esa Yortiquloqni sirayam mehmon deb bilishmaydi, balki hamyurtlarimiz uni o‘zlariga go‘yoki devor-darmiyon qo‘shniday yaqin ko‘rishadi. Shu boisdan “Bizning ovulga tunov kuni Yortiquloq kelibdi” degan uzun-quloq gaplarni tez-tez eshitib turamiz. Zum o‘tmay bu to‘g‘rida yon-atrofga g‘alati mish-mishlar ham tarqaladi. Shunday gaplardan ba’zilarini eshitib, hatto taajjubdan beixtiyor yoqa ushlaysan kishi…

Suv ostidagi xazina

Qishning sovuq kunlaridan birida ovdan qaytaturib ovuldagi choyxonaga burildim. Bir piyola choy ichdim, so‘ngra choyxonadagi issiqdan ko‘zim ilinibdi. Lekin ko‘tarilgan kulgi va qahqahadan uyg‘onib ketdim. Mudrab yotgan paytimda, qarangki, choyxona odamlarga to‘lib bo‘pti. Mijozlar ko‘k choy ho‘plashib, hangomani avjiga chiqarmoqda edilar.
– Xoh ishoning, xoh ishonmang, – der edi ulardan biri, – men Yortiquloqni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, o‘z quloqlarim bilan uning so‘zlarini eshitdim, agar uni uchratmaganimda, balkim bugun oralaringizda o‘tirmagan ham bo‘lardim…
Yortiquloqning ismini eshitib, sergak tortdim. Bugungi odamlar nimalarni yig‘maydi, deysiz: birov gugurt qutisini to‘plasa, boshqa birov qadimgi tangalarga ishqiboz. Shunday gapni eshitib qoldim: xorijiy bir badavlat odam qancha pul-boylik sarflab, eskirib, puturi ketib qolgan parovozlarni sotib olyapti ekan… Men bo‘lsam, yurgan yo‘limda, mehmon bo‘lganim o‘tovda Yortiquloq to‘g‘risidagi xilma-xil cho‘pchaklarni tinglash va yozib olishni o‘zimga odat qilganman.
Choyxonadagi so‘zamol kishi, chamasi, o‘rta yoshlarda, u rivoyat aytib charchamasdi. Aftidan, o‘qituvchiga o‘xshaydi.
– Urushning og‘ir yillari edi, – hikoya qilardi u, – onamizning qaramog‘ida beshta o‘g‘il-qiz, jo‘jabirday jonmiz. Bolalardan eng kattasi – men. O‘sha kezlarda endi sakkiz yoshga to‘lgan edim. Supradagi un yuqlarini qoqib nonu qotirmoch qilib yeb tugatdik, qoziqqa bog‘langan yolg‘iz qo‘yimizni ham so‘yib yedik. Bisotimizda bitta oriq echki qoldi. Uni ko‘z qorachig‘imizday asrar edik. Onam: “Shu echkini bo‘liqroq, o‘t-o‘lanli joylarda boqqin, ilohim, yeliniga-sut, tanasiga jir bitsin”, deb duolar o‘qib, har kuni echkining orqasidan meni hovlidan chiqarib yuborar edi.
Bir kuni echkimni eski, tashlandiq quduq atrofida o‘tlatib, o‘zim esa tut daraxti tanasiga suyanib, qo‘limdagi tut novdasidan kesib olingan xivichning po‘stlog‘ini chaynab-tamshanib o‘tiribman. Har qalay, yeyimlik emas-u, lekin shimsang, og‘zingga yoqimli ta’m kiradi. Shu ko‘yi, och qornimni aldab-suldab o‘tiruvdim. Bir mahal kimdir qamish naydan chiqqan nozik sadoday, ingichka ovozda menga:
– Nepes, ariq bo‘yida qizil xarsang tosh yotibdi, tagida esa bir necha qop don yashirilgan, – dedi.
Quloqlarimga ishonmay o‘rnimdan irg‘ib turib ketdim, atrofda hech kim yo‘q. Bir o‘yim – uyga qochib qolay, dedim. Haligi ovoz ikkinchi bor eshitildi:
– Nepes, es-hushingni yig‘ib ol! Endi, kelib-kelib, Yortiquloqdan ham qo‘rqadigan bo‘lib qoldingmi?
– Sen o‘zing qayerdasan? – so‘radim hushyor tortib.
– Shundoq qulog‘ingga yaqin joydaman.
Yon atrofimga alang-jalang qaradim. Bunday boqsam, tut shoxida jimitday bolakay oyoqlarini likillatib o‘tiribdi. Boshida bahaybat kuloh, ipakli to‘n kiygan, oyog‘ida chiroyli, timqora mahsicha.
Otam urushga ketmasidan oldin uyimizda, biz bolakaylarga Yortiquloq haqida qanchadan-qancha quvnoq-qitmir ertaklarni aytib bergan edi. Yortiquloq esa, ayon bo‘lyaptiki, faqat ertaklarda va tushlarda yashamas ekan. U hayotda bor ekan.
Men ariq bo‘yidagi yalpoq qizil tosh yoniga keldim va kuzatdim: yumronqoziq inidan tashqariga povillab don sachrab otilib chiqyapti, go‘yoki kimdir in ichida mitti belkurakda ishlayotganday… Men bu donlarni yig‘ib, qoplay boshladim.
Kuch-madorim yetganicha don yig‘dim va uyga tashmaladim. Uchta kichik qopim donga to‘ldi. To‘rtinchisini to‘ldirishim uchun bir necha kurak don yetishmadi.
Nihoyat, Yortiquloq tut shoxidan yerga tushdi, boshidan telpagini oldi, sochsiz, yaltirab turgan boshidan quyilayotgan terlarini artdi.
– Bas, shu yog‘i yetadi senga, Nepes. Uyada bir necha hovuch don qoldi, ular yumronqoziqning qishligi.
Yortiquloqning munchoqday ko‘zlari yashnab turgan cho‘g‘day porlar edi.
– Minnatdorman, Yortiquloqjon, – dedim unga mehrim tovlanib. –Biznikida mehmon bo‘lgin. Onam va ukalarim judayam xursand bo‘lishadi.
– Eh, Nepesvoy, mehmondorchilikda o‘tirish qanday yaxshi! Ammo yo‘limga ko‘z tikib, qadamimga mahtal bo‘lib turgan senday bolakaylar dunyoda hisobsiz. Boshqa bir kuni kirib o‘tarman, – dedi Yortiquloq.
Va shu zumdayoq ko‘z oldimdan g‘oyib bo‘ldi. Faqat, qarshimda chang girdobi osmonga ko‘tarildi.
Tinglovchilardan kimdir undan so‘radi:
– Keyin Yortiquloq bilan hech ko‘rishmadingmi?
– Yo‘q, – xo‘rsinib tin oldi hangomachi. –Ammo ro‘zg‘orimizga shundan keyin baraka kirdi. Oradan ko‘p o‘tmay otam urushdan qaytdi. Sezishimcha, Yortiquloqning ham tashvishlari boshidan oshib yotgan bo‘lsa kerak. Axir, har bir oilada otalar urushdan eson-omon qaytgani yo‘q-da…
– Yortiquloq odamlarga faqat yaxshilikni sog‘inadi. Odamlar esa uning yelkasiga hatto bitta to‘n yopishni ham xayollariga keltirmaydilar, – dedi choyxonadagilardan biri.
– Nega xayollariga keltirmas ekan? – unga e’tiroz bildirdi yelkador, qora mag‘izli g‘o‘labir yigit. – Mana, mening jo‘ram, Mahmud! Unga boshdan-oyoq sarpo sovg‘a qildi – telpak, to‘n, oyog‘iga etikcha, deganday…
–Sen, mabodo, anavi Qiyshiq tarozichini aytmayapsanmi? Yopiray, qanday qilib birdan himmatli bo‘lib qoldi u?
– Xo‘sh, Mahmudning nimasi yoqmaydi senga?
– Nimasi bo‘lardi? Uning laqabining o‘ziyoq kimligini “manaman” deb aytib turibdi-ku?!
– Kimki allaqachon bo‘lib o‘tgan huda-behuda voqealarni kovlaydigan bo‘lsa, uni ezma-churuk deyishadi, – qovog‘ini soldi g‘o‘labir yigit. – Mahmud bugun tamomila boshqa odam, traktorchi. Halol mehnati bilan ro‘zg‘orini tebratyapti.
– Bu Mahmud deganlaring yaqin o‘tmishda biron nojo‘ya ish qilib qo‘yganmidi?
– Mana, nimalar bo‘lgan edi?…
Bu sarguzasht alohida bir hikoya.

Mahmud-Qiyshiq tarozichi

– Mana, nima bo‘lgan edi, – dedi g‘o‘la bir traktorchi va tomog‘ini ho‘llab olish uchun piyoladagi choyni oxirigacha sipqordi, – Mahmud-Qiyshiq tarozichi, aslida, qachonlardir serg‘ayrat traktorchi edi. Armiya­dan qaytib, u yerda qanday sidqidildan xizmat qilgan bo‘lsa, o‘z ovulida ham shunday shasht bilan mehnat qildi. Armiyada askarlarga nimaiki nishon beriladigan bo‘lsa shularning hammasini Mahmud ko‘kragiga taqdi, kolxozda ham goh faxriy yorliq oldi, gohida pul mukofoti, qator medallarga loyiq topildi. Shu yo‘sinda, omadi yurishaversa, u mehnat qahramoni ham bo‘larmidi? Lekin… o‘rtada ishq savdosi chiqib qoldi. Qizning otasi, beli yo‘g‘on kishi, kimsan, do‘kon mudiri! Qiziga oshiq traktorchi yigitdan shunday katta qalin so‘radiki, eshitsang, esing og‘ib qoladi. Mahmud uning gaplarini eshitib, qorayib ketdi, do‘kon mudiri esa iljayib turaverdi. “Istasang, – dedi u, – senga xazina bulog‘ini ko‘rsataman”. Mahmudning qoni qaynadi, do‘kon mudiri uning avzoyini ko‘rib, tag‘in tirjaydi. “Xohishing! Senga maslahatim shu – o‘ylab ko‘r! Ortiqcha kutib o‘tirmayman, qizimni boshqa kuyovga uzatib yuboraveraman”, dedi u. Oshiq yigit orosatda qoldi. “Qayerda o‘sha siz aytgan xazina”, – dedi nihoyat Mahmud. “Shundoq burning tagida, markaziy qo‘rg‘onda”, – dedi do‘konchi.
Gapning qisqasi, Mahmud traktorni tashlab, do‘konchi bo‘ldi. Uylandi, orttirgan puliga uy qurdi, mashina sotib oldi, o‘rtancha ukasiga aravasi mototsikl, kenja ukasiga – moped sovg‘a qildi. Hammasi ko‘ngildagiday borayotgan edi, faqat unda tarozidan urib qolish odati paydo bo‘lib, g‘alati laqab orttirdi. Mahmud el orasida “Qiyshiq tarozichi”ga aylandi.
Mahmud bunga ham ko‘nikdi: to‘g‘ri, haligi laqabdan keyin bir muddat odamlarga tik boqa olmay yurdi, keyin kiprik ham qoqmaydigan bo‘lib ketdi. Boshqa hunarlar ham chiqardi. Biroq arqon qancha eshilmasin, baribir, uning oxiri ko‘rinadi. Mahmud o‘zini qamoqxonaga chog‘lab turganida birdan, Xudo yorlaqab, Yortiquloqqa yo‘liqdi-yu, shovvoz Qiyshiq tarozichi insof yo‘liga qaytdi.
Mahmud do‘konda qadalib o‘tirardi, beixtiyor qorin qo‘ydi, harsillab, gavdasini zo‘rg‘a ko‘tarib yuradigan bo‘lib qoldi. Kunlardan bir kuni gazeta bilan yelpinib, o‘tirgan edi. Keksa bir xaridor peshtaxtaga yaqinlashdi.
– Kelinimga ko‘ylaklik uchun bir kiyimlik qizil baxmalingdan o‘ra, – dedi qariya.
Mahmud-Qiyshiq tarozichi cholni og‘rinibgina eshitdi.
– Otaxon, yo‘q baxmalni sizga qayerdan topaman? – dedi u hushlamay.
Shu topda qo‘ng‘iroqday tiniq ovoz do‘kon bo‘ylab yangradi:
– Mahmud, qizil rangdagi baxmal peshtaxta tagida turibdi. Sen uni shakar qoplari tagiga berkitsan.
Mahmud-Qiyshiq tarozichining ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi, xijolatdan lavlagiday qizardi. Ha, do‘konda baxmal to‘plami bor edi, ammo ularni Mahmud hamyoni baquvvat ikki barobar yuqori narxda pul to‘laydiganlarga sotishni rejalashtirgan edi. Chayqov bozorda esa uch hissa baland qilib aytsang ham yo‘q deyishmaydi. Haligi qo‘ng‘iroqday ovozdan keyin Mahmud-Qiyshiq tarozichi cholga, chol esa unga baqrayib tikilib qolishdi. Ikkalovi ham bu g‘alati ovozni eshitdilar. Mahmud darhol o‘ziga keldi.
– E-e, tavba, – dedi u, – hazilkashlik ham evi bilan-da. Bu oyoq tagida ivirsigan mishiqi fitnachini… tutib olsam, qulog‘ini yaxshilab cho‘zib qo‘yardim. Shunday deb, Mahmud radioning qulog‘ini buradi. Zora, uning sadosi Yortiquloqning sasini o‘chirsa! Ammo tiqir-tiqir qilayotgan radio ovozi eshitilmay yana o‘sha ovoz yangradi:
– Mahmud, bu nima qilganing? Qarshingda yoshi ulug‘ odam turibdi, uning hurmatini joyiga qo‘yish kerak.
– “Eh, senimi, shoshmay tur, hali!” – ijirg‘anib qo‘ydi Mahmud. – O‘zi esa, noiloj, peshtaxta tagiga egildi va chol so‘raganday qilib, bir kishilik qip-kiyimlik baxmal yirtdi. Matoni epchillik bilan gazetaga o‘radi-da, cholga tutdi. Tezlashtirmasa bo‘lmasdi. Axir, do‘konga boshqa xaridor kirmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Lekin Mahmud-Qiyshiq tarozichi nechog‘lik abjirlik ko‘rsatmasin, baxmal to‘pini yashirishga ulgurmadi. Do‘konga, chindan ham, birin-ketin yana bir talay erkak-ayollar kirib kelishdi. Bunday qarashsa, cholning qo‘lida kamyob mato! Birpasda baxmal uchun turnaqator bo‘lib safga tizilishdi. Hash-pash deguncha cho‘g‘day qip-qizil baxmaldan bir qarichi ham qolmadi.
Mahmud-Qiyshiq tarozichi bosh og‘rig‘i savdosidan qutulib, dovdiraganicha do‘konni bekitdi, unga otning kallasiday qulfni osdi va: “Bazaga ketdim!” degan e’lonni do‘kon eshigiga yopishtirdi. Ammo… hech qayoqqa ketmadi. Do‘konni ichidan yopib, uni ag‘dar-to‘ntar qilib qo‘ng‘iroqday tiniq ovoz sohibini xo‘p izladi, ko‘ziga shubhali tuyulgan barcha chiyratma ip va simlarni uzib tashladi. So‘ng andak xotirjam tortdi. Keyin yana do‘konni ochgan edi hamki, bir to‘da qizlar kelib qolishdi.
– Mahmud og‘a, bugun qizil baxmal sotibsiz, deb eshitdik. Balki taftangiz ham bordir? – so‘rashdi ular.
– Baxmal bor edi, – xo‘rsinib dedi Mahmud. – Lekin bizning olis ovulimizda tafta ne qilsin? Sizlar, yaxshisi, qand-qurslardan xarid qilinglar. Kuni kecha keltirganman. Biram shirin! Og‘zingizda eriydi, go‘zal qizlar.
Shu lahzada yana o‘sha qo‘ng‘iroqday ovoz yo‘q yerdan sado berib qolsa bo‘ladimi!
– Mahmudjon, sen qizlarga kecha “Raybaza”dan olib kelganing ellik metrlik yashil taftani ko‘rsatsang bo‘lardi. Balkim, ularga yoqib qolar?
– Hazil qilishgani qilishgan! – dedi Mahmud qizishib. – Axir, men kelib-kelib o‘z ovuldoshlarimni aldarmidim?!
– Mahmudjon, – dedi yana o‘sha ingichka ovoz. – Aldayapsan. Sen shirinliklardan bo‘shagan qutini och. U, axir, shunday qo‘l ostingda turibdi-ku!
Qizlar bu g‘alati sehrli ovozni hangu mang bo‘lib eshitib turishardi.
– Och, deyapman senga, Mahmud og‘a, o‘sha qutini! Ana, naq qo‘ling ostida turibdi! – dedi yana o‘sha ko‘rinmas bolakay tahdid bilan.
Xullas… savdo yana qizigandan qizidi! Do‘konda ayollar, yoshlar, qariyalar tirband bo‘lib ketishdi. Har kim har xil savollar berishardi.
Mahmud-Qiyshiq tarozchi tepada hammayoqni tandirday qizitib turgan oftobga qaradi. Xayolida bitta o‘y: qachon kech bo‘ladi? Qachon oqshom tushadi?
Oftob esa borgan sari tevarakni qizitar, soat imillab vaqtni sanardi.
Shu topda bir kampir so‘rab qoldi:
– Mahmudjon, balkim do‘koningda qizil yoki yashil tusdagi, popukli shol ro‘mollar ham bordir?
Mahmud “Yo‘q!” deyishga botinolmadi. Tag‘in o‘sha, la’nati qo‘ng‘iroq sadoli ovoz qayerdandir eshitilib uni odamlar ko‘z o‘ngida sazoyi qilishi hech gapmas. Yaxshisi, o‘zini kampirlarning savolini eshitmaganga solib, ovsar bo‘lib turaveradi. Shundan ma’qul yo‘l yo‘q.
Ular esa so‘rovlariga tayinli javobni poylab, quloqlari “ding” bo‘lib turibdi. Mahmud-Qiyshiq tarozichi supurgini qo‘liga olib, tajang bo‘lib do‘kon ichini supura boshladi. Kampirlar qaysarlik qilib:
– Shol ro‘mol bormi, deb so‘rayapmiz. Nima, qulog‘ing tom bitganmi?
“Bor, ammo narxi bozorda o‘n barobar qimmat”, deb ularga qanday aytadi? Axir, shu yo‘sindagi tijorat joniga oro kirib u uy qurdi, moshinalik bo‘ldi, ukalariga mototsikl, moped…
Mahmud-Qiyshiq tarozichi arosatda qoldi. Keyin zarda bilan peshtaxtaga har xil sidirg‘a matolaru ro‘mollarni yoyib tashladi. Biroq, yo tavba, shu topda do‘konning baland taxta bo‘lmalaridan peshtaxtaga “lop” etib yashil, “lop” etib qirmizi rangdagi, yana “lop” etib nisholdasimon tusli shol ro‘mol taxlamlari birin-ketin yog‘ilib tusha boshladi. Peshtaxta bahordagi dashtday rang-barang gullar va jilolar bilan yashnab ketdi. Mahmudning esa esi og‘ib qolay dedi.
– Kim bor? Meni talashyapti! – birdan dod-voy ko‘tardi u. Xaridorlar, qani endi, Mahmudga quloq tutishsa?…
Mahmud ro‘mollarni sotib bo‘ldi, do‘konni yopib uyiga yo‘l oldi.
Uch kun betob bo‘lib, to‘shakdan turmadi. Do‘kondagi voqealar yodiga tushgan zahoti uning tana harorati goh birdan ko‘tarilib ketar, gohida muzday terga botib alahsirar, tutqanoq tutib qolardi. Bu orada bazadan yangi mollarni keltirishdi, u bir ahvolda o‘rnidan turib do‘konga borib ularni qabul qilib oldi. Antiqa, nafis gazlama! Mahmud ularni hatto tekshiruvchilar ham hidini ololmaydigan qilib, o‘rab-chirmab bekitib tashladi. Ammo ertasiga bosh og‘rig‘i g‘oyibona ovoz yana ishga tushdi: Mahmud bor yashirganini peshtaxtaga chiqarib, oxirgi metrigacha o‘z qo‘llari bilan ovuldoshlariga sotdi, sotganda ham yorliq qog‘ozlarda ko‘rga hassaday qilib bitib qo‘ygan o‘z narxida sotdi. Bu savdo emas, baxtsizlik, azob-uqubat edi!…
Mahmud-Qiyshiq tarozichi tabib huzuriga bordi. Singan-chiqqan suyak­larni davolaydigan tabibga! Tabib o‘ylanib turib-turib unga dedi:
– Omad sendan yuz o‘giribdi. Har taraflama ayon bo‘lib turibdiki, Yortiquloq do‘koningda o‘zini xo‘jayinday his etmoqda.
Lekin Mahmud-Qiyshiq tarozichi taqdirga tan berishni istamadi. Xotini va barcha qarindosh-urug‘larini ishga soldi. Ular bir kecha-kunduzda ikkita ipakli yaxtak, o‘n ikki dona qorako‘l cho‘girma va o‘n ikki juft etikcha tikishdi. Mahmud bularning barchasini do‘konga keltirdi, ammo do‘kon eshigini boshqa hech kimga ochmadi. Xullas, tayyorlagan bisotini olib kelib peshtaxtaga yoydi va osmonga qarab so‘zlandi:
– Do‘stim Yortiquloq, ushbu sovg‘alarni chin ko‘ngildan senga taqdim etaman! Ishon, sidqidildan!
Yortiquloqdan hech bir sado bo‘lmadi.
– Jon og‘ayni, – dedi Mahmud-Qiyshiq tarozichi, – bir marta bo‘lsa-da, aft-basharangni ko‘rsam, devdim. Kel, bir choy ichaylik.
Yortiquloqdan sado chiqmadi.
– Meni bekorga ranjityapsan, – dedi Mahmud, – tanqidingni qabul qildim, o‘zimni tuzatmoqchiman… Faqat meni tushunishga harakat qilgin. Katta bir oilaning boshlig‘iman, yeyman-ichaman, degan zuryodlarim ko‘p, bitta moyanam urvoq ham bo‘lmayapti.
Yortiquloq sukutda edi.
“Nahotki do‘konimdan jo‘nab ketib qolgan bo‘lsa! – o‘yladi Mahmud-Qiyshiq tarozichi, xursand bo‘lib. – Unday bo‘lsa, shoshmay tur, yaramas bolakay, uchrashib qolarmiz”.
Mahmud kamyob mollarni tag‘in bekitib, uning har bir bog‘lami yoniga bittadan qopqon qo‘ydi. Hamma o‘ylagan ayyorliklarini bajarib bo‘lgach, do‘konni ochdi.
Xaridorlar do‘konga kelishib, o‘z ehtiyojlariga zarur narsalarni Mahmuddan so‘ray boshlashdi.
Mahmud tag‘in eski odatini qilib, ularga nuqul:
– Yo‘q! – deb javob beraverdi.
Qo‘ng‘iroq-ovoz yana ishga tushdi.
– Nega yo‘q, deysan? Bor-ku!
– Bor bo‘lsa, qayerda? – deydi Mahmud-Qiyshiq tarozichi. – Topib ko‘rsat!
O‘zi esa ayyorona o‘ylardi: bolakay hozir peshtaxta tagiga qo‘l uzatadi, men uni shartta bilagidan tutaman! Kuning bitdi, bolakay!
Xaridorlarga esa:
– Ko‘rib turibsizlarki, do‘konda hech bir tuzuk-quruq molim yo‘q, –deyishdan charchamasdi. Shunday gaplarni ayta turib, o‘zi ayni paytda oyoq va qo‘lini peshtaxta tagida ishga solib, qitmir Yortiquloqni tutib olish ilinjida paypaslanardi. Birdan qopqon taraqlab ketib, uning oyog‘ini iskanjaga oldi.”Oh, oyoqqinam tamom bo‘ldi!” deb jon achchig‘ida baqirib yubordi Mahmud-Qiyshiq tarozichi.
…O‘shandan keyin Mahmud-Qiyshiq tarozichi do‘konni tark etibdi, traktorchiligiga qaytibdi.
Traktorchilar esa yerga, elga zarur. Mehnatidan esa baravariga baraka topishadi. Chunonchi, Mahmud ham xohlasa mashina oladi, xohlasa aravachasi bor mototsikl…
– Nega yo‘limdan yanglishib do‘konga o‘ralashib qoldim o‘zi? – deydi Mahmud. – Topganim ta’nayu malomat, isnod, sharmandagarchilik bo‘ldi, xolos. Ularning dog‘ini esa ming urinib ham ketkazolmaysan…
Haytovur, bizning hamyurtlarimiz yomon voqealarni xotiralarida ortmoqlab yurishni xush ko‘rishmaydi, ular Qiyshiq tarozichining qilmishlarini ham deyarli unutishgan. Qiyshiq-tarozichini bugun Mahmud-traktorchi, deb atashadi, va e’zozlashadi!

Yortiquloq – maktabda

El orasidagi uzunquloq gaplarga qaraganda, shunday bir voqea bo‘lib o‘tgan ekan. Yortiquloq kim ko‘ringanga o‘zini “Afsungarman”, deb tanishtirib yurgan bir firibgarning avra-astarini ag‘darib tashlab, rosa sharmandasini chiqaribdi. Bu uchar kimsa ovuldagilarni dev va alvastilar bilan qo‘rqitib yurar ekan. Odamlar esa uning vahima gaplaridan cho‘chishib, g‘ayritabiiy ko‘ngilsizliklardan o‘zlarini asrab qolish ilinjida, hamyonlarida borini firibgarga qo‘shqo‘llab topshirar ekanlar.
Bir kuni tovlamachi-afsungar bir to‘da odamlarni qo‘rqinchli gaplar bilan talvasaga tushirib: “Qani, yuztuban tushib yerga yotinglar, boshlaringizdan insu jinsni haydayman”, debdi. Ular uzala tushib yotib olishibdi, afsungarning o‘zi bo‘lsa, yerda bosh ko‘tarmay yotgan odamlar orasida hay-haylab, jazavaga tushib aylanib yurib, yaxshi devlarni yordamga chorlab, yomonlarini esa joduli so‘zlar bilan go‘yo odamlardan nariga haydab xo‘p tomosha ko‘rsatibdi. Niyati, devlardan qo‘rqib, yerga qapishib yotib olgan odamlarning bittama-bitta cho‘ntaklarini shilish ekan. Biroq bundan xabar topgan Yortiquloq afsun qizigan joyga yetib kelib, firibgarning sallasi qatiga o‘rnashib olibdi. “Voy, tovlamachi-ey, yana fitnalaringni boshlayapsanmi,” deb qiqirlab kula boshlabdi. Firibgar bir gapni aytsa, Yortiquloq uning naq teskarisini aytaveribdi. Yotgan odamlar bu gaplarning qaysi biriga ishonishni bilmay, rosa boshlari qotibdi. Burdi ketayotgan soxta afsungarning borgan sari tajangligi ortibdi. U yerda yuztuban yotgan odamlarga: “Qani, ko‘zlaringni yuminglar. Uxlab qolsalaring, yanayam yaxshi”, desa, Yortiquloq: “Qani, ko‘zlaringni ochinglar, nodonlar! Bu ustamon hozir hamyonlaringni qoqlay boshlaydi” deb, qo‘ng‘iroqday ovozda ularni ogohlantirar ekan. Afsungar yig‘lamsirab: “Ey-y, yo‘qol, Yortiquloq, qayoqdan ham daydib kelib qolding, boshimga balo bo‘lib” desa, Yortiquloq: “Sen o‘zing nima qilib yuribsan bu yerda, maynavozchi. Bo‘lmagan dev va alvastilarni to‘qib chiqarib, shu bechora soddadil odamlarni tovlamoqchimisan?” deb uning po‘stagini qoqa boshlabdi.
Erga bag‘rini berib yotgan odamlar bu gaplarni eshitib, birin-ketin hushyor tortib o‘rinlaridan tura boshlashibdi, qarashsa atrofda dev-pev degan narsaning sharpasi ham yo‘q, hammayoqda olam ming rangda tovlanib yal-yal yashnamoqda. Afsungar ham fursatni boy bermay quyonni uribdi…
Bu voqeani qaysi bir zamonlarda bo‘lgan, deyishadi. Yaqinda esa mana bunday sarguzasht yuz beribdi.

* * *

Men kichik o‘g‘lim o‘qiyotgan maktabga bordim. Maqsadim, o‘g‘ilcham ta’lim olayotgan sinfda loaqal bir soat ularning qatorida o‘tirib, muallimning darsini ko‘rish va kuzatish edi. Muallim Boyli o‘tgan darsda berilgan uy vazifasi bo‘yicha bolalarga birin-ketin savollar berdi. Bolakaylar ham binoyiday javob qila boshlashdi. Dars tugagach, atrofimda yig‘ilib qolishgan o‘g‘ilchamning sinfdoshlariga ko‘nglimda borini aytdim: “Omadli, baxtli bolalar ekansizlar. Tabriklayman. Sizni ajoyib, zo‘r muallim o‘qitayotganligini men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim”, dedim ularga.
Boyli maqtovlarimdan lavlagiday qizardi. U hali juda yosh edi. Xayrlashayotganimizda menga shunday dedi:
– Agar Yortiquloqqa to‘qnash kelmaganimda, siz bugun qarshingizda tamoman boshqa o‘qituvchi turganligini ko‘rgan bo‘lar edingiz.
– Hali Yortiquloq bilan ko‘rishganmisiz? – qiziqsinab so‘radim undan.
– Yuzma-yuz duch kelmadik. Biroq o‘tgan yilning o‘rtalarida mening o‘qituvchilik ishlarimda ajabtovur voqealar sodir bo‘la boshladi. Men o‘sha, antiqa hodisalarni hamon unuta olmayman. Sezishimcha, bunday hodisalar faqat Yortiquloqning qo‘lidan kelardi. Bunga ishonchim komil.
Va Boyli-muallim mening xotiramda Yortiquloq bilan bog‘liq ravishda yashab kelayotgan rivoyatlar qatoriga yana bitta yangisini qo‘shdi.
O‘shanda bunday bo‘lgan ekan. Maktabda yuqori davomat uchun kurash boshlanibdi. Boyli esa institutni endigina tugallab shu maktabga ishga kelgan ekan. Unga ikkinchi sinfni topshirishibdi. Boyli birinchi kundayoq taajjubli holatga duch kelibdi: ikkinchi sinfdagi qirq nafar o‘quvchi bolakaylardan o‘ntasi hamon o‘qishni zo‘rg‘a eplab o‘qishar ekan.
Boylini vahima bosibdi. U chorak yakunida, kamida o‘nta o‘quvchining o‘zlashtirishini “qoniqarsiz” deb topib, ularga “ikki” baho qo‘yishga majbur edi-da.
Bu esa maktabdagi umumiy o‘zlashtirish darajasiga shu qadar og‘ir zarba bo‘lib tushar ediki, oxir-oqibatda, direktor pedagoglar yig‘ilishida bunday o‘qituvchining ushbu ta’lim dargohida ishlashi kerakmi-yo‘qmi, degan masalani o‘rtaga qo‘yishdan boshqa iloji qolmas edi.
Boylining bundan boshi qotib, qo‘shni ovuldagi maktabda ishlayotgan tengqur muallim jo‘rasining oldiga maslahatga boribdi.
Jo‘rasi uning so‘zlarini eshitib xo-xolab kulibdi.
– Hali shuni o‘ylab, boshingni qotirib yuribsanmi? – depti u. Yo‘li oson-ku?! O‘sha bolalarning yoppa hammasiga qatorasiga “yaxshi”, “a’lo” degan baholarni qo‘yib tashlamaysanmi, nodon!
Boyli o‘ylab qarasa, taklif yomon emas. U shunday qilibdi. Sinf jurnali biridan-biri yuqori baholar bilan obod bo‘lib, ko‘rgan ko‘zni yayratadigan bo‘libdi. Direktor pedagoglar yig‘ilishida Boylini rosa maqtabdi va uni boshqalarga ibrat qilib ham ko‘rsatibdi.
Hayot izga tushibdi, Boyli esa, pinagini buzmasdan navbatdagi chorakda, jurnaldagi “yaxshi” baholarning yarmidan ko‘prog‘ini “a’lochi”lar darajasiga ko‘tarib tuzatibdi. O‘zlashtirish foizi o‘sgandan-o‘sib boribdi. Boyli “Faxriy yorliq” bilan mukofotlanibdi.
Shu yo‘sinda, uchinchi chorakni yakunlashga ham yetib kelishibdi. Boyli darsdan keyin stolda qadalib o‘tirib, sinf jurnalini ochibdi va unga ko‘ngli tusagan eng zo‘r baholarni qatorlashtirib bitib, hafsala bilan to‘ldirib chiqibdi.
Qilgan ishidan ko‘ngli tamomila mamnun va behad xotirjam bo‘lib, bir piyola choy ichish maqsadida maktab bufetiga yo‘l olibdi. Tez orada bufetdan qaytib, sinfida a’lochi o‘quvchilar soni o‘sayotganligini tasdiqlovchi baholarni qaytadan ko‘zdan kechirib ko‘nglini rohatlantirish ilinjida sinf jurnalini qaytadan varaqlabdi va … ko‘zlariga ishonmabdi. “Besh” baholarning birontasi ham jurnalda yo‘q edi. Ularning o‘rnida uch, ikki va hatto bir raqamli baholar…
– Qaysi o‘zboshimcha bu ishni qildi? – deb g‘azablanibdi Boyli beixtiyor. Va darhol og‘zini kafti bilan to‘sib bekitibdi: “Xayriyat, o‘qituvchilar xonasida hech kim yo‘q edi. Uning nadomatli hayqirig‘ini bironta tirik jon eshitib qolmaganidan ichida xursand bo‘libdi. Jurnaldagi baholar tuzatilmagan, balki avval zo‘r baholar tagi-tugi bilan o‘chirib-yo‘qotilib, ularning o‘rnida Boylining aynan o‘z qo‘li va dastxati bilan “past” baholar qo‘yib chiqilgan edi. Boyli angrayib qoldi.
Keyin u ko‘ngilsiz “past” baholarni bittalab tuzata boshladi. Ularni “to‘rt” bahoga aylantirish aytarli mushkul bo‘lmadi-yu, lekin “ikki”larni tuzatish borib turgan bosh og‘rig‘iga aylandi. Jurnal bo‘yala boshladi.
Boyli ishni tamomlab bir muddat: “Bu xunuk baholar jurnalda qanday paydo bo‘ldi?” deb mulohaza qila boshladi. Hatto boshini changallab, esim aynib qolmadimikin, deb chakkalarini silab-siypab ko‘rdi.
Nihoyat, u jurnalni yopdi va shkafdagi o‘z o‘rniga olib borib qo‘ydi. Kostyumini kiydi va o‘zidan-o‘zi hadiksirab, yana jurnalni qo‘liga oldi hamda shoshilib uning kerakli sahifalarini varaqlab ochdi. Hadiksiraganicha bor ekan. Jurnalni ochdi-yu, qizib turgan qozonga qo‘lini bosib olganday, uni tashlab yubordi. Past baholar – nayzabardor jangchilarga o‘xshash “ikki”lar, cho‘chqaday semirgan “uch”lar jurnalni mahv etgan edi.
Boyli o‘chirg‘ich rezinkaga yopishdi va sinf jurnali sahifalarini ilma-teshik holatiga keltirguncha o‘chirg‘ichni bosib ishqalab, past baholarni o‘chirib chiqdi.
Uning hayotida diqqanafas kunlar boshlandi.
Boyli o‘quvchilarni doskaga chaqirar, savollar berar, har doimgiday ularni maqtar, mabodo, o‘quvchi savollariga javob bera olmasa, uning uchun o‘zi javob qilar va jurnalga yaxshi baholardan birontasini qo‘yib qo‘yar edi. Biroq… taajjubki, qo‘yilgan “besh”lari zum o‘tmasdan “ikki”iga aylanib qolaverdi.
– Shunday qilib, ishim yana chappasiga ketdi, – dedi Boyli menga, g‘amgin kulgu aralash. – Tanbeh, malomatlar boshimni chulg‘ab oldi. Hayfsanlar ko‘paydi, hatto ikki marta jiddiy hayfsan e’lon qilishdi. Biroq, muallimlikning to‘g‘ri yo‘liga tushib olganimdan keyin, sinfdagi o‘zlashtirish o‘z-o‘zidan o‘nglana boshladi.
– Harqalay, kim jurnalingizga o‘zboshimchalik bilan aralashdi ekan, bilmadingizmi? – so‘radim undan.
Boyli yelka qisdi:
– Yortiquloq bo‘lsa kerak! – dedi nihoyat.

Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi