Parvin Nuraliyeva. Balet raqqosasi (kinoqissa)

Royaldan taralayotgan “Moviy Elegiya”ning mahzun sadosi quloqqa chalinmoqda. Ekran tobora oqarib borardi. Yotoq. Ikki kishilik keng karavotda bir ayol uyqu og‘ushida. Yonginasida besh-olti yoshlar chamasi qizaloq yotibdi. Ko‘zlarini katta-katta ochgancha karavot ustidagi ertaknamo manzarani tomosha qilmoqda. Rang-barang soyalar oppoq choyshabu go‘dakning jajji yuzida lip-lip o‘ynab turibdi. Qizaloq qiqirlab kuladi, ertaknamo manzarani tutib olishga intiladi, ammo tutib ololmaydi.
Qizaloqning yoqimli tabassumi tasvirlarga qo‘shilib, choyshab ustida jimir-jimir aylanmoqda.
Devordagi gulqog‘ozlar qop-qora tusda – yurakni tilka-pora qiluvchi tusda. Ochiq derazadan kirayotgan shabada darpardalarni hilpiratadi. Deraza yonida osig‘liq katta suvratda rango-rang orzu shakllari bo‘rtib turibdi.
Karavotdan nariroqda javoncha va katta toshoyna ko‘rinadi. Xonaga kirib kelayotgan yengil shabadadan noksimon sopol guldondagi ro‘yobga chiqmagan umid g‘unchalari sekin-sekin chayqaladi. Guldon yonida mevali likopcha va pichoq. Ho‘l mevalardan biri tishlangan (tish izlaridan go‘daknikiligi ayon), yana biri archib-tozalangan, did bilan kesib, bo‘laklangan. Po‘choqlar atrofida mayda chumolilar g‘imirlab yuribdi.
Dumaloq likopcha javonga juda xil tushgan. G‘ijim yopinchiq uning chiroyi oldida ko‘zga unchalik ham tashlanmayapti. Likopchadagi bo‘rtma naqshlar yurak tubidagi yashirin istaklar bilan uyg‘unlashib ketgandek.
Yangrayotgan “Moviy Elegiya” kuyi endi tamom boshqa ma’no anglatar, moviy dengiz girdobini eslatardi.
Karavot ustida yana ertaknamo manzara namoyon bo‘ldi. Derazadan kirayotgan ko‘chaning yoqimsiz shovqini xonadagi xayoliy manzarani tobora yutib yubormoqda.
Yo‘g‘on, uzluksiz taralayotgan kuy butun manzarani yo‘qqa chiqardi-qo‘ydi, xayoliy taassurot qizning tasavvuridagina qoldi, xolos. Ayol uyqudan uyg‘ondi. Lekin ko‘zlari g‘am uchqunlaridan hali butkul forig‘ bo‘lmagan, balki hech uyqudan uyg‘onishni istamayotgandi.
Bu daf’a ayolning ko‘zlari kattalashib, ularda ikki tabaqali, baland, hashamdor eshik aksi ko‘rinadi. Kamera sezdirmaygina ohista ochilgan eshikka yaqinlashib, ayolning o‘chib borayotgan uyqusiga daxl qiladi… Ana, oldimizda oqishtob uzun, keng xona paydo bo‘ladi. Xona o‘rtasida tim qora royaldan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Faqat oppoq xona, qop-qora royal va nimpushti bejirim ko‘ylakdagi notanish ayol. Jo‘shqin sado ayol va royalni bir butun qilib yuborgan, ikkisi bir-birining parchasi, bir-birining davomidek edi, go‘yo. Hazin musiqa royalning old tomoniga engashib olgan, qo‘llari klavishlar ustida yengil yugurayotgan ayolda mujassam edi. Boyadan beri yangrayotgan kuy dengiz rangli musiqa ekanligi endi baralla namoyon bo‘ldi.
Royal ayol bilan baravar aylanadi. Teran, ma’nodor ko‘zlariga qarab sozandaning bir oz avval yotoqda yotgan ayol ekanligini anglash qiyin emas. Oh, u royal orqasida yanayam jozibali! Yelkalariga tushib turgan qo‘ng‘ir jingalak sochlari ayolni biroz ma’yus ko‘rsatsa-da, go‘zalligiga xalal bermasdi. Ma’yus qiyofa musiqa bilan birgalikda horg‘in, latif tuyg‘ularni esga solardi. Oq, qora va qirmizi ranglar ohangi zavq ulashar, ranglar musiqa maromiga uyg‘un o‘laroq goh ma’yuslanar, goh o‘ynoqi tus olardi. Rangin manzaralar goh kattalashib, goh kichrayardi.
Birdan choyshabda uzala yotgan qiz ekranda malak siymosida paydo bo‘ladi. Balki u allaqachon yotoqdan zalga o‘tib olgandir, balki oppoq choyshabli qizni nazardan qochirgandirmiz?
Qizaloq musiqa sadolari ostida raqs tusha boshladi. Uning raqsi oy va yulduzlarni eslatardi. Musiqa qizchaning belidan yuqori ko‘tarib, havolatardi. Ayol ajoyib kuy chalar, qizcha esa mohir balet raqqosasidek yengil raqs tushardi. Ayolning yuzida ko‘zdan qochirib bo‘lmas bir ifoda borki, bu ifoda qizning har bir harakatida, chehrasida, ko‘z qarashlarida aks etardi. Ayol qizni yaxshiroq ko‘rish uchun dam-badam boshini yuqoriga ko‘tarar, barmoqlarini royaldan bir muddat olib qochishga urinar, ammo buning iloji yo‘q, zero qizning raqsi uning barmoqlariga bog‘liq edi. Qizning musiqaga monand raqs tushishi hamda sheriklarining bir-birlarini yaxshi tushunishlari uning urinishlari samarasi ekanligini bilish qiyin emasdi. Raqs royal jo‘rligida davom etar, zalda qizlar qushdek parvoz qilishar, qo‘llarini boshlari uzra aylantirishardi.
Qiz onaning orzulari bilan birga o‘sdi, zarif, nozik balet raqqosasi bo‘lib yetishdi. Uning qo‘li katta qilib ko‘rsatiladi. Qiz voyaga yetguncha, yillar ayolning sochlariga oppoq qor kabi o‘z izlarini qoldirib ulgurdi, chehrasida rohat, osudalik ifodasi zohir, bu ifoda uning cheksiz mamnuniyatidan ham darak edi…

* * *

– Shakar choy ichaman.
Bola ovozidan seskanib ketgan kamera yana yotoqxonaga qaytadi. Hali uyqusirayotgan ayol bola uchun keltirgan choyni karavot yonidagi javoncha ustiga qo‘ydi.
– Jonginam mening, choy ichadimi?
Ayolning ovozi judayam shirali edi, xuddi piyolaga solinib, qoshiq bilan aralashtirilgan shirin choyning o‘zginasi. Bola choydan bir qultum ichib, ko‘zgu oldida mudroqlikni yengib, bedor bo‘lgan onasining yarim yalang‘och badaniga tikildi.
Ona yorqin rangli ko‘ylagini kiyib, g‘aladonni ochdi, atirlariga ko‘z soldi, birpas o‘ylanib qoldi-da, nihoyat birini olib bo‘yin va siynalariga sepdi. Shodlik ifori butun xonani tutdi. Atir idishning qopqog‘ini yopib joyiga qo‘ygach, xonani tartibga keltirdi va qiziga qarab dedi:
– Bolajonim choyini nimaga ichmayapti?
– Judayam shirin bo‘p ketibdi. Tomog‘imni qichishtiryapti.
Ayol kulimsiradi. Qiz onasining iliq tabassumini choyga qo‘shib, rohat bilan ichdi.

* * *

Raqs maktabi dahlizida uchta ayol turardi. Biri sarg‘imtil, ikkinchisi to‘q qahva rangida kiyinib olgan. Qirmizi rangli harir kiyim uchinchisiga shunchalik yopishganki, qad-qomati shundoq ko‘rinib turibdi. Ko‘ylagining ikki yuqori tugmasi ochiq bu ayol yonidagi ikkalasiga qaraganda ancha go‘zal va jozibadorroq edi.
Ularga yaqinlashganda, qahva rangli kiyimdagi ayolning ovozi eshitildi:
– Uyat bormi senda? Bu kiyim bilan ko‘chada qanday yurasan? Butun badaning ko‘rinib yotibdi. Hech bo‘lmasa, tugmalaringni qadab olsang-chi.
Qirmizi kiyimli ayol kulimsiradi:
– Ko‘chada nega yurolmas ekanman? Mashinada kelib, mashinada ketsam. Juda oshirib yubormadingizmi? Bu yerdagilarning hammasi xotin-xalaj bo‘lsa.
– Xuddi erkaklar ko‘rib xijolat tortadigandek-a? Ey qiz, bunda boshqacha chiroy bor… – sariq liboslisi shunday deya sharaqlab kulib yubordi.
Ayollarning kulgisi devorlarga urilib, yanayam jaranglab ketardi.
Ulardan sal narida, deraza oldida turgan uch yosh qiz nimalarnidir pichirlashardi.
Qizlardan biri cho‘ntagidan bir hovuch pista olib, dugonalariga bo‘lib berdi. Ancha pista yerga to‘kilib ketdi. Pista po‘chog‘u qand qog‘ozlaridan bezor bo‘lgan farrosh ularga qarab baqirib berdi:
– Hoy, insof bergurlar! Maktabni axlatxonaga aylantirmang! Ana, borib ko‘chada chaqing pistangizni!
Qizlar qo‘llaridagi pistalarni tez cho‘ntaklariga solib, yerga to‘kilganlarini ham terib oldilar.
Yirik planda qora rangli Bergxof royalining yonida oq kiyimli ayol ko‘rinadi. Nozik qo‘llari ila uyg‘onishni sira istamayotgan royalning qopqog‘ini asta ochadi. Ayol klavishlarni bir sidra bosib chiqqach, royal insofga kelib ayolning mayin barmoqlariga tobe bo‘ladi. Begona ko‘zlardan yashiringandek, ko‘zgular devorga taqab qo‘yilgan.
Raqs xonasining eshigi ochildi. Oq balet kiyimidagi qizchalar yugurib ichkariga kirdilar, bir-birlariga urilib-surilib ko‘zgu qarshisida tizilishdilar. Orqalaridan ko‘rkam raqs muallimasi kirib keldi. Musiqa hazin sado berib turibdi. Ko‘zgularda oppoq kapalaklarning qanot qoqishlari aks etmoqda. Mayin, sokin musiqa sadolari ostida oppoq kapalaklar zalning ichida davra qurishni boshladilar. Oppoq kapalaklar atrofini tuman qopladi. Bu oq tuman ichida qora royal yana ham fusunkor ko‘rinar, musiqa chalib o‘tirgan ayol oq tishlarini ko‘rsatib kulimsirar va xuddi royal ham kapalaklarga qo‘shilib aylanmoqda edi.
Qizil jig‘a taqqan, qizil paypoq kiygan qizcha royalning oyog‘ini quchoqlagancha raqqosalarni tomosha qilardi. Tuman ichidagi kapalaklar raqsi paydo qilgan epkindan qizcha ohista-ohista aksa urardi. U ora-sira royal orqasida o‘tirgan onasiga qarab-qarab qo‘yadi. Ertalab yotoqda ko‘zu kipriklariga surtgan ranglari onaning qovoqlarida yaltirab, ko‘zni qamashtirardi. Qiz tishlarini ko‘rsatib, oyoq-qo‘llari havoda muallaq suzayotgan balet raqqosalarining harakatlarini takrorlashga oshiqardi…
Ikki soat o‘tdi. O‘quvchilar va raqs muallimasi zaldan chiqdilar. Royal orqasidagi ayol Raxmaninov xonasining yonidagi derazalarni ochdi, ichkariga Motsart simfoniyasi quyilib kirdi. Simfoniya notalari royalning tishlari ustidan otilib chiqayotgan nurga o‘xshaydi. Qirmizi jig‘ali qizcha o‘zini boyagi kapalaklarga mengzab, royal atrofida qanot qoqardi. Ayolning ko‘zlaridan sevinch yoshlari tomchilardi. Xayoliy tomchilar Motsart notalari bilan birga o‘ynar, xayolidagi bu tasavvur qizchani pardek yengil qilar va o‘rtada tinimsiz aylanardi. Shu chog‘ ayolning yuzida kichik tomchilar qotib qoldi. Kamera oynasiga sachragan tomchilar uzra zal eshigi yonida tizilib turgan onalar ko‘rinadi. Ayol royal orqasidan oyoqqa turib, qizi bilan eshik tomon yuradi.
– Salom, muallima.
– Salom. Yaxshimisiz? Moshalloh, bugun sizning qizlaringiz qoyilmaqom mashq bajardilar. Odam boshqacha zavq oldi. Ko‘rib ko‘zing to‘ymaydi-ya!
Volidalardan biri hamsuhbatlariga ochiq, kulib turgan chehrasi bilan so‘z qotdi:
– Sizning qizingizni sevib qoldik. Bu qizcha onasidan raqqosa bo‘lib tug‘ilganmi, deymiz. Bizning qizlarning harakatlarini shunday takrorladiki… Buni to‘ppa-to‘g‘ri sahnaga olib chiqasiz, shekilli. Onasi royalda chalganda, parvona kabi aylanishini ko‘ring…
Ayolning yuziga qon yugurdi. Qiziga boqdi. Bolasining qizil jig‘asi onasining yuzidagi qizildan rang olib, yanada porlab ketdi.
– Albatta! Mening bolam juda iste’dodli. Ishoning… Qachon katta bo‘larkin, deb hech sabrim chidamayapti! Xoreograf, hali bola, shoshilma, yiqilib u yer-bu yeri lat yesa, keyin raqs tusholmaydi, deb qo‘ymayapti. Yoshi yetgach, sizning qizingiz safiga qo‘shiladi. Bolajonim, albatta, balet raqqosasi bo‘ladi. Nasib qilsa, ko‘rarsiz.
Ayol gapini tugatib, qizining paypoqlarini to‘g‘riladi. Hamma bilan xayrlashgach, qizchaning qo‘lidan tutib, bino eshigi tomon odimladi.
Onalarning bag‘oyat qiziqish bilan boqishlari muallima va qizini xursand qilib yuborgandi.
Kamera xotinlarning suhbatlarini tinglash uchun ularga yaqinlashdi.
– Farishtaning o‘zginasi! Bu yerga go‘yo jannatdan chiqib kelganday!
– Shuni ayting, unga birgina qanot yetishmayapti, xolos. Malak, malak….
– Onasining yolg‘iz ovunchog‘i. Erkaklar qayoqqa qarayapti o‘zi? Shunday sohibjamol ayol yolg‘iz bo‘lsa-ya…
– Mening o‘zidan so‘raganim bor… Muallima boshqa oila qurishni istamas ekan. Butun hayotini qiziga bag‘ishlabdi.
Kamera xotinlarning g‘iybatidan ajralib, ulardan uzoqlashdi. Bo‘m-bo‘sh zalni tanho royal kuyining aks-sadosi to‘ldirib turadi…

* * *

Taxta pillapoyalar kattalashtirib ko‘rsatiladi. Zinalar kuchli hayajonga tushganday silkinib qo‘yadi. Hovlida sukunat. Notanish bir kishi hovliga kirib, zinadan ko‘tariladi. Yo‘q, yo‘q, u oyoq bosishi bilan zina g‘ichirlab ketadi.
– Tag‘in shu ahvol! Hech bir inson to‘g‘rilab qo‘yay demaydi! Ovozidan quloq qomatga keladi buning. Endi shu chirigan taxtada o‘tirarkanman-da!
Birozdan so‘ng hovliga cho‘kkan chuqur sukunat yirik planda ko‘rinadi. Jimjitlik hamma puchmoqlarni qidirib topgan. Bu tip-tiniq bo‘shliq ichra “Dior” atrining xushbo‘y hidi ohista kirib keladi. Zinalar sevinib ketdi, go‘yo. Tashqaridan qo‘ng‘iroqday jaranglab kirayotgan qizchaning ovozi sukunatni butkul parchalab yubordi, onasining qo‘lidan otilib chiqib, osmonga sakrardi. Qizil jig‘ali qizchaning kulgisi hovlidagi jimjitlik tumanlarini tarqatib yubordi, zinadan sakrab-sakrab yuqori ko‘tarildi.
– Qizalog‘im, yolg‘izmisan?
– Yo‘q, oyim bilanman.
– Voy buning jig‘alaridan!
– Ha-a-a…. Paypog‘im bilan bir xil rangda. Oyim olib berganlar…
– Sening onang “super” ona ekan-da?
– Yo‘g‘-ey… Oyim pianinochi…
– Hah, seni, shayton qiz!
Frantsuz iforiga burkangan ayol eshikdan shoshilib kirib keldi. Darrov zina tepasidagi qizini qidira boshladi.
– Senga nechchi marta aytganman, yugurib qochma, deb!
– Oyi, axir bu yerda mashina yo‘q-ku…
Zinalar shu qadar hayajonda ediki, taxtalarning g‘ichirlashidan sukunat yana bir ortga chekindi. “Dior” ifori kelib turgan qo‘llar sirpanchiq tutqichlarni tutib yuqoriga ko‘tarildi. Tanish oyoqlar ostida taxta zinalar tosh kabi qotib qoldi.
– Salom, qo‘shnijon! Sen chiqqanda bu zinalar ham g‘ichirlamay qoldimi? Yoki havoda uchib chiqyapsanmi? Yo‘qsa, kim oyog‘ini qo‘ysa, shunday ovoz chiqaradiki, uyqum o‘chib, joyimdan dik etib turib ketaman-a.
– Pashshadan fil yasamang. Ha, endi eski zina bo‘lsa… Aybi yo‘q. O‘zim ularni qotirib qo‘yaman, uyda bolg‘a ham, mix ham topiladi.
Derazadan unga qo‘shnisi qarab turardi. Daraxtlar soyasi deraza oynasida bir tekis chayqaladi. Qo‘shnisining taajjubli ovozi yangradi:
– Nimalar deyapsan! Hovlida shuncha erkak bo‘lib, senga qoptimi zina tuzatish? Bu ahmoqlarning ikkita mix olib qoqib qo‘yishga aqli yetmaydi!
– Ular ishli odamlar bo‘lsa, bunga vaqti bormidi? Hech kimni ovora qilma! O‘zimiz tuzatamiz…
– Eh, qo‘shnijon! Mana shunaqa hamma ishni o‘z gardanimizga olamiz-da, ular keyin boshimizga chiqishadi.
Ayol jimgina yuqori ko‘tarilib, xonaning eshigini ochdi. Qizi bilan birga ichkari kirdi. Kamera hovliga cho‘kkan sukunatni ko‘rsatadi.

* * *

Tun. Xona chirog‘i pardalar orasiga cho‘kkan va pardalar og‘irligidan hilpiramasdi. Royaldan chiqayotgan nota tovushlari devorlarga urilib, derazalarga yopishardi. Ayol royal chalmoqda. Shopen sonatasi ayolning barmoqlari orasidan suv kabi sizib, bo‘shliqqa tomon oqib kirmoqda. Yosh yigit divanda o‘tirgancha xonani tutib ketgan musiqani tinglardi. U ko‘zlarida aks etgan ishq uchqunlarini yashirgan kabi nazarini boshqa yoqqa olib qochdi. Bir muddat yaltillab turgan pol ustida u yoqdan-bu yoqqa borib kelgach, cho‘ntagidan olov yondirgichni chiqardi, qutidan bir dona sigaretani lablari orasiga qistirdi-da, o‘t oldirdi. Sigareta tutuni Shopen musiqasiga qo‘shilib butun xonaga yoyildi. Boyadan beri dilni tilka-pora qilgan royalning ovozi tindi. Ayol yigitga yaqinlasharkan, dedi:
– Naqadar yoqimli ifor!
– Sendagi ifor kabi!
– Oynani biroz ochib yubor, tutun chiqib ketsin – ertalab bolalar kelishadi.
– Yana bolani buvisinikiga jo‘natdingmi? Bilmadim, nega uni mendan olib qochasan? Ertami-kech u barchasini tushunadi.
– Yo‘q. Hali erta! Qo‘y, biroz katta bo‘lsin. Shusiz ham mendan tez-tez otasini so‘raydi, men esa zo‘rg‘a gapni boshqa yoqqa burib yuboraman.
Ayol royal oldida ozroq turgach, ko‘rinmas musiqa sadolari ostida oyoqlarini tappillatib yigit tomon keldi. Oyoqlari ostidan musiqa tomchilari kamera ob’ektiviga sachrab, go‘yo xonadagi musiqiy evrilishdan darak berardi. Kamera divanda o‘tirgan silliq yuz, shisha ko‘zlarni kattalashtirib ko‘rsatadi. Royalning qopqog‘i ochilgancha qoldi. Ayol yigitning dudog‘idan yengilgina bir-ikki o‘pich oldi. Yonog‘ini uning yuziga asta tekkizdi. Boshini pastga enkaytirib, ko‘zlariga tikildi. Yigitning ko‘zlari qovoqlari ichiga chuqur botgandi.
– Meni sevmaysan!
– Nega unday deyapsan?
– Bo‘lmasa nega menga turmushga chiqmaysan?
– Bilasan-ku axir! Aytganman. Bolamni deb… Yot kishining uyda bo‘lishi unga yomon ta’sir qiladi. Kecha yaqinda bir santexnikning uyga kelganiga qancha to‘polon qildi. Qo‘y, voyaga yetsin, o‘zining boshiga tushmagunicha tushunmas.
– U erga tekkunicha kutaymi hali?
– Yo‘q! Hech bo‘lmasa, aqli kirsin, yaxshi-yomonni tushunsin, hayotni bilsin…
– Axir bunga yillar kerak! Sen butun yoshligingni unga qurbon qilmoqchimisan?
– Kerak bo‘lsa, butun hayotimni… Yoshi yetib qoldi, kelasi hafta maktabimizning raqs sinfiga yoziladi. U hammadan yaxshi balet raqqosasi bo‘ladi, dunyo sahnalarini zabt etadi. Qizimning katta sahnalarda olqishlarga ko‘milishini orzu qilaman.
– Bilaman, u iste’dodli qiz. Orzularing ushaladi. Istasang, televizorga chiqaraman, hammaga tanitaman. Ammo bular yoshligingni qurbon qilishingga arzimaydi.
– Arziydi…
Ayol divandan turib ish stolining ustida turgan noutbukka yaqinlashdi. Yoquv tugmachasini bosdi. Noutbuk bir necha soniya esnab, ko‘zlarini ochdi. Ayol videofayllar ichidan birini tanlab oldiyoq ekranda qizi ko‘rindi:
“Assalomaleykum, huymatli tomosabinlay… Bugun men oyim bilan maytabga boydim… U yeyda qizlay ko‘pakan… Oyim menga qizil bant… Eee… Yo‘q, boshqatdan. Salom, aziz bolalay. Men oyimni juda yassi ko‘yaman. Ulayam meni yassi ko‘yadila. Katta bo‘sam balet yaqqosasi bo‘laman. Oyim meni hammadan yassi o‘ynaysan diydila…”
Qizning ovozi fonida onaning porloq yuzi ko‘rindi.
– Bunaqa iste’dodli bolaga odam umrini qurbon qilsa ham achinmas. Qara, qanday shirin?!
– Qachon yozib olganding?
– O‘zi kameraga olgan. Shunaqa tasvirga olishlar uning jonu dili. Fursat bo‘ldi deguncha, yugurib noutbukka yopishadi, she’rlar o‘qiydi, qo‘shiq aytadi… bunaqa videolardan ko‘pi yo‘q bunda!
Yigit kulimsiradi:
– Balki uni bolalar ko‘rsatuvlariga olib borarmiz?
– Yo‘q, kerakmas. Uning kelajagi – balet.

* * *

Xoreografiya zalining ko‘zgusi oldidan ovoz eshitildi:
– Qizingizning plastikasi, tana tuzilishi, qomati bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Xafa bo‘lmang-u, undan balet raqqosasi chiqmaydi! Ochig‘ini aytsam, u mashg‘ulotlarga kelishi mumkindir, ammo umurtqasidagi muammo ko‘ngilsizliklarga olib kelishi tayin… Tinimsiz mashg‘ulot, tana harakatlari murakkablashib boradi… qizingiz lat yeb qolishi mumkin. Hatto shikast olish tahlikasi ham yo‘q emas.
Ko‘zguda boyadan beri aks etib turgan tabassum g‘oyib bo‘ldi.
– Bo‘lishi mumkin emas! U ko‘zini ochgandan beri shu muhitda, musiqa ichida katta bo‘ldi. Butun kuni men bilan o‘tadi. Bu zalning havosini oldi. Tushunmayapman, nimalar deyapsiz o‘zi?
– Axir, opajon, sizni yolg‘onchi umidlarga ro‘para qilolmayman! Istasangiz, mashg‘ulotlarga qatnab tursin. Ammo uning qomati raqsga to‘g‘ri kelmaydi. Parametrlar uyg‘un kelmagan. Ishonmasangiz, tekshirtiring! Biroz muddatdan so‘ng natijasini o‘zingiz ko‘rasiz. Eng muhimi, qizning sog‘lig‘i borasida tavakkal qilib bo‘lmaydi. Sizga uning baxtli ayol bo‘lishi muhimmi yoki balet raqqosasi?
Xoreografning so‘zi hukmday yangradi. Har bir so‘zi xuddi o‘qdek sanchilardi. Bu “o‘qlar” uni raqs xonasining eshigi tomon kuzatib qo‘ydi. Eshik oldida to‘planib turgan xotinlar ayolni yupata boshlashdi:
– Muallim, o‘zingizga olmang! Raqqosa bo‘lmasa, boshqa kasblar ham ko‘p-ku…
– Bu bo‘lmasa, boshqasi! Qizingiz – aqlli. Qaysi kasbning etagidan tutmasin, eplab ketadi.
– Tavba, men hech qizimning raqqosalik qilishini istamayman, bu yerdan chiqarib olsam deyman. Bolamning butun vaqti oyna qarshisida o‘tadi. Bolaligi qayoqda qoldi?
– Shu ish peshonasida bor ekan. Endi shuginani deb o‘zingni qiynaysanmi? Buni qismat demishlar…
Xotinlarning bir-birlari so‘zlarini ma’qullab, tinimsiz chug‘urlashlari orasida ayolning ich-ichidan g‘azab va alam to‘la e’tirozi otilib chiqdi:
– U balet raqqosasi bo‘lishi shart!..
Qahr va g‘azab ayolni vulqondek ko‘pirtirib yubordi, u jon-jahdi bilan zinalardan pastga, dahlizga tushdi, chiqish eshigidan, qorovul oldidan o‘qday o‘tib, ko‘chaga otildi.
– Qizini tashlab qayerga ketdi? Yuragi vayron bo‘ldi… Qara, yoshgina qizi ham onasining ortidan qaqshab qoldi!
– Yig‘lama bolajon, yig‘lama! Yugur, onangga yetib ol!
Kamera ko‘rganlarini hayrat bilan muhokama qilayotgan xotinlardan uzoqlashib qizchani izlaydi. Qizcha ko‘ngliyu ko‘zi yoshli onasining ortidan yugurib ketmoqda.

* * *

Ayol ko‘chadagi daraxtlar, chiroqli ustunlar yonidan to‘xtamay o‘tib borar, har taraf ko‘ziga qop-qora ko‘rinar, g‘am va hasratini tobora oshirardi. Eski uylar oldida izg‘ib yurgan qop-qora mushuklar uni ko‘rishi hamon hurkib ketishdi, tuklarini hurpaytirib, tum-taraqay qochishdi…
Kamera yig‘idan ko‘zlari qizarib ketgan qizaloqni ko‘rsatadi. Aybi nima ekanligini bilolmagan qizcha onasining muzday qo‘llaridan tutadi, ona qo‘lini tortib oladi-da, qizchaning jajji qo‘llari havoda qolib ketadi. Mashinalarning ovozlari toshdek qotib qolgan ayolga urilib, baayni muz parchasidek yerga to‘kilib tushadi.
– Ey xotin, yo‘ldan o‘tishda bolaning qo‘lidan ushlab olsang-chi!
– Karmi nima balo?
– Bolasini mashina urib ketsayam, parvoyi falak!
Ayol na haydovchilarning baqir-chaqirlariga, na qizining yig‘isiga e’tibor bermay, yo‘lida davom etdi…
“Shanel” atri hovlini tutib ketdi. Ayol atrofni bir qur ko‘zdan kechirdi… Xona eshigini tepib ochdi-da, ichkariga o‘zini otdi. Uyqu og‘ushidagi sukunat vahimaga o‘rnini bo‘shatib berdi. Yog‘och zinaning g‘ichirlashi hammayoqda aks-sado berardi…
– Yana kimdir zinadan chiqdimi? E-e-e… Senmisan, qo‘shni? Sen kelgandagina shunaqa shirin islar taraladi…
Ayolning avzoyini ko‘rib, qo‘shni tilini tishladi. Boshini chayqagancha, oynasini yopdi. Ayol orqasida yig‘lab kelayotgan qiziga e’tibor bermay, eshikni tarsillatib yopdi. Qizcha eshikka yaqinlashdi-yu, ichkariga kirishga yuragi betlamadi. Hovlida o‘tirib, ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lardi. Osmondagi qora bulut hovliga ko‘lanka soldi.
– Bu bechora murg‘akning aybi nima? – qo‘shni ayol qizchaning yelkasidan tutdi.
Yomg‘ir tomchilay boshladi.

* * *

Qiz ko‘zini ochganda devordagi soat to‘qqizga bong urgandi. Quyoshning zarrin nurlari badanini qitiqladi, ko‘zlari yorug‘dan qamashib ochilgisi kelmasdi. Shoshilmaygina, erinchoqlik bilan yotog‘idan turdi va onasining xonasiga bordi. Onasi katta karavotda ko‘zlarini ochgancha cho‘zilib yotardi. Hushi o‘zida emas, murdadek dong qotib qolgan, chalkash xayollar ichida suzib yurardi. Qiz onasiga yaqinlashadi:
– Oyi, choy ichaman.
– ….
– Qornim ochdi…
– ….
– Sovqotyapman…
– Jim bo‘l! Shunchaligam ko‘pchib uxlaydimi? Ochingdan o‘lyapsanmi? Yana qancha tik turmoqchisan?
…Devorda osig‘liq soat millari o‘n ikkiga qarab ketmoqda edi. Qizcha choynakning tagini yoqishga urindi. Gugurt bilan qo‘lini kuydirib oldi-yu, yig‘lagancha onasining oldiga chopdi…
– Oyi, qo‘limni kuydirib oldim. Ax, achishib ketyapti… qarang, qizarib ketdi…
– ….
– Oyi, eshityapsizmi?
– Bor, chiq xonamdan! Muzlatgichdan nima topsang, ye. Qo‘ling ham yonib, kuyib ketmas.
Ayolning ma’nosiz qarashlari kattalashtirib ko‘rsatiladi. Hayron qizcha yotoqning bir burchagida onasini tomosha qildi, keyin o‘zi kabi “bolacha”sini sudray-sudray xonadan chiqib ketdi.
Qiz nima qilarini bilmay qo‘shnining eshigini taqillatdi. Qarshisida kulib turgan keksa kampir ko‘rinadi.
– Voy shirinim, senmisan? Nima kerak ekan senga?
– Choy ichaman…
Qo‘shnining tabassumi o‘rnini taajjub egalladi. Ko‘zlari kirtayib, atrofga olazarak boqdi.
– Choy? Onang uydamasmi?
– Uyda yotibdi, turmayapti.
– Voy o‘lmasam, kasalmi?
– Bilmadim.
Bolaning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Qo‘shni kampir qizning qo‘lidan tutib, zinadan uyiga tomon ko‘tarildi.
– Hoy qo‘shni, bolang kelib choy so‘radi, hayron bo‘ldim. Tobing qochdimi? Balki tabib chaqirarmiz?
– Hali meni kasalga chiqardilaringmi? Nega bolamga choy bermas ekanman? O‘zim beraman. Boshingdan ordona qolsin choylaring!
Qo‘shnining dudoqlari titrab, tili aylanmay qoldi:
– Xudo haqi, gapingni tushunmadim. Bola aytdi, men shunga…
– Sen sog‘ bo‘lsang, bolaning gapiga kirib… Chiq bu yerdan! Hoziroq yo‘qol ko‘zimdan!
Yotoqni vahima bosdi. Qo‘shnining qo‘rquvdan avzoyi o‘zgarib, eshik tomon yugurdi.
Ayol qizining qo‘lidan ushlab, oshxonaga olib keldi. Stol orqasida turgancha qizga o‘shqirdi:
– Sen qizga yaxshi tarbiya bermabman, o‘zi. Qo‘lingdan bir ish kelmaydi-ya!
Choynak ichiga bir siqim quruq choy solib damladi-da, qizga tutqizdi. Muzlatgichdan baliq olib, qovurdi va bolaning oldiga taq etib qo‘ydi-da, yana yotog‘iga kirib ketdi.
Qizchaning ko‘z yoshlari pishgan baliq ustiga bir-bir oqib tushdi. Iliq va sho‘r suv baliqlarning umrini uzaytiradi, deb eshitgani bor edi qizning…
Kamera oshxona devoriga suyangan qizni olardi. Xona kuyuk hidiga to‘la. Qizcha kamerada o‘zining yoshli yuzini ko‘rib, ho‘ngrashga tushdi.
Kamera bolaning ko‘z yoshlaridan ayrilib, ayvonga chiqdi. Tashqaridagi manzara ichkaridan-da dahshatli. Ayol bolaning o‘yinchoqlarini bir uyum qilib olib, qo‘liga tushganini qaychi bilan qirqib-qirqib tashlamoqda edi. O‘yinchoqlarining oh-vohi shaharni boshiga ko‘targudek. O‘z qalblarida uvvos solayotgan o‘yinchoqlarning nima deganlarini hech kim anglamadi. O‘yinchoqlarni tashqariga otib xumoridan chiqayotgan ona uchun bu bayram bo‘lsa, bola hasrat ichida edi. Kamera ayvonda uzuq-yuluq o‘yinchoqlarni suratga olarkan, qizning ular bilan sevina-sevina o‘ynagan damlari yodiga tushdi. Bu orada mahalla xotinlarining suhbati ham kamera quloqlaridan nari qochmagandi.
– Eh, boshiga bir kulfat tushgan-ov… Yaqinda ishdan bo‘shatishganmish…
– Yo‘g‘-ey… Bu pul dardimas. Balki yoniga kelgan haligi yigit…
– Sizning ishingiz nima? Xudo biladi barini! Boya yoniga kirgandim, quvib soldi, yashshamagur!
– O‘zi saqlasin, saqlasin…
Ayvonda chordona qurib o‘tirgan ayol yaqindan ko‘rindi. U ataylab yoki bilmasdan qaychi bilan terisini shildi, qonadi, keyin qoni bilan qo‘g‘irchoqlarning dudoqlarini bo‘yadi… Ko‘chaga yuzlanib qichqirdi:
– Mening bolam, albatta, raqqosa bo‘ladi, balet raqqosasi! Dunyodagi eng mashhur raqqosa bo‘ladi. Eshitdingizmi? Ko‘rasizlar hali…

* * *

Musiqa maktabining zali. Ayol pianino chalmoqda. Qizlar raqs tushmoqda, raqs muallimasi o‘rtada kezib yurib, harakat qoidalarini o‘rgatmoqda. Pianinochi xonimning ko‘zlari yaqindan ko‘rinadi, ko‘zlari qip-qizil qonga to‘lgan, shunaqangi shiddat bilan chalmoqdaki, raqqosalar musiqa maromiga ulgura olishmayapti. Raqs muallimasi unga yaqinlashib, qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Ayolning quloqlari hech nimani eshitmas, uning barmoqlari klavishlar ustida tobora tezroq yugurar, musiqa tobora tajovuzkorona tus olardi. Ko‘zlar yana kattalashtirib ko‘rsatiladi. O‘quvchilar qo‘rquvdan tosh qotib qoldilar. Vahimali musiqa ularning ustiga yopirilib kelib, go‘yo oyoq-qo‘llarini tishlab uzib olayotgandek edi… qichqirib zaldan tashqariga chiqib ketishdi… Raqs muallimasi o‘zini qanchalik bosishga urinmasin, bo‘ysunmas barmoqlar pianino klavishlarini sug‘urib olib, uloqtirib tashlayotgandek tovush chiqardi. Tovushlar devordagi ko‘zgularga urilib, muz parchalaridek yerga to‘kilib tushmoqda edi. Zalda yolg‘iz tajovuzkor pianinochi va uning tajovuzkor musiqasigina qolgandi.
Ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tgan manzara onalarni hayratga solib qo‘ygandi.
Zaldan chiqayotgan musiqa ostida ularning qisqa-qisqa suhbatlari quloqqa chalinadi:
– Bunga nima bo‘libdi o‘zi?
– Direktorga xabar berish kerak. Asablari joyida emas buning… Bolalarning yuragi yorilayozdi…
– Insof bersin, ishqilib…
– Hushi boshidan uchibdi, shekilli…
– Ichiga shayton kirib olgan ko‘rinadi…
– O‘zining qizini ham raqsga yo‘latmay qo‘yibdi…

* * *

Tun. Yotoqxona. Qiz shirin uyquda. Ona lampani yoqdi, qizining ustidagi choyshabni sekin ochib, uning oyoqlariga, qomatiga razm soldi. Qulog‘i ostida esa xoreografning so‘zlari aks-sado berardi:
– Qizingizning plastikasi yo‘q, oyoqlarini ishlata olmaydi, to‘piqlari bo‘rtib chiqqan… Umurtqa pog‘onasi ham murakkab harakatlarga dosh bermaydi…
Ayol g‘ayriixtiyoriy ravishda qizining oyoqlarini siladi, so‘ngra yoqimli hislar xiralashib, noumidlik, ojizlik tuyg‘ulari lop etib yuziga urildi-yu, yopinchiqni qizning boshiga otib, yotoqdan chiqdi.
Stolning ustida ekrani yoniq qo‘l telefonini ko‘rib, xatni o‘qishga tushdi: “Azizim qalay mening? Sog‘-salomatmi?” Shu zahoti javob yozdi: “Tez yetib kel!”.

* * *

Yotoq tamaki tumani ichida qoldi. Kresloda o‘tirgan ayolning oyoqlari sovuqdan emas, bezovtalikdan qaltirardi.
Yigit tamaki kukunini kuldonga qoqarkan, ayolga yuzlandi:
– Nechuk meni qizing uydaligida yo‘qlab qopsan? Hamisha uni buvisinikiga jo‘natib yuborarding-ku…
– Uni bo‘lajak otasi bilan tanishtirish fursati keldi.
– Tushunmadim, senga nima bo‘ldi o‘zi? G‘alati qiliqlaring bilan meni hayratda qoldiryapsan. Xuddi boshqa birovga yo‘liqqandek-a?…
– Tasallilaringga zor emasman. Yoqmasa – ana katta ko‘cha.
– Jinnilik qilma! Men hech qachon sendan ayrilishni xayolimga keltirmaganman. Sendan ayrilib esimni yebmanmi? Tushun, axir, nahot shu injiqliklaringga toqat qilib bo‘lsa? Nevropatolog do‘stim bor, balki uning yoniga borib maslahatlasharmiz, bir sidra muolaja olarding, nima deysan?
Ayol o‘rnidan dik etib turdi-da, qo‘liga tamaki qutisini oldi. Kattalashtirib ko‘rsatilganda uning qo‘llari tovuq terisidek junjikib ketgani bilinadi. Yigitning ko‘zlarida e’tiroz aksi bor.
– Chekma! Bu baribir senga yordam bermaydi. Mengayam o‘qrayma! Nikotin meni adoyi tamom qilganini o‘zim ham yaxshi bilaman. To‘g‘ri, oz-moz ichingni yondiradi, keyin esa…
– Qo‘rqma! Bu shunchaki… dilning chigilini yozish uchun-da… Tamakini deb go‘zalligimni garovga qo‘yib o‘libmanmi? Ortiqcha g‘alva…. darvoqe, nev­ropatolog do‘sting qizimni balet raqqosasi qila olarmikin-a?
– Yana boshladingmi? Chindan ham aqldan ozibsan!
Ayol og‘zi to‘la qora tutunni tashqariga haydarkan, oppoq shiftga qaraydi. U yerda qora harflar bilan hikmatli so‘zlar bitilgandek manzara paydo bo‘ladi.
– Sen buni tushunmaysan. Chunki meni tushunmaysan. Hech nimadan xabaring yo‘q. Meni esa aqldan ozganga chiqarasan…
– Azizam, ishon, og‘zingdan chiqqanini muhayyo qilaman. Tushunaman seni. Balki yordamim tegar ham. Yo‘qsa, yo‘qsa muammong meni-da ado qiladi-ku? Men nima bo‘lganini boricha bilishni istayman. Oxirgi paytlarda o‘zing bilan o‘zing o‘ralashib qolgansan…
Yigitning shirin so‘zlari ayolni hovuridan tushirdi. Tamakini xuddi ichidagi olovni bostirganday, kuldonga bosib so‘ndirdi.
– Senga aytsam, bolaligimda uyimiz yonida bir rus oilasi yashardi. Qizi har kuni raqs to‘garagiga qatnar, uning raqslarini ko‘rib, balet raqsiga qiziqishim ortardi. Biroq, mening otam dindor, xudojo‘y odam edi. Meni bunday raqslarning yaqiniga ham yo‘latmasdi. Yarim ochiq ki­yimlar, o‘g‘il bolalar bilan birga raqs tushishimga-ku chiday olmasdi… uzoq yig‘i-sig‘ilarimdan so‘ng pianino darslariga qatnashimga rozi bo‘ldilar. Biroq uyda yolg‘iz qolganimda, o‘zim deraza pardadan tikib olgan balet ko‘ylagini kiyib ko‘zgu oldidan beri kelmasdim. Musiqa maktabini bitirgach, raqs maktabida sahna rejissyori bo‘lib ishladim. Otamning tanish-bilishlari soyasida kun ko‘rishni istamadim. O‘sha paytlardan balet to‘garagiga qatnovchi jajji qizaloqlarni ko‘rib, qizim bo‘lsa, butun olam qarshi chiqmasin – uni, albatta, balet raqqosasi qilaman, deb orzulardim. Butun kuchim, umrimni shu qizimning mashhur raqqosa bo‘lishiga sarflab, uning dunyo sahnalariga chiqishi, minglab, millionlab muxlislarning olqishlari yomg‘iri uni shalabbo qilmog‘i uchun jonimni berib bo‘lsa ham harakat qilaman, derdim. Shu armonimning ushalishini chin dildan istardim. Mening yoshligim, go‘zalligim, orzuyim qizimda qayta yashasin! Shu kungacha mana shunday orzular bilan yashadim, qiyinchiliklarga chidadim…
Ayol to‘lib-toshib so‘zlar, goh titroq dudoqlari, goh havoda turli shakl chizayotgan qo‘llari uning o‘tmishidan so‘zlardi. Yigit uni jimgina, biroz hadik bilan tinglardi. Ayol so‘zida davom etdi:
– Ha, mayli, meni telbaga yo‘yisha qolsin. Ammo mening butun dunyom, orzularim chippakka chiqdi, shuni tushunayapsanmi? Nega darsim bo‘lmasa ham, homilador bo‘lsam ham maktabga boraverardim? Sheriklarimning o‘rniga ham nega ishlayverardim? Ko‘zimni raqs tushayotgan qizlardan bir daqiqa bo‘lsin uzmasdim, nega? Barchasi – shu bolam uchun! U hatto qornimdaligidanoq shu muhitni his qilsin, derdim. Chaykovskiyning “Uxlayotgan go‘zal” kuyini chalarkanman, yuragim ostida qizimning jajji yurakchasi raqs tushardi… U paytlarda qizimning raqsga noqobil bo‘lishi yetti uxlab tushimga kirmagan edi. Otasi bizni tashlab ketganida ham shunchalik kuyunmagandim. Tushundimki…
Yigit tinchlantirish uchun ayolga yaqinlashdi, quchmoqchi bo‘ldi. Ayolning qaynoq nafasi yuziga urildi. Qizcha uyqudan turib, onasining xonasiga kirdi-yu, notanish odamning onasini quchoqlab turganini ko‘rib qichqirdi:
– Qo‘yvor oyimni!
Yigit nari ketdi. Bir so‘z deyishga ham jazm qilolmadi.
Ona muloyimlik bilan qiziga yigitni tanishtirdi:
– Qara, bu sening bo‘lajak otang. Senga yoqdimi? Haqiqiy otang emas, boshqasi. Haqiqiy otang, Xudo biladi, qayoqlarda sang‘ib yurganiykin? Bu boshqa kishi. U endi biz bilan birga yashaydi. Hech nimadan qo‘rqma, oldingi havotirli kunlarimiz o‘tib ketdi. Tushundingmi? Har kuni uyda nima bo‘lsa, yetti mahalla xabar topardi. O‘zingni yomon his qilsang, kasal bo‘p qolsang, otang seni davolaydi, boshqalardan himoya qiladi. O‘gay otalar shunaqa bolalarini yaxshi ko‘radi.
Xonani yonayotgan rezina hidi tutdi. Qizcha ayolning quchog‘iga ko‘milib ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi. Otalikka nomzod yigitning asabi taranglashdi:
– Bo‘ldi, bas qil! Bekorchi gaplarni gapirma!
– U endi yosh bolamas. Hammasini bilsin!
Ayol kutilmaganda yigitning bo‘yniga osilib, yuzini o‘pichga to‘ldirib yubordi. Yigit zuluk kabi yopishgan ayolni o‘zidan nari itarib, orqa o‘girdi. Ayol battar qizishib, yigitga bor bo‘yi bilan tashlandi, yuz-ko‘zini tirnay boshladi.
Yigit uning hamlasidan qutulib, dahliz tomon yurdi-da, eshikni tarsillatib yopdi. Ayol hali ham asabiy qichqirar, o‘zini har tomonga otmoqda edi. Yigit derazadan ichkari qaradi-yu, devorda osig‘liq, shu paytgacha nazari tushmagan Ieronim Bosxening “Jahannam malagi” rasmini ko‘rdi. Suratdagi ayol qiyofasi xuddi jazavadagi ayolning o‘zginasidek namoyon bo‘ldi.

* * *

Sahar. Enli karavot kattalashtirib ko‘rsatiladi. Ayol qizining oyoqlarini quchgancha, ikkisi cho‘zilib yotibdi.
Mehmonxonadan o‘t yoqqichning ovozi eshitildi. Yigit noutbuk qarshisida o‘tirib sigaret bilan dardlashardi. Iztirob o‘ti yuragini yondirganidan kuldonning to‘lib ketganini ham sezmabdi. Noutbukda qizcha tasvirga olgan videolardan birini ko‘rishga oshiqdi: “Salom, aziz bolalar. Oyim hozir uxlayaptilar. Ularni uyg‘otolmayman. Qo‘rqaman. Muallim mening raqs tusholmasligimni oyimga aytdi. Bu gapni eshitib, oyim betob bo‘lib qoldilar. Meni ortiq yaxshi ko‘rmaydilar. O‘yinchoqlarimni ham… Qo‘g‘irchoqlarimni ham sindirib tashladilar. Kecha oyim ishdaliklarida men och qoldim, Saida xola menga shirin kulcha berdilar. Endi… oyimni chaqirganiyam qo‘rqaman…” “Qizaloq ancha ulg‘ayib qolibdi”, o‘yladi o‘zicha.
Yigitning titroq qo‘llari ko‘rinadi. Boshini changallagan bola kabi yig‘lashga tushdi. Yig‘i tomog‘iga tiqildi. Yig‘i uning bolalarcha ovozini bosib ketdi. Derazadan ichkari tushgan quyosh shu’lalari yonog‘idagi yosh tomchilarini jilolantirdi, boshini ko‘tardi.
Bola bir ozdan so‘ng, uyqudan turib mehmonxonaga keldi.
– Qizim, uyg‘ondingmi?
– Siz kimsiz?
– Men oyingning do‘stiman. Uning kechagi gaplariga xafa bo‘lma. Bilasan-ku, oying betob bo‘lib qolgandi.
– Nima?
– Sen olgan videolarni ko‘rdim. Kamera qarshisida o‘zingni juda yaxshi tutibsan. Istasang, seni televizorga chiqaraman. Bolalar ko‘rsatuviga boshlovchi bo‘lasanmi?
– Ha, bo‘laman… qo‘shiq aytishni ham bilaman.
– Qo‘shiq aytasanmi?
– Albatta-da!
– Qani unda ketdik!
Kamera qizning sevinchiga qo‘shilib, bir maromda tebranadi. Yigit sigaretani tutatib kulimsiradi.
– Tez bo‘l, eng chiroyli ko‘ylagingni kiyib chiq! Televideniyega boramiz!
Qiz o‘zining yotog‘iga uchib kirdi-da, devorga yopishtirib qo‘yilgan kiyim javonini ochib, kiyimlarini bir-bir ko‘zdan kechira boshladi. Shosha-pisha tanlangan kiyimlarning yarmi yerga tushib, yarmi ilgakka yarim osilib qoldi. Har birini oynaga solib, ustida sinab ko‘rar, yoqmagan ko‘ylaklarini har tomonga sochib tashlardi. Ko‘ylaklar ekranga chiqishlarini bilgandek, hayajondan pichirlashardi.
Ayol barcha tashvishlardan forig‘ bo‘lib uyqudan uyg‘ondi. Ko‘zlarini ishqalab, qizining yotog‘i tomon yo‘l oldi. Mehmonxonada yigit unga qarab tabassum bilan dedi:
– Xayrli tong. Qalaysan?
– Senga nima? Voy, boshim yorilay deyapti… yuragim to‘xtab qolayotgandek.
– Men uni televideniyega olib ketyapman. Bizda yangi loyiha ishga tushyapti. Bolalar ko‘rsatuviga boshlovchi qidiryapmiz.
Ayol yigitni so‘roqqa tuta boshladi:
– Tushunmadim. Kimni, qayerga olib ketyapsan?
– Qizimizni. Iste’dodli qizchani. Videolarini ko‘rib mazza qildim. Tabiiy, jonli chiqqan tasvirlar… hali hech ustoz ko‘rmay shunday tasvirlar olsa-ya! Yana qo‘shiq kuylashni ham qoyil qiladi.
– Bekor aytibsan! Hech hojati yo‘q! Mening qizim balet raqqosasi bo‘ladi, eshityapsanmi, balet raqqosasi! Boshqalardan nima kami bor uning? Hammadan chiroyli raqs tushadi, sahnada malak kabi xirom aylaydi, eng mashhur teatrlarda o‘ynaydi, hamma onalar unga hayrat bilan boqadi hali, ko‘rasan!
Ayol yig‘loqi ovozda bag‘ri ezilib gapirishda davom etardi:
– Nima qilsang, qil, biroq meni bu azoblardan qutqar, qutqar, azizim! Sabrim yetmaydi mening! Uning kelajagi uchun butun yoshligimni qurbon qildim. Ortiq chidolayman!..

* * *

Televideniye binosi. Yigit qizchaning qo‘lidan tutib binoga yaqinlashdi. Ularning ortidan xohlamaygina ayol ketib bormoqda, qadamida sustlik va umidsizlik sezilib turibdi. Odim tashlashidan behushga ham o‘xshaydi…
Orqa tomonda o‘ynoqilab yurgan o‘ntacha bola-baqraning rom etuvchi kulgisi quloqqa chalinadi. Kamera ham, ayol ham , yigit ham birvarakayiga orqaga o‘girilishdi.
Televideniyeda boshlovchilik uchun bolalar o‘rtasida sinov boshlandi. Avvaliga bir jurnalist qiz imtihon jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi. Keyin birma-bir bolalarni taklif eta boshladi. Ekranda malaksiymo, oppoq kiyimli bir qizcha paydo bo‘ldi. Kamera qizni darhol tanidi. Bu momiq yuzlar, shayton kulishlar, yengil qo‘l harakatlari va mimikalar kameraga anchayin tanish edi…
Ayol televizorga qaradi-yu, yuzida tabassum jilvalandi. Yigitning qo‘lini mahkam siqib, ushlab oldi. Butun yotoq shodlik ziyosiga to‘lib toshdi. Qizcha rango-rang gullarni onasining boshidan sochdi. Yigitning mamnun va namli ko‘zlari kattalashtirib ko‘rsatiladi.
“Kechangiz xayrli bo‘lsin, do‘stlar. O‘ringa yotishdan avval onangizning yuzidan o‘ping va uni qanchalar yaxshi ko‘rishingizni ayting, xo‘pmi?” – ko‘rsatuv shu so‘zlar bilan tugadi va qizcha ham uyquga ketdi. Qayoqdandir olqishlarning to‘xtovsiz jarangi eshitilardi. Olqishlar, xayolga berilib ketgan ayolning quloqlari ostida yoqimli jaranglardi.

* * *

Royalda hazin “Moviy Elegiya” kuyi yangramoqda. Ekran porlab turibdi. Yotoqxona. Ayol choyshabga o‘ranib yotibdi. Qizi pinjiga kirib olgancha, katta ochilgan ko‘zlari bilan choyshabning ustida aylanayotgan tasvirlarga boqyapti. Tasvirlar choyshab ustida, devorda, ona-bolaning yuzida o‘ynardi. Qiz kulimsiragancha ularni tutib olishga intilardi, ammo tutolmasdi. Qiqir-qiqir kulishi tasvirlarga qo‘shilib yotoq uzra yangrardi.
Yangrayotgan “Moviy Elegiya” kuyi endi tamom boshqa ma’no anglatar, moviy dengiz girdobini eslatardi.
Ayolning ko‘zlari kattalashtirib ko‘rsatildi. Ikki tabaqali eshikka o‘xshash ko‘zlari yumuq. Kamera ayolning qovoqlariga yaqinlashadi, uyquda yotgan onaning ko‘zlari eshikday ochilib ketadi. Aktrisaning eshigi oldida to‘plangan odamlarni yorib o‘tguvchi jurnalist kabi kipriklar bir-biridan ajraladi. Teatr sahnasi, har tarafi hayajon, hayratga to‘liq. Sahnada go‘zal, zarif aktrisa rol o‘ynamoqda. Bir qadar yaqinlashganda, qizning tanish chehrasiga ko‘z tushadi.
“… Va nihoyat, men aktrisa bo‘ldim. Onam bolaligida o‘zi uchun pardadan tikib olgan balet kiyimini teatrdagi ilk rolimda kiyib chiqqanman… haligacha u kiyim javonimning ilgichida osilib turadi…”
O‘rindiqning birinchi qatorida o‘tirgan ayolning yoshli ko‘zlarida saodat to‘la, sevinch aksi bor. Tomosha tugadi. Oyoqda turib olqishlayotgan tomoshabinlarni ko‘rib, yuzlarida zavq va mamnuniyat yoshlari qotgan. Kamera olqish sadolari ostida teatrni tark etadi. Spektakl afishasi tashqarida katta pannoga osilib turibdi. Unga katta harflar bilan “Balet raqqosasi” deb yozilgan edi…

* * *

– Shakar choy ichaman.
Kamera yotoqxonaga qayta kiradi.
Ayol bola uchun shirin choy keltirib, karavotning yonidagi stolchaga qo‘ydi.
– Shirinim, shirin choy ichadimi?
Qizcha shakarqandlarning bir nechtasini piyolaga solib, qoshiqcha bilan aralashtirdi. Bola choydan bir qultum ichib, ko‘zgu oldida mudroq ishvalaridan xalos bo‘lgan bedor onasining yarim yalang‘och badaniga tikildi.
Ona tongni sevinib qarshi olgancha, kiyimining tugmalarini qadardi. G‘aladonni ochib, atirlariga ko‘z soldi, birpas tanlolmay qoldi-da, nihoyat birini olib bo‘yni va siynalariga sepdi. Shodlik ifori butun xonani tutdi. Atir idishning qopqog‘ini yopib joyiga qo‘ygach, xonani tartibga keltirdi va qiziga qarab dedi:
– Bolajonim choyini nimaga ichmayapti? Axir bugun suvratga tushamiz-ku! Bu galgi ko‘rsatuv mavzusi nima o‘zi?
– Beshiklar. Nimaga op qo‘yasiz uni? Axir, rejissyor onangning bolalikdagi beshigini olib kelgin, degandi-ku…
– Ha, shayton qiz. Bor, xonangni qara.
– Bo‘ldi, choy ichmayman.
– Nimaga ichmaysan. O‘zimning erkatoyim, ekran malikasi nimaga choy ichmas ekan?
– Judayam shirin bo‘b ketibdi, tomog‘imni qichishtiryapti.
Ayol kulimsiradi. Qiz onasining iliq tabassumini shirin choyga qo‘shib, rohat ila ichib yubordi.
Kamera ertangi farahli sahifalarni muhrlash uchun buguncha o‘chirib qo‘yildi…

Ozarbayjonchadan Sevara Alijonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son