O‘rxon Kamol. Uyqu (hikoya)

Shanba kuni edi.
Metall buyumlar fabrikasi ertagi dam olish kuniga hozirlik ko‘rayotgan edi. Fabrika ishchilarining soni bir yuz ellik bo‘lib, saksontasi o‘n to‘rt-o‘n olti yoshlik o‘spirinlar. Shulardan yigirmaga yaqini press mashinasida ishlaydi. Kiyim boshlari juldur-juldur. Bo‘y hamda kiyinishlarida ortiqcha farq yo‘qligi sababli ularni bir-biridan ajratish qiyin.
Sexning shovqin-suronli va dim havosida bolalar terlab-pishib, u yoqdan-bu yoqqa yugurishmoqda: suv jo‘mraklari oldida halqa bo‘lishar, navbati bilan yuvinar, tualet xonasiga shoshilar, vaqtini topib, quvlashmachoq ham o‘ynab olishardi… Yuzlaridagi terni yog‘ bosgan yenglari bilan hadeb artaverganlaridan hamma yoqlari moy bo‘lib ketgan edi.
Fabrikaning bosh masteri, qirq beshlarga kirgan, ozg‘in, past bo‘yli kishi boshini qashlab turib, Farhod otaga yaqinlashdi. Farhod ota iskanjaga olingan detalni egovlayotgan va oldidagi frezer stanogining ohangiga jo‘r qilib, Anatoliyaning allaqanday ashulasini xirgoyi qilayotgan edi. Moy aralash ter qaynoq suv tekkandek qizarib ketgan yuzidan yumalab, bo‘ynidan ko‘ksiga, nihoyat, butun gavdasiga tarqalayotgan edi. Farhod ota bosh masterning qarab turganini payqab, ishni to‘xtatdi, «uf» deb haddini rostladi. Bosh master kulimsirab uning oldiga keldi, nima haqdadir gapirishdi, keyin remont ustaxonasi tomon borib, marmar doskaga o‘rnatilgan rubilnikni pastga tushirdi. Shunda aylanayotgan bosh maxovik bir silkinib tushdi-da, sust aylana boshladi, bir ozdan so‘ng fabrika to‘xtadi.
Hamma, ish kuni tamom bo‘ldi deb o‘ylagan edi. Bosh master irg‘ib tokar stanogiga chiqib oldi va hushtak chalib ishchilarni yig‘di. Nutq so‘zlamoqchi bo‘lgandek ovozi boricha baqirdi:
— Quloq solinglar, tushdan keyin ozroq ish bor… Ehtimol, kechasi bilan ishlarmiz… qolishni istamagan kishi ketishi mumkin. Qolganlarga ikki baravar haq to‘lanadi… Ketgisi kelgan ketaversin deyapman, qolish majburiy emas…
Sexga jimlik cho‘kdi. Farhod otaning egovigina bu jimlikni buzayotgan edi. Lekin hademay shivir-shivir boshlandi.
Uchinchi pressda ishlayotgan Same degan bola tevaragiga nazar tashladi, tupugini yutib, ko‘zini uqaladi… Ish shunchalik joniga tekkan ediki… «Uyga ketsammikan?» deb o‘yladi, lekin shu zahotiyoq bu fikridan voz kechdi. Bosh master yomon odam. Agar ketib qolgudek bo‘lsa, uni fabrikaga yo‘latmaydi. Fabrika ishchiga muhtoj emas, chunki darvoza oldida o‘ziga o‘xshagan bolalar to‘lib yotibdi… Soatbay ish haqini kamaytirishga ham ana shu ishsiz bolalar sababchi.
Bosh master, ishchilar joylaridan qo‘zg‘alayotganini ko‘rgach, stanokdan tushdi. Rubilnikni tepaga ko‘tardi. Maxoviklar yana aylana boshladi. Farhod ota egovining ovozi ham ola g‘ovur ichida g‘oyib bo‘ldi.
Avji yoz pallasi. Sexdagi yorqin quyosh nurlari temirchilik o‘choqlari og‘zidan lovillab chiqayotgan olovni qamrab olgan. Shanba kuni ish kunduzi soat birda tugashi kerak. Shu sababdan bosh master tsex oynalarini, hatto shipdagi teshiklarni ham mahkam bekitishni buyurdi. Sex qorong‘ilikka cho‘mdi, lekin shu ondayoq temirchilik o‘choqlaridagi olovdan atrof yana yorishdi. Bir ozdan so‘ng chiroq yoqishdi, o‘choqlar haybati susaydi. Sex chidab bo‘lmaydigan darajada isib ketdi. Farhod ota so‘kinib, ko‘ylagini yechib tashladi, shimining pochalarini shimarib oldi. Terlab ketgan badani qichishar edi. Bolalar ham ko‘ylaklarini yechishdi; oyoqlari to‘piqlarigacha ko‘mirdan qoraygan edi. Ular presslarga tunuka keltirib, tayyor bo‘lgan soldat qozonchilarini omborga tashir, o‘choqlarga ko‘mir yetkazib berardilar. Bulardan atigi ikkitasi shim kiygan, qolganlari ishtonchang edi.
Same devorda osig‘lik turgan soatga qaradi: endi birdan chorak o‘tibdi. Ish qachon tugashini o‘yladi. Qolgan vaqt hech tugamaydigandek bo‘lib ko‘rindi. yo‘nish stanoklaridan yumaloq qirindilar otilib chiqardi. Same tushdan keyin ish tugagach, uyga qaytaman-ku, deb yeyishga hech narsa olmaganini esladi. Hozir uncha och emasku-ya, lekin kechasi qorni ochishi mumkin. Shuni o‘ylab, pul avans olmoqchi bo‘ldi. Ammo shu zahotiyoq bu fikridan qaytdi. Onasi: «Ehtiyot bo‘l, Same bolam, zinhor qarz olma… Uy uchun oy boshida ijara haqi to‘lamasak, bizni haydashadi», deb uni ogohlantirgan edi… Stanokni bo‘shatdi — yana bitta qozoncha tayyor. So‘ngra stanokni bekorga yurgizib qo‘yib, tualet xonasiga ketdi. Suv jo‘mragi oldida odam ko‘p edi, navbat kutib turdi. Sexga nisbatan bu yer ancha salqin bo‘lgani uchun bolalar doim ko‘p bo‘lardi. Lekin masterlar tinch qo‘yarmidi?.. Dam-badam kelib, tekshirib ketishadi. Bolalar tiraqaylab qochadi, masterlar quvlaydi. Qo‘lga tushgan bola dastavval kaltak yeydi, keyin shtraf to‘laydi.
Same jo‘mrakdan pishqirib tushayotgan iliq suvda yuz-qo‘lini yuvdi, badanini ho‘llab ishqaladi, bir oz tetiklashganday bo‘ldi. Boshini yana ho‘llab olmoqchi bo‘lganda hushtak tovushi eshitildi… Bolalar qochishdi. Same sekingina temirchilik o‘choqlari orasiga bekindi. Bu yerning haroratidan ho‘l badani birpasda qup-quruq bo‘ldi. Stanok boshiga kelganida sochidan boshqa ho‘l yeri qolmagandi. Badani yana olovdek qizib ketdi.
Usta Jalol stanokma-stanok yurib, avans pul olishni istaganlarni yozib olayotgan edi. «Kerak emas», — dedi Same, navbat unga kelganida.
Kechasi soat ikkida bir soat tanaffus e’lon qilindi. Same ko‘mir omboriga tushdi. Ombor qorong‘i va zax, tagi esa muzdek sovuq edi. Same katta ko‘mir bo‘lagini olib, boshining tagiga qo‘ydi, charchagan gavdasini yerga berib, bir zumda uyquga ketdi… Hushtak tovushidan uyg‘ondi. Qo‘l fonari tutgan kontralyorlar uxlab yotgan bolalarni qidirib topib, ishga haydashayotgan edi. Same o‘rnidan turdi. A’zoyi badani zirqirab og‘rimoqda edi. Joyiga borib turdi.
Samening qarshisida, Farhod otadan sal nariroqda, temirchi Shuayp, shogirdi Donyol bilan lahcha cho‘g‘ bo‘lib ketgan temir bo‘lagini toblamoqda, ulkan hamda og‘ir bolg‘alar sandonga tushganda atrofga zarrin uchqunlar sachramoqda edi. Donyol Samega orqasini o‘girib turgandi. Uning silliq qilib taralgan sochlari eng oxirgi moda bo‘yicha tarashlangan. Samening ko‘zi usta Shuaypga tushdi. U elliklarga kirgan. Har bolg‘a tushirganida yo‘g‘on bo‘yin tomiri irg‘ib chiqar va terisini yirtib yuboradigandek tuyulardi.
Same Donyolning baquvvat qo‘llariga hasadlanib qaradi, o‘ziniki bilan solishtirib ko‘rdi. Samening qo‘llari chillak cho‘piday ingichka…
Chamasi bir soatdan keyin Same yana tualet xonasiga borib, yuz-qo‘lini yuvdi, badaniga suv yugurtirdi. Stanogiga qayta turib, tokarchilik asbob-uskunalari joylashgan shkaf oynasida o‘zini ko‘rdi: nihoyatda ozg‘in, yelkasi tor, o‘mrov suyaklari turtib chiqqan… Xijolat tortdi. Xayolida hamma unga qarab turgandek bo‘lib ko‘rindi, badtarroq o‘ng‘aysizlandi. Aslida esa hech gap yo‘q edi, har kim o‘z ishi bilan band. Faqatgina Farhod ota ko‘z qirini o‘qtin-o‘qtin Samega tashlab qo‘yardi. Same «Farhod ota mening ozg‘in badanimga qarayapti» deb o‘ylardi. O‘mrov suyaklarini kafti bilan bekitib stanok tomon yugurdi. Fikri-xayolida atrofdagilar uning ozg‘in badanini bir-biriga ko‘rsatib: «O‘lgiday ozg‘in-da shu bola!» deyayotgandek edi. Bu his borgan sari kuchaya bordi. Xuddi shu vaqt qo‘shni stanokda ishlayotgan Nuri degan bola:
— Ho‘, Same, o‘lgiday ozg‘insan-da! — dedi.
Same qaltirab ketdi.
— Ozg‘in bo‘lsam senga nima? O‘zing-chi, arvohsan-ku?
— Har holda men sendan etliroqman, — dedi Nuri kurka xo‘rozdek gerdayib.
Same miq etmadi; uning sha’ni yer bilan yakson qilingan edi.
Nuri tayyor bo‘lgan qozonchani stanokdan ola turib:
— Qani, kel, o‘lchashib ko‘ramiz! — dedi. Qo‘lini bukib, bilak mushagini Samega ko‘rsatdi. Nurining qo‘li Samenikidan yo‘g‘on edi. Yig‘lab yuborishdan qo‘rqqan Same bir og‘iz so‘z aytmadi: unga shunday alam qilgan ediki…
Egilib, oyoq ostida o‘ralashib yotgan shilta ko‘ylagini ko‘tardi, so‘ng ketdi, Nuri esa, Hodi degan bolaga Sameni ko‘rsatib, qulog‘iga nimadir pichirlayotgan edi. Samening qulog‘iga: «Xudo haqi, ayt-chi, skeletga o‘xshamaydimi?» degan tovush eshitildi. Same bu gal ham indamadi.
Usta Shuayp o‘choq tomon ketdi. Shogirdi Donyol bolg‘ani yerga qo‘yib, kaftlariga tuflamoqda edi. Farhod ota esa, tayyor detalni ko‘zdan kechira turib, kulimsirar va go‘yo birov bilan hazillashayotgandek boshini chayqab qo‘yardi, Same Nurini chalg‘itib, mazaxlaridan qutulish uchun goh temirchilarga, goh Farhod otaga qarardi… Bu ham bo‘lmagach, shipga qaradi. Maxovik qayishining bir cheti uzilib, shipdagi chirigan taxtalarga urilmoqda va chang ko‘tarmoqda edi. Same ko‘zi bilan buni Nuriga imo qildi. Nuri unga qarab:
— Qo‘y, bu bilan ishing bo‘lmasin. Menga quloq sol, — dedi.
Ulkan tsex Samening boshi uzra gir aylanayotgandek tuyuldi. Bo‘g‘iq havo yanada og‘irlashgan, kishi ko‘zini chuqurchasiga qarab itarayotgandek edi. Same boshqa tomonga o‘girildi. Ammo Nuri qo‘liga kanop oldi:
— Qani, qo‘lingni keltir! O‘g‘il bola bo‘lsang ke, o‘lchashib ko‘ramiz… Kimniki yo‘g‘on ekan…
Same ortiq chidab turolmadi, qayrildi va o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi.
— Men ozginman, skeletman…. Sen semizsan. Men itman, sen — xo‘jayinsan. Men yetimchaman, meni, hamma uradi, xafa qiladi… Agar ustaga aytib bermasam har nima bo‘lay…
Nuri bunday natijani kutmagan edi. Ayniqsa, Samening «ustaga aytib beraman» degan so‘zlaridan qo‘rqdi.
— Iya, Same, senga nima bo‘ldi, men hazillashgan edim-ku…
Same, hech to‘xtamay, ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Nuri uning yoniga keldi.
— Bo‘ldi endi, Same, jim bo‘l! Bu hazil-ku, axir!
Vaqt juda ham sekin o‘tayotgan edi. Tunning ikkinchi yarmi boshlanganda darmon qolmagandi. Yolg‘iz bolalar emas, hatto masterlar bilan yoshi katta ishchilar ham terga bogib, qattiq charchagan edilar.
Shipdan Samening bo‘yniga o‘rgumchak ini tushdi. Qashindi. Maza qilib shunday qashindiki… Bo‘yni qavarib ketdi. Ko‘ylagi tekkan sari qavargan joyi qizigan temir qo‘ygandek achishayotgan edi. Tupugini surdi, yerdan chang olib, shnlingan joyiga sepdi. Og‘riq ancha pasaydl. Xuddi shu payt orqada quloqni kar qilib yuborgudek chinqiriq eshitildi. Same ham chopib bordi. O‘n sakkizinchi stanokda ishlovchi Haydar degan bola yiqilib tushib, boshini yoribdi. Haydar tirqirab qon oqayotgan joyini qo‘li bilan berkitib, atrofiga to‘plangan ishchilarga: «Nega hammang to‘planding? Masterlar kelib qolsa, hammaga shtraf yozadi!» deb baqirayotgan edi. Lekin hech kim uning gapiga quloq solmasdi. Bir ozdan so‘ng bosh master keldi. Dastavval ishchilarga o‘dag‘ayladi:
— Tarqaling, itvachchalar! Sizlarga bahona bo‘lsa bas! Qani joy-joyingga bor!
Haydar yig‘lab yubordi. Bu yig‘i og‘rikdan emas — to‘g‘ri, og‘riq ham bor edi, — masterning kaltaklab, shtraf yozishidan qo‘rqqanidan edi.
Bosh master, qo‘lini beliga tirab, qo‘shni stanokda ishlayotgan Jaloliddin degan boladan so‘radi:
— Bu eshak qanday qilib boshini yorib oldi?
Jaloliddin duduq edi:
— U-u-uxlab krldi, yi-yi-qilib t-t-tushdi, b-boshi b-bilan…
Bosh master Haydarning yelkasidan turtdi.
— Eshak o‘g‘li, eshaklar! Ziyofatga keldik deb o‘ylaysizlarmi? Qani, qo‘lingni ol!
Yarani ko‘zdan kechirgach, Haydarni idoraga boshlab ketdi.
Bosh masterning xonasi tsexning bir chekkasiga joylashgan bo‘lib, keng oynalaridan tsex bemalol ko‘rnnib turardi. Shunda keng qanotli ventilyator salmoqlanib aylanayotgan edn… Bosh master dori shkafidan oksigen peroksidi, paxta, bint oldi. Yarani yuvib yod qo‘ydi, so‘ng bint bilan siqib bog‘ladi. Qo‘rqib ketgan Haydar g‘ing demadi. Ish joyiga qaytishida bosh masterning shtraf yozmaganiga sevindi.
Kechasi soat ikki yarimda Samening tik turishga ham holi qolmagan edi. Uyqusini qochirish uchun ikki-uch marta boshini stanokka urdi, ko‘zini, qovog‘ini kerdi, barmog‘ini tishladi. Lekin behuda edi. Sexning benzin va kerosin hidi aralash bo‘g‘iq havosidan boshi qattiq og‘riyotgan edi. Stanokka suyandi, endi mudrab ketayotganida cho‘chib tushdi, yonida pishillab aylanayotgan qayishga yiqila yozdi. «Bitta-yarimtasi ko‘rmadimi?» degan xavotirda u yoq-bu yoqqa qaradi.
Butun tsex — tokar va frezer stanoklari, temirchilik o‘choqlari presslardan tortib, to Farhod ota, usta Shuayp bilan shogirdi Donyolgacha, hatto elektr chiroqlari ham Samega o‘xshab charchagan edi. Masterlarning hushtak tovushlari ham eshitilmay qolgandi. Same yana stanokka suyandi, kayishning ustiga ag‘anab tushish mumkinligini o‘ylab, haddini rostladi, qip-qizil ko‘zlari bilan tsexga boshdan-oyoq qarab chiqdi. Same ko‘pchilik stanoklarning bekorga aylanib yotganini ko‘rdi. U ham stanogini bekorga yurgizib qo‘yib, tualet xonaga ketdi.
Bosh master Haydarning yarasini bog‘lab bo‘lgach, chiroqni o‘chirdi, derazani ochib yubordi. Uyqu bosayotgan edi. Uvishgan ko‘zlarini uqaladi, kerishib, esnab oldi. So‘ngra derazaga yaqinlashib, tirsagi bilan tokchaga suyandi.
Oydin kecha edi. Uzoqdan patefon tovushi keldi. Atrofdagi ishchi mahallalari qop-qorong‘i. Bosh master bunga e’tibor bermadi. Patefon tovushiga quloq solib, xayol surdi. Bir ozdan so‘ng chuqur nafas ola boshladi, keyin xurrak otishga tushdi. Tokchaga tayangan qo‘llari bo‘shashdi, tizzasi bukildi… Yiqilib tushib, boshi tokchaga yomon urildi. Darrov irg‘ib turib, eshik tomon yugurdi, kuchining boricha hushtak chaldi. Shu payt tokar stanoklari bilan presslarning ko‘pi bo‘shga aylanib yotganini ko‘rdi. Tutaqib, yana hushtak chalmoqchi bo‘ldi, lekin usta Jalolni eslab, remont ustaxonasi tomon ketdi. Bosh master ustaxona eshigini ochib, iskanjaga suyangan holda tikka turgancha uxlayotgan usga Jalolni ko‘rdi. G‘azabidan labi titrab, ko‘zi qisilgan bosh master ichkari kirdi. Zarda bilan usta Jalolni turtdi. Usta Jalol ko‘zini ochdi. Bosh master kekirdagini cho‘zib, baqirishga tushdi:
— Barakalla senga! Seni uxlagin deb ishchilarga boshliq qilib qo‘ygan ekanmiz-da! Sen shunday qilganingdan so‘ng ishchilar nimalarni qilmaydi! Tokar stanoklari, presslar o‘zidan-o‘zi aylanib yotibdi. Kilovattlar suvdek oqyapti… Ishchilar tum-taraqay bo‘lgan… Vijdonsiz dangasalar!
Ikkovi ham bir-biriga kin saqlab yurgandi. O‘zini ancha tutib olgan usta Jalol:
— Ko‘p bidirlayverma! — dedi, — Sen ikki tiyinlik ishchi bilan gaplashayotganing yo‘q, men…
— Kim bo‘lishingdan qat’i nazar, bu mansabga nomusli odam kerak.
Usta Jalol qizarib-bo‘zarib ketdi. Ko‘pdan beri yig‘ib yurgan alamlarini aytmoqchi edi.
— Og‘zingga qarab gapir! Bu mansabga nomusli odam kerakmi? Hali biz benomus bo‘ldikmi?
Nafrat bilan bir-biriga tikilishdi.
— Sizlar bu yerda bolalarni jabrlaysizlar, — davom etdi usta Jalol, — ish soati haqida qonun bo‘lishiga qaramay, bechoralarni o‘n sakkiz soatlab ishlatasiz.
— Bu sendan so‘ralmaydi. Sen o‘z vazifangga qara, boshqa narsaga tumshug‘ingni suqma!
— Yaxshi… Modomiki mendan so‘ralmas ekan, hali nima qilishimni bilaman… Ertaga tegishli joyga borib aytmasam, xudo ursin.
G‘azab ichida ikkovi ikki tomonga ketdi. Usta Jalol tsexga bordi. Haqiqatan ham ko‘pchilik press va stanoklar bekorga aylanib yotgan, temirchilik o‘chog‘i so‘na boshlagan edi. Usta Jalol o‘choqlar o‘rtasida uxlab yotgan ikki bolani tepib uyg‘otdi. Bolalar tura solib, qochishdi. Keyin tualet xonasiga o‘tdi. Birinchi kabina eshigini oyog‘i bilan itardi. Ichkaridan bolaning yo‘talgan tovushi eshitildi.
— Qani, chiq! Chiq! — so‘kinib baqirdi Jalol. Jo‘mrak boshida ham bir gala bola to‘plangandi. Usta Jalolni ko‘ra solib, ular ham qochishdi…
Usta Jalol ikkinchi, uchinchi kabinalarni ham tekshirib o‘tib, to‘rtinchisiga keldi. Buni ham tepib ochmoqchi bo‘ldi. Hech kim tovush bermadi. To‘xtadi. Eshikni yana tepdi — ovoz yo‘q. Teparoqdagi yumaloq teshikdan qaradi. Ichkari qop-qorong‘i. Sinchiklab qaragan edi, yerda qora bir narsa ko‘rdi. Bolaga o‘xshatdi. «O‘lib-netib qolgan bo‘lmasin tag‘in!» degan xayolda eshikni itardi. Eshik suqilib kirish mumkin bo‘ladigan darajada qiya ochildi; Jalol o‘zini ichkariga oldi. Qo‘l fonari bilan yoritdi… Yotgan haqiqatan ham bola ekan. Bola yuz-ko‘lini yerga berib uxlayotgan edi. Usta Jalol irganib, boshnni egdi. Bolaning yuzini o‘ziga qaratdi: bu o‘ninchi press ishchisi Same edi. Yelkasidan ushlab, turtdi. Bola silkinib tushdi. Yana turtdi, yana, yana… Usta Jalol turtgan sari bola to‘lg‘anar, ingrar, alahlar, lekin ko‘zini ochmas edi. Usta Jalol fonarni o‘chirib, orqa cho‘ntagiga soldi. Bolani toza joyidan ushlab turg‘izdi. O‘ziga kelgan Same usta Jalolni ko‘rib qo‘rqib ketdi, yig‘lashga tushdi.
— Xudo haqqi, master, ayb menda emas…
— O‘chir ovozingni, jim… qara, ust-boshing iflos bo‘libdi… Jim bo‘l deyapman senga!.. Birov so‘rasa, yiqilib tushdim, de… Bor stanogingga…
Same ko‘z yoshlarini artib, joyiga ketdi.
Yarim soat ichida usta Jalol fabrikaning yotib uxlashga yaraydigan teshik-kavaklarini aylanib chiqdi. Uxlab yotganlarni uyg‘otib, ishga haydadi, ammo hech kimga shtraf yozmadi.
Soat o‘n minut kam uch edi. Pressda ishlayotgak Nuri usta Jalolni chaqirdi:
— Stanogimga qarab ber, bir narsa bo‘lganga o‘xshaydi… Hech kesmayapti!
Bosh master kontora eshigi oldida qo‘l qovushtirib turgan edi.
Jalol Nurining stanogini to‘xtatdi. Stanokni, ko‘rib chiqquncha, Nuri tiraqaylab qochdi. Qo‘shni stanokdagi Same masterning tuzoqqa ilinganidan kulayotgan edi. Vaholanki usta Jalolni aldash oson emas edi. U, Nurining asl maqsadini sezgan edi, lekin o‘ziga «Qo‘y, mayli… Sho‘ring qurg‘urlar bir chimdim uxlab olishsin… O‘lgani kelishmagan-ku axir» deb qo‘ygan edi.
Saharga yaqin tsexdagi bo‘g‘iq va dim havo yanada og‘irlashdi. Ishchilar zaytun yog‘iga botirib olinganga o‘xshardi. Frezer stanoklarining osti qirindilarga to‘la edi.
Fabrika xo‘jayini barvaqt keldi. U past bo‘yli, lekin bichimi g‘oyat chiroyli kishi edi. Kabinetga kirgach, dastavval bosh master bilan uzoq gaplashdi, so‘ngra usta Jalolni chaqirtirdi. Xo‘jayin bosh masterning shikoyatidan og‘iz ochmadi. Lekin usta Jalol chiqayotganda unga ko‘k konvert uzatdi.
— Kechasi bilan uxlamay chiqdingiz. — Usta xursand bo‘lib konvertni oldi.
— Bosh master bilan yarashing, xo‘pmi? — dedi xo‘jayin.
Konvert ichida yigirma besh lira bor edi.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi