Tog‘ boshidagi baland cho‘qqida bir juft burgut ko‘p yillar mobaynida tinch-totuv, baxtli va to‘q yashadi. Ona burgut necha marta tuxum bosib, polapon ochdi, Ota burgut polaponga parvona bo‘lib, tarbiyalab mustaqil hayotga uchirma qildi. Ular oshyon qurishgan tog‘ tabiati juda chiroyli, fayzli va osoyishta edi. Odamlarning qadami yetmaydigan bu joylarga ovchilar ham yaqinlasha olmasdi. Noyob dorivor giyohlarga, yovvoyi mevali daraxtlaru butalarga boy bo‘lgani uchun bu yerni turli parrandayu darrandalar makon aylagan: tulki, quyon, shaqal, qirg‘ovul, bedanadan tortib, marol, bug‘u, tog‘ echkilarigacha izg‘ib yurishadi.
Eldirimday yillar o‘tdi. Ikki burgut ham qaridi. Ayniqsa, Ona burgut holdan toydi. Endi cho‘qqidan pastga tushib, mayda hayvon va qush ovlashga majoli yetmay qoldi. Ota burgutning bir o‘zi pastga o‘qdek sho‘ng‘ib, biror jonivorni ushlab cho‘qqidagi uyasiga olib borib qartaygan jufti bilan baham ko‘rib yurdi.
Vaqt-soati yetib, Ona burgut qazo qildi. Uzoq yillar birga yashagan juftidan ayrilib qolgan Ota burgutga bu dunyo tor ko‘rindi. Dod-faryod solib ohu nola chekdi. Uchi qarmoqdek qayrilib turgan o‘tkir minqorini, baquvvat changalini, xanjardek tirnoqlarini toshlarga urdi, qayradi, tirnadi, cho‘qidi. Otashin quyoshga, qahraton ayozga, metindek qotirib qo‘yuvchi muzga, bo‘ralab yoqqan qalin qorga, izg‘irin dovulga necha asrlab bardosh bergan toshlar Ota burgutning zarbalaridan ushalib sindi, o‘t chaqnadi, ¬yorildi, teshildi. Biroq uning yori tirilmadi.
Barcha qushlar, parrandayu darrandalar ta’zim qilib, ehtirom ko‘rsatishini sezib turgan bo‘lsa-da, olamdagi barcha jonzotlar osmon hukmdori Ota burgutning ko‘ziga qadrsiz ko‘rindi: uning uchun o‘z suyuklisi — Ona burgut bir dunyo, bir yon, tarozining ikkinchi pallasiga butun dunyoni qo‘ysang ham aslo bosa olmas edi.
Ota burgut o‘zining nihoyatda yakkalangan, yolg‘izlangan his etdi. Go‘yoki bu dunyoda oilasiz yashashdan ma’no qolmagandek edi. Ayriliq dardidan yurak-bag‘ri ezilgan, tilka-pora bo‘lgan Ota burgut noiloj Yaratganning amriga — peshonasiga yozilgan taqdirga ko‘nika boshladi. Biroq beshafqat vaqt Ota burgutning ham kuch-quvvatini, tanasidagi tinka-madorini so‘rib olayotgan edi…
Bir umr baland cho‘qqida yashab o‘rgangan, hamisha osmonda parvoz aylagan, hamma narsaga tepadan qaragan, tubanlik qoni-joniga yot bo‘lgan mard Ota burgut kuchdan qola boshladi. Endi u tog‘ cho‘qqisidagi uyasidan pastga tushsa, qaytib yuqoriga ko‘tarilishi qiyinlashdi. Keng qanotlari, yirik gavdasi o‘ziga og‘irlik qildi: osmonga zo‘rg‘a ko‘tarilar edi. Temirdek og‘ir parli qanotlarini silkitib qoqish, qo‘zg‘alish mushkullashdi. Hayvonlaru qushlar burgut cho‘qqisiga chiqa olmas, pastda yashar edilar. Ba’zida ko‘rsichqonmi, qo‘ng‘izu qurtlarmi uchrab qolar, biroq burgut ovlab kelgan hayvonning sarqitidan umidvor bo‘lib uyasining tevaragida o‘rmalab yurgan bunday hasharotlarni yeyishga tabiati tortmas, to‘g‘risi or qilar edi: bunday mayda-chuyda, sasib-aynib yotgan jirkanch maxluqlarni tanovul qilishni hukmdor xayoliga ham keltirolmas, ularni ko‘rgandayoq ko‘ngli aynib o‘qchir edi. Yo‘q, bundan ko‘ra o‘lgani yaxshi. Qornidan ko‘ra qadri ustun kelib, qaysarligi va ori qo‘zg‘alib ular bilan oziqlanmadi.
Ammo… lekin… biroq… bora-bora “tomoq — orsiz” degandek, ochlik sillasini quritib borar, bir ilojini topishi kerak… U ochlikka chiday olmay pastga tushdi. Pastga tushgani bilan avvalgidek epchil bo‘lmaganidan keyin bironta hayvon yo qushni ovlash oson emas. Ota burgut ko‘p halak bo‘ldi: uchib borib, pastga sho‘ng‘ib, panja uraman deguncha o‘ljasi hurkib qochib ketar edi. Ovorai sarson bo‘lib ucha-ucha bir tog‘ qo‘chqorining o‘ligini ko‘rdi. Badbo‘y anqiganidanoq bu o‘laksaning anchadan buyon hidlanib yotganini, go‘shti aynib-sasiganini sezdi. Shuning uchun qayrilmadi. Ota burgut kelayotganini ko‘rgan qarg‘a-quzg‘unlar jon saqlab qolish tashvishiga tushib, tum-taraqay qochgan edi, osmon hukmdori to‘xtamay o‘tib ketgach, o‘laksaga qayta yoprilishdi.
Ota burgut qirg‘ovul quvdi, biroq changalzor orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi: avvalgi holi bo‘lganida qirg‘ovul butazorga yetib ulgurmasdi.
Quyon quvdi, iniga kirib qutildi.
Qanotini keng yozib, emin-erkin uchib kelayotgan Ota burgutning nursizlanib, xiralashgan ko‘zi olisdagi bir alqorni ko‘rdi. Qanotidan tovush chiqarmay, parlarini shamolda pirillatmay uchishga harakat qilib, yaqinlashib boraverdi.
Alqorlar tabiatan nihoyatda hurkak, sezgir bo‘ladi. Ota burgut shunda ham ancha yaqinlishishga ulgurgan edi, to‘da qiya qoyalar oralab yugurdi. Ota burgut qulay paytni boy bermaslik zarurligini angladi: bor kuchi bilan uchdi. Keksaygan bo‘lsa ham tabiat burgut zotiga ato etgan chayir vujudida, qonida saqlanib qolgan kuch-quvvat qushlar ¬hukmdorini nishab qoyalar, chakalagu butalar sababli o‘qdek ucha olmayotgan alqorlarning tos tepasiga yetkazdi. Burgut changaliga tushmaslik uchun qochayotgan alqorlarning joni xalqumiga keldi. Ota burgut ovdan zavqlanib yoshlik xotiralari uyg‘ondi. His-tuyg‘ulari qo‘zg‘alib yuragini shashtu shiddat sururi chulg‘adi. U endi istagan alqorga changal sola olar edi. Avvallari Ona burgut bilan birga ko‘p bora bunday lazzatli ovlarning guvohi bo‘lgan. Zavqlangan. Qo‘rqib titrayotgan hayvonlardan birining ustiga zarb bilan urilganidan, boyaqish beli, umurtqasi sinib yiqilar, boshini burib, o‘z ajaliga ayanchli boqar, mehr-shafqat so‘ragan kabi ko‘zlarini iltijoli tikardi. Bu faqatgina bir o‘yini edi ovchi burgutning: hali o‘tkir panjalarini botirgani yo‘q. Beli mertilgan jonivorga qaramay, qayta uchishda davom etadi, boshqa o‘ljaga hamla qiladi: o‘sha paytlari tomog‘i ham, nazari ham hamisha to‘q uchardi, faqat burgutgina o‘z o‘ljalari ustida qo‘nib-uchib o‘ynaydi. O‘z qudratini namoyish etadi.
Biroq hozir uning ahvoli ham, sharoit ham boshqacha — ilgarigidek shod va baxtiyor emas, ko‘nglida g‘am, o‘z kuchini ko‘rsatib maqtanay desa, jufti ham yo‘q. Eng asosiysi, tomoq och, bu ham yetmagandek kuch-madori sob bo‘lmoqda edi. Ota burgut bu o‘zining so‘nggi ovi ekanini ich-ichidan sezdi. Shuning uchun alqorlarning eng yirigi, eng qoruvlisiga panja urgisi keldi.
Alqorlar to‘dasining oldida ko‘krak kergan, soqoli to‘shini to‘liq yopgan, baquvvat shoxlari buralib-buralib o‘sgan qo‘chqor olg‘a chopib borayotir. Biroq hammadan oldin yugurgani uni ajaldan qutqara olmasdi. Ota burgut yoshligidan o‘rgangan ovchilik mahoratini so‘nggi bora ishga soldi. Bor kuchi bilan qo‘chqorning ustiga urildi, o‘zining hozirgi kuchiga ishonmay, pand berib qo‘yamanmi, deganday, tusmollab temirdek qattiq va o‘tkir panjalarini o‘ljasiga botirdi. Toshni ham ushatib yuboradigan minqorini qo‘chqorning yelkasiga xanjardek urdi. Ota burgutning bunday ayovsiz zarbalaridan alqorning oyoqlari bukilib, munkib yiqildi, bo‘yin-umurtqasi sinib, dir-dir titradi, ko‘zlari olaydi, jon holatda achchiq va mungli ma’raganda tog‘u toshlar qayg‘uli aks-sado berdi.
Necha kunlab och yurgan Ota burgutning tumshug‘i issiq qonga belandi, mazali go‘sht isidan boshi aylandi, og‘zidan so‘lagi oqdi. Tirnoqlari, tumshuqlari bilan alqorning terisini shila boshladi. Bug‘i chiqib turgan yumshoqqina yurak-bag‘ir laxta-laxta bo‘lib burgutning tomog‘idan o‘tib ketdi. O‘tkir tumshuq bilan cho‘qib, lahm go‘shtlarni yulib olib, maza qilib yutaverdi, cho‘qiyverdi, yeyaverdi…
Bir mahal o‘zi to‘ysa ham, ko‘zi to‘ymay ochko‘zlik qilib ko‘p go‘sht yeb qo‘yganini sezdi. U uyoq-bu yoqqa qarab o‘ljasining ustidan tushdi, bir chekkaga o‘tib tumshug‘ini tozaladi, parlarini tarab, o‘ziga oro berdi.
Lapanglab yurib atrofga nazar soldi, o‘zi oshyon qurgan cho‘qqiga tikilib boqdi. Uyasiga uchib borish uchun qanotlarini qoqqan edi toshdek og‘irlashib qolgan zil-zambil tanasini ko‘tara olmadi. Bir oz pastlab uchdi-da, yana yerga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Ota burgut holsizlangan edi. Bo‘kib go‘shtga to‘yganidan qornidagi “yuk” yerga tortardi. Og‘ir qo‘zg‘alib yana uchdi. Bir tepalikning ustiga yetganda sillasi qurib yana qo‘ndi. Ucholmayotganidan qattiq o‘kindi. Achchiqlanib tumshug‘ini tepalikning toshiga urgan edi cho‘qqining qayroq toshidek chaqmoq yaltirashning o‘rniga (tosh ham shunday bo‘ladimi, degan fikr ko‘nglidan “yilt” etib o‘tdi) tuproqdek sachrab ketdi. Gavdasini ko‘tara olmagan qanotiga zarda qilib, parlarini cho‘qidi. Uchishga yordam bera olmagan panja, boldir, sonlarini cho‘qidi. O‘z-o‘zini yomon ko‘rib depsindi, urindi, surindi.
Ota burgutning bu harakatlariga atrofdagi kiyik, qulon, qashqir, tulki, shaqal, quyon, qirg‘ovul, italg‘u, tuyg‘un, hakka, qarg‘a, quzg‘un va sichqonlar lolu hayron bo‘lib qarashar, biroq “obbo” deb og‘izlarini ocholmas, hukmdorning holatidan ichdan quvonar, sirtdan uning hali ham haybatli turqi-tusidan, o‘tkir tirnoq, tumshuqlaridan qo‘rqishar edi.
Burgut o‘zidan pastlar bilan teng bo‘lganidan, ular oldida kulgu —masxaraga qolganidan nomus qildi. Biroq uning kuch-qudrati ado bo‘lgan, sharti ketib, parti qolgan. Shuning uchun u endi mana shu tepalikda o‘z o‘limini kutib yashashga mahkum bo‘lganini angladi. Kim bo‘lsa ham, qarigan qushning ozuqasi sassiq balchiqdagi chuvalchanglar, sassiq sichqonlar, qo‘ng‘iz, chigirtkalar ekani unga ayon edi…
Oy sayin, hafta, kun sayin, soat sayin o‘limi yaqinlashayotganini sezdi. Tinka-madori qolmadi, ko‘zlari qorong‘ilashdi, oyoqlari tanasini ko‘tara olmay bag‘rini yerga bosib yotadigan bo‘ldi. Tanasining ustiga o‘rmalab chiqa boshlagan qurt-qumursqalarni qanoti bilan qoqib tushirish ham amri mahol. Bularning bari jasur Ota burgutning or-nomusini qo‘zg‘ab, yuragini yondirardi. Uning darmoni qurib, eti suyagiga yopishib borayotganini sezgan qushlar ham yaqinlashib chug‘urlashar, chirqillashar, qag‘illashardi.
Bir go‘ngqarg‘a Ota burgutning anchadan buyon qimirlamay qolgani tufayli yoniga borib ko‘zini cho‘qib oldi. O‘shanda Ota burgut o‘zini qo‘riqlay olmaganidan, burgut nomini oqlayolmaganidan qattiq ranjidi. Achchig‘i chiqdi, g‘ashi keldi, qoni toshdi. Avvallari yoniga yaqinlashish tugul osmondan yerga tushgan soyasidan qo‘rqib, sichqonning ini ming tanga bo‘lib qoladigan go‘ngqarg‘aning bunday qilig‘i — zulmu ozori suyagidan o‘tib, qonini qaynatdi, yuragining yolini silkitdi. U bunday xoru zor bo‘lib o‘lishdan or qildi. Yana ko‘zini cho‘qish uchun yonida kuymalanayotgan go‘ngqarg‘aning boshidan tishlab olib, bor kuchini sarflab qo‘zg‘aldi, oyoqlarini yerga tirab o‘rnidan turdi, qiynalsa ham ota qonidagi — zotidagi — naslidagi burgutlargagina xos eng so‘nggi chorani qo‘lladi, tomirlaridagi, jigaridagi quvvatni yig‘ib, qanotlarini yengil qoqib, asta osmonga ko‘tarilib uchdi. Yuksak cho‘qqilar qadalib turgan osmonni ko‘zladi. Och bo‘lsa ham sassiq go‘ngqarg‘ani yemay, boshini tumshug‘i bilan cho‘qib-cho‘qib o‘ldirib, tilka-pora qilib yerga tashlab yubordi.
U qanotlarini bor kuch-g‘ayrati bilan silkib-silkib bulutlar osha ko‘tarilaverdi. Barcha qushlar, hayvonlar, parrandayu darrandalar, jonivorlar hayratga tushdi. Ota burgutdagidek jasorat, g‘ayrat, or-nomus, yurak o‘zlarida topilmasligini tushunib turar, shuning uchun ularning har biri qushlar hukmdoridek bo‘lishga havas bilan bir nuqtadek bo‘lib ko‘rinmay ketguncha qarab qolishdi. Qushlaru hayvonlarning har biri Ota burgutning o‘rnida o‘zlarini ko‘rgisi kelib ko‘zi qiyib, shirin jonlaridan voz kechishga tayyor edi. Lekin mardona o‘lim burgutlargagina xos, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Tabiat qonuni shunday. Bunday yuksaklikka uchish, baland cho‘qqilarda yashash va jon chiqqandan keyin ham jasad buzilmasdan, sasimasdan, itu qumursqaga yem bo‘lmasdan mangu muzliklardan orom topishi — bunday o‘lim faqat burgutlargagina xos ekanini barcha jonivorlar his etishar, ularning yuragini hasad va qizg‘anish olovi o‘rtar edi.
Ota burgut dengiz sathidan juda ham baland va olis cho‘qqi boshidagi uyasiga, o‘zining aziz va qadrdon go‘shasiga quladi. Endi bu yerga uchib kelib uning ko‘zini cho‘qishga, jasadini xo‘rlab, etini yeyishga hech bir qushning, hech bir hayvonning yuragi dov bermasligini sezib ko‘ngli to‘q bo‘ldi. Ikkinchidan izida o‘ziga o‘xshagan haybatli va keng o‘mrovli burgut qolmaganidan, boshqa bir dovyurak qush zoti o‘rnini bosolmasligi xavotiridan ko‘nglida armon bo‘y ko‘rsatganday bo‘ldi. Buning oqibati dunyoning chalkashib ketishiga olib kelmasmikin, degan o‘yda Ota burgut shirin va mangu uyqu quchog‘iga cho‘mib borardi.
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 9-sonidan olindi.