Oleg Jdan. Sayohat (hikoya)

Anna Vasilevna har yili sentyabr oyining ikkinchi yarmida kenja singlisi Mariyani davolanish uchun Pyatigorsk shahriga, uchinchi singlisi Martanikiga yo‘llar edi. Har uchchovi ham shunday yoshda ediki, kasalliklar doirasi toraysa-da, ammo oyoq qurg‘ur ko‘p pand berar: masalan, avtobusga tizzalab chiqib, undan orqa bilan tushilardi – bunday yoshlik paytava-yu, boshmoqni yodga solar; ammo Anna Vasilevna davolanishni istamas-ishonmasdi, Mariya esa ishonar, chunki kunlardan bir kuni u xosiyatli tush ko‘rgan.
Tushlar to‘g‘ri kelmasligini Anna Vasileva unga uqtirgan, ammo qanday to‘g‘ri kelmasligi mumkin, qachonki, bir kuni havoda uchib borayotgani tushiga kirdi va oradan bir oy o‘tib oyoqlari shunday og‘riy boshladiki, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqdi; bolaligida ko‘rgan tushichi, ota-onasi unga qarab go‘yo og‘izlarini ochishib, lab-lunjlarini qimirlatishadi-yu, biroq so‘z deyishmaydi va oradan bir oy o‘tib u, Mariya tif bilan kasallanadi, keyin esa kar bo‘lib qoldi.
Shu gaplardan so‘ng Anna Vasilevna ham o‘zinikini ma’qullab o‘tirmadi.
Tushida doim uchib yuradi. Biroq endi bu tushlar yaxshilikka ekanini Mariya biladi.
Odatda yo‘l-yo‘lakay hamrohlar uchrardi. Biroq bu safar ular yo‘q. Mana shu narsa ahvolni mushkillashtirdi. Chunki Pyatigorsk shahrigacha avtobus va poyezdni hisoblaganda uch joyda chiqib-tushadi. Eng to‘g‘ri yo‘l safarni qoldirish edi, ammo bu sayohatni Mariya juda intiq bo‘lib kutayotgani sezilar edi. U haqda tinimsiz gapirar, jo‘nash kuni yaqinlashgan sari kayfiyati ham yaxshilana bordi. Endi uni qoldirib bo‘lmasdi. Anna Vasilevna singlisini jo‘natishga qaror qildi.
Umuman olganda Mariya o‘zining notanti qismatiga qaramay, xush­chaqchaq ayol (“meni hamma yaxshi ko‘radi, chunki men yosh va quvnoqman”), ammo bir xafa bo‘lsa haftalab, balki undan ham ko‘proq yozilmas edi.
“Belыe Gorы” bekatigacha Anna Vasilevnaning o‘zi kuzatishga qaror qildi, Starogorodda ukasi Kostya, Kiyevda esa jiyani Tolya, Pyatigorskda singlisining o‘zi kutib oladi.
Reja murakkab edi. Shundan Anna Vasilevna ikkilanar, Mariyaning o‘zi esa bunday mustaqil safardan xursand va opasini tinchlantirishga urinardi.
Yo‘lga chiqiladigan kechasi Anna Vasilevna mijja qoqmadi. “Men nima qilyapman o‘zi? – o‘ylar edi u.– Xudo ko‘rsatmasin, biror falokat…O‘zimni hech qachon kechirmayman”.
Faqat qattiq uxlayotgan Mariyaning bir maromda, chuqur nafas olishigina aftidan, uni tinchlantirib turardi.
Anna Vasilevna cho‘chib tushdi, sezdiki, ko‘zi ilinibdi. Soatga qarab, jo‘nash vaqti kelganini payqadi. Mariyani yelkasidan turtdi, u ham tezda uyg‘ona qoldi va karavot chetiga surilib kela boshladi: uning oyoqlari bilan karavotdan shunchaki tushib bo‘lmas edi.
Avtobus jo‘nashiga hali ikki soat bor edi, ammo xona bo‘ylab hassalarini to‘qillatib yurishar ekan, nonushta qilishga ham vaqt qolmadi. Quruq issiq choyni ho‘plashdi-da, hassalarini burchakka tirab (ko‘chaga ular bilan chiqishga uyalishdi), keyin jo‘nashdi… “Qani, sud­raldik”, – dedi Anna Vasilevna, – og‘riq va ahvolning kulgiligidan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib.
Yosh erkak haydovchi ularga qiziqib qaradi:
– Qari ayolga ostona ham pechkaga chiqishday gap! – dedi.
Shahardan chiqaverish o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib, yo‘lovchilar tutqichga mahkam yopishganlaricha, navbat bilan bir-birlarining ustlariga engashib borishardi.
“Rostdan ham kulgili, – o‘yladi Anna Vasilevna. – Yumalashmoqda…”
Anna Vasilevna tez-tez o‘zining qariligini urishar, g‘amgin tortib – nima ham derdim, unda hech bir yaxshilik qolmabdi, deya alam bilan nolib qolardi.
Tonggi qatnov edi. Yo‘lovchilar mudray boshlashdi. Anna Vasilevna atrofga qarab, yana xavotir ola boshladi. Nimanidir hisobga olmaganday tuyuldi. Singlisiga qaradi – u ham mudgi bilan kurashar edi, go‘yo. “Havasimni keltiradi”, – o‘yladi u. Mariya deyarli har doim muloyim. Ammo bu safar adashish ham hech gap emas. Zotan, ahvol qanchalik xavotirli bo‘lsa, uning yuz ifodalari shunchalik qat’iy va harakatlari sekin edi. Go‘yo a’zolar o‘zining notavonligini anglab, shoshilishdan asrayotgandek.
“Belыe Gorы”gacha o‘ttiz besh chaqirim bo‘lib, Anna Vasilevna singlisi bilan yuz berishi mumkin barcha holatlarni yo‘l-yo‘lakay o‘ylab olaman, deb umid qilgan edi, ammo mayda-chuyda xayollar uning diqqatini bo‘ldi.
“Belыy Gorы”da esa boshqa mashinaga o‘tirish vaqti qisqa – bor-yo‘g‘i yigirma besh-o‘ttiz daqiqa bo‘lib, chipta sotib olish va haydovchilar bilan Starogorodga borgach, Mariyani Sovetskaya hamda Oktyabrskaya ko‘chalari kesishgan chorrahada tushirib qoldirishni kelishishga yetar edi, xolos. Ukasining uyi chorrahadan ikki qadam narida. Bu yerda Mariya bir necha marta bo‘lgan va topib borishini qat’iy turib ishontirdi. Aftidan, dabdurustdan borib, ukasini xursand qilmoqchi shekilli…
Vaqt yetdi. Qayta o‘ylashga fursat yo‘q. Anna Vasilevna singlisining ko‘zlariga so‘rov nazari boqdi:
– Qo‘rqyapsanmi?
– Yo‘q… – boshini saraklatdi Mariya.
Biroq Anna Vasilevna uning yuzida allaqanday tushunarsiz taraddud ifodasini ko‘rdi. Va o‘sha damda nima bo‘lmasin, telegramma jo‘natishga qaror qildi. “Hechqisi yo‘q, azizam”.
– Bora qol, joyingga o‘tir…
Shu payt ko‘ylaklarining yenglari bilaklarigacha shimarilgan, qo‘l va bo‘yinlari, hatto quyuq sochlarigacha oftobda kuygan yosh, baquvvat haydovchilar dispetcher xonasidan chiqib kelishdi. Negadir ulardan odam xurkir edi. Chapanicha quvnoqlik bilan kuzatuvchilarga qarasharkan, ular orqaga tisarilishdi.
– Yigitlar, marhamat qilib, eslab qolinglar…
– Qo‘rqma, onajon, bizga demoqdan Buenos-Ayres bo‘lmaydimi!
Anna Vasilevna xavotir bilan kuldi.
– Buenos-Ayres kerak emas, – dedi o‘zini tutib, – Sovetskaya bilan Oktyabrskaya burchagida…
– Kampirsho bizni jinni deb o‘ylayapti shekilli.
Eshikning qulfi qat’iy yopildi. Anna Vasilevna orqaga chekindi, nigohi bilan singlisini qidirar ekan, shu paytning o‘zida ma’yus tortib, yuragi sirqiradi: Mariya unga butun borlig‘i bilan tikilib turardi.
Mariyaning ahvoli yaxshi edi. Ha, avtobus o‘rnidan qo‘zg‘algan o‘sha paytda u xavotir emas, qo‘rquvni his etdi, buni opasi ham sezdi, biroq shahardan chiqishgach xotirjam tortdi.
Davolanishga borishni Mariya bundan o‘n yil oldin boshlagan edi. Oyoqlarining og‘riqlari yo‘q bo‘ldi, deb aytolmaydi, ammo bu sayohatlarning boshqa bir jihatlari ham yo‘q emasdi: u yerdan baxtiyorroq va yosharibroq qaytar, go‘yo unda yashashga ishtiyoqni yangilovchi qandaydir manba bordek.
Uyga qaytar ekan, davolanish yaxshi yordam berganiga opasini ishontirishga urinar, tez kunda duxovoy orkestr ostida raqsga tushish uchun shahar bog‘iga borishini aytardi. Faqat yana bir-ikki, boringki, uch marta davolansa kifoya.
Bunday borib-kelishlar ancha-muncha xarajat talab qilishini u yaxshi tushunar, shu bois ham yil bo‘yi hamma narsani qisib-qimtib ishlatar, zotan, uning o‘n olti rubllik nafaqasi bilan yo‘lning bir boshiga ham borolmas edi.
“Hammaning nafaqasini oshirishdi, – o‘yladi u avtobusda borayotib. – Martaning nafaqasi o‘ttiz yetti rubl edi, qirq besh bo‘ldi. Meni esa yoddan chiqarishdi. Ishlamagan emishman… Qanaqasiga? Soat oltida turib, kech yotgan bo‘lsam…”
U har safar Starogorod orqali yurardi. Ukasi ozroq bo‘lsa ham pul bersa qaytarmas edi. Bundan xabar topgan Anna Vasilevna uni urishar ekan, Mariya kulib: “Hechqisi yo‘q, – derdi. – U ko‘p oladi, men esa oz olaman. Buning ustiga men uning opasiman”.
Oradan yarim soat o‘tib, Mariya xotirjam tortdigina emas, atrofga xursand qaray boshladi. O‘zining Martanikida so‘nggi bor bo‘lgan kunlarini, burunboyning unga qilgan taklifini esladi.
Martaning eri o‘lganiga bir necha yil bo‘lgan. Keyingi paytlarda uning oldiga iste’fodagi bir polkovnik tez-tez kelib, o‘ziga turmushga chiqishini, qolgan umrlarini birga o‘tkazishni taklif qilar edi. “Mening yoshimda bunday narsalar haqida o‘ylash, albatta, nojoiz, – deb yozgan edi Marta,– biroq boshqa jihatdan qaraganda, ertaga nimadir bo‘lsa, og‘zimga kim suv tomizadi?..”
Anna Vasilevna singlisining ikkinchi marotaba turmush qilishiga qarshi emasdi, ammo Mariyaning so‘zlariga ko‘ra, polkovnik dasturxonga vinosiz o‘tirmaydi, oladigan nafaqasi esa yarim oyga yetmay tugaydi, shularni o‘ylab Anna Vasilevna qanday maslahat berishni bilmasdi.
Polkovnik ba’zan oshna-og‘aynilari, ko‘pincha bitta semiz gurji bilan tashrif buyurardi. U ham qari bo‘ydoq edi. Gurjining qiziq odatlari bo‘lardi: o‘ziga qaragan odamga ko‘z qisar, ko‘zlarini ola-kula qilib qo‘rqitardi.
– Menga turmushga chiq!
– Yo‘q! – qat’iy javob berardi Mariya.
– Nega?
– Sen burunboysan, buning ustiga qarisan!
Hammalari kulishardi.
Keyin ichishardi. Mariya odatga ko‘ra bunday mashg‘ulotni qoralasa-da, biroq bir-ikki qadahni sipqorib, xuddi ichib maza qilgandek, lablarini cho‘chchaytirib ham qo‘yardi.
Burunboy esa ichishdan oldin o‘rnidan turib aftini bujmaytirar, o‘zini xuddi vinodan jirkangandek harakatlar qilar, lekin qadahni bir ko‘tarishda sipqorib, ustikonning ostini o‘pib qo‘yardi.
– Ichkilikboz! – derdi Mariya uning qilig‘iga qarab.
– Yo‘q! – baqirar edi gurji. – O‘ta yaxshi odam!
Mariya avtobusdagi yo‘ldoshlarining unga hayron qarashlaridan qizarib, kulib borar ekan, oldinda turgan yo‘l va umuman hayotidagi qiyinchiliklarni unutib ana shular haqida o‘yladi.
“Mana men o‘laman, – dedi bir kuni Anna Vasilevna, – nima qilasan o‘shanda? Opangnikiga borasanmi, ukangnikiga yoki o‘g‘lim Vityanikigami?”.
Mariya bir daqiqagina o‘yladi va “Men ham o‘laman” deb javob berdi.
Avtobus tez edi. Mariya oldinga qarab borar, rostdan ham goh u shaharchani, goh bu posyolkani tanib qolardi. Qayrilishda chetan daraxtini ko‘rib, “oh”lab yubordi: bu o‘simlik o‘tgan yili ham shu yo‘lda uchragan, faqat unda yorqinroq edi, balki o‘sha kuni quyosh charaqlab turganidan yaraqlab ko‘ringan bo‘lsa, ajabmas. Anavi tuman ko‘pirib yotgan o‘tloq yoki hu, naridagi anhormi, ko‘lmi, bularning barchasini ilgari ko‘rmagan bo‘lsa-da, ammo aynan ana shu narsalar unda bir qur xotiralarni uyg‘otdi. Bularning hammasi uni o‘yga toldirar, afsuski, shu lahzalarda o‘zi yolg‘iz o‘y surgan paytlardagidek, qo‘llarini yozolmaydi.
Shunday bir paytlar bo‘ldiki, Anna Vasilevnani Pyatigorskka ko‘chib ketishga astoydil ko‘ndira boshladi. “Iliq. Qishda ham, yozda ham davolanamiz”. Ha, Anna Vasilevna esini tanibdiki, qishda paqir yoki boshqa jihozdagi muzni sindirib, keyin suv olishgan, bet-qo‘llarini yuvishgan. “Uyni nima qilasan?” – so‘radi opa. “Sotamiz”. – “Bog‘ni-chi?” – “Bir yilda yigirmata olma kerakmikan…” – “Qabristonni-chi? Qabrlarga kim qaraydi?” – “Shundoq ham biz u joyga qatnamayapmiz…” – derkan u tilini tishlab qoldi: bunday gapirish yaxshi emasligini tushundi. Qabristonda oilaning bir necha avlodi yotibdi.
Bundan tashqari, Pyatigorskda yashaydigan joyning o‘zi yo‘q. Marta bor-yo‘g‘i bitta xonaga ega. Oshxonadagi bitta plita ustida uchta oila kuymalanadi. To‘g‘ri, ittifoqliklari bor. Birlarida bo‘lmasa, ikkinchilari yordamga keladi: bunday aytganda, bir mayizni uchga bo‘lib yeyishadi.
“ Ma’qul emas!” – dedi Mariya.
“Lekin kommunizmga yaqinroq”, – javob berdi Marta.
Mariyaga “kommunizm”ni tushuntirish juda oson: bu tushuncha un­ga­ qizil rang orqali anglatiladi, qizil rangni ko‘rsatish uchun esa barmoqni labga tegizsang bo‘ldi… Ma’no ancha murakkab, ammo buni Mariya tez ilg‘ab oladi.
Qo‘shnilar bilan Mariya yaxshi tanish edi. Kelgan kuniyoq, eshikni dadil ochib, hamma bilan bir chekkadan hol-ahvol so‘rashar, sog‘-salomatlik haqidagi so‘zlarini u yuz va qo‘l harakatlari orqali kundalik jarayonlar hamda xodisalarga o‘xshatib anglatar edi. Shu bois uni tushunish oson kechardi. O‘rta yashar, to‘la, tilla gardishli ko‘zoynak taqqan chiroyli davolovchi shifokor ham uni tanir, kulib qarshi olar va yoniga borib o‘tirar edi. Barcha aytganlariga chin dildan ishongani va atrofidagilarni ham kundan-kun sog‘ayib borayotganiga ishontirishga uringani uchun ham shifokor Mariyaga xayrixoh edi.
– Mariya Vasilevna, ahvollar qanday?
Mariya lablarni o‘qishni bilmasdi, ammo ichki bir sezgi va fahm-farosati ila shifokorning muddaosini tushunardi. Savolga dadil va sog‘ayishiga ishonch bilan javob qaytarardi.
Bir so‘z bilan aytganda, uning tanish-bilishlari anchagina edi. Shu bois ham podadan oldin chang chiqarib, xavotir olishga hojat yo‘q. Haydovchilar ham tez-tez orqalariga o‘girilib, qarab-qarab qo‘yishadi, demak, Starogorodga yetgach, uni Anna Vasilevna aytgan joyda tushirib qoldirishni unutishmagan. Mariya bo‘lajak uchrashuvni o‘ylab, yana kulib qo‘ydi. Opa-uka bir-birlarini yaxshi ko‘rishardi. Kam uchrashganlari tufayli, ukasi uning “tilini” unutgan bo‘lsa-da, nima demoqchi ekanini Mariya ko‘zlaridan tushunardi. Qolganlari uchun esa kissasida opasi yozib, 1 soni qo‘yilgan xati bor. Ikkinchi maktub Martaning nomiga, uchinchisi biror kor-hol yuz bersa u yoki bu odamga murojaat qilib yozilgan.
Mariyaning kelayotgani haqidagi telegrammani Yevgeniya Borisovna oldi. Mehmon tashrifi va yana telefon qilish uchun sabab tug‘ilganidan xursand bo‘ldi. Ayniqsa, kunning birinchi pallasida yolg‘izlikdan tars yorilay deydi.
– Kostyaginam, senmi? – dedi kuyoviga sim qoqib. – Eshitdingmi, yangilikni?
– Yo‘q, – javob berdi Kostya, odatiga ko‘ra qaynonasining yahudiy shevasiga taqlidan. – Bilmayman.
– Xushxabar! – dedi ovozini ko‘tarib Yevgeniya Borisovna. – Sen unchalik band emasmisan?
– Siz-chi? – so‘radi Kostya.
Bu qiliqni u Tonyaga uylangan davridayoq boshlagan edi. Boshida Yevgeniya Borisovna hafa bo‘lib yurdi, keyinchalik o‘rganib ketdi. Nima demayin, Kostya qizimni o‘ta yaxshi ko‘radi, deb o‘ylardi u.
– Mashenka kelyapti! Anyaginadan telegramma oldim.
Evgeniya Borisovna hamma narsani erkalab so‘zlardi: nekbin edi. Boshqalardan ham, o‘ziga bo‘lmasa-da, hech yo‘g‘i bolalariga o‘shanday yaxshilik qaytishini kutardi.
– Nahotki?.. Mana buni yangilik desa bo‘ladi! – xursand bo‘ldi Kostya. – Qachon?
– Bugun!.. Faqat, g‘alati… “Mariya Belыe Gorы – Minsk” avtobusida boryapti. Sovetskaya-Oktyabrskaya ko‘chasining burchagida kutib olinglar…” deb yozibdi.
– Buning nimasi g‘alati. Shundoq uyning yonida. Sizningcha, bu g‘alatimi?
– Shundayku-ya, lekin…
– Kelish vaqtini aniqlab, o‘n daqiqa oldinroq chiqish kerak.
– Lekin…
– Unda yarim soat oldin… Bo‘ldimi?
– Bo‘ldi… – xo‘rsindi Yevgeniya Borisovna.
Yo‘q, qiziga boshqa erni istamaydi, hech qachon.
Shunday bo‘lsa-da, bari bir ozgina ruhi tushdi. Xonada u yoq, bu yoqqa yurdi, o‘tirdi. Uning ham oyoqlari og‘rir va u ham davolanishni yoqtirmas edi. Ichidan yana bir xo‘rsiniq keldi, keyin telefon go‘shagini ko‘tardi.
– Tonyaginam, senmisan? – dedi. – Bu menman…
– Eshityapman. Nima deysiz?
Qizining ovozi anchayin quruq (u onasining ish paytida sim qoqishini yoqtirmasdi) esa-da, to‘satdan Yevgeniya Borisovnaga jon kirdi.
– Tonyaginam, bu yerga telegramma keldi…
– Anyadanmi? Xabarim bor.
– Qanaqadir g‘alati… tele…
– G‘alati-palati emas, oyi, vokzalga borishning hojati yo‘q.
Evgeniya Borisovna bu gapni eshitib, telefon ustida ancha turib qoldi.
“ Nima ham derdim, ular yosh va aqlli” – o‘yladi u.
Qachonlardir, yigirma besh yillar narida tevarak-dunyo unga juda qiziq tuyular edi. Bu urush tugagan yili yuz berdi: to‘satdan sezib qoldiki, u avvalgidan boshqacha ekan.
Bunday kashfiyotni birmuncha keyingi avlodlar ham o‘zlarida sezishdi. Shunday bo‘lishi ham kerak edi-da, axir o‘tgan yillar mobaynida xuddi ana shu umid bilan yashashmadimi, ammo uning qandayligini hech kim bilmasdi.
Mariya esa hammadan kam bilardi. Odamlarning yuz-ko‘zlaridan qandaydir o‘zgarishlar davri kelganini sezar, xavotirga tushar, o‘ylar va har bir odam o‘z-o‘zicha emasligini, balki bir butunning qismi ekanini tushunib qoldi. Shuning uchun ham o‘zining mavjudligini boshqa odamlarning mavjudligiga nisbatan aniqlab olishi muhimday ko‘rindi.
Buni boshqa odamlarning tasdiqi orqali tushunish osonroq tuyuldi. Shunda u ukasi bilan muloqotga kirdi.
– Men qanaqaman? – so‘radi u bir safar.
Uka savolni tushunmadi.
– Men yomonmanmi?
– E, yo‘q, – dedi Kostya. – Sen yaxshisan.
Boshqa safar esa muloqotni obdon o‘ylab oldi.
– Men qari va xunukmanmi? – dedi Mariya.
– Yo‘q, – e’tiroz bildirdi uka. – Sen yosh va chiroylisan. Men senga qarab o‘tirishni yaxshi ko‘raman.
– Odamlar-chi, ular qanaqa?
– Har xil. Ba’zilari chiroyli, boshqasi – yo‘q.
– Ular men haqimda ham gapirishadimi?
U odamlar xususida ko‘p o‘ylar edi. Ular ham men haqimda o‘yla­sharmikan? Tabiiy savol.
Uka nihoyat aytmoqchi bo‘lganlarini bitta so‘zga jamladi:
– Ular hammadan yaxshi ekaningni aytishadi.
Mariya xursand bo‘ldi. Ukasining shunday deyishini bilar edi. O‘sha kundan e’tiboran u o‘zini baxtli seza boshladi, zotan o‘zining o‘zgalar bilan teng, balki ayrim odamlarga nisbatan ustunroq ekaniga tasdiq oldi.
– Mana bu ko‘ylakni ag‘darib tiksa, xuddi yangiday bo‘ladi,– dedi bir kuni opasiga.
Anna Vasilevna unga qarab o‘yladi, o‘zi hali qirqqa ham kirmagan, singlisi esa undan o‘n yosh kichik.
– Yakshanba kuni bozorga borib, senga yangi ko‘ylak sotib olamiz.
Mariya o‘zining taqdiri oldindan ma’lum esa-da, baribir unga qiziq tuyular, odamning bitta kamchiligini boshqa fazilatlari yuvib ketadi, deb hisoblardi.
– Menga qancha ish ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi,– der edi.
Yana bir safar esa ukasiga shunday dedi:
– Nega uylanmayapsan?
– Hali yoshman.
– Yanada yaxshi. Bir-birlaringni sevib yashaysiz.
– O‘qish kerak.
– O‘qinglar!.. Bola tug‘ilsa, olib kelib berasizlar. Men qarayman.
Kostya yoshligiga borib, unutdi, ammo Mariya oradan bir necha kun o‘tgach bu haqda unga eslatdi.
– Yo‘q, olib kelma. Ta’tilda kelmasa agar, boshqa payt o‘zlaring bilan yashagani durust, men notavon gapirishni bilmasam, uni nimaga ham o‘rgatar edim?
Anna Vasilevna ba’zan singlisiga razm solar ekan: “Uni erga bersam, yaxshi bo‘larmidi”, deya o‘ylab qolardi. Ammo buning imkoni yo‘q edi, sababi shaharda ikki nafargina gung-soqov bo‘lib, ular ham gapiradigan ayollarga uylanib ketishgan.
Anna Vasilevna ko‘pincha Mariyaning gung bo‘lib qolganiga sabab qilib o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat qilishmaganida, deb o‘ylaydi. Kasalligining dastlabki paytlarida mablag‘ bo‘lmadi, bo‘lganda nima, qayoqqa ham borishar edi. O‘z-o‘zidan yaxshi bo‘lib ketadi, degan umid ham yo‘q emasdi.
Bora-bora kasallikka ko‘nikib ham qolishdi, bu yoqda esa urush boshlanib ketdi.
Anna Vasileva baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. U singlisining kasalini bir varaqqa batafsil yozdi-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi manziliga buyurtma xat qilib bir ahvolda jo‘natdi. Ana shu daqiqadan umid o‘sa boshladi. U shu darajada kuchaydiki, soat sayin hayajonga soldi va “Sizning xatingiz ilmiy-tekshirish institutiga jo‘natildi…” degan mazmunda javob olingan kuni esa hech bir asossiz o‘sha umid so‘na boshladi. Kasallik o‘tib ketgani bois jarrohlik yo‘li bilan davolashning iloji yo‘qligi, boshqa usullarga institut hozircha ega emasligi xususida xabar kelganda umid bira to‘la so‘nib bo‘lgandi. “Xayriyat ham uning o‘ziga aytmagandim”, deb o‘yladi Anna Vasilevna yoqimsiz ko‘k konvert­ni g‘ijimlar ekan.
Albatta, Mariya qulog‘i sog‘ kishilarga havas qilardi, ammo ulardan ko‘ra ham barmoq tilida so‘zlasha oladigan kar-soqovlarni ko‘rganda yuragi qinidan chiqib ketardi, go‘yo… Shaharda o‘shanday maktab bo‘lib, uning yonidan o‘tarkan, Mariya, ularning his-hayajonga to‘la imo-ishoralar bilan so‘zlashayotganlarini ko‘rib junbushga kelardi.
Bu maktabda o‘qish unga nasib etmadi: yoshligida bunga imkon bo‘lmadi, urushdan so‘ng esa qari, deb olishmadi.
Singlisining kelajagiga javobgarlik hissi Anna Vasilevnaga tinch­lik bermasdi – bir payt uyga o‘qituvchi taklif qildi. Bu gapdan Mariya o‘ta quvondi.
O‘qituvchi keladigan kun u yangi paypog‘i va ko‘ylagini kiyib, qandoq bo‘ldi, degan ma’noda oyna oldida ancha turdi, keyin allaqanday bir hadik bilan opasiga qaradi.
– Yaxshi, – kulib qo‘ydi Anna Vasilevna. Uning o‘zi ham bugunga umid bog‘lab, Mariyadan kam hayajonlanmayotgan edi.
Mariya zo‘riqishdan inqillab-sinqillab bo‘lsa-da, qog‘oz ustida qalam yurgizishni, qayta uyg‘ongan ovoz tolalaridan binoyidek odam tovushini ham chiqara boshladi. O‘qituvchini intiq bo‘lib kutar, yangi so‘zlar o‘rganayotganini tinimsiz namoyish etar, vazifalarni sidqidildan bajarar edi. Biroq oradan bir oy o‘tib xomush tortib qoldi. Keyingi safar Anna Vasilevna oldiga qalam bilan qog‘ozni qo‘ydi.
– Endi boshqa o‘qimayman, – dedi u chetga qarab. – Bundan bir ish chiqmaydi, shekilli. Boshdan boshlash uchun qari ekanimni tushundim.
O‘sha mahalda u o‘ttiz yosh atrofida edi.
Bu payt avtobus Starogorodga yaqin qolgandi.
Yolg‘iz paytlari nima haqdadir fikr yuritganda, Mariya, yuz-ko‘z va qo‘l harakatlari bilan o‘ziga o‘zi yordam berishga odatlangan edi. Biroq odamlar oldida imo-ishora qilaverish noqulay. Shu bois u bunday harakatlardan o‘zini tiyib o‘tirardi. Ammo ba’zan chuqur o‘yga botar ekan, sherigiga tikilib qarab turganini to‘satdan sezib qolardi.
Albatta, bu yomon odat. Ammo u arzimas bir narsa haqida o‘ylab olish uchun ham ko‘p vaqt sarflaydi. Qandaydir chalg‘ituvchi olov mudrab borayotgan miyaga kirib oladi-yu, hatto uxlashga qo‘ymaydi. Va mana shunday paytlarda o‘sha nimanidir o‘ylab olish uchun nafaqat qo‘l, balki butun tanasining harakati yordamga keladi.
– Nima bo‘lgan unga? – so‘radi sherigidan orqani ko‘radigan oynadan Mariyaga ishora qilib.
– Kim bilsin… – ikkinchisi ham qaradi. – Ularning barchasi shunaqa…
Avtobus esa chorrahalarda o‘kirib, xuddi fil xartumiday kapotini silkitib shahar ko‘chalaridan ohista o‘tib boradi.
– Boyagi kampir anavini qayerda tushirib qoldirishni so‘ragan edi?–to‘satdan bezovtalanib so‘radi birinchi haydovchi.
– Oktyabrskiy va Sovetskiyning burchagida.
– Yoki Sotsialisticheskiy va Oktyabrskiydami?..
Ikkinchisi ham o‘ylanib qoldi.
– Har holda Sovetskiy bo‘lsa kerak, – dedi u.
– Bu soqov sayyohlar, – jahli qo‘zidi birinchining. – O‘tqazib qo‘yishadi-da, keyin olib yurasan…
– Biridan ikkinchisigacha yuz qadam. Piyoda o‘tib ketadi.
– Ana shu mulohaza ikkalalariga ham ma’qul keldi.

Mariya shaharni uzoqdanoq tanidi va ko‘chalardan o‘tib borar ekan, anchayin hayajonlandi. Qadrdonlari bilan uchrashuvni, ayniqsa, Yevgeniya Borisovnaning gaplarini tushuntirolmay ikkala qo‘lini yonlariga urib, xijolatli tabassum qilishini tasavvur etdi. Keyin esa Tonya ishdan, o‘g‘li Tolka maktabdan qaytadi, nihoyat ukasining o‘zi ham xizmatdan keladi.
– Hoy-hoy!..Eshityapsanmi? Mana sening ko‘chang…
Hushiga kelganda avtobus to‘xtagan, uning eshigi ochiq, haydovchilar uning avtobusni bo‘shatishini kutishardi. Shoshib o‘rnidan turishga urindi. Biroq, to‘rt soat mobaynida bir joyda o‘tirib, uvishib qolgan oyoqlari unga bo‘ysunmasdi. O‘tirgichlar, ushlagichlar va to‘siqlarga osilgancha, bir amallab avtobusdan tushib borar, yo‘lovchilar esa o‘tirg‘ichlar osha bo‘yinlarini cho‘zib unga tikilib boqishardi.
Avtobusdan tushgan joyi Mariyaga notanish ko‘rindi. Hozir oldidan ukasi turadigan ko‘cha chiqishini xotiradan ko‘ra qalb ko‘zi bilan his qilgancha oldinga yura boshladi. Yuki og‘ir emasdi, oyoqlarining og‘rig‘i har doimgidek, chidasa bo‘ladi.
Pul solingan yon cho‘ntagini silab qo‘ydi: pul ham, xatlar ham joyi­daligidan ko‘ngli o‘rniga tushdi. Singlisi Marta Pyatigorskda hatto yuvinish xonasigacha kuzatib borishi shu payt xayolidan o‘tdi va o‘zining yolg‘iz sayohati haqida eshitgach, hayron bo‘lishlarini o‘ylab, huzurlanib kulib qo‘ydi. Mariyaning kulgisi kasal odamnikiga o‘xshamas, odatdagiday, hatto yoqimli bo‘lib, o‘tgan-ketganlar: bu odam nega ovoz chiqarib kul­yapti, deganday ajablanib qarashdi.
Biroq Mariya tez orada yurishdan to‘xtadi va xavotir bilan orqasiga o‘girildi: ko‘cha unga oldingidan ham notanish tuyuldi. Yo‘l cho‘zilib ketdi, tanish qayrilishdan esa darak yo‘q. U tashvishlanib, yana yuz-ikki yuz qadam yurib, taqqa to‘xtadi. O‘ylandi-o‘ylandi va qarshi ko‘cha bo‘ylab ketdi. Nomiga bitta bo‘lsa ham tanish binoni topishi muhim edi.
Uch soatga yaqin vaqt o‘tdi. Kostya bila Tonya shahar bo‘ylab zir yugurishmoqda: Sovetskiy va Oktyabrskiy chorrahasidan avtobus vokzaliga, undan chiqib uyga chopishadi. Uydan esa yana chorrahaga… Mariyadan darak yo‘q. Tashqariga qorong‘u tusha boshladi.
Ikki soat chamasi ilgari ular Mariya kelishi kutilayotgan avtobusni ko‘rib orqasidan chopishdi, ammo mashina tezligini oshirib, vokzal tomonga qayrilib ketdi. Kostya bilan Tonya vokzalga yetib kelishganda avtobus allaqachon jo‘nab ketgan edi. Kar-soqov ayolni esa hech kim ko‘rmagan.
Balki biror sabab bilan Mariya avtobusdan oldinroq tushib, o‘zi bormoqchi bo‘lgandir, degan o‘y bilan uylariga chopishdi. Uyda esa quvonchli uchrashuvga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rib o‘tirgan Yevgeniya Borisovna ahvolni eshitib, ohlab yubordi va tasodifan ortida turgan kursiga o‘tirib qoldi.
– Voy-ey! – O‘zini u yoqdan, bu yoqqa tashlab yig‘i boshladi.– Telegrammani ko‘rganimdayoq behudaga qo‘rqmagandim! Voy, xudoyim-ey! Biror kor-hol bo‘lishini sezgandim!
– Oyi!
– Voy, endi nima qilami-iz! Yuragim bekorga og‘rimagan ekan!..
Tonya eriga qaradi. Uning bu nigohida ham “Endi nima qilamiz?”, degan savol mujassam edi. Kostya odamlar bilan muloqotga kirishish imkoniyatidan mahrum opasining yot ko‘chalar bo‘ylab yoki bundan ham dahshatlisi butunlay boshqa shaharda adashib yurganini tasavvur qilar ekan, yuragi achishib, xotiniga mo‘ltirab qaradi…
Mariya adashib qolganini tez orada tushundi. Qaysi tomonga yurmasin, peshonasi notanish uylarning devoriga borib taqalar, ularning derazalari odam bo‘yidan baland bo‘lib, ko‘chalari esa go‘yo cheksiz kengliklar osha butunlay begona joylarga yetaklaydi.
Dastlab bu hodisa unga quvnoq, hatto kulgili tuyuldi. U haqda qanday so‘zlab berishni ham o‘ylab qo‘ydi. Ammo tevarak-atrofga kech kira boshlagach, Mariya xavotirga tushdi.
Yaxshilab o‘ylab olishi zarur, axir. Bir nusxadagi uylar oralab borib-kelayotganini u allaqachon tushundi. Shundan so‘ng Mariya to‘g‘riga, toki katta ko‘chaga chiqmagunga qadar yurishga qaror qildi. Mabodo vaziyat shunda ham aniq bo‘lmasa…
Bundan tashqari uni oyog‘i tashvishga solar edi. Og‘riyotganidan emas, ko‘p yurib qo‘yganidan. Oyoq qurg‘ur yuradi-yuradi-da, birdan yurmay qo‘yadi, shunaqa odati bor. Ana undan so‘ng yumalab ketmaysanmi, bari bir sayohat tugaydi…
Ko‘cha bo‘yidagi kichkina xiyobonda temir eshak uchradi va Mariya unga o‘tirib o‘n besh-yigirma daqiqa nafas rostladi. Keyin turdi. Yaxshi, oyog‘i yurib ketdi.
Olis yoshlik paytida o‘rmonda adashib qolganini esladi. O‘shanda orqa-oldiga yugurdi, “au” deb qichqirdi. Qayerdandir aks-sado eshitildi. Bugunga kelib esa odamning ovozi qandayligini ham unutgan. Faqat bir ajibligini biladi.
Ba’zan radiopriyomnik oldiga kelib, ustiga qo‘lini qo‘yadi.
“ Musiqami?” – so‘raydi.
“ Ha”.
“ Yaxshimi?”
“ Yaxshi”.
“Bolaligimda surnay va garmoshkani eshitganman. O‘shanga o‘xshay­dimi?”
“Ha…”
Aslida, radio-priyomnikka teginar ekan, uni musiqa emas, ovozlar junbushga solardi. Nazarida nima haqda so‘z borayotganini tushunayotgandek bo‘lardi.
Bir safar esa qulog‘i ostida xuddi birov ovoz bergandek, uyg‘onib ketdi. Baqirib yubordi. Ko‘rpadan dast turib, opasining oldiga yugurdi. So‘ng bu bor-yo‘g‘i vasvasa ekaniga iqror bo‘larkan, ajabki, ko‘ngli tinchlandi. Hatto qayta uxlab ham qoldi. Balki bu uning ellikka kirib, qarib qolganidandir. Balki tushdir.
Mariya o‘z o‘ylari qa’riga cho‘mib ketgandanmi yoki yo‘lida keng ko‘cha uchramaganidanmi shahar chetiga kelib qolganini sezmadi: qarshisida ovloq yer, hu narida esa o‘rmon ko‘zga tashlandi. Bularni ko‘rib Mariya qo‘rqib ketdi va tezda orqasiga qaytdi. Endi birgina ish – odamlardan so‘rash qoldi. Shularni o‘ylab u yon cho‘ntagidagi 3 raqamli xatni qo‘liga ushlab, yuragi dukullagan bir holda qarshisidan kelayotgan ayol tomon qadam tashladi.
“Men kar-soqovman!”
U qo‘li bilan og‘zi va qulog‘ini ko‘rsatdi.
“O‘qib ko‘ring!”
Xatni qo‘lida silkitdi.
Ayol uni tushundi. Xatni olib to‘xtadi.
– Menga nimani sunyapsan? – dedi achingan, ammo ayni paytda, bolalar va nogironlarga aytiladigan almisoqdan qolgan jazogir ohangda.–Ko‘zoynaksiz biron narsani ko‘radi, deb o‘ylaysanmi?
To‘ladan kelgan bu ayolning nafasi qisardi: ular taxminan tengdosh bo‘lib, Mariya unga ming umid bilan qarab turardi.
– Nega tikilib qolding, ko‘zoynagim yo‘q, ko‘zoynak!
Ayol barmoqlaridan halqa yasab, ko‘ziga olib bordi. Mariya tushundi. U eshitib, gapira oladigan olamga qaram edi, shu bois ularni shipshigidan tushunishga o‘rgangan. Biroq ular Mariyani yaxshi anglashmas, demak, har doim hushyor bo‘lish kerak. Shunday vaziyatlarda u qulog‘i ding odamga aylanar, tushuntirishning eng qisqa usullarini topa bilardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi
– Jjjjj! – dedi u qo‘li bilan g‘ildirakni o‘xshatib silkitar ekan.
– Vokzalgami? Poyezdmi? – ayol uning harakatlarini takrorladi.
– Ha! Ha! – xursand ma’qulladi Mariya.
– Boshimga balo ortiribman-ku! U tomonlarga borishga ko‘zim uchib turibdimi?.. Nega ham seni uchratdim-a? Boshqa yo‘ldan ketay dedim-a…
Shu tariqa kampirlar biri ikkinchisiga tirkalib (faqat kim kimga tirkalganini ajratish qiyin edi), qo‘ltiqlashgancha yurib ketishdi.
Anna Vasilevna buni ko‘rganda “Sudraldik” degan bo‘lardi.
– Singiljon! Marusenka! – qichqirdi ayollarga qarab bir erkak va ularning yoniga borliqni go‘yo seldek yorib yetib keldi.
Evgeniya Borisovna har qanday iztirobni og‘ir yengardi. Miya uzoq vaqtgacha tashvishli xabar yuborar, zaharlangan qon qari tomirlarda adashar va ko‘z oldida bir-biridan dahshatli manzaralar paydo qilar edi. Biroq – xudoga shukur! – ziyon-zahmat yetmadi! – degan o‘ylar uni tez orada o‘ziga qaytarardi.
Albatta, bunday katta-kichik asabbuzarliklar uning goho kulishi, gohida esa yig‘lashi, ba’zan eshik oldiga qo‘yilgan odam boshli haykalday qotib turishiga, ba’zan “Sut!” degancha oshxonaga chopishiga xalaqit etmasdi.
Uning dunyo hodisalariga munosabati hamma narsadan ulug‘i va muhimi sog‘lik bilan oilaning baxt-iqboli, degan biri ikkinchisiga ulanib ketadigan ma’lum halqaga o‘xshab ketadi. Hayajoni turli suratlarda, ko‘proq holatining birdan o‘zgarishida namoyon bo‘ladi: goh qo‘llarini partug‘i ostiga yashirgancha tek turib qolar, xuddi ibodat qilayotgandek tebranar, gohida esa hovliqib, to‘lib-toshar edi. Ana shunday paytlarda bir qadriyat ikkinchisi bilan aralashib ketar, shaxsiy hayoti va mamotini esa deyarli unutardi.
Evgeniya Borisovna eshik oldida Mariya, Kostya va Tonyani ko‘rib yig‘lab yubordi. Oshxonaga kirib tuxum oqini aralashtirarkan, hech bir yomonlik yuz bermaganidan, barchalari birga uyda ekanliklaridan, o‘zini baxtiyor his qildi. Ana, shunday eshikni ochsa bo‘ldi, hammasiga ko‘zi tushadi.
Ba’zan unga dunyo falokat bo‘sag‘asida turgandek, biron chorasini ko‘rmasa bo‘lmaydigandek tuyuladi. “Hamma narsa o‘z-o‘zidan yuz beradi, deb o‘ylaysiz-da?”, deydi o‘zi bilan o‘zi gaplasharkan, “Yo‘q, adashasiz!” Falokat xuddi yirtqichga o‘xshab, kutilmaganda hamla qilishiga, uni oldinroq sezsang, aylanib o‘tishiga astoydil ishonardi.
– Oyi! – deb e’tiroz bildirsa-da, ammo anchadan buyon, xususan, o‘zi o‘g‘illik bo‘lgandan boshlab qizi ham onasining o‘zgachaligini ich-ichidan tushunib yetganday edi.
Bir safar onasining holsizlanib o‘tirib qolganini ko‘rib, yuragi qalqdi, birdan umrning bebaqoligi haqida o‘ylab qoldi. Qizda onaga nisbatan ana shu zahotdan boshqacha bir muhabbat, balki bir qo‘rquv una boshladi.
Kechki ovqatga oshxonaga to‘planishdi; Mariya yangi sharoitga tez moslashardi: idishdan hovuri chiqib turgan shini kosalarga quyib, non kesa boshladi.
– Menikida turasanmi? – so‘radi Kostya.
– Yo‘q. Opalarim kutishyapti.
U suhbatlashishni yoqtirar, ammo holi-hayoti asosan yolg‘izlikda kechgani uchun jim yurishga ham ko‘nikkan edi.
– Sho‘ring qurg‘ur, sho‘ring qurg‘ur ayolgina… – Yevgeniya Borisovna endi boshlagandi, qizi uni to‘xtatdi:
– Oyyi!.. Yevgeniya Borisovna piqillab, jim bo‘ldi.
Mariyaning nigohi bexos unga tushib, kulib qararkan, ovqatni to‘kib yubordi va og‘zini qo‘li bilan artdi.
– Nima qilyapsan? – so‘radi Yevgeniya Borisovna garchi tushunmasa-da.
Mariya ukasiga qaradi.
– Men zo‘rman, – dedi u. – Mening o‘rnimda boshqa birov bo‘lganida qo‘rqib ketardi, men esa yo‘q. Hatto kulib turibman.
– Barakalla, – deb olqishladi Kostya.
– Faqat bu haqda opalarimga yozmanglar, xavotir olishadi.
Mariyaning ishtahasi soz edi. Yevgeniya Borisovna qadahga ishora qilarkan, shahd bilan ma’qulladi.
– Ko‘p ichish yaxshimas, – anglatdi u, – ozgina bo‘lsa – mumkin.
Qadahlarni cho‘qishtirgan payt, balki bu odatga ahamiyat berganidan bo‘lsa ehtimol, u jiddiy tortib qoldi.
Kostya va opa-singillarning barchasi bolalikda bir-birlariga o‘x­shardi. Aftidan vaqt, hatto o‘xshash yuzlarni ham o‘zgartirar, faqat ko‘zlar o‘sha-o‘sha edi.
– Mehmon bo‘lib borarding, – qayta so‘radi opasidan Kostya.
Yo‘q. Tezroq borib, tezroq qaytish kerak. Anna bir o‘zi yolg‘iz. Yig‘laydi.
“Yig‘laydi”ni qayg‘uradi, zerikadi degan ma’noda tushunish kerak. Ba’zan esa yig‘laydi ham.
– O‘zing biz tomonlarga bor, seni yaxshi ko‘ramiz. – Shunday deb Mariya to‘satdan ukasining qo‘lini olib, o‘pdi.
Evgeniya Borisovna va Tonya birdan yig‘lashga tushishdi, Kostya esa Mariya bu izhorni ko‘ngli bo‘shab ketganidan emas, ukasiga mehrini bildirish uchun qilganini tushundi. Bunday odat unda ko‘p yillar muqaddam paydo bo‘ldi: chekkasidan o‘pganda har ikki tomon jo‘sh urishi lozim, qo‘ldan esa… – mana mening muhabbatim.
Kostya oilada kenjasi bo‘lgan. Shu bois opalarining mehrini ko‘p ko‘rdi.
– Salomatliging yaxshimi? – so‘radi Kostya taomdan so‘ng.
– Tfu. Mana ko‘rasan, Pyatigorskdan yosh va sog‘lom bo‘lib qaytaman. Aytchi, ko‘rinishim yomonmasmi?
– Men uchun har doim go‘zalsan, – javob berdi ukasi.
Mariya xursand bo‘lgancha o‘ziga ajratilgan xonaga ketdi. Ukasining begidir mubolag‘a qilayotgani uning kulgisini qistardi…

Ertasiga tongda Mariyani kuzatishdi. U har doimgidek, kuzatuvchilarning maslahatlariga obdon quloq tutib, ular bilan qo‘l qisib, o‘pishib xo‘shlashdi. Bu ayol go‘yoki uzoq va tanish yo‘lga chiqayotgandek edi. Faqat poyezd o‘rnidan siljigandagina u birdan sergak tortdi va oynadan qaradi: ukasi yugurib borardi. Poyezd shahardan uzilib chiqqanda ham ukasi hamon chopib kelayotgandek tuyuldi unga.
Qulayroq o‘tirib olgach atrofiga qarab, sharoitga ko‘nikkandan so‘nggina xotirjam tortdi. To Kiyev shahrigacha, ya’ni rosa yigirma to‘rt soat hayajonlanmasdan ketishi mumkin.
Mariyani poyezdga o‘tqazgach, Kostya so‘nggi vagon ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunga qadar perronda turdi va jiyaniga telegramma jo‘natish uchun telegrafga yo‘l oldi. U Mariyani Kiyevda kutib olib, Pyatigorskka boradigan poyezdga o‘tqazib qo‘yishi lozim edi. Navbatda turar ekan, o‘zi va opalari haqida o‘yga toldi: oilada kichigi bo‘lgani sababmi uning omadi chopdi. Aka-uka va opa-singillar qanchalik mehribon bo‘lishmasin, hayot ularni baribir ajratadi, bu albatta, achinarli, ammo tabiiy, ularni faqat baxtsizlik birlashtirishi mumkin. Mana Mariya butun tani-joni bilan hayotga tirmashib, yashayapti.
Keyingi paytlardi ko‘ngli nozik tortib qoldi. Tanish bir narsa yuragini qisib kelar ekan, teskari o‘girildi, barmog‘i bilan avval bir ko‘zini, keyin ikkinchisini artdi.
Bir paytlar opasining uyiga ayvon qurib berish uchun u yoq bu yoqlarni o‘lchadi, chizdi-yozdi, ammo vaqtida ta’tilga chiqolmadi, keyin xotini, orqasidan o‘zi yotib qoldi, o‘sha niyatga ham yigirma yil bo‘libdi.
“G‘isht va tsement sotib oldik, – yozgan edi yaqinda Anna, – Yerto‘la qulab tushmasidan tomini yangilash kerak… Sen bilarsan, shu ish necha pul turadi? Kecha g‘isht teruvchilar kelib uch yuz rubl so‘rashdi, jo‘natib yubordim. Bilmasam, balki rostdan ham shuncha turar?..”
– “Boraman”, – qat’iy o‘ziga so‘z berdi u.
– Gapiring!
O‘n yetti yoshlar chamasidagi qiz unga xuddi telbaga qaraganday tikilib turardi. Kostya bu holatdan kulib qo‘ydi-yu, qo‘lidagi pul va manzil yozilgan blankani uzatdi.
Sayohat esa davom etardi.
Mariya oyna qarshisida o‘tirar va lipillab o‘tayotgan sim yog‘ochlaru daraxtlarga qarab o‘y surardi: o‘rmon har faslda yasharib ko‘rinadi, dalalar esa faqat bahor va yozda. O‘rmonga ham onda-sondagina borishadi, uch yildan beri esa uni ko‘rmadi. Qirq yoshdan o‘tib hisobda adashadigan bo‘lib qoldi, o‘zining yoshi nechada ekanini ham yaxshi anglamayapti. Vaqtdan foydalanib hisoblab ko‘rmoqchi bo‘ldi: ikki-uch yosh farqi bilan uch xil natija kelib chiqdi.
Yo‘l bo‘yi chiqib-tushuvchilar ko‘p edi. Yoniga o‘tirganlar u bilan muloqotga og‘iz ochishar, ammo kar-soqovligini anglashgach, hayron bo‘lib jim qolishardi.
Biroq uzun bo‘yli, basavlat bir kampir hech bir xijolat tortmay, aksincha, xursand bir alfozda Mariyaning yelkasidan tortib, qulog‘ini ko‘rsatdi. Bir daqiqa o‘tib, ular suhbatga kirishib ketishdi. Uning aytishicha, kampirning ham kar-soqov qizi bo‘lib, faqat u lab vositasida gapirish va tushunish maktabini bitirgan, keyin o‘ziga o‘xshagan bolaga erga tegib, qizalog‘i bor ekan. Qizchaning ovozi o‘tkirgina chiqibdi.
Shundan so‘ng Mariya ham o‘zi, opalari, ukasi haqida gapirib berdi. Afsus, kampir ozginadan so‘ng yo‘lda tushib qoldi.
Kampirni kuzatgach anchagacha uning gaplarini o‘ylab ketdi: qani endi u ham o‘sha maktabda o‘qigan bo‘lsa, biron joyda, masalan, tikuvchi yoki boshqa kasbda ishlayotgan, eng muhimi, hayoti yolg‘izlikda emas, odamlar orasida kechardi.
Bir ayol qizi bilan qanchadir joygacha bordi. Qizchaning sochida katta bantik bo‘lib, ko‘zlari ko‘m-ko‘k, yo‘lovchilar unga uzoqdan kulib boqishdi. Mariya esa unga qo‘lini uzatib o‘yinga chorlab, tilini qoqdi va to‘satdan uning ovozidan uzilib chiqqan tovush qizchani qo‘rqitib yubordi. U onasining ortiga yashirinar ekan, Mariyaga tilini chiqardi. Mariya xafa bo‘lib, oynaga o‘girilib oldi.
U o‘zini bolalar yoqtirmasligiga hech ko‘nikolmasdi. Kichkinalar qo‘rqardi, kattalarning esa bag‘ritosh edi. Ba’zan ko‘chadagi bolalar og‘iz-burunlarini qiyshaytirishib, qandaydir maymunona qiliqlar bilan atrofida chopib kuzatib qolishardi.
Keyin Mariya Martaning nevarasi Irochkani esladi. U Mariyadan qo‘rqmadigina emas, aksincha unga bog‘lanib qoldi, birinchi uchrashgandayoq, yaxshi ko‘rdi. Shu haqda eslarkan, yuziga kulgi yoyildi va boshqa hamma bolalarni kechirdi.
Ba’zan yo‘lakdan qiz va yigitlar yugurib o‘tarkan, Mariya ularga sinovchan nigoh tashlaydi. Bunday yoshlarning suhbatlariga havasi so‘ngan, endilikda begona yoshlik unda rahm-shafqat uyg‘otar, gohida nozik, shikas­ta qizni ko‘rib qolsa, achinib ketardi.
Chiptachi kelib, unikini juda uzoq, hatto, chiroqqa tutib tekshirar ekan, Mariya hayajonga tushdi: xayriyat, teshib berdi. Vagonlar bo‘ylab gazeta-jurnallar, turli oziq-ovqatlar joylangan savatlarni ko‘tarib o‘tishadi. Kun oxiriga borib, Mariya sharoitga shunday o‘rganib ketdiki, o‘ziga borsh sotib oldi, keyin esa rasmlarini tomosha qilish uchun jurnal so‘radi.
Charchab, mudray boshladi.
Ko‘p yillar oldin ukasi urushdan unga va opasiga ko‘ylaklik olib kelgan edi. Anna materialni ikkilanibroq ushlab ko‘zgu qarshisiga borib yelkasiga tashlar ekan, birdan uning har doimgi behalovatlik, g‘am-tashvishni aks ettirishga o‘rganib qolgan yuzlari o‘zgarib, uning o‘rnida oson, omadli, buguni va ertasidan ko‘ngli xotirjam odamga aylanib qolganday tuyuldi. Ko‘zgu qarshisida bir-ikki daqiqa turib, undagi olovni o‘chirgach, chetga chiqdi.
– Endi sen o‘lcha, – deb Mariyaga irg‘itdi ko‘ylaklikni.
Singlisining ham ochilib ketgani o‘zidagi o‘zgarishni tasdiqlaganidan qayta junbushga keldi.
Ammo ko‘ylakni o‘sha paytning o‘zida tiktirishning iloji bo‘lmadi. Chunki avval materialga ko‘nikish, undan keyin bichimini tanlash, tikuvchi va uning narxini aniqlash kerak bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shnilar chiqarkan ko‘ylaklik javondan tushar, olovga tutib (junmi yoki sun’iymi), suvga solib (xitoyning taxta ipagiga o‘xshab, yoyilib ketmaydimi) va albatta, ko‘zgu qarshisida yelkaga tashlab ko‘rilar edi.
Kelishish uchun chevarni uyga taklif qilishdi. Bu ayol ham ularga tengdosh bo‘lib, jon deb keldi. Ko‘ylaklik uning aqlini shoshirdi: birinchidan, o‘zi ham hali yosh edi, ikkinchidan esa u keyingi yillarda faqat kiyimlarni ag‘darib yoki qayta tikardi.
Ko‘ylak uzoq muddatda tikildi. Tayyor bo‘lgach esa Anna Vasilevna uni o‘lchab-o‘lchamay jildga solib, javonga ilib qo‘ydi. Mariya aksincha, chevarning uyidan yangi ko‘ylakda qaytdi va o‘sha kuniyoq aylanishga chiqdi.
Ikki soatdan so‘ng qaytarkan, Anna Vasilevna uning yuzidagi charchoq va hafsalasizlikni ko‘rib hayratda qoldi.
– Tfu! – dedi u kulib.
– Nega?
– Bilmadim… Qarayveradi hamma, qarayveradi…
Eskilarini kiyib, yangini jildga solib, u ham javonga ilgachgina ko‘zlarida qoniqish zuhur etdi.
Zamonlar o‘zgardi. Mariyaning endi kiyimlari yetarli. Ularning aksariyatini opalari, ukasi va uning ayoli sovg‘a qilishgan. Bularning bari Mariyaning yodida. Balki bu eskilarini tashlab yuborishga ko‘zi qiymaganidandir.
– Osilib turaversin!
Albatta, bu gapda ayyorlik ham yo‘q emasdi: ukam kelib o‘zi sovg‘a qilgan koftani ko‘rarkan, xursand bo‘ladi.
Bir safar ukasiga shunday dedi:
– Menga raqsga tushishni o‘rgat!
– …
– Men qobiliyatliman! Bir daqiqada o‘rganib olaman! Hozir ham uncha-muncha bilaman! Maydondan o‘ta turib ko‘rdim: bir qadam chapga, ikki marta o‘ngga! Mana, qara!.. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri… Lekin… Senga nega kerak?
– Kerak!.. Raqs tushishni xush ko‘rasanmi?
– Bilmadim… Nazarimda, yo‘q.
– Boshqalar-chi?
– Har kim… Unchalik emas.
– Nega unda raqs tushishadi?
– Telbalar.
Mariya o‘yga toldi. Keyin:
– Yo‘q! Ular yoshlar! – dedi.
– Borib o‘ynab kelsam maylimi? – katta opasidan so‘radi kechki payt.
– Mumkin.
Yangi ko‘ylagini kiyib, atir-upalar turgan stol yoniga boradi.
– Sepsam maylimi?
– Albatta.
Ko‘cha bo‘ylab jim yuradi. Keyin esa yog‘och devorlar tagidagi tor so‘qmoqlar, eski bog‘ning uzun yo‘laklari, yigit-qizlarning soyalari ko‘rinib turgan o‘tirg‘ichlar, ikki kungurali cherkovning sukutdagi suratlari va qorong‘ulikka cho‘mkan daraxtlar, binolar yonidan uyga qaytadi.
Uyga qaytarkan, u opasi kitob ko‘rib o‘tirgan xonaga kirdi.
– Xo‘sh? – opa asta o‘giriladi.
– Arg‘uvonlar gullayapti. Eshitmayapsanmi?
– Eshityapman.
Ozgina bo‘lsa-da, inson haqidagi bilimlar unga ma’lum edi.
– Ikkinchi bolangni nega tug‘mayapsan? – so‘raydi opasidan.
Anna Vasilevna qizarib ketdi.
– Birinchidan, erim yo‘q. Qolaversa… mening yoshimda yaxshimas.
– Yo‘q, – dedi Mariya, – ajoyib.

Poyezd Kiyevga yaqinlashmoqda edi.
Kiyevda uni hech kim kutib olmasligi Mariyaga deyarli ma’lum edi. Gap oldindan sezganida emas, zero, har qanday zanjirning ma’lum bo‘sh halqasi borki, Anna Vasilevna jiyani bilan hech qachon yozishmagan, tabiiyki Mariya ham unikida bo‘lmagan. Biroq u hayajonlanmadi. Chunki bu paytga kelib, bir qadar tajriba orttirgan, endi undan foydalanishga tayyor turardi.
Ha, jiyani yo‘q edi. Biroz turdi-da, o‘ylab-o‘ylab ko‘pchilik odamlar borayotgan tomonga yo‘l soldi. Hozir eng muhimi, shoshmaslik va xotirjam bo‘lish. Ohistalik osoyishtalikni, osoyishtalik esa ishonchni tug‘dirmoqda edi. Doira ko‘ngildagidek tutashmoqda – Mariya hali-hozircha tashlayotgan har bir qadamini yaxshi bilardi.
Bir necha odam turgan navbat oxiriga borib turdi. Hayal o‘tmay qo‘lidagi chipta, pul va uchinchi sonli xatni darchaga uzatdi.
Hammasi bexatar o‘tishini u sezardi… Bir payt hoshiyasi qizil furashka kiygan ayol kishi qalin yuzlaridagi tabassum bilan Mariyaga bosh qimirlatdi, uning ketidan ikkinchisi, uchinchisi… Ular Mariyani qo‘ltiqlab olishib, unga allaqanday telegrammalarni ko‘rsatishib, yetaklab ketishdi. Mariya to‘satdan yuz bergan bunlay mehribonchilikdan dastlab o‘zini yo‘qotayozdi, hatto qarshilik ko‘rsatmoqchi ham bo‘ldi. Birdan esiga ukasi Kostya tushib tinchlandi va kulganicha homiylariga ergashdi. Attang, boshqa poyezdga o‘tirish marosimini to‘la o‘zi bajarganida qiziqarli o‘tardi, deb qayg‘urib ham qoldi.

Mariya oynaga dastlab qaraboq opasi Martaning bezovta yuzini ko‘rdi. Uning fe’li-xo‘yi bir jihatdan Yevgeniya Borisovnaga tortib ketadi. Ahamiyatsiz voqealar ham uni tashvishga solar, bugungiday kutish-jo‘natishlar esa xayoliga inson zoti duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan ming­lab mushkulotlarni olib kelib, uning butun quvvatini sug‘urib olardi. Bundan tashqari, biroz xayoli ham joyida emasdi. Uchinchi vagon platformaning oxirida bo‘lishini biladi, yo‘q, vagon eshigidagi raqamga ergashib oldinga yugurib ketdi. Darvoqe, oltmishga kirgan kampir qanday ham yugursin. Mariya chuqur nafas oldi.
Mana endi hamma tushib olgunicha kutish zarur. Opasi esa tashqarida sarson. Notanish yuzlar ruhini tushirardi. Ana nihoyat ko‘z ko‘zga tushdi!.. Marta sumkaga qo‘l cho‘zdi, Mariya odatiga ko‘ra eshikka orqasini o‘girib, tizzalab poyezddan tusha boshladi. Pastga tushib, Martaning ko‘zlarida yosh ko‘rdi…
– Senga nima bo‘ldi?
– …Qarib qoldik!
– Sen qari bo‘lsang – bordir, ammo men hali yoshman! Qani, ketdik!
Mana endi, shu tobda bir-birlarini qo‘ltiqlab, imkoni boricha teng qadam tashlashar, sayohat oxiriga yetganini, barcha hayajonlar ortda qolgani va ular juda ham baxtiyor ekanliklarini his qilishdi.
– Qanday o‘zing yolg‘iz yetib kelding? – so‘radi Marta tramvayda borayotganlarida.
– Keyin so‘zlab beraman.
Shu lahzada uning umumiy tanishlari: polkovnik, Burunboy va boshqa qo‘shnilar haqida juda bilgisi kelardi. Ammo Mariya Martaning ishoralar yordamida so‘zlashni yaxshi bilmasligi va nima desang boshini likillatishini bilganidan indamay qo‘yaqoldi.
– Qo‘rqmadingmi?
– Hecham.
– Barakalla. Sening o‘rningda men bo‘lsam…
– Sening aqling kamroq, menda esa g‘ij-g‘ij, deb kuldi. Mariya maqtanishni yaxshi ko‘rar va eplardi. Garchi, maqtanayotganini bilib tursam ham.
Biroq adolat hissi baland keldi.
– Annaga rahmat. U xat yozib berdi.
Shunday deb, Mariya opasiga yumshab ketgan konvertni uzatdi va Marta o‘qidi:
“Qadrli o‘rtoq!
Men bolaligimdan buyon nogironman. Mening ismim Mariya Vasilevna Rusanova. Opam Marta Vasilevna, Pyatigorsk shahar, Yujnaya ko‘chasi, 7-uyda turadi, davolanishga boryapman.
Bu shaharda adashib qoldim.
Meni temiryo‘l vokzaliga kuzatib qo‘ysangiz.
Savodsizman. Yordam ko‘rsatishingizni o‘tinib so‘rayman.

Hurmat bilan, kar-soqov Mariya Vasilevna”.
Ertasiga Kostya hamda Anna Vasilevna bitta mazmunda telegramma olishdi: “Mariya eson-omon yetib keldi. O‘pib qolaman. Opa-singillar”.

Rus tilidan Yoqubjon Xo‘jamberdiyev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son