Agar siz ring yangiliklarini kuzatib borgan bo‘lsangiz, bu voqea darhol yodingizga tushadi. To‘qsoninchi yillarning boshida chegara yaqinidagi daryoning narigi tomonida chempion va chempionlikka da’vogar o‘rtasida bor-yo‘g‘i bir daqiqa-yu, bir necha soniya davom etgan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Bu qadar qisqa uchrashuv kamdan-kam hollarda ro‘y bergani uchun boksning haqiqiy shinavandalarining hafsalasini pir qiladi va haqiqiy janjalga sabab bo‘ladi. Reportyorlar esa bu voqeadan shov-shuv yasashga jon-jahdlari bilan harakat qilishadi. Agar ular to‘qib chiqargan gaplar hisobga olinmasa, jang o‘ta zerikarli bo‘lgani ayon bo‘ladi-qoladi. Aslida ham shunday bo‘lgan, ya’ni chempion bir zarb bilan raqibini yer tishlatadi va teskari o‘girilib “tamom, endi bu joyidan qimirlamaydi” deydi. Keyin esa uzun qo‘lidagi qo‘lqopni yechish uchun sekundatga uzatadi.
Jangning ertasiga tong sahardan egnida so‘nggi urfdagi nimcha va ola-bula gasltuk taqqan ta’bi xira bo‘lgan jentelmenlar yo‘lovchi aravalardan gala-gala bo‘lib San-Antonio vokzaliga kelib tushganining sababi ham shunda. Chigirtka laqabli Mak-Gayrning achinarli ahvoli ham qisman shu voqeaga borib taqaladi. U yurakni o‘rtaydigan darajada yo‘talgancha aravadan sakrab tushdi-da, perronga ag‘anadi. Tong endigina yorishayotgan shu kunda Nueses okrugilik fermer Kertis Reydler ham platformadan o‘tib ketayotgan edi. Fermer uyiga shoshayotgani sabab janubga yo‘l olgan poyezddan qolib ketmaslik uchun saharlab uyg‘ongandi. U yigitning yonida to‘xtab achingancha texasliklarga xos lahjada: — Ahvoling chatoqmi deyman, boyaqish? — dedi.
Og‘irligi pardek sobiq bokschi, chavandoz, bar va sport klublarining kunda-shundasi Chigirtka —Mak-Gayr, o‘zini “boyaqish” deb haqorat qilgan kishining ko‘zlariga o‘qrayib qaradi va: — Jo‘na, yo‘lingdan qolma, simyog‘och!— deb xirilladi. — Men seni chaqirganim yo‘q.
Gapini tugatmasdan boshlangan yo‘tal xuruji uni ikki bukchaytirib qo‘ydi. Yo‘tala-yo‘tala holdan ketgan Mak-Gayr shu atrofda turgan yuk tashiydigan aravaga ag‘anadi. Reydler esa sabr bilan yo‘tal to‘xtashini kutdi.
— Shimoldanmisan, o‘g‘lim? — so‘radi u yigitning yo‘tali biroz bosilgach. — Boks tomosha qilgani kelganmiding?
— Boks?! — pishqirdi Mak Gray. — Boks emas, quvlashmachoq o‘yini u! Bir urib qaytib turmaydigan qilib qo‘ydi-ku! Boks emish! — U yana yo‘talib oldida o‘ziga o‘zi gapirgandek davom etdi. — Yo‘q, qaytib bu tuzoqqa tushadigan ahmoq yo‘q! Lekin bu tuzoqqa kimsan Rokfellerni ham ilintirish mumkin edi. Korkalik yigit uch raundga ham borolmaydi deb beshga bir tikkanman… Oxirgi tsentimgacha tikibman-a. O‘zingiz aytingchi, hurmatli simyog‘och, ikkita to‘nkaning uchrashuvi uchun bor-yo‘g‘ini tikkan odamni nima deb atash mumkin?
— Ha, endi nima ham derdim, — dedi zabardast fermer. — Ayniqsa pullaring qulog‘ini ushlab ketgan bo‘lsa… Menimcha o‘g‘lim, sen mehmonxonaga borishing kerak. Yomon yo‘talyapsan. O‘pkangni oldirgansan, chog‘i.
— Ha, o‘pkamni oldirganman, — qo‘rslik bilan javob berdi yigit. — O‘zimga-o‘zim balo sotib oldim. Qari boyo‘g‘li doktorning aytishicha, yarim yil umrim qolganmish. Agar yashash tarzimni o‘zgartirib, biror joydan qo‘nim topsam, balki bir yil ham yashashim mumkin ekan. Balki shuning uchun ham tavakkal qilib beshga bir tikkandirman… Tishimda tishlab yurgan ming dollarim bor edi. Agar shu bahsda yutsam Dilenening qovoqxonasi menga o‘tardi. Lekin kim o‘ylabdi, bu galvarsning birinchi raunddayoq cho‘zilib qolishini?
— Ha, omading chopmapti, — dedi Reydler Mak Gayrning bir burda bo‘lib qolgan gavdasiga achinib qararkan. — Endi esa o‘g‘lim mehmonxonaga borib biroz dam ol. Bu yerda “Menejer”, “Maverik” va…
— Va “Beshinchi avenyu”, “Uldorf Astoriya” degan mehmonxonalar bor, — davom etdi Mak Gayr fermerni kalaka qilib. — Qulog‘ingiz karmi deyman, oshna? Xonavayron bo‘ldim, dedim-ku!Meni mana shu ishtonim va cho‘ntagimda bir dollaru o‘n tsentdan boshqa hech vaqoim yo‘q. Balki Yevropa bo‘ylab sayohat qilish foydalidir menga… Yoki shaxsiy yaxtamda sayrga chiqaymi?…Ey-y, gazeta! —
U gazeta sotib yurgan bolaga o‘n tsent uloqtirdi va bola otgan “Ekspress”ni ilib oldi. Keyin aravaga o‘rnashib o‘tirib olib, gazetchilar ko‘pirtirib yozgan, o‘zini xonavayron qilgan jang tafsilotlarini o‘qishga kirishdi.
Sabrsizlangan Reydler qo‘lidagi katta tilla soatga qarab qo‘ydi va Mak-Gayrning yelkasidan turtdi va kutilmaganda: — Ketdik, o‘g‘lim, — dedi. — Poyezd ketishiga uch daqiqa qoldi.
Piching qilish Mak-Gayrning qonida bor edi. U davangir fermerga o‘qrayib qaradida, chiyillay boshladi: — Nima balo meni bank o‘margan yoki garovda yutgan deb o‘ylayapsizmi? Hozirgina qulog‘ingizga do‘mbira chertdimmi, bir chaqam ham yo‘q dedim-ku. Boring, yo‘lingizdan qolmang.
— Mening ranchomga borasan. O‘sha yerda sog‘ayguningcha yashashing mumkin, — dedi fermer. —Kasalingni ham yarim yilga qolmay unutasan, bolakay, — shunday deya u yigitning qarshiligiga qaramay bir qo‘llab ko‘tardi-da, poyezdga qarab shoshildi.
— Haqqingizni nima bilan to‘layman? — tipirchilab chiyilladi Mak Gayr.
— Haq? Nima uchun? — hayron bo‘ldi Reydler.
Ular bir-birlariga hayratlanib tikilib qolishdi. Ikkalasi ham o‘z dunyoqarashidan kelib chiqib fikrlardi.
Janubga yo‘nalgan poyezd yo‘lovchilari bu g‘alati, bir-biriga butkul teskari hamrohlarga qiziqib tikilishardi. Mak-Gayrning bo‘yi besh funtu bir dyuym kelar, ko‘rinishidan dublinlik yoki iokogamaliklarga o‘xshardi. Nigohi o‘tkir, iyagi ingichka bu yigitning yuzidagi chandiqlari va chayir gavdasi hayotda ko‘p narsa ko‘rib qo‘yganidan dalolat berardi. Qovog‘aridek jangari Mak-Gayr bu o‘lkaliklarga xos bo‘lmagan g‘ayrioddiy ko‘rinishga ega edi.
Reydler esa uning butkul aksi edi. Bo‘yi olti funt ikki dyuym, yag‘rini keng. Gavdasiga yarasha bag‘ri ham keng, vazmin, kamtar, bir so‘z bilan aytganda haqiqiy texaslik edi u.
Ekspress janubga qarab yeldek uchib borardi. Yam-yashil yalangliklar quyuq o‘rmonlarga yo‘l bo‘shatardi. Bu rancholar o‘lkasi, chorva qirollarining yurti edi.
Mak-Gayr vagonning burchagiga tiqilgancha, fermerning gaplarini ming shubha bilan eshitib o‘tirardi. Bu davangir chol meni ovloq joyga olib borib nima qilmoqchi, deb o‘ylardi u. Fermerning ko‘ngli toza bo‘lishi mumkinligi Mak-Gayrning xayoliga ham kelmasdi. “U fermer emas, lekin firibgarga ham o‘xshamaydi. Unda kim bo‘ldi?” deb o‘ylardi tutqun. “Ahvoling chatoq, Chigirtka, yoningda besh tsetu, tez avj oladigan silingdan boshqa hech narsang yo‘q. Jimgina o‘tirib uni kuzatishdan boshqa ilojing ham yo‘q”.
Hamrohlar San-Antoniodan yuz mil narida joylashgan Rinkonda poyezddan tushishdi va Reydlerning stantsiyada kutib turgan kajavali aravasiga o‘tirishdi. Manzilga yetib borguncha yana o‘ttiz mil yurishdi. Yo‘lning shu qismi Mak-Gayrni shubhalardan holi qilishi mumkin edi. Ular baxmaldek mayin savana yalangliklaridan o‘tib borishar, atrofda chopqir ispan otlari erkin yugurib yurar, havoning sofligi, dala gullarining ifori kishini sarxush qilardi. Ba’zan yo‘l yam-yashil baland o‘sgan o‘tlarga o‘ralib qolar, shunda Reydlerning tajribali qo‘llari aravani bexato boshqarardi. Unga bu yo‘lning har bir muyulishi, o‘rmoni tanish va qadrdon edi. Lekin o‘rindiqda yastanib joylashib olgan badqovoq Mak-Gayr fermerga ishonqiramay tikilar, atrofdagi tabiat go‘zalligini his qilmas, Reydlerni yayratayotgan tabiat u uchun bor-yo‘g‘i kimsasiz biyobon edi.
“U nimalarni rejalashtiryapti ekan? Qanday shumlikni o‘ylab qo‘ygan, bu tullak?” degan xayollar Chiritkaga tinchlik bermasdi.
Ufq chizig‘idan boshqa chegarasi bo‘lmagan bepayon kenglik bag‘rida bo‘lishiga qaramay Mak-Gayr tor shahar aholisiga xos ko‘ngli torlik bilan fikrlardi.
Bundan bir hafta ilgari xuddi shu yo‘ldan ketayotib Reydlerning ko‘zi podadan ajralib qolgan, kasal buzoqchaga tushgandi. Reydler buzoqchani ko‘tarib, egarga yotqizdi va ranchosiga olib ketdi. Uni kovboylarga topshirarkan yaxshilab parvarish qilishni tayinladi. Reydlerning nazarida Mak-Gayr ham xuddi o‘sha buzoqcha singari yordamga muhtoj bir mavjudotligini yuragi tor Chigirtka qayerdan ham tushunsin.
Mak-Gayr fermer San Antonioga yetaklab kelganlarning yettinchisi edi. Mehmonlarning beshtasi tuzalib ketgunlaricha uning Salito ranchosida yashashgan. Keyin mezbonning mehmondo‘stligi uchun ming qayta minnatdorchilik bildirib, ko‘zda yosh bilan xayrlashishgan. Oltinchisi esa ranchoga kechroq olib kelingani sababli shu yerda jon bergan va osuda bog‘ning burchagidan abadiy panoh topgan. Shu sabab Reydler aravasidan bemor yigitni ko‘tarib tushib, ayvonga yotqizganida ranchodagilar hayron bo‘lishmadi.
Mak-Gayr begona joyni alanglab ko‘zdan kechirdi. Salito ranchosidagi bu uy, atrofdagi xonadonlar ichida eng yaxshisi hisoblanardi. Pishiq g‘ishtdan qurilgan uy bir qavatli bo‘lib, to‘rt xona va atrofi ayvon bilan o‘ralgandi. Kovboylarga xos bo‘lgan turli egar-jabduq, arava, qurol-aslaha, otlar va itlarning ko‘pligidan xonavayron bo‘lgan shaharlik sportchining ko‘zlari qamashdi.
— Mana uyga ham yetib keldik, — quvondi Reydler.
— Shunaqa ham gadoytopmas, ovloq joy bo‘ladimi? — to‘ng‘illadi Mak-Gayr va yo‘tal xurujidan titrab qaqashab ayvon poliga dumladi.
— Biz senga iloji boricha tuzukroq joy qilib beramiz, o‘g‘lim, — dedi uy egasi mehmonning pichingini eshitmagandek yumshoq ohangda. — Uyimiz albatta u qadar dang‘illama emas, lekin toza havoda. Sen uchun bu juda muhim. Mana sening xonang, nima kerak bo‘lsa, tortinmay so‘rayver. — Reydler Mak-Gayrni uyning sharq tarfida joylashgan xona tomon boshladi.
Gilam to‘shalmagan pol yaltirab artilgan, yengil shabada oppoq pardalarni mayin hilpiratardi. Xonada katta tebranma kreslo, ikkita stul va ustida trubka, qilich, o‘qdori bilan to‘la stol xona o‘rtasida turardi. Devorda esa bir necha bug‘uning va bitta katta to‘ng‘izning kallasi ilib qo‘yilgandi. Burchakda keng yig‘ma karavot joylashgandi. Mahalliy aholi uchun Salito ranchosidagi bu xona shoh qarorgohidek tuyulishi mumkin edi
Mak Gayr xonani ko‘zdani kechirib og‘zining tanobi qochib ishshaydi. Keyin cho‘ntagini kovlab oxirgi besh tsentini chiqarib shiftga qarab otib, ilib oldi.
— Pulim yo‘q, deganimda ishonmadingiz shekilli? Mana endi, agar xohlasangiz meni tintib ko‘rishingiz ham mumkin. Qo‘limdagi chaqam bor-yo‘q boyligim. Xo‘sh, ijara haqini kim to‘laydi?
Reydler oq oralay boshlagan quyuq qoshlari ostida porlab turgan kul rang ko‘zlari bilan Mak-Gayrning kichkina qop-qora ko‘zlariga tikildi. Biroz indamay turgach, sekin bosiqlik bilan dedi: — Pul haqida boshqa gapirmasang, sendan xursand bo‘lardim, o‘g‘lim. Bir marta gapirding, yetar. Men mehmonlarimdan haq olmayman. Ularing o‘zlari ham berishmaydi. Tushki ovqat yarim soatdan keyin tayyor bo‘ladi. Yuvinish uchun ko‘zada suv bor, yo‘lakdagi qizil chelakda esa ichadigan muzdek suv…
— Qo‘ng‘iroq qani? — cholning gapini bo‘ldi Mak Gayr atrofga alanglab.
— Qo‘ng‘iroq? U nimga kerak?
— Biror gap bo‘lsa kimnidir chaqirishim uchun. Axir… men kasalman. Menga qarang, — kutilmaganda qahr bilan chiyilladi Mak Gayr. — Sizdan meni bu yerga olib keling deb iltimos qilganmidim? A? Sizdan pul tilanganmidim? Muruvvat ko‘rsating deganmidim? O‘zingiz-ku, menga yopishib olgan. Men kasalman! Qimirlay olmayman! Bu yaqin atrofda qovoqxona ham yo‘q! Jin ursin! Qanday baloga yo‘liqdim o‘zi? — shunday degancha Mak-Gayr o‘zini karavotga otdi va o‘kirib yig‘lab yubordi. Shoshganidan nima qilishni bilmay qolgan fermer xizmatkorini chaqirdi. Baland bo‘yli yonoqlari qip-qizil, yigirma yoshlar atrofidagi meksikalik yigitcha darhol ostonada paydo bo‘ldi. Reydler u bilan ispancha gaplasha boshladi.
— Ilario, esingda bo‘lsa, senga San-Karlos lagerida cho‘ponlikni va’da qilgandim.
— Xuddi shunday, marhamat qilmoqchi edingiz, janob.
— Unda eshit. Bu janob mening do‘stim. U og‘ir kasal. Unga xizmat qilasan. Yonidan bir qadam ham jilmaysan, hamma aytganini so‘zsiz bajarasan. Sendan sabrli va g‘amxo‘r bo‘lishingni so‘rayman. Agar u tuzalsa yoki… agar tuzalsa, seni cho‘pon emas, balki de le Pedras ranchosiga katta ot o‘rgatuvchi qilib tayinlayman. Ma’qulmi?
— Ha, ha, katta rahmat, janob! — Ilario minnatdorchilik bildirib bir tizzasi bilan tiz cho‘kmoqchi edi Reydler uni turtib: — E-ey, baletni yig‘ishtir, — dedi xijolatli to‘ng‘illab.
O‘n daqiqadan keyin Ilario Mak-Gayrning xonasidan chiqib, Reydlerning yoniga bordi.
— Kichik janob sizga o‘z minnatdorchiligini yetkazib qo‘yishimni tayinladi, — dedi u. Reydler uning gapiga ishonmadi.
— Kichik janobga quyidagi narsalar kerak bo‘larkan: muz bo‘laklari, issiq vanna, qovurilgan non, gazli suv qo‘shilgan djim, bir quti sigaret, “Nyu-York gerald” gazetasi. Bundan tashqari telegramma jo‘natishni va xona oynlarini bekitishni so‘radi
Reydler dorilar turadigan shkafchadan bir butilka viski olib uzatdi: — Mana, olib bor unga.
Shundan qilib Chigirtka kelgan kundan boshlab Solito ranchosida terror tuzumi o‘rnatildi. Birinchi haftalarda uzoq-yaqin yaylovlardan Reydlerning so‘ngi topilmasini ko‘rish uchun kovboylar kelib turishdi. Mak-Gayr o‘zining andishasiz maqtanchoqligi bilan ularning g‘ashiga tegsa-da, lekin kovboylar uchun yangilik edi u. Chigirtka ularga boks san’atining turli himoya va hujum usullarini namoyish etar, tomoshabinlarning hayratlanishini ko‘rib, sportchilarning hayot tarzini qiziqarli qilib gapirib berar, professional boks sirlarini ham oshkor etardi. Kovboylar uning ochiqdan-ochiq qo‘rs muomilasiga, halati xatti-harakatlariga chin dildan quvnab kulishardi. Mak-Gayr ular uchun o‘zga olam odamidek edi. Ajablanarlisi, o‘zi tushgan yangi olam Chigirtka uchun ahamiyatsiz edi. Tosh shahardan chiqqan o‘taketgan xudbin uchun sodda odamlarning quvonchi kulguli tuyulardi. Uning nazarida taqdir uni bir bo‘shliqqa uloqirgandi. Bu bo‘shliqda bir necha tinlovchidan boshqa hech nima yo‘q edi. Quyosh nuriga cho‘milgan adadsiz yaylovlar ham, yulduzli sokin tunlar ham uning ko‘ngil torlarini cherta olmadi. Tabiatning eng yorqin ranglari ham uning nigohini sport jurnallari sahifalaridan ayira olmadi. Uning shiori yallo qilib yashash, intilishlari cho‘qqisi esa O‘ttiz yettinchi avenyudagi do‘ndiqchalarga to‘la qovoqxona edi.
Oradan ikki oylar o‘tgach, u sog‘lig‘i battar yomonlashgani haqida shikoyat qila boshladi. Shu daqiqadan boshlab u Solito ranchosi vabosiga aylandi. U injiq xotinga o‘xshab, burchakka tiqilib olib, uzzu-kun g‘ingshir, taqdirini la’natlab nolirdi. Bu yerga o‘z ixtiyoriga qarshi keltirilganini, endi esa sharoit va parvarish yo‘qligidan azob chekayotganini aytardi. U kundan-kunga ahvoli yomonlashayotganini ta’kidlasa-da, lekin tashqi ko‘rinishi buning aksini aytib turardi. Ilarioga ham Mak-Gayrga xizmat qilish kundan-kunga og‘irlik qilayotgan bo‘lsa-da, va’da qilingan lavozim ilinjida tishini tishiga bosib chidardi. Bemorning buyrug‘i bilan xonaning barcha tirqishlari mahkam berkitilgan bo‘lib, xonaga toza havo umuman kirmasdi. Bu bilan Mak-Gayr sog‘ayishning yagona yo‘lini ham to‘sib qo‘ygandi. Tutun hididan xonada nafas olib bo‘lmasdi. Mak-Gayr bilan uy sohibining munosabati hammasidan ham hayratlanarli edi. Bemor o‘z valine’matini mensimas, xuddi tantiq bola o‘z ko‘ngilchan otasiga erkalik qilgandek tutardi o‘zini. Reydler yo‘qligida Mak-Gayr indamas bo‘lib qolar, lekin uy egasi ostona hatlashi bilan yana injiqligi boshlanardi. Reydler esa bunga sayin o‘zini aybdor sanar, bemor uni tinmay ayblayverganidan rostdan ham zolim va shafqatsiz bo‘lsam kerak deb o‘ylay boshlagandi. Mehmonning sog‘lig‘iga o‘zini javobgar sanagani uchun uning qiliqlariga sabr bilan chidardi.
Shunday kunlarning birida Reydler Mak-Gayrga dedi: — O‘g‘lim, iloji boricha ko‘proq toza haovda bo‘lgin. Istasang, mening aravamni ol, har kuni sayrga chiq. Xohlasang, bir-ikki hafta yigitlar bilan yaylovda yashab ko‘r. Men senga sharoit yaratib beraman. Toza havo va yerga yaqin bo‘lsang, tezroq sog‘ayib ketarmiding… Feladelfiyalik bir yigitni bilaman, sendan battar kasal edi. O‘sha yigit ikki hafta yaylovda yashadi, quruq yerda yotdi. Ishonsang, hozir tuzalib ketgan. Havo va yer shifo. Istasang, ot choptir. Mening yaxshi otim bor…
— Men sizga nima qildim? — kutilmaganda chiyilladi Mak-Gayr. — Meni uyingizga olib keling deganmidim? So‘radimmi shuni? Endi meni yaylovga haydayapsizmi? Ot choptir emish! Oyog‘imni zo‘rg‘a sudrab bosyapman-ku! Bu la’nati ranchongiz jonimga tegdi! Tushundingizmi? Bu yerda hech vaqo yo‘q. Hech kim bilan odamga o‘xshab gaplashib bo‘lmaydi. Bir to‘da boks qopi bilan qisqichbaqa salatining farqiga bormaydigan galvarslardan tashqari!
— To‘g‘ri, bu yer biroz zerikarliroq, — xijolat bo‘lib o‘zini oqlay boshladi Reydler. — Agar senga biror narsa kerak bo‘lsa, ayt. Yigitlarni yuboraman, shahardan olib kelishadi.
Kovboy Ched Merginson birinchilardan bo‘lib Mak-Gayr ayyorlik qilmayaptimikan degan fikrga bordi. Bir savat uzumni egarga bog‘lab o‘ttiz mil naridan kasal ko‘rgani kelgan Ched tutunli xonada biroz o‘tirgach, chiqib uy egasiga o‘z shubhasini aytdi.
— Uning qo‘li olmosdan ham qattiq, — dedi Ched. — U menga kurash usulini ko‘rsatganda yiqilmaslik uchun o‘zimni zo‘rg‘a tutib qoldim. Menimcha u sizni vijdonsizlarcha aldayapti, ko‘ngilchanligingizdan foydalanyapti. Buni gapirish yaxshi emas, lekin nazarimda sizning hisobingizdan kun ko‘rmoqchi shekilli.
Ko‘ngli to‘za fermer uning gaplariga e’tibor bermadi. Bir kuni ranchoga mehmonlar keldi. Yerlik aholi odatiga ko‘ra mehmonlar tushlikka qolishdi. Kelganlarning biri San-Antoniolik shifokor edi. Chorva qirollaridan biriga uning maslahati kerak bo‘lgani uchun chaqirtirishgandi. Ishi bitgan dokorni endi vokzalga olib ketishayotgandi. Tushlikdan keyin Reydler doktorni chetga tortib yigirma dollar uzatdi.
— Doktor, iltimos, bir yigitni ko‘rib qo‘ysangiz. Silning tez rivojlanadigan turiga chalinganmi, deb qo‘rqyapman. Ahvoli qay darajadaligi va uning tuzalishi uchun nima qilishimiz lozimligini aytsangiz, — dedi.
— Tushlik uchun qancha to‘lashim kerak? — so‘radi doktor qovog‘ini uyub.
Reydler tushundim dedi va pulni cho‘ntagiga qaytarib soldi. Doktor shu zahoti bemor yotgan xonaga yo‘l oldi. Fermer esa yigitning ahvoli juda og‘ir bo‘lmasin-da, deya ichida duo o‘qib aravaga o‘ychan cho‘kdi.
Ko‘p o‘tmay doktor ildam qadamlar bilan Mak-Gayrning xonasidan chiqib keldi.
— Yigitchangiz soppa-sog‘! — dedi u Reydlerga. — O‘pkasi ham hozirgina bosmadan chiqqan dollardek top-toza! Issig‘i ham, nafas olishi ham joyida. Kasallikning alomatlarini umuman ko‘rmadim. Albatta, men baktereologik tekshiruv o‘tkazganim yo‘q. Lekin shuni ishonch bilan aytamanki, unda sil tayoqchalari yo‘q! Tashxis ostiga mening familiyamni yozib qo‘yishingiz mumkin. Hatto tabak va dim havo ham uning sog‘lig‘iga ziyon yetkaza olmagan. Yo‘taladi deysizmi? Aytib qo‘ying, yo‘talib o‘zini qiynab o‘tirmasin. Unga qanday yordam berishim mumkin deysizmi? Sizga maslahatim, uni telegraf simyog‘ochlarini o‘rnatishga yoki mustanglarni tutishga jo‘nating. Bizning otlar tayyormi? Salomat bo‘lsinlar, janob, — shunday deya doktor xayrlashib, shabboda kabi shoshib o‘z yo‘lida davom etdi.
Reydler esa panjaraga o‘ralib o‘sgan meskit shoxidan sindirib oldida o‘ychan chaynay boshladi. Chorvani tamg‘alash mavsumi yaqinlashib borardi. Ertalab bosh cho‘pon Ross Xorgiss yigitlarni rancho hovlisiga yig‘di. Ular San-Karlos lageriga ishlagani ketishlari lozim edi. Soat oltida otlarni egarlab, yuklarni ortib bo‘lishdi. Yigitlar endi yo‘lga tushmoqchi bo‘lishganda, Reydler ularni to‘xtatdi. Otboqar bola darvoza yoniga yana bitta egarlangan otni yetkalab keldi.
Reydler Mak-Geyrning xonasi eshigini lang ochdi, u kiyinmasdan karavotda chekib yotardi.
— O‘rningdan tur! — buyurdi fermer kira solib.
— Nima gap? — shoshib so‘radi bemor.
— Tur va kiyin. Uyimda zaharli ilonga ham joy berishim mumkin. Lekin yolg‘onchiga bu yerda joy yo‘q. Necha marta qaytaray, tur! — dedi va Mak-Grayning yoqasidan olib to‘shakdan sudrab tushirdi.
— Nima qilyapsiz, quloq soling! — pishqirdi Mak-Gray bunaqa muomalani kutmagani uchun dovdirab. — Nima balo, eshakmiya yeganmisiz? Kasalman-ku, ko‘rmayapsizmi?! O‘rnimdan tursam, nafasim qisadi. Men sizga nima qildim? Uyingingizga olib keling deganmidim… — u yana eski diydiyosini boshladi.
— Kiyin! — ovozini ko‘tardi Reydler.
Qo‘rqib ketgan Mak-Gray ko‘zini baquvvat fermerdan uzmay, kiyimlariga chalishgancha, so‘kinib kiyina boshladi. Reydler yana uning yoqasidan oldi va hovlidagi otlarning yoniga sudradi. Bu tomoshadan kovboylarning og‘zi ochilib qolgandi.
— Bu bolani o‘zing bilan olib ketasan, — dedi Reydler Ross Xorgisga. — Ish berasan. Qancha ishlash kerak bo‘lsa, shuncha ishlasin. To‘g‘ri kelgan joyda uxlasin. Nima topsa, shuni yesin. Hammalaring yaxshi bilasizlar, men unga qo‘limdan kelgancha yaxshilik qildim. Chin dildan qildim. Kecha San-Antonioning eng yaxshi doktori uni ko‘rdi va ho‘kizdek sog‘lom ekanini aytdi! Xullas, uni senga topshiraman Ross.
— Gap buyoda deng, — dedi shu paytgacha dovdirab turgan Mak-Gray masxaraomuz iljaygancha Raydlerga qarab. — Demak qari boyo‘g‘li meni sog‘lom dedimi? U meni mug‘ombir ham degandir? Shunaqami? Uni ataylab meni oldimga yuborldingizmi? Meni yolg‘onchi deb o‘ylagansiz-da. To‘g‘ri, men qo‘rs-qo‘polman… Agar mening o‘rnimda siz bo‘lganingizda… Ha-ya, esimdan chiqibdi. Men soppa-sog‘man-ku! Qari boyo‘g‘li shunday degan-ku. Bo‘pti, oshna, men sizga ishlab beraman, qarzingizni uzaman, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin! — shunday deya u bir sakrab egarga qo‘ndi. Bir vaqtlar otchoparlarda birinchi o‘rinni egallagan Chigirtka yana egardi edi. Mak-Gayrning oti shamoldek uchib ketdi. Kovboylar qiyqirib ortidan ot solishdi. Lekin bir mil ham yurmay u ortda qola boshladi. Chavandozlar undan o‘tib ketishdi. Mak-Gayr otini sekinlatib, dastro‘molchasini oldi va og‘zini artdi. Ro‘molcha qip-qizil qon bo‘ldi. U ro‘molchani tikanzorga uloqtirdi va otiga “hayda” deb buyruq berdi.
Reydler kechqurun vatani Alabamadan xat oldi. Bir qarindoshi olamdan o‘tgandi. Reydler shu ketgancha ikki oydan keyin qaytdi. Ranchoda Ilariodan boshqa hech kim yo‘q edi. Yigitcha unga ranchodagi ishlar haqida hisobot bera boshladi. Qattiq shamol bo‘lib, qoramollar har tomonga tarqab ketgani, tamg‘alash ishlari hali tugamagani, lager hozir Gvadalupa vodiysida ekanini aytdi.
— Aytgancha, — dedi Reydler to‘satdan yodiga tushib. — Haligi yigit, Mak-Gayr qalay? Ishlayaptimi?
— Bilmadim, — javob berdi Ilario. — Kovboylar ranchoga kam kelishadi. Buzoqlar bilan bo‘lib vaqtlari yo‘q. U yigit haqida hech gap eshitganim yo‘q. Menimcha allaqachon o‘lib kegan bo‘lsa kerak…
— Nima deb valdiryapsan? Nega o‘larkan?
— Ahvoli juda og‘ir edi, o‘sha Mak-Grayning, — dedi yelka qisib. — Bu yerdan ketganida sezuvdim, bir oyga ham bormasligini.
— Bekor gap! — o‘shqirdi Reydler. — Ko‘rinib turibdiki, u seni ham laqillatgan. Doktor uni ko‘rib, soppa-sog‘ degan!
— Doktor shunaqa dedimi? — so‘radi kinoya bilan Ilario. — Kerak bo‘lsa, o‘sha doktoringiz uni ko‘rgani ham yo‘q.
— Tushuntirib gapir! Nega boshimni qotirasan?
— Mak-Gayr, — shoshilmay davom etdi Ilario. — yo‘lakda suv ichib turgandi. Doktor kira solib meni ushladi. Mana bu yerimga, mana bu yerimga chertib ko‘ra boshladi, — Ilario shunday deya ko‘kragini ko‘rsatdi. — Men negaligini tushunmadim. Keyin esa qulog‘ini qo‘yib eshita boshladi. Bu yog‘imni ham eshitdi, bu yog‘imni ham. Negaligini bilmayman? Keyin shisha cho‘pni olib og‘zimga tiqdi. Keyin menga past ovozda yigirma, o‘ttiz, qirq deb sanashni buyurdi. Nega bunaqa qilganini kim bilibdi deysiz? Balki hazillashmoqchi bo‘lgandir? — deb gapini tugatdi Ilario hali ham gap nimadaligini tushunmay.
— Uyda qaysi otlar bor? — so‘radi Reydler zo‘rg‘a ovozi chiqib
— Paysano o‘tlab, yuribdi janob.
— Egarla, tezroq!
Ko‘p o‘tmay Reydler egarga sakradi va Paysano yeldek uchib ko‘zdan uzoqlashdi. Paysano — uchqur qush degan degan nomiga sodiq qolib ikki soatga qolmay, egasini lagerga yetkazdi. Reydler yomon xabar eshitishdan qo‘rqib, yurak hovuchlagancha otdan tushdi. U ayni damda o‘zini Mak-Grayning qotili deb e’lon qilib bo‘lgandi. Lagerda oshpazdan boshqa hech kim yo‘q edi. Kamgap oshpaz bilan so‘rashgan Reydler o‘zini qiynayotgan savolni berolmay gapni aylantirardi.
— Lagerda ishlar yaxshimi, Pit? — so‘radi u gapni uzoqdan boshlab.
— Yomon emas. Ikki marta oziq-ovqatsiz qolib ketdik, shamol hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi. Aytgancha, menga yangi qahva qaynatgich kerak…
— Yigitlar qalay… hammasi salomatmi?
Xo‘jayindan bu savolni kutmagan Pit hayron bo‘ldi.
— Kim qolgan bo‘lsa, hammasi sog‘-salomat.
— Kim qolgan bo‘lsa deganing nimasi? — ovozi titrab so‘radi fermer. Keyin atrofga alanglab Mak-Gayrning qabrini qidira boshladi.
— Ha-da, — dedi Pit. — Kovboylar lagerida tez-tez o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Ikki oy ichida kimlar kelib, kimlar ketmadi deysiz…
Nihoyat Reyder bor irodasini yig‘ib so‘radi: — Haligi yigit-chi, men jo‘natgan Mak-Gayr…
— Menga qarang, — shartta fermerning gapini bo‘ldi Pit va ikki qo‘liga ikkita makkajo‘xori so‘tasini tutgancha o‘rnidan turdi. — Shunday og‘ir kasal bolani kovboylar lageriga jo‘natishga vijdoningiz qanday yo‘l qo‘ydi? O‘sha bir oyog‘i go‘rda bo‘lib turgan bemor bilan sog‘ni farqiga bormaydigan doktoringizni terisini shilib olish kerak! Lekin yigitcha qurg‘ur jangari ekan. Nima qilganini bilasizmi? Nuqul janjal qiladi, deng. Birinchi kuniyoq yigitlar uning aqlini kirgizib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Ross Xorgess uni charm getra bilan aylantirib bir urdi… U nima qildi deysizmi? U shaytonvachcha Ross Xorgessning boplab ta’zirini bersa bo‘ladimi?
— Ross Xorgesni-ya?!
— Ha-da, Ross rostakamiga dovdirab qoldi. Jang tugagach, Mak-Gayr chetga o‘tib yerga yuz tuban yotib yo‘talgancha qon tuflay boshladi. Qon qusish deyiladi bu! Aytib qo‘ying, o‘sha noshud doktoringizga! O‘n sakkiz soat shu ahvolda yotdi. Hech kim joyidan qimirlata olmadi. Keyin Ross Xorgess (u o‘zini ta’zirini berganlarni xush ko‘radi)ning o‘zi ishga kirishadi. Butun Grenlandiyadan Xitoylandiyagacha bo‘lgan doktorlarni so‘kib Jekson bilan birga yigitni palatkaga olib o‘tishdi. Keyin uni pishloq, go‘sht, viski bilan siylay boshladi. Lekin yigitchaning o‘zi sira sog‘ayishni xohlamasdi. Kechasi yana qochib ketib yerga yotib olibdi. Ustiga-ustak yomg‘ir yog‘yapti deng. “Ko‘zimga ko‘rinmanglar, tinchgina o‘lgani qo‘yasanlarmi yo‘qmi?” deydi. “O‘z holimga qo‘yinglar meni. U meni ayyor dedi, yolg‘onchi dedi-ya” deydi nuqul. Ikki hafta shu tarzda yerga ag‘anab yotdi. Hech kim bilan gaplashmadi ham, keyin esa…
Shu mahal chaqin chaqnagandek atrofni shovqin-suron tutib ketdi. Yigirmaga yaqin otliq lagerga shamoldek otilib kirib keldi.
— Ilohiy ajdaholar va zaharli ilonlar haqqi! — shoshib qolgan oshpaz shunday deb baqirgancha u yodan-bu yoqqa yugurardi. — Agar to‘rt daqiqada ovqatni suzmasam, yigitlar kallamni olishadi!..
Reydler esa yigitlar orasidagi epchil, quyoshda qorayganidan tishlari yaltirab ko‘rinadigan yigitchadan ko‘zini uzolmay o‘tirardi. Bu yigit fermer bilgan Mak-Gayrga o‘xshamasdi, lekin…
Yigit qoshlarini chimirgancha fermerga yaqinlashdi. Reydler uning qo‘llarini mahkam qisgancha qattiq silkitarkan tinmay: — O‘g‘lim… O‘g‘lim ahvoling yaxshimi? Tuzukmisan? — derdi.
— Erga yaqinroq deganmidingiz? — dedi Mak-Gray chapanilarcha qichqirib xo‘jayinning qo‘lini mahkamroq siqarkan. — Men xuddi aytganingizdek qildim. Ko‘rib turganingizdek soppa-sog‘man! O‘shanda masxarabozlik qilganimni ham tushunib yetdim. Meni bu yerlarga haydab to‘g‘ri qilgan ekansiz. Rahmat sizga, oshna! Lekin qari boyo‘g‘li dokoringiz zo‘r gapirdi-da o‘ziyam! U qanday qilib meksikalik yigitning ko‘kragini tekshirganini derazadan ko‘rib turgandim…
— Hali… sen ko‘rganmiding? Unda nega menga aytmading, jin urgur?! — jahli chiqdi fermerning. — Nega doktor seni emas boshqani tekshirganini menga aytmading?
— Ey, boring, boshimni qotirmang! — dedi Mak-Gayr fermer bilan gaplasharkan yana avvalgi tantiqligiga qaytib. — Siz mendan so‘radingizmi? Gapirib-gapirib, ko‘chaga uloqtirdingiz-ku! Men ham indamadim. Bilasizmi, oshna, lekin sigirlarni boqish zo‘r ish ekan! Yigitlarga ham gap yo‘q. Men ko‘rgan jamaolarning eng zo‘ri shu!.. Menga qarang, oshna, shu yerda qolishimga ruxsat berasizmi?
Reydler savol nazari bilan Ross Xorgesga qaradi.
— Bu yaramas, bola, — dedi Ross mehr bilan. — Kovboylarning eng abjiri. Jangariligini aytmaysizmi? Yaxshisi, jig‘iga tegmagan ma’qul…
Dilfuza Sobirova tarjimasi