O’Genri. Badal (hikoya)

Kamina va qariya Mak bu o‘yindan har birimizga qirq ming dollardan “oltin to‘la xumcha”larga ega bo‘lib, arang qutulib yashirindik. Men Makni “qariya” deb ataganim bilan u qari emasdi. U qirq bir yoshda edi. Shunday bo‘lsada Mak doimo keksa cholday ko‘rinardi.
– Endi, – dedi menga Mak, – yugur-yugurlar meni charchatdi. Biz sen bilan so‘nggi uch yil ichida ancha-muncha pul ishladik. Kel, andak dam olib, ko‘ngilxushlik qilamiz.
– Ayni muddao, – dedim. – Yaxshisi, vaqtincha pod­sholarday yashab ko‘ramiz, qanday bo‘larkin? Xo‘sh, nima qilamiz: Niagara sharsharasi bo‘ylab sayohat qilamizmi yoki “faraon”1 o‘ynaymizmi?
– Ko‘p yillardan beri, – dedi Mak, – agar menda ortiqcha pul bo‘lsa, biron yerdan ikki xonali kulbai vayrona sotib olib, xitoylik oshpaz yollayman va bitta paypog‘imni yechgancha Boklning “Sivilizatsiya tarixi”ni o‘qib o‘tiraman, deb orzu qilaman.
– Xo‘sh, – dedim, – soxta dabdabasiz ham maza qilib yashasa bo‘ladi. Pulni yashirish uchun bundan yaxshi­roq “bank”ni o‘ylab topolmaysan. Menga kakkuqushli soat va Sep Uinnerning “Banjo2 chalishni mustaqil o‘rganish uchun qo‘llanma”sini olib bersang bo‘lgani — biz sen bilan sherikmiz.
Bir haftadan so‘ng Mak ikkalamiz Denverdan o‘ttiz milcha uzoqdagi Pinya shaharchasiga keldik va ayni biz uchun kerak bo‘lgan ikki xonali ozoda “kulba” topdik. Shaharcha bankiga bir vagon pul qo‘yib, shaharchaning uch yuz qirq nafar aholisi bilan tanishib chiqdik. Xitoy-oshpazimizni, kakkuqushli soatni, Bokl va Sep Uinnerni Denverdan olib keldik. Shundan keyin kulba xuddi o‘z uyimizdagidek shinam holatga keldi.
Agar, boylik baxt keltirmaydi, deyishsa ishon­mang. Qariya Makning tebranma stulda o‘tirib, ip­dan to‘qilgan ko‘k paypoqli oyog‘ini deraza tok­chasiga qo‘ygancha ko‘zoynak orasidan Boklning “dori” sini shimib o‘tirganini ko‘rsangiz edi — bu naq Rokfellerning1 o‘zi hasad qilgan to‘kin hayotning kartinasi edi. Men esa banjoda “Yashavor, qariya Zip”ni chalishni o‘rganar, kakku o‘z vaqtida fikrini bildirib turar, A-Sin esa atrofni ovqatning hidini ham chekinishga majbur qiladigan qovurilgan tuxum hamda vetchinaning2 ajoyib isi bilan to‘ydirar­di. Boklning safsatasi va “Mustaqil qo‘llanma” nay­ranglarini muhokama qilishga juda kech bo‘lib qolganda Mak bilan trubka chekib, fan, marvarid izlab topish, Misr, orfografiya, baliqlar, passat3, teri oshlash, minnatdorchilik, burgutlar va hech qachon o‘z fikrimizni bildirishga vaqtimiz bo‘lmagan turli xil narsalar haqida suhbatlashib o‘tirardik.
Bir kuni kechasi Mak mendan, xotin zotining fe’l-atvori va nayranglarining farqiga borasanmi, deb so‘rab qoldi.
– Kimdan so‘rayotganingni bilasanmi? – dedim o‘zimga ortiqcha ishonib. – Men ularni Alfreddan Oma­xagacha (boshdan-oyoq deyilmoqchi) bilgandek bila­man, – dedim. – Men Qoyali tog‘dagi o‘tkir ko‘zli bur­gutdek tez farqlay olaman. Xotinlarning xiyla-nayranglarini suv qilib ichib yuborganman.
– Bilasanmi, Endi, – dedi Mak xo‘rsinib, – ularga nisbatan menda intilish bo‘lmagan. Balki, ular bilan yaqin bo‘lishga moyillik paydo bo‘lgandir, lekin bunga vaqt qayoqda deysan. O‘n to‘rt yoshimdan ishlab pul topa boshladim. Fikru xayollarim bu jins vakillariga chorlaydigan his-tuyg‘ular bilan band bo‘lmagan. Go­hida bundan afsuslanaman.
– Ayollar — o‘rganish uchun nobop mavzu, – dedim, – bularning bari nuqtai nazarga bog‘liq. Ular bir-biridan farq qilsada, ba’zi mayda-chuydalarda o‘x­shash.
– Menimcha, – davom etdi Mak, – yosh paytingda ularga qiziqib, ilhomlanganing afzalroq. Men imko­niyatimni qo‘ldan boy berdim. Balki, men ularni o‘z dasturimga kiritishga qarib qolgandirman.
– Bilmadim, – dedim unga, – balki, sen pul to‘la bochka va har qanday g‘am-tashvishlardan butunlay ozod bo‘lishni afzal ko‘rarsan. Lekin men ularni o‘r­ganganimdan afsuslanmayman. Ayol xiyla-nay­rang­larining farqiga boradigan kishi bu dunyoda o‘zini xafa qildirib qo‘ymaydi.
Biz hamon Pinyada yashardik, bu yer bizga yoqib qol­gandi. Ba’zi odamlar pullarini shov-shuv, shovqin-suron va u yoqdan-bu yoqqa ko‘chib yurishga sarflashni ma’qul ko‘radilar. Biroq, yugur-yugurlar va mehmonxona sochiqlari Mak ikkalamizning jonimizga tekkandi. Pinya aholisi bizga yaxshi munosabatda bo‘lishardi. A-Sin osh-nonni didimizga qarab tayyorlardi. Mak va Bokl ikki qabriston o‘g‘rilari kabi ajralmas edilar. Men esa banjoda yurakni ezadigan “Buffalolik qizlar, oqshom chiqinglar”ni deyarli aslidagidek cha­lardim.
Bir kuni Speytdan kelgan telegrammani qo‘limga tutqazishdi. U Nyu-Meksikoda kon qazirdi va men undan foiz olardim. Jo‘nashga to‘g‘ri keldi. U yerda ikki oy qolib ketdim. Pinyaga qaytib, huzur-halovat­da yashashga sabrim chidamasdi.
Kulbamizga kelib, sal qolmasa hushimni yo‘qotay dedim. Mak eshik oldida turar va agar farishtalar yig‘lay olishsa, ont ichamanki, bu daqiqalarda ular kula olishmasdi.
Bu odam emas, naq tomoshaning o‘zi edi! Chin so‘­zim!­ Unga ko‘zoynak yoki durbin tugul Lik observa­toriyasining teleskopidan qarash kerak edi.
Makning egnida nimcha, syurtuk, oyog‘ida yaraqlab turgan botinka, boshida tsilindr bor edi. Ko‘krak cho‘ntagiga yorongul qistirib olgandi. U jilmayar va qorni og‘riyotgan boladay qiyshayib turardi.
– Allo, Endi, – tishlari orasidan gapirdi Mak, – qaytib kelganingdan xursandman. Sen yo‘qligingda bu yerda ba’zi bir o‘zgarishlar bo‘ldi.
– Ko‘rib turibman, – dedim, – va bu kufr ekanligini ham tan olaman. Parvardigor seni bunday yaratmagan, Mak Lonsberi. O‘zingni bu holga solib nima uchun Unga shak keltirding?
– Bilasanmi, Endi, – dedi u, – meni xalqaro sudya etib tayinlashdi.
Men Makka diqqat bilan qaradim. Uning yuzi tashvishli va asabiy edi. Xalqaro sudya motamsaro va muloyim tabiat bo‘lishi lozim.
Ayni shu dam yo‘lakda qandaydir bir qiz o‘tib ketdi. Shunda Makning jilmayganini va qizarib ketganini sezdim. Keyin esa u tsilindrini yechdi va kulib ta’zim qildi, qiz ham jilmayib ta’zim qildi va yo‘lida davom etdi.
– Agar, – dedim, – shu yoshingda muhabbat dardiga yo‘liqqan bo‘lsang, tamom bo‘psan. U senga yuqmaydi deb o‘ylagandim. Loklangan botinkalaring-chi!? Bularning hammasi atigi ikki oy davomida ro‘y berdimi?
– Kechqurun to‘yim bor… anov go‘zal qiz, – dedi Mak hayajonlanib.
– Pochtada bir narsani unutib qoldiribman, – deya shoshib nari ketdim.
Yuz yarddan keyin qizga yetib oldim. Shlyapamni yechib, o‘zimni tanishtirdim. U taxminan o‘n to‘qqizda edi, lekin xiyla yosh ko‘rinardi. U jahli chiqqanday menga sovuq qarash qildi.
– Bugun oqshom to‘yingiz deb eshitdim, – dedim.
– To‘g‘ri, – dedi qiz, – bu sizga nima uchundir yoq­mayaptimi?
– Quloq sol, singlim, – dedim.
– Mening ismim Reboza Rid, – dedi qiz ran­ji­ganday.
– Bilaman, – dedim, – shunday qilib, Reboza, men yosh bola emasman, otang tengiman. Anavi kurkaga o‘xshab dumini yoyib, qulq-qulqlab yuruvchi, loklangan botinkadagi keksa, yasanib olgan, dengiz kasaliga uchragan, sharti ketib parti qolgan kishi mening eng yaqin do‘stim bo‘ladi. Xo‘sh, nima jin urib sen Makka ilakishib, uni nikoh marosimiga sudrayapsan?
– Axir, boshqasi yo‘qda, – javob berdi miss Reboza.
– Bema’nilik, – dedim unga va atrofga alanglab. – Bu chiroying bilan xohlaganingni ilintirib olasan. Quloq sol, Reboza, qariya Mak sening tenging emas. Sen Rid bo‘lib tug‘ilganingda u yigirma ikkida edi. Uning qirchillama davri uzoqqa bormaydi. Qarib, boshida har xil bema’ni xayollar aylanib yuribdi. Hozir uning xotin-xalajga o‘chlik davri, faqat shugina. Yoshligida o‘z ulushini qo‘ldan chiqardi, endi esa Amur1 naqd pul o‘rniga qoldirgan veksel2 bo‘yicha foizlarni tabiatdan yalinib undirmoqchi… Reboza, bu nikoh sen uchun shunchalik zarurmi?
– Albatta, – dedi u shlyapasidagi kapalakgulni sil­kitib. – O‘ylashimcha, bitta men uchun emas.
– To‘y soat nechchida bo‘lishi kerak? – so‘radim.
– Oltida, – dedi.
Men darhol qanday yo‘l tutish kerakligini hal qildim. Makni qutqarish uchun barcha choralarni ko‘rishim kerak. Shunday yaxshi, yoshi qaytgan, oila qurishga yaramaydigan odamni hali qalam tishlash odatini tashlay olmagan qandaydir qiz uchun qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘yish — yo‘q, bunga shunchaki qarab turolmayman.
– Reboza, – dedim jiddiy, – nahot Pinyada senga yoqadigan biror odam… durustroq boshqa bir yigit bo‘lmasa?
– Bor, – dedi Reboza kapalakgulini yana silkitib, – albatta, bor. Shuni ham so‘raydimi?!
– Sen unga yoqasanmi? – so‘radim. – U senga qanday munosabatda?
– Aqldan ozayozgan, – javob berdi Reboza. – Kun bo‘­yi eshigimiz tagida o‘tiraverganidan oyimning u yerga suv quyishiga to‘g‘ri kelyapti. Ammo ertaga, o‘ylaymanki, bunga chek qo‘yiladi, – tugatdi gapini xo‘rsinib.
– Reboza, – dedim, – senda Makka nisbatan sevgi hissi bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi?
– Shu yetmay turuvdi! – dedi qiz boshini chayqab. – Menimcha, u teshik bochkaga o‘xshab qurib qolgan. O‘ylab topgan narsangizni qarang-u!
– Bu sen yoqtiradigan yigit kim o‘zi? – surish­tirdim.
– Eddi Beylz, – dedi qiz. – U Krosbining kolonial do‘konida ishlaydi. Biroq, oyiga bor-yo‘g‘i o‘ttiz besh dollar topadi. Bir vaqtlar Ella Nouks uni deb aqldan ozgandi.
– Makning aytishicha, – dedim, – bugun kechki soat oltida to‘ylaring bo‘lar emish.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi u, – soat oltida, biznikida.
– Reboza, – dedim. – Quloq sol! Agar Eddi Beylz naqd ming dollarga ega bo‘lsa… ming dollarga u xususiy do‘konga ega bo‘lishini ham hisobga ol… Xullas, agar Eddi ikkovingizning qo‘lingizga shuncha pul tushsa, Eddi bilan bugun kech soat beshda nikohdan o‘tishga rozi bo‘larmiding?
Qiz menga tikilib qolganligidan bunday vaziyatlarda ayollar uchun odat bo‘lmish ifodalab bo‘lmaydigan o‘y-fikrlar uning vujudini egallayotganini sezdim.
– Ming dollar? – dedi u. – Albatta, rozi bo‘lar­dim.
– Ketdik, – dedim. – Eddining oldiga.
Biz Krosbining do‘koniga yo‘l oldik va Eddini tashqariga chaqirdik. Eddining yuzini sepkil bosgan ekan. Taklifimni aytganimda u ikkilanib qoldi.
– Soat beshda? – dedi Eddi. – Ming dollarga? E-e, meni uyg‘otmanglar. Tushundim! Siz Hindistonda ziravorlar savdosi bilan boylik orttirgan amakisiz. Men esa qariya Krosbidan do‘konni sotib olaman — qarabsizki, o‘zimga o‘zim xo‘jayinman.
Do‘konga kirib, Krosbini chetga tortdik va ham­masini unga tushuntirdik. Men ming dollarlik chek yozib, qariyaning qo‘liga berdim. U agar soat beshda Eddi va Reboza nikohdan o‘tadigan bo‘lishsa, do‘­konni ularga topshirishi kerak edi.
Keyin esa ularni duo qilib, o‘rmonga sayr qil­gani jo‘nadim. To‘nkaga o‘tirib, hayot, keksalik, taq­dir, xotinlar mantig‘i hamda inson chekiga tu­­shadigan tashvish haqida xayol surdim. Qariya osh­nam Makni ikkinchi yoshlik kasalidan qutqarib qolganim bilan o‘zimni tabrikladim. Ko‘zi ochilib, tentakligi va loklangan botinkalarini tashlaganda u mendan minnatdor bo‘lishini bilardim. “Makni bunday re­tsidivlardan1 qutqazib qolish uchun, – o‘y­ladim, – ming dollardan ko‘prog‘i ham ozlik qi­ladi”. Ayniqsa, ayollarni o‘rganganimdan, ularning birontasi meni injiqliklari-yu xiyla-nayranglari bilan alday ol­masliklaridan xursand edim. Uyga qaytganimda, tax­minan, besh-u o‘ttiz edi. Ichkariga kirib ko‘rdimki, qariya Mak tebranma stulida yalpayib o‘tiribdi, egnida eski kostyumi, ko‘k paypoq kiygan, oyoqlarini deraza tokchasiga chiqarib olgan, tizzasida esa “Sivilizatsiya tarixi”.
– Soat oltida to‘yga boradiganga o‘xshamaysan, – dedim hech narsa bo‘lmaganday.
– A-a, – dedi Mak tamakiga qo‘l uzatib, – to‘yni beshga ko‘chirishibdi. Xat bilan xabar berishdi. To‘y allaqachon tugadi. O‘zing shuncha vaqt qayoqlarda qolib ketding, Endi?
– To‘y haqida eshitdingmi? – so‘radim.
– O‘zim ularni nikohladim, – dedi Mak. – Senga aytgandimku, meni xalqaro sudya etib saylashgani­ni. Ruhoniy qayerlardadir Sharq tomonlarda qarin­doshlarinikida mehmonda yuribdi, men esa nikoh marosimlarini o‘tkazishga huquqi bo‘lgan shaharcha­dagi yagona kishiman. Bir oy oldin Eddi va Reboza­ga, ikkovingni o‘zim nikohlab qo‘yaman, deb va’da bergandim. Eddi ishbilarmon yigit, yo‘lini topib xususiy do‘koniga ham ega bo‘ladi.
– Ega bo‘ladi, – dedim.
– To‘yda juda ko‘p xotinlar bo‘ldi, – dedi Mak, – lekin ularda biror bir yangilikni sezmadim. Xuddi senga o‘xshab ularning xiyla-nayranglari haqida bi­lishni istardim… Axir, sen aytgandingki…
– Ikki oy avval aytgandim, – deya qo‘limni banjoga cho‘zdim.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi