Nikkolo Makiavelli. Hukmdor

OLIY HAZRATLARI LORENSO DEI MEDIChIGA — NIKKOLO MAKIAVELLIDAN

Odatda, hukmdorni xursand etish va oqibatda mehrini qozonish niyatida, odamlar bisotidagi eng ardoqli narsalaridan otmi, qurol-yarog‘mi, ajoyib matolarnimi yoki qimmatbaho tosh, zebu ziynatlarmi, xullas, hukmdorlarning sha’nu shavkatiga mos keladigan buyumlarni sovg‘a qiladilar. Men esa, Sizga bo‘lgan sadoqatimga guvohlik bera oladigan ashyoni izlab-izlab, tasarrufimdagi mol-mulk ichidan, o‘tmish voqealarini va shu kundagi jarayonlarni, ko‘p yillik o‘rganishim tufayli to‘plagan — buyuk insonlarning buyuk ishlari haqidagi bilimimdan boshqa qimmatliroq narsa topolmadim. To‘plagan bilimlarimni mushohada qilishga ham ko‘p vaqt sarflab, fikrlarimni mo‘jazgina bir bitikchaga jamladimki, uni Sizga yuborishga jazm etdim. Ushbu inshoimni Sizga yuzma-yuz turishga noloyiq deb hisoblasam-da, Sizning o‘ta kechirimli fe’lingizga hamda ko‘p yillik xavf-xatarlar, xavotir va tashvishlar evaziga topilgan bilimlarimni juda qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqish imkonini beruvchi ushbu asarimdan ortiqroq narsani tuhfa qilolmasligimni sezishingizga ishonib, uni qabul qilarsiz degan umiddaman. Ushbuni yozayotganimda asarim o‘zining o‘zgachaligiyu mavzusining o‘ta muhimligi bilangina tan olinishini istaganim, aks holda, nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishiga roziligim uchun, ba’zilarga o‘xshab tilini hashamdor, uslubini gajakdor qilishni, jarangdor so‘zlarni ishlatishni aslo o‘ylamadim. Ko‘nglimdan kechgan yana bir tuyg‘u shuki, past tabaqadan chiqqan, haqiru faqir bir kimsa davlat ishlariga aralashib, hukmdorlarning xatti-harakatlarini muhokama etish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdek surbetlikka boribdi degan fikr paydo bo‘lmasligini istardim. Zeroki, manzara chizayotgan rassom, tog‘ va tepaliklarni tasvirlayman desa vodiyga tushishi va, aksincha vodiyni tasvirlayman desa toqqa chiqishi zarur bo‘lganidek, elni bilish uchun hukmdor bo‘lish kerak, hukmdorlarni bilish uchun el qatorida yurish shart.
O‘tinchim borki, ushbu kamtarin sovg‘ani Oliy hazratlari mening yuragimni egallagan tuyg‘ularga hamohang tuyg‘u bilan qabul qiladilar; agar siz ushbu asarni qunt bilan o‘qib mushohada etishga qaror bersangiz Siz Oliy hazratlarining yuksak fazilatlaringizga loyiq keluvchi buyuklikni taqdirdan tilashim nechog‘lik cheksizligini sezib olasiz. Va agarda, Siz Oliy hazratlari nasibangizga yarasha ko‘tarilgan yuksakligingizdan — men sudralib yurgan tubanlikka kunlardan bir kun nazar tashlab qolsangiz, taqdirning eng qattiq ta’nayu dashnomlari mening chekimga nohaq ravishda tushayotganligini ko‘rgan bo‘lardingiz.

I b o b

MAMLAKATLARNING NEChA TURDALIGI VA ULARNING EGALLANISh YO‘LLARI

Avom ustidan hokimiyati mavjud barcha mamlakat, barcha davlatlar o‘tmishda-da, hozirda-da mohiyatan tuzumi yoki respublika bo‘ladi, yoki yakka hokim tomonidan boshqariladi. Yakka hokimchilik — agar hokimning sulolasi uzoq davr taxt surgan bo‘lsa, merosiy bo‘ladi yoki yangi egallangan bo‘ladi. Yangi hokimiyat to‘liq bir davlat ustidan yoki boshqa davlatning bir bo‘lagi ustidan o‘rnatiladi. Birinchi toifaga Franchesko Sfortsa qo‘liga o‘tgan Milanni; ikkinchi toifaga Ispaniya istilo etgan Neapolitan qirolligini misol qilib keltirish mumkin. Yangi viloyat va davlatlar — o‘z qurol kuchi bilan yoki birovning qurol kuchi bilan olinadi. Shuningdek, taqdir tuhfasi sifatida ham tegishi yoki shaxsiy jasorat tufayli qo‘lga kiritilishi mumkin. Ularning hokimlarga bo‘ysunishga odatlangan yoki, aksincha, qadimdan erkinlikda yashashga o‘rgangan bo‘lishini albatta, hisobga olmoq kerakligini ta’kidlash joiz.

II b o b

MEROSIY YaNGI HOKIMLIK

Respublika masalasiga tegmayman, chunki u xususda boshqa asarimda batafsil gapiriladi. Bu yerda esa, yuqorida belgilangan tartibga ko‘ra yakka hokimlikning davlatni boshqarishi va saqlab qolish usullari xususida mulohaza yuritaman.
Avvalambor, vorisiy saltanat xususida gapirilsa, fuqarolariga tanish va o‘rganish bo‘lib qolgan sulola taxtiga vorislik bo‘yicha chiqqan podshohni ishi — yangi, begona taxt egasidan ko‘ra ancha yengil ko‘chadi. Sababi, ota-bobolarining odatlaridan chetga chiqmaslikning o‘zi saltanatni saqlashga kifoya qiladi. Keyinchalik yangi sharoit va voqealarga asta-sekin moslasha olsa bas. Agar shu yo‘ldan borilsa iqtidori o‘rtamiyona bo‘lgan podshoh ham hokimiyatni qo‘ldan chiqarmasligi mumkin. Albatta, chetdan kelgan qudratli bosqin bundan mustasno. Mamlakatini olib qo‘yishgan taqdirda ham bosqinchi birinchi muvaffaqiyatsizlikka uchragan zahoti u o‘z saltanatini qaytarib olishiga imkoniyat topiladi.
Bizning Italiyamizda bunga misol tariqasida, 1484 yilda venetsiyaliklar va 1510 yilda papa Yuliy tomonidan mag‘lubiyatga uchratilishiga qaramay o‘z hokimiyatini saqlab qolgan ferraralik gertsogni ko‘rsatish mumkin. Ota-bobolarining uzoq davr Ferrara taxtida o‘tirgani omad qayta kulib boqqanligining asosiy sababi bo‘ldi. Zeroki, vorisda o‘z fuqarosiga nisbatan zug‘um o‘tkazishga sabab ham, zarurat ham boshqalarga nisbatan oz bo‘ladi va shu tufayli fuqaro ham unga mehru oqibat ko‘rsatadi. Agar ra’iyatning nafratu g‘azabini qo‘zg‘atadigan xatti-harakatlarni haddan oshirib yubormasa xalqining muhabbati saqlanib turishi tabiiy qonuniyatdir. Chunki, sulolaning qadimiyligi burun zamonlarda shu sulolani taxtga olib kelgan to‘ntarish va bosqinlarni hamda ularni keltirib chiqargan sabablarni unutishlariga rag‘bat beradi. Har qanday yangi o‘zgarish va to‘ntarish esa yanada yangi o‘zgarishlar uchun yo‘l ochadi.

III b o b

QO‘ShILGAN YoKI YaNGI HOKIMIYaTLAR TO‘G‘RISIDA

Vorislikdan boshqacha yo‘l bilan hokimiyatga yetishgan yangi hukmdorga hokimiyatni ushlab qolish qiyin kechadi. Xuddi shuningdek, o‘z mamlakatida vorisiy hukmdor qo‘shni ulusni bosib olsa ham ahvoli yengil bo‘lmaydi. Sababi, endi uning hokimiyati vorisiylikdan chiqib aralash hokimiyat toifasiga o‘tadi. Qo‘shib olingan ulus bilan to‘ntarish oqibatida yangi hukmdorga tushgan ulusning ahvoli aynan bo‘lganidek, ikkala hukmdorning ahvoli ham tabiiy ravishda bir xilda qiyin bo‘ladi. Chunki, yangi hukmdorning yaxshi bo‘lishi orzusida eskisiga qarshi osonlikcha ko‘tarilgan odamlar tez orada aldanganlarini ko‘radilar. Sababi, yangi hokim tabiiy qonuniyat bo‘yicha eskisidan muqarrar ravishda yomon bo‘ladi. Muqarrarligi shundaki, istilochilar istiloning tabiiy qonuniyatlari bo‘yicha yangi fuqarolari ustiga yangi soliq va majburiyatlar qo‘yadi; qo‘shinni boqish vazifalarini yuklaydi. Oqibatda bu yuklardan ezilganlar ichida g‘anim orttiradi. Bu bir tomoni. Ikkinchi tomoni, bostirib kirishda unga yordam berganlarni ular kutganchalik mukofotlay olmagani uchun ularning ham do‘stona rishtalarini uzadi. O‘z tarafdorlariga aylangan bu odamlarga qarshi qattiq chora ko‘ra olmaydiki, ulardan qarzdor. Agar shular bo‘lmaganda qo‘shini nechog‘li kuchli bo‘lmasin, u mamlakatga bostirib kirolmasdi-da! Frantsiya qiroli Lyudovik XII ning Milanni osonu tez bosib olib, osonu tez undan mahrum bo‘lganligining sababi — gertsog Lodovikoning Milanni o‘z kuchi bilan yana qaytarib olganligiga ham asos shu sabablar bo‘lgan. Qirolga darvozalarni ochib bergan xalq uning yangi hukmdor sifatida o‘tkazgan zug‘umlariga chidashni xohlamadi.
Biroq, agar isyonchi mamlakat qaytadan ishg‘ol etilsa, podshohning o‘z hukmini o‘tkazishi osonroq kechadi. Chunki, aybdorlarni jazolash, shubhalilarni fosh etish, eng nozik joylarni himoyalash ishlarida isyonni bostirish degan da’vo yaxshi bahona bo‘ladi. Yuqoridagi Milan misolini olsak, birinchi martasida Lodovikoning chegara yaqinida shovqin-suron ko‘tarishi bilanoq Milanni tashlab ketgan Farangiston, ikkinchi marta bosib olganida to barcha Italiya podshohlari birlashib, qo‘shin tortib kelib, farang askarlarini yengib, chegaradan chiqarib tashlaguncha ushlab turdi. Demak, Frantsiya ikki marta Milanni qo‘ldan berdi. Birinchi martasidagi sabablarni yuqorida tavsiflab berdim. Endi ikkinchi martasida, Lyudovikning yoki uning o‘rnida turishi mumkin bo‘lgan boshqa kimsaning qanday imkoniyatlari bo‘lganini va u bularni amalga oshirmaganligini tahlil etib ko‘ramiz.
Istilo etilgan yoki meros qolgan mamlakat bir davlatga qaram bo‘lgan bo‘lishi, tagi yaxlit, tili bir bo‘lishi, yoki turli mamlakatlar qo‘shilmasidan, tili boshqa-boshqa xalqlardan iborat bo‘lishi mumkin. Birinchi holda, ayniqsa, fuqarolari burundan erkinlik neligini ko‘rmagan va tushunmagan eldan iborat bo‘lsa, qo‘lda ushlab turish qiyin emas. Buning uchun avvalgi podshohning zotini batamom qirib tashlab, eski odat va tartiblarni saqlab qolish kerak. Boz ustiga, istilochi bilan urf-odatlari bir xil bo‘lsa bezovtalikka sabab umuman qolmaydi. Farangistonga qo‘shib olingan Bretan, Burgundiya, Normandiya, Gaskoniyada biz ko‘rgan ahvol buni tasdiqlaydi. To‘g‘ri, bu yurtlarda tilda bir oz farq bor, biroq urf-odatlarning bir xilligidan u elatlar tinch-totuv yashab kelmoqdalar. Demak, misoldan ayonki, istilochi ikki ishni albatta bajarishi kerak. Birinchisi, podsho zotidan birontasini ham qoldirmay o‘ldirishi va avvalgi urf-odatlar, qonunu soliqlarni o‘zicha saqlash. Shunda bosib olingan o‘lka tez fursatda istilochining mamlakatiga qo‘shilib ketib, yaxlitlik hosil qiladi.
Biroq, istilo etilgan o‘lka istilochining merosiy mamlakatidan tartiblari, urf-odatlari, tili bilan farqlansa, hokimiyatni saqlash ko‘p qiyin kechadi va buning uchun podshohga katta omad, o‘zidan esa katta mahorat talab etiladi. Aslida o‘lkani batamom o‘ziniki qilib olishning eng to‘g‘ri yo‘li o‘sha o‘lkaga yashash uchun ko‘chib o‘tishdir. Bu ko‘chuv saltanatni mustahkamlaydi, istilo natijasining begonalashuvini saqlaydi. Turk sultoni shunday amal tutdi va agar u shunday qilmaganda, o‘z poytaxtini ko‘chirmaganda har qancha urinmasin Gretsiyani1 qo‘lida saqlab qololmasdi. Faqat o‘sha mamlakatda yashab turibgina g‘alayonlarni tug‘ilayotganidayoq ilg‘ash va kesishi mumkin, aks holda g‘alayonlar alangalanib, chora ko‘rish kech bo‘lgani seziladi. Boz ustiga, ko‘chib o‘tilgandagina yurt amaldorlarning qaroqchiligidan xalos etiladi, fuqaro dodini bevosita hukmdorga ayta oladi; natijada mo‘minlar muhabbati qozoniladi. G‘addorlar esa qarshi amal ko‘rishdan qo‘rqadilar. Atrofda bu yurtga ko‘z olaytirganlarning ham mushkuli qiyinlashadi, chunki ko‘chib o‘tgan mamlakatini istilochi qo‘ldan berishi juda qiyinligi ayondir.
Yana yaxshi usulning ikkinchisi, bosib olingan yerga o‘z yurti aholisidan ko‘chirib kelib, bir-ikki yerda koloniya tuzishdir. Koloniyalar hukmdor uchun istilo yurt bilan vorisiy yurtini bog‘lovchi zanjir misolida xizmat qiladi. Yuqoridagi ikki usuldan bo‘lak yana bitta xatosiz usul bor, bu — istilo etilgan yurtda otliq va piyodalardan katta qo‘shin saqlashdir. Biroq, koloniyalar tashkil etish istilochi podshohdan deyarlik sarf-xarajat talab qilmasligi bilan yaxshidir. U faqat yangi aholini o‘rnashtirish uchun tortib olingan yer va uy-joylaridan haydalgan mahalliylarni xonavayron qiladi xolos. Bu kamsonli odamlar kambag‘allashib haryoqqa darbadar tarqalib ketishadi va podshohga hech qanday qarshilik ko‘rsatish qo‘llaridan kelmaydi. Yon atrofdagi mahalliylar esa zarar ko‘rmagani uchun tez orada tinchlanib, boz ustiga qarshilik ko‘rsatsalar o‘zlari-da darbadar qo‘shnilari qatoriga tushishlaridan qo‘rqib indamaydilar. Xullas, koloniyalar tashkil etish arzonga tushadi, ular podshohga sadoqat bilan xizmat qilishadi, mahalliylardan juda oz qismigina xonavayron bo‘ladi, ular esa qashshoqlashib tarqalib ketgani uchun qarshilik ko‘rsatisholmaydi. Shu o‘rinda, odamlarni yo alqash, yo qirish kerakligini aytib o‘tish lozim, chunki ko‘rsatilgan ozgina jabr uchun odam qasos olishi mumkin, katta zulmga esa qarshilik ko‘rsatolmaydi. Demak, odamga jabrni ham kelajakdagi qasosdan qo‘rqmaydigan darajada hisobga olib qilish kerakligi xususida-da fikr chiqadi. Endi, bordi-yu, koloniyalar o‘rniga qo‘shin tashlansa, uni boqish ancha qimmatga tushadi. Hatto, yangi yurt egaligidan tushgan g‘animatning barini yeyish oqibatida, foyda o‘rniga zarar ko‘rish mumkin. Yana esa, qo‘shinni boqishda mahalliylardan ham ko‘p kishi zada bo‘lib, noroziligini tug‘dirib, dushmanga aylantiradi. Dushman esa shohga zarba berishi mumkin, zeroki bu dushman yengilgan bo‘lsa-da, o‘z uyidadir. Shunday qilib, qaysi tarafdan yondoshmaylik: qo‘shin saqlash zarar, koloniya tuzish foydalidir.
Urf-odati va tili begona yurtda istilochi kuchsizroq elatlarning himoyachisiga, rahnamosiga aylanishi, hamda kuch-qudratda o‘ziga teng keladigan boshqa shohning yurtga suqilib kirishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Yurtdagi norozilar shohning bunday raqiblarini bostirib kirishga undashlari mumkin. Bir paytlari rimliklarni Gretsiyaga etoliyaliklar chaqirgan. Umuman, har yerda ham rimliklarni mahalliy aholi chaqirgan. Qonuniyat shundan iboratki, biron-bir o‘lkaga qudratli istilochi bostirib kirganda u yerdagi kuchsiz elatlar, mayda shohlar yon-verilaridagi kuchlilarga hasad qilganlaridan bosqinchiga qo‘shilib ketadilar. Buning uchun ularga mulozamat yoki og‘dirish uchun harakat qilish shart emas. Ular o‘zlari ixtiyoriy qo‘shiladilar. Bu mayda shohlarning mulklarini kengayishiga, qudratlarining ortishiga yo‘l qo‘yilmasa bas, istilochi yurtdagi yirikroq shoh va xalqlarni shu mayda shohlarning, hamda o‘zining kuchi bilan tizginda bemalol ushlab tura oladi. Agar yuqorida aytilganlarga rioya etilmasa, istilochi u mamlakatni tez orada qo‘ldan chiqaradi va bu jarayonda juda ko‘p qiyinchilik va balolarni boshidan kechiradi.
Rimliklar biron o‘lkani bosib olganlarida shu aytilganlarga beistisno rioya etganlar. Ya’ni: koloniyalar tashkil qilganlar, qudratlari oshmasligini nazorat qilgan holda kuchsizlarni otaliqqa olganlar, kuchlilarni tizginlaganlar, qudratli raqiblarining ta’siri singishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Gretsiya misolini keltirib, shu bilan kifoyalanaman: Rimliklar etoliya va axeyaliklarni o‘zlariga og‘dirganlar, Makedoniya podshohligini kamsitganlar, Antiox ta’sirini yo‘qotganlar. Ammo nechog‘liq xizmat qilganlariga qaramay axeya va etoliyaliklarga chegaralarini kengaytirishga yo‘l qo‘ymaganlar; Filippning xushomadiga qaramay, to uning qudratini sindirmaguncha ittifoq tuzmaganlar; Gretsiyada mulk so‘rab qattiq qistovga olgan Antioxga yon bosmaganlar. Sirasini aytganda, rimliklar eng dono shohlardek ya’ni, faqat bugunni emas, ertani ham o‘ylab, tug‘ilishi mumkin bo‘lgan baloyu mojarolarni oldini olishga butun kuchlarini berganlar. Zeroki, chorasi avvaldan ko‘rilsa baloni yo‘qotish oson, biroq bostirib kelishini kutsa har qanday amal-da yordam bermasligi mumkin, chunki kasal o‘tib ketsa iloji topilmaydi.
Buni sil kasaliga o‘xshatsa bo‘ladi. Tabiblar bu xastalikni boshlanishida aniqlash qiyin-u, davolash oson; biroq avj olib ketgach, aniqlash oson-u, davolash qiyin deyishadi. Davlat ishlari ham shu kabidir: mojaroni endi tug‘ilayotganini sezib olinsa, bu faqat dono shohga nasib etadi, uni tinchitish oson; ammo o‘tkazib yuborilsa, hech qanday muoloja ham foyda bermaydi.
Rimliklar baloi mojaroni tug‘ilayotgandayoq sezib olgach, biron chora ko‘rsak urush chiqadi-ku, deb xavfsirab jim turavermasdan darrov chorasini ko‘rardilar. Chunki urushdan qutulish mumkin emasligini, uni orqaga surish faqat dushman uchun foyda ekanligini tushunardilar va darrov harakatlarini qilardilar. Shuning uchun ham, Filipp va Antiox bilan keyinchalik Italiya yerlarida urush olib borgandan ko‘ra hoziroq Gretsiya yerida urushish afzalligini anglab, kechiktirmay urush ochdilar. Ikkala podshoh bilan ham urushni orqaga surish imkonidan foydalanishni istamadilar. Vaqtning valine’matligiga tashlab qo‘yavering, hammasi vaqtning izmida, deb aql o‘rgatuvchi hozirgi donishmandlarning og‘zidan tushmaydigan hikmat rimliklarga yoqmas edi. Valine’matlik o‘zlarining aql-idroklarida, o‘zlarining uzoqni ko‘rabilishlarida, o‘zlarining jasoratlarida deb bilardilar. Vaqtga tashlab qo‘yish har baloni keltirib chiqarishi mumkin. Zeroki, vaqt yaxshilik ham, yomonlik ham olib kelishi mumkin.
Yana Farangiston misoliga qaytib, yuqorida men aytgan shartlarning birontasi bajarilganmi yo‘qligini ko‘ramiz. Bunda men Karl haqida emas, Italiyani uzoqroq ushlab turganidan xatti-harakatlari batafsilroq tahlilga imkon bergani uchun Lyudovik haqida gapiraman. Siz urf-odati, tili o‘zgacha mamlakat istilo qilinganda hokimiyatni ushlab turish uchun ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralarga qarama-qarshi yo‘l tutilganiga o‘zingiz amin bo‘lasiz.
Qirol Lyudovik Italiyaga venetsiyaliklar tufayli kirdi. Chegaralarini kengaytirish niyatidagi venetsiyaliklar yordamlari evaziga Lombardiyaning yarmini so‘ragandilar. Bu kelishuv uchun men qirol Lyudovikni ayblamayman. Karlning qilmishidan keyin Frantsiya uchun hamma eshiklari taqa-taq yopilgan bir sharoitda, Italiyaga hech bo‘lmasa bir oyog‘i bilan kirib olish maqsadida, ittifoqdosh tanlashga imkoni yo‘qligidan Lyudovik venetsiyaliklar bilan shu bitimni tuzishga majbur edi. Va bu yo‘lda agar keyinchalik xatolar qilmaganida muvaffaqiyat qozonishi uchun hamma imkoniyatlari bor edi. Lombardiyani zabt etib, u Frantsiyaning Karl davrida yo‘qotilgan obro‘sini tikladi. Genuya bo‘ysundi; florentsiyaliklar ittifoq sulhi taklif etishdi; Mantuya markizi, Ferrar gertsogi, Bentivoli uyi, Forli grafxonimi; Faentsa, Pezaro, Rimini, Kamerino, Pombino hokimlari; Lukka, Piza, Siyena — barcha-barchasi do‘stlik izhor qilib Lyudovik tomon oshiqdilar. Venetsiyaliklar esa, Lombardiyaning atigi ikki shahri evaziga Italiyaning uchdan ikki qismini qirolga topshirib qo‘yganliklarini, attang deganicha keyin tushundilar.
Agarda yuqorida aytilgan tadbirlarni qo‘llaganda Lyudovikning muvaffaqiyatini mustahkamlashiga qanchalik qulay sharoit tug‘ilganligini ko‘rib turibsiz. Biri Cherkov, biri venetsiyaliklar bosqinidan qo‘rqib, o‘zidan panoh izlagan ojiz ittifoqchilarning xavfsizligini ta’minlab, ularning kuchi bilan esa hali qudratli raqiblaridan o‘zini ihotalash o‘rniga u teskari ish qildi. Ya’ni Milanga kirgan zahotiyoq papa Aleksandrga Romanyani bosib olishga ko‘maklashdi. Shu harakati bilan — g‘oyaviy hukmronligi juda kuchli bo‘lgan cherkovning moddiy qudratini oshirganini, ittifoqchilarini sovutib nari itarganini, o‘zining qudratini kesganini sezmay qoldi. Oqibatda, shuhratparastlik ishtahasi oshib ketib, Toskaniyani bosib olishga uringan papa Aleksandrni to‘xtatish uchun Italiyaga o‘zi kelishga majbur bo‘ldi. Cherkov hokimiyatini kuchaytirgani, ittifoqchilarni nari itargani kamlik qilgandek, tanlagan xato yo‘lidan yurishga majbur bo‘lib, Neapolitaniya qirolligini Ispaniya bilan bo‘lib olishga kelishdi, ya’ni, yakka o‘zi hukmron bo‘lgan Italiyaga keyinchalik norozi kuchlar va shuhratparastlar uchun, yana bir panohkorni — o‘zi bilan qudrati teng raqibni kiritdi. O‘ziga o‘lpon to‘lashga tayyor neapolitan qirolini haydab, o‘zini haydab chiqarishi mumkin bo‘lgan ispan qirolini Italiyaga chaqirdi.
To‘g‘risini aytganda, bosib olish istagi tabiiy hol. Bu yo‘lda imkoniyatlarini hisoblab ish tutgan odamni hamma tan oladi yoki hech kim ta’na qilmaydi. Biroq, o‘z imkoniyatlarini hisobga olmay istilo yo‘lida ko‘ngliga kelgan uslublarni qo‘llagan kishi har qanday ayblovga loyiqdir. Frantsiyaning Neapolni o‘z kuchi bilan bosib olishga urinishi aqlga to‘g‘ri kelar edi. Lekin uni o‘ziga teng raqib bilan bo‘lib olishi noto‘g‘ri bo‘ldi. Italiyaga kirish imkon berdi deb, Lombardiyani Venetsiya bilan birgalikda bo‘lashib olganligini oqlash mumkin. Biroq, Neapolitaniyaga Ispaniyani sherik qilishi faqat yomonlashga loyiqdir, chunki oqlaydigan bironta sabab yo‘q.
Shunday qilib, Lyudovik: mayda hukmdorlarni chetlatib, kuchliroq hukmdorlarni yanada kuchaytirib, o‘ziga teng bo‘lgan harifni boshqa davlatdan chorlab, Italiyaga ko‘chib o‘tmay, koloniyalar tuzmay — beshta xatoga yo‘l qo‘ydi.
Agar u Venetsiya yerlariga ko‘z olaytirib, oltinchi xatoni qilmaganida bu besh xato tirikligi davrida pand bermasligi ham mumkin edi. Venetsiyani yo‘nishni Cherkovni kuchaytirmasdan, Ispaniyani chorlamasdan avvalroq qilishi kerak edi. Bu ikki xatodan so‘ng esa Venetsiyaning barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘yish mumkin emasdi. Kuchli Venetsiya o‘zining ham Lombardiyani zabt etish niyatlari borligidan chetdan istilochi kelishiga yo‘l qo‘ymas edi. Lombardiyaning Venetsiyaga o‘tishiga qarshi turib Frantsiyaga birov urush ocholmaganidek, Frantsiya bilan Venetsiya ittifoqiga qarshi borishga esa inchunin hech kimning yuragi dov bermas edi. Bu fikrga qarshi, Lyudovik Romanyani Aleksandrga, Neapolni Ispan qiroliga — urush ochilishining oldini olishi maqsadida berdi, degan da’voga esa men yuqorida aytganlarimni dalil qilaman. Ya’ni: urushdan qochib tala-tortga yo‘l qo‘yish noto‘g‘ridir; urushning oldini olib bo‘lmaydi, uni faqat kechiktirish mumkin, biroq, o‘tgan vaqtda sen ustunligingni yo‘qotishing mumkin, deb javob beraman. Agar, papa qirolning iltimosiga ko‘ra nikohini bekor qildi, hamda Ruan arxiyepiskopiga kardinallik qalpog‘ini kiygizdi, shularning evaziga Romanyani papaga va’da qilgandi, degan da’voni qilishsa, bunga: shohlarning va’dasi va ularni qanday bajarish lozimligi haqidagi bobda keyinroq javob beraman.
Shunday qilib Lyudovik, bosib olingan mamlakatni ushlab qolishda hamma shohlar rioya qiladigan qoidalarga xilof ish tutgani uchun Lombardiyadan ajraldi. Bunday bo‘lishida biron-bir g‘aroyiblik, ajoyiblik yo‘q, bari — qonuniyat bo‘yicha yuz berdi. Bu haqda men Ruan kardinali bilan o‘sha vaqtda Nantda bo‘lgan suhbatimizdayoq aytgan edim. Bu paytda, oddiy xalqda Valentino deb ataluvchi papa Aleksandrning o‘g‘li Chezare Bordja — Romanyani zabt etish bilan band edi. Kardinal, italiyaliklar harbga no‘noqlar, degan gap qildi. Men, frantsuzlar esa siyosatda no‘noqlar, aks holda Cherkovni bunday kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymasdilar, deb javob berdim. Mana, zamona ko‘rsatdiki, Cherkov bilan Ispaniya Frantsiya tufayli o‘zlarining Italiyadagi mulklarini kengaytirdilar, Frantsiya esa Cherkov bilan Ispaniya tufayli Italiyada hamma narsadan quruq qoldi. Bu voqeadan shunday xulosa chiqarish mumkin: birovning mulk va qudratini oshirishga xizmat qilgan dog‘da qoladi, zeroki mulk va qudratga mahorat va kuch vositasida erishiladi; mahorat va kuch ishlatish qobiliyati esa mulk va qudrat egasi tomonidan nazar-pisand etilmaydi.

IV b o b

ISKANDAR ZABT ETGAN DORO SALTANATINING ISKANDAR VAFOTIDAN SO‘NG UNING MEROSXO‘RLARIGA QARShI NEGA BOSh KO‘TARIB ChIQMAGANLIGI HAQIDA

Bosib olingan o‘lkalarda hokimiyatni saqlab qolish nechog‘lik qiyinligini ko‘rib, bir necha yilning ichida Osiyoni zabt etgan Buyuk Iskandar imperiyasining uning vafotidan so‘ng parchalanib ketmaganiga, shohning safdoshlari qo‘liga tinchgina o‘tganiga, safdoshlari esa o‘zlarining shuhratparastliklaridan kelib chiqqan balolardan tashqari hech qanday qiyinchilik ko‘rmay u yurtlarni boshqarganliklariga hayron qolmay iloj yo‘q. Bu masalani tushuntirishdan burun aytish kerakki, insoniyat xotirasida saqlangan barcha yakka hokimliklarda mamlakatlar: o‘z mulozim va xizmatkorlari yordamida shoh boshqarayotgan hamda baronlar qurshovida qirol boshqarayotgan davlatlarga bo‘linishini aytish lozim. Birinchi toifadagi davlatda mulozim va xizmatkorlar mansabga shohning marhamati va mayli bilan qo‘yiladi. Ikkinchisida esa, qirolning atrofidagi baronlarda merosiy mulklari, ya’ni kichik davlatlari, unda o‘zlarining mulozimlari bo‘ladiki, bu mulozimlar baronlarni hukmdor deb biladilar va tabiiy ravishda ko‘ngillarida bog‘liqlik sezadilar. Xizmatkorlar bilan boshqarilayotgan davlatda shohning hokimiyati kuchliroq bo‘ladi, chunki butun mamlakatning odamlari bitta hukmdorni taniydilar; uning xizmatkorlariga faqat mansabdor va ishboshqaruvchi sifatida bo‘yinsunadilar va ko‘ngillarida ularga hech qanday alohida bog‘liqlik sezmaydilar.
Bizning davrimizda turli toifadagi davlatlarga misol qilib, turk sultoni bilan Frantsiya qirolini keltirish mumkin. Turk monarxiyasi bitta hukmdorga bo‘ysunadi, davlatdagi barcha aholi uning xizmatkoridir. Mamlakat sanjak deb ataluvchi viloyatlarga bo‘lingan bo‘lib, sanjaklarga voliylarni qo‘yish va almashtirishni sulton hushiga qanday kelsa shunday qiladi. Frantsiya qiroli esa har bittasi o‘z mulkiga ega oliyzotlar bilan o‘ralgan. Bu oliyzot baronlarni mulklaridagi fuqaro hukmdor deb biladi va sevadi. Bundan tashqari baronlar qator imtiyozlarga egadirlarki, qirol bu imtiyozlarga o‘ziga zarar yetkazmagan holda, ya’ni xohlaganicha teginolmaydi.
Agar bu davlatlarni qiyoslasak, sultonning monarxiyasini zabt etish qiyinligini, biroq zabt etgandan so‘ng ushlab qolish osonligini; Frantsiyani esa, ma’lum ma’noda, zabt etish oson-u, zabt etgach hokimiyatni ushlab qolish qiyinligini tushunamiz. Turk sultonining saltanatini bosib olish qiyinligiga sabab shuki, saltanat ichidan istilochiga yordam beradigan, g‘alayon ko‘taradigan, uni chorlaydigan inson chiqishi qiyin. Yuqorida aytilganidek, saltanatdagi barcha fuqaroyu mulozim sultonning marhamati orqali kun ko‘ruvchi qulidir, ularni sotib olish qiyinroq, sotilgani ham orqasidan elni ergashtirolmaydi. Demak tajovuzchi, ola chiqishiga ishonmay, hamjihat qarshilik ko‘rishini o‘ylab, faqat o‘z kuchiga tayanib ish ko‘rishi lozim bo‘ladi. Ammo, jangda sultonni yengib, armiyasini tor-mor etsa, sultonning qon-qarindoshlaridan boshqa hech kimdan qo‘rqmasa bo‘ladi. Agar istilochi ularni ham qirib tashlasa — bas, qarshilik ko‘rsatishga qodir kuch sulton saltanatida qolmaydi. G‘alabagacha eldan ola chiqishiga umid qilmagandek, g‘alabadan keyin, xuddi shu nuqtaga tayanib, eldan xavfsiramasa bo‘ladi.
Frantsiya kabi davlatlarda esa vaziyat boshqacha. Shuhratparastlik bobida, yoki o‘zgarish yasashga ehtiyoj bobida baronlardan birontasi bilan til biriktirish mumkin. Ular mamlakatga kirishga, g‘alabaga yordam berishi mumkin. Lekin bu yurtni ushlab qolish qiyin. Chunki, yordam bergan tarafdan ham, kuch bilan sindirilgan tarafdan ham xavf-xatar hamisha tayin turadi. Bu yerda qirolning urug‘-aymog‘ini qirish kifoya qilmaydi. Bu yerda yangi mash-mashani boshlaydigan hamisha tayyor baronlardan hech bo‘lmasa birontasi topiladi. Chunki istilochi ularning xohishu talablarini hech qachon qondirolmaydi, shuningdek ularning barchasini birdan, qirib tashlayolmaydi.Ular birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq istilochini hokimiyatdan ag‘darishadi.
Endi Doroning shahanshohligiga murojaat qiladigan bo‘lsak, uning turk sultonligiga o‘xshashligini ko‘ramiz. Shuning uchun Iskandar Doroni ochiq jangda yengib, qo‘shinini chilparchin qilishi shart edi. Bunday g‘alabadan va Doroning urug‘-aymog‘ini qirib tashlagandan keyin esa Iskandar o‘z hukmdorligidan xavfsiramasa ham bo‘lardi. Agar uning izdoshlari totuv yashaganlarida aholi tomonidan hech qanday qarshilik bo‘lmas edi.
Frantsiya singari tuzumli davlatlarda istilochi u kabi beg‘am bo‘lolmaydi. Ispaniya, Frantsiya, Gretsiyada mayda hukmdorlar ko‘p bo‘lgani uchun rimliklarga qarshi qo‘zg‘olonlar surunkali ko‘tarilib turgan. Eski tuzum odamlar xotirasida saqlangunga qadar Rim hokimiyati hamisha liqillab turgan. Biroq, xotiraning asta-sekin o‘chishi, rimliklarning benihoya qudratliligi va hukmronliklarining uzoq davom etganligi oqibatidagina mustahkam o‘rnasha boshlaganlar. Keyin, rimliklar o‘zaro mojaroga kirishganlarida har bir lashkarboshi raqib o‘ziga yaqin provintsiyalarni jangga tortadigan bo‘ldi. O‘z podshohlari qirilib ketgan mahalliy xalq rimliklardan boshqa hukmdorni tan olmay qo‘ygandi. Shularni e’tiborga olsak, Iskandar osiyocha saltanatni nega osonlikcha ushlab qolgan-u, Pirr va boshqa istilochilar o‘z bosqinlarini saqlashda nega qiynalganliklarini tushunamiz. Asl sababi — bosqinchi g‘olib jang mahoratining ortiq yo kamligida emas, balki zabt etilgan yurtlarning davlat tizimining farqidadir.

V b o b

BOSIB OLINGUNChA O‘Z QONUN-QOIDALARI BO‘YIChA YaShAGAN MAMLAKATLAR VA ShAHARLARNI BOShQARISh HAQIDA

Avvalroq aytilganidek, agar bosib olingan yurt, shahar qadim-qadimdan erkinlikda o‘z urf va qonunlari bilan yashab kelgan bo‘lsa, uni saqlab qolishning uchta yo‘li bor. Birinchisi — batamom buzib tashlash; ikkinchisi — u yerga ko‘chib o‘tish; uchinchisi — shaharning do‘st sifatida qolishini saqlab, belgilangan o‘lponni to‘lashini kafolatlovchi bir to‘da odamga topshirib, o‘z urf-odatlari bo‘yicha yashashga imkon berish. Kafolat olgan to‘da o‘zining shoh tomonidan qo‘yilganini, shohning marhamati va qudrati bilangina mansabda o‘tirganini bilib, shohning yo‘lidan hech qachon toymaydi. Shaharni buzmasdan o‘z xohishi bo‘yicha yashashga ruxsat bergan ekansan, uni tobelikda saqlashning eng oson yo‘li — aytilgan rahbar to‘dani shu shaharning odamlaridan saylashdir.
Sparta bilan Rim misolini olib ko‘raylik. Spartaliklar Afina bilan Fivani o‘zlari tuzgan zodagon to‘da yordamida tobelikda ushlagan bo‘lsalar-da, oxir-oqibatda ikkala shahardan ham ajralganlar. Rimliklar Kapuya, Karfagen, Numantsiyani tamom buzib tashlab, u yerlarni qo‘llarida saqlab qolganlar. Gretsiyada esa sparta usuliga o‘xshash usulda, ya’ni zodagonlar to‘dasini tuzib, aholini ozod, qonunlarini buzmay yashatib ushlab turishga uringanlar. Biroq bu usul o‘zini oqlamagach, Gretsiyaning ko‘p shaharlarini buzib tashlashga majbur bo‘lganlar.
Aslida ham shaharni batamom buzibgina hokimlikni saqlashdan boshqa ishonchli usul yo‘q. Qadimdan erkin yashagan shaharni egallab, uni ayaydigan odamni shahar ayamaydi. Ozodlik uchun, eski tartib-qoidalar uchun ko‘tarilishga sabab hamisha topiladi. Zamona o‘tishi-da, istilochining yaxshiliklari-da ularni hech qachon unuttirolmaydi. Florentsiyaliklar istibdodida yuz yil yashab ham baribir o‘zini tiklagan Pizadek ular ozodlikka intilaveradilar. Ming yaxshilik, ming harakat qilganing bilan shahar ahli ozodlikni, eski tartiblarni qo‘msayveradi, intilaveradi. Ularni parchalab har yoqqa tarqatib tashlamaguncha maqsadga erisholmaysan.
Biroq, shahar yoki o‘lka yakkahokimlik ostida yashagan bo‘lsa va istilodan so‘ng hokimning zoti qirib tashlansa, shahar aholisi qurol olib qo‘zg‘ololmaydi. Chunki bir tomondan u qullikka ko‘nikkan, ikkinchi tomondan esa hokim yo‘qotilgani uchun yangisini topishga imkonlari bo‘lmaydi va ular yangi qullikka tez ko‘nikadilar. Ularni o‘ziga ko‘niktirish va xavfsizligini ta’minlash uchun istilochida imkon ancha ko‘pdir. Respublika sharoitida esa hayot qaynoq bo‘lganligidan nafrat va qasos olish hislarida ko‘p bo‘ladi; u yerda burungi ozodlik xotirasi hech qachon o‘lmaydi va o‘lishi ham mumkin emas. Shuning uchun bunday o‘lka yoki shahar ustidan hokimiyatni saqlab qolishning aniq yo‘li — ularni vayron qilish yoki u yerga ko‘chib o‘tishdir.

VI b o b

O‘Z QUROL KUChI YoKI JASORATI BILAN QO‘LGA KIRITILADIGAN YaNGI O‘LKALAR TO‘G‘RISIDA

Hokimiyatni egallash, shoh va davlat haqida so‘z yurgizarkanman, buyuk shaxslar misoliga murojaat qilishimga ajablanmaslik kerak. Odatda odam birov ochgan yo‘llardan yurib, katta ishlar qilganlarga taqlidan ish qiladi. Biroq hadeb bir yo‘ldan ketaverish, o‘zingga o‘rnak qilib olgan shaxsga teng ish qilish mumkin emas. Aqlli kishi buyuk insonlarning yo‘lini tanlab, buyuk insonlarga o‘xshashlikni istarkan, ularga tenglashishni, baslashishni emas, ulkan ruhlaridan madad olishni, ruhlanishni maqsad qilishi kerak. Nishonning juda uzoqdaligini ko‘rgan usta mergan mo‘ljalni sal yuqoriroqdan oladi. Ma’lumki, bunda u o‘qni tepadan o‘tib ketishini emas, yoyning kuchini hisoblagan holda o‘qni mo‘ljalga teparoqdan kelib tegishini o‘ylaydi.
Shunday qilib, yangi ishg‘ol qilingan o‘lkalarda mustahkamlanib olishning og‘ir yoki yengil kechishi fotih jasoratining ko‘lamiga bog‘liq bo‘ladi. Oddiy bir odamning hokimiyat tepasiga kelishida taqdirning marhamati yoki shaxsiy jasorati sababchi bo‘lganidek, keyinchalik, hokimiyatni saqlashdagi sinovlarda ham o‘sha sabablar unga yordam beradi, deb o‘ylash mumkin. Ammo, hayot — omadga kamroq ishongan kishi hokimiyatda uzoq muddat turganini ko‘rsatadi. Agar istilochining boshqa qo‘nadigan yeri bo‘lmay, bosgan yeriga o‘rnashsa ish yanada yengil ko‘chgan.
Biroq, hokimiyatni taqdirning marhamati ila emas, shaxsiy jasorati tufayligina qo‘lga olganlarga o‘tarkanman, eng namunalilari sifatida Muso, Kir, Tezey va shu kabilarni ko‘rsatgan bo‘lardim. Garchi, Tangrining irodasini bajargan Musoni misol keltirish ortiqcha bo‘lsa-da, yaratuvchi bilan so‘zlashish imkonini bergan xudoning marhamatiga hurmat ko‘rsatishimiz zarurdir. Endi Kir va boshqa shu singari fotihlarga, sulola asoschilariga o‘tamiz. Zeroki bu toifa kishilarning ham qilgan ishlari tepadan Musoga jo‘natilgan ko‘rsatmalardan qolishmaydi. Ularning hayot yo‘llarini, mardliklarini mushohada qilarkanmiz, taqdir ularga faqat istagan shaklga solish mumkin bo‘lgan holatni yaratganini, bir ashyo berganini; agar shu holat va ashyo bo‘lmaganida ularning jasorati bekorga so‘ngan bo‘lishini, yoki aksincha, jasoratlari bo‘lmaganda holat ila ashyo behuda ketgan bo‘lishi mumkinligini ko‘ramiz.
Agar Muso o‘z xalqini misrliklar qo‘lida qul bo‘lib ezilib yotgani ustidan chiqmaganida Isroil elini o‘z ortidan ketishga ko‘ndirolmasdi. Agar Romul tug‘ilganidanoq o‘z holicha taqdirga tashlab ketilmaganida va yana Alba unga torlik qilmaganida u hech qachon Rimga asos solmasdi, Rim davlatiga podsho bo‘lmasdi. Forslarning midiyaliklar ostida yashash jonlariga tegmaganida va shu paytga kelib ko‘p yillik farog‘atdan keyin midiyaliklar ipak-oyim, nozikta’b xalqqa aylanmaganlarida Kir hech qachon bunday cho‘qqiga ko‘tarilolmasdi. Agar afinaliklarning bir-biridan begonasirab, alohida-alohida yashayotgani ustidan chiqmaganida Tezey ham o‘z jasoratini namoyon qilolmagan bo‘lardi. Xullas, bu kishilarning har biriga baxtli holat yuz tutgan-ku, faqat ularning jasoratigina bu holatlarning ma’nosini chaqqan, natijada ularning vatanlari saodatga erishib, dovrug‘i olamga taralgan.
Bu kabi jasorat yo‘lidan borgan kishiga hokimiyatni qo‘lga kiritmoq qiyin kechsa-da, saqlab qolmoq oson bo‘ladi. Qiyinligi shundaki, ular ko‘p yangi qonun va tartiblarni joriy qilishga majburlar. Yangi tartib va qoidalarsiz esa davlat tashkil etish, uni saqlab turish, o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash mumkin emas.
Eskilikni yangilikka almashtirishdek qiyin, bu jarayonni nazorat qilishdek xavfli, amalga oshish yo oshmasligi noma’lum narsani odamlarga singdirishdek azob ish dunyoda boshqa topilmaydi. Shu kabi ishga bel bog‘lagan odamga bir tarafdan eskilikdan foyda ko‘ruvchilarning dushmanligi qarshi tursa, yangilikdan foyda ko‘ruvchilarning loqaydligi ikkinchi tarafda turadi. Yangilikdan foyda ko‘ruvchilarning loqaydligi — qonunlar himoyasidagi eskichilardan qo‘rqqanidan, qisman esa hali amalga oshmagan va tajribada sinab ko‘rilmagan yangilikka ishonchsizlikdan bo‘ladi. Eskilik tarafdorlari esa ozgina imkon tug‘ildi deguncha jon-jahdlari bilan hujumga o‘tadilar. Yangilar esa lanjlik bilan himoyalanadilar, bularga suyangan odam esa katta xavf ostida turadi.
Yangilik kiritishni tag-tubi bilan aniqlab olish uchun jarayon o‘z-o‘zini ta’minlaydimi yo yo‘qligini bilish kerak. Ya’ni chetdan yordamga tamom tobemi, boshqalarga yalinib-yolvorish zarurmi yoki kuch ishlataversa bo‘ladimi. Agar birinchi sharoit ustun chiqsa, barbod bo‘lishi tayin, agar ikkinchi sharoit ustun chiqsa — muvaffaqiyatsizlik ehtimoli juda oz. Ana shuning uchun ham qurollangan payg‘ambarlar g‘olib chiqqanlar, qurolsizlari halok bo‘lganlar. Chunki, yuqoridagilarga qo‘shimcha tariqasida, odamzotning mayli nihoyatda o‘zgaruvchanligini aytib o‘tish lozim. Ularni o‘z e’tiqodingga o‘tkazish oson bo‘lishi mumkin-u, ushlab turish juda qiyin. Shuning uchun odamlarda ishonch tugagan paytda kuch bilan qayta ishontirishga hamisha tayyor turish kerak. Muso, Kir, Romul, Tezeylar qurolsiz holda o‘zlari kiritgan qonunlarga odamlarni uzoq muddat ishontirib turolmasdilar. Bizning zamonamizdagi Jirolamo Savanarola bunga yaqqol misoldir: odamlarda e’tiqodu ishonch kuchi tugagach, hali ishonchi borlarga madad berish, qaytganlarni qayta ishontirish uchun u imkon topolmadi.
Yuqorida sanab o‘tganlarimga o‘xshash shaxslar yo‘lida ko‘p qiyinchilik, ko‘p xavf-xatarlar turadi. Ularni yengish uchun buyuk matonatu jasorat talab etiladi. Lekin maqsadga erishilgach, ra’iyatning e’tirofi qozonilgach, g‘ayirlar yo‘q qilingach, shoh uzoq yillarga yetadigan qudrat, osoyishtalik, shon-shuhrat va baxtga muyassar bo‘ladi.
Buyuk odamlar misoliga ancha kichik ko‘lamdagi bir shaxsni qo‘shmoqchi edim. Garchi aytganimdek ancha kichik ko‘lamda bo‘lsa-da, ishlarining tizimi buyuklarnikiga aynan o‘xshashdir. Men Giyeron Sirakuzalini nazarda tutayapman. Taqdir unga qulay sharoit yaratdi xolos: zulm ostida yashayotgan sirakuzaliklar uni lashkarboshi qilib saylashdi. U esa faqat o‘zining xizmatlari evaziga oddiy odamdan Sirakuzaning shohligi darajasiga yetdi. To‘g‘ri, u cho‘qqiga erishgunga qadar ham shunday mard ediki, qadimgi tarixchi aytganidek, “nihle illi deerat ad regnandum praeter regnum”. U eski qo‘shinni tarqatib, yangisini to‘pladi. Eski ittifoqchilarni rad etib, yangilari bilan shartnomalar tuzdi. O‘z qo‘shini, o‘zining yangi ittifoqchilaridan iborat ana shunday poydevor ustida u istagan imoratini qurish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ya’ni hokimiyatni olish uchun juda ko‘p zahmat chekib, uni osonlikcha saqlab turdi.

VII b o b

BIROVNING QUROLI YoKI TAQDIR MARHAMATI BILAN QO‘LGA KIRUVChI YaNGI DAVLAT HAQIDA

Vaholanki, hukmdorlikka o‘z jasorati bilanmas, taqdir marhamati ila erishgan odamlarning saltanatni ushlab qolishi juda qiyindir. Go‘yoki maqsadga uchib kelib erishadi-yu,keyin birdaniga ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi. Men bu yerda hukmdorlikka pul, yoki biron shaxsning marhamati orqali erishgan kishilarni nazarda tutayapman. Bunday hodisalar — Doro o‘zining shon-shuhrati va xavfsizligini o‘ylab hukmdorlar tayinlagan Gretsiyaning Ioniya va Gellespont viloyatlaridagi shaharlarda yoki zoti taxt ko‘rmagan odamlar, qo‘shin boshilar soldatlarni pul bilan sotib olib o‘zlarini imperator qilib saylatganlarida Rimda ancha-muncha bo‘lgan.
Hukmdorlikka shu yo‘l bilan chiqqanlarning kelajagi taqdir o‘yiniga va uni ko‘targanlarning ixtiyoriga to‘lig‘icha bog‘liqligidan, aytish joizki, bu ikki kuch dunyodagi eng o‘zgaruvchan, eng injiq narsalar bo‘lgani uchun, bunday hukmdorlar uzoq turolmaydilar, o‘zlari ham hokimiyatni saqlashni bilmaydilar. Uzoq turolmasliklariga sabab: umr bo‘yi kichik mansabda yurgan, iqtidoriyu jasorati o‘rtacha, hukmfarmolikni o‘rganadigan joyi ham yo‘qligidandir. Saqlashni uddalay olmasliklariga esa ishonchli suyanchiq va ittifoqchilari yo‘qligidandir. G‘oyibdan kelib qolgan bu hukmdor tabiatdagi juda tez o‘sadigan har bir narsadek na bir tuzukroq ildiz, na butoq otishga ulguradilar, oqibatda ob-havoning birinchi buzilishidayoq nobud bo‘ladilar. Faqat rosmana jasorat egasigina to‘satdan cho‘qqiga ko‘tarilsa taqdir qo‘shqo‘llab topshirgan narsani, ya’ni toju taxtni saqlab qola oladi. Boshqalar taxtni egallaguncha yillab tayyorlagan shartlarni tezlikda tayyorlay oladi.
Jasorati va taqdir marhamati ila yuksaklikka erishuvni hali esimizda bor ikki insonning hayoti misolida ko‘rsatib o‘tmoqchiman. Bular — Franchesko Sfortsa va Chezare Borjalardir. Franchesko Milan gertsogligiga keragicha katta jasoratlar ko‘rsatib erishdi-da, uni qo‘lida saqladi. Avom tilida gertsog Valentino nomi bilan mashhur Chezare Borja esa hukmdorlikka taqdir marhamati ila yuksaklikka chiqqan otasining yordamida erishdi va aqlli, jasoratli inson ekanligidan, birovning yordamida erishgan davlatida ildiz otishga juda ko‘p urindi, katta zahmat chekdi, shunga qaramay, otasining o‘limidan so‘ng baridan ayrildi. Ilgari bisyor aytganimdek, burundan tashlanmagan poydevorni, keyinchalik, katta jasorat-la butun imoratni xavf ostiga qo‘yib ham yaratish mumkin.
Gertsog Borjaning harakatlarini kuzatib, kelajakdagi davlatiga pishiq poydevor yaratganiga amin bo‘lish qiyin emas. Men xuddi ana shu voqealarni tahlil etishni istardim. Chunki bo‘lajak davlat boshlig‘iga, bundan ortiq o‘gitli misolni xayolimga keltirolmayotirman. Aqlu idrok, jasorati ham inqirozdan saqlab qololmaganiga esa gertsog emas — taqdir o‘yinining makkorligi aybdordir.
Papa Aleksandr VI o‘g‘li bo‘lmish gertsog Borjani yuksak cho‘qqilarga ko‘tarishni xohlardi. Biroq bunga hozirgi kunida va kelajakda ancha-muncha to‘siqlar bo‘lishini bilardi. Cherkovga tegishli mulklardan boshqa mulki yo‘qligini tan olgancha, ulardan birontasi o‘g‘liga berolmasligini, bunga Milan gertsogi va Faentsa bilan Riminini o‘z otalig‘iga olib ulgurgan venetsiyaliklar yo‘l qo‘ymasliklarini bilardi. Bundan tashqari, Italiyada yollash mumkin bo‘lgan qo‘shinlar papaning kuchayishidan xavfsiraydigan hukmdorlarda va ularning hamtovoqlarida, ya’ni Orsini bilan Kolonnada edi. Shunday qilib, bir-ikki davlatni qiyinchiliksiz egallash uchun Italiyadagi hozirgi tuzumni buzish, davlatlar o‘rtasida nizolar chiqarish zarur edi. Venetsiyaliklarning o‘z manfaatlarini ko‘zlab Frantsiyani Italiyaga kirishga chorlaganlari bunga ancha qo‘l keldi. Papa bunga halaqit qilish o‘rniga qirol Lyudovikning avvalgi nikohini bekor qilib, qaytaga yordam berdi.
Shunday qilib, venetsiyaliklarning yordami hamda Aleksandrning roziligi bilan farang qiroli Italiyaga kirdi. Milanga yetib kelishi bilanoq papaga yordamchi qo‘shin jo‘natdi, bu qo‘shin yordamida papa Romanyani bosib oldi. Papaning bu ishiga hech kim indamaganiga sabab faqat bitta — orqasida qirol turganligi edi. Xullas, shu yo‘l bilan Romanya gertsog Borja qo‘liga o‘tdi. Kolonna partiyasiga zarba berildi. Biroq gertsog undan nariga istasa-da o‘tolmas, chunki ikki masala bunga yo‘l qo‘ymasdi: birinchisi, o‘z askarlariga ishonchi yo‘qolganida, ikkinchisi, Frantsiyaning niyatlarida edi. Boshqacha aytganda, gertsog yollagan Orsinining askarlari pand berishidan xavfsiradi, ya’ni ular ketib qolishadi yoki zabtning mahsulini tortib olishadi deb o‘yladi. Frantsiya ham xuddi shunday qilishi mumkin edi. Orsinining soldatlaridan, Faentsani egallab bo‘lib, Bolonyaga hujum boshlaganida ularning atay lanjlik qilayotganini sezganida xavfsirashga tushdi. Qirol masalasida esa sabab quyidagicha edi: Borja — Urbinoni egallab Toskanaga askar surganda qirol uni qaytishga majburladi. Shundan keyin gertsog birovning quroliga va birovning rahnamoligiga suyanmaslikka qaror berdi.
Eng avval u Orsini va Kolonna partiyalarining kuchini kesdi. Buning uchun shu ikki partiya tarafida turuvchi Rimdagi nobillarni qo‘shinda hamda boshqaruvda lavozimlarga o‘tkazib, katta maoshlar tayinlab o‘ziga og‘dirib oldi. Nobillar o‘z partiyalaridan kechib gertsog tarafdorlariga aylandi. Keyin Kolonna partiyasi rahbarlarini qirib, Orsini rahbarlarini gumdon qilish uchun imkon poylab yurdi. Shunda juda yaxshi imkon tug‘ildi va u imkonning yaxshiligidan-da ortiq ustalik bilan foydalandi. Orsinilar Cherkovning kuchayishi o‘zlarini halokatga yo‘liqtirishini sezib qolib, Peruja yaqinidagi Majonda to‘plandilar. Bu to‘planish keyinchalik gertsog uchun dahshatli voqealarni tug‘dirdi. Urbinodagi g‘alayon, Romanyadagi noroziliklar shular jumlasidandir. Biroq gertsog bu silkinishlarni faranglar yordamida tinchitdi.
Burungi mavqeini tiklagach, endilikda o‘zini xatarga qo‘ymaslik uchun Frantsiyaga ham yoki boshqa chetdagi kuchga suyanmaslikka qaror qilib, aldash yo‘liga o‘tdi. U Orsinilarning ko‘zini shunchalik shamg‘alat qildiki ular sinor Paoloni yarash elchisi sifatida jo‘natdilar. Gertsog sinor Paoloni mulozamatni cho‘qqiga chiqarib qo‘yib qabul ayladi, unga kiyimlar, otlar va pul sovg‘a qildi. Shunga laqqa uchgan orsinilar Sinigaliyaga borib uning qo‘liga tushdilar. Partiyalar boshliqlarini shu tariqa yo‘qotib, tarafdorlarini esa og‘dirib olgach, o‘ziga mustahkam poydevor yaratdi. Uning qo‘lida butun Romanya va Urbino gertsogligi mujassamlashgandi. Muhimi esa, hukmdorligidan farog‘at topgan xalqning mehri qozonilganligida edi.
Gertsogning xalq mehri xususidagi ishlari o‘rnak va e’tiborga loyiqligidan unga alohida to‘xtalishni istardim. Romanya gertsoggacha pastkash hukmdorlar qo‘lida edi. Ular elning farog‘atini emas, uni shilishni, mamlakatda totuvlikni emas, nizolarni avj oldirishni o‘ylardilar, mamlakat kazzoblar talovidan, nizolardan, qonunbuzar bedodlikdar azob chekardi. Gertsog Romanyani egallagach beboshliklarni tinchitish, barchaning oliy hokimiyatga bo‘ysunishini ta’minlash maqsadida messer Ramiro de Orkoni butun huquqlarni bergan holda muxtor vakil etib tayinladi. Qattiqqo‘l, cho‘rtkesar fe’lli messer Ramiro qisqa vaqtda Romanyada nizolarni tugatib, tartib o‘rnatdi, bebosh buzuqilar dag‘-dag‘ titraydigan bo‘ldi. Shunda, hokimiyatning bir qo‘lda jamlanishi ra’iyatni darg‘azab qilishi mumkinligini o‘ylab, bu ahvolga barham berdi. O‘rniga ardoqli bir shaxs raisligida fuqaro sudini tashkil etdi. Bu sudda har bir shaharning o‘z himoyachisi bor edi. Bundan tashqari messer Ramironing qattiqqo‘lligi elda ma’lum norozilik tug‘dirganini bilganidan o‘zini oqlab olmoqchi bo‘ldi. Ya’nikim, mabodo shafqatsizlik yuz bergan esa-da, bunda men emas, cho‘rtkesar noibim aybdor, degan ma’noda. Xullas, bir kuni ertalab Chezenaning o‘rtaliq maydonida gertsogning buyrug‘iga binoan qonga bo‘yalgan kunda va qilich bilan yonma-yon messer Ramiro de Orkoning ikkiga bo‘lingan jasadini qo‘yib qo‘yishdi. Bu manzaraning dahshati olomonni qoniqtirish qatorida ancha esankiratdi ham.
Endi chetlashib ketgan mavzuimizga qaytamiz. Shunday qilib gertsog o‘z qo‘shiniga ega bo‘ldi, xavf tug‘dirayotgan qo‘shni qo‘shinlarning kattagina qismini tor-mor keltirdi, bu bilan esa qudratga kirib xavfsizligini ta’minladi. Uning yo‘lida faqat Frantsiya qiroli qolgandi. Chunki kechikib bo‘lsa-da, ko‘zi ochilgan qirol gertsogning yangi istilolariga yo‘l qo‘ymasdi. Shuning uchun gertsog atrofdan yangi ittifoqchilar izlay boshladi va Frantsiyaga munosabatini burungi qat’iy do‘stlikdan egiluvchanlikka o‘zgartirdi. Xuddi shu paytda frantsuzlar Gayetani qurshovga olgan ispanlarga qarshi qo‘shin tortib, Neapolga yurish boshlagandi. Gertsogning niyati Frantsiya bilan munosabatlarni uzib, orani ochiq qilib olmoqchi edi. Va agarda papa Aleksandr salgina uzoqroq yashaganda bunga erishardi ham.
Bu aytilganlar Gertsogning bugunni o‘ylab qilgan ishlari bo‘lsa, kelajak xususida tashvishi — otasi Aleksandr o‘rniga kimning papa bo‘lib saylanishi bilan bog‘liq edi. Chunki, bo‘lajak papa nafaqat unga qarshilik qilishi, balki otasi bergan narsalarni tortib olishi ham mumkin edi. Bunga chek qo‘yish uchun u to‘rtta ehtiyot chorasini mo‘ljalladi. Birinchisi, yangi papa dastak sifatida ko‘tarmasligi uchun o‘zi xonavayron qilgan eski hukmdorlarni urug‘-aymog‘i bilan qirib tashlash. Ikkinchisi, Aleksandrning bo‘lajak vorisini jilovlab turish uchun Rim nobillarini o‘ziga og‘dirish. Uchinchisi, Kardinallar hay’atida o‘z kishilarini ko‘paytirish. To‘rtinchisi, Aleksandrning o‘limidan so‘ng chetdan keladigan birinchi zarbaga dosh bera oladigan darajada davlatini kengaytirish edi. Papa o‘lgan paytda gertsogning uch rejasi amalga oshgan, to‘rtinchisi ham deyarlik nihoyalanib qolgandi. O‘zi xonavayron qilgan eski hukmdorlarning qo‘li yetgan barchasini qirgan, faqat bir-ikkitasigina qochib qutulgandi; Rim nobillarini o‘ziga og‘dirgandi; kardinallar hay’atida tarafdorlari ko‘pchilik edi. Davlatini kengaytirish borasida esa Toskaniyani ishg‘ol qilishga bel bog‘larkan — Peruja bilan Pombinoni zabt etgan, Pizani esa otalig‘iga olib ulgurgandi. Neapolitaniyadan ispanlar tomonidan siqib chiqarilgan Frantsiya endi xavfli emasdi. Endi Frantsiya bilan Ispaniya gertsogning rag‘batini olish uchun unga mukofotlar taklif etishayotgandi. Xullas, Pizani egallash uchun ham bir qadam qolgan edi: Pizadan keyin Siyena bilan Lukka, bir tomondan qo‘rqqanlari sababli, ikkinchi tomondan florentsiyaliklarga achchiq qilib, o‘zlari taslim bo‘lishardi. Natijada florentsiyaliklar ham tang ahvolda qolishardi. Bu ishlarning bari papa o‘lgan yilning oxiridayoq amalga oshishi va amalga oshgudek bo‘lsa gertsog na birovning quroliga, na birovning omadi-yu, qosh-qovog‘iga bog‘liqligi bo‘lmagan, faqat o‘zining jasoratiyu qudrati bilan yashovchi qudratli va obro‘li hukmdorga aylanardi. Afsuski, u otasining o‘limigacha faqat besh yil qolgandagina birinchi marta qilich yalang‘ochlagani sababli faqat bitta — Romanya davlatini to‘liq zabt etdi. Ikkinchi davlatni yarim-yorti egallagancha oro yo‘lda, ikki tarafdan kuchli nodo‘st qo‘shin ichida qoldi. Boz ustiga, tuzalmas dardga chalindi.
Gertsogdagi qahrli jasorat, odamlarning keragini rom qilib ergashtirish nokeragini chetlashtirish san’ati, qisqa vaqt ichida davlatiga yaratgan asos shunchalik kuchli ediki, ikki tomonidan ikki dushman qo‘shini qisib turganiga qaramay ham qiyinchiliklarni yengib chiqardi — agar kasal bo‘lib qolmaganda. Davlatining poydevori nechog‘lik mustahkamligiga biz quyidagilarni ko‘rib amin bo‘lganmiz: Romanya uni bir oydan oshiqroq vaqt kutib turgan; o‘lar holatda Rimda yotganda ham chetdan tahdidsiz bexavotir yashagan; Baloni, Orsini va Vitellilar Rimga kelib hech kimni o‘zlari bilan ergashtirib ketolmaganlar; papaning saylovida garchi aynan uning aytgan kishisi o‘tmagan bo‘lsa-da, lekin u istamagan kishi saylanmadi. Papa Aleksandrning xuddi vafoti kunlarida o‘zi ham bedavo dardga chalinmaganida u albatta hamma niyatiga erishardi, hamma to‘siqni yengardi. Papa Yuliy II saylanayotgan kunlari u menga shunday degandi: Otamning o‘lishiga tayyorgarlik ko‘rib, har qanday vaziyatdan chiqish yo‘lini o‘ylab qo‘yib, bir narsani unutgan ekanman — o‘zimning o‘limim yaqinligini.
Gertsogning ishlarini nazardan o‘tkazarkanman, xatosi bor ekan deb ta’na qiladigan biron belgi ko‘rmadim. Aksincha, taqdir marhmati yoki birovning kuchi bilan taxtga erishadigan odamga barcha sohada o‘rnak bo‘lishi mumkin deb o‘yladim. Yuksak maqsadni, qamrovi keng ishga faqat shu usulni tutib erishish mumkin, boshqachasi bo‘lmaydi. Uning maqsadiga yetishishiga faqat Aleksandrning o‘limi va o‘zining dardi bedavoga chalinganigina xalal berdi. Xulosa shuki, yangi tuzilgan davlatda dushmanlardan saqlanishda, do‘st orttirishda, kuch va hiyla ishlatib g‘olib kelishda, xalqni dahshatga solish va mehrini qozonishda, askarlarni intizomli va hurmat ko‘rsatadigan qilib tarbiyalashda, ishonchli va sadoqatli qo‘shin tuzishda, zarar keltirishi aniq yoki mumkin bo‘lgan kishilarni yo‘q qilishda; eski tartiblarni yangilashda, komil ishonch tug‘dirmaydigan qo‘shindan qutulib, o‘z qo‘shinini tuzishda, qattiqqo‘llik va mehr, bag‘rikenglik va saxovat ko‘rgazishda; hukmdorlar va qirollarni mulozamat bilan yordam ko‘rsatadigan, dushmanlik qilishdan esa tiyilib turadigan darajadagi do‘stona munosabatlar o‘rnatishda — yangi davlat tepasiga kelgan odamlar uchun gertsogning xatti-harakatlaridan ko‘ra yaxshiroq o‘rnak topilmasa kerak.
Uni faqat bir narsada — Yuliyning Cherkov rahbarligiga saylanishidagina xato qildi deb ayblash mumkin. Chunki u o‘zi istagan odam nomzodini o‘tkazolmagan taqdirda ham, istamagan odamini yaqinlashtirmaslikka qudrati yetardi. Shunday ekan o‘zi bir zamonlar xafa qilgan, hamda saylanib qolsalar undan xavfsiraydigan kardinallarni papa sayloviga yaqinlashtirmasligi lozim edi. Chunki odam zoti yoki qo‘rqqani uchun yoki yomon ko‘rgani uchun qasos oladi. San-Petro in Vinkula, Kolonna, San-Jordjo, Askaniolar gertsog tomonidan xafachilik ko‘rgandilar, qolganlar ham saylangach undan qo‘rqishga asoslari bor edi. Ispanlar bilan Ruan kardinaligina bundan mustasno edilar. Ispanlar qarindoshlik tomonlari borligidan, ruanlik esa — orqasidagi farang qirolining qudratiga ishonib gertsogdan xavfsiramagan bo‘lardi. Shuning uchun birinchi navbatda papalikka ispanlardan birontasini, iloji topilmas ekan Ruan kardinalini saylash lozim edi. San-Petro in Vinkula esa mutlaqo to‘g‘ri kelmasdi. Bu dunyodagi martabasi ulug‘ kimsalar, keyin ko‘rgan yaxshiliklari evaziga avvalgi zadalikni unutishib yuboradilar deb o‘ylagan odam xato qiladi. Xullas gertsog shunday xatoga yo‘l qo‘ydi va bu narsa o‘zini halokatga olib keldi.

VIII b o b

YoVUZLIK YO‘LI BILAN HOKIMIYaTNI QO‘LGA OLUVChILAR HAQIDA

Biroq shoh bo‘lishning na taqdir marhamatiga, na jasoratga aloqasi bo‘lmagan yana ikki usuli borki, ularni gapirmay o‘tish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Aslida ulardan bittasi respublika to‘g‘risida so‘z yuritilganda eslansa yaxshi bo‘ladi. Men oddiy odamning jinoyat yo‘lidan borib, yoki fuqaroning muruvvati orqali oliy hukmdorlikka erishuvlarini nazarda tutayapman. Yovuzlik xususida gapirarkanman bitta qadimdan, bitta shu kunlardan misol keltirmoqchiman. Zeroki shu ikkovi yaqqol manzara beradi.
Sitsiliyalik Agafokl nafaqat oddiy, balki hamma past nazar bilan qaraydigan, hazar qiladigan tabaqadan chiqib, Sirakuzaning podshosi bo‘ldi. U kulol oilasida tug‘ilib, yoshligidanoq vijdonni bir chekkaga surib qo‘yadigan palapartish hayot kechirdi. Biroq, ruhiyu badani metin bo‘lganligidan askarlikka yollandi va asta siljib-siljib Sitsiliya pretori etib saylandi. Bu mansabda yaxshilab o‘rnashib olgach, Sirakuza podsholigini ko‘zladi, ya’ni odamlar ko‘ngilli ravishda unga bergan boshliqlikni batamom o‘ziniki qilib olmoqchi bo‘ldi. Bu niyatiga o‘sha paytda Sitsiliyada yurgan karfagenlik Gamilkarni oshno etdi-da, bir kun ertalab respublika hayotiga oid masalalar bor, degan bahonada xalqni va Sirakuza senatini to‘pladi. Barcha yig‘ilgandan keyin soldatlarga kelishilgan ishorani berdi va ular hamma senatorlarni va elning boylarini qirib tashlashdi. Bu yovuzlikdan so‘ng Agafokl o‘z yurtdoshlaridan zig‘irchalik ham qarshilik ko‘rmay shohlik qila boshladi. Garchi u karfagenliklar tomonidan ikki marta tor-mor etilgan va qurshovda qolgan bo‘lsa-da, shaharni topshirmadi. Qo‘shinning bir qismini shahar himoyasiga qoldirib, bir qismi bilan Afrikaga bostirib kirdi va karfagenliklarni Sirakuza qurshovidan voz kechishlariga majburladi. Keyin yanada ularni tang ahvolga solib, nihoyat sulh tuzishga ko‘ndirdi. Karfagenliklar Afrika bilan chegaralanib Sitsiliyani Agafoklga qoldirishdi.
Agafoklning hayoti va ishlarini diqqat berib o‘rganib chiqsak, uning erishganlarida taqdir marhamati hecham yoki deyarli hech yo‘q. Hukmdorlikka u birovning otaliq yordamida emas, juda ko‘p xavf-xatarlar, issiq-sovuq va yetishmovchiliklarga to‘la qo‘shin hayoti bilan erishdi, hokimiyatni ham jasur harakatlari, qattiqqo‘lligi bilan saqlab qoldi. Ammo o‘z yurtdoshlarining qirg‘inini, xiyonat, sotqinligini, shafqatsizligini, murtadligini mardona jasorat deb atayolmaymiz. Bularning bari bilan hukmdorlikka erishish mumkin, lekin shon-shuhratga erishish mumkin emas. Agarda uning xavf-xatarga qarshi jasorat-la borgani, metin irodasi ila qiyinchiliklarni yengganini mashhur sarkardalarga bemalol qiyoslab, teng keladi deyish mumkin bo‘lsa; insongarchilikdan tashqari shafqatsizligi, boshqa qilgan jinoyatlarini buyuk shaxslarga qiyoslay olmaymiz. Demak, taqdir marhamati va haqiqiy jasorat deb, Agofokl ishlarini aytish mumkin emas.
Bizning zamondoshimiz, papa Aleksandr davrida boshqa bir voqea ro‘y berdi. Fermolik Oliverotto yoshligida yetim qolib, tog‘asi Jovanni Folyanining uyida o‘sib ulg‘aydi. O‘smirligidayoq Paolo Vitelli qo‘liga askar bo‘lib yollandi. Maqsadi — harbiy san’atni o‘rganib, shu yo‘lda yaxshi lavozimlarni egallash edi. Paolo o‘lgach esa, uning ukasi Vitellotstso qo‘liga o‘tdi va tabiatan ziyrak, kuchli, jasur bo‘lganidan tez orada qo‘shinda birinchi shaxsga aylandi. Ammo birovning aytganini qilib yuraverishni or bilib, ona yurti Fermoni egallashni orzu qildi. Buning uchun Vitellidan oq fotiha oldi va vatandoshlarining ozodligidan ko‘ra qulligini afzal ko‘ruvchi bir necha fermolikni o‘ziga sherik qildi. Shundan so‘ng tog‘asi Jovanni Folyaniga xat yozib, ko‘p yillik judolikdan keyin tog‘asini va tug‘ilgan joylarini ko‘rish orzusida ekanligini va yo‘l-yo‘lakay merosdagi ulushi haqidagi masalani gaplashib olmoqchiligini qistirdi. Xatida u yana, maqsadi — faqat yaxshi nom qozonish ekanligini, umrini bekorga o‘tkazmaganini yurtdoshlariga ko‘z-ko‘z qilmoqchiligini, shuning uchun do‘stlari va xizmatkorlaridan iborat yuz kishilik jo‘ralari bilan tantanali vaziyatda kirmoqchiligini aytib ijozat so‘radi. Bu narsa faqat o‘ziga emas, otasi o‘rnida turgan tog‘asiga ham izzat-obro‘ keltirishini qistirdi. Va yana, Fermo ahli ham ko‘pchilik bo‘lib, tantanali kutib olishsa, buni tog‘asi uyushtirsa, deb iltimos qildi. Jovanni Folyani jiyanining iltimosini aytgandek bajardi. Fermo aholisi Oliverottoni dabdaba bilan kutib oldi. Oliverotto o‘z uyiga qo‘nib, mash’um rejasining tayyorgarligi pishguncha bir necha kun kutdi. Keyin tog‘asi Jovanni Folyani boshliq Fermo shaharchasini barcha atoqli odamlarini uyiga bazmga chaqirdi. Bazmdagi odatiy yeb-ichish, o‘yin-kulgi tugagach, Oliverotto qasdma-qasdlikka Papa Aleksandr va uning o‘g‘li Chezare Borjaning ishlarini ulug‘lab, ko‘klarga ko‘tara boshladi. Jovanni va boshqa mehmonlar unga javob qaytara boshlaganlarida esa Oliverotto o‘rnidan turdi-da, bunday mavzuni xoliroq o‘tirib gaplashgan ma’qul deb, ichkari xonalarga yetakladi. Tog‘asi va shaharning atoqli odamlari uning ketidan ichkariga o‘tishdi. Lekin kirib hali o‘tirib ulgurishmasdanoq, pistirmadagi soldatlar bostirib kirib, barini o‘ldirishdi. Chavaqlashni tugatishgach, Oliverotto otlandi-da, shahar bo‘ylab otini uchirib o‘tib oliy magistratni qurshab oldi. Dahshatga tushgan magistrat unga bo‘ysundi, yangi boshqarma tuzildi va Oliverotto shahar hukmdori etib saylandi.
Noroziligi tufayli zarar yetkazishi mumkin deb o‘ylagan odamlarni yana qirib tashlab, boshqatdan harbiy-fuqarolik qonunlarini joriy qilib hokimiyatni mustahkamlab oldi. Shundan keyin Fermo ichida butunlay bexavotir, boz ustiga yaqin atrofdagilarga dahshat solib yashay boshladi. Xuddi Agafoklga o‘xshab shahardan urib chiqarish juda qiyin bo‘lganidan uni aldashni faqat Chezare Borjagina uddaladi. Avval hikoya qilinganidek, Orsini va Vitelli oilalari nayrang bilan Sinigaliyaga taklif etilganida Oliverotto u yerga o‘zini jasurlik va yovuzlikdagi ustozi Vitellotstsi bilan keldi va o‘sha yerda bo‘g‘ib o‘ldirildi. Bu voqea Oliverottoning padarkushligidan bir yil o‘tgach sodir bo‘ldi.
Ehtimol ba’zilarni, nega endi maqsadlariga yovuzlik va sotqinlik bilan erishgan Agafokl va u kabilar yurtlarida uzoq va xotirjam yashashlari mumkin va yashaganlar, bemalol tashqi hujumdan himoyalanganlar, yurtdoshlarining fitnayu suiqasdlariga uchramaganlar, vaholanki, boshqalar g‘ala-g‘ovur urush sharoiti u yoqda tursin, tinchlik paytida ham shafqatsizlik qilsalarda hukmdorlikni saqlab qololmaganlar, degan masala qiynashi mumkin. Mening fikrimcha, shafqatsizlikni shafqatsizlikdan farqi bor. Agar, yomon narsani yaxshi deb ta’birlashga ruxsat etilsa, shafqatsizlik o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun birdaniga amalga oshirilsa, u doimiy maqsadga aylantirilmasa hamda keyingi faoliyat el farovonligiga yo‘naltirilsa yaxshi. Biroq, u oz-mozdan boshlanib, so‘ng ko‘payaversa va hech qachon to‘xtamasa, el farovonligi o‘ylanmasa — u yomon. Agafokldek birinchi usuli qo‘llanilsa, xudo va bandalarining yordamida hokimiyatni saqlash mumkin, ikkinchi yo‘ldan borilsa mumkin emas.
Xulosa shuki, hokimiyatni qo‘lga olayotgan shaxs bundan jabrlanadiganlarning barini hisobga olib, asta-sekin emas, barini birdan yo‘qotishi kerak. Shunda odamlar oz-ozdan tinchlanadilar, hukmdor ham yaxshilik qila borib, ularning mehrini qozonishi mumkin. Kimda-kim paysallanib, yoki yomonlik niyatida turaverib, yaxshilikka o‘tmas ekan, u hech qachon qonli qilichini qiniga solmaydi. Kundan-kunga yangidan-yangi xo‘rlik va haqoratlarga solayotgan fuqarosiga hech qachon suyanolmaydi. Demak, ozor berishni birdan to‘xtatish lozim, ozor qancha oz bo‘lsa, undan qaytadigan zarar ham shuncha ozdir. Elga yaxshilik qilishni esa oz-ozdan uzoq muddatga cho‘zish kerak-ki, uning ta’mi yaxshiroq singadi. Hukmdor uchun yaxshi va yomon kunlarda ham ra’iyatga muomala munosabatini o‘zgartirmasligi eng muhim narsadir. Chunki, og‘ir zamonada yomonlik qilish — kech, yaxshilikni esa, majburligidan qilayapti deb o‘ylashganidan minnatdor bo‘lishmaydi.

IX b o b

SAYLANUVChI YaKKAHOKIMLIK

Endi bir shaxsning yovuzlik va g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan emas, fuqarolarning iltifoti sababli hukmdor bo‘ladigan vaziyatlarga o‘taman. Bu o‘rinda shaxsiy jasorat yoki omad emas, ko‘proq omadli ayyorlik kerak bo‘ladi. Bu kabi yakkahokimlikni fuqarolik yakkahokimligi deb atash mumkin bo‘lib, u zodagonlar yoki xalq talabi bilan joriy etiladi. Zeroki, dunyoda shu ikki ibtidoga bo‘linmagan shaharning o‘zi yo‘q. Zodagonlar ibtidosi xalq ibtidosini hamisha qayirib olishga va ezib suvini ichishga intiladi, xalq esa hamisha zodagonlarning xo‘rlik va ezishidan qutulishga harakat qiladi. Ibtidolarning bu kurashi doimo uch yakunga — yo yakkahokimlikka, yo boshboshdoqlikka, yo ozodlikka olib boradi.
Yakkahokimlik, qulay sharoit qay biriga birinchi to‘g‘ri kelib qolishiga qarab yo zodagonlar, yo xalq tomonidan joriy etiladi. Zodagonlar xalqqa bas kelolmayotganini ko‘rib, oralaridan bironta kishini hukmdor qilib ko‘taradilar-da, uning orqasida xalqni ezaveradilar. Xalq ham zodagonlarning kirdikorlariga bas kelolmayotganini sezib, bizni himoya qiladi, degan ma’noda bir kishini ko‘taradi. Zodagonlar ko‘targan odamning xalq ko‘targan odamga nisbatan hokimiyatni ushlab turishi qiyinroq kechadi. Chunki u, har biri o‘zini hukmdor bilan teng ko‘ruvchi zodagonlar qurshovida turadi. Natijada, buyruq ham berolmaydi, mustaqil fikrga ham ega bo‘lolmaydi. Bundan tashqari, zodagonlarning ishtahasini qondirish yo‘lida halol, birovning haqiga xiyonat qilmay boshqarishi mumkin emas. Xalq ko‘targan kishining atrofida esa bo‘ysunishni istamagan odamlar butunlay bo‘ladi yoki deyarli butunlay bo‘lmaydi. U halol ishlashi mumkin. Chunki xalq talabining o‘zi halol. Xalq xo‘rlikdan, g‘irromlikdan himoya qilishni talab qiladi xolos. Zodagonlar esa xalqni talashni, xo‘rlashni talab etishadi. Buning ustiga, dushmanga aylangan xalqqa bas kelib bo‘lmaydi, chunki u ko‘pchilikdir. Dushmanga aylangan zodagonlarga esa ular ozchilik bo‘lgani uchun bas kelish mumkin. Masalaning boshqa tomoni bor: xalq juda nari borsa hukmdordan yuz o‘giradi xolos. Zodagonlar esa yuz o‘girishdan tashqari qarshi harakat qiladi. Chunki zodagonlar makkor, uzoqni ko‘rib ish qiladigan, sog‘ qolish yo‘llarini oldindan qidiradigan, kuchlining oldida yaltoqlanadigan bo‘ladi. Yana bir narsani ilova qilaman: hukmdor — xalqni tanlash imkonidan mahrum, zodagonlarni esa tanlay oladi. Chunki jazolash, marhamat ko‘rsatish, o‘ziga yaqinlashtirish yoki chetga surib tashlash uning hukmidadir.
Keyingi jumlani batafsilroq tushuntiraman. Zodagonlar bilan ularning senga munosabatiga qarab, aynan shunday muomala qilmoq kerak. Ular munosabati ikki xil bo‘ladi. Biri hukmdorning chekiga neki tushsa, shuni birga tortishga tayyorligini ko‘rsatadi. Ikkinchisi esa buning aksi. Birinchi toifani, agar ular manfaat nuqtai nazaridanmas, chin dildan do‘st bo‘lsalar alqash kerak. Ikkinchi toifadagilarga esa ikkiga ajratib qarash kerak. Chunki ularning ichida tabiiy qo‘rqoq yoki jasorati yetishmaslikdan bir tanu bir jonlikka o‘tmayotganlari bo‘ladi. Bulardan, ayniqsa, ichida biron sohaning mutaxassislari bo‘lsa foydalanish mumkin. Ikkinchi toifasi esa — shuhratparastlar bo‘ladi, hukmdordan ko‘ra o‘zini ko‘proq o‘ylaydi. Bulardan ehtiyot bo‘lish kerak va ochiq dushmanlardan qo‘rqqandek qo‘rqish kerak. Chunki qaltis vaziyatda ular hukmdorni halok qilishga hamisha yordam beradilar.
Shunday qilib, agar hukmdor xalq yordamida hokimiyatga kelgan bo‘lsa xalqning do‘stligini saqlashga doim urinishi kerak, zeroki bu qiyin ishmas, chunki xalq faqat o‘zini aldov va hiyladan himoya qilishni so‘raydi. Agar hukmdor xalqning istagiga zid o‘laroq, zodagonlar yordamida hokimiyatga kelgan bo‘lsa ham, baribir xalq ra’ini o‘ziga qaratmog‘i uning birinchi vazifasi bo‘lmog‘i lozim. Bu juda oson, faqat uni himoyaga olmoq kerak. Inson fe’li shundayki, yomonlik kutgan kishisi yaxshilik qila boshlasa, uni hokimiyatga o‘zi olib kelgan vaziyatdagidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rib qoladi. Xalqning mehru sadoqatini turli yo‘llar bilan qozonish mumkin. Biroq ular vaziyatga qarab o‘zgarib turgani va ma’lum qonun-qoidaga keltirish mumkinmasligidan ularni tahlil etmayman.
Xulosa sifatida shuni aytishim kerakki, hukmdor xalq mehrini qozonishi kerak, aks holda qiyin kunlarda albatta hokimiyatdan ag‘dariladi. Spartaning hukmdori Nabid butun Gretsiyaning va yengilmas Rim askarlarining birlashgan kuchlariga qarshi qurshovda turib taxtini va vatanini saqlab qoldi. Dushman yaqinlashganda u bir hovuchgina odamni yo‘q qildi va shu bilan hokimiyatni mustahkamladi. Mabodo u xalq bilan dushman bo‘lganida juz’iy tadbir unga kor qilmas edi. Menga bu yerda, xalqqa ishonish — qum ustida imorat qurish, degan hamma biladigan maqolni keltirib e’tiroz bildirmay qo‘ya qolishsin. Ushbu maqol, xalq ichidan chiqib mashhur bo‘lgan, hali hokimiyatga erishmagan oddiy odamga nisbatan ishlatilsa to‘g‘ri. Bu odam dushman yoki hokimiyat qo‘liga tushsam xalq meni qutqarib oladi, deb o‘ylaydi va haqiqatan ham xato qiladi. Xuddi Rimdagi aka-uka Grakxlar, Florentsiyadagi messer Jorjo Skalilar aldangandek, shubhasiz aldanadi. Lekin bu yerda hukmdor ustida gap ketyapti. Xalqdan iltimos qiladigan emas, xalqqa buyuradigan, qo‘rqmas, tang vaziyatda ruhi cho‘kmas, mudofaa uchun kerakli choralarni ko‘radigan, choralari va jasorati bilan atrofdagilarga ishonch singdiraoladigan hukmdor haqida gap ketyapti. Bunday hukmdor xalqning mustahkam tayanchidan umid qilsa hamisha niyati ro‘yobga chiqadi.
Odatda hukmdorning mavqei fuqarolik boshqaruvidan yakka hokimlikka o‘tish jarayonida bo‘shashadi. Hukmdor shaharni yoki magistrat orqali yoki shaxsan o‘zi boshqaradi. Magistrat orqali boshqarganda uning ahvoli ancha bo‘shroq va nozikroqdir. Chunki u magistrat a’zolariga batamom tobe bo‘lib, ular istagan paytda, ayniqsa sharoit og‘irlashgan paytda uni ag‘darishlari, ya’ni ochiq qarshi chiqishlari yoki oddiygina quloq solmay qo‘yishlari mumkin. Xatar bosh ko‘tarib, yuzma-yuz turgan ana shunday paytda mutloq hokim bo‘lishga intilish juda xavfli. Sababi magistrat aytganlariga bo‘ysunishga o‘rgangan xalq qiyin vaziyatda birdaniga yakkahokimning aytganlariga bo‘ysunmaydi — va hukmdorga ishonchli suyanchiq odamlar topilmay qoladi. Shuning uchun tinch zamonlarda, davlatdan foydalanish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda sadoqat bildirib, kerak bo‘lsa jonimni beraman sizga, deyuvchilar juda ko‘p bo‘ladi, ularga ishonmaslik kerak. Davlat qiyin vaziyatga tushib, suyanchiq odamlarga zarurat sezilganda “jonfido qiluvchilar” keskin kamayib ketadi. Bunday qasam ichuvchilarni qiyin vaziyatga tushganda sinovdan o‘tkazaman deyish esa juda xavflidir. Chunki bu sinov faqat bir marta berilishi va oxirgisi bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun aqlli hukmdor fuqarosining davlatga, o‘ziga ehtiyoji va e’tiqodini har qanday sharoitda ham o‘zgarmasligini oldindan oydinlashtirib qo‘yishi kerak. Ana shundagina u mustahkam suyanchiq, ishonchli odamlarni topa oladi.

X b o b

DAVLATLAR QUDRATINING MEZONI

Davlatlarning xususiyatlarini o‘rganarkanmiz, davlat boshlig‘i talab etilgan paytda o‘zini o‘z kuchi bilan himoya eta oladimi yoki uning himoyasiga chetdan kuch kerak bo‘ladimi degan masalani ko‘zdan qochirmaslik lozim. O‘z kuchi yetarli deganda men, keragicha odami va puli bo‘lib, zarur paytda keraklicha qo‘shin to‘plab, qanday dushmanligidan qat’i nazar, qarshi jangga kirib g‘alaba qila oladimi, yo‘qmi, degan ma’noni o‘ylayman. Yordamga muhtoj ma’nosiga esa, dushmanga qarshi maydonga chiqolmay, shahar qo‘rg‘oni ichida himoyalanishga majbur bo‘lganlarni kiritaman. Birinchi holda qanday ish tutishligini, avvalroq biroz gapirgan bo‘lsam-da, keyin yana batafsil to‘xtalaman. Ikkinchi holda esa shahar tashqarisidagi fuqaro tashvishidan voz kechib, qo‘rg‘onni mustahkamlash, ichkari uchun kerakli narsalarni ta’minlash eng asosiy masaladir. Agar hukmdor qo‘rg‘onni yaxshi mustahkamlab, ra’iyat bilan burunroq aytilganidek va keyinroq yana aytiladigandek yaxshi munosabat o‘rnatsa, qo‘shnilar unga hujum qilishdan hayiqadilar. Chunki odam — uzoq qiyinchilik talab etiladigan ishni yomon ko‘rib, oson bitadigan ishni yaxshi ko‘radi. Qo‘rg‘oni mustahkam, xalqida hukmdorga adovati bo‘lmagan shaharga hujum qilishni esa oson ish deb hech kim hisoblamasa kerak.
Germaniya shaharlari dunyodagi eng ozod shaharlar sirasiga kiradilar. Atroflaridagi mo‘jazgina ma’mur tumanlari bilan birgalikda imperatorga o‘zlari xohlagan paytdagina bo‘ysunadilar. Na imperatordan, na atroflaridagi boshqa kuchliroq qo‘shnilaridan qo‘rqmaydilar. Shaharlari juda mustahkam devorlar, suv to‘la zovurlar bilan o‘ralgan, keraklicha to‘plari bor, jamoat omborlarida bir yillik oziq-ovqat, suv va yonilg‘i zahira hamisha saqlanadi; bundan tashqari, xazinaning sillasini quritmay xalqni boqishni mo‘ljallab, shaharning asosiy faoliyati sohasida, hamda oddiy fuqaroning kasb-kori xususida bir yillik ishni ham g‘amlaydilar, harbiy urush san’atlarni hamisha rag‘batlantiradilar. Bunday shaharga bosqin uyushtirish og‘ir mashaqqat ekanini barcha aniq ko‘radi va hech kim unga bel bog‘lamaydi.
Xullas, qo‘rg‘oni metindek mustahkam, xalqiga adovat ekmagan hukmdorga hech kim hujum qilmaydi. Hujum qilingan taqdirda ham dushman sharmandalarcha chekinishga majbur bo‘ladi. Chunki bu dunyoda barcha narsa shunchalik tez o‘zgaradiki, shahar atrofida bekor yotgan qo‘shin intizomini chiritmasdan bir yil ushlab turishni kim ham uddalardi? Shahar tashqarisidagi uy-joy va ekinlarning yonayotganini ko‘rgan xalq uzoq qurshovga dosh berolmaydi, hukmdorga sadoqatdan ko‘ra o‘zining tashvishlarini ustun qo‘yadi, deb menga e’tiroz bildirishlari mumkin. Agar hukmdor kuchli va jasur bo‘lsa, gohida ra’iyatga bu balolarning tez tugashini uqtirib, gohida dushmanning shafqatsizligini tushuntirib, haddan oshiq norozilarni tinchitib tursa, barcha qiyinchiliklarni yenga oladi deb aytaman. Buning ustiga, odatda dushman birinchi kunlari hali odamlari shijoatga to‘lib, himoyalanuvchilarning qattiq turganidan g‘azablanib ekin va uy-joylarga o‘t qo‘yib toptaydi. Sal o‘tmay esa shijoatlar so‘nadi. Himoyalanuvchilar uchun bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singan, zarar yetkazilgan bo‘ladi. Qabohat yuzaga chiqqanda zarar ko‘rganlarning hukmdorlariga sadoqat ko‘rsatishdan bo‘lak iloji qolmaydi. Uni himoya qilish yo‘lida o‘zlarini o‘tga, mol-mulklarini talon-tarojga berib qo‘ygan ekanlar, endi ular hukmdordan minnatdorchilik kutadilar. Insonning fe’li-xuyi shundayki, o‘ziga yaxshilik qilgan kimsaga qanchalik bog‘lanmasin, o‘zi yaxshilik qilgan kimsaga undan ko‘proq bog‘lanib qoladi. Shu tafsilotlarni mushohada qilarkanmiz, shaharni boqish va himoyalashga narsasi yetarlik bo‘lsa aqlli hukmdor qamal paytida fuqarosining ruhini ko‘tarish yo‘llarini qiynalmay topa oladi deb, ishonch bilan ta’kidlayman.

XI b o b

DINIY DAVLATLAR

Biz endi diniy davlatlarni tahlil etishimiz qoldi. Bu kabi davlatlar cherkov tarafidan muqaddaslashtirilgan tartib-qoidalarga suyanib yashaydilar. Juda mustahkam bo‘lgan bu tartib-qoidalar, hayot tarzi qandayligidan qat’i nazar, hukmdorni taxt ustida saqlab turaveradilar. Hukmdor hokimiyat egasi, biroq uni yo‘qotishdan qo‘rqishi shart emas. Fuqarolarini, bevosita, shaxsan boshqarmagani uchun fuqaro o‘zining ahvolidan hukmdorga nolimaydi, hukmdordan qutulishni o‘ylamaydi, o‘ylaganda ham buning ilojini qilolmaydi. Bu davlatlarda taxtni egallash paytidagina hukmdordan jasorat talab etiladi, taqdirning marhamat qilishi ham shart. Taxt egallangandan keyin uni saqlash juda oson, jasorat ham, tahlikali kurash ham talab etilmaydi. Faqat diniy davlatlardagina hukmdor hamisha rohat-farog‘atda yashaydi.
Diniy davlatlardagi jarayonning tangri tomonidan belgilanib, inson aqli-zakovatidan yuqorida turgani uchun men ular haqida gapirmayman. Tangri tomonidan yuksaklikka ko‘tarilib, o‘z panohiga olgan tuzum haqida faqat o‘taketgan betgachopar, iblisona qaysar odamgina fikr yuritadi. Biroq, ilgari dunyoviy ishlardagi mavqeini Italiyadagi yirik davlatlar u yoqda tursin, kichkinagina hukmdorcha va baronlar ham mensimagan cherkov, Frantsiya qirolini Italiyadan haydab yuboraoladigan, venetsiyaliklarni tor-mor qiladigan qudratga qanday yo‘sinda yetishdi deb, savol berishlari mumkin. Shuning uchun, garchi bu voqealar barchaga yaxshi tanish bo‘lsa-da, men yana birma-bir eslatib o‘taman.
Frantsiya qiroli bostirib kirgunga qadar Italiyadagi hukmronlik — papa, venetsiyaliklar, Neapolitaniya qirolligi, Milan gertsogligi va florentsiyaliklar o‘rtasida taqsimlangan edi. Bu hukmronlarni asosan ikkita masala qiziqtirardi: birinchisi, Italiyaga chekkadan birovning bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik; ikkinchisi, bir-birovining chegarasini kengaytirishga yo‘l qo‘ymaslik. Bu masalada, ayniqsa venetsiyaliklar bilan papa qattiq nazorat qilinib, kuchli shubha uyg‘otishardi. Venetsiya Ferrarani ishg‘ol etmoqchi bo‘lganda qolganlar bir yoqadan bosh chiqarib ittifoq tuzishgandi. Papaga qarshi esa Rim baronlari ishga solinardi. Kolonna va Orsini partiyalariga bo‘linib olgan baronlar doimo to‘polon chiqarib, cherkov boshlig‘ining ko‘zi oldida qurollarini sharaq-shuruq qilishar va papa davlatini bo‘shashtirib, beqarorligini kuchaytirishardi. Garchi, papalarning ichida Sikstga o‘xshagan jasoratli odamlar ham o‘tgan, qulay sharoitlar yuzaga kelgan va ularning barchasi ham tajribalik kishilar bo‘lgan esalar-da, birontasi ham baronlarning g‘alvayu mashmashasidan qutulish ilojini topolmasdi. Bunga sabab esa papalarning hokimlik muddatlarining qisqaligi edi. Darhaqiqat, saylangandan o‘lguniga qadar har bir papa o‘rtacha o‘n yil hukm surardi. Bu davrda esa bir papa bu partiyalarning faqat bittasinigina tor-mor qilishga ulgurardi. Partiyalarning o‘zaro dushmanligini hisobga olsak, misol uchun bir papa Kolonnani deyarlik yo‘q qilsa, uning o‘rniga saylangani Orsinining dushmani bo‘lib chiqar va Kolonnani qayta tiklardi-yu, Orsinini yo‘q qilishga vaqti yetmasdi. Papa davlatining Italiyadagi obro‘sizligiga ana shu ishlar sabab edi.
Biroq papalik taxtiga Aleksandr VI o‘tirgach, o‘tmishdoshlaridan farqli o‘laroq, pul va qurol yordamida Cherkov boshlig‘ining nelarga qodirligini yaqqol ko‘rsatdi. U faranglarning kirib kelishidan foydalanib, o‘g‘li Valentino vositasida, men yuqorida gertsogga bag‘ishlangan bobda aytgan ishlarni amalga oshirdi. To‘g‘ri, uning faoliyati Cherkovni emas, gertsogni ko‘tarishga yo‘naltirilgandi. Lekin o‘limidan va gertsog oradan yo‘qotilganidan keyin, amallari o‘z-o‘zidan Cherkovga meros qoldi. Cherkovning obro‘yu qudratini oshishiga xizmat qildi. Keyingi papa Yuliyga qudratli Diniy davlat nasib etdi. Cherkovga Romanya davlati qo‘shilgandi, partiyalari tor-mor etilgan Rim baronlari jilovlangandi, papa Aleksandr xazinani to‘ldirishning yangi manbaini ochgandi.
Papa Yuliy bu jarayonni davom ettirib, yanada keng ko‘lamga ko‘tardi. Bolonyani qo‘shib olishni, Venetsiya qudratini parchalashni, faranglarni haydashni rejalashtirdi va amalga oshirdi. Bularni u shaxs manfaati emas, bevosita cherkov manfaati yo‘lida qilgani uchun shon-shuhratining qadri pokroq va qimmatliroqdir. Papa Yuliy Orsini va Kolonna partiyalarining ham kuchayishiga yo‘l qo‘ymay, o‘zi kelgan paytdagi chegarada ushlab tura oldi. Partiyalarning ba’zi rahbarlari nizolar chiqarishga uringan bo‘lsalar-da, Cherkov qudratining oshib ketganligi va saflarida kardinallar qolmaganligi tufayli bunga erisholmadilar. Aslida bu partiyalar o‘rtasida totuvlik o‘rnatilmasligiga sabab saflariga ana shu kardinallar borligi edi. Ular Rimda o‘tirib olib, o‘zlarining shuhratparastlik mojarolariga baronlarni tortaverardilar. Bir so‘z bilan aytganda, kardinallar shuhratparastligi — baronlar nizosini ya’ni urushlarni keltirib chiqarardi.
Shunday qilib hozir taxtga o‘tirgan papa Lev o‘ta kuchli Cherkov davlatiga merosxo‘r bo‘ldi. Agar uning o‘tmishdoshlari papalikning qudratini qurol kuchi ila oshirgan bo‘lsalar, avliyo papamiz uning qudrati va shuhratini o‘z mehru muruvvatlari, mardliklari va serqirra qobiliyatlari oqibatida undan-da oshirib yuboradilar, degan umid tug‘diradi bizlarda.

XII b o b

QO‘ShINNING TURLARI VA YoLLANMA ASKARLAR HAQIDA

Biz davlatlarning turlarini batafsil ko‘rib chiqdik. Qisman bo‘lsa-da, hukmdorlarning xotirjam yashashi yoki inqirozi sabablarini tahlil etdik. Shuningdek, hokimiyatni egallamoqchi hamda uni qo‘lida mustahkam ushlamoqchi bo‘lganlarning amallarini aniqladik. Endi, ilgari tahlil etgan davlatlarimizning birovga hujum qilishi yoki himoyalanishida foydalanadigan vositalarini ko‘rib chiqsak. Har bir shohning hokimligi mustahkam poydevor ustiga qurilishi lozimligini aytgandik. Hokimiyatlar merosiymi, yangi egallanganmi, yoki bir qismi merosiy, boshqa qismi istilo etilganmi, bundan qat’i nazar, poydevorini yaxshi qonunlar va yaxshi qo‘shin tashkil etadi. Lekin, yaxshi qo‘shin yo‘q yerda yaxshi qonun bo‘lmaganidek, yoki yaxshi qo‘shin bor yerda yaxshi qonun bo‘lgani uchun qonunlarni chetlab, gapni qo‘shindan boshlayman.
Hukmdorning o‘z saltanatini himoya qiluvchi qo‘shini yo o‘ziniki, yo ittifoqchiniki, yo yollanma, yo aralash bo‘ladi. Shulardan ittifoqchi va yollanma qo‘shinlar butunlay foydasi yo‘q va xavfli qo‘shinlardir. Yollanma askarlar shuhratparast, intizomsiz, takasaltang, nizoparast, do‘stlari bilan janjalkash, dushmanga qarshi qo‘rqoq, ahdni buzuvchi, xiyonatchi, iflos va haromxo‘rligidan bunday qo‘shinga suyangan hokimiyat hech qachon pishiq va umri uzoq bo‘lmaydi. Yollanma qo‘shinning mag‘lubiyati faqat unga qarshi jasur hujumning qachon bo‘lishiga bog‘liq. Urush paytida dushman qanchalik xonavayronlik keltirsa, bu qo‘shin tinchlik paytida seni shunday xonavayron qiladi. Sababi shuki, bu askarlarni jang maydonida bironta tuyg‘u yoki g‘oya emas, sen berayotgan ozgina maoshgina ushlab turadi. Bu maoshing esa ularning sen uchun jon fido qilishga yetarlik emas. Ular tinchlik paytida senga xizmat qilishga tayyorlar-u, urush boshlanishi bilanoq qochib ketayotgan orqalarini ko‘rasan.
Italiyaning inqirozga uchraganining sababi, ko‘p yillardan beri yollanma askarlarga tayanganidek ravshan narsani isbotlashning keragi bo‘lmasa kerak? Ba’zi birovlarga ular juz’iy muvaffaqiyat keltirishdi. Biz ularning bir-birlariga qarshi ko‘rsatgan jangovarlik o‘yinlarini ko‘rdik. Biroq, chet el istilochisi kelishi bilanoq, aslida nechchi chaqa turishini ham ko‘rdik. Frantsiya qiroli Karl Italiyani bir bo‘lak bo‘r1 bilan bosib olgani haqidagi gap to‘ppa-to‘g‘ridir. Biz gunohlarimiz jatiga qoldik degan odam to‘g‘ri aytgan. Lekin biz u aytgan gunohlar emas, men aytgan gunohlar jatiga qoldik. Bu gunohlar hukmdorlarniki bo‘lgani uchun ham jabrini o‘zlari tortishdi.
Men yollanma qo‘shinning zararlarini batafsilroq tushuntirib berishni xohlardim. Kondoterlar2 ichida kasbining ustalari va no‘noqlari bo‘ladi. Usta jangchiga ishonib bo‘lmaydiki, o‘zi taxttalabga aylanishi, rejalaring bilan, uning qo‘mondoni ekanliging bilan hisoblashmay, seni yoki sen qo‘mondon etib tayinlagan odamingni yo‘qotishi yoki ag‘darishi mumkin. No‘noq jangchiga ishonib bo‘lmaydi-ki, urushni yutqazadi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Qo‘lida quroli bor har bir insondan shuni kutsa bo‘ladi-ku, deb e’tiroz bildirishlari mumkin. Bunga javob quyidagichadir: qo‘shin yoki hukmdor, yoki respublika izmida bo‘ladi. Birinchi holda, qo‘mondonlikni, qo‘shinboshilikni hukmdorning shaxsan o‘zi olishi kerak. Ikkinchi holda, respublika o‘z fuqarolaridan birini qo‘shinboshi qilib saylashi, agar uning salbiy tomonlari sezilsa olib tashlashi yoki haddidan osholmaydigan qilib huquqlarini qonunlar bilan chegaralab qo‘yishi kerak. Tajribadan bilamizki, faqat qo‘shinboshi shohlar va qurollangan respublikalargina urushlarda muvaffaqiyat qozonishgan. Yollanma askarlar esa faqat ziyon keltirishgan.
Rim bilan Sparta qurollangani uchun ko‘p asrlar ozod yashashdi. Shveytsariyaliklar barchadan yaxshi qurollanganlari uchun barchadan ko‘ra ko‘proq ozodlar. Qadimgi Karfagen yollanma qo‘shinga tayanib ish ko‘rgan. Garchi qo‘mondonlarni o‘z fuqarolaridan tayinlasa-da, Rim bilan birinchi urush tugaganda bu qo‘shin Karfagenni bosib olishiga oz qolgan. Fivaliklar Epaminond o‘limidan keyin qo‘shinlariga rahbarlik qilishga Filipp Maqidunlini chaqirishgan. U qo‘shin bilan g‘alaba qilgan va qaytib kelib Fivaga hukmdor bo‘lib olgan. Milanliklar gertsog Filippning o‘limidan so‘ng Franchesko Sfortsani xizmatga chaqirishgan. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Karavajo yaqinida venetsiyaliklarni tor-mor qilgan Franchesko, venetsiyaliklar bilan ittifoq tuzib, o‘z xo‘jasi milanliklarga qarshi chiqqan. Uning otasi Sfortsa esa Neapolitan qirolichasi Jovanna qo‘lida xizmat qilarkan, noxosdan butun qo‘shinni obketib qolib, qirolichani yolg‘iz qoldirgan. Qirolicha davlatni saqlab qolish uchun Aragon qiroli qoshiga himoya so‘rab qochishga majbur bo‘lgan.
Venetsiyaliklar va florentsiyaliklar bir necha karra yollanuvchilardan muvaffaqiyatli foydalanganlar-u, ularning kondoterlari astoyidil xizmat qilgan, hukmdorga aylanishmagan-ku, deb e’tiroz bildirishlari mumkin. Bunga javob quyidagicha: florentsiyaliklarning omadi kelgan xolos. Xavotirlanish mumkin bo‘lgan jasur kondoterlardan biri urushlarda g‘alaba qozonolmadi, ikkinchisining ko‘z-quloq bo‘lib turgan raqibi bor edi, yana bir boshqasi esa hukmdorlik da’vosini boshqa yerga ko‘chirdi. Misol uchun biron marta ham g‘olib bo‘lmagan Jovanni Aukutaning sadoqati haqida qanday qilib xulosa chiqarish mumkin? Agar u g‘alaba qozonib qaytganida florentsiyaliklar batamom uning izmida qolgan bo‘lishardi, degan fikrga hech kim qarshilik qilmasov?! Sfortsa bilan Brachcholar esa, raqib sifatida bir-birini ko‘z uzmay kuzatishardi. Shuning uchun Sfortsa da’vogarlikni Lombardiyaga, Brachcho esa papa viloyati bilan Neapolitaniyaga ko‘chirdi. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan florentsiyaliklarning Paolo Vitellini xizmatga chaqirishi voqeasini olaylik. Aqlli va o‘ziga pishiq kishi bo‘lgan Vitelli, kondoterlik qilmasidan oldinoq katta obro‘ga ega edi. Agar u Pizani egallaganda florentsiyaliklar uning changalidan qutulolmagan bo‘lishlari ayon-ku! Mabodo u dushman tarafga o‘tib ketganda florentsiyaliklar uchun taslim bo‘lishdan, mabodo Florentsiyaga qaytganda tobelikka o‘tishdan boshqa ilojlari qolmasligi ham ravshan-ku?!
Venetsiyaliklar misoliga keladigan bo‘lsak, ular quruqlikda maydon istilosiga o‘tgunga qadar, ya’ni o‘z kuchlari bilan dengizda urushgan paytlarida haqiqiy va pishiq g‘alabalarga erishganlar. Venetsiya zodagonlari va qurollangan fuqarosi dengizda juda ko‘p harbiy jasorat namunalarini ko‘rsatishgan. Biroq quruqlikda yer egallashni boshlashlari bilanoq butun Italiyaga xos harb uslubiga o‘tganlar. Quruqlikdagi yerlari oz va davlatlari mustahkam turgan zamonlarda ularning kondoterlaridan qo‘rqishga sabablari bo‘lmagan. Biroq, Karmanolani xizmatga chaqirgan paytlarida maydonlari kengayib ketgach, xatolarini sezib qoldilar. Karmanolani venetsiyaliklar jasur qo‘mondon sifatida bilar, uning rahbarligida Milan gertsogini tor-mor etgandilar. Ammo keyingi paytlarda jang qilishni paysalga solib vaqtni cho‘zayotganini, g‘alaba qilishni istamayotganligini ko‘rib, demakki o‘zlariga endi g‘oliblik nasib etmasligini tushundilar. Shuningdek, kondoterning javobini berib yuborish ham qo‘llaridan kelmasligini, agar shunday qilsalar bosib olingan yerlardan ajralib qolishlarini ham bildilar. Xullas, nima qilib bo‘lsa-da, o‘z xavfsizliklarini ta’minlash uchun Karmanolani sekingina o‘ldirtirib yubordilar. Keyinroq ular Bartolomeo da Bergamo,Roberto da San-Severino, graf di Pitilyano kabilarni birin-ketin yolladilar. Bu odamlarning bari jangni yutishlari emas, yutqazishlari mumkinligi bilan xavotirli edi. Vayla yaqinida xuddi shunday bo‘ldi: venetsiyaliklar sakkiz asr mobaynida ulkan zahmatlar evaziga erishgan bari narsalaridan bir kunda ayrildilar. Chunki yollanma askarlar hujumda imillashlari va lanjliklari bilan, chekinishda esa o‘ta chaqqonliklari bilan dong chiqarganlar. Modomiki, ko‘p zamonlardan beri yollanma askarlar hukmiga qolgan Italiya misoliga murojaat qilgan ekanmiz, masalaning tagigacha yetish uchun, hamda nega bunday bo‘ldi, yollanmalar qanday qilib kuchayib ketishdi degan savollarga to‘liq javob topish uchun yana o‘tmishga qaytishimizga to‘g‘ri keladi.
Yaqin o‘tmishda, imperiya bo‘shashib, papaning mavqei mustahkamlangach, Italiya bir necha davlatlarga parchalanib ketdi. Ko‘pgina yirik shaharlar imperatorga tobe noiblarning zug‘umiga qarshi chiqdilar. Boshqa bir shaharlarga dunyoviy qudratining tashvishidagi cherkov otaliq qila boshladi. Yana bir tur shaharlarda fuqarolar ko‘tarilib, hukmdor darajasiga yetdilar. Italiya — cherkovning va bir necha respublikaning qo‘li ostida qoldi. Fuqarodan chiqqan yangi hukmdorlar va cherkovning qo‘yindilari — prelatlar qurol-yaroqqa begonaliklari oqibatidan bu ishga yollanma askarlarni taklif eta boshlashdi. Romanyalik Alberigo da Konio yollanma qurolni birinchi bo‘lib shon-shuhratga burkadi. Uning shogirdlari va izdoshlari Brachcho va Sfortsalor o‘z davrlarida butun Italiyani qo‘llariga qaratgandilar. Hozirgi kunda kuch bo‘lib turgan keyingi kondoterlar ularning oqovalaridir. Bu yollanma kuchlarning “karomatlari” tufayli Karl Italiyaning u boshidan kirib bu boshiga chiqdi, Lyudovik taladi, Ferdinand toptadi, shveytsarlar xo‘rladi.
Yollanmalar ishni o‘zlarini har yerda maqtab va maqtatib piyoda askarlarni pastga urishdan, sonini qisqartirishdan boshladilar. Chunki katta piyoda qo‘shini ovqatga sherik bo‘lardi, kichigi esa shuhrat keltirolmasdi. Otliqlarning o‘zi bilan chegaralanish esa ularga to‘q hayotni ta’minlardi. Ish shu darajaga borib yetdiki, yigirma mingli qo‘shinda ikki mingga yetmaydigan piyoda saqlanadigan bo‘ldi. Uddaburonlikni davom ettirib, ular o‘zlarini va soldatlarini harbiy ishning qiyinchiliklari va xavf-xatarlaridan ozod qilish uchun ajoyib qonunlar chiqarib, nizomlariga kiritib oldilar. Bularga ko‘ra: jang paytida bir-birlarini o‘ldirmasdilar, asirga olardilar-u, tovonsiz qo‘yib yuborardilar; shaharni qurshovga olsalar kechasi hujumga o‘tmasdilar; shahar ichkarisida bo‘lsalar, tashqariga jang qilgani chiqmasdilar; dalada qo‘nsalar qarorgohni g‘ov va zov bilan o‘ramasdilar; qishda harb ishlarini olib bormasdilar. Yana takrorlaymiz — harbiy nizomlarga kiritilgan bu narsalar faqat jonlarini azobdan saqlash uchun to‘qilgandi. Ana shu yo‘l bilan Italiyani sharmandalik qullikka mubtalo qildilar.

XIII b o b

ITTIFOQChI, ARALASh VA ShAXSIY QO‘ShINLAR HAQIDA

Ittifoqchi qo‘shin — keraksiz qo‘shinlarning yana bir turidir. Bu — himoya yoki hujumda boshqa kuchli hukmdordan yordamga olingan qo‘shinidir. Yaqin zamonda Ferraraga qarshi yurishda papa Yuliy shunday qo‘shindan foydalangandi. O‘zining kondoterlari necha pullik ekanini sezib qolib, Ispaniya qiroli Ferdinanddan otliq va piyoda askarlarni yordamga chaqirgandi. Bunday qo‘shin, aslida o‘z podshosi uchun juda yaxshi xizmat qilib, katta naf keltirishi mumkin. Lekin yordamga chaqirgan hukmdor uchun deyarli doimo xatarlidir, chunki, mag‘lubiyatga uchralsa halok bo‘ladi, g‘alabaga erishilsa qaram yoki qarzdor holatga tushadi.
Tarixiy asarlarda bu kabi holatlar juda ko‘p yozilganiga qaramay, men papa Yuliy misolini tahlil etishda davom etaman. Ferrarani bosib olish uchun chet hukmdorga murojaat etishi papa Yuliyning juda kaltabin chorasi edi. Bu kaltabinligi uchun Ravennadagi jangda uning ittifoqchi qo‘shini mag‘lubiyatga uchraganda albatta jazolanishi kerak edi. Lekin baxtiga voqealarni taqdir boshqacha o‘ynavordi: qayerdandir shveytsar askarlari paydo bo‘lib, g‘oliblarni haydab yuborishdi. Natijada, papa yo g‘olibga, yo ittifoqchi ispanlarga muqarrar tobe bo‘lishdan qutulib qoldi. Chunki g‘oliblar quvib yuborilgandi, mag‘lub ispanlar esa shveytsarlar erishgan g‘alabaga xo‘jayinlik qilolmasdi. Florentsiyaliklar qo‘shinlari yo‘qligi uchun Pizaga qarshi o‘n ming farangini solganlarida o‘z tarixlarida ko‘rgan balolarining eng kattasiga uchrashlariga ham bir bahya qolgandi. Konstantinopol imperatori qo‘shnilari bilan urusharkan, Gretsiyaga o‘n minglik turk qo‘shinini chorladi. Turklar urush tugagandan keyin qaytib ketishni xohlamadilar, natijada Gretsiyaning g‘ayridinlar tomonidan bosib olinishi boshlandi.
Xullas, yollanma askarlardan ham ancha xavfli bo‘lgan ittifoqchi qo‘shinlarini — g‘alabani butunlay qadrlamaydigan odamgina yordamga chaqiraversin. Ittifoqchining qo‘shini chaqirayotgan odamga halokat keltirishi tayin. Bu qo‘shin xuddi bir odamdek uyushib harakat qiladi, o‘z hukmdoriga so‘zsiz bo‘ysunadi. Yollanma qo‘shin g‘alaba qozongandan keyin senga qarshi uyushishi uchun ko‘proq vaqt kerak. Senga zarar yetkazish uchun qulay sharoitlarning juda qulayi va ko‘prog‘i talab etiladi. Unda yakdillik kamroq bo‘ladi, uni sen to‘plagansan, ular sendan mablag‘ oladi, sen tomondan tayinlangan qo‘shinboshi esa senga raqib darajasigacha darrovgina kuchaya olmaydi. Gapning lo‘ndasi shuki, yollanma qo‘shindagi, asosiy xavf — undagi beparvolik, beg‘amlik bo‘lsa, ittifoqchi qo‘shindagi asosiy xavf undagi uyushgan jasoratdir.
Shuning uchun aqlli hukmdorlar o‘z qo‘shinlari bilan ish ko‘rishni ma’qul ko‘rganlar. Hatto, birovning qo‘shini bilan qozonilgan g‘alabani haqiqiy emas deb hisoblaganlaridan, bunday g‘alabadan ko‘ra o‘z qo‘shini bilan mag‘lubiyatga uchrashni afzal bilganlar. Yana hech ikkilanmasdan Chezare Borjani misol keltiraman. Birinchi marta Romanyaga kirib Imola va Forlini olganda unda faqat farang otliqlari bor edi. Sal keyin u ittifoqchi qo‘shinlarining ishonchsiz ekanligini sezdi-da, yollanma askarlar undan ko‘ra xavfsizroqligini tushunib, Orsini va Vitellilar xizmatidan foydalana boshladi. Keyin ularning ham janglarida turg‘un emasligini, sotib ketishi mumkinligini ko‘rdi-da, ulardan ham qutulib o‘z qo‘shinini tuzdi. Bu qo‘shinlar orasidagi farqni chetdagi kishilarning gertsogga bo‘lgan munosabatining o‘zgarib borganidan ham bilish mumkin. Ya’ni, qo‘l ostida faqat faranglar, keyin Orsini va Vitellilarning yollanmalari, undan keyin o‘z qo‘shiniga ega bo‘lish jarayonida hurmati tobora oshib borgan va faqat o‘z qo‘shinini tuzgandan keyingina u bilan rostmana hisoblasha boshlaganlar.
Men Italiyadagi voqealardan uzoqlashmoqchi emasdimu, burunroq tilga olganim uchun Giyeron Sirakuzalini yana bir eslataman. Aytilgandek, o‘z yurtdoshlarining azmuqarori bilan qo‘shinboshi tayinlangach, yollanma askarlardan foyda ko‘p emasligini darrov tushungan. Chunki o‘sha paytdagi kondoterlar hozirgilarining nusxasidan ko‘p farq qilmasdi. Xullas, yollanma askarlarni haydab ham, qoldirib ham bo‘lmasligiga amin bo‘lgach, ularni chopib tashlab qutuldi. Va shundan so‘ng begonaga emas, faqat o‘z askarlariga tayanadigan bo‘ldi. Beixtiyor, shu yerga juda mos Injilning bir hikoyati xotiraga keladi. Dovud falastinliklar qarorgohidan Goliafni yakkama-yakka jangga chaqirganda, Saul uning ruhiga madad bo‘lar degan umidda o‘z qurol anjomlarini beradi. Biroq Dovud, birovning qurol anjomida o‘zimni noqulay sezaman, shuning uchun dushmanga o‘zimning sopqon va pichog‘im bilan chiqaman, deydi. Aslida doimo shunday: o‘zganing yarog‘i yo keng, yo tor, yo og‘irroq bo‘ladi.
O‘zining jasorati va taqdirning marhamati bilan Frantsiyani inglizlardan ozod etgan Lyudovik XI ning otasi Karl VII, o‘z askarlariga ega bo‘lish lozimligini anglab, muntazam otliq va piyoda qo‘shinlarini tuzish buyrug‘ini bergan. Keyinroq, o‘g‘li Lyudovik piyodalarni tarqatib, ularning o‘rniga shveytsariyaliklarni chaqirgan. Uning vorislari bu xatoni yanada chuqurlashtirganlar. Oqibatda bu xato Frantsiyaga juda qimmatga tushmoqda. Shveytsariyaliklarni afzal ko‘rgan farang qirolligi o‘z qo‘shinidagi jangovar ruhni singdirgan. Yollanma piyodalarga yordamchidek qilib tirkalgani uchun farang otliq armiyasi o‘z kuchi bilan g‘alaba qila olishiga ishonmay qo‘ydi. Vaziyat shundayki, Frantsiya shveytsariyaliklarga qarshi urusholmaydi va yana, shveytsariyaliklarsiz boshqalarga qarshi chiqishga-da botinolmaydi. Bir qismi o‘ziniki, bir qismi yollanma askarlardan iborat Frantsiyaning hozirgi qo‘shini shu holda ham to‘lig‘icha ittifoqchi, yoki to‘lig‘icha yollanmalardan iborat qo‘shinlardan bir necha pog‘ona ustun tursa-da, to‘lig‘icha milliy askarlardan tuzilgan qo‘shindan ancha-muncha past turadi. Frantsiya — Karl yaratgan armiyaning tuzumini takomillashtirganda, yoki o‘zicha saqlab qolganda shu kunda yengilmas bir davlatga aylangan bo‘lardi. Lekin xom sut emgan odamzotga kaltafahmlik ham xos, usti yaltiroq narsaning ichida yashirin zahari borligini sezmaydi. Yuqoridagi sil kasali haqidagi gap ham bu mavzuga misol bo‘laoladi.
Kurtak otayotgan illatni ko‘ra olmagan hukmdorni chin ma’noda dono deb bo‘lmaydi. Sirasini aytganda, illatni kurtaklikda payqash qobiliyati juda kam odamga nasib etadi. Rim imperiyasining inqiroz ildizlari to‘g‘risida o‘ylasak, u — rimliklarning gotlarni yollagan paytidan boshlanganini ko‘ramiz. Imperiya sillasining qurishi ham shu paytdan boshlangan, yana shunday bo‘lganki, rimliklarning sillasi qurigan sari, gotlarning kuchi ortavergan. Xulosada yana bir bor takrorlayman, o‘z qo‘shinisiz davlat mustahkam bo‘lolmaydi, uning kelajagi batamom taqdirning o‘yiniga bog‘liq bo‘lib qoladi, chunki, qiyin kunlarda mardlik degan narsa uning himoyasiga kelmaydi. Aqlli odamlarning fikri va ta’biricha: “Quod nihil sit tam infirmum aut instabile, quam fata potentiae non sua vi nixa”. O‘z qo‘shini deganning mazmuni; o‘z no‘yonlaringdan, o‘z fuqaroingdan, senga sodiq odamlardan tuziladi. Har qanday boshqasi esa ittifoqchi yoki yollanma qo‘shinga kirdi. Ichki tizimining qanday bo‘lishini esa: men nomini keltirgan to‘rt shaxsning ishlari, Iskandar Maqidunlining otasi Filipp qo‘shinining tizimi va qurollantirilgani o‘rganilsa va yana men aytgan hamda tajribasiga ishonganim respublika va hukmdorlarning amallari tahlil etilsa, andozani chiqarib olish qiyin bo‘lmaydi.

XIV b o b

HUKMDOR HARB IShLARIGA QANDAY YoNDOShMOG‘I KERAK?

Shunday qilib, urush masalasi hukmdorning eng asosiy ishi bo‘lmog‘i kerak. Urushdan, urush qoidalaridan, urush fanidan boshqa — hukmdorning tashvishi, fikri, ishi bo‘lmasligi kerak. Urush masalasi hukmdor uchun birovning chekiga tashlab, birovga berib, topshirib qo‘yish mumkin bo‘lmagan yagona masaladir. Harbiy san’atda shunday qudrat borki, uning yordamida nafaqat saltanat egasi o‘z saltanatini saqlab qoladi, balki oddiy fuqaro bo‘lib tug‘ilgan odam ham saltanatni egallashi mumkin. Va aksincha, harbiy ishdan ko‘ra kayfu safo, ayshu ishratni ko‘proq o‘ylaydigan saltanat egalari o‘z taxtlarini yo‘qotishlari mumkin va ko‘p marta yo‘qotganlar. Harb san’atini nazar-pisand etmaslik hukmdorlikdan ajralishning bosh sababi bo‘lsa, uni egallash hukmdorlikni egallashda ham asosiy vositadir.
Franchesko Sfortsa urushishni bilgani uchun oddiy odamdan Milan gertsogiga aylandi. Urush qiyinchiliklariga bo‘yni yor bermagan farzandlari gertsoglardan oddiy fuqaroga aylandilar. Harbiy kasbi bo‘lmagan hukmdor o‘z boshiga ko‘p balolarni, jumladan atrofidagilarning bepisandligini chaqiradi. Bundan esa doimo ogoh bo‘lib mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerakki, quyiroqda buni yana gapiramiz. Qurollik bilan qurolsizni hech qanaqasiga qiyoslash mumkin emas, qurollik hech qachon o‘z ixtiyori bilan qurolsizga bo‘yin egmaydi, qurolsiz esa o‘zining qurollik xizmatkorlari orasida hech qachon xotirjam yurolmaydi. Biri ikkinchisidan shubhalanadigan, ikkinchisi esa birinchini nazar-pisand qilmaydigan ikki inson murosaga kelishi mumkin emasligidan, harb ishidan bexabar hukmdor o‘z askarlarining hurmatiga sazovor bo‘lolmaydi, demak ularga tayanolmaydi.
Shuning uchun hukmdor harb mashqlarini hatto xayolida ham chekkaga surmasligi, tinchlik zamonida ham urush zamonidan ko‘ra ko‘proq o‘ylashi, shug‘ullanishi lozim. Shug‘ullanish, faqat qo‘shindagi tartib yoki mashqlarning borishini nazorat qilish degani emas. Shaxsan o‘zi ham ovga chiqib, badan chiniqtirishi, bundan tashqari, atrof muhitni diqqat bilan o‘rganishi kerak. Ya’ni: pastu balandliklarning qayerdaligi va qandayligini, vodiylarning qayerga chiqishini, tekisliklarning sathi qanchaligini, daryo va botqoqlarning xususiyatlarini. Bu narsa ikki tomonlama foydalidir. Birinchidan o‘z yurtingni yanada yaxshiroq bilib olasan va uni himoya qilish yo‘llarini takomillashtirasan, bundan tashqari, bir joyning tuzilishini sinchiklab bilib olish ilk marta borib qolgan notanish joyning holatini o‘rganishga yordam beradi. Misol uchun Toskanadagi vohalar, qiyaliklar, tekisliklar, botqoqlar, daryolar boshqa yerdagilari bilan bari bir o‘xshash tomonlari bo‘ladi, shu sababdan bir joyning xususiyatlarini bilgan odam boshqa joynikini ham tezroq aniqlaydi. Agar hukmdor shu mahoratlarga ega bo‘lmasa, demak u qo‘shinboshining eng birinchi xususiyatidan mahrum bo‘ladi. Chunki, dushman qarorgohining qandayligini, o‘z qarorgohini qayga joylashtirishini, yovga yaqinlashganda, jangga kirganda, qal’ani qamal qilganida xuddi ana shu yuqoridagi bilimlar qarorlarni qabul qilishda qo‘l keladi.
Axey ittifoqining boshlig‘i Filopemenni antiqa davrning mualliflari ko‘p maqtab, turli xislatlari ichida uning tinchlik davrida ham nuqul urushni o‘ylab yurishini aytishadi. Filopemen do‘stlari bilan shahar tashqarisida aylanib yurarkan, ko‘p to‘xtar, turli savollar berardi: agar dushman huv anavi tepalikda, biz esa manavinisida bo‘lsak, kimning joylashuvida afzallik bor? Shu ahvolda jangovar saflarni saqlab, hujumni qanday uyushtirish kerak? Bizni chekintirsalar, qanday chekinishimiz kerak? Agar dushman qochsa qay tartibda ta’qib qilishimiz kerak? Shunday sayr qilisharkan, u urushda uchraydigan yangi-yangi vaziyatlarni keltirar va barchaning fikrini eshitib bo‘lgach, o‘zinikini aytar va dalillar bilan isbotlardi. Mana shunday doimiy mashg‘ulotlar tufayli Filopemen shu darajaga yetgandiki, jang paytida hech qanday tasodif uni dovdiratolmasdi.
Aqliy mehnatga kelsak, hukmdor tarixiy solnomalarni o‘qishi, ayniqsa, mashhur sarkardalarning hayotini bilishi, ularning urushlarini sinchiklab tekshirishi, g‘alabalarining va mag‘lubiyatlarining sabablarini puxta o‘rganishi kerakki, ular zafar quchish va mag‘lubiyatga chap berishga xizmat qiladi. Eng muhimi, kechmishning buyuk kishilariga taqlid qilish, bitta eng buyugi va barcha uchun hurmatlisini tanlab, o‘ziga o‘rnak etib saylash, uning ishlari va qahramonliklarini yaxshilab miyaga joylashtirib, hamisha eslab yurish kerak. Tarixchilarning aytishicha, buyuk Iskandar — Axillga, Sezar — Iskandarga, Stsipion — Kirga taqlid qilishgan. Ksenofont yozib qoldirgan Kirning hayot yo‘li haqidagi asarni o‘qigan odamlar, Kirga taqlid etish Stsipionga katta foyda berganligiga, Stsipiondagi pokizalik, shirin muomala, odamgarchilik, saxiylikning aynan Kirnikiga o‘xshashligiga amin bo‘ladi. Xullas, dono hukmdor yuqorida aytilgan qoidalarning bariga rioya qilishi, tinchlik paytida hech qachon bekorchilikka berilmasligi kerak, zeroki qiyin kunlarda uning mehnatlari albatta oqlanadi, zamona o‘yinlari uni surib tashlamoqchi bo‘lganda-da, u tik turib yengib o‘ta oladi.

XV b o b

ODAMLARNI, AYNIQSA HUKMDORLARNI NEGA MAQTAYDILAR-U, NEGA YoMONLAYDILAR

Endi hukmdorning o‘z mulozimlari va ittifoqchilariga qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rib chiqish qoldi. Bu haqda juda ko‘p yozilganini bilganimdan, shu mavzuga bu ham qo‘l uribdi-yu, biroq fikrlari barchanikidan keskin farq qiladi deb, meni dimog‘dorlikda ayblashlaridan xavfsirayman. Biroq, tushunadigan odamlar uchun foydali narsa yozishga kirisharkanman, hayotda ko‘rilmagan, xayoliy respublika va davlatlarni tasvirlaganlaridan farqli o‘laroq, hayotiy haqiqatga ergashishni ma’qul topdim. Odamlar qanday yashashlari kerak degan tushuncha bilan aslida qanday yashayotganlari o‘rtasida farq shunchalik katta-ki, haqiqiy hayotni inkor etib, qanday bo‘lishi kerak, degan xayoliy tushunchaga tayanayotganlar, foyda ko‘raman deb o‘zlariga ziyon yetkazishlari ayon. Yaxshilikka har bir sohada e’tiqod va amal qilaman degan odam — yaxshilik mutlaqo yot odamlarga duch kelaverib albatta halokatga uchraydi. Bundan chiqadigan xulosa shuki, hokimiyatni saqlab qolaman degan hukmdor — yaxshilik qilishdan o‘zini obqochish mahoratini egallashi va zarur bo‘lganda bu mahoratini ishlatishi kerak.
Agar insonning, ayniqsa ulardan yuqorida turuvchi hukmdorlarning to‘qib chiqarilgan, xayoliy emas chin xislatlari haqida gapirilsa, avvalambor yaxshilash yoki yomonlash mumkin bo‘lgan xislatlar ko‘zga tashlanadi. Ya’ni: u saxiy yoki u qurumsoq deyishadi. Toskan shevasida suq so‘zi birovnikiga ko‘z olaytiruvchi, qurumsoq esa o‘zida boriga mahkam yopishuvchi degan ma’noni bergani uchun shu so‘zni ishlatdik. Davom etamiz: u pulini sovuradi, bu ochko‘z; u berahm, bu rahmdil, u halol, bu g‘irrom; u nozik va yumshoq ko‘ngil, bu qattiq ko‘ngil va jasoratli; u ko‘ngilchan va murosasoz, bu manman va takabbur; u buzuq va ishratparast, bu pokiza; u quv, bu to‘ppa-to‘g‘ri; u o‘jar va goj, bu gapga ko‘nadigan; u yengiltabiat, bu og‘irkarvon; u xudojo‘y, bu benamoz va hokazo. Albatta, qani endi hukmdor barcha yaxshi xislatlarni o‘zida jamlagan bo‘lsa?! Biroq inson o‘z tabiatiga ko‘ra nuqul yaxshi xislatlar egasi bo‘lishi, hamda nuqul ularga rioya etishi mumkin emasligidan, aqlli hukmdor avvalo taxtni qo‘ldan chiqarishga xizmat etuvchi xislatlarga berilmasligi lozim. Qolganlaridan esa qurbi yetgancha o‘zini jilovlasa bas. Hukmdor o‘zi haqida yomon ovoza orttirsa-da, taxtda o‘tirishini mustahkamlaydigan xislatlardan qo‘rqmasin. Diqqat berib o‘ylasak, bir qarashda yaxshi nom keltiruvchi xislat, aslida hukmdorni taxtdan ajratadi. Va aksincha, yomon ovoza olib keluvchi xislat — taxtni va hukmdorning xavfsizligini mustahkamlaydi.

XVI b o b

SAXIYLIK VA TEJAMKORLIK HAQIDA

Sarlavhadagi ikki xislatning birinchisidan boshlab, saxiy hukmdor nomini qozonish albatta yaxshi deb ta’kidlayman. Biroq, bilib qo‘yish lozim-ki, shunday nomni qozonish uchun saxiylik qilish zarardir. Chunki, aql bilan kerakli yerda qilingan saxiylikni hech kim sezmagani uchun seni ziqna deb atayverishadi. Shu sababdan sen har turli dabdabalarning ketidan quvishga kirishib oxirida xazinani sovurasan. So‘ng esa, yana saxiy otingdan ajralishni istamay elni me’yoridan ortiq soliqlarga botirasan va pul topishning nojo‘ya yo‘llariga o‘tasan-da, a’yonlaringning g‘azabini qo‘zitasan. Qashshoqlashgach esa nafratga uchraysan. Saxiyliging bilan juda oz kishining ko‘nglini olib, lekin ko‘pchilikni qashshoqlashtirganingdan keyin paydo bo‘ladigan birinchi qiyinchilik senga balo keltiradi, birinchi xavfli vaziyat esa — halokat. Mabodo buni vaqtida sezib, vaziyatni tuzatishga kirishsang, bari bir, ziqna degan nom olasan.
Shuning uchun, modomiki hukmdor, o‘ziga zarar keltirmasdan saxiylik qilolmas ekan, ziqna degan nom bilan yashayverish oqillik bo‘lmasmikin? Oradan vaqt o‘tgach, hukmdorning tejamkorlik orqasida o‘z shaxsiy daromadi hisobiga yashayotgani ko‘ringach, harb ishlarini ortiqcha soliqlarsiz, xalqni ezmasdan olib borayotgani sezilgach, saxiy nomi rostmana nasib etmasmikin? Darhaqiqat shunday bo‘ladi. Chunki u saxiylik qilaman deb kuchanib, juda ko‘pchilikning mol-mulkini tortib olmagan, juda ozchilikni esa boyitmagan bo‘lib chiqadi. Papa Yuliy taxtga o‘tirgunga qadar saxiy nomini qozonish uchun rosa urindi, taxtni egallab, urushlarga tayyorgarlik ko‘ra boshlagach esa, saxiylikni mutlaqo o‘ylamay ham qo‘ydi. Frantsiyaning hozirgi qiroli favqulodda soliqlar solmay ko‘p urushlar qildi. Chunki, qo‘shimcha xarajatlarni avvaldan ko‘ra bilgani uchun o‘ta tejamkorlik bilan yashadi. Ispaniyaning hozirgi qiroli ham saxiy nomini qozonish ketidan quvganda ko‘p urushlar qilib barida g‘olib chiqqan bo‘lmasdi.
Shunday qilib, o‘z raiyatini shilmaslik, mudofaaga mablag‘ saqlash, kambag‘allashmaslik, nazari bepisandga uchramaslik, o‘z xohishidan tashqari ochko‘zga aylanmaslik uchun — hukmdor saxiylik shuhratini quvishdan voz kechishi kerak. Ziqna degan nom — hukmdor sifatida saqlanib qolishda asos beradigan illatlardan biridir. Axir Sezar o‘ta saxiylik bilan o‘ziga yo‘l ochgan, boshqa yana qancha-qancha odam saxiy degan shuhrati bo‘lgani uchun oliy mansablarga yetishgan deb e’tiroz bildirishsa, men: sen hukmdorlikka yetishdingmi, yoki hali yo‘ldamisan, deb so‘rardim. Yetishgan bo‘lsang — saxiylik zarar, yo‘lda bo‘lsang — zarur. Sezar Rim ustidan mutloq hokimiyatga intilayotgan edi, shuning uchun saxiyligi zarar keltirolmasdi. Biroq, hukmdor bo‘lganidan keyin mabodo uzoqroq yashab, xarajatini kamaytirmaganda hokimligi poyoniga yetardi. Yana, ko‘plar taxt egasi bo‘la turib, o‘zlari qo‘shin tortib buyuk ishlar qilganlar va shu barobarida, o‘ta saxiy degan nom qoldirganlar deb e’tiroz bildirsalar, men: sarf qilganlari o‘zlarinikimidi yoki birovnikimi, deb aniqlashtirardim. Agar birovniki bo‘lsa, ya’ni g‘animatniki bo‘lsa — saxiylik foyda, agar o‘zlariniki bo‘lsa — saxiylik zarar, deb javob beraveraman.
Agar sen g‘animat o‘lja, talon-toroj, shilish, tortib olish bilan kun ko‘radigan qo‘shinni boshqarib ketayotgan bo‘lsang, saxiylikka majbursan, aks holda soldat sening ortingdan bormaydi. Senga yoki boyonlaringga tegishli bo‘lmagan mol-mulkni — Kir, Sezar, Iskandarlardek qo‘liochiqlik bilan tarqataverishing mumkin, chunki o‘zgalarning mol-mulkini tarqatib o‘zingga shuhrat orttirasan, o‘zingnikini tarqatsang — faqat zarar ko‘rasan. Saxiylikdek sillangni quritadigan xislat yo‘q: saxiylik ko‘rgazarkansan, avvalambor, uni ko‘rgazish imkonini yo‘qotasan, senga nazari bepisandlikni tug‘diruvchi kambag‘allikka uchraysan, kambag‘allikdan qutulaman deb raiyat, boyonlaringni talaysan, natijada, ularning g‘azabini qo‘zg‘atasan. Vaholanki, hukmdor uchun eng ehtiyotlanishi kerak bo‘lgan narsa — o‘z odamlarining bepisandligi va g‘azabini qo‘zg‘atishdir. Bular esa saxiylik oqibatida tug‘iladi. Shuning uchun saxiylik shuhratini quvib, oxirida qashshoqlashib, raiyatning g‘azab, nafrat, bepisandligiga uchrab, taxtdan ajragandan ko‘ra, yolg‘iz — ziqna nomini orttirish yaxshiroqdir.

XVII b o b

ShAFQATSIZLIK VA ShAFQATLILIK HAQIDA RAIYaT SENGA MEHR TUYIShI KERAKMI Yo QO‘RQQANI YaXShIMI?

Burunroq aytilgan hukmdorlarning boshqa xislatlariga o‘tarkanman, har bir hukmdorning shafqatsiz emas, shafqatli degan nom qozongisi kelishini tan olamanu, biroq hammaga shafqat ko‘rsataverishdan ogohlantiraman. Hammaga shafqatsiz deb nom chiqargan Chezare Borja xuddi ana shu shafqatsizligi bilan Romanyani birlashtirib, itoatga keltirib, u yerda juda yaxshi tartib o‘rnatdi. Agar o‘ylab ko‘rilsa, shafqatsiz degan nomdan qochib, Pistoyani buzib tashlatishga olib borgan florentsiyaliklardan ko‘ra, Chezare Borja o‘z shafqatsizligi bilan xalqqa ko‘proq yaxshilik qilgan bo‘lib chiqadi. Shuning uchun raiyatni itoatgo‘ylikda ushlab turmoqchi bo‘lgan hukmdor shafqatsizlikda ayblanishdan qo‘rqmasligi lozim. Bir necha odamni bahridan o‘tib, tartib o‘rnatgan odam, rahmdillik oqibatida mamlakatni tartibsizlikka mubtalo qilgandan ko‘ra ko‘p rahmdillik ko‘rsatgan bo‘ladi. Chunki, talonchilik va odamkushliklarni keltirib chiqaruvchi tartibsizlikdan butun aholi jafo chekadi, hukmdor esa faqat bir guruh odamlarnigina jazolab tartib o‘rnatadi. Ayniqsa boshqalarga qaraganda ham yangi hukmdor shafqatsiz degan dashnomdan qo‘rqmasligi lozim, chunki yangi hokimiyatga tajovuzlar bisyor bo‘ladi. Vergiliy — Didona tilidan shunday deydi:

Res dura, et regni novitas me talia cogunt
Motiri, et late fines custode tueri.

Biroq, yangi hukmdor ishonuvchan, badgumon, zudlikda jazo bervoraverishdan ogoh bo‘lishi kerak. Mulohazakorlik bilan ish yuritish, ehtiyotsizlikka olib bormaydigan darajada rahmdil bo‘lishi, raiyatni g‘azablantiradigan darajada gumondor bo‘lmasligi lozim.
Shu xususda, hukmdorni sevishlari kerakmi yoki undan qo‘rqib turganlari yaxshimi, degan bahs tug‘ilishi mumkin. Bunga, ham sevishsa, ham qo‘rqishsa yaxshi bo‘lardi, deb javob berishadi. Lekin sevgi va qo‘rquv bir yerda yasholmaydi. Shuning uchun, ikkovidan birini tanlash lozim bo‘lsa — raiyatning seni sevganidan ko‘ra qo‘rqib turgani ishonchliroqdir deb aytish joiz. Chunki, yaxlit baho berilsa, odam zoti — beoqibat, beburd va aynimachidir, ikkiyuzlamachi va aldamchilikka moyildir, ozgina xavfdan ham qochadigan, boylik orttirishga o‘ch bir mavjudotdir: toki yaxshilik qilarkansan, ular butun vujudi bilan seniki; qonim-da, jonim-da, molim-da, bolamning joni-da sizniki deb qasam ichadi; biroq ozgina qiyinchilik tug‘ilib, ularning senga keragi bo‘lgan zahoti teskari o‘girilishadi. Bularning qasamiga ishonib, qiyin kunlarning ehtiyotini qilmagan hukmdorning holiga voy! Chunki, yurakning ulug‘vorligi, ruhning olijanobligi bilan emas, pulga topilgan do‘stlikni har doim topish mumkin-u, lekin qiyin kunlarda ulardan foydalanish mumkin emas. Bundan tashqari, odamzot o‘ziga mehribonlarni xafa qilishdan tiyinolmaydi, sababi — mehrning ildizi oqibatdan suv ichadi. Odamzot asli tagi chirkin bo‘lgani uchun o‘z foydasi oldida oqibat ko‘rsatmaydi. Lekin o‘zi qo‘rqadigan kishini xafa qilishga botinolmaydi, chunki qo‘rquvning ildizi jazodan suv ichadi, demak, u jazodan qo‘rqadi.
Biroq, hukmdor odamlarning yuragiga qo‘rquv solarkan, uning aks ta’sirini hamisha esda tutmog‘i lozim. Qo‘rqitishdan mehr qaytadi deb umid qilmasdan-da, raiyatning g‘azabini qo‘zitmaslikni hisobga olmog‘i darkor. Zeroki, g‘azab va nafratni qo‘zitmaydigan darajada qo‘rqitish mumkin. Bunga erishish uchun hukmdor raiyat va boyonlar mol-mulki va xotin-qizlariga tajovuz qilishdan o‘zini mutlaqo tiyishi kerak. Jinoyatchi shaxslarning aybi aniq isbotlangach, ularni jazolab jonini olish mumkin-u, ammo mol-mulkiga ko‘z olaytirish mumkin emas. Chunki odam zoti otasining o‘limini kechirib yuboraveradi-yu, mol-mulkini olib qo‘yganni hech qachon kechirmaydi. Boz ustiga, ayniqsa hukmdorning ko‘nglida bosqinchilikka rag‘bat tug‘ilsa, mol-mulkni tortib olish uchun bahonalar juda ko‘p topiladi; lekin jon olishga sabab juda kam bo‘ladi, bahona topish uchun ancha qiynalish kerak. Ana shu vajdan ya’ni bahonasi ko‘p, tortib olish oson bo‘lganidan, hukmdor raiyat va boyonlarning mol-mulkiga ko‘z olaytirishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lishi lozim.
Ko‘p minglik qo‘shin boshida o‘zga yurtlarga ketayotgan hukmdor shafqatsiz degan nom chiqarishdan ayniqsa qo‘rqmasligi kerak. Chunki, shafqatsiz degan nomsiz qo‘shindagi yakdillik va jangovarlikni saqlashning iloji yo‘q. Gannibalning zo‘r xislatlari va ishlari ichida; juda katta va juda ko‘p elatlardan tuzilgan qo‘shin bilan begona va olis yurtlarga yurish qilib, g‘alaba kunlarida-da, mag‘lubiyat kunlarida-da, askarlarida metin intizomni saqlab qolganini, g‘alayonlarga yo‘l qo‘ymaganini tarixchilar ta’kidlashadi. Bu holni faqat uning o‘ta va o‘ta shafqatsizligi va qattiqqo‘lligi bilan izohlash mumkin. Ha, uning o‘ta shafqatsizligi — albatta o‘zining dovyurakligi va jangchilik san’atining zo‘rligi va boshqa mahoratlari bilan qo‘shilgan holda — askarlari ko‘ngliga topinish darajasida hurmat va dahshat solgan. Lekin bularning ichida shafqatsizligi bo‘lmaganda boshqa xislatlari qo‘shindagi intizomga kor qilmas edi. Taassufli joyi shuki, tarixchilar Gannibalning jasorati va qahramonligini maqtab, bunga asos bo‘lgan shafqatsizligini qoralaydilar.
Lashkarboshiga dovyuraklik bilan jangchilik mahoratining o‘zi yetarli emasligiga, nafaqat zamondoshlari orasida, balki keyingi davrlarda ham o‘zgachaligi bilan dong taratgan Stsipion ham misol bo‘la oladi. O‘ta yumshoqko‘ngilligi va soldatlarga harbiy intizomda ko‘rsatilgandan ko‘ra ortiqroq erk bervorgani uchun Ispaniyada uning qo‘mondonligidagi qo‘shin ichida g‘alayon ko‘tarilgan. Bu voqea Fabiy Maksim uni butun boshli Senat oldida, rim askarlarini maishatparastga aylantiruvchi deb ayblashiga sabab bo‘lgan. O‘sha qattiqqo‘llik va shafqatsizlik yetishmasligidan ham lokrlarni talagan legatlaridan birini ham jazolamagan va lokrlarning yoniga tushmagan. Shuning uchun ham yana Senatda, endi uning yonini olmoqchi bo‘lganlardan biri: bu odam o‘zi xato qilmaydi-yu, xato qilganlarni jazolay olmaydiganlar toifasiga kiradi, deb baho bergan. Ehtimol, keyinroq Stsipionning shu xususiyati tufayli pok nomi va shuhrati ham zamon osha parokanda bo‘lardi-yu, lekin yakkahokim emasligi, Senatga bo‘ysungan odamligi nomu shuhratini tarixga saqlab qolgan. Saqlab qolish bilan chegaralanmay, unga abadiy shon-shuhrat keltirgan.
Xullas, hukmdorga mehr qo‘yganlari yaxshimi yoki undan qo‘rqqanlarimi, degan bahsga qaytib shuni ta’kidlaymanki, hukmdorlarni odamlar o‘z xohishlaricha yaxshi ko‘radilar; lekin qo‘rqish masalasi — hukmdorning izmida. Shu sababdan aqlli hukmdor birovga emas, o‘ziga bog‘liq bo‘lgan tarafni ushlagani ma’qulroq. Eng asosiysi, yuqorida aytilganidek, raiyatning g‘azabini qo‘zitmasa bas.

XVIII b o b

HUKMDORNING SO‘ZIDA TURIShI HAQIDA

Hukmdorning o‘z so‘zida turishi, rostgo‘yligi, doimiy halolligining nechog‘li maqtovga sazovorligi haqida gapirish ortiqcha bo‘lsa kerak. Ammo bizning zamonamizda, o‘z so‘zida turishni maqsad deb bilmagan, kerakli odamga firib bergan hukmdorlarning — faoliyatini rostgo‘ylikka tikkan hukmdorlardan ko‘ra ko‘proq yutuqlarga erishganining guvohi bo‘ldik.
Dushmanga ikki usulda: qarshi qonunlar bilan hamda kuch bilan kurashish mumkinligini yodda saqlash kerak. Qonunlar yordamida kurashish insonga, kuch bilan kurashish hayvonga xosdir. Biroq birinchisi ko‘pincha kor qilmasligi uchun ikkinchi usulni ham qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Bundan, hukmdor inson va hayvon tabiatidagi xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirishi kerak degan xulosa chiqadi. Antik davr mualliflari Axill va boshqa qahramonlarni kentavr Xiron tarbiyasiga berishganini yozib, bizga shama qilmaganlarmikin? Tarbiya uchun yarim odam, yarim hayvon bo‘lgan Xironga berilishini aytish bilan hukmdor o‘zida bu ikki maxluqning xususiyatlarini mujassamlashtirishi, biri ikkinchisisiz yetarlicha kuchga egamasligini aytmoqchi bo‘lmaganmikinlar?
Xullas, hukmdor — hayvonlardan sher va tulkiga o‘xshashi kerak. Sher qopqondan, tulki esa bo‘ridan qo‘rqadi. Hukmdor qopqonlarga chap bermog‘i uchun tulki, bo‘rilarni qo‘rqitish uchun sher bo‘lishi kerak. Hamisha sher bo‘lgan — qopqonlarni ko‘rmay qoladi. Takbir shuki, dono hukmdor agar bir vaqtlar bergan so‘zi hozirda o‘ziga zarar bo‘lsa yoki o‘sha bergan so‘zini berishga majbur qilgan sabablar yechilgan bo‘lsa — so‘ziga sodiqlik qilishi shart emas. Agar odamlarning bari o‘z so‘zida turganlarida edi, bunday maslahatim albatta noto‘g‘ri va nojo‘ya hisoblanardi. Lekin aksar odamlar chirkin, qasamxo‘r bo‘lgani uchun sen ham ularga shu bilan javob qaytarishing zarur. So‘zdan tonish bahonasi esa doim topiladi. Shohlarning, hukmdorlarning so‘zidan qaytishi sababli qancha-qancha tinchlik bitimlari, shartnomalari buzilib, chok-chokidan so‘kilib ketgan. Va bunda hamisha tulkilik qilgan tomon foydada bo‘lgan. Ammo masalaning yana bir muhim tomoni shuki, bu — tulkilikni yashira bilishdir. O‘ta ayyor, aldamchi va o‘ta ikkiyuzlamachi bo‘la olishga erishish kerak. Odamlar kundalik tirikchilik tashvishiga ko‘milib ketganidan aldayman degan kimsa, aldanaman deb turgan ahmoqni hamisha topa oladi.
Bizga yaqin zamondan bir misol haqida gapirmasdan o‘tolmayman. Aleksandr VI umr bo‘yi aldamchilik bilan shug‘ullangan, yangi-yangi yo‘llarini izlagan va doimo ishonishga tayyor odamlar unga topilib turgan. Buningdek kuyunib qasam ichadigan, buningdek isbotlar, dalillar keltirib so‘ziga ko‘ndira oladigan, oxirida esa so‘zini bajarmaydigan odam dunyoga kelmagan bo‘lsa kerak. Uning aldamchiliklari xuddi o‘zi o‘ylagandek muvaffaqiyatli amalga oshar, oxiri ham uning rejasi bo‘yicha tugardi, chunki bu ishni u tugal o‘rgangan edi. Qissadan hissa shuki, hukmdor yaxshi xislatlarning egasi bo‘lishi shart emas, biroq shu xislatlarning egasidek ovoza tarqatishi shart. Yana bir qo‘shimcha qilishga jur’at etay: yaxshi xislatlar egasi bo‘lish va hamisha ularga e’tiqod qilish — zararli; lekin yaxshi xislatlarga egadek nom chiqarishi va unga amal qilmaslik — koni foyda. Boshqacha qilib aytganda, kishi ko‘ziga dardkash, so‘zida turadigan, mehribon, halol, yaxshilik qiladigan bo‘lib ko‘rinish kerak, haqiqatda ham shunday yashash kerak, lekin ichingda, lozim bo‘lib qolgan paytda, shartta teskarisini qilishga doimo shay turish kerak. Hukmdor, ayniqsa yangi hukmdor, yaxshi odam, degan tushunchaga javob beradigan talablarning o‘zi hech qachon qondirolmasligini anglab olmog‘i zarur. Chunki taxtni, davlatni o‘zida saqlab qolish uchun u, bergan va’dasiga vafo qilmaslikka; rahmdillik, yaxshilik, diyonatga qarshi borishga majbur bo‘ladi. Shu sababdan, agar voqealar teskari tus olsa, taqdir shamoli yo‘nalishini o‘zgartirsa, u ham o‘z fikriyu harakatlarini o‘zgartirishga qalbida tayyor turishi kerak. Yuqorida aytilgandek, yaxshilikka yaqin yurgan holda, zaruratda yomonlikdan hazar qilmasligi lozim.
Shunday qilib, hukmdor yuqorida aytilgan besh ezgulikning birorta bajarilmaydigan kalimasi tilidan chiqib ketmasligiga ham juda sergak turishi lozim. Ko‘rayotgan va eshitayotganlariga u — rahmdillik, sadoqat, rostgo‘ylik, odamoxunlik, diyonat ramzi sifatida namoyon bo‘lishi lozim. Chunki odamlar ko‘rgani va eshitganiga qarab fikr yuritadilar. Ushlab ko‘rish esa barchaga nasib qilmaganidan, sening haqiqiy qiyofangni, aslida qandayligingni juda kamchilik biladi xolos. Bu kamchilik odamlarning esa — orqasida davlat turgan, ko‘rish bilan qoniquvchi ko‘pchilikka qarshi borishga, uning fikrini o‘zgartirishga yuraklari dov bermaydi. Ayniqsa sud orqali so‘roqqa tortib bo‘lmaydigan hukmdorlarning qilgan ishlariga, odamlar oxiridagi natijaga qarab baho beradilar. Shu sababdan hukmdorlar taxtni saqlash va g‘alaba qozonishni asosiy maqsad qilib qo‘yishsin. Bu maqsadda ular neki usul qo‘llasalar-da, odamlar barini to‘g‘ri deb hisoblaydi va oqlaydi. Chunki qora xalq ko‘zga ko‘rinadigan narsaga va oqibatdagi g‘alabaga ishonadi. Orqasida davlat turgan qora xalq oldida, hukmdorning asl qiyofasini biladigan kamchilik — hech narsa bilan tengdir. Hozirgi kunda hukmdor bo‘lib turganlardan biri, uning nomini ochiq aytishdan o‘zimni tiyaman, doimo tinchlik va sadoqat haqida lof uradi-yu, aslida bu ikki narsaning murosasiz dushmanidir. Agar u lofiga mos ish tutganida o‘zining kuch-qudratidan yoki saltanatidan allaqachon ayrilgan bo‘lardi.

XIX b o b

HUKMDORNING O‘ZIGA NISBATAN NAFRAT VA HAZAR MUNOSABATIDAN IHOTA QILISh YO‘LLARI HAQIDA

Hukmdorning eng muhim xislatlarini ko‘rib chiqdik; boshqa xislatlarga kelsak, men hukmdor uchun eng muhim bitta qoida borligini aytib, mulohaza-yu munozaralarga chek qo‘yib qo‘ya qolaman. Bu yuqorida aytilgan: hukmdorlar o‘z raiyati va boyonlarining g‘azabiga hamda ularning nazari bepisandiga yoki hazar qilishlariga sabab bo‘ladigan ish qilib qo‘ymasligi kerak, tamom-vassalom. Agar shu ishni uddalasa — u asosiy ishni bajargan bo‘ladi. Boshqa har qanday kamchiliklari unga hech zarar yetkazolmaydi. A’yonlar g‘azabini esa hukmdor ularning mulki va xotinlariga ko‘z olaytirish bilan qo‘zg‘atishi mumkin. Chunki, odam zotining aksariyati mol-mulki va nomusiga tegilmasa hayotidan mamnun bo‘lib yashayveradi. Ozgina nozikta’b va shuhratparastlargina norozi bo‘lishi mumkin, biroq ularni ilojini topish qiyin emas. Bepisandlikka, hazar nazariga esa hukmdorning beqarorligi, yengiltabiatligi, nozikoyimligi, irodasizligi, sustkashligi, jur’atsizligi sabab bo‘lishi mumkin. Bu xislatlardan o‘tdan qo‘rqqandek qochish kerak. Aksincha, hukmdor har bir harakatda keng fe’llik, qo‘rqmaslik, bosiqlik, mustahkam iroda, qattiqqo‘llikni namoyish etib turish kerak. Raiyat va boyonlarning shaxsiy ishlarini hal etishda hukmdorning qarorlari qat’iy va qaytmas bo‘lishi lozim; hukmdorni aldash, ko‘zini shamg‘alat qilib o‘zinikini o‘tkazib olish mumkinligi haqidagi fikr birovning miyasiga kelmasligi kerak. Shunday holatni atrofidagi muhitga singdirgan hukmdorga katta hurmat bilan qaray boshlashadi. Hurmatga sazovor, boz ustiga katta e’tiborga ega bo‘lgan hukmdorga esa tashqi dushman tajovuz qilishga va ichkarida fitna uyushtirishga yuragi betlamaydi. Esda tutmoq lozimki, hukmdorni ikki xavf hamisha ta’qib qiladi. Biri ichkarida — raiyat va boyonlar, ikkinchisi tashqarida — kuchli qo‘shni davlatlar. Tashqi dushmanga yaxshi qo‘shin va yaxshi ittifoqchi bilan bas kelinadi, zeroki yaxshi qo‘shin bo‘lsa, yaxshi ittifoqchi doimo topiladi. Tashqi dushman daf qilinsa, ichkarida ham tinchlik o‘rnatiladi. Bu tinchlikni yashirin fitnagina buzishi mumkin. Tashqaridan hujum boshlangan paytda ham hukmdor sarosimaga tushmasligi, agar uning xatti-harakatlari ilgari men aytgandek bo‘lsa, u spartalik Nabiddek har qanday dushmanga ham bas kela oladi.
Tashqi dushman tahdid qilmayotgan tinchlik zamonda hukmdorga yagona xavf soladigan narsa fitnadir. Fitna tug‘dirmaslikning asosiy garovi, yuqorida aytilgandek boyonlarning nafratu g‘azabini qo‘zitmaslik va xalq mehrini qozonishdir. Ikkovining ichida muhimrog‘i esa — xalq mehrining hukmdor tarafida bo‘lishidir. Zeroki fitnachilar hamisha hukmdorni o‘ldirib, xalqqa yaxshilik qilaman degan umidda bo‘ladi. Agar fitnachilar xalqning hukmdor tarafida ko‘tarilishini sezishsa, suiqasdga yuraklari betlamaydi. Chunki bitta suiqasd uchun duch kelinadigan xavf-xatarning son-sanog‘i yo‘qdir. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, suiqasdlar ko‘p rejalashtiriladi-yu, kamdan-kami muvaffaqiyatli amalga oshadi. Sababi shuki, fitnachi bir o‘zi ishni uddalolmaydi, hukmdordan norozi deb hisoblagan odamdangina o‘ziga sherik topishi mumkin. Ammo norozi odamni topib siringni ochding deguncha, norozi odamga — hamma narsadan rozi odamga aylanishga imkon berasan. Chunki u seni sotib, darrov badavlat bo‘lib olishi mumkin. Bir tomondan naqd, ikkinchi tomonda gumon foyda tursa, boz ustiga gumonga mingta xavf-xatar chuvalashgan bo‘lsa, senga bu odam sotqinlik qilmaydi. Bunday odam yo sening sadoqatli do‘sting, yoki hukmdorning ashaddiy dushmani bo‘lishi kerak.
Qisqasini aytganda, fitnachi tarafda qo‘rquv, har nimarsadan gumonsirash, jazo olish dahshati tursa; hukmdor tarafda hokimiyatning ulug‘vorligi, qonunlar, do‘stlar, davlatning butun qudrati turadi; yana bularga xalq mehri ham qo‘shilsa — fitna tuzishga yuragi dov beradigan odam topilmas-ov. Chunki fitnachi yovuzlikni amalga oshirguncha ham qo‘rqadi, mabodo xalq ham unga qarshi bo‘lsa, yovuzligidan keyin ham qo‘rqishi turgan gap, zeroki, xalq ichiga qochib panoh topolmaydi.
Bu xususda ko‘plab misollar keltirish mumkin bo‘lsa-da, men, otalarimizga tanish bo‘lgan bittasi bilangina cheklanaman. Hozirgi messer Jovani Annibalening bobosi messer Annibale Bentivoli — Bolonyaning hukmdori bo‘laturib, fitnachi Kanneskilar tomonidan o‘ldirilganda xalq g‘azabdan g‘alayon ko‘tarib, Kanneskilarni bitta qo‘ymay qirib tashlagandi. Sababi, o‘sha paytda Bentivolilar oilasini xalq juda yaxshi ko‘rardi. Boz ustiga bu oiladan hali yo‘rgakda bo‘lgan Jovannidan bo‘lak merosxo‘r qolmagandi. Xalq mehri shunchalik kuchli ekanki, Bentivoli urug‘ining bir bo‘lakchasi bir zamonlar Florentsiyaga ko‘chib ketganini so‘roqlab bilib, o‘sha odamni topishadi va otasi temirchi bo‘lganligiga qaramay, keltirib o‘zlariga hukmdor qilib saylaydilar. O‘sha odam to messer Jovanni hukmdor bo‘la oladigan yoshga yetguncha Bolonyada yurt so‘rab turadi.
Gapimning xulosasida, xalqning mehriga sazovor hukmdor fitnalardan xavotir olmasa bo‘laverishini va aksincha xalq uni yomon ko‘rsa, hammadan, har bir kishidan gumonsirash kerakligini yana qaytaraman. Obod, tartibli mamlakatdagi oqil hukmdorlar boyonlari va zodagonlarni o‘ziga qarshi qo‘ymaslikning, xalq mehrini qozonishning barcha usullarini ko‘rib qo‘yadilar, chunki bu narsalar hukmronlik qilayotgan kimsalarning eng muhim vazifasidir.
Bizning zamonamizda obod, tartibli, boshqarilishi to‘g‘ri tashkil etilgan mamlakatga Frantsiya yaxshi misol bo‘la oladi. Frantsiyada qirolning erki va xavfsizligini ta’minlovchi ko‘pgina foydali mahkamalar tuzib qo‘yilgan. Ulardan eng muhimi esa parlamentdir. Bu monarxiya tartiblarini o‘rnatgan odam, zodagonlarning shuhratparast, bezbet va sullohligini yaxshi bilgan, ularni jilovda ushlash lozim deb hisoblagan. Ikkinchi tomondan, qo‘rquv asosidagi xalqning zodagonlarga nisbatan tug‘iladigan g‘azabi-yu, nafratini-da yaxshi anglagan va bu g‘azabdan zodagonlarni ham muhofazalash kerak deb bilgan. Biroq, xalqqa yon bosadi, deb zodagonlar, yoki zodagonlar bilan birga deb xalq — qirolni ayblamasligini oldini olib, kuchlini jilovlashi, kuchsizni himoyalash vazifasini parlament tuzib, unga yuklab qo‘ygan. Qirol va qirollikni mustahkam muhofazalovchi, mamlakatda tartib va intizomni ushlab turuvchi bundan ham aqlliroq usulni topish amrimahol. Bu misoldan, raiyatning jig‘iga tegadigan sohadagi ishlarni bajarishni hukmdor birovlarning zimmasiga yuklab, raiyatga yoqadigan sohalardagi ishlarni o‘zi bajarishi kerak, degan foydali bir ma’noni chiqarib olish mumkin. Xulosada esa, hukmdor zodagonlarning hurmatini joyiga qo‘yishi, lekin xalqning nafratu g‘azabini qo‘zitmasligi kerakligini tag‘in takror ta’kidlayman.
Ehtimol ko‘pchilik, ba’zi bir Rim imperatorlarining umrlari va o‘limlari bildirilgan fikrlarni inkor etadi, deb aytishlari mumkin. Yaxshi, ibratli, jangovar ruh namoyon etgan holda yashashlariga qaramay, hokimiyatdan ajrab yoki fitna oqibatida o‘ldirilgan imperatorlar nazarda tutilyapti albatta. Shunday demoqchi bo‘lganlarga e’tiroz ma’nosida, men qator imperatorlarning xislatlarini taftish etgan holda, ularni xuddi yuqorida aytilgan sabablar barbod qilganini isbot etmoqchiman. Bir yo‘la esa, imperatorlarning yozib qoldirilgan hayot yo‘llaridan eng ibratli tomonlarini ajratib ko‘rsataman. Buning uchun men faylasuf Markdan Maksimingacha izdosh bo‘lib kelgan imperatorlarni, ya’ni: Mark, uning o‘g‘li Kommod, Pertinaks, Yulian, Sever, uning o‘g‘li Antonin Karakalla, Makrin, Geliogabal, Aleksandr va Maksiminlarni misol qilib olaman.
Boshidanoq, odatda hukmdorlar zodagonlarning shuhratparastligini va xalqning tiyimsizligini jilovlab yashashlari kerak bo‘lgan bo‘lsa, Rim imperatorlari buning ustiga qo‘shinning qahri va ochofatligini jilovlashlariga to‘g‘ri kelganini aytib qo‘ymoq kerak. Zeroki, ularning ko‘plarini xuddi mana shu oxirgi vazifa halokatga olib kelgan. Chunki xalq va qo‘shinning talablarini birvarakayiga qondirish juda og‘ir masala. Xalq tinch va osoyishtalikni tilaganidan doimo hukmdorlarning tinchparvar, muloyim bo‘lishini istagan. Askarlar esa jangari, quturgan, shafqatsiz, olchoq imperatorlarni, boz ustiga bu xislatlarning xalqqa qarshi qaratilgan, o‘zlariga esa ko‘p daromad keltiradigan shafqatsizliklarini, olchoqliklarini qondiradigan bo‘lishini istaganlar.
Bu qarama-qarshilik, xalq bilan qo‘shinni itoatda ushlab turadigan darajada hurmat singdirishga iqtidori yetmagan ko‘p imperatorlarni halokatga olib kelgan. Imperatorlarning aksariyati, xususan, hokimiyatga vorislik tufayli emas, taqdir taqozosi bilan kelganlari, ikki o‘t o‘rtasida qolib, xalqni emas, askarlar ehtiyojiga xizmat etishni tanlaganlar. Sirasini aytganda, ularning boshqa ilojlari ham yo‘q edi. Chunki hukmdor boyonlaridan ayrimlarining g‘azabidan qutulolmas ekan, u albatta umumraiyat g‘azabiga duchor bo‘lmaslikka urinishi kerak. Buning ham iloji bo‘lmasa, eng kuchlilar g‘azabiga uchramaslik uchun butun imkoniyatini ishga solishi shart. Ana shuning uchun ham suyanchiqqa, ayniqsa, muhtoj bo‘luvchi taxtga yangi kelganlar, xalqdan ko‘ra askar tarafiga o‘tib qo‘ya qolganlar. Lekin shunda ham yetarlicha hurmat qozonolmay halok bo‘lganlar.
Xuddi mana shu sababli Mark, Pertinaks va Aleksandr singari kamtar, haqiqatparvar, qattiqqo‘llikni yoqtirmaydigan, marhamatli uch imperatordan ikkitasining hayoti zabun bo‘ldi. Ulardan faqat Markgina yaxshi yashab, obro‘-e’tibor bilan dafn etildi. Mark taxtga iure hereditario1 ega bo‘lgandi va munosibligini na xalqqa, na qo‘shinga isbot etishining hojati yo‘q edi. Buning ustiga turli yaxshiliklari bilan raiyati va boyonlarining hurmatini qozondi, xalq va qo‘shinni kerakli chegaralarda ushlab turdi, ularning g‘azab va nafratini uyg‘otmadi. Pertinaks esa, undan farqli o‘laroq, askarlarning xohishiga qarama-qarshi ravishda imperatorlikka saylandi. Kommod davrida takasaltang hayotga o‘rganib qolgan, boz ustiga qariligi uchun unga bepisand bo‘lgan askarlarni halol hayotga o‘rgatmoqchiligi yoqmadi. Natijada u hukmdorligining boshidayoq ular tomonidan o‘ldirildi.
Pertinaks misoli yaxshi bir o‘git beradi bizga. Ya’ni: hukmdor yomon ishlar kabi, yaxshi ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lib ham atrofidagilarning g‘azabiga uchrashi mumkin. Shu sababli yuqorida aytganimdek, hukmdor hokimiyatni saqlab qolish maqsadida ba’zan yaxshilikdan chekinishi shart. Chunki, raiyatning o‘zi suyanmoqchi bo‘lgan qismi — xalqmi, zodagonlarmi, askarlarmi, qat’i nazar — buzuq bo‘lsa, hukmdor ularning izmiga qarab qadam bosishga majbur, aksiga olib tartib o‘rnatishga kirishsa, o‘ziga zarar keltirishi tayindir. Solnomachilarning maqtab yozishlaricha, imperator Aleksandrning yuvoshligi shu darajada ekanki, hukmronlik qilgan o‘n to‘rt yil davomida bironta odam sudsiz qatl etilmagan ekan. Xuddi shu o‘ta yuvoshligi va har narsada onasining so‘zidan chiqmaganligi uchun atrofdagilarning nazari bepisandligiga uchrab, qo‘shin ichida tug‘ilgan fitna oqibatida o‘ldirilgan.
Yuqorida aytilgan uch imperatorga qarama-qarshi o‘laroq, Kommod, Sever, Antonin Karakalla va Maksiminlar o‘ta olchoq va o‘ta shafqatsizliklari bilan ajralib turadilar. Qo‘shin mayliga qarab ish tutgan bu to‘rt imperator xalqni har tomondan talaganlar. Severdan boshqa uchchovi ham fitna tufayli o‘lganlar. Sever esa jasorat va shafqatsizlikdan shu darajada dong taratganki, askarlarining hurmatini umrining oxirigacha saqlab qolgan, xalqni ezishi va talashiga qaramay, o‘lgunicha emin-erkin hukmronlik qilgan. Sababi shuki, harb jasorati xalq u yoqda tursin, askarlar nazarida ham g‘ayri odatiy bo‘lgan. Xalq qo‘rqib karaxt holga tushgan, askarlar esa xalqni talashdan foyda ko‘rayotganlari uchun uni e’zozlaganlar. Yangi hukmdor sifatida amalga oshirganlari zo‘r va diqqatga sazovor bo‘lganidan, mayda-chuyda juz’iyliklarga to‘xtalmasdan, Severning yuqorida aytganimdek, goh sher, goh tulki qiyofasiga chevrilib, hukmdorlar taqlid qilsa arziydigan ishlarini gapirib o‘tishni istardim.
Slavoniyada qo‘shin boshida turgan Sever yangi imperator Yulianning ishyoqmas, dangasa odam ekanligini eshitib, pretorianchilar2 tomonidan o‘ldirilgan imperator Pertinaks uchun qasos olishga askarlarini ko‘ndiradi-da, Rimga yurish boshlaydi. O‘zi imperator bo‘lmoqchiligini hech kimga aytmay, yurish qilganining ovozasidan oldin o‘zi Rimga yetib keladi. Qo‘rqib ketgan Senat uni imperator ko‘tarib Yulianni o‘limga hukm qiladi. Biroq Severning toj sari yo‘lida hali ikki to‘g‘anoq bor edi. Biri — o‘zini imperator deb e’lon qilgan Osiyo qo‘shinlarining qo‘mondoni Pestsenniy Niger, ikkinchisi — g‘arbdagi qo‘shin qo‘mondoni Albin. Ikkoviga birdaniga qarshi chiqish xavfli edi. Shuning uchun Sever — Nigerga ochiq urush ochishga, Albinga esa ayyorlik ishlatishga qaror qiladi. Shu niyatda Albinga maktub yo‘llab, Senat unga imperatorlikni ravo ko‘rganini, u esa bu mansabda Albin bilan sherikchilik qilmoqchiligini aytib, Albinni Sezar unvonini olish uchun Rimga kelishini iltimos qiladi. Albin bunga chippa-chin ishonadi. Sever Niger qo‘shinlarini tor-mor etib, o‘zini o‘ldirib, Rimga qaytadi-da, Senatga shikoyat yo‘llaydi. Shikoyatida, Albin uning qilgan yaxshiliklarini unutib, hayotiga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lganini, shu sababdan jazosini berish uchun Rimdan chiqib ketajagini aytadi. Sever Albinni ta’qib etib, Frantsiyada tutadi-da, tsezarligini bekor qilib, o‘ldiradi.
Severning amallarini ko‘zdan kechirib, uning goh quturgan sherdek, goh ayyor tulkidek ish tutganiga; hammaga dahshat solib, o‘ziga hurmat tug‘dirganiga; qo‘shinning g‘azabini qo‘zitmaganiga amin bo‘lamiz. Shuning uchun yangi hukmdor bo‘la turib — hokimiyatining nechog‘liq mustahkamlab olganiga, atrofidagilarini xonavayron qilsa-da, hech kimning g‘azabiga uchramaganiga hayron bo‘lmaymiz. Chunki uning shon-shuhrati — umrining oxirigacha joniga qalqon bo‘lgan. Severning o‘g‘li Antonin Karakalla ham xalqning es-hushini lol qoldirgan, askarlarga ma’qul tushgan shoyon diqqatga sazovor shaxsdir. U har qanday qiyinchilikka bardoshli, nozik ovqatlardan hazar qiluvchi haqiqiy jangchiligidan — qo‘shini uni nihoyatda yaxshi ko‘rgan. Biroq, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan shafqatsizliklar, yovuzliklar qilib — juda ko‘p odam o‘ldirib, Iskandariya shahri aholisini yalpisiga, Rim aholisining yarmini qirib — jami a’yonlariga yomon ko‘rinib qolgan, hatto eng yaqinlari ham jon hovuchlab yurganlar. Oxirida uni o‘z askarlarining ko‘zi oldida bir tsenturion o‘ldirgan.
Kezi kelganda qistirib o‘tish darkor: jonidan kechgan har bir odam hukmdorga suiqasd qilishi mumkin, shuning uchun astoydil bel bog‘lagan odamning qasdidan qutulishning aniq yo‘llari yo‘q. Lekin doimo qo‘rqib yurishning hojati ham yo‘q, chunki bunday suiqasdlar juda kam yuz beradi. Eng muhimi, Antonin Karakallaga o‘xshab atrofidagi mansabdorlarni, shuningdek, senga xizmat qilib yuruvchi kishilarni haqoratlamaslik kerak. Antoninning joniga qasd qilgan tsenturionning inisini sharmandali o‘limga mahkum etib, uning o‘ziga esa, har kun “seni o‘ldiraman” deb zug‘um qilardi-yu, lekin shaxsiy soqchilikda saqlab turaverardi. Bu o‘ta nodonlik bo‘lib, Antonin hayoti boshqacha tugashi mumkin emasdi va ko‘rganimizdek, shunday bo‘ldi ham.
Endi Kommodga murojaat etamiz. U Markning o‘g‘li ekanligidan meros bo‘yicha tekkan taxtni ushlab qolishi juda oson edi. Otasining yo‘lidan ketganida xalqqa-da, qo‘shinga-da ma’qul kelgan bo‘ladi. Lekin tabiatan dag‘al, pastkash ekanligidan qo‘shinga tilyog‘lamalik va xushomadgo‘ylik qilib, uni ma’naviy buzilishga rag‘batlantirib va shu orqali xalqni talay boshladi. Bir tomondan xalqning g‘azabiga uchradimi? Ikkinchi tomondan imperatorlik obro‘sini to‘kib gladiatorlar bilan janglarga tushdi va boshqa pastkashliklari tufayli soldatlar nafratiga uchradi. Oqibatda o‘z yaqinlarining fitnasidan halok bo‘ldi.
Endi Maksiminning xislatlari haqida gapirish qoldi. U nihoyatda jangari va jasur kishi edi. Aleksandr o‘zining yumshoq va muloyimligi bilan askarlarning jig‘iga tekkach, ular Maksiminni imperator qilib ko‘tarishdi. Lekin uning yurt so‘rashi uzoqqa cho‘zilmadi. Bunga sabab, yoshlik vaqtlarida Frakiyada qo‘y boqqanligi hammaga ma’lum bo‘lib qolib, boyonlari uyalib achchiqlana boshladilar. Ikkinchidan, Rimga kelib imperatorlik rutbalarini olish marosimini orqaga suraverdi. Uchinchidan, o‘zining prefektlari orqali Rim va boshqa joylarda yovuzlarcha xunrezliklar o‘tkazdi. Uchchalasi qo‘shildi-da, umumiy g‘azab va nafratga aylandi. Birinchi bo‘lib unga qarshi Afrika qo‘zg‘aldi, keyin Senat, keyin Rim xalqi qo‘shildi. Nihoyat bu qo‘zg‘olonga Akvileyani qamal qilib turgan shaxsiy askarlari qo‘shildi. Yovuzlik va qamalning qiyinchiliklaridan zada bo‘lgan soldatlar imperatorning dushmani ko‘payib ketganligidan jur’atlanib, uni o‘ldirishdi.
Mutlaqo arzimas hukmdor bo‘lib, hech qanday ovozasi chiqmasdan yo‘q qilingan Geliogabal, Makrin, Yulian singari hukmdorlarni gapirib o‘tirmay xulosaga o‘tib qo‘ya qolaman. Bizning zamondagi hukmdorlarga qo‘shin oldida yuqoridagidek yaltoqlanishning hojati qolmagan. Garchi qo‘shinning ta’minoti jiddiy masala bo‘lsa-da, u juda oson ishdir. Muhimi hozirgi kunda hukmdor askarlar bilan bevosita muloqotga kirmaydi. Qadimgi Rimda oliy hukmdor ham, chekkalardagi kichikroq hukmdorlar ham askarlar ichida yurishardi. Shuning uchun askarlarning ra’yiga qarashga majbur edilar. U paytda askarlar katta kuch edi. Hozirgi kunda, turk va Misr sultonlaridan bo‘lak hukmdorlar uchun xalq mehrini qozonish muhim, chunki bugun xalq — qo‘shiniga nisbatan ancha katta kuchdir.
Turk sultoni, boshqa hukmdorlardan farqlicha, doimo o‘n ikki ming piyoda va o‘n besh ming otliq askar qurshovida turadi. Sulton saltanatining mustahkamligi ham, himoyasi ham shu askarlarga tamom bog‘liq. Misr sultoni ham shunday, yurish-turishi atrofidagi qo‘shinga bog‘liq bo‘lgani uchun xalq manfaatining zarariga bo‘lsa-da, askarlarga yon bosishga majbur. Misr sultonining davlat tuzilishi boshqacha bo‘lib, uni faqat xristian dunyosidagi papa davlati bilan qiyoslash mumkin. Sultonlikni merosiy davlat deb bo‘lmaydi. Chunki sultonning bolalari taxtga voris emas. Yangi sulton mutasaddi kishilar tomonidan saylanadi. Saylangan sultonni tahlil etganimiz ma’nosida yangi deb ham bo‘lmaydi, chunki, biz aytgan yangi hukmdor oldidagi qiyinchiliklarning birontasi ham sulton oldida turmaydi. Sulton taxtda yangi-yu, tartib-qoidalar eski, an’ana davom etaveradi.
Endi muhokama qilayotgan masalamizga qaytamiz. Biz aytgan qoidalarga qarama-qarshi ish tutgan yuqoridagi imperatorlar hayotini tahlil etsak, nima uchun faqat ikkitasi oxirigacha umrguzaronlik qildi-yu, qolganlari xalq, boyon yoki qo‘shinning nafratu g‘azabi oqibatida halok bo‘lishdi degan savol tug‘iladi. Gap shundaki, taxtni yangi egallagan Pertinaks bilan Aleksandr — Markga taqlid qilib xato qildilar, chunki Mark taxtni vorislik yo‘lidan egallagandi. Kommod bilan Maksimin esa Severga o‘xshayman deb baloga uchradilar, chunki ikkoviga-da Severning jasorati yetishmadi. Demak, yangi davlatdagi yangi hukmdor na Markka taqlid qilmasligi, na-da Severga o‘xshayman demasligi kerak. Lekin Severdan yangi davlat tuzishda asos bo‘ladigan, Markdan esa mustahkam va muqim davlatni saqlash uchun kerak bo‘ladigan xislatlarni olmog‘i kerak.

XX b o b

HUKMDORLAR UChUN QAL’ALAR FOYDALIMI? ShU XUSUSDA QO‘LLANILGAN USUL VA HARAKATLAR HAQIDA

Hukmdorlar o‘z saltanatlarini mustahkamlash uchun turli usullar qo‘llaganlar: o‘z fuqarolarini qurolsizlantirganlar; istilo qilingan shahar fuqarolarida ayirmachilikni rivojlantirganlar; lozim bo‘lsa o‘zlariga-o‘zlari dushman yaratganlar; o‘zlari gumonsiragan kuchlarni do‘st qilishga uringanlar; yangi qal’alar qurganlar yoki bor qal’alarni talon-toroj qilib, tag-tugi bilan buzganlar. O‘sha mamlakatlardagi sharoitni, vaqtni, qarorlarning sabablarini bilmasdan turib, bu usullarning qay biri ma’qulligini aytish qiyin. Shunga qaramay, masala tahlili imkon bergancha mayda tafsilotlardan uzilib, umumiyroq holda fikrimni bildirishga urinib ko‘raman.
Alqissa, yangi hukmdorning o‘z raiyatini qurolsizlantirishi hech qachon sodir bo‘lmagan, aksincha, qurolsiz bo‘lsalar qurollantirishgan. Chunki, xalqni qurollantirsang o‘z qo‘shiningni tuzayotgan, qurollangan qismini o‘z tarafdoringga aylantirgan, qolgan bir qismida esa senga sadoqat urug‘ini sochgan, oqibatda raiyatni o‘z tarafdoringga aylantirgan bo‘lasan. Butun xalqni qurollantirish iloji yo‘q esa-da, saylab olgan qismini qurollantirishing — boshqa qismiga-da suyanishingga umid beradi. Qurollantirgan qisming — tanlab olganing uchun sendan minnatdor bo‘lsa, ikkinchi bir qismi, oldingilar xavf-xatarga qarshi borganlari uchun, saylab olinganlarini tushunib, seni kechiradi. Biroq raiyatni qurolsizlantiradigan bo‘lsang, ishonchsizlik bildirganingdan haqoratlanadilar, o‘zingni badgumon va qo‘rqoq qilib ko‘rsatasan. Hukmdordagi bu ikki xususiyatni esa avom hech qachon kechirmaydi. Buning ustiga qo‘shinsiz yashay olmaganing sababli yollanma askar chaqirishga majbur bo‘lasan. Yollanma askarning qandayligini esa yuqorida gapirdik. Mabodo yollanganlaring juda yaxshi askar bo‘lib chiqsa-da, ular seni ham qudratli tashqi dushmandan, ham ishonchsiz raiyatingdan himoya qilishga qurbi yetmaydi.
Xullas, tarixiy misollarni ko‘p keltirib ta’kidladikki, yangi hukmdorlar hamisha o‘z qo‘shinlarini tuzganlar. Biroq, eski davlatingga yangi hududni qo‘shib oladigan bo‘lsang, uning aholisini, senga yordam bergan qismini mustasno qilib, albatta qurolsizlantirishing kerak. Mustasno qilgan qismingni esa paxpaxlab, erkalab, oyimtabiatli odamlarga aylantirishing kerak. Maqsad — qurollanganlar ichida faqat o‘zingning millating, o‘zingning yaqinlaring qolishiga erishishdir.
Ajdodlarimizning donishmand deb hisoblangan qismi, Pistoyya ahlini bir-biriga gij-gijlab, Piza ahlini qal’a qurib, ushlab turasan deyishgan va ayrim shaharlardagi hokimiyatlarini saqlash uchun aholisi ichidagi bo‘linishga hamisha o‘t purkab turishgan. Italiyadagi vaziyat nisbatan mo‘tadil bo‘lgan u zamonlarda bunday siyosat ehtimol o‘zini oqlagandir. Bugungi kunda bu o‘gitning to‘g‘riligiga shuningdek, xalqni bo‘lish va gij-gijlashning yaxshilik bilan tugashiga-da, gumonim bor. Demoqchimanki, tashqi dushman kelganda mag‘lubiyatga uchrashi shak-shubhasizdir. Chunki, kuchsizroq partiya albatta dushman tomonga o‘tadi. Kuchli partiyaning bir o‘zi esa shaharni saqlab qololmaydi.
Venetsiyaliklar o‘zlariga tobe shaharlarda, albatta o‘sha men aytgan niyatda bo‘lsa kerak, gvelf va gibellinlarning dushmanligini doim qizdirib turardilar. Ishni qon to‘kilish darajasigacha olib bormay, ikki tomonni bir-birlariga gij-gijlashlaridan maqsad — ikkovi birlashib, o‘zlariga qarshi kurash boshlamasinlar. Ammo biz ko‘rdikki, bu narsa foyda keltirmadi. Vayla yaqinidagi mag‘lubiyatlaridan so‘ng, avval shaharning bir qismi, keyin ibrat olgan ikkinchi qismi venetsiyaliklarni tark etdilar. Tinchlik paytida raiyatni ushlab turish uchun bu usul ehtimol qo‘l kelar, lekin urush boshlanib qolgudek bo‘lsa uning chirkini so‘zsiz yuzaga chiqadi. Oxir-oqibatda bu usul hukmdorning ojizligini fosh qiladi, zeroki, kuchli hokimiyat raiyatning bo‘linishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi.
Shak-shubha yo‘qki, hukmdor buyuklikka faqat to‘sqinlarni yengib, dushmanlarni tor-mor qilib erishadi. Shu sababli ham omad o‘zi tanlagan yangi hukmdorga, u zinapoyadek bir-bir bosib yuksaklikka ko‘tarilaverishi uchun unga yangi-yangi dushmanlarni ro‘para qilaveradi. Chunki merosiy hukmdordan ko‘ra, yangi bo‘lganiga g‘alabalar ming chandon zarur. Sharoiti ko‘targan yangi hukmdorlar shon-shuhratini tag‘inda orttirish uchun sun’iy ravishda, o‘ziga-o‘zi dushman yaratishlari kerak deb, ba’zi birovlar maslahat ham berganlar.
Taxtga yetishgan yangi hukmdorlar vaqt o‘tishi bilan ilgari ishonchga kirmagan odamlarning keyinchalik ko‘proq sadoqat ko‘rsatib, ko‘proq foyda bergan hollariga ko‘p duch kelganlar. Siyenaning hukmdori Pandolfa Petruchchi davlatini ilgari gumonsiragan odamlarga, boshqalaridan ko‘ra ko‘proq suyanib idora qilgan. Lekin bu xususda umumlashma maslahat to‘g‘ri kelmaydi, chunki sharoitga qarab hamma narsa o‘zgarib turadi. Faqat, ilgari dushman bo‘lganlarni do‘stga aylantirish hukmdorga qiyin emasligini aniq aytish mumkin. Buning uchun, ulardagi bor sharoitlari saqlanib qolishi haqida hukmdorning va’dasi va otalig‘i kerak xolos. Shunda ular hukmdorning avvalgi fikrining noto‘g‘riligini isbotlash uchun jon-jahdlari bilan xizmat qiladilar. Hukmdorning mehriga ishonib, nuqul o‘z foydalarini ko‘zlab qolgan eski do‘stlardan ko‘ra ancha foydali bir qatlamni, shu usulda hamishalikka o‘ziniki qilib olish mumkin.
Tadqiq qilayotgan masalamiz talabiga ko‘ra, aholining bir qismi yordamida hokimiyatga kelgan hukmdorlarga eslatmoqchimanki, aholining yordam bergan qismining qo‘llashiga sabab bo‘lgan narsani aniqlab olishlari zarur. Agar sabab shaxsiga sadoqat emas, burungi hukmdordan norozilikda bo‘lsa bu odamlarning do‘stligini saqlab qolish juda qiyin, zeroki ularning talablarini qondirishning iloji bo‘lmaydi. Qadim tarix yoki zamonamizdan misollar olib bu masalani o‘rganadigan bo‘lsak, ilgarigi hokimiyatning tarafdori bo‘lgani uchun yangi hokimiyatni dushmanlarcha kutib olganlar ichidan do‘st topish, eski hokimiyatdan norozi bo‘lgani uchun to‘ntarishga yordam berganlar ichidan do‘st topishga qaraganda osonroq ekanligiga amin bo‘lamiz.
Hukmdorlar saltanatlarini mustahkamlash dardida burun zamonlardan beri qal’alar quradilar. Fitnayu g‘alayon uyushtirish niyatidagilarga suvliq va jilov, shuningdek, to‘satdan qilingan dushman hujumida ishonchli boshpana bo‘ladi deb o‘ylaydilar. Qadimgi bu udumga ofarindan boshqa narsa aytolmayman. Lekin, messer Nikkolo Vitellining shaharni qo‘lida saqlash uchun Chitta di Kastellodagi ikki qal’ani tagi bilan qo‘porgani; Chezare Borja tomonidan quvilgan Gvido Ubaldo yurtiga yana qaytgach, saqlash osonlashadi deb hisoblaganidan barcha qal’alarni buzdirgani; Bentivoli oilasi ham Bolonyaga qaytgach xuddi shunday qilgani hodisalari barimizning yodimizdan hali ko‘tarilgani yo‘q. Demak, sharoitga qarab, qal’alar foydali yoki zararli bo‘lishlari mumkin degan ma’no chiqadi. Batafsilroq tushuntiradigan bo‘lsam: tashqi dushmandan ko‘ra o‘z xalqidan ko‘proq qo‘rqadigan hukmdorlarga qal’alar foydalidir; xalqidan ko‘ra tashqi dushmandan ko‘proq xavfsiraydigan hukmdorlarga esa qal’aning zarurati yo‘q. Misol uchun Milan shahrida Franchesko Sfortsa bunyod etgan qal’a Sfortsalar oilasiga mamlakatlarida ro‘y bergan barcha tartibsizliklardan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi. Xulosa shuki, eng yaxshi qal’a xalq nafratiga uchramaslikdir. Xalq g‘azabidan seni har qanaqa mustahkam qal’a ham saqlab qololmaydi. Chunki xalq qurollanadigan bo‘lsa, chetdan hamisha unga yordam yetib keladi. Bizning zamonda grafxonim Forlidan boshqa hech kimga qal’adan foyda tekkanini eslolmaymiz. Eri Djirolamo o‘lganda qo‘zg‘olon ko‘targan xalq g‘azabidan qochib, Milandan yordam yetib kelguncha, grafxonim qal’ada jon saqladi va hokimiyatni qayta qo‘lga oldi. O‘sha paytda xalqqa yordamga keladigan odam topilmadi. Biroq, keyinchalik grafxonimga uning kasri-da yordam bermadi. Chezare Borja qamalga olganda xalq chet dushman tarafiga o‘tib ketdi. Shuning uchun, grafxonim qasrlar qurguncha, xalq g‘azabini qo‘ptirmaslikka uringani foydaliroq bo‘lardi.
Tahlilimizdan keyingi xulosa shuki, qal’a qurganni ham, qurmaganni ham men oqlayman. Biroq, qal’alariga ishonib, xalqning g‘azabini qo‘zitganidan keyin beparvo yurgan hukmdorni hecham oqlolmayman.

XXI b o b

IZZAT-HURMATDA YuRISh UChUN HUKMDOR NIMALAR QILIShI KERAK?

Harb ishlari va g‘ayrioddiy qiliqlardek hukmdorning obro‘sini oshiradigan ish yo‘q. Hozirgi hukmdorlardan Ispaniya qiroli Ferdinand Aragonli misoliga murojaat qilaman. Boshida, imkoniyatlarining ojizligi nuqtai nazaridan, uni taxtga yangi erishgan hukmdorga tenglash mumkin bo‘lgan. Lekin asta-sekin shuhratining dabdabasi va barq urgan chaqqonligi bilan xristian dunyosidagi hukmdorlarning sardoriga aylandi. Uning har bir amali buyuklik nishonasi bo‘lib, ba’zilari esa aqlni shoshiradi. Taxtga o‘tirganidan bir oz o‘tib, Grenada uchun qilgan urushi qudratining debochasi va asosi bo‘ldi. Eng avvalo, u mamlakat ichkarisi tinch, xalaqit beradigan sabablar yo‘q paytini aniq tanladi va hamisha o‘zaro to‘qnashib turuvchi Kastiliya baronlarini tortib keta oldi. Urush jarayonida esa baronlarga sezdirmay hokimiyatni jipslashtirib, ularni o‘ziga qaram qilib qo‘ydi. Sarmoyani u Cherkovdan va xalqdan olib, yana o‘sha urush jarayonida, keyinchalik o‘ziga shon-shuhrat keltirgan, kuchli armiya tuzib oldi. Bundan keyin, yanada buyuklik niyatlarni diliga tugib, hamon din himoyachisi nomi ostida taqvodorona zolimlik qilib Marranlardan1 mamlakatni tozaladi. Bundan o‘tadigan zolimlikni, shu bilan birga aqlni lol qiladigan amalni o‘ylab topish amrimaholdir. O‘sha, din himoyasi shiori ostida Afrikada yerlar istilo etildi. Keyin esa Italiyaga yurishlar qilib, nihoyat Frantsiyaga urush ochdi. O‘zining bu buyuk amal va niyatlarini ro‘yobga chiqararkan raiyatni lol va qoyil qoldirgancha hushini joyiga keltirmas, amal va niyatlari bir-biridan oqib chiqqandek tizilib kelaverar, qirolga qarshi g‘avg‘o ko‘tarishga zarracha imkon tug‘ilmasdi.
Hukmdor obro‘siga mamlakat ichkarisidagi ishlarining, farmonlarining, odamlarning aytishiga ishonsak, messer Bernabo da Milanoniki singari g‘ayrioddiy, aqlni shoshiradigan bo‘lishining ham o‘rni kattadir. Ya’ni jamiyatda biron-bir kishi yaxshimi yoki yomonmi biror ish qilsa uning mukofoti yoki jazosi mumkin qadar esda uzoqroq qoladigan bo‘lishi kerak. Ammo eng muhimi — hukmdor barcha xatti-harakatlarini o‘zida katta aql nasib etgan buyuk inson degan nomni qozonishga xizmat ettirishi lozim.
Ikki tarafdan birini do‘st, ikkinchisini dushman deb tanlash taqozosi kelgan paytda chekkada turishni ma’qul topish o‘rniga ikkilanmay tanlash ham hukmdorning obro‘sini juda oshiradi. Ikki kuchli qo‘shni hukmdor urushga kirganda bo‘lajak g‘olib sening uchun xavfli yoki xavfsiz bo‘lishi mumkin. Har ikki holda ham ochiq urushga kirgan ma’qulroq. Chunki, agar birinchi vaziyat tug‘ilsa, urushga qo‘shilmaganing uchun g‘olibning o‘ljasiga aylanasan va bundan mag‘lub tomon ham xursand bo‘ladi. G‘olib kerakli paytda tashlab ketgan ittifoqchini inkor etadi, mag‘lub esa kerak paytda qurol olib yordam bermagan ittifoqchini qabul qilmaydi, natijada hech kimdan madad ololmaysan. Rimliklarni haydash niyatidagi etoliyaliklar tomonidan Gretsiyaga yordamga chaqirilgan Antiox, rimliklarning ittifoqchisi bo‘lgan axeyaliklarga voizlar yuborib, urushga aralashmaslikka da’vat etadi. Rimliklar esa aksincha, axeyaliklarni urushda yordam berishga da’vat etadilar. Shunda, masalani hal etish uchun axeyaliklar qurultoy chaqiradilar. Qurultoyda Antioxning elchisi qurol olmaslikka, aralashmaslikka undaydi. Rim elchisi esa shunday degan: “Quod autem isti dicunt non interponendi vos bello, nihil magis alienum rebus vestris est; sine dratia, sine dignitate, praemiun Victoris eritis”.
G‘arazli dushmangina chetga chiqib turishni taklif etadi. Do‘st esa yordam berishga ochiq-oydin chaqiradi. Beqaror hukmdorlar yaqindagi xavfdan qo‘rqib, hamisha aralashmaslikni tanlaydilar-u, oqibatda inqirozga uchraydilar.
Biroq, qo‘rqmasdan urushayotganlarning bir tarafiga o‘tsang, ittifoqching yengsa, u qanchalik kuchli bo‘lmasin, sen qanchalik unga qaram bo‘lmagin, u senga burchlidir. Odam zoti bunchalik beoqibatmaski, o‘z ittifoqchisini yakson qilsa. Bundan tashqari, g‘olibga hech narsa bilan hisoblashmaydigan, ayniqsa, haqiqatni toptash imkoniyatini beradigan darajada g‘alaba hech qachon hech kimga nasib etmagan. Bordi-yu, tarafkashing yutqazib qo‘ysa, u seni qabul qiladi, qo‘lidan kelgancha yordam beradi. Sen baxtiqaroliqqa uchragan odamni dardkash birodariga aylanasan, ehtimolki, tarafkashingning baxti yana bir kun ochilib ketar.
Urushayotganlarning unisi ham, bunisi ham senga xavf-xatar sololmaydigan vaziyat to‘g‘ri kelgan taqdirda, u yoki bu tomonga qo‘shilish yanada foydalidir. Chunki bir tomonning yordamida dushmanni yengganingdan keyin tarafkashingni tobe etishing mumkin. U esa sening yordamingda dushmani ustidan albatta zafar qozonadi. Uning kallasi ishlasa, yenggan dushmanini butunlay yo‘q qilishga emas, saqlab qolishga harakat qilishi kerak.
Shu joyda, agar yuqorida keltirilgandek tanlashga majbur bo‘ladigan vaziyatga tushilmasa, o‘zingdan kuchli hukmdor bilan ittifoqqa kirishishdan parhez qilgan tuzukroqligini aytish kerak. Chunki, g‘alaba qilingan taqdirda uning changalida bo‘lasan. Aqlli hukmdor esa birovning ta’siriga tushishdan hamisha ehtiyot bo‘lishi shart. Misol uchun venetsiyaliklar Milan gertsogiga qarshi Frantsiya bilan ittifoqqa kirmaslikning iloji bo‘lsa-da, ittifoqqa kirib, oxirida inqirozga uchradilar. Lekin papa va Ispaniya Lombardiyaga qo‘shin tortgan paytidagidek, florentsiyaliklar kabi majburiy vaziyatga tushib qolinsa, avval aytilganidek, albatta urushga qo‘shilish kerak. Bunda to‘g‘ri qaror qabul qilaman deb katta umid bog‘lamasdan, har qanday qaroring ham mavhum ekanligini, bir balodan qutulsang ikkinchisiga tutilishing shartligini bo‘yinga olib qo‘yish kerak. Barcha ko‘ngilsizliklarni tosh-taroziga solib, kichigiga uchraganingga shukr qilish — bunday vaziyatda donolikni bildiradi.
Izzat hurmatda yuraman degan hukmdor iqtidorli kishilarni qanotiga olib, mehr ko‘rgazib, san’at, fan va hunarmandchilikda ko‘zga ko‘ringanlarning hurmatini joyiga qo‘yib borishi lozim. Fuqarolarning savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishlarini rag‘batlantirib turishi kerak. Odamlar o‘z go‘shalarini birov tortib olishidan qo‘rqmay obod qilish, soliqlar solib bo‘g‘ib tashlashadi degan hadikdan begona holda do‘konlar ochish kayfiyatida yashashlari kerak. Shahar va davlatni ko‘rkamlashtirishga xizmat qilganlar uchun hukmdorning alohida mukofotlari bo‘lmog‘i zarur. Bundan tashqari yilning qulay fasllarida xalqni bayram va tomoshalar bilan band qilishga e’tibor qaratmog‘i kerak. Ustaxonalar, shaharning mahalla va dahalarini ham e’zozlab, goh-gohida qadamranjida qilib, majlislarida qatnashib, muruvvat va himmatlilikda o‘rnak bo‘lishga intilish darkor. Lekin bu jarayonda hukmdorning har bir xatti-harakati o‘zining obro‘si va ulug‘vorligini saqlashga qaratilishi lozim.

XXII b o b

HUKMDORNING MASLAHATChILARI HAQIDA

Maslahatchilarni saylab olish hukmdor uchun muhim masalalardan biridir. Ularning yaxshi yoki yomonligi esa to‘laligicha hukmdorning donoligiga bog‘liqdir. Hukmdorning aqliga birinchi baho — qanday odamlarni yaqinlashtirayotganiga qarab beriladi. Agar ular ishbilarmon va sodiq bo‘lishsa, hukmdor ham dono bo‘ladi. Chunki aqlli va sadoqatli odamlarni topib yonida ushlab qololgani bunga kafildir. Maslahatchilari buning aksicha nusxadagi odamlar chiqsa, ularga berilgan baho hukmdorga ham o‘tadi, yaramas maslahatchilarni tanlab birinchi xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Siyenaning hukmdori Pandolfo Petruchchonang yordamchisi messer Antonio de Venarfoni tanigan kishilar Pandolfoning o‘zi haqida ikkilanmay yaxshi fikr chiqargandilar. Sababi, Antonio de Venarfoni maslahatchilikka tanlagan odamning o‘zi oqil bo‘lish kerakligi aniq edi.
Inson aqli uch toifaga bo‘linadi. Birinchisi, barcha narsaning mohiyatiga o‘zi yetib boradi. Ikkinchisi, birinchisi yetib borgan narsani anglaydi. Uchinchisi, na o‘zi biron narsani tagiga yetadi, na boshqalar yetib borgan narsani anglaydi. Birinchi xil aql — buyuk iste’doddir. Ikkinchi xili — katta aqldir. Uchinchisi — nobopdir. Bu toifalashimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak — Pandolfo juda birinchisi bo‘lmasa-da, ikkinchi xil aql egasi bo‘lgan. Chunki, atrofdagi odamlarning ishi va so‘ziga qarab, yaxshi-yomonni ajratib oladigan, o‘zi o‘ylab toparlar toifasiga kirmasa-da, maslahatchilarining xatti-harakatlaridagi to‘g‘rilik va egrilikni farqlaydigan, to‘g‘rilikni mukofotlab egrilikni jazolaydigan kishi bo‘lgan. Bundan biz uchun chiqadigan ibrat shuki, hukmdorning aqlli ekanini sezgan maslahatchi va yordamchilari uni aldolmaydi va halol ishlaydi.
Yordamchi va maslahatchining qandayligini aniqlashning bitta mezoni: u masalalarni hal etishda, ishlarni bajarishda hukmdorning foydasini o‘ylaydimi yoki o‘zi haqida ko‘proq qayg‘uradimi, shu bilinsa bas. Agar har bir ishda avval o‘z ulushini o‘ylaydigan bo‘lsa, u hech qachon yaxshi xizmatkor bo‘lmaydi va hukmdor hech qachon unga o‘zini ishonib topshirishi mumkin emas. Zeroki, qo‘liga davlat ishlari topshirilgan vazir, o‘zi haqida emas, hukmdor haqida o‘ylashga, hukmdorni hukmdorga tegishli ishdan bo‘lak narsa bilan bezovta qilmaslikka majburdir. O‘z navbatida hukmdor ham vazirning mehnatlarini mukofotlab, boyligiga boylik qo‘shib, undagi minnatdorlik tuyg‘ulari orqali o‘ziga bog‘lanishni kuchaytirib, xizmat vazifalarini va shuhrat mevalarini bo‘lishib, uning sadoqatini saqlab qolishga intilishi kerak. Shunda vazir hukmdorga kerakli ekanligini, hukmdor uningsiz tang holga tushishi mumkinligini sezadi, boyligi va shon-shuhrati yetarli bo‘lganidan yana yangilariga suqlanmaydi, har xil mansablar egasi bo‘lganidan fitnayu to‘ntaruvlardan qo‘rqadi, hayiqadi. Hukmdor ila vazir shunday munosabatni ushlasalar, bir-birlariga qo‘rqmay tayanishlari mumkin. Agar oralarida o‘zgacha munosabat hukmron bo‘lsa, oqibati — yo u tomon, yo bu tomon uchun yomondir.

XXIII b o b

TILYoG‘LAMAChILARDAN SAQLANISh YO‘LLARI

Hukmdorlarning odamni farqlay olmasliklari va zukkoligi yetishmasligi oqibatida o‘zlarini tiyolmay yo‘l qo‘yadigan bir kamchiliklarini aytib o‘tmoqchiman. Zeroki bu ham muhim masalalardan biridir. Bu soxta maqtov va tilyog‘lamachilar masalasidir. Har bir saroyda tilyog‘lamachilik va tilyog‘lamachilar juda ko‘p o‘ralashadi. Hukmdorlar ham xom sut emgan bandadirlar: o‘ta shuhratparast, o‘zlariga ortiqcha baho beruvchi ekanliklaridan bu ifloslikka chap berishlari juda mushkul bo‘ladi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor: tilyog‘lamalikni tag-tugi bilan yo‘qotishga kirishgan hukmdor atrofidagilarning nazari bepisandligiga uchrashi mumkin. Chunki, xushomad va tilyog‘lamalikni yo‘qotishning birdan-bir yo‘li — senga haqiqatni oxirigacha, to‘g‘ri gapirganida ham xafa bo‘lmasligingni odamlar ongiga singdirishdir. Mabodo shunga erishsang-u, odamlar betingga barini to‘g‘ri gapiraversalar, senga ko‘rsatishlari lozim bo‘lgan izzat-hurmatni ko‘rsatmay qo‘yadilar. Shuning uchun dono hukmdor uchinchi yo‘lni tanlamog‘i kerak, ya’ni: dilida nimaiki gap bo‘lsa barini ochiq gapirish huquqini o‘zi tanlab olgan bir necha aqlli odamgagina berishi lozim. Biroq shunda ham faqat so‘ralgan mavzuda. Boshqa mavzuni aralashtirmasin. Sen hamma mavzu va soha xususida savol berishing, oxirigacha eshitishing keragu, biroq qarorni o‘zing chiqarishing shart. Majlislarda har bir maslahatchi bilan o‘zingni shunday tutishing kerakki, u qanchalik qo‘rqmasdan fikrini ochiq aytsa shunchalik ma’qul ekanligini sezsin, buni boshqalar ham ko‘rib tursin. Majlisdan tashqarida esa hech kim bilan maslahatlashmasdan, hech kimga quloq solmasdan maqsad tomon shaxdam yurish, qabul qilingan qarorni qat’iy ushlash kerak. Boshqacha yo‘l tutgan hukmdor yo tilyog‘lamachining asiri bo‘ladi, yo qarama-qarshi takliflarni eshitaverganidan fikrini o‘zgartiraverib obro‘sini to‘kadi.
Hozirgi zamondan bir misol keltiraman. Imperator Maksimilianning ishonchli kishisi — ruhoniy ota Luka, oliy hazratning fe’l-atvori haqida: u kishi hech kimdan maslahat olmaydilar, lekin o‘z bilganlaricha ish ham tutmaydilar. Imperator biqiq, niyatu rejalarini birovga aytmaydigan, birovga maslahat solmaydigan toifadanlar. Biroq rejalari amalga oshaboshlagach, atrofidagilar e’tiroz bildira boshlashadi va imperator fe’llari bo‘shligidan niyatlaridan qaytadilar. Oqibatda bugungi qaror bilan boshlangan ish ertaga bekor qilinadi va imperatorning istaklari qanaqa, maqsadlari nima ekanligini hech bilib bo‘lmasligidan qarorlariga ham ishonib bo‘lmaydi, deb hikoya qilinadi.
Buning bari biz yuqorida aytgan qoidalarga amal qilmaganlikdandir.
Shunday qilib, hukmdor hamisha boshqalar bilan maslahatlashishi lozim. Faqat, birovlar istaganda emas, o‘zi istagan paytda. So‘ralmagan paytda maslahatini berayotganlarni esa, og‘ziga urib tanbeh bermoq lozim. Biroq o‘z tashabbusi bilan hukmdor hamisha keng ko‘lamda, har sohada maslahat solishi, so‘raganlarini esa toqat bilan eshitishi, kimdir haqiqatni ochiq aytishga xavotirlanayotganini sezsa, o‘zi xavotirga tushishi kerak. Ko‘pchilik, donoligi bilan ovozasi chiqqan hukmdorlar bu mashhurlikka o‘z aqllari hisobiga emas, boyonlarining maslahatlari hisobiga erishganlar deb o‘ylashadi. Bu fikr xatodir. Chunki, istisnosi bo‘lmagan bir qoidaning aytishi bo‘yicha, aqlu donolikdan mahrum hukmdorga aqlli va dono maslahat berish befoydadir. Bunday hukmdor dono maslahatni tasodifan, shunda ham o‘zi tamomila ishonadigan aqlli vazirining aytganidan so‘ng qabul qilishi mumkin. Ishni bir vazirga tashlab qo‘yish, hayotda ehtimoli bor narsa. Lekin bo‘lganda ham bu narsa, tez orada vazirning hukmdor bo‘lib olishi bilan bitadi. Donolikdan mahrum hukmdorning maslahatchilari ko‘p bo‘lgan holda ham u qarama-qarshi fikrlarni chog‘ishtirolmaydi, boz ustiga har bir maslahatchi o‘z manfaatidan kelib chiqib gapirganini ham tushunolmaydi va chora ko‘rolmaydi. Maslahatchining boshqa turi esa hayotda bo‘lmaydi. Zeroki tabiati yomonligidan, odam zoti faqat majbur bo‘lgandagina yaxshilik qilishi mumkin. Xulosa shuki, dono va oqil rejalar — maslahat kim tomonidan berilishidan qat’i nazar, faqat hukmdorlarning dono va oqilligidan tug‘iladi. Aksincha, ya’ni dono va oqil maslahatlar tufayli dono va oqil hukmdor hech qachon paydo bo‘lmaydi.

XXIV b o b

NEGA ITALIYa HUKMDORLARI O‘Z DAVLATLARIDAN AYRILGANI HAQIDA

Agar yangi hukmdor aytilgan qoidalarga aql bilan rioya etsa, taxtga meros yo‘li bilan erishganlardan ko‘ra ham o‘zini mustahkam va erkin his qila boshlaydi. Chunki, odamlar yangi hukmdorga merosiy hukmdordan ko‘ra kattaroq qiziqish bilan qaraydilar. Harakat va ishlarida jasorat shijoat sezilsa merosiy hukmdor shajarasining qadimiyligidan ko‘ra ziyodroq maftunkorlikka ega bo‘ladi. Chunki odamlar o‘tmishdan ko‘ra bugungi kunlari bilan ko‘proq bandlar. Bugun manfaat ko‘ra boshlasalar, xursand bo‘lib boshqa narsani o‘ylamay, yangi hukmdorga kerak bo‘lsa ko‘ksilarini qalqon qiladilar. Yangi davlat tuzgan, uni yaxshi qonunlar bilan muhofazalagan, yaxshi ittifoqchilar topgan, yaxshi qo‘shin tuzgan yangi hukmdor o‘zini ikki karra shuhratga chulg‘aydi. Aksincha, hukmdor unvonida tug‘ilib, kaltabinligi tufayli merosiy taxtidan ajralgan hukmdor ikki karra nafrat va hazar nazariga loyiqdir.
Agar biz davlatidan mahrum bo‘lgan Neapolitaniya qiroli, Milan gertsogi va boshqa shu singari italiyalik hukmdorlar misoliga murojaat qilsak, ularning eng bo‘sh yeri qo‘shin bo‘lgan. Qo‘shinning yaramas xillarini esa yuqorida batafsil gapirdik. Bundan tashqari ularning ba’zilari o‘z xalqlari bilan dushmanlikda turganlar, ba’zilari esa xalq bilan yaxshi bo‘lib, boyonlar tarafidan himoyalanishni eplolmaganlar. Bu kabi nuqsonlardan xoli mamlakatning hukmdori, yana qo‘shin ham bajolasa hech qachon taxtidan mosuvo bo‘lmaydi. Filipp Maqidunli, men Buyuk Iskandarning otasini emas, Tit Kvintsiy tomonidan mag‘lubiyatga uchratilgan Filippni nazarda tutayapman, o‘ziga hujum qilgan Rim va Gretsiyaga nisbatan juda kichkina mamlakat hukmdori edi. Biroq o‘zi zo‘r jangchi ekanligidan, boz ustiga xalq mehrini qozonolgani va zodagonlar kirdikorlaridan o‘zini himoyalashni uddalagani uchun rimliklar va greklarga qarshi ko‘p yillik urushga chidab turoldi. Garchi, oxirida, bir necha shaharlaridan ajrasa-da, podsholigini saqlab qoldi.
Shuning uchun ko‘p yillar taxt surib, keyin saltanatidan ayrilgan bizning hukmdorlarimiz taqdirdan nolimay aybni o‘zlarining beg‘amliklaridan qidirsinlar. Osoyishta ob-havoda bo‘ronni xayoliga keltirmaydigan hamma oddiy odamlardek, ular ham tinchlik zamonida — ertaga yog‘ilishi mumkin bo‘lgan balolarning oldini olmadilar. Qiyin zamon kelishi bilan esa mudofaa uyushtirishning o‘rniga, g‘olib bosqinchining jafolaridan bezgan xalq ularni yana chaqirib oladi, degan umid bilan qochib qolishni afzal bildilar. Boshqa iloj yo‘qligida bunday umid qilish ham yaxshi, biroq faqat shu umidni deb boshqa choralarni inkor etish — juda yomon. Bu ish, bari bir kimdir ko‘tarib olar, deb ataylab o‘zini yerga tashlab yotish bilan barobar. Bordiyu, balo-qazodan kimdir qutqarib qolganda ham sen nihoyatda xavfli, minnatli va tuban ahvolda qolasan. Faqat o‘zingga, o‘z jasoratingga asoslangan mudofaagina yaxshi, ishonchli va mustahkamdir.

XXV b o b

TAQDIRNING ODAMZOT IShLARI USTIDAN HUKMRONLIGI VA UNGA ChORA TOPISh YO‘LLARI

Odamning zakovati hech narsani hal etolmaydi, hech narsaga qarshi turolmaydi, dunyodagi nimaiki sodir bo‘lsa, bari taqdir va Tangriga bog‘liq, degan fikrning ilgari zamonlarda ham, hozir ham ko‘p gapirilishini men juda yaxshi bilaman. Lekin buni gapiradiganlar uchun jamiyatning tashvishlari bilan boshingni og‘ritma, taqdiringga tan berib jimgina yuraver, deb bundan chiqaradigan xulosalari ular uchun muhimdir. Keyingi paytlarda dunyodagi voqealarning juda tez o‘zgarayotganligidan, inson aqli tomonidan qilinayotgan har qanday karomatlarning chippakka chiqayotganligidan, bu xulosaga ishonuvchilarning soni juda oshib ketgan. Ba’zi paytlarda, dunyoning hozirgi ahvoliga qarab turib, o‘zim ham ko‘pchilikning shu fikriga bo‘ysungim kelib qoladi.
Biroq inson irodasining, istaklarining erki haqqi: balki taqdiri azal odamzot ishlarining yarmini boshqarib, boshqa yarmini yoki shunga yaqin qismini odamlarning o‘zlariga topshirib qo‘ygandir, degan umid bildiraman. Taqdirni men ayqirgan daryoga o‘xshataman. U toshadi, qirg‘oqlarni o‘yib, daraxtlarni qo‘poradi, uylarni yiqadi, yerlarni yuvib ketadi, yangi yerlarni barpo qiladi. Jilovlashni eplolmaydigan odamzot esa uning jo‘shqin bosqinidan har yoqqa tumtaraqay qochadi. Mayli, shunday bo‘la qolsin, inson qo‘rqib qochadi ham deylik. Lekin daryo toshmagan paytda ehtiyot choralari ko‘rishni, dambalar, to‘g‘onlar qurishni insonga hech kim taqiqlamaydi-ku?! Daryo toshganda uni kanallarga burib yuboradigan, dambalarga borib to‘silib to‘xtaydigan qilib qo‘yish mumkin-ku!?
Taqdir ham shunday. U o‘zining kuchini aqlli jasorat, mardlik tik turmagan yerda ko‘rsatadi, toshqinini to‘siq bo‘lmagan yerlarga buradi. Italiyaga bir boqing. O‘zi tug‘dirgan ijtimoiy voqealar toshqini ostida qolib ketgan. Na to‘g‘on, na damba bo‘lmagan sidirg‘a bir tekislikka o‘xshaydi. Agar unda Olmoniston, Farangiston, Ispaniyaga o‘xshab jasorat to‘siqlari bo‘lganda edi, toshqin uncha kirolmagan, kirsa ham bunchalik vayronalik keltirmagan bo‘lardi. Taqdirga qarshi turish haqida menimcha yetarlicha fikr bildirildi.
Endi hukmdorlarimiz xususida gapirsak. Ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmizki, kechagina tinchgina davru davron surib, bugun taxtlaridan mosuvo bo‘lib yuribdilar. Ularning fe’l-atvorida, xislatlarida hech narsa o‘zgarmagan. Yashayaptilar. Buning yechimi mening fikrimcha, yuqorida biz batafsil tahlil etgan sabablarda. Barcha ishni butunlay taqdirga tashlab qo‘ygan hukmdor vaqti kelganda uning zarbalariga dosh berolmaydi. Yana mening fikrimcha, o‘z xatti-harakatlarini zamona talablariga javob beradigan tarzda tuzgani eson-omon yashayveradi, zamona talablariga javob bermaydigani esa baxtu taxtidan ayrilaveradi.
Hayotni kuzatadigan bo‘lsak, har bir odam oldiga qo‘yadigan — obro‘ va boylik orttirish maqsadiga yetishishda turli yo‘llar tanlashini ko‘ramiz: biri ehtiyotkorlik, ikkinchisi shiddat; biri sabr, ikkinchisi tezkorlik, biri kuch, ikkinchisi — mahorat. Ularning har birini maqsadiga tanlagan yo‘li yetkazishi mumkin. Biroq ba’zan shunday bo‘ladiki, ikki odam bir xil, misol uchun ehtiyotkorlik yo‘lini tanlaydi-yu, maqsadga faqat bittasi erishadi. Yoki ikkovi o‘zgacha, misol uchun biri ehtiyotkorlikni, ikkinchisi shiddatni tanlaydi-yu, ikkovi ham maqsadga bir xilda yetishadi. Buning sababi, tanlangan yo‘llarning zamonaning xususiyatlari va shart-sharoitlariga mos kelish-kelmasligiga bog‘liq. Shuning uchun ikkovi ikki yo‘ldan borgan maqsadga bir xilda yetishishlari, ikkovi bitta yo‘ldan borgandagina esa maqsadga faqat bittasi yetishishi mumkin.
Insonning hayotining baxtli davri ham xuddi shu qonuniyatga bo‘ysunadi. Ehtiyotkorlik va sabr bilan ish olib borayotgan odamga zamonaning sharoiti mos kelsa, u gullab-yashnayveradi. Biroq zamonada vaziyat o‘zgargan zahoti uning farovon kunlari bitadi, chunki u o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmaydi. Umuman olganda, odam zoti qanchalik oqil bo‘lmasin, zamona o‘zgarishiga moslashadigani topilmaydi. Birinchidan tabiiy fe’li, o‘rgangan ko‘ngli bunga yo‘l qo‘ymaydi, ikkinchidan, inson bolasi shu paytgacha gullab-yashnayotgan yo‘lidan burilib ketishga o‘zini majbur qilolmaydi. Shu sababdan ehtiyotkor hukmdor ham shiddat talab etilgan paytda uddasidan chiqolmay halok bo‘ladi. Agar uning fe’li zamonga mos ravishda o‘zgarganda edi, baxtli onlari davom etavergan bo‘lardi.
Papa Yuliy hamisha shiddat bilan ish tutardi, sharoit ham buni ko‘tarardi, shuning uchun u doim zafar quchardi. Uning birinchi ishi — hali messer Jovanni Bentivoli tirikligidayoq Bolonyani bosib olishini misol qilaylik. Papaning bu niyatiga venetsiyaliklar qarshi edilar, Ispan qiroli qarshi edi, Farangiston bilan shu xususdagi muzokaralar hali davom etayotgandi. Papa esa fe’l-xo‘yiga mos, to‘sib bo‘lmas shiddat-la qo‘shin tortdi va hech kimning qarshiligiga uchramadi. Venetsiyaliklar qo‘rqishdi, Ispan qiroli shu talato‘pda Neapolitaniya qirolligini qo‘shib olishdan umidvor bo‘ldi. Farangiston qiroli esa papaning yo‘lga tushganini ko‘rgach, venetsiyaliklarga qarshi papa bilan ittifoqni afzal bilib, yordam bermasa, papani ranjitishi aniqligini sezib, qo‘shin jo‘natdi.
Papa Yuliy o‘zining to‘satdan boshlagan shiddatli bu yurishi bilan insonga berilishi mumkin bo‘lgan eng kuchli oqillik kasb etgan Cherkov boshliqlarining boshqa har qandayi hech qachon bajarolmaydigan ishni qildi. Agar barcha sharoitu vaziyatlarning keltirilishini kutib Rimda qolsa edi, farang qiroli yordam yubormaslikka mingta bahona topgan, boshqalari esa istiloga qarshi mingta dalillar aytgan bo‘lardilar. Men Papa Yuliyning boshqa amallari haqida gapirib o‘tirmayman, chunki ularning bari shu tahlidda qilingan va bari muvaffaqiyatli tugallangandi; uning hukmdorlik muddati qisqa bo‘lganligi sababli, muvaffaqiyatsizlikka uchrab ulgurmadi. Lekin uzoqroq yashaganda-yu, ehtiyotkorlik talab etiladigan zamona kelganda edi, uning omadli davri poyoniga yetardi. Chunki papa tabiatidan tug‘iluvchi shiddatli qarorlarni amalga oshirishdan boshqacha yo‘l tutolmasdi.
Xulosa tariqasida aytmoqchimanki, taqdirning to‘lqinlari doimo bir xilda bo‘lavermaydi. Inson bolasi esa tutgan yo‘lini o‘jarlik bilan ushlab turish odati bor. Bu ikki narsa orasida uyg‘unlik jo bo‘lsa, odam safoli davron suradi; uyg‘unlik buzilib qolsa odamning safoli davri tugaydi. Shunga qaramay, men shiddatli harakat tarafdoriman, zeroki baxt va omad ma’budasi Fortuna — ayoldir. Ayolni esa urib-tepib bo‘lsa-da bo‘ysundirish kerak. U ko‘pincha ehtiyotkorlarga emas, shiddatkorlarga nasib qiladi. Ayolligi uchun ham u yoshlarga moyil, chunki yoshlar — kattalardek ehtiyotkor emas, bo‘ysundirishga zo‘r dadillik bilan kirishadilar.

XXVI b o b

ITALIYaNI EGALLAShGA VA UNI VARVARLAR QO‘LIDAN XALOS ETIShGA ILTIJO

Yuqorida aytilganlarni o‘ylash jarayonida men Italiya kelajagi xususida-da ko‘p mulohaza yuritdim. Italiyada yangi yagona hukmdorni olqishlaydigan zamon kelmadimikin, oqil va jasoratli bu inson uchun — o‘zining shon-shavkati hamda ona yurt ravnaqi yo‘lida ishlatishga, kerakli shaklga solishga yaroqli ashyo bormikin, degan savollardan keyin, yangi hukmdor paydo bo‘lishiga juda ko‘p imkoniyat bor, shu — bizning kunlarimizdan ko‘ra yaxshiroq, qulayroq boshqa payt bo‘lishi amrimahol ekan, degan xulosaga keldim. Bir zamonlar, Muso o‘z jasoratini namoyon etishi uchun Isroil xalqi misrliklar qo‘lida qul bo‘lgani kabi, Kir o‘zining ulug‘vor ruhini oshkor etish uchun forslarning midiyaliklar zulmi ostida qolgani kabi. Tezey o‘z qahramonligini ro‘yobga chiqarish uchun afinaliklar tarqoq bo‘lganlari kabi; Italiya jasoratini talab etadigan hozirgidek uyatli va sharmandali ahvol bo‘lishi mumkin emas. Italiya bir paytlardagidek yahudiylardan badtar qul, forslardan badtar xo‘rlangan, afinaliklardan badtar tarqoq holdadir. Unda bosh yo‘q, adoq yo‘q, tartib yo‘q; u tor-mor etilgan, talon-tarojga uchragan, tilkalangan, toptalgan, tuproqqa qorilgandir.
Nazarimizda, Italiyaning tangri aytgan xaloskori keldi, degan yilt etgan soniyalar bo‘ldi. Lekin taqdir ro‘yxush bermay, u insonlarni maqsadi bo‘sag‘asida oyog‘idan chaldi. Italiya esa, so‘nggi kuchlarini yo‘qotarkan — jarohatlarining tabibini, Lombardiyani talato‘pdan qutqaruvchini, Neapolitan qirolligi va Toskanani vahshiyona soliqlardan ozod etuvchini, yiringlab yotgan yaralariga malham beruvchini kutmoqda. Varvarlarning zo‘ravonlik va shafqatsizligiga chek qo‘yuvchi xaloskor yuborishni so‘rab, Xudoga zor-zor nolalar qiladi! U bitta bayroq ostiga to‘planib ko‘krak kerishga, to‘liqqancha tayyor turipti! Bayroqdor bo‘lsa bas!
Italiya bu ishda eng katta umidlarini sizning shavkatli oilangiz bilan bog‘lagan. Ha, jasorati barchaga ma’lum, taqdir marhamat etgan, Xudo va boshlig‘i Sizning oilangizga mansub Cherkov panohida bo‘lgan oilangiz Italiya ozodligi zahmatini o‘z zimmasiga olishga qodir. Agar siz, yuqorida nomlari zikr etilgan buyuk shaxslarning hayoti va buyuk ishlarini o‘zingizga o‘rnak qilsangiz, bu tadbir sizga og‘ir ko‘rinmaydi. U buyuklar nechog‘lik ozchilik, nechog‘lik ishlari ulug‘vor, aqlni shoshiruvchi bo‘lmasin — odam bolasi edilar. Ularning har biriga to‘g‘ri kelgan vaziyat, bizning vaziyatchalik qulay emas edi. Ularning ishlari haqgo‘ylikda, soddalikda, Tangriga ma’qullikda ham ortiq emas edi. Bunda rostmana haqiqat yotipti, — “Lustdum enim est bellum quibus necessarium, et pia arma ibi nulla nisi in armis spes est.”1 Bu yerda vaziyat darhaqiqat qulay, vaziyat qulayligida esa, boz ustiga yuqorida men aytgan buyuk shaxslarning harakatlaridan o‘rnak olinsa — qiyinchiliklar chekinadi. Bizga: dengiz chekindi, qoyalar ichidan suv otildi, ko‘kdan yerga yorma yog‘ildi, degan Tangrining aqlni lol etuvchi, mislsiz belgilari jo‘natilgan. Sizning oilangizga ulug‘vorlik karomat qilinmoqda, hamma narsa uyg‘unlikda va taxt. Qolgani Sizga bog‘liq, Siz bajarishingiz kerak. Zeroki Tangri, bizning iroda erkinligimizni bo‘g‘maslik uchun, olqishning bizga tegishli qismiga daxl etmaslik uchun bari ishni bajarmay, ulushimizni qoldiruvchi mehribondir.
Inshoollo, sizning shavkatli oilangiz erishajak maqsadga, yuqorida nomlari zikr etilgan italiyaliklardan birontasi ham erisholmagani ajablanarli emas, sonsiz to‘ntarish va urushlar bo‘lganligiga qaramay, Italiyada harbiy jasorat va san’at so‘ngandek ko‘rinadi. Buning sababi, eski tartiblar yaroqsizligi, yangi yaxshi tartiblarni esa hech kim joriy etmayapganligidadir. Aslida esa yangi qonun-qoidalardek, hukmdorga mashhurlik keltiradigan narsa yo‘q. Yangi qonun-qoidalar kuchga kirib, ulug‘vorlik kasb etgach, evaziga izzat-obro‘ va shon-shuhrat qaytarishadi odamlar. Italiyada esa har xil shaklga kirishga tayyor ashyo ko‘p. Italiya o‘g‘lonlarining har biri jasoratga to‘la, afsuski qo‘mondonlarda bu narsa yetishmaydi. Yakka-yakka yoki kichkina janglarga bir nazar soling-a, italiyaliklarning chaqqon, topqir va kuchda ajralib turishini ko‘rasiz. Lekin katta jangga tushishganda ular go‘yoki bu xususiyatlarni yo‘qotib qo‘yishadi. Bunga qo‘mondonlarning bilimsizligi aybli. Bilag‘onlari chiqib qolsa ham ularga hech kim quloq solmaydi. Sirasini aytsa, bari bilag‘onman deb maqtanadi-yu, biroq shu paytgacha ichidan — jasorati va omadliligi bilan ajralib, boshqalarning hurmatiga o‘z-o‘zidan sazovor bo‘ladigani chiqqani yo‘q. Shuning uchun keyingi yigirma yil davomida ro‘y bergan janglarda italiyaliklarning o‘zidan tuzilgan qo‘shinlar nuqul mag‘lubiyatga uchrashgan: Taro, Alessandriya, Kapuya, Genuya, Vayla va Mestri janglari bunga dalil bo‘la oladi.
Mabodo, sizning shavkatli oilangiz o‘z yurtlarining xaloskori bo‘lganlar izidan borishga jazm etsa, birinchi navbatda o‘z askarlaringizdan iborat qo‘shin tuzishingiz kerakki, bu ishsiz har qanday tadbir ham mustahkam poydevorga ega bo‘lmaydi. Siz ulardan ortiq sadoqatli jasorat ko‘rsatadigan, intizomga bo‘ysunadigan askarlarni boshqa hech yerdan topolmaysiz. Ularning har biri qanchalik yaxshi bo‘lsa, qo‘mondon o‘rnida ularni e’zozlaydigan, taqdirlaydigan o‘z podsholarini ko‘rganlarida sifatlari ming chandon ortib ketadi. Chet elliklarning bosqinini qaytarishni shubhasiz eplaydigan Italiya jasorati uchun bunday qo‘shin albatta kerakdir. To‘g‘ri, ispan va shveytsar piyodalari kuchli deb hisoblanadilar, lekin ularning ham kamchiliklari yo‘q emas. Shuning uchun yangicha bir tizimda tuzilgan qo‘shin ularga bas kelishi, balki yengishi ham mumkin bo‘lar. Zeroki ispanlar otliqlarni ko‘rishlari bilanoq chekinadilar, shveytsarlarni esa ularnikidan qolishmaydigan, qaytmas iroda bilan yengish mumkin. Biz, ispanlarning farang otliqlaridan qochganlarini, shveytsarlar esa ispan piyodalaridan mag‘lubiyatga uchraganligini bir necha bor ko‘rganmiz va yana ko‘rarmiz deb o‘ylayman. To‘g‘ri, shveytsar va ispan piyodalarining bevosita to‘qnashganlariga guvoh emasmiz-u, biroq shveytsar tizimini olgan nemis askarlarining Ravennada ispan piyodalaridan yengilayotganini ko‘rganmiz. Abjir ispanlar kichkina qalqonchalarini epchillik bilan ishlatib, nemislarning nayzalari ostidagi xavfsiz joyga o‘tib olib, raqibni qira boshlaganlarida nemislar hech narsa qilolmay qolgandilar. Agar o‘sha paytda otliqlar bostirib kelmaganda ispanlar nemis piyodalarini qirib bitirardilar. Xullas, har bir qo‘shinning nozik joyini o‘rgangan holda otliqlar bilan ham so‘qishadigan, piyodalardan ham hayiqmaydigan qo‘shin tuzish kerak. Bu qo‘shin yangicha qurol, yangicha tizimga asoslanadi. Bu esa, yangi hukmdorga — yangi shuhrat, yangi ulug‘vorlik keltiradigan yangilikdir.
Shunday qilib, bu vaziyatni qo‘ldan chiqarmaslik kerak; shuncha yil orziqib kutgan Italiya, nihoyat o‘z haloskorini ko‘rsin. Chet el bosqinlaridan zada bo‘lgan xalqning nechog‘liq mehr, nechog‘liq kuchli qasos ishtiyoqi bilan, nechog‘liq qat’iy ishonch bilan, nechog‘liq ko‘zyoshlari bilan peshvoz chiqishini so‘z bilan ifoda etolmayman! Qaysi eshik unga ochilmas ekan? Kim unga bo‘ysunmas ekan? Uning yo‘lini kimning hasadi to‘sishga urinarkin? Qaysi italiyalik uni boshiga ko‘tarmas ekan? Varvarlarning hukmron chirkin bo‘yini barcha sezmoqda. Keling, haqiqat ishlariga mos jasorat bilan, ishonch bilan shu burchni zimmangizga oling, shavkatli xonadoningiz tug‘i ostida ona yurtimiz qaddini rostlab, ulug‘vorligiga qaytsin, Petrarkaning aytganlari amalga oshsin:

Mardlik yovuzlikka qarshi otlanar,
Qisqa jang chek qo‘yar zo‘ravonlikka.
Italiya yuragida hali o‘lmagan —
Jasorat ul damda turadi tikka.

Zohir A’lam tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 9-son