S. odatdagidan barvaqt uyg‘onib, hali birinchi shafaq nurlari chiqmasdanoq o‘rnidan turdi. So‘ng safarbop kiyimini kiyib, o‘rnini tuzatib, xonasiga ko‘z yuritdi. Kecha kechqurun tayyorlab qo‘ygan uchta jomadoniga engashib, birini orqasiga osdi, qolgan ikkisini ikki qo‘liga oldi. Uyning eshigi-yu, deraza-lariga nazar solib, chiroqlarni o‘chirdi. Uy eshigini mahkam berkitdi. O‘zi turadigan baland binoning zinalaridan pastga tushdi.
Deyarli bo‘sh shahar ko‘chalaridan yurib ketdi, odamlar bu soatda hali uyquda edilar. Ahyon-ahyonda har ko‘chada tungi qorovullarni uchratar edi. Ba’zi qorovullar uni ko‘rganida boshlarini qimirlatib:
— Musofir, shubha yo‘qki, musofir, — der edilar.
S. ularga hech qanday e’tibor bermay, yo‘lida davom etdi. Shaharning sharqiy darvozasiga yetib keldi. Dam olish uchun bir oz to‘xtadi. Jomadonlarini yerga qo‘yib katta toshga o‘tirdi va ufqni kuzata boshladi. Ufq yorisha boshlagan edi. Ko‘rdiki, bu tong boshqalaridan hech qanday farq qilmaydi. S. Bir ozdan so‘ng qo‘zg‘olib o‘ziga o‘zi dedi:
— Vaqtni o‘tkazmasligim kerak, yo‘l uzoq.
Yo‘lida davom etdi. Kichkina shahar ko‘zidan g‘oyib bo‘lishidan ilgari unga oxirgi marotaba qaradi. Tekislikda yastanib yotgan shahar negadir ozgina bo‘lsa-da, suyukli tuyulmadi. Shaharni o‘rab turgan dalalar oralab yana yurib ketdi. Shahar ko‘ziga ko‘rinmay ketguncha uzoq yurdi.
Aslida uchta jomadonni ham u o‘zi bilan olmoqchi bo‘lgan narsalarni sig‘diradigan darajada katta emas edi. Ko‘pgina narsalarini uyda qoldirayot-ganidan istirobga ham tushdi. Shu bois, narsalarni tanlash, ularni yig‘ish va jomadonlarga taxlash ko‘p vaqti talab qildi. Jomadonlarning biriga ba’zi toza kiyimlarini, paltosini va yangi kastyumini soldi. Ikkinchi jomadonga soqol olish va pardoz-andoz uchun kerakli asboblarni, ancha-muncha non va yegulik soldi. U bu ikki jomadonni qo‘lida ko‘tarib olgan edi. Orqasiga osib olgan uchinchi jomadonga esa, o‘zi yaxshi ko‘rib qayta-qayta o‘qiydigan eng aziz kitoblarini, shuningdek, diplom va boshqa hujjatlarini, esdalik daftarini, yana bitta yangi daftar soldi — esiga tushgan narsalarni qayd qilib boraman degan niyati yo‘q emasdi. Bulardan tashqari tutilgan albom ham shu jomadondan joy olgan. U bolaligidan boshlab tushgan suratlari, shuningdek do‘stlari va qarindoshlarining suratlari bilan to‘lgan edi. S. bu albomni juda ehtiyot qilardi — axir unda eng go‘zal esdaliklar muhrlangan, qalbiga eng yaqin, eng sevgan kishilarning suratlari joy olgan.
Kun peshinga yaqinlashganda S. ochiqqanini sezdi. Yurishdan to‘xtab, keng dala o‘rtasidagi katta daraxt soyasiga o‘tirdi. So‘ng jomadonini ochib, undan u-bu olib tamaddi qildi. So‘ngra daraxt orqasidagi charxpalakdan suv ichdi. Charchoq bosib, bir oz uxlagisi keldi. Qolaversa, kecha kechqurun to‘yib uxlol-magan. Ammo o‘zini qo‘lga olib, yo‘lda davom etishga qaror qildi. Quyosh botgach, uxlab olar, hozir esa ancha yo‘l bosib qo‘yadi. Axir uning tunda yurish niyati yo‘q. Xayoliga ikki jomadondan birini tashlab ketsammikan degan o‘y keldi. Biroz taraddudlandi. Oxiri qo‘lini toldirgan mana shu katta jomadon juda zarur emas degan fikrga keldi. Undagi kiyimlardan nima foyda? U hali paltoni yoki yangi kostyumni kiyadimi, yo‘qmi? Bir muddat jomadonni qoldirsammi yo‘qmi degan o‘y o‘rtasida ikkilanib turdi, so‘ng xohishiga bo‘ysundi. Bir jomadonda ovqat, narigisida ilmu-fikr….. o‘zicha dedi:
— Menga bir kiyim yetadi, tirik zot bunday kiymlarga muxtoj emas.
Oxir-oqibat jomadonni o‘zi o‘tirgan daraxt soyasiga tashlab ketdi. Yurishda davom etdi. Tezda, og‘ir, befoyda yukdan qutulganini his qildi. Yengil bo‘lib qoldi. Dalalarni tezroq kesib o‘ta boshladi. Ikkinchi jomadonni bir qo‘lidan ikkinchisiga olar, yuk og‘irligini his qilmas edi.
Quyosh botganida ham S. yurishda davom etdi. Nihoyat, o‘zi mo‘ljal qilganidek to‘xtashga qaror qildi. Lekin bir bo‘lak non tanovul qilib olgach, yurishda davom etishni afzalroq deb topdi. Qandaydir bir qamchi uni savalayotgandek edi. Qattiq toliqsa-da, bir oz dam olib, yana yurishda davom etdi. Ikkinchi jomadonni ham tashlab ketish istagi paydo bo‘ldi, lekin unda ovqat va pardoz-andoz, soqol olish asboblari borligini o‘ylab, ichida kulib qo‘ydi.
Agar u ko‘zlagan manziliga ertaga yetib olsa, bularga hojat qolmaydi, demak, ovqat va ichimlikni ko‘tarib yurishdan nima foyda? Ha, lekin pardoz-andoz asboblari-chi? Miriqib kuldi. Qanday qilib buni ilgari tushunmadi, bu bekorchi narsalarni ko‘tarib yurish mashaqqatiga nima uchun bardosh berib yuribdi, soqoli o‘ssa o‘sar, bundan nima zarar? Aksincha, bu unga salabot va viqor baxsh etadi.
Ikkinchi jomadonni yo‘l o‘rtasiga tashlab ketdi. O‘zicha dedi: “Odamlar uni topib, bu o‘ljadan xursand bo‘ladilar, axir ular o‘ljalarni yaxshi ko‘radilar-ku. Ularning barcha o‘ljalari mana shu qabilidadir. Men esa ularga muhtoj bo‘lmayman”.
Kichkina to‘lin oy yo‘lni, daralarni yoritar, uning nuri raqs tushayotgan daraxt barglarida aks etar edi. U bu go‘zal manzaradan hayratda qoldi, ammo undan lazzatlanish uchun to‘xtashni istamadi. Bir muddat oldin uni chorlagan va u javob bergan sahroga yetishga shoshilar edi. To‘g‘ri, sahro ko‘pdan beri, o‘zini taniganidan buyon uni chaqiradi. Lekin u bu chaqiriqni rad etolmay qolgunicha unga javobni kechiktirib keldi.
Endi yurishi yengillashdi, axir ikki qo‘li ham bo‘sh edi. G‘ayrat bilan yurib ketdi, qadamini tezlashtirdi. Shunga qaramay, orqasiga osib olgan jomadon bir oz azob berar edi. Ammo u bu jomadonni qattiq ardoqlardi, uni yo‘qotishdan qo‘rqardi. Unda o‘zi to‘plagan tajribalari yig‘ilgan, ko‘p yillar davomida qo‘lga kiritgan shahodatnomalari bor. Ammo u tong otar paytida jomadon orqasini bosib, azob berayotganini his qildi. Bir muddat mana shu ilmlardan nima foyda bor, deb fikr yuritdi. Sahroda uni kutib turgan totli, go‘zal kunlar oldida bu ilmlar nima bo‘libdi? Undan keyin, bu ilmlar uning qalbiga o‘rnashmaganmi? Xotiralariga-chi? Bu bilimlar ruhining eng chuqur joylariga ko‘milgan. Ruhi asragan qog‘ozlarni ko‘tarish shart emas. Orqasiga bog‘lab olgan jomadon tugunlarini yechar ekan, yuragida azobli g‘am-g‘ussa his qildi. So‘ng uni yerga qo‘yar ekan, o‘zini ovutdi: ichidagi qimmatbaho kitoblar, g‘amgin esdaliklar, muhim ishonch qog‘ozlari bilan ushbu jomadonni topgan odam uning egasini albatta munosib taqdirlaydi. Lekin u boshini qimirlatib, bu fikrni rad etdi. U o‘ziga ham yoqmadi, u bilar ediki, odamlar baribir bularning qadriga yetmaydi, egasi ketgach, o‘zi bundan mahrum bo‘lgach, odamlarning taqdirlashlaridan nima foyda? U hayotda baxtli bo‘lmadi, xursandchilik ko‘rmadi. Va kelgan xulosasi yagona bo‘ldi, u ham bo‘lsa, barcha narsa botildir. Kim bilsin, balki o‘zi izlagan narsasi sahroda serobdir, otsa otib yubora qolsin, darhaqiqat foydasidan ko‘ra og‘irligi ko‘proq bo‘lgan bu yuk uning ozodlikdan mahrum qilyapti-ku? S. barcha ortiqcha yukdan qutulgan holda yurib ketdi.
Endi birgina his qilayotgan narsasi tashnalik edi. Chanqoq unga tobora azob berar edi. Qaniydi, chanqog‘ini qondiradigan buloq topilsa. Uzoqdan ko‘ziga bir necha buloq ko‘rindi, ularga qarab jadal yurib ketdi. Undan qonib-qonib suv ichdi. U beixtiyor quyilib kelayotgan terlarini artdi, bir necha marta yuzini, peshanasini, boshini, qo‘llarini, oyoqlarini yuvdi, kuch-g‘ayrat his qildi. Shu paytning o‘zida g‘alati bir fikr miyasiga keldi: bu sehrli buloq o‘zi haqiqatda bor edimi? Bunga sabab shu ediki, hech narsani eslay olmadi, mutlaqo hech narsani eslashga qodir bo‘lmay qoldi, dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ketdi, fikri zehnini faqat bir narsa egallagandi — u ham bo‘lsa, sahro. Ammo qayerdan keldi, kecha va o‘tgan kuni nima qildi, qayerda bo‘lgan, kunlarini o‘tkazgan, oilasi va yaqinlari qayerda, ular o‘zi kim? Bularning barchasi uning xotirasidan yiroqlashdi, oldida faqatgina sahro ko‘rinar edi: sahro uni anchadan beri kutar edi.
S. orqa-oldiga qaramay yurib ketdi, sahroning chaqirig‘i endi nihoyatda kuchaygan edi. Endi u to‘xtay olmas, dam olishga juda muhtoj bo‘lsa-da, oldinda shubhasiz rohat kelishi unga tasalli berardi. Mana sahro uzoqdan ko‘zga tashlandi. Hali unga yetishiga ancha borligini bilsa-da, unga juda-juda yaqin ko‘rinib ketdi, xuddi sahro uni o‘rab olayotgandek bo‘ldi. Shunga qaramay, u hali ko‘p yurishi kerak edi. Faqat bir narsa uni bezovta qilar, bundan qanday qutulish yo‘lini bilmas edi. Kiyimlarining vazni yengil bo‘lishiga qaramay, S. agar tasmalari va oyoq-kiyimlarini yechsa, yurishga, harakat qilishga yanada qulayroq bo‘ladi, deb hisobladi. Darhaqiqat, kamarini yechdi, oyoq kiyimlarini, paypog‘ini yerga tashladi. Bir necha qadam bosgach, kiyimlari siqayotganini his qildi. Kostyumi, ko‘ylagi, shimini yechib, achinmasdan otib yubordi, haqiqatda ham ular uni siqayotgan edi.
S. sahroning o‘rtasini mo‘ljallab yugurib ketdi. Barcha keraksiz yuklardan xalos bo‘lgach, kapalak yoki shabada kabi yengil bo‘ldi. U o‘zi ko‘ra olmagan, ammo uni yerga qattiq bog‘lagan mustahkam arqonlar uzilgach, o‘zini hatto uchishga ham qodir bo‘layotgandek his qildi. Cheksiz yastanib yotgan biyobonda yugura boshladi. Orqasiga qarab, hech narsa ko‘rmadi. U hozirgina oldidan o‘tgan barcha narsalar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi. Ikki yalang oyoqlari qum ichiga bot-bot botib ketar edi. Ichida xitob qildi:
— Sahroga yetib keldim, shubha yo‘qki, yetib keldim!
Qumdagi qadam izlarini mushohada qila boshladi, ularning ko‘rinishi uni ajablantirdi. Ammo shamol kutilmagan sahro sathini tekislab qo‘yar va qadam izlarni yo‘q qilib yuborar edi. Shamolning ishi unga azob berdi. Izlarining yo‘qolishi uni dilini o‘rtab yubordi. Izlarini ko‘rishga intilib olg‘a yurdi, so‘ng g‘amgin holda ularning yo‘qolishini kuzatib turdi. Uzoqda ufqda cho‘zilgan oq nur ko‘rindi. O‘zi zor-mushtoq bo‘lgan suvni ko‘rdi, u tarafga qadamini tezlatdi. Lekin unga yeta olmadi, tinimsiz harakat qildi unga yetishish uchun. Ammo qanchalik intilmasin, suv undan uzoqlashayotgandek bo‘lar edi. O‘zidan so‘radi: Bu nima? Va taxmin qildiki, agar unga yetishish uchun shunday yuradigan bo‘lsa, ming yillar o‘tsa o‘tadiki, unga yeta olmaydi. Ichidan bir dahshatli hayqiriq otilib chiqdi:
— Ey, Xudoyim!
Uni qo‘rquv va dahshat o‘rab oldi. Joyida qotib, yo‘q narsaga baqrayib qoldi. Qumdan iborat kichik-kichik tepaliklar — barxanlar atrofini o‘rab olgan, oldida nigohi yetadigan joyning barchasida qavat-qavat tepaliklar yotar edi. Tanasidan ter quyila boshladi, ular tashna qumlar bag‘ri tushar edi. Uning teri qon kabi qip-qizil edi. Noma’lum qo‘l uning yelkasiga qoqib, asta shivirladi:
— Qo‘rqma.
Hech kimni ko‘rmasa ham behol so‘radi:
— Yetib keldimmi?
Unga hech kim javob bermadi. Shunda u ikki qo‘lini og‘ziga qo‘yib, kuchi boricha savolni qaytardi:
— Yetib keldimmi?
Bir ozdan so‘ng aks sado javob yanglig‘ qaytib keldi:
— Yetib keldim…
Kichkina qo‘l ikkinchi marta yelkasiga qoqayotganini his qildi. So‘ng u qulog‘iga yoqimli, musiqiy ohangda pichirladi:
Sen kiyimlaringni yechishing kerak.
— Lekin men ularni yechib bo‘ldim-ku?
— Qolganini ham yech.
S. xijolat bo‘lib yon-veriga qaradi, lekin atrofda hech kimni ko‘rmadi.
— Xijolat bo‘lma, kiyimingni yechib, otib yubor.
S. tezda buyruqqa bo‘ysundi, so‘ng dahshat ichida so‘radi:
— Xozir men qandayman?
Bu safar ich-ichidan chiqqan yashirin ovoz unga javob berdi:
— Onang tuqqanideksan.
Qo‘l yana uning yelkalariga ohista qoqdi:
— Soatingni yech, uni nega taqib yuribsan?
— Men undan vaqtni bilaman.
— Uni yech, u yerda vaqt bo‘lmaydi.
S. soatni yechib, uzoqqa otib yubordi.
— Endi qum zarrasiga aylanishing kerak.
Dahshatdan og‘zi qiyshayib ketdi:
— Qum zarrasiga? Qanday qilib?
Bu savolga hech kim javob bermadi, faqat buyruq ohangida xitob eshitildi:
— Yerga yonboshla, ko‘pgina qum zarrachalari bo‘lgan aka-ukalaring oldiga yot!
Baqirib yubordi:
— Qum zarrachalari aka-ukalarimmi?
— Ha, ha, sen ham ular kabi qum zarrasiga aylanasan.
Hayron bo‘lib dedi:
— Lekin men juda katta bo‘lsam, qanday qilib ko‘rinar-ko‘rinmas kichkina qum zarrasiga aylanaman?
Savoliga javob eshitmadi, afsuslanishga o‘xshash ohangda dedi:
— Unday bo‘lsa, shu oxirgi sinovmi?
Unga hech kim javob bermagach, buyruqqa bo‘ysundi va yerga yotdi. Xayoliga oxirgi savol keldi:
— Bu qancha davom etadi?
Qulog‘iga nihoyatda bosiq, ingichka ovoz pichirladi:
— Bu Xudoning xohishiga ko‘ra bir necha kungina davom etadi.
S. ko‘zini yumdi…
Arabchadan Dilafruz Muhiddinova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 4-son