Jorj Oruell. Filning otilishi (hikoya)

Quyi Birmaning Molamyayn qishlog‘idagi ko‘pchilik mendan nafratlanardi va bundan ba’zan g‘ururlanib qo‘yardim, chunki o‘sha paytlari hayotimda bir marta bo‘lsayam e’tibor markazida bo‘lgandim. Men shaharcha politsiyasida ofitser bo‘lib ishlardim, mamlakatda esa aksilevropa qarashlar ancha ildiz otgan paytlar edi. To‘g‘ri, hech kimning ham qurol ko‘tarib, qo‘zg‘olon uyushtirishga haddi sig‘masdi, biroq biror yevropalik xonimcha yolg‘iz o‘zi bozor oralab ketayotgan bo‘lsa, nordon palma sharbati bilan ko‘ylagi bejab qo‘yilardi. Politsiya xodimi sifatida men ham hammaning nishon markazida edim va piching-u kesatishlardan, tabiiyki, bebahra qolmasdim. Biror chaqqon birmalik meni futbol maydonida chalib yiqitsa va bunga birmalik hakam ko‘z yumsa, olomon juda xunuk baqirib ustimdan kulardi. Bu holat bir necha marta sodir bo‘ldi. Oxir-oqibat, meni ta’qib qiluvchi va mazax qiluvchi sarg‘ish yuzlar-u ortimdan aytiladigan haqoratlar qattiq asabimga tega boshladi. Eng ko‘p haddidan oshadiganlari yosh buddaviy ruhoniylar edi. Shaharda ularning bir necha minglagani yashar va ko‘cha burchaklarida turib yevropaliklarni masxara qilishdan boshqa ishlari yo‘q edi.
Bularning barchasi sabr kosamning to‘lishiga sabab bo‘lardi. O‘sha paytda imperializmning haqiqiy dahshatini anglab yetgandim, shu sababli ham tezroq xizmatimni yakunlashni o‘ylardim. Nazariy jihatdan (yashirin, albatta) birmaliklarning yonini olib, ularga zug‘um qilguvchi inglizlarga qarshi edim. Qilayotgan ishimga kelsak, uni siz tasavvur qilganingizdan-da ko‘proq yomon ko‘rardim. Shunga o‘xshash ishda ishlab ko‘rsangiz, imperiyaning iflos ishlariga yaqqol guvoh bo‘lasiz. Badbo‘y qafaslarda burishib turgan mahbuslarning tushkun qiyofalari, uzoq muddatga hukm qilingan mahkumlarning ko‘kargan dahshat to‘la qiyofalari, bambuk bilan savalanaverib momataloq bo‘lib ketgan dumbalari – bularning barchasi meni aybdorlik hissiga asir qilib qo‘yardi. Ammo hech narsaning o‘zgarishiga umid qilolmasdim, chunki yosh va chalasavod edim, o‘zimni qiynayotgan muammolar haqida Sharqdagi har bir ingliz ongiga majburan singdirilganidek jimgina o‘y surardim. Hattoki, Britaniya imperiyasi zavolga yuz tutayotganiga, shuningdek, o‘rnini egallash ishtiyoqidagi yosh imperiyachalardan uning ancha yaxshiroq ekanligiga ham aqlim yetmasdi. Biladiganim shu ediki, o‘zim xizmat qilayotgan imperiyamga nisbatan nafratim va ishimni yanada mushkullashtirayotgan badjahl mitti maxluqlarga qarshi g‘azabim arosatida qovurilayotgan edim. Goh Britaniya rojaligi ko‘zimga mazlum xalqni abadiy qo‘rquv ostida tutib turadigan zolim hokimiyatdek ko‘rinar, gohida esa men uchun buddaviy ruhoniylar qorniga pichoq tirashdan ortiq quvonch yo‘qdek edi go‘yo. Bu kabi o‘ylar imperializmning qo‘shimcha mahsulotidir, buni istalgan ingliz-hind rasmiysidan so‘rab ishonch hosil qilishingiz mumkin, agar uni ishdan bo‘sh payti uchratsangiz albatta.
Kunlardan bir kuni ozgina bo‘lsa ham o‘ylarimni ravshanlashtiradigan bitta voqea yuz berdi. Bu kichik bir voqea bo‘lishiga qaramasdan, imperializmning asl mohiyatini to‘laqonli oshkor etib, mustabid hokimiyat manzaralariga guvoh bo‘lishimga imkon berdi. Bir kuni erta tongda shaharning narigi chekkasidagi politsiya bo‘limining uchastka inspektori qo‘ng‘iroq qilib, bitta fil bozorni tit-pitini chiqarayotganini aytdi. “Iltimos, kelib bir narsa qiling”mish, men nimayam qila olardim? Lekin nima bo‘layotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish istagida otimga minib darrov yo‘lga tushdim. Yo‘l-yo‘lakay filni otish uchun ancha kichiklik qiladigan, ammo shovqini hechqursa uni qo‘rqitib qo‘yar degan o‘yda eski 44 kalibrli Vinchester miltig‘imni oldim. Yo‘lda ketayotganimda birmaliklar to‘xtatib, filning qilmishlari haqida kuyib-yonib gapirib berishdi. U, albatta, yovvoyi emas, aksincha, qo‘lga o‘rgatilgan mast fil ekan. Quturgan payti zanjirlab qo‘yishgan ekan-u, lekin o‘tgan kecha zanjirni sindirib qochib ketibdi. Filni bunday holatda faqat uning mahavatigina nazorat qila olardi, u esa o‘n ikki soat oldin allaqachon filning izidan tushib noto‘g‘ri yo‘nalishga ketib qolgan va fil shaharda to‘satdan yana paydo bo‘lib qolgandi. Birma aholisi fil qarshisida qurolsiz va ojiz edilar. Ta’qibdagi fil esa allaqachon birovlarning bambuk kulbasini vayron qilishga, sigirini bosib ketishga va meva do‘konlariga bostirib kirib, mahsulotlarni paqqos tushirishga ulguribdi; bular ham yetmagandek, oldidan shaharcha axlat tashish mashinasi chiqib qolib, filning oyoqlari ostida yerparchin bo‘libdi.
Birma inspektori o‘rinbosari va bir nechta hind mirshablari meni filni ko‘rgan joylarida kutib turishgan ekan. U yer shaharchaning juda g‘arib qismi bo‘lib, tikka tog‘ yonbag‘ridan pastga qarab ketgan, tomi palma barglari bilan yopilgan bambuk kulbalardan iborat labirint ekan. Esimda, yomg‘irlar mavsumi boshlanishidan darak berayotgan bulutli bo‘g‘iq tonglardan biri edi. Yo‘lda uchragan odamlardan filning qay tomonga ketganligi haqida surishtirib, odatdagidek, jo‘yali javob ololmadik. Sharqda doim shunday; biron-bir voqea dastlabki eshitgan paytingiz ancha ravshandek tuyuladi, biroq voqea manzaralariga yaqinlashganingiz sari u mavhum bo‘lib boraveradi. Ba’zilar fil bu yoqqa qarab ketdi desa, boshqalari u yoqqa ketdi, deb qo‘llarini bigiz qilib yo‘l ko‘rsatardi, uchinchi toifa odamlari esa hech qanaqa fil haqida eshitmaganini uqtirardi. Sal nariroqdagi baqir-chaqirni eshitib qolmagunimizcha fil to‘g‘risidagi butun hikoya g‘irt uydirma ekan-ku, degan qarorga kelayozgandik. “Yo‘qollaring bu yerdan zudlik bilan, hoy bolalar!”, deya g‘azabnok ohangda baqirgancha bitta qari kampir qo‘lidagi qamchi bilan kulbasidan chiqib kelib, bir to‘da yarim-yalang‘och bolalarni shafqatsizlarcha hayday boshladi. Xuddi o‘sha yerda yosh bolalar ko‘rishi mumkin bo‘lmagan nimadir bordek, bir necha ayol ham kampirga qo‘shilib, ularni nari itara boshlashdi. Kulbani aylanib o‘tib loyga chapishib yotgan qip yalang‘och bir kishining murdasini ko‘rdim. U janubiy hindistonlik qora ishchi ekan, o‘lganiga ham uncha ko‘p vaqt bo‘lmapti. Atrofdagilarning aytishi bo‘yicha, fil kulba yonida marhumning oldidan chiqib qolib, uni xartumi bilan o‘rab olib yerga urgan. O‘sha paytlar ayni yomg‘ir mavsumi bo‘lganligi uchun yer ham ancha yumshab qolgandi, murdaning yuzi esa bir fut chuqurlikdagi va bir necha yard uzunlikdagi ariqqa botib ketgandi. U qo‘llarini qovushtirgancha bag‘rini yerga berib yotardi, boshi esa bir tomonga keskin qayrilgan edi. Murdaning yuzi loy bilan qoplangan, ko‘zlari katta-katta ochilgan, tishlari to‘kilib, lablarida chidab bo‘lmas azobdan achchiq tabassum ifodasi qotib qolgandi. (Aytgancha, hech qachon menga marhumlar go‘zallashib qoladi demang. Men ko‘rgan jasadlarning ko‘pi shaytonga o‘xshab ko‘rinardi.) Bahaybat hayvonning oyog‘i terini xuddi quyon terisiga o‘xshab silliqqina shilib ketgandi. O‘lgan odamni ko‘rishim bilan fil otadigan miltiq olib kelish uchun yaqin atrofdagi bir do‘stimning uyiga askar jo‘natdim. Otimni esa allaqachon qaytarib yuborgan edim, chunki u filning hidini olsa, cho‘chib ketishi va meni uloqtirib yuborishi turgan gap edi.
Bir necha daqiqadan so‘ng askar miltiq va beshta patron bilan qaytib keldi, bu orada mahalliy birmaliklar kelib, fil bir necha yuz yard naridagi sholi dalalarida ekanligini aytishdi. Oldinga qadam qo‘yishim bilan kvartalning deyarli barcha aholisi uylaridan chiqib, ortimdan yura boshlashdi. Ular miltiqni ko‘rib bo‘lishgandi va meni filni otishga chog‘lanyapti deb o‘ylab hayajonlanib baqirishardi. Fil o‘z uylarini buzib tashlayotganida ham bunchalik junbushga kelishmagan xalq endi uning otilishi arafasida o‘zlarini tamoman boshqacha tutishayotgan edilar. Bo‘lajak hodisa ingliz olomonini qiziqtirgani kabi ular uchun ham juda qiziqarli edi; bundan tashqari ular go‘sht olishni xohlashardi. Bu meni juda noqulay ahvolga solib qo‘ygan edi, chunki filni otish niyatim yo‘q edi – o‘zimni himoya qilish zaruriyati yuzasidan miltiqni oldirgandim, orqamdan olomonning ergashib yurishidan esa asabiylashib ketdim. Yelkamdagi miltiq va oldinga itarayotgan sanoqsiz xalq lashkari bilan o‘zimni xuddi ahmoqdek his qilib tepalikdan tushdim. Tepalikdan pastda, kulbalardan biroz yiroqlashgan hududdan asfalt yo‘l o‘tgan bo‘lib, undan quyiroqda hali shudgor qilinmagan bo‘lsa-da, birinchi yomg‘irdan keyin ivigan va maysalar bilan qoplangan minglab yardlarga cho‘zilgan bo‘m-bo‘sh sholi dalalari bor edi. Yo‘ldan sakkiz yard narida fil chap tomonini bizga qaratib turardi. U o‘tlarni yulib, tizzasiga urib tozalab, og‘ziga solish bilan band bo‘lib, olomon yaqinlashayotganini payqamasdi.
Yo‘l o‘rtasida daf’atan turib qoldim, chunki filni ko‘rishim bilan uni otmasligim kerakligini aniq his qildim. Harakatlanayotgan filni otish juda mushkul – bu ulkan va qimmatbaho texnikani yo‘q qilish bilan barobar edi va bu ishning iloji boricha oldi olingani ma’qul. Bir qaraganda u tinchgina kavsh qaytarayotgan sigirchalik ham xavf tug‘dirmasdi. O‘shanda va hozir ham filning mastlik davri allaqachon poyoniga yetganiga amin edim; toki mahavati kelib uni tutib olib ketmaguncha shunchaki tentirab yursayam bo‘lardi. Ustiga-ustak, uni otishni zig‘irchayam xohlamayotgandim, shuning uchun ham boshqa hech kimga zarar yetkazmasligiga ishonch hosil qilish uchun uni biroz kuzatib keyin uyga qaytmoqchi bo‘ldim.
Biroq shu lahza ortimdan ergashib keluvchilarga qaradim. Yo‘lda kamida ikki mingtacha odam yig‘ilgan bo‘lib, bu miqdor daqiqa sayin ko‘payib borardi. Ularning sharofati bilan yo‘lning ikkala tomoni ham to‘silib qolgandi. Filning otib tashlanishidan shodlanib, tomoshani intiqlik ila kutayotgan yaltir-yultur kiyimlarga chulg‘angan sarg‘ish basharalar dengiziga boqdim. Ular hiyla ishlatmoqchi bo‘lgan ko‘zboylog‘ichni tomosha qilganday, meni diqqat bilan kuzatib turishardi. Olomon meni yoqtirmasa-da, qo‘limdagi sehrli miltiq sharofati bilan tomosha qilinishga arzirdim. To‘satdan filni baribir otishim kerakligini angladim. Odamlar mendan shuni kutishardi va uni amalga oshirishim lozim edi; ikki mingta xohish meni rad etib bo‘lmas kuch bilan oldinga siljitayotganini his qildim. Aynan shu daqiqada qo‘limda miltiq bilan turgan holimda, ilk marotaba Sharqdagi oq tanlilar hukmronligining naqadar bo‘sh va samarasiz ekanligini idrok etdim. Men tashqaridan qaraganda qurol-aslahasiz mahalliy aholi oldida qurollangan oq tanli sifatida bosh rolni ijro etayotgan aktyor bo‘lib ko‘rinsamda, aslida o‘sha orqamda turgan sarg‘ish basharalarning irodasi bilan dam u yoqqa, dam bu yoqqa turtilayotgan bema’ni bir qo‘g‘irchoq edim, xolos. Shu lahzada anglab yetdimki, oq tanli odam zolim bo‘lganida, bu o‘z erkinligini yo‘qqa chiqaradi. U “sohib”ning qandaydir ichi bo‘sh, sirti yaltirog‘-u ichi qaltiroq an’anaviy nushasiga aylanib qoladi. Hukmronligining sharti o‘laroq, u umrini “tubjoy aholi”ga ta’sir o‘tkazishga sarflashi va har bir inqiroz holatida “mahalliy aholi” kutgan ishni bajarishi kerak. U niqob kiyadi va yuzini o‘sha niqobga moslashtirib oladi. Filni otishim lozim edi, buni miltiq olib kelishni buyurganimda zimmamga olib qo‘ygandim. Sohib xuddi sohib singari yo‘l tutishi joiz; u qat’iyatli ko‘rinishi, o‘z fikrini bilishi va aniq harakat qilishi lozim. Shu bois ham qo‘lda miltiq, orqamda ikki ming odam bo‘laturib, hech narsa qilmasdan serrayib turaverish imkonsiz edi. Olomon ustimdan kulardi. Butun hayotim, Sharqdagi har bir oq tanli kishi hayoti – bu mazax qilinmaydigan uzoq davom etuvchi bir kurash edi.
Ammo filni otishni istamasdim. Uning bir tutam maysani fillarga xos parishonxotirlik bilan tizzalariga urishini tomosha qilib turdim. Uni otish xuddi qotillik sodir etishdek bo‘lib tuyuldi. O‘sha paytda hayvonlarni o‘ldirishdan unchalik ta’sirlanmasdim, lekin hech qachon fil otib ko‘rmagandim va otishni istamaganman ham. (Ulkan hayvonni o‘ldirish doim biroz noxushdek tuyuladi.) Bundan tashqari, mahluqning egasini ham inobatga olish kerak edi. Tirikligida kamida yuz funtga baholanadigan fil o‘lik holatida, ehtimol, tishlari uchungina besh funtga arzir. Ammo tezda biror nima qilmasam bo‘lmasdi. Biz yetib borganimizda shu atrofda turgan ba’zi tajribali ko‘rinuvchi birmaliklarga murojaat qilib, filning o‘zini qanday tutganligini so‘radim. Ularning barchasi bitta gapni aytishdi: agar uni yolg‘iz qoldirsangiz, sizni payqamaydi, mabodo unga juda yaqin kelsangiz, tashlanishi mumkin.
Nima qilishim kerakligini tushunib yetdim. Men undan, aytaylik, yigirma besh yard beriroqda turib, uning fe’l-atvorini sinab ko‘rishim kerak. Tashlanadigan bo‘lsa, otib tashlayman; agar meni payqamasa, mahavati qaytib kelguncha undan nari ketish xavfsizroq bo‘ladi. Biroq bunday qilmasligimga ko‘zim yetardi. Qo‘lida miltiq tutgan no‘noq bir o‘t ochuvchi edim, zamin esa yumshoq loyga aylangan, har qadamda botib ketish mumkin edi. Agar fil tashlanib qolsa-yu, qulay paytni boy bersam, u holda xuddi asfalt tekislovchi mashina ostiga tushib qolgan baqada tirik qolishga qancha imkon bo‘lsa, mening ham shuncha imkonim qolar edi. Shunga qaramay, o‘zim haqimda emas, balki orqamda turgan sarg‘ish yuzlar taqdirinigina o‘ylardim, chunki o‘sha paytda olomon meni kuzatib turardi, agar yolg‘iz bo‘lganimda muqarrar qo‘rquvni umuman his qilmasmidim. Oq tanlilar mahalliy aholi oldida qo‘rqmasligi kerak va shu bois u umuman qo‘rqmaydi. Xayolimga kelgan yagona o‘y agar biron noxushlik yuz bersa, ikki ming birmalik ta’qib qilinayotganimni, oyoq osti bo‘lganimni va tepalikda qolgan hind singari yanchilib, jilmaygan jasadga aylanishimni ko‘rishlaridan iborat edi. Mabodo shunday voqea sodir bo‘lsa, ularning ba’zilari ustimdan kulishi aniq edi. Bu hech qachon yuz bermaydi. Faqat bitta yo‘l qolgandi.
Patronlarni stvolga joylab, yaxshiroq g‘oya o‘ylab topish uchun yo‘lda yotib oldim. Olomon sukutga cho‘mdi va axiyri teatr pardasi ko‘tarilganini ko‘rgan tomoshabinlar singari son-sanoqsiz tomoqlardan chuqur va past tovushda, lekin xursand xo‘rsiniqlar eshitildi. Va nihoyat, ular o‘z xursandchiligiga erishmoqda edilar. Qo‘limda optik mo‘ljallagichli ajoyib nemis miltig‘i bor edi. O‘shanda filni bir quloq teshigidan ikkinchisigacha bo‘lgan xayoliy chiziqqa yo‘naltirib otish kerakligini bilmasdim. Shu bois, fil yonlamasiga turgani uchun, to‘ppa-to‘g‘ri uning quloq teshigini mo‘ljalga olishim lozim edi, biroq miya sal oldinroqda deb o‘ylab, qulog‘idan bir necha dyuym beriroq joyni nishonga olib yuboribman.
Tepkini bosganimda, na o‘q ovozini eshitdim, na zarbani his qildim – aniq nishonga tekkanda shunaqa bo‘ladi, lekin olomon orasida xursand baqir-chaqirlar ko‘tarilganini eshitdim. Shu lahzada, juda qisqa vaqt ichida, fil o‘qqa duchor bo‘lgan bo‘lsa ham, unda sirli va dahshatli o‘zgarish yuz berdi. U qimirlamadi va yiqilmadi, lekin tanasining har bir chizig‘i o‘zgargan edi. U birdan qotib olgan, burushgan, juda qarib ketganga o‘xshardi, o‘qning dahshatli zarbasi uni shol qilib qo‘ygandek edi go‘yo. Nihoyat, juda uzoq tuyulgan besh soniyadan so‘ng, u tiz cho‘kib egilib qoldi. Og‘zidan so‘lagi oqdi. Ma’shum qarilik butun tanasiga o‘z hukmini shunchalik kuchli o‘tkazgandiki, uni ming yoshlarda deb tasavvur qilish mumkin edi. Men yana o‘sha joyga qarata o‘q uzdim. Ikkinchi zarbada ham u yiqilmadi, ammo umidsiz va zaif ahvolda – oyoqlari solinib, boshi ham bo‘lgancha zo‘rg‘a oyoqqa turib, tekislandi. Uchinchi marta o‘q uzdim. Bu safargi o‘q uni yiqitdi. Qattiq og‘riq qay tarzda filning butun vujudini larzaga keltirib, oyoqlaridagi so‘nggi kuchni qirqqaniga guvoh bo‘ldim. Lekin yiqilayotganida tanasi xiyol ko‘tarilganday tuyuldi, chunki fil orqa oyoqlari ustiga o‘tirib qolganida, gavdasi ulkan qoya singari, xartumi esa daraxt singari osmonga ko‘tarilganday bo‘ldi. U birinchi va oxirgi marta na’ra tortdi. Keyin qornini men tomonga qaratib gursillab shunday qattiq yiqildiki, go‘yo yotgan joyim qimirlab ketganday bo‘ldi.
O‘rnimdan turdim. Birmaliklar allaqachon loy kechib yonimdan yugurib o‘tib ketishdi. Endi hech qachon boshqa turolmasligi ravshan bo‘lsa-da, fil hamon tirik edi. U og‘riqdan ingragancha bir maromda nafas olib chiqarar, ochiq og‘zidan hiqildog‘ining och pushtirang chuqurchasi ko‘rinib turardi. Uning o‘lishini uzoq kutdim, lekin nafas olishi zaiflashmasdi. Nihoyat, qolgan ikkita o‘qni yuragini tusmollab otdim. Qizil duxobadek quyuq qoni otilib ketsa ham fil baribir jon bermadi. Otgan paytimda tanasi hatto qimirlamadi ham, azobli nafas olishi esa to‘xtovsiz davom etaverdi. U juda sekin va qattiq azob chekib o‘layotgandi, lekin shu bilan birga mendan ancha olisga – o‘q azob bermaydigan joyga ketayotgandi. Filning azoblariga nuqta qo‘yishim kerakligini angladim. Qimirlay olmaydigan, o‘lishga ham ojiz yerda yotgan ulkan maxluqqa qarash, ayniqsa, uni o‘ldira olmaslik juda ayanchli hol edi. Uydan kichikroq miltig‘imni oldirib, uning yuragiga va tomog‘iga qarata o‘q otaverdim. Bular hech ta’sir qilmayotganday tuyuldi, azobli hansirashlar soat chiqillashi singari uzluksiz davom etaverdi.
Oxir-oqibat, manzaraga ortiq dots. berolmay u yerdan ketdim. Keyinchalik, eshitishim bo‘yicha fil naq yarim soat o‘lim bilan olishibdi. Ketishimdan oldin birmaliklar xanjar va savat olib kelishayotganini ko‘ruvdim, tushgacha qolmay filning suyaklarigacha ship-shiydam qilib olib ketishibdi.
Albatta, o‘shandan so‘ng filning otilishi bo‘yicha nihoyasiz munozaralar bo‘lib o‘tdi. Egasi g‘azablandi, lekin u bor-yo‘g‘i faqat bitta hind edi va tabiiyki, qo‘lidan hech narsa kelmasdi. Bundan tashqari, men qonunan to‘g‘ri ish qilgandim, chunki mast fil, agar egasi boshqara olmasa, quturgan it kabi o‘ldirilishi kerak. Bu borada yevropaliklar ikki xil fikr bildirishdi: kattalar mening haqligimni ta’kidlashsa, yoshlar qora ishchini o‘ldirgani uchun filni otishni sharmandalik deb baholashdi, chunki bitta fil har qanday janublik yalangoyoqdan qimmatroq turardi. So‘ngra esa o‘sha ishchining o‘ldirilganidan juda xursand bo‘ldim, chunki uning halokati meni qonuniy ravishda oqlab, filni otish uchun ishonarli bahona vazifasini bajardi. Ba’zan o‘sha yerdagi odamlardan kimdir buni ahmoqdek ko‘rinmasligim uchungina qilganimni sezib qolmadimikin, deya o‘zimdan so‘rab qo‘yardim.

1936 yil

Ingliz tilidan Sojida Samandarova tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 5-6-son

O‘xshash maqolalar: