Jon Steynbek. Odamlar va sichqonlar (2 pardali drama)

IShTIROK ETUVChILAR:

Jorj
Lenni
Kendi
Novcha
Karlson
Uit
Qoracha
Qorachaning xotini
Smitti

Voqea quyidagi joylarda bo‘lib o‘tadi:

1-ko‘rinish: daryoning qumloq qirg‘og‘ida, payshanba kuni kechqurun.
2-ko‘rinish: yog‘ochdan qurilgan uyda, juma kuni choshgoh paytida.
3-ko‘rinish: ikkinchi ko‘rinishdagi joyda, juma kuni kechqurun.
4-ko‘rinish: otxonada, yakshanba kuni, choshgohdan so‘ng.
5-ko‘rinish: birinchi ko‘rinishdagi joyda, yakshanba kuni kechqurun.

Voqea ayni zamonda, Shimoliy Kaliforniyaning qishloqlaridan birida bo‘lib o‘tadi.

BIRINChI PARDA

Birinchi ko‘rinish

Daryo sohili. Lenni va Jorj kirib kelishadi.
J o r j. Jin ursin, agarda anavi tullak avtobus haydovchi bizni yo‘ldan adashtirmaganda, yaylovga yetib olgan bo‘lardik. “Bu yerdan ikki qadam narida”, – deydi. Ikki qadam emish! Hech bo‘lmaganda, to‘rt chaqirimdan kam emasligi aniq! Aslida u, avtobusini to‘xtatgisi kelmadi. Namuncha ichasan! Eshityapsanmi, Lenni!
L ye n n i. Senam ichgin, ich, Jorj.
J o r j. Kim biladi, bu qanaqa suv ekan. Qurib ketgur issiq… Ikki qadam emish… Qani, ketdik.
L ye n n i. Jorj!
J o r j. Nima?..
L ye n n i. Qayoqqa ketayapmiz?
J o r j. Darrov esingdan chiqdimi? Hammasini boshidan boshla. Voy tavba-ey, bu qanaqa galvars o‘zi.
L ye n n i. Esimdan chiqibdi. Lekin esimda saqlab qolishga, Xudo haqqi, rosa urindim-u…
J o r j. Mayli endi, o‘tir, quloq sol. Senga bir umr uqtirsayam esingda qolmaydi.
L ye n n i. Axir urindim-ku, foydasi bo‘lmadi. Lekin quyonlar to‘g‘risidagi gapning hammasi esimda.
J o r j. Qanaqa quyonlar? Sen faqat quyonlar haqida o‘ylaysan xolos! Menga qara, yodingdami, shaharda e’lonlar yopishtirilgan qora taxtaga tikilib o‘tirganimiz?
L ye n n i. Esimda! Judayam esimda-da… O‘shanda nima qilgan edik? Yonimizdan allaqanday qizlar o‘tib ketayotgandi, sen ularga nima degan eding?
J o r j. Nima desam degandirman-da. Idoraga kirganimiz, u yerda bizga hisob daftarchasi va avtobusga chipta berishgani esingdami?
L ye n n i. Albatta, Jorj, endi esladim (kissasini kavlashtiradi). Jorj…
J o r j. Nima?
L ye n n i. Jorj, meni kechir, men uni yo‘qotibman.
J o r j. Yo‘qotdingmi?
L ye n n i. Ha.
J o r j. Uni senga berganim yo‘q edi, ahmoq. Ikkalamiznikiyam menda. Hisob daftarchasini senga berib jinni bo‘libmanmi.
L ye n n i. Men uni kissamga solganday bo‘lgan edim (yana kissasini kavlashtiradi).
J o r j. Kissangda nima bor?
L ye n n i. Kissamda… hech narsa.
J o r j. Hozir kissangda hech narsa yo‘qligini bilaman. Anavi qo‘lingdami?
L ye n n i. Hech narsa yo‘q! Rost aytayapman, Jorj.
J o r j. Qani, bu yoqqa ol!
L ye n n i. Bu… haligi… sichqon.
J o r j. Sichqon? Tirikmi?
L ye n n i. Yo‘q, o‘lik. Men o‘ldirganim yo‘q uni. Rost aytayapman. Uni topib oldim. O‘lik sichqon ekan…
J o r j. Bu yoqqa ber uni.
L ye n n i. Iltimos, menda turatursin, Jorj.
J o r j. Bu yoqqa ber deyapman (Lenni sichqonni beradi). Nima qilasan bu iflos narsani?
L ye n n i. Kelayotganimizda men uni silab keldim.
J o r j. Men bilan yurganingda bunaqa qilma! (Sichqonni uloqtiradi.) Esingga tushdimi, qayoqqa ketayotganimiz?
L ye n n i. Yo‘q, eslayolmayapman.
J o r j. Boshga bitgan balo bo‘lding-ku! Quloq sol. Biz yaylovda ishlaymiz. Ilgari shimolda ishlagan joyimizga o‘xshash.
L ye n n i. Shimolda?
J o r j. Uidda.
L ye n n i. Esimda, Uidda.
J o r j. Yaylov ho‘-o‘ anavi yerda. Bu yerdan to‘rt chaqirim narida. Biz u yerga borib xo‘jayinni so‘raymiz.
L ye n n i. Xo‘jayinni so‘raymiz…
J o r j. Yaxshilab quloq sol. Men hisob daftarchalarini unga topshiraman. Mana ular. Sen esa, indamay turasan.
L ye n n i. Indamay turaman.
J o r j. Tushundingmi?
L ye n n i. Tushundim.
J o r j. Mabodo, u sening anqovligingni sezib qolsa, bizni haydab yuborishadi. Agarda, indamay ishlaganingni ko‘rishsa, hamma ish joyida bo‘ladi. Tushundingmi?
L ye n n i. Ha-da, Jorj, albatta tushundim.
J o r j. Juda yaxshi. Xo‘jayinning yoniga borganimizdan keyin nima deyishing kerak?
L ye n n i. Menmi?
J o r j. Ha, sen!
L ye n n i. Indamay turishim kerakmi?
J o r j. Barakalla! Juda soz! Esingdan chiqarmaslik uchun bu so‘zni ichingda qaytarib tur.
L ye n n i. Indamay turishim kerak, indamay turishim kerak…
J o r j. Bo‘ldi endi. Bilib qo‘y, yana Uiddagiga o‘xshab biror qiliq chiqarma.
L ye n n i. Uidda nima bo‘lgan edi?
J o r j. Buyam esingdan chiqdimi?
L ye n n i. Bizni Uiddan haydab yuborishdi.
J o r j. Haydab yuborishdi? Bizni haydab yuborishdimi? Judayam unchalik emas… Biz qochib ketdik, ortimizdan quvlashgandi, yeta olishmadi.
L ye n n i. Rost aytayapman, bunisi esimda yo‘q.
J o r j. Esingda yo‘qmi?
L ye n n i. Biz yaylovda ishlaymiz. Men lom-mim demayman. Indamay turaman, indamay turaman…
J o r j. Ha, mayli. Buni yodlab olibsan. Ammo bugun shu yerda tunaymiz. Bu to‘g‘rida o‘z mulohazalarim bor. Ochiq havoda mazza qilib uxlagim kelayapti (poyezd izining taqir-tuquri quloqqa chalinadi).
L ye n n i. Nimaga yaylovga bormayapmiz? U yerda axir ovqat berishardi.
J o r j. Bunga sening aqling yetmaydi. Bu yer menga yoqib qoldi. Ishni ertaga boshlaymiz. Bugun esa shu koshonada mehmon bo‘lamiz. Bu judayam ajoyib qovoqxona, Lenni.
L ye n n i. Demak, ovqat yemas ekanmiz-da?
J o r j. Yemaymiz.
L ye n n i. Yemaymiz? (Piqillab yig‘lay boshlaydi.)
J o r j. Yeymiz. Ovqat yeymiz. Menda no‘xat bor. Ovqatlanib, keyin uxlaymiz. Bor, suv olib kel.
L ye n n i. Lekin men no‘xatni quritilgan baliq bilan yeyishni yaxshi ko‘raman.
J o r j. Shunaqami? Quritilgan baliq bilan yeyishni yaxshi ko‘rasanmi? Quritilgan balig‘imiz yo‘q-da. Bor, suv olib kel. Bo‘laqol. Haliyam shu yerdamisan? (Lenni ketadi. Uning kulgisi eshitiladi. Keyin qaytib keladi.) Lenni, qani, iltimos, sichqonchani menga ber-chi.
L ye n n i. Qanaqa sichqonchani? Menda hech qanaqa sichqoncha yo‘q.
J o r j. Bu yoqqa ber, deyapman. Sichqonchani menga berasanmi, yo tarsaki yeging kelayaptimi?!
L ye n n i. Nimani beray, Jorj?
J o r j. Nimaligini o‘zing yaxshi bilasan, turqing qursin! Bu yoqqa ber deyapman!
L ye n n i. Nima uchun senga beraman? Axir uning egasi yo‘q. Men uni o‘g‘irlab olganim yo‘q. Shunchaki yo‘ldan topib oldim, xolos.
J o r j. Hali, shunaqami?
L ye n n i. Uning egasi yo‘q-ku. O‘g‘irlab olganim yo‘q…
J o r j. Ha, albatta. Sen o‘g‘ri emassan.
L ye n n i. Men uni topib oldim…
J o r j. Berasanmi, yo‘qmi? (Lenni sichqonchani beradi.)
L ye n n i. Men hech narsa qilganim yo‘q. Men uni siladim, xolos.
J o r j (Sichqonni uloqtiradi. Lenni yig‘laydi). Go‘dakday yig‘laysan-a. Shunday kap-katta yigit yig‘lab o‘tirishga uyalmaysanmi? Men uni sendan qasddan tortib olganim yo‘q-ku.
L ye n n i. Ha, qasddan qilganing yo‘q.
J o r j. Bu sichqonning o‘lganiga ancha bo‘lgan, sasib ketibdi. Boshqa tirik sichqonni toparsan. Topganingda men indamayman, doim o‘zing bilan olib yurasan.
L ye n n i. Boshqa sichqonni qayerdan topaman? Esimda, bir ayol sichqon ushlaganda menga berardi. Lekin u bu yerda yo‘q.
J o r j. Bir ayolmi?
L ye n n i. Ha, bir ayol.
J o r j. Uning kim bo‘lganligiyam esingda yo‘q. U sening o‘z xolang Klara edi. Sen sichqonlarni o‘ldiravergandan keyin, u senga sichqon tutib bermay qo‘ygan.
L ye n n i. Ular judayam kichkina edi-da. Sal siqsang, darrov joni chiqib ketardi. Tezroq quyon topsaydik. Quyonlar kichkina bo‘lmaydi.
J o r j. Qurib ketsin quyonlaringam! Qani, ovqatdan ol.
L ye n n i. Yemayman (to‘ng‘illaydi).
J o r j. Yemaysan-a?
L ye n n i. Yemayman.
J o r j. Juda yaxshi. O‘zim yeyman hammasini.
L ye n n i. Men yeyman (no‘xatli bankani oladi).
J o r j. Yemoqchi emasding-ku? Mayli, yeya qol. Bu to‘rt kishigayam yetadi.
L ye n n i. Ha, lekin no‘xatni quritilgan baliq bilan yeyish maza-da.
J o r j. Quritilgan baliq bo‘lmasa nima qilamiz. (Lenni yemoqchi bo‘ladi.)
L ye n n i. Quritilgan baliqsiz yeya olmayman.
J o r j. Jin chalgur. Bizda quritilgan baliq yo‘q-ku. Doim yo‘q narsani xohlaysan. Jin ursin, o‘zim yakka bo‘lsam, bemalol yurardim. Xotirjam ishlardim. O‘zimni urintirmay, har oyda oltmish dollar ishlardim. Shaharga borib, istagan ishimni qilardim. Restoranda ovqatlanardim, ko‘nglimga yoqqan narsani buyurardim.
L ye n n i. Men quritilgan baliqni xohlamayman.
J o r j. Har oyda shunaqa bo‘lardi. Bir shisha viskini olib, qovoqxonada yayrab o‘tirardim. Qarta yoki billiard o‘ynardim. Hozir esa, nimam bor? Nimam? Faqat sen! Hech qayerda qo‘nim topmaysan. Seni deb meniyam ishdan haydashyapti. Seni deb bir umr sargardon bo‘lib yuribman. Buyam mayli-ya, doim bir janjal chiqarasan, men o‘rtaga tushib qutqaraman. Sen esipast, itvachcha! Seni deb doim tashvishdan chiqmayman. “Men faqat uning ko‘ylagini ushlab ko‘rmoqchiydim. Men uni biroz silab qo‘ymoqchiydim”. Jin ursin, sening faqat ko‘ylagini ushlab ko‘rishingni yoki biroz silab qo‘ymoqchi bo‘lganligingni qiz bechora qayerdan bilsin? Qayerdan?!
L ye n n i. Men yomon niyatda qilgan emasman, Jorj.
J o r j. Albatta. Qiz bechorani chiyillatging kelmagan, yigitlar miltiq ko‘tarib axtarishganda, kun bo‘yi zovurda pisib o‘tirishimizni istamagansan. Sen hech qachon yomon niyatda biror ish qilmaysan. Ey, Xudoyim, seni g‘ij-g‘ij sichqonlar orasiga, qafasga solib qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi. O‘shanda ko‘nglingga yoqqanicha xursandchilik qilarding!
L ye n n i. Jorj, quritilgan baliqsiz yeyapman. Quritilgan baliqsizam maza bo‘larkan. Agarda quritilgan baliq bo‘lsa, uni senga berardim, Jorj.
J o r j. Xo‘sh, yana nima gaping bor?
L ye n n i. Jorj, hazillashdim. Quritilgan baliq yegim yo‘q. Men ketsam, sen tinchiysanmi?
J o r j. Qayoqqa borasan?
L ye n n i. Ho‘-o‘ anavi tarafga… tog‘larga. Birorta g‘orni topib olib, o‘sha yerda tanho yashayman.
J o r j. Shunaqami? O‘sha g‘orda nimani yeysan?
L ye n n i. Biror narsa toparman. Menga quritilgan baliqli shirin ovqatning keragi yo‘q. Oftobda ag‘anab yotaman, hech kimga zararim tegmaydi. Mabodo, sichqon topsam, hech kimga bermayman. Hech kim uni mendan tortib ololmaydi. Hoziroq ketishim mumkin.
J o r j. Seni xafa qilib qo‘ydimmi-a? Menga qara, Lenni, hazillashdim-da. Meni tashlab ketishingni sira istamayman.
L ye n n i. Yo‘q, agarda senga malol kelayotgan bo‘lsam, tog‘larga chiqib, biror g‘orga kirib yashayman.
J o r j. Marhuma Klara xolang tirik bo‘lganda, yolg‘iz qolganligingni bilib, judayam xafa bo‘lardi.
L ye n n i. Klara xolam esimda yo‘q.
J o r j. Menga qara, Lenni, hamma balo shundaki, sen doimo anavi sichqonlarni o‘ldirib yurasan. Men esa, ilojini qilsam, senga kuchuk hadya etardim. Kuchuk sichqonga nisbatan kattaroq bo‘ladi, uni qattiqroq silasayam bo‘laveradi.
L ye n n i. Oq jigarrang kuchuknimi?
J o r j. Oq jigarrang bo‘lsayam mayli. Lekin hozir buning ahamiyati yo‘q.
L ye n n i. Jorj, men qolaman.
J o r j. Rostdanmi?
L ye n n i. Tirik kuchukni… (ovqat yeydi.)
J o r j. Xo‘sh, shirin ekanmi?
L ye n n i. Judayam… Jorj!
J o r j. Nima?
L ye n n i. Endi menga ayt-chi… yaqinda qanday qilib…
J o r j. Nimani aytay?
L ye n n i. Quyonlar haqida.
J o r j. Boshimni qotirma.
L ye n n i. Kel, Jorj… Aytib ber! Iltimos! O‘shanda…
J o r j. Demak, o‘shani hikoya qilib berishimni xohlaysan-a? Mayli, quloq sol. Keyin yotib uxlaymiz.
L ye n n i. Gapir, Jorj.
J o r j. Birovlarning yaylovida yollanib ishlaydigan bizga o‘xshash yigitlar bu dunyoda g‘arib, yakka-yu yolg‘iz bo‘ladilar. Ularning oilasiyam, uy-joyi ham yo‘q. Ular yaylovga kelib, biroz ishlab pul orttiradilar-u, keyin shaharga borib topgan pullarini ko‘kka sovuradilar. Ularning kelajagi yo‘q.
L ye n n i. Mana bu gaping to‘g‘ri! Ularning kelajagi yo‘q! Endi o‘zimiz to‘g‘rimizda gapirib ber.
J o r j. Biz – bu butunlay bo‘lak gap. Bizning kelajagimiz bor. Seniyam, meniyam gaplashadigan odamlarimiz bor, g‘amxo‘rlik qiladigan kishilarimiz bor. Biz boshimizni qayoqqa urishni bilmasdan, qovoqxonada viski ichib o‘tirmaymiz. Ba’zi birovlar qamoqqa tushib qolsa, o‘sha yerda chirib ketishi mumkin. Hech kim nima bo‘ldiykin, deb qayrilib qaramaydi ham. Biz bo‘lsak – boshqa gap.
L ye n n i. “Biz bo‘lsak – boshqa gap”. Nima sababdan-a? Chunki sening yoningda men bor, mening yonimda sen bor. Mana gap nimada! Davom et, Jorj.
J o r j. O‘zingam hammasini yoddan bilasan-ku. Barini o‘zing gapirib berishing ham mumkin.
L ye n n i. Yo‘q, yo‘q, sen gapiraver, men biror narsani esimdan chiqarib qo‘yishim mumkin. Qani aytgin-chi, nima bo‘ladi oxiri?
J o r j. Boshqa safar.
L ye n n i. Yo‘q, hozir gapir.
J o r j. Xo‘p, mayli. Vaqti kelib biroz pul yig‘amiz, keyin kichikroq uy, ozroq yer, sigir, cho‘chqalar sotib olamiz va…
L ye n n i. O‘zimiz xo‘jayin bo‘lamiz! Quyonlaram boqamiz! Davom et, Jorj! Bog‘imiz haqida, katakdagi quyonlar va qish faslida yomg‘ir yog‘ishini gapir… issiq joy to‘g‘risida, pichoq bilan kesib oladigan quyuq qaymoqlar to‘g‘risida gapir. Shular haqida gapir, Jorj.
J o r j. O‘zing gapira qol, hammasini bilasan-ku!
L ye n n i. Yo‘q… sen gapir. Men o‘xshatib gapirolmayman… Yaxshisi, o‘zing gapira qol…
J o r j. Ekin ekilgan keng yerimiz, cho‘chqaxona, tovuqxonamiz bo‘ladi…
L ye n n i. Quyonxonamiz.
J o r j. Quyonxonamiz ham. Qish paytida ishlamasdan, uyni isitib, tomda yomg‘ir savalayotganini eshitib yotamiz… Mayli, endi, uxlay qol. Ertaga yaylovda sendan biron narsa so‘rashsa, nima deb javob berasan?
L ye n n i. Jorj, indamay turaman…
J o r j. Barakalla! Juda yaxshi! Aqling kirganga o‘xshaydi. Xudo haqqi, o‘zimizning yaylovimiz bo‘lganida quyon boqishingga ijozat beraman… Agarda o‘shanda hamma narsani yaxshilab esingda tutsang.
L ye n n i. Xudo haqqi, hamma narsani esda tutaman.
J o r j. Menga qara, Lenni, atrofingga yaxshiroq razm solgin-a. Sen bu joyni eslab qola olasanmi?
L ye n n i. Albatta. Indamay turishim kerakligini esimda saqlab qo­lolmadimmi?
J o r j. Ha, eslab qolding. Gap bunday, Lenni. Agarda biror nojo‘ya ish qilib qo‘yguday bo‘lsang, darrov shu yerga chopib kelib berkinib ol. Tushundingmi?
L ye n n i. Tushundim. Shu yerga berkinaman…
J o r j. Ha, shu yerga berkin va meni kutib tur.
L ye n n i. Shu yerga berkinib, seni kutib turaman.
J o r j. Agarda biror hodisa yuz bersa…
L ye n n i. Agarda biror hodisa yuz bersa… Mabodo yuz bermasa, nima qilaman chopib kelib…
J o r j. Ha, rostdanam. Yaxshilab esingda qolishi uchun buni bir necha marta qaytar.
L ye n n i. Agarda biror hodisa yuz bersa… shu yoqqa chopaman… Va seni kutaman… Agarda hodisa yuz bersa…
J o r j. Bu yerda maza qilib uxlab olamiz, Lenni. Xudoyo tavba, qiladigan ishing bo‘lmasa-yu, qorning to‘q bo‘lsa, odam o‘zini biram yengil sezadiki…

(Uzoqdan ashula tovushi eshitiladi.)

J o r j. Eshityapsanmi, yaylovda qo‘shiq aytishyapti.
L ye n n i. Jorj, uxlayapsanmi?
J o r j. Ha, nimaydi?
L ye n n i. Quyon boqaylik. Har xil rangdagilarini.
J o r j. Boqamiz. Qizil, ko‘k va yashil rangdagi quyonlarni. Minglab har xil rangdagi quyonlarni.
L ye n n i. Mayin yunglilariniyam, Jorj!
J o r j. Ha, albatta, mayin yunglilariniyam.
L ye n n i. Bo‘lmasa men ketib qolishim ham mumkin.
J o r j. Istagan yeringga ketishing mumkin! O‘chir tovushingni!
L ye n n i. Jorj.
J o r j. Nima deysan?!
L ye n n i. Indamayman. Indamay yotibman-ku.

Ikkinchi ko‘rinish

Yog‘och uy.

K ye n d i . Ey, bu yoqqa!.. Bu yoqqa. Biz bu yerdamiz. (Jorj bilan Lenni kirishadi.) Kelmaganlaringni bilib, xo‘jayinning judayam jahli chiqdi. U bugun ertalab sizlarni ishga yubormoqchiydi. Mana bu ikkoviga chiqinglar.
J o r j. Men yuqoridagisini egallayman. Tepaga chiqadigan bo‘lsang, yana boshimga qulab tushmagin. Mana bu yigitcha boshimga qulab tushguday bo‘lsa, rosa maza qilaman-da. Qiziq, bu nimasi?
K ye n d i. Bilmadim.
J o r j. Bu yerda: “Bitlar, suvaraklar va bo‘lak haromzodalardan saqlanish uchun eng yaxshi vosita” deb yozib qo‘yilibdi. Zo‘r o‘rindiqni taklif qilibsan bizga.
K ye n d i. Bu yerda, mana shu o‘rindiqda sendan oldin bir temirchi yotardi. Ajoyib yigit edi. Biram ozoda… ovqatdan keyin ham qo‘lini yuvardi…
J o r j. Bu ta’bi nozik ozodang shuncha lash-lushlarni qayerdan olgan ekan?
K ye n d i. Gap bunday. Temirchining ismi Bill edi. U judayam ozoda bo‘lganligidan, hatto qandalalar bo‘lmasayam dori separdi. O‘zini ehtiyot qilish uchun-da, tushundingmi?
J o r j. Qaydam.
K ye n d i. Yana u bunday qilardi: qaynatilgan kartoshkani tozalab, undagi har bir dog‘ni qirib olardi. Mabodo, tuxumning qizil dog‘i bo‘lsa, uniyam qirib tashlardi. Mana shunaqa yigit edi Bill! U bu yerdan nimagadir ketib qoldi. Ta’bi nozik! Hech qayoqqa bormaydigan bo‘lsayam har yakshanba yasanib olardi, bo‘yinbog‘ taqardi. Shu alfozda o‘tirib kech qilardi.
J o r j. Nima sababdan ketib qoldi deysan?
K ye n d i. Sababi noma’lum. Bir kun ertalab xo‘jayinning yoniga kelib: “Hisob-kitobimni bering”, dedi. Shundan boshqa og‘iz ochgani yo‘q.
J o r j. Mayli. Agarda shu to‘shakda biror narsani sezib qolguday bo‘lsam, sen bilan bu masalaga yana qaytamiz.
K ye n d i. O‘zing bilasan. Endi bora qolay. Xo‘jayin hademay bu yerga Smittini yuboradi. U sizlarni ro‘yxatga oladi. Ertalab kelmaganing­larni bilib biram jahli chiqdiki. Biz nonushta qilib o‘tirgandik. U kirib kelib: “Qani u yangilar, jin ursin”, dedi… Smittiniyam rosa adabini berdi.
J o r j. Smitti?
K ye n d i. Smitti. Bujur! Hademay kelib qoladi. U doim xo‘jayinga laganbardorlik qiladi. Xo‘jayin esa, doim alamini o‘shandan oladi. Lekin Smitti bunga parvoyam qilmaydi. U ko‘p kitob o‘qiydi.
J o r j. Smittimi?
K ye n d i. Smitti bujur.
J o r j. Xo‘jayinlaring qanaqa odam o‘zi?
K ye n d i. Xo‘jayin sifatida yaxshi odam. Bir kuni u, bilasanmi, nima ish qildi!
J o r j. Nima qildi?
K ye n d i. Rojdestvo bayramiga o‘zi bilan katta shishada viski olib keldi. “Ichinglar, yigitlar, rojdestvo yilda bir marta bo‘ladi”, deydi.
J o r j. Qoyil! Katta shishada-ya!
K ye n d i. Ha, Xudo haqqi, rosa xursandchilik bo‘ldi. Bir otboqar habashimiz bor. Ajoyib yigit. Uni ot tepib olganidan keyin bukri bo‘lib qolgan. Xo‘sh. habashniyam bu yerga taklif qilishdi. Smitti habashning jig‘iga tega boshladi. Lekin yigitlar Smitti habashni oyog‘i bilan tepishiga yo‘l qo‘ymadilar. Habash Smittidan zo‘rg‘a qutuldi. “Agarda oyog‘im bilan tepishimga xalaqit berishmaganda habashni o‘ldirardim”, deydi. Yigitlar habash – bukri, uni tepib bo‘lmaydi, deyishdi. Ha… O‘sha kechqurun xo‘jayin katta shishada viski olib kelib, ho‘-o‘ anavi yerga o‘tirib: “Maza qilib ichinglar, yigitlar”, dedi. (Smitti kiradi.) Ha, Smitti! Bular yangilar. Hozirgina kelishdi.
S m i t t i. Xo‘jayin idoraga bugun ertalab ikkita ishchi kerak, deb yozib beribdi. Hisob daftarchalaring yonlaringdami?
J o r j. Ha, mana.
S m i t t i. Bu yerda bugun ertalabdan ishga chiqishlaring lozim ekanligi yozilgan ekan-ku.
J o r j. Avtobus haydovchisi bizni boshqa yoqqa olib ketib qoldi. O‘n chaqirimcha piyoda yurdik, yo‘lovchi mashina uchramadi.
S m i t t i. Sizlarni deb g‘alla yanchadigan joyga ikki kishi kam yuborildi. Menga qara, oyoq orasida o‘ralashma, Kendi. (Kendi ketadi.) Qurib ket! Doim o‘ralashib yuradi! Ismlaring? Otalaringning ismi?
J o r j. Jorj Milton.
S m i t t i. Milton. Seniki-chi?
J o r j. Bu – Lenni Kichkina.
S m i t t i. Kichkina? Chakana emas-ku – Kichkina Lenni… Kichkina… Bugun yigirmanchi, yigirmanchi choshgoh. Ilgari qayerda ishlagandila­ring, yigitlar?
J o r j. Uidning yaqinida.
S m i t t i. Senammi?
J o r j. Ha, uyam. (Lenni hisob daftarchasini Jorjga beradi.) Doim hamma narsasini yo‘qotib yuradi.
S m i t t i. Menga qara, judayam kamgap ekansan-ku, Kichkina?
J o r j. Kamgap-u, lekin devday ishlaydi.
S m i t t i. Devday deganing nimasi? Qiziq. Kamgap bo‘lsa.
J o r j. Lekin yaxshi ishlaydi. O‘lgudek baquvvat.
S m i t t i. O‘lgudek baquvvat degin? Xo‘sh?.. Biror narsa degin, axir.
L ye n n i. O‘lgudek baquvvatman.
S m i t t i. Nega bunaqa g‘alati gapirasan?
J o r j. U irlandiyalik.
L ye n n i. Irlandiyalikman.
S m i t t i. Shunaqami? Nima ish qo‘lingdan keladi, irlandiyalik?
J o r j. Nima ish topshirishsa, shuni qiladi.
S m i t t i. Sendan so‘rayapman. Nima ish qo‘lingdan keladi?
J o r j. Nimani buyurishsa, shuni qiladi. Otlarni yaxshi boqadi, traktordayam ishlashi mumkin, hamma ish qo‘lidan keladi. Bir sinab ko‘ring-a.

(Lenni kuladi.)

S m i t t i. Nega kulyapsan?
J o r j. Jahli chiqsa kulaveradi.
S m i t t i. Nima sababdan uni bunchalik maqtab qolding?
J o r j. Nima?
S m i t t i. Ishlagan pulini sen olasanmi yo?
J o r j. Ey, nima deyapsiz?..
S m i t t i. Sizga o‘xshaganlarning bir-biriga bunchalik mehribon bo‘lishini umrimda birinchi ko‘rishim. Menga qiziq tuyulyapti-da, bundan senga nima foyda?
J o r j. U mening tog‘avachcham. Yoshligida boshiga ot tepgan, shu sababli olgach unga qarab yurishimni xolasi menga topshirgan. U 200 kiloli qopni bemalol ko‘tara oladi.
S m i t t i. Uiddan nimaga ketib qoldilaring?
J o r j. Ish tamom bo‘ldi-da.
S m i t t i. Qanaqa ish edi?
J o r j. Suv oqib o‘tadigan zovur qaziganmiz.
S m i t t i. Faqat meni laqillatma, Milton. Men sizlarni kuzatib yuraman. Biror gap bo‘lsa, xo‘jayinga aytib beraman. Tushki ovqatdan ke­yin hamma bilan birga ishga chiqasizlar. Novcha sizlarga ishboshi bo‘ladi. Kimki yaxshi ishlasa, uni xafa qilmaymiz. Mabodo, yalqovlik qilsalaring xo‘jayinning fe’lini keyin bilib olasizlar. (Chiqadi.)
J o r j. Indamay tursang bo‘lardi. Kelishganimizdek jim turishing kerak edi. Bema’ni og‘zingni ochmasang bo‘lardi. Seni deb, sal qoldi ishdan mahrum bo‘lishimizga.
L ye n n i. Esimdan chiqibdi.
J o r j. Esimdan chiqibdimish. Doim hamma narsani esdan chiqarasan. Endi u bizni kuzatib yuradi.
L ye n n i. Lekin oxirida u tuppa-tuzuk odamday gapirdi-ku.
J o r j. Nima? Kim bilan gaplashayotganingni ham bilmaysan. Durust odammi yoki xo‘jayinning malayimi. Yaxshisi, damingni chiqarmaganing ma’qul.
L ye n n i. Jorj.
J o r j. Ha, yana nima demoqchisan?
L ye n n i. Boshimga ot tepgani yo‘q-ku, to‘g‘rimi, Jorj?
J o r j. Afsus, ming afsus. Shunday bo‘lganda barchani tashvishdan xalos qilarding.
L ye n n i. Sen yana, bu mening tog‘avachcham deding.
J o r j. Agarda sening qarindoshing bo‘lganimda, allaqachon o‘zimni osib qo‘yardim.

(Kendi deraza ortida itni bog‘layapti.)

K ye n d i. Ana shunday, azizim, yot, yot…
J o r j. Nima uchun gapimizga quloq solyapsan?
K ye n d i. Quloq solganim yo‘q. Itni bog‘lamoqchi bo‘lib keluvdim. Gap­laringni eshitganim yo‘q.
J o r j. Bizning ishimizga burningni tiqma. Yomon ko‘rganim – ayg‘oqchilar.
K ye n d i. Men endigina keldim-ku. Nima deyotganlaringni eshitganim yo‘q. Buni menga qizig‘i yo‘q. Bizning yaylovda hech kim bir-birining gapiga quloq solmaydi. Bir-biriga savol ham bermaydi.
J o r j. Yaxshi qilisharkan, jin ursin. Rostini aytganda, bu it yuzga kirgandir.
K ye n d i. Ha. Men uni kuchukligida boqib olgandim. Endi hech kim ishonmaydi-yu, lekin Xudo haqqi, bu haqiqiy nemis ovcharkasi edi (yog‘och uyga kiradi). Qalay, Smitti sizlarga yoqdimi?
J o r j. Tuzuk. Yaxshi yigit ko‘rinadi.
K ye n d i. Bujur! Uning ahvoliniyam tushunish kerak. U butun boshli yaylovga mutasaddi. Bema’ni ishlarni yoqtirmaydi. Chunki xo‘jayin unga juda ko‘p azob beradi. (Qoracha kiradi.)
Q o r a ch a. Ey, dadamni ko‘rmadingmi?
K ye n d i. Yo‘q.
Q o r a ch a. Uni topmasam bo‘lmaydi. Demak, dadam ertalab kutgan yangilar sizlar ekansizlarda?
J o r j. Ha, biz endigina kelib turibmiz.
Q o r a ch a. Nega ertalab kelmadilaring?
J o r j. Boshqa yoqqa adashib ketibmiz.
Q o r a ch a (Lenniga). Biror marta g‘alla to‘kkanmisan?
J o r j. Albatta.
Q o r a ch a. Men undan so‘rayapman. G‘alla to‘kkanmisan hech?
J o r j. Albatta.
Q o r a ch a. Mana bu barzangining o‘zi javob bersin.
J o r j. Uning javob bergisi kelmasa-chi?
Q o r a ch a. So‘raganda javob berishni unga o‘rgatib qo‘yaman. Menga qara, sen nimaga aralashasan?
J o r j. Biz birga ishlaymiz.
Q o r a ch a. Hali, shunaqami?
J o r j. Ha, shunaqa.
Q o r a ch a. Men bilan ishlashni xohlaysanmi?
J o r j. Nega ishlamas ekanman?
Q o r a ch a. Sen unga gapirishga ruxsat bermaysan, shundaymi?
J o r j. Xohlasa, gapiraversin. Gapir, Lenni, gapiraver.
L ye n n i. Biz endigina keldik…
Q o r a ch a. Ha, shunaqa bo‘lsin. Sendan so‘raganda o‘zing javob qil.
J o r j. Menga qarang, u sizga hech narsa qilgani yo‘q-ku.
Q o r a ch a. Sening esa menga ishing tushadi. (Qoracha chiqadi.)
J o r j. Jin ursin, uning nima ishi bor?
K ye n d i. Bu Qoracha – xo‘jayinning o‘g‘li. Judayam urishqoq. Boks bilan shug‘ullangan. Yengil vaznda mushtlashardi.
J o r j. Kim bo‘lsayam, nima qiladi Lennining g‘ashiga tegib?
K ye n d i. Gap bunday. Qoracha barvasta yigitlarni xush ko‘rmaydi. Bilishimcha, ular Qorachaning jig‘ini qo‘zg‘atadi. Bunaqalarni birinchi ko‘rishing bo‘lmasa kerak. Bunaqangilar doim gerdayib yurishadi.
J o r j. Shunaqa bachkana odamlarni ko‘p ko‘rganman. Lekin, yaxshisi, Lennining g‘ashiga tegmasin. Lenni judayam abjir emas-u, lekin manavinaqa burnaqilarning adabini berib qo‘ya oladi. To‘g‘rimi, Lenni?
L ye n n i. Ha.
K ye n d i. Lekin Qoracha o‘lguday mug‘ombir. Men doim uning nohaq ekanligini bilib yurardim. Qoracha mana bunga o‘xshash pahlavonga yopishib, uni savaladi, deylik. Unda hamma: “Barakalla, Qoracha!” deydi. Lekin, faraz qilaylik, u yopishsa-yu, o‘zi kaltak yesa, unda barcha: “Qurib ket, yosh bola bilan olishib o‘tiribdi”, deydi. Qolaversa, o‘sha barzangini hamma to‘planib savalashadi. Men bunaqangi ishlarga qarshiman. Faqat Qoracha hech kimni ayab o‘tirmaydi.
J o r j. Nima qilsayam Lennidan uzoqroq yursin.
K ye n d i (qarta olib, Lenniga). O‘ynaymizmi?
L ye n n i. Mayli.
K ye n d i. Senga aytgan gaplarimni Qorachaga ayta ko‘rma. Bilib qolsa, terimga somon tiqadi! Unga nima! Xo‘jayinning o‘g‘li bo‘lsa. Uni yaylovdan haydashmaydi.
J o r j. Bilishimcha, bu Qoracha deganlaring ablah odam ekan-da.
K ye n d i. Keyingi paytlarda u haddidan oshib ketdi. Ikki haftacha oldin uylandi. Xotini bilan xo‘jayinning uyida yashaydi… Qoracha uylangandan keyin rosa quturib ketdi. Menimcha, u chumoli uyasiga tushib qolgan-u, chumolilar dumbasini rosa chaqqanga o‘xshaydi. Biram jahli tezki, birorta jonzot qo‘liga tushib qolguday bo‘lsa, boplab kaltaklab xumoridan chiqadiganday ko‘rinadi. Unga rahmim keladi…
J o r j. Balki xotini oldida o‘zini mard qilib ko‘rsatmoqchidir?
K ye n d i. Chap qo‘liga qo‘lqop kiyib olganini ko‘rdingmi?
J o r j. Ha, ko‘rdim. Nimaydi?
K ye n d i. Ana shu qo‘liga vazelin surkab olgan.
J o r j. Vazelin? Nimaga endi?
K ye n d i. Bu qo‘limni xotinim uchun muloyim qilib olmoqchiman, deydi.
J o r j. Uyalmaydimi shunaqa gaplarni aytishga?
K ye n d i. Nimasini aytasan. Hali shoshmay tur, xotinini ko‘rasan.
J o r j. Nozaninmi?
K ye n d i. Kelishgan, do‘mboqqina, lekin…
J o r j. Nima “lekin”?
K ye n d i. Yigitlarga qoshini qoqadi.
J o r j. Qo‘ysang-chi, ikki hafta oldin erga tegib, darrov qosh qoqadigan bo‘lib qolganmi? Qorachaning jig‘ibiyroni chiqishi balki shundandir?
K ye n d i. Shunaqa bo‘lsa kerak. Novchaga ko‘z qisganini o‘zim ko‘rdim. Novcha – xachirlarning cho‘poni. Ajoyib yigit. Qoracha xotini unga ko‘z qisganini ko‘rgani yo‘q. Xotini Karlsonga ham ko‘zini qisgan. Karlson –­ shved.
J o r j. Shved?
K ye n d i. Ha, shved. Qoracha esa, ko‘rgani yo‘q.
J o r j. Gapingga qaraganda, rosa to‘s-to‘polon bo‘larkan-da.
K ye n d i. Bilasanmi, men nima deb o‘ylayman? Menimcha, Qoracha fohishaga uylangan bo‘lsa kerak.
J o r j. Bunaqangi “baxt”ga erishgan bitta u emas.
K ye n d i (Lenniga). Xo‘sh, nima bo‘ldi endi? Nimaga aralashtirib yubording? O‘zing o‘ynashni bilasanmi?
L ye n n i. Yo‘q, bilmayman.
K ye n d i. Qoracha to‘g‘risida gapirgan gaplarimni o‘ziga aytib qo‘yma.
J o r j. Mening nima ishim bor.
K ye n d i. Men ketdim. Qo‘l yuvgichga suv quyishim kerak. Yigitlar hademay ishdan kelib qolishadi. Mana shunaqa gaplar. Qorachaning xotiniga yaxshilab nazar sol. Keyin o‘zing bilib olasan – fohisha ekanmi-yo‘qmi.

(Kendi ketadi.)

J o r j. Mayli, ko‘ramiz.
L ye n n i. Jorj, mendan xafa emasmisan?
J o r j. Sendan xafa emasman. Anavi ablah Qorachadan xafa bo‘layapman. Agarda u itvachcha senga tegajoqlik qilsa, yaxshilab adabini ber.
L ye n n i. Nima deysan, Jorj?
J o r j. O‘zim shunday. Menga qara, Lenni, biror hodisa yuz berguday bo‘lsa, esingdami, senga nima deganim?
L ye n n i. Biror hodisa yuz berguday bo‘lsa, menga quyon boqtirmaysan.
J o r j. Uni aytayotganim yo‘q, Lenni. Kecha, daryo bo‘yida tunaganimiz esingdami?
L ye n n i. Albatta esimda. Men darrov o‘sha yerga borib, berkinib olaman. To sen kelguningcha qimirlamay o‘tiraman.
J o r j. Daryo bo‘yida berkinib olib, meni kutasan…
L ye n n i. Daryo bo‘yida berkinib olib, seni kutaman.
J o r j. Agarda biror hodisa yuz bersa…
L ye n n i. Agarda biror hodisa yuz bersa…
N o v ch a (sahna ortida). Otboqar! Ey, otboqar! Jin ursin, qayoqqa ketdiykin, bu ablah Qoravoy?
J o r j. Yaxshilab yodingda qolishi uchun ichingda qaytaraver.
L ye n n i. Agarda biror hodisa yuz bersa…

(Qorachaning xotini kiradi.)

X o t i n. Sizlarmisizlar yangilar?
J o r j. Ha.
X o t i n. Yaqinda keldilaringmi?
J o r j. Ha.
X o t i n. Qorachani axtarib yuribman. Bu yerga kirmadimi?
J o r j. Bir necha daqiqa burun shu yerda edi. Keyin qayoqqadir ketdi.
X o t i n. Qoracha ba’zan bu yerga kirib turadi.
J o r j. Lekin u hozir bu yerda yo‘q.
X o t i n. Bo‘lmasa boshqa yerdan izlayman.
J o r j. Uni ko‘rib qolsam, izlaganingni aytaman.
X o t i n. Nima, men uni izlay olmaymanmi?
J o r j. Gap kim nimani izlashida…
X o t i n. Men hamsuhbatlikka yaraydigan kishini izlayapman. Sizlarda hech qachon biror kishi bilan hamsuhbat bo‘lish istagi tug‘ilmaganmi?
N o v ch a (sahna ortida). Juda yaxshi. Qo‘shalog‘ini yuqoridagi otxonaga olib borib bog‘la.
X o t i n (sahna ortidagi Novchaga). Salom, Novcha!
N o v ch a (sahna ortida). Salom, jonon!
X o t i n. Qorachani axtarib yuruvdim…
N o v ch a. Judayam axtarayotganing yo‘qdir. Uyiga kirib ketayotganini ko‘ruvdim…
X o t i n. Uyga ketibdi. Xayr, yigitlar (ketadi).
J o r j. Bu yengiltakka ko‘zingni olaytirma. Nima desayam, nima qilsayam. Men bunaqangi fohishalarning ko‘pini ko‘rganman-u, ammo bunga o‘xshaganini birinchi ko‘rishim. Undan sal nariroq yur.
L ye n n i. Men hech narsa qilganim yo‘q. U biram do‘ndiq ekan.
J o r j. To‘g‘ri, hech narsa qilganing yo‘g‘-u, lekin mana bu yerda sonini ko‘z-ko‘zlab o‘tirganda, undan ko‘zingni ololmading-ku…
L ye n n i. Yomon niyatda emas, Jorj. Rost aytayapman, yomon niyat qilganim yo‘q.
J o r j. Nima deysan?
L ye n n i. Bu yerdan ketaylik, Jorj. O‘tinib so‘rayman, ketaylik bu yerdan.
J o r j. Jin ursin, senga yoqmayotgan bo‘lsa, mengayam bu yer ma’qul kelmay turibdi. Boshqa iloji yo‘q. Biroz pul ishlashimiz kerak. Jim, Lenni. Bu yoqqa kelishyapti.
N o v ch a (kiradi). Tashqarida oftob qizdiryapti. Sizlar yangi kelganlarmisizlar?
J o r j. Hozir kelib turibmiz.
N o v ch a. Arpani qopga joylamoqchimisizlar?
J o r j. Smitti shunday dedi.
N o v ch a. Men bilan ishlasalaring kerak. Men bilan birga ikkita g‘o‘r bola ishlaydi. Ular arpa solingan qopni futbol to‘pidan ajrata olishmaydi. Yigitlar, sizlar ilgari arpa to‘kkanmisizlar?
J o r j. Bo‘lmasa-chi. Mening maqtanadigan yerim yo‘g‘-u, ammo mana bu yigitcha ikki kishining ishini qila oladi.

(Karlson kiradi.)

K a r l s o n. Salom, Novcha!
N o v ch a. Mana bu yigitlar endigina kelishibdi.
K a r l s o n. Tanishganimizdan xursandman. Men – Karlson.
J o r j. Men esa Jorj Milton. Mana bu – Lenni Kichkina!
K a r l s o n. Ko‘p xursandman. Kichkinami oting? Yaxshi yigit ekan. Sendan bir narsa so‘ramoqchiydim, Novcha. Itingga nima bo‘ldi? Bugun ertalab uni bog‘loqda ko‘rmadim.
N o v ch a. Kecha kechasi tug‘di. To‘qqizta kuchuk. To‘rttasini o‘sha zahoti suvga cho‘ktirdim. Shuncha kuchukni baribir boqolmaydi.
K a r l s o n. Demak, beshtasi qolibdi-da?
N o v ch a. Ha, beshtasi.
K a r l s o n. Menga qara, Novcha. Kendining iti judayam qarib qoldi. Zo‘rg‘a oyog‘ini sudrayapti. Uni otib tashlasin. Unga anavi kuchuklardan bittasini beramiz. Itining tishlari tushgan, oyoqlari shamollaganidan egilmaydi. Qolaversa, biram sasib ketganki, qurib ketsin. (Temir yo‘l izlarining taqir-tuqur tovushi eshitiladi.) Ketdik.
N o v ch a. Ketdik, bu yerda esnab o‘tirib bo‘lmaydi. Sal beparvo bo‘lsang, birorta don qolmaydi. (Novcha bilan Karlson ketishadi.)
J o r j. Ketishdi.
L ye n n i. Eshitdingmi, Jorj? Beshta kuchuk ekan!
J o r j. Ha, eshitdim, Lenni… Undan so‘rab ko‘raman.
L ye n n i. Oq jigarrangini!
Q o r a ch a (shoshilib kiradi). Shu yerda bir ayolga ko‘zlaring tushmadimi?
J o r j. Yarim soatcha oldin kirgan edi…
Q o r a ch a. Xo‘sh, u qayoqqa ketdi, qayoqqa ketdi?
J o r j. Bilmadim. Ortidan qarab turganim yo‘q. (Qoracha ketadi.) Qurib ket, bu yaramasning adabini o‘zim beraman. Vazelin surtilgan qo‘lqop!
L ye n n i. Jorj, sen faqat oq jigarrangini so‘ragin.
J o r j. Ha, shunday qilaman.

Uchinchi ko‘rinish

O‘sha yog‘och uy. Novcha bilan Jorj kirib kelishadi.

J o r j. Kuchuk uchun rahmat, Novcha.
N o v ch a. Shungayam rahmatmi, arzimagan narsa.
J o r j. Sening uchun baribir-u, lekin Lennining xursandchilikdan boshi osmonga yetdi. Kim biladi, u endi kuchuk bilan birga uxlasa kerak.
N o v ch a. Qiziq, ikkovlaring doim birgasizlar.
J o r j. Seningcha, shunaqami?
N o v ch a. Bunaqasini hech ko‘rmagandim. Bilasanmi, yaylovda yigitlar nima qilishadi? Ishga kelib, joylashadilar. Keyin bir oycha yashab, boshlari oqqan tomonga ketib qolishadi. Boshqalar bilan ishlari yo‘q. Shuning uchunam hayron bo‘lyapman-da. Anavi bir ovsar bo‘lsa, sen esa es-hushi joyida yigitsan. Ammo oralaringdan qil o‘tmaydi.
J o r j. Agarda biz u bilan hamshahar bo‘lsak-chi? Men uning xolasi Klarani tanirdim, xolasi vafot etganidan keyin Lenni men bilan birga ishlay boshlagan. Agarda bir-birimizga o‘rganib qolgan bo‘lsak-chi? Nima qilish kerak bunaqada? Qolaversa, u noshud. Doim biror falokatga ro‘baro‘ bo‘lib yuradi. Yaqinda Uidda… Hech kimga aytmaysanmi?
N o v ch a. Nima bo‘lgan Uidda?
J o r j. Aytmaysanmi axir? Bilaman, aytmaysan.
N o v ch a. Nima ish qilib qo‘ygan u yerda?
J o r j. Qizil ko‘ylakli bir qizga ko‘zi tushib qoldi. Indamas tentak nimani yaxshi ko‘rsa, o‘shani ushlab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Qo‘lini tekkizgisi keladi-da. Shunday qilib, o‘sha qizil ko‘ylakni ushlab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Qiz bechora, albatta, chinqira boshladi. Lenni esa qo‘rqqanidan nima qilishini bilmay uni mahkam ushlab, qo‘yvormaydi. Men shu yaqin orada edim. Qichqiriqni eshitib yugurib keldim. Qarasam, Lenni qizni ikki qo‘li bilan mahkam tutib turibdi. Qiz esa chinqirgani-chinqirgan. Menam bitta kaltakni qo‘limga olib Lennining boshiga tushirdim. Shundan keyin u qizni qo‘yib yubordi.
N o v ch a. Keyin nima bo‘ldi?
J o r j. Nima bo‘lardi. Qizcha menga tajovuz qildi, deb dodlab sherifning yoniga bordi. Uiddagi yigitlar to‘planishib, Lennini ushlab, toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi. Zovurga tushib, berkinib olishimizga to‘g‘ri keldi. Vaqti-vaqti bilan nafas olish uchun boshimizni suvdan ko‘tarardik. Kech kirganda zo‘rg‘a juftagimizni rostlab qoldik.
N o v ch a. G‘alati yigit ekan, lekin badjahl emas.
J o r j. Bilasanmi, bir kuni u bir qiliq qildi. Katta yo‘lda ketayotgandi, birdan… (Lenni kiradi.)
J o r j. Salom, Lenni! Kiraver!Kuchukcha yoqdimi senga?
L ye n n i. Oq jigarrang. Men shunaqasini xohlardim. Rahmat senga, Novcha!
J o r j. Kiraver, kiraver, Lenni!
L ye n n i. Nima gaping bor, Jorj?
J o r j. Menga qara, kuchukni bu yerga olib kirma degandim, shekilli?
L ye n n i. Qanaqa kuchukni?
J o r j. Oq jigarrang kuchukni.
L ye n n i. Kuchuk yo‘q menda.
J o r j. Yo‘qmi?
L ye n n i. Yo‘q.
J o r j. Uning kuchugi yo‘q.
L ye n n i. Kuchugi yo‘q.

(Jorj kuchukka qo‘l cho‘zadi. Lenni kuchukni qo‘yib yubormaydi.)

J o r j. Sen nima, buniyam o‘ldirmoqchimisan? Kuchuk onasi bilan yotishi, emishi kerak. Yana yolg‘on gapirasan-a? Bor, darrov kuchukni onasining yoniga qo‘yib kel. (Lenni teskari qaraydi.) Unday bo‘lsa, Novchaga aytishim kerak ekan, sendan kuchukni tortib olsin. Menga qara, Novcha…
L ye n n i. Yo‘q. Mening yomon niyatim yo‘q edi… Rost aytayapman. Men uni bir oz silab-siypab qo‘ymoqchiydim… Gapim rost, bir oz silamoqchi edim.
J o r j. Xo‘p, mayli. Darrov uni otxonaga eltib qo‘y. Bundan keyin uni bu yoqqa olib kelma.
L ye n n i. Yaxshi. O‘zimam shunaqa qilmoqchi edim. (Lenni chiqadi.)
J o r j. Xo‘sh, qalay?
N o v ch a. Go‘dak bolaning o‘zi!
J o r j. Ha. Endi uni o‘sha yerdan olib chiqib bo‘lmaydi! Lekin u yerda hech kimga xalaqit bermasa kerak.
K ye n d i. Salom, Novcha! Salom, Jorj! Nimaga oshiq tepmayapsizlar?
N o v ch a. Jonga tegdi o‘ynayverib!
K ye n d i (itga). Xo‘sh, ovqatlanamizmi? Tishlarining mazasi yo‘q… Ol… Ol… Yeyapti. Yigitlar bir qultum viskilaring yo‘qmi?
N o v ch a. Menda yo‘q. Bo‘lsa o‘zimam ichardim.
K ye n d i. Qurib ketgur shalg‘am. Og‘zimga olmasdan turib o‘zim ham biluvdim.
K a r l s o n (Uit bilan kiradi). Anavi Qoravoy biram yaxshi o‘ynaydiki.
U i t. Judayam yaxshi o‘ynaydi.
K a r l s o n (itni ko‘rib qolib). Ey, qurib ket! Biram qo‘lansa hid kelyaptiki! Yo‘qot bu yerdan itingni. Itning hidi kelganidan yomoni yo‘q!
K ye n d i. Ko‘pdan beri u men bilan birga. Undan yomon hid kelishini sezgan emasman.
K a r l s o n. Itingni bu yerdan yo‘qotaman! Uning hidi hali-veri ketmaydi! Tishlari yo‘q, oyoqlari sovuq urib bukilmay qolgan. Nima qilasan uni, Kendi? Nimaga uni otib tashlamaysan?
K ye n d i. Ey, yo‘q. Ko‘pdan beri u men bilan birga. Men uni kuchukligida boqib olganman. Qo‘ylarni boqishimga ko‘maklashgan… Hozir bunga ishonish qiyin-u, lekin yoshligida u haqiqiy nemis ovcharkasi edi. Uning medaliyam bor.
J o r j. Uiddagi bir tanishimning laycha kuchugi bor edi. Uniyam medali bor. Laychayam sigir boqishni bilardi. U bu ishni boshqa itlardan o‘rgangan!
K a r l s o n. Menga qara, Kendi. Bu qari it faqat azob chekayapti. Uni tashqariga olib chiqib, kallasidan otib tashla… U nima bo‘lganiniyam sezmaydi…
K ye n d i. Bunday qila olmayman… It ko‘pdan beri men bilan birga…
K a r l s o n. O‘ziyam jonidan to‘ygan bo‘lsa kerak… Undan biram yomon hid keladiki. Gap bunday, istasang, o‘zim otib tashlayman. Seni bu ishdan xalos qilaman.
K ye n d i. Unga o‘rganib qolganman. Men uni kuchukligida boqib olganman…
U i t. Qo‘ysang-chi uni, shved. Gap, kim qanaqa it boqayotganligida emas. Hamma gap egasining itga bo‘lgan munosabatida. Jin ursin, bir vaqtlar mening jo‘ngina ko‘ppak itim bor edi. Lekin uni eng qimmatbaho, zotdor itga almashtirmasdim.
K a r l s o n. Itning qiynalayotganini ko‘rish dahshat. Menga qara, shu kunlarda Novchaning iti tug‘di. Garov bog‘lashaman, u senga bitta kuchugini beradi. To‘g‘rimi, Novcha?
N o v ch a. Albatta.
K ye n d i. Bu qanaqasi, Novcha! Itim menga o‘rganib qolgan. Men uni kuchukligida boqib olganman. U qo‘y boqayotganimda menga ko‘maklashgan. Xudo haqqi, u haqiqiy ovcharka edi. Axir u azob chekishi mumkin.
K a r l s o n. Men uni shunday otamanki, o‘ziyam sezmay qoladi. Naq kallasidan… U tipirchilab ham qo‘ymaydi… Ertaga esa Novcha senga bitta kuchuk beradi.
N o v ch a. Kuchuklarim ko‘p.
U i t. Uning g‘ashiga tegaverma, shved…
K ye n d i. Sening miltig‘ing yo‘q-ku.
K a r l s o n. To‘pponcham bor. Oddiy brauning. Iting azob chekmay jon beradi.
K ye n d i. Yaxshisi, ertaga. Ertagacha sabr qilaylik…
K a r l s o n. Nima qilasan kutib? Buni bir yoqlik qilish kerak. Undan biram yomon hid kelayaptiki.
K ye n d i. Mayli, bilganingni qil.
K a r l s o n. U hecham qiynalmaydi. Qani, yur, azizim, yur… U hech narsani sezmaydi… Yur, azizim… Xo‘sh, barakalla, yur! Esi bor buning…
N o v ch a. Shved?
K a r l s o n. Nima?
N o v ch a. Kurak ham ol!
K a r l s o n. Xo‘p! Qani, yur, azizim… (chiqadi).
N o v ch a. Bitta xachirning tuyog‘i yorilibdi. Borib yarasiga qoramoy surtib kelay. Istagan kuchugingni tanlab olishing mumkin. Eshityapsanmi, Kendi?
K ye n d i. Ha. (Novcha ketadi.)
J o r j. Ey, malla. Qarta tashlashamizmi?
U i t. Mayli.
J o r j. Qani, suz.
U i t. Namuncha u ivirsidi? (O‘q tovushi eshitiladi. Kendi joyiga yotib oladi.)
U i t. Anavi jajji ayolga ko‘zing tushdimi?
J o r j. Qaysi jajji ayolga?
U i t. Qorachaning xotiniga.
J o r j. Ha. Ko‘rdim.
U i t. Xo‘sh, qalay?
J o r j. Bilmadim. Sinchiklab qaraganim yo‘q.
U i t. Yaxshilab qaragin-a. O‘shanda bilasan. O‘zini har ohangga solib yuradi-da. Bilishimcha, habashlarni ham hol-joniga qo‘ymaydi. Nima uchun shunday qilarkin?
J o r j. Haqiqatan ham, nima uchun shunaqa qiladi? U bu yerga kelganidan beri biror ko‘ngilsiz hodisa yuz berdimi?
U i t. Ko‘ngilsiz hodisami? Nimani so‘rayotganingni tushunmayapman. Hozircha hech narsa ro‘y bergani yo‘q. Uning kelganiga ikki haftacha bo‘ldi xolos. Qorachaning jig‘ibiyroni chiqyapti.
J o r j. Nima sababdan?
U i t. Nimaga bo‘lardi? Yigitlar ishdan keldi deguncha, u darrov paydo bo‘lib qoladi. Erimni axtarib keluvdim yo nimadir esimdan chiqibdi, deydi. O‘zi esa jilpanglagani-jilpanglagan.
J o r j. Erkaklarga havasi kelsa kerak-da.
K a r l s o n (kiradi). Hammasi joyida, Kendi. Iting g‘ing demadi.
U i t. Agar xohlasang, ertaga kechqurun shaharga tushamiz.
J o r j. Nima qilamiz?
U i t. Odatdagidek Syuzi kampirnikiga boramiz. Ko‘ngil ochadigan joy. Syuzi kampir g‘alati xotin. Doim xazil-mutoyibasiz turolmaydi. Masalan, o‘tgan shanba ostonasiga yetganimiz zahoti eshikni o‘zi ochib, “Ey, qizaloqlar, bo‘laqolinglar. Katta to‘pponchasini taqib sherif kelibdi”, – deydi. Birorta xunuk so‘z demadi. Beshta qizi bor.
J o r j. Beshta. Narxi qanchadan tushadi?
U i t. Ikki yarim dollardan.
J o r j. Yo‘q, men ikki yarim dollar berolmayman.

(Lenni kiradi.)

J o r j. Xo‘sh, kuchukni qoldirib keldingmi?
U i t. Axir, odam ba’zan ko‘ngilxushlik qilishiyam kerakmi?
J o r j. Yo‘q, Lenni bilan biz biroz pul ishlashimiz kerak.

(Qoracha kiradi.)

Q o r a ch a. Salom.
U i t. Qalay, o‘yinni davom ettiramizmi?
J o r j. Ey, jonga tegdi.
U i t. Bilganingni qil.
Q o r a ch a. Xotinimni ko‘rmadilaringmi?
U i t. Nima?
Q o r a ch a. Xotinimni hech kim ko‘rmadimi, deyapman?
U i t. Yo‘-q.
Q o r a ch a. Jin ursin, Novcha qani?
J o r j. Novchami?
Q o r a ch a. Ha, Novcha?
J o r j. Otxonaga ketdi. Xachirning tuyog‘iga qoramoy surkash uchun.
Q o r a ch a. Qachon ketdi?
U i t. Nima?
Q o r a ch a. Qachon ketdi, deyapman?
J o r j. O‘n daqiqacha bo‘ldi.
U i t. Ha, o‘n daqiqacha. (Qoracha ketadi.) Qoracha yana janjal boshlamoqchi. Borib tomosha qilamizmi. Yuringlar birga.
K a r l s o n. Anchadan beri durustroq yoqalashishni ko‘rganim yo‘q edi.

(Karlson bilan Uit chopib chiqishadi. Ularning ketidan Lenni shoshiladi.)

J o r j (Lenniga). U yerda sen yetmay turgan eding. Otxonada Novchaga ko‘zing tushdimi?
L ye n n i. Ha, ko‘rdim. U menga kuchukni hadeb silayverma, dedi. Men ortiqcha ish qilganim yo‘q, Jorj.
J o r j. U yerda bir ayolni ko‘rmadingmi?
L ye n n i. Qorachaning xotininimi?
J o r j. U otxonaga kirdimi?
L ye n n i. Men uni ko‘rganim yo‘q.
J o r j. Novcha u bilan gaplashayotganiniyam ko‘rmadingmi?
L ye n n i. Ha-da, ayol u yerda yo‘q edi.
J o r j. Yigitlar mushtlashishni ko‘ra olishmas ekan-da. Mabodo, janjal boshlangudek bo‘lsa, sen aralashma.
L ye n n i. Men mushtlashmayman.
J o r j. Durust, judayam yaxshi.
L ye n n i (Qartalarni qo‘liga olib). Ikkala tomoniyam bir xil ekan-a, Jorj, nimaga bir xil?
J o r j. Bilmayman. Shunaqa chiqarishadi-da. Novcha otxonada nima qilayotgandi?
L ye n n i. Novchami?
J o r j. Ha-da. Sen uni otxonada ko‘ribsan-ku. U senga kuchukni silayverma, debdi.
L ye n n i. Ha-a… U krujkada qoramoy va cho‘tka olib keldi. Bilmadim, nima uchun ekan.
J o r j. Haligi ayol bugun bu yerga kirganidek, otxonaga ham kirmaganini aniq bilasanmi?
L ye n n i. Kirgani yo‘q.
J o r j. Ey, yo‘q, yaxshisi, fohishaxona degan ma’qul. U yerga borsang, bamaylixotir ko‘nglingga yoqqan ishni qilasan. Maishating senga qanchaga tushishi oldindan ma’lum. Bunaqangi jiblajibonlar bilan muomala qilsang, oxiri yaxshilikka olib bormaydi. To‘g‘rimi, Lenni?
L ye n n i. Ha, oxiri voy bo‘ladi. Biz hademay chog‘roq yaylov sotib olamiz. Keyin o‘zimizga o‘zimiz xo‘jayin bo‘lib, quyonlar boqamiz-a?
J o r j. Bilmadim, buning uchun ko‘p pul topish kerak. Men arzonga sotib olish mumkin bo‘lgan bir yaylovni bilaman. Lekin uniyam baribir bekorga berishmaydi.
L ye n n i. O‘sha yaylov haqida gapirib ber, Jorj.
J o r j. Kecha gapirib berdim-ku.
L ye n n i. Mayli, yana gapirib ber.
J o r j. Xo‘sh, u yer o‘n tanobcha chiqadi. Kichkina shamol tegirmoni, chog‘roq uyi, bog‘chasiyam bor. Bog‘chada olucha, olma, yong‘oq, har xil mevalar o‘sadi. Beda ekadigan joyi ham bor. Sug‘orishga suv ham serob. Cho‘chqaxona, tovuqxonasi bor…
L ye n n i. Quyonxonasi…
J o r j. Yo‘q, u yerda quyonxona yo‘q.
L ye n n i. Ey-y-y…
J o r j. Quyonlarga bir necha qafas yasash qiyin emas-ku. Quyonlarni beda bilan boqaverasan.
L ye n n i. Boqaman, albatta, boqaman. Xudo haqqi, boqaman.
J o r j. Cho‘chqalarimiz ham bo‘ladi. Tog‘amnikidagiga o‘xshash go‘shtni dudlaydigan xonayam qurib olaman. Cho‘chqa yog‘ini dudlab kolbasa tayyorlaymiz. Daryoda baliq ko‘rinsa, ularni tutib quritib, dudlaymiz.
L ye n n i. Dudlaymiz!
J o r j. Quritamiz!
L ye n n i. Dudlaymiz!
J o r j. Quritamiz!
L ye n n i. Dudlaymiz!
J o r j. Quritilgan baliqdan mazaliroq narsa yo‘q!
L ye n n i. Ha!
J o r j. Biz uni nonushtadayam yeymiz. Mevalar pishganda, konserva qilamiz.
L ye n n i. Qanday qilib?
J o r j. Bu judayam oson. Yakshanba kunlari tovuq yoki quyon so‘yamiz…
L ye n n i. Tovuq so‘yamiz.
J o r j. Balki sigir yoki echki boqarmiz. Biram quyuq qaymoqlar tayyorlaylikki, uni pichoq bilan kesib, qoshiq bilan yeyish mumkin bo‘lsin.
L ye n n i. Endi uy haqida gapirib ber…
J o r j. Albatta o‘zimizning uyimiz, qulay yotoqxonamiz bo‘ladi. Yaylovdagi yer unchalik katta emas. Shuning uchun ko‘p ishlamaymiz. Balki kuniga olti-etti soat…
L ye n n i. Quyonlaram bo‘ladi. Men ularni boqaman. Shu to‘g‘rida gapirib ber.
J o r j. Bu judayam oson. Qop olib, beda o‘rasan. Keyin bedani qopga tiqib, qafasdagi quyonlarning oldiga qo‘yasan.
L ye n n i. Quyonlar bedani kavshashadi. Ularning qanday kavshashini ko‘rganman. Mana bunday.
J o r j. Quyonlar yaxshi boqilsa, har bir yarim oyda bola tug‘ib beradi. Bizga yeyishimiz va sotishimiz uchun yuzta quyon kifoya qiladi. Bundan tashqari, kaptar ham boqamiz.
L ye n n i. Nimaga?
J o r j. Kaptarlar tegirmonning atrofida pirillab uchadi. Hammasi o‘zimizniki bo‘ladi. Hech kim bizni haydab yuborolmaydi. Agarda birorta odam bizga ma’qul kelmasa: “To‘rt tomoning qibla”, deymiz. Xudo haqqi, u noiloj ketishga majbur bo‘ladi. Mabodo bizga do‘st bo‘lgan kishi kelsa: “Biznikida yotib qolsang bo‘lmaydimi?” deymiz.
L ye n n i. Shunday deymizmi?
J o r j. Shunday deymiz. Xudo haqqi, u biznikida qoladi. Iskovuch itimiz va ikkita targ‘il mushugimiz ham bo‘ladi. Quyonchalarni tishlab ketmasligi uchun ularga qarab turish kerak.
L ye n n i. Quyonchalarni tishlaydi? Qani, shunday qilib ko‘rsin-chi… Men ularni… hammasining abjag‘ini chiqaraman…
K ye n d i. Sen shunday yaylovni bilasanmi?
J o r j. Xo‘p, bilsam senga nima?
K ye n d i. Uning qayerdaligini so‘rayotganim yo‘q. Buning ahamiyati yo‘q.
J o r j. Xotirjam bo‘l. Sen uni yuz yildayam topa olmaysan.
K ye n d i. Yaylovning narxi qancha ekan?
J o r j. Deylik… Olti ming dollar. Senga nima? Biz o‘zimizga o‘zimiz xo‘jayin. Bizning ishimizga aralashma.
K ye n d i. Albatta, mening bir qo‘lim yo‘q. Mendan foyda kam. Mana shu yaylovda qo‘limdan ajralganman. Shuning uchun ham meni bu yerda farrosh qilib ushlab turishadi. Qo‘limni yo‘qotganim uchun 250 dollar berishgan. Bundan tashqari 50 dollar orttirganman. Bankda tayyor turibdi. Hammasi 300, oy oxirida yana 50 dollar olaman. Ana shunday. Balki meni o‘zlaringga sherik qilarsizlar? Mening ulushim 350 dollar bo‘ladi. Foydam kam tegadi-yu, lekin ovqat pishirish, tovuqlarga qarash, ekinlarni chopish qo‘limdan keladi. Xo‘sh, qalay?
J o r j. Bilmadim. Biz Lenni bilan birga yaylov sotib olmoqchi edik.
K ye n d i. O‘lganimdan keyin ulushimni sizlarga meros qoldiraman, deb vasiyatnoma yozib beraman. Chunki mening qarindoshlarim yo‘q. Sizlarning ham pullaring bormi, yigitlar? Balki yaylovni hoziroq sotib olarmiz?
J o r j. Ha. hoziroq deysanmi? Ikkovimizning 10 dollarimiz bor! Bankdagi puling qancha?
K ye n d i. 300 dollar.
J o r j. Yana 50, hammasi 350 dollar. Agarda Lenni bilan bir oy ishlab, bir chaqayam xarajat qilmasak, 100 dollar pulimiz bo‘ladi. Buniyam qo‘shsak 450 dollar. Bu naqd pulga, albatta, yaylovlarini sotishadi deb o‘ylayman. Bunga ishonchim komil. Cholu kampirlar mushkul ahvolga tushib qolishgan. Kampir kasal. Uni operatsiya qilishlari kerak. Ey, xudoyim! Bu pulga yaylovlarini sotishadi, deb o‘ylayman!..
K ye n d i. Men to‘rt yil avval mayib bo‘lganman. Hademay meni bu yerdan haydashadi. Supurish-sidirish qo‘limdan kelmay qolgan zahotiyoq quvishadi. Agarda pullarimni sizlarga bersam, o‘sha yerda ekin chopishimga ruxsat berasizlarmi, yigitlar? Mabodo, qo‘limdan hech ish kelmay qolgan taqdirdayam meni xafa qilmaysizlar-a. Bugun itimni nima qilishganini ko‘rdilaring-ku. Endi undan foyda yo‘q deyishdi. Bu yerdan haydashlaridan oldin biror kishi meniyam otib tashlasa yaxshi bo‘lardi. Lekin ular bunday qilishmaydi. Mening boradigan joyim yo‘q, hech qayerda ish topolmayman. Itimni o‘zim otishim kerak edi. Uni begona odamga topshirmasligim kerak edi.
J o r j. Aytganingday qilamiz! Jin ursin, yaylov sotib olamiz va uchchovimiz birga yashaymiz.
L ye n n i. Qachon yaylov sotib olamiz, Jorj?
J o r j. Bir oydan keyin. Bir oy kutgin.
L ye n n i. Kuchukni o‘zim bilan olib ketaman. O‘sha yerga u o‘rganib ketadi.
J o r j. Menda manzillari bor. Men yaylovning xo‘jayinlari – cholu kampirga xat yozaman. Kendi esa ularga 100 dollar bay puli yuboradi.
K ye n d i. Albatta. Men 300 dollar ham yuborishim mumkin. Uylari issiqmikin?
J o r j. Bo‘lmasam-chi, judayam issiq. U yerda ko‘miram, o‘tinam yoqish mumkin.

(Qorachaning xotini asta kiradi.)

J o r j. Bilasizlarmi, anavi fohisha sepadigan atirning hidi hammayoqni tutib ketayotganday tuyulyapti.
X o t i n. Kimni fohisha deyapsan? Men fohishamanmi? Men obro‘li oiladanman. Meni obro‘li odamlar tarbiya qilishgan. Erga tegayotganimda or-nomusim o‘zimda bo‘lgan. Eshityapsizlarmi? Or-nomusli bo‘lganman! Ha! Qorachaning qanaqaligini o‘zlaring bilasizlar. Agarda u mendan shubha qilganda, allaqachon urib o‘ldirardi. U menga ishonadi. Meni fohisha deyishga haqlaring yo‘q sizlarning.
J o r j. Fohisha bo‘lmasang, nima uchun erkaklarning bo‘yniga osilmoqchi bo‘lasan? Uying bor, ering bor… Seni deb har xil yolg‘on-yashiq gaplar tarqashini istamayman.
X o t i n. Albatta, erim bor. Lekin u hech qachon uyda bo‘lmaydi. Birga o‘tirib suhbatlashadigan kishim yo‘q. Bir umr uyda o‘tirib, Qorachaga ovqat pishirishim kerak, deb o‘ylaysizlarmi? Mening odamlarga aralashgim keladi. Bu yerda men yakkayu yagona ayolman axir. Shaharga piyoda borishim kerakmi? Qoracha bo‘lsa, men bilan biror ko‘ngilochar joyga borishniyam istamaydi. Gapim rost, mening faqat suhbatlashgim keladi, xolos.
J o r j. Agar suhbatdosh axtarmoqchi bo‘lsangiz, nimaga hammaga qosh qoqib, jilpanglaysiz?
X o t i n. Hammaga yoqqim keladi-da…
N o v ch a (sahna ortida). Arzimagan narsaga baqirish yaramaydi.
Q o r a ch a (sahna ortida). Baqirganim yo‘q, so‘radim, xolos. Vassalom.
J o r j. Boring. Mening gap-so‘zga toqatim yo‘q.

(Xotin ketadi. Novcha, Qoracha, Karlson va Uit kirishadi.)

Q o r a ch a. Seni xafa qilmoqchi emasdim, Novcha! O‘zim so‘radim-da.
N o v ch a. Nimagadir tez-tez so‘raydigan bo‘lib qolding. Jonimga tegdi so‘rashlaring. Xotiningni tergash qo‘lingdan kelmasa, menda nima ayb?
Q o r a ch a. Shunchaki, o‘zimcha so‘radim deyapman-ku senga… O‘ylabmanki…
N o v ch a. Meni tinch qo‘y.
K a r l s o n. Nega uning uyma-uy sanqib yurishiga ruxsat berasan? Shoshmay tur, hali u orttirib kelganidan keyin noiloj qolasan…
Q o r a ch a. O‘chir ovozingni! Bo‘lmasa bir zumda seni bu yerdan haydab chiqaraman!
K a r l s o n. Sen badbaxt tirrancha! Novchani qo‘rqitmoqchi bo‘luvding, eplolmading. Mana endi qo‘rqqaningdan ranging o‘chib ketdi. O‘zingni zo‘rman deb o‘ylama. Qani, menga tegib ko‘r-chi, uningni o‘chirib qo‘yaman.
K ye n d i. Vazelinli qo‘lqop… (Hammalari kulishadi.)
Q o r a ch a. Sen nimaga kulayapsan?
L ye n n i. Nima?
Q o r a ch a. Birorta itvachchaga o‘zimni mazax qildirib qo‘ymayman. Qani bu yoqqa kel! Qo‘rqqanimdan rangim o‘chib ketganini sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman! Bu yoqqa kel!
L ye n n i. Jorj, u mendan nima istaydi?
Q o r a ch a. Kel, deyapman! (Qoracha Lennini uradi.)
N o v ch a. Iflos kalamush. Hozir uning adabini berib qo‘yaman!
J o r j. Shoshma! Lenni, mahkam ushla uni, Lenni, ushla uni!

(Lenni Qorachaning qo‘lidan mahkam ushlab oladi. Qoracha baqirib, qutulishga urinib yiqilib tushadi.)

L ye n n i. Jorj, nimaga u meni urdi? Unga hech narsa qilganim yo‘q-ku?
J o r j. Endi uni qo‘yib yubor, Lenni, qo‘yib yubor! Menga yordamlashsalaring-chi, Novcha! Qo‘li mayib bo‘ladi, axir!

(Jorj Lennini uradi. Lenni Qorachaning qo‘lini qo‘yib yuboradi.)

L ye n n i (yig‘laydi). O‘zing shunday qilgin degan eding-ku, Jorj!
N o v ch a. Uni tabibga olib borish kerak. Suyagi singanga o‘xshaydi. Karlson, otlarni qo‘sh! Uni shaharga olib borasan…
J o r j. Nima qilamiz, Novcha? Endi bizni bu yerdan haydashadimi? Qorachaning otasi haydab yuboradimi?

(Qoracha o‘ziga keladi. Karlson kiradi.)

N o v ch a. Bilmadim…
K a r l s o n. Arava tayyor.
N o v ch a. Shoshma. (Qorachaga) Gapimga quloq sola olasanmi? (Qoracha bosh irg‘itadi.) Bo‘lmasa, quloq sol. Baxtsizlik sodir bo‘ldi. Qo‘ling mashinaning tagida qoldi. Agarda nima bo‘lganligini hech kimga aytmasang, bizam indamaymiz. Agarda birortaga aytsang-u, manavi yigitchani bu yerdan haydashlarini talab qilsang, bizam bo‘lgan gapni hammaga aytib beramiz. Keyin sening ustingdan kulishadi. Tur o‘rningdan. Karlson seni tabibga olib boradi.
Q o r a ch a. Men aytmayman. (Karlson bilan Qoracha ketishadi.)
J o r j. Unga tegib bo‘lmaydi degan edim-ku sizlarga. Yoki senga aytgan edimmi, Kendi?..
K ye n d i. Ha, aytgan eding. Bugun ertalab, Qoracha birinchi marta do‘stingga do‘q qilganda: “Agarda o‘ziga-o‘zi dushman bo‘lmasa, yaxshisi, Lenniga tegmasin!” deganding.
N o v ch a (Lenniga). Sening hech qanaqa aybing yo‘q. Anavi burnaqi o‘zini-o‘zi baloga yo‘liqtirdi.
J o r j. Mayli endi, tur o‘rningdan, yuvinib kel. Aftingga qaragin, kimlarga o‘xshab ketibsan.
L ye n n i. Jorj, endi quyon boqishimga ruxsat berasanmi?
J o r j. Bo‘lmasa-chi. Sening hech qanaqa aybing yo‘q.
L ye n n i. Ha, o‘zing aytgan eding-ku.
N o v ch a. Mayli endi, uxlaylik.

(Hammalari o‘rinlariga joylashishadi.)

K ye n d i. Jorj, ertaga pulni olib kelish uchun shaharga borsam bo‘laveradimi?
J o r j. Bilmadim, Kendi. Yot endi, uxla.

IKKINChI PARDA

To‘rtinchi ko‘rinish

Otxona. Kuchukning oldida Lenni o‘tiribdi.

L ye n n i. Nima sababdan joning chiqib ketdi? Sichqonga o‘xshash kichkintoy emassan-ku. Qolaversa, seni judayam muloyim silagan edim. O‘lib qolganingni bilsa, Jorj menga quyon boqtirmaydi… Nima qilish kerak, nima qilsam bo‘ladi… Falokat yuz berdi. “Agarda falokat yuz bersa, daryo bo‘yiga qochib, u yerga berkinib ol”. Daryo bo‘yiga qochadigan hech qanaqa ish qilganim yo‘q. Ey, hech narsa bo‘lgani yo‘q. Jorjga o‘zi o‘lib qoldi, deyman. Lekin Jorj baribir bilib oladi. “Bu nima qilganing, itvachcha? Meni kalaka qilma!” deydi. Va yana: “Bu qilig‘ing uchun endi quyon boqmaysan”, deydi.

(Kendi kiradi.)

K ye n d i. Shu yerdaligingni bilardim. Menga qara, Lenni. Hamma ish joyida. Seni haydashmaydi. Men hozirgina Novcha bilan gaplashdim. Novcha xo‘jayinga Qorachaning qo‘lini mashina bosib oldi, dedi. Xo‘jayin bunga ishondi. Ey-y, Lenni, nima, xursand emasmisan?
L ye n n i. Nega endi? Xursandman. Judayam xursandman.
K ye n d i. Bo‘lmasa-chi. Bunaqangi janjaldan qutulib ketishning o‘zi bo‘ladimi. Bilasanmi, xo‘jayin Qorachaning xotinini rosa urishibdi. Uyma-uy sanqib yurma, erkaklarning orasiga suqilma, debdi. Novchaning aytishicha, xo‘jayin unga oshirib do‘q qilibdi. Bilishimcha, xo‘jayin bilan Qoracha xotinni boplab o‘rtaga olishganga o‘xshaydi. Menga qara, Lenni, tobing qochdimi?
L ye n n i. Nega endi, sog‘man. Soppa-sog‘man.
K ye n d i. Endi borib, hamma gapni Jorjga aytay.
L ye n n i. Ha, u oshiq o‘ynayapti.
K ye n d i. Aytmoqchi, Lenni. Men shaharga borib, bankdan pullarimni oldim. Mana. (Kendi ketadi.)
L ye n n i (kuchukka). Nega o‘lib qolding? Sichqonga o‘xshash, mitti emassan-ku. Jorj endi quyon boqishimga ruxsat bermaydi. Ular menga seni hali kichkina deyishgandi. Lekin bunday osongina o‘lib qolishingni qayerdan bilibman. Balki Jorjning jahli chiqmas.

(Qorachaning xotini kirib, chamadonini berkitadi. Keyin Lenniga ko‘zi tushib qoladi.)

X o t i n. Bu yerda nima qilayapsan?
L ye n n i. Menmi… o‘tiribman… turibman…
X o t i n. Biror narsani ko‘rdingmi?
L ye n n i. Ha, chamadoningizni qo‘ydingiz.
X o t i n. Menga qara. Shoshma. Sirimni fosh qilmaysanmi?
L ye n n i. Nima?
X o t i n. Chamadon to‘g‘risida hech kimga aytmaysanmi?
L ye n n i. Siz bilan nima ishim bor? Jorj sizdan nariroq yurishni buyurgan. Hatto, gaplashmagin degan.
X o t i n. Jorj doim senga xo‘jayinlik qiladimi?
L ye n n i. Siz bilan gaplashmagin degan, xolos!
X o t i n. Chamadon to‘g‘risida birovga aytib qo‘ymaysanmi? Bilasanmi, men bu yerdan ketmoqchiman. G‘oyib bo‘laman-u, ular menga qaytib baqira olishmaydi. San’atkor bo‘laman. Kinoda rol o‘ynayman.
L ye n n i. Men siz bilan gaplashmayman. Jorj menga man etgan.
X o t i n. Nega men bilan gaplashging kelmaydi? Men bilan hech kimning gaplashgisi kelmaydi. (Lenni bochkaning ostidagi kuchuk bilan ovora bo‘ladi.) Nima bor u yerda?
L ye n n i. Bu mening kuchugim. Mening kuchugim.
X o t i n. Qani? Bochkani ko‘tar-chi! U o‘lib qolibdi-ku!
L ye n n i. Ha, lekin tirik edi. U biram kichkina ediki. Men uni silardim. U esa, xuddi meni tishlamoqchi bo‘lganday o‘ynashardi… Men uni go‘yo urmoqchi bo‘lib… urdim ham. Keyin u o‘lib qoldi.
X o t i n. Yig‘lama, yigitcha. Bu yaylovda kuchukdan ko‘pi yo‘q. Boshqasini tanlab olasan.
L ye n n i. Uni aytayotganim yo‘q. Endi Jorj menga quyon boqishga ruxsat bermaydi.
X o t i n. Qanaqa quyon?
L ye n n i. Qizil, ko‘k, yashil, ko‘pdan-ko‘p har xil quyonlarni.
X o t i n. Ey, jinni ekansan-ku!
L ye n n i. Yo‘q, Jorj jinni emassan, deydi. Aytganday, siz bilan gap­lashishim mumkin emas.
X o t i n. Sen qo‘rqmay qo‘yaqol. Jorj oshiq o‘ynayapti. U hech narsa sezmaydi. Seni so‘kmaydiyam.
L ye n n i. Biz chog‘roq yaylov sotib olib, o‘sha yerda yashaymiz. Bizning quyonlarimiz, bog‘imiz va ekinzorlarimiz bo‘ladi…
X o t i n. Bilasanmi, men bunaqangi hayotga o‘rganmaganman. Men shaharda yashardim. Kunlardan bir kun shahrimizga teatr keldi. Men bir aktyor bilan tanishdim. U menga birga ketaylik, dedi. Sen tug‘ma iste’dodsan, dedi. Lekin o‘shanda onam ruxsat bermagan. Onam sen hali yoshsan, degan. O‘sha paytda o‘n besh yashar edim. O‘sha aktyor bilan ketganimda, bunaqangi kunlarga qolmas edim.
L ye n n i. Men qop olib, uni bedaga to‘lg‘azaman, keyin…
X o t i n. Keyin yana bir aktyor bilan raqsga tushishga borardik. U seni kinoga joylashtirib qo‘yaman, dedi. Yaqinda Gollivudga qaytganimdan so‘ng, senga xat yozaman, dedi. Lekin xatini olmadim. Menimcha, xat kelgan bo‘lsayam, oyim mendan yashirgan. Shunday qilib, hayotda hech narsaga erishib bo‘lmaydigan joyda qolishni xohlamadim. Qolaversa, xatlarimniyam o‘g‘irlashardi. Men oyimdan, xatni mendan yashirganmisiz, yo yo‘qmi, deb so‘raganman. Shundan keyin Qorachaga erga tegdim. Biz u bilan o‘sha oqshom raqs tushadigan joyda tanishgandik.
L ye n n i. Kuchukni biror joyga olib borib tashlasam, balki Jorj sezmas. Shunday emasmi?
X o t i n. Hozir senga hech kimga aytmagan gapimni aytaman. Aytsammikin yo aytmasammikin? Xayr, mayli. Men Qorachani yomon ko‘raman.
L ye n n i. Menam.
X o t i n. U yomon odam. Bu yerda qolsam ham bo‘laveradi-yu, lekin kecha ular chol bilan meni shunaqa ta’zirimni berishdiki, aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Men bu yerda qola olmayman. Kechasi ketaman. Mashina to‘xtatib, Gollivudga ketaman. Kinoga tushaman.
L ye n n i. Bizam ketamiz. Bu yer menga yoqmadi.
X o t i n. Men chiroyli liboslar kiyaman, dabdabali mehmonxonalarda turaman. Meni suratkashlar suratga olishadi. Radioda, televideniyeda chiqaman. Bularning barchasiga bir chaqayam sarf qilmayman. Chunki mashhur san’atkor bo‘laman-da. Axir, anavi kishi, sen tug‘ma iste’dodsan, degan-ku…
L ye n n i. Agarda anavi targ‘il mushuklar quyonlarni tishlasa, ularning abjag‘ini chiqarib qo‘yaman.
X o t i n. Shunisiyam borki, Qorachani tashlab ketsam, oyim meni bo‘lak ko‘rgisi kelmaydi. U meni xaligidaqasan, deyishi mumkin. Aslida oilamizning o‘ziyam haligidaqa. Oyim buni yashiradi. Otam ichkilikboz edi. Uni qamab qo‘yishgan. Mana shunaqa. Senga bor sirimni gapirib berdim.
L ye n n i. Bir kuni Jorj bilan yarmarkaga borgan edik. Nima istasang, bor ekan. Hatto quyonlaram bor. Men ularni muloyim silashni bilaman.
X o t i n. Nahotki quyonlardan bo‘lak narsa haqida o‘ylashni bilmasang? (Tuyoq tovushlari eshitiladi.) Nima uchun quyonlarni bunchalar yaxshi ko‘rasan?
L ye n n i. Men yoqimli, muloyim narsalarni silashni yaxshi ko‘raman. Durustrog‘i topilmasa, ba’zan sichqonlarniyam silardim.
X o t i n. Men shoyi va baxmal silashni yoqtiraman, sen-chi?
L ye n n i. Bo‘lmasa-chi! Mening baxmalim bor edi. Menga uni bir ayol – xolam Klara bergan. U menga mana bunday parchasini bergandi. Men uni yo‘qotib qo‘yganman. Ancha bo‘ldi.
X o t i n. Men esa sochlarimni silashni yaxshi ko‘raman. Ba’zan sochlarim muloyim bo‘lganligidan uzoq vaqt silab, tarab o‘tiraman. Ba’zilarning sochi dag‘al bo‘ladi. Qorachaning sochi shunaqa. Meniki esa muloyim va nozik. Bu tez-tez tarab turganimdan. Soch muloyim bo‘lishi uchun uni tez-tez yuvib, tarab turish kerak. Mana, ushlagin-a, ushlagin. (Lenni xotinning sochlarini silaydi.) Xo‘sh, qalay, yoqadimi?
L ye n n i. Ha.
X o t i n. Sochlarimni to‘zg‘itib yuborma… Nima qilayapsan… Sochlarimni to‘zg‘itib yubording. Voy, qo‘pol-e, shunaqa qilib bo‘ladimi… Meni bo‘g‘ib qo‘yasan… (Lenni batarroq silay boshlaydi.) Qo‘ysang-chi! Nima qilayapsan!
L ye n n i. Baqirmang!
X o t i n. Qo‘yvor meni! Qo‘yvor!
L ye n n i. Baqirmang, deyapman!
X o t i n. Uf-f… (Lenni uni bir siltaydi va xotin jimib qoladi.)
L ye n n i. Iltimos, baqirmang! Jorj, yana bir balo qilib qo‘yibsan, deydi. Sizga qattiq tegmoqchi emasdim! Baqirsangiz Jorjning jahli chiqadi. Yana bir balo qilib qo‘yganga o‘xshayman… Falokat yuz berdi… Bunaqa qilish kerak emasdi. Endi Jorjning jahli chiqadi. Nima qilish kerak? Agarda falokat yuz bersa, daryo bo‘yiga chopib, o‘sha yerda berkinib ol… (chopib ketadi. Kendi kiradi.)
K ye n d i. Lenni, bilasanmi? Men ba’zi narsalarni o‘ylab qo‘ydim. Lenni, qayerdasan?

(Xotinni ko‘rib qolib, cho‘chib qochadi.)

K ye n d i. Jorj! Jorj! (Kendi Jorj bilan qaytib kiradi.)
J o r j. Nima bo‘ldi senga, Kendi?
K ye n d i. Buni qara!
J o r j. Lenni qani?
K ye n d i. Hozir shu yerda edi. Jorj, kim qildiykin buni?
J o r j. Shunaqa bo‘lishini bilardim! Ahmoq! Shunday bo‘lishini sezgan edim.
K ye n d i. Jorj, endi nima qilamiz?
J o r j. Nima qilamiz? Nima qilamiz emish… Gap bunday… Bo‘lgan voqeani hammaga aytish kerak…
K ye n d i. Yo‘q!
J o r j. Uni bir joyga qamab qo‘yishsa kerak-a, Kendi?
K ye n d i. Yo‘q, Jorj, biz uni qochirib yuborishimiz kerak. Sen Qorachani bilmaysan. U Lennini vahshiyona jazolaydi. Boshini yerga qilib daraxtga osib qo‘yadi. Keyin joni chiqquncha qamchilaydi.
J o r j. Ha, gaping to‘g‘ri. Qoracha shunday qilishi mumkin. Boshqalaram qarab turishmaydi.
K ye n d i. Lekin sen bilan baribir o‘sha yaylovni sotib olamiz-a, Jorj? O‘sha yoqqa ko‘chib, yashaymiz. To‘g‘rimi, Jorj? To‘g‘rimi? Men bankdan pullarni oldim-ku, axir!
J o r j. Boshidan shu narsani sezib yurardim… Shunday bo‘lishini bilardim. Lekin Lenni bu to‘g‘rida eshitishni biram yaxshi ko‘rardiki, o‘zimam ishonib qolgan ekanman.
K ye n d i. Demak, hammasi barbod bo‘ldimi?
J o r j. Yana bir oy ishlab, qizlarning yoniga boraman-u, ertalabgacha maishat qilaman. Har oyda shunaqa qilaman, har oyda. Bo‘lgan voqeani hammaga aytish kerak. Ular Lennini tutishsa kerak. Boshqa iloji yo‘q. Balki unga tegishmas. Lennini ehtiyot qilishim kerak. Menga qara, Kendi, ular meniyam bu ishga aralashgan deb o‘ylashlariyam mumkin-a?..
K ye n d i. Men bankdan pullarni oldim-ku…
J o r j. Men boray, sen birozdan keyin to‘s-to‘polon ko‘tar, go‘yo…
K ye n d i. Men bankdan pullarni oldim-ku…
J o r j. …go‘yo xotinni hozirgina ko‘rib qolganday…
K ye n d i. Men bankdan pullarni oldim-ku…
J o r j. Tushundingmi, Kendi?..
K ye n d i. Men, axir, bankdan pullarni oldim-ku…
J o r j. Gapimga quloq sol, Kendi… Ular meniyam bu ishga aralashgan deb o‘ylashlari mumkin. Men boray, sen birozdan keyin to‘s-to‘polon ko‘tar, go‘yo xotinni hozirgina ko‘rib qolganday… Shunday qilasanmi, Kendi?
K ye n d i. Albatta, Jorj, albatta shunday qilaman…
J o r j. Bo‘pti, birozdan keyin yugurib chiqib baqira boshla. Men ketdim. (Jorj ketadi.)
K ye n d i. Qalay, manjalaqi, murodingga yetdingmi? Endi xursand bo‘lsang kerak? Hamma bilardi, uchiga chiqqan xotin ekanligingni! Men ekin ekib, yigitlarga ovqat pishirgan bo‘lardim. Uyimizga birorta do‘st odam kelib qolguday bo‘lsa: “Biznikida yotib qolgin”, derdik. Xudo haqqi, u yotib qolgan bo‘lardi. Bizning cho‘chqalarimiz va tovuqlarimiz bo‘lardi. Iskovuch itimiz va ikkita targ‘il mushugimiz. Qishda esa issiq uyda o‘tirib, yomg‘ir yog‘ishiga quloq solardik. (Zang chaladi. Novcha, Uit va Karlson kirishadi.)
N o v ch a. Nima gap, Kendi? (Murdaga ko‘zlari tushadi. Qoracha va Smitti kiradi.)
Q o r a ch a. Nima bo‘ldi, nima gap? (Murdani ko‘radi.) Bu kimning ishi ekanligini bilaman. Anavi itvachcha barzangining ishi. Boshqa odam qilmaydi. Biz oshiq o‘ynayotgan edik-ku. (Xotinini ko‘tarmoqchi bo‘ladi.) Yordamlashinglar!
(Smitti va Qoracha xotinni ko‘tarib olib chiqishadi. Shoshib Jorj kiradi.)
N o v ch a. Bu Lennining ishi. Bo‘yni sinibdi. Bu xuddi Uiddagi voqeani eslatadi. Qani u?
J o r j. Bilmadim. (Qoracha va Smitti kirishadi.)
Q o r a ch a. Bilaman, bilaman. Barzangi qilgan. Hozir uni tutib, boshini yerga qaratib osib qo‘yaman. Keyin rosa qamchilayman…
U i t. Yur, Qoracha.
S m i t t i. Yur, Qoracha.
K a r l s o n. To‘pponchamni olvolay. (Karlson, Smitti, Uit va Qoracha ketishadi.)
N o v ch a. Uni ushlash kerak.
J o r j. Menga qara, Novcha. Uni ushlab, oyoq-qo‘lini bog‘lab qamab qo‘yish kerak. Lekin uni toshbo‘ron qilishga yo‘l qo‘yish kerak emas. Axir, u jinni. U bu ishni o‘ylamasdan qilgan.
N o v ch a. Qorachani to‘xtatib bo‘larmidi? Ko‘rib turibsan-ku uning vajohatini. Menimcha, Lennining faqat bitta iloji qoldi, xolos.
J o r j. Bilaman. (Qoracha kiradi.)
Q o r a ch a. Novcha, biz bilan borasanmi?
N o v ch a. Ha. (Karlson kiradi.)
K a r l s o n. Yana bitta voqea bo‘libdi.
Q o r a ch a. Nima yana?
K a r l s o n. Barzangi to‘pponchamni o‘g‘irlabdi. To‘pponcha xaltamda yo‘q.
Q o r a ch a. Xo‘sh, bu yoqqa kel-chi. Qoravoyning yoniga bor. Uning miltig‘ini ol. Arg‘amchi olish ham esingdan chiqmasin. (Karlson chiqadi, Uit kiradi.)
Q o r a ch a (Uitga). Eshitdingmi, ablah Lenni Karlsonning to‘pponchasini o‘g‘irlabdi.
U i t. Xo‘sh? Men uning qayerga yashiringanini bilaman. Faqat daryo bo‘yiga yashirinishi mumkin. O‘sha yerga berkingan bo‘lsa kerak. Miltig‘im yo‘q-da.
Q o r a ch a. Dadamnikini ol. (Uit ketadi, Karlson kiradi.) Oyog‘iga qarab ot. U darrov yiqiladi, keyin… (Jorjga) Sen biz bilan borasanmi?
J o r j. Ha, boraman.
Q o r a ch a. Juda soz. (Uit va Smitti kirishadi.)
U i t. Hammasi joyida. Qoravoyni sherifning yoniga yubordim. Hamma ish qonunga muvofiq bo‘ladi…
Q o r a ch a. Xo‘sh, endi ketaversak bo‘lar?
N o v ch a. Menga qara, Qoracha. Balki xotiningning yonida qolganing yaxshidir?
Q o r a ch a. Endi unga hech kim yordam bera olmaydi. Yo‘q, borib ablah Lennining ichak-chavog‘ini ag‘daraman. (Jorj Qorachaning yo‘lini to‘sadi.)
Q o r a ch a. Nima deysan?
J o r j. Lennini o‘ldirish shartmasdir balki? Uni qamab qo‘yish kerak. U axir, bechora, jinni-ku. Nima qilayotganini bilmagan.
Q o r a ch a. Nima qilayotganini bilmagan? Karlsonning to‘pponchasini o‘g‘irlagani-chi?
J o r j. Balki Karlson to‘pponchasini o‘zi yo‘qotgandir?
K a r l s o n. To‘pponchamni ertalab ko‘rgandim. O‘g‘irlagani aniq.
Q o r a ch a. Menga qara, yigitcha. Yaxshisi, oldimizga tushib, yursang bo‘lardi. Bo‘lmasa, sendanam shubhalanishimiz mumkin. (Jorj ketadi.)
Q o r a ch a. Eshitdilaringmi? (Qoracha, Smitti, Uit, Karlson, Novcha chiqishadi.)
K ye n d i. Bechora Lenni! Uni nima qilisharkin endi!

Beshinchi ko‘rinish

Birinchi ko‘rinishning sahnasi. Lenni to‘ngakning ustida uxlab yotibdi. Yaqinlashayotgan hushtak tovushi eshitiladi. Jorj yugurib kiradi.

J o r j. Lenni! Lenni! Lenni! Tur o‘rningdan!
L ye n n i. Jorj, senmisan?
J o r j. Tezroq berkin, anavi yoqqa berkinib ol!
L ye n n i. Men hech narsa qilganim yo‘q-ku! Men uni faqat silamoqchi edim, xolos.
J o r j. Tezroq berkin, anavi yoqqa berkin!
L ye n n i. Men, axir, hech narsa qilganim yo‘q-ku! Faqat uni silamoqchi edim, xolos.
J o r j. Tezroq berkin deyapman! (Lenni berkinadi. Uit bilan Novcha kirishadi.)
U i t. O‘zing yolg‘iz yurmasang bo‘lardi. Miltig‘ing yo‘q. Ey, bu yoqqa!
N o v ch a (Jorjga). Shu yerda ekanmi?
J o r j. Ha.

(Hammalari yugurishib kirishadi.)

K a r l s o n. Bu yerdayam yo‘q-ku.
Q o r a ch a. Qayerga ketdiykin, yaramas? Balki daryodan suzib o‘tib, narigi qirg‘oqda yashirinib yotgandir?
K a r l s o n. U suzishni biladimi?
J o r j. Suvga tushsa, toshdek cho‘kadi.
N ov ch a. Bunaqangi to‘planishib yursak, uni hecham topolmaymiz. Tarqalishimiz lozim. Mana yo‘lak, makkajo‘xorizor, katta yo‘l. Tarqalishib hammayoqni tintib chiqamiz.
Q o r a ch a. Novcha to‘g‘ri aytayapti. Tarqalishimiz lozim. Eng muhimi, o‘sha chala tug‘ilganni tutib olsak bo‘lgani. Qani, ketdik. (Hammalari ketishadi. Shoshilib Jorj bilan Novcha kiradi.)
N o v ch a. Endi tushungandirsan, Lennining faqat bitta iloji qolganligini? Yaxshisi, buni men qilganim ma’quldir?
J o r j. Yo‘q, o‘zim qilaman. (Novcha ketadi. Lenni kiradi.)
L ye n n i. Jorj! Yigitlar qayoqqa ketishdi?
J o r j. Ovga.
L ye n n i. Ovga? Biz nimaga bormayapmiz? Men ov qilishni yaxshi ko‘raman. Falokat yuz berganligi uchun ketishdimi?
J o r j. Buning endi ahamiyati yo‘q.
L ye n n i. Ahamiyati bo‘lmasa, biz nimaga bormayapmiz? Nega indamaysan? Menga o‘shqirmaysanmi?
J o r j. Senga o‘shqiraymi?
L ye n n i. Ha-da, har qachongidek: “Agarda sen bo‘lmaganingda, o‘zim bemalol yashardim. Har oyda 50 dollar ishlab, shaharga tushib, ko‘nglimga yoqqan ishni qilardim”, demaysanmi? Nimaga shunaqa demayapsan?
J o r j. Deyman, Lenni, deyman. Biroz jim turaylik.
L ye n n i. Qani! “Agarda sen bo‘lmaganingda…”
J o r j. Agarda sen bo‘lmaganingda, o‘zim juda yaxshi yashardim…
L ye n n i. Ha, Jorj. Gapiraver. Mening ta’zirimni berishing kerak-ku.
J o r j. Yo‘q.
L ye n n i. Hali, shunaqami? Demak, ketishimni xohlaysan-a? Mayli, men ketaman. Tog‘larga, g‘orga berkinib, o‘sha yerda tanho yashayman. Oftobda ag‘anab yotaman. Hech kim menga xalaqit bermaydi. Agarda sichqon topsam, uni o‘zimda qoldiraman. Hech kim uni mendan tortib olmaydi. Hoziroq ketishim mumkin.
J o r j. Yo‘q, Lenni. Men bilan qolishingni istayman.
L ye n n i. Mayli, agarda shuni xohlasang… Endi, Jorj, bilasanmi, menga gapirib ber. Har qachongidek gapirib ber…
J o r j. Mayli… Birovlarning yaylovida bizga o‘xshab yollanib ishlaydigan yigitlar bu dunyoda g‘arib, yakkayu yolg‘iz bo‘lishadi. Ularning oilasiyam, uy-joyi ham yo‘q. Ular yaylovga kelib, biroz ishlab pul orttirishadi-yu, keyin shaharga borib topgan pullarini ko‘kka sovurishadi. Ularning kelajagi yo‘q.
L ye n n i. Ularning kelajagi yo‘q. Biz boshqa gap.
J o r j. Ha, biz – butunlay boshqa gap. Bizning kelajagimiz bor.
L ye n n i. Nima sababdan?
J o r j. Chunki mening yonimda sen bor.
L ye n n i. Mening yonimda esa – sen. Sababi shu. Endi yaylov haqida gapirib ber. (Hushtak tovushi eshitiladi.) Yigitlar ov qilishyapti.
J o r j. Ha, ular ov qilishyapti. Qalpog‘ingni yech, Lenni.
L ye n n i. Quyosh esa botayapti.
J o r j. Ha, quyosh botayapti. Endi daryoga qarab tur, Lenni. Men senga hikoya qilaman, sen esa daryoga qarab tur. Nimaniki hikoya qilsam, daryoda o‘z ko‘zing bilan ko‘rishga harakat qil. Tushundingmi gapimga, Lenni?
L ye n n i. Ha! Tushundim. Qarab turibman, Jorj.
J o r j. Yaqinda, hademay biroz pul yig‘amiz. Keyin chog‘roq uy, ozroq yer, sigir, cho‘chqa sotib olamiz. Tovuqxonamiz ham, cho‘chqaxonamiz ham bo‘ladi…
L ye n n i. Quyonxonamiz ham…
J o r j. Quyonxonamiz ham…
L ye n n i. Mendan xafa bo‘lding, deb o‘ylabman.
J o r j. Yo‘q, Lenni. Men hech qachon sendan xafa bo‘lgan emasman. Hoziram xafa emasman. Shuni yaxshi bil. (Jorj to‘pponchani oladi.)
L ye n n i. Bilaman, Jorj.
J o r j. Endi daryodan ko‘zingni uzma, yaxshilab qara, Lenni! Chog‘roq uy, bog‘cha, bog‘chada yong‘oqlar, oluchalar, olmalar. Ko‘rayapsanmi shularni?
L ye n n i. Ha, ha!
J o r j. Yana shamol tegirmoni. Atrofda kaptarlar parvoz qilishadi. Hovlida esa, cho‘chqalar, tovuqlar, sigir, iskovuch it va ikkita targ‘il mushuk yurishibdi.
L ye n n i. Quyonlaram. Hammasini ko‘rayapman, Jorj!
J o r j. Ha, quyonlaram! Har xil rangdagi minglab quyonlar!
L ye n n i. Ko‘k, qizil, yashil rangdagi quyonlar! Shularni ko‘rayapman, Jorj, ko‘rayapman!

(Jorj to‘pponchadan o‘q uzadi. Lenni yiqiladi. Novcha, Uit, Smitti, Karlson, Qoracha yugurishib kirishadi.)

T a m o m

Rus tilidan Abdulahad Abdullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son