Men birinchi navbatda 1812 yilda Londonda tug‘ilib, 1870 yilda Gedexillda vafot etgan Charlz Dikkensning qiyofasini chizib bermoqchiman. O‘sha yillar qay bir darajada bo‘lsa-da, ilk viktorianlik davrining ulug‘vor yillari bo‘lgan edi. Ingliz romannavislari garchi ijtimoiy adolatsizlik holatlari namoyon bo‘layotganini ko‘rib, juda qattiq norozi bo‘lishayotgan bo‘lsalarda, tartib-qoidalarni, axloqni, urf-odatlarni, o‘z davrining belgilab qo‘yilgan tartiblarini harholda hurmat qilishardi, ular butun qalblari bilan yashamoqning soz ekaniga ishonganlar, umum tomonidan qabul qilingan qadriyatlarning mutlaqo barqaror ekaniga imon keltirganlar va voqelikni fojeiy bir komediya tarzida kinoya bilan qabul qilmaganlar. Ular Taqdirning chehrasidagi istehzoli tabassumni payqamaganlar. Ularning asarlarida deyarli ulug‘vor daraja kasb etgan samimiyat sezilib turardi. O‘z asrining chinakam farzandi bo‘lmish Dikkens ham ayni ana shunday edi.
Dikkensdan ikki yuz ellik yil avval yashagan Shekspir Dikkens bilan taqqos qilganda o‘z-o‘zini tahlil qilishga va mulohaza yuritishga ko‘proq moyil bo‘lgan.
Dikkens favqulodda darajada sun’iylikdan qochadigan adib va shuning uchun ham hamisha o‘z iste’dodining jilovini butunlay bo‘shatib qo‘yadi. U turli-tuman quvnoq mayda-chuydalarni tasvirlashga benihoya mohir va benihoya qudratli bir uslub egasidir. U roviylik san’atida tug‘ma qobiliyatga ega edi va inson tabiatini hamda inson xarakterini haddan tashqari nozik his qilar edi. Bu ulug‘ san’atkorda xuddi rojdestvo ta’tilidagi maktab bolalaridagiga o‘xshagan allanechuk sho‘xlik bor edi.
Dikkens har qanday soxtakorlikning ashaddiy dushmani edi, u ehtiros bilan shafqatsizlikdan va nodonligi sabab o‘ziga-o‘zi bino qo‘ygan aqli qosirlardan hazar qilardi; u o‘zining butun adabiy faoliyati davomida hayot yo‘llarida ro‘para kelgan ijtimoiy illatlarni uzluksiz fosh qilib kelgan. Dikkens byurokratizmni, munofiqlikni, amalini suiiste’mol qilishni fosh qilgan. U har qancha hajviyotga moyil bo‘lmasin, asarda har narsadan avval diqqatni syujetga va xarakterlarga jalb qiladi. Uning o‘ziga xos, ich-ichidan to‘lqin urib keladigan boy iste’dodida jo‘shqin ehtirosli insoniylik muhri bor va uning nigohi g‘oyatda keng. “Odamlardan zinhor-bazinhor minnatdorlik kutish haqidagi fikrni xayolga ham keltirmay, ularni deb va ular uchun yaxshi ishlar qilmo¬¬¬q kerak“,—degan edi u bir kuni.
Aftidan, ko‘pgina romannavislarga o‘xshab, Dikkens o‘zini shoir deb hisoblagan bo‘lsa kerak. Ammo bizning ixtiyorimizda uning bu gunohini tasdiqlovchi dalilimiz kam. Dikkens asarlarida majusiy ibtido yo‘q, unda nafaqat yunon va lotin madaniyatining, balki boshqa biron-bir xorijiy madaniyatning ta’siri seziladi. U haqiqiy ingliz, Dikkensning romanlari orqali hatto hozir ham Angliyani boshqa har qanday asardan ko‘ra yaxshiroq tushunib olsa bo‘ladi. Bu romanlardagi ba’zi bir personajlar g‘aroyib qiliqlar qiladigan siymolardan o‘zga kimsalar emas, ammo ayni ana shu xususiyati tufayli biz yozuvchi iste’dodini yanada aniqroq ko‘ramiz, negaki, biz ularni jonli odamlar tarzida qabul qilamiz. U juda shirador yozar edi, uning yozganlari buyuk hayotiy qudratga ega edi. Dikkensda olijanoblik — olijanoblik, illat — illatdir, holbuki, o‘z-o‘zidan ayonki, bizlarning ijtimoiy arboblarimizni istisno qilganda, ko‘pchilik odamlarda olijanoblik — bilan illat bir-biriga qorishib ketgan bo‘ladi. Dikkens insonning ma’naviy qiyofasini keng qo‘l harakati bilan chizadi va u yaratgan manzaralarda jinday bo‘lsa-da, san’atga da’vogarlik bo‘lganida ular bizga qizil rang buqaga ta’sir qilganday ta’sir qilardi. Ammo u paytlarda yozuvchilar o‘z asarlarining san’at darajasida bo‘lishi ustida ko‘p ham qayg‘urib o‘tirmasdilar. Nazarimda, o‘sha paytdagi adabiy majlislarda askiyalar qilishni, chig‘anoqlar tanovvul qilib, ustidan sharob ichib, siyosat to‘g‘risida gap sotib vaqt o‘tkazishgan bo‘lsalar kerak. Dikkensning ulug‘ zamondoshi Tekkereyning qulog‘iga san’at to‘g‘risida u-bu gaplar chalingan va u san’atni jinday diqqatga munosib narsa deb hisoblagan, lekin Dikkens masalasiga kelsak, u san’atni biron-bir “xorijiy” narsa bo‘lsa kerak deb hisoblagan va ularni o‘z asarlariga yo‘latmagan.
Dikkens o‘ziga xos sog‘lom iste’dod egasi edi, ammo undan bor-yo‘g‘i ikki yuz milya narida Prosper Meremedek barkamol san’atkor “Karmen” bilan “Ill Vemera”sini, Turgenev “Tutun” va “Bahor suvlari”ni, okean ortida esa Natamiyel Gotorn “Qizil harif”ini va Edgar Po o‘zining “qo‘rqinchli hikoyalari”ni yaratib turgan bir vaqtda, uning to‘g‘risida yozuvchi sifatida gapirish allanechuk g‘alati tuyuladi. Hech kim Dikkensdan roman yozish san’atini o‘rganishni xayoliga ham keltirmaydi, ammo g‘ayrishuuriy tarzda undan uslub asoslarini o‘zlashtirishlari mumkin, negaki, u tug‘ma yozuvchi bo‘lgan edi, garcha u faylasuf bo‘lgan bo‘lmasa-da, undan falsafa asoslarini ham o‘zlashtirib olsa bo‘ladi.
Men uchun Dikkens, shak-shubhasiz, Angliyaning eng ulug‘ romannavisidir va roman tarixidagi chinakam iste’dod tantanasining eng ulug‘ namunasidir. U tabiiy xayolotining kuchi va yorqin badiiy tasviri bilan odamlar xotirasida inson tabiati to‘g‘risida shu qadar xilma-xil va rangdor tasavvurlarni muhrlab qoldirganki, bunaqa tasvirni g‘arb romannavislaridan boshqa hech kimda uchrata olmaysan.
Umumiy madaniy saviya roman yozishni o‘rgata olmaydi. Tor ma’noda olingan ma’rifat so‘zi xayolot quvvatini rivojlantirishdan ko‘ra, bo‘g‘adi. Asar yozishni boshlashimdan avval menga maktabda va dorilfununda o‘rgatgan narsalarining deyarlik hammasini unutib ulgurgan edi. Aniq fanlarning odamlari kamdan-kam hollarda baquvvat rassom bo‘ladilar: ular haddan tashqari ko‘p narsa bilishadi va ayni choqda juda kam narsa bilishadi. Xayoloti boy bo‘lgan odamlar esa hayotdan boshqa biron narsani sinchiklab o‘rganishga uncha moyil emaslar. So‘z tuyg‘usini, nutq ohanglari va ranglarini she’r o‘qish va yaxshi proza asarini mutolaa qilish yo‘li bilan odam o‘zida o‘stirsa bo‘ladi, ammo yaxlit oladigan bo‘lsak, bu narsa ko‘proq tug‘ma didga va musiqiy tuyg‘uga bog‘liq. Kompozitsiya iqtidori ham tabiat tomonidan beriladi, ifodaning teranligiga tug‘ma ravishda erishiladi, ularni tashqaridan o‘zlashtirib olib bo‘lmaydi, ularni faqat rivojlantirish mumkin. Hech kim yozuvchini hayotni bunday ko‘rmaslikka va bunday his qilmaslikka, balki boshqacha his qilib, boshqacha ko‘rishga majbur qilolmaydi. O‘qish va yozishni o‘rganib olgandan so‘ng u boshqalardan faqat bir narsani — qanday yozmaslik kerakliginigina o‘rganmog‘i mumkin. Yozuvchining haqiqiy murabbiysi — hayotning o‘zidir.
Endilikda biz roman to‘g‘risida gapirganda ”san’at” so‘zini qo‘llashni yaxshi ko‘ramiz. Modomiki, shundoq ekan, biz roman tarixini eslamog‘imiz kerak. Bu tarix hozir ham davom etmoqda va g‘arbning birinchi ulug‘ romani — Servantesning “Don Kixot”idan boshlab, hozirga qadar turli-tuman shakllarini o‘zgartirib kelmoqda. G‘arbning ilk romanlari sarguzashtlar shaklini, “makkorliklar romani” shaklini olgan edi. Ular bitta yoki bir nechta markaziy personajlarning bir qator sarguzashtlaridan iborat bo‘lardi. Uning tuzilishi qat-qat piyozni eslatardi va uning ta’mi ham piyozning ta’miga o‘xshab ketardi. Qismlarning o‘zaro nisbati va birligi ko‘rib turganimizdek juda jo‘n xarakterga ega edi va buning tashvishini chekib yurishmas edilar. U paytlarda roman uzun bo‘lardi, ammo uning uzunligidan u na kenglik, na teranlik kasb etardi. XIX asrning boshiga kelganda romanning shakl-shamoyili borgan sari murakkablasha bordi. Dikkens yozib yurgan kezlarda uning shakli obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, bamisoli tuxumga o‘xshab qoldi, o‘rtasi semirib ketgan, uchi bilan keti esa omadi yurishgan adabiyotchining qaddi-qomatidek ingichkalashib qolgandi. Asta-sekin sodir bo‘lgan bunday o‘zgarish nimaning ta’sirida ro‘y berganini aniq aytib berolmayman-u, lekin uning rivojlanishi Uyg‘onish davridagi rassomlikning rivojiga o‘xshab ketadi. Jeyn Otsin, Dikkens, Balzak, Stendal, Skott, Dyuma, Tekkerey va Gyugolar ijodida romanning qismlari bilan yaxlitligi o‘rtasida muayyan nisbat maydonga keldi, ammo romanning mutanosibligini mukammal darajaga yetkazmoq uchun, material tanlash printsipini joriy etib, biz asarni san’at asari deb atashimizga imkon beruvchi asar barpo etmog‘imiz uchun zarur bo‘lgan qismlar va yaxlitlik o‘rtasida to‘la birlikka erishmoq uchun yanada poetikroq dunyoqarashga ega bo‘lgan yozuvchining maydonga kelishi zarur edi. Bu yozuvchi Turgenev bo‘lib chiqdi — Dikkens qay darajada yasamalikdan xoli yozuvchi bo‘lgan bo‘lsa, Turgenev romannavislik san’atini shu darajada egallagan yozuvchi edi.
Ivan Turgenev 1818 yilda rus shahri Orelda tavallud topgan va 1883 yilda Parij yaqinidagi Bujival shaharchasida vafot etgan. Munaqqidlar odatda Turgenevning tug‘ishgan rus madaniyatidan uzilib qolgani to‘g‘risida, u bilan stixiyali gigant Gogol o‘rtasidagi, shuningdek yana bir shakl-shamoyili betayinroq gigant Dostoyevskiy o‘rtasidagi tafovut to‘g‘risida uzundan-uzoq mulohaza yuritishadi. Ular hafsala bilan Turgenevni “g‘arbchilar” qatoriga qo‘shar ekanlar. G‘arb unga ko‘rsatgan ta’sirdan ko‘ra u G‘arbga ko‘proq ta’sir ko‘rsatganini payqamay qolishdi. Turgenev o‘z-o‘zicha favqulodda yuksak mavqega ko‘tarilib oldi, u tabiatan tug‘ma shoir edi. Qachonlardir roman yozgan shoirlar o‘rtasida eng inja, eng nozikta’b shoir edi. Ayni ana shu xislat uni ulug‘ rus zamondoshlaridan ajratib turar edi va adabiyotda hamda G‘arbga ta’sir qilishda benihoyat katta o‘rin tutishiga olib kelgan edi. Rossiya Turgenevni yoqtirmas edi, chunki haqiqatni aytishda uning tilini tiyib turolmaydigan yaramas odati bor edi. Bu xususiyat hamma joyda ham unchalik ma’qul kelavermaydi, ayniqsa, yozuvchi odamning haqiqatgo‘yligini yoqtirishmaydi. Shuning uchun ham Rossiya uni bartaraf qildi. Biroq u Rossiyani tark etmaganda ham, uning asarlari qanday yaralgan bo‘lsa, shunday bo‘lib qolaverardi, chunki tug‘ma shakl tuyg‘usi uni boshqacha yozishga qo‘ymasdi. Turgenev tasvir san’atini benuqson va betakror egallagan edi, u mavzularni shu qadar chuqur o‘ylab chiqar va har tomonlama pishitar ediki, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qog‘ozga ko‘chiraverish mumkin edi, holbuki u ob’ektiv voqelikka bepisand qaramas edi, lekin shunday bo‘lsa-da, uning badiiy tafakkurini belgilaydigan narsa faktdan ko‘ra ko‘proq kayfiyat vositalari bo‘lardi. Turgenev — zodagon edi, yuksak madaniyat odami edi, xorijiy adabiyotlarni miridan-sirigacha yaxshi bilardi, muzika va tasviriy san’atni haddan ziyod yaxshi ko‘rar edi, u dramaturg edi va she’rlar yozardi. Shu insonni Dikkensga yaqinlashtirib turadigan uchta mushtarak, ammo ayni choqda haddan tashqari muhim ahamiyatga ega bo‘lgan belgi mavjud: bularning biri inson tabiatini bag‘oyat teran anglash, hayotga juda teran qiziqish bilan qarash hamda zolimlikka va qalbakilikka chuqur nafrat bilan qarashdir. Kimda-kim uning ana shu nafratiga gumon bilan qarasa, uning “Mumu” degan hikoyasini o‘qib chiqsin. Bu hikoya soqov farrosh, krepostnoy Gerasim va uning iti haqidagi hikoyadir. Shu paytga qadar hali hech qachon san’at — zulmga va shafqatsizlikka qarshi norozilikni bu qadar baland pardada ifoda qilgan emasdir. Dikkens yozuvchi sifatida vositalarni tanlashda unchalik ham talabchan emas edi. Turgenev esa bu ishga haddan tashqari talabchanlik bilan yondashardi. Dikkens shafqatsizlik, suiiste’mollar va o‘zboshimchaliklarni fosh qilar ekan buni oshkora tarzda yoxud ochiqchasiga masxara qilish yo‘li bilan amalga oshirardi. Turgenev esa o‘z tanqidini xolisona badiiy tasvir shakliga o‘rab berardi. Aytishlaricha, Turgenevning uslubi ham g‘oyatda nafis va nozik bo‘lgan, bunga ishonish uncha qiyin emas, chunki hatto tarjimada ham uning uslubining latofati va muattar bo‘yi yaqqol sezilib turadi. Turgenevda dialog jonli, yengil va tabiiy, ayni choqda g‘oyatda mazmundor hamda xarakterlarni juda ajoyib tarzda ochib beradi. Bu xarakterlar garchi yozuvchini band qilgan asosiy mavzuga yoxud g‘oyaga bo‘ysunsalar-da, jonli odamlar bo‘lishdan to‘xtab qolmaganlar. Turgenevda tabiat tasviri bag‘oyat go‘zaldir. “Bejin o‘tlog‘i”ning, “Uchrashuv”ning, “Bahor suvlari”ning go‘zalligi, husn-tarovati bizni manguga asir qiladi. Uning hamma asarlari allanechuk hazin bir zavqqa chulg‘angan. Odatda shoirona tabiatga ega bo‘lgan odam tabiat bilan yuzma-yuz to‘qnashganda shunday holatga tushadi. Turgenevning nasrda yozilgan ba’zi bir she’rlari uning hikoyalari va romanlariga qaraganda kamroq darajada shoirona xarakterga ega. Zo‘rma-zo‘rakilik chinakam poeziyani barbod qiladi, negaki chinakam poeziya shoirning o‘ziga deyarlik bog‘liq bo‘lmagan holda kayfiyatdan va tuyg‘udan tug‘iladi. Turgenev asarlarida hali parodiya unsurlari, hajviy mubolag‘a belgilari, xullas, eskirib, modadan tushib qolgan narsalarning izlari sezilib turardi. Ammo uning ijodi gullab-yashnagan zamonlardan beri allaqachon oltmish yil o‘tib ketganini inobatga olsak, uning san’atining zamirida yotgan muruvvatlar shu qadar kam g‘ijirlashini ko‘rib, lol qolmasdan iloj yo‘q.
Ingliz romani, ehtimol, boshqa istalgan mamlakatning romaniga qaraganda boyroq va xilma-xilroq bo‘lishi mumkinligiga qaramay, har qalay, bu roman — “Klarissa”dan tortib “Uliss”gacha, obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, o‘z nuqsonlarini kechirishga moyilroq bo‘lgan va ko‘pincha shirakayf holda uxlagani yo‘l olib turgan. Agar mabodo hozirgi paytda ingliz romani bironbir o‘ziga xoslikka va nafosatga ega bo‘lsa, buning uchun u hammadan avval Turgenevning oldida burchdordir. Ingliz romani ma’naviy va texnik shogirdlik maktabini aynan Turgenevda va Mopassanda o‘tagan. Bunaqa maktabni har bir yosh yozuvchi u yoki bu keksa ustaning qo‘lida allanechuk ichki bir qardoshlikning da’vatiga ko‘ra o‘tadi.
Hatto juda yorqin va mahoratli san’atning avliyosi bo‘lmish Flober ham ingliz yozuvchilariga Turgenevchalik ta’sir ko‘rsata olgan emas. Flober asarlarida muayyan bir biqiqlik bor, undagi kayfiyat torroq ko‘lamga ega. Turgenevga hech qachon shu masalada ta’na qilishgan emas, hatto 1907 yildan keyin ham ta’na qilishgan emas. Holbuki, bu davrga kelib, Angliyada Turgenev to‘g‘risida bepisand gapirish rasm bo‘lgan edi. Negaki, bizning ba’zi bir munaqqidlarimiz (afsuski, juda kech qolib) rus adabiyotidagi yangi mash’alni — Dostoyevskiyni kashf qilishgan edi. Bir qaraganda, har ikkala iste’dod egalari uchun ham joy yetadigandek ko‘ringan edi, ammo adabiyot dunyosida bor yangi mash’alni yoqishdan oldin avvalgisini so‘ndirish odati bor. Endilikda bu narsa o‘tmishda qolib ketdi va Turgenevning nomi yana avvalgidek mashhur bo‘lib qoldi, lekin u endi odamlar tafakkuriga avvalgi ta’sirini yo‘qotib bo‘lgan edi. Yangi davr uchun Turgenev ortiq darajada bosiq va shoirona tabiat egasi bo‘lib chiqdi.
Endi uchinchi adibning shamoyiliga o‘taman. Ba’zilarning aytishiga qaraganda, bu odamning asarlarini vatanida, Frantsiyada hamon o‘qishda davom etmoqda ekanlar, boshqa ba’zi bir tanqidchilarning gapiga qaraganda uning kitoblarini allaqachon taxlab, tokchalarga yig‘ib qo‘yishgan.
1850 yilda tug‘ilib, 1893 yilda vafot etgan Gi de Mopassanning buyuk adabiy muvaffaqiyatlari o‘n ikki yilni o‘z ichiga oladigan uncha katta bo‘lmagan davrga to‘g‘ri keldi. Mopassan ko‘proq hikoyanavis sifatida tanilgan, lekin, menimcha, bu yozuvchining iste’dodi to‘la-to‘kis romanlari va qissalarida, masalan, “Do‘ndiqcha” va “Ivetta” degan asarlarida namoyon bo‘lgan. Uning hamma katta-kichik asarlari fojeona hodisalarni tasvirlaydimi yoxud kundalik oddiy voqealardan hikoya qiladimi — baribir, asos-e’tibori bilan juda teran dramatizm bilan sug‘orilgan edi. Holbuki, Mopassan teatr uchun juda kam asar yozgan bo‘lsa-da, u yirik dramaturg fazilatlariga ega edi. Uslub masalasida-ku u oliy martabali ustozlar qatoridan o‘rin oladi, kuzatuvchanlikda, fikrning o‘tkirligida, ularning barini ixcham va lo‘nda shaklga joylashda hali hech kim uni orqada qoldirib ketgani yo‘q. Har qanday odamdan ko‘proq darajada Mopassan bizni ortiqcha kitoblarimizni tashlab yuborishga o‘rgatdi. U har qanday odamdan ortiqroq darajada Floberning vasiyatiga amal qilgan edi: “Predmetni boshqa predmetlardan ajratib turadigan muhim farqlarini bilib olguningizga qadar va buni so‘zlarda ifodalay oladigan bo‘lguncha o‘rganing!” Mopassanning ijodi ko‘pincha san’at o‘rnida qabul qiladiganimiz chalkashlikka, yuzaki ekspressionalizmga va mavhum sub’ektivizmga qarshi qaratilgan jonli ta’madir. Butun vujudi bilan intizomli yozuvchi bo‘lgani vajidan u inson tuyg‘ularining ich-ichiga kirib bora oladi va ularni ko‘rsatib beradi. Uning chaqib oladigan tabiati xurofotlardan va hamoqatlardan nafratlanardi, kamdan-kam yozuvchilarda odamlarga nisbatan Mopassanikiday chinakam va qaynoq xayrxohlik, hamdardlikni topish mumkin, u har narsani bilishga qiziqadigan, nazarkarda va sezgir odam edi. Bularning bari unga hayotni to‘g‘ri aks ettirishga yordam berdi.
Ba’zan Mopassan shunday hikoyalar ham yozar ediki, ular uning qalamiga munosib emasdi. Uning ba’zi bir asarlari o‘zini majburlab yozilganga o‘xshaydi. Hayotining so‘ngida u ruhiy xastalikka chalinib qoldi, uning ba’zi bir so‘nggi asarlarida bu xastalik halokatli ta’sir ko‘rsatdi. Ammo shunga qaramay men ham Tolstoyga ergashib, uslub masalalarida ham, originallik jihatidan ham Mopassanni uning ustozi Floberdan yuqori qo‘yaman.
Mopassanning qalami ostida shaklan barkamol hikoya, ob’ektiv metod vositasida inson qalbining sirli ummonlarini va inson qalbining sayozliklarini ochib berishi kerak bo‘lgan nurli proza cho‘qqilarga ko‘tariladi va beg‘araz, qat’iy san’atning shunday bir shakli maydonga keladiki, bu shakl yordamida muallif temperamenti faqat mavzu va xarakterlarni tanlashdagina o‘z erkinligini saqlab qoladi. Angliyada Mopassanni bir zamonlar shafqatsiz realist deb hisoblaganlar. Hozirgi adabiy yoshlar uchun u hischan, bolalardek anoyi romantikdan ortiq emas, uning uslubini esa “eskirgan va dramatizm bilan sug‘orilgan” uslub deb hisoblashadi. Men uning “Per va Jan” romaniga yozgan muqaddimasidan bir parcha keltiraman: “Mohiyatan hozir kitobxonlar ommasi ko‘pdan-ko‘p guruhlardan tashkil topadi. Ularning har qaysisi bizga murojaat qilib, “menga tasalli bering”, “Mening ko‘nglimni xushlang”, “Menga biroz hazinlik ato eting”, “Menga ta’sir ko‘rsatib, ko‘nglimni bo‘shating”, “Mening orzu qilishimga imkon bering”, “Mening ko‘nglimni qo‘zg‘ang”, “Meni larzaga soling”, “Meni yig‘lashga majbur qiling”, “Meni mulohaza yuritishga majbur qiling” deya hayqirishadi.
Mopassanning ideali o‘zining temperamentiga to‘g‘ri keladigan go‘zal bir asar yaratish edi. “Go‘zal” so‘zi atrofida keti-oxiri ko‘rinmaydigan bahslar olib borilayotgan ekan, ta’rifu tavsiflardan o‘zimni tiyib turishga izn bersangiz. Faqat bir gapni aytib o‘taman: haqqoniy, bemalol o‘zining hayoti bilan yashovchi asar yaratadigan san’atkor ham go‘zallik cho‘qqilarini zabt etmog‘i mumkin — men uzoq davom etgan mulohazalardan keyin shunday xulosaga keldim. Mopassan Go‘zallik deb atalgan hurkak qushni bir necha marta qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Mopassanga sira o‘xshamaydigan Tolstoy undan zavq olgan.
Lev Tolstoy 1828 yilda Yasnaya Polyanada tug‘ilgan va 1910 yilda Astapovoda vafot etgan. Uning yoshligi faol o‘tgan va taassurotlarga to‘la bo‘lgan.U yigirma to‘rt yoshidan yoza boshlagan. Tolstoy Qrim urushi vaqtida armiyada xizmat qilgan va o‘sha paytlarda uning tomonidan yozilgan “Sevastopol hikoyalari” unga tezgina vaqt ichida mashhurlik olib keladi. Bu adibning eng durdona asarlari “Urush va tinchlik” bilan “Anna Karenina” bo‘lib, ular 1864 — 1873 yillar mobaynida yaratilgan.
Tolstoyni yaxlit olib qarasak, uning kishini hayajonga soladigan bir jumboq ekanini ko‘ramiz. Bitta odam shaxsiyatida san’atkor va islohotchi birikib ketgan yana boshqa biror odamni topish amrimahol. Tolstoy umrining so‘nggi yillarida nasihatgo‘y-targ‘ibotchi bo‘lib qoldi, hatto targ‘ibotchilik bu davrda uning shaxsiyatida san’atkorlikdan ustun kela boshladi. Masalan, “Anna Karenina”da san’atkor Tolstoy targ‘ibotchi Tolstoyning soyasida qolib keta boshlagan. Hatto “Urush va tinchlik”day monumental asarning oxirgi qismida ham ba’zi joylarda Tolstoy nasihatgo‘y tarzida qalam tebratadi.
Sirasini aytganda, Tolstoyning butun ijodi ham yaxlitlikdan mahrumday ko‘rinadi. U bir jang maydoniga o‘xshaydi, unda doimiy ravishda kurash boradi, ulkan ziddiyatlarning ayovsiz to‘qnashuvlari ro‘y beradi, bu to‘qnashuvlar to‘lqini bir ko‘tarilib, bir pasayib turadi. Hozirgi zamon nazariyasiga ishonadigan bo‘lsak, xarakterning rivojlanishi bezlarning holati bilan belgilanadi, shuning uchun bu sirli ikkilanishning izohini shifokorlarga qoldira qolamiz: ularning tasdiqlashicha, odamning bezlari ko‘proq miqdorda garmonlar ishlab chiqarsa — odam san’atkor, kamroq ishlab chiqarsa — axloqparast nasihatgo‘y bo‘lar ekan.
Agar har xil savollar yog‘dirib, odamga yorliq osishni yaxshi ko‘radiganlar mendan uning yozganlari ichida qaysi romanni eng ulug‘ asar deb atash mumkin?” deya so‘rasalar, men hech ikkilanmagan holda “Urush va tinchlik” deb javob berardim. Tolstoy bu asarida xuddi tsirkdagi birvarakay ikkita ot ustida hunarini ko‘rsatuvchi chavandozday harakat qilib, allaqanday mo‘jizaning qudrati bilan otxonaga lat yemay eson-omon yetib keladi. Tolstoyning ijodiy qudrati tufayli bu kitobning har sahifasi hayron qolarlik darajada mazmundor va yozuvchi muvaffaqiyatining siri ham shunda. Roman odatdagi asarlardan olti baravar kattaroq, lekin uning biror qismi cho‘zilib ketmagan va kishini toliqtirmaydi, yozuvchi tomonidan yaratilgan insoniy ehtiroslar manzarasi, tarixiy hodisalar, ijtimoiy hayot, maishiy turmush manzaralari chindan ham juda ulkan.
“Urush va tinchlik”da Tolstoy o‘zining boshqa asarlaridagi kabi umumlashtiruvchi yig‘ma metoddan foydalanadi — u son-sanoqsiz miqdorda hodisalar va tasviriy detallarni beradi. U Turgenevga teskari ish qiladi — Turgenev ko‘proq faktlarni tanlashga va materialni rasamadi bilan joylashtirishga, kayfiyatga va shoirona muvozanatga tayanib ish yuritardi. Tolstoy esa kitobxonning xayoloti uchun hech qanaqa oziq qoldirmay, oraliqdagi bo‘shliqni tugal to‘ldirib tashlaydi va buni shu qadar katta kuch bilan, shu qadar samimiyat bilan qiladiki, muqarrar tarzda o‘quvchini orqasidan ergashtirmay qo‘ymaydi. Tolstoyning “uslubi” degan narsani bu so‘zning tor ma’nosida olib qaraydigan bo‘lsak, hech narsasi bilan ajralib turmaydi. Uning hamma asarlarida kitobxonga gapini qanday aytish tashvishi bilan emas, nimani aytish tashvishi bilan andarmon bo‘lgan san’atkor shaxsining muhri yaqqol sezilib turadi.
Mahoratga berilgan son-sanoqsiz ta’riflar bor — ularning yoniga yana bittasini qo‘shib, mahorat yozuvchining o‘zi bilan kitobxon orasidagi to‘siqni olib tashlash qobiliyatidir desak, unda ular o‘rtasida yaqinlik vujudga kelgan hollardagina mahorat cho‘qqilari zabt etiladi. Bunday ta’rif garchi ko‘pgina yozuvchilarni istisno holatga solib qo‘ysa-da, unga tayanib turib Tolstoyga yondashsak, Tolstoyni bag‘oyat mohir usta deb atashimiz kerak bo‘ladi. Chunki u boshqa har qanday yozuvchidan ham ortiqroq darajada haqiqiy hayotni bevosita his qilib turishga imkon beradigan manzaralar yaratadi. Adabiyotda yasamalik, zo‘rma-zo‘rakilik bo‘ladi, bu hol ko‘pincha eng inja, eng nozikta’b yozuvchilarning asarlarini ham barbod qiladi. Shu yasamalik Tolstoyga butunlay yot. Tolstoy o‘zining ijodiy mayllariga ham, islohotchilik mayllariga ham butun vujudi bilan berilib ketadi. Tolstoy hech qachon suvni sinab ko‘rmoq uchun avval bir oyog‘ini, keyin ikkinchi oyog‘ini unga tiqib ko‘rib, sohilda turib qolmaydi, holbuki, bu hozirgi san’atning odatdagi zaifligiga aylanib qolgan. Hayotga va ma’noga to‘liq san’at san’atkor o‘z mavzuiga to‘la-to‘kis berilib ketgan holdagina vujudga keladi. San’atdagi qolgan narsa — yozish mahorati borasidagi mashqlardan o‘zga narsa emas. Bu mahorat ulug‘ niyatlarni ro‘yobga chiqarishga yordam beradi, lekin taassuflar bo‘lg‘aykim, ulug‘ niyatlar har kuni ham tug‘ilavermaydi. Rassom umrining yarmini boshini har yonga urib, kim bo‘lsam ekan degan masalani hal qilolmay iztirob ichida o‘tkazadi. U postimpressionist bo‘lsinmi, kubist bo‘lsinmi, futurist yoki ekspressionist bo‘lsinmi, yoki dadaist bo‘lgani ma’qulmi — hal qilolmay, boshi qotadi. Rassom tinimsiz ravishda ma’lum bo‘lmagan allaqanday ajoyib bir shaklni topishga harakat qiladi. Shunga muvofiq u o‘zining estetik qarashlarini o‘zgartiradi, lekin uning bu harakatlarining hammasi behuda bo‘lib chiqadi. Biroq san’atkor butun vujudi bilan mavzuga berilib ketgan fursatda uni qanday ifodalasam ekan degan masaladagi barcha gumonu shubhalar tumanday tarqab ketadi — ular o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi va qarabsizki, durdona asar yaratiladi.
Tolstoy garchi zodagon bo‘lsa ham, Rossiyani va rus dehqonlarini yaxshi bilardi. Ammo u rus xalqi hayotining qaynog‘iga Chexovchalik yaqin emasdi. Chexov xalqning ichidan chiqqan edi va u xalq hayotini ich tomondan bilardi. Tolstoy “Urush va tinchlik”da hamda “Anna Karenina”da tasvirlagan Rossiya — o‘tmishdagi Rossiyadir, balki o‘sha Rossiyaning faqat yuqori qatlamidir. Hozirgi paytda bu qatlam butunlay majaqlanib tashlangan va yo‘q qilingan. Ne baxtki, ana shu o‘tib ketgan hayotning ikki ulug‘ manzarasi saqlanib qolgan!
Men beshinchi qiyofaga — Konrad portretiga o‘taman.
Jozef Konrad (Yuzey Kojenevskiy) 1857 yilda polyak zamindorining oilasida dunyoga kelgan. 1863 yildagi isyondan so‘ng uning oilasi Rossiyaga badarg‘a qilinadi. Shu sababdan uning bolaligi rus Polshasida o‘tadi. Uning yoshligi darbadarlik va sarguzashtlar ichida o‘tgan, u bora-bora Britaniya savdo flotining ofitseri bo‘lib olgandan so‘ng, Konrad juda boy hayotiy taassurotlar to‘playdi, turli xalqlarning turmushini rasm-rusumlarini, tilini o‘rganadi. O‘ttiz yilcha muqaddam u adabiyot bilan shug‘ullanish uchun dengizni tark etadi va Angliyada o‘rnashib qoladi-da, Jozef Konrad degan nom bilan asarlar yoza boshlaydi. Uning prozasi yigirma jilddan ortiqroq bo‘lib, ona tilida yozilmagan, lekin shunday bo‘lsa-da, uslubining g‘oyatda boyligi va rang-barangligi bilan ajralib turadi — shu xususiyati bilan bu nasr adabiyot tarixida juda noyob hodisadir. Konradning ilk asarlari hayron qolar darajada yorqin va tili obrazlarga boy bo‘lardi, keyinchalik balog‘atga erisha borgani sari ularning o‘rniga boshqa — quyuqroq va aniqroq ranglar paydo bo‘ldi. Biroq uning ijodini yaxlit olib qaraydigan bo‘lsak, bironta ham ingliz yozuvchisi so‘z bilan tasvirlash bobida undan o‘tib keta olgani yo‘q. Konradning asarlari kompozitsiyasi jihatidan benuqson emas. Asosan u manzara tasviriga hamda hikoya qilishga usta bo‘lgani uchun, u ba’zan syujetni juda murakkablashtirib yuboradi, bu qahramonlar psixologiyasiga va hikoya muhitiga alohida nazokat, boylik va teranlik baxsh etadi. Biroq ayni chog‘da adib u kitobxonni subtropik o‘rmonlarning shunaqa puchmoqlariga olib kirib qo‘yardiki, u sho‘rlik ba’zan bu puchmoqlardan qutulib chiqishdan umidlarini uzib ham qo‘yadi. Lekin baribir oxir-pirovardida changalzor zulmatidan qutulib, charaqlagan quyosh nurlarida cho‘milayotgan nurafshon vodiyga yetib kelasan. Konrad buni ma’naviy kashfiyot deb atagan edi.
Konrad boshqa romannavislarga qaraganda ko‘proq darajada kosmos tuyg‘usiga ega edi. Uning asarlarining sahifalari bo‘ylab har narsaga qudrati yetadigan sirli Taqdir kezib yuradi, har qancha kuchli va baquvvat individuallikka ega bo‘lmasin, odamzod to‘laligicha unga bo‘ysunadi. Ana shu taqdirga tobe’likdan uning obrazlariga xos bo‘lgan fojeona pafos va o‘ta kuchli ta’sirchanlik o‘sib chiqadi. Bu butun umri mobaynida bir narsaga qarshi kurash olib boradigan, lekin oxir-pirovardida muqarrar tarzda o‘sha narsadan mag‘lub bo‘ladigan odamlarga xos bo‘lgan o‘ziga xos epiklikdir. Konrad romanlarida ko‘pincha inson o‘zining “meni”ni yo‘qotmagan holda tabiat bilan ulug‘ muhorabaga kirishadi. Shunga qaramay, romanda tabiatning insondan yuksak ekani ayon bo‘lib turadi. Yozuvchi bu tuyg‘uni kitobxonga majburlab singdirmaydi, shunday bo‘lsa-da, bu tuyg‘u kishibilmas tarzda kitobxonni chulg‘ab oladi — yozuvchi iste’dodining kuchi shunaqa.
Odamlarda kosmos tuyg‘usi unchalik ko‘p ham uchrab turmaydi, bizning ko‘pchiligimiz haddan ziyod olamparastmiz va hatto ilohiy narsalarni ham insoniy nuqtai nazardan tadqiq qilamiz. Biz qadimgi yunonlarchalik ham emasmiz — jahoniy narsalar tartibotida bizning o‘rnimiz qanday ekanini anglamaymiz. Davlat — bizmiz, narsalar tartibi bizimdir, biz dunyoni harakatlantiramiz. Ehtimolki, bunday e’tiqod inson uchun tabiiydir, ammo hali odamlar istiqomat qilishga boshlamagan zamonlardan beri milliard yillar mobaynida yerdan ko‘z uzmay kelayotgan Vaqt nuqtai nazaridan esa hovliqqan va maqtanchoq go‘dakning e’tiqodidan o‘zga narsa emas. Hayotning kelib chiqishi va tugab bitishi sabablari, hatto odamlar hayotining chiqib kelish sabablari ham teran bir sirga chulg‘angan. Shu sirni tan olish, e’tirof etish borliqqa muayyan ulug‘vorlik baxsh etadi. Ana shu ulug‘vorlikni biz Konrad ijodida uchratamiz. Inson psixologiyasi, ishtiyoqlari, tuyg‘ularining eng nozik jilolarini ifodalab berishda butun ingliz adabiyotida Konraddan o‘tib ketgan adib bo‘lsa, u ham Genri Jeymsdir. Holbuki, na Konrad, na Jeyms ingliz emas. Ammo ularning dunyoni emotsional qabul qilishlari deyarlik bir-biriga ziddir. Istiorali qilib aytganda, Genri Jeyms choy ichib o‘tgan, Konrad esa sharob tanovul qilgan. Genri Jeyms san’atkor sifatida o‘z xayolotining kuchi bilan barpo qilgan dunyoda yashagan. Bu dunyoda inson tabiatining stixiyali va ibtidoiy sifatlariga o‘rin yo‘q edi. U o‘z qahramonlarining dag‘al yoxud junbushli ehtiroslar og‘ushiga berilishiga yo‘l qo‘ymagan. Jeymsda Aql-Zakovat shunday bir mehvarki, narsalar tartibi shu mehvar tevaragida aylanadi. Konrad dunyosi esa, aksincha, turfa xil dunyodir, unda hamma narsa bor, hatto yovvoyilik, vahshiylik ham mavjud, bu dunyoning yakkayu yagona ahli demaganda ham asosiy ahli o‘zining tizginsizligida chegara bilmaydigan tabiatdir.
Konradning maftunkorligi — betakror bir tarzda reallik bilan romantikaning qo‘shib yuborilganidadir. Konrad o‘z asarlarida noma’lum dengizlar va samolar, daryolar, o‘rmonlar va odamlar dunyosini, kemalar va olis ko‘rfazlar dunyosini, xullas, bizning mahdud tasavvurimizda nimaiki rutubatni mo‘jizaviy tajriba pardasiga o‘ralgan bo‘lsa, shuni tasvirlaydi. Konrad o‘ziga zamondosh bo‘lgan yozuvchilardan farq qilaroq romantik hayotni yashab o‘tgan. Hali yozuvchi bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan davrlardayoq u ko‘p yillar mobaynida g‘ayrishuuriy tarzda o‘z ichida shu hayotning tomir urayotganini sezib yurgan va sarguzashtlarga moyil yigitning jamiki jo‘shqin ehtirosi bilan unga berilgan. G‘ayrishuuriy tarzda to‘plangan tajriba va taassurotlar zahirasi bo‘lmasa, qanchadan-qancha iste’dodlar nobud bo‘lib ketadi. Qanchadan-qancha yozuvchilar tegirmonda hech vaqo bo‘lmasa ham yog‘ chiqarishga urinib yotadilar.
Konrad, ayniqsa, inglizlarga va umuman, qonida dengizga muhabbat bo‘lgan odamlarga yaqin. Bironta ham yozuvchi Konradchalik dengizning kayfiyatini va latofatini, uning qa’rida yashirinib yotgan xatarlarni ko‘rsatib berolgan emas. Bundan faqat German Melvill (“Oq kit” romani) va Per Lotigina (“Island baliqchisi” romani) mustasno, xolos. Uning asarlarida dengiz manzaralari tabiat qudrati qarshisidagi hayronlik bilan sug‘orilgan va dengiz bilan harb olishib, uni yengayotgan yoxud uning so‘ngsiz turfa xilligi qarshisida bosh egayotgan insonning bitmas-tuganmas qiziqishiga to‘la. Konradning “Nartsiss”dan chiqqan zanji”, “Bo‘ron”, “Yoshlik” asarlari chinakam durdonalardir.
So‘nggi, oltinchi adibning shaklu shamoyiliga o‘tmoq, nigohimni Malaya sohillaridan Orlean sohiliga qaratmoq demakdir. Konrad hayotiy dramasida sahnada o‘zi rol o‘ynagan edi. 1844 yilda tug‘ilib 1924 yilda vafot etgan Anatol Frans bo‘lsa umrining eng so‘nggi kunlarigacha hayot dramasini o‘rindiqda o‘tirib kuzatgan.
Anatol Frans xolisona olim tafakkuriga ega edi. Ilmiy muhitda o‘sib ulg‘aygan bu odam kitobiy odam edi, noyob bilim egasi edi va buning ustiga-ustak, qalami ham bag‘oyat o‘tkir edi. Uning hajviyot qamchisi bag‘oyat bejirim edi va u hayron qoladigan darajada odobu nazokat bilan savalardi. U fosh qilmoqchi bo‘lgan narsalarini — xurofot va sanamparastlikni shu qadar abjirlik bilan dabdala qilar ediki, u yetkazgan zahalarni ilg‘ab olish ham qiyin bo‘lardi va uning kaltagini yeganlar ko‘pincha shamolning qayoqdan esayotganini bilmay ham qolardilar. Uning yozuvchilik faoliyati uzoq davom etgan — u 1868 yilda yozishga boshlab, to vafotiga qadar, ya’ni 1924 yilga qadar qo‘lidan qalamni qo‘ymagan. Shu yillar mobaynida — agar adashmasam, faqat uch martagina sof romannavis sifatida qalam tebratgan. “Silvesrt Bonnarning jinoyati”, “Qizil Nilufar” va “Teatrdagi voqea” yozish usuliga qaraganda Fransning boshqa asarlaridan ajralib turadi. Faqat shu asarlaridagina u ko‘proq inson xarakterining tadqiqotchisi va hikoyachi sifatida ko‘rinadi. Boshqa kitoblarida esa u birinchi navbatda faylasuf va hajviyotchi. Hatto “Tans”dek ajoyib san’at namunasi bo‘lgan asar ham, mohiyat e’tibori bilan olganda, tanqidiy yo‘nalishga ega va g‘azabnok qalb alangasida toblangandir. Berjer haqidagi romanlarda garchi mahorat bilan chizilgan portretlar serob bo‘lsa-da, ular o‘z oldiga xarakterlarni tasvirlashni maqsad qilib qo‘ymagan, balki xurofotlarni dabdala qilish maqsadida qo‘lga qalam olgan odam tomonidan yozilgan. Hajman uncha katta bo‘lmagan durdona asar “Iudeya prokuratori” bizga Pontiy Pilatning unutilmas suvratini chizib bergan bo‘lsa-da, u hajviy fikrni eng mukammal darajaga yetkazmoq uchungina yozilgan asardir. Sho‘rlik Krenkebil — juda insoniy obraz, biroq shunga qaramay, biz uni hammadan avval adolatsizlikni fosh qiluvchi jonli timsol sifatida bilamiz va qadrlaymiz. Hatto Riks degan kuchuk ham dumini qilponglatib, go‘yo odamlarning fe’lu atvorlarini tanqid qilayotganday bo‘ladi. Agar Volter qo‘lida yatag‘on bilan ish yuritgan bo‘lsa, Frans dudama qilichini shunaqa mohirlik bilan ishlatganki, uning qurbonlari hanuzga qadar o‘zlarining o‘ldirilganlaridan bexabar yurishipti. Ular yozuvchi asarlarini o‘qishda davom etib, hali ham uni “ustoz” deb yurishipti. Fransning tiniqligi va nafisligi jihatidan tengi yo‘q uslubi — bu sof aql poeziyasidir. U chinakamiga sof frantsuz edi. Frantsuz zakovatini o‘zida bu darajada yorqin tajassum etgan yana bir boshqa odamni bundan keyin yana uchratmog‘imiz amrimahol bo‘lsa kerak. Anatol Frans haqli ravishda o‘ziga o‘z vatanining nomi bilan ohangdosh taxallus olgani bejiz emas. Frans mo‘jazgina maqolamda qiyofalarini chizib bermoqchi bo‘lganim hamma yozuvchilar ichida eng e’tiqodli va eng jasoratli gumanistdir. Frans gulxanda yondirilish yoki kallasi kesilish sharafiga noil bo‘lmay qolgan, chunki u bizning baxtimizga u zamonlardan ancha kech tug‘ilgan, lekin, baribir, uning omadi bor ekan — Vatikan uni cherkovdan mosuvo qildi. Uning ko‘pchilik asarlari odamlarga teran hamdardlik bilan sug‘orilgan. Bu hamdardlik asl manbai qayerda ekani — yurakdami yoxud aql-zakovatdami ekani to‘g‘risida mulohaza yuritishni Anatol Fransni shaxsan tanigan odamlarga qoldiraylik. Bu hamdardlik shu qadar mohirlik bilan va shu qadar nazokatli tarzda berishga moyilligi ma’lum darajada “biron ma’noga ega bo‘lgan hech qanday gap aytmaslik kerak va qisqa yozmaslik lozim” degan aqidaga amal qiladiganlarning hujumlaridan asrab qoldi. Frans hali modadan tushib qolganicha yo‘q — hozircha u bunday sharafga noil bo‘lgani yo‘q, ammo Parijning ayrim doiralarida va Nyu-Yorkda ba’zi bir farosatsiz odamlar orasida uning nomini zavq-shavq bilan tilga olish ancha qaltis narsa. Komil ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, shafqatsizlik, mahdudlik, qo‘pollik va boshqa har qanday chegaradan chiqishlar hamisha uning nafratini qo‘zg‘agan. Mesyu Berjers Fransning o‘zi, to‘g‘ri, faqat adibning achchiq zaharxandalari va kinoyasi unga ko‘chgan emas. U juda yuksak saviyaga erishgan odam va madaniyatdan tashqarida kun kechira olmaydi. Anatol Fransni Malayya orollarida, Rossiya dalalarida, Londonning pastqam joylarida yoki normand dehqonlari orasida tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qadriyatlarni kinoyali tarzda aralash-quralash qilib yuborishda hali hech kim Fransdan o‘zib ketaolgani yo‘q. Biroq uning “Bibi Maryam fokuschisi”ni olib ko‘ring — uning kinoyasi qanchalar mayin bo‘lishi mumkin-a! U ma’jusiylikni har qancha yaxshi ko‘rmasin, “Tog‘dagi pand-nasihat”ni ham hurmat qilmasligi mumkin emasdi. Bu uning “Baxtiyor cho‘llar”idan ham ayon ko‘rinib turadi. Bu asarda uning ko‘pgina ertaklari zamirida yotgan pand-nasihat bor. Fransning dehqonlari bir necha marta Muqaddas Bokira sharafiga sof oltindan yoki fil suyagidan haykal qo‘yishmoqchi bo‘lishadi, lekin haykal har gal yiqilib tushaveradi, faqat uni oddiy yog‘ochdan yasaganlaridan keyingina haykal o‘rnatgan joylarida turib qoladi. Frans huzur qilib, xristianlikning qalb qa’ridan jamiki munofiqlik, soxtalik va irim-sirimlarni xuddi o‘tkir ov pichog‘i bilan ko‘chirib tashlamoqchiday harakat qiladi.
“Krenkebil”ni o‘qir ekan, har qanday ko‘rinishdagi adolatsizlik uning tabiatiga naqadar zid ekanini ko‘rish mumkin. Dreyfus ishi uni falsafiy mulohazalar va xayolot bog‘ini tark etishga majbur qiladi va “Noyob uzuk” ham xuddi E.Zolyaning “Men ayblayman”i singari Adolat ishiga qo‘shilgan qudratli hissa bo‘ldi. Garchi Anatol Frans o‘zini sotsialist deb atagan, umrining so‘nggi yillarida esa ashaddiy sotsialist deb hisoblagan bo‘lsa-da, boshqa adabiyotchilarga o‘xshab siyosatga tuzukroq ta’sir ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan emas. U bevosita siyosiy targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullana boshladi, ammo bundan ham hech qanaqa samara bo‘lmadi. Ammo uning ko‘p qirrali va ehtirosli tanqidi ko‘pgina xurofotlarni ildizi bilan sug‘urib tashladi va o‘z davrining ijtimoiy tafakkurida juda chuqur iz qoldirdi.
Agar men bir gapni aytsam, nohaq bo‘lib chiqarmikanman? Axir, biz boshimizga o‘zimiz tashvish yog‘dirib, “modernizm” deb atalmish narsaning ketidan ortiqcha quvlab yurmayapmizmi? Bu, axir, yangi rasm bo‘lgan, dumini tutqazmaydigan bir qushdan iborat emasmi? Bunday qilsak, zamon ruhi bizni bir modaboz oliftaga aylantirib qo‘ymaydimi va biz butun vujudimiz bilan bachkana narsalarni tasvirlab dong chiqarish payiga tushib qolmaymizmi? Haqiqiy fikriy teranlikka ega bo‘lmagan jimjimador so‘zlarga, notekis taraq-turuqdan iborat bo‘lgan muzika yaratishga ishqiboz bo‘lib qolmaymizmi? Va nahotki, men boshqa tomondan qaraganda, biz yana o‘zimizning sog‘lom kosibchiligimizga qaytamiz va o‘zimizning “menimiz” ko‘rsatayotgan masxarabozliklarga noma’qul nigoh bilan qaraydigan bo‘lamiz deb o‘ylasam, nahotki, xato qilgan bo‘laman. Balki bularning barini biz atayin o‘zimizga o‘zimiz singdirayotgandirmiz? Bir narsani rad qilib bo‘lmaydi — modernizmning, bu ajoyib parrandaning chindan-da o‘ziga xos ta’mi bor va bu, ayniqsa, uni dasturxonga tortganlarida yaqqol seziladi. Urush sharoitida modernizmning bo‘lishi muqarrar edi. O‘qtin-o‘qtin tarixda bunaqa portlashlar ro‘y berib turadi. Shunda voqealar yuzasida zamon ruhi paydo bo‘lib qoladi. U o‘ziga diqqatni jalb qilmoqchi bo‘lib, suv sathi bo‘ylab odimlaydi, keyin yengilgina “sho‘lp” degan ovoz chiqaradi-yu, suv tagida g‘oyib bo‘ladi. Undan yengilgina mavjlar qoladi, xolos. Adabiyotda hech qachon chinakamiga turg‘unlik bo‘lmaydi, uning asosiy oqimi hamisha muqarrar tarzda o‘z harakatini davom ettiraveradi. Suv sathidagi mavjlar va to‘lqin urishlar ba’zan haddan ziyod bo‘lishlari mumkin, ba’zan esa ular ko‘rinmay ketadilar. Lekin bu mavjlarni hamisha mayda baliqchalar hosil qiladi, katta baliqlar esa hech og‘ishmay o‘z makoniga harakat qilishdan to‘xtamaydi. Hoynahoy, siz sezgan bo‘lsangiz kerak — tasviriy san’atda, rassomlikda turli oqimlar biri ketidan biri paydo bo‘laveradi, yangi paydo bo‘lgan oqimga darhol yorliq osishadi, keyin u modadan chiqadi, undan bizga turli ustalarning nonlarigina qoladi — Terner, Mane, Mille, Uistler, Gogen… Bular tegrasida yana boshqa o‘nlab nomlar aylanib yuradi. Adabiyotda ham xuddi shu hodisaning o‘zi ro‘y beradi va faqat Vaqtgina ulug‘larning bahosini bera oladi. Shakl asta-sekin, sezilar-sezilmas tarzda o‘zgarib boradi, u hech qachon sarkash yo‘li bilan o‘zgarmaydi, chunki konservatizm bunga to‘siqlik qiladi. San’at ham hayotga o‘xshagan ichki mantiqqa ega bo‘lgan narsa va san’atkor qanchalik yirik bo‘lsa, shunchalik taraqqiyotning asosiy oqimiga yaqinroq turishga harakat qiladi, uning tabiiy sur’atiga yaqin bo‘lishiga intiladi, hadeb har tomonga bosh uravermaydi, bunday qilsa, biror turib qolgan suvga shaloplab tushib ketishi va avji yoz pallasining tiniq kuniga loyqa suv sachratishi mumkin.
San’at tevaragida, hatto roman san’ati tevaragida ham hamisha ikkita estetik maktab o‘rtasida kurash borgan. Bir maktab san’atdan hayotni ochib berishni va tanqid qilishni talab qiladi, ikkinchi maktab esa faqat yoqimli gaplarni to‘qib chiqarishni talab qiladi. Ammo kurash jarayonida qizishib ketishganda ikkala maktab ham ba’zan bir narsani unutib qo‘yishadi — ya’ni san’at asari tanqidiy yoki fosh qiluvchi bo‘ladimi yoxud to‘qib chiqarilgan gaplarni bejab, pardozlab ko‘rsatuvchi bo‘ladimi — bundan qat’i nazar, uning mohiyati, ya’ni uni san’at asariga aylantiradigan narsa — “hayotiylik” deb atalmish sirli narsadan iborat bo‘ladi. Xo‘sh, hayotiylikning san’at oldiga qo‘yadigan shart-sharoiti qanaqa? Eng zarurlaridan biri shuki, asarda uning qismlari bilan yaxlitlik o‘rtasida muayyan nisbat bo‘lmog‘i kerak. Shuningdek, asarda san’atkorning individualligi ham sezilib turmog‘i kerak. Faqat shu unsurlargina asarga originallik baxsh etadi, uning jonli chiqishiga sabab bo‘ladi.
Haqiqiy san’at asarlari hamisha go‘zal va hayotiy bo‘lib qolaveradi, biroq modaning ko‘tarilishlari va tushishlari ba’zan qisqa muddatga bo‘lsa-da, uni sayoz joyga o‘tqazib qo‘yishi mumkin. U shuning uchun ham go‘zal va hayotiy bo‘lib qolaveradiki, u o‘zining hayoti bilan yashaydi. San’at asari tabiat va insonni xuddi Yevrepid dramalari yoxud Turgenev romanlari yanglig‘ tasvirlashi mumkin, yoki bo‘lmasa, Andersenning ertaklari yoki “Yoz tunidagi tush” kabi fantastik xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Bunday asarlar to‘g‘risida gapirganimizda biz modani esimizdan chiqaramiz.
Shuning uchun romanda hayotning tanqidi bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qmi degan mangu bahs — behuda bahsdir. Sirasini aytganda, romannavislar har xil tusdagi odamlar bo‘lishi mumkin. Mopassan, Turgenev va Konradni sof san’atkorlar deyishadi. Dikkens, Tolstoy va Franslarda satiriklik yo‘nalishi yoki targ‘ibotchilik kuchli. Ularning oltovlari ham ulug‘ yozuvchilar ekanini va dastlabki uch yozuvchining, ya’ni “sof san’atkorlar”ning asarlarida ham tanqid unsurlari bor ekanini hech kim inkor etmaydi. Gap shundaki, ularning oltovlarining hammasi ham asarlarida hayotni o‘z shaxsiyatlarining prizmasi orqali ko‘rsatganlar va ularning ko‘lamidagi san’atkor bu qadar qudratli badiiy tasvir salohiyatiga ega bo‘laturib, voqelikning tanqidchisi bo‘lmay tura olmaydi. Hatto xolislikning payg‘ambari va estetizmning yarim xudosi bo‘lmish Flober ham o‘zining “Oddiy qalb”, “Avliyo Yulian haqida afsona”, “Bovari xonim” kabi asarlarida hayotning teran tanqidini bergan. Modomiki, asosiy narsa — ijodiy ruh va ifodaning teranligi ekan, ochig‘ini aytganda, tasvirlangan manzara xolisanlillo tasvirga o‘xshab ketadimi yoxud matn zamirida san’atkorning “men”i sezilib turadimi-yo‘qmi — buning nima ahamiyati bor?
Men qiyofalarining ayrim chizgilarini chizib bergan oltita ulug‘ yozuvchining hammasi gumanistlardir. Ularning ijodi uchun ozuqa bo‘lib xizmat qilgan narsalar insoniy tuyg‘ulardagi qing‘irliklar, inson yuragining tepishidagi notekisliklar, bu dunyodagi umrguzaronlikning son-sanoqsiz parodokslari bo‘ldi. Ular rasman har qanday qarashlarning tarafdorlari bo‘lmasin, ularning chinakam e’tiqodlari Grimmning ertagidagi Pakananing quyidagi so‘zlarida ifodalangan: “Insoniy sifatlar men uchun dunyodagi hamma boyliklardan ortiqroqdir”.
Bu yozuvchilarning hech qaysisida adabiy oliftagarchilikdan asar ham yo‘q, ulardan birontasi, hatto Tolstoy ham nazariyachi bo‘lmagan, hayotni nazariy qolipga tiqishtirishga, asarni esa shablonga aylantirishga uringan emas. Professor Eynshteyn nisbiylik nazariyasini oldinga surmasdan ancha oldinroq hayotiy qadriyatlar ular uchun nisbiy qimmatga ega bo‘lgan. Mening o‘ylashimcha, ularning hammasi vositalar maqsadni oqlashiga ishonishgan. Garchi har qanday maqolda bo‘lgani kabi bu so‘zlarda ham bor-yo‘g‘i yarim haqiqat mujassam topgan bo‘lsa-da, ular aqidaga yopishib olish illatini yengib o‘tgan bizning asrimizga mos keladi. O‘z san’ati uchun haqiqiy hayotdan material sifatida foydalangan ulug‘ romannavis o‘z asarlarining nuri bilan odamlar jamiyati rivojining tezlashishiga ko‘maklashadi va o‘z davri axloqining u yoki bu darajada jilvalanishiga yo‘l ochadi. U, albatta, ongli ravishda ustoz bo‘lishi yoxud ongli ravishda isyonchi bo‘lmog‘i shart emas. Unga keng nigohga ega bo‘lish, teran his qilish, boshidan kechirgan narsadan va his qilgan narsalardan keyinchalik o‘zining yangi hamda mazmundor hayoti bilan yashay oladigan timsollar yaratishning o‘zi kifoya. Axir, rassom Mane “men uchun yangi suvratni ishlay boshlash, suzishni bilmay turib dengizga sakrash bilan barobar” deb aytmaganmidi? Inson hayotining maysazorlarida o‘tlab yuradigan romannavis to‘g‘risida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. Uning harakatlarini hech qanday ibrat, hech qanday nazariya biron yo‘nalishga sololmaydi. Yozuvchi kashshof bo‘lmog‘i kerak. U o‘zi aks ettirgan hayotiy xomashyodan o‘ziga o‘rnak yasab olmog‘i kerak.
Insonparvarlik — mavjudlik jumboqlari hududida baxt borasida ham, g‘am-g‘ussa borasida ham insonlar taqdiri oxir-pirovardida ularning o‘z qo‘llarida ekaniga ishonganlar e’tiqodidir. Va bu olti adib o‘zining jamiki insoniy narsalarga tabiiy daxldorligi bilan hamda badiiy tasvirning ulug‘ qudrati bilan shunday bir ishonchni mustahkamlashdiki, ehtimol, bu ishonch hozirgi zamon odami uchun birdan-bir suyanch bo‘lib qolishi mumkindir.
1924 yil.
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 8-son