Jan-Pol Sartr. Xona (hikoya)

I

Darbeda xonim barmoqlarining uchi bilan rohat-luqumni ushlab turibdi. U ustiga sepilgan shakarli talqonni sochib yubormaslik uchun nafasini ichiga yutib, yegulikni lablariga yaqinlashtirdi. “Atirgulning hidi kelayapti!” – deb o‘yladi u. Keyin tishini yopishqoq qiyomga botirib, og‘zida chuchuk ta’mni tuydi. “Ajabo, kasallik sezgilarni juda zo‘raytiradi-da”. Xonim machitlar, shirinsuxan sharqliklar haqida xayol surganda (u to‘y sayohatiga Jazoirga borgandi) rangpar lablarida nim tabassum o‘ynadi: yegulik ham o‘shanday shirimtil ekan.
U kitobning betlarini kafti bilan uch-to‘rt marta sidirdi, shuncha avaylasayam kukunlari to‘kilibdi. Silliq qog‘ozdagi shakar uvoqlari kaftlari ostida g‘ichirlab to‘dalandi: “Bu menga Arkashonni, sohilda kitob o‘qiganimni eslatadi…”.
1907 yilning yozini u sohil bo‘yida o‘tkazgan. O‘sha paytlari u boshiga keng gardishli, yashil bog‘ichi bor poxol shlyapa qo‘ndirib, Jip yoki Kolleti Iverning romanlarini varaqlagancha qirg‘oq labida o‘tirishni odat qilgandi. Shamol tizzasiga qum sochar, xonim har zamonda kitobning chetidan ushlab silkitardi. Hozir ham sezgilari o‘shanday, faqat qum zarralari quruq edi, manavi shakar donachalari esa barmoqqa yopisharkan. Bir mahal qoramtir dengiz uzra yastangan tasmadek kulrang osmon ko‘z o‘ngida jonlandi. “Bu Yevaning tug‘ilishidan avval bo‘lgandi”. U o‘zini xotiralar solingan, sandal daraxtidan yasalgan qimmatbaho qutichaday his etayotgandi. Qo‘qqisdan o‘shanda o‘qigan romanning nomi – “Kichkina xonim” yodiga tushdi; roman hech ham zerikarli emasdi. Ammo tushunarsiz xastalik uni xonadan chiqarmay qo‘yganidan beri Darbeda xonim yodnomayu tarixiy asarlarni afzal ko‘radigan bo‘ldi. Azob-uqubat, jinday mutolaa, xotiralarga, eng nozik his-tuyg‘ularga muttasil e’tibor issiqxonadagi noyob mevadek pishib yetilishimga yordam beradi, deb hisoblardi xonim.
Hozir eri eshik qoqishini o‘ylab, uning asabi buzildi. Haftaning boshqa kunlari eri faqat kechqurunlari oldiga kirar, indamay peshonasidan o‘pardi-da, ro‘parasidagi kresloga o‘tirib, “Tan”ni o‘qirdi. Biroq payshanba uning “kuni” edi: janob Darbeda odatda kunduzgi soat uchdan-to‘rtgacha bir soat qizining oldiga borib kelar, yo‘lga tushishdan avval xotinining xonasiga kirib u bilan kuyunib kuyovini muhokama qilardi. Doim ikir-chikirlarigacha takrorlanadigan payshanba kungi suhbat Darbeda xonimni juda holdan toydirardi. Janob Darbeda sokin xonani to‘ldirib, o‘rniga o‘tirmay, nari-beri yurib, gir aylanar, shu keskin harakatlarning har biri xuddi singan shisha jarangidek Darbeda xonimga azob berardi. Bu payshanbada ahvol har doimgidan ham battar: Yevaning iqrorini eriga yetkazganda, uning so‘loqmondek vahimali gavdasi qahr-g‘azabdan titrab-qaqshashini o‘ylab, Darbeda xonim qo‘rqqanidan terlab ketdi. Ayol likopdan shirinlik bo‘lagini oldi-da, bir daqiqa ikkilangancha unga termulib, g‘amgin qiyofada yana joyiga qo‘ydi: erining bu mashg‘ulot ustida kelib qolishini u yoqtirmasdi.
Eshik taqillaganida Darbeda xonim seskanib tushdi.
– Kiring, – dedi u sekingina.
Janob Darbeda oyoq uchida kirib keldi.
– Yevaning oldiga ketayapman, – dedi u har doimgidek.
Darbeda xonim jilmaydi.
– Mening nomimdan uni o‘pib qo‘y.
Janob Darbeda indamay, tashvishli qiyofada peshonasini tirishtirdi: har payshanba kuni doim bir xil vaqtda liq to‘la oshqozoni unda allaqanday bezovtalik hissini uyg‘otardi.
– Yevanikidan chiqib, doktor Franshoga uchrayman. U qizim bilan jiddiy gaplashib, ko‘ndirishga urinib ko‘rsa yaxshi bo‘lardi.
Janob Darbeda doktor Franshoni tez-tez yo‘qlab turardi. Lekin befoyda. Darbeda xonim qoshlarini chimirdi. Avvallari, sog‘ paytida, xonim bunday vaziyatlarda odatda yelka qisib qo‘ya qolardi. Ammo xastalik qaddini bukib qo‘yganidan buyon o‘zini toliqtiradigan imo-ishoralarni u yuz ifodasiga almashtirgandi – ko‘zlari bilan “ha”, lablarining cheti bilan “yo‘q” derdi.
– Yevani undan tortib olishga urinib ko‘rish kerak.
– Senga buning iloji yo‘q, devdim-ku axir. Aytmoqchi, qonun ham bu masalada chatoq. Fransho bir safar do‘xtirlar bilan bemorning oilasi o‘rtasida juda xunuk ko‘ngilsizliklar ro‘y berib turishini aytgandi: odamlar kasalni shifoxonaga yotqizishga jazm etolmay, uyida saqlashadi. Do‘xtirlarning qo‘li kalta, ular o‘z fikrini bildirishga haqli, xolos. Katta janjal chiqarish kerak, – devdi Fransho. – Yoki oilaning o‘zi bemorni shifoxonaga yotqizishni talab qilishi lozim.
– Bunga hali ancha bor, – gap qistirdi Darbeda xonim.
– Men ham shuni aytaman-da.
Janob Darbeda ko‘zguga o‘girilib barmoqlari bilan soqolini tekislay boshladi. Darbeda xonim erining yo‘g‘on qizil gardaniga beparvo termildi.
– Agar shunday davom etaversa, u eridan ham battar jinniga aylanadi, – dedi janob Darbeda. – Oilalaridagi muhit haddan tashqari nosog‘lom. Yeva eridan bir qadam ham uzoqlashmaydi, sendan bo‘lak hech kimni ko‘rmaydi, uyiga birovni chaqirmaydi. Per xohlamagani uchun derazalarini sira ochmaydi. Go‘yo shungayam kasalning roziligini olish kerakday. Adashmasam, ular idishda tutatqi tutatishadi – shunaqangi rasvo narsaki, xuddi cherkovda o‘tirgandek bo‘lasan. Ochig‘i ba’zan… bilsang, Yevaning ko‘zlari menga allanechuk bejo ko‘rinadi.
– Men buni payqaganim yo‘q, – e’tiroz bildirdi Darbeda xonim. – Menimcha, uning ko‘rinishi binoyidek. Bir oz ma’yusroq bo‘lsa bordir.
– U xuddi murdaga o‘xshaydi, uyqusi tinchmikan? Yeyish-ichishi qanday? Bu haqida o‘zidan so‘rab bo‘psan. Yonida Perdek zormanda turganidan keyin kechasi bilan mijja qoqmasa kerak-da. Eng qizig‘i, biz, ota-onasi qizimizni o‘zidan himoya qilishga haqqimiz yo‘q. Bilsang, Franshoning muassasasida Perga juda yaxshi qarashadi. Ularning hayhotday bog‘i bor. Buning ustiga, – dedi janob Darbeda xiyol kulimsirab, – o‘ylashimcha, o‘ziga o‘xshaganlar bilan uning til topishishi oson kechadi. Bu maxluqlar xuddi boladay, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lgani ma’qul; ular frankmasonlarning birodarligiday bir nav hamjamiyat tuzishadi. Perni ilk kundanoq mana shunaqa joyda saqlash kerak edi. Aytib qo‘yay – uning manfaati uchun shunday yo‘l tutish darkor. Ha, uning manfaati uchun.
Bir oz sukut saqlagach, janob Darbeda gapida davom etdi:
– Qizimning Per bilan, ayniqsa, tunda yolg‘iz qolishini o‘ylasam, to‘g‘risi, meni vahima bosadi. Tasavvur qilgin, qo‘qqisdan biror nima ro‘y bersa-chi. Axir Per o‘lguday pismiq-ku.
– Bilmasam, – dedi Darbeda xonim. – Buni o‘ylab xavotirlanish shart­mikan, axir u doim shunaqa bo‘lgan-ku. U yorug‘ dunyoga past nazar bilan qaraydigan odamday taassurot qoldiradi. Boyoqish bola, – xo‘rsindi xonim, – shunchalik kibru havo bilan ne ko‘yga tushdi-ya! U o‘zini hammamizdan aqlli hisoblardi. Gapni tugatish uchun “Siz mutlaqo haqsiz” deb og‘zingga urishlari-chi. O‘zining qay ahvoldaligini anglay olmasligi uning uchun ulkan baxt.
Darbeda xonim Perning doim yelkasiga xiyol egilgan, cho‘zinchoq, kinoyali yuzini norozi bo‘lib esladi. Yeva erga tekkan ilk oylarda xonimning kuyovi bilan yaqin qarindoshlik munosabatlarini o‘rnatishdan bo‘lak ezgu tilagi yo‘q edi, ammo Per uning barcha urinishlarini chippakka chiqardi – u qaynonasi bilan deyarli gaplashmas, aytganlariga e’tiborsiz qiyofada, darrov ko‘nardi.
– Fransho menga o‘sha muassasani ko‘rsatdi, – fikrini pishitishda davom etdi janob Darbeda. – Juda ko‘rkam joy ekan. Bemorlar teri qoplangan kresloli alohida xonalarda, ishonsang, divan-karavotlariyam bor. Kort qurilgan, ular hatto hovuz ham qazishmoqchi.
U deraza yonida to‘xtab, qiyshiq oyoqlarida sekingina chayqalgancha oynaga tikilib qoldi. Keyin to‘satdan bir harakat bilan poshnada ildam qayrildi; uning yelkalari chorpahil, qo‘li cho‘ntagida edi. Darbeda xonim hozir terga botishini his qildi: doim shunaqa; eri xuddi qafasdagi ayiqdek u yoqdan bu yoqqa borib kelar, har qadamida poyabzali g‘ichirlardi.
– Qadrli do‘stginam, – dedi xonim, – iltimos, o‘tir, meni holdan toydirayapsan. Senga muhim bir gapni aytishim kerak, – shoshib qo‘shib qo‘ydi u.
Janob Darbeda kresloga o‘tirib, qo‘llarini tizzasiga juftladi; Darbeda xonimning eti jimirlab ketdi: hammasi haqida gapiradigan payt kelgandi.
– Bilsang, – xonim o‘ng‘aysizlanib tomoq qirdi. – Seshanba kuni Yeva oldimga keldi.
– Xo‘sh?
– Ikkalamiz u yoq-bu yoqdan hangomalashdik. Qizim juda dilkash edi, uning bunchalik samimiy gapirganini anchadan beri eslolmayman. O‘shanda undan ba’zi narsalar haqida so‘rab, Per to‘g‘risida gapirishga undadim. Xullas, – dedi Darbeda xonim yana xijolat tortib, – bilishimcha, u eriga qattiq bog‘lanib qolgan.
– Buni o‘zim ham juda yaxshi bilaman, jin ursin! – o‘shqirdi janob Darbeda.
U Darbeda xonimning g‘ashiga tegayotgandi: shunaqa narsalarni eriga doim ipidan ignasigacha hijjalab tushuntirish kerak. Xonim aytmoqchi bo‘lgan gapini yarmidan ilib oladigan, hushyor va ziyrak odamlar davrasida yashashni orzu qilardi.
– Yeva unga biz o‘ylaganimizdan ko‘ra boshqacharoq bog‘langan, demoqchi edim, – davom etdi xonim.
Janob Darbeda qahrli, bezovta ko‘zlarini olaytirdi, biror ishora yoki xabarning ma’nosini yaxshi anglamasa, u doim shunaqa qilardi:
– Nimaga sha’ma qilayapsan?
– Meni qiynamasang-chi, Sharl, – dedi Darbeda xonim. – Onalar uchun ayrim gaplarni aytish og‘ir ekanini tushunishing kerak.
– Hozir javrayotganlaringdan biror so‘zni anglaganim yo‘q, – dedi janob Darbeda g‘ijinib. – Yoki sen haligi…
– Ha, o‘shani aytayapman, – tasdiqladi xonim.
– Nahotki ular… shu ahvoldayam-a?
– Ha! Ha! Ha! – jahl bilan uch marta takrorladi ayol.
Janob Darbeda qo‘llarini yoyib, boshini quyi eggancha indamay qoldi.
– Senga buni bekor aytdim, Sharl, – dedi xotini xavotirlanib. – Ichimga yutolmadim.
– Bolaginam! – erkak bazo‘r gapirdi. – O‘sha jinnining yonida! U hatto Yevani tanimaydiyam, Agata deb ataydi. O‘zini hurmat qilmay qo‘ygan ekan, ehtimol qizim ham aqldan ozgandir.
U boshini ko‘tarib xotiniga jiddiy nazar soldi:
– Barini to‘g‘ri tushunganingga ishonching komilmi?
– Shubhaga o‘rin yo‘q, – dedi ayol shoshib, – men ham senga o‘xshab bunga ishonolmayapman, Yevaniyam tushunmayman. Anavi notavon kasal unga qo‘l tekkizishini o‘ylasam… Xullas, – xonim xo‘rsindi, – fikrimcha, Per shuning evaziga qizimni ushlab turibdi.
– Attang! – dedi janob Darbeda. – U Yevaning qo‘lini so‘ragani uyimizga kelganda senga nima deganim yodingdami? “Menimcha, u Yevaga juda yoqadi”, degandim. Gapimga ishonging kelmagandi.
Dabdurustdan janob Darbeda kafti bilan stolga urib, qip-qizarib ketdi:
– Bu buzuqlik axir! U qizimizni Agata deb atab, quchoqlab o‘padi, uchar haykallaru yana allambalolar haqida aljiraydi! Yevaning esa parvoyi falak! Ikkovining o‘rtasida nima bo‘lishi mumkin? Agar eriga chin yurakdan ichi achisa, Yeva uni sihatgohga yotqizsin-da, har kuni yo‘qlab borsin, marhamat. Lekin sira o‘ylamovdimki, bunaqa… Men qizimni qariyb beva deb bilaman. Quloq sol, Jannet, senga ochig‘ini aytishim kerak, – janob Darbeda juda jiddiy gapirdi, – agar u his-tuyg‘ularini saqlab qolgan ekan, meni desa, o‘ziga o‘ynash topgani ma’qul!
– Jim bo‘l, Sharl! – hayqirdi Darbeda xonim.
Eri xonaga kirayotganida stolchaga qo‘ygan shlyapa va hassasini horg‘in qiyofada qo‘liga oldi.
– Hozir aytgan gaplaringdan keyin, – xulosa chiqardi u, – umidim deyarli so‘ndi. Lekin men baribir u bilan gaplashaman, chunki bu mening burchim.
Darbeda xonim erini kuzatib qo‘yishga shoshildi.
– Bilasanmi, – dedi xonim unga sal dalda berish uchun, – menimcha, bu holatda… boshqa sababdan ham ko‘ra, Yeva ko‘proq o‘jarlik qilayapti. Perning bedavoligini bilsayam, fikridan qaytishni istamay, taysallayapti.
Janob Darbeda soqolini silab o‘yga toldi:
– O‘jarlik deysanmi? Bo‘lishi mumkin. Ha, mayli, agar aytganing to‘g‘ri chiqsa, ertami-kechmi bularning bari uning joniga tegadi. Per har kuni o‘zini risoladagidek tutolmaydi, yana u kamgap. Ko‘rishganimda yumshoq qo‘lini uzatib, indamay turaveradi. Ikkovi yolg‘iz qolishi hamonoq, u o‘zining savdoyi xayollariga berilsa kerak; Yevaning aytishicha, ba’zan xuddi bo‘g‘izlanayotgandek bo‘kirarmish, chunki ko‘ziga har balolar ko‘rinadi. Haykallar ko‘z oldiga kelib, g‘uvillab uni qo‘rqitadi. O‘zining gapiga qaraganda, haykallar atrofida charx urib, bo‘m-bo‘sh nigohlarini unga qadarmish.
Janob Darbeda qo‘lqoplarini kiya turib, davom etdi:
– Yeva baridan bezor bo‘ladi, ishonaver. Lekin o‘shangacha o‘zining esi og‘ib qolsa-chi? Qizimning uydan ko‘proq chiqib, odamlar davrasida yurishini xohlayman; misol uchun Semplonning qo‘lida injener bo‘lib ishlaydigan Shrederga o‘xshash biror xushbichim, kelajagi bor yigitni uchratsa, u yoq, bu yoqda ko‘rishib, hayotimni yangitdan boshlashim kerak, degan o‘yga yengilgina ko‘niksa deyman.
Darbeda xonim gap cho‘zilib ketishidan cho‘chib indamadi. Eri u tomonga engashdi.
– Mayli, – dedi u, – men boray.
– Ko‘rishguncha, otasi, – dedi xonim unga peshonasini tutib. – Yevani mening nomimdan o‘pib, bechora qizginamni yaxshi ko‘rishimni yetkazib qo‘y.
Eri ketgach, Darbeda xonim kresloning suyanchig‘iga yastanib, madori qurib ko‘zlarini yumdi. “Ichida hayot qaynaydi-ya”, – o‘yladi u yozg‘irib. Bir oz nafas rostlagach, rangpar qo‘lini ohista cho‘zdi-da, ko‘zini ochmay, paypaslab, likopdagi shirinlikni oldi.
Eva eri bilan dyu Bak ko‘chasidagi eski uyning oltinchi qavatida yashashardi. Janob Darbeda zinaning bir yuz o‘n ikkita pillapoyasini osongina bosib o‘tdi. Qo‘ng‘iroq tugmasini bosganda, u hansiramay erkin nafas olardi. Madmuazel Dormuaning: “Shu yoshingizda ko‘rinishingiz juda yaxshi, Sharl” deganini u mamnuniyat bilan esladi. Payshanba kunlari janob Darbeda o‘zini odatdagidan ko‘ra kuchli va sog‘lom his etar, bunaqa yuqoriga ko‘tarilishlar uni yanada tetiklashtirardi.
Eshikni Yeva ochdi. Xizmatkori yo‘q bo‘lgach, o‘zi ochadi-da. Oqsoch qizlar unikida uzoq turolmaydi – ularning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Janob Darbeda qizini o‘pdi: “Salom, bechoraginam”.
Eva u bilan sovug‘roq ko‘rishdi.
– Ranging so‘lg‘in, – dedi janob Darbeda uning yonog‘ini silab, – kam qimirlaysan-da.
Oraga sukut cho‘kdi.
– Onam qalay? – so‘radi Yeva.
– Mazasi yo‘g‘roq. Seshanba kuni uni ko‘rding-ku, to‘g‘rimi? Ahvoli o‘sha-o‘sha. Kecha xolang Luiza yo‘qlab kirganida onang xursand bo‘ldi. Mehmon kutishni yaxshi ko‘radi. Lekin kelgan odam uzoq o‘tirmagani ma’qul. Luiza xolang ko‘chmas mulk bilan bog‘liq ishi vajidan Parijga bola-chaqasi bilan kelibdi. Menimcha, senga bu haqida gapirgandim, g‘alati mashmasha. U maslahatlashgani idoramga kirdi. O‘ylashga hojat yo‘q, uyingni sot, dedim. U xaridorniyam topdi, darvoqe, ismi Bretonel. Bretonelni eslaysanmi? U hozir ishdan ketgan.
Janob Darbeda birdan jimib qoldi: Yeva otasiga quloq solmayotgandi. U qizining hech nimaga qiziqmay qo‘yganini o‘ylab ma’yus tortdi. “Kitoblar bilan ham shunday bo‘lgandi. Avvallari kitobni undan tortib olishga to‘g‘ri kelardi. Endi esa u mutolaaniyam yig‘ishtirgan”.
– Per qanday?
– Tuzuk. Uni ko‘rgingiz kelayaptimi?
– Bo‘lmasam-chi, – dedi janob Darbeda shodlanib, – kuyovimni birrov ko‘rib o‘taman.
Badbaxt bolaga uning juda rahmi kelar, lekin janob Darbeda Perga ijirg‘anmay qarolmasdi. “Xasta odamlar meni dahshatga soladi”. Albatta, bunda Perning aybi yo‘q edi: irsiyati nihoyatda chatoq. Janob Darbeda xo‘rsindi: “Qancha ehtiyot chorasini ko‘rsang ham, bunaqa narsalar haddan tashqari kech ma’lum bo‘ladi”. Yo‘q, Per aybdor emas. Lekin baribir u ichida shu illatni doim saqlagan, qusur fe’l-atvoriga singib ketgan; odamning aslida qandayligi haqida fikr yuritayotganda chetga surib qo‘yiladigan saraton yoki sil emas bu. Per Yevaning ketidan yurgan mahal qizni maftun etgan asabiy nafisligu nozikta’blik esdan og‘ishning ilk kurtaklari edi. “U Yevaga uylanganda allaqachon aqldan ozgandi, to‘g‘ri o‘shanda bu hali ko‘zga chalinmasdi, – deb o‘yladi janob Darbeda, – o‘rinli savol tug‘iladi – mas’uliyat qayerdan boshlanadi, aniqrog‘i u qayerda tugaydi. Harqalay Per o‘zini haddan ziyod ko‘p taftish qilar, doim o‘zi bilan ovora edi. Lekin xastalikning sababimi, oqibatimi bu?”. U qizining ortidan uzun qorong‘i dahliz bo‘ylab yurdi.
– Bu xonadon sizlar uchun juda katta, – dedi janob Darbeda, – boshqasiga ko‘chishlaring kerak.
– Har safar shunday deysiz, dada, – javob qaytardi Yeva, – sizga aytgandim-ku, Per xonasini tashlab ketolmaydi.
Eva uni hayron qoldirardi: qiziq, u erining qay ahvoldaligini anglab yetarmikan. Per mutlaqo aqldan ozgan, Yeva esa xuddi erining es-hushi joyidadek, uning o‘y-fikri bilan hisoblashadi.
– Men bularning barini sening foydang uchun aytayapman, – dedi janob Darbeda o‘kinib. – Agar ayol kishi bo‘lganimda, nazarimda, manavi yaxshi yoritilmagan eski xonalarda o‘tirishdan qo‘rqardim. So‘nggi paytlarda Oteyda qurilayotgan, havo almashib turadigan uchta chog‘roq xonasi bor yorug‘ uyda yashashingni istayman. Hozir mijoz topilmayotgani uchun uylarning narxi tushgan, ijaraga olishning ayni payti.
Eva eshik tutqichini sekingina buradi va ular ichkariga kirishdi. Tutatqining badbo‘y hididan janob Darbedaning tomog‘i bo‘g‘ildi. Darpardalar tushirilgandi. U kursining suyanchig‘i ortida, g‘ira-shirada kimningdir ozg‘in bo‘ynini ilg‘adi – Per ovqatlanayotgandi.
– Xayrli kun, Per, – dedi janob Darbeda ovozini ko‘tarib. – Xo‘sh, bugun o‘zimizni qanday his etayapmiz?
U yaqinroq keldi; bemor kichkina stol yonida o‘tirar, avzoyi buzuq edi.
– Qovurilgan tuxum yeyapmizmi, – dedi u yanayam balandroq ovozda. – Juda soz!
– Men kar emasman, – dedi Per pinak buzmay.
Janob Darbeda xuddi Yevani guvohlikka chaqirayotgandek qahr bilan qiziga nazar soldi. Ammo Yeva ham otasiga jiddiy tikilib, indamadi. Janob Darbeda qizini ranjitganini payqadi. “Mayli, qaytaga o‘ziga qiyin”. Bu baxtiqaro bolaga qanday ohangda gapirishniyam bilib bo‘lmaydi: aqli to‘rt yashar go‘daknikidan ham kalta, Yeva esa eriga katta yoshli erkaklarday muomala qilishlarini istaydi. Janob Darbeda o‘zini tutolmay manavi kulgili nigohlarga o‘rin qolmaydigan lahzani toqatsizlik bilan kutdi. Kasallar, ayniqsa, devonalar mudom uning g‘ashiga tegar, chunki ularning gapida tayin yo‘q edi. Misol uchun bechora Per telba-teskari gapirib, jo‘yali bir so‘zni eplab aytolmas, ammo undan bir oz kamtarlikni yoki jilla qursa xatolarini sal bo‘lsayam tan olishni talab qilish befoyda edi.
Eva tuxum solinadigan qadah va archilgan po‘stloqni chetga surib, Perning oldiga qoshiq, sanchqi va likop qo‘ydi.
– Xo‘sh, endi u nima yeydi? – qiziqsindi janob Darbeda.
– Qiyma go‘sht.
Per qoni qochgan ozg‘in barmoqlariga sanchqini olib, diqqat bilan razm soldi-da, nihoyat jilmaydi.
– Bu safar hech nima ro‘y bermaydi, – sanchqini nari surib g‘o‘ldiradi u, – meni ogohlantirishdi.
Eva yaqin kelib, sanchqiga diqqat bilan razm soldi.
– Agata, boshqasini ber, – dedi Per.
Xotini aytganini qilgach, Per ovqatlana boshladi. Yeva shubhali sanchqini qo‘liga olib, sinchiklab razm soldi; u xuddi zo‘r berib nimanidir qidirayotgandek edi. “Ularning qiliqlari, munosabatlari qanchalar mujmal-a!” – deb o‘yladi janob Darbeda.
U o‘zini noxush his etdi.
– Ehtiyot bo‘l, – dedi Per, – dastasining o‘rtasidan ushla, tishi tegmasin.
Eva xo‘rsinib, sanchqini kir likopga soldi. Janob Darbeda burnida xantal hidini tuydi. Bu sho‘ring qurg‘urning har bir xarxashasiga quloq tutaverish noo‘rin, deb hisoblardi u – hatto Perning o‘zi uchun ham bu zararli. Fransho to‘g‘ri aytgandi: “Kasalning aljirashiga sira ahamiyat bermasligimiz kerak”. Boshqa sanchqini uzatgandan ko‘ra unga birinchisi ikkinchisidan hech farq qilmasligini yotig‘i bilan tushuntirish lozim edi. Janob Darbeda sanchqini namoyishkorona qo‘liga olib, barmog‘ini tishining ustidan yurg‘izdi. Keyin Perga o‘girildi. Ammo u hech nimani ko‘rmagandek likopidagi go‘shtni maydalayverdi; qaynotasiga tikilgan ko‘zlari osoyishta va bo‘m-bo‘sh edi.
– Sen bilan jindek hangomalashmoqchiydim, – janob Darbeda Yevaga murojaat qildi.
Qizi ortidan mehmonxonaga itoatkorona ergashdi. Janob Darbeda divanga o‘tirayotib, qo‘lida hamon sanchqi borligini payqadi-da, kulib uni stolchaga qo‘ydi.
– Bu yer juda shinam ekan, – so‘z qotdi u.
– Men bu xonaga sira kirmayman.
– Cheksam maylimi?
– Bemalol, dada, – dedi Yeva. – Sigara beraymi?
Janob Darbeda sigaret o‘rashni ma’qul ko‘rdi. Hozir boshlaydigan gapi uni sira cho‘chitmasdi. Per bilan gaplashganda u aql-idrokidan istihola qilardi – yosh bola bilan o‘ynayotgan polvon o‘z kuchidan shunday uyalsa kerak. Aql-idrokning bor afzalligi – teranlik, ravshanlik, tiniqlik uning o‘ziga qarshi yo‘nalardi. “Ochig‘ini tan olmoq kerak, bechoraginam Jannetning ham ahvoli shu”. Darbeda xonimning es-hushi joyida edi, albatta, ammo xastalik uni… befarosatroq qilib qo‘ydi. Yeva esa, aksincha, otasiga tortgan, dangalchi va zehnli; u bilan suhbat ko‘ngilga huzur beradi. “Shuning uchun ham qizimni aynitishmasin, deyman-da”. Janob Darbeda Yevaning xushbichim va aqlli chehrasiga razm solish uchun nigohini ko‘tardi-yu, hafsalasi pir bo‘ldi: bir paytlar zakovat balqib turgan ochiq chehra endi xiralashganday, tundlashganday edi. Yeva doim juda go‘zal bo‘lgan. Janob Darbeda qizi o‘ziga haddan tashqari oro berganini payqadi. Qovog‘ini ko‘kka bo‘yab, uzun kipriklariga surma suribdi. Yevaning ataylab haddan ziyod bo‘yangani otasiga og‘ir botdi.
– Upa-elik suraverib ko‘karib ketibsan, – dedi u. – Tobing qochib qolmasa go‘rga edi. Pardoz-andozingni qara-ya! Axir sen kamtar eding-ku.
Eva indamadi, janob Darbeda esa uning qalin qora sochi tushib turgan bo‘yalgan horg‘in yuziga bir muddat o‘ng‘aysizlanib tikilib qoldi. U qizining fojiaviy rollar ijro etuvchi aktrisaga qiyosladi. “Hatto aniq kimga o‘xshashiniyam bilaman. Fedrani frantsuzchasiga o‘ynagan haligi ruminiyalik ayolga”. U Yevaga behuda tanbeh berganidan o‘kindi: “Bexosdan og‘zimdan chiqib ketdi. Shu arzimagan narsa uchun uni ranjitish shart emasdi”.
– Meni kechir, – dedi janob Darbeda jilmayib, – tabiiylikning eski shaydosi ekanimni bilasan-ku. Hozirgi ayollar labiga suradigan anavinaqa bo‘yoqlar menga uncha yoqmaydi. Balki nohaqdirman, hayotdan orqada qolmaslik ham kerak.
Eva unga mayin jilmaydi. Janob Darbeda sigaretni yoqib, tutunini uch-to‘rt marta ichga tortdi.
– Bolajonim, – maqsadga ko‘chdi u, – senga aytmoqchi bo‘lganim: kel burungidek hamma narsa haqida hasratlashaylik. Kel, yonimga o‘tirib, gapimga quloq sol; qari otanggayam ishon-da endi.
– Turib eshitganim yaxshi, – dedi Yeva. – Xo‘sh, menga nima gapingiz bor?
– Senga oddiy bir savol bermoqchiman, – dedi janob Darbeda sovuqroq ohangda. – Bularning bari seni nimaga yetaklaydi?
– Bularning bari? – hayron bo‘lib takrorladi Yeva.
– Ha, sen qurgan manavi turmushni aytayapman, – gapida davom etdi u, – menga qara, otam meni tushunmaydi, deb o‘ylama (bu o‘y hozirgina uning miyasiga kelgandi). Qasd qilganing tirik odamning qo‘lidan keladigan ish emas. Sen faqat tasavvur olamida yashamoqchisan, shunday emasmi? Uning dardmandligini tan olmoqchimassan, to‘g‘rimi? Bugungi Perni ko‘rging yo‘q. Ko‘zlaring nuqul burungi Perni ko‘radi. Azizam, qizalog‘im mening, axir bu sarob-ku, – dedi janob Darbeda. – Mayli, senga bir voqeani aytib beray, balki eshitmagandirsan: Sabl d’Olonda bo‘lganimizda – o‘shanda uch yoshda eding – onang yosh va ko‘rkam bir juvon bilan tanishib qoldi. Sen uning o‘g‘li bilan sohilda birga o‘ynarding, ikkovinglar uzukka ko‘z qo‘ygandek edinglar, unga kelin bo‘larding. Oradan ancha vaqt o‘tib, onang Parijda o‘sha ayol bilan yana uchrashmoqchi bo‘lganda, uning boshiga mudhish musibat tushganini: yoqimtoy o‘g‘ilchasining kallasini mashina majaqlab ketganini eshitdik. “Unikiga borsanglar bolasining o‘lgani haqida og‘iz ocha ko‘rmanglar, ayol bunga ishonmaydi”, deyishdi. Onang uning oldiga borib telbanamo bir ahvolda uchratdi; ayol o‘zini xuddi bolasi tirikday tutar – u bilan gaplashib, stolga kosa-tovog‘ini qo‘yardi. Xullas, o‘sha juvonning asabi shunchalik izdan chiqqandiki, oxir-oqibat uni uch yilga sihatgohga yotqizishga to‘g‘ri keldi. Yo‘q, qo‘zichog‘im, – dedi janob Darbeda bosh chayqab, – bu ishning oxiri voy. Qaytaga o‘sha ayol haqiqatni mardlarcha qabul qilgani ma’qul edi. Bir marta og‘ir qayg‘uni boshdan kechirib, tuzalib ketardi. Haqiqatning ko‘ziga tik qarashni o‘rganish kerak. Boshqa yo‘l yo‘q, gapimga ishon.
– Siz yanglishayapsiz, – dedi Yeva, – Men juda yaxshi bilaman, Per…
Eva gapini tugatolmadi. U qo‘lini kresloning suyanchig‘iga tirab, qaddini tik tutib turar, yuzining pastida allaqanday qat’iy va yoqimsiz ifoda qotib qolgandi.
– Xo‘sh… keyin-chi? – deb so‘radi janob Darbeda hayron bo‘lib.
– Keyin?
– Sen?..
– Men uni qanday bo‘lsa, shundayligicha sevaman, – Yeva zerikkan alfozda tez javob berdi.
– Bu noto‘g‘ri gap, sen uni sevmaysan, sevolmaysan. Bunaqa tuyg‘ularni faqat es-hushi joyida, sog‘lom odamga nisbatan his qilish mumkin. Perga iching achiydi, bunga ishonchim komil, balki uch yillik baxtga to‘la damlaringni minnatdorchilik bilan eslarsan. Lekin menga uni sevaman deb aytma, ishonmayman.
Eva ma’nosiz nigohini gilamga qadab, indamadi.
– Savolimga javob bersang bo‘lardi, – to‘ng‘illadi janob Darbeda. – Sen bilan gaplashish men uchun ham oson deb o‘ylama.
– Siz menga baribir ishonmaysiz-ku.
– Modomiki sen uni sevar ekansan, – o‘shqirdi janob Darbeda achchiqlanib. – Demak, bu o‘zing uchun ham, men va bechora onang uchun ham katta kulfat. Hozir senga aytgim kelmay yurgan bir narsani yetkazaman, – uch yildan keyin Per butunlay esdan og‘ib, molga o‘xshab qoladi.
U qiziga xo‘mrayib qaradi: Yevaning tajangligi sabab shunday og‘ir haqiqatni oshkor etganidan g‘azabda edi.
Qizi esa g‘ing etmadi, hatto nigohini poldan uzmadiyam.
– Buni o‘zim ham bilaman.
– Senga kim aytdi? – ajablanib so‘radi janob Darbeda.
– Fransho. Yarim yildan buyon bu menga ayon.
– Axir unga qizimni aya, deb iltimos qilgandim-ku, – dedi ota alam bilan. – Lekin bir hisobda aytgani tuzuk bo‘libdi. Harqalay shu ahvoldayam Perni yoningda olib qolish kechirib bo‘lmas xato ekanini tushunishing kerak endi. Sen boshlagan kurashda yengishning imkoni yo‘q, eringning dardi bedavo. Agar bir ilojini topib, yaxshi parvarish bilan uni qutqarishning imkoni bo‘lganda, men shu gapni boshlamasdim. O‘zingga bir qara: sen axir chiroyli, esli-hushli, quvnoq ayolsan, allaqanday telbani deb umringni xazon qilayapsan. Mayli, hammasiga tushunaman, o‘zingni risoladagiday tutding, ammo endi bari tamom, burchingni me’yoridan ham oshirib bajarding; bu yog‘iga qaysarlik qilish axloqsizlik bo‘ladi, odamning o‘zining oldidayam majburiyatlari bor, bolajonim. Bizlar haqimizdayam o‘ylamaysan. Perni Franshoning shifoxonasiga yotqizishing shart, – janob Darbeda har bir so‘zni chertib gapirdi. – G‘am-anduhdan bo‘lak hech vaqo ko‘rmaganing manavi uyni tashlab, biznikiga qaytasan. Kimningdir koriga yarab, dardiga malham qo‘yging kelsa, ana, onang bor. Boyoqishga hamshiralar qaraydi, jigargo‘shasining madadi ziyon qilmasdi. Volidang xizmatingning qadriga yetib, sendan minnatdor bo‘ladi.
Oraga uzoq sukunat cho‘kdi. Janob Darbeda qo‘shni xonada Perning qo‘shiq kuylayotganini eshitdi. Aslida bu qo‘shiq ham emas, shosha-pisha shang‘illab aytilayotgan naqoratning bir turini eslatardi. Ota qiziga tik qaradi:
– Demak rozi emassan, shundaymi?
– Per yonimda qoladi, – dedi Yeva pinak buzmay, – ikkimiz juda ahilmiz.
– Ertalabdan kechgacha maynavozchilik qilganinglardan keyin ahil bo‘lasizlar-da.
Eva jilmayib otasiga g‘alati, masxaromuz va allanechuk quvnoq nigoh tashladi.
– Esingni yeb qo‘yibsan, – dedi janob Darbeda o‘rnidan qo‘zg‘alib.
Eva ma’yus jilmaydi va xuddi o‘ziga gapirayotganday:
– Hali unchalik emas, – dedi.
– Unchalik emas? Bo‘lmasa senga gapim shu, bolam, sen meni qo‘rqitayapsan.
Janob Darbeda qizini tezgina o‘pib, xonadan chiqdi. “Besh-o‘nta yigitni boshlab kelib, anavi noshud go‘rso‘xtaning oyoq-qo‘lidan ko‘tarish kerak-da, o‘zidan so‘rab ham o‘tirmay, sovuq suv tagiga qo‘yish kerak”, – deb o‘yladi u zinadan tushayotganida.
Kuzning ajoyib, sokin va bahavo kuni edi, oftob o‘tkinchilarning yuzini tilla rangga bo‘yardi. Janob Darbeda bu chehralarning oddiyligidan hayratlandi: ayrimlarini ajin bosgan, boshqalari silliq, lekin barida unga tanish shodligu tashvish aks etardi.
– Yevaga nega ta’na qilayotganimni aniq bilaman, – u Sen-Jermen xiyoboniga kirayotib, o‘ziga-o‘zi gapirdi. – Odamiylik chegarasidan chiqib yashayotgani uchun undan yozg‘iraman. Per endi odam emas, qizim mehr-muhabbatini unga tortiq eta turib, manavi odamlarni shulardan benasib qoldiradi. Insonlardan chetlashishga haqqimiz yo‘q, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, biz jamiyatda yashaymiz.
U o‘tkinchilarga mehr bilan nigoh tashlar, ularning jiddiy, ochiq chehralari unga yoqardi. Quyosh charaqlab turgan ko‘chalarda, olomon orasida o‘zingni xuddi katta oila davrasidagidek xavf-xatardan xoli sezasan.
Boshyalang bir ayol savdo rastasi yonida to‘xtadi. U qizchasini qo‘lidan yetaklab olgandi.
– Manavi nima, – deb so‘radi qizaloq radiopriyomnikni ko‘rsatib.
– Hech nimaga qo‘l tekkizma, – dedi onasi, – bu radio, ichidan musiqa eshitiladi.
Ular hayratlangancha bir necha daqiqa lom-mim demay, turib qolishdi. Ta’sirlanib ketgan janob Darbeda engashib, qizaloqqa jilmaydi.

II

“U ketdi”. Ko‘chaning eshigi “shaq” etib yopildi. Yeva mehmonxonada yolg‘iz qoldi. “U o‘lsayam rozi edim”.
Eva qo‘llari bilan kursining suyanchig‘iga tarmashdi; otasining ko‘zlarini esladi: mana janob Darbeda bilag‘onlardek Perning tepasida engashib, xuddi bemorlar bilan gaplashishni biladigan odamday “Juda soz!” deyapti; Perga boqqanida chaqchaygan ko‘zlarida uning yuzi aks etadi. “Unga shunaqa qaraganida, erimni ko‘rayotganini o‘ylaganimda dadamni yomon ko‘rib ketaman”.
Eva qo‘llarini kresloning suyanchig‘i bo‘ylab yurgizib, keyin derazaga o‘girildi. Yorug‘dan ko‘zlari qamashdi. Xona nurga to‘lgan, hammayoq oftob: gilamda yumaloq dog‘lar, havoda ko‘zni oladigan chaqnoq g‘ubor. Yeva har yerda timirskilanib, burchaklarni tozalaydigan, xuddi yaxshi uy bekasidek jihozlarni yaltiratadigan bu shaddod va dog‘uli oftobni esdan chiqargandi. Shunday bo‘lsayam u derazaga yaqin kelib, oynalarni berkitgan yupqa pardani ko‘tardi. Ayni shu payt janob Darbeda chiqdi; Yeva uning keng yelkalarini darrov tanidi. Otasi boshini ko‘tarib, ko‘zini qisib osmonga qaradi-da, yigitlardek katta-katta qadam tashlab yurib ketdi. “O‘zini ayamaydi, – deb o‘yladi Yeva, – ko‘p o‘tmay biqini sanchib qoladi”. Yeva allaqachon otasidan g‘ijinmay qo‘ygandi: miyasida hech vaqo yo‘q, yoshroq ko‘ringisi keladi, xolos. Ammo otasi Sen-Jermen xiyoboniga qayrilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, yana Yevaning g‘azabi qo‘zidi. “U Per haqida o‘ylayapti”. Turmushlarining kichik bir bo‘lagi yopiq xonadan sirg‘alib chiqib, oftobli ko‘chalarda olomonga qo‘shilib ketmoqda edi. “Nahotki bizni hech qachon o‘z holimizga qo‘yishmasa?”.
Dyu Bak ko‘chasi deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Bir qari xonim mayda qadam tashlab yo‘lni kesib o‘tdi. Shodon kulgan uch qiz, keyin g‘ilof ko‘targancha suhbatlashib ketayotgan kuchli va jiddiy erkaklar ko‘rindi. “Es-hushi joyida odamlar mana shular”, – ko‘nglidagi nafrat o‘tidan ajablanib o‘yga toldi Yeva. Semizgina yoqimtoy ayol xushsurat janobning yoniga yugurib keldi. U ayolni quchib lablaridan o‘pganda Yeva qahrli tabassum bilan pardani tushirdi.
Per qo‘shiq aytmay qo‘ygan mahal to‘rtinchi qavatdagi bir yosh juvon pianinoda Shopenning etyudini chaldi. Yeva sal yupangach, Perning xonasi tomon yurmoqchi bo‘ldi-yu, lekin darrov to‘xtab, bir oz xavotir bilan devorga suyandi: har safar Perning xonasidan chiqqanida u yerga qaytib kirishini o‘ylab Yevaning yuragini vahima bosardi. Aslida u boshqa joyda yasholmasligini juda yaxshi bilar, chunki xonani yaxshi ko‘rardi. Xuddi vaqtdan yutmoqchi bo‘lgandek, u jur’atning qaytishini kutib, o‘zi o‘tirgan soya va hidsiz mehmonxonaga qiziqsinib ko‘z yugurtirdi. “Tish do‘xtirining qabulxonasini eslatadi-ya”. Pushtirang shoyi qoplangan kreslo, divan va kursilar otalarcha jiddiy va kamtar ko‘rinar, go‘yoki insonning qadrdon do‘stlariga o‘xshardi. Yeva o‘zi boya derazadan qaraganda ko‘rganidek ochrang libos kiygan basavlat kishilar suhbatni davom ettirib, mehmonxonaga kirib kelishayotganini tasavvur qildi. Ular atrofni ko‘zdan kechirishgayam vaqt topolmay, ishonch bilan qadam tashlab xonaning o‘rtasigacha kelishdi; qo‘li xuddi kemaning suvdagi izidek ilang-bilang qiladigan birovi yo‘l-yo‘lakay yostiqchalar, buyum va stollarni ushlab, bu teginishlardan hatto seskanmadiyam. Agar biror jihoz yo‘llariga g‘ov bo‘lsa, og‘ir-vazmin janoblar aylanib o‘tish o‘rniga uni boshqa joyga surib qo‘ya qolishardi. Nihoyat ular ortga ham o‘girilmay, gapga berilib o‘rindiqlarga o‘tirishdi. “Risoladagidek odamlar uchun mehmonxona”, – deb o‘yladi Yeva. U yopiq eshikning dastagiga qaraganida, hayajondan tomog‘i bo‘g‘ildi. “Perning oldiga borishim kerak. Hali uni bunchalar uzoq vaqt yolg‘iz qoldirmaganman. Manavi eshikni ochish lozim”. Keyin Yeva ko‘zlarini nimqorong‘iga o‘rgatish uchun bo‘sag‘ada turadi. Xona esa bor kuchi bilan uni itarib chiqarishga urinadi. Yeva shu qarshilikni yengib xonaning yuragigacha kirib borishi darkor. To‘satdan uning Perni ko‘rgisi kelib qoldi; u bilan birga janob Darbedaning ustidan kulishni xohladi. Ammo Perga Yevaning keragi yo‘q edi; eri uni qanday qarshi olishini Yeva oldindan bilolmasdi. Qo‘qqisdan u allaqanday g‘urur bilan endi boradigan joyi yo‘qligini o‘yladi. “Es-hushi joyidalar meni o‘zimizga o‘xshagan, deb biladi. Ammo men ularning yonida bir soat ham o‘tirolmayman. Men naryoqda, manavi devorning narigi tomonida yashashim kerak. Ammo u yerda meni kutishmayapti”.
Evaning atrofidagi hamma narsa o‘zgarib ketdi. Yorug‘lik go‘yo sochi oqargan mo‘ysafiddek qartayib, og‘irlashib qoldi, xuddi gul solingan ko‘zadagi kechadan buyon almashtirilmagan suvdek. Mana shu buyumlar va eskirgan oftobda u allaqachonlar unutgan qayg‘uni – kech kuzning choshgohdan keyingi qayg‘usini topdi. Botinolmay, deyarli hadiksirab atrofga alangladi – bari shunchalar yiroq ediki, naryoqda, xonada esa kunu tun ham, kuz ham, qayg‘uyam yo‘q. Yeva yiroqlarda, o‘tmishda qolgan bolaligidagi kuzni elas-elas esladi-da, keyin birdan sergak tortdi: u xotiralardan qo‘rqardi.
Perning ovozi eshitildi.
– Agata! Qayerdasan?
– Ketayapman, – dedi Yeva.
U eshikni ochib, xonaga kirdi.
Tutatqining o‘tkir hidi burnining kataklariga urilib, og‘zini to‘ldirar, u esa ko‘zlarini katta-katta ochib, qo‘lini oldinga cho‘zardi – hid va nimqorong‘i Yeva uchun allaqachon suv, havo yoki olovdek bir butun, yopishqoq, jo‘n va tabiiy moddaga aylangandi; Yeva tumanda suzayotgan oqish dog‘ga sekingina yaqinlashdi. Bu Perning yuzi edi; uning kiyimi (dardga chalinganidan beri u qora libos kiyardi) qorong‘iga singib ketgandi. Per boshini orqaga tashlab, ko‘zini yumib o‘tirardi. U chiroyli. Yeva erining uzun, qayrilma kipriklariga uzoq tikildi, keyin yonidagi pastroq kursiga cho‘kdi. “Ko‘rinishi azobli”, – deb o‘yladi u. Yevaning ko‘zi asta-sekin g‘ira-shiraga moslashdi. Dastlab yozuv stoli, so‘ng karavot va nihoyat kresloning yonida, gilamda sochilib yotgan Perning buyumlari: qaychi, yelimli idish, kitoblar, quritilgan o‘simliklar to‘plami birma-bir qalqib chiqdi.
– Agata?
Per ko‘zini ochib, unga jilmaygancha tikilayotgandi.
– Sanchqi yodingdami? – deb so‘radi u. – Anavi kimsani cho‘chitish uchun ataylab shunday qildim. Sanchqida deyarli hech balo yo‘q edi.
Evaning xavotiri tarqab, shodon kuldi.
– Boplading-da o‘ziyam, uning kapalagi uchib ketdi.
Per jilmaydi.
– Ko‘rdingmi? Sanchqini ikki qo‘llab ushlab, uzoq paypasladi. Gap shundaki, ular buyumni ushlashni bilishmaydi; darrov chang solishadi.
– To‘g‘ri aytasan, – ma’qulladi Yeva.
Per o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini chap kaftiga niqtab ko‘rsatdi.
– Ular mana bunday qilishadi. Buyumga barmoqni tirashadi-da, ushlab olib, kaftda majaqlab o‘ldirishadi.
U lablarining uchi bilan bidirlab gapirar, qiyofasi parishon edi.
– Qiziq, bularga nima kerak o‘zi. Anavi nusxa avval ham keluvdi. Nega oldimga uni yuborishayapti ekan? Nima bilan bandligimni bilish uchun ekrandagi yozuvni o‘qish kifoya-ku, uydan chiqish ham shart emas. Ular yanglishishayapti. Hokimiyat qo‘llarida-yu, xato qilishadi. Men esa sira yanglishmayman, ustunligim shunda. Dang‘, – dedi Per, – dong‘.
U uzun qo‘llarini yuzining oldida silkitdi: “Voy, jin urgur! Dong‘, jong, jung. Yana xohlaysanmi?”
– Bu qo‘ng‘iroqmi? – deb so‘radi Yeva.
– Ha. U ketdi. – Perning ovozi dag‘allashdi. – Anov kimsa – mayda yugurdak. Sen uni tanirkansan, birga mehmonxonaga chiqding.
Eva javob qaytarmadi.
– Xo‘sh, maqsadi nima ekan? – so‘radi Per. – Senga shuni aytgan bo‘lishi kerak.
Eva bir on taraddudlanib, qo‘rsroq javob berdi:
– U seni kasalxonaga tiqmoqchi.
Eriga haqiqatni yumshoqroq tushuntirsa ishonmas, shubha-gumonlarini daf qilib, tarqatib yuborish uchun uni rost gap bilan chimchib olish lozim edi. Yeva unga yolg‘on gapirgandan ko‘ra qo‘pol muomala qilgan yaxshi deb hisoblardi: Perning yolg‘oniga ishonganini payqaganda Yeva sezilar-sezilmas ustunlikni his etar va o‘zidan qo‘rqa boshlardi.
– Meni tiqisharmish! – dedi Per kesatib. – Ularning tomi ketib qolgan. Devor menga nima bo‘libdi? Devor uni to‘xtatadi deb o‘ylashar balki. Ba’zan rostdan ham ikkita to‘da bormikan, deya o‘zimga savol beraman. Haqiqiysi – habashning to‘dasi. Va hamma narsaga burun suqib, xatoning ketidan xato qiluvchi pandavaqilar to‘dasi.
Per kresloning tirsak tiraydigan joyiga taq-taq urib, Yevaga quvonch bilan qarab-qarab qo‘ydi.
– Devorning ichidan o‘tsa bo‘ladi-ku axir. Xo‘sh, unga nima deb javob berding? – u qiziqsinib Yevaga yuzlandi.
– Seni kasalxonaga tiqolmasliklarini aytdim.
Per yelka qisdi.
– Unday demaslik kerak edi. Sen ham yanglishibsan, agar atayin xato qilmagan bo‘lsang, albatta. Ularni sirni ochishga ko‘ndirish lozim edi.
U jimib qoldi. Yeva g‘amgin bosh egdi. “Darrov chang solishadi!” Per buni qanday nafrat bilan aytdi-ya, aslidayam shunday-da; nahotki men ham buyumlarga chang solsam? O‘zimga oro berishim befoyda, ko‘p qiliqlarim uning g‘ashiga tegsa kerak. Ammo menga indamaydi. Yeva to‘satdan o‘zini xuddi o‘n to‘rt yoshidagidek g‘arib sezdi. O‘shanda yosh va chaqqon Darbeda xonim qiziga: ”Qo‘llaringni qayoqqa berkitishniyam bilmaysan shekilli”, degandi. Yeva o‘rnidan jilishgayam botinolmay turganda, aksiga olib qimirlagisi kelaverdi. U oyog‘ini gilamga xiyol tekkizib, kursining ostiga tiqdi. Keyin Per qoraga bo‘yagan stol chirog‘ining tirgovuchiga, shaxmatga ko‘z yugurtirdi. Shaxmat taxtasida eri faqat qora piyodalarni qoldirardi. Ba’zan Per o‘rnidan turib, stolga yaqin kelardi-da, piyodalarni qo‘liga olardi. Ularni Robot, deb atab, har biriga gapirar, shaxmat donalari qo‘lida qandaydir sirli hayot bilan yashayotgandek tuyulardi. Per piyodalarni joyiga qo‘ygach, Yeva ham ularga teginar (bu ahvolda kulgiliroq ko‘rinsam kerak, deb o‘ylardi u), shunda yana o‘lik yog‘och parchalariga aylangan piyodalarda sezilar-sezilmas, ma’nodor bir nima qolgandek bo‘lardi. “Bari uniki, – deb o‘yladi Yeva. – Xonada menga tegishli hech narsa yo‘q”. Avvallari ayrim jihozlar Yevaniki edi. Masalan, toshoyna va buvisidan qolgan, Per hazillashib “sening stolchang” deb ataydigan naqshinkor pardoz stoli. Bu buyumlarni xonaga Per olib kirgan, ular faqat eriga asl qiyofalarini ochardi. Yeva jihozlarga soatlab tikilar – ular allaqanday muttasil, qahrli qaysarlik bilan xuddi doktor Fransho va janob Darbedaga o‘girilgandek, ungayam faqat tashqi qiyofasini ko‘rsatardi. “Lekin men bularga otamning ko‘zi bilan qaramayman, – deb o‘yladi Yeva xavotir aralash, – unga o‘xshab qarashim mumkin ham emas”.
U tizzalarini silkitdi: oyog‘i uvishibdi. Qimirlamay, tarashaday qotgan tanasida og‘riq turdi; Yeva o‘z vujudini haddan ziyod tirik va nomutanosib sezdi. “Ko‘rinmas odamga aylanib qolsam edi; men uni ko‘rardim, u esa payqamasdi. Perga mening keragim yo‘q; bu xonada mutlaqo ortiqchaman”. Yeva boshini xiyol burib, erining tepasidan devorga qaradi. Unga do‘q-po‘pisalar yozilgandi. Yeva uzoqdan o‘qiy olmasayam, buni bilardi. U ko‘pincha gulqog‘ozdagi yirik qizil atirgullarni tomosha qilar, to ko‘z o‘ngida sapchiy boshlamaguncha ularga tikilib turaverardi. Nimqorong‘ida gullar lov-lov yonardi. Do‘q-po‘pisa odatda shiftdan pastroqqa, karavotning chap tomoniga yozilsayam, ba’zan boshqa joyga ko‘chardi. “O‘rnimdan turishim zarur, ortiq bunday o‘tirolmayman, o‘tirolmayman”. Gulqog‘ozda kesilgan piyozning bo‘lagidek oppoq doiralar ham bor edi. Ular o‘z o‘qi atrofida aylangan mahal Yevaning qo‘llari titrab ketdi. “Ba’zan esim og‘a boshlaydi. E, yo‘q, – o‘yladi u, – esdan og‘ishim mumkin emas. Shunchaki asabiylashganman”.
To‘satdan u o‘ziga Perning qo‘li tekkanini sezdi.
– Agata, – dedi eri mayin ovozda.
U Yevaga jilmayar, ammo xotinining qo‘lini qisqichbaqaning tanasini tutib turgandek, hozir o‘sha qisqichbaqa panjasi bilan qisib oladigandek ijirg‘anib barmoq uchida ushlardi.
– Agata, – dedi u, – senga juda ishongim keladi.
Eva ko‘zlarini yumib, ko‘ksi xiyol ko‘tarildi. “Hech nima demaslik kerak, yo‘qsa u yana o‘z qobig‘iga o‘ralib oladi-da, gapirmay qo‘yadi”.
Per uning qo‘lini qo‘yib yubordi.
– Seni juda yaxshi ko‘raman, Agata, – dedi u. – Lekin sira tushunolmayman. Nega doim shu xonada o‘tirasan?
Eva indamadi.
– Ayt, nega?
– Seni sevishimni bilasan-ku, – dedi Yeva quruqqina qilib.
– Senga ishonmayman, – dedi Per. – Nima uchun meni sevishing kerak? Aslida sen mendan qo‘rqishing lozim: axir men quvg‘indiman.
U jilmaydi-da, yana jiddiy qiyofaga kirdi:
– Sen va mening o‘rtamizda devor bor. Men seni ko‘raman, gapiraman, ammo sen narigi tomondasan. Bir-birimizni sevishimizga nima xalal beradi? Menimcha, avval sevish osonroq edi. Gamburgda.
– Ha, – dedi Yeva ma’yus tortib.
Doim o‘sha Gamburg. Ularning rostakam o‘tmishi haqida sira eslamaydi. Ikkovi Gamburgda bo‘lmagan.
– Biz anhorlar yoqalab kezardik. O‘sha yoqda bitta qayiq bor edi, esingdami? Qop-qora, ichida it o‘tirgan qayiq.
Per yo‘l-yo‘lakay to‘qiyverar, ko‘rinishiyam riyokor edi.
– Seni qo‘lingdan tutib turardim; tering boshqacha edi. Aytgan har bir so‘zingga ishonganman. Jim bo‘llaring, – baqirdi u.
Keyin bir on quloq tutdi.
– Ular kelishyapti, – dedi ma’yus tortib.
– Kelishyapti, deysanmi? Ular hech qachon ortga qaytishmaydi, deb o‘ylovdim.
Uch kundan buyon Per xotirjam edi: haykallar ko‘rinmayotgandi. O‘zi tan olmasayam Per haykallardan o‘lgudek qo‘rqardi. Yeva ulardan cho‘chimas, ammo haykallar g‘uvillagancha xona bo‘ylab charx urganda erini o‘ylab rosa xavotirlanardi.
– Siutrimni uzat, – dedi Per.
Eva o‘rnidan turib, siutrni oldi; eri o‘zi yelimlagan karton parchalarini shunday atardi. Siutr haykallarni duoyibad qilish uchun qo‘llanilar, uning ko‘rinishi o‘rgimchakni eslatardi. Karton parchalaridan biriga Per: “Fitnalarga qarshi”, boshqasiga “Qora” deb yozgandi. Yana bir kartonga ko‘zlari qisilgan, tirjaygan qiyofa chizilgan: bu Volter edi. Eri siutrni chetidan ushlab, unga g‘amgin boqdi.
– Buning endi menga nafi yo‘q.
– Nega?
– Ular buning ma’nosini buzishdi.
– Boshqasini yasab olsang-chi?
Per Yevaga uzoq tikildi.
– Senga faqat shu kerak o‘zi, – tish orasidan gapirdi u.
Evaning eridan jahli chiqdi. “Haykallar qachon ko‘rinishini u doim oldindan biladi. Qanday sezarkan, sira yanglishmagan”.
Elimlangan karton bo‘lagi Perning qo‘lida o‘likday shalpayib osilib turardi. “Shu matohdan foydalanmaslik uchun mudom bahona topadi. Yakshanba kuni haykallar paydo bo‘lganda uni yo‘qotib qo‘ydim degandi. Vaholanki, siutr yelimli idishning yonida turganini men ko‘rdim, o‘zining ham ko‘zi tushgani aniq. Qiziq, haykallarni balki Per chaqirar”. Erining samimiyligiga hech qachon to‘la ishonch hosil qilib bo‘lmasdi. Ba’zida Yevaga nosog‘lom o‘y-sharpalar uni o‘zi sezmagan holda chulg‘ab oladigandek tuyular, yanagi safar esa Per barini to‘qib chiqarayotganga o‘xshardi. “Azob chekayotgani rost. Ammo haykallar va habashga u qanchalik ishonadi? Har holda, bilishimcha, u haykallarni ko‘rmaydi, faqat ovozini eshitadi: ular yonidan o‘tayotganda chap beradi; lekin ko‘rdim deb, tasvirlashgayam urinadi”. Yeva doktor Franshoning qip-qizil yuzini esladi: “Muhtarama xonim, ruhiy kasallarning hammasi – yolg‘onchi, ularning asl his-tuyg‘ularini sizga aytayotgan hissiyotlaridan farqlamoqchi bo‘lsangiz, vaqtingiz zoye ketadi”. Yeva seskandi: “Franshoning nima aloqasi bor? Men unga o‘xshab o‘ylamayman”.
Per o‘rnidan turib, siutrni qog‘oz solinadigan qutiga tashlagani ketdi. “Men ham sen kabi fikrlasam deyman”, – pichirladi Yeva. Eri iloji boricha kichik joyni egallash uchun tirsagini tanasiga tirab, mayda-mayda qadam tashlab yurdi. Qaytib joyiga o‘tirgach, Yevaga qattiq tikildi.
– Qora gulqog‘oz yopishtirish kerak, – dedi Per, – xonada qora rang kam.
U kresloda g‘ujanak bo‘lib o‘tirdi. Yeva uning doim chekinishga, egilishga tayyor qoqsuyak gavdasiga razm soldi. Perning qo‘l-oyog‘i va boshi ichkariga yashiriladigan a’zolarga o‘xshardi. Soat oltiga bong urganda pianinoning tovushi tinib, Yeva xo‘rsindi: haykallar darrov kelmaydi, ularni kutish lozim.
– Chiroqni yoqaymi?
Eva ularni qorong‘ida kutgisi kelmayotgandi.
– Bilganingni qil, – dedi Per.
Eva yozuv stolining ustidagi kichkina chiroqni yoqqach, xonani qizg‘ish tuman qopladi. Per ham kutayotgandi.
U gapirmasayam, lablari shivirlar – bu lablar qizil tumandagi ikkita qoramtir dog‘ edi. Yevaga Perning lablari yoqardi. Bir paytlar ularda ko‘ngilni o‘rtovchi hissiyot bor edi, lekin o‘sha nafislik endi yo‘q. Perning lablari xiyol titragancha dam-badam ochilib-yumilar, bir on qovushib, yana ajrashardi. Uning toshdek qotgan yuzida ikkita qo‘rqoq hayvonchani eslatuvchi mana shu lablar tirik qolgandi, xolos. Per g‘ing etgan tovush chiqarmay soatlab nimanidir shivirlar, titrayotgan lablari ko‘pincha Yevani maftun etardi. “Uning og‘zini yaxshi ko‘raman”. Eri anchadan buyon uni o‘pmagan, birovga teginishdan qo‘rqardi. Tunlari Perni allaqanday erkaklarning baquvvat, g‘adir-budur qo‘llari paypaslar, juda uzun tirnoqli ayollarning qo‘llari badanini silab-siypar, erkalardi. U ko‘pincha yechinmay yotar, biroq qo‘llar kiyimining ostidan suqulib ichko‘ylagini tortardi. Bir safar Per kulgi ovozini eshitdi va kimningdir do‘rdiq lablari labiga yopishdi. Aynan o‘sha tundan so‘ng u Yevani o‘pmay qo‘ydi.
– Agata, og‘zimga qarama! – dedi eri.
Eva nigohini chetga burdi.
– Og‘izga qarab fikrni o‘qiy olish mumkinlini bilaman axir, – dedi u jerkib.
Perning qo‘llari kursining chetida titrardi. Ko‘rsatkich barmog‘i cho‘zilib, bosh barmog‘ini uch marta chertdi, qolganlari esa mayishdi – bu afsun edi.
– Hozir boshlanadi, – deb o‘yladi Yeva. Perni quchgisi keldi.
Per do‘rillagan, tantanavor ohangda savol berdi:
– San-Paulu yodingdami?
Javob qaytarmaslik kerak. Bu tuzoq bo‘lishi mumkin.
– Axir o‘sha yoqda sen bilan tanishganman-ku, – dedi u kekkayib. – Daniyalik dengizchidan tortib olganman seni. Mushtlashishimizga sal qoldi, lekin hammani ichkilik bilan mehmon qilganimdan so‘ng, u seni olib ketishimga rozi bo‘ldi. Bularning bari g‘irt maynavozchilik edi.
“Gaplari yolg‘on, aytganlariga o‘ziyam ishonmaydi. Ismim Agata emasliginiyam biladi. Yolg‘on gapirganda uni yomon ko‘raman”. Biroq erining shishaday chaqchaygan ko‘zlariga qarab, Yevaning qahri bosildi. “Yo‘q, u aldamayapti, – o‘yladi Yeva, – shunchaki zo‘riqqan. Anavilarning yaqinlashayotganini sezib, ularni eshitmaslik uchun ham gapirayapti”. Kursini ikki qo‘llab changallab olgan Perning yuzi bo‘zargan, ammo labida tabassum o‘ynardi.
– Bu uchrashuvlar ko‘pincha g‘alati tarzda boshlanadi, – so‘zida davom etdi u, – lekin men tasodifga ishonmayman. Seni kim yuborganini so‘ramayman, bilaman, javob bermaysan. Har holda meni loyga bulg‘ashga usta chiqding.
Per bazo‘r, shang‘illab gapirar, tili kelishmagan ayrim so‘zlar go‘yo yumshoq, shaklsiz bo‘tqadek og‘zidan to‘kilardi.
– Sen meni bayram avjiga chiqqan mahal yetaklab ketding, qop-qora mashinalar qatoridan olib o‘tding, lekin ularning ortiga o‘girilishim bilan yilt-yilt yonadigan qip-qizil ko‘zlarning butun boshli qo‘shini yashiringandi. O‘ylashimcha, sen qo‘limga osilib o‘shalarga ishora qilarding, men esa payqamasdim. Dabdabali Taxtga chiqish marosimiga haddan tashqari berilgandim.
Per to‘g‘riga qarab, ko‘zlarini katta-katta ochib o‘tirardi. So‘zida davom etayotib, qo‘li bilan peshonasini artar, jim bo‘lishni istamasdi.
– Bu Respublikaning Taxtga chiqish marosimi edi, – deyarli chinqirib gapirdi u, – mustamlakalardan ataylab keltirilgan ko‘p sonli turli-tuman hayvonlar qatnashgan o‘ziga xos, betakror tomosha. Sen maymunlarning orasida adashib qolishdan qo‘rqding. Men maymunlar, dedim, – atrofga alanglab, g‘urur bilan so‘zini takrorladi Per. – Lekin habashlar orasida, desam ham bo‘lardi! Bizni hech kim ko‘rmayapti, deb stolning ostida g‘imirlayotgan marazlar fosh qilindi va Nigohim bilan turgan joylariga qotirildi. Buyuraman: jim bo‘llaring, – baqirdi u. – Jim! Haykallar kirayotganda hamma saf tortib, qimir etmay tursin, bu buyruq. Tu-tu-tu-ru, – Per kaftini og‘ziga karnay qilib chaldi, – tu-tu-ru-ru, tu-tu-ru-ru.
Eri jimib qolgach, Yeva haykallar allaqachon xonaga kirganini angladi. Rangi bo‘zdek oqargan Per kekkaygancha, qilt etmay o‘tirardi. Yeva ham joyida qotdi go‘yo, ikkovi tovush chiqarmay kutishdi. Kimdir dahliz bo‘ylab yurardi – bu uy xizmatchisi Mari edi, kirmoqchi bo‘lgan ham o‘sha bo‘lsa kerak. “Unga gazning pulini berish lozim”, deb o‘yladi Yeva. Shu payt haykallar ucha boshladi: ular Yeva va Perning orasidan shuvillab o‘tishardi.
Per “Xon” dediyu oyog‘ini juftlab kresloga yopishdi. U teskari qarab, har zamon iljayar, peshonasidagi ter tomchilari yiltirardi. Yeva bu bo‘zargan yuzga, qiyshaygan, titroq lablarga bardosh berolmasdi; u ko‘zlarini yumib oldi. Qizg‘ish qovoqlari ortida tillarang sharpalar g‘ujg‘on o‘ynardi; u o‘zini qari irkitday his etdi. Yonida Per xirillab nafas olardi. “Haykallar uchayapti, g‘uvillab Perga tarmashayapti…” Yeva o‘ng yelkasi va biqinini nimadir qitiqlab, chimdiganini his etdi. Gavdasi xuddi noxush turtkidan qochib, og‘ir, qo‘pol buyumni o‘tkazib yubormoqchidek beixtiyor chap tomonga tisarildi. Bir payt polning taxtasi g‘ichirladiyu, Yeva ko‘zini ochgisi, qo‘li bilan havoni tarqatib, o‘ng tarafga qaragisi keldi.
U qilt etmadi; ko‘zlari hamon yumuq, azobli bir quvonchdan a’zoyi-badani seskanardi. “Men ham qo‘rqayapman” – deb o‘yladi u. Yevaning butun borlig‘i hozir o‘ng tarafga berkingandi. U ko‘zini ochmay Per tomonga engashdi. Ozgina harakat qilsa, shu musibatli olamga yorib kiradi. “Men haykallardan qo‘rqaman”, – xayolidan o‘tkazdi u. Bu ko‘r-ko‘rona, qat’iy xulosa, afsun edi: Yeva butun vujudi bilan haykallarning xonada ekaniga ishongisi kelar, gavdasining o‘ng tarafini falaj qilgan vahimani yangi mazmunga, sezgiga aylantirmoqchi bo‘lardi. Qo‘li, biqini, yelkasi bilan ularning uchayotganini his etardi.
Haykallar vizillab past va sekin uchdi. Ularning qiyofasi aldamchi ekanini, tosh ko‘zlarining atrofida kiprik o‘sganini bilsayam Yeva haykallarni yaxshi tasavvur qilolmasdi. Tirik etning yamog‘i, yumshoq tangachalar bahaybat gavdalarning ayrim joylaridan turtib chiqqan esa-da, haykallar hali to‘la jonlanmaganini ham bilardi; barmoqlarning uchidagi tosh ko‘chgan, ulkan kaftlar qichishardi. Yeva bularning barini ko‘rolmas, faqat ulug‘vor va serhasham, devdek kelbatli ayollarning insonga xos qiyofa va tosh kabi mustahkam qat’iyat bilan o‘zi tomon intilayotganini xayoliga keltirardi, xolos. “Ular Perning ustiga yopirilishayapti”. Qattiq zo‘riqqanidan Yevaning qo‘llari qaltiradi. “Men tomonga yopirilishayapti…” Kutilmaganda dahshatli o‘kirikdan badanini sovuq ter bosdi. “Haykallar unga teginishdi”. Yeva ko‘zini ochganda Per boshini changallab hansirab nafas olardi. Yeva juda holdan toyganini his qildi. “O‘yin, – afsuslanib o‘yga toldi u, – bularning bari bor-yo‘g‘i o‘yin edi, hech biriga bir on bo‘lsayam chinakamiga ishonolmadim. Per esa rostakamiga azob chekdi”.
Shalvirab qolgan Per harsillab nafas chiqarardi. Lekin ko‘zlari haliyam g‘alati chaqchaygan, o‘zi terga botgandi.
– Ularni ko‘rdingmi? – deb so‘radi Per.
– Ko‘rolmadim.
– Shunisiyam yaxshi, ular seni qo‘rqitardi. Men esa haykallarga allaqachon ko‘nikkanman.
Evaning qo‘li haliyam titrab, qovog‘i uchardi. Per cho‘ntagidan sigaret chiqarib, og‘ziga soldi-yu, lekin yondirmadi.
– Menga baribir, ularga xohlagancha qarayveraman, teginishmasa bo‘lgani; husnbuzar yuqmasin deb qo‘rqaman.
U bir oz o‘ylab, keyin so‘radi:
– Ularni eshitdingmi?
– Ha, – dedi Yeva, – xuddi samolyotning motoriga o‘xshaydi. (O‘tgan yakshanbada Perning o‘zi shunday degandi.)
Eri mayin jilmaydi.
– Oshirib yubording, – dedi u. Perning rangi haliyam oppoq edi. U xotinining qo‘liga qaradi: – Qo‘llaring titrayapti. Bechoraginam Agata, qattiq ta’sirlanibsan. Qayg‘urma: ertagacha ular qaytishmaydi.
Tishlari takillayotgan Yeva gapirolmas, Per payqab qolishidan cho‘chirdi. Per unga uzoq razm soldi.
– Sen nihoyatda sohibjamolsan, – dedi u bosh chayqab. – Afsus, ming afsus.
U chaqqon qo‘l uzatib xotinining qulog‘iga tegindi.
– Mening go‘zal iblisginam! Sen menga bir oz xalal berayapsan, haddan tashqari chiroylisan – bu meni chalg‘itadi. Agar tubanlashish bo‘lmasa…
U Yevaga hayrat bilan tikilgancha jimib qoldi.
– Yo‘q, bu so‘z emas… Bu so‘z miyamga… – u sirli jilmaydi. – Tilimning uchida boshqa so‘z aylanayotgandi… bunisi… o‘shaning o‘rnini egallab oldi. Senga nima demoqchiligim yodimdan chiqdi.
Per xiyol o‘yga tolib, bosh chayqadi.
– Mayli, – dedi u, – qittak mizg‘ib olay. – Keyin bolalarcha mijg‘ovlanib qo‘shib qo‘ydi:
– Agata, bilsang, juda holdan toydim. Fikrimni bir joyga jamlolmayapman.
Per sigaretini tashlab, gilamga xavotir aralash tikildi. Yeva uning boshiga yostiq qo‘ydi.
– Sen ham uxlab ol, – dedi eri ko‘zlarini yumib, – ular endi qaytishmaydi.
“Tubanlashish”. Per yuzida nim tabassum bilan uxlar, xuddi yonog‘ini yelkasiga surtmoqchidek boshi qiyshaygandi. Yevaning esa ko‘ziga uyqu kelmas, u “tubanlashish” so‘zini qayta-qayta takrorlardi. Per dabdurustdan chehrasiga ahmoqona tus berib, tiliga shu uzun, siyqa so‘z keldi. Xuddi so‘zni ko‘rayotgandek ro‘parasiga qaradiyu, yarim ochiq og‘zining tanobi qochib, ichida nimadir zil ketgandek bo‘ldi. U ko‘p gapirib yuborayapti. Birinchi marta shunday bo‘lishi: aytmoqchi, o‘ziyam bunga e’tibor berdi. Fikrimni yig‘olmayapman, dedi. Per huzurlanib, sekin ihradi-da, qo‘li xiyol qimirladi. Yeva unga diqqat bilan nazar soldi: qay ahvolda uyg‘onarkan? Uni shu savol qiynar, erining ko‘zi yumilishi hamonoq miyasidan shu o‘y ketmay qolardi. Per uyg‘ongach yana ko‘zlarini alang-jalang qilib, aljirashni boshlamasin-da, deb qo‘rqardi. “Bunchalar laqma bo‘lmasam, – deb o‘yladi Yeva. – Fransho menga o‘sha holat bir yildan keyin ro‘y beradi degandi-ku”. Lekin xavotiri bosilmadi: bir yil – bir qish, bir bahor, bir yoz, keyin yana kuz. Kuni kelib Perning aft-angori burishib, jag‘i osiladiyu, yoshlangan ko‘zlarini ocholmay qoladi. Yeva engashib uning qo‘liga labini tekkizdi: “Men seni avvalroq o‘ldiraman”.

Rus tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 1-son