Abdul al-Majid. Shayxning o‘limi (hikoya)

Uni orqasidan qo‘ndoq bilan itarib, og‘ir, nag‘alli etiklari bilan tepkilab olib ketishardi.
Tumanga cho‘mgan tong. Quyosh odamlarning qil­mishidan uyalgandek bulutlar ortiga berkindi. Yi­girma kunlik qiynoqdan so‘ng tor uychaga qo‘l-oyoqlari bog‘langan holda uloqtirilganlardan yolg‘iz unga yorug‘ kunni ko‘rish nasib etdi.
U qishloqning shayxi edi.
Har bir zarba asta-sekin, lekin to‘xtovsiz uni birodarlaridan uzoqlashtirar, o‘lim tomon yetaklardi. Har bir qadam hayotdan o‘limga olib boruvchi zanjirga yangi halqa qo‘shar va bu zanjir tiriklar marhumlar­ni bir-biri bilan bog‘lagandek, birlashtirgandek bo‘lib ko‘rinardi.
Uning butun umri azob-uqubatda o‘tdi.
– Bu senmi Qur’onni o‘qigan?
Javob o‘rniga sukut. Qo‘ndoq bilan berilgan zar­ba chap jag‘ga tushdi. Uning faqatgina kipriklari beixtiyor pirpiradi. Shayxni uyqu elitardi. Shunday bo‘lsa-da, yerga bukchayishga majbur etgan charchoqqa qaramasdan, tik turishga urinardi. Uning yuzi sovuq va nafratli edi, u butun vujudi bilan titrar va har bir noto‘g‘ri bosilgan qadam qo‘ndoqning kuchli zarbalari bilan “siylanardi”.
– Shoshmay tur, hali sen shunday sayraysan-ki…
Shayx frantsuzchani tushunmasdi. U birodarlaridan ayrildi, vidolashdi. Ular so‘nggi kunlariga qadar shayxga g‘amxo‘rlik qilishdi.
Askarlar sovqotishar, qo‘llarini bir-biriga ish­qashardi.
Uni mevalarining og‘irligidan yerga egilgan zay­tun daraxti shoxlari tagida to‘xtashga majbur etishdi. Shayx sariq tuproqda qolgan o‘zining yalang oyoqlari va soqchining izlariga boqdi.
Ilk bora nigohlari qadalgan va butun umri da­vomida qadrdon bo‘lib qolgan qishlog‘iga so‘nggi bor nazar tashlagancha “Umrimning intihosi shu yer”, deya pichirladi. Qo‘rquv yo‘qoldi. Shayx o‘zini sezmasdi. G‘ayrioddiy qo‘rquv shayx uchun isnod edi, qo‘rquv endi yollanma askarlar qishloqqa kelishgan damlardagidek jonni qiynamasdi.
Askarlardan biri belkurak keltirdi.
– Allohdan o‘zga iloh yo‘q (La ilaha illalloh)… – Qo‘ndoqning zarbi uni yiqitdi, – va Muhammad uning rasulidir (Muhammadur rasululloh).
Shayxni boshqalar bilan birga uzoq azoblab qiy­nashdi. Ko‘pchilik qiynoqlarga chiday olmadi. Ho­zir shayx uchun eng muhimi Xudoning marhamati edi. Tarsakidan shayxning boshi silkindi, miltiq bilan qorniga berilgan zarbaning chidab bo‘lmas og‘rig‘i uni bukchaytirib qo‘ydi, badanida sog‘ joyning o‘zi qolmadi va hattoki zarbaning kuchidan suyaklari­ning qirsillagani eshitildi. Murdadek rangpar yuzida aj­­ralib turgan, yorilgan lablari orasidan xirilla­gan tovush chiqdi. Shayxning qo‘llarini yechishdi. Temir simlar o‘rnida ikki iz joy qoldi. Barmoqlarining uchlari shishib ketgandi. Uchli gugurt donalari san­chilgan tirnoqlari ostidan oqqan qon qotib qol­gandi.
Bir necha soniyalik sukut abadiydek tuyuldi. U hammasi tezroq tugashini xohlardi, axir taqdirda shunday yozilgan, o‘lim — qutulmoq.
Zobit nimanidir o‘ylardi. Uning qayrilma kip­riklari ostidagi ko‘z qorachiqlari kengaydi, yuzi shafqatsiz tus oldi.
Askarlar ishni tugatishga shoshilardilar. Zobit esa oldindan rohatlanardi. Shayx butun o‘tmish va kelajak avlodlarining nafratiga to‘lgan nigohi bilan ularga qaradi. Uzun, to‘zigan, kir soqoli uning yuzini qoplagandi.
– Qani, qo‘lingga ol-chi! – dedi askar o‘zi olib kelgan belkurakni oyog‘i bilan tepib. Buyruq haqorat bilan to‘ldirildi.
Zobit shayxni o‘ziga-o‘zi go‘r qazishga majburlashni xohlardi. U shu paytgacha odamlarga o‘zi uchun qabr qazdirishga bo‘lgan ishtiyoqini bosib kelardi. Hech narsa — hatto mana shu urush ham, bu g‘alaba bilan tenglasha olmasdi: kurashuvchan insonni o‘ziga qabr qazishga majburlash, uni jonsiz jismga aylantirish, ongi va irodasidan mahrum qilish, inson qadr-qimmatini vahshiyona tahqirlash.
Zobit g‘azab-la o‘zining azaliy orzusini amalga oshirishga tirishardi.
– Demak, sen ekansan-da ularning rahnamosi? Bu­ sen­mi qurol-yarog‘ uchun pul yiqqan? Iqror bo‘l, ni­ma bilsang, hammasini ayt, shundagina seni qo‘yib yubo­raman…
Zobit oldindan o‘z qilmishini oqlamoqchi va bu bilan tanbal vijdonini allalamoqchi edi. Ammo vijdon uyg‘onishidan umid yo‘q edi. “Nima ham qilardik, – dedi u, – urush ketyapti, urush muqaddasdir”.
Shayx aniq bilardi, agar u gapirsa ham baribir o‘ldirishardi.
Na zobit, na shayx o‘zlarini aldashga urinishar­di. Biri o‘ldirishini, ikkinchisi esa o‘ldirilishini bilardi. Shayx xuddi mushukning changaliga tushgan sichqondek himoyasiz edi.
Shayx oyog‘i ostida yotgan belkurak tomon egildi. Zobit irshaydi, u niyatiga yetgandek mamnun edi. Ammo shayx belkurakni chetga surib qo‘ydi, xolos.
Bu g‘azabni qo‘zg‘atadigan o‘yin edi.
Shayx xotirjam qaddini rostladi.
– Jazoirlik hech qachon o‘ziga qabr qazimaydi!
Bu gap o‘q ovozidek yangradi. Zobit mushtini tugdi, tishini tishiga shunday bosdi-ki, yanoqlarida shish paydo bo‘ldi va shayxning yuziga kaftining orqa tarafi bilan qulochkashlab tushirdi.
Zobit o‘ziga bo‘ysunmasliklariga chiday olmasdi. Shayx qonli tabassum qildi… bu tabassumda bechora zobitga achinish bor edi.
“Irodali bo‘l, irodali bo‘l” birodarlarining dalda berib aytgan bu so‘zlari uning shuurini egallagandi. Yuzidan qon oqar, chakkalari zirqirardi. Qulog‘ining shang‘illashidan boshqa hech narsa eshitmasdi.
Shayx zobitning yuziga tupurdi, shu on ko‘zining chetida bir qatra yosh ko‘rindi. Shu paytgacha tuproqqa ko‘milgan otasi uchungina ko‘z yosh to‘kkandi. Go‘yo qonga bo‘yalgan yuziga bir dona gavhar yumaladi. U tili bilan la’lni ushlab qoldi, tuproqqa tushirmadi.
Askarlar hamon intizorlik bilan kutishardi. Ular shayxni tezroq tinchitishni xohlashardi. Bularning bari odamni zeriktiradigan holat edi. Yosh askarlardan biri xijil bo‘lib, lablarini tishlagancha, boshqalar kabi yuzini teskari o‘girdi.
Shayx o‘zini elektr toki silkitgandek his qildi, nam qo‘llarini qimirlatdi, peshonasidan dona-dona ter chiqdi. Nogahoniy quvonch to‘lqini uning butun vujudini chulg‘ab oldi, ko‘zlariga nurni qaytardi. Eng qiyin hal qiluvchi onlarda ajdodlarimizning qalbimiz tubida berkitilgan jasurligi, botirligi kutilmaganda jonlanadi va cheksiz jismoniy yoki­ ruhiy azobning ortidan e’tiqodi mustahkam in­sonning g‘ururini ham uyg‘otadigan, ham hayratga so­ladigan xotirjamlik paydo bo‘ladi.
Askarlar hayratdan lol qolishdi. Shu lahzada shayx g‘azab olovida askarlardan biriga tashlandi, uni yerga ag‘darib, miltig‘ini tortib oldi va zobitni nishonga oldi… Qatorasiga eshitilgan avtomat tovushi tongi sukunatni buzdi — askarlardan biri o‘q uzgan edi. Shayx sovuq miltiqni ushlagancha, qaqshab yiqildi… U qurolni ishga solishga behuda uringan edi. Axir uni hech qachon bunga o‘rgatishmagandi.
O‘limning nafasi butun tanaga yoyildi. Nursiz ko‘zlar tumanli shafaq qarshisida ochiqligicha qotib qoldi.
Loyda dumalagan tana yopishqoq kafanga burkandi.
G‘azabdan titragan zobit to‘pponchasini sug‘urib olib, shayxning yuziga to‘g‘riladi. Jasadni oyog‘i bilan bosib, unga tupurdi, zobitning yuzida loqaydlik aks etdi.
Yosh askar o‘zini tutib tura olmadi, qayt qilib yubordi.
– Hech qisi yo‘q, asta-sekin o‘rganib ketasan, ertaga sen ham bunday ishlarni bajarasan… Ko‘rasan buning qanchalik osonligini…
Ertaga yana boshqa qotil tug‘iladi.
Ular ketishdi…
Osmon baayni ularning ketishlarini kutayotgandek, ko‘z yoshlarini to‘kib yubordi…

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi