Qirol hazrati oliylari, xonimlar va janoblar! Germaniyaga tashrifingiz davomida biz unib-o‘sgan, yashayotgan foniylik qatlamlariga ma’rifatli nigoh tashlashga musharraf bo‘ldingiz. Bu zamin halovat neligin sira bilmadi. Reyn bo‘yidagi ko‘plarning orzumandi bo‘lmish bu zamin ne-ne hukmdorlarni ko‘rmadi, qanchadan-qancha — mustamlakachilik, mahalliy, hududiy, diniy, jahon urushlaridan omon chiqmadi, deysiz. Qandayin qirg‘inlar, surgunlarni boshidan o‘tkazmadi-ya…
Sirasini aytganda, «d» harfidan qoniqmaganlar, uning o‘rniga «t» harfini ma’qul ko‘rganlar «Teutsche»ni[1] namoyish etishdi. Zo‘ravonlik, vayrongarchilik, dardu iztirob va tushunmovchilik — mana shular o‘tkinchi dunyodan zamonaviy omonat dunyoga qadam qo‘yayotgan odamning yo‘lida yotadi.
Na vayronalar, na ko‘chkilar, na Sharqqa va na G‘arbga siljish farovonlikdan so‘ng kutish mumkin bo‘lgan natija — tinchlikni bermadi, bundan ko‘rinib turibdiki, qanday bo‘lsak, shundayligimizcha, o‘zligimizcha qolishimizga: kimlarningdir nazarida o‘ta g‘arbona, boshqalarning nazarida esa yetarlicha g‘arbona emasligimizga imkon berishmadi.
Hali-hamon «Teutsche»ni namoyish etishga moyil nemislar orasida go‘yoki «g‘arblik» va «nemischa» birikmalari millatning gumrohligi, degan shubha-gumonga boradiganlar uchrab turadi. Aslida shubha-gumonga o‘rin yo‘q; agar bu o‘lkaning yuragi bo‘lsa, u Reyn oqadigan yerda joylashgandir.
Bolaligimda maktabda urush barcha hodisalarning onasi, degan yomon gap eshitgandim; bir vaqtning o‘zida ham maktabda, ham cherkovda eshitgandimki, mo‘min-qobillar, ma’sumlar, xullas, zo‘ravonlikni rad etuvchilar zaminning merosxo‘rlari bo‘lib qoladi. Umrining so‘ngiga qadar insoniyat kimlargadir samo va zaminni, yana boshqa birovga esa samonigina va’da qiladigan o‘ta mudhish ziddiyatdan qutulolmaydi. Urushdan ikki qo‘lini burniga tiqib qaytgan millionlab odamlar singari men uchun ham bu olis yo‘l bo‘ldi, o‘sha millionlardan takror va takror yozishga ishtiyoq tufayligina ajralib turdim. O‘sha ishtiyoq meni shu yergacha olib keldi. Agar kamina uzoq vaqt darbadarlikda, quvg‘indan ajalga chap berib, yuragida xarsangtosh bilan eson-omon yurtiga qaytib kelgan yigitni pisand qilmay unga o‘girilib qaramasam, bu yerda turganimga sira-sira ishonmayin.
Men uchun Tinchlik — na xotira va na mol-davlat, u shunchaki so‘z; Respublika ham — ajnabiy so‘z emas, yakson qilingan xotiralardir. Yot-begonalik zanjirlarini uzib xaloskorga aylangan chet ellik yozuvchilarga shu yerdan turib minnatdorchilik bildirishim kerak. Qolaversa, nemis do‘stlarim va tanqidchilarga qayta-qayta madadlari uchun meni tetiklikdan mahrum qilmoqchi bo‘lganlarga-da tashakkur aytmoqchiydim, negaki ko‘p narsa urushsiz hal bo‘lsa-da, ammo, mening nazarimda, qarama-qarshiliksiz amalga oshmaydi.
Yigirma yetti yil. Bu nafaqat muallif, balki uning vatandoshlari uchun ham uzoq muddat… Shu yerda turib, ichki hayajon bilan bir zamonlar bema’ni tasavvurlarga ko‘ra nemis hisoblanmagan nemis o‘tmishdoshlarimni eslayman. Mo‘jiza tufayli o‘limdan omon qolib, Selma Lagerlyof qutqarib olgan Nelli Zaks, badarg‘a qilingan va fuqarolikdan mosuvo etilgan Tomas Mann, o‘z yurtidan bosh olib ketgan German Gesse.
Men dunyoga kelishimdan besh yil, bundan oltmish yil ilgari bu yerda Germaniyada vafot etgan adabiyot bo‘yicha so‘nggi nemis laureati — Gerhart Gauptman turgandi. U umrining so‘nggi yillarini, agar ba’zi bir vaziyatlarni hisobga olmasak, Germaniyada, o‘zining joyi bo‘lmagan Germaniyada o‘tkazdi. Kamina esa u yoki bu emas, oddiy nemisman; shaxsimni isbotlaydigan hujjat esa, bu o‘zim yozadigan tildir. Bundan ko‘ksim faxrga to‘lib quvonaman. Shvetsiya akademiyasiga, A’lo Hazratlariga va Shvetsiyaga nafaqat kaminaga, balki o‘z fikrimni ifoda etadigan tilga hamda men fuqarosi bo‘lgan mamlakatga ko‘rsatgan hurmat-e’tibori uchun minnatdorchilik bildiraman.
1972 yil 10 dekabr.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi
________________________
[1] «Teutsche» — «Deutsche» — bu yerda yozuvchi nemis millatchilarining qadim zamonlarda «d» o‘rniga «t» ishlatilgan degan da’volarini nazarda tutmoqda.