Ernest Xeminguey. Ko‘prikdagi chol (hikoya)

1-tarjima

KO‘PRIKDAGI ChOL

Gardishli ko‘zoynak taqqan, juldur kiyingan chol yo‘l chetida o‘tirardi. Daryoga qurilgan ponton ko‘prikdan esa aravalar, yuk ulovlari, erkagu ayol, bola-baqra o‘tib turardi. Xachirga qo‘shilgan aravalar askarlar nazoratida ko‘prikdan sohilga chiqarib qo‘yilar, vakillarga topshirilardi. Goho dehqonlar, to‘piqlarigacha changga botib, sudralib o‘tardilar. Faqat cholgina joyida qimirlamay o‘tirar, yurishga majoli yo‘qdek tuyulardi.
Ko‘prikdan o‘tib narigi tomonni kuzatish, dushman hujumidan ogoh bo‘lish mening vazifam edi. Ko‘prikda ulovlar siyrak edi, piyodalar ham kamayib qolishgandi, ammo chol hamon shu yerda o‘tirardi.
— Qayerdansiz? — deb so‘radim undan.
— San Karlosdanman,— dedi u. Ona shahrini esiga tushirganimgami, mamnun iljayib qo‘ydi.
— Men hayvonlardan xavotirdaman…— deya luqma tashladi chol.
— A?..— dedim men yaxshi tushunmay.
— Ha,— dedi u,— hayvonlarni deb orqada qoldim. San Karlosni tashlab chiqqan so‘nggi odam menman.
U na cho‘pon va na chavandozga o‘xshardi. Men uning kir kiyimlariga, sovun ko‘rmagan yuziga, gardishli ko‘zoynagiga nazar soldim va asta so‘radim:
— Qanday hayvonlar bo‘ldi ular?
— Har xil,— dedi u bosh chayqab.— Ularni tashlab keldim…
Men ko‘prikka qarab turardim. Amriqolik esa Yebro Dalta qishlog‘i tomon termulardi. U dushmanni o‘ylar, tiq etgan tovush eshitilsa, vujudi quloqqa aylanardi.
— Qanday hayvonlar ekan-a, ular?— deya takror so‘radim.
— Ikki echki va bir mushuk. Yana to‘rt juft kaptar ham bor.
— Siz ularni qoldirib keldingizmi?
— Ha, chunki to‘plar… Kapitan menga to‘plar o‘q uzadi, boring, dedi.
— Oilangiz yo‘qmi?— deb so‘radim men ko‘prik adog‘iga qarab. Oxirgi aravalar ko‘prikdan o‘tib, tepalikka tirmashmoqda edi.
— Yo‘q,— dedi u.— Faqat hayvonlarim… Mushuk, albatta, xalos bo‘la oladi. Lekin boshqalari… Bilolmadim.
— Qaysi siyosatni ma’qullaysiz? — deb so‘radim undan.
— Siyosatga qiziqmayman,— dedi u.— yoshim yetmish  sakkizda, o‘n ikki chaqirim yo‘l yurdim, uzoqqa borolmasam keragov…
— Bu yerda o‘tirmaganingiz ma’qul,— dedim unga.
— Bironta yuk mashinasida Tortosadagi chorrahagacha yetvolsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Bir oz kutaman,— dedi u.
— Keyin ketarman. Yuk mashinalari qaysi tomonga boradi?
— Barselona tomonga.
— Menga bu yerlar notanish… Katta rahmat sizga. Baraka toping.
U menga mo‘ltirabgina qarab, tashvishlarini baham ko‘rayotganligimdan mamnunligini bildirdi.
— Mushukdan ko‘nglim to‘q-a, lekin boshqalari-chi?.. Xo‘sh, siz bu haqda qanday fikrdasiz?
Men yelka qisdim.
— Shaharni to‘plardan o‘qqa tutishsa, ular nima qiladi-a?..
— Kaptarlar qafasdadir, og‘zini ochiq qoldirgan-misiz?—deb so‘radim men.
— Ha, ochiq.
— Unda, ular uchib ketadi.
— Ha, darvoqe, ular uchadi. Lekin boshqalari-chi? Hm, bu haqda o‘ylamaganim ma’qulga o‘xshaydi…
— Agar dam olvolgan bo‘lsangiz,— dedim qimtinibgina,— men ketaman…
— Rahmat,— dedi chol va oyoqqa turdi, turdiyu ilkis qalqib, yerga o‘tirib qoldi.
— Men faqat hayvonlarimdan tashvishdaman,— degan ovozi eshitildi orqamdan.— Faqat hayvonlarimdan…
Cholga bir narsa deyish mahol edi. Fashistlar Yebroga yaqinlashib qolishgandi.

Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son

2-tarjima

KO‘PRIK BO‘YIDAGI ChOL

Yo‘l chetida o‘tirgan temir gardishli ko‘zoynak taqqan cholning kiyimlarini qalin chang bosgan edi. Yuk tashuvchi aravalar, avtomobillar, erkaklaru ayollar, bolalar daryoga o‘rnatilgan muvaqqat ko‘prik orqali narigi qirg‘oqqa shoshilinch o‘tkazilmoqda edi. Xachir qo‘shilgan aravalar qiya sohilga yetganda yo‘lidan og‘ib ketar, askarlar ularni g‘ildiraklari kegayidan itarib bazo‘r to‘g‘rilar edi. Yuk mashinalari tiqilinchdan otilib chiqib, taraqa turuq qilgancha tepalikka o‘rmalar va darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, to‘pig‘igacha turpoqqa botgan dehqonlar esa zo‘rg‘a sudralib borar, faqat chol qilt etmasdi. Uning qadam tashlashga majoli qolmagan edi.
Men ko‘prikdan o‘tishim, narigi sohildagi istehkomni tekshirib ko‘rishim, dushman qanchalik surilganini aniqlashim kerak edi. Topshiriqni bajarib, yana ko‘prik osha ortga qaytdim. Endi aravalar ham, piyodalar ham ancha kamayib qolgan, cholning o‘tirishi esa o‘sha-o‘sha edi.
— Qayerdan kelyapsiz, otaxon?- deb so‘radim undan.
— San-Karlosdan, — javob qildi chol va jilmaydi.
San-Karlos uning ona shahri ekan. Ona shahri haqida gapirish esa cholga yoqardi. Jilmayganining boisi shunda.
— Men jonivorlarga qarardim, — deb izoh berdi u.
— Shunaqa deng? — dedim men garchand uning javobini tushunmagan bo‘lsam-da.
— Ha, — dedi qariya. – Shaharda yakka-yolg‘iz o‘zim qolgan edim. Jonivorlarga qarashim kerak edi. San-Karlosdan hammadan keyin chiqib ketdim.
U cho‘ponga ham, molboqarga ham o‘xshamasdi. Men uning changga botgan qoramtir kiyimlari, g‘ubor bosgan ko‘kimtir yuzi, temir gardishli ko‘zoynagiga qaradim va so‘radim:
— Qanday jonivorlarga qarardingiz?
— Har xil, — dedi chol va achinish bilan boshini chayqadi. – Hammasini tashlab ketishimga to‘g‘ri keldi.
Afrikani yodimga solgan Ebro daryosi etaklariga va ko‘prikka dam-badam ko‘z yugirtirib, muhoraba deb atalmish mangu sinoatdan dalolat beruvchi ilk shovqinlardan dog‘da qolmay deb atrofga sergak quloq solar ekanman, dushman nechog‘li tez paydo bo‘lishini tahmin qilar edim. Chol esa hamon o‘sha yerda o‘tirardi.
— Qanday jonivorlarga qarardingiz? – deb takroran so‘radim.
— Uch xil, — deb javob berdi u.- Ikki echki, bir mushuk, yana to‘rt juft kaptarga.
— Ularni tashlab ketishingizga to‘g‘ri keldimi?
— Ha. Otishma boshlandi. Otishma boshlanganidan keyin kapitan menga keting, deb buyruq berdi.
— Oilangiz bormi? –so‘radim yakka-yolg‘iz aravalar qiyalikdan zing‘illab pastga tushayotgan ko‘prikning narigi tomonidan nigohimni uzmay.
— Yo‘q, — dedi u. – Shu jonivorlardan boshqa yaqinlarim yo‘q. Mushuk-ku o‘rgangan. Albatta bir kunini ko‘rib ketadi. Lekin qolganlarining holi nima kechadi – aqlim yetmaydi.
— Siz kimlar tomondasiz? – deb so‘radim.
— Hech kim tomonda emasman, — dedi u. – Yetmish oltidan oshdim. O‘n ikki chaqirim yo‘l yurdim. Bu yog‘iga endi qadam bosishga holim qolmadi.
— Bu yer juda xavfli, bexatarroq joyga borganingiz ma’qul, — dedim men. — Tartosga boradigan yo‘lga yetib olsangiz, bas. U yerdan yukmashinalari ko‘p o‘tadi.
— Yana bir pas o‘tiray, — dedi chol. – Keyin turarman. O‘sha yukmashinalari qayoqqa boradi?
— Barselonaga, — dedim men.
— Barselonada hech kimni tanimayman, — dedi u. – Lekin sizdan juda minnatdorman. Judayam minnatdorman.
U menga xorg‘in va ma’yus ko‘zlarini tikdi. So‘ng yana dardini yorgisi keldi chamasi:
— Bilaman, mushuk bir kunini ko‘rib ketadi, — dedi. — Xavotir olmasam ham bo‘ladi. Lekin qolgan jonivorlarga achinaman. Sizingcha, ularning holi nima kecharkin?
— Nima ham derdim. Ular ham omon qolsa kerak.
— Rostdanmi?
— Bo‘masam-chi? – dedim aravalar ko‘rinmay qolgan narigi sohilni sinchkov kuzatar ekanman.
— Otishma boshlanib qolsa, jonivorlar qayoqqa qochadi? Otishma boshlanishi bilan, hatto meni ham shahardan haydab chiqarishdi-ku.
— Kaptarlarning qafasini ochib qo‘yganmidingiz o‘zi? –deb so‘radim.
— Ha.
— Unda kaptarlar uchib ketadi.
— To‘g‘ri aytasiz, uchib ketadi, — dedi qariya. — Lekin qolganlari… Yo‘q, yaxshisi qolganlarini o‘ylamasligim kerak.
— Sal o‘zingizga kelgan bo‘lsangiz, endi turing, — deb qistadim cholni. – Yurishga harakat qilib ko‘ring.
— Sizdan minnatdorman. — Chol o‘rnidan turdi, biroq gandiraklab ketdi-yu, yana qalin chang ustiga o‘tirib qoldi.
— Men jonivorlarga qarardim, — deb o‘zicha g‘udrandi chol menga e’tibor ham bermasdan. — Men faqat jonivorlarga qarardim.
Unga yordam berishning hech iloji yo‘q edi. Pasxa hayitining birinchi kuni, fashistlar Ebroga bostirib kelayotgandi. Kun zax, rutubatli, osmon qop-qora pastqam bulutlarga to‘la bo‘lgani uchun dushman samolyotlari ucha olmayotgan edi. Samolyotlarning ucholmagani, yana mushuk zotining o‘z kunini o‘zi ko‘rib keta olishi – pirovardida cholning ko‘nglini tinchitgani shular bo‘ldi.

1938 yil.

Ruschadan Qulman Ochilov tarjimasi.