Bog‘ ichkarirog‘ida joylashgan, qanshariga “19” raqami ilingan ikki qavatli, yog‘och uyning pastki qavatidagi ijarachi xonadonidagi narsalarning ko‘pini sotib yubordi.
Mahalladagilar ularning birortasini begona qilishmadi. Qulog‘ini ding qilib o‘tirganlar bu xabarni eshitishi bilan o‘sha uyga qarab yugurishdi. Uydagi televizor shkafi, bir oyog‘i singan kreslo, chang bosib ketgan divan, stol-stul, oynali katta shkaf, ko‘zayu oshxona idishlarigacha, barchasi arzon bahoda sotildi. Ertasiga ertalab esa uy oldiga katta yuk mashinasi keldi. Qolgan-qutgan ashqal-dashqallarni ham unga orta boshlashdi. Unga qarama-qarshi xonadonda Tolib bey degan odam istiqomat qiladi. O‘sha kun Tolib bey ishga yo‘l olish uchun ko‘chaga chiqqanida yuk mashinasini ko‘rdi. Tolib beyga ayoli, kecha, Murshid beyning bir kun avval narsalarini sotganini aytgan edi. Eng qiziq joyi uyi ship-shiydam bo‘layotgan Murshid beyning xotini va qizlari hech xafa ko‘rinishmas, qaytangga yuzidan tabassum arimasdi. Tolib bey ayoliga:
— Nima qilishsin, — dedi, — Yig‘lagisi yo‘qdir… Kim biladi deysan, ehtimol ich-ichidan hasrat chekishayotgandir. Do‘st-dushman oldida uyalib qolmaylik, deb shunday yo‘l tutishgandir.
Ayoli:
— Bo‘lishi mumkin… — dedi.
— Nima bo‘ldi ekan-a, Murshid beyning boshiga biror balo tushdimikan?
— Kim ham biladi deysiz… Balki boshqa joyga ko‘chib ketishayotgandir. O‘tgan kun ayoli gap orasida “Nishontoshiga ko‘chib ketyapmiz. U yerda ajoyib bir uy topdik. Uyni boshqatdan to‘shaymiz, yangi jihozlar olamiz. Shunga uydagi narsalarni sotyapmiz”, degandi.
Tolib bey ayoliga:
— Bo‘lishi mumkinmas, bechora Murshid beyning boshiga bir falokat tushdiyov. — dedi, — Oddiy bir xizmatchi Nishontoshidan uy olib, jihozlay oladimi? Biz shu uyning ijara pulini zo‘rg‘a to‘layapmiz axir. Murshid beyning ham maoshi meniki bilan bir xil, bilaman, bor-yo‘g‘i 50 lira…
Tolib bey va ayoli kechqurun, uyqudan avval shunday svhbatlashishgandi. Ertasi kun eshikdan chiqar-chiqmay yuk mashinasiga ortilayotgan so‘nggi narsalarni ko‘rganida Tolib bey juda siqildi.
Yuk mashinasiga narsalarni tashiyotgan Murshid beyning yoniga bordi. Salomlashgandan keyin:
— Mahallamizdan ko‘chib ketayotgan ekansizda-a Murshid bey? — deya so‘radi.
— Ha, shunday, shunday, ko‘chyapmiz.
— Biror chekkaroq joyga ko‘chyapsizmi, arzonroq joy topdingizmi?
— Yo‘g‘ee, Nishontoshida bir uy topdim. Bir o‘ting xudo xohlasa… Yangi uyimiz albatta sizga manzur keladi. Naq besh xonali, xonalari ham katta-katta, keng, ustiga-ustak yangi ta’mirdan chiqqan…
Ichida bir og‘riq qo‘zg‘olgan Tolib bey o‘ng qo‘lini qo‘shnisining yelkasiga qo‘ydi, ozroq egilib, qulog‘iga:
— Murshid bey, sizga juda hurmatim baland, bilasiz, — dedi, — Ham yaxshi ko‘raman, yaxshi qo‘shnisiz, ko‘p yilladan beri oramizdan qil o‘tmay yashab kelyapmiz. Jo‘ra, to‘g‘risini ayting, yashirmang, boshingizga biror balo keldimi? Agar shunday bo‘lsa albatta yordam beraman. Qani, ayting. Hammamizam yordamga muxtoj bo‘lamiz, axir yon qo‘shni — jon qo‘shni, deydilar. Bizga hali keraksiz.
Murshid bey qah-qah otib kuldi.
— Yo tovba, endi xizmatkor emasman, bo‘shadim ishdan, — dedi.
— Bay-bay… Pensiyaga chiqishingizga ham hech qancha vaqt qolmagandi o‘zi. Yaxshi ish bo‘lmabdi ochig‘i. Mayli, bir gap bo‘lar, xo‘sh, endi nima qilmoqchisiz? — deya kuyundi Tolib bey.
— Bir ishni boshlaganman, uch-to‘rt oydan beri shu bilan mashg‘ulman.
— O‘o‘-o‘! Qanday ajoyib, xo‘sh-xo‘sh, nima qilyapsiz?
— Qahvaxonada o‘tiryapman.
— Tushundim. Aynan nima ish bilan shug‘ullanyapsiz?
— Ishim shu. Ertalabdan kechgacha qahvaxonada o‘tiraman.
— Nima ish qilasiz axir?
— Yo Xudoyimey, g‘alchamisiz, qahvaxonada o‘tiraman, shunchaki o‘tiraman, deyapmanku. Zerikkanimdan o‘tirmayman, ish bilan o‘tiraman.
— Haa-a… Demak qahva ichasiz?
— Yo‘q, birodarim, yo‘q, qahva-pahva ichmayman. Qayerda qahvaxona ko‘rsam darrov kirib o‘tiraman.
Tolib bey “Bu odam aqldan ozyapti shekilli, bechoragina…” deya o‘yladi ichidan. Bu mahal yotoq to‘shaklari yuk mashinasiga ortilayotgandi.
Murshid bey:
— Siz begona emassiz, mayli, keling, sizga tushuntirib beraman, — dedi. — Hozir men tijorat bilan shug‘ullanyapman. Bu zamonda tijorat qahvaxonalarda qilinadi. Tijoratxonalarni, ishxonalarni qo‘ying, ularning zamoni o‘tdi. Hujjat deysan, qog‘oz-qalam deysan, hammasi dard ustiga dard. Hozir asl tijoratning kattasi qahvaxonalarda qilinadi. Xudoga ming shukr, xizmatkorlikdagi bir oylik maoshimni hozir bir kunda topyapman. Har kun o‘ldim deganda uch yuz, to‘rt yuz liraning belidan bukib qo‘yyapman. Endi bunday uyda yashash menga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Nishontoshidan ajoyib uy topdim. Yangitdan jihozlayman xudo xohlasa, pul bor, istak bor, yana nima kerak odamga, ayting o‘zingiz?
Tolib bey:
— Qanday tijoratni yo‘lga qo‘ydingiz? — deya so‘radi.
— Nima bo‘lsa o‘sha, farqi yo‘q… Ignayu ipdan kemagacha.
Hayratdan ko‘zlari kattalashgan Tolib bey:
— Sotib olasizmi yo sotasizmi? — dedi.
— Yo‘q birodarim, na sotib olamiz, na sotamiz. Oldi-berdi yo‘q. Mol bo‘lsaydi, sotardik, olardik. Biz faqat o‘rtada foyda ko‘ramiz. Xuddi shunday…
Tolib bey “Boshini biror joyga qattiqroq urib olgan shekilli, eh, bechoraginayey…”, deya xayol qildi.
Murshid bey:
— Qarang, bu ishni qanday boshlaganimni aytib beraman sizga. — dedi. — Kunlarning birida qo‘shni ayolning tikuv mashinasi ignasi sinib qolibdi. Qancha izlamasin hech qayerdan topolmabdi. Bilasiz, u ko‘ni-qo‘shnilarga kiyim-kechak tikib beradi, shuni orqasidan uch-to‘rt lira topadi, uning uch-to‘rt lirasi meni maoshim bilan teng. Mendan “Iltimos, igna topib bering”, deya o‘tindi. Hamma joyni axtardim, yo‘q, topilmadi. So‘ngra bir odam, Xudo rozi bo‘lsin shu odamdan, falon joydagi qahvaxonaga boring. Tikuv mashinasiga zarur narsalarni sotuvchilar bari o‘sha yerda, dedi. Darhol bordim.
Qahva ichib o‘tirgandim, o‘sha yerdagilarning biri yonimga kelib o‘tirdi va:
— Nimadir izlayapsizmi, birodarim? — deya so‘radi.
— Ha, tikuv mashinasining ignasini qidiryapman, — dedim.
— Qancha pachka lozim?
Sal qolsa yiqilib tushardim. Men necha oylardirki bir donayam topolmayapman, u bo‘lsa nechchi pachka lozim deb so‘rayapti. Olsam, ko‘proq olaqolay dedimu:
— Bir pachka kerak, — dedim.
Burun jiyirib:
— Sakson lira bo‘ladi, — dedi.
— Yo tovba, nima deyapsiz? Buning donasi oltmish, pachkasi yetti yuz yigirma kurushku, — dedim.
U qovog‘ini uyib,
— Unda nega vaqtimni olasiz, darrov o‘sha yerga boring, o‘sha yoqdan oling, — dediyu mendan yiroqlashdi, o‘z joyiga o‘tirdi. Sakson lira, sakson lira… Shu sakson lirani deb nechchi yuz liradan qolib ketamiz. Olganim yaxshiyov, deb o‘yladim.
Yoniga bordim.
— Ma’zur tuting, birodar, — dedim. — Men bilmagandim. Marhamat, sakson lira, oling, — dedim.
U sharaqlatib sanadi va cho‘ntagiga soldi, so‘ngra:
— Siz shu yerda o‘tirib biroz kuting, — dedi, — Men olib kelaman hozir. Biz chayqovchimiz, orqamizdan taftishchilar, militsiyalar tushgan… Siz bormang, boshingiz baloga qoladi.
U ketdi. Men o‘tirib kutishni boshladim. Peshin o‘tdi, kech kirdi, qahvaxona yopilishi kerak, na u keldi, na ignalarim.
Sakson liraning og‘rig‘i tutdi yuragimni, bir hafta o‘sha qahvaxonaga bordim, uni qayta uchratmadim.
Bechoragina, meni deb qo‘lga tushdi shekilli, deb o‘yladim.
Shu desangiz, bir kuni ayolim qattiq hastalanib qoldi. Goh u yeri, goh bu yeri sanchib og‘riydigan bo‘ldi. Shifokor bir dori yozib berdi, qancha axtarmay hech qayerdan topolmadim. Ulkan Istanbuldan izlamagan yerimiz qolmadi. Keyin, Xudo xayrini bersin, bir odam bilan gaplashib qoldik, u “Falon joydagi qahvaxonaga boring, u yerdan istalgan dorini topa olasiz”, dedi.
U aytgan qahvaxonaga bordim. Ichkari kirib ulgurmasidan bir odam yo‘limni to‘sdi.
— Nima izlayapsiz, birodar? — dedi u jiddiy kayfiyat bilan.
Dori yozilgan qog‘ozni uzatib:
— Mana, mana shuni, — dedim.
— Nechchi quti istaysiz?
— Ikki dona bo‘lsa yetarli o‘zi.
— Uch yuz lira bering!
Bermaslikdan boshqa choram yo‘q edi, xotinim jon talashyapti axir. U pulni cho‘ntagiga joylashtirdi.
— Siz shu yerda kuting, men olib kelaman, — dedi.
Kutdim, kutaverdim. U ham kelmadi. Qahvaxona egasidan so‘radim. U:
— Biz qayerdan bilamiz beyim, u ham sizdek oddiy bir qahvaxo‘r, tanimaymiz, — dedi.
Kunlardan bir kun derazamizning oynasi sinib qoldi. Sovuqdan muzlab o‘lay dedik. Har qancha axtarmay oyna topolmadim. Yana bir mehridaryo odam chiqdi qarshimga, “Bu turish yaramaydi do‘stim, darhol boring, falon yerdagi qahvaxonadan albatta topasiz”, dedi.
Tolib bey:
— Ey birodar, hech aqlingiz kirmas ekanda-a? — dedi. — Bu axir nechanchisi?
— Oh, do‘stim, bu aql emas, ehtiyoj masalasi axir. Bu yaramaslar pulni olishganiga chidasa bo‘ladi, lekin aytilgan narsani keltirishsa mayliydi. Boshqa choramiz yo‘q, nimayam qilardik. Dengizga tushsangiz ilonga duch kelishingiz tabiiy…
— Siz ham birga boring!
— Rozi bo‘lishmaydi. Bu rasmiy ishmas, chayqovchilik. Uniyam to‘g‘ri tushunish kerak axir, qanday sizga ishonsin? Siz ehtimol militsiyadirsiz yoki taftishchi?
— Molni keltirganidan keyin bering pulini.
— Mol axir o‘zida yo‘q… U ham borib boshqa birovdan, yashirin joydan sotib oladi. O‘zi ham bor-yo‘g‘i besh-o‘n lira ishlaydi xolos. Besh-o‘n lira uchun odamni yoqalash yaxshimas axir. Hayot shunday og‘ir, birodar. Xullas, shunday qilib oyna uchun berilgan pul ham qulog‘ini ushladi. Davomini eshiting. Shu desang bir kun radiomizning lampasi kuyib qoldi. Hech qayerdan topolmadim. Bu safar birovdan so‘rab o‘tirmay to‘g‘ri kelgan qahvaxonaga bordim. Bir odam yonimga keldi. U mendan so‘rab ulgurmasdan men undan so‘radim:
— Nimadir izlayapsizmi?
— Xudoga shukr, topdim sizni, tamaki izlayapman, — dedi.
— Nechchi kilo kerak sizga? — deya so‘radim.
Odam shoshib qoldi. Qo‘llarimni o‘pa boshladi.
— O‘n gramm yetadi.
— Ikki ming lira.
O‘ylab o‘tirmay pulni uzatdi.
— Siz shu yerda o‘tiring, kuting. Men borib olib kelaman, — dedim. — Shu-shu tijoratning ilmini oldim, Tolib bey. Har kuni tushda uydan chiqamanu biror qahvaxonaga kiraman. Besh-o‘n daqiqa o‘tishi bilan biror odam keladi.
— Qahva izlayapman, — deydi.
— Nechchi kilo kerak? — deb so‘rayman.
— Bir kilo yetarli.
— Yuz lira…
Ertasi kun boshqa bir qahvaxonaga yo‘l olaman. Kimdir supurgi istaydi, yana kimdir o‘quv qurollari. O‘tgan kun bir odam avtomobil o‘rindig‘i topib berishimni istadi, ikki ming sakkiz yuz lira so‘radim.
Tolib bey so‘radi:
— Maylkuya, pulini olganlaringizning birortasi sizni ko‘rib qolishsachi?
— Ko‘raversinlar. Tikuv ignasi uchun mendan pul olgan odamni bir kun yo‘lda uchratib qoldim. Yoqasidan yopishdim “Qani ignalar, yaramas?” deya. U pinagini ham buzmay “Izlayapman beyim, bu zamonda osongina igna topib bo‘larkanmi? Olti oydan beri shu ignalaringiz muammosi bilan yuribman”, dedi.
— Militsiyaga bersangiz bo‘lmaydimi?
— Yo‘o‘-o‘-o‘g‘e… Bu yuz foiz ishonchli ish. Hach qanday qo‘rqadigan joyi yo‘q axir. Qanday militsiyaga berasiz, nima deb shikoyat qilasiz? Men mana shu chayqovchidan falon narsa olmoqchiydim deyolmaysiz axir. Olish ham jinoyat, berish ham…
Yuk mashinasiga narsalar yuklandi. Ayoli Murshid beyni chaqirdi. Ayoliga “Boryapman”, deb baqirganidan so‘ng Tolib beyga yuzlanib:
— Tijorat ajoyib ish, do‘stim. — dedi, — Pulni olgan molni ololmasligini biladi. Pulni olgan ham molni bermasligini. Biroq, nimayam qilishardi, umid qurg‘ur baribir o‘lmaydi… Balki topolmas, balki topa olar…
Tolib bey:
— Bizga tomimizni yopishga shifir kerak, chakki o‘tyapti, topa olasizmi? — dedi.
Murshid bey:
— Qancha kerak? — deya so‘radi.
— Ikki dona bo‘lsa yetib-ortib qoladi.
— Yuz ellik lira.
— O‘h-ho‘, ko‘pmasmi mabodo?
— Men ham boshqasidan olaman, to‘g‘ri tushuning. Mengayam bor-yo‘g‘i besh-o‘n lira qoladi, qolsa.
Tolib bey yuz ellik lira uzatdi. Murshid bey unga:
— Agar istasangiz shu yerda kuting, istasangiz boshqa joyda, — dedi. — Men yuklarimni yangi uyga ko‘chirib olay, keyin aytgan narsangizni topib kelaman. Bu yog‘i Xudoga tavakkal…
Tolib bey umid bilan xayrlashdi:
— Mayli, yaxshi boring, xayr Murshid bey…
Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi