Bu voqea Sivas tumanlaridan birida bo‘lib o‘tgan. Men aniq joyini aytmayman, negaki qahramonimizni u o‘lkalarda hamma yaxshi taniydi. Shunday ekan, uni yana hammaga aytishning nima keragi bor…
Advokat Ibo voqeaning guvohi bo‘lganini tasdiqlaydi, odamlar esa u hammasini o‘ylab topgan deyishadi. Menimcha, advokat Ibo chindan guvohi bo‘lganmi yoki hammasini o‘ylab topganmi, bu muhim emas, muhimi voqea juda qiziq.
Iboning hikoyasiga o‘taylik.
Qish kirdi. Sivasning shafqatsiz qishi… Uylarning tomida ikki metrga yaqin qor to‘plandi. Har qalay kunduzi chiqsa bo‘lardi, ammo u tunda chiqdi va tomni qordan tozalay boshladi. Belkurakni qo‘yib, mushtugiga sigaret tiqdi. Tungi bayramona osmondan ko‘z uzolmay boshi aylandi. Tutunni ham oy tomonga qarab pufladi… Orzuladi…
Xayollari o‘tgan kunlarga, uzoq-uzoqlarga ketdi… Aynan shu damda qichqiriq va uzun yana qichqiriq… bo‘ldi .
— Qo‘shnilar! Yordam bering! O‘layapman! Bu yoqqa!
Qo‘shnilar bu ovozni eshitiboq yugurishdi va… Ular nimani ko‘rishdi deng: qahramonimiz tomdan qulab tushgan, qorda dumalab yotibdi. O‘ziga tegishga qo‘ymadi, og‘riq zo‘r… Suyakning singani aniq… Bechora shu damda bir qop singan suyakdek bo‘lib dod solardi.
Ibo suyakli qopni chanaga yukladi-da, olib ketdi. Deyarli bir kecha-kunduz yurib shifoxonagacha bordi. Travmatolog bemorni ko‘rarkan:
— Ie, iye ko‘p yillardan beri ishlab bunaqasini ko‘rmagan edim, — deb hayratlandi.
Operatsiya uzoq davom etdi. Travmatolog hamon taajjublanishdan tolmas, bu odam qanday qilib ikki oyog‘ini barobar sindirib, olganini so‘rayverardi. Oyoqni, albatta sindirish mumkin, ammo bunday holda bu qanday sodir bo‘ldiykan? Jumboq shifokorga tinchlik bermasdi.
Shifokorning tinimsiz so‘rovidan bezgan qahramonimiz, hech kimga aytmaslik, sir saqlash sharti bilan rozi bo‘ldi. Hatto qasam ham ichirdi.
Shifokor sir saqlashga qasam ichdi. Bemor hikoyasini boshladi:
— Qirq yil avval…
— Qirq yil avvalgini qo‘y, yaxshisi, aytchi, tomdan qanday yiqilding?
— Qirq yil avval…
— Senga aytyapman, menga qirq yil avval nima bo‘lganining qizig‘i yo‘q. Sen qanday qilib, bir yo‘la ikkala oyog‘ingni sindirishni uddalading?
— Ha, men sizga xuddi shuni gapiryapman, Qirq yil avval…
— Qaysar esh-shak ekansan, yaqinroqdan kel. Qirq yil avval oyog‘ingni sindirganing yo‘q-ku… Sening qirq yil avvalingni kim eshitadi?..
— Ha, o‘sha qirq yil avvalgi voqea bo‘lmaganda, men oyog‘imni sindirmagan bo‘lardim.
— Mayli, bilganingni qil. Gapir.
…Men o‘shanda o‘n sakkiz yosh, mo‘ylovim endi chiqa boshlagan, hali ayollarni bilmagan paytlarim edi. U vaqtlarda ov bilan qiziqardim. Odatda miltiqni olardim-da tog‘lar, o‘rmonlarni kezardim.
Qish kirdi. Sovuq. Odam bo‘yi qor. Ov qilgani toqqa jo‘nadim. Qor ostida so‘qmoqni ko‘rib bo‘lmas, har tomon tuman, ammo omadim keldiyov. Xaltamni qushlar, quyonlar bilan to‘ldirdim. Bug‘ini shoxidan ushlab sudradim. Bo‘ron boshlandi, yerniyam, osmonni ham ko‘rib bo‘lmaydi. Tavakkal qilib uzoq yurdim, o‘rmonda ekanman. Biroz yengillashganday tuyuldi, har qalay bu yerda shamol unchalik izzillatmayapti. Bir zumda tun tushdi… Yana esimni yo‘qotdim…
Shunda birdan oldindagi shu’laga ko‘zim tushdi. Shu’la — demak inson, tom, uy, issiq… Yorug‘likka qarab boryapmanu uning yaqin yoki olisligini bilolmayman… Yurdim, yetib ham bordim, biroq eshikni taqqillatishga madorim yetmadi, ostonada quladim. Yiqilayotib baqirganman, shekilli, eshik ochildi: ostonada ayol paydo bo‘ldi. Go‘zallarning go‘zali… Eshik orqasida suratdek turibdi, men bo‘lsa bug‘ining shoxidan tutib qorda yotibman, biroq turishga madorim yo‘q.
— Voy, bechora yigit, rosa charchabsan.
Meni ko‘tarib uyga olib kirdi. Uy issiq edi. O‘choqda o‘t yonib turardi.
— Bechora, butunlay muzlab qolibsan. Hamma narsangni yech, yaxshilab artin, manavilarni kiyib ol, — deb kiyim uzatdi.
Men u aytganday qilib, o‘choq yonidagi oromkursiga cho‘kdim. Ayol tez orada choy olib kirdi.
— Issiq-issiq ich, ichingdan isiysan.
Ma’lum vaqt o‘tgach u stolga, to‘g‘rirog‘i, shohona dasturxonga taklif etdi. Rang-barang yeguliklar, shirinliklar… Men ovqatga tashlandim, tezda qorinni to‘ydirdim. Charchoq yengdi, issiq elitdi. Kipriklarimga tosh osib qo‘ygandek his qildim. Uyqu bosib keldi. U bilan kurashishga kuchim yetmadi, boshim o‘z-o‘zidan egildi.
— Uyqung kelyaptimi? Bor, yotaqol…
U meni xobxonaga olib kirdi. Eshikni yopib chiqib ketdi. Yechinib ikki kishilik yumshoq ko‘rpa-yostiqqa cho‘zildim. Qancha vaqt o‘tdi bilmayman, bir payt eshik ochilib ayol kirib keldi. Taralgan sochlari yelkalaridan tushib turardi. U uzoq tikilib turdi, mendan sado chiqmagach, sekingina so‘radi:
— Senga biron nima kerakmi?
Men bu mehribon ayoldan nima ham istashim mumkin? U meni sovuqdan qutqardi. Uyiga kiritib, qornimni to‘ydirdi, kiyim-bosh berdi. Menga yana nima kerak?
— Senga rahmat, men yana nima xohlashim mumkin. Hammasi zo‘r, Olloh senga madadkor bo‘lsin, rahmat, — dedim chin ko‘ngildan.
— Demak, sen hech narsa xohlamaysan?
Men yana qayta-qayta minnatdorlik bildirdim, hech narsa kerakmasligini aytdim. Ayol chuqur xo‘rsindi, nega bunday qilganini men tushunmadim. Yana bir necha daqiqa turdi-da, keyin xonadan chiqib ketdi.
Oynadan tushayotgan quyosh nuri ko‘zimga tushganda uyg‘ondim. Choshgoh bo‘lgan… Tezda kiyinib ayolga rahmat aytdim. Minnatdorlik sifatida bug‘i, quyonlarni qoldirmoqchi bo‘lgandim, u jiddiy qarshilik qildi. Men yana bug‘ining shoxidan tutib yo‘lga tushdim tez orada uyimga yetib oldim.
Mana, bor gap shu, doktor… Shuncha yil o‘tdi. Mana, oltmish yosh yaqinlashyapti… Kel, jinday nafas rostlay, chekib olay dedim… Shunda yodimga o‘sha tun keldi. Belkurakni tashlab oyga boqib o‘yga toldim. Nega endi o‘shanda u ayol shunday chuqur xo‘rsindi? O‘yladim, o‘yladim va topdim. Eh, to‘nka! Ovsar! Men o‘zimning axmoq boshimga ura boshladim, g‘azablanib sakradim — qulab tushdim. Qolganini o‘zing bilasan, doktor. Oyoqlarimni, sindirdim biroq shuning evaziga qirq yil avval o‘sha ayol nima demoqchi bo‘lganini bildim. Axir, buni bilmasdan o‘lib ketishim ham mumkin edi.
Shifokor bemorni eshitib dedi:
— Modomiki shunday ekan, oyog‘ing bilan emas, kallang bilan tushsang yaxshi bo‘larkan. Ayolning o‘sha xo‘rsinishi uchun qovoq boshing pachoq bo‘lishi kerak edi.
Ibo bu voqeani sir saqlashga so‘z bergani uchun ham Sivasda uni bilmaydigan odam yo‘q. Menga ham bu gaplar katta sir sifatida aytilgan.
Rus tilidan Habib Siddiq tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 9-son