Aziz Nesin. Dahshatli tush (hikoya)

Istambul radiosi eshittirishlarini tugatdi. Shu kecha ikki hikoya bilan bir feletonni qo‘ldan chiqarishim kerak, buning ustiga, allaqaysi bir jurnalning savollariga javob tuzib chiqishim zarur. Bu narsalarning hammasi ertalabgacha bitishi shart. Ammo ishning mazasi bo‘lmay turibdi — faqat bittagina hikoyani yozoldim, xolos. Shu topda ichimga chiroq yoqsa yorimaydi.

Hikoyaning yana bittasini ham do‘ndirib tashlayman degan niyatda bir dasta oq qog‘oz ham tayyorlab qo‘yganman. Lekin nimani yozishimni bilmay xunobman.

Qornim tatalab ketganday bo‘ldi. Qiziq, nimani yozishni bilmay turganimda, doim shunaqa bo‘ladi. O‘zimni chalg‘itish uchun bahona qidirib qolaman. Yuqori chiqib qarasam, hamma dong qotib yotibdi. Oshxonaga kirdim. Sovib qolgan palovdan boshqa hech vaqo ko‘rinmadi. Shu topda menga uni kim ham isitib berardi, deysiz.

Qaytib joyimga o‘tirdim. «Yaxshisi uxlash kerak! Ertalab barvaqtroqtursam, hammasini bitirib qo‘yaman!» deb o‘zimcha o‘yladim.

Vaqt chorak kam uch bo‘libdi.

Odam bolasi uyquda ham yashaydi. Lekin bunaqa yashashning nima keragi bor! Yashaganingdan keyin tirik ekaningni sezib, turmush sirlarini bilib yashasang-da.

Qamoqxonada yotib chiqqan bir oshnam bor. Shu oshnam o‘zini xohlagan vaqtda tush ko‘rishga o‘rgatibdi. U hamisha menga: «Tush ko‘rsang, umring uzayadi», — deb yurardi.

Bugun kechasi tush ko‘rib chiqishimni o‘zim bilaman. Shunisi ham borki, ishing bitmay, chala qolgandan keyin, albatta asabing buziladi, ko‘rgan tushing rosa dahshatli bo‘lishi turgan gap.

Shularni o‘ylab yotib uxlab qolibman, Aytganimdek, juda dahshatli tush ko‘rdim. Yaxshiyamki… Begona mamlakatga kelib qolgan emishman. Qanday mamlakatligini bilmasmishmanu, lekin o‘zimcha uni Amerikagami, G‘arbiy Germaniyagami o‘xshatarmishman. Haddan ziyod keng, serhasham bir zalda emishman… Sizlarni bilmadimu, lekin men tush ko‘rayotganimni o‘zim bilib turaman.

E, Oh uyga kirib qolibsanu, dedim o‘zimga o‘zim. Zaldagi uzun stol tevaragida odamlar g‘uj bo‘lib o‘tirishibdi. Qayerga kelib qolganimni, bu yerda o‘zi nima gap bo‘layotganini so‘ray deymanu, tilim bormaydi. Aslida o‘zim rasmiy vazifa bilan kelganman, shuning uchun xijolatpazlikdan qo‘rqaman. «Kelgan joyini ham bilmas ekan!» — deb ta’na qilishlari mumkin-da, axir. Shularni o‘yladim-da, so‘ramay, o‘zim bilib olaman deb, ahd qilib qo‘ydim.

Rasmiy muzokaralar ketyapti. Mamlakatimizdan yakka o‘zim vakilmishman. Zalda o‘tirgan ajnabiylarning hammasi o‘ziga zeb bergan, bashang, sersavlat odamlar emish.

— Xush kelibsiz! — deb ulardan biri meni qutladi. — Siz mamlakatingizdagi ahvolni gapirib berasiz.

Avvaliga qo‘rqib ketdim, keyin o‘zimga o‘zim dalda berdim: «E, parvo qilma, nima bo‘lardi, bu tush-ku». Tushlikka-ku tush-a, ammo tushligini bilib qolishsa…

— O‘zim bilgan narsalarni bajonu dil gapirib beraman, — dedim dadillashib.

— Mamlakatingiz qoloq mamlakat-a, shundaymi?

Jon-ponim chiqib ketdi. Xudoyo o‘zing sharmanda qilma, bunisiga nima deyman? Bordi-yu, «Ha, mamlakatimiz qoloq», — deb yuborsam, chet elliklar oldida uni yomonotliq qilib qo‘yaman. Jinoyat qonunida bu og‘ir gunoh hisoblanadi. «Qoloq deganingiz nimasi, biz juda ilg‘ormiz» — deydigan bo‘lsam, yolg‘onchi bo‘lib qolaman. Nima qilsamikin? Yaxshisi, yolg‘on gapirib qo‘ya qolay. Jinoyatchi bo‘lgandan ko‘ra, aldoqchi bo‘lgan ma’qul, nega desangiz, yolg‘on gapga jazo yo‘q.

— Nega indamaysiz? — deb so‘rab qolishdi.

— Aybga buyurmaysizlar, savolni eshitolmay qoldim.

— Mamlakatingiz qoloq-a, shunday emasmi?

— Bu nima deganingiz?! — dangal so‘radim men ham.

— Hamma shunaqa deydi. Biz ham shunday deb eshituvdik.

— Bo‘lmagan gap, muhtaram janoblar! Shuni bilib qo‘yingki, bizning dushmanimiz ko‘p. Sha’nimizga tuhmat qilayotganlar ham shular.

Hamma hayron, hamma yoqa ushlagan.

— Demak, biz noto‘g‘ri eshitgan ekanmiz-da, — dedi kimdir salmoqlab.

— Ha, shundoq.

— Sizlar nozik tabiat odamlarsiz, «qoloq» degan so‘zga g‘ashingiz keladi. Mayli bo‘lmasa, shu so‘zning o‘rniga «kam taraqqiy etgan» degan iborani ola qolaylik. Ma’qulmi?

— Yo‘q, bo‘lmaydi. Biz kam taraqqiy etgan mamlakat emasmiz aslo, biz juda-juda taraqqiy etib ketganmiz.

Yana hamma hayratda.

— Sizlarda elektr ko‘rmagan shaharlar bormi?

Yana «ha» deydigan bo‘lsam mamlakatimizga dog‘ tushadi. Rosa arosatda qoldim-ku, men!..

— Yo‘q, bo‘lmagan gap!.. Hamma shaharlarimizda, hamma qishloq va qishloqchalarimizda elektr bor.

— Qoyil… Ajoyib…

— Lekin mamlakatingizda elektr quvvati uchun ko‘p haq olinadi deyishadi, shu gap to‘g‘rimi?

— Nima, elektr quvvatini aytyapsizmi?.. Iya, bizda elektr tekin-ku!

— Ajoyib… Juda antiqa…

Chet elliklar oldida mamlakatimni sharmanda qilmayotganim uchun o‘zimda yo‘q xursandman. Ha, to‘g‘ri-da, agar gazetalar shu gaplarimni ko‘chirib bosishsa bormi, qanday foydali ish qilayotganimni eshitib vatandoshlarim, albatta tasanno deyishardi.

— Sizlarda ijara haqi juda osmonda, uy-joy masalasi chatoq emish, rostmi shu? O‘rta miyona odam oladigan maoshining yarmini ijara haqiga to‘lamasa, boshpanasiz qolarmish-a?

Ichimda birov: «To‘g‘risini gapiraver, to‘g‘risini gapiraver», deb qistaydi. Unga men: «Holim voy bo‘ladi», — deyman. U yana meni o‘z holimga qo‘ymaydi: «E, bu tush-ku. Tush ko‘rayotganingni ular bilib o‘tiribdimi, nima deganingni qayoqdan bilishardi. Loaqal tushingda to‘g‘ri gapirib olsang-chi». A’zoyi badanimni sovuq ter bosdi. Manglayimdagi terni sidirib tashladim-da, xaxolab kulib yubordim.

— Xa-xa-xa! Bizning mamlakat haqida shunday fikrdamiz deng! Gapning po‘skallasini aytaman. Xudodan bitta-yu bitta tilagim bor, u ham bo‘lsa shuki, bizni ko‘rolmaganlarning ko‘zi ko‘r bo‘lsin. Uy-joy masalasida zarracha tanqisligimiz yo‘q. Bildinglarmi? Barcha madaniyatli mamlakatlardagiga o‘xshab bizning odamlarimiz ham maoshining atigi o‘n protsentini to‘lab, ajoyib uylarda turishadi.

— Xizmatchilar-chi?

— Xizmatchilar oila a’zolarining soniga qarab ijaraga uy olishadi. Noliydigan joylari yo‘q. Ijara haqi ham shunchalik ozki, kam pul to‘laganing uchun uy egasidan xijolat chekasan kishi.

— Undoq bo‘lsa, uy egalari nega bola-chaqali oilalarni qo‘ymaydi, deyishadi?

— Ana xolos! Qip-qizil yolg‘on-ku bu! Kim aytdi buni sizga! Ijaraga o‘tiradigan odam bizda uy egasini ko‘rmaydi ham. Munitsipalitet qoshida uy-joy bilan shug‘ullanadigan mahkama bor. Ijaraga turmoqchi bo‘lgan odam mana shu mahkamaga boradi-da, taxminan shunday deydi: «Menga besh xonali uy kerak, vannaxonasining toshi ko‘m-ko‘k bo‘lsin, qizili to‘g‘ri kelmaydi, xotinimning asabi qittak nozikroq».

— Mamlakat deb mana buni aytsa bo‘ladi! — zaldagilarning zavqi kelib qiyqirib yuborishdi. — Ura!

Men ham bo‘sh kelmay, yurtimizni ko‘klarga ko‘garib maqtab ketyapman.

— Eshitishimizga qaraganda, yurtingizda ishsizlar ko‘p, ish sharoiti og‘ir, mehnat haqi juda oz emish-a?

— Iya, sizlar o‘zi kimga ishonasizlar: har xil g‘arazgo‘ylargami yo mengami? — deya o‘shqirib berdim.

— Sizga-da, albatta…

— Unday bo‘lsa quloq soling. Ishchilar to‘g‘risida gapirib bera qolay… Bizning ishchilarimiz juda yaxshi turmush kechirishadi. Bildingizmi? Ularning o‘zlari hech narsadan nolishmaydi-ku, boshqalarning tinch yurmaganiga hayronman… Qani, menga ayting-chi, qaysi bir mamlakatning ishchisi biznikiga o‘xshab ko‘p haq oladi? Hech kimniki! Biznikilar shunchalik ko‘p pul olishadiki, to‘g‘risini aytsam, ortiqchalik ham qiladi… Sir bo‘lsa ham sizlarga shuni aytib qo‘yay, agar bizning ishchimiz ovqati, kiyim-kechagi va ijara haqidan ortib qolgan pulini yig‘ib yursa, bir oyning ichida bemalol kattakon fabrika qurib olishi mumkin. Lekin u fabrikani boshiga uradimi. Busiz ham uning joni rohatda…

— Voy-bo‘!.. Zap mamlakat ekan-ku bu!

Qani endi mamlakatimizni rosa maqtayotganimni Anatoliya agentligi bilib qolsa-yu, boshqa yoqlarga ham olib eshittirsa… Bu shirin xayollarim zoye ketmasmidi.

— Maorif masalasi qalay? Aholining sakson protsenti savodsiz, deyishadi.

— Ana xolos… Lof ham evi bilan-da. Yolg‘on gap shunaqa bo‘ladi deb o‘ylovdim-a. Odamlarimiz shundoq savodxonki, kitob o‘qishu, xat yozish degan narsalar jonlariga tegib ketgan. Hammaning savodi chiqqan… Garov o‘ynab bitta savodsiz odam topib ko‘ring-chi! Professorlar, jurnalist va yozuvchilar ham bizda yo yozishadi, yo o‘qishadi. Hattoki, bir o‘tirishda ham yozib, ham o‘qiydigan odamlarimiz bor. Yozuvchilarning ham, kitobxonlarning ham tagi mo‘l. Bizda shunchalik maktab ko‘pki, o‘t-betdan yo‘l ochish kerak bo‘lib qolsa, to‘ppa-to‘g‘ri maktablarni buzib o‘tib ketaverishadi, o‘qituvchilarning bo‘lsa son-sanog‘i yo‘q… Bittasini chaqirsang, sakkiztasi «labbay» deb keladi.

— Maktab ochish uchun Amerikadan keltirilgan uskunalarga nima deysiz?

— Iya, bu hazil edi-ku. Kuch-qudratimizni begonalardan yashirish uchun shunday qilgan edik-da. Biz jo‘rttaga maktablar uchun bino yetishmaydi, degandik.

— Shoshmang, bu yerda bir gap borga o‘xshaydi, — o‘tirganlardan biri sapchib o‘rnidan turib ketdi, — o‘zingiz yozgan maqolalarni o‘qiganmiz. Gazetalardagi feletonlaringizda hamisha mamlakatda maktab va o‘qituvchilar yetishmaydi, deb yozasiz-ku…

— Hali shunga ishonib o‘tiribsizlarmi? Qo‘yinglar-e! Buni men oppozitsiya uchun, ya’ni muxoliflar paydo qilish uchun yozaman. Xalqimiz muxolif bo‘lishni zap yaxshi ko‘radi-da. Hamma narsa qoyilmaqom, deb yozadigan bo‘lsak, xalqimiz bizdan ranjib qoladi. Mana shuning uchun maktablar yetishmaydi, deb yozamiz, obunachilarni ko‘paytirish uchun shunga o‘xshagan narsalarni to‘qib yuramiz. Bunaqa gaplar mahalliy axborot hisoblanadi, chetga boshqachasini yuboramiz.

— Sizlarda yo‘llar yo‘q, borlari ham xarob deyishadi, bunga nima deysiz?

Bunday gaplar me’damga tekkani uchun irg‘ib o‘rnimdan turdim.

— Bas endi, men ketaman.

— Ha, yo‘l bo‘lsin, bu yerdan hech qayoqqa chiqib ketolmaysan, hozir tush ko‘rib yotibsan…

Demak, hammasini tushimda ko‘rayotganimni ular ham bilishar ekan-da.

— Qo‘yib yuboringlar, ketaman.

— Qayoqqa?

— Yurtimga…

Eshikka qarab yurdim. O‘tirganlarning hammasi «gur» etib ustimga yopirildi, birpasda meni burchakka tiqib qo‘yishdi.

— Qo‘yib yuboringlar meni!

— Sen tush ko‘ryapsan, hech qayoqqa ketmaysan!

Na qo‘limni va na oyog‘imni qimirlata olaman.

— Yana bitta savolim bor, — dedi bittasi biqinimga turtib, — sizlarda erkinlik bormi, yo‘qmi?

Qo‘rqqanimdan tilim aylanmay qoldi.

— Hm… Hm… Hm… — yo‘talib ham oldim. Gapim bo‘g‘zimdan chiqmaydi.

— Qani, gapir, gapir, erkinlik bormi? — deya hammasi bir og‘izdan so‘rashdi.

Nihoyat, yana tilga kirdim, g‘o‘ldirab turib aytdim;

— Bor… Juda ko‘p, to‘lib-toshib yotibdi…

— Mamlakatingizda hamma erkinliklardan bormi?

— Sizga qaysi biri kerak o‘zi?

— Aytaylik, matbuot erkinligi.

— Bor bo‘lganda qandoq… Bizda hammasi bor. Qalashib yotibdi. Matbuot erkinligi ham bor. Istagancha topiladi. Meni qo‘yib yuboringlar endi!..

— Demak, sizlarda hamma erkinliklar bor ekan-da?

Ichimda o‘ylayman: «Tong albatta otadi… Bu dahshatli tush bir umr cho‘zilishi mumkin emas. Nima bo‘lsa ham, albatta tong otadi, men uyg‘onaman…»

— Sizlarda matbuot erkinligi bormi?

— Bor deb aytdim-ku, axir… Ha, bor!

— Bor bo‘lsa juda soz, ammo matbuot haqidagi eski qonun hali amalda deyishadi-ku. Bu qanday erkinlik bo‘ldi?

— Ha, nima bo‘pti… Sizlarga nima… Amalda bo‘lsa bo‘laversin, axir endi qo‘llanilmaydi-ku… Bizning mamlakatimizda sulton Fotih Istambulni bosib olayotganida ish bergan to‘plar ham bor, xo‘sh, hozir bularning keragi bo‘lmasa, albatta yo‘qotib yuborish shartmi? Biz boshimizga qanday kulfatlar tushganini unutmaslik uchun demokratiyaga zid bo‘lgan mana shu qonunni saqlab kelyapmiz. Bizda matbuot erkinligi va boshqa juda ko‘p erkinliklar bor. Bular shunchalik ko‘pki, qayoqqa sig‘dirishni ham bilmay garangmiz.

— Mamlakatda iqtisodiy ahvol chatoq, byudjet nuqul zarar ko‘ryapti, deb eshitdik. Bunga nima deysiz?

Xudoyo mushkulimni o‘zing oson qil, bunisiga nima deb javob beraman? Qora terga botib ketdim-ku!

— Nima, butun umrim uyquda o‘tadimi? Yetar menga shuning o‘zi! — deya qichqirib yubordim.

— Agar to‘g‘risini aytmasang, hech qachon uyg‘onmaysan.

Rostini aytadigan bo‘lsam, mamlakatimizga qarshi propaganda yuritgan bo‘laman… Yo parvardigor, sho‘rlik boshimni qandoq kulfatlarga solding!

— Ekonomikamiz siz o‘ylagandek yomon ahvolda emas. Aksincha, juda porloq. Shunday porloqki, ko‘rsangiz ko‘zingiz qamashadi… Byudjetga kelsak, zarar bilan foyda tenglashib qolgan. — Shu yerga kelganda gapning beliga tepib, shartta to‘xtatishdi.

— Demak, ma’lum bo‘ladiki, sizlar yordamga muhtoj emas ekansiz, — dedi hozir bo‘lganlardan biri, — biz haqiqiy ahvolni aytib berasiz degan maqsadda sizni chaqirtirgan, mabodo yordamga muhtoj bo‘lsangiz, qarz ochib, sizlarga mablag‘ bermoqchi bo‘lgan edik… Ko‘rinib turibdi, ishlaringiz joyida, yordamga hojat ham yo‘q ekan. Xo‘p, xayr.

Bu gapni eshitib es-hushimni yig‘ib oldim.

— Nima?! — deb ovozimning boricha bo‘kirdim.

Demak, meni chet eldan yordam olishga vakil qilib yuborishgan ekan-da.

— Mayli, nega buni ilgariroq aytmadingiz, bilganimda shunga qarab to‘n bichardim, gapning to‘ppa-to‘g‘risini aytib berardim.

— Xo‘p, xayr.

Alamimga chidayolmay ho‘ngrab yig‘lab yubordim. Buni qarang, chet eldan yordam olish mumkin ekan-ku, men qo‘ldan boy berib qo‘yibman-a. Alam qiladigan joyi shundaki, mamlakatimni ajnabiylar oldida yomonotliq qilib ko‘rsatgan, jinoyat qilgan bo‘laman deb o‘ylab, yordamdan quruq qolibman.

Yig‘idan uyg‘onib ketdim. Hali tong yorishmagan ekan.

Shamchiroqni yoqdim. Stulga o‘tirdim. Tushimda rostdan ham yig‘lagan ekanman. Ko‘z yoshlarimni artib olib, hozirgina ko‘rgan dahshatli tushimni qog‘oz betiga tushira boshladim. Nahotki, hech tong otmasa-ya! Qurib ketkur tun biram cho‘zilib ketdiki…

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi