O‘tgan tunda Shaharbog‘i orqali uyga qaytayotib, bir oz muddat o‘rindiqda o‘tirdim, shu top egniga uzun kulrang palto, qo‘liga sariq qo‘lqop kiygan allaqanday janob yonimga kelib o‘tirdi. Qiziq, bir daqiqa avval u bu yerda ko‘rinmagandi. Bog‘da shuncha bo‘sh joylar turib, uning aynan mening o‘rindig‘imga kelib o‘tirib olgani ko‘nglimda shubha tug‘dirdi; agar notanish odam shlyapasini boshidan olib, ismimni aytib, so‘rashmaganida, endi juftakni rostlamoqchi bo‘lib turgandim. Shunda birdan uni tanib qoldim-u, bu hayratim o‘zimga ham xush yoqib ketdi. Yosh va nihoyatda odobli bu odam doktor Gotfrid Veyvald edi; u o‘z oliyjanobligi bilan hurmatini saqlar, muloyim muomalasi esa o‘ziga zavq bag‘ishlashi sezilib turardi. To‘rt yil burun uni Venadan Quyi Avstriyaga huquqshunos yordamchisi qilib o‘tkazishgandi, lekin u, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, qahvaxonalarda uni vazmin iltifot bilan kutib oluvchi og‘aynilari orasida paydo bo‘ladigan odat chiqardi: doktor Veyvaldga haddan ziyod takalluflar yoqavermasdi. Men Rojdestvo bayramidan beri uni ko‘rmagandim, oqshom chog‘i shahar bog‘ida to‘satdan uchratib qoldim-u, ammo hayratimni unga oshkor qilmaslikka urindim. Iltifotiga iltifot ko‘rsatdim-da, sir boy bermaslikka harakat qildim, salomiga alik oldim. U bilan oqsuyaklarga xos tarzda suhbatlashmoqchi bo‘lib chog‘langan ham edimki, bir payt u xuddi o‘zini mendan himoya qilgandek, qo‘lini ko‘tardi-da:
— Uzr, vaqtim juda ziq, shunday bo‘lsa-da, sizga g‘alati bir voqeani so‘zlab berish niyatida kelgandim bu yerga, agar gapimni tinglash sizga malol kelmasa, albatta, — dedi.
Uning gap-so‘zlari meni qanchalik hayron qoldirmasin, uni jon-qulog‘im bilan tinglashga tayyor ekanimni bildirgan bo‘lmay, baribir o‘zimni savoldan tiyib turolmadim: u meni nega qahvaxonadan qidirmay, kechqurun bog‘dan izlab topdi va buni qanday uddaladi? Keyin, aynan menga ko‘rsatilayotgan bunday izzat-ikromning boisi nimada?
— Dastlabki ikkita savolga javobni, – dedi u, o‘ziga odat bo‘lmagan qo‘pollik bilan, — mening hikoyamdan topasiz. Sizni tanlashimning boisi, aziz birodarim, endi u menga faqat shu taxlit murojaat qilardi, — bilishimcha, siz qog‘oz qoralashga ishqiboz ekansiz, mening boshi-keti yo‘q g‘alati hikoyamni siz maqbul shaklga keltirib, uning dunyo yuzini ko‘rishiga yordam berarsiz deb umid qilaman.
Men kamtarlik bilan e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgandim, lekin doktor Veyvald, yuzini g‘alati tirishtirdi-da, dangal bunday dedi:
— Hikoyam qahramonining ismi – Redegonda. U, X. Dragun polkidan bo‘lgan rotmistr, baron T.ning xotini bo‘lib, Z shahridagi uylardan biriga joylashtirilgandi.
Garchand men nafaqat bu kichik shaharchani, balki, rotmistrning ismini, hatto polk raqamini ham yaxshi bilsam-da, u menga faqat bosh harflarnigina aytardi, xolos. Bularning bari menga nechuk ma’lum ekanini siz bir oz keyinroq bilib olasiz.
— Redegonda, — davom etdi so‘zida doktor Veyvald, — go‘zallikda benazir edi, va men uni bir ko‘rishdayoq sevib qolganman. Ming afsuski, u bilan tanishishning imkonini topolmadim, negaki, zobitlar harbiy bo‘lmaganlar bilan bordi-keldi qilish u yoqda tursin, hatto, bizdek, shahar boshqarmasining amaldorlaridan ham o‘zlarini olib qochib yurishardi. Shu bois Redegondani uzoqdan ko‘rardim, xolos; o‘shanda ham u, yo erining, yoki bo‘lmasa, boshqa zobitlar va ularning xotinlari hamrohligida bo‘lardi. Ba’zan uyining markaziy maydon tomonga qaragan derazasi yonida paydo bo‘lardi. Oqshomlari ko‘pincha shaldiroq izvoshda o‘zining maxsus lojasi bo‘lgan teatrga jo‘nab ketardi; men baxtdan masrur, parterdan turib, sezdirmay uni kuzatardim, mana, tanaffus ham boshlandi, uni yana yosh zobitlar qurshab olishdi. Ba’zan u menga beparvo emasdek tuyulardi. Basharti, u menga beparvo nigoh tashlaganida ham ko‘zidagini baribir uqib ololmagan bo‘lardim.
Kuzning erta tonglaridan birida men Redegondani shaharning sharqiy darvozasidan so‘ng boshlanib ketgan choqqina bog‘da, o‘rmonga o‘xshash yerda uchratib qoldim va unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimni poyiga sadqa qilish umididan mosuvo bo‘lganimni anglab yetdim. U shunday yonginamdan, balki, meni sezmay, yodiga tushib qolgan allanimalardan tabassum qilib o‘tib ketdi-da, ko‘p o‘tmay o‘zini qirmizi o‘rmonga urdi. U mendan ikki qadam naridan o‘tgan bo‘lsa-da, unga bosh irg‘ashga, hattoki, birinchi bo‘lib gap boshlashga ham fahmim yetmabdi! U o‘rmonga yashiringan o‘sha lahzalarda men shunday imkoniyatni boy berganimdan aslo o‘kinmaganman, — chunki bundan baribir biron nima chiqishiga ko‘zim yetmasdi. Shunda g‘alati bir holatga tushdim: ichimdagi amrona yangragan sirli ovozga itoat etib, Redegondani to‘xtatsam-da, o‘zim gap boshlasam, nimalar bo‘lishini ko‘z oldimga keltirdim. Mening junbishga kelgan tasavvurlarimga ko‘ra, Redegonda dil izhorimni rad etmagan, hatto jur’atim unga huzur bag‘ishlagan bo‘lardi. U hayotining ma’nisiz o‘tayotganidan, uni qurshab olgan odamlarning esa bir pulga qimmatligidan zorlandi va nihoyat, ko‘nglini topa olgan mendek mehribon do‘stni uchratganidan xursandligini yashirib o‘tirmadi. Men to‘qib chiqarganlarning boshidan oxirigacha, — uning qarashlarida shu qadar chuqur ma’no bor ediki, ajralish onlarimizda ham xuddi shunday bo‘lgan edi, — Redegondani oqshom teatr lojasida ko‘rganimda, bizni allaqanday sirli rishta bog‘lab turganini his etdim.
Tasavvurlarim bilan bunyodga kelib, ko‘p o‘tmay yana boshqalariga ulanib ketgan bu antiqa uchrashuvimiz, ishonamanki, qimmatli do‘stim, sizni ajablantirmaydi va kech kuz kunlarining birida Redegonda mening qaynoq bag‘rimga o‘zini topshirmaguncha suhbatlarimiz uchrashuvdan uchrashuvgacha borgan sari do‘stona, samimiy tus olib va keyinchalik yanada qalinlashib boraveradi. Tasavvurlarim zo‘raygandan zo‘rayardi! Axiyri shahar chetidagi oddiygina uyimga Redegondaning o‘zi kirib keldi va men shunday bir rohatbaxsh huzurni tuydimki, hatto o‘sha g‘aribona haqiqat ham menga bunday tuhfani taqdim etolmagan bo‘lardi.
Bizni xavf-xatar har qadamda ta’qib qilgani sayin, his-tuyg‘ularim shunchalik tasavvurlarga boyib boraverardi. Bir kuni kechqurun po‘stinlarga burkanib olib, chanada qayergadir yeldek uchib ketayotgandik, rotmistr yonimizdan ot solib o‘tib qoldi. Bir falokat yuz berishini o‘shandayoq ko‘nglim sezgandi.
Bahorning boshlarida Redegondaning eri xizmat qilayotgan dragun polki Galitsinga ko‘chirilayotgani butun shaharga ovoza bo‘lgandi. Mening ham, barchamizning ham tushkunligimizga chek-chegara yo‘q edi. Bunday boshi berk ko‘chaga kirib qolgan oshiqlar qanday chora-tadbir qo‘llashi lozim bo‘lsa, barini birma-bir xayoldan o‘tkazib chiqqandik: qochish yo o‘lim, bunday achinarli taqdirga tan bermasdan iloj yo‘q edi. So‘nggi oqshom yetib kelgan bo‘lsa-da, bizni hamon shubhalar qiynardi. Men xonani gullar bilan bezatdim-da, Redegondani kuta boshladim; bariga tayyor turish uchun jomadonga narsalarni joylab, to‘pponchani o‘qladim va vidolashuv maktubini yozdim. Qimmatli do‘stim, bularning bari chin haqiqat. Menga tanho xayollarimgina egalik qilarmidi, bilmadim, o‘sha kecha men Redegondaning kelishiga na faqat umidvor bo‘lgandim, yo‘llariga intizor ko‘z tikkandim. Har doim bo‘lganidek, uni bag‘rimga bosib turgandek xayol qilmadim, yo‘q, bu safar go‘yo allaqanday sirli, hattoki dahshatli nimadir mahbubamni uydan chiqarmay ushlab turardi; men, kimdir zinadan chiqib kelyaptimi-yo‘qmi, deb eshik oldiga tinmay borib-kelardim, uzoqdan Redegondani yana ko‘rish umidida derazadan boshimni chiqarib mo‘raladim. Talvasali hayajonda hech bir to‘siqni ham pisand qilmay, uni qidirib topish uchun bor kuchimni sarflashga, sevuvchi va sevikli mahbubam haqqi, Redegondani eridan tortib olishga tayyor edim.
Qo‘qqisdan yarim kechaga yaqin qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi. Yuragim shuv etib ketdi. Bu tungi qo‘ng‘iroq endi xayolda emasdi, tushunyapsizlarmi. Qo‘ng‘iroq ikkinchi, uchinchi bor jiringlaganda, uning quloqni qomatga keltiruvchi jarangidan so‘ng men bir zumda o‘zgartirib bo‘lmas haqiqatga qaytdim-qo‘ydim. Shu oqshomgacha mening g‘alati sarguzashtlarim faqatgina tushlar silsilasidan iborat ekanini tushunib yetgan damimdan boshlaboq, menda, jo‘shqin ehtiroslarimdan qochib qutulolmagan Redegonda yonimga keldi, hozir ostonada turibdi, shu tobda kiradi-yu, o‘zini bag‘rimga otadi degan bemulohaza umid uyg‘ondi. Butkul ana shu lazzat og‘ushida eshik oldiga bordim-da, uni ochdim. U Redegonda emasdi. Ro‘paramda tanasiz sharpa emas, butunboshli tirik jon, uning eri turardi. Shu onda sizni qanday ko‘rib turgan bo‘lsam, uni ham xuddi shunday aniq-tiniq ko‘rib turardim.
Rotmistr menga tikilib qaradi. Tushunarli, uni uyga taklif etib, keling, o‘tiring deyishdan o‘zga choram qolmagandi. Biroq u, hamon ko‘kragini kerib turgancha, ta’rifga sig‘mas zaharxandalik bilan:
— Siz Redegondani kutyapsizmi; baxtga qarshi uning bu yerga kelishiga ba’zi bir holatlar xalaqit qiladi. Bilasizmi, u o‘lib qoldi, — dedi.
— O‘lib qoldi, — takrorladim men va shu zahoti dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib ketdi. Rotmistr qat’iy ohangda:
— Bir soat burun qarasam u yozuv stoli oldida ekan. Yonidan mana bu daftar chiqdi, ataylab uni o‘zim bilan olib keldim. Aftidan, men xonaga qo‘qqisdan bostirib kirganimda yuragi yorilib o‘ldi, shekilli. Iltimos, bir ko‘z tashlang!
U ochilgan safsarrang teri bilan muqovalangan daftarni menga uzatdi va men uni o‘qiy boshladim:
“Shunday qilib, men endi uyimni butunlay tark etaman, meni mahbubim kutyapti.” Men daftarni yopdim-da, tasdiqlagandek bosh irg‘adim.
— Qo‘lingizdagi Redegondaning kundaligi ekanini, — davom etdi rotmistr, — siz to‘g‘ri fahmladingiz. Ehtimol, yana bir iltifot ko‘rsatib, uni varaqlab ham ko‘rarsiz. Shunda tonishdan foyda yo‘qligiga o‘zingiz ham amin bo‘lardingiz.
Men kundalikni varaqlay, to‘g‘rirog‘i, uni o‘qiy boshladim. Yozuv stoliga tirsagimni tirab o‘tirib, uni deyarli bir soatcha o‘qidim, bu vaqt orasida rotmistr ham divandan qimirlamadi. Yana o‘sha hayratomuz muhabbatimiz: erta kuz o‘rmonda Redegonda bilan ilk suhbatimiz, birinchi bo‘sa, shahar tashqarisidagi sayrimiz, xushbo‘y hid anqib turgan xonadagi huzur-halovatga to‘lib-toshgan damlarimiz, qochish yo o‘lim haqidagi rejalarimiz, baxtli va dilxasta o‘tmishimiz ko‘z oldimda jonlana boshladi. Hali o‘zim chinakamiga boshimdan kechirmagan, faqat tasavvurimdagina bunyod etganlarimning bari ajablanarli darajada aniq va ravshan tarzda kundalik sahifalariga muhrlangandi. Sizga haqiqat bo‘lib ko‘ringanlar, menga nimasi bilandir sira tushuntirib bo‘lmaydigandek tuyulyapti. Redegonda tanho uniki bo‘lishimni istagani bois ham tasavvurlarimizdan bunyodga kelgan barcha azob-uqubatlar, sevinch va shodliklarni men bilan baham ko‘rishi uchun unga sirli ixtiyor berilganini banogoh tushunib yetdim. Boshqa ayollar kabi Redegonda ham hayotning boshlanishiga mendan ko‘ra yaqini bo‘lgani bois orzu-havas va uning ro‘yobi orasidagi farqdan bexabar o‘zining safsarrang daftariga bitayotgan dil izhorlarining bari o‘ngida bo‘layotganiga qattiq ishonardi. Balki bari boshqacha bo‘lishi ham mumkin. Balki, shundaydir. Redegonda bu makkorona kundalikni jur’atsizligim tufayli mendan o‘ch olishni ko‘zlab tutgandi, chunki mening – bo‘lmaydi degan so‘zim sabab bizning barcha orzu-niyatlarimiz ushalmay qolgandi; u, bu kundalik shu tariqa chuv tushgan erining qo‘liga tushishini o‘ylab, o‘z ixtiyori bilan o‘zini o‘limga giriftor qilgandi. Ammo bu shubha-gumonlarni bir yoqli qilishga menda vaqt yo‘q edi, chunki rotmistr mening mutlaqo aybdor ekanimga astoydil ishonardi, shu bois men ham vaziyat taqozo etgandek, uning xizmatiga doim tayyor ekanimni bildirdim.
— Urinib ham ko‘rmasdan-a?..
— Hali tonmoqchiman deng?! – jahl bilan gapimni bo‘ldi doktor Veyvald. – Aslo! Hattoki bu urinish muvaffaqiyat qozonishingiz uchun zig‘ircha umid va’da qilganida ham bu harakatni nomunosib deya baholagan bo‘lardim. Negaki, men chidashni istagan, ammo qo‘rqoqligim pand berib, bardoshim yetmagan bu dahshatli hodisaning oqibatiga o‘zimni javobgar his etaman.
— Hali Redegondaning o‘limi haqida biron gap ma’lum bo‘lmay turib, men bu ishni oxirga yetkazmoqchi edim, — dedi rotmistr. – Hozir soat roppa-rosa tungi bir, uchda sekundantlar uchrashuvi, beshda esa bari hal bo‘lishi kerak.
Men yana bosh irg‘ab rozilik bildirdim. Rotmistr sovuqqina xayrlashdi-da, ketdi. Men qog‘ozlarni tartibga soldim, uydan chiqib, bosh okrug boshqarmasidagi tanishlarimni to‘g‘ri yotgan yeridan turg‘azdim, ulardan biri graf edi. Ularni shoshirish maqsadida faqat eng zarur bir-ikki og‘iz so‘zni lo‘nda qilib tushuntirdim-da, o‘zim asosiy maydonga tushib ketdim va Redegondaning jasadi yotgan qorong‘i xona derazasi tagida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladim. Meni shunday bir tuyg‘u chulg‘ab oldiki, go‘yoki men o‘z taqdirim yo‘liga peshvoz chiqib borayotgandim.
Men Redegondani ilk bora uchratib, unga gapirishga baribir botinolmagan o‘sha yerga yaqin bo‘lgan ixchamgina o‘rmonchada tonggi soat beshda rotmistr va men bir-birimizga ro‘parama-ro‘para turardik.
— Siz uni otib tashladingizmi?
— Yo‘q, o‘qim uning chakkasi tepasidan uchib o‘tib ketdi. U to‘g‘ri mening yuragimga kelib qadaldi. Aytishganidek, men o‘sha zahoti til tortmay o‘ldim.
— O-o-o. – Men g‘alati suhbatdoshimga sarosimali nigohim bilan boqdim-da, ingrab yubordim. Lekin biron tirik jonni ko‘rmadim. O‘rindiqlar bo‘m-bo‘sh edi. Hatto aytish mumkinki, bari menga shunday ko‘rindi. Kecha qahvaxonada allaqanday Teyergeynismli rotmistr doktor Veyvaldni otib qo‘ygani haqida mish-mishlar yoyilganini faqat o‘shandagina esladim.
Bu xabar chekka joylardagi odamlarning dilini siyoh qilgandi; biroq, o‘sha kuniyoq frau Redegondaning qandaydir yosh leytenant bilan benom-nishon g‘oyib bo‘lgani mana shunday qaltis hazilning kelib chiqishiga sabab bo‘lgandi.
Kimdir, doktor Veyvald kamdan-kam uchraydigan o‘zidagi oddiylik, oliyhimmatlilik bilan o‘zidan xiyla omadli raqibining ham o‘limini o‘z bo‘yniga olib ketganini aytdi. Shahar bog‘idagi Veyvaldning arvohining paydo bo‘lishiga kelsak, agar men uning o‘xshashini uning mardonavor o‘limidan avval uchratganimda, unda uning ta’siri yanada kuchliroq va ajoyibroq bo‘lgan bo‘lardi. Agar voqealar jarayoni xayolda bir oz keyinga surilsa, shu bilan uning ta’siri bundan-da zo‘rroq bo‘lishi boshda menga qiziqarliroq tuyulganini yashirmayman. Bunday puxtaroq o‘ylab ko‘radigan bo‘lsam, meni qo‘rquv bosyapti, agar voqealar tartibi o‘zgarsa, meni mistikada, arvohlar bilan muloqot bor gapligiga ishonishda ayblab, ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashlashadi. Hikoyam uydirmalardan iborat emasmi, yoki, umuman, bunday voqealar aqlga to‘g‘ri keladimi o‘zi, degan shunga o‘xshash savollar tug‘ilishini, va javobga qarab, menga bashoratchi yoki qallob deya tamg‘a bosishlarini men oldindan sezgandim. Bularning ichida bironta quloqqa yoqadigani bo‘lmasa, nima ham derdim. Har qadamda uchraydigan ishonchsizlikka garchi boshqalar ko‘proq loyiq bo‘lsalar-da, lekin, odatda shoirlarga shunday munosabatda bo‘lganlari bois, qo‘rqamanki, baribir, buning to‘g‘riligiga ko‘pchilik shubha bilan qaraydi.
Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 11-son.