Anton Chexov. O‘qituvchi (hikoya)

«Birodaron Kulikin manufakturasi» hisobidan ochilgan fabrika maktabining o‘qituvchisi Fedor Lukich Sisoyev tantanali ziyofatga borishga tayyorlanmoqda. Fabrika direktsiyasi har yili imtihon tugagandan keyin ziyofat berar va unda: xalq maktablari inspektori, imtihon vaqtida hozir bo‘lganlar va fabrika ma’muriyati qatnashar edi. Bu ziyofat, rasmiy ravishda bo‘lsa-da, har doim uzoq davom etar, quvonchli va lazzatli bo‘lar; bunda katta-kichik baravar, faqat o‘zlarining halol mehnatlarini tilga olar, o‘qituvchilar to‘yguncha yer, ichar, ovozlari bo‘g‘ilguncha vaysar va fabrika posyolkasini boshlariga ko‘tarib ashula aytib, bir-birlarini cho‘lpillatib o‘pib, uylariga yarim kechada qaytishar edi. Sisoyev fabrika maktabida ishlagandan beri bunday ziyofatlardan o‘n uchtasini o‘tkazgan edi.
Endi u o‘n to‘rtinchi ziyofatga tayyorlanar ekan, mumkin qadar yaxshiroq yasanishga va o‘ziga oro berishga tirishar edi. U yap-yangi qora kostyumini supurgicha bilan rosa bir soat tozaladi, moda sorochkasini kiyish uchun ham oynaning oldida xuddi shuncha vaqt turdi; sorochkaning tugma bog‘laridan zaponka o‘tmay qiynadi, bu hol uning hayajon bilan shikoyat qilishiga, xotiniga do‘q urishiga va ta’na qilishiga sabab bo‘ldi. Uning atrofida parvona bo‘lib yurgan bechora xotinning tinka-madori qurib ketdi. Piravardida uning o‘zi ham holdan toydi. Xotini tozalab qo‘yilgan botinkasini oshxonadan keltirib berganida kiyishga madori yetmadi, yotishga va suv ichishga to‘g‘ri keldi.
— Madoring qurib qolipti! — deb uh tortdi xotini, — shu ziyofatga bormay qo‘ya qolsang bo‘lar edi.
— Maslahat bermasang ham bo‘lardi! — deb jahl bilan uning gapini kesdi o‘qituvchi.
So‘nggi imtihonlardan juda norozi bo‘lganidan kayfi buzuq edi. Bu imtihonlar yaxshi o‘tgan; hamma yuqori sinf bolalari shahodatnoma va mukofot olgan; fabrika boshliqlari ham, hukumat boshliqlari ham muvaffaqiyatlardan rozi, ammo o‘qituvchining ko‘ngli to‘lmagan edi. Har doim birorta xato qilmay yozadigan o‘quvchi Babkin, imtihon diktantida uchta xato qilgan, o‘quvchi Sergeevning yuragi taka-puka bulganidan 17 ni 13 ga ko‘paytirolmagan; yosh va tajribasiz inspektor diktant uchun qiyin maqolani tanlagan, inspektorning so‘rovi bilan diktant o‘tkazishga qo‘shni maktabdan kelgan o‘qituvchi Lyapunov «o‘rtoqlarcha ish tutmagan» maqolani o‘qib berar ekan, so‘zlarni qanday yozilsa shunday o‘qimay chaynalib o‘qigan edi.
O‘qituvchi xotinining yordami bilan botinkasini kiydi va oynada o‘zini bir ko‘zdan kechirib, qo‘liga ser butoq xassasini oldida-da, ziyofatga jo‘nadi. Ziyofat bo‘layotgan joy — fabrika direktorining eshigi oldida biroz ko‘ngilsizlik ro‘y berdi. Uni qattiq yo‘tal tutib qoldi. Yo‘talning zarbidan boshidagi furajkasi tushib, qo‘lidan hassasi chiqib ketdi, uning yo‘talini eshitib, direktorning uyidan o‘qituvchilar va maktablar inspektori yugurib chiqqanda, u terga botib pastki pillapoyada o‘tirar edi.
— Fyodor Lukich, sizmidingiz? — dedi inspektor hayron bo‘lib. — Siz… keldingizmi?..
— Kelsam nima bo‘pti?
— Siz, azizim, uyda o‘tirsangiz bo‘lar edi. Bugun sizning tobingiz qochgan…
— Kecha qanday bo‘lsam bugun ham o‘shandayman. Agar mening kelishim sizga yoqmasa, u vaqtda qaytib ketishim mumkin.
— Voy, nega unday deysiz Fyodor Lukich? Bunday gapning nima keragi bor? Yolvorib so‘raymiz, marhamat qiling! Axir bu ziyofatga sabab biz emas, siz-ku! Sizning kelishingiz juda quvonchli, marhamat qiling!
Fabrika direktorining uyida ziyofat uchun hamma narsa muhayyo edi. Nemislarning arzon baho rasmlari bilan bezatilgan, gul va lok hidlari kelib turgan oshxonada ovqat uchun kattaroq va zakuska uchun kichikroq stol quyilgan edi.
Derazaga tutilgan parda oralaridan issiq tush paytidagi yorug‘lik sal-pal o‘tib turar edi… Xonaning g‘irashira yorug‘ligi, parda yuzidagi Shveytsariya manzaralari, arzon baho gullar, tarelkalarga yupqa to‘g‘rab qo‘yilgan kolbasa — bachkana va biroz chiroylik ko‘rinar, bularning hammasi yumaloqqina qorinli, ko‘zlari suzuk, xushmuomala uy egasi — nemisning xuddi o‘ziga o‘xshar edi. Adolf Andreich Bruni (xo‘jayinni shunday deb atar edilar) zakuska stolining atrofida pitirlab yurar, ryumkalarga quyar, tarelkalarga ovqat solar va o‘tirganlarning ko‘nglini olish, kuldirish, ish qilib, o‘zining mehmondo‘stligini ko‘rsatishga tirishar edi. U o‘tirganlarning yelkasiga qoqar, ko‘zlariga boqar, qiqirlar, qo‘llarini bir-biriga ishqar, xullas, yaxshi itday erkalanar edi.
— Fyodor Lukich, kimni ko‘ryapman! — deb, uzuk-uzuk ovoz bilan gap boshladi u, Sisoyevni ko‘rib, — Bizni juda xursand qildingiz! Notob bo‘lishingizga qaramasdan keldingiz!.. Janoblar, sevinchli xabar: Fyodor Lukich keldilar!
Zakuska stolining atrofiga pedagoglar to‘planishib ovqat yemoqda edilar. Sisoyev xo‘mraydi; o‘rtoqlari uni kutib turmasdan yeyish-ichishga boshlaganlari yoqmadi. U, bular orasidan, imtihonda diktant o‘qib bergan o‘sha Lyapunovni topdi va unga yaqin kelib, dedi:
— Oshnachilik bunaqa bo‘lmaydi! Ha-a! Insofli odam bunday diktovka qilmaydi.
— Ey, xudo-ey, siz hali ham o‘shani gapiryapsizmi? — dedi Lyapunov va aftini burishtirdi. — Nahotki bu gap ko‘nglingizga urmagan bo‘lsa?
— Ha, hali ham o‘shani! Babkin hech qachon xato qilmagan edi! Nima uchun shunday diktovka qilganingizni bilaman. Siz mening o‘quvchilarimning yiqilishini va o‘z maktabingiz menikidan yaxshi bo‘lib chiqishini istar edingiz. Men hammasini bilaman!..
— Nega ha deb menga tirg‘ilaverasiz? — dedi Lyapunov jerkib. — Hadeb menga osilaverasizmi?
— Bo‘ldi-da endi, janoblar, — deb gapga aralashdi inspektor, yuzini yig‘lamsiraganday qilib. — Arzimagan narsaga qizishishning nima keragi bor. Uchta xatomi… Sira ham xatosizmi… bari bir emasmi?
— Yo‘q, bari bir emas. Babkin hech qachon xato qilmag‘an edi!
— Osilaveradi! — dedi Lyapunov, — jahl bilan to‘ng‘illab. — Kasalligi bilan hammaning joniga tegadi. Sizning kasalligingizga qarab o‘tirmayman, otaxon.
— Kasalligim bilan ishingiz bo‘lmasin! — deb qichqirdi jahl bilan Sisoyev. — Ishingiz nima? Topib olgan taplaring: kasal! kasal! kasal!.. Sizlarning hamdard bo‘lishingiz menga kerak emas! Meni kasal degan so‘zni qayerdanam topib oldinglar? Imtihonga qadar kasal edim, bu rost, endi soppa-sog‘man, faqat bedarmonman xolos.
— Sog‘aygan bo‘lsangiz, xudoga shukur! — dedi din darsi beruvchi Nikolay hazrat, jigarrang olifta rido kiygan, shimini etigining ustidan tushirib olgan yosh ruhoniy. — Xursand bo‘lish kerak, siz bo‘lsa achchig‘lanasiz, hokazo va hokazo…
Siz ham yaxshisiz, — deb uning gapini bo‘ldi Sisoyev — Savol degan to‘g‘ri va aniq bo‘lishi kerak edi. Siz bo‘lsa, nuqul jumboq berdingiz. Bunday qilish yaramaydi!
Uni ko‘plashib, bir iloj qilib tinchlantirishdi va stolga o‘tqazishdi. U nima ichishni uzoq vaqt tanladi va yarim ryumka yashil tusli nastoykani aftini burishtirib ichdi, so‘ngra bir bo‘lak pirogni o‘z tomoniga tortib oldida, uning ichidagi tuxum va piyozlarni bitta-bitta terib tashladi. Birinchi tishlashidayoq pirog unga tuzi pastdek tuyildi, tuzlagach, achchig‘lanib pirogni nari surib qo‘ydi, chunki pirog sho‘r bo‘lib qolgan edi.
Ovqat vaqtida Sisoyevni inspektor bilan Brunining o‘rtasiga o‘tqazishdi. Birinchi yeyilgandan keyin odat bo‘yicha, qadah ko‘tarish boshlandi.
— Maktabimizning, bu yerda hozir bo‘lmagan vasiylari, — deb gap boshladi inspektor, — Daniil Petrovichga va… ham… hamda… larga minnatdorlik izhor qilishni sharafli burchim deb hisoblayman.
— Ivan Petrovichga ham, — deb eslatdi Bruni.
— Maktabdan mablag‘ini ayamagan Ivan Petrovich Kulikinlarga ham. Endi shu qadahni ularning sog‘ligi uchun ko‘tarishingizni so‘rayman…
— Men o‘z tomonimdan, — dedi Bruni, o‘rnidan dik etib turib, — xalq maktablari inspektori muhtaram Pavel Gennadiyevich Nadorovning sog‘ligi uchui qadah ko‘tarishlaringizni taklif etaman.
Stullar surildi, yuzlar kulimsiradi va ryumkalarni odatdagi urishtirish boshlanib ketdi. Uchinchi qadahda har qachon Sisoyev gapirar edi. Bu safar ham u o‘rnidan turib gapira ketdi. U yuzini jiddiy qiyofaga kiritdi va bir yo‘talib olgach, avvalo gapga usta emasligini va gapirish uchun tayyorlanmaganini arz etdi. So‘ngra u o‘zining to‘rt yillik ish davrida ko‘p ig‘volar, chuqur qazishlar va hattoki, uning ustidan chaqimchiliklar bo‘lganini va dushmanlari hamda chaqimchilar kimlar ekanini bilishini aytdi va bu yerdagi «ba’zi kishilarning ishtahasini bo‘g‘ishidan qo‘rqib», ularning nomini aytmasligini bildirdi. Ig‘volarga qaramay, Kulikin maktabi «ma’noviy jihatdangina emas, moddiy jihatdan ham» butun o‘lkada birinchi o‘rinni egalladi.
— Hamma joyda, — dedi u, — muallimlar ikki yuz, uch yuzdan maosh oladi, men bo‘lsam, besh yuz so‘m olaman, buning ustiga mening kvartiram yangidan remont qilib berildi, hattoki fabrika hisobidan mebellar ham olib berildi. Bu yil esa, uyimning devorlariga gulli yangi qog‘ozlar yopishtirildi…
O‘qituvchi gapini yana cho‘zib, o‘quvchilarni yozuv ashyolari bilan zemstvo va davlat maktablariga qaraganda yaxshi ta’minlanganini aytdi. Uning fikricha, buning uchun, maktab, o‘zi chet elda yashovchi va maktabning borligini zo‘rg‘a biluvchi fabrika egasidan emas, chiqib kelishi jihatidan nemis va lyuteran mazhabiga mansub bo‘lishiga qaramay, rus qalbli kishidan minnatdor emish. Sisoyev to‘xtalib-to‘xtalib uzoq so‘zladi va dabdabali gapirishga urindi, shuning uchun nutqi cho‘zilib ketdi va yoqimsiz chiqdi. U o‘zining allaqanday dushmanlari borligini qayta-qayta eslatdi, kinoya bilan gapirishga tirishdi, takror gapirdi, yo‘taldi, barmoqlarini juda xunuk qimirlatdi. Nihoyat u toliqdi, terlab ketdi va go‘yo o‘z ichida gapirganday sekin dam olib, dam olib so‘zladi va o‘z nutqining piravardini u qadar silliq qilib tushira olmadi:
— Shunday qilib, men Bruni uchun, ya’ni hozir oramizda o‘tirgan… Adolf Andreich uchun ichishingizni taklif qilaman, umuman… va tushunarli…
Sisoyev gapini tugatganda, hamma yengil nafas oldi, go‘yo dim havoga sovuq suv purkalganday bo‘ldi. Bu ko‘ngilsizlikni, aftidan, faqat Bruni sezmadi. Irjayib, suzuk ko‘zlarini katta ochib, nemis ixlos bilan Sisoyevning qo‘lini silkitdi va yana itga o‘xshab erkalandi.
— O, minnatdorman sizdan! — dedi u, o tovushiga bosim berib va chap qo‘lini ko‘kragiga qo‘yib. — Siz mening qanday kishi ekanimni tushunganingiz uchun juda ham sevindim! Men chin qalbdan sizga eng yaxshi tilaklar tilayman! Ammo sizga aytmoqchimanki, mening ahamiyatimni orttirib yubordingiz. Maktabimizning gullab yashnashiga faqat siz sabab bo‘ldingiz, eng hurmatli do‘stim, Fedor Lukich! Siz bo‘lmaganingizda boshqa maktablardan zarracha farq qilmas edi! Siz: nemis xushomadgo‘ylik qilyapti, ko‘ngilni ko‘tarish uchun gapiryapti deb o‘ylamang! Xa-xa! yo‘q, jonginam, Fyodor Lukich, men oq ko‘ngil odamman, hech qachon xushomadgo‘ylik qilmayman. Biz sizga yiliga besh yuz so‘m to‘lar ekanmiz, demak, siz biz uchun qimmatli kishisiz-da. Shunday emasmi? Janoblar, men haqiqatni gapiryapman, a? Boshqa kishiga buncha to‘lamas edik… Afv eting, maktabning yaxshi bo‘lishi — fabrikaning sharafi!
— Mening samimiy gapim shuki, sizning maktabingiz haqiqatan ham har qancha maqtasa arziydi, — dedi inspektor. — Tag‘in siz bu gaplarni quruq maqtash deb o‘ylamang. Har holda men umrimda bunday maktabni ko‘rganim yo‘q. Men imtihon vaqtida ko‘rib, hayron bo‘lib o‘tirdim… Ajoyib bolalar-a! Ko‘p narsa bilishadi va dadil javob berishadi. Yana ular qandaydir boshqacha, yurak oldirmagan, ochiq ko‘ngil… Sizni ham sevishlari ko‘rinib turadi, Fyodor Lukich. Pedagoglik suyak-suyagingizga singib ketgan. Siz, tug‘ma o‘qituvchi bo‘lsangiz kerak. Siz tug‘ma iste’dodga, ko‘p yillik tajribaga egasiz va mehnatsevarsiz… Kishi juda hayron qoladiki, siz kasallik orqasida kamquvvat bo‘lsangiz ham, sizda shu qadar quvvat, ishning ko‘zini bilishlik bor… Bu, bilasizmi, sabot va iroda namunasidir! Birov maktab kengashlaridan birida sizni o‘z ishining shoiri… deb to‘g‘ri aytgan. Chindan ham shoirsiz!
Ziyofatda o‘tirganlarning hammasi, bir yoqadan bosh chiqarib, Sisoyevning talanti har qancha maqtalsa arzishini aytdilar. Baayni to‘g‘on buzilib ketganday: samimiy, tantanali nutqlar jo‘sh urdi, maqsad va marom bilan hushyorlik vaqtida gapirganda kishi bunday qilmas edi. Sisoyevning nutqi ham, uning juda yomon xarakteri ham, aft-angori ham tamoman unutildi. Hamma gapira boshladi, hatto tortinib jim o‘tirgan, inspektorga faqat «janobi oliylari» deb turadigan faqir, ezilgan, yangi yosh o‘qituvchilar ham gapira boshladi. Ravshandirki, Sisoyev o‘z ahllari orasida ajoyib bir shaxs ekan.
U o‘n to‘rt yillik ish davrida muvaffaqiyatlarga va maqtovlarga o‘rganib qolganidan, o‘zini qadrlayotganlarning hayajonli g‘ovur-g‘uvurini beparvolik bilan tingladi. Uning o‘rniga maqtovlarga Bruni gerdayar edi. Nemis har so‘zni ilib olar, irjayar, chapak chalar va uyalinqirab qizarar, go‘yo o‘qituvchi emas, o‘zi maqtalayotganday edi.
— Ofarin, ofarin! — deb qichqirar edi u, — To‘g‘ri! Siz mening dilimdagini topdingiz!.. A’lo!..
U o‘qituvchini go‘yo o‘zining huzur-halovatiga sherik qilish uchun uning ko‘zlariga qarar edi. Nihoyat, u chiday olmay, o‘rnidan irg‘ib turdi-da, hamma tovushni o‘zining chiyillagan ovozi bilan bosib, qichqirdi:
— Janoblar! Menga gapirishga ruxsat eting! Jimm! Sizlarning hamma gaplaringizga men faqat bir narsa deya olaman: fabrika ma’muriyati Fyodor Lukichdan qarzdor qolmaydi…
Hamma jim bo‘ldi. Sisoyev ko‘zini nemisning pushti rang yuziga tikdi.
— Biz kishining qadriga yeta olamiz, — deb davom etdi Bruni, yuzini jiddiy tusga kiritib, ovozini pasaytirib, — hamma gaplaringiz uchun men sizlarga shuni aytishim kerakki… Fyodor Lukichning oilasi ta’min etiladi va buning uchun bir oy ilgari bankka mablag‘ qo‘yilgan.
Sisoyev nima uchun uning oilasi ta’min etiladi-yu o‘zi emas ekaniga hayratda qolib, nemisga, o‘z o‘rtoqlariga savol nazari bilan qaradi va hammaning tikilib turishida o‘zi yomon ko‘rgan xayrixohlikni va achinishlikni emas, qandaydir boshqacha, qandaydir yumshoq, mayin va shu bilan birga o‘ta ketgan yovuz, dahshatli haqiqatga o‘xshash holatni o‘qidiki, bu uning butun vujudini sovutib yubordi va qalbini g‘azabga to‘ldirdi. Uning afti bo‘zarib va qiyshayib to‘satdan o‘rnidan turdi-da, boshini changalladi. U bir pas shu holda vahima bosib, bir nuqtaga tikilib qoldi, go‘yo, Bruni aytgan yaqin ajalni ko‘z o‘ngida ko‘rdi, so‘ngra o‘tirdi-da, yig‘lab yubordi.
— Bas!.. Nima bo‘ldi sizga?.. — degan hayajonli ovozlarni eshitdi u. — Suv! Suv iching!
Ozgina vaqt o‘tdi, o‘qituvchi ham tinchlandi, ammo ziyofatdagilarning kayfi buzildi. Ziyofat ma’yuslik bilan, o‘tgan yillardagidan ancha ilgari tugadi.
Uyiga qaytib kelgach, Sisoyev avvalo oynaga qaradi.
«Men u yerda bekorga yig‘ladim! — deb o‘yladi u, o‘zining atrofi qoraygan ko‘zlariga va so‘lib qolgan yuzlariga qarab. — Bugun rang-ro‘yim kechagidan ancha yaxshi. Mening kasalim kamqonlik va me’da katari, yo‘talim esa, me’da kasalidan».
U shunday deb o‘ziga dalda bergach, sekin yechindi va qora kostyumini supurgicha bilan uzoq vaqt tozaladi, keyin uni yaxshilab taxlab, komodga solib, qulflab qo‘ydi. So‘ngra u bolalarning daftarlari turgan stolning yoniga keldi va Babkinning daftarini tanlab olib, bolaning chiroyli xatiga mahliyo bo‘lib o‘tirdi…
U o‘z o‘quvchilarining diktantlarini ko‘rib o‘tirgan vaqtda esa, yondagi xonada zemstvo vrachi o‘tirar va uning xotiniga, bir haftacha umri qolgan kasal kishini ziyofatga yubormaslik kerak edi, deb shivirlar edi.

S. Ibrohimov tarjimasi