Anton Chexov. Sudda (hikoya)

Kichkinagina N. shahridagi g‘aznaga qarashli sariq uyda har kuni uyezd boshqarmasi, sudlar hay’ati, dehqonlar tashkiloti, ovqatlanish idorasi, harbiylar va boshqa bir muncha muassasalar navbatma-navbat majlis o‘tkazib turishadi. Kuzning bulutli kunlaridan birida, okrug sudining sayyor hay’ati shu uyda ish ko‘rmoqda edi. Bu sariq uy haqida mahalliy ma’murlardan biri g‘alati gap to‘qigan:
Yustitsiya shu uyda, politsiya shu uyda, militsiya shu uyda — hamma baloxo‘r shu uyda.
«Qo‘ychivon ko‘p bo‘lsa, qo‘y harom o‘ladi» degan maqolning to‘g‘riligini qarangki, bu uy xo‘jayinlarining ko‘pligidan butunlay qarovsiz qolib ketgan. Chetdan kirib kelgan odam uning hunukligini, sovuqligini ko‘rib «bu albatta kazarma bo‘lsa kerak» deb o‘ylaydi. Na tashqarisida va na ichkarisida kishiga yoqadigan biron joyi yo‘q. Bahorning eng ko‘rkam va yorug‘ kunlarida ham bu uy xuddi bir xunuk soya bosganday bo‘lib tura beradi. Oydin kechalari esa, atrofdagi daraxt va uylar jimgina mudrashib, hamma yoq yoppasiga uyquga ketadi-yu, lekin bu uy uxlamaydi. Yolg‘iz shu uy, beso‘naqay bir xarsang singari, umumiy manzaraga yarashmaydi, xuddi o‘z qilmishlari esiga tushib og‘ir xayolga cho‘mgan bir jinoyatchiday bo‘zrayganicha bedor turadi. Ichkarisi xuddi bir saroyxona, juda ham ko‘rimsiz. Qiziq narsa: uylarida salgina chang yoki isga ko‘zlari tushsa, g‘ovg‘a ko‘taradigan olifta prokurorlar, a’zolar, boshliqlar — bu yerdagi ventilyatsiyaning g‘irillashiga, shamning sassiq hidiga, ter bosib ketgan devorlarning kiriga negadir indamay chidab o‘tira beradi.
Okrug sudining majlisi soat to‘qqizdan o‘tganda ochildi. Darhol so‘roqqa kirishilishidan allaqanday bir shoshqaloqlik borligi sezilib turadi. Ko‘riladigan ishlar biri ikkinchisiga ulanib, shu qadar tezlatib yuborildiki, qaysisi boshlanib, qaysisi tamom bo‘lganini, mazmuni nimadan iborat ekanini — har qanday dono ham mufassal anglolmay qoldi. Xilma-xil odamlar, kirdi-chiqdilar, ko‘ngilsiz voqialar, so‘zlangan nutqlar, savolu javob, haqiqat va yolg‘onlar — hammasi toshgan daryo singari ko‘z o‘ngida aralash-quralash o‘ta beradi. Soat ikkigacha talaygina ish ko‘rildi. Ikki kishini mahbuslar rotasiga yuborishga hukm qilindi, bitta mo‘tabar zot huquqdan mahrum qilinib, turmaga yuborildi, bir kishi oqlandi, bir kishi qaytadan tergovga qoldirildi… Xuddi soat ikkida raislik qiluvchi: «O‘z xotinini o‘ldirishda ayblanuvchi dehqon Nikolay Xarlamovning ishi ko‘riladi» deb e’lon qildi. Sud hay’ati ilgarigisicha qoldi, faqat oqlovchi o‘rnida boshqa bir shaxs paydo bo‘ldi. Bu odam soqoli olingan, yaltiroq jez tugmalik kamzul kiygan, sud xizmatiga kandidat — yoshgina bir yigit edi.
— Sudlanuvchini olib kirilsin! — deb buyurdi rais.
Lekin sudlanuvchi allaqachonoq tayyor bo‘lib, qora kursi tomon kelmoqda edi. Bu odam ellik besh yoshlar chamasida novcha, to‘ladan kelgan, tepa sochlari to‘kilib, yuzlarini tuk bosib ketgan, malla soqol, xunukkina bir mujik edi. Pastakkina va nimjon miltiqli soldat uni haydab kelardi.
Ular qora kursiga yetay deb qolganida, arzimagan bir hodisa ro‘y berdi: soldat bexosdan qoqilib ketib, qo‘lidan miltig‘i chiqib ketdi va darhol ushlab oldi, biroq, miltiq qo‘ndog‘i tizzasiga yomon tegdi. Zaldagilar astagina kulib yuborishdi. Tizzasi og‘riganidanmi, yoki qo‘polligidan uyalibmi — soldat qip-qizil shalg‘om bo‘lib ketdi.
Sudlanuvchidan odatdagi savollar so‘raldi. Sud hay’atining nomlari aytildi, guvohlar birma-bir chaqirilib qasamyod qilganlaridan so‘ng aybnomani o‘qishga kirishildi. Aybnomani ko‘kragi cho‘kkan, rangi o‘chgan, yuziga plastir yopishtirilgan, ozg‘inligidan ustidagi formasi keng kelib qolgan sekretar o‘qidi. U yo‘g‘on ovoz bilan ko‘krakka bemalol bo‘lsin deganday qattiq ham emas, sekin ham emas, dyakonchasiga bir xilda qiroat qilar edi; sud stolining orqasidagi ventilyatsiya betinim g‘irillab, uning ovoziga jo‘r bo‘lmoqda. Ikkisi qo‘shilib zaldagilarni allalaydigan, kayf beradigan g‘alati bir ovoz hosil qilmoqda edi.
Rais o‘rta yashar, uzoqni ko‘rolmaydigan bir odam bo‘lib, aftidan, juda ham charchagan ko‘rinadi. U, xuddi quyoshdan ko‘zini ehtiyot qilgan odamday qo‘lini peshonasiga tirab, kresloda qotgan-u qolgan. Ventilyatsiya bilan sekretarning g‘ing‘illashi ostida xayoli qochib, allanimalarni o‘ylardi. Sekretar ikkinchi betga o‘tish oldidan nafasini rostlab olmoq uchun qitday to‘xtagan ediki, u birdaimga cho‘chib tushdi va ko‘zlarini baqraytib, zaldagilarga qarab chiqqandan so‘ng, yonidagi sud a’zosining qulog‘iga shivirladi:
— Matvey Petrovich? Siz Demyanovnikiga tushdingizmi?
— Ha, Demyanovnikiga, — dedi bu ham cho‘chib tushib.
— Kelasi safar men ham o‘shanikiga tushmasam bo‘lmaydi. Tipyakovniki odam tushadigan joy emas ekan. Tong otguncha qiy-chuv, to‘polon! Taqir-tuqur, bolalari yig‘laydi. Yo‘talishlarini ayting… Bir dam halovat yo‘q.
Prokuror muovini esa, tilla ko‘zoynak taqqan, olipta qilib soqol qo‘ygan, semizgina qoracha yigit bo‘lib, mushtini jag‘iga tirab, haykal singari qimir etmay Bayronning «Kain»ini o‘qirdi. Ko‘zi bilan kitobni yeb qo‘yadiganday tikilib olgan, yuzida hayronlik, qoshlari borgan sari chimiriladi. Ahyon-ahyonda u, kitobdan ko‘zini olar, chalqasiga kresloga suyanar va shu ahvolda noma’lum tomonga tikilib turardi-da, yana o‘qishga tushib ketardi. Oqlovchi bo‘lsa, qalamning teskari tomoni bilan stol chizar va boshini qiyshaytirib, o‘ylar edi… O‘zi yoshgina yigit bo‘lib, basharasiga razm solib qaralsa, yil bo‘yi har kun bir joyga bora berib, bir xil odam va bir xil devorni ko‘ra berib joniga tekkan maktab bolasi yoki idora xizmatchisining yuzidagi zerikish alomatlaridan boshqa narsa ko‘rinmas edi. Oqlash nutqida nimalarni gapirish kerak bo‘ladi, deb u hech tashvishlanmasdi. Shunga ham bosh qotirib o‘tirsinmi? O‘zi ma’lum narsa bo‘lsa… Boshliqlarning buyrug‘iga muvofiq qilib tuzilgan oqlash nutqini naridan-beri sud hay’atiga aytadi-yu qo‘yadi-da! Bu nutqning na alangasi bo‘ladi, na tutuni; nomiga «oqlovchi gapirdi» desa bo‘lgani. Qadimdan rasm-odat shu. Yaxshisi, shu yomg‘ir-u loygarchilikda bir amallab stantsiyaga chiqib olishni o‘ylash kerak, u yog‘i poyezd bilan shaharga yetib olish qiyin emas. Shaharda, albatta, yana biron yangi uyezdga borib, yangi nutq so‘zlash uchun buyruq oladi… Ahvol shu! Zerikmasinmi?
Sudlanuvchi vahima bosganidanmi, qo‘rqqanidanmi, oldin rangi o‘chib, hadeb yengi ichiga yo‘tala berdi. Lekin bir ozdan so‘ng sud zalidagi jimjitlik, bir xillik va esnashlar unga ham ta’sir qildi shekilli, tinchidi. Endi u, sudyalarning mundirlariga, prokuror va oqlovchining basharalariga ehtirom bilan anqayib bir boshdan qarab chiqdi. U turmada yotgan chog‘ida sudni kuta berib qanchalik xunob bo‘lsa ham, endi bu yerdagi sharoitni, sudning borishini ko‘rib, juda ham xotirjam bo‘lib oldi. Boshiga «odam o‘ldiruvchi» degan og‘ir tuhmat tushgandan beri u sud bo‘lishidan yomon qo‘rqar edi. Bekorga vahima qilib yurgan ekan!.. Mana, biron kishining basharasida hech qanday g‘azab yoki nafrat borligini sezmadi, yoki: «Jazosini berish kerak» degan biron gap ham bo‘lmadi, yoki biron inson: «bechoraga jabr bo‘libdi» ham demadi, loaqal, sud qiluvchilardan birontasi «bu kim?» deb, unga tuzukroq qaramadi ham… Birovning birov bilan ishi yo‘qday… Derazaning xiraligi, devordagi dog‘ va kirlar, sekretarning qiroati, prokurorning qiyofasi — ish qilib, bu yerdagi tamomiy narsaning rasmiyatchilik ruhi bilan zaharlanganligi, toshday qotib qolganligi ko‘rinib turardi. Go‘yo qotil ham oddiy bir rasmiyat buyumi-yu, uni birov yurgizib qo‘ygan allaqanday jonsiz mashina sud qilmoqda edi…
Mujikning ko‘ngli to‘q, bahuzur o‘tiribdi, bechora bilmaydiki, bu yerdagilar turli-tuman drama va tragediyalarni ko‘ra berib, yuragi tosh bo‘lgab ketgan. Kasalxonadagilar o‘likka qanday beparvo bo‘lsa, bular ham aybdorning taqdiriga shunchalik beparvo. Bechora mujik yomon ahvolga tushganini, taqdiri xavf ostida qolganini, sababi ana shu beparvolik ekanini qaydan bilsin? Bordi-yu u jimgina o‘tira bermasdan, o‘rnidan turib, zor yig‘lab yalinsa, rahm-u shafqat tilasa, astoydil tavba-tazarru qilsa, jon talvasasida dod-voy ko‘tarsa, nafi bo‘larmikin? Bari bir hech foydasi yo‘q: bu farosatsiz odamlarga zarracha ta’sir etmaydi, axir, toshga yomg‘ir kor qiladimi?
Sekretar aybnomani o‘qib bo‘lgach rais, negadir, stolni siladi va anchagacha aybdorga tikilib turdi; nihoyat, tili harakatga kelib so‘roq boshladi:
— Ayblanuvchi, siz to‘qqizinchi iyun kechqurun o‘z xotiningizni o‘ldirganligingizga iqror bo‘lasizmi?
Xarlamov etaklarini yig‘ishtirib o‘rnidan turarkan:
— Yo‘q, o‘ldirganim yo‘q, iqror emasman, — deb javob berdi.
Shundan keyin sud shoshilinch ravishda guvohlarni so‘rashga kirishdi. Ikki xotin, beshta mujik va dastlab tergov qilgan mirshab so‘roq qilindi. Hammasi ham piyoda yurib charchagan, loyga botgan, guvohlar hujrasida o‘tira berib rosa xunob bo‘lgan odamlar edi. Hammasining javobi bir xil. Bularning ko‘rsatishicha, Xarlamov o‘z kampiri bilan el qatori «tuzuk» yashar ekan. Mast bo‘lmasa, sira ham urmas ekan. 9 iyun kuni quyosh botgandan so‘ng dahlizdan kampirning o‘ligi topilibdi; boshi majaqlangan, yonida qonga bulangan bolta yotgan ekan. Eri Nikolayga voqeani bildiraylik deb shuncha qidirishsa ham topisha olmabdi: uyda ham, ko‘chada ham yo‘q emish. Qishloqda axtarilmagan joy qolmabdi: qo‘ni-qo‘shnilarnikimi, qovoqxonami — ish qilib, hamma yoqni qarab chiqishibdi — yo‘q. Osmonga uchganmi, yerga kirganmi, hech kim bilmaydi, g‘oyib bo‘libdi. Oradan ikki kun o‘tgach, o‘zidan-o‘zi kontoraga kirib kelibdi: rangi o‘chgan, usti-boshi yirtilgan, dag‘-dag‘ titraydi, xolos. Darhol ushlashadi va oyoq-qo‘lini bog‘lab qamab qo‘yishadi.
— Sudlanuvchi, — deb rais Xarlamovga murojaat qildi, — kampir o‘lgandan keyin ikki kungacha qayerda bo‘lganingizni sudga aytib bera olasizmi?
— Dalada edim… Och-u nahor yura berdim.
— Siz o‘ldirmagan bo‘lsangiz, nima uchun qochib yurdingiz?
— Qo‘rqib ketdim… Sud qilib kesib yuborishidan qo‘rqdim.. .
— Shundaymi?.. Yaxshi, o‘tiring!
Piravordida kampirning o‘ligini yorib ko‘rgan uyezd vrachi so‘raldi. U, o‘likni yorgan vaqtida tuzgan protokoldan esida qolgan joylarini va ertalab sudga kelayotib, yo‘lda o‘zicha to‘qigan uydirmalarni gapirib berdi. Rais vrachning lab qimirlatishini, oxori ketmagan yangi qora kostyumini, olifta galstugini havas bilan tomosha qiladi va o‘z-o‘zidan miyasi qurgurga bekorchi bir fikr keladi: «Endi hammaga kalta kamzul rasm bo‘libdi: uniki nima sababdan uzun? Nima uchun kalta emas, aksincha uzun tikdiribdi?»
Raisning orqa tomonidan astagina etik g‘archi eshitildi. Prokuror muovini alladanday bir qog‘ozni olmoq uchun stol yoshiga keldi.
— Mixail Vladimirovich, — deb rais qulog‘iga shivirlaydi u. — Shu Koreyskiy tergovni rasvo qilibdi. Ukasini so‘roq qilmabdi, oqsoqolni so‘roq qilmabdi, uyni tasvir qilibdi-yu undan nimaligini tushunib bo‘lmaydi.
— Nima qilaylik… Ilojimiz yo‘q! — deb uh tortdi rais kresloga suyanib. — O‘zi odam emas, lattaga o‘xshaydi…
— Aytmoqchi, — deb yana shivirlaydi prokuror muovini, — yaxshilab qarab chiqing — zaldagilar orasida bir odam bor: oldingi qatorda o‘tiribdi, o‘ng tomondan ikki kishidan keyingisi… Aktyorga o‘xshagan odam-chi!.. Shu yerning eng puldor kuziri. Besh yuz ming so‘mcha naqd puli bor.
— Rostdanmi? Hech puldor odamga o‘xshamaydi-ku!.. Tanaffus e’lon qilsak, qalay bo‘larkan, azizim?
— Tamom qila qolaylik, keyin bira-to‘la dam olarmiz…
— Mayli bo‘lmasa… Xo‘sh? — Rais vrachga tikildi. — Demak, siz o‘sha zahotiyoq o‘lgan deb tasdiqlaysiz-da?
— Ha, miya moddalariga anchagina zarar yetganligi sababidan…
Vrach gapini tamomlagach, rais prokuror bilan oqlovchi oralig‘idagi bo‘shliqqa murojaat qilib:
— Savollaringiz yo‘qmi? — dedi.
Prokuror ko‘zini «Kain»dan uzmasdan «yo‘q» deganday bosh chayqadi; oqlovchi esa, to‘satdan qo‘zg‘aldi va yo‘talib olib so‘radi:
— Aytingchi, doktor, jarohatning katta-kichikligiga qarab, jinoyatchining ruhiy holatini aniqlash mumkin bo‘ladimi? Ya’ni, men demoqchimanki, bolta urilgan joyni tekshirish natijasida: aybdor ruhi, xastalikka duchor ekan, degan xulosaga kelish uchun asos bormi?
Rais uyqusiragan beparvo ko‘zlarini oqlovchiga tikdi, Prokuror «Kain» o‘qishni to‘xtatib, raisga qarab qo‘ydi. Faqat boqdilar-u qo‘ydilar. Yuzlarida na tabassum, na qiziqish va na hayronlik alomati ko‘rinmasdi.
— Har holda, — deb duduqlanib qoldi vrach, — agar biz jinoyatchining… E-e-e… zarbining kuchini hisobga oladigan bo‘lsak… Aslida… Kechirasiz, savolingizga yaxshi tushuna olmadim…
Oqlovchi bergan savoliga javob olmadi, unga bu javobning keragi ham yo‘q edi. Shu savol jimjitlik ta’siri ostidami, zerikish natijasidami, ventilyatsiyaning tinimsiz g‘irillashidanmi, negadir, o‘zidan-o‘zi miyasiga kelib qolganini bilar edi-yu, lekin birdaniga og‘zidan chiqib ketganini payqamay qolgan edi.
Vrachga ruxsat berildi. Endi sud dalil uchun keltirilgan buyumlarni ko‘rishga kirishdi. Eng avval, yengiga qon tegib, qop-qora dog‘ bo‘lib qolgan kamzul ko‘zdan kechirildi. Bu dog‘ning qayoqdan paydo bo‘lganini so‘ralganda, Xarlamov shunday javob berdi.
— Kampirim o‘lmasdan uch kun burun Penkov otidan qon olayotgan ekan… Men ham borib qolib edim, qarashib yubordim… Ha… o‘shanda yuqqan edi…
— Biroq Penkov hozirgina: «qon olayotgan vaqtimda menga qarashgani esimda yo‘q» deb ko‘rsatdi-ku?
— Bilmadim.
— O‘tiring!
Kampirni urib o‘ldirilgan boltaga nazar solindi.
— Bu bolta meniki emas, — deb yubordi Xarlamov.
— Bo‘lmasa kimniki?
— Bilmadim… Menda bolta yo‘q…
— Dehqon odam bir kun ham boltasiz turolmaydi. Qo‘shningiz Ivan Timofeich bilan chana tuzatgan ekansizlar. U bolta sizniki ekanini tasdiqlaydi.
— Bilmadim, — deydi yana Xarlamov va qo‘llarini olg‘a cho‘zib, panjalarini yoyib yuboradi.
— Xudo haqi gapim rost! Yaratgan o‘zi ko‘rib turibdi! Peshonamga bolta bitganini bilmayman. Durust, xuddi shunaqa bitta boltam bo‘lardi, sal kichikroq… O‘g‘lim Proxor yo‘qotib qo‘ygan. Harbiy xizmatga olinishidan ikki yil avval o‘tin kesib kelaman deb, yo‘lda o‘rtoqlari bilan ichishib qolgan ekan. O‘shanda yo‘qotib kelgan…
— Yaxshi, o‘tiring!
Xarlamov nima desa sud ishonmaydi, og‘ziga urganday qilib «o‘tiring!» deydi, xolos. Bu narsadan uning joni chiqib, xafa bo‘ldi, shekilli, ko‘zlari jovdirab, yuzlari qizarib ketdi, bo‘ynini cho‘zib olib:
— Xudo ursin, rost! — deb yolvoradi. — Ishonmasangiz o‘g‘lim Proxordan so‘rang. Proshka, boltani nima qilgansan? — deb birdaniga g‘azab bilan burilib, soqchi soldatdan so‘raydi. — Bolta qani?
Bu shunday bir og‘ir daqiqa ediki, hamma odam birdaniga enkayib, pusib olganday jim bo‘lib qoldi… Sud zalida nechta odam bo‘lsa, hammasining miyasida eng mudhish, shu qadar rasvo bir tasodif bo‘ladimi degan bir fikr chaqmoq kabi yalt etib ketdi. Biron kishi soldatning yuziga boqqani jur’at eta olmasdi. Hech kimning bunday fikrga ishongisi yo‘q, hamma: «g‘alat eshitgandirman» deb o‘ylashsi kelardi.
— Sudlanuvchi! Soqchi bilan gaplashish mumkin emas, — deb rais darhol aralashdi.
Soqchi soldatning yuziga hech kim botinib qarolmadi. Sud pristavi sekingina o‘rnidan turdi-da, oyoq uchida ohista-ohista yurib zaldan chiqib ketdi. Yarim minut o‘tgach, etiklik odamning tap-tup yurib kelayotgani eshitildi va so‘ngra, soqchi almashganligi ma’lum bo‘ldi. Zalda paydo bo‘lgan vahima, niqobdor singari darhol g‘oyib bo‘ldi.
Hamma o‘ziga kelib, bsishini ko‘tardi va orada hech qanday hodisa yuz bermaganday har kim o‘z ishiga kirishdi…

O. Sharapov tarjimasi