Anton Chexov. Repetitor (hikoya)

Gimnaziyaning yettinchi sinf o‘quvchisi Yegor Ziberov Petya Udodovga iltifot bilan qo‘l beradi. Kulrang kostyum kiygan, sep-semiz va anor yuzli, tor peshonali, yoshi o‘n ikkiga borgan o‘g‘ilcha Petya ta’zim qiladi va shkafdan daftarlarini oladi. Dars boshlanadi.
Udodovning otasi bilan kelishilgan shartga muvofiq, Ziberov har kuni Petyani ikki soat o‘qitishi, buning uchun oyiga olti so‘m olishi kerak. U Petyani gimnaziyaning ikkinchi sinfiga tayyorlaydi. O‘tgan yili esa, uni birinchi sinfga tayyorlagan, ammo Petya yiqilgan edi.
— Qani… — deb boshlaydi Ziberov, papirosini chekib. — Sizga to‘rtinchi turlanish berilgan edi. Fructusni turlang-chi!
Petya turlay boshlaydi.
— Yana o‘rganmabsiz-ku! — deydi o‘rnidan turib Ziberov. Sizga to‘rtinchi turlanishni oltinchi marta berishim, siz hali ham bilolmaysiz! Axir, siz darslarni qachon tayyorlaysiz?
— Tag‘in o‘rganmaptimi? — degan tovush eshitildi va yo‘talib, xonaga guberna sekretarligidan bo‘shagan Udodovning otasi kirdi. — Yanami? Nimaga sen o‘rganmading? Eh sen, cho‘chqa, cho‘chqa! Ishonasizmi, Yegor Alekseich? Buni men kecha ham kaltaklaganman!
Udodov chuqur nafas olib, o‘g‘lining yoniga o‘tiradi va eskirib ketgan Kyunerga qaraydi. Ziberov Petyadan otasining oldida imtihon oladi. Ahmoq otasi o‘z o‘g‘lining ahmoqligini bilib qo‘ysin! Gimnazist qizishib imtihon oladi, kichkintoy, anor yuzli esi past bolani yomon ko‘radi, undan nafratlanadi, uni urishga ham tayyor. O‘g‘ilcha uning savollariga o‘rinli javob qaytarganda unga alam qiladi. — Petya shunday qilib uning joniga tegadi!
— Siz, hali, ikkinchi turlanishni ham bilmaysiz! Siz birinchisini ham bilmaysiz! Sizning o‘qishingiz shunaqa! Qani, siz menga aytib bering, meus filiusning bosh kelishigi qaysi bo‘ladi?
— Meus filiusniki meus filus bo‘ladi… bu bo‘ladi…
Petya shipga uzoq vaqt qarab turadi, lablarini anchagacha qimirlatadi-yu, ammo javob bermaydi.
— Deaning jo‘nalish kelishikdagi ko‘pligi qaysi.
— Deabus… filiabus — deydi Petya dona-dona qilib.
Keksa Udodov esa, ma’qullab kallasini silkitadi. Bolaning o‘rinli javob berishini kutmagan gimnazistga alam qiladi.
— Jo‘nalish kelishigidagi abusda yana qanday ot bor? — deb so‘raydi u.
Ma’lum bo‘ladiki, jo‘nalishdagi abusda «anima» — jon ham bor ekan, bu Kyunerda yo‘q ekan.
— Lotin tili chiroyli til! — deydi Udodov. Alon… tron… bonus… antropos… Qanday donolik! Bularning hammasini bilish kerak! — deydi u chuqur nafas olib.
«Ishlashga xalaqit beradi, hayvon… — deb o‘ylaydi Ziberov. — Peshonangga kelib olib nazorat qiladi. Kontrollik qilishiga toqatim yo‘q!» — Qani-chi, deb Petyaga murojaat etadi. — Lotin tilidan yangi darsga ham shuni oling. Endi arifmetikadan o‘tamiz… Doskachani oling. Yanagi vazifa nima?
Petya doskachaga tupurib, yengi bilan artadi. O‘qituvchi hisob kitobini oladi va aytib beradi:
— «Savdogar 540 so‘mga 138 gaz qora va ko‘k movut sotib oladi. Agar ko‘kining bir gazi 5 so‘m, qorasiniki 3 so‘mdan bo‘lsa, har ikkisidan necha gazdan olgan buladi?». Vazifani qaytarib ayting.
Petya vazifani qaytaradi va shu ondayoq, hech so‘z aytmasdan, 540 ni 138 ga bo‘la boshlaydi.
— Nima uchun bunday qilyapsiz? To‘xtang! Aytganday, shunaqa… davom ettiring. Qoldiq chiqyaptimi? Qoldiq bo‘lmasligi kerak. Bering-chi, men bo‘lib ko‘ray!
Ziberov bo‘ladi, 3 qoldiq bilan chiqadi va shoshilib o‘chirib yuboradi.
«Taajjub… deb o‘ylaydi u, sochlarini hurpaytirib va qizarib. — Buni qanday qilsa chiqadi? Him!… Bu masala noaniq tenglamaga aloqador ekan, arifmetikaga sira aloqasi yo‘q… »
O‘qituvchi javoblarni qaragan edi, 75 va 63 ekanini ko‘rdi.
«Himm!… qiziq… 5 bilan 3 ni qo‘shish kerak so‘ngra esa, 540 ni 8 ga bo‘lish kerak. Shundaymikin? Yo‘q bundai emas».
— Hal qiling-chi! — deydi u, Petyaga.
— Ha, nimaga o‘ylanasan? Masala yengilgina-ku! — deydi Udodov Petyaga, — Eh, sen tentak inim! O‘zingiz hal qilib bera qoling unga, Yegor Alekseich.
Egor Alekseich qo‘liga grifelni oladi va chiqara boshlaydi. U dudug‘lanadi, qizaradi, ranggi o‘chadi.
— Ochig‘ini aytganda, bu algebraga doir masaladir, deydi u — Uni iks va igrek bilan hal qilib bo‘ladi. Ammo shunday hal qilsa ham bo‘ladi. Men mana bo‘ldim… tushunyapsizmi? Endi mana olib tashlash kerak… tushunyapsizmi? Yoki mana qanday… Bu masalani menga ertaga o‘zingiz hal qilib keling… O‘0ylab ko‘ring…
Petya ichi qoralik bilan iljayadi. Udodov ham iljayadi. O‘qituvchining dovdirab qolganini ularning ikkalasi ham tushunadi. Yettinchi sinf o‘quvchisi undan badtar o‘sal bo‘ladi, o‘rnidan turib, u burchakdan bu burchakka yuradi.
— Algebrasiz ham hal qilish mumkin, — deydi Udodov, qulini cho‘tga cho‘zib va chuqur nafas olib. — Mana qarang…
U cho‘tni shaqillatadi va 75 hamda 63 chiqaradi, haqiqatan ham, shunday chiqishi kerak edi.
Mana… bizningcha, bilimsizlarning hisobicha shunday bo‘ladi.
O‘qituvchi juda ham noqulay ahvolda qoladi. U yuragi taka-puka bo‘lib soatiga qaraydiki, darsning tugashiga hali bir soatu chorak vaqt bor — bu juda ham uzoq vaqt!
— Endi diktant yozamiz.
Diktantdan so‘ng geografiya, undan keyin — din darsi, undan so‘ng rus tili, ho‘h-ho‘, bu dunyoda juda fan kup! Mana, endi, ikki soatlik dars ham tugayapti. Ziberov shapkasini oladi, Petyaga iltifot bilan qo‘l beradi va Udodov bilan xayrlashadi.
— Bugun menga biroz pul bera olmaysizmi? — deb so‘raydi cho‘chib. — Ertaga o‘qish uchun pul to‘lashim kerak edi. Siz menga olti oy uchun to‘lashingiz kerak.
— Men? Eh, ha ha… — deb g‘o‘ldiraydi Udodov, Ziberovga qaramasdan. — Jonim bilan! Faqat hozir pulim yo‘q, men sizga bir haftadan keyin… yoki ikki haftadan keyin…
Ziberov rozi bo‘ladi va, og‘ir, loy bosgan kaloshini kiyib, boshqa joyda dars bergani jo‘naydi.

S. Ibrohimov tarjimasi