Anton Chexov. Mushtipar (hikoya)

Kistunovning kechasi podagrasi qattiq tutib , asablari qo‘zg‘ab, nari borib, beri kelgan bo‘lsa ham ertalab ishga bordi-da, arizachilar va bank mijozlarini o‘z vaqtida qabul qila boshladi. U charchagan va azob chekkan kishiday ko‘rinar, xuddi jon berayotgan bemorday, zo‘rg‘a nafas olib gapirardi.
— Xo‘sh, xizmat? — dedi u, ustiga daqqiyonusdan qolgan libos kiygan, orqasidan xuddi go‘ng qo‘ng‘izga o‘xshagan ayolga qarab.
— Mening arzimga quloq soling, janobi oliylari, — deb gapini boshladi arz qilib kelgan xotin, chakagi chakagiga tegmay. — Erim kollejskiy asessor Shchukin besh oy betob bo‘lib yotib qoldi. Men sizga aytsam, erim shu besh oy kasal bo‘lib, shifolanib yotganida, hech qanday vajsiz uni ishdan bekor qilib qo‘yishibdi. Oyligini olgani borsam oyligidan 24 so‘mu 36 tiyinini bosib qolishibdi. «Nima vajdan endi?» deb so‘rasam, «eringiz o‘zaro yordam kassasidan qarz olgan edi, boshqa amaldorlar unga kafil bo‘lishgan» deyishadi. Bu qandog‘ bo‘ldi? Mendan beruxsat sira pul olmasdi. Bunday bo‘lishi mumkin emas, janobi oliylari! Nega bunday qilishadi endi? Men bir bechora ayol bo‘lsam, faqat ijarachilarimdan tushadigan pul bilan kun ko‘rsam… O‘zim bir mushtipar ayolman, yo‘qlaydiganim yo‘q… Hamma meni xo‘rlaydi, hech kimdan yaxshi gap eshitmayman…
Arz qilib kelgan xotin kipriklarini pir-pir uchirdi-da, cho‘ntagidan dastro‘molini olib, ko‘ziga tutdi. Kistunov uning arizasini olib, o‘qiy boshladi.
— Kechirasiz, gapingizga tushunolmay qoldim, — dedi Kistunov, kiftini qoqib. — Siz bu yerga adashib kelib qolibsiz, nazarimda, xonim. Arizangizning bizga sira daxli yo‘q. Eringiz xizmat qilgan mahkamaga borib arz qilishingiz kerak…
— Yo‘g‘-ey baraka topkur! — dedi Shchukina. — Besh joyga borib arz qildim, arizamni hech kim qo‘liga ham olib ko‘rmadi. Kuyovim baraka topkur Boris Matveich sizni aytmasa, nima qilarimni ham bilmay qolgap edim. «Siz Kistunov degan janobga murojaat qiling, uning qo‘li baland aytganingizni darrov to‘g‘rilab beradi» dedi. Yordamingizni ayamang, janobi oliylari!
— Shchukina xonim, bizning qo‘limizdan hech narsa kelmaydi… Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, mening bilishimcha, eringiz harbiy-meditsina mahkamasida xizmat qilgan, bizning idoramiz esa mutlaqo xususiy idora, tijorat idorasi, bu yer bank deb ataladi! Shunga ham tushunmaysizmi?
Kistunov «hayronman» deganday yana yelkasini qisdi-da, harbiycha kiyingan va lunjini boylagan kishiga o‘girildi.
— Janobi oliylari, — dedi yana Shchukina, mungli bir tovush bilan, — erimning kasal yotganligiga spravkam ham bor. Mana, o‘zingiz bir qarang.
— Juda soz, gapingizga ishonaman, — dedi Kistunov, ranjigan holda. — Ammo yana takror aytamanki, buping bizga hech daxli yo‘q. Ajabo, nahotki qayerga arz qilishni eringizning o‘zi bilmasa?
— Erim noshud, hech baloni bilmaydi, janobi oliylari! «Bu sening ishing emas! Aralashma!»dan boshqa hech narsani bilmaydi… Mening ishim bo‘lmasa, kimning ishi bo‘ladi? Axir, barisi mening ustimga chiqib olishgan! Mening ustimga!
Kistunov yana Shchukinaga o‘girilib, harbiy-meditsina mahkamasi bilan xususiy bank o‘rtasidagi tafovutni tushuntirishga kirishdi. Xotin uning gapini diqqat bilan tinglab, tushundim deganday boshini egdi-da, keyin:
— Durust, durust. Tushundim, inim, tushundim, — dedi. — Undog‘ bo‘lsa, odamlaringizga buyuring, taqsir, juda bo‘lmasa 15 so‘mini berishsin! Qolganini keyin olsam ham mayli.
— Uhh, — dedi Kistunov, ko‘zlarini shipga tikib. — Farosat bormi o‘zi? Bunday arz bilan bizga murojaat etish — eringizdan ajralish to‘g‘risida dorixonaga yoki shisha zavodiga arz qilish bilan baravar, tushundingizmi endi gapga? Eringizning pulidan bosib qolishgan ekan, bizga nima?
— Janobi oliylari, bo‘yingizdan o‘rgilay, o‘la-o‘lgunimcha duongizni qilib yuray, — dedi Shchukina, ko‘z yoshi qilib, — men mushtiparga rahmingiz kelsin! Men bir mushgipar ayolman, himoyachim yo‘q… Qiynalganimdan o‘lib bo‘ldim… Ijarachilar bilan so‘zlashsam, erimning tashvishini tortsam, uy-ro‘zg‘orga qarasam, buning ustiga kuyovim ham beamal yuripti… Nomiga yeyman, ichaman, aslini surishtirsangiz, zo‘rg‘a yuraman… Tuni bilan uxlamay chiqdim.
Kistunovning yuragi gupillab ura boshladi. Aftini burishtirib, qo‘lini chap ko‘kragiga qo‘yib, Shchukinaga yana gap tushuntira boshlagan edi, biroq ovozi bo‘g‘ilib qoldi…
— Yo‘q, kechirasiz, bo‘ldi, siz bilan so‘zlashishga toqatim qolmadi, — dedi u, qo‘lini siltab, — sizga gap tushuntiraman deb boshim aylanib ketdi. Bizni ham ishdan qoldiryapsiz, o‘zingiz ham bekor vaqt sarflab o‘tiribsiz. Uhh!.. Aleksey Nikolaich, — dedi, xizmatchilardan biriga, — Shchukina xonimga siz tushuntiring!
Kistunov qabulxonada o‘tirganlarning arzlarini eshitib bo‘lgach, o‘zining kabinetiga kirib ketdi-da, o‘n-o‘n beshta qog‘ozga qo‘l qo‘ydi, Aleksey Nikolayevich hamon Shchukina bilan ovora edi. Kistunov o‘zining kabinetida o‘tirib, Aleksey Nikolayevichning g‘o‘dillagan va bosinqi tovushini va Shchukinaning yig‘i aralash chiyillagan ovozini eshitib o‘tirardi.
— Men bir ojiz mushtipar, kasalmand ayolman, — derdi Shchukina. — Aftimdan baquvvat ko‘rinsam ham, surishtirib qaraganda, bitta ham sog‘ tomirim yo‘q… Ishtaham ham qochgan, zo‘rg‘a yuraman… Bugun ertalab kofeni zo‘rg‘a ichdim, mazasini ham bilmadim.
Aleksey Nikolayevich bo‘lsa hamma mahkamalar o‘rtasidagi farqni, qaysi arizalarning qaysi idoraga olib borish kerakligini hamon tushuntirib yotardi. Axir charchagandan keyin uning o‘rnini buxgalter bosdi.
— Shunaqa ham badhazm xotin bo‘ladimi! — derdi Kistunov, jig‘i biyroni chiqqandan barmoqlarini qirsillatib va grafindan dambadam suv ichardi. — Juda ham ahmoq, befarosat xotin ekan-ku. Meni qiynadi, endi ularning ustiga chiqib miyalarini qoqib yeydi, bu! Uh… yuragim yorilib ketay deydi!
Yarim soatdan keyin qo‘ng‘iroqni bosdi. Kabinetga Aleksey Nikolaich kirdi.
—Xo‘sh, u xotinning ishi nima bo‘ldi? — deb so‘radi Kistunov, horg‘in bir holda.
— Gap tushuntiramiz deb o‘lib bo‘ldik, Pyotr Aleksandrovich! Qiynalib ketdik! Biz bog‘dan kelsak, u tog‘dan keladi…
— Ovozini yana bir eshitsam o‘laman… Tobim qochdi… Jonim bo‘g‘zimga keldi…
— Shveytsarni chaqirib, ko‘chaga haydab chiqartiramiz, qo‘yamiz.
— Yo‘q, yo‘q, zinhor!—dedi Kistunov, qo‘rqib ketib. — Dod-faryod ko‘tarib yuborishdan ham toymaydigan-ga o‘xshaydi, bu uyda xonadonlar ko‘p, tag‘in ustimizda gap-so‘z bo‘lib yurmasin… o‘zingiz yaxshilab tushuntiring, azizim.
Birozdan keyin yana Aleksey Nikolaichning g‘o‘ng‘irlagan tovushi eshitildi. Chorak soatcha vaqt o‘tdi, uning o‘rnini buxgalterning jaranglagan ovozi bosdi.
— Juda qabih xotin ekan! — dedi g‘azabi qaynab Kistunov, asabiylashib ketganidan yelkalari dag‘-dag‘ qaltirardi. — Eshakdan ham battar befahm ekan… Yana podagram qo‘zg‘adi, shekilli… Boshim lo‘q-lo‘q etadi…
Narigi uyda Aleksey Nikolaich axir tinkasi qurib, barmog‘i bilan stolni, keyin peshonasini urib ko‘rsatdi.
— Xullas, bosh deb qovoqni ko‘tarib yurgan ekansiz, — dedi axiri, toqati toq bo‘lib.
— Hoy, nima deyapsan o‘zing! — deb xafa bo‘ldi kampir. — Bu gaplaringni xotiningga borib ayt! Amaldor bo‘lmay ket! Qo‘lingga erk berma!
Aleksey Nikolaich darg‘azab holda uni bo‘g‘ib o‘ldirguday bo‘lib qaradi-da, xirillagan tovush bilan sekin:
— Yo‘qol hozir bu yerdan, — dedi.
— Nima deyapsan? — deb birdan chinqirib yubordi Shchukina. — Nima haqing bor? Men bir mushtipar, ojiz ayol bo‘lsam, men bunga sira chidab turolmayman! Erim kollejskiy asessor bo‘ladi! Voy, sening amalingga! Advokat Dmitriy Karlichning oldiga borib bir arz qilsam, nom-nishoning qolmaydi! Uchta ijarachini qamattirdim, bunday betamiz gaplaringga oyog‘imga yiqilib uzr so‘raysan hali. Men sizlarning generalingizga borib ustingdan arz qilaman! Janobi oliylari! Hoy, janobi oliylari!
— Yo‘qol deyman hozir bu yerdan, ablah! — deb o‘shqirdi Aleksey Nikolaich.
Kistunov eshikni ochib, idoraga qaradi.
— Tag‘in nima gap? — deb so‘radi u, yig‘lagudek bo‘lib. Qisqichbaqaday qizarib ketgan Shchukina uyning o‘rtasida turib olib, ko‘zlarini jovdiratar, qo‘llarini paxsa qilar edi. Bank xodimlari ham qip-qizarib, uning atrofida tizilib turishar va juda holdan toyib, bir-birlariga qarar edilar.
— Janobi oliylari! — deb tashlandi Shchukina, Kistunovga. — Mana bu… mana bu odam… (xotin Aleksey Nikolaichni ko‘rsatdi) barmog‘i bilai peshonasini, keyin stolni qoqib ko‘rsatdi. Siz bunga mening arizamni tinglashga buyursangiz, u meni masxara qildi! Men bir mushtipar, ojiz ayolman… erim kollejskiy asessor… o‘zim mayorning qizi bo‘lsam!
— Xo‘p, xonim, arizangizni o‘zim ko‘rib chiqaman… — dedi Kistunov zo‘rg‘a. — Chorasini ko‘raman… Endi keting!.. Keyin kelarsiz!..
— Pulni qachon olishim mumkin, janobi oliylari? Menga pul bugun juda zarur edi!
Kistunov dag‘-dag‘ titragan qo‘li bilan peshonasini siladi-da, uh tortib, yana tushuntira ketdi:
— Xonim, men sizga hamma gapni aytib tushuntirdim-ku, axir! Bu yerni bank deydilar, xususiy tijorat idorasi… Yana nima deysiz endi? Siz bizni ishdan qoldirdingiz, tushunasizmi?
Shchukina gapni tinglab bo‘lib, uh tortdi.
— Mayli, mayli… — dedi u, — faqat, janobi oliylari, o‘zingiz rahm qiling, otam bo‘ling. Agar doktor spravkasi kamlik qilsa, uchastkadan ham spravka keltirib beraman… Ayting, pulni berishsin!
Kistunovning ko‘zlari tinib ketdi. U, o‘pkasidagi butun nafasini puf deb chiqardi-da, holdan toyib, o‘zini stulga tashladi.
— Necha pul deysiz? — deb so‘radi, holsiz tovush bilan.
— 24 so‘mu 36 tiyin.
Kistunov cho‘ntagidan hamyonini olib, 25 so‘mlik pulni oldi-da, Shchukinaga berdi.
— Mana buni oling-da, keting! ..
Shchukina pulni dastro‘moliga tugib, qo‘yniga soldi-da, yuzi hatto satanglarning yuziday tirjayib, so‘radi:
— Janobi oliylari, erimni yana ishga joylashtirib qo‘yish masalasi qandog‘ bo‘ldi?
— Hozir ketmasam bo‘lmaydi… Tobim qochdi… — dedi Kistunov, zo‘rg‘a. — Hozir yuragim qinidan chiqib ketadi…
Kistunov uyiga jo‘nab ketishi bilan Aleksey Nikolaich Nikitani dorixonaga yubordi. Amaldorlarning hammalari 20 tomchidan dori ichib, ishga kirishdilar. Shchukina esa yana ikki soatcha koridorda shveytsar bilan so‘zlashib, Kistunovni kutib o‘tirdi.
U ertasi kuni ham keldi.

O. Rahimiy tarjimasi