Anton Chexov. Jonginam (hikoya)

Iste’foga chiqqan kollegiya asessori Plemyannikovning qizi Olenka hovli eshigi oldidagi supachada xayol surib o‘tiradi. Kun issiq, pashshalar xiralik bilan jonga tegar, kech kirishga yaqin qolganligi ko‘ngliga xush kelar edi. Kunchiqar tarafdan yomg‘irdan darak beruchi qopqora bulut bostirib kelmoqda, har zamonda yomg‘ir tomchilab qo‘yar edi.
Shu hovlidan bir uyni ijaraga olgan «Tivoli» nomli rohat bog‘chasining egasi va antreprenyori Kukin hovlining o‘rtasida turib, osmondan ko‘zini uzmasdi.
— Ana xolos! — dedi u jig‘i-biyroni chiqib. — Tag‘in yomg‘ir yog‘adigan bo‘ldi-ku! Kunda yomg‘ir! Kunda yomg‘ir, menda qasdi bormi! Uyim kuydi-ku! Xonavayron bo‘ldim! Zarar ko‘rmagan kun qolmadi-ku!
U, hayronlikdan qo‘llarini kaftiga urib qo‘yib, Olenkaga qarab davom etdi:
— Ko‘rgan kunimiz shu, Olga Semyonovna, yig‘laging keladi! Uzzukun ishlaysan, o‘lib tirilasan, kechalari uxlamay chiqasan, qandog‘ qilsam yaxshiroq bo‘larkin? deb bosh qotirasan, — oqibati nima? bir tomondan xalq nodon, yovvoyi xalq. Men unga eng yaxshi operetkalarni, feeriyalarni qo‘yib bersam, borib turgan laparchilarni sahnaga chiqarsamu, unga yoqmasa! Xalq bunga tushunmaydi-da! Xalqqa masxarabozlik yoqadi, u eng past, kishining ko‘ngliga urgan tamoshalarni talab qiladi! Endi bu osmonni qarang! Har kuni kechqurun yomg‘ir yog‘adi! O‘ninchi maydan beri yog‘adi, butun may tinmay yog‘di, iyun yog‘di, jonga tegdi-ku, axir! Odamlar boqqa kirmay qo‘yishdi, kirim yo‘q, ijara haqini qanday to‘layman? Artistlar yollaganman, ularga qanday haq to‘layman?
Ertasi kuni kechqurun osmonni yana bulut bosdi. Butun umidini yo‘qotgan Kukin aqldan ozgan odamday qah-qah otib so‘zlardi.
— Ha, mayli! Yog‘sa yog‘aversin! Menga qolsa butun bog‘chani suv olib ketsin, meni ham qo‘shib olib ketsin! Bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtsiz o‘taqolay! Artistlar meni sudga berib, kesdirib yuborishsin! Sud ham gapmi, Sibirga surgun qilishsin! Dorga osib o‘ldirishsin meni! Ha-ha-ha!..
Uchinchi kuni ham xuddi shunday bo‘ldi.
Kukinning gaplarini Olenka jim o‘tirib, jiddiy tinglar, goho uning ko‘zlariga yosh kelardi. Borib-borib Kukinning baxtsizligi Olenkaning yuragini ezdi, qiz uni yaxshi ko‘rib qoldi. Kukin pakana, oriq, za’faron yuzli, sochlarini ho‘l tarab yuradigan odam edi; ovozi ingichka bo‘lib, gapirganda lablarini burib gapirardi, uning aftida hamavaqt umidsizlik, norozilik aks etardi. Shularga qaramay, u, Olenkada haqiqiy, chuqur sevgi uyg‘otdi. Olenkaning o‘zi biron kishini sevmasdan yurolmasdi. Eng oldin o‘z otasini yaxshi ko‘rar edi, otasi endi og‘ir kasal bo‘lib, qorong‘i qilib qo‘yilgan uyda nafasi bo‘g‘ilib yotardi; keyin yilda bir-ikki marta Bryanskdan kelib-ketib yuradigan xolasini yaxshi ko‘rib qoldi. Undan oldin esa progimnaziyada o‘qib yurgan vaqtlarida, frantsuz tili o‘qituvchisini sevib qolgan edi. Olenka muloyimgina, xushfe’l, ko‘ngli ochiq, to‘ladan kelgan, do‘ndiqqina, yuvosh qiz edi. Uning anorday qipqizil yuziga, qopqora xol tushgan oppoq yumshoq bo‘yniga, bironta yoqimli so‘z eshitganda chehrasida paydo bo‘ladigan jilmayishiga ko‘zi tushgan erkaklar bir jilmayib: «Chakki emas…» deb qo‘yardilar. Mehmonga kelgan xotinlar esa gapning o‘rtasida birdan uning qo‘lidan ushlab:
— Jonginam! — demasdan qo‘yishmasdi.
U tug‘ilib o‘sgan va meros qog‘ozida uning nomiga yozilgan uy shaharning chetida, Siganskaya Sloboda degan joyda, «Tivoli» bog‘chasining yonida edi. Har kuni kechqurun yarim kechagacha bog‘dan muzika ovozlari va mushaklarning paqillab otilishi eshitilardi, mushaklarning paqillashini eshitib u «Kukin o‘z taqdiri bilan olishmoqda, eng yovuz dushmani bo‘lmish — hamma narsaga beparvo qarovchi tamoshabinlarning ko‘nglini olmoqda» deb o‘ylardi, yuragi orziqib ketar, uyqusi kelmas, tongotar paytida Kukin uyga qaytib kelganda o‘zining yotoq bo‘lmasida turib derazani qoqar, parda orqasidan yuzi va bir yelkasini ko‘rsatib, mehribonlik bilan jilmayib qarar edi…
Kukin taklif qildi, ular nikoh o‘qitishib, er-xotin bo‘lishdi. Kukin, Olenkaning bo‘ynini va yumshoqqina to‘la yelkalarini ko‘rib, o‘zida yo‘q sevindi va:
— Jonginam! — dedi.
Kukin o‘zini baxtiyor sezardi, ammo to‘yda kuni-tuni yoqqan yomg‘ir uni ancha xafa qilgan edi.
To‘ydan keyin ular uchun yaxshi kunlar boshlandi. Olenka kassada o‘tirib bilet sotar, bog‘cha tartiblariga qarab yurar, hisob-kitob ham shuning qo‘lida edi; artistlarga oylikni ham shu tular, uning qip-qizil anordek chehrasini va yoqimli mayin jilmayishini goh kassa darchasida, goh sahna orqasida, goh bufetda ko‘rish mumkin edi. Olenka o‘zining hamma tanishlariga — dunyoda eng yaxshi va eng kerakli narsa teatr, faqat teatrda kishi rohatlanadi, bilimdon bo‘la oladi, — derdi.
— Ammo bunga xalq tushunmaydi! — derdi u. — Xalqqa masxarabozlik ko‘rsatsangiz yoqadi! Kecha kechqurun biz «Faustning teskarisi» degan spektaklni qo‘yuvdik, deyarli hamma lojalar bo‘sh qoldi. Vanichka ikkimiz bironta bemaza narsani qo‘yib ko‘rsatsa, odam liq to‘lib ketadi. Ertaga Vanichka ikkimiz «Do‘zaxga tushgan Orfey»ni qo‘yamiz, kelinglar.
Teatr haqida, aktyorlar haqida Kukin nima desa Olenka ham shuni qaytarardi. Kukin kabi u ham xalqni befarq va nodonligi uchun yomon ko‘radi, repetitsiyalarga aralashadi, aktyorlarning harakatlarini, so‘zlarini tuzatadi, muzikachilarni tergaydi, mahalliy gazetada teatrni yomonlab bironta maqola bosilib qolsa yig‘laydi, keyin redaktsiyaga borib izoh beradi.
Artistlar uni yaxshi ko‘rishardi, unga «Vanichka ikkimiz» va «Jonginam» deb ot qo‘yishgan edi. Olenka ularga rahm qilib, oz-moz pul qarz berib turar, agar ularning ba’zilari pulni qaytarmay, aldab ketishsa hech kimga bildirmay yig‘lar, ammo eriga aytmasdi.
Qishda ham ularning turmushi yaxshi edi. Ular shahar teatri binosini butun qishga ijaraga olib, goh malorosslar truppasiga, goh fokuschiga, goh shu yerning teatr havaskorlariga qisqa muddatga ijaraga berishar edi. Olenka kun sayin semirardi, vaqti xushligidan kundan-kunga ochilardi, qish bo‘yi ish o‘ngidan kelib, daromad yomon bo‘lmasa-da Kukin «zarar ko‘payib ketdi» deb noligani-noligan edi, yuzi tobora sarg‘ayar va o‘zi ozar edi; kechalari yo‘talib chiqardi, Olenka unga malina guli va lipa daraxtining gulini qaynatib ichirar, ko‘kragiga atir surtar, o‘zining yumshoq jun ro‘moliga o‘rab qo‘yardi. Uning sochlarini silab:
— Tanimdagi jonimsan, — derdi u yurakdan.
Truppa to‘plash uchun Kukin, ro‘za kezida, Moskvaga ketdi. Olenka usiz butun huzur-halovatini yo‘qotdi, kechalari mijja qoqmay, deraza oldida yulduzlarga qarab chiqardi. Shunday paytlarda o‘zini katakda xo‘rozsiz qolib, uyqusiz, bezovtalanuchi tovuqdek his etardi, Kukin Moskvada uzoq turib qoldi, yuborgan xatida hayitga yetib kelishini yozib, «Tivoli» rohat bog‘chasini ijaraga olish to‘g‘risida harakat boshlashni buyurgan edi. Biroq chin arafa kuni kechqurun birov bochkani gumburlatib urgandek darvozani xunuk qoqa boshladi. Uyqudan zo‘rg‘a ko‘zini ochgan kuxarka yalangoyoq loy kechib, darvozani ochgani yugurdi.
— Darvozani oching tezroq! — dedi yo‘g‘on ovozli kishi darvoza orqasida turib.
— Sizga telegramma bor!
Olenka ilgarilar ham eridan telegramma olib turardi, biroq bu safar o‘tirgan yerida qotib qoldi. U titroq qo‘llari bilan telegrammani ochib o‘qidi:
«Ivan Petrovich bugun to‘satdan o‘lib qoldi, amringizni kutamiz, xatuk shanba kuni dafu etiladi». Telegrammada shunday «xatuk» degan tushunib bo‘lmaydigan so‘z va «dafi» so‘zi «dafu» deb yozilgan: uni operetta truppasining rsjissyori yuborgan edi.
— Sening o‘rningga men o‘lsam bo‘lmasmidi-ya! — deb yig‘i soldi Olenka. —Jonim Vanichka! Nega uchrashdim, sen bilan? Nega seni sevdim? Bechora baxtsiz Olenkangni kimga tashlab ketding!
Kukinni seshanba kuni Moskvada Vagankov qabristoniga ko‘mishdi, chorshanba kuni Olenka uyiga qaytib keldi, ostonadan kirishi bilanoq o‘zini krovatga tashladi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubrrdi. Uning dod-faryodi hatto ko‘chaga va qo‘shni hovlilarga ham eshitilardi.
— Jonginam, — derdi qo‘shnilar cho‘qinishib, — jonginam Olga Semyonovna yig‘layverib ado bo‘ldi-ya, bechora!
Oradan uch oy o‘tdi. Qora kiyingan Olenka bir kun cherkovdan uyiga qaytib kelmoqda edi. Ittifoqo uning qo‘shnilaridan biri, Babakayev degan savdogarga qarashli yog‘och taxta skladining boshqaruvchisi Vasiliy Andreich Pustovalov ham cherkovdan chiqib, uyiga qaytib kelar edi. Boshiga poxol shlyapa, egniga oq jeletka kiyib, ko‘kragiga tilla zanjir taqqan Pustovalov savdogardan kura ko‘proq pomeshchikka o‘xshab ketardi. U Olenkaga achinib ulug‘vorlik bilan dedi:
— Har qanday ishning o‘z tartibi bo‘ladi, Olga Semyonovna. Biron yaqin kishimizning kuni bitgan ekan, demak, uni tangrining o‘zi olgan bo‘ladi. Modomiki shunday ekan, taqdirga tan berishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
Olenkani eshik oldigacha uzatib, xayrlashdi-da, o‘z yo‘liga qarab ketdi. Shundan keyin uning tovushi kechgacha Olenkaning qulog‘idan ketmadi, ko‘zini yumsa uning qora soqoli ko‘ziga ko‘rindi. Pustovalov uning ko‘ngliga juda yoqib qolgan edi. Olenka ham unga yoqib qolgan bo‘lsa kerak, shu voqeadan ko‘p o‘tmay, unikiga bir keksa xotin kofe ichgani keldi. Mehmonga kelgan xotin stol yoniga o‘tirishi bilanoq Pustovalovdan gap ochdi, uning yaxshi va savlatli erkakligini, har qanday qizning unga jon deb tegishini aytdi. Uch kundan keyin Pustovalovning o‘zi mehmon bo‘lib keldi; u ko‘p emas, o‘n minutcha o‘tirdi, kam gapirdi, ammo Olenka uni yaxshi ko‘rib qoldi, shu qadar yaxshi ko‘rib qoldiki, hatto kechasi bilan o‘rtanib, uxlamay chiqdi, ertasiga erta bilan keksa xotinga odam yubordi, ko‘p o‘tmay ular unashtirildi, keyin to‘y bo‘ldi.
To‘ydan keyin Pustovalov bilan Olenka yaxshi turmush kechirishdi. Odatda Pustovalov tushki ovqat mahaligacha skladda o‘tirardi, keyin o‘zining o‘rniga Olenkani qo‘yib, turli ishlar bilan ketardi. Olenka esa oqshomgacha skladda mol sotib, hisob-kitob ishlarini qilib o‘tirardi.
— Yog‘och, taxtalarning narxi yildan-yilga yigirma protsent oshmoqda, — derdi Olenka xaridor va tanishlariga. — O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ilgari biz shu yerdan chiqqan taxtani sotardik, endilikda Vasichka har yili Mogilev gubernasidan mol keltiradi. Narxning oshishini aytmaysizmi! — derdi u, kaftlari bilan ikki yuzini bekitib.
Unga, butun umri yog‘och-taxta sotish bilan o‘tganday, yog‘och-taxtasiz hayot bema’ni hayotday tuyilardi, xoda, xari, sarrof, taxta, yog‘och degan gaplar uning qulog‘iga nozik va yoqimli muzikaday eshitilardi… Tog‘-tog‘ yog‘och, taxtalar, xoda-xarilar ortib, bir yoqlardan tashib ketayotgan arava-arava karvonlar, bir polk keladigan o‘n ikki gazli, besh qarichli xodalarning skladga hujum qilib, bostirib kelishlari, xodachalar, sarroflar va taxtalarning bir-birlariga urilib, sado chiqarishlari, keyin yerga qulab, yana turishib, bir-birlarining ustiga chirmashib chiqishlari kechalari uning tushiga kirib chiqardi. Olenka tushida bularni ko‘rib, bexosdan qichqirib yuborardi. Pustovalov esa uni:
— Olenka, nima bo‘ldi senga, jonim? O‘zingni bosib ol! — deb ovuntirardi.
Eri nimani o‘ylasa u ham shuni o‘ylardi. Agar eri uy juda isib ketdi desa, yoki ishning mazasi qochdi desa, u ham xuddi shuni deydi. Eri hech qanaqa o‘yin-kulgi, ko‘ngil ochishlarni yoqtirmas, hayit kunlari ham uydan chiqmas edi. Olenka ham uyda o‘tirardi.
— Uyda o‘tirganlaring o‘tirgan, — deyishardi tanish-bilishlari. — Teatrgami, ot o‘yingami borib, yozilib kelsangizchi, jonginam!
— Vasichka ikkovimizning teatrga borishga vaqtimiz bormi? — deb javob berardi u, ulug‘vorlik bilan. — Biz mehnatkash odammiz, bunday behuda narsalarga beradigan bo‘sh vaqtimiz yo‘q. Teatrga borib nima ham ortdirardik?
Shanba kunlari kechqurun Pustovalov Olenka bilan birgalashib bomdod nomoziga, hayit kunlari esa peshin nomoziga borishadi, cherkovdan ham birga qaytishadi, ikkovining chehrasi ochiq, atrofga xushbo‘y hid sochib kelishadi. Olenkaning shohi ko‘ylagining shitirlashi quloqqa yoqadi; uyga qaytib kelib, so‘lqildoq non va har xil murabbolar bilan choy ichishadi, keyin pirog yeyishadi. Har kun tush paytida borshch va qo‘y go‘shtidan yoki o‘rdakdan pishirilgan qovurma, ro‘za kunlari esa qovurilgan baliqning hidi hovlidagilar yoki ko‘chadan o‘tuvchilarning dimog‘ini qitiqlab, ishtahasini ochib yuborar edi. Kontorada doim samovar qaynab turadi, xaridorlar choy va teshikkulchalar bilan mehmon qilinadi. Haftada bir marta eru xotin birgalashib hammomga borib, ikkovlari qip-qizil bo‘lib, uyga qaytishadi.
— Xudoga shukur, turmushimiz yomon emas, — derdi Olenka tanishlariga. — Vasichka ikkimizni yetkizgan kunga hammani ham yetkazsin.
Pustovalov mol keltirish uchun Mogilev gubernasiga ketgan vaqtlarida Olenka juda zerikadi, kechalari uxlamay yig‘lab chiqadi. Hovlidagi uylardan birida turuvchi, polkda ot doktari bo‘lib xizmat qiladigan Smirnin degan yosh yigit ba’zan kechqurunlari unikiga kelib turadi. Smirnin unga uyog‘-buyog‘dan so‘zlab beradi yoki ikkovi karta o‘ynaydi, bundan Olenka ancha ovunadi. Smirninning o‘z oilasi haqidagi hikoyalar uni ayniqsa qiziqtirardi. U uylangan bo‘lib, bir o‘g‘li ham bor edi, ammo xotini unga xiyonat qilgani uchun ajrashib ketgandi, shuning uchun xotinini juda yomon ko‘rardi, o‘g‘liga atab har oyda qirq so‘m pul yuborib turadi. Olenka bu gaplarni eshitib, uh tortib, unga achindi. Smirnin bilan xayrlashayotib:
— Xudo o‘z panohida saqlasin. Kelganingiz uchun rahmat, ilohim hamisha sog‘-salomat bo‘ling… — derdi vz uni sham bilan zinagacha kuzatib qo‘yardi.
Gapirganda ham eriga taqlid qilib, ulug‘vorlnk bilan gapirardi, ot doktori allaqachon uyiga kirib ketgan bo‘lsa-da, ketidan chaqirib:
— Xotiningiz bilan yarashib qo‘yaqolsangiz ham bo‘lardi, Vladimir Platonich! O‘g‘lingiz tufayli gunohini keching… Bola boyaqish hamma gapga tushunsa kerak, — derdi.
Pustovalov safardan qaytib kelganda Olenka unga ot doktorining barbod etilgan turmushini hikoya qilib berar, keyin ikkovlari birgalashib achinishar, bosh chayqar, otasini sog‘ingan o‘g‘li haqida gapirishar, shundan keyin ikkovlari baxtiyor holda o‘rinlaridan turib, burchakdagi sanamga qarab, xudodan bola tilab, sajda qilar edilar.
Olti yilgacha Pustovalovlarning turmushi tinch, sevinch va totuvlikda o‘tdi. Qish kunlaridan biryda skladda issiq choy ichib, terlab o‘tirgan Vasiliy Andreich xaridorga mol sotmoq uchun telpaksiz tashqariga chiqdi, shunda shamollab, betob bo‘lib qoldi. Olenka uni zng o‘tkir doktorlarga boqizgan bo‘lsa ham, to‘rt oy yotgandan keyin dard ustun kelib vafot etdi. Olenka yana beva qoldi.
— Kimga tashlab ketding, meni sevgilim! — deb ho‘ngrab yig‘lardi u, erini ko‘mgandan keyin. — Men bechora sensiz qanday turay bu dunyoda? Rahmingiz kelsin, yaxshilar, men yetimning dardiga davo topinglar-ey… — derdi.
U motam tutib, qora kiydi, shlyapa va qo‘lqopni butunlay kiymay qo‘ydi, ko‘chaga kamdan-kam chiqadigan bo‘ldi, chiqsa ham cherkovga yoki erining qabriga borish uchun chiqardi, bo‘lak vaqtlarda tarkidunyo etgan odamday, uyda o‘tirardi! Olti oy deganda motam kiyimlarini tashlab, deraza darchalarini ochadigan bo‘ldi. Ba’zan ertalab u-bu keltirish uchun kuxarka bilan bozorga chiqqanini odamlar ko‘rishdi, biroq endigi turmush qanday, uy ichida nima gaplar bor, — bu haqda odamlar faqat gumon bilan gapirishar edi. Masalan, odamlar uning o‘z bog‘chasida ot doktori bilan birga choy ichib o‘tirganidan, doktorning unga gazeta o‘qib berishidan va yana pochtada bir tanish xotin bilan uchrashib, unga:
— Shahrimizda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan veterinariya nazorati yo‘q, kasalning ko‘pligi ham shundan. Anovi sutdan, manovi otdan, sigirdan yuqib kasal bo‘pti, degan hodisalar ko‘payib ketdi. Inson sihatiga qanday g‘amxo‘rlik qilinsa, jonivorlarni ham shunday boqish kerak, — deb aytgan gapidan uning nima haqida o‘ylashini gumon qilardilar.
U ot doktorining aytganini aytar, u nimani o‘ylasa shuni o‘ylar edi. Olenkaning sevgisiz yashay olmasligi va yangi baxtni o‘z hovlisidan topib olganligi hammaga ravshan edi. Boshqa xotin bo‘lganda uni hamma qoralardi, ammo Olenka haqida hech kim yomon fikrda emas, uning hayotidagi voqealar hammaga ma’lum va ravshan edi. U ham, ot doktori ham o‘zaro munosabatlarida yuz bergan o‘zgarishlar haqida hechkimga bir og‘iz so‘z aytmaslikka tirishar edilar, biroq Olenka hechqanday sirni yuragida saqlab yurolmasdi. Agar doktorning polkdagi hamkasblari mehmonga kelishsa Olenka ularga choy quyaturib yoki ovqat torta turib, qora molga kelgan vabodan yoki shahar kushxonasidan gap boshlardi, doktor esa uyalganidan qip-qizarib ketardi. Mehmonlar tarqalishib ketgach, doktor uning qo‘lidan ushlardi-da, g‘azablangani holda:
— Tushunmagan narsang haqida og‘iz ochma deb necha marta aytdim senga! Hamkasblarim yig‘ilishganda va o‘z ishimiz ustida so‘zlashganimizda sen zinhor aralashma! Odamni zeriktirib yuborasan, axir! — derdi.
Olenka unga taajjublanib qarar va xavotirlanib:
— Volodichka, bo‘lmasa nimani gapiray? — deb so‘rardi.
Va ko‘ziga yosh olib, ot doktori bag‘riga otilar, jahli chiqmasligini so‘rab yalinardi; ikkisi ham o‘zini baxtiyor deb his etardi.
Biroq, bu baxt ko‘pga bormadi. Ot doktori o‘z polki bilan birga jo‘nab ketdi, uning polki boshqa yoqqa, Sibir tomonga ko‘chirilgan edi. Olenka yana yolg‘iz qoldi.
Endi u butunlay yolg‘iz qolgan edi. Otasi allaqachon o‘lib ketgan, uning kreslosi cherdakda bir oyoqsiz chang bosib yotardi. Olenka ham oriqlab ketgan, husni ham qochgan, ko‘chada ko‘rganlar ham unga ilgarigidek boqmas vz jilmayib qaramas edi. Eng yaxshi yillar — yoshlik vaqtlari o‘tib, endi uning uchun qandaydir yangi turmush, bundan buyog‘i nima bo‘lishini bilish qiyin bo‘lgan davr boshlangan bo‘lsa kerakki, yaxshisi bu to‘g‘rida o‘ylamaslik lozim edi. Kechqurunlari Olenka eshik oldiga chiqib, «Tivoli» rohat bog‘chasida chalinayotgan muzikani, mushaklarning paqillab yorilishini eshitib o‘tirar, ammo bu tovushlar endi unda hech qanday tuyg‘u uyg‘otmasdi. U o‘z hovlisiga bee’tibor tikilib o‘tirar, hech narsani o‘ylamas, ko‘ngli hech nimani istamasdi, kechasi uyga kirib yotardi. Uyqusida yana o‘zining bo‘sh hovlisi tushiga kirardi. Ovqatni ham birov zo‘rlab yedirayotganday yer edi.
Eng yomoni shu ediki, unda ortiq hech qanday fikr qolmagan edi. U o‘z atrofida xilma-xil buyumlarni ko‘rar, nimalar bo‘layotganiga aqli yetar. Ammo ular haqida nima deb o‘ylashni va nimalarni gapirishni bilmasdi! Hechqanday fikrga ega bo‘lmaslik naqadar og‘ir! Bir shishaning tikka turganini, yoki yomg‘ir yog‘ishini, yoxud aravaga tushib ketayotgan mujikni ko‘rib turasanu, broq shishaning nimaga kerakligini, yomg‘irning nimaga yog‘ishini, mujikning nega aravaga tushib borishini, ularda qanday ma’no borligini o‘lsang ham ayta bilmasang! Kukin va Pustovalov bor vaqtida, ot doktori borida Olenka ularning ma’nosiga yeta olardi, harnarsa ustida fikr yurita olardi, endi uning o‘ylarini va yuragini xuddi hovlini bosgan zimziyo qorong‘u va bo‘shliq qoplagandi. Go‘yo chuqur soyga g‘arq bo‘lib ketayotganday uni dahshat bosardi.
Bu orada shahar har tarafga qarab kengayib ketdi, Siganskaya Sloboda endi ko‘cha tusini oldi. «Tivoli» rohat bog‘chasi va yog‘och-taxta skladlari bo‘lgan joylarga yangi imoratlar tushib, ancha-muncha tor ko‘chalar hosil bo‘lgan edi. Muncha ham vaqt tez o‘tib boradi! Olenkaning uyi eskirgan, tunuka tomi zanglab ketgan, saroy ham bir yoqqa qarab yonboshlagan, hovli sahnini otquloq bilan sassiq alaf bosib ketgan edi. Olenkaning o‘zi ancha qarigan, husndan ham qolgan edi. Yoz kunlari u eshik oldidagi supachaga chiqib o‘tiradi. Qalbida ilgarigidek bo‘shliq hukm suradi, o‘zidan ham sassiq alafning hidi kelib turadi, qish kunlari esa deraza yoniga o‘tirib, hovlidagi qordan ko‘zini uzmaydi. Bahor kelganda yoki shamol cherkov qo‘ng‘iroqlarining ovozini uchirib kelib qolgan choqlarda birdan o‘tmish kunlar esiga tushib yuragi «shuv» etib ketadi. Ko‘zlariga jiqqa yosh keladi, ammo bu ko‘p davom etmaydi, birpasdan keyin yurakni yana bo‘shliq egallaydi, bu dunyoda nima uchun yashayotganini yana bilmaydi. Briska degan qora mushugi bir ohangda miyovlab, unga erkalanadi, ammo bu ham Olenkaga ta’sir qilmaydi. Unga bu kerakmidi? Unga butun borligini, butun yuragini, aqli-farosatini maftun etaoladigan, hayotiga ma’no beradigan, kishini o‘yga soladigan, uning sovib borayotgan qonini qizita oladigan sevgi kerak! Etagiga chiqib olgan mushukni yerga itarib tushiradi-da, alam bilan:
— Ket, ket… jonga tegding! — deydi.
Shu yo‘sunda hechbir shodliksiz, hechqanday fikrsiz kunlar, oylar, yillar o‘tdi. Kuxarka Mavra nima desa shu edi.
Saraton kunlarining birida, podalar hamayoqni changitib daladan qaytib kelayotgan oqshom paytida, kimdir ko‘cha eshigini qattiq qoqdi. Olenkaning o‘zi borib darvozani ochdi, ochishi bilan turgan yerida qotib qoldi: kelgan kishi — sochlari oqargan, shtatskiy kiyim kiygan ot doktori Smirnin edi. Olenkaning esiga butun o‘tmish keldi, o‘zini tutolmay, tik etmay boshini uning ko‘ksiga qo‘ydi-da, yig‘lab yubordi. Hayajonlanib ketganidan ikkovlari ham uyga kirganlarini, choyga o‘tirganlarini bilmay qoldi.
— Voy jonimey! — dedi u, sevinchidan qaltiroq bosib.
— Vladimir Platonich! Qayerdan xudo yarlaqab qoldi?
— Shu shaharda yashab qolmoqchiman, — dedi doktor. — Iste’foga chiqdim, endi. Erkinlikda baxt izlab topmoqchiman, bir yerga qo‘nib olishim kerak. O‘g‘lim ham katta bo‘lib qoldi, gimnaziyaga berishim kerak. Bilasizmi, men xotinim bilan yarashib olganman.
— Qayerda ular? — deb so‘radi Olenka.
— Ular musofirxonada qolishdi, men, uy qidirib yuribman.
— Ana xolos! Mening uyimni olaqoling! Nima qipti bu uyga? Sizlardan bir tiyin ham olmayman! — U yana hayajonlanib, yig‘lay boshladi. — Sizlar bemalol shu katta uyga joylasha beringlar, menga hovlidagi kichkina uy ham yetib ortadi. Sizni yuborgan xudodan o‘rgilay!
Ertasi kuni uy tomini bo‘yab, devorlarni oqlashga kirishildi, Olenka ikki qo‘lini beliga qo‘yib, hovlidagilarga har xil ishlarni buyurib yurar edi. Uning chehrasida ilgarigi jilmayishlar paydo bo‘lgan, xuddi uzoq uyqudan uyg‘onganday butun borligiga qon yugurgan edi. Keyin oriq va xunuk, sochlari kalta qirqilgan, injiq yuzli bir xonim, semizgina, ko‘k ko‘z, ikki yuzida chuqurchasi bor Sasha degan bolani yetaklab kirib keldi. Ular ot doktorining xotini va o‘n yashar o‘g‘li edi. Bola hovliga kirishi bilanoq mushukni quva ketdi, uning xushchaqchaq qo‘ng‘iroq kulgisi butun hovlini bosdi.
— Xola, bu sizning mushugingizmi? — deb so‘radi bola. — Tuqqanda bittasini bizga bering, oyim sichqondan juda qo‘rqadilar.
Olenka u bilan ancha so‘zlashdi, choy ichirdi, go‘yo bu bolani o‘zi tug‘ib o‘stirgandek his qilib, ko‘kragiga issiq yugurib, rohatlandi. Kechqurun Sasha ovqatxonada dars tayyorlab o‘tirarkan, Olenka sevgiga to‘lgan ko‘zlarini undan uzmay:
— Chirog‘im… Xushro‘yginam… Aqlli-hushli bola ekansan! Oppog‘im, — deb shivirladi.
— Har tarafi suv bilan o‘ralgan quruq yer — orol deb ataladi, — deb o‘qidi kitobdan Sasha.
— Har tarafi suv bilan o‘ralgan quruq yer — orol deb ataladi, — deb takrorladi Olenka. Bu — necha yillab o‘ysiz-fikrsiz kun kechirgan kishining ishonch bilan aytgan birinchi fikri edi.
Endi u mustaqil fikrga ega edi, kechki ovqat ustida Sashaning ota-onasiga gimnaziyada o‘qishning naqadar og‘irlashib ketgani, ammo shunday bo‘lsa-da, real maktab ta’limidan ko‘ra klassik maktab ta’limining afzalligi haqida gapirdi, chunki uning fikricha, gimnaziyada o‘qigan kishiga hamma yo‘l ochiq: xohla doktorlikka o‘qi, xohla injenerlikka.
Sasha gimnaziyaga qatnay boshladi. Uning onasi Xarkovdagi singlisinikiga ketib, uzoq qolib ketdi. Otasi har kuni qayergadir yilqi ko‘rgani ketib, ba’zan uch kunlab uyiga qaytmas edi, Olenkaga Sashaning ota-onasi butunlay tashlab ketganday, bola uyda ortiqcha odamday tuyildi, bola bechora ochdan o‘ladi deb achindi. Ko‘p o‘tmay u, bolani katta uydan o‘z uyiga olib, jajjigina bir bo‘lmaga joylashtirdi.
Yarim yildan oshdiki, Sasha uning uyida turadi. Har kuni erta bilan Olenka uning oldiga kiradi, bola, qo‘lini chakkasiga qo‘yib qattiq uxlab yotadi, uyg‘otgani ko‘zi qiymaydi.
— Sashenka, — deydi u, g‘amginlik bilan, — tur, qo‘zim! Gimnaziyaga boradigan vaqt bo‘ldi.
Sasha o‘rnidan turib, kiyinadi, ibodat qiladi, keyin nonushtaga o‘tiradi. Uch stakan choy bilan ikkita katta teshik kulcha va moy surtilgan yarimta frantsuz bulkani yeb oladi. U hali uyqudan toza uyg‘ongani yo‘q. Shuning uchun kayfi buzuqroq. Olenka uni xuddi uzoq safarga uzatayotganday unga tikilib deydi:
— Sashenka, masalni yaxshilab yodlab oldingmi? Meni tashvishga solib qo‘yding-ku. Tirishib o‘qi, oppoq qo‘zim… Muallimlaring so‘zidan chiqma…
— Qo‘ysangizchi bu gaplaringizni! — deydi Sasha. Keyin u gimnaziyaga ketadi, o‘zi kichkina, boshida kattakon shapka, yelkasida kitob jildi. Olenka uning ketidan sekin-asta qadam tashlab boradi.
— Sashenka! — deb chaqiradi.
Sasha qayrilib qaraydi. Olenka uning qo‘liga xurmo yoxud popuk qistiradi. Gimnaziya joylashgan ko‘chaga burilgandan keyin, Sasha o‘zini baland bo‘yli semiz xotin kuzatib qo‘yishidan uyaladi. Orqasiga qaraydi-da:
— Xola, siz endi uyga ketabering, o‘zim boraman, — deydi.
Olenka to‘xtab, Sasha gimnaziya eshigidan kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha qarab turadi. O, Olenka bu bolani naqadar sevadi! U ilgari kechirgan sevgilarining hech biri ham bunchalik chuqur bo‘lmagandi. Endilikda unda onalik hissi kuchayib borayotgan paytda, uning qalbi shu qadar fidokorlikka, saxiylikka va sevinchga to‘lib toshgan ediki, bunaqa hisni avvallar u sira sezmagan edi. Mana bu birovning bolasi uchun, uning yuzlaridagi chuqurchalari, boshidagi shapkasi uchun butun jonini berishga tayyor edi. Nega bunday? Kim biladi deysiz?
Sashani gimnaziyaga uzatib, o‘zi xursand, ohista, xushfe’l holda uyga qaytadi. Olti oy ichida ancha yashargan yuzidan jilmayish arimaydi. Yo‘lda uchragan tanishlar uni ko‘rib xursand bo‘lishadi va:
— Yaxshimisiz, jonginam Olga Semyonovna! Eson-omongina yuribsizmi? — deyishadi.
— Gimnaziyada o‘qish ham qiyinlashib ketdi, — deydi u, bozorda uchratgan tanishlariga. — O‘zingiz o‘ylang, kecha birinchi sinf bolalariga butun bir masalni yodlashga buyurishipti, lotinchadan tarjima qildirishipti, hisobdan masala berishipti… Yosh bola chidarmidi bunga?
Olenka muallimlar, darslar, darsliklar haqida, xullas, Sasha nimani gapirgan bo‘lsa, u ham shuni gapiradi.
Soat uchda ikkovlari o‘tirib ovqat yeyishadi, kechqurunlari dars tayyorlashadi, qo‘shilishib yig‘lashadi. Sashani yotqizib bo‘lib, Olenka uni uzoq cho‘qintiradi, shivirlab duo o‘qiydi, keyin o‘rniga yotib, uzoq cha noma’lum kelajak haqida, Sashaning doktor, yoki injener bo‘lib yetishib, uyli-joyli bo‘lishi, ot-aravaga ega bo‘ladigan, uylanib bola-chaqa ko‘radigan zamonlarni xayol qiladi… U, ko‘zlari uyquga ketarkan, hamon o‘shalarni o‘ylaydi, yumuq ko‘zlaridan oqqan yoshlar yuzlarini yuvadi. Qora mushuk ham uning biqiniga kirib joylashgan:
— Xr… xr… xr…
Birdan ko‘cha eshik qattiq qoqildi. Olenka uyg‘onib, qo‘rqqanidan nafas olmaydi, yuragi qattiq ura boshladi. Sal o‘tmay eshik yana taqilladi.
«Xarkovdan telegramma kelgan bo‘lsa, — deb o‘ylaydi u, vujudini titroq bosib, — onasi o‘g‘lini chaqirtirgan bo‘lmasin… Oh, xudoyim!»
Uni umidsizlik bosdi, boshini ko‘tarolmadi, keyin ikki qo‘li, oyoqlari bo‘shashib ketdi, o‘zini dunyoda eng baxtsiz banda his qildi. Biroq, yana birpasdan keyin hovlidan tanish ovozlar eshitildi, ot doktorining klubdan qaytgani ma’lum bo‘ladi.
«Xudo, o‘zingga shukur!» deb qo‘ydi Olenka.
Yuragi sekin-asta yengillashdi, u yana tinchiydi. Yana o‘rniga yotib, uyquda yotgan Sashani o‘ylaydi. Sasha esa qo‘shni uyda qattiq uyquda yotib, goho-goho:
— Senimi, shoshmay tur! Ket! Urishma! — deb uyqusiraydi.

O. Rahimiy tarjimasi