Anri de Rene. Uchrashuv (qissa)

Biz hikoyamizda so‘z yuritmoqchi bo‘lgan Palatstso Altinengo, bu, old ko‘rinishi aylana shakllar bilan bezatilib, serpent marmaridan lombard usulida ishlangan va Neptun ikkita uch tishli nayza bilan dengiz darvozasini qo‘riqlab, sayyohlarni lol qoldirayotgan Katta Kanaldagi saroy emasdi. Qadimiy va qudratli Altinengo urug‘i Shavkatli Respublikadagi eng atoqli urug‘lardan biri bo‘lib, Doja shahridagi turli davr­lar va turli dahalarga sochib tashlangan binolarning anchaginasi aynan shu uruqqa qarashli edi.

Bu, Venetsiyada tez-tez uchrab turadigan hol. Biz hali Grimaniylar urug‘ining – biri San-Polda, boshqasi Mariya Formozada va bularga qo‘shimcha yana Griman della Viddagilarini hisobga olmaganimizda ham yana qanchadan-qancha qasrlari bor! Kontarinlar qasrlari ham xuddi shunday. Kontarin-Fazanning Kontarin deli Skrin, Kontarin delle Figur va Kontarin del Bavolo degan aka-ukalari bor. Mochenigoning Katta Kanal bo‘ylab tizilib turgan uchta qasri, Kornerning Korner Spinelli, Korner della Ka Grand va Korner della Rejina qasrlaridan ortiq bo‘lsa borki, ulardan kam emas.

Barcha yo‘lboshlovchilar Altinengoning ikkita saroyini – San-Stae va San-Benedettoni tilga olardilar, xolos, lekin negadir, ularning birontasi uchinchi qasr haqida lom-mim demasdi, haqiqatda esa, hayotimda bo‘lib o‘tgan g‘ayrioddiy va tushunib bo‘lmas, hatto aytish mumkinki, eng tushunarsiz va g‘alati hodisalar aynan o‘sha, deyarli unutilayozgan qasrga taalluqli edi. Altinengo urug‘iga qarashli bo‘lgan bu uchinchi qasrning menga, Venetsiyaning mendek tirishqoq tadqiqotchisiga noma’lumligicha qolganining hech bir hayratlanarli yeri yo‘q edi, albatta. Necha marta Venetsiyada bo‘lgani va qancha vaqt u yerda yashaganidan qat’i nazar, shaharni boshdan-oxirgacha bilaman, deb hech kim aytolmaydi. Balki, do‘stim Tiberio Prentinalyadan tashqari, hech kim… Bu hayratomuz imoratda meni bir qancha oy yashashga majbur qilgan jihatlar to‘g‘risida hikoya qilishdan avval, 189… yil sentyabr oyi oxirida ko‘nglimga yaqin bo‘lgan shaharga yana bir bor sayohatga undagan sabablarni tilga olib o‘tish menga, chamamda, joizdek tuyulyapti.

Men bu masala yuzasidan muxtasar fikr bildirmoqchiman, chunki “iqrornoma” yozish niyatim yo‘q. Men sirlarimni oshkor etishni hech qachon xushlamaganman, o‘zimni begonalar e’tiborini jalb etadigan qiziqarli odam deb ham hisoblamaganman. Men g‘ayrioddiy deya xulosaga kelgan va hech bir tayyorgarliksiz, kutilmaganda guvoh bo‘lganim bois yanada g‘ayrioddiyroq tuyulgan chin voqeani qog‘ozga tushirishni lozim topdim, rostdan ham, mutlaqo beixtiyoriy ravishda bu voqeada ishtirok etishimga to‘g‘ri keldi.

Men ham el qatori bitta odamman, xuddi olomon kabi, mening ham diqqatni tortadigan na bir tayinli layoqatim va na aqliy xizmatlarim bor. Men hamma vaqt faqat o‘zim uchun yashaganman, odamlar orasida oddiy, ko‘zga tashlanmay yurish kaminaga doim tabiiy tuyulgan. Haqiqatan, menda bironta favqulodda xislat yo‘q, hatto, garchi bundan foyda chiqish-chiqmasligini o‘ylab o‘tirmay, minglab odamlar bilan baham ko‘rmoqchi bo‘lganim, o‘sha, Venetsiyaga bo‘lgan ishqibozlik ham ajabtovur xislat emas. Men Italiyani, shu jumladan, Venetsiyani hech bir izzattalabliksiz, shunchaki yaxshi ko‘rganman. Menda hech qachon San-Marko maydoni yoki bo‘lmasa Prokuratsiy minorasida zodagonlar orasida turib, dunyoviy yilnomalarda qatnashishdek shuhratparastlik niyati bo‘lmagan. Yilning bunday paytida bu yerda bo‘lish yaxshilik alomati hisoblansa-da, kiborlar jurnali mening ko‘rfazlarda bo‘lganimni hech qayd etmasdilar. Venetsiya menga bashang kostyum va galstuklarda olifta kiyinib olib, taassurot qoldirishimga sababchi bo‘lmagan va o‘zining shon-shuhrati dardida yilda bir marotaba bo‘lsa-da, Pyatsettda tepasiga Sher va Timsoh haykali ishlangan tosh ustunlari yonida turib olib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni lozim topgan san’at olamining jahonga mashhur zotlari, yozuvchilar, moliyachilar va kiborlar bilan oshnachilik rishtalarini o‘rnatishim uchun vositachi bo‘lgani borasida-ku gap bo‘lishi ham mumkin emas.

Yana shuni aytmoqchimanki, xuddi kiborlar davrasi kabi Venetsiya osoriatiqalari ham meni o‘ziga kam jalb qilsa-da, biroq shaharning noyob san’at asarlariga, go‘zal binolariyu haykallariga boshqalar qatori men ham baho bera olaman. Men o‘taketgan toshbag‘ir ham, johil ham emasman. Va kamina ham Venetsiya o‘z sayohatchilariga taklif etayotgan o‘sha huzur-halovatning mazasini totib ko‘rganman. Meni Dojalar qasri ham, San-Marko maydoni ham befarq qoldirmagan. Hatto venetsiancha san’atning turli sohalarida ba’zi bir bilimlarni egallashga muvaffaq bo‘lganman. Uning hayratomuz nafis kunguralariyu benuqson ishlov berilgan nozik billurlariga ham bee’tibor bo‘lmagan. Ko‘hna Venetsiya tarixi, niqoblar va serenadalar Venetsiyasi o‘zining mayda-chuyda urf-odatlariyu rasm-rusumlari bilan menga ancha-muncha yaqin bo‘lib qolgan. Men prezident de Brossni o‘qiganman, Kazanova bilan yaxshi tanishman, lekin, aslini olganda, Venetsiya – qanday bo‘lsa, shundayicha menga kifoya va jo‘shqin Venetsiyaning bor jozibasini his etishim uchun uning o‘tmishiga murojaat etishga menda ehtiyoj yo‘q.

Mening Venetsiyaga bo‘lgan muhabbatim, tap tortmay aytishim mumkinki, har qanday dimog‘dorlik va estetizmdan[1], shuningdek, romantizmdan ham xoli, erkin va tagzamini chuqur munosabatlardan yuzaga kelgan tabiiy va oddiy tuyg‘uki, uni hatto chin muhabbat desam ham bo‘laveradi. Venetsiya hamisha meni o‘ziga asir etib kelgan. Uning iqlimini, uning o‘ziga xos tusini, uning yorug‘lik olamini sevaman. Yashashga imkon beruvchi va hatto o‘zi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi didimga mos turmush tarzini ham. Ayniqsa, ko‘zlarim va xayollarimni o‘zining dilkashligi bilan band etgan bu yerdagi minglab yodgorliklar ichida bo‘lish menga huzur bag‘ishlaydi. Kunlarim hech bir yerda bunchalik sehrli osoyishtalikda ravon kechmagan, bu yerda hatto g‘ariblik ham o‘z iztiroblaridan xoli. Yer yuzida o‘zingga o‘zing yaxshiroq ega bo‘lishing mumkin bo‘lgan va seni xunoblikdan iloji boricha xalos etguvchi bunaqa joyni topish amrimahol. Venetsiyada bemalol yolg‘iz yashashim sababini u yerdan topayotgan huzur-halovatimgina izohlab berishi mumkin. Garchi menga bundan osoni bo‘lmasa-da, bu shaharda ko‘p marotaba bo‘lishimga qaramay, juda kam tanish-bilish orttirganman, chunki kamina o‘z ishtiroki bilan qiziqish uyg‘otuvchi odamlar toifasidan emasman. Yana shunisi ham borki, San-Marko maydoniga yig‘ilib olib, nafis go‘zalligu bashanglik va misli ko‘rilmagan nazokat rasm-rusumlarini bajarayotganlariga o‘zlari astoydil ishongan jamiyatning zebo ayollariyu bekorchi oliftalari va go‘zallik ixlosmandlarining Venetsiyaga to‘planishi udumga aylangan yilning bunday paytida men hamma vaqt u yerdan juftakni rostlab qolardim.

Yana quyidagilarga e’tibor qaratishni istardim. Men Venetsiyada boshqa joylarga qaraganda “o‘zgacha”, benihoya shod va ta’rifga sig‘mas bir kayfiyatda yashash joiz deb hisoblamaganman. Undan o‘zgacha taassurot olishni ham hech vaqt havas qilmaganman. Venetsiya men uchun hech qachon “Orzular shahri” bo‘lmagan (hozir, mana shu satrlarni qoralay turib, endi uning unday emasligiga uncha imonim komil emas, nega bunday ekan – bu keyinroq ma’lum bo‘ladi); aksincha, men faqat uning bor jozibasini, o‘ziga xosligini va lazzatbaxsh dunyosini xohlardim, xolos. Gondolaga o‘tirish uchun vagondan chiqishim, men uchun mutlaqo odatiy hol bo‘lib, bundan zarracha ajablanmadim. Gondolani men boshqa shunga o‘xshash narsalar kabi tashish vositasi deya tasavvur qilganman. Romanslarda madh etilgan undagi joziba meni befarq qoldirmagan va uzukka ko‘z qo‘ygandek dengizga mos bejirim shakli va suzish uchun qulayligining qadriga yetsam-da, baribir, shaharning odam adashib qoladigan tor ko‘chalari bo‘ylab yayov sayr qilishni afzal ko‘rdim. Qisqasi, Venetsiyada bo‘lish menga yuksak his-tuyg‘ular in’om eta oldi deya olmayman. Uni ko‘rib, na faxrlanish va na mag‘rurlanish hissini tuydim. Menga Venetsiya yoqardi, men uni yaxshi ko‘rardim; u meni maftun etgandi va o‘zimni uning ixtiyoriga bajonidil topshirishga tayyor edim, biroq barchaga va har bir kimsaga taqdim etayotganidan ortig‘ini undan kutmaganman. Men, Venetsiya o‘ziga elburutdan shaydo qilib, barmog‘iga o‘zining sehrli uzugini taqib qo‘yadigan odamlar toifasidan emasman; hech qachon Venetsiya romantizmi yopinchig‘ida o‘zimni xaspo‘shlamaganman.

Umuman aytganda, meni ilk bora Venetsiyaga xayolga keltirish mumkin bo‘lgan eng oddiy vaziyatgina yetaklab kelgandi. Bu yerda ancha yillardan beri oilamizning qadrdon do‘stlaridan bo‘lgan xonim va janob de S., yashaganlar. Ular San-Trovazo qasridagi eng qimmatli qavatlaridan biriga joylashib, uni o‘zlarining didiga moslab qulay jihozlab ham olishgandi. Bu qavat qachonlardir antik buyum sotuvchilarida hali topsa bo‘ladigan o‘sha asil Venetsiya mebellari bilan jihozlangan juda ko‘p xonalar unga yondosh bo‘lgan keng galereyadan iborat edi. Galereyaga katta javonlar, pastak divanlaru oromkursilar, ozmi-ko‘pmi mustahkam barokko uslubidagi javonu, kitob uchun mo‘ljallangan javonchalar qo‘yilgandi. Ikkala S. ham qolgan sanoqli kunlarini hozir ularga suv va havodek zarur bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishni istab bu yerga kelib joylashgandilar. S.xonimning sog‘lig‘i juda zaif edi. Eri esa bedavo darddan azob chekardi. Janob de S.ning sog‘lig‘i to‘satdan og‘irlashib qolishi meni Venetsiyaga safar qilishga majbur qilgandi, biroq men yetib kelganda, jiddiy xavf shu qadar ortda qolgandiki, S.lar meni yonida olib qolishdi. O‘zim juda yaxshi ko‘rgan bu ajoyib xonadonda naq bir oycha mehmon bo‘ldim.

Qanday orombaxsh ta’til! San-Trovazo qasri va bu shirinso‘z, mehribon oila davrasidan menga go‘zal xotiralar esdalik bo‘lib qoldi! Janob de S. o‘zining darmonsizligi tufayli mening Venetsiyadan miriqib zavq olishimga xalal berishni istamasdi va S. xonim esa erining kasali bilan bog‘liq tashvishlarga o‘ralashib qolganiga qaramay, menga yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishga rozi bo‘ldi. Bu ayol zukko, o‘qimishli edi. Juda ko‘p cherkov va muzeylarni borib ko‘rganimiz, har narsalarga qiziqaverishlarim unga zarracha malol kelmadi. Ayol qachon bo‘lmasin, Venetsiya san’ati bilan yanada yaqinroq tanishishim uchun menda faqat istak uyg‘otadigan joylarnigina ko‘rsatardi, xolos. Odatdagi sayrda esa unga shunchaki hamrohlik qilganimdan mamnun edi. Va bu, men Venetsiyani barcha jozibasini sayyoh, go‘zallik shaydosi yoki quruq bir olifta sifatida emas, balki yorug‘likning, bo‘yoqlarning, husn-latofatning samimiy ishqibozi, maftunkor, ajoyib, osoyishta va go‘zal Venetsiya hayotiga mehri tushgan kuzatuvchi sifatida anglashimga sabab bo‘ldi.

Kamina bu xushfe’l va yoqimtoy do‘stlarimga kelasi yil kelishni va’da qildim-da, ularni tark etdim. Men o‘z va’damga vafo qildim-u, biroq ularni tirik ko‘rish boshqa nasib etmadi. Jo‘nab ketganimdan so‘ng bir necha oy o‘tib, ular oldinma-keyin, deyarli bir vaqtning o‘zida olamdan o‘tgan ekanlar. Men o‘sha vaqt Rossiyada safarda edim; bu qayg‘uli xabardan ham o‘sha yerda voqif bo‘ldim. Eshitib, ko‘nglim buzildi; biroq bu yo‘qotishdan so‘ng men Venetsiyadan uzoqlashish o‘rniga, aksincha, unga yanada mahkamroq bog‘lanib qoldim, – San-Trovazo qasri yonidan garchand birinchi marta o‘tayotgan bo‘lsam-da, Venetsiya taomiliga ko‘ra, yopib tashlangan deraza romlariga, binoni ijaraga berilishini anglatuvchi bir parcha uzun qog‘oz yopishtirilgan bo‘m-bo‘sh qavatning oynalariga qarab yuraklarim ezilib ketdi. O‘shandan beri har safar bu yerga kelganimda, sehrli va go‘zal Venetsiya hayotidan meni bahramand etib, “kaminani venetsiyalik qilganlarini” do‘stona faxr bilan takrorlashni xush ko‘ruvchi qadrdon do‘stlarim yashagan uy bilan bog‘liq xotiralarga minnatdorchilik yuzasidan uni har safar ziyorat qilishni kanda etmasdim.

Men shu qadar venetsiyalikka aylanib ketgan ekanmanki, hatto mehmonxonada yashash ham endi kaminaga malol kelayotgandi. Xayriyatki, saxovatli do‘stlarimning San-Trovazodagi menga ko‘rsatgan mehmonnavozliklari meni bunday ko‘ngilsizlikdan xalos etardi; keyinchalik doimiy boshpanamga aylanib qolgan ijaraga olgan uyim uchun ham ulardan minnatdor bo‘lishim kerak. Ular San-Trovazoga ko‘chib kelgunlariga qadar, avval yashagan yerlari – Kaza Trijani to‘g‘risida bir kun menga nima deyishganini esladim. Fondamenta Barbaroda joylashgan bu Kaza Trijanining bir necha xonasini ijaraga topshirgan ikkita qari qiz tomonidan band etilgandi. Xonalar toza-ozoda, bemalol yashasa bo‘lardi; ulardan birining derazasidan, yirik och-qizil mavrak o‘sib yotgan yerga yaqin sarv daraxtining yonginasida bir necha atirgul butasi gullab yotgan kambar bog‘ ko‘rinib turardi. Opa-singil Trijanilarda menga yoqadigan qandaydir ajibligu ojizlik bor edi. Men ularning doimiy ijarachisiga aylanib qolgandim va qachon Venetsiyaga kelsam, o‘sha yerga qo‘nardim; bu hol o‘n besh yil mobaynida deyarli har yili davom etdi.

 

* * *

An’anaga aylanib qolgan bu qadrli odatni yo‘qqa chiqarish uchun bir tekisda o‘tayotgan hayotimni ostin-ustun qiladigan bironta noxush hodisaga ro‘para bo‘lishim kerak edi. Shunday bo‘ldi ham. Uch yil davomida menga juda ko‘p azob bergan ruhiy iztirobni boshdan kechirdim. Bor-yo‘q gapim (avval-boshda aytganimdek, men iqrornoma yozishdan mutlaqo yiroqman va maqsadim tuyg‘ularimni emas, balki voqea-hodisalarning o‘zini tasvirlab berish), hayotimning bu davri azbaroyi hayajonu tashvishlarga to‘lib-toshganidan, men, hatto kuzmidi u, yo bahormidi,  bir necha hafta Kaza Trijanida mehmon bo‘lgan baxtiyor damlarimni biron marta bo‘lsa-da, esga olmaganimni aytishim mumkin, xolos. Mana shu uch yil davomida Venetsiyaga safarim ham taqqa to‘xtadi, va faqat mashaqqatli ruhiy sinovlar poyoniga yetib, og‘ir dardning iskanjasidan xalos bo‘lganimdan so‘nggina o‘sha dilkash, betashvish xotiralar meni chorlayotgan fusunkor shahar bilan eski munosabatlarni yana davom ettirishni orzu qila boshladim. Balki xuddi shu yerning o‘zida kuch-quvvatga tezroq kirarman. Meni davolayotgan shifokorlarga o‘z orzu-istaklarim to‘g‘risida ro‘yirost gapirib berdim. Ular rejalarimni butunlay qo‘llab-quvvatlamasa-da, qarshilik ham qilmadi. Ahvolim sayohat go‘yo o‘ylamasdan qilingan ishdek tuyuladigan darajada yomon emasdi. Bu kasallik meni odamlarga nafrat va yolg‘izlikka bo‘lgan kuchli ehtiyoj bilan qo‘shilib ketgan surunkali uyqusizlik va asablar zo‘riqishi dardiga ham mubtalo etgandi. Venetsiya menga o‘sha o‘zim istagan tanholikni taqdim etishi mumkin edi. Chindan ham, nega endi tajriba o‘tkazib ko‘rmaymiz? Yoz ham o‘zining sillani quritadigan jaziramasi bilan nihoyasiga yetgandi. Sentyabr oyi oxirlab qolgan va men  Venetsiya kuzining ko‘ldagi ma’yus va xotirjam chiroyiga mahliyo bo‘lish arafasida edim. Bu menga huzur bag‘ishlardi. Men Kaza Trijanining kambargina bog‘ida xayolan yana sarv daraxtiniyu och-qizil mavrakni ko‘rdim. Yana opa-singillarning do‘stona qiy-chuvlariniyu Fondament Barbaro toshtaxtalari ustidan yurib borayotgan yog‘och boshmoqlarning taq-tuqini, daydi sotuvchilarning baqir-chaqirishiniyu choqqina soy muyulishidan aylanib o‘tayotgan gondola eshkakchilarining “stai!”[2] degan xitob­larini va Venetsiya aholisining odatdagi barcha shovqin-suronlarini, osmonda esa – Salut va Jezuat jomining mo‘jizaviy ovozini eshitdim. Bir to‘xtamga kelib bo‘lgandim. Faqat opa-singil Trijanilarga keladigan kunimning daragini berib, telegramma jo‘natishim qolgandi, xolos.

Shifokor ketishi bilan telegramma yoza boshlaganimni yaxshi eslayman. Men uni kuzatish uchun divandan turdim va stol yoniga qaytaturib, xabarnoma matnini yozishga bir varaq qog‘oz oldim; so‘ng boshqa xatlarga qo‘shib, xabarnomani ham tayinlangan manzilga jo‘natishi uchun xizmatkorga berdim, har holda shunday qilgan bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman. Bu qanday sodir bo‘lganini bilmadim-u, biroq bir necha kun o‘tgach, o‘sha varaqa mening hamyonim bo‘lmalaridan birida to‘rt karra astoydil buklangan holda paydo bo‘lib qoldi. Bu yana qanday e’tiborsizlik? Ammo o‘zimdan o‘tgan bu xatolikdan men unchalik ham ranjimadim. Bu esa kasallik diqqatimga ham o‘z ta’sirini o‘tkazganini va hali butunlay sog‘ayib ketmaganimning isboti edi. Men bunga kaminani Venetsiyaga olib ketayotgan poyezdda, vagon derazasidan Italiya manzaralariga boqaturib, faqat Verona va Vichentsa oralig‘iga yetib kelgandagina amin bo‘ldim va o‘shandagina xato qilganimni tushundim. Biroq bu xatoni to‘g‘rilashga endi kech bo‘lgandi; va bu unchalik muhim ham emasdi. Opa-singil Trijanilar hatto oldindan xabardor bo‘lmasalar-da, eshiklari men uchun hamisha ochiq edi. Boqqa olib chiquvchi xona mabodo bo‘sh bo‘lmagan taqdirda ham, ular menga boshqa xonani taklif etishlari tayin edi.

Tan olib aytishim kerakki, bu hol meni biroz dovdiratib qo‘ydi. Telegrammamga opa-singillarning javob bermaganlarining asosiy sababi uni hali olmaganlari bo‘lsa-da, ularning sukut saqlashlari har holda menga erish tuyuldi. Beparvoligim uchun o‘zimdan o‘pkaladim va biroz jahlim ham chiqdi. Umuman, bunchalik shoshilinch safarga zarurat bormidi? Salomatligim butunlay tiklanguncha sabr qilishning iloji yo‘qmidi? Birov ketimdan quvayotganmidi? Hali halovat topib ulgurmagan bu xasta miyayu azobda qolgan bu dardisar yurak bilan musofir yurtlarda holim ne kechadi? Yolg‘izlik men izlagan o‘sha xotirjamlikni ato etib, meni g‘am-g‘ussadan forig‘ etolarmikan? Tasavvurim kutilmaganda taqdim etadigan hodisalaru injiqliklarga mubtalo bo‘lib, qarshilik ko‘rsatishga kuch topolmay, bila turib uning xiyonatkorona maftunkorligi ta’siriga tushib qolmasmikanman? O‘kinch va xotirotdan tug‘iladigan qayg‘uli va xatarli xayolot qarshisida o‘zimni ojiz bir ahvolda ko‘rmasmikanman?

Bu o‘y-xayollar safarim oxirini mashaqqatlarga ko‘mib yubordi. Lekin poyezd Mestrdan chiqib, ko‘ldagi botqoqlik toshqini ko‘zga tashlanishi bilanoq tashvishlarim arigandek bo‘ldi. Ekspress shaharni qattiq tuproq bilan birlashtirib turuvchi ko‘prikka soat beshda yetib kelib, undan o‘tayotgan paytda Venetsiya sayohatchiga o‘zining bor jozibasini ko‘z-ko‘z qila boshladi. Ko‘nglimdan joy olgan bu shaharga yaqinlashishim bilanoq, u hamisha menga tasvirlab bo‘lmas huzur-halovatni baxsh etayotganini his etardim… Agar shu safar men huzur-halovatni bor mukammalligicha his etmaganimda ham, baribir, poyezddan tushib, vokzalni tark etishim bilanoq qirg‘oq zinapoyalariga urilib, uni yuvayotgan kanal suviniyu tizilib turgan gondolalarning temir jimjimalari tepasida ko‘kka tomon yuksalib turgan San-Simeonaning dumaloq surrang-yashil gumbazini ko‘rganimda, zavqlanishdan o‘zimni tiya olmagan bo‘lardim. Eshkak suvga urilib, meni o‘zi bilan olib ketayotgan gondola ohista burilgan o‘sha lahzalarda qadimgi Venetsiya to‘satdan xotiramda jonlangandek bo‘ldi va men sukutga, nurga cho‘mib, osoyishtalik va sokinlikda, yoddan chiqarishga berilib, qayg‘uga to‘la butun hayotimni ortda qoldirgan ko‘lankaga aylanib qolgandek edim go‘yo.

Bu o‘y-xayollar meni shu qadar band etdiki, yana qayta topgan o‘sha Venetsiyaning ajoyib manzaralariga butunlay bee’tibor edim. Ular menga gondola to‘g‘ri Kaza Trijanining qarshisidagi Fondamenta Barbaroning zinapoyalariga kelib tekkuniga qadar bo‘lgan lahzalargacha hamrohlik qildi. Old tomoni sarg‘ish-qizil rangga bo‘yalgan, deraza-eshiklari tim-qora, qo‘ng‘irog‘ining mis halqachasi choqqina eshikka osib qo‘yilgan bu qadimgi Kaza hamon o‘sha-o‘sha edi. Men qo‘ng‘iroq halqachasidan tutdim-da, uni uzoq silkitdim. Har doimgidek uy ichkarisidan jaranglagan ovoz yangradi. O‘sha zahoti zinapoyadan qadam tovushlari eshitildi. Eshikni ochgan kimsa menga va qo‘limdagi yukimga ajabsinib qaradi. Men opa-singil Trijanilarning ismlarini aytdim. U tabassum bilan javob qaytardi. Mana, opa-singil Trijanilarning bemor akasini ko‘rishga ketganlariga ham hademay uch oy bo‘larkan, butun boshli uy esa hozir angliya­lik oila ixtiyorida ekan…

Boshqa payt bo‘lganda, bu arzimas noxushlikni yengish menga cho‘t emasdi, biroq xastalik bois noziklashib qolgan tabiatim noxushlikni biroz oshirib yuborgandi. Umidlarimning puchga chiqqani meni rosa dov­diratib qo‘ygandi, vaholanki, noxushlik ko‘rsatgan ta’sir uni keltirib chiqargan sababga sira mos kelmasdi. Venetsiyada ozmi-ko‘pmi Kaza Trijaniga o‘xshash yigirmatacha pansion bor edi; endi faqat ulardan birontasini tanlash qolgandi; biroq bu arzimas omadsizlik ilk musibat alomati bo‘lib tuyuldi. Bu yangilanish odatlar endi-endi paydo bo‘la boshlagan burungi ahvolimga qaytishga imkon tug‘dirishi lozim edi, biroq ishning yurishmagani butun odatlarimni izdan chiqargandek edi go‘yo. Vaqt-soati kelib, meni o‘zining ko‘rinmas to‘ri bilan chirmab olishga shay turgan halqa tarang tortildi. E’tiborga arzimas bu omadsizlik meni hangu mang qilib qo‘ygandi.

O‘sha kuni mehmonxonaga yo‘l olishdan o‘zga choram qolmadi. Yangi turarjoy izlash masalasini ertaga qoldirdim. Eshkakchiga kallamga kelgan eng birinchi manzilni aytdim. Qanday qilib og‘zimdan chiqib ketdi bilmadim-u, birinchi bo‘lib tilimga “Viktoriya” mehmonxonasi keldi. U yerda biroz kutib, so‘ng xonaga joylashdim, garchi u oddiy bo‘lsa-da, lekin har jihatdan shinam edi. Yuvinib-taranib, ust-boshimni tartibga keltirib bo‘lgach, yana o‘shanday oddiy va shinam oshxonaga tushdim. Tushlik payti edi. Ovqatdan so‘ng tezroq yotib dam olgim keldi, biroq tushlik qilib bo‘lgach esa achchiq hidini men xush ko‘radigan, ichi poxolpoya bilan to‘ldirilgan uzun virqiniani[3] olib endi cheka boshlagan ham edimki, ko‘nglim birdan sayr qilishni tusab qoldi.

Ochiq havoga chiqdimu tanam yayradi. Men ayqash-uyqash tor ko‘chalarida tez-tez adashib qoladigan yana o‘sha tungi Venetsiyada ekanimdan baxtiyor edim. Chindan ham serhasham, zim-ziyo Venetsiyaning egri-bugri yo‘llarida daydib yurgan kunlarim ko‘p bo‘lgan! Oxir-oqibatda, men bu shaharni shunday mukammal o‘rganib olgandimki, keyinchalik dadil, deyarli qo‘rqmay yuradigan bo‘ldim. Biroq bu oqshom odatga aylanib ulgurgan yo‘l topish mahoratim endi menga pand berayotganini shu zahotiyoq fahmladim. Yo‘limga ishonmay, bir necha bor to‘xtashga majbur ham bo‘lganman va hatto bir safar orqaga qaytishga to‘g‘ri keladigan, chiqish yo‘lining tayini yo‘q, tarmoqlarga bo‘linib, rio[4]ga borib uzilib qoluvchi xaltako‘chalarga ham kirib qolganman. Bu arzimas xatolardan jig‘ibiyron bo‘lardim: to‘g‘risini aytganda, sayr qilishdan aniq bir maqsadni ko‘zlamagandim va shoshayotgan yerim ham yo‘q edi. Men hali-hanuz tavakkaliga bitta-bitta qadam tashlashda davom etardim. Sayohatdan ancha chiqib qolganim bois, azob berayotgan asablarni tinchlantirishning birdan-bir yo‘li menga shudek tuyulmoqda edi. Mehmonxonada muqarrar ko‘z tikib turgan uyqusizlikni charchoq bilan yengishga qaror qildim. Boz ustiga, bu uzoq vaqt davom etgan sarson-sargardonliklar mening avvalgi venetsiancha odatlarimning bir bo‘lagi edi va men irim-sirimlarga ishonuvchan inson sifatida uni topib, o‘tmishdagi yoqimli damlarimga erishish umidida o‘sha sandiroqlab yurgan kunlarimga qaytishni ixtiyor etgandim!

Bu orada tun ham yaqinlashib qolgandi. Buni men uning barcha calli[5] va campi[6]iga tezda sukunat cho‘mib, suv quygandek jim-jit bo‘lib qolganidagina payqadim. Qachonlardir bunday tanholikni baridan afzal ko‘rardim. O‘tkinchining ildam qadamiga, suvda sirpanayotgan gondolaning ovoziga, poshnalarning taq-tuqiyu eshkaklar zarbidan ko‘tarilib-tushayotgan suvning chayqalishiga, ovoziga, qo‘shig‘iga, sukunatiga “Venetsiyaga xos sirlilik” deya zap topib qo‘yilgan nom va yana derazalari yoritib turgan binoning old tomoni menga zavq bag‘ishlardi, – biroq meni maftun etgan Venetsiyaning bu safargi tunidan olgan taassurotimni anglash mushkul edi.

Turgan gap, bu qo‘rquv emasdi. Men Venetsiyada xiyla uzoq yashadim va bu yerda yo‘lovchi xavfu xatardan mutlaqo xoli ekanligidan boxabarligim, Venetsiya urf-odatlarini yaxshigina o‘zlashtirib olganimda edi. Vigili ning vazifasi, – bu yerda politsiyachilarni shunday ataydilar,– uncha murakkab emasdi. Ularning vazifasi bir necha araqxo‘rniyu yuragida o‘ti bor vim nostrani[7] ishqibozlarini va onda-sonda bir nechta o‘g‘rini qo‘lga tushirishdan iborat. Bu arzimas nojo‘ya xatti-harakatlarni inobatga olmaganda, venetsiyaliklarning o‘zlari beozor, muloyim xalq va siz shaharning eng olis mavzelarida ham xatarga yo‘liqishdan cho‘chimay, tunda ham xuddi kunduzgiday ko‘ngilni to‘q qilib yuraverishingiz mumkin. Birdan-bir xavf-xatar – yo‘lni yo‘qotib, xaltako‘chaga kirib qolishingiz. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchilarni o‘ylab, shahardagi xushmanzara g‘ira-shiralikni buzmagan holda ko‘chalarni yoritishning yangi usullari topilgan va barcha noxushliklarga barham berilgan.

Shunday qilib, qo‘rquv xavotir bilan sira qo‘shilib ketmagandi, sababi menga sirligicha qolgan xavotir esa, ko‘chaga chiqib, callidagi yassi toshlar jarangini eshitib tuygan mamnuniyat hissi bilan o‘rin almashgandi. Bunga o‘zgaruvchan salomatligim sababmikan, yoki K.Trijani bilan o‘ngidan kelmagan yaqindagi ishning oqibatimikan bu? Nima bo‘lganda ham, meni oz-ozdan anglab bo‘lmas, tayinsiz – kutilmagan voqealarga boy sharoitga tushib qolganingda yuz beradigan qandaydir sarosima aralash vahima bosayotgandi. Bu sirli qo‘rquv kuchayavergach esa qadamimni tezlatishga majbur bo‘ldim va tasodif deymizmi, yo savqi tabiiy deymizmi, ko‘r-ko‘rona burilishlardan so‘ng to‘ppa-to‘g‘ri San-Marko maydonidagi chiroqlar yonidan chiqib qoldim va shundan so‘nggina chindan ham yengil nafas ola boshladim. Maydonni ko‘rdimu qo‘rquvdan asar ham qolmadi, va bitta-bitta qadam bosdim-da, deyarli kimsasiz, tirqishidan yulduzlarning yorug‘i tushib turgan, quyuq bulut bosgan oppoq osmon ostidagi Pyatsettdan o‘tdim.

Ancha kech kirib, Prokuratsiy gumbazi ostida o‘tkinchilar siyraklashib qolgandi. Men Venetsiyaning yopiq do‘konlarining old tomonidagi yaltiroq yassi toshlar terilgan mashhur oynaband ayvonning uzundan-uzun huvillagan yo‘laklarining xuddi shu paytdagi manzarasini yaxshi ko‘rardim. Florian qahvaxonasidan chiqaturib, shu yerda necha marotaba adashib qolgandim! Biroq shu kech, uzoq sayrdan toliqib, ta’sirchan so‘qqabosh darbadar rolini o‘ynashga ko‘zim uchmayotgandi. Ikkinchi tomondan mehmonxonaga ham qaytgim yo‘q edi. Men to‘g‘ri Florian qahvaxonasiga yo‘l oldim. Tuni bilan ochiq bu qahvaxona, kechikib qolgan yo‘lovchilarga turarjoy berar va taqsimlab qo‘yilgan o‘zining duxoba divanlari bor tanobiysidan boshpana sifatida joy ham taklif etardi.

 

* * *

Ma’lumki, Florian qahvaxonasi turlicha jihozlangan va mehmonxonaga o‘xshash bir necha bir-biriga yaqin kichkina xonalardan iborat edi. Ulardan biriga men alohida bir ishtiyoqni tuyaman. Uning devorlarini ko‘zgu hamda devorga ishlangan suratlar bezab turardi va bu go‘zallikni tamaki tutunidanu har xil noxushliklardan saqlash maqsadida oyna bilan ham himoyalashgandi. Devorga ishlangan suratlarda turli xalq vakillari o‘z milliy liboslarida tasvirlangan. Menda ayniqsa ikkita surat ajib taassurot qoldirdi: salla o‘ragan turk va kokilli xitoy. Xitoylikning tagidagi qizil baxmal divan yoniga qo‘yilgan toshtaxtasi bir oyoqda aylanadigan yumaloq marmar stol men yoqtirgan joy edi. Kamina deyarli quppa-quruq tanobiyga kirganimda, u yerda hech kim ko‘rinmasdi. Tanobiyning u boshida ikki venetsiyalik finjonda suv ichib gurunglashib o‘tirardi, burchakda esa burni qizil qariya ryumkadagi so‘nggi tomchi strega[8] ni maza qilib simirardi. Men punsh-alkermesga buyurtma berdim. Buyurtmani olib kelishguncha, ikki suhbatdosh turdi-da, chiqib ketdi. Burni qizil qariya qo‘lini ko‘tarib, ular bilan salomlashdi. Ko‘p o‘tmay, xizmatkor buyurtma qilingan pushtirang, xushbo‘y va ayni zamonda bemaza punshni olib ham keldi. Men maydalab bir necha qultum yutgandim, g‘azabim tarqab, kayfiyatim ko‘tarildi. Qachonlardir necha marotabalab oqshomlarni o‘tkazgan va o‘zim uchun qadrdon, qalbimga yaqin joy bo‘lgan Florian qahvaxonasiga qadam ranjida qilib va xitoylikning poyiga kelib o‘tirib yaxshi ish qilgandim. Devorga ishlangan surat tomonga ohista o‘girildim. Xitoylik menga muloyimlik bilan istehzoli boqardi; men mehmonxonaga qaytishdan avval mumkin qadar u yerda kamroq bo‘lishga qaror qilib, undan hol-ahvol so‘ragani kirganimdan xitoylik chamamda mamnun edi. Ertadan kechiktirmay Kaza Trijanining o‘rniga boshqa boshpana qidirishga kirishaman. Shu topda ixchamgina oilaviy mehmonxonalarning ko‘pi yodimga tushyapti: Domenko San-Gregorio mehmonxonasi, Kampo San-Vitaldagi Chimaroza mehmonxonasi va hokazo. Biroq, o‘sha Kaza Trijanida topgan tinch-osuda turmush tarzini u yerlardan topa olarmikanman? Yoki bezorijon qo‘shnilar hali meni tavbamga tayantirisharmikan? Aytgancha, nega endi biron-bir eski saroyning bir nechta xonasini ijaraga olmayman? Men uni kamtarona jihozlardim-da, o‘zimga xon, o‘zimga bek yashayverardim. Boshpana topish, joylashish, sarsongarchiliklarning o‘rnini to‘ldirishim uchun ham bu yerlarda hali uzoq vaqt yashab qolishimga to‘g‘ri keladi. Bu fikrim o‘zimga ham ma’qul tushdi. Mabodo tasodif hojatimni chiqarib, o‘ziga cheksiz sadoqati tufayli ham hali fusunkorligini yo‘qotmagan Venetsiyaning biron-bir alohida mavzecidan ko‘nglimdagidek boshpana topilib qolsa ajab emas. Balki o‘sha sokinlik va osoyishtalikda men va nihoyat, tiriklik lazzatini totishga muyassar bo‘larman…

Shularni o‘ylab xayolga cho‘mgan paytim, burni qizil qariya juftakni rostlab bo‘lgandi. Prokuratsiy atrofidagi o‘tkinchilar borgan sari siyraklashardi. Har zamon-har zamonda ulardan biri bir lahzaga bo‘lsa-da, to‘xtab, qahvaxonaga mo‘ralardi, yo xirgoyi qilganda ovoz qattiq chiqadigan yo‘lkani tayog‘i bilan urib taqirlatardi-da, yana yo‘lida davom etardi. Deraza yonida turib qo‘lini silkitayotgan baland bo‘yli sharpa to‘satdan e’tiborimni jalb etmagunicha men parishonxotir ularga qarab o‘tiraverdim. Bir lahza o‘tar-o‘tmay, burni qizil qariyadan qolgan bo‘sh finjonni yomg‘irpo‘shining etagi bilan ag‘darib yuborishiga sal qolgan oshnam Tiberio Prentinalya allaqachon duxoba divanda men bilan yonma-yon o‘tirar va qo‘limni siqqancha:

– Kimni ko‘ryapman! Tushimmi yo o‘ngim! Kelishingdan hatto mendek qadrdoning Prentinalyani ham xabardor qilmabsan-a! Rostdanam Venetsiyadamisan? Qachon kelding? – deya savollarga ko‘mib tashladi.

Men janob Tiberio Prentinalyani do‘stim deb tan oldimmi, demak, u bu nomga o‘zining qat’iyati, dadilligi bilan erishdi va uning bu qadar keskin va bu qadar zulmkor samimiy ixlosiga itoat etmay ilojim qancha. Rostini aytsam, Prentinalyani men bir necha yillardan beri bilaman, biroq “do‘stim” degan martabaga erishishiga sababchi bo‘lgan oramizdagi oshnachilik, bu ajoyib insonning inon-ixtiyoridan ko‘ra ko‘proq mendagi xohish-istak sabab yuzaga kelgan desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Men, qochib qutulishning iloji yo‘qligi sabab itoat etardim, – negaki, muntazam Venetsiyada paydo bo‘lib turuvchi kimsa uchun Prentinalya bilan oshnachilikni chetlab o‘tishning iloji yo‘q edi. Prentinalya o‘zini shunday tutardiki, diydoridan xalos bo‘lishga sira imkon qoldirmasdi. Har holda ko‘ngil olishni qoyilmaqom qilib uddalaydigan Prentinalyadek odam uchun, bironta ajnabiyning uning do‘stona rag‘batidan chetda qolishi, uning obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin edi. Boshqacha aytganda, Prentinalyani tanlashingga sabab, buni ko‘proq uning o‘zi istashida edi, bu yog‘iga esa o‘z ixtiyoring bilan qolaverarding. Umuman olganda, Prentinalya shunday odam ediki, usiz Venetsiyada bo‘lishning o‘zi aqlga sig‘mas hol edi.

Tiberio Prentinalya – novchadan kelgan, oriq va beso‘naqay odam bo‘lib, u Shavkatli Respublika davrida ham, Gotstsa va Kazanovlar davrida ham haqiqiy venetsialik degan nomni saqlab qololgandi. U keng ko‘ylakda, yomg‘irpo‘shga burkanib, boshiga asil namat qalpoq kiyib yurardi. Yuzi uzunchoq va malla, yupqa, ilonizi og‘zi tepasidagi burni esa beo‘xshov, birvarakayiga ham ezmalikni va ham sir saqlashni uddalovchi, o‘ynab turgan tiyrak ikki ko‘zi bir-biriga yaqin joylashgan shunday bir toifa erkak edi u. Bu kimsa o‘z yuzidan niqob sifatida foydalanardi. Shu tufayli ham u, chehrasida aks etib turgan tiyraklik, ayyorlik va sirlilik bilan Italiya komediyalarida uchraydigan nusxalarga o‘xshab ketardi. Undagi uddaburonlik va ziyraklik ham sezilib turardi va garchand u sho‘x suhbatdoshiga ayyorlik qilishni xush ko‘rsa-da, chuqur mulohazali so‘zamolligida oqilona ehtiyotkorlik ham yetarlicha edi. Bariga qarama-qarshi o‘laroq u andak betayinroqdek, tentaknamoroqdek va andak savdoyiroqdek ham ko‘rinardi. U komediya yoki fantastik hikoya qahramonlarining bir necha qiyofalari qo‘shilishidan paydo bo‘lgandek edi go‘yo. Bu janobning fe’l-atvorida biri boshqasini inkor etuvchi xususiyatlar anchagina bo‘lsa-da, biroq ular bir-biriga juda nozik iplar bilan bog‘langandi.

Prentinalya bir vaqtning o‘zida ham xurofotchi, ham betovfiq, ham xayolparast va ham ishning ko‘zini biluvchi kimsa edi. Uning fe’l-atvorida bor qarama-qarshi xususiyatlar ro‘yxatini sanab adog‘iga yetib bo‘lmasdi. Pirovardida, u – uzoq bahslashsa bo‘ladigan qiziqarli suhbatdosh bo‘lib chiqsa-da, biroq qaytib, yana hamisha o‘sha-o‘sha bitta xulosaga kelinardi: Venetsiyaning o‘tmishini va hozirgi davrini, uning san’atiniyu san’at asarlarini, qadimiysidan tortib to zamonaviy urf-odatlarigacha, undagi har bir toshni, ko‘z ilg‘amas har bir shu’lani hech bir kimsa Prentinalyadan yaxshiroq bilmasdi. Yana qo‘shimcha qilsak, – shaharda yashovchilarning bari, — biron-bir kimsa, biron-bir narsa uning diqqat-e’tiboriyu sinchkovligidan chetda qolmasdi. Venetsiyaga qadam qo‘ydingizmi, tamom, siz, qonuniy ravishda Prentinalyaning ixtiyorida bo‘lasiz va bunga sira ham afsus chekmaysiz, negaki, undagi imkoniyatlarning cheki yo‘q, u sizga yo‘lboshchi bo‘lib ham, vositachi bo‘lib ham xizmat ko‘rsataveradi, shaharni tomosha qildiradi, odamlar davrasidan bahramand etadi, sayrga chiqsangiz yo‘lboshchilik qiladi, ko‘nglingiz tusagan uchrashuvlarni uyushtiradi, shuningdek, hojatingizni chiqarishga zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa, uning yo‘l-yo‘riqlaridan ham sizni xabardor qiladi. U Venetsiyaning tirik yilnomasi, suratlarni sotib olishda qanday bo‘yin tovlamay vositachilik qilsa, soyabon xaridida ham xuddi o‘shanday beminnat xizmatkor. Bu odam baridan, uzunasidan to ko‘ndalangigacha tugal boxabar edi. U borib turgan venetsiyalik, u Venetsiyada yashaydi va yashaganda ham tom ma’noda yashaydi, buning ustiga pok vijdon bilan kun ko‘radi. Qo‘lida yuzta hunari bo‘lsa-da, lekin bironta tayinlisi yo‘q. U faqat Venetsiyadagina sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ham oqilona va shu bilan birga barcha bema’ni rejalarning amalga oshiruvchisi. Oshnam ko‘proq ko‘chmas mulk oldi-sottisi bilan shug‘ullansa-da, biroq u rasmlar va san’atga aloqador buyumlarga baho berib ham hojatingizni chiqarishi mumkin. U badavlat chet elliklarga saroydan joy ham topib berardi. Uning oldi-sotdi borasidagi yumushlari mamlakatning qattiq tuproqli yerlarigacha borib taqalgandi, uning Mestrda, Fuzinda, Doloda, Mirda, Stradada, Padu va Trevizoda ham xizmatlari yetarli edi. Bu unga ichidagi istalgan jihozni sotishga tayyor bo‘lgan venetsiancha jihozlangan ixchamgina go‘zal qasrda yashash imkonini beradi, – shunday bo‘lsa-da, u o‘ziga tegishli buyumlarning hammasini yaxshi ko‘radi, negaki do‘stim Prentinalyani Xudo diddan ham, bilimdan ham qismagan. U bilan Arxivga va Akademiyaga borganimizda, o‘zining aniq va mukammal bilimi bilan meni lol qoldirgani hali-hanuz yodimda. U shahar Muzeyiga bir necha qimmatbaho ehsonlar hadya etgandi, ulardan biri – italyancha komediyalar va karnaval ishtirokchilari tasvirlangan ajoyib qo‘g‘irchoq teatri edi.

Xuddi shu qo‘g‘irchoqlardan biri uning o‘zi edi va buning ustiga eng alomati. Uni oq niqob bilan tabare e bauta[9]da, yasama soch va uchburchak bosh kiyimda deya tasavvur qilish mumkin edi. U aqldan ozmagandi, shunday bo‘lgan taqdirda ham o‘z so‘zamolligi bilan o‘rnini to‘ldirib yuborardi. U ruhlanib ketardi va asabiylashardi, so‘ng go‘yo uni harakatga keltirib turgan ip uzilgandek uzoq vaqt sukut saqlab qolardi… Shunday paytda oshnamning xayolidan nimalar kecharkin? Savdo bilan bog‘liq biron-bir hiyla-nayrangmikin? Ishqiy sarguzashtmikan? Balki yangi firibgarlikni ko‘ngliga tukkandir (bu odam shunday ishlarning ishqibozi va bu ham undagi fe’l-atvorga xos xususiyat), yoki pirovardida o‘zining ham yuragi yorilgudek ahvolda hikoya qilib beruvchi ertaklardan birini xayoldan o‘tkazyaptimikan, – avval aytganimdek, u irimchi odamlardanmikan? Aql-zakovatdan mosuvo bo‘lishdan avval ins-jinslar ustida tadqiqot olib borgan marhamatli Karlo Gotstsi ularga ishongandek, u ham shaytonga, tasavvurdagi sharpalarga, u dunyoliklaru ruhlarga ishonardi. U Kabalaning bilimdoni ekanini maqtanib gapirardi va yerosti mitti odamining va olov maxluqning barcha sir-asrorlari o‘ziga ma’lumligiga ishontirardi. U hatto, Kazanova senator Brigadino va uning do‘stlari uchun yasagan “ehrom”ni qurishga ham qodirman, deb o‘ylardi. Balki Tiberio Prentinalya chindan ham oz-moz jodugarlikdan boxabardir, shunday bo‘lganda ham u har holda tirikchilikning barcha qiyinchiliklarini yengish uchun uncha-muncha xayolot kuchi va mahoratini ishga soladigan, xizmatdan bo‘yin tovlamaydigan yoqimtoy, g‘alati fe’lli inson.

Florianda “xitoylik”ning poyida men bilan yonma-yon o‘tirgan kimsa ana shunday antiqa kishi edi. Modomiki, men u haqda mufassal to‘xtalmoqqa jazm etgan ekanman, bu uning hikoyamda tez-tez ko‘rinib turishiga to‘g‘ri keladi, degani emas. Biz u bilan, garchi uni aralashib qolgan deb aytolmasam-da, har holda voqea boshida birmuncha ishtirok etishga muyassar bo‘lgan bu hodisaning faqat xotimasidagina uchrashamiz. Shunisi ham borki, basharti u tasodifiy holga jon kirgizib ko‘rsata oldimi, unda men shu oqshom qayta uchratib, Venetsiyadagi hayotimda topgan qadrdon jo‘ramni yetarli darajada mukammal tasvirlashga haqli edim desam arziydi.

Florian qahvaxonasida uning to‘satdan paydo bo‘lishiga kelsak, shuni aytishim kerakki, bu hol menga kaminani mushkul ahvoldan xalos etish uchun aqlga sig‘mas darajada o‘z mavridida yuz bergandek tuyuldi. Prentinalya, albatta, menga darhol bir necha manzilni tavsiya etadi va men o‘zimbop uyni topishim mumkin; biroq bu haqda og‘iz ochishdan avval ba’zi bir savollarga javob berishimga to‘g‘ri kelishini payqab qoldim. Prentinalya uchrashuvimizning ilk daqiqalarida menga bergan o‘sha savolini takrorlab dedi:

– Venetsiyada! Qachondan beri?

– Bugun keldim.

Bu javob Prentinalyani ikki masalada xotirjam qilishi mumkin edi: kaminaning unga bo‘lgan sadoqatini va undagi hushyorlikning benuqsonligini tasdiqlashi bilan. Agar men u bilan uchrashmay va o‘zim to‘g‘rimda lom-mim demay Venetsiyada bir necha kundan beri yashab yuraverganimda, undagi do‘stlikni haqoratlagan va sinchkovligini qadrlamagan bo‘lardim. Shuni yodda tutingki, uch yillik tanaffusim payti u meni biron marta ham so‘rab-surishtirmadi. Prentinalya uchun siz faqat Venetsiyada bo‘lsangizgina mavjudsiz. Venetsiyadan jo‘nab ketdingizmi, tamom, siz uning uchun yo‘qsiz; qachon qaytsangiz ana o‘shanda yana tirik insonga aylanasiz. Men qaytdim va yana tirikman. U buni yengil tortgandagi xo‘rsiniq va qoniqish bilan tasdiqladi.

– Xush kelibsiz! Hali-veri ketmay mehmonimiz bo‘lasiz, degan umiddaman?

Men mujmal ishora bilan javob berib qo‘yaqoldim. Bor tashvishlarimdan faqat bittasini Prentinalyaga gapirib berishni istardim. Baridan uni voqif etib nima ham qildim? Men tortgan azoblarning unga nima qizig‘i bor? Bilganida ham qanday yordami tegardi? Shu topqirligiyu zukkoligi bilan meni o‘zimdan qutqarish uchun qo‘lidan nima ham kelardi? Meni asoratda ushlab turgan yovuz sehr-joduni uning qullari qanday duo bilan daf qila olardi? Og‘irimni yengil qilishda uning menga ko‘rsatadigan birdan-bir yordami, bu – bir paytlar biz Otto Gogenberg va lord Robert Sperling bilan deyarli har oqshom o‘zimiz bilgan o‘sha Florian qahvaxonasida, “xitoylik”ning poyida to‘planishgan yoqimli va go‘zal damlarimizni jonlantirgan va hayotimda ozmi-ko‘pmi u ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, hali xiralashib ulgurmagan Venetsiyadagi o‘tmishimni qaytarib beruvchi boshpanani topib berishdan iborat edi. Bu xotiralarning o‘zi menga Prentinalyaning savollarini bo‘lishga imkon berdi. Men so‘nggi bor bahor faslida kelganimda, biz hammamiz – Gogenberg, Sperling, do‘stim va men yangiliklar bilan o‘rtoqlashish uchun yig‘ilganimiz yodidamikan? Bir paytlar Gogenberg va Sperling har ikkovi Kipr qirolichasi Katarina Kornaroning soyasiga xushtor bo‘lib qolgandilar va malikaning xayrixohligi haqida bir-birlari bilan talashib-tortishgandilar. Xayriyatki, bu nizolar Jakomutstsining mayxonasida murosaga kelish bilan yakun topardi.

Biz torgina floriancha davramizni xotirga olganimizda, Prentinalya o‘zini kulgidan tiyolmasdi.

– Aziz do‘stim, buni qanday unutib bo‘ladi! Sho‘rlik Gogenberg! Oxiri oilasining toqati toq bo‘lib, uni o‘zlarining betartib qasrlariga chaqirib olishgandi. Unga pul jo‘natishni ham bas qilishdi. Ixchamgina saroyni, ko‘ngilchan Karloni va mo‘ysafid Perinoni jo‘natib yuborishga, Fenich teatrining lojasidan voz kechishga va u bizga shunday antiqa sarguzashtlarni hikoya qilib beradigan qasrning bu chegarasidan, yerosti yo‘lidan, xilvatgohlardan tamomila uzoqlashishga to‘g‘ri keldi. Boyoqish Gogenberg, – berahm Kipr malikasining beparvoligini esdan chiqaraman deb pivodan alamini olgancha u yerlarda zerikib xunob bo‘lib yurgandir! Sperling bo‘lsa, aksincha, butunlay Venetsiyaga ko‘chib kelib qo‘yaqoldi. Ko‘p o‘tmay, u hatto sizlar ketishingiz zahoti Kaza deli Spiritini[10] sotib oldi va uni qoyilmaqom qilib qayta ta’mirladi. Hali buni qadrdon do‘stim, o‘zingiz ko‘rasiz!

Kaza deli Spiriti – ko‘rfazning “O‘lik ko‘l” deb ataluvchi va suvning ko‘tarilishi deyarli sezilmaydigan qismida, Sant-Alvizo yonida joylashgan qasr edi. To‘rtburchak bu ulkan bino ko‘p yillardan beri odam yashamaydigan maskanga aylangan, chunki, aytishlaricha, bu yerdan arvohlarning keti uzilmasmish.

– Unda Sperling arvohlar bilan qanday til topishar ekan?

Shu yerga kelganda Prentinalya birdan bezovtalana boshladi. U xayolchan qiyofada qansharini siladi. Prentinalya ko‘pincha o‘zini jiddiy qilib ko‘rsatib, mug‘ombirlik qilardi va shu bahona birorta kulgili lavhani taxt qilib qo‘yardi, biroq bu safar uning qiyofasi chindan ham jiddiy ko‘rinardi. Uni birov kuzatmayotganiga ishonch hosil qilish uchun Prentinalya tevarak-atrofga shubhali nazar tashladi. Bunday bemahalda Florian qahvaxonasi huvillab yotardi, biroq shunday bo‘lsa-da, Prentinalya ovozini pasaytirdi.

– Sperling arvohlar bilan qanday til topishishini bilmadim-u, biroq azizim, sizga ular bilan hazil-mazax o‘ynashni maslahat bermasdim, negaki bu yerlarda hali ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan g‘alati voqealar ro‘y beryapti. Prentinalyaning or-nomusini o‘rtaga qo‘yib qasam ichamanki, bir paytlar marhamatli Karlo Gotstsa o‘ziga tinchlik bermayotgan arvohlarning hiyla-nayranglaridan zorlanib yurgan kunlar yana qaytib kelganga o‘xshayapti. Hatto ashaddiy shubhaparstga ham bosh qotirish uchun ish yetarli.

U mutlaqo jiddiy ko‘rinsa-da, odamlarni laqillatishga moyilligini bilganim uchun unga ishonmayotgandim.

– Nima gap o‘zi, Prentinalya, gapirib bersangiz-chi.

Yana bironta betamiz bizni eshitmayotganiga ishonch hosil qilish uchun atrofga alanglab qo‘ydi. Bu chindan ham ehtiyotkorlikmidi yoki mening havasimni keltirish niyatida qilingan shunchaki qitmirlikmidi? Va nihoyat u o‘zida jur’at topdi-da, ovozini yanada pasaytirib, sirli qiyofada gap boshladi:

– Bilasizmi, Xudoga ishonmaydiganlar bilan ba’zi bir voqea-hodisalar haqida gaplashishni istamasam-da, biroq men sizga tilimni tiyishning vaqt-soati kelguncha ko‘p va xo‘p gapirib yubordim. Ha, chindan ham bu yerda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan nimalardir sodir bo‘lyapti. Hali bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Mehmonxonaga shoshayotganingiz yo‘qmidi?

Men yo‘q degandek bosh chayqadim. U davom etdi:

– Siz Shahar muzeyi direktori Taddeo Talventini bilasizmi? Bu kimsa shunday iltifotsiz, shunday indamas, jur’atsiz va xayol qilishdan mosuvo haftafahmki, afsuski, bundaylar Italiyada yo‘q deb bo‘lmaydi. Uch kun burun u tang ahvolda qolganini aytib, meni kengashish uchun chaqirdi. Venetsiya respublikasiga Shoh Abbos tomonidan taqdim etilgan fors gilami osib qo‘yilgan, o‘sha, IV tanobiydagi beldan yuqorisi yumshoq qorishmadan yasalgan ixchamgina haykalli oynavand peshtaxta yodingizdadir, albatta? XVIII asrning ixchamgina maftunkor haykalchasi, shunday ma’noli va jonliki!

Jonli degan so‘zni Prentinalya alohida ta’kidladi.

Men uni chindan ham yaxshi bilardim. O‘zining nafisligi bilan meni hayratga solgan bu ijod mahsulidan tez-tez kelib zavq olib turardim. Shubhasiz, allaqanday venetsiyalik oqsuyak tasvirlangan bu haykalning chehrasi chindan ham odamni o‘ziga tortardi. U uzun va oriq, zodagonlarga xos ko‘rinishga ega, burunlari katta, lablari esa hissiyotlaringga erk bergudek edi. Bari uning kayf-safoga, ishq-muhabbatga o‘ch odam haykali ekanini oshkor etib turardi. Unda chindan ham dabdabayu hashamni, tansiq taomlaru gullarni, ayollarni jonidan ortiq ko‘ruvchi inson tasvirlangandi. Biroq, bundan tashqari, har narsani bilishga o‘lgudek o‘rin-noo‘rin qiziqish ifodasi bu chehrada namoyon edi. Bu oliy zotni har narsaga qiziqaverishga undagan qalb sirlari sabab bo‘ldimikan yoki Respublika sirlari? Bu e’tiborli va otashin bichimda qancha nafislik mujassam-a! Unga qanday taqdir nasib etgan ekan? Boshidan qanday sarguzashtlarni o‘tkazdi ekan? Ismi nima ekan uning? Bu haykalning kelib chiqishi to‘g‘risida men Prentinalyadan necha marotaba so‘ragandim. Bu haqda Prentinalya muzey direktoridan so‘rab-surishtirganini va biron tayinli ma’lumot ololmaganini yaxshi eslayman. Haykalning tarixiy buyumlar qatoriga qanday qo‘shilib qolganini ham hech kim bilmasdi. Uning muzeyga kelib tushgani to‘g‘risidagi hujjat-varaqa yo‘qolib ketgandi. Ro‘yxatdan esa na bir yo‘l-yo‘riqni va na bir ko‘rsatmani topib bo‘lardi. U haqda bor-yo‘q bilganimiz uning anchadan buyon vitrinada turgani edi, xolos. Asl nusxaning shaxsiga kelganda esa u haqda ham biron-bir ma’lumot yo‘q edi. Notanish bu kimsaning yashirin va andishali tabassumi, aftidan uning mazax qilayotganidan darak berardi. Bu ikir-chikirlarning bari Prentinalya bilan suhbatimiz chog‘i miyamga kelgandi.

– Ha, ha, aziz do‘stim, bu haykal yodimda. Bu anovi, yuzidan qadimgi venetsiancha ayyorlik ko‘rinib turgan, iltifotli, sergak, shu bilan birga qalbi muhabbatga to‘liq, hayotni sevuvchi chehralardan biri edi, shekilli?.. Xo‘sh, o‘sha haykalning taqdiri nima bo‘lgan?

Prentinalya diqqat bilan kaminaga tikildi-da, qalin qoshlarini chimirib, men tomonga engashdi.

– Nima bo‘lardi, u ketib qoldi.

– Ketib qoldi?

Tiberio Prentinalya tasdiqlab bosh irg‘adi.

– Ha, ketdi… G‘oyib bo‘lganiga mana bir haftacha bo‘lsa ham, qidir-qidirlardan biron naf bo‘lmayapti. Taddeo Talventi meni chaqirdi-da, bo‘lgan voqeaning barini so‘zlab berdi. Xo‘p deng, bularning bari juda g‘alati. Peshtaxta muhri buzilmagan, qulfga ham qo‘l tekkizilmagan. Buzishdan, sindirishdan hech bir asar yo‘q, mutlaqo. Shunga qaramay, haykal g‘oyib bo‘lgan…

Prentinalya yetkazgan xabari qanday taassurot uyg‘otganini bilish niyatida gapdan taqqa to‘xtab, menga tikildi-da, yana davom etdi:

– Mana do‘stim, sizga aytganimdek, sirli kuchlar nag‘malar ko‘rsatib, uni qanday kalaka qilishganini o‘z xotiralarida hikoya qilib bergan, xuddi o‘sha, allaqanday g‘ayritabiiy, tushunarsiz va aqlga sig‘mas voqealar yuz berayotgan Karlo Gotstsa zamoniga qaytgandekmiz go‘yo. Haykal bilan bog‘liq bu mojaroni oddiy hol, birda bo‘lmasa, birda bari o‘z-o‘zidan oshkor bo‘ladi deya meni ishontirishga urinmang… Yo‘q, qidiruv yetarli darajada puxtalik bilan olib borilmoqda, biroq natijadan hali-hanuz darak yo‘q. Sizni ishontirib aytamanki, Taddeo Talventi bu safar juda saxovatli…

Men diqqat bilan Prentinalyaga nazar soldim. U menga so‘zlab bergan voqea darhaqiqat g‘alati edi; biroq u haqiqatga nechog‘lik yaqin? O‘zidan qo‘shib-chatmadimikan? Meni laqillatmadimikan? Yo‘q, u shu topda yuragiga hazil sig‘adigan odamga o‘xshamasdi. Dabdurustdan u qalpog‘ini yechdi-da, bir necha bor kafti bilan peshonasini siladi. U o‘yga cho‘mib, jim turgan payt men soatimga qaradim. Soat tungi ikki edi. Birdan tinkam qurib, oyog‘imda zo‘rg‘a turganimni payqab qoldim. Tushlikdan keyingi sayr vaqti boshimdan o‘tkazganim o‘sha xavotir meni yana o‘z komiga tortayotgandi. Va nihoyat, Prentinalya qo‘shni tanobiyda ko‘zi ilingan xizmatkorlarni uyg‘otish uchun stolni qars urdi-da, o‘rtadagi sukunatni buzdi. Shu maqsad uchun mo‘ljallab qo‘yilgan tangalarni anavi temir taqsimchaga to‘plar ekan, Prentinalya menga shunday dedi:

– Ketdik, azizim, kech bo‘ldi. Ertaga tong-sahar Rimga jo‘nashim kerak. U yerda birgalashib Sitsiliyaga sayohatga chiqish uchun lord Sperling bilan uchrashaman. Bugun siz bilan uchrashganim qanday yaxshi bo‘ldi! Faqat nega endi sizga, jin ursin, bunday g‘alati narsalar haqida so‘zlab berdim? Axir siz irim-sirimlarga ishonmaysiz-ku…

Prentinalya bularni so‘zlay turib, menga siporish bilan iymanibgina boqdi. So‘zlab berganlari menda qanday taassurot uyg‘otganini bilmoqchi bo‘ldimi? Men qanday ahvolda bo‘lsam, turqtarovatimda ham hech shubhasiz, bari aks etib turardi, shu bois u mening qo‘limdan tutdi.

– Bu Prentinalya deganlari g‘irt savdoyi odam-da! Boyoqish do‘stim, yigirma to‘rt soat yo‘l bosib poyezdda kelsa-yu, kamina barini unutib, qandaydir bo‘lmag‘ur gaplar bilan sizning boshingizni og‘ritib o‘tirsa! Ana zolimligu, mana zolimlik! Men sizni mehmonxonagacha kuzatib qo‘yaman. Qayerga joylashdingiz?

– Hozircha “Viktoriya” mehmonxonasiga. O‘zimbop bir joy topsam, u yerdan o‘sha zahoti juftakni rostlayman.

Biz Fretstsari muyulishini aylanib o‘tgunimizcha men unga Kaza Trijani bilan bog‘liq omadsizliklar va kallamga kelgan ba’zi bir rejalar haqida so‘zlab berdim. U yo‘lkadagi toshtaxtalar ustida qo‘lidagi tayoqni u yoqdan-bu yoqqa surgagancha gapimga quloq solardi. Biz mehmonxonam eshigi yoniga shu taxlit yetib keldik.

– Bir necha xona… tinch-osoyishta mavzelardan biridan… Ha, ko‘nglingiz nimani tusayotganini bilaman va ehtimol, bu masalada yordam berish ham qo‘limdan kelar. Biroq, jo‘nab ketishim yoningizda bo‘lib, mushkulingizni oson qilishga xalal berayotganidan juda afsusdaman. Shunday bo‘lsa-da, ertaga ertalab men sizga manzilni, va unga qo‘shib uy-jihozlarini qayerdan topishingiz mumkinligi haqidagi yo‘l-yo‘riqni ham jo‘natib yuboraman. Bir necha haftadan so‘ng qaytaman va biz yana “xitoylik”ning poyida ko‘rishamiz. Sperling sizni shu yerda ekaningizni eshitsa, rosa xursand bo‘ladi. Hozircha, aziz birodarim, xayrli tun. Bo‘lmag‘ur xayollarga berilib, kayfiyatingizni buzmang, Venetsiyamiz sizdan muruvvatini darig‘ tutmagay!

 

* * *

Sayohat toliqtirdimi, yo asabiylashishimga Venetsiyaning ilk oqsho­midan olgan taassurotlarim sabab bo‘ldimi, uyqum notinch, uzuq-yuluq bo‘ldi va eshik taqillashidan sal oldin uyg‘ondim.

Darbon menga maktub tutqazdi. Men Tiberio Prentinalyaning ajoyib yozuvini va uning konvert ustidagi muhrini darrov tanidim. Sirli alomatlar o‘yib ishlanib, uzukka o‘rnatilgan qimmatbaho qizg‘ish tosh muhr vazifasini bajargandi. Tosh, aftidan, qachonlardir o‘tgan allaqanday okkultizm ilmi ishqiboziga tegishli bo‘lib, bundaylarni XVIII asrda Venetsiyada ko‘p uchratish mumkin edi. Bu qimmatli buyum janob Prentinalya o‘ziniki qilib olishni yaxshi ko‘rgan jodugarlar amallariga juda mos tushardi; shuningdek, bu, ko‘p narsadan xabardor ajoyib zotning yana bir qirrasi edi. Hozirgi vaqtda meni ko‘proq uning Venetsiyani juda yaxshi bilishi qiziqtirardi. Shugina narsaning sharofati bilan ko‘nglimdagidek uyga ega bo‘lishimga zarracha shubha qilmagandim.

Shunday o‘y-xayol bilan men muhrning sehrli mumini buzdim. Prentinalya menga shunday yozgandi:

“Aziz va ardoqli do‘stim.

Shunday qilib, siz butunlay venetsiyalik bo‘lishni ixtiyor etgan ekansiz, vaqtni boy bermang-da, oyoqni qo‘lga olib, Fondament Foskarin, 796- uyga shoshiling. Siz qadimgi Altinengo ai Karmin qasri eshigi tagiga borasiz-da, qo‘ng‘iroqni chalasiz. Verana xonim eshikni ochadi va ijaraga mo‘ljallangan xonanalarni sizga ko‘rsatadi. Men XVIII asr uslubidagi havasni keltiradigan Venetsiyada bundan ortiqroq joyni bilmayman. Munosib tarzda jihozlangan, sizning mezzanino[11] qavatingiz nazokatli Kazanovlargayu ajoyib Karl Gotstsiga arzirli. Sizga zarur barcha narsalarni mana shu manzildagi odamlardan topishingiz mumkin. Nima kerak bo‘lsa, Verana xonim sizdan yordamini ayamaydi. Qaytganimdan so‘ng sizdan hol-ahvol so‘rash uchun yangi istiqomatgohingizga, albatta o‘taman. Uyning muddatiga kelsak – biz venetsialiklar aytganidek, Non so[12]. Qo‘lingizni frantsuz taomilga ko‘ra siqib qolaman”.

 Sizning

 Tiberio Prentinalyangiz.

Men maktubni bukladim. Aslini olganda, ilk daqiqalarda nimadan hafsalam pir bo‘lganini bilmasam-da, to‘g‘risi, umidvorlik borasida o‘zimni aldangandek his etdim. Qisqa mulohazadan so‘ng buning sababi menga ayon bo‘ldi. Kerakli ma’lumotlarning barini Prentinalya menga bergan, biroq xatida oramizda kecha bo‘lib o‘tgan suhbat to‘g‘risida lom-mim deyilmagandi. Shu qadar sirli holatda g‘oyib bo‘lgan haykal haqida ham hech gap yo‘q edi. Muhimi, manzil qo‘limda va men uni kiyina turib ham o‘zimga-o‘zim bir necha bor takrorladim: Altinengo ai Karmini qasri, Altinengo qasri…

Men Venetsiyada ikkita Altinengo qasrini bilardim va tan olib aytishim kerakki, Prentinalya menga ko‘rsatgan Karminiga yonma-yon uchinchisining mavjudligi xayolimga ham kelmagandi. O‘sha nomdagi va uning go‘zal Tepol freskali qo‘shnisi Scuola[13] tufayli Karmini cherkovi menga yaxshi tanish edi. Bino ichkarisiga kirib, naqshindor qubba zinalardan ko‘tarilish va bir vaqtning o‘zida ham shu yerga, ham ibodatxonayu raqs tanobiysiga o‘ziga xos fayz baxsh etib turgan, hissiyotni junbishga keltiruvchi haykallar bezab turgan muqaddas tanobiydagi yarimshar shaklidagi lampalarni huzur bilan tomosha qilish niyatida Skuol eshigi yonida turib, qo‘ng‘iroqni qayta-qayta chaldim va chipta olish uchun qorovulga bir lira berdim. Cherkov va Skuola meni Venetsiyaning mana shu dahasiga tez-tez jalb etib turardi, men bu dahani xalqqa yaqinligi uchun yaxshi ko‘rib qolganim va bu ayniqsa Kampo Santa Margeritada yaqqol ko‘zga tashlanardi.

Kampo Santa Margerita Kampo San Polo bilan bir qatorda Venetsiyadagi eng ulkan dahalardan edi. U biron-bir muhim qadimiy asari bilan e’tiborni qaratmasa-da, biroq men uning tosh yotqizilgan va atrofi kambag‘allarning uylari bilan o‘ralgan maydonini, baqqollik, attorlik yoki chinni idish-tovoqlar va mevalar bilan savdo qiluvchi choqqina do‘konchalarini yaxshi ko‘rib qolgandim. Bu yerlarga fayz bag‘ishlab turgan juldur kiyimli tinib-tinchimas o‘yinqaroq bolalar to‘dasiyu u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turuvchi ayollar, qovurilgan yeguliklar va calamai[14] bilan savdo qiluvchi do‘kondorlaru shu joyning o‘zida jo‘xori unidan tayyorlab, kambag‘allarga ulashadigan italyancha polenta sotuvchilari va har zamon-har zamonda bo‘lsa-da, ko‘p hollarda qayiqlarda Karmini va Skuolga kelishni afzal biluvchi sayyohlarni uchratish mumkin bo‘lgan, qaynab-toshib turgan chayqov bozori mening jonu dilim edi.

Biroq men Altinengo qasrini izlashga bu tarzda kirishishni istamasdim. Aksincha, uzundan-uzun sayrdan piyoda yuribgina huzur qilishni xohlardim. Boshimdan kechirgan tungi sargardonliklarim chog‘i meni qurshab olgan o‘sha yurakni o‘rtovchi tuyg‘u va allaqanday jismoniy zo‘riqishlar sabab ko‘ngilda qolgan dilxiralik endi boshqa takrorlanmas deb umid qilaman; toza havo va quyoshli kun bu noxushlikka barham beradi deb ishonaman.

Eng avvalo restoranda nonushta qilishga qaror qildim va mehmonxonaga yaqin bo‘lganiga qarab yo‘l oldim… Scampi[15] li yegulik va bir shisha Valpolicella[16]dan buyurdim-da, yumshoqqina bir nechta qisqichbaqani jig‘ildonga urib, ketidan uch-to‘rt piyola vishillovchi sharobdan yutib olganimdan keyingina ruhiy osoyishtaligim yana butunlay joyiga tushganday bo‘ldi. Bu tuyg‘uni allaqachon unutgandim va osoyishtalikka erishganimni Venetsiya muhitiga qaytganimdan ko‘rdim. Mehmondo‘st va tinch bu shahardan boshpana so‘rab to‘g‘ri ish qildimmi?

Bu o‘y-xayollar hisob-kitobni tugallab, poxol poyasi sug‘urib olingan virqiniamni yondirishim uchun xizmatkor menga candeia[17]ni tutgunga qadar band etdi. Birinchi tortishdan so‘ng soatga qaradim. Tosh yotqizilgan ko‘chalardan Karlinga va Altinengo qasriga jo‘nash fursati yetgandi. O‘rnimdan turib yo‘lga tushdim. San Fantinoni, San Mauritsio va Kampo Morzindan o‘tib, katta kanalning mahobatli istiqboli ko‘rinuvchi yer bo‘lmish Akademiyaning Ko‘prigiga yetib keldim.

Bu manzara menga juda yaxshi tanish bo‘lsa-da, baribir, uni har safar hayajonsiz tomosha qilolmayman. Suvli xiyobonning bu ko‘rkam egri-bugri manzarasini ham hech qachon befarq kuzata olmaganman. O‘sha tuyg‘uga hozir ham shunday astoydil berildimki, endi faqat o‘zimni majburlabgina yo‘lda davom etishim mumkin edi. Men bir vaqtlar tez-tez daydib yurgan o‘sha sohilbo‘yi ko‘chalar yoqalab o‘zim sevgan dahalarimdan biriga yetib oldim. Biroq o‘sha kuni bamaylixotir daydib yurish ko‘nglimga sig‘mayotgandi. Qandaydir betoqatlik meni Prentinalya ko‘rsatgan Altinengo qasriga tezroq yetib olishga undardi. Shu bois Karmin ibodatxonasiga olib boruvchi eng qisqa yo‘lni tanladim.

U yerdan endi menga Fondament Foskarinni ham qidirib topish qiyin emasdi. U Santa Margarita kanali bo‘ylab joylashgan va cherkov ko‘ringan joydan boshlanar edi. Bu ensizgina panjarali sohil bo‘ylab cho‘zilgan yo‘l ko‘rinishdan anchayin puturi ketgan, faqirona uylarga borib taqalardi. Ikkita bino boshqalar ichida ajralib turardi. Ular qachonlardir aftidan qasr bo‘lgan va hozir esa o‘zining qadimgi hashamatidan mosuvo yarim vayrona binoga aylanib, bo‘lak-bo‘lak qilib ijaraga topshirilgandi. Foskariniga tegishli binolardan biriga sohilbo‘yi ko‘cha nomi berilgandi; vaqtning ta’siridan sharti ketib, parti qolgan shunga o‘xshash chog‘roq boshqa imorat Altinengo qasri edi. XVIII asrdan qolgan bu qasr boloxonaning ustidan qad ko‘targan uch qavatni o‘z ichiga olgandi. Binoning old tomonini qoplab turgan kulrang suvoqning ba’zi joylari ko‘chib tushgan bo‘lsa-da, biroq go‘zal me’morchilik uslubi va bir-biriga hamohang derazayu keng boloxonalar qachonlardir bu imoratning qanday ko‘rinishga ega bo‘lganini eslatib turardi. Uning oldida toshdan yasalgan ko‘zalar bilan bezatilgan ustunli peshtoqqa o‘xshash nimadir bor edi. Ustunlarning biridan uyning barcha qavatiga qo‘ng‘iroq ovozi baravar taralar edi. Boloxonalardan o‘tkazilgan qo‘ng‘iroq ustida Verana xonimning nomi ko‘rsatilgan yozuv bor edi.

Bu qo‘ng‘iroqning temir halqasini tortishdan burun men, Prentinalyaning ko‘rsatmalariga amal qilib ko‘chib kelish arafasida turgan bir paytimda, Altinengo qasrini yana bir bor boshdan-oyoq nazardan o‘tkazish maqsadida panjaraga yetguncha orqaga tisarilib, undan uzoqlashdim. Boloxona derazasidan binoning ijaraga berilishini bildirib turuvchi yo‘l-yo‘l qog‘ozlargina oqarib ko‘rinib turardi. Qolgan qavatlarda chamasi odam yashasa kerak. Boloxona ayvonlaridan biriga sariq, boshqasiga gulli tuvaklar rasmiga to‘la parda osilgandi, xuddi parda o‘rniga qandaydir kohuga to‘la savat ilib qo‘yilgandek edi go‘yo. Boloxonaning yopilgan deraza-eshiklari rosa o‘ngib ketgan bargikaram rangiga bo‘yalgandi. Uyning g‘aribona va ko‘rimsiz umumiy ko‘rinishi uning juda eskirganidan darak berib turardi, biroq shunday bo‘lsa-da, men oshnam Prentinalyaning didiga ishonardim, shu sabab, Verana xonim bilan yuzma-yuz bo‘lishimga va Altinengo qasriga kirishimga imkon beruvchi qo‘ng‘iroqni dadil tortdim.

Sim g‘ijirladi va shundan so‘ng olisdan qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi. Men bir fursat kutib turdim. Hech kimdan darak bo‘lmadi. Eshik ochilavermagandan keyin yana qo‘ng‘iroqni chaldim. Sas-sado yo‘q. Verana xonimning, aftidan, qulog‘i og‘ir bo‘lsa kerak. Bir necha qadam orqaga tislandim-da, binoning old tomoniga boshqatdan nazar tashladim. Hozirgina bulut panasidan chiqqan quyosh butun uyni o‘z nuriga ko‘mdiyu, undagi bor vayrona va mayib-majruhlikni oshkor qildi-qo‘ydi. Biroq bundan zarracha hafsalam pir bo‘lmadi, aksincha, bu meni hatto g‘alati bir tarzda o‘ziga jalb eta boshladi. Men birdan so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas darajada vayrona, tashlandiq imoratdagi jozibani tuydim va buni baribir o‘zimga tushuntirishga urindim. Bu Altinengo qasri bir vaqtning o‘zida ham shunday oliyhimmat va ayanchli, shunday abgor va rutubatli ahvolga tushib qolgandi. Atrofdagi jimjitlikni aytmaysizmi! Karmin cherkovi oldidagi maydon huvillab yotardi. Ko‘prik – tirik jondan xoli edi. Suv yo‘lida zanjir bilan mahkamlangan ikkita bo‘m-bo‘sh yuk kemasi asta ingrardi. Cuvda kesib tashlangan oq sabzavot barglari suzib yurardi. Bularning bariga itoatlilik va sirlilikning muhri bosilgandi, – vaqt ta’sirida o‘zining to‘zib bitgan qoziq oyoqlarida teb­ranishga shay turgan eski, yarim vayrona qasr uchun eng munosib hoshiya! Verana xonim javob berishni qanchalik istamasin, baribir, Venetsiyaning boshqa yeriga ko‘chib ketish niyatim yo‘q. Yana qo‘ng‘iroqni chaldim va yana javobdan darak yo‘q; oxiri sabr kosam to‘ldi-da, boshqa qavatlarga tegishli qo‘ng‘iroq halqasini tortdim. Bu yerda yashovchilarni bir karra bezovta qilsam qilibman-da, osmon uzilib yerga tushmas!

Bu safar omadim chopdi, negaki turtib chiqqan ayvonlarning biridan, sariq, pishiq gazlama parda tagidan bir qariya boshini chiqarib qaradi-da, bu o‘ziga xos baland “minbar”dan turib, apil-tapil Verana xonimning hozir Mestrda ekanini, biroq ertaga tongda, albatta, qaytishini tushuntirdi. Bu xabardan ko‘nglim taskin topdi: ertalabgacha uyni hech kim tortib ololmaydi, deb o‘zimni yupatdim, chunki sababi nima bilmadim-u, biroq bu uyni meniki deb hisoblardim. Shuningdek, bu xabar hafsalamni pir qildi ham, chunki hoziroq qasrga kirishni xohlardim. Bunday hovliqishdan o‘zim ham hang-mang edim. G‘am-qayg‘u boshimga tushib, azob-uqubatlarim boshlanganidan buyon va men uchun hayot orzu-havasdan xoli, o‘z takroriyligi bilan ahamiyatini yo‘qotgandan beri kamina chinakam orzu-havasni ilk bora his etayotgandim.

Verana xonim yo‘qligi, uning Mestrga jo‘nab ketgani aslida meni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygandi; va ayni zamonda yopiq eshik oldida bunchalik uzoq vaqt turolmasdim, ustiga-ustak yana havoning avzoyi buzilib, osmonni asta-sekin quyuq bulut qopladi va u butunlay ko‘rinmay qoldi. Men Altinengo qasriga so‘nggi bor nazar tashladim-da, binolarning ijarasi bo‘yicha katta mutaxassis va sirli Venetsiyaning ajobtovur bilimdoni bo‘lmish do‘stim Prentinalyaning sehrli barmoqlari, qayerga ishora qilgan bo‘lsa, o‘sha tomonga, menda bu yarim vayrona saroyga to‘satdan paydo bo‘lgan ajabtovur qiziqish to‘g‘risida o‘ylagancha tusmollab qo‘shni “calli” dan keta boshladim. Xayol shunchalik olib qochibdiki, bir necha tomchi yomg‘ir meni o‘zimga keltirmagunicha, venetsiancha shevada San Zan Degol, ya’ni San Jovanni Dekollatoga[18] bag‘ishlangan cherkov oldidan chiqib qolganimni sezmay ham qolibman. Shunda Shahar Muzeyidan bir necha qadam narida ekanimni eslab qoldim. Yomg‘ir tinguncha o‘sha yerga kirib tursam bo‘lmaydimi? Mabodo yomg‘ir tinmasa, unda Muzey joylashgan yer, Fondako dei Turkda to‘xtaydigan vaporetto[19] meni to‘g‘ri San-Marko maydonigacha eltib qo‘yadi.

Shahar muzeyi tanobiylari butun ko‘hna Venetsiyaga jon ato etardi. Qachonlardir men ham, venetsiancha urf-odatlar haqida chinakam tasavvur uyg‘otuvchi to‘plamlar bo‘lmish estamplar, qurol-aslahalar, gazmollar, kiyim-boshu uy-jihozlari, kitob muqovalari va boshqa minglab buyumlarni tomosha qilish uchun ko‘p vaqtimni shu yerda o‘tkazardim. Biroq bu safar harbiy o‘ljalaru bayroqlarning orasiga joylashtirilgan Piyeloponesk Morozinining portreti bor bosh ko‘rgazmaga shunchaki ko‘z yugurtirdim-da, kutilmagan shoshma-shosharlik bilan bir vaqtlar necha marotabalab zavq bilan tomosha qilgan oynavand peshtaxta joylashgan yerga, yaqindagina sirli g‘oyib bo‘lishi to‘g‘risida Prentinalya so‘zlab bergan venetsiya asilzodasining kichkina haykalchasi tomon yo‘l oldim. Juda katta qiziqish bilan uning yoniga yaqinlashdim. Haykalchaning joyi bo‘m-bo‘sh edi, biroq uni o‘rab turgan barcha narsalar o‘sha-o‘sha avvalgi holida turardi. Jajji manzaralari zarhal bilan bezatilgan Bassano va Novning chinni ko‘zalari ham, oq chinni piyolalar ham o‘sha-o‘sha ilgarigidek edi. Faqat sirli tabassumli ajib asilzodagina g‘oyib bo‘lgandi, xolos. U kimlarning qo‘liga borib tushdi ekan? Muzeyda shuncha qimmatbaho buyumlar turib, o‘g‘ri nega endi kelib-kelib aynan shuni tanladi? Bunday o‘ziga xos talonchilikka nima sabab bo‘ldi ekan?

Negaki, shubhasiz bu yerda o‘g‘irlik sodir bo‘lgan va Prentinalya o‘z cho‘pchaklari bilan meni aldashga behuda uringan. Bunday yo‘l tutishdan uning maqsadi nima edi? Bema’ni safsatasi uchun men undan biroz ranjidim. U meni yaxshigina laqma deb o‘ylardi, biroq men, bunday safsatalarga uchib, o‘z halovatimni buzishga imkon berishni mutlaqo xush ko‘rmayman. O‘g‘irlik oshnam Prentinalya uchun juda jo‘n holdek tuyulardi. Biroq hatto shunchaki oddiy jinoyat hisoblangan bu o‘g‘rilikning o‘zi ham g‘alati bo‘lib, zamirida qandaydir aniq maqsad yashiringan bu harakatni tushunish mushkul edi. Diltortar ijod mahsulini qo‘lga kiritish niyatida bironta yig‘noqchi ataylab shu yo‘lni tutmadimikan? Prentinalyaning aytishicha, Venetsiyada avjiga chiqqan va menga nihoyatda shubhali ko‘rinadigan g‘ayritabiiy hodisalarga bularning nima aloqasi bor?

Yonimdagi qorovulning yo‘tali xayollarimni to‘zitib yubordi. Oynavand peshtaxta oldida uzoq turib qolganim uning diqqatini tortgandi. Kelib-ketuvchilarni nazorat qilish vazifasi, shubhasiz, shu odamning zimmasida edi. Mening ko‘rinishim esa unda shubha uyg‘otgandi. G‘ayrati ichiga sig‘maydigan bu kimsa meni to‘xtatib qolishni xayoliga ham keltirmadi. Bu esa ertaga jo‘nab ketib, yuzma-yuz bo‘lishimga to‘g‘ri keladigan Verana xonimning oldida obro‘yimni to‘kkan bo‘lurdi; shu tariqa ayyor venetsiyalik oqsuyak haykali meni mazax qildi. Biroq men bunday ich qoralikni taqdirlash uchun hech bir tadbir qo‘llamadim. Sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi bilan u shaytonga ham dars berishini isbotlab bo‘lgandi, endi biron-bir boshqa harakat ortiqcha edi.

Mehmonxonaga qaytaturib kallamga kelgan bunday o‘y-xayollar ko‘nglimga tasalli berardi. Men Florian qahvaxonasida o‘tirib, oqshomda ham, tushdan so‘ng ham faqat shular haqida o‘ylashda davom etdim.

Xitoylik”ning poyida men bilan ilgarigi og‘aynilarimdan na Prentinalyaning, na Sperlingning va na Gogenbergning yo‘qligiga qaramay, u yerda bir o‘zim emasdim. Istaymanmi buni, yo yo‘q, u yerga men o‘zim bilan sirli venetsiyalikni yetaklab kelgandim. Men uning ziyrak va istehzoli yuzini aniq-tiniq ko‘rdim va qiziqishga limmo-lim savollarga uni ko‘mib tashladim. Bu iltifotli va ma’yus tabassumda o‘z aksini topgan qanday qilmish bo‘lishi mumkin? Ko‘ylak bichimiyu yasama sochining shakl-shamoyiliga qaraganda, u, XVIII asr Venetsiyasiga zamondosh bo‘lgan va undagi bor huzur-halovatu lazzatlardan bebahra qolmagan. U shaksiz ko‘p va xo‘p sevgan va suyukli ham bo‘lgan. Yuzini, oq kartondan yasalgan baut[20] niqobiga yashirgan bu odam Prokuratsiy ravoqlari ostida sayr qila turib nimalarni xayolidan o‘tkazdi ekan? U nimaiki qilgan bo‘lsa va nimada qatnashgan bo‘lsa, baridan bor-yo‘g‘i faqat istehzo bilan boqib turgan ko‘zlaru lablari yupqa shu haykalcha, g‘alati tarzda g‘oyib bo‘lishi undagi sirlilikka yanada sirlilik baxsh etuvchi mana shu ajib haykalchagina qolgandi.

Bu safar Verana uyda edi, negaki qo‘ng‘irog‘imga qal’a darvozasi zanjirining jarang-jurungi javob berdi. Tirqishcha qiya ochilgandi, men eshikni itardim va torgina hovlida paydo bo‘lib qoldim. Ichkarida peshtoq tagidan keng tosh zina boshlanardi. O‘ngda – boshqa, ancha pastak, boloxona derazasining eshigi singari och yashil bo‘yoq bilan bezatilgan eshik bor edi. Ko‘p o‘tmay eshik ortidan vazmin va bo‘g‘iq qadam tovushlari eshitildi. Birozdan so‘ng qandaydir qo‘l lo‘kidonni ko‘tardi va men Verana xonim bilan yuzma-yuz turish sharafiga muyassar bo‘ldim. Bu, past bo‘yli, kaltabaqay, qoraga burkangan, to‘rtburchak yuzli, ko‘zlari ichiga botgan, sariqdan kelgan, oq sochli, yoshi oltmishlardagi ayol edi. Ko‘rinishidan shubhali va kamgap bu ayol menga xayrixohlik bilan uzoq sinchiklab nazar soldi. Shunday bo‘lsa-da, Prentinalya nomini eshitishi bilanoq yuziga tabassum yugurdi va hurmatini saqlagan holda bukilib ta’zim bajo qildi. Shundan so‘ng suhbatimiz boshlandi. Xonim yerga boqqancha gaplarimga quloq solardi. Kamina bir amallab so‘zimni tugatdim. Nega deganda, mening venetsiancha shevam hali qusurdan xoli emasdi, – Verana xonim yana jilmaydi. Aftidan endi men uning ko‘ziga ilk daqiqalarga qaraganda ancha yoqimtoy ko‘rina boshlagandim, u menga hamdardlik bildirdi-da:

– Janob Prentinalya to‘g‘ri aytibdi: mezzanino ijaraga beriladi. Biroq, xonada uzoq vaqt hech kim yashamaganini va qasrning boshqa bo‘limlari bilan aloqa yo‘qligi bois u yerda butunlay yolg‘iz qolishingizga to‘g‘ri kelishi haqida sizni ogohlantirdimi?

Chindan ham mezzanino Verana xonim aytganidek, mutlaqo ajralib qolgan uy edi. Unga biz ostonasida suhbat qilib turgan yashil eshikdan kirib borilardi. Torgina hovlining ichkarisidagi mening ko‘zim tushgan zina esa boshqa qavatlarga olib chiqardi. Agar Verana xonim mezzanino ning o‘zi vaqtincha egallab turgan bitta xonasini topshirgudek bo‘lsa, unda shu qavatlardan biriga ko‘chib o‘tishi kerak edi. Agar mabodo men ko‘chib o‘tadigan bo‘lsam, xonim yig‘ib-tozlashniyu xonamdan ko‘z-quloq bo‘lib turishni va bu xizmatlar bilan bog‘liq noqulayliklarni bo‘yniga olishga qarshi emasdi.

Verana xonim bayon etgan unchalik ham maqbul bo‘lmagan bu barcha jihatlar meni sira ikkilantirgani yo‘q. Aksincha, bu yemirilib borayotgan g‘ayrioddiy uyning butun xaroba ko‘rinishi qanday ko‘nglimga o‘tirishgan bo‘lsa, qo‘shnilarning yo‘qligiyu yolg‘izlikka mahkumligim ham xuddi shunday menga ma’qul edi. Baribir men o‘zimni savolga tutdim: Venetsiyada ijaraga beriladigan shuncha binolar turganda, senga munosibi shu degandek, Prentinalya nega endi aynan shuni menga taklif etdi ekan? Shaharning oddiy odamlari istiqomat qiladigan mavzelaridagi xaroba qasrlarning aksariyati o‘zining qadimgi bisotlaridan hech nimani saqlab qololmagandi. U yerlar allaqachon antikvar ishqibozlarining chig‘irig‘idan o‘tib bo‘lgandi. Prentinalya menga yo‘llagan maktubida nimalarni yozmasin, Palatstso Altinengo o‘sha qismatga ro‘baro‘ kelib bo‘lgandi. Bundan tashqari, qasrning na tashqi ko‘rinishida va na uning holatida hech bir go‘zallikdan nishon yo‘q edi. Shunga qaramay, meni Verana xonimga ro‘para qilishdan Prentinalyada o‘ziga yarasha vaj-korson borligiga endi menda shubha qolmagandi. Nima bo‘lganda ham boloxonani bir ko‘zdan kechirish kerak.

Verana xonim istagimni bajo keltirishga rozi bo‘ldi. Mendan oldinga o‘tib, yo‘l ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelgani uchun u odob bilan mendan uzr so‘radi. Eshik ortida deyarli qop-qorong‘i zina bor edi; oyog‘im ostidagi uning pillapoyalari siyqalanib ketganini sezdim. Undan ko‘tarilar ekanman, devorlarning sho‘ralab ketganini payqadim. Altinengo qasrining juda zax bo‘lishi turgan gap edi. Yana yilning eng yaxshi davrida-ya! Unda qishda ahvol qanday bo‘ladi? Verana xonim berk eshik oldida to‘xtaganida, men uning e’tiborini ayni shu masalaga qaratmoqchi bo‘ldim.

Ostonada turgancha birmuncha ajablanish va yuzaki ishonch bilan yaxlit, serko‘z yog‘ochdan yasalib, mis gardish qoplangan, taram-taram yo‘llariga obdan ishlov berilgan eshikka sinchiklab razm soldim, negaki u chindan ham go‘zal edi. Verana xonim ishdan chiqqan lo‘kidon bilan kuymalanib turganida, men poldagi qora va dolchin rangli plitalar orasida nimadir yaltirayotganini ko‘rdim. Zich qilib qator terilgan mayda marmar bo‘laklari orasiga sadaf donachalari siyrak qilib sepib chiqilgandi. Bu g‘ayrioddiylik meni qiziqtirib qo‘ygandi. Shunda yodimga Prentinalya tushdi va u nega Altinengo qasrini tomosha qilishga arzigulik joy deganini va qadim zamonlardagi allaqanday venetsiyalikning yasama xoliga o‘xshash ostonasiga mayda sadaf donachalari sepilgan, olis va ovloq Karmini mavzeidagi bu mezzanino ni Verana xonimdan nega ijaraga olishni menga maslahat berganini ham endi anglay boshlagandim.

Biz kirgan yo‘lak kengbargina edi. Devorlar ganchkori bo‘lib, qizg‘ish rang ustunligidagi ko‘kimtir murakkab handasaviy va islimiy naqshlar bilan did ila bezatilgandi. Shiftida ham xuddi o‘shanday, g‘ira-shirada qanaqa mavzudaligini anglash mushkul bo‘lgan ganchdan tumor shaklida hoshiyalangan naqsh bor edi. Bir qarashdayoq, bularning bari haddan ziyod eskirib, puturdan ketganni sezish mumkin edi. Devordagi bo‘yoqlar ko‘pchib, suvoqlar yorilib ketgan bo‘lsa-da, faqirona va ma’yus, ko‘hna Venetsiya uy-joylarining maftunkorligini namoyon etib turgan nafosatu nazokatlar tanazzulga yuz tutgani muqarrar edi. Yo‘lakdan o‘sha, serko‘z, taram-taram yog‘ochdan yasalgan bir nechta eshik binoning turli yeriga olib chiqardi. Verana xonim keng xonaning eshigini lang ochib yubordi va u yer qanchalik qorong‘i bo‘lmasin, qadimgi yashil marmartoshdan yasalgan, serhasham kaminni men baribir darhol payqadim. Xonim muqaddas Margarita anhori tomonga qaragan derazani ochganida esa kamin yana-da yaqqolroq namoyon bo‘ldi. Xonada kamindan boshqa e’tiborni tortuvchi hech nima yo‘q edi, gulqog‘oz parchalari devorda osilib yotardi. To‘g‘risini aytsam, bu yer yashashga mutlaqo yaroqsiz bo‘lib, men endi Altinengo qasriga ko‘chib kelishdan qo‘rqa boshlagandim. Shu bois endi navbatdagi xonalarni ko‘rgani Verana xonimning ortidan istar-istamay ergashdim. Avvalgilarga nisbatan taqqoslab bo‘lmas darajada yaxshi saqlangan bu ikkinchi xona o‘ziga xos tarzda obdan pardozlangandi. To‘g‘ri, shiftida yorilgan joylar anchagina edi, uni qachonlardir to‘ldirib turgan namoyon (panno)ning ham matosi to‘zib, keyinchalik ustiga bo‘yoq surtib chiqilgandi, biroq mahv etilgan bu namoyon ganchkori islimiy naqsh bilan o‘ralgan va eng tepasi nihoyatda nafis ishlangan afsonaviy shakllar tushirilgan tumor bilan bezatilgandi. Koshinli polda esa osmondan yog‘ilganday xonaning to‘rt burchagidan chiqqan yorug‘ dunyoning mo‘l-ko‘l ne’matlariyu gul o‘ramlari tasvirlangan juda ko‘p naqshlar xonaga ko‘rk bag‘ishlab turardi. Bari birgalikda me’morning didi nechog‘lik nozikliginiyu ranglarning bir-biriga qanday ajoyib tarzda uyg‘un kelganini namoyish etardi. Afsuski, bulardan foydalanish imkonini ko‘rmayotgandim, shu bois bu yerdan faqat yoqimli xotiralarnigina olib ketishni va ma’budchalarimni joylashtirish uchun esa bu g‘alati mezzanino dan va haddan tashqari noqulay Altinengo qasridan boshqa biron joyni izlab topish fikri menga ma’quldek tuyuldi. Bu haqda Verana xonimga og‘iz ochmoqchi edim, biroq u g‘oyib bo‘lgandi, shu payt mendan avvalroq kirgan xonim navbatdagi xonaning derazasini sharaqlatib ochib yubordi va men hayratdan dong qotib ostonada turib qoldim. Oh, do‘stim Prentinalyani men shundagina to‘g‘ri anglay boshlagandim!

Bu deyarli chorsi, ikkita derazali tanobiy bo‘lib, derazalar o‘rtasiga sariq marmardan kamin ishlangandi va uning ustidan jimjimasi zarhalli ko‘zgu ilib qo‘yilgandi. Devor bo‘yog‘i marmartosh rangiga va qadimiy oltinga mos tushgandi. Devorlar yoqimli malla rangga bo‘yalgan bo‘lib, ulardan asal hidi anqirdi, bu mo‘jizavor va nafis rangning ustidan chekilgan barcha uslubdagi teng yonli jimjimador bezaklaru oppoq ganchkori naqshlar bir butunlikni hosil qilgan edi. Shakl-shamoyili kishini lol qoldiruvchi bu jimjimador naqshlar, tillarang va qora bo‘yoqlar Xitoy hayotining manzaralarini aks ettirgan bo‘lib, xonaning uchta devorini qamrab olgan oq chinniga tushirilgan ulkan suratni hoshiyalab turardi. Har bir rasmning o‘ng va chap tomonida xuddi shunday ganch hoshiyali yana ikkita chog‘roq boshqa namoyon ham bor edi. Shiftiga kam- ko‘sti al fresco shaklidagi qushlar, gullar va hasharotlar rasmi bilan to‘ldirilgan o‘shanday xitoycha uslubdagi bezaklardan pardoz berilgandi. Farsh qilingan polning u yer-bu yeriga sadaf bo‘lakchalari sochib tashlangandi va mehmonxona burchaklaridan biriga o‘rnatilgan sariq marmartosh hoshiyali mahobatli ko‘zgudan esa xonadagi bor hashamatu ertaknamo jilvador manzaralar favqulodda maftunkor va sirli aks etib turardi.

Venetsiyaning nafis ganchli naqshlarini men ko‘p marotaba huzur bilan tomosha qilganman, ularda venetsiyalik hunarmandlarning mahorati manaman deb turardi, biroq hozir ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lgan, kishi xayolini allaqayoqlarga yetaklovchi benazir ijod mahsulini hali hech yerda uchratmaganman. Ko‘zgular, islimiy va yana boshqa uslubdagi jimjimador naqshlar, shakllar, chinnilar – barchasi o‘zining nafisligiyu ko‘rkamligi bilan tengsiz nafosatni o‘zida mujassam etgandi. Old tomoni kulrang va sharti ketib, parti qolgan deraza qopqog‘i yashil, kir va is bosib ketgan eski va ayanchli ko‘rinishdagi bu qadimgi qasr ichida bunday tasodifiy mo‘jizani uchratish hech kimning xayoliga kelmasa kerak. Venetsiyaning bir tupkasidagi tashlandiq bu ko‘hna qasrga kaminani jo‘natayotib, Prentinalya mana shu nafosat meni asir etishini oldindan sezgan! O‘zining olisligiyu osoyishtaligi bilan mendek g‘aribni o‘z bag‘riga olib, uni xushbo‘y bol isiga to‘yingan muhiti bilan erkalovchi, orzular tomon yetaklovchi, naqshlari bilan xayolimni band etib, dilgir kezlarimda yoqimli o‘yinchoqlari suhbatdoshimga aylanguvchi, xitoycha tasvirlar bilan meni yupatishga tayyor turguvchi bunday maskanni men yana qayerdan topardim?

Men Verana xonimga o‘girildim-da:

– Bu juda menbop joy ekan, Verana xonim. Marhamat qilib, shartnomani hozirlayvering, bu yerga mumkin qadar tezroq ko‘chib kelmoqchiman, – dedim.

Kelganimdan beri churq etib ovozi chiqmagan Verana xonim xo‘p degandek boshini irg‘adi. Bunday gunglik menga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. Xo‘jaligimni boshqarish arafasida turgan xonimning ezmaligidan xavotirga tushishga o‘rin yo‘q edi. Uy boshqaruvchisi bo‘lishga loyiq bu ichimdagini top deguvchi ayolni faqat orzu qilish mumkin; ha, uni men aynan shunday nom bilan atagim kelardi, negaki, Verana o‘zini og‘ir-vazmin tutishi bilan odatdagi xizmatkorlardan jiddiy farq qilardi. To‘g‘ri, xushfe’l opa-singil Trijanilarning qo‘lidan keladigan noz-karashmalarni u eplay olmasdi, biroq, barining evaziga, unchalik ham jozibador bo‘lmagan, lekin boodobligi yuz-ko‘zida aks etib turgan bu mo‘tabar ayolning jillaqursa, odatlarimu zarur talablarimni hurmat qilishiga ishonardim.

Vestibyulning boshqa tarafida mezzanino tarkibiga kiruvchi yana bir nechta xona bor edi. Verana xonimga ergashib, men ham o‘sha tomonga o‘tishimga to‘g‘ri keldi. Uncha katta bo‘lmagan oshxona bilan yonma-yon joylashgan shu xonalarning birida xonimning o‘zi vaqtincha qo‘nim topgandi. Xonim, men ko‘chib kelishim bilanoq qasr qavatlaridan birida yashovchi do‘stlari yoniga ko‘chib o‘tishini aytdi. Binobarin, shu tariqa men o‘z makonimda butunlay yolg‘iz qolishimni ayol shu tariqa ma’lum qilib, meni oldindan ogohlantirib qo‘ydi. Xonim u yerga faqat men undan iltimos qilgan mayda-chuyda yumushlarni bajarish uchungina kelib-ketishi mumkin ekan. Yashashga birmuncha yaroqli bo‘lgan mana shu xonadan boshqa, saroyning qolgan yarmi batamom xarob ahvolda bo‘lib, ana to‘kilaman-mana to‘kilaman deb turardi. Menga tegishli joyning oxiri katta tanobiy bo‘lib, tashqi zinasidan polizi va bir qancha daraxtlari bor boqqa chiqilardi. Bog‘ etagiga antiqa bino tushgandi. Undagi ustunlarni va bezaklarni ko‘rib ibodatxonami, deysiz, aslida bu qasrga tegishli eski Kazino[21] edi. Men bularning bariga xiyla beparvo nazar tashladim. Kamina tezroq ganchkori tanobiyga qaytishga oshiqardim.

Quyosh nuridan uning tillarang jilosi yana-da maftunkorroq bo‘lib ketgandi. Umidbaxsh g‘amginlikka to‘la tanobiyda bayon etib bo‘lmas hayajondan nafasim siqayotganini his etdim. Bu yerlarga men qaysi qonunga asosan bostirib kirdim? Egasiz qolgan bu tashlandiq yer mening tashrifimga zor edimi? Aslini olganda, ularning sirli olamiga suqilib kirishga meni nima majbur etdi? Ey voh, tortinchoq musofir bo‘lish har holda mening qo‘limdan kelmasa kerag-ov! Men o‘zim bilan na yoshlikka xos xursandchilikniyu va na salomatlik yo‘ldoshi bo‘lmish tabassumni hadya eta olaman. Hayot bilan deyarli aloqani uzganman, ayni paytdagi ayanchli ahvoldan meni xalos etuvchi bu shahar bilan o‘tmishdagi munosabatlarimni tiklab, qayta jonlanish umidida Venetsiyaga tashrif buyurgandim! Behuda urinishu telbanamo orzular! Eski Altinengo qasri o‘zining chalajon sukunati bag‘ridan oyog‘ini go‘r tortib turgan bir g‘aribdan boshpanasini darig‘ tutmas deb o‘ylayman. Va men marmar hoshiyali ulkan ko‘zguda o‘zimni juda olisda, tushunib bo‘lmas xira bir alpozda turganimni ko‘rdim, go‘yo vujudim to‘satdan bezabon ko‘lankalar olamiga tushib qolgandek edi…

 

* * *

Yangi boshpanamni epaqaga keltirish uchun rosa bir hafta kerak bo‘ldi. Eng birinchi bajariladigan ish, u yerni obdan tozalab chiqish edi. Bu yumushlarni Verana xonim ikkita qo‘shni kampir ko‘magida uddaladi. Ular devorlarni artishdi, koshindor farshlarni suvni ayamay astoydil yuvishdi. Ikki yordamchi shu ishlar bilan andarmon bo‘lib turganda, qasrning bir burchagidagi o‘zimga tegishli uy uchun zarur jihozlarni izlab topishga kirishib ketdim. Jo‘nash oldidan Prentinalya menga qoldirgan ma’lumotlar yordamida to‘shagi hali yap-yangi, o‘zi yaltirab turgan temir karavotni va barcha asbob-anjomlarga ega pardoz kursisini ijaraga olishga muyassar bo‘ldim. O‘zimga zarur yostiqjild va choyshablar ham sotib oldim. Mebelga kelsak, ertaklardagidek shunday ajoyib ­uyimni, qandaydir didsizlik mahsuli bo‘lmish jihozlar bilan ko‘rimsiz ahvolga keltirish fikridan ko‘nglim behuzur bo‘ldi va men hurmatli Lorentso Zotarelliga murojaat qilishga qaror qildim.

Zotarelli – venetsiyalik antikvar. Bu odamni bir vaqtlar menga undan mamnun bo‘lgan do‘stim S. tavsiya etgandi va bundan sira afsus chekmadim. To‘g‘ri, Zotarelli sotayotgan buyumlarining barini chindan ham qadimdan qolgan deb bo‘lmasdi, biroq, buni ochiqdan-ochiq tan olmasa-da, shubhali buyumlarni taklif etaturib, u odob bilan bilinar-bilinmas ma’noli jilmayib qo‘yardi, chunki ba’zi bir malakasi yetarlilarga uning moli soxtaligini bilish cho‘t emasdi. Bordi-yu, xaridor ogohlantirishni nazar-pisand qilmay, o‘z bilganidan qolmaydigan bo‘lsa, unda Zotarelli e’tiroz bildirib o‘tirmasdi. Hamma narsaning me’yori bo‘lganidek, undan ham keragidan ortig‘ini talab qilish insofdan bo‘lmasdi. Har bir kasbning o‘ziga yarashiqli axloq-odob qoidalari bo‘ladi va bulardan Zotarelli ham mustasno emasdi. Nodon ishqibozu o‘ziga bino qo‘ygan o‘zbilarmonlarning jazosi shu! Shunday qilib, savdodagi bunday tushunmovchiliklarni Zotarelli o‘zidan soqit qilardi, bundan tashqari, u, haqiqatan ham juda samimiy va iltifotli, buyurilgan ishdan bo‘yin tovlamaydigan, hojatbaror inson edi.

Uning Spadarida, San-Marko maydonining orqa tomonida chog‘roqqina do‘koni bo‘lib, u yerda shisha buyumlardan tortib, chinnilargacha, to‘rdan tortib, mayda-chuyda bezak buyumlargacha tartibsiz uyib tashlangandi; lekin uning Santa Mariya Formoza yonida bulardan kattaroq buyumlarga mo‘ljallangan yana bitta do‘koni bor edi. Mening Zotarelliga juda ko‘p ishim tushardi, negaki, kamina garchi noyob buyumlar yig‘ishga ishqiboz bo‘lmasam-da, Venetsiyada bo‘lganimda, undagi qadimdan qolgan uncha-buncha buyumlarni jon-jon deb xarid qilishdan o‘zimni tiya olmasdim. Shu boisdan ayni vaziyatda unga murojaat etishim mutlaqo tabiiy hol edi; mabodo jo‘nab ketgudek bo‘lsam, ularni men yana qaytarib olishi uchun qadimiy uy jihozlarining zarurini aynan uning o‘zidan sotib olishni istardim.

Spadaridagi do‘konga kirganimda, Zotarelli o‘rovdagi gulli shisha idishlar, haykalchalar, balyustradalar[22] va ustunli peshayvonlardan iborat murakkab tuzilmali syurtu detabel jamlamasini bitta-bitta olib stolga terib qo‘ymoqda va stol ustida ixchamgina, nafis, go‘zal bog‘ vujudga kelmoqda edi. O‘zining sermashaqqat ishiga sho‘ng‘ib ketgan antik­var kirib kelganimni sezmay ham qoldi va men avval bunday ishga hech qo‘l urmagan bo‘lsam-da, uni uzoqdan bemalol kuzatishim ham mumkin edi, biroq meni sotuvchidan ko‘ra uning buyumlari ko‘proq qiziqtirib qo‘ygandi. Zotarelli ko‘zimga kallasi katta, qo‘llari chaqqon, past bo‘yli baqaloq odam bo‘lib ko‘rindi. Uning epchil harakatlariga mahliyo bo‘lib qarab turarkanman, birdan menga ko‘zi tushib, quvonganidan qichqirib yubordi. Shundan so‘ng ishga aloqador qizg‘in suhbat boshlanib ketdi, unga Altinengo qasri xususidagi fikrlarimni tortinmay, erkin bayon qildim. U yerga ko‘chib borishim uni xiyol ajablantirdi, shekilli, menga g‘alati qarab qo‘ydi. Prentinalya nomini eshitishi bilanoq aftida oniylik bujmayish paydo bo‘ldi va men buni o‘zimcha biron-bir mojaro bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Yuzidagi bu o‘zgarishga u hech bir qo‘shimcha izoh berib o‘tirmay, meni zudlik bilan Santa Mariya Formozadagi do‘koniga taklif etdi.

O‘zimga eng ma’qul mebelni tanlaganimdan so‘ng u dedi:

– Demak, men bularning barini Altinengo ai Karmin qasriga, Verana xonim huzuriga jo‘natishim lozim.

Bundan chiqdi, u Verana xonimni bilar ekan-da? Bu ayolning kimligini bilish uchun bundan yaxshi imkoniyat bo‘larkanmi! Bu xotin kim o‘zi? Unga ishonsa bo‘ladimi? Yarim vayrona bu qasr qavatlaridan birini ijaraga berish huquqini u qanday qilib qo‘lga kiritdi ekan?

Odatda sergapgina Zotarelli savollarimga erinib sukut saqlashni ma’qul ko‘rgan kishidek istar-istamas javob berardi. Verana xonim – yaxshi oiladan chiqqan ayol, u ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Zotarelli ayolni bilardi, desak ham bo‘lardi, bilmaydi desak ham. U ilgari Venetsiyani tark etgandi. Bu ayol, aftidan, ancha hurmatga loyiq insonu biroq, u to‘g‘risida Zotarelli uzil-kesil bir narsa deyishga botinolmayotgandi. Odamlarni bilib bo‘larmidi! Shubhali narsalar to‘g‘risida gap ketganda, kishi qay ahvolga tushsa, Zotarellining ham yuz-ko‘zida xuddi o‘shanday ifoda namoyon edi. Hafsalam pir bo‘ldi. Oxiriga yetmay qolgan bunday chala-chulpa gap kimga kerak! Savolning ketidan quvaverganim uning oxiri g‘ashiga tegdimi, xiyol qo‘rslik bilan dedi:

– Men boshqa hech nima bilmayman. Savollaringiz ham bor bo‘lsin! Ularni sizni Altinengo qasriga yuborgan o‘sha janob Prentinalyaga bering-da, undan so‘rab-surishtiravering! Ha, darvoqe, yana bir nimalar yodimga tushdi: bu Verana deganlari, bir vaqtlar Kaza deli Spiritda lord Sperlingning qo‘lida xo‘jalik boshqaruvchisi bo‘lgan. So‘ng ayol u yerdan ketgan. Gap-so‘zlarga qaraganda, ayol Altinengo qasrida oilaviy pansion ochish niyatida bo‘lgan, biroq bu uy omonat, ustiga-ustak jiddiy ta’mirtalab ham edi. Va bundan tashqari… bundan tashqari… Aytgancha, sizga boshqa hech nima kerak emasmi?

Venetsiyaning hayot qaynab-toshgan dahasiyu San Marko va Spadaridan olisda xilvat bir joydagi bu ko‘hna qasrda yashashni ixtiyor etishim, chamasi oliyhimmat Zotarellini taajjubga solgandi. U hech bir gapni ochiq-oydin gapirishga odatlanmagandi, biroq rejalarim unga ma’qul emasligi sezilib turardi. Mebellarini Fondamenta Foskarindagi olis mezzanino ga olib ketishlarini u ma’yus holda ko‘z oldiga keltirardi. Shunga qaramay, u, jihozlarni o‘z manziliga ertagayoq jo‘natib yuborishga va’da berdi, buning ustiga, odatda, xizmatga doim hoziru nozir bunday odamni, mollarni shaxsan kuzatib borishni, borgach esa joy-joyiga qo‘yishga yordamlashishni taklif etmagani meni o‘ylantirib qo‘ygandi. Zotarellida Prentinalyaga, Verana xonimga va Altinengo qasriga qarshi hali men anglab yetolmagan qandaydir yanglish fikr mavjud edi. Venetsiyaliklarning qalbi sir-sinoatga to‘la edi va shu bois ham qimmatli antikvar do‘stimdan bundan ortiq ma’lumot ololmasligimga ko‘zim yetgandi.

Tushlikkacha menga hali birtalay ishlar muntazir edi. Turar jo­yimni tartibga keltirib bergan ikki kampirga Rialtadagi do‘konchadan sholro‘mol xarid qilmoqchi edim. Endi o‘sha tomonga yo‘l olay deb turganimda, birdan mazam qochib, o‘zimni behol seza boshladim. Boshim aylanib, nazarimda, o‘zimni hozir tashlab yuboray derdim. Bu paytda men Santa Mariya Formoza cherkovi yonida turardim. Rioda bo‘sh gondola chayqalib turardi. Men gondolachiga ishora qildim. U quyiga engan zinapoyaning oldiga kelib to‘xtadi. Yaqin orada aylanib yurgan rampino[23] gondolani o‘zining changagi bilan ushlab qolish uchun yugurib keldi. O‘zimni yostiqqa tashladimu biroz o‘zimga kelgandek bo‘ldim, biroq bu voqea hali to‘la quvvatga kirmaganimni anglatib turardi. Kelgan kunim oqshomdagi nochor ahvolim ko‘zimni kattaroq ochib, aql bilan ish ko‘rishim lozimligidan darak bergandi. Ko‘l bo‘ylab sayrdan so‘ng ahvolim yaxshilanib qolsa kerak, deb o‘ylagandim. Zo‘riqqan asablar uchun bundan ortiq davo bormi!

Huzurbaxsh Venetsiyaning bunday sayohatlari menga hamisha zavq bag‘ishlagan. Men faqat shu maqsadni ko‘zlabgina gondoladan foydalanardim, boshqa payt unga ko‘pam ishim tushavermagan, odatda ko‘proq yayov yurishni ma’qul ko‘rganman. Biroq hozir ko‘chada yuradigan ahvolda emasdim. Agar yostiqqa boshimni qo‘yib, yengil qayiqning bir maromda tebranishi jonimga oro kirmaganida, dardmand ahvolim bundan beshbattar bo‘lishi mumkin edi. Men ijaraga olgan gondola ajoyib chiqdi. U gondolalari taklif etilib, barcaroi[24]lari poygada sovrin olgan gondolalardek premiata[25] edi. Mening barcaroiim esa baland bo‘yli, xushbichim, chaqqon va tajribali eshkakchilardan bo‘lib, bilishimcha, u eshkak eshishda birinchilardan edi. Biz, Santa Mariya Formozani Fondamenta Nuovedan ajratib turgan masofani tez suzib o‘tdik, bu yerda dei Merkanti daryosi ko‘kda va suvda o‘zining qudratli va ulug‘vor marmarsimon ko‘prigi arkini namoyon etgancha ko‘lga quyilardi.

Ko‘lga mana shu rio bo‘ylab Mendikant ko‘prigi tagidan kirib borish menga juda yoqardi… Uning ketidan o‘sha zahoti bir zaylda rangini o‘zgartirib turuvchi suv tep-tekis, yoyilib oqardi. Venetsiyani o‘rab turgan bunday noyob va keng dengiz oynasini hech qayerda uchratmaysiz. O‘lik ko‘l deb ataluvchi ko‘lning bu qismida suv ko‘tarilishi kam uchraydi va go‘yo o‘z nomini yaxshiroq oqlamoqchi bo‘lgandek, u O‘lik orollarni, tushimizdagina ko‘radigan o‘sha qal’anamo, qirmizi kungurali devorli qizil San-Mikelni yuvib turardi. Yana shu ko‘l o‘zining mudroq bosgan suvlari, mangu sukunati bilan boshqa orollarni ham o‘rab olgandi va San-Mikel bilan birgalikda, Venetsiya oroli bilan qo‘shnichilikda uning bir-biriga yaqin turgan shimoliy to‘p orollari (arxipelagi)ni tashkil etardi: Murano – ulkan o‘choqlarida shisha qaynaydigan maskan; Burano – to‘r to‘quvchi ayollarning abjir qo‘llari venetsiancha tasavvurdagi eng go‘zal naqshlar to‘qiydigan yer; Torchello va Mazarbo – o‘zining fransis­kacha sarvlarini tengsiz tanho suvda aks ettiruvchi, kishini talvasaga soluvchi San Franchesko in-Dezerto in qurgan maskan. Garchi ko‘l nurning ajib tovlanishidan ba’zi-ba’zida rang-barang tusda jilolanib tursa-da, bari o‘ziga xos tushkun kayfiyatni bir butunlikda aks ettirardi. Men u yerda ranglarning ajoyib va g‘aroyib tovlanishini kuzatishga muyassar bo‘lganman, biroq, odatda u yerda g‘am-g‘ussadan xoli qayg‘uli taassurot, afsusdan xoli umidsizlik, qo‘msashdan xoli yolg‘izlik hukmron edi, – bu maskan sokinlikka, bir turlilikka va xomushlikka mahkum edi.

O‘sha kuni, – aytib o‘tishim lozimki – bari benihoya ma’yus ko‘rindi. Haddan ziyod nafis tuman ko‘k bilan ob-hayot o‘rtasida to‘lqinlanib turardi. U San-Mikelni sernam va yengil choyshabga burkab tashlagan, Muranoni esa tasavvurdagi orolga o‘xshatib qo‘ygandi. Bu kunni olis sayrga otlanishga arzirli kun deb bo‘lmasdi, ochiq ko‘ldan lazzatlanish esa, u, shunga o‘xshash qosh qorayganda kelguvchi o‘zgacha tuyg‘u – hayotdan butkul aloqani uzish tuyg‘usi. Buning ustiga ancha kech kirib qolgandi va men gondolachiga shaharni aylanib o‘tishni, so‘ng Kanarejo bo‘ylab qaytishni buyurdim. U darrov men aytgandek qildi. Gondola eshkakning bir me’yordagi shapillashi ostida mayin sirpanib borar edi. Men chala yumilgan ko‘zlarim bilan tovushga quloq tutdim; kema quyrug‘idagi qadam tovushlarini, daraxt va suvning har turli shovullashini beparvo tinglardim. U meni, yana his etishga to‘g‘ri kelgan o‘sha noma’lum g‘am-g‘ussadan, vahimaga o‘xshash asossiz nadomatdan chalg‘itardi. Biroq bu bema’ni tuyg‘uning kelib chiqishiga hech qanday sabab yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘zg‘almas suv bo‘ylab harakatlanib borganimiz sari mendagi xavotir ortib borardi. Men xayollarimni Zotarellidan olgan jihozlaru Altinengo qasridagi naqshlarning ba’zi bir qismlariga va hatto oldinda turgan tushlik taomnomasiga qaratib, o‘zimni chalg‘itishga bekor uringan ekanman. Bariga qaramay, azob bermaguncha tinchimaydigan zo‘riqtiruvchi bu tuyg‘u menga o‘z zulmini o‘tkaza boshlagandi. Azbaroyi ahvolim tangligidan, yurakni g‘am-g‘ussadan forig‘ qilish maqsadida gondolachi bilan gurunglashishga qaror qildim-da, unga tomon o‘girildim. Shubhasiz, u bu harakatimni biz qayerdamiz degan savolga yo‘ydi va menga Venetsiya ko‘lidagi do‘nglikning eng chekkasida, tumanlar ichida yuksalib turgan to‘rtburchak binoni ko‘rsatdi va eshkakka engashgancha qichqirdi:

– Bu – Kaza deli Spiriti bo‘ladi, janob.

Biz chindan ham Kaza deli Spiriti ro‘parasida turardik. Men uni so‘nggi bor, lord Sperling har xil hangomatalab ko‘zlardan yashirib, albatta, ruhiy izlanishlar laboratoriyasini joylashtirish uchun lord Sperling sotib olishidan avval ko‘rganimda qanday bo‘lsa, o‘shandayligicha turardi, zarracha o‘zgarmagandi. Negaki, Sperling okkultizmning[26] ashaddiy muxlisi edi… Men u bilan ilk bora tanishgan o‘sha kezlardayoq u bu mavzu bilan shug‘ullanardi. Kaza yangi vazifasiyu yangi xo‘jayiniga qaramay, o‘zining avvalgi ko‘rinishini deyarli saqlab qololgandi. Tashqi ko‘rinishi biron-bir o‘zgarishga uchramagandi; binoning old tomoniga avvalgidek, sariq rangli suvoq tortilgandi. Lord Sperling ilgari bekitib tashlangan bir necha derazani asliga keltirish bilangina chek­landi, ishdan chiqqan ayvonlarning ayrim kam-ko‘stini to‘g‘riladi, ital­yancha uy-joylarga bu qadar xos, balandda joylashgan, sallaga o‘xshash qalpoqchali mo‘rilarni qaytadan qurishni buyurdi va Prentinalya aytgan o‘zgarishlarni faqat ichkarigagina kiritdi, xolos. Ehtimol, Kaza, Salvitstsilar avlodining qadimdan qolgan bu qasri lord Sperlingning ko‘nglidagidek ko‘rinishini saqlab qolgandir. Unda did ham, bilishga intilish ham yetarli edi. Men uning uyida bo‘lgan o‘sha kezlar yoki biz, Gogenberg va Prentinalya bilan birga Florian qahvaxonasida “xitoylikning poyida” u bilan uchrashganimizda, uning Venetsiyada o‘z kelajagini tiklashga tayyorgarlik ko‘rish uchun juda ko‘p qadimiy buyumlarni sotib olayotganiga guvoh bo‘lgandim. O‘sha paytlarda u mehmonxonada yashardi va sotib olgan boyliklarini savdogarlarning omborxonalarida saqlardi. Endi ular chamasi, u yerdan ayvoni ko‘lga qaragan bog‘i bir vaqtlar qarovsiz qolgan, nazarimda hozir naqshinkor panjaralar osha deyarli suvgacha osilib tushgan daraxtlariyu qalin atirgullari obdan tekislangan Kaza mehmonxonalarini bezatish uchun olib ketilgan.

Tuman sirli joziba baxsh etgan Kaza deli Spiriti, shunday gullab-yashnagan ayvoni bo‘lishiga qaramay, o‘zining jozibali ko‘rinishini saqlab qololmagandi. Lord Sperling shubhasiz, mashg‘uloti uchun o‘ziga g‘oyat bop joyni topgandi. Ruhlarni chaqirishda va yana boshqa ba’zi bir tajribalarini o‘tkazishda unga xalaqit beruvchi biron zot bu yerga yaqin yo‘lamasdi. Bu tajribalarning tabiati Sperlingning Vilyam Kruks­ning shogirdi bo‘lganiga hech shubha qoldirmasdi! Men avval tilga olganimdek, Sperling “xitoylar” davridagi narigi dunyo muammolari bilan shug‘ullangan. Uni, vazn yo‘qotish, narsalar joyini o‘zgartirish, sirli gullarning paydo bo‘lishi, moddiy tus berish, fotografik plastinkaga qayd etib qo‘yish kabi g‘alati hodisalar borasida Angliya olimlari erishgan ajoyib natijalarni hikoya qilib berganini ko‘p bora eshitganman. Nazariyadan saboq olib bo‘lgach, Sperling, endi, albatta, amaliyotga o‘tishni xohlagandi. Omma bergan va unga yaxshilik alomati bo‘lib tuyulgan nom, shubhasiz, Kaza deli Spiritini sotib olishga turtki bo‘lgandi. Kruks bu barcha “mo‘jiza”larga alohida g‘ayritabiiy qobiliyati yordamida erishgandi va Sperling ham unga shunday vosita bilan erishishi lozim edi. Bu masalada Venetsiya zarur odamlarni yetkazib berishga doim tayyor turardi. Zotarellining aytishicha, ilgari Sperlingda xizmat qilgan Verana xonim, Sperlingning ba’zi bir ruhiy tajribalarida ham o‘zi ishtirok etmaganmikan, ikkinchidan – Shahar Muzeyidan tasodifan g‘oyib bo‘lgan kichkina byust bilan Florian qahvaxonasida uchrashganimizda irimchi Prentinalya so‘zlab bergan fantasmagorik hodisalar o‘rtasida biron bog‘liqlik yo‘qmikan, deya o‘zimga savol berdim. Nima bo‘lganda ham, buning menga ko‘pam daxli yo‘q. Eng muhimi, Prentinalya menga Altinengo qasrini ko‘rsatdi va yana bundan-da muhimrog‘i – bu Verana xonim o‘z zimmasiga olgan vazifani qanchalik pishiq-puxta bajara olishida. Shahar Muzeyidagi maftunkor haykalchaga kelsak, u o‘z joyidan qanday yo‘l bilan g‘oyib bo‘lgan bo‘lmasin, – bu o‘g‘rining ishimi, yo sehrgarning, – buning menga hech qanday aloqasi yo‘q! Haykalchada tasvirlangan nazokatli venetsiyalik asilzoda, u yoki bu tarzda ustomonlik bilan juftakni rostlashning uddasidan chiqa olgan. Turgan gap, u hayotda ko‘p sarguzashtlarni boshdan kechirgan, biroq bu so‘nggisi uning istehzoli jilmayib turgan soyasiga mos tushgan.

Bularning bari haqida fikr yuritgunimcha, gondola allaqachon Kanarejoga yetib kelgandi. Ortimizda tuman bosgan ko‘l suvi yastanib yotardi, birdan tuz va balchiq isi dimoqqa urildi. Oldindagi shovqin-suronli va puturi ketgan bo‘lsa-da, hali jozibasini yo‘qotmagan xushmanzara qirg‘oqda ko‘hna qasrlar savlat to‘kib turar, ulardagi fonus va deraza chiroqlari bir-bir yona boshlagandi. O‘lik to‘lqinlar sukunati hayot qaynagan dahaning shovqini bilan o‘rin almashdi. Biz og‘ir yuk kemalari va sandolo[27]larga duch kelib qoldik. Hayotga asta-sekin, eshkakning har bir zarbi bilan baravar qadam qo‘yib borardik va bundan o‘zimni, shubhasiz, yengil his eta boshlagandim, shu bois Rialtoga yetib kelganimizda, qayiqchiga to‘xtash ishorasini qildim. Mehmonxonaga yayov borishni xohlardim va yo‘l-yo‘lakay ko‘prikdagi do‘konlarning biridan, Verana xonim boshchiligida va nihoyat, men hademay ko‘chib bormoqchi bo‘lgan Altinengo qasridagi mezzanino ni saranjom-sarishta qilib bergan ikkita kampirga venetsiancha sholro‘mol xarid qilmoqchi edim.

 

* * *

Ko‘l bo‘ylab sayrning ertasiga Altinengo qasriga Zotarelli yuborgan jihozlar keltirildi. Jihozlarni shaxsan o‘zim qabul qilib olish va ularni qanday joylashtirish haqida bosh qotirish uchun qasrga barvaqt jo‘nadim. Tirsagimni deraza rahiga tiragancha, tashqariga qarab ularni kuta boshladim. Tashqarida havo ochiq va yoqimli bo‘lib, kechagi tumandan asar ham qolmagandi. Avvalgi kasalliklardan qolgan og‘riqni sezmayotgandim. Umuman, zo‘raygan kamquvvatligu nisbatan sog‘lom holatim orasidagi o‘zgarishga ko‘nikish payti kelmadimikan? Garchi betob bo‘lmasam-da, mayli, aytaylik, endi tuzalayotgan bemor bo‘lsam, batamom oyoqqa turishim uchun jismoniy xastaligimga qaramay, meni ta’qib etishda davom etayotgan va bunday vaziyatlarda asqotuvchi yaxshigina yordamchi bo‘ladigan o‘sha, hayotga tashnalik hissi yetishmayotganini aslo yoddan chiqarmasligim kerak. Mening Venetsiyadan bor-yo‘q umidim bu – hayotni bus-butunicha qabul qilish va uning bir xil, zeriktiruvchi, ma’yus turmush tarzidan taskin topish. Xursandchiliksiz bu qoniqishni, baxtiyorliksiz oso­yishtalikni yaratib bermoq uchun Altinengo qasri o‘zining g‘aribona va tinch hayotini menga taklif etgandi. U meni mehmondo‘stlik bilan kutib oladi va u menga qaysidir ma’noda taqdir tomonidan ato etilgan deya o‘zimda o‘sha zahoti unga nisbatan paydo bo‘lgan maylni tuydim. Ehtimol, agar keyinchalik bu mayl buzilmas do‘stlikka aylangudek bo‘lsa, balki o‘shanda butunlay ko‘chib kelarman. Hozircha bu uyni taqdir tuhfa etgan vaqtinchalik boshpana deya qabul qilaman.

Kunduzi soat ikkilar chamasi Zotarelli jo‘natgan uy jihozlari ortilgan yuk kemasiga ko‘zim tushdi. Bu hapqat va zil-zambil kema Fondamenta zinasi yoniga kelib to‘xtadi. Zotarelli yuklarni tushirib olish uchun menga ikkita odamni ham qo‘shib jo‘natgandi. Antikvar shaxsan o‘zi kelolmagani uchun mendan uzr so‘rab, ularning biridan xat ham berib yuborgandi. U yangi joyimda sog‘-omon hayot kechirishimni tilabdi, biroq bu tilak menga xiyol kinoya bilan yozilgandek tuyulgandi. Chindan ham qadrli Zotarellining qalbida Altinengo qasriga qarshi “nimadir” pinhon edi. Men maktubni yashirdim-da, yuklarni tushirishni buyurdim. Aytishim joizki, bu kishilar venetsiyaliklar taomiliga qarshi o‘laroq, nihoyatda shoshmashosharlik bilan ishlashardi. Aftidan, ular ishni tezroq tugatishni xohlardilar. Mening ko‘rsatmam bilan jihozlarni xonalarga joylashtiraturib, ular atrofga olazarak qarab qo‘yishdi. Ishni tugatib, haqini cho‘ntakka urgan ishchilar shitob bilan zinadan tushib, juftakni rostlagancha o‘zlarini yuk kemasiga otdilar va men o‘sha zahoti kema eshkaklarning kuchli zarbi bilan qanday joyidan qo‘zg‘alib, kanal suvi bo‘ylab uzoqlashayotganini eshitdim.

Yashash mumkin bo‘lgan mezzanino ning uch xonasini mana shu tarzda egalladim. Kamini yashil marmartoshdan qurilgan xonaga ust-boshimni; tumor shaklidagi bezaklar ichiga afsonaviy tasvir tushirilgan boshqa xonaga – vaqt o‘tishi bilan mo‘jizakor antiqa mato tusiga kirgan qadimgi Venetsiya qog‘ozi qoplangan o‘n tavaqali baland parda ortiga karavotimni joylashtirdim. Ulkan javon, kursi va bir necha suyanchiqli o‘rindiqlar, qadama naqshli farshga juda mos tushgan, hamma yog‘iga gul va mevalar rasmi solingan pastak javon bilan birgalikda uyning kam-ko‘stini to‘ldirgandi. Devordagi bezaklarni biron nima to‘sib qo‘ymasligi uchun hammasidan ko‘ra ko‘proq g‘amini yeyishim kerak bo‘lgan ganchkori naqshli tanobiy uchun men Zotarellidan XVIII asrda Venetsiyada juda ko‘p ishlab chiqarilgan uch dona ulkan yaltiroq kursilardan birini tanlab olgandim. Uning asosiy sariq rangi ustiga qoraga oltin suvi yugurtirilib, xitoyliklar va ibodatxona tasvirlangandi. Bu yerda o‘tirish mumkin bo‘lgan faqatgina rokoko usulida ishlangan divan va to‘rtta suyanchiqli yumshoq kursidan iborat jamlamagina bor edi, xolos. Bor-yo‘g‘i shu. Yoritish uchun esa Bassanodan to‘rtta ulkan oyoqli qandil va muran shishasidan surmarang bir necha osma qandillarni, ixchamgina, har biri ganchdan va oq sopoldan ishlangan rasmlarning ustiga joylashtirdim, atrofni egallab turgan Karnaval bayramidagi Xitoy bilan Venetsiyaning niqoblar davri qorishib ketgan serhasham va maftunkor ulkan rasmlar g‘ayrioddiy bu yerning asosiy bezagi hisoblanardi… Uy o‘chog‘i – kaminga kelsak, u o‘zining sariq marmar toshiyu rokoko usulida ishlangan oltin hoshiyali ko‘zgusi bilan shundoq ham juda ko‘rkam ko‘rinardi.

Ko‘chib borishim bilanoq Verana xonim jimgina hozir bo‘ldi. Joylashib bo‘lgach, ayolga uch oylik uy haqini oldindan to‘ladim, shu bahona uning g‘ayrati jo‘shib ketdimi, bilmadim, menga sandiq ichidagi bor lash-lushlarni javonlarga taxlab qo‘yishda o‘z yordamini taklif etdi. Ayol bu ishlar bilan mashg‘ul paytda, xuddi avval bo‘lganidek, unga diqqat bilan razm soldim. Verana xonim o‘zining miqti jussasi, malla chorsi yuzi va ichiga botgan ko‘zlari sizga teshib yuborgudek tikilganda, go‘yo siz mavjud emasday his etasiz o‘zingizni. U ana shunday nigohlari o‘tkir g‘alati ayol edi. Ha, Verana xonim o‘ziga xos toifaga mansub ayollardan edi. Unda, hozir o‘zi mansub bo‘lgan muhitdan ko‘ra, oliy tabaqaga xos xususiyatlar ko‘proq ekani sezilib turardi. Vayronaga aylangan qasrning qarovsiz qolgan xonalaridan bir nechtasini qandaydir musofirga ijaraga berishga va unda oqsoch rolini o‘ynashga uni rozi qilgan bu qanday savdo ekan? To‘g‘ri, Zotarellining aytishicha, u lord Sperlingning qo‘l ostida avval ham shu kabi yumushlarni bajarib yurgan. Men shu xususda undan so‘ramoqchi bo‘ldimu biroq tilimni tiydim. Verana xonimning eng yaxshi xislatlardan biri uning kamgapligi edi. Lekin shunday indamaslar borki, ularni bir taqdirlab qo‘ysang bormi, uchiga chiqqan vaysaqiga aylanishadi. Xonim endi kirishishi kutilayotgan vazifa mening har bir bosgan qadamimdan uning ogoh bo‘lib turishini taqozo etardi. Shu bois undagi kamgaplikni men juda qadrlardim va biron-bir bahona sabab bu odatdan mosuvo bo‘lishini istamasdim. Shunday qilib, bu safar ham o‘zimni tiydim-da, bundan keyin savol bermaslikka ont ichdim. Men Verana xonim bilan uning kelgusida bajaradigan vazifalari to‘g‘risida yana bir bora shartlashib, gapni bir yerga qo‘yib olish bilan kifoyalandim. Uning vazifasi kaminaga tegishli xonani saranjom-sarishta tutish, choyshab, ust-boshlarni toza-ozoda saqlash va ertalablari menga shokolad keltirib berishdan iborat edi. Ertalabki va tushki xo‘rakka kelsak, restoranga borishni ma’qul ko‘rardim. Bunday sayr uzoqlik qiladigan ayni kunlarda, qo‘shni yerdan topilgan ixchamgina trattoria[28] mushkulimni oson qildi va ovora bo‘lib San-Marko maydoniga borishdan meni xalos etdi. Mabodo, uydan chiqishga mutlaqo xohishim bo‘lmasa, unda Verana xonim meni och qo‘ymasdi: tuxum, uy noni va bir piyola kyanti[29] bilan siylardi. U bilan barini uzil-kesil kelishib olganimizdan so‘ng Verana xonim chilchiroqlarga shamlarni qo‘yib chiqdi-da, g‘amlab qo‘yilgan shamlar qayerda saqlanishini ko‘rsatdi va atrofga yana bir bor nazar tashlab, chiqib ketdi.

Yangi xonamda yolg‘iz qoldim, zoriqib kutilgan bu daqiqalar esa men uchun yoqimli edi. Zotarellining bo‘lmaydi degan yashirin ishoralariga qaramay, meni bu ko‘hna Altinengo qasriga tortuvchi jozibador kuch kaminaga ta’sir o‘tkazishda davom etardi. Biroq bu uyda kechishi mumkin bo‘lgan mashaqqatli hayotim xususida o‘zimni hech aldamaganman. Bu yer, ayniqsa qish kunlari shinam bo‘lmasligini va har jihatdan noqulay bo‘lishini yaxshi bilardim. Venetsiya qasrini isitish juda mushkul ish edi, ayniqsa men joylashgan yer qattiq sovuq bo‘lishidan darak berib turardi. Derazalar zich yopilmasdi, sertugun daraxtdan yasalgan puturi ketgan eshiklar esa yelvizakning g‘o‘rillab turishi uchun qulay edi. Boz ustiga, biron-bir vosita bilan oldini olishning iloji yo‘q, yoshini yashab bo‘lgan bu yerdagi jihozlarga endi namgarchilik ham xavf solardi; bunga avvaldan ko‘nikish lozim edi. Men hatto o‘zim yashayotgan mezzanino ning suvga butunlay g‘arq bo‘lishi mumkinligini ham nazardan qochirmagandim. Qoziqoyoqlar, shubhasiz, nihoyatda yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi, poldagi ba’zi bir qiyaliklar, devorlarning oldinga turtib chiqqan yerlari va shift yoriqlari xavf-xatardan darak berib turardi. Nima bo‘lganda ham men Venetsiya shahar boshqarmasining hushyorligiga tayanardim. Venetsiya nurab, qarovsiz qolgan va qandaydir mo‘jiza tufayli o‘z muvozanatini saqlab turgan uylarni uchratish mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona shahar edi. Bu mo‘jiza Altinengo qasrini anchadan buyon o‘z panohiga olgandi va umid qilamanki, shahar posbonlarining garchi sezilar-sezilmas bo‘lsa-da, hushyorligiyu nazorati ostida bundan keyin ham o‘z panohida saqlaydi. Qolaversa, nima farqi bor? Bunday xavf-xatar meni tashvishga solmasdi. Faqat huzur-halovat ketidan quvib, hayotda loqaydlikni kasb qilib olganlarga esa buni nima ahamiyati bor?

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mening g‘arib va sukunatga to‘la hayotim ehtiyojlariga javob berguvchi narsani Altinengo qasridan topa oldimmi? Bu yerga men tanholigu osoyishtalikni izlab kelmadimmi? To‘g‘ri, shifokorlarimga, ularning ba’zi ko‘rsatmalariga rioya qilgan holda, dam olishni yengil jismoniy mashqlar bilan almashtirib turishga so‘z bergandim, biroq, endi bu ko‘rsatmalarga amal qilish menga oson bo‘lmasligini ko‘rib turibman. Kelgan kunimdan boshlaboq jonimga bir necha bor azob berishga ulgurgan kasallikning kutilmagan xuruji na qimirlashga, va na sayr qilishga qo‘yardi. Meni qurshab olgan atrofdagi jihozlar esa avval payqaganimdek, nadomatu xotiralardan vazmin tortgan qanotlari bilan og‘irligini tashlamay, yelday uchib boruvchi, vaqtning zavoli bo‘lgan allaqanday noaniq orzu xayollarga kaminani mubtalo qilib, uydan chiqmay yashashga ko‘ndirgandi.

Va men, imillab o‘tayotgan kun va tunlarni ganchkori tanobiyda, mohirona ishlangan murakkab naqshlaru aql bovar qilmas xitoyliklar tasviri davrasida o‘tkaza turib, lovullagan kuz kaminining yolqini va shamlar alangasi, oq sopol namoyanda shakllaru ibodatxonalarni tebranayotgan aks shu’lasi bilan qanday yoritayotganini, devoriy manzaralarning bukik joylariniyu rokoko usulida ishlangan jimjimador bezaklarni qanday qilib o‘z nuridan bahramand etayotganini, tushunib bo‘lmas qandaydir injiqlik mahsuli bo‘lmish farshdagi qadama naqshlarga ora-chora sepib chiqilgan sadaflarning sirli bo‘laklarini sokin porlab turishga qanday majburlashini mamnun holda ko‘z oldimga keltirdim.

Shularni o‘ylab o‘tirib, shamlarning qachon yonishini kutardim. Bunday yorug‘likning oq sopolga va ganchga tushgandagi ta’sirini ko‘rishga ishqiboz edim va iqror bo‘lishim kerakki, ko‘rganlarim kutganimdan ham ortiq bo‘lib chiqdi. Ganchkori tanobiy yorug‘ tushib turgan paytda o‘ziga yanada ko‘proq mahliyo etar, atrof nafislikda qiyosi yo‘q zarrin nur bilan qoplangandi. Hech bir shakl, bezak zarrasi, pechakgul yoki chig‘anoq go‘yo mana shu nurning shu’lasidan bebahra qolmayotgandek. Xira va ajabtovur, sirti go‘yo ma’dandek ulkan sariq marmartosh bilan hoshiyalangan birgina ko‘zgu o‘zini unga qarshi qo‘yardi, xolos… U ro‘paramda narigi dunyoga olib chiquvchi eshikdek turardi va go‘yo tushdek, o‘ngimda o‘zining o‘sha murakkab naqshlariyu shakllari bilan biz bilgan o‘sha ganchkori tanobiyning aks manzarasini namoyon etardi, faqat endi u yetib bo‘lmas olis o‘tmishdagi olamning ajib va noma’lum qa’riga ko‘chgandi.

Altinengo qasriga kelganimning dastlabki ikki haftasida diqqatni tortgulik hech bir hodisa yuz bermadi. Ertalab Verana xonim meni ilk nonushta bilan siyladi. Xo‘rak mohirona tayyorlangan shokoladdan, maromiga yetkazib qovurilib, ustiga qalin qilib sariyog‘ surtilgan non burdasidan va ta’mi azbaroyi yertutni yodga solganidan “fragola”[30] deb ataluvchi bir shingil qora uzumdan iborat edi. Ikkinchi nonushta va tushlikka kelsak, men Venetsiyaning qandaydir gavjum restoraniga tashrif buyurdim. So‘ng navbati bilan “Vapore”, “Cappoleo Nero”, “Citta di Firenze”, “Antico Cavaletto”da va hatto qorong‘i xonasining pastki qismi taxta bilan qoplangan yarim devorli, sharob va sho‘rsuv hidi anqib turishi menga manzur bo‘lgan “Bella Venezia”da ham bo‘ldim. Florianga bir piyola qahva ichib, “xitoylikning poyida” o‘tirish uchun binoyidek tez-tez kirib turardim. Tillaga burkangan ganchkori tanobiyimning oq sopol rasmlarini bezab turgan qoyilmaqom xitoy amaldorlariyu nozikoyim podshohzodalarga muqoyasa qilganda, bu “xitoylik” ularning oldida nima bo‘pti?

Garchi havo yaxshi bo‘lsa-da, sayr qilishga uncha xohishim yo‘q edi. Dastlab kelgan kunlarim menga azob bergan xastalik, gohida xuruji bilan bezovtalik tug‘dirsa-da, biroq, xushyoquvchi butun jismimni egallagan qandaydir majolsizlik, yalpi lanjlik bilan o‘rin almashgandan so‘ng meni ortiq qiynamay qo‘ydi. Ruhiy ahvolim ham bundan qolishmasdi. Boshdan kechirgan azoblarim hamon xayolimdan ketmasdi, biroq bundan og‘riqlarim pasaygandi, buni vaqt davoladimikan yoki joyning o‘zgarishi ularni o‘z tayanchidan mahrum etdimikan; ehtimol, meni shu ko‘yga solgan o‘sha ruhiy azoblar vujudimdan kuch-quvvat arigani uchun sezilmay qolgandir. Nazarimda, avvalgi hayotim meni tark etayotgandek, kun sa­yin o‘zimga-o‘zim begonalashib borayotgandek edim va meni bu yerga yetaklab kelgan voqealarni deyarli unutib, ganchkori tanobiyda uzoq vaqt yolg‘iz qolib ketishimga to‘g‘ri kelardi. Kimsasiz, bir qolipdagi hayot meni qoniqtirardi, jamiyatga bo‘lgan har qanday ehtiyoj ham uni o‘zgartirishga meni majbur qilolmasdi. Bir yoki ikki bora Zotarellini yo‘qlaganimu bir necha bor Verana xonim bilan bo‘lgan bir onlik suhbat – ikki oy ichida odamlar bilan bor-yo‘q aloqam shu edi. Oshnam Prentinalyaga kelsak, uning Florian qahvaxonasida so‘zlab bergan ajoyib hikoyasi bir necha bor xayolimga kelmaganida, uni eslamagan ham bo‘lardim.

“Bir necha bor” emas, tez-tez o‘tdi desam ham bo‘ladi. Haykalchaning g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq hodisa xotiramda ko‘p bora beixtiyor paydo bo‘lishi menga mutlaqo tabiiy tuyuldi. So‘nggi paytlarda har qanday voqea-hodisadan xoli hayotim qanday bo‘lmasin biron-bir mavzuda o‘ylashga moyil qilib qo‘ygandi va xayolchanligimga yengilgina ozuqa sifatida men bajonidil aynan shu hodisani o‘zimga ma’qul ko‘rdim. Shu boisdan ham, bu darhaqiqat “prentinalyancha” hikoya tasavvurimda kamroq joyni band etishi uchun urinmadim ham. Lekin shunisi ham borki, diqqat bilan mulohaza qilib ko‘rganimdaydi, nima uchunligini bilmadim-u, qadrli Prentinalya to‘qigan uydirmalar paydo qilgan qiziqish darajasida hayratga tushgan bo‘lardim. Biroq buni ham tushuntirib berish qiyin emasdi. O‘sha oqshom Prentinalya Florianda go‘yoki Shahar muzeyidan g‘oyib bo‘lgan haykal haqida so‘zlab berganida, men o‘zgacha, o‘ta dilgir bir holatda edim. Venetsiyani yana bir bor ko‘rish nasib etgani sabab bo‘lib, sayohatdan toliqqanim, o‘zgacha his-tuyg‘ular va kelgan kunimning ilk soatlaridanoq boshdan kechirgan xastalik, ruhiy ezilish – bari yana-da aniqroq va ishonarli tarzda Prentinalyaning shunga arzirli so‘zlarini xotiramda muhrlanib qolishiga imkon tug‘dirdi. Buning ustiga hikoya uslubi ham uni xotirada yaxshiroq saqlanib qolishiga sabab bo‘lgandi. Prentinalyaning istagi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, – sirli hodisalarga havasmi u, yo aldashga ishqibozlikmi, – iqror bo‘lishim kerakki, u o‘z niyatiga yetdi. Altinengo qasriga ko‘chib kelgan kunimdan boshlaboq, rokoko uslubidagi oromkursida o‘tirib, vaqtni o‘tkazish uchun qo‘llarimni loklangan stolga tiragancha, ganchkori tanobiyni tomosha qilarkanman, devordagi murakkab naqshlardan tortib, Venetsiyaning qadimgi ko‘rkamligiyu uning nafis manzarasini jonlantirib turgan hashamatli va mungli xonani go‘yo juda olisda aks ettirayotgan sariq marmartosh bilan hoshiyalangan ulkan ko‘zgugacha birma-bir nazardan o‘tkazar ekanman, darbadar haykal ko‘z o‘ngimda jo‘n bir buyumdek tez-tez namoyon bo‘lardi.

Bu g‘ayrioddiy mashg‘ulotga endi-endi kirishgan dastlabki paytlarimda fikru zikrim bor-yo‘g‘i haykalning yo‘qolishigagina doir ikir-chikirlar bilan band bo‘lgandi, xolos. Bunday hiyla-nayrangni qanday amalga oshirish mumkinligini anglash uchun men tasavvur qilmagan taxmin qolmadi. Ba’zilari o‘ta murakkab bo‘lib, bizning eng sara izquvurlik romanlarga arzirli desa ham bo‘lardi. Biroq men ularni har qanday xayoliy unsurlardan astoydil xalos etmoqchi bo‘ldim, negaki, ilgari aytganimdek, bu masalada ularning ishtirokiga qadrli Prentinalya garchi ishora qilgan bo‘lsa-da, g‘ayritabiiy kuchlarning aralashuviga yo‘l qo‘yishga unchalik ham moyil emasdim. Men bunday safsatalarga e’tibor bermadim va haykal qanchalik san’atkorona ishlanib, meni qoyil qoldirgan bo‘lmasin, asl nusxadagi aft-andom ham kaminani shunday maftun etgan edi, binobarin, shu qadar hayotiy va o‘ziga xos bu asarni o‘g‘ri qanday ustomonlik bilan qo‘lga kiritganini tagiga yetishni ma’qul topdim. Mana, u boshidan o‘tkazgan voqealarni haykalcha chehrasining o‘zi xayolimdan asta-sekin siqib chiqara boshladi. Bu ismi noma’lum venetsiyalik kim edi? Uning hayoti qanday kechgan ekan? Bu savolni men qachonlardir muzeyning oynavand qutisida turgan kulgili tuyg‘ularni junbishga soluvchi nafis chehra egasi bo‘lmish notanish haykaldan zavq olgan kezlarim o‘zimga bergandim; endi bo‘lsa, birmuncha vaqtdan beri men ulkan sabot va otashin qiziqish ila unga qaytmoqda edim. O‘zimdan qancha ko‘p so‘rasam, hozir tasvirlashga harakat qilayotgan g‘alati hodisa shuncha aniq yuzaga chiqib kelmoqda edi.

Tiberio Prentinalya Florian qahvaxonasida haykalchaning g‘oyib bo‘lishi borasida gap ochganda, mening ko‘z oldimda haykalchaning aniq-ravshan qiyofasi yaqqol namoyon bo‘lgandi. Uning kinoyali va aqlli chehrasi, burni va og‘zi, boshi va ko‘zida aks etgan belgi nigohim oldida elas-elas gavdalandi. Biroq tasavvurimda paydo bo‘lgan qiyofa, o‘zining aniq va ravshanligi bilan o‘sha, xotirasi yaxshi, bir necha bor e’tibor va qiziqish bilan ko‘rgandan so‘ng tabiiy ravishda yuzaga keladigan odamlardagi tasavvurdan ortiq emasdi. Ochig‘ini aytganda, turli muzeylardagi yigirmadan ortiq portret yoki haykalchalar ham sirli g‘oyib bo‘lishi bilan meni uning tuzilishini yodga olishga majbur etgan mana shu venetsiyalik asilzoda singari xotiramda juda aniq muhrlanib qolgandi.

Biroq endi men nimadir o‘zgarganiga ishonch hosil qilishim kerak edi: Shahar muzeyidagi notanishning ayni dastlabki qiyofasi ajablanarli darajada xunuklasha boshlagandi.

Biroq, “xunuklashish” so‘zi unchalik ham aniq emasdi va bu so‘z men aytmoqchi bo‘lgan fikrni anglatolmasdi. Mening ko‘z o‘ngimda paydo bo‘lgan qiyofa aytarli “xunuklashmagandi”, balki bir qadar “o‘zgarib, boshqacha shaklga kirgandi” va o‘zining yangi holatida ham shunday aniq-ravshan ediki, hatto haykaltarosh ham bunday teran va to‘la ifodaga zo‘rg‘a erisha olgan bo‘lurdi. Hammasidan qizig‘i shundaki, notanishning yuzi menga o‘zidek kattalashtirib ko‘rsatuvchi oynaga solib qaragandek, mutlaqo aniq va hayratlanarli darajada ishonarli namoyon bo‘lardi.

Biroq, bu men aytmoqchi bo‘lgan yagona hodisa emas. Bunga meni hayajonga soluvchi yana boshqasi kelib qo‘shildi: haykalcha kattalashib, gavdaning boshqa bo‘laklari bilan butlanib borardi! Goh unda qo‘l paydo bo‘lar, goh u beligacha yoki yana pastgacha uzayardi. Ba’zida u hatto oyoqli bo‘lib qolardi. Bu hodisa hamma vaqt bo‘lmasa-da, biroq tez-tez sodir bo‘lib turardi. Qarshimda shunchaki ko‘kragigacha yasalgan haykalcha emas, deyarli bus-butun odam gavdasi turardi.

Men “deyarli bus-butun” deyapman, chunki, tushuntirib bo‘lmaydigan kutilmagan hodisa sabab, u o‘zini hech qachon to‘la-to‘kis namoyon etmasdi. U biron marta ham yaxlit tasvir sifatida gavdalanmagan, biroq uning menga ko‘ringan bo‘laklari doim hayratomuz aniq namoyon bo‘lardi. Agar notanish kimsa oyoqda turgan bo‘lsa, unga muqarrar bitta yoki ikkita qo‘l yetishmasdi. Ba’zida faqat birgina qo‘l, yoki birgina oyoq ko‘rinardi, xolos. Tomoshabinlarga atalgan bunday ko‘rinishlarga shu qadar ko‘nikib ketgandimki, juda g‘alati ko‘rinuvchi bu o‘ziga xoslik kaminani unchalik ham ajablantirmadi. Lekin, har holda, bu haqda o‘ylab ko‘rishimga to‘g‘ri kelardi, negaki, u tuyg‘ularimning g‘ayritabiiy holatiga va asab tizimimning buzilishiga ishora qilayotgandi. Agar bunga e’tibor qaratgudek bo‘lsam, unda Altinengo qasridagi hayot tarzim menga uncha ma’qul emas, deya xulosa chiqarishimga va yaxshisi, shifokorlar ko‘rsatmasiga amal qilishimga to‘g‘ri kelardi. Vaqtimni bo‘lar-bo‘lmas orzu-xayollarga berilish bilan behuda o‘tkazmasdan, shifokorlarning maslahatlariga quloq tutgan holda buyurilganidek dam olishni yengil jismoniy mashqlar bajarish bilan almashtirib turish ayni muddao bo‘lardi. Biroq, men bunday hayotning mazaxo‘ragiga aylanib bo‘lgandim va g‘arib ko‘nglimni ko‘tarish uchun taqdirning o‘zi xayollarimni band etishga qodir ganchkori tanobiydek hamrohni ato etgandi va men uni kamdan-kam hollardagina tark etardim.

Bir kuni kechga yaqin, oqshomgi g‘ira-shira quyuqlasha boshlagan payt men Verana xonimning tanobiyga yangi shamlardan qo‘yishni unutganini va ustiga-ustak doim qo‘l ostida bo‘lguvchi qo‘r ham tugab qolganini ko‘rib biroz afsuslandim. Avval aytganimdek, men joylashgan bino va saroyning yuqori qavatlaridan birida Verana xonim egallab turgan xona orasida hech bir aloqa vositasi yo‘q edi. Men tomondan xonimga qo‘ng‘iroq simi o‘tkazilmagandi; bundan tashqari ayol uyda bo‘lmasligi ham mumkin edi. Kunning har xil paytida men uni oynadan boshiga allaqanday g‘alati qalpoq kiyib, ro‘dapo serbar paltoga burkangancha tashqariga chiqqanini yoki qaytayotganini ko‘p bora ko‘rib qolardim. Bunday kulgili libosda u, boshini egib, bukchaygancha xuddi ishga otlangan folbin yoki tirnoq bezovchi ayoldek devor yoqalab ketib borardi. Xo‘jaligim boshqaruvchisi bo‘lgan bu ayol, ehtimol, biron-bir ish bilan tashqariga chiqqandir, axir bu juvonning ham o‘ziga yarasha yumushlariyu do‘stu dugonalari bo‘lishi mumkin-ku. Mening yonimda tilini tiyib yurgani uchun o‘zini biron nima bilan xursand qilishi va venetsiyalik keksalarning odatiy mashg‘ulotiga aylanib qolgan yurakni bo‘shatishdek ehtiyojni qondirishi ham kerak-ku; ular ko‘prikning usti bo‘ladimi, maydonmi, ko‘cha chorrahasimi – baribir, to‘xtab, o‘zaro sirli suhbatga kirishib ketishardi, ularning bu suhbatlarini tomoshaga chiqqanlarning na biqinga niqtashiyu va na o‘tkinchilarning turtib-surtishlari bo‘lib qo‘ya olardi.

Ayni paytda men uchun yagona va eng oddiy chora – bu yaqin oradagi do‘konlardan biriga borib, sham sotib olish edi. Kaminaga kerak do‘kon shu o‘rtada, San Pantaleon cherkovi ro‘parasida edi. Qalpog‘im va paltomni olish uchun xonamga o‘tdim, chunki oktyabr oyi oxirlab, ancha salqin tushib qolgandi. Bir kun burun men Verana xonimdan bir qancha tarasha sotib olishni va ularni odam turmaydigan xonalardan biriga taxlab qo‘yishni iltimos qilgandim. Endi, sham masalasida Verana xonimning e’tiborsizligi oshkor bo‘lgach, o‘tin borasidagi iltimosimga ham xuddi shunday beparvo tarzda munosabatda bo‘lsa kerak, degan o‘y xayolimdan o‘tdi va xonimni tekshirib ko‘rishga qaror qildim. Shunday qilib, men, vestibyul orqali mezzaninoning xonimga kamina egallab turgan xonalarni isitishga mo‘ljallangan o‘tinlarni taxlab qo‘ying, deb aytgan tomonga yo‘l oldim.

Binoni ijaraga olgan kunim Verana xonim meni olib borgan qasrning bu qismiga hali o‘shandan buyon qadam bosmagandim. Qarovsiz, sharti ketib, parti qolgan, to‘kilib tushay deb turgan bu xonalarni ko‘rib, avvalgidan ko‘proq hayratga tushmoqda edim. Shiftlar xatarli tarzda tob tashlab, yog‘och qoplamalarning bir qismi chirib, nam suvoqlar palaxsa-palaxsa ko‘chib, koshinli farshda yoriqlar paydo bo‘lgandi. Bu xonalarga tuz va mog‘or hidi o‘tirib qolgandi. Qovjirab yorilib ketgan derazalar tirqishidan kirayotgan yog‘du kishida ajib taassurot uyg‘otardi. Ba’zi bir derazalarning eshigi yo‘q, boshqalarining esa faqat qiyshaygan kesakilarigina saqlanib qolgandi, shu bois u yerga kirgan yorug‘lik atrofni bemalol ko‘zdan kechirishimga imkon berardi. Xonama-xona yura-yura axiyri o‘sha boqqa chiqadigan joygacha yetib oldim, biroq izlaganimni hech yerdan topa olmadim. “Verana xonimga esidan chiqmaydigan qilib tanbeh berish qolibdi”, deya xayoldan o‘tkazdim va nimagadir qiya ochib qo‘yilgan eshik diqqatimni tortdi. Verana xonim o‘tinlarni o‘sha yerga taxlamadimikan?

Bu shifti haddan tashqari pastak, tangu tor qaznoqqa o‘xshash hujra edi. Devordagi yog‘och qoplamadan qolgan qoldiqlarga sinchiklab razm solish uchun, garchi oynalari chang bosgan bo‘lsa-da, ensiz derazadan tushayotgan xira yorug‘lik yetarli edi. Namoyonlardan birida, ganchli bezaklardan ikkita yonma-yon hoshiya yuzaga kelgandi. Ulardan biriga surat joylashgan bo‘lib, bu, chamasi, kishi surati edi va u shu qadar ilvirab qolgandiki, bir nechagina bo‘yoq dog‘ini arang ajratib olardingiz. Boshqa hoshiyalarning esa tepalari yirtilib, orqa tomoni ayanchli bir holatda osilib tushgan matoga ishlangan suratni bazo‘r ushlab turardi. Uning ham birinchisidan beshbattar ekaniga shubha qilmasa bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham bunga ishonch hosil qilishim osonroq edi.

Haqiqatan, ikkinchi rasm qattiq g‘orat ko‘rgandi, – kattakon yoriq uni deyarli qoq ikkiga bo‘lib tashlagandi. Biroq unda ifodalangan aft-andomni hali ilg‘asa bo‘lardi. Ustidagi yaxshi saqlanib qolgan yozuvdan har holda, men uning kimligini bilib olgandim. Darhaqiqat, men bo‘zga engashgancha: “Vincente Altinengo, nobile Veneziano[31]. MDCCL XXP”, – degan yozuvni o‘qidim.

Bu hech shubhasiz, qasrning uzoq o‘tmishdagi sohiblaridan biriniki  hamda mezzanino ni o‘ziga mahliyo qilgudek ganchkori naqshlaru chinnilari bilan bezagan va uni hashamatu shukuhga burkagan odamniki edi. Sana meni kundan-kunga o‘ziga mahliyo qilib borayotgan bezaklar uslubiga mos kelayotgandi. Shunday qilib men, bu uylarda o‘zimgacha yashab o‘tgan va bu yerlarni shunday did va hashamat bilan bezay olgan o‘tmishdoshim bilan yuzma-yuz turardim. G‘amxo‘r olamniyu unutilayozgan hayotni izlab bu yerga kelgan kaminadek g‘aribga ma’yus va tilsimli shunday makonni tappa-taxt qilib qo‘ygan venetsiyalik bu asilzoda hayotligida qanday ko‘rinishda bo‘lgani meni juda qiziqtirardi.

Cho‘ntagimdan dastro‘molni oldim-da, qalin chang bosgan rasmni artdim. So‘ng ichki devorlarga qoplangan taxtalardan bitta mixni sug‘urib, shuning yordamida suratni chorcho‘pga mahkamladim va bir necha qadam orqaga tislandim. Suratga qaradimu hayratdan qichqirib yubordim. Bu odamni men ko‘pdan beri tanirdim! Istehzoli boqish, jo‘shqin, ziyrak tabassum, uzun burun va ensiz oriq yuz – bari tanish. Bu makkor chehra menga tanish edi; upa-elik bilan pardozlangan manglaydagi yasama sochni ham ko‘rganman. Shahar Muzeyidagi ixchamgina byustda tasvirlangan Vinchente Altinengo va Notanishning bir odam ekaniga endi shak-shubha qolmagandi! Surat bilan haykal o‘rtasida aqlga sig‘mas o‘xshashlik bor edi va men bu baxtli voqea tufayli o‘sha zahoti ularni aynan bir odam deb hisoblashga muyassar bo‘ldim. Muzeyda turgan qadimiy chorcho‘pdagi Notanish mana shu Altinengo edi. Bir vaqtning o‘zida olis qadim o‘tmish qa’ridan va yaqindan, deyarli jonli nazar ila boqayotgan o‘sha, boshqaning nigohlaridan nigohimni uzolmay, to‘xtab devorga suyangancha qoldim, joyimdan jildirmay meni lolu hayron qoldirgan bunday kashfiyotni ochish nega endi aynan menga nasib etdi ekan?..

Miyamga kelgan dastlabki fikr – Shahar Muzeyi direktori, janob Talventining yoniga borish va bu kashfiyotni u bilan baham ko‘rish edi. Chindan ham tasodif menga Venetsiya ikonografiyasi bo‘yicha qiziqdan qiziq ma’lumotlarni taqdim etgandi. Biroq, kamina ixchamgina haykalchaning sirli tarzda g‘oyib bo‘lishi marhamatli Talventining dilini vayron qilganini Prentinalyadan eshitgandim. Bu qadar ibosizlik ila unga bildirmasdan juftakni rostlab qolgan nafaqaxo‘rning hayotligida ismi Vinchente Altinengo bo‘lganini aytib, uning yarasini yangilashning nima keragi bor? Biroq bu, maqsadlarimni amalga oshirishga xalal beruvchi va shuningdek, meni IV tanobiydagi oynavand qutidagi qochoqning ismini bilishimga imkon beruvchi voqealarning bir-biriga to‘g‘ri kelib qolgani to‘g‘risida Prentinalyaga yozishdan to‘xtatib qoluvchi yagona vaj ham emasdi. O‘zimni undan va boshqasidan tiyganimning asosiy sababi, bu, hodisa so‘zlab berilgan kundan keyin sodir bo‘lgan va kamina bir necha bor tilga olib o‘tgan kasallikning xurujlaridan birini boshimdan o‘tkazganim edi. Undan avval ham menga rosa azob bergan va uni anglashga urinishlarim besamar ketgan o‘sha ruhiy tushkunlik tuyg‘usi meni qaytadan o‘z domiga olgandi. Bu orada kasallikning hech bir alomatlari ko‘rinmadi. Ishtaham joyida, uyqum ham unchalik yaxshi bo‘lmasa-da, har holda chidasa bo‘lardi. Meni surunkali zerikish hissidan bo‘lak hech nima bezovta qilmayotgandi.

Yana shuni ham aytishim kerakki, men boshdan kechirgan azob-uqubatlarga zerikishning hech bir taalluqli yeri yo‘q edi. Venetsiyaga kelmasimdan avval jismoniy jihatdan tang ahvolda qolgan paytlarimda orttirgan achchiq alamlarim ko‘nglimni hali ham tark etmagandi. Qalbim tilka-pora bo‘lganini va bu zarbadan so‘ng endi o‘zimni o‘nglolmasligimni bilardim; va men hech bir nolishlarsiz beixtiyor taqdirga tan berdim, negaki, barcha qayg‘u alamlaru nochorliklarga qaramay, qiynoqlarga barham berish uchun o‘zimda jur’at topa olmadim. Ruhiyatimdagi asabiy zo‘riqishga o‘tmish haqidagi achchiq xotiralar sababchi emasdi.

Buni ob-havoning almashishidan ko‘rish, nazarimda, mutlaqo tabiiy bo‘lurdi. Bir necha tumanli va yomg‘irli kunlarni aytmaganda, butun oktyabr oyi juda ajoyib o‘tdi; mana bir necha kundirki, harorat yana sezilarli darajada pasaya boshlagandi. Aynan shu meni Verana xonimga o‘tin sotib olishi uchun buyruq berishga undagan va bir yo‘la kashfiyotimga ham sabab bo‘lgandi. Altinengo qasrining xonalariga uncha-muncha isitish kor qilmasdi. Ganchkori tanobiydagi ulkan kaminga lovullab yonadigan olov zap bop tushardi. Men tajriba o‘tkazmoqchi bo‘ldim.

Muranlik oynasozlar o‘z isitish qurilmalarini yoqish uchun qo‘shni Alpdan olib kelingan tanasi uzun va yo‘g‘on daraxt bo‘laklaridan foydalanar edilar. Sariq marmartoshli ulkan kaminning o‘lchami aynan shunday o‘tinlardan foydalanishga mo‘ljallangandi. U yerda olov o‘z uchqunlarini sachratib chars-churs qilib yonardi va qimmatbaho toshdek chaqnab, o‘zidan mo‘jizavor cho‘g‘ qoldirardi. Olovning bu dabdabasi, zarrin naqshlar, chinnilar va mayda bezaklardagi hashamga mo‘jizavor tarzda mos tushardi va havoga hozirgi kasalmand ahvolimga shifo bag‘ishlovchi yoqimli iliqlik taralardi.

Tang ahvolim va kaminning ilk kuzgi issig‘i odatdagidan ko‘proq uyda o‘tirish istagini tug‘dirardi. Agar nonushtani restoranda qilishni ma’qul ko‘rib tashqariga chiqqan bo‘lsam, kechga tomon tushlik uchun ikkinchi marotaba chiqishga o‘zimni majburlay olmasdim. Verana xonim kaminaning buyrug‘i bilan tayyorlagan ba’zi bir yeguliklarni javondan olardim va yengilgina taom bilan stolning bir burchagida kamtarona dasturxon tuzashni afzal ko‘rardim. Shu tarzda Altinengo qasrini bir kunda bir marotabadan ortiq tashlab ketmasdim va shu bois ham ko‘pincha San-Marko maydoniga yetib borolmay, uyda yo‘q soatlarimni qisqartiruvchi yaqin oradagi choqqina restoranga borish bilan qanoatlanardim-da, yana tezda qasrga qaytardim.

Ayni shu qisqa vaqt uyda yo‘q paytlarimda ko‘pincha, sizga aytgan kasalim qaytalardi; unga hamrohlik qiluvchi noma’lum tushkunlik hissi uyga yaqinlashishim bilanoq susayardi. Oyog‘imni qo‘lga olgancha Kampo Santa Margerita va Karminigacha yetib borardim. Altinengo qasrining yarim xaroba old tomoniga, uning endor ayvonlariyu tavaqasiz deraza romlariga, derazalarining ko‘karib yotgan oynalariyu naqshindor ko‘ra qo‘ndirilgan ikki ustunli peshtoqiga ko‘zim tushishi hamono kasalim yana xuruj qilib, meni holdan toydira boshlardi. Kaminani har holda bu uyga hech kim taklif etmagandi. Odatda qadrli go‘shamizga qaytganimizda bizni ko‘zi to‘rt bo‘lib kutib turuvchi na bir do‘stona tabassum, na bir suyukli chehra va na yaqinlarning qadam tovushlari, na bironta qadrli sas menga intizor edi u yerda. Ma’yusgina yolg‘izligimning kutilmagan suyanchig‘i bo‘lgan bu makonning huvillagan xonalarida hech bir xotiraga o‘rin qolmagandi. Shunga qaramay, g‘am-g‘ussa meni kamina uchun bir zamonlar shu qadar sevimli bo‘lgan Venetsiyaning ensiz, tor ko‘chalaridan quva boshlashi bilanoq u yerga qaytishga oshiqardim. Men u yerdan yuragim urib va odimlarim vazminlashib o‘zimga boshpana izlardim.

Bu shu qadar tez takrorlanar ediki, o‘zimni tasodifiy xatarga duchor qilmaslikka harakat qila boshlardim. Men asta-sekin mayxonada ovqatlanishdan voz kechdim va o‘sha ondan boshlab tamomila uzlatda yashay boshladim. Ertalabki yuvinish-taranishdan so‘ng, ichiga ko‘plab afsonaviy suratlar solingan shakllari bisyor va islimiy bezaklar berilgan xonamni tark etardim-da, ganchkori tanobiyga kelib joylashardim. Verana xonim sariq marmartoshli kaminga o‘t yoqdi. Olovni kun davomida va yarim tungacha saqlab turish uchun uzun-uzun tarashalar koshinli yerga yetarli miqdorda taxlab qo‘yilgandi; negaki men u yerda kechqurunlari soatlab o‘tirardim va ular orasida vaqtim tuganmas xayollar og‘ushida qanday chopqillab o‘tib ketganini ham sezmay qolardim. Yolg‘izligimga halal beruvchi birdan-bir kimsa bu Verana xonim edi; biroq uning kelib-ketganini deyarli payqamay ham qolardim. Altinengo qasrida men hech kimni qabul qilmasdim. Prentinalya va lord Sperling hali qaytishmagandi; ularning Sitsiliya bo‘ylab sayohati hali tugamagandi. Prentinalya biron marta ham menga daragini solmadi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘ng‘iroq ovozi ahyon-ahyonda eshitilib qolardi. Xat tashuvchi menga ora-sira Parijdan kelgan maktublarni olib kelib turardi. Manzilimni shifokorim, doktor F.ga va yana ikki-uchta og‘aynimga bermay ilojim yo‘q edi. Xat tashuvchi maktubni shu maqsad uchun mo‘ljallangan va menga tegishli bino dahlizi derazasidan choqqina hovlichaga tushirib, arqon uchiga osib qo‘yilgan savatchaga tashlardi, – venetsiyaliklarning bu taomilidan men ham bebahra qolmagandim.

Umuman aytganda, Altinengo qasridagi hayotim uzlatda kechishi oldindan qo‘yilgan talab bo‘lsa-da, men, deyarli mutlaqo yolg‘izlikdagi bu damlarni ancha durust bosib o‘tdim, desam ham bo‘ladi. Lekin kelgan kunimning hali ilk haftasidayoq garchi salomatligim ko‘tarib, Venetsiyaning o‘sha “barcha uchrashadigan”, ayni San-Marko va uning qahvaxonasidek yerlarga qadam ranjida qilishga ulgurgan bo‘lsam-da, bu bilan uzlatdagi hayotim izdan chiqdi degani emasdi. Men Venetsiyada tanish-bilish orttirishdan hamma vaqt o‘zimni tiyganman. Bu shaharda mening muloqotim Prentinalya va lord Sperling bilan kifoyalanardi. Parijlik tanishlarimga kelsak, yilning o‘sha fasli meni ulardan yetarli darajada himoya qilardi. Parijliklar – sentyabr oyining mehmonlari. Oktyabrning o‘rtalariga borib, hatto eng sabr-toqatlilari ham bu yerdan juftakni rostlab qolishardi. Noyabr oyiga kelib, Venetsiya yana avvalgidek butunlay venetsiyaliklarniki bo‘lib qolaverardi.

Agar ruhiy va jismoniy holatim ko‘targanida edi, bunday xavfsizlikdan men ham jon-jon deb foydalangan bo‘lardim. Shaharning tor ko‘chalari va maydonlaridan, anhorlaridan va shuningdek, ko‘lning o‘ziga bu qadar rom etuvchi kech kuzakdagi bor jozibasidan, ma’yus husnu tarovatidan huzur qilardim. Bunday kunlar haqida mening yodimda juda ko‘p qimmatli xotiralar saqlanib qolgandi va barini yana qaytadan boshdan kechirish kaminaga quvonch bag‘ishlagan bo‘lur edi. Venetsiyaning turli-tuman nash’u namolari nechog‘lik bitmas-tuganmas ekanini bilish uchun men shahardan yaxshigina xabardor edim. Unda eng dabdabaligiyu oshkor etib bo‘lmaydigani qaysi, bundan butkul boxabar edim. Uning barcha dong‘i chiqqan yerlariyu har bir burchagi, bor-yo‘q chiroyiyu bor sir-asrori menga ma’lum edi. Biroq ayni paytda boshdan o‘tgan o‘tmish taassurotlarga yana berilish uchun o‘zimda yetarli kuch borligini hali his etmayotgandim. Ehtimol, sal keyin biroz ma’yus hayotimga qaytolsam kerak, deya xayoldan o‘tkazdim.

Hozircha o‘zim uchun eng maqbuli bu – Altinengo qasrini sira tark etmaslik emasmikan?

Hamisha g‘am-g‘ussaning benihoya azoblovchi xuruji bilan nihoya­lanadigan bu behuda sayr-tomoshaning nima keragi bor? Kunlarni yaxshisi lovullab yonib turgan kamin yonida mutolaaga yoki sukunatni faqat o‘tinlarning chirsillashiyu mujmal, bazo‘r ilg‘ash mumkin bo‘lgan tovushlar buzib turgan, – anglash mushkul izhori dili ila mana shu serhasham va go‘zal tanobiyda xayollarga cho‘mgan holda o‘tkazganim durust emasmi?

Shunday qarorga kelishim va o‘z inon-ixtiyorimga zug‘um o‘tkazishni bas qilishim bilanoq o‘sha zahoti o‘zimni yengil his eta boshladim. Barcha xavotirlarim tumanday tarqadi. Oromini buzgan tashvishlardan ozod bo‘lgan vaqt, odatdan tashqari shunday jadallik bilan o‘ta boshladiki, ko‘p o‘tmay mutolaani yig‘ishtirdim. Parijdan o‘zim yoqtirib olib kelgan ba’zi kitoblarni boshqa ochmadim. Parijdan olgan maktublarga arang ko‘z yugurtirib chiqdim. Ularga javob berishga kelsak, xatlar hali noaniq rejalar ro‘yxatida saqlanib turardi va erta-indin deya orqaga surilaverardi. Men Prentinalyaga Shahar Muzeyidagi haykalchaga taalluqli kashfiyotim va o‘ta sinchkovligim bois Altinengo qasridagi qarovsiz qolgan xonalardan birida topilgan kishi surati sharofati bilan haykalchada kim tasvirlanganini aniqlashga muvaffaq bo‘lganim xususida lom-mim deganimcha yo‘q edi. Bir vaqtlar fikru xayolimni o‘g‘irlagan haykalchaning g‘oyib bo‘lishi voqeasining endi menga qizig‘i qolmagandi. Men u haqda o‘ylamay ham, xayol surmay ham qo‘ygandim.

Shu munosabat bilan bir qiziq voqea ustida mufassal to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu voqea bilan qiziqib qolgan kezlarim har safar diqqatimni Shahar Muzeyidagi notanishga qaratishimga to‘g‘ri kelardi, u xayolimda juda aniq gavdalanardi, biroq bunda, avval aytganimdek, ba’zi bir o‘zgarishlarga duch kelardi, asosiysi, u deyarli asliday, bor bo‘yicha o‘sib, gavdaning ba’zi a’zolari bilan butlanib borardi, biroq shunday bo‘lardiki, men uni hamisha ham bus-butun holda ko‘ra olmasdim. Borliqni noto‘g‘ri idrok etish endi deyarli butunlay to‘xtadi va bularning to‘xtashi – qayd qilishga arziydigan narsa – tasodif Altinengo qasridagi qaznoqqa berkitib qo‘yilgan eski matodagi notanish kimsa ismini oshkor etgan o‘sha kundan boshlandi. Kaminani uning qasrining bir qismida istiqomat qiluvchiga aylantirgan ajib bu o‘xshashlik men uchun uzoq vaqt jumboq bo‘lib kelayotgan bu shaxsga nisbatan burungi va ke­yingi qiziqishlarimni oshirish o‘rniga, aksincha, qiziqishimga butunlay barham berdi. U haqda o‘zimga shu qadar dam-badam bergan savollar Verana xonimning beparvoligi tufayli kirishimga to‘g‘ri kelgan o‘sha teshik-telugi yo‘q zax qaznoqda nobud bo‘layotgan surat, haykalchada tasvirlangan shaxs Vinchente Altinengo ekanini bilganim zahoti meni boshqa bezovta qilmay qo‘ygandi.

Unda meni o‘ziga moyil qiluvchi nimadir bor edi. Tanobiyni barokko usulidagi mo‘jizavor ganchkori naqshlar bilan bezatib, hayotimga mazmun olib kirgani uchun men undan minnatdor edim. O‘zining antiqa jihozlariyu ranglari, naqsh qismlari bilan bu serhasham va qoyilmaqom tanobiy, Verana xonim mezzanino ga meni olib kirgan o‘sha lahzadanoq qalbimni o‘ziga qay darajada asir etganini aytib o‘tgandim. Va bu maftunlik kuchaysa kuchaydiki, aslo susaymadi. U uzlatdagi hayotimning birdan-bir ovunchog‘i edi. Naqshdagi chirmashib ketgan chiziqlarni, ganchkori naqshlarning shaklini, koshinli farshdagi rasmlarning mayda-chuydasigacha nazardan o‘tkazish uchun ozmuncha vaqt ketdimi! Men hatto sadaf maydasi farshdagi qadama naqshlarning qaysi bo‘laklari orasiga sochib tashlanganini ham yaxshi eslayman. Kunduzgi yorug‘likning jilvalarini va zarhallangan shaklchalarga ega chiroyli namoyondagi sham yolqinini ham o‘rganib chiqqanman. Bu podshohzoda xonimlaru qadim xitoy amaldorlari kunning qay paytida qanday tusga kirishini, ularning bor jilolariyu tovlanishlarini bilaman. Ularning rasmini shiftdagi shakllarga yoki rokoko usulida ishlangan kamin tepasidagi choqqina ko‘zguning girdidagi tevaragini o‘rab turgan chig‘anoq toshlarga o‘xshatib xotiramda chiza olardim.

Biroq bu qadar jimjimali va ajibu g‘arib bezaklar ichida, ayniqsa, bir narsa diqqatimni tortdi. Avval aytganimdek, ganchkori naqshin tanobiyda uchta eshik bo‘lib, ular jozibador qizg‘ish rangdagi tuganakli yog‘ochdan yasalgandi. Deraza qarshisidagi ikkitasidan dahlizga o‘tilardi. Tumor shakl ichiga afsonaviy suratlar solingan xonaga o‘tiladigan uchinchi eshik naq dabdabali ko‘zguning ro‘parasiga to‘g‘ri kelardi va men avval tilga olib o‘tgan, mutanosib aksi bilan yana xuddi shunday marmar hoshiyali to‘rtinchi eshikni yuzaga keltirgandi. Shunday qilib, kattaligi jihatidan Venetsiya san’atining durdonasi hisoblanmish ulkan ko‘zgu xayoliy to‘rtinchi eshik vazifasini bajarardi. Vaqt o‘tishi bilan u yer­osti suvlaridek chuqurlikdagi tasvirlab bo‘lmas ajoyib tusga ega bo‘lib borgandi va unda paydo bo‘lgan barcha qiyofalar go‘yo qandaydir sirli va olis tuman bilan qoplangandek edi. Olovlar ham bu ko‘zguda tumanlidek aks etardi. Undagi hamma narsa go‘yo narigi dunyodan kelib qolgandek g‘oyat ta’sirli va olis ko‘rinardi.

Bu xususiyati bilan u oxiri meni o‘ziga maftun etgandi. G‘aribona hayotimga mazmun olib kirgan orzu-xayollarga asirlikda, mening tashnakom va sinchkovligi kuchayib borayotgan nigohlarim, Shahar Muzeyidagi haykalchani va tashlandiq qaznoqdagi rasmni ko‘rib, chindan-da, ajoyib tasodif sabab uni bir emas, ikki marotaba tanish baxti menga nasib etgan, sergak boqayotgan yuzi sirli va istehzoli, qasr hali hanuz uning nomi bilan atalishda davom etayotgan va bari, o‘sha, Xudo yarlaqagan Altinengo sohibning injiqliklari sharofati bilan bunyodga kelgan va meni, ajabtovur jihozlardan tortib bor-yo‘g‘ini aks ettirayotgan marmar chorcho‘pdagi g‘ayrioddiy manzaraga tushdi.

Bir qancha hodisalarga asos bo‘lgan “voqea” sodir bo‘lgan oqshomning boshqalardan sira farqi yo‘q edi. Barcha voqealarni to‘g‘ri anglayotganimga ishonch hosil qilishim va xotiralarimning tiniqligiga tayangan holda aniq sanani aytmoqchiman: bu 27 noyabrda sodir bo‘lgandi. Haqiqiy his-tuyg‘ularimdan hali judo bo‘lmaganimni isbotlash uchun bu kunni qanday o‘tkazganim to‘g‘risida tafsilotni qo‘shimcha qilmoqchiman. Ertalab odatdagidek ancha kech uyg‘ondim. Meni Verana xonimning ganchkori tanobiydagi qadam tovushlari uyg‘otib yubordi. Xonim uzoq uxlashimdan foydalanib, u yerni yig‘ishtirib, kaminga olov yoqdi va nonushta tayyorladi. Ishlarini tugatgandan so‘ng u eshigimni qoqdi va yuvinish xonasidagi kaminga o‘t yoqdi. O‘rnimdan turib, uy kiyimimni kiydim-da, bir piyola shokolad ichgani ketdim: bu orada Verana xonim xonamni yig‘ishtirib,  menga issiq suv olib keldi.

Xonim menga ikkinchi nonushtani keltirdi va yegulikni uning ko‘magisiz biryog‘liq qilganimdan so‘ng uni tushlikni tortib, biryo‘la nonushtadan qolganini yig‘ib-terib ketishga soat birda kelgandagina ko‘rdim.

O‘sha kuni bari odatdagidek o‘tdi. O‘rnimdan turib, ganchkori tanobiyga o‘tdim. Kaminda olov lovullab yonib turardi; unga tarasha tashladim, garchi havo ochiq bo‘lishi kutilgan bo‘lsa-da, xona baribir salqin edi. Tashqarida tiniq moviy osmon ko‘zga tashlanardi. Havoning tozaligiga gap yo‘q edi, chunki Karmini va boshqa qo‘shni cherkov qo‘ng‘iroqlari tiniq sado berdi. Qo‘ng‘iroq tovushlarini o‘ziga xos ohanglariga qarab aniqlash menga zavq bag‘ishlardi. Men San-Sebastyano, Frari, Arkanjelo Rafaele jomlarini bir-biridan yaxshi farqlay olardim. Xiyol titroq ovozli Karmini qo‘ng‘irog‘i yaqin o‘rtada bo‘lgani bois men unga unchalik e’tibor bermasdim. Biroq, shamol ba’zan ancha olisdagi qo‘ng‘iroq jarangini ham olib kelardi va men u qayerdan kelayotganini aniq aytib berolmasdim. Venetsiya iqlimining o‘ziga yarasha injiqliklari bisyor edi. Unda, havo oqimi ham xuddi shahardagi dengiz kanali tarmoqlaridek chatishib ketgandi.

Bu kunning birdan-bir voqeasi qiyomdan so‘ng soat ikkilarda yuz bergan qayiqchilarning janjali bo‘ldi. Biriga mevalar, boshqasiga taxta ortilgan ikkita og‘ir yuk kemasi Santa-Margerita kanalida to‘qnashib ketdi; bular, har birining quyruq qismi qizil o‘yma naqshli qop-qora va beso‘naqay ikkita yuk kemasi edi. To‘qnashuv zarbi ancha kuchli bo‘lib, ikkala qayiqchi ham yuk kemalarni ajratishga harakat qilgancha, bir-birlarini ayamay so‘ka ketdilar. Ular orasidagi bu baqir-chaqir yoqalashishgacha borib yetsa kerak, degan xayolga borish mumkin edi, biroq raqiblar, yuk kemalaridan birida kattakon ko‘ppakning qattiq-qattiq vovullashi jo‘rligida bir-birlariga la’nat o‘qish bilan cheklanib qo‘ya qolishdi. Ko‘z ochib-yumguncha Fondamenta Foskarini, Kampo dei Karmini va kanal ustidagi ko‘prik tomoshabinga to‘ldi: to‘planganlar orasida bolalar ham, sholro‘molli ayollar ham, tasodifiy o‘tkinchilar ham bor edi. Janjal avjiga mindi, va birdan, hech bir sababsiz taqqa to‘xtadi, balki bu ikki shovvoz yigitning lug‘atidagi haqoratli so‘zlar tugab qolganidandir. Nima bo‘lganda ham, bo‘shagan yuk kemasi yo‘lida davom etish uchun asta jilib qoldi. Ko‘ppakning vovullashi esa anchagacha eshitilib turdi. Olomon tarqaldi va kimsasiz qolgan kanal sukunatga g‘arq bo‘ldi.

Cho‘kkan sukunat tungacha buzilmadi. Keyingi soatlarda men boshqa hech narsa eshitmadim. Faqat kanalda sirpanib suzayotgan gandolalarning yoki yuk kemalarining ovozi va Fondament toshtaxtalari ustidagi qadam tovushlariyu ayol va go‘dak sasi, ko‘chmanchi mol sotuvchilarning baqir-chaqiri va Judekki kanalidagi kemalarning hushtagiyu sirenalari bilan qorishib ketgan barcha harakatsiz narsalarning xo‘rsinig‘i va hayajon to‘la sukunatning sirli shitirlashi bundan mustasno. Verana xonim odatga ko‘ra shamdonga o‘rnatgan yangi shamlarni yoqish uchun oromkursidan turgunimga qadar hammasi shunday davom etdi…

Bu lahzalarni men, avval aytganimdek, har kuni betoqatlik bilan kutardim. Shubhasiz, men quyosh nurlarining ulug‘vor va fusunkor ganchkori bezaklardagi tovlanishini yaxshi ko‘rardim, biroq tunning noziktabiat jilvasi oldida boshqa barchasi o‘taversin. Devordagi ulkan chinni suratda Xitoy manzaralari aks etgan – malikalaru katta amaldorlar, taxtiravonlaru ibodatxonalar, parrandalaru gullar o‘zining serhasham jozibasini ko‘z-ko‘z etib turardi. Qadimiy zarhal jonlanib, butun xona ajib hashamatga burkangandi. Qadama naqshli farshdagi sadaf donachalar xuddi tungi dengiz yog‘dusi kabi nafis yaraqlab turardi. O‘choq yolqini sham yolqini bilan qo‘shilib ketgandi va men hech ham ko‘ngilga urmas bu sirli tebranishni berilib kuzatdim.

Biroq, ko‘p o‘tmay, bunday huzurbaxsh tomoshaga qaramay, nigohlarim ulkan ko‘zguli eshik tomon yo‘naldi. Men hikoya qilayotgan oqshomda bari odatdagidek o‘tdi. Kaminda lovullab o‘tin, shamdonda esa shamlar yonib turardi va ulkan ko‘zgu, odatdagidek, o‘zining olis va xira nuri qa’rida tanobiyning yanada o‘ziga xos bo‘lib ko‘rinayotgan qoyilmaqom va ohangjamali jihozlarini aks ettirib turardi. Bu manzaradan miriqib zavq oldim. Undan faqat naridan-beri qorin to‘ydirishu kuch to‘plash uchun bir necha daqiqagagina uzoqlashdim, so‘ng yonib tamom bo‘lgan shamlar odatda uxlash vaqti bo‘lganidan darak berguniga qadar yana xayolga berildim.

Men ko‘zimni ochib mudrab o‘tirardim va shamlardan biri mudrog‘imni buzdi… Qutichaga aftidan adashib tushib qolgan va boshqasiga qaraganda kichikroq o‘lchamdagi shamning charsillashi e’tiborimni tortdi, u deyarli yonib bo‘lgandi va undagi tugab borayotgan yolqin endi shamdondagi tarmoqqa ulovchi shisha moslamaga xavf solib, uni yoray-yoray deb turardi. Men uni o‘chirish uchun o‘rnimdan turdim.

Bu sham soxta eshikning shundoq o‘ng tomonida joylashgandi. G‘alati bir nimani sezishim hamon oldinga bazo‘r bir qadam tashladim. Ganchkori tanobiy ko‘zguda har doimgidek menga boshdan-oyoq ko‘rindi. Devordagi ulkan rasm, shamdon, o‘choq va uy jihozlari – barchasi o‘z o‘rnida, u yerda faqat mengina yo‘q edim, xolos. Olis bo‘lsa-da, biroq atrofdagi bor-yo‘q buyumlarning barini aniq ko‘rinishda taqdim etayotgan ko‘zgu aynan meni ko‘rsatmayotgandi.

U yerda yo‘qligimdan taajjublanib, bir joyda qotib qolgandim; so‘ng yana bir qadam olg‘a tashladim. Aksi ko‘rinayotgan tanobiyda avvalgidek yana kamina yo‘q edi. Qo‘lim bilan oynaga tegib ko‘rgani unga yaqinroq bordim. Baribir na qo‘lim, na yuzim va na jismim ko‘zguda aks etardi. Agar men jismsiz, shaffof, ko‘lanka bo‘lgan taqdirimda ham ko‘zgu meni bulardan ortiq ko‘rmagan bo‘lardi. Ular orasida men chaqirilmagan mehmon hisoblangan serhasham, jimjimador jihozlargina ko‘rinardi, xolos.

Nima bo‘lganda ham hali tirik edim, shubhasiz, tirik. Nafas olardim, qimirlardim. Bu tush emasdi. Uning olis qa’rida, avval ham barcha buyumlar orasida o‘z qiyofamni aniq aks etgan holda ko‘p marotaba ko‘rishga musharraf bo‘lgan o‘sha shisha eshik qarshisida men va aynan men turardim. Kamina hamon o‘sha-o‘sha avvalgidek edim, yon-atrofimda ham hech nima o‘zgarmagandi. Shamdonda shamlar yonib turar, kaminda qizg‘ish olov lovullardi. Altinengo saroyi ham o‘sha-o‘sha burungi Altinengo saroyi edi, Venetsiya ham o‘sha-o‘sha qadimgi Venetsiya edi. Shunga qaramay, men birdan favqulodda odamga aylanib qolganimga iqror bo‘lishga to‘g‘ri kelardi va o‘sha daqiqalargacha kaminaga batamom odatdagidek tuyulgan shu bugungi kun meni aqlga sig‘mas mavjudlikka ko‘chishimdan darak berardi, – basharti bu ko‘zguli eshik, o‘zimga atalganidan mutlaqo bexabar ahvolda kamina ostonasida turgan va u orqali sirli va aql bovar qilmas olamga qadam qo‘yish mumkin bo‘lgan sehrli darvozaning shartli belgisi bo‘lib chiqsa-chi?

Chindan ham o‘zim uchun xayoliy jonzotga aylanib qolishga sira tayyor emasdim. Bunday savdoga ro‘para bo‘lish yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. G‘ayritabiiy narsalarga hamisha beparvo qarab kelganman. Hayotimda ajoyib hodisaga sira duch kelmaganman, bu so‘zning har ikki ma’nosida ham… Mening xursandchiligim ham, g‘am-qayg‘um ham, mashg‘ulotlarim ham oddiy odamlarnikidek bo‘lgan, endi qarabsizki, – tomdan tarasha tushgandek, birdan arab hikoyalaridagi qahramonga aylanib o‘tiribman!

Bunday o‘zgarish kaminani hangu mang qilib qo‘yishi kerak edi. Aksincha, bu holga juda xotirjam va beparvo, hech bir hayajonsiz munosabatda bo‘ldim, basharti agar, tasvirlangan voqea o‘tkinchi bo‘lib, uni bir lahzalik ko‘z chalg‘ishidan iborat deya izohlash mumkin bo‘lganda, unda tushunsa bo‘lardi. Biroq ahvol bunday emasdi. Voqea bir-biriga shu qadar o‘xshash vaziyatda takrorlanar ediki, uni kutilmagan xomxayol deb qabul qilish mumkin emasdi.

Ertasiga ertalab o‘rnimdan turishim bilan, birinchi qiladigan ishim, yaqindagina mening aksimni ko‘rsatishni g‘alati tarzda rad etgan ko‘zguga nazar tashlab qo‘yish edi. U itoat bilan o‘zining yashil qa’rida mening qiyofamni namoyon etdi. Bu tajribamni yakuniga yetkazib, odatdagi turmush tarzimga qaytdim va Verana xonimdan men uchun ixchamgina qo‘l ko‘zgusini sotib olishini so‘radim. Ayol ketgandan so‘ng ahyon-ahyonda sehrli eshikka nazar tashlab, yana kamin oldida o‘tirib xayol surishu mutolaa qilishda davom etdim. Har safar u yerda o‘zimni ko‘rdim. Asta-sekin qosh qoraya boshladi va shamni yoqadigan payt keldi. Men shoshmay sham yoqa boshladim. Shu zaylda butun tanobiyni aylanib chiqdim va so‘ng “eshik” oldiga keldim. Uning oynadek silliq yuzasi bo‘m-bo‘sh tanobiyni aks ettirib turardi.

Shu tajribani qatorasiga uch kecha takrorladim. Kun davomida salobatli ko‘zgu mening qiyofamni qabul qilardi, kechga borib esa uni rad etardi. Biroq Verana xonim sotib olgan ko‘zgu o‘zini boshqacha tutardi. U meni aks ettirishni sira kanda qilmasdi. Demak, hodisaning sababi ko‘zning pand berganida emasdi. Biroq bundan u yana-da g‘alatiroq bo‘lib borardi. Nega aynan kech kirib, shamlar yonishi bilanoq, qalbaki eshikning oynali namoyoni meni o‘rab turgan atrofdagi buyumlarning ikir-chikirigacha aks etdiradi-yu, bir meni ko‘rsatmaydi? Men uchun jumboqligicha qolgan qandaydir sirli xohishdan boshqa sababi yo‘q fizikaviy qonundagi bunday istisno qayerdan keldi o‘zi?

Faqat to‘rtinchi oqshomdagina nima sodir bo‘layotganini tushuna boshladim. Bu oqshom, men juda aniq tasvirlab bergan voqeaga yanada g‘ayrioddiy boshqasi kelib qo‘shildi. Avval o‘tgan oqshomlar kabi men shamlarni o‘t oldirgandan keyin o‘choq oldidagi oromkursiga kelib cho‘kdim. Boshimni changallab, bir muncha vaqt joyimdan qo‘zg‘almadim va shu tobda g‘alati bir nima yuz berishini ko‘nglim sezgandek bo‘ldi. Bu aynan nima ekani menga qorong‘i edi, biroq yurak nimanidir aniq sezardi, shu qadar aniq sezardiki, hatto nigohlarim o‘sha sinoatning yuz berishiga ishongancha oynali eshikka qadaldi.

Men adashmagandim: ganchkori tanobiyning ichkarisida hali unchalik yaxshi ko‘rinmayotgan mavhum qiyofaning aksi turtib chiqib turardi, biroq u meniki emasdi, negaki men joyimdan qimirlamay tursam ham aks harakatlanardi. Bu inson tasviri mening mavjud bo‘lmagan qiyofam o‘rnini bosib turardi; u ravshanlasha borgan sayin men buni yana-da yaxshiroq anglab yeta boshlagandim. Qiyofa asta-sekin shu qadar tiniqlasha boshladiki, o‘zini ko‘rsatgan bu odamni men oldindan bilardim. Uning egnida uzun yomg‘irpo‘sh va kalta shim, yasama sochning ustidan esa uchburchak bosh kiyim kiygan bo‘lib, yuzi hali ko‘rinmayotgandi. Bari kabi o‘sha payt u ham go‘yo bulut ichida qolgandek bo‘zargan tusda ancha aniq aks etib turardi. Bu odamning turishi sal taraddudli edi. U baayni ancha vaqtdan so‘ng uyiga qaytayotgan sayohatchiga o‘xshardi. Bir vaqt u qo‘lini yuziga yaqinlashtirgancha qimirlay boshladi. Shunda men, ilgari o‘zimga bir parcha bulut bo‘lib tuyulgan o‘sha nimadir qadimda venetsiyaliklar foydalangan karnaval niqoblaridan biri ekanini payqadim; biroq, u niqobni yechmasdanoq tungi yo‘qlovchim kim ekanini sezgandim. Shuncha alomatlar uning paydo bo‘lishidan darak bergani uchun men uni chindan ham kutib turishim kerakmidi? Venetsiyaga yetib kelgan kunimning ilk oqshomida men Floriandagi “xitoylikning poyida” o‘tirib, Prentinalyaning hikoyasini tinglayotgan paytimda u atrofimda allaqachon tentirab yurgan bo‘lsa-chi? Balki unga tegishli qasrga kelib joylashishimni o‘zi istagandir? Menga ismini oshkor etgan ham uning o‘zi emasmikan? Mavjudligini menga bildirish uchun boshqalarning ichida u kaminani tanladimikan? Bularning barini men o‘sha kuni shunday teran his etgandimki, endi ajablanishimga hech bir o‘rin qolmagandi. Shunday maftunkor ganchkori tanobiyga egalik qilishni yana qayta qo‘lga kiritsa, bu adolatdan bo‘lmasmikan? Unga ikki bukilib ta’zim qilishimu: “Assalomu alaykum, Vinchente Altinengo, assalomu alaykum! O‘z uyingizga xush kelibsiz!” deyishim qolgandi, xolos. U niqobni olib, yuzi aniq-ravshan ko‘rinib turganda endi shubhaga hech o‘rin qolmagandi. Vinchente Altinengo o‘zining har ikki surati – haykalchadagiga ham, portretdagiga ham juda o‘xshardi. Qarshimda, ko‘zgu qa’rida meni surib chiqargan uning qiyofasi, haqiqiy Vinchente Altinengo turardi. Xol-xol sadafli qadama naqshli farshni u, rangdan mahrum, vaznsiz, deyarli hali mavjud bo‘lmagan oyoqlari bilan depsigandi; uning tashrifi shunday oddiy va tabiiy bo‘lib ko‘rinardiki, men hatto buning mag‘zini chaqishga va sirli maqsadini anglashga harakat ham qilib o‘tirmadim.

 

* * *

Vinchente Altinengo salobatli eshik oynasida har kuni ham bir xil ko‘rinishda paydo bo‘lavermasdi. U har safar shamni yoqishimni kutib tursa-da, biroq qarshimda har doim ham uchburchak bosh kiyimda, egniga yopinchiq tashlagan, yuzida niqobi bilan – xullas, ilk ko‘rinishda namoyon bo‘lmasdi. Ba’zida u stolda tirsagiga suyanib o‘tirgan bo‘lardi; goho ko‘chani tomosha qilayotgandek deraza yonida turardi. Ba’zan shunday bo‘lardiki, tez-tez chuqur o‘yga cho‘mgan odamdek tanobiyning eniyu bo‘yini “o‘lchab” yurib chiqardi. Bu qadar xilma-xil holatlarni yagona yangilik deb ham bo‘lmasdi. Kun sayin kuchliroq aks etayotgan boshqa o‘zgarishlar ham sodir bo‘lib borardi. Chunonchi, qiyofaning zichlik darajasi ham asta-sekin o‘zgara boshlagandi. Boshda aytganimdek, Vinchente Altinengoning sharpasi qandaydir mavjud emasdek, vaznsizdek va ustiga-ustak tussiz, xira-ko‘kimtir rangda edi; biroq ko‘p o‘tmay, u menga vazni ortib, moddiylashayotgandek ko‘rina boshladi. Shu bilan birga u avval ancha rangpar edi, biroq endi bir-biridan sezilarli darajada ajralib turuvchi muayyan ranglarga kira boshlagandi. Vinchente Altinengo bu o‘zgarishlar yuz bergan sayin asta-sekin ko‘lankaga o‘xshamay qolayotgandi. Bir muncha vaqt o‘tishi bilan men uning engil-boshiniyu matoning sifatini ajratishga muvaffaq bo‘la boshladim. Yuzi va qo‘llariga sekin-asta jon kirayotgandi.

Men barini diqqat bilan kuzatib borardim. Tungi oshnamga allaqachon odatga aylanib qolgan qiziqishu e’tibor bilan sinchiklab razm solardim. Salobatli ko‘zgu qa’rida qanday u yoqdan-bu yoqqa yurayotganini kuzatardim. U ham men kabi o‘z g‘aribona hayoti bilan andarmon edi; biz yuzma-yuz turardik va har ikkimizga tegishli har ikki g‘arib olamni yupqa oyna shishasi ajratib turardi.

Hodisaning bu tarzdagi ko‘rinishi uncha ko‘p davom etmasdi. Shu orada Vinchente Altinengo ilgari qisqa muddatga ko‘ringan bo‘lsa, endi u bilan uchrashuv tobora uzoqroq cho‘zilib borardi. O‘zining ilk tashrifida sharpa bir muncha mashaqqat bilan qiyofa shakliga kirib, o‘z nazdida aniqlikning eng avj nuqtasiga yetib borardi-da, g‘oyib bo‘lishdan avval xira tortib, asta-sekin yo‘qolib ketardi. Endi u mavjud qiyofaga ancha tez ega bo‘la boshladi va bu ko‘rinishni u shamlar o‘cha boshlagunga qadar saqlab turardi.

Garchi men boshqalarga o‘xshamaydigan yo‘qlovchimga tez ko‘nikib ketgan bo‘lsam-da, oldimda baribir bitta savol ko‘ndalang turardi. Mening mavjudligimni Vinchente Altinengo sezdimikan? Men uni ko‘ra olganimdek, u ham meni ko‘ra oldimikan? Shu kabi taxminlarga borishimga bironta sabab yo‘q edi, biroq shunday faraz qilish mumkin bo‘lgan daqiqalar ham keldi. O‘sha kecha Altinengo qo‘lini orqaga qilgancha, u yoqdan-bu yoqqa yurdi; uning bor qaddi-basti o‘sha oqshom juda aniq ko‘rindi. U dabdurustdan taqqa to‘xtadi-da, birdan men tomonga o‘girildi va ajablanib qo‘ydi, so‘ng yana sayrini davom ettirdi; biroq u nimadandir xavotirlanayotgani, nimadir uni hayajonga solayotgani aniq edi, ehtimol, bu bezovtalikning sababchisi mendirman.

Bu o‘y-xayollardan kamina ertangi oqshomga qadar ham qutulolmadim, negaki, Altinengodagi sarosima borgan sayin kuchayib borardi. Bu uning iztirobli vajohatida, menga tashlagan ko‘z qarashlarida, ba’zi bir ishoralarida namoyon bo‘lib turardi. Altinengo meni goh oshkora, goh yashirin kuzatardi. Ba’zida u endigina o‘tirib olgan oromkursidan shartta turardi-da, bir necha bor xonani aylanib chiqardi, so‘ng qulog‘ini ding, ko‘zini lo‘q qilib turgan yerida tong qotib qolardi. Men uni ko‘rish qobiliyatining pand berishidan xalos bo‘lishga urinib, ko‘zini odamga o‘xshab bir necha bor ishqalayotganini ko‘rdim. Mana, qanday sharoit sabab, endi meni so‘nggi shubha-gumonlardan ozod qiladigan oqshom ham yetib keldi.

Bu oqshom Altinengo tanobiyni ancha vaqt aylandi va men uning to‘satdan eshiklardan biri tomon ketayotganini ko‘rdim. Uning imo-ishorasidan yoniga kimdir tashrif buyurganini va kelganning kimligi menga noma’lumligicha qolgan bo‘lsa-da, uning muddaosi ham, suhbatning mavzusi ham menga ayon bo‘lgandi. Suhbat shubhasiz men haqimda borardi. Altinengo o‘zi kuzatgan hayratomuz hodisalar to‘g‘risida hikoya qilardi. U suhbatdoshining e’tirozini rad etar, sherigi chamasi, bularning bari tasavvur o‘yini ekanini uqtirishga urinardi, biroq Altinengo hech bir dalil-isbotni eshitishni istamagan odamdek bosh chayqardi. Altinengo va men bir-birimiz uchun yashardik!

Menga shu qadar yaqin va ayni zamonda yot-begona zot bilan aloqaga kirishishga bo‘lgan ishtiyoqning tug‘ilishi va, nazarimda, Altinengoda ham xuddi shunday ishtiyoq borligi mendagi ishonchning mahsuli edi. Ko‘nglimiz yaqinligiga ajablanishning hojati bormikan? Bizni – parijlik, hozirgi davr kishisi bo‘lmish meni va o‘tmishdagi venetsiyalik bo‘lmish uni uchrashtirgan asli shu sirli hodisa emasmikan? Yo bu taqdirning bizga ataganimikan? Qadimdan qolgan bu qasr bizning uchrashuv joyimiz bo‘lishini istagan falakning sirli gardishi izmiga tushib qolmadikmikan? Men, garchand bu ajib sarguzashtga hech bir tayyorgarliksiz ro‘para kelgan bo‘lsam-da, uni ajablanishsiz qarshi oldim… Modomiki, u mening yonimga shunday oddiy va shunday bir tabiiy tarzda tashrif buyurgan ekan, nega endi men unga peshvoz chiqmasligim kerak? Bu arvohlarni bezovtu qilish yoki bironta sehr-joduning natijasi emasdi. Bo‘lib o‘tgan bir necha ahamiyatsiz, boshi-keti qovushmagan voqealar meni asta-sekin unga yaqinlashtirgandi. Modomiki u menga peshvoz chiqqan ekan, nega endi men undan o‘zimni olib qochishim kerak? Va, nihoyat, bo­adablik ila uning qorasiga qo‘limni uzatish, mening, Vinchente Altinengoning mehmoni bo‘lmish kaminaning burchim emasmi?

Altinengo ham bu masalaga xuddi shunday yondashayotgandi; bunga endi imonim komil bo‘ldi. U shu paytgacha xonaning qa’rida bo‘lishni xush ko‘rdi, endi esa kun sayin oldinga chiqib kelardi. Hozir men uni juda yaqindan ko‘rdim. Biz bir-birimizni soatlab yuzma-yuz turib kuzatardik. Bizni atigi yupqa oyna qavatigina ajratib turardi va biz uning chilparchin bo‘lishini bilardik, negaki uning sinishi turgan gap edi. Shunday bo‘lishi shubhasiz, zarur va muqarrar edi. Biroq bunday dadil qadamni tashlashga ikkimizdan qay birimizning jur’atimiz yetarkin? Altinengoningmi yoki mening? Sharpaningmi yoki tirik jonning? Ikkimizdan qay birimiz botirroqmiz, – ikkalamiz ham yuzma-yuz turib, o‘z olamimizdan bir-birimizga savol nazari bilan boqardik, bu paytda orqa tomonda, shamlar yorug‘ida dabdabali va jilvador qadimiy ganchkori naqshlaru chinnilar oltin tobidan yaraqlardi, boshimiz uzra esa vaqt ta’sirida chirib puturi ketgan ko‘hna Altinengo qasrining qoziq oyog‘i yuksalib turardi; bu vaqtda esa tashqarida, atrofini o‘rab turgan ko‘llariyu ichkarida ilonizi bo‘lib buralib-buralib ketgan minglab kanal suvlarida o‘z me’morchiligi san’ati mahsuli bo‘lmish koshinlarni ikki karra ko‘paytirgancha o‘z ko‘lankasi ustida kekkayib turgan nozik, tushunib bo‘lmas va mo‘jizavor, sirli tungi Venetsiya,– tepasida, qasr farshidagi sadaf bo‘lagidek, qaytayotgan oy gardishi porlab turgan Venetsiya yastangan edi…

Har oqshom muqarrar hodisa yaqinlashib kelardi. U o‘y-xayollarimni batamom band etgandi. Men Altinengoga bevosita aloqador barini unutgandim. O‘zimni ham esdan chiqargandim. Agar mendan bunday eski qasrga bekinib olgancha nega Venetsiyada yashayotganimni va bu yerga meni qanday sharoit yetaklab kelganini so‘rashsa, bu savolga ehtimol javob berolmagan bo‘lardim. Biroq hech kim menga bu savolni bermadi. G‘arib ko‘nglimni ko‘tarishga hech kim kelmadi. Meni o‘rab turgan sukunatni esa yolg‘iz Verana xonim bilan kundagi bir-ikki og‘iz gap sotishlargina buzardi, xolos; bu paytda kuzgi to‘lqinlarni chaqiruvchi Venetsiya kanallari qo‘zg‘alib, suv sohilbo‘yi ko‘chalarining zinalaridan to bandargohgacha, undan qasr yo‘lagigacha kirib borardi, bu orada guvillab esayotgan kuchli shamol va bo‘ron ularning baland mo‘rilarini tebratgancha boloxona ayvonlarining o‘q yog‘ochlarini larzaga keltirardi. To‘lqin ba’zan shu qadar quturib ketardiki, g‘ovlardan ham oshib o‘tib, San-Marko maydonini kichkina to‘lqinchalar hosil bo‘lgan ko‘lga aylantirardi-da, o‘zini, marmartoshdan qilingan va koshinlangan, havoriylarning shohona binosiga o‘xshash Venetsiya kemasi Bukentaver suzib yurgandek qilib ko‘rsatgancha Pyatsettga kelib quyilardi; porfir ustunida sher o‘zining ochko‘z tumshug‘i bilan sho‘r to‘lqin va dengizning qudratli shamolidan o‘pkasini to‘ldirib nafas olardi va uning brinchdan yasalgan qanotlari tasavvurdagi parvozdan qo‘rqqancha qaltirab borardi…

Bularning bari menga nega kerak? Meni faqat bir narsa qiziqtirardi: biz ikkimiz ham kutayotgan, negaki buni biz ikkimiz ham istagan, ikkimiz ham uni xohlagan bu hal qiluvchi qadamni kim bosadi, ikkimizdan qay birimiz, Altinengomi yoki men? Yuzlarimiz deyarli bir-biriga tegib, nigohlarimiz benihoya sinchkovlik bilan to‘qnashib, qo‘llarimiz bir-birini izlay boshladi. Bu mo‘jizani amalga oshirish kimga nasib etarkin, Altinengogami, yoki menga, yoki, pirovardida, bu jo‘ngina sodir bo‘larmikan?

 

* * *

Men g‘alati tush ko‘rib uyg‘ondim. Nazarimda, u ancha uzoq davom etdi va uni bir kechadagi tush deb bo‘lmasdi. Tag-tubi ko‘rinmas bu tush hayotimni butunlay to‘xtatib qo‘yish bilan kechdi. Mendagi bori – jismim ham, qonim ham, xotiramu bugungi kunim, o‘tmishim ham, bari behush qilingandi. Bu uyqu – tubsizlik qa’ridan asta-sekin, shoshilmaygina uyg‘ondim; mana men sirtga tegdim, mana, yana hayotga qayta boshladim. Men hali yashashni boshlaganim yo‘q, biroq hozir yashay boshlayman. Hademay ko‘zimni ochamanu oyoqlarimni qimirlatib, harakatga keltiraman va tilga kiraman.

Sukunat ichida atrofga alangladim. Hamon o‘rinda yotardim. Atrofimda devorlari oqqa bo‘yalgan, kamtarona jihozlangan xonalar ko‘zga tashlandi. Egnimda dag‘al gazlamadan ko‘ylak. Nimadir boshimni siqardi. Bu bog‘langan jarohat edi. Men o‘zi qayerdaman? Nega ko‘rpa-to‘shak qilib yotibman? Bu yana qanaqa oq kulba bo‘ldi? Qanday voqea sodir bo‘ldi o‘zi? Qo‘limni qimirlatgandim, qo‘ng‘iroq nokchasiga tegib ketdim. Yoshgina hamshira yonimga keldi. Hamshira kulimsiragancha barmoqlarimdan tutdi-da:

– Ha, bugun yoqimtoy bemorimizning ahvoli ancha durust! Sizga biron nima kerakmi? Men hozir shifokorni chaqiraman, u o‘z xonasida… U menga buyurgandiki… – dedi.

Men uni to‘xtatdim-da:

– Avval ayting-chi, qayerda yotibman?

Yoshgina hamshira kulib yubordi.

– Ha, siz Judekkedagi doktor Bellinchonining klinikasidasiz.

Judekkeni bir necha bor sayr qilaturib, qalpoqchali baland mo‘risi bor va eshigiga shifoxona belgisi sifatida katta qizil xoch o‘rnatilgan uyning yonidan o‘tgandim. Hatto bir kun tashqari tomondan vestibyul orqali ko‘rinib turgan bog‘ni biroz sayr qilish uchun ichkariga ham kirgandim.

– Lekin bu klinikaga qanday tushib qoldim?

– Sabr qiling, doktorning o‘zi sizga bir boshdan hammasini gapirib beradi.

Shifokor Bellinchoni soch-soqoli yaxshilab olingan, yuzlari sip-silliq, to‘ladan kelgan, quvnoq va ko‘rinishdan yoqimtoygina kishi edi. Savollarimga javob berishdan avval u meni ko‘rikdan o‘tkazdi. Ko‘rik natijalari aftidan uni qoniqtirdi, shekilli, oxiriga yetkaziboq bemalol karavotning oyoq tarafiga o‘tirib oldi-da, qo‘llarini bir-biriga ishqalagancha, dedi:

– Xo‘sh, xo‘sh, azizim, bari yaxshi ketyapti. Endi xavf-xatar ortda qoldi. Ha, yana biroz dam olishu yetarli parvarish va osoyishtalik bo‘lsa, bas. Jarohat hali bitgancha yo‘q, biroq har qanday noxush hodisalarga mutlaqo barham berildi. Jin ursin, zap zarba bo‘lgan ekan va bu sizga jiddiy shikast yetkazgan!

Men yostiqdan boshimni biroz ko‘tardim.

– Qanday zarba, doktor?

– Qanday zarba? Qanday zarba bo‘lardi, o‘z chorcho‘pidan chiqib, boshingizga qulab, ag‘darilib, chil-chil singan zalvorli ko‘zguning zarbasi-da! Siz hozir davolanayotgan og‘ir jarohatingizga bu singan oyna parchalariyu lat yegan yeringiz sabab bo‘lgan. Tag‘in ham siz tirik qolibsiz. Fik­rimni bildirishga ijozat etsangiz, shuni aytmoqchi edimki, eski, puturi ketgan Altinengo qasriga kelib joylashishingizni maslahat bergan shaxs siz uchun juda nobop yerni tanlagan, chunki ko‘zguning ag‘darilib, sizni shikastlagani yetmagandek, bu falokatning ertasiga devorning yarmi qulagan va uyning farshi o‘pirilib tushgan. Qasr siz kelmasingizdan burun xatarli darajada omonat bo‘lgan va bino to‘lqinning kuchli bosimiga ham, bo‘ronga ham qarshilik ko‘rsata olmagan. Imoratning tag-tugi bilan kanalga qulab tushishiga bir bahya qolgan. Hozir shahar boshqarmasi binoni ijarachilardan bo‘shatishga farmoyish bergan va uni butunlay buzib tashlashni mo‘ljallayotibdi.

Shifokorni so‘zlarini diqqat bilan tingladim. U so‘zida davom etdi:

– Bu falokat tunda sodir bo‘lgan. Hayron qolarli yeri shundaki, qasrda istiqomat qiluvchilardan birontasi bu shovqin-suronni eshitmagan. To‘g‘ri, siz joylashgan bino butunlay ajratib qo‘yilgan va buning ustiga tundagi kuchli shamoldan to‘s-to‘polon ko‘tarilgan. Tongda esa xonangizga kirgan xo‘jalik boshqaruvchisi Verana xonim sizni u yerdan hushsiz, qonga belangan holda topgan. Ayol oqilona yo‘l tutib, sizni o‘sha zahoti mening klinikamga yetkazgan. Sizdan xabar olish uchun bir necha bor ayolning o‘zi, shuningdek, Zotarelli ismli qandaydir iltifotli antikvar, va yana, siz baxtsiz hodisaga uchraganingizdan ikki kun o‘tib, sayohatdan qaytgan birodaringiz Prentinalya ham kelib ketishdi. U juda iztirobli ko‘rinardi va bularning bari qanday yuz berganini mendan so‘rab-surishtirdi; biroq men unga batafsil so‘zlab berolmadim. Siz, balki, barini mendan ko‘ra yaxshiroq tushuntirib berarsiz va sizni narigi dunyo­ga ravona qilishiga sal qolgan jin urgur o‘sha la’nati eshik bilan sizning orangizda aslida nima sodir bo‘lganini, ehtimol, eslay olarsiz. Darvoqe, bugunga yetar, shunday ham juda ko‘p gapirib yubordik. Endi siz kechki yarani bog‘lash vaqti kelgunga qadar yotib, bir necha soat dam olishingiz kerak.

Men shifokor Bellinchoniga itoat etdim-da, ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi uchun minnatdorchilik bildirdim va o‘yga toldim. Doktor Bellinchoni aytgan sabablarni e’tiborga olsammikan? Men bir necha hafta davomida qurboniga aylangan miya chalg‘ishiga balki mana shu hodisa nuqta qo‘ygandir? Bexosdan qulagan eshikning menga yetkazgan tan jarohatidek Vinchente Altinengoning omonat ko‘lankasiga ham ziyon yetdimikan? Bizning sirli musohabamiz tasodifan uzilib qoldimikan? Men go‘yoki ostonasida turgan sirli sarguzasht hali poyoniga yetmay turib, nahotki shu tariqa ahmoqona jarohat olish bilan yakun topsa? Doktor Bellinchonini shu qadar hayratu tashvishga solgan, g‘ayritabiiy bu uyqu yana davom etarmikan? Balki Vinchente Altinengo tashqariga chiqishni istagan va kaminani ham ergashtirib ketmoqchi bo‘lgan o‘sha sirli olamda u bilan uyqumda bo‘lgandirman? U yerda boshimdan ne o‘tgan bo‘lmasin, barchasidan ayrildim. Shunday qilib, bir lahzaga bo‘lsa-da, qayg‘uli borlig‘im chegarasidan so‘nggi bor hatlab o‘tish imkonidan mahrum bo‘ldim! Ehtimol, bir zamonlar Vinchente Altinengo ham xuddi shu ganchkori va chinni bilan bezatilgan tanobiyda men kabi o‘sha ruhiy tushkunlikdan azob chekkandir va men endi hech qachon eshitolmaydigan taskin so‘zlarini aytish uchun yonimga kelmoqchi bo‘lgandir? Yoki bularning bari, har holda, men mabodo hikoya qilib berishni lozim topsam, doktor Bellinchonini kuldirishga majbur etuvchi pachoq boshimning alaxsirashimikan?

Oqshom doktor, ancha mashaqqatli bo‘lgan jarohatni bog‘lash muolajasidan so‘ng dokani to‘g‘rilagancha dedi:

– Mana, endi jarohat ancha durust, anchagina durust. Mabodo ertaga Zotarelli va Prentinalya janoblari sizni ko‘rgani kelib qolishsa, ularga oldingizga kirishlariga ijozat beraman.

Birinchi bo‘lib janob Prentinalya keldi. U yotgan yerimga o‘zini otgancha qo‘llarimdan cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshladi.

– Afsus, do‘stim, ming afsus, men o‘zimni shunday koyidimki! Axir bu mening aybim! Bu balo-qazolarning bariga sizning Prentinalyangiz aybdor. Bu la’nati Altinengo qasrini sizga ko‘rsatgan men emasmidim? Oh, jarohatlangan sho‘rlik boshingiz! Buning uchun o‘zimni hech qachon kechirmayman!

Shunday deya bir qo‘li bilan u ko‘ksiga urdi, boshqasi bilan dokani ko‘rsatdi. U har doimgidek choyshabdek yomg‘irpo‘shiga burkangancha, kulgili sahna asari qahramonidek o‘zining odatdagi mashak basharasi bilan qarshimda turardi. Uning barmog‘ida Fondamenta Foskarinidagi qasrning va Verana xonimning manzili ko‘rsatilib, menga yuborilgan maktub muhrlangan sirli uzuk yarqirab turardi. Ko‘zlari olaygan, indamas Verana bilan niqoblangandek basharali bu Prentinalya o‘rtasida qanday umumiylik bo‘lishi mumkin? Kaza deli Spiritidan bo‘lgan savdoyi lord Sperling bilan ishlar qay ahvolda? Prentinalya u bilan Rimgacha bordi va u Milanga “ruhiy hodisa” tadqiqotchilarining kongressiga borish uchun o‘sha yerda qoldi. Ular yaqinda “xitoylikning poyida” yig‘ilisharmish, shu rostmikan? Prentinalya – beparvogina qo‘shimcha qildi:

– Ha, aytmoqchi, azizim, men sizga hikoya qilib bergan Shahar Muzeyidagi ixchamgina haykalchaning g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq voqea yodingizdami? Gap bunday, haykalcha yana oyna qutidagi o‘z joyiga qaytdi! Bir kuni ertalab uni o‘sha yerdan topishdi, u odatdagiday yasama sochda, tabassum qilib turardi. Faqat haykalchani ko‘tarib kelayotib, firibgar uni tushirib yuborgan bo‘lsa kerak, chunki unda ko‘zga tashlanadigan ancha-muncha yoriqlar borligi ma’lum bo‘ldi. Uni hozir asil holiga keltirishyapti… Lekin men, azizim, rosa joningizga tegdim! Yaqin orada ko‘rishguncha! Hali yana kelaman.

Shunday deya boshiga momiq qalpoq kiygan va egniga yomg‘irpo‘sh ilgan Prentinalya ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi va u xayrlashuv ishorasini qilayotganda ko‘rsatkich barmog‘idagi tamg‘asi sehrli qimmatbaho toshli qizg‘ish uzuk yarqirab ketdi.

U ketgandan so‘ng o‘zimni horg‘in his etdim va ko‘zimni asta yumdim. Oppoq xonamda yolg‘iz qolgandim. Meni Judekkening chuqur sukunati qurshab olgandi. Xayolan Fondamenta Foskarinini, deraza romlari yashil, old ko‘rinishi kulrang ko‘hna qasrni, uning po‘rtahol rangli pardalarini va turtib chiqqan do‘mboq dolonlarini, yeyilib ketgan zinapoyalarini, sho‘r bosgan devorlarini, terma naqshli farshiga sadaf bo‘lakchalari qadab chiqilgan choqqina dahliz sahnini, vestibyulini, handasaviy shakllarga boy xonasini, bezakdor ganchkori tanobiysini, uy o‘chog‘iniyu zarhal shaklli chinnivorlarni yana bir bora ko‘rishga muyassar bo‘lgandim. Qarshimda marmar bilan hoshiyalangan oynali eshikni ko‘rdim, unda ko‘hna uy-joyida yangi mehmonni kutib olish uchun tubsizlik qa’ridan, narigi dunyodan venetsiyalik Vinchente Altinengoning tasviri qoshimda paydo bo‘ldi. Uning siymosi bilan men so‘nggi bor salomlashdim va go‘yo u ham sirli, istehzoli va ma’yus tabassumi bilan Redentore va Santa-Eufeliya qo‘ng‘irog‘i o‘z jarangi bilan billurdek shaffof havoni ayni titroqqa solayotgan payt salomimga alik oldi, so‘ng xayrlashuv ma’nosida im qoqib qo‘ydi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shundan keyin men uni boshqa ko‘rmadim.

Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 9-son

____________________

[1] Estetizm (estet–san’atda formalizm tarafdori) – shaklbozlikka berilish (Tarjimon izohlari).

[2] “stai!” “ To‘xta!” (ital.)

[3] Vir – sigara turi.

[4] Virqinia – Kanal.

[5] Calli – Venetsiyadagi ko‘cha yoki tor ko‘chalar.

[6] Campi – maydonlar va saroylar.

[7] Vim nostrani – mahalliy sharob.

[8] Strega – mahalliy musallas.

[9] tabare e bauta – plash, maskaradda kiyiladigan keng kiyim, niqob.

[10] Aynan: “Ruhlar makoni”.

[11] Mezzanino – uyning o‘rta (ko‘proq ikkinchi)qavati.

[12] Non so – bilmadim.

[13] Scuola – ojizlarga himmat ko‘rsatib, aziz-avliyolardan birining nomi ostida faoliyat yurituvchi hamjamiyat.

[14] Salamai – sakkizoyoq (dengiz hayvoni).

[15] Scampi – qisqichbaqa.

[16] Valpolicella – kuchsiz mahalliy musallas.

[17] Candeia – sham.

[18] Dekollato – cho‘qintiruvchi Ioann Muboshirning boshi kesilganligi nasroniylarda juvonmardlik namunasi sifatida keng nishonlanadi.

[19] Vaporetto – kichik kema.

[20] Baut – qalpog‘i uchburchak, faqat ko‘zigina ochiq turadigan va hatto bo‘yin va yelkalarga tushib turuvchi barisi bir butun yaxlit niqob.

[21] Bog‘dagi uy, shiypon.

[22] Balyustrada – naqshinkor panjara.

[23] Changakchi.

[24] Eshkakchi.

[25] Mukofotlangan.

[26] Okkultizm –– bid’at va mo‘jizalarga ishonish ta’limoti (Tarj.)

[27] Sandolo – tagi yassi ov qayig‘i.

[28] trattoria – oddiy restoran.

[29] Kyanti – qizil musallasning bir turi.

[30]  fragola – yer tuti.

[31] Veneziano – venetsiyalik zodagon.