Poyezd qo‘zg‘aldi. Derazadan Sochi vokzalining chiroqlari lip-lip o‘ta boshladi. Nikolay Petrovich Sokolovskiy jomadonini burchakka qo‘ydi. Kichkina qora jomadonchasini yuqori polkaga joylashtirdi. Jomadon qulflarini tekshirdi. Xotirjam bo‘lish uchun bir necha bor tortib ham ko‘rdi, keyin plashi bilan o‘rab qo‘ydi. Shundan so‘ng darcha oldidan joy oldi.
Biror soat vaqt o‘tib, dengiz bo‘yi manzaralaridan zerikkan Nikolay Petrovich vagon dahliziga chikdi. Derazadan kattakon vokzal binosi ko‘rindi. Poyezd sekinlay boshladi. “Lazarevskaya” – o‘qidi Nikolay Petrovich. Poyezd to‘xtadi va Sokolovskiy o‘zi bir necha marotaba o‘tgan, lekin biror marta tushmagan vokzalni tomosha qila boshladi. “Yoqimligina joy bo‘lsa kerak, – o‘ylardi har safar Nikolay Petrovich. – Bir aylanib ko‘rsam yaxshi bo‘lardi”.
Shu payt vokzal oldidagi kioskadan nimadir xarid qilib tez-tez yurgancha poyezdga qaytayotgan yigitga ko‘zi tushdi.
– Sergey, – uni chaqirdi Nikolay Petrovich va qo‘li bilan imladi.
Yigit boshini ko‘tardi.
– Nikolay Petrovich?
Poyezd joyidan jila boshladi. Sergey qo‘lidagini ehtiyotlab tezgina oyoq qo‘ygichga sakradi. Poyezd qo‘zg‘aldi va tezlik ola boshladi. Sergey vagonga kirdi.
– Sen ham shu poyezdda ketayapsanmi? – hayron bo‘lib so‘radi Nikolay Petrovich Sergey yaqinlashgach.
Bu o‘ttiz yoshlardagi, qo‘ng‘ir sochlari kalta kuzalgan, xushbichim frayer rusumidagi kamzul kiygan yigit edi. Bir paytlar Sergey Sokolovskiyning qo‘l ostida, uning firmasida ishlagan. Shundan buyon qanchadir vaqt o‘tdi, balki uch yoki to‘rt yil, Nikolay Petrovich eslay olmaydi. Hozir ular bir birini qiziqish bilan kuzatib turishardi.
Sergey jilmayib qo‘llarini yoydi.
– Shunaqasi ham bo‘lib turadi.
– Sen ham Moskvagami?
– Yana qayerga ham bo‘lardi?
– Sochida dam oldingmi?
Sergey bosh irg‘adi.
– Siz-chi?
– Ish bilan keldim. Shartnoma imzoladim. Dam olishga vaqt yo‘q. Umuman, men Gretsiyada dam olaman, yoki Kiprda…
Sergey jilmayib bosh irg‘adi.
– Har kimning o‘z hayoti.
– Istasang, – taklif qildi Sokolovskiy, – huzurimga kir. O‘tiramiz… Bir kishiga zerikarli.
– Qarshi emasman.
Uchrashuvni yuvmoqchi bo‘lishdi. Nikolay Petrovich kupesidagi stolda bir shisha “Smirnovskiy” va ikkita plastik stakan paydo bo‘ldi. Shuningdek, ikrali bankacha, servelat bo‘lagi kabi gazaklar. Suhbat qo‘r oldi. Har to‘g‘rida gapirishdi: bo‘lajak prezident saylovlari haqida, Checheniston haqida, Yugoslaviya haqida. Shisha yarimlaganda Nikolay Petrovich qiziqib qoldi.
– Sen nima bilan shug‘ullanayapsan?
Sergey chaynaldi, bo‘sh stakanga tikildi, uni barmoqlari orasida aylantirdi.
– Moliya vazirligida, kichikroq lavozimda ishlayman.
– Qanaqa lavozim?
Sergey qulog‘ini qashidi.
– Kechirasiz, ishim juda sirli, hech narsa ayta olmayman.
U Nikolay Petrovichga kiprik qoqmay tikildi, bu bo‘lsa tushunaman deganday qo‘llarini yozdi.
– Hechqisi yo‘q.
Sokolovskiy o‘zi ham ancha shubhali biznes bilan shug‘ullanar, shuning uchun ham og‘zi mahkam kishilarni samimiy hurmat qilardi. Sergey uzalib shishani oldi va shoshmasdan stakanchalarni to‘ldirdi.
– Shoshmay tur, – Nikolay Petrovich o‘rnidan turdi. – Men bir tashqariga chiqib kelay.
U bir soniya ikkilandi, so‘ng ikkinchi polkadan, plashi ostidagi jomadonni oldi va tezgina tashqari chikdi. Nikolay Petrovich besh daqiqalarda qaytdi. Uning ko‘rinishi xotirjam va osoyishta edi. Sergey o‘sha joyida o‘tirib diqqat bilan tashqarini kuzatardi.
– Nikolay Petrovich, – dedi u o‘ychan qiyofada, – men siz bilan maslahatlashmoqchi edim.
U shishani burchakka surib qo‘ydi va orqaga suyanarkan, deraza ortida qorayib kelayotgan avgust oqshomini alag‘da yorituvchi oy nurlariga o‘ychan nigoh tashladi.
Nikolay Petrovich jomadonni qaytadan plashga o‘rab oldingi joyiga qo‘ydi. Keyin qo‘llarini qorniga qovushtirgancha, Sergeyning qarshisiga chalqayib o‘tirdi.
– Siz tajribali, ishbilarmon odamsiz, – gap boshladi Sergey, – men sizning fikringizni hurmat qilaman. Menga maslahat berishingizni xohlayman. Shunchaki maslahat.
Nikolay Petrovich bosh irg‘adi va tinglashga tayyorlandi.
– Xizmat yuzasidan tez-tez o‘zim istamagan ishni bajarishimga to‘g‘ri keladi. Sizga buni qanday tushuntirsam ekan… – Sergey yelkasini qisdi. – Vijdonim qiynaladi deymi?.. Ishni esa, bajarishga to‘g‘ri keladi… Siz meni tushunayapsizmi?
Nikolay Petrovich bosh irg‘adi.
– Tushunaman. Menda sening yoshingda shunga o‘xshash holat bo‘lgan. Hamma shu bosqichdan o‘tadi.
Sergey cho‘ntagini kovlashtirib “Malbogo” qutisini oldi. Bir dona sigaretni labiga qistirdi. Keyin, bu yerda chekilmasligi esiga tushib, sigaretni stolga qo‘ydi.
– Eng muhimi, – dedi Nikolay Petrovich, – pul qilish. Pul erkakni arlondan farqlaydi… Pul odamni erkin va ozod qiladi. Axir, qashshoqlik hayotdagi eng dahshatli narsa-ku. Qashshoklik seni chuvalchangga aylantiradi, chuvalchangki, bilmasdan bosib, ezib tashlaydilar va e’tibor ham bermaydilar. Pul seni dunyo uzra ko‘taradi va ozod qiladi. Ozodlik nima? Bu o‘zgalar ustidan hukmronlik. Odamlar – hayvonlar, ochko‘z shoqollar. Ular kuchlining tovonini yalab, ojizni tishlaydilar. Tenglar ichida teng bo‘laman deb o‘ylash g‘irt ahmoqlik. Ozodlik… O‘zgalar sening oyog‘ing ostida bo‘lsalar sen ozodsan. Ozodlik – shu. Bunday ozodlikni pul beradi. Pul nima? Pul – qarzdorlik qog‘ozi. Puling qancha bo‘lsa, bu dunyo sendan shuncha qarzdor bo‘ladi. Muhimi shu. Gunohlar… gunohlarni yuvish uchun cherkov bor-ku. Gunohlar haqida o‘ylama. Yana. Sen bir juda muhim narsani bilishing kerak. Bu dunyoda yashamoqchi bo‘lsang, yasha, risoladagidek yasha. Dunyodagi barcha odamlar ikki guruhga bo‘linadi. Ishbilarmonlar va lapashanglar. Sen kim bo‘lmoqchisan, o‘zing hal qil. Ishbilarmonlar intiladilar, lapashanglar eshakday mehnat qiladilar. Ishbilarmonlar yashaydilar, lapashanglar kun o‘tkazadilar. Dunyoning bor boyligi, bor huzur-halovati ishbilarmonlar uchun. Lapashanglar ular uchun barcha sharoitlarni yaratib beradilar. Shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Axloq, odob, vijdon – bularni ishbilarmonlar o‘ylab topishgan. O‘zlari uchunmi? Aslo, lapashanglar uchun.
Sergey diqqat bilan tinglardi, Nikolay Petrovich davom etdi:
– Ular yana dinni o‘ylab topishgan. Lallayganlarga nima uchun ular hech qachon odamga o‘xshab yashamasliklarini tushuntirish, ularni bunga ko‘niktirish kerak edi.
Sergey chaynaldi:
– Balki dinni bu gaplarga aralashtirmaslik kerakdir?
Sokolovskiy qo‘llarini kerdi.
– Kechirib qo‘yasan. U dunyodan hali hech kim qaytib kelgan emas, xudoni bo‘lsa hech kim ko‘rmagan. Yoki men noto‘g‘ri aytayapmanmi?
Segey yelkasini qisdi.
– Haqsiz, shekilli.
– Ana shunday, – Nikolay Petrovich ko‘ylagining yuqori tugmalarini yechib qo‘ydi, u qizib ketayotgandi. – Hamma podshohlar, dvoryanlar, janoblar – ishbilarmon odamlar, ularning xizmatkorlari, dehqonlar, qullar – lallayganlar edi. Ishbilarmonlar qonunlarni o‘ylab topishdi. Dinga ishonmaydigan ahmoqlar uchun qonunni o‘ylab topishdi. Hamma zamonlarda va hamma joyda qonunlar ishbilarmonlarni ahmoqlardan himoya qiladi. Ahmoqlarga bu yoqmadi. Inqilob nimadan boshlangan bo‘lsa, shu bilan yakunlandi. Ayrim aqlliroq merovlar ajralib chiqib, o‘zlari ishbilarmon bo‘lishdi. Yana hamma narsa oldingisicha qoldi.
– Ammo sanat, madaniyat, – inkor qilmoqchi bo‘ldi Sergey. – Bular har doim oxir oqibatda yovuzlik jazosini oladi va kim vijdonan ish qilsa murodiga yetadi deb o‘rgatadi…
– San’at – ishbilarmonlarning yana bir ixtirosi, – Nikolay Petrovich o‘rnidan turib ketayozdi. – Merovlar uchun yana bir qopqon. O‘zing o‘ylab boq: san’at, axloq, qonun, din. Barchasi bir narsa haqida: yaxshilik qil, yomonlik qilma. Kim yomonlik qilsa, jazolaydilar. Din ogohlantiradi; qonun jazolaydi; axloq o‘rgatadi; san’at ko‘niktiradi. Bari o‘ldirma, o‘g‘irlama, aldama, deydi. Shundaymi, yo‘qmi? Ammo sen atrofga qara – har qanday mamlakatda, har qanday vaqtda kim o‘g‘irlasa, o‘ldirsa va alday olsa, o‘sha boshqarmoqda. Ular a’lo darajada yashamoqda va to dunyo bor ekan, shunday yashaydilar. Ularning maruzalariga amal qilganlar esa faqat sarqit bilan kun ko‘radilar. Ishbilarmon unga oyog‘ini artadi va o‘zi amal qilmagan qoidalarni o‘rgatadi.
Nikolay Petrovich orqaga yastandi. U toliqdi, ammo o‘z falsafasining yengilmas ekanidan mamnun edi. Sergey xo‘mraydi. Inkor qilmoqchi bo‘ldi. Ammo inkor qilishga so‘z qolmagandi.
Shunda u g‘amgin bosh irg‘adi.
– O‘zing hal qil, – Nikolay Petrovich xulosa yasadi. – Sen kimga qo‘shilasan? Agar anqov bo‘lishni istamasang “halollik” va “vijdon”ni unut. Bu – aldov. Qachonki, senda pul bo‘lsa va istagan narsangni sotib ola bilsang, shu – halollik. Vijdon… senga nima foydali bo‘lsa, o‘shani qil va doim o‘zingni oqla – vijdon deganlari shu.
Sergey bosh irg‘ab tasdiqladi.
– Nikolay Petrovich, siz meni ishontirdingiz, – u o‘rnidan turdi. – To‘g‘risi, men sizga qarshi asos keltirmoqchi edim. Ammo menda asos yo‘q… balki qandaydir istisnolar bordir? Balki shunday narsalar bordirki, yaxshisi qilmagan maquldir? Qandaydir chegirish, sarhadlar bordir?
– Sergey, – Nikolay Petrovich bosh chayqadi. – Sen vazirligingda nima bilan shug‘ullanasan, bilmayman, bilishni ham istamayman. Sen o‘z ishingni xotirjam bajar. Nimadan pul kelsa, shuni qil. Bajar va vijdonni unut. Agar sen aqlli odam bo‘lsang, unut.
– Yaxshi, – Sergey cho‘ntagidan miliga ovoz pasaytirgich o‘rnatilgan revolver oldi. – Yaxshi, – U mo‘ljalga oldi. – Men vazirlikda ishlamayman, Nikolay Petrovich. Ammo bu muhim emas.
Nikolay Petrovich og‘zini sekin ochdi-da, shogirdiga qarab anqayib qoldi.
– Siz, adashmasam, Sochiga navbatdagi shartnomani imzolagani borgansiz, shundaymi?
– Sergey, senga nima bo‘ldi?
– Demak, siz ardoqlab hojatxonaga ham o‘zingiz bilan olgan jomadonchada…
– Sergey, bu yaxshi emas. Axir biz bir-birimizni anchadan buyon bilamiz.
– Nimasi yomon? Qachonki cho‘ntagingda pul yo‘q bo‘lsa, o‘shanda yomon bo‘ladi. Shunday deb o‘zingiz aytdingizmi? Jomadonchani oching! Tezroq!
Nikolay Petrovich o‘rnidan turib, jomadonchani oldi.
– Men shifrni bilmayman, – aldamoqchi bo‘ldi u.
Sergey bosh chayqadi.
– Uchgacha sanayman. Bir…
– Yaxshi, hozir.
U o‘ziga bo‘ysunmayotgan titroq barmoqlari bilan ikkala qulfni ham ochdi. Sergey adashmagan, jomadoncha dollar bilan to‘la edi.
Nikolay Petrovich qalt-qalt titrardi. To‘pponcha mili peshonasidan uch santimetr narida osilib turardi. U hozir nima yuz berishini aniq tushundi.
– Se-sergey, – tutilib, zo‘rg‘a gapirdi u. – Xu-xudodan qo‘rq…
– Qanaqa Xudodan, Nikolay Petrovich? Axir uni hech kim ko‘rmagan. Narigi dunyodan ham hali hech kim qaytgan emas…
Nikolay Petrovichning miyasida har xil qarama-qarshi fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Nimadir deyish kerak edi. Tezlik bilan nimadir deyish kerak edi, ammo nima desin?
U aytadiganini aytib bo‘lgan edi.
Rus tilidan Orif Hoji tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son