Akutagava Ryunoske. Fidoyi (hikoya)

I

Temponing ikkinchi yili, sentyabr kunlaridan biri. Ertalab. Kondening Dobotyo ko‘chasidagi “Matsunoyu” hammomi har qachongidek gavjum. “Jamoat hammomi…” Bu yerda hamma narsa ayqash-uyqash: xudolar sha’niga olqish-madhiyalaru butlarga sig‘inish, muhabbat hangomalariyu notayin xirgoyilar…” Sikite Sambaning kulgili asarlaridan birida tasvirlagan manzara hozir ham o‘zgarmagan.
Mana, sochini ayni urf bo‘lgan “ayol turmagi” taxlit turmaklagan mijoz suvga tushib olib xirgoyi qiladi. Sochi “tyommage xonda” turmakli boshqa bittasi suvdan chiqib, sochig‘ini siqish bilan ovora. “Ooityo” turmakli, yuzi silliq uchinchisi tatuirovkali yag‘rinidan issiq suv quyayotibdi; “yosibey yakko” rusumdagi sochli yigit yuzini halidan beri zo‘r berib ishqab yotibdi; bochka yonida o‘tirgan rohib “obbo” deya boshidan sovuq suv quymoqda. Sochining turmagi uchayotgan asalarinimi-ey, ninachinimi-ey eslatadigan bolakay g‘arov qovg‘acha va sopol tovoqni bir-biriga urib, taqillagan ovozdan zavq oladi… Bir-biriga o‘xshamas bu mavjudotlar suvda yaltiragan silliq gavdalari bilan bug‘li derazadan kuz quyoshi nurlari tushib turgan tor hammomni egallab olgan.
Hammomda o‘zgacha g‘ala-g‘ovur. Eng avvalo suvning shapillab sachrashiyu tog‘oralarning taqir-tuquri, odamlarning baland-past ovozda gap­lashishlariyu allanimalarni xirgoyi qilishlari va nihoyat, qorovul shaqildog‘ining shaqillashi quloqqa chalinadi. Hammomni hovuz va yuvinish maydonchasidan ajratib turgan to‘siqning ikki tarafida, xuddi jang maydonidagidek, shovqin-suron hukmron. Ba’zan savdogarlar, tilanchilar kirib qolardi. Turgan gapki, mijozlarning keti uzilmaydi.
Shunday ola-g‘ovur ichida qimtinibgina bir chol burchakda yuvinardi. U ko‘rinishidan oltmishdan ancha oshganday edi. Chakkasidagi oqish-sariq sochlari, xira tortgan ko‘zlari uni xunukroq qilib qo‘ygandi. Ozg‘in bo‘lsa-da, zuvalasi pishiq, hatto ancha tetikligi, salqi qo‘l-oyoqlari qarilikka bo‘y bermayotganini ko‘rsatib turardi. Yuzi haqida ham shunday deyish mumkin edi: baquvvat iyagi, katta og‘zi, kuch-quvvatga to‘la paytlarida yovvoyi hayvonning ko‘zlaridek shiddatli chaqnab ketardi.
Chol belidan yuqorisini sovunlab bo‘lgach, kichik yog‘och tosdagi suvda cho‘milishda davom etdi. U bir parcha qora shoyi bilan a’zoyi badanini yaxshilab ishqaladi, lekin qurib, ajin bosgan terisidan kir degan narsa chiqmadi. Bu unga hayotining kuzi boshlanganini eslatdi va bir zum qayg‘uga cho‘mdi. Oyoqlarini yuvib, ho‘l sochiq bilan artdi, shunda birdan qo‘li ishlamay qoldi, go‘yo kuch-quvvat uni tark etganday. Tog‘oradagi yorug‘lik aksi ko‘ziga tushib, xurmoning qizil mevalarini eslatib yubordi.
To‘satdan cholning shuuriga o‘lim sharpasi tushganday bo‘ldi. Bu sharpada ilgarigidek uni qo‘rqitadigan vahimali narsa yo‘q edi. Sertashvish hayotning sertashvish azob-uqubatlaridan qutulsa, o‘lim soyasida tush ko‘rmay uxlasa, qandoq xursand bo‘lardi, axir, toza odamlar tush ko‘rmay uxlaydi, deyishadi-ku. U yashashdan charchagandi. Ijod azoblaridan esa ko‘proq charchadi, bu azobga bir necha yilki, giriftor edi.
Chol seskanib tog‘orani ko‘tardi. Atrofda hamon gangir-gungirlar davom etar, sho‘x ovozlar yangrar, burqiragan bug‘ orasida yalang‘och odamlar u yoqdan-bu yoqqa yurar edi, to‘siq orasidan eshitilayotgan utadzaymon kuyiga yangi qo‘shiqlar “Meriyasu” va “Yosikano” qo‘shildi. Bularning barida, turgan gapki, uning ko‘nglini vayron qilgan abadiyotdan nom-nishon yo‘q edi.
– O, sensey, sizni bu yerda uchrataman deb hecham o‘ylamagandim! Sensey Kyokuteyning kallayi saharlab hammomga kelishi tushimga ham kirmagan edi.
Chol burilib o‘rta bo‘yli, qizil yuzli, sochi “xosoityo” usulida oldirilgan erkakni ko‘rdi. U tog‘orasi oldida qaqqayib turar, sochig‘ini yelkasiga tashlab olgan edi. Aftidan, endigina yuvinib, ustidan toza suv quymoqchi bo‘lganga o‘xshaydi.
– Xursandman, siz ham har doimgidek, vaqtingiz chog‘, – dedi sezilar-sezilmas istehzo bilan jilmayib Bakin Sakiti Takidzava.

II

– Qo‘ysangiz-chi, shunga ham xursand bo‘lasizmi? Eng baxtli lahza – “Sakkiz olapar”ning yangi boblari chiqayotgani. – Suhbatdosh sochig‘ini tog‘oraga tashladi-da, yanada tezroq bidirlab ketdi: – Kimning xayoliga kelibdi deysiz! Fanamusi o‘zini ko‘chada kuylaydigan ko‘r ashulachi deb tanishtiribdi va Kabungoni o‘ldirishni ko‘nglidan o‘tkazibdi. So‘nggi daqiqalarda uni qiynoqqa solishayotganda Soske yordamga kelibdi. Zo‘r topildig‘-a? Qarang, bu voqea Soskega Kabungo bilan yana bir bor uchrashish imkonini bergan. Men, Omiya-Xeykiti – bor-yo‘g‘i attorlik mollari savdosi bilan shug‘ullanuvchi odam bo‘lsam-da, “Yomixon”ni bir qadar biladigan va qadrlay oladiganlardanman, deya olaman. Shu bois, ishoning, “Sakkiz olapar”ingizning biror joyidan ayb qidirmoqchi emasman. O‘zimga noma’lum bo‘lgan narsalar haqida fikr yuritishga jur’at etganim uchun uzr…
Bakin sukut saqladi va ikkinchi oyog‘ini yuvishga tushdi. U anchadan beri muxlislarining maqtov va takalluflariga izn berardi. Lekin bu xayrixohlik, maqtov-xushomadlar haqida sog‘lom va xolis fikr yuritishga xalaqit qilmasdi. Dono va sinchkov Bakin uchun bu tabiiy hol edi. Ayni chog‘da, nechog‘lik favqulodda tuyulmasin, odamlarga aql-idrok bilan xolisona baho berish, o‘z navbatida, muxlislari ko‘ngliga og‘ir tuyulmasdi.
Shu bois u har qanday odamni bir vaqtning o‘zida ham yomon ko‘rishi, ham yaxshi ko‘rishi mumkin edi. Omiya Xeykiti shunday odamlar sirasiga kirardi.
– Nima bo‘lgandayam sizday yozish uchun ancha-muncha kuch kerak bo‘ladi, siz biz, yaponlarning Lo Guan-chjunisiz. Kechirasiz, men yana valdirashga tushib ketibman. – Xeykiti tag‘in kulib yubordi. Uning qattiq kulgisi yaqin joyda yuvinayotgan bir ko‘zi g‘ilay, qorachadan kelgan, sochini “ooityo” usulida oldirgan qorashirg‘ay odamning diqqatini jalb etdi. U Bakin va Xeykiti tomon burilib, goh unisiga, goh bunisiga qaradi-da, g‘alati tarzda oyog‘i tagiga tupurdi.
– Siz hozir ham avvalgiday xokku yozishga qiziqasizmi? – so‘radi Bakin suhbat mavzusini boshqa yoqqa burib. Lekin u g‘ilayning g‘azabnok ijirg‘anishini payqamagandi. Baxtiga, payqaganida ham unga qarab turib ko‘zi ojizligini bilolmasdi.
– Sizning e’tiboringizdan juda minnatdorman, lekin aytishim kerakki, men bor-yo‘g‘i bir havaskorman, qo‘limdan kelmaydigan ishga urinishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Har xil she’riyat kechalariga borib tursam-da, asarlarim negadir bosilmaydi. Aytganday, Sensey, sizning tanka va xokkuda yozishga maylingiz kuchli edi, chamasi?
– Men ularni ko‘ngildagiday chiqarolmayman. Garchi bir vaqtlar she’r yozgan bo‘lsam ham.
– Qo‘ying-e, hazillashayapsiz, shekilli!
– Yo‘q. Bu men qiladigan ish emasga o‘xshaydi. Hozirga qadar she’r yozayotib o‘zimni zo‘r berib devor tirqishidan qarashga urinayotgan so‘qirday his etaman. – Bakin “men qiladigan ish emas” so‘zlariga alohida urg‘u berdi. U mutlaqo o‘zini tanka yozishga noqobil deb hisoblamasdi, agar shunday hisoblasa, o‘z kuchiga ishonmagan bo‘lib chiqardi. Shunchaki anchadan buyon bunaqa san’atni jini suymasdi. Nimaga deysizmi? Shuning uchunki, tanka ham, xokku ham, tor bag‘riga uni, Bakinni sig‘dirishga ojiz edi. Har qanday uchlik yoxud beshlik, lirik bo‘ladimi, peyzajmi, qanchalik ustalik bilan tizilmasin, nasriy asarlarining bir necha satriga teng kelolmasdi. Bunday san’atni ikkinchi nav san’at deb hisoblardi u.

III

Bakinning “men qiladigan ish emas” deyishi aslida uning nafrati ifodasi edi. Afsus! Omiya Xeykiti, aftidan, buni anglab yetmadi.
– E, gap bu yoqda deng, – dedi u uzr ohangida, siqilgan sochiq bilan badanini qizartirib ishqalarkan. – Men bo‘lsam sizday buyuk odam nimaga qo‘l ursa, qoyil qilib uddalaydi, deb o‘ylardim. Osmoni falak insonga birdaniga ikki xazina bermaydi, deganlari rost ekan-da.
Izzattalab, nozikta’b Bakin o‘z so‘zlarini qanday bo‘lsa, shundayicha tushunishlaridan dili ranjidi. Xeykitining uzr ohangida gapirishi ham yoqmadi. Sochiq va lattani polga tashlab xiyol egildi-da, peshonasi tirishgancha qizishib dedi:
– Baribir she’rni hozirgi manaman degan shoirlardan qotirib qo‘yaman, desam bo‘ladi.
Shunday der ekan, o‘zining bolalarcha soddaligidan uyalib ketdi. Hozirgina Xeykiti uning asarlarini baland pardalarda maqtaganida unchalar quvonmagandi. Endi bo‘lsa, uni she’r yozishga nomunosibga chiqarib o‘tirishibdi. Batamom teskari! O‘zini tutib olganini darhol anglab Bakin shoshib-pishib badaniga tog‘oradan suv ag‘darar, shu bilan xijolatini yashirmoqchi bo‘lardi.
– Albatta-da. Aks holda siz “Sakkiz olapar”dek durdonani yaratgan bo‘larmidingiz. Maqtanishga yo‘ymangu, men sezgir, ziyrak odamman.
Xeykiti yana qah-qah urib kuldi. G‘ilay yaqin atrofda ko‘rinmas, tupugini suv oqizib ketgandi. Xeykitining gaplari uni yanayam xijolatga soldi.
– Siz bilan suhbatga berilib ketibman. Borib hovuzga bir sho‘ng‘ib kelay.
Bakinni tushunib bo‘lmaydigan xijolat hissi tark etmayotgandi. Muxlisidan chekingani o‘ziga alam qilib joyidan qo‘zg‘aldi. Xeykitiga esa, ko‘rinib turibdiki, Bakinning so‘zlari unga – iste’dodining chin muxlisiga yanada ko‘proq kuch, ishonch bag‘ishladi.
– Xo‘p bo‘lmasa, Sensey, yaqin o‘rtada albatta bir she’r yozasiz deb ishonaman. Kelishdikmi? Yodingizdan chiqmasin-a! Endi bo‘lsa bu mavzuga qaytmaylik. Bilaman, siz o‘ta band odamsiz, lekin yo‘lingiz tushganda, biz tomonlarga marhamat qilsangiz. Ijozatingiz bilan siznikiga kirib o‘tarman! – Bakinning orqasidan baqirdi Xeykiti. Uning bir ko‘zi to‘siq tomon borayotgan Bakinda edi, sochig‘ini yana bir marta yuvib siqdi, keyin Kyokutey-Sensey bilan uchrashganini xotiniga qay yo‘sinda aytishini o‘ylay ketdi.

IV

To‘siqning narigi tarafi nimqorong‘i edi. Suvdan ko‘tarilayotgan bug‘ tumandan ham quyuq edi. Ko‘zi xira Bakin cho‘milayotganlarga zo‘r berib tikildi. Bir amallab hovuzga bordi, xoliroq burchakka o‘rnashib oldi-da, tirishgan tanasini suvga botirdi.
Bu safar suv avvalgidan iliqroq edi. Bakinning tanasidan tortib oyoq panjalarigacha gupillab issiq urdi. Chuqur nafas oldi-da, hovuzni sekin ko‘zdan kechira boshladi. G‘ira-shirada cho‘milayotganlarning boshlari elas-elas ko‘rinardi. Ular yettita, balki sakkizta bo‘lib, xirgoyi qilar, gaplashar edi. To‘siq orasidan tushib turayotgan xira yorug‘ suvda aks etardi. “Jamoat hammomi”ning ko‘ngilni aynituvchi hidi dimoqqa urardi.
Bakin ko‘pdan buyon uchqur-totli orzularga berilishni xush ko‘rardi. Mana, hozir ham, issiqdan lanj, xayolida bo‘lg‘usi kitobi manzaralari jonlandi.
…Quyosh nurini o‘tkazmaydigan qalin soyabonli paluba. Dengizga qorong‘ilik cho‘kyapti. Shamol ko‘tariladi. Kema bortiga kelib urilgan to‘lqinning bo‘g‘iq ovozi kuvdagi moy pishishini eslatadi. Dengizchilardan biri noxush narsani sezganday, xavotirlanib bort tashqarisiga qaraydi. Dengiz tumaniga chulg‘angan zim-ziyo osmonda o‘roqsimon oy qizarib ko‘rinadi. Mana…
Shu payt Bakinning xayolini band etgan manzara birdan g‘oyib bo‘ldi. Shundoq yonginasida kimdir uning asarlarini baland ovozda yomonlayotgani qulog‘iga chalindi. Bakin hovuzdan chiqmoqchi bo‘ldi, lekin niyatidan qaytdi va vujudi quloqqa aylanib, tinglashda davom etdi.
– Endilikda Bakinni “Kyokutey ustasi”, “adabiyot qasri fidoyisi”, anov-manov deb ko‘klarga ko‘tarib maqtashmoqda. Uning yozganlari boshqa asarlarning nusxasi, xolos. “Sakkiz olapar” nari-beri to‘qib bichilgan “Daryo qo‘ltig‘i”dan boshqa narsa emas. Buni hisobga olmaganda, “Sakkiz olapar”da pichoqqa ilingudek narsa topsa bo‘ladi, albatta. Lekin xitoylikning asari ancha oldin yozilgan. Bakinning xizmati faqat shundaki, u asl nusxani o‘qishga fursat topgan. Uning kitoblari Kyodenni hadeb takrorlash ekanini aytsangiz-chi. Beixtiyor jahling chiqadi, nafratlanib ketasan!
Bakin g‘iybat kelayotgan tomonga bir qarab qo‘ydi. Qalin bug‘lar orqasida javrayotgan odamni ko‘rish qiyin edi, lekin, harqalay, “ooityo” turmakli g‘ilay bo‘lishi kerak. Aftidan, u hozirgina Xeykitining “Sakkiz olapar”ni osmonga ko‘tarib maqtaganidan g‘azablangan, endi butun zahrini Bakinga to‘kib-sochmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi.
– Bakin nimaiki yozmasin, bari faqat tirishqoqlik natijasi. Uning qalbida hech vaqo yo‘q, bo‘lsa ham faqat Chor kitob va Besh kitobga sharhlar, xolos, ularni esa qavm maktabi o‘qituvchisi ham aytsa bo‘ladi. U hozirgi zamon hayotini mutlaqo bilmaydi, buni shundan ham ko‘rsa bo‘ladiki, o‘tgan zamonlardan hikoya qilmagan birorta ham asari yo‘q. U “Osome va Xisamatsu”dek sodda, aniq yozolmaydi, unga “Etti kuzgi ko‘kat yoxud Xisamatsu va Osome muhabbati tarixi” deb yozish ma’qul. Bunday misollarni, “buyuk” Bakinchasiga ifodalaydigan bo‘lsak, istagancha topish mumkin.
O‘z afzalligimizni his etish ba’zida g‘azab-nafratingni to‘liq sinashimizga imkon bermaydi. G‘iybat bandasining zaharolud so‘zlari Bakinga qattiq botsa-da, negadir ko‘nglida unga nisbatan nafrat tug‘ilmadi. Faqat dilozorga alamini to‘kib solmoqchi bo‘ldi-yu, bunday qilishni, ehtimol, yoshiga munosib deb bilmadi.
– Ikku va Sambani oling – mana chinakam zo‘r yozuvchilar. Ularning asarlarida jonli, haqiqiy odamlarni ko‘rasiz. Bu sizga qo‘l ichida ustomonligu jinday bilim bilan bo‘ladigan qalbaki bitiklar emas. Ular shunisi bilan Saryuken Indzya qabilidagilardan farq qiladi.
Kitoblarini yerga urish yoqimsizgina emas, ko‘p jihatdan xavfli ham ekanligini Bakin ko‘rgan, boshidan o‘tkazgan edi. Gap bu haqoratni ko‘tarishdan qo‘rqish, tushkunlikka tushishdagina emasdi. Aksincha, zo‘r tanqid tig‘i tagida qolish bundan keyingi ijodiy o‘y-rejalariga aks ta’sir o‘tkazishi mumkinligini tushunardi va natijada rasvoi jahon asar yuzaga kelishidan qo‘rqardi. Ijodiy kuch-g‘ayratga to‘la yozuvchining, agar u zamonasoz bo‘lmasa, bunday xavf-xatarga duch kelishi ehtimoli oddiy hol. Mana shuning uchun ham Bakin har qanday holatda o‘z asarlari haqidagi tanqidiy fikrlarni o‘qimaslikka harakat qilardi, garchand ba’zan ular bilan tanishishga mayli bo‘lsa ham. Va hozir baribir hovuzda qolish va achchiq-tiziq gaplarni eshitishga qaror qilishi bir chekkasi o‘sha eski vasvasa natijasi edi. Buni tushungan Bakin suvdan chiqishga shoshilmaganligini betamizlikka yo‘ydi, g‘ilayning g‘azabnok qichqirig‘iga e’tibor bermasdan shiddat bilan to‘siq orqasiga o‘tdi. Quyuq bug‘ sal tarqagach deraza, undan zangori osmonning bir parchasi, iliq quyosh nurlarida tovlanayotgan xurmo mevalari ko‘rindi. Bakin bochkaga yaqinlashdi-da, shoshmasdan ustidan suv quydi.
– Nima desangiz deng, Bakin qip-qizil yolg‘onchi. Yapon Lo Guan-chju bo‘lib nom chiqarishning yo‘lini topganini aytmaysizmi? – Hamon qahrga minib javrardi g‘ilay, Bakinni haliyam yaqin atrofda bo‘lsa kerak deb o‘ylab, tavqi la’natiga uchragan yozuvchining to‘siq ortiga o‘tib ketganidan esa bexabar edi.
V

Bakin hammomdan dili xira bo‘lib chiqdi: g‘ilayning so‘kinishlari mo‘ljalga tekkan, murodi hosil bo‘lgan edi. Kuzgi quyosh nurlari yoritib turgan Edo ko‘chasi bo‘ylab ketarkan, Bakin hammomda eshitganlarini sinchiklab o‘ylab ko‘rish, tanqidiy tahlil qilishga urindi. G‘ilayning tirg‘alishlari, qay tomondan qaramang, bema’ni tuturiqsizligi, zarracha ahamiyatga ega emasligini u hozir ham isbotlab berishi mumkin edi. Shunday bo‘lsa ham to‘satdan buzilgan kayfiyatini o‘nglash qiyin kechayotgandi. U ko‘chaning ikki tarafidagi uylarga g‘amgin nazar tashlab borardi. Bu uylarda yashovchilarning Bakin bilan bir pullik ishi yo‘q, o‘zlarining kundalik yumushlari, tirikchiliklari bilan band edi. “Barcha viloyatlarning eng yaxshi tamakisi”, sariq yozuvli tojdor “Haqiqiy samshit”, naqshinkor fonar – “Taxtiravonlar”, bayrog‘iga fil tayoqchasi va yozuvi tushirilgan “Rom ochish” – qandaydir bema’ni bo‘lib tuyulgan qatorlarga zarracha e’tibor bermay o‘tib borardi.
“Hazar qilgulik bunday tahqir-haqoratlar nega menga tinchlik bermayapti? – o‘ziga o‘zi savol berardi Bakin. – Eng avvalo, g‘ilayning, qanday sababi bo‘lmasin, menga xusumat saqlashi yoqimsiz, bunga hech narsa deb bo‘lmaydi…”
Shunday fikrga kelar ekan, irodasizligidan uyalib ketdi. Bir jihatdan to‘g‘ri ham. Dunyoda u kabi o‘zini baland chog‘laydigan, tegmanozik odamlar kam. Bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlikka oid bir-birini istisno qiluvchi holatlar, bir-biriga zid oqibatlar aslida bir sababga borib taqalishi, asabga bog‘liqligini Bakin allaqachon payqagan edi. “Lekin meni qiynaydigan yana bir holat bor, – fikrlashda davom etdi Bakin. – Gap shundaki, bu g‘ilayga kerakli zarba berolmadim. Bu narsaga hushim yo‘q. Shu sabab qimor o‘yinlarini yoqtirmayman”.
Ammo-lekin shu topda fikr-o‘ylarida kutilmagan o‘zgarish ro‘y berdi. Buni mahkam qisilgan jag‘larining ochilishiga qarab taxmin qilsa bo‘lardi.
“Nihoyat, hech shubhasiz, ayni shu g‘ilay raqibim bo‘lganligi meni xafa qiladi. Uning o‘rnida biror munosib odam bo‘lganda gina-kuduratimni yenggan va unga boplab kerakli zarba bergan bo‘lardim. Bunaqa g‘ilayga o‘xshash raqibga duch kelganingda boshi berk ko‘chaga kirib qolarkansan”. Bakin achchiq kulimsiragancha nigohini osmonga qaratdi. Tepadan quyosh nurlariga qo‘shilib kutilmaganda kalxatning qattiq chinqirig‘i qulog‘iga urildi-da, birdan yuragi yengil tortganini his etdi.
“Qiyshiq meni qanchalik yomonotliq qilmasin, – o‘yladi Bakin, – u erishgan eng katta natija meni xafa qilgani bo‘ldi. Kalxat jon achchig‘ida qancha chinqirmasin, quyosh yo‘lini to‘solmaydi. “Sakkiz olapar”imni albatta oxiriga yetkazaman. Shunda Yaponiya hali-veri o‘xshashi bo‘lmaydigan romanni o‘qiydi”. O‘ziga ishonchi ortgan adib egri-bugri tor so‘qmoq bo‘ylab sekin uyiga yo‘l oldi.

VI

Uyiga kirayotib Bakin nimqorong‘i dahliz burchagida chigal bog‘ichli shippakka ko‘zi tushdi va xotirasida egasining dumaloq yuzi jonlandi, xayolidan bu chaqirilmagan mehmon vaqtimni oladi-yov degan noxush fikr o‘tdi.
– Ertalabki vaqtga alvido, – deya o‘ziga o‘zi gapirinib dahlizga kirarkan, xizmatkor Sugi shoshib kutib oldi. Xo‘jayinga ehtirom-la tavoze qilarkan, tiz cho‘kkan ko‘yi, unga nigoh tashladi.
– Janob Idzumi sizni kutib turibdi.
Ko‘z qirini tashlab Bakin ho‘l sochiqni uzatdi. Kabinetga kirishni xushlamay so‘radi:
– O-Xyaku qani?
– Ibodatxonaga ketdi.
– O-Miti bilanmi?
– Ha, chaqaloqni ham o‘zlari bilan olib ketdi.
– O‘g‘lim qayerda?
– U janob Yamamato huzuriga boradigan bo‘ldi.
Uyda yaqinlaridan hech kim yo‘q edi. Bakin birdan umidsizlikka o‘xshash bir holatga tushdi. Dahlizga yaqin bo‘lgan kabineti derazasini keng ochib qo‘ydi. Xona o‘rtasida yaltiroq yuzli takabbur odam ingichka kumush trubkada tamaki chekib o‘tirardi. Litografiya yopishtirilgan pardani, to‘q qizil rangli kuzgi klyon va sariq xrizantema tasviri tushirilgan bir juft osig‘liq kakemononi hisobga olmaganda, kabinetda tuzukroq jihozning o‘zi yo‘q edi. Devor bo‘ylagan javonda ellik chog‘li ko‘pni ko‘rgan kitob qalashib turardi. Sedzi chizilgan qog‘ozlari, aftidan, o‘tgan qishdan beri o‘zgartirilmagan ko‘rinardi. Bir necha joyi yirtilib ketgan, yorug‘ sathida yiqilib tushgan banan daraxtining katta soyasi tebranib turardi…
Mehmonning bashang kiyimi kabinet jihozlariga mos tushmasdi.
– O, sensey, mana o‘zingiz ham kelib qoldingiz, – fusuma kengaygan zahoti mehmon boshini eggancha mehribonlik bilan so‘z qotdi. U noshir Idzumi Itibey bo‘lib, Bakinning “Szin, Pin, Mey” kitobini bosmaga tayyorlagan edi, keyinchalik bu asar ham “Sakkiz olapar”dek ma’lum va mashhur bo‘lgandi.
– Siz meni ancha kutib qolgan ko‘rinasiz. Bugun, odatimga qarshi, ertalabdan hammomga borgan edim, – dedi Bakin beixtiyor xo‘mraygancha, lekin odob qoidasiga ko‘ra mehmonning qarshisiga kelib o‘tirdi.
– O, hammomga dedingizmi? Qandoq yaxshi! – tantanavor xitob qildi Itibey unga o‘xshab. Arzimasdek tuyuladigan narsaga ham zavqi keladigan, yo zavqi kelgandek ko‘rsatadigan bunday ustomon odamlar kam uchraydi.
Bakin shoshilmay trubkasini o‘t oldirdi va kutganidek, suhbatni ish mavzusiga burdi. Idzumining serzavqligi unga erish tuyulayotgandi.
– Meni yo‘qlagan ekansiz?
– Yangi kitob yozishingizni iltimos qilgani keldim, – tilyog‘lamalik bilan dedi Itibey trubkasini silagancha. Bu odamning g‘alati fe’li bor edi: ko‘p hollarda xatti-harakatlari ichki istak-mayliga mos tushmas, hatto qarshi kelar edi. Maqsadida sobit, qat’iyatli bo‘lsa-da, mayin, silliq tovush bilan so‘zlardi. Va bu tovush Bakinni sergak torttirdi, qovog‘i uyuldi.
– Agar gap yangi kitob haqida bo‘lsa, kelib bekorga ovora bo‘libsiz.
– Yo‘g‘-e. Biron kor-hol yuz berdimi?
– Gap bundamas. Boshlab qo‘ygan kitobimni bu yil tugatishim kerak, shu bois yangisiga qo‘lim tegmasa kerak.
– Albatta, albatta. Bilaman, siz juda band odamsiz, – dedi Itibey trubkasini chertib. Birdan bu narsa o‘ziga xos ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldiyu, hozirgina bo‘lib o‘tgan suhbatni butunlay unutib, shu onning o‘zida Nedzuma Kodzo Dzirodayu haqida gapira ketdi.

VII

Nedzumi Kodzo Dzirodayu mashhur qaroqchi bo‘lib, uning ovozasi uzoq-uzoqlarga ketgandi. O‘sha, ustida gap borgan yilning beshinchi oyida uni tutishdi, sakkizinchi oyning boshida kallasini turma darvozasi oldida barchaga ko‘z-ko‘z qilib osib qo‘yishdi. Jinoyatchi faqat knyazlarni bosar, tortib olingan pullarni kambag‘al-qashshoqlarga tarqatar, shu bois nomiga Oliyjanob sifatini qo‘shib atashar, odamlar uni ehtirom bilan tilga olar edi.
– Sensey, aytishlaricha, u yetmish olti knyazlik yer-mulkini bosgan ekan. Aql bovar qilmaydi. Shuning uchun ham qaroqchi-da. Oddiy odamning qo‘lidan keladigan ish emas bu.
Bakin suhbatga qiziqib ketganini sezmay qoldi. Gap-so‘zlarining avzoyidan xush-xursandligi sezilib turardi. Axir, u yozuvchini material bilan ta’minlab turibdi-da. Bu, albatta, Bakinning g‘ashini keltirmay qolmasdi. Shunday bo‘lsa-da, u suhbatga kirishib ketdi. Bakindek san’atkor chinakam iste’dod sohibini bunday voqea-hodisalar bilan osongina qiziqtirib qo‘yish mumkin edi.
– Chindan ham, mashhur shaxs. U haqda ko‘p eshitganim bor, lekin bunchaligini o‘ylamagan ekanman.
– U qaroqchi sifatida o‘z ishining piri edi. Aytishlaricha, u bir vaqtlar Tajima viloyati hokimi janob Arao davrida kuzatib yuruvchimi, yana nimayam bo‘lib xizmat qilgan, knyazlar qo‘rg‘onini, mulkini besh qo‘lday bilarkan. Qatl oldidan uni shahar ko‘chalaridan olib o‘tishganda, ko‘rganlarning aytishicha, kelishgan, norg‘ul yigit bo‘lgan ekan. O‘sha kuni egnida qog‘oz krepdan ko‘k kimono, tagida ham oq shoyidan tikilgan yana bir kimono bor ekan. Bularning bari haqida, juda bo‘lmasa, hozirgi kitobingizda yozish mumkin bo‘lardi.
Bakin nimadir deb g‘o‘ldiragan bo‘ldi va yana chekdi. Lekin Itibey mavhum javob bilan qanoatlanadiganlar xilidan emasdi.
– Xush, nima deysiz? Balki “Szin, Pin, Mey”ga Dzirodayu haqida bir lavha qo‘shish mumkindir. Tushunaman, siz bandsiz, shunday bo‘lsa ham roziligingizni kutardim.
Shunday qilib, Nedzumi Kodzo haqidagi gap suhbatdoshlarni boshlang‘ich mavzuga qaytardi. Idzumi yana Bakinni yangi narsa yozishga ko‘ndirishga tushdi. Lekin Bakin Idzumini yaxshi bilgani bois rozi bo‘lmasdi. Oxiri toqati toq bo‘ldi, kayfiyati buzildi. Itibey qo‘ygan tuzoqqa ilingani uchun o‘zidan xafa bo‘ldi va trubkani erinib tortarkan, o‘z dalil-vajlarini batafsil asoslashga tushdi.
– Axir, men o‘zimni qiynab, kuchanib yozadigan bo‘lsam, yaxshi narsa chiqmaydi. Bu siz uchun ham foydali bo‘lmaydi, negaki kitobni sotishingiz kerak. Keling, shu ishni qo‘yaylik, ikkimizga ham yaxshi bo‘ladi.
– Shundaydir-ku, lekin yana bir harakat qilishingizni so‘rashga jur’at etaman. Rozimisiz?
Shunday der ekan, Idzumi ko‘zlari bilan Bakinning yuzini silaganday bo‘ldi (“silaganday” degani faqat Idzumiga xos alohida qarashni anglatadi) va burnidan burqsitib tutun chiqardi.
– Yo‘q, qilolmayman. Har qanday holda ham yozolmayman, tushuning, vaqtim yo‘q.
– Siz meni qiyin holatga solib qo‘yayotibsiz, – javob qaytardi Idzumi va mutlaqo kutilmaganda, avvalgiday og‘zidan nozik kumush trubkasini chiqarmay, tanish yozuvchilar haqida gap boshladi.

VIII

– Tez orada Tanexikoning yangi kitobi chiqadi, deyishyapti. Menimcha, bu har qachongidek nozik va g‘amgin bir asar bo‘ladi. Bunday narsani yaratish boshqa hech kimning qo‘lidan kelmasa kerak.
Itibeyda negadir yozuvchilarning nomini hurmat-ehtirom bildirmay, shunchaki sanab o‘tish odati bor edi. Har gal, buni eshitarkan, Bakin o‘zicha, suhbatdoshi o‘zini ham orqavoratdan shunchaki “Bakin” deb atashini xayolidan kechirdi. Tajang bo‘lib turganida bunday gapni eshitgach, g‘azabi qaynab ketar va o‘ziga-o‘zi: “Yozuvchilarga xuddi qo‘l ostida ishlaydigan shogirdlaridek qaraydigan, shunday nopisand so‘zlar aytadigan bunaqa ikkiyuzlama odam bilan sherikchilik qilib bo‘ladimi?” – derdi. Mana hozir ham Tanexiko nomini eshitgach, Bakinning qovog‘i yana uyulib ketdi. Lekin Itibey bunga zarracha e’tibor bermagan ko‘rinadi.
– Hozir biz Syunsuyni nashr etsakmikan deb o‘ylab turibmiz. Sizga-ku u yoqmaydi, lekin o‘z tirikchiligi ko‘yida yuradigan odamlarga bunday asarlar moyday yoqadi.
– Nima derdik, bo‘lishi mumkin… – Bakinning xotirasida darhol bir paytlar uchrashishga to‘g‘ri kelgan Syunsuyning tovoqday basharasi jonlandi.
Qachonlardir, ancha oldin, go‘yoki Syunsuy o‘z ijodi xususida: “Men hecham yozuvchi emasman. Nihoyati ommaning xohish-istagiga ko‘ra ishqiy kitoblar yozib kun ko‘radigan odamman”, – deganini eshitgandi. Turgan gapki, Bakin yozuvchi bo‘lmasa ham yozuvchi ataladigan kazzobdan nafratlanardi. Baribir, hamonki, Itibey betakalluflarcha nomini sanaganini eshitar ekan, g‘ijinganini yashira olmadi.
– Nima desangiz ham, – so‘zida davom etdi Itibey, – u ishqiy asarlar yozishga ustasi farang. Buning ustiga o‘ta sermahsul deb nom chiqargan. – Shunday der ekan, bir zum Bakinning yuziga qaradi va darhol nigohini undan olib, kumush trubkasiga qadadi. Bir lahzada uning basharasida yoqimsiz ifoda zuhur etdi. Harqalay, Bakinga shunday tuyuldi.
– Ammo-lekin, agar bir narsa haqida hadeb yozaversa, ikkinchi, uchinchi galdan keyin qalam o‘z-o‘zidan yo‘rg‘alab ketaveradi, uni qog‘ozdan uzib bo‘lmay qoladi. Aytganday, Sensey, siz ham tez yozasizmi?
Bakin ushbu savoldan tahqirni, hatto tahdidni sezganday bo‘ldi. Syunsey yoxud Tanexiko bilan tenglatishning o‘zi izzattalab Bakin uchun yoqimsiz edi. Buning ustiga u sekin yozar, bu o‘zining yaroqsizligidan dalolat ekanligini ko‘rib ma’yus tortardi. Ikkinchi tomondan, u ba’zan, aksincha, uyqu fazilatini qadrlashga moyillik ko‘rsatar, buni yozuvchilik vijdonining o‘lchovi deb hisoblardi. Nima bo‘lganda ham, bu masalaga boshqalarning chetdan aralashuviga sirayam yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Nigohini tuynukdagi klenning qirmizi, xrizantemaning sariq gullariga qaratib, nafas chiqarganday dedi:
– Har xil. Ba’zida tez, ba’zida esa sekin yoziladi.
– Ha, ha, albatta. – Itibey suhbat davomida uchinchi marta g‘oyat xursand bo‘ldi. Lekin hozir ham birgina xushxandonlik bilan cheklanib bo‘lmasligi ravshan edi. Darhaqiqat, Itibey tag‘in hujumga o‘tdi. – Shunday qilib, ko‘p bor takrorlaganim kitobni yozishga kirisharsiz balki? Sizning o‘rningizda Syunsey bo‘lganida…
– Biz janob Syunsey bilan boshqa-boshqa odamlarmiz. – Jahli chiqqanda Bakinning pastki labi chetga qarab qiyshayib ketardi, hozir ham shunday bo‘ldi. – Meni afv etsangiz… Sugi, Sugi! Janob Idzumening shippagini to‘g‘rilab qo‘ydingmi?

IX

Itibeyni kuzatgach, Bakin ayvon ustuniga suyandi va uyi yonidagi mo‘jaz boqqa qarab, o‘zini tinchlantirishga urindi. Barglari darz ketgan banan daraxti xazonrezgi bo‘la boshlagan pavloniya bambuk va pixtaga aralashib quyosh nuri tushib turgan bog‘ning to‘rida ajib kuzgi orolcha hosil qilibdi. Yuvinadigan tog‘ora yaqinidagi nilufar deyarli gullab bo‘lgan, lekin pastak ihotaning naryog‘iga ekilgan xushbuy zaytun haliyam lazzatbaxsh hid taratar edi. Baland zangori osmondan Bakinga tanish kalxatning nay tovushini eslatadigan qichqirig‘i bir necha bor eshitildi. Bakin birdan inson hayotining nomukammalligi tabiatning ushbu manzarasiga muvofiq kelmasligini chuqur his etdi. Bu dunyoda yashayotgan odamning baxtsizligi shundaki, u dunyoning nomukammalligidan jafo chekar ekan, ayni chog‘da uning ta’sirida bemaza so‘zlar aytish, inson sha’niga isnod keltiruvchi ishlar qilishga majbur bo‘ladi.
Hozirgina Bakin Itibey Idzumini haydab yubordi, hisob. Bu harakatini oliyjanob ishlardan deb bo‘lmaydi. Lekin suhbatdoshining pastkashligi bu bema’ni harakatga majbur etdi. Qiladigan ishini qildi. Pastkashning ta’zirini beray deb pastkashlikka bordi. Boshqacha aytganda, axloqiy tubanlik qilishga majbur bo‘ldi.
Shu o‘rinda Bakinning xayoliga yaqinda bo‘lib o‘tgan shunga o‘xshash voqea keldi. O‘tgan bahorda u Sagami viloyatining Kamisinden otliq noma’lum qishloqchasidan qandaydir Nagasima Masabey degandan xat olgandi. U yigit unga shogird tushishni istayotganini yozgandi. Xatidan ma’lum bo‘lishicha, u yigirma bir yoshida kar bo‘lib qolgani, qanday qilib bu dun­yoda nom qozonishni istab o‘zini adabiyotga bag‘ishlamokchi bo‘lgani, asosan “yomixon” bitishiini, yigirma to‘rt yoshga kirgan bo‘lsa, hozirgacha shu ish bilan shug‘ullanayotganini yozgandi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, eng yaxshi kitoblari “Sakkiz olapar” va “Orollar bo‘ylab sayohat maktublari” ekan. Xatda yana olis qishloqda adabiy mahoratini oshirish qiyinligi bois uni hamxo‘rak qilib uyiga qabul qilish so‘ralgandi. U olti qismli roman yozib qo‘ygani, agar Bakin ko‘rib chiqsa, vaqti soati bilan nashr qilish mumkinligini ham qo‘shimcha qilgandi… Xatning umumiy mazmuni shunday edi. Albatta, bu iltimoslarning bari ham dadil, ham qo‘poldek bo‘lib tuyuldi Bakinga. Lekin bu odamning garangligi ko‘zi xira tortgan Bakinda hamdardlik hissi uyg‘otmasligi mumkin emasdi. Va u javob xati yozib, qanchalik achinmasin, bu istakni bajarish qiyinligini qo‘lidan kelgan darajada nazokat bilan tushuntirgan edi. Ko‘p o‘tmay Nagasimadan ikkinchi xat keldi, u boshdan oyoq achchiq ta’na-dashnomlardan iborat edi. “Men, – deyilardi xatda, – Sizning uquvsizlik bilan yozilgan, keragidan ortiq uzun xatingizni sabr-toqat bilan o‘qib chiqdim. Mening bor-yo‘g‘i olti qismdan iborat qo‘lyozmamni o‘qishni xohlamabsiz. Bu sizning pastkashligingizdan dalolat beradi…” Shunday boshlangan xat quyidagi jumla bilan yakunlangan edi: “Uyingizga yosh ukangizni qabul qilishni rad etganingiz qabihlik va sharmandalikdir!”
G‘azab otiga mingan Bakinning o‘sha zahotiyoq yo‘llagan javob xatida shunday so‘zlar bor edi: “Kitoblarim o‘quvchilari orasida sizday makkor va ikkiyuzlama yigit borligini o‘zim uchun katta haqorat deb bilaman”.
O‘shandan beri Nagasimadan hech bir xat-xabar bo‘lmadi. U hamon o‘z romanini yasash bilan band, chamasi. Va hali ham qachonlardir butun Yaponiya ahli kitobimni o‘qiydi degan umid bilan o‘zini ovutayotgan bo‘lsa ajabmas.
Bu xotiralarga berilarkan, Bakin qo‘sh azobda – Nagasime Masabeyga shafqatsizlik qilganidan va o‘ziga ham shunday munosabat qilinganidan o‘rtanardi. Birdan ifoda etib bo‘lmas g‘am-g‘ussaga botdi.
Loqayd quyosh nurlari xushbo‘y zaytun barglari ichra sokin suzib yurardi. Banan daraxti va pavloniyaning birorta yaprog‘i qilt etmasdi. Hatto kalxatning chinqirig‘i ham avvalgiday tiniq edi. Tabiat va inson hayoti… Agar o‘n daqiqadan keyin xizmatkor Sugi paydo bo‘lib, tushlik tayyorligini aytmaganda, Bakin ayvon ustuniga suyanganicha qancha o‘y surishi noma’lum edi.

X

Bakin yolg‘iz ovqatlanib, nihoyat, kabinetiga o‘tdi. U haliyam g‘amgin edi. Yuragining chigilini yozmoq uchun bir necha kundan keyin ilk marta “Daryo qo‘ltig‘i”ni qo‘lga oldi. Tusmollab, duch kelgan sahifani ochdi. Lin Chun izg‘irinli tunda “Tog‘ ruhi” ibodatxonasida yashirinib, yem-xashak omborining yonayotganini tomosha qilayotgan ekan. Ushbu ta’sirli voqea tasvirini har qachongidek qiziqib o‘qiy boshladi. Lekin bir necha sahifadan keyin kutilmaganda allaqanday xavotirga tushdi.
Uydagilar hali ibodatdan qaytishmagan, uy jimjit edi. U dilidagi g‘amni quvish uchun istar-istamas chekkan bo‘ldi, kitob tutgancha anchadan beri tinchlik bermayotgan masalani o‘ylashga tushdi. Bu ikki odam – yuksak axloqli nasihatgo‘y va san’at shaydosi – musavvir o‘rtasidagi murakkab, chigal munosabatlar haqidagi masala edi. Bakin “Oldingi hukmdorlar yo‘li”ning to‘g‘ri, haqiqiyligiga hech qachon shubha qilmagandi. Asarlari ham, o‘zi aytganiday, san’atda “oldingi hukmdorlar yo‘li”ning ayni ifodasi edi. Shunday qilib bu yerda hech qanday ziddiyat yo‘qday edi. Ammo masala shunda ediki, san’at uchun nima muhimroq: “oldingi hukmdorlar yo‘li”mi yoki o‘z hissiyoti, fikr-o‘ylarimi?
Nasihatgo‘y Bakin birinchisini muhim deb hisoblasa, san’atkor Bakin, tabiiyki, ikkinchisini avloroq deb bilardi. Yengil-elpi murosa uchun bu ziddiyatni bartaraf etishdan osoni yo‘q, albatta. Haqiqatan ham, u ko‘p hollarda san’atga ikki xil munosabatini uyg‘unlik, muvofiqlik haqidagi mavhum mulohazalar bilan yashirishga urinardi. Lekin boshqalarni chalg‘itgani bilan inson o‘zini o‘zi aldolmas ekan. U “gesaku” adabiyotini chin san’at deb hisoblamas, uni “yaxshilikni tasdiqlash, illatni qoralash ” quroli deb atar, lekin ilhomi jo‘sh urib, zavqi qaynab ketgan chog‘larda birdan bezovta bo‘la boshlar, bo‘shashib, avvalgi ishonchini yo‘qotib qo‘yardi. “Daryo qo‘ltig‘i” kayfiyatiga mutlaqo kutilmagan holda ta’sir etishiga shu sabab edi.
Mana hozir ham Bakinni g‘alati hadik chulg‘ab oldi. U hali uyga qaytmagan oila a’zolarini o‘ylab ketdi. Lekin asosiy g‘am-tashvishlari sababi – “Daryo qo‘ltig‘i” ro‘parasida yotar, u boshqa hech narsa haqida o‘ylay olmasdi. Baxtiga, ko‘p o‘tmay huzuriga Vatanabe Kadzan kirib keldi. Ular anchadan beri ko‘rishmagan edilar. Odatdagidek po‘rim ki­yinib olgan, qo‘ltig‘ida binafsharang ro‘molchaga o‘ralgan nimadir bor edi. Chamasi, Bakinga kitoblarini qaytargani kelgan. Yozuvchi qadrdon do‘stini ko‘rib quvondi va qarshi olishga oshiqdi.
– Sizni ko‘rgani va minnatdor bo‘lib kitoblaringizni qaytargani keldim, – dedi, kutilganidek, Kadzan kabinetga o‘tarkan. Bakin mehmonining qo‘lida tugundan tashqari yana o‘rog‘liq qog‘oz ham ko‘rdi.
– Agar bo‘sh bo‘lsangiz, ko‘rib qo‘ysangiz degandim.
– O, qani ko‘raylik-chi!
Kadzan hayajonini tabassumi bilan yashirishga urinib, qog‘oz orasidan ipak matoh oldi-da, Bakinning oldida yoydi. Suvratda bir necha ma’­yus yalang‘och daraxt va qo‘l ushlashib bahuzur suhbatlashayotgan ikki erkak tasvirlangan edi. Daraxtlar ostiga sariq barglar to‘shalgan. Shoxlarga qarg‘alar qo‘ngan. Manzaradan kuzgi salqinlik ufurib turgandek edi. Vazmin, odmi tusli tasvirni ko‘rib, Bakin quvonganidan ko‘zlari yoshlanib ketdi.
– Qanday ajoyib-a! Barakalla.

XI

– Bu ishimni kechagina tugatdim. Yaxshi chiqqanday tuyuldi o‘zimga, shu bois uni ijozatingiz bilan, sizga taqdim etishga jur’at qildim, – xursand holda dedi rassom sip-silliq iyagini silab.
– Katta rahmat. Faqat meni xijolatga qo‘ydingiz, kutilmagan sovg‘a bilan, – ming‘irladi Bakin asardan ko‘zini uzmay. Shu lahzada nimagadir hali nihoyasiga yetmagan asari yodiga tushdi. Lekin Kadzan Kadzan-da: o‘y-xayoli suratlarda edi.
– Har safar qadimgi ulug‘lar asarlariga nigoh tashlaganimda, ular qanday qilib zo‘r, nodir asar yaratishning uddasidan chiqishgan, degan savol beraman o‘zimga. Ularning suratlarida hamma narsa chin, mukammal: daraxtlar ham, odamlar ham. Boz ustiga, ularda san’atkorning qalbi yashaydi. Mana shu narsa haqiqiy san’at bo‘lsa kerak. Qadimgi ustalar oldida men o‘zimni noqobil boladan ham nochorroq his qilaman.
– Qadimgilar “kelajak avloddan cho‘chimoq kerak” deb bekorga aytishmagan, – hazillashgan bo‘ldi Bakin suratlar olamiga butunlay g‘arq bo‘lgan Kadzanga havas bilan tikilib.
– Lekin biz, kelgusi avlod ham cho‘chiymiz, shu bois, o‘tmish bilan kelajak orasida arosatda qimirlay olmaymiz, faqat orqamizdan turtishsa, qo‘zg‘alamiz. Aslida faqat biz emas, qadimda ham shunday bo‘lgan, bizdan keyin kelganlarda ham shunday bo‘ladi, chog‘i. Olg‘a yurilmasa, yiqilib qolish mumkin. Eng muhimi, bir qadam bo‘lsa ham ilgari siljish.
– Siz haqsiz, eng muhimi shu, – mehmon va mezbon bir muddat jim qolishdi, ikkisi ham kuz xayollariga g‘arq edi. Kadzan suhbat mavzusini o‘zgartirdi: – “Sakkiz olapari”ngiz qalay? Ish avvalgiday jadal ketyaptimi?
– Qayoqda deysiz! Qaytaga, aksincha. Bu borada qadimgilarga tenglashish mushkul ekan.
– Nima ham derdik. Bu gapni eshitish noxush.
– Ishoning, bu o‘zimni hammadan ham ko‘proq ranjityapti. Nima qilaylik, baribir kuch-quvvat borida ishlash kerak. O‘lsam-o‘lamanki, “Sakkiz olapar”ni tugatmay qo‘ymayman deb qaror qildim. – Bakin alamli tirjaydi. – Ba’zida uyalib qolasan: kitobning vazifasi – o‘quvchini ovutish, ko‘nglini olish-ku, axir, shunday bo‘lsa ham o‘zing bilan kelisholmaysan.
– Mening suratlarimda ham shunday bo‘ladi. Hamonki shu hunarni tanlabmanmi, bu yo‘ldan oxirigacha ketaman.
– Demak, ahdimiz qat’iy: jangda o‘lsak, birga o‘lamiz.
Ikkovi ham qah-qah urib kulib yubordi, lekin bu kulgida o‘zlarigagina ayon alam bor edi. Ayni chog‘da bu alam ularni to‘lqinlantirib yubordi.
– Baribir men siz, rassomlarga havas qilaman. Sizlar, hech bo‘lmaganda ta’qib-tazyiqlardan qutulgansiz, shuning o‘zi ulug‘ ne’mat. – Bu safar Bakin suhbatni boshqa mavzuga burdi.

XII

– Bu to‘g‘ri, lekin tushunishimcha, sizlarda ham o‘z asarlari uchun xavfsirash bo‘lib turadimi?
– Bo‘lganda qandoq! – xitob qildi Bakin va tsenzuraning qabihligiga misollardan biri sifatida bir kuni asarining bosh qismini, qandaydir poraxo‘r amaldor haqida so‘z borgani uchun, qayta ishlashga majbur qilishganini aytib berdi.
– Politsiya nozirlari tirnoq orasidan kir izlagan sari haqiqiy basharasini ro‘y-rost ko‘rsatadi. Qiziq-da, to‘g‘rimi? Bundaylar harom luqmaga o‘rganganini salgina eslatib o‘tsang ham norozi bo‘lishadi, qayta ko‘rib, yozib chiqishni buyurishadi. Yoki ular o‘zlari tuban mayllar, shahvoniy hirslar botqog‘iga botganligi bois, ishq-muhabbat mavzusidan so‘z ochgan muallifni, asarni “buzuqlar” ro‘yxatiga tirkashadi, o‘zlarini yozuvchidan ko‘ra axloqli, farishta hisoblashadi. Chetdan qaraganda, bu juda kulgili va ayanchli, maymun ko‘zguda o‘zining asl qiyofasini ko‘rib, tishlarini g‘ijirlatganday, ular ham yaramasliklarini fosh etganda g‘azab otiga minishadi.
Bakinning bu qadar qiziqib, jo‘shib gapirishini eshitib Kadzan beixtiyor kulimsiradi.
– Ha, albatta, bunaqasi tez-tez uchrab turadi. Lekin asaringizni qayta ishlashga majbur qilishganda ham bu sizning sha’ningizni soya solmaydi. Chunki politsiya nazoratchilari nimalar deyishmasin, mukammal asar bekamu ko‘st bo‘lib qolaveradi.
– Shundaylikka shundayku-ya, ammo ba’zan o‘zboshimchalik haddan oshib ketadi. Bir safar men turmaga kiyim va ovqat olib kelishlarini yozgandim. Nima bo‘ldi deng? Shu besh yo olti satr narsa olib tashlandi. – Shunday deb Bakin Kadzanga qaradi, ikkisi ham kulimsirab qo‘yishdi.
– Ellik yil, boring yuz yil o‘tar, politsiya nazoratchilari bo‘lmaydi, sizning romaningiz esa qoladi.
– Romanimni-ku aytolmayman, lekin politsiya nazoratchilari, menimcha, hech qachon yo‘qolmasa kerak.
– Men baribir shunday deb o‘ylamayman.
– Aniqrog‘i, men aytmoqchi edimki, politsiya nazoratchilari yo‘qolgan taqdirda ham ularga o‘xshashlar hamma zamonda bo‘ladi. Kitoblarning kuydirilishi, ma’rifat fidoyilarining qatl etilishi allaqachon o‘tmishda qolib ketgan deb o‘ylash noto‘g‘ri.
– Siz keyingi paytlarda g‘am-hasratga moyil bo‘lib qolganingizni ko‘rib turibman.
– Gap menda emas, inim, hayotda politsiya nazoratchilari, bunga o‘xshaganlar kun sayin ko‘payib boryapti.
– Unday bo‘lsa tun-kun ishlab taskin olish, ovunish kerak.
– Ha, boshqa yo‘li yo‘q, shekilli.
– Agar jangda halok bo‘lishni hisobga olmasa.
Bu gal hech kim kulmadi. Aksincha, Bakin suhbatdoshiga xo‘mrayib qaradi. Kadzanning hazili o‘ta jiddiy chiqqan edi.
– Yoshlar ko‘proq tirik qolish, salomatlik haqida o‘ylashi kerak, o‘lim esa qochmaydi. – Unga Kadzanning siyosiy qarashlari ma’lum bo‘lib, bu qarashlar hozir xavf-xatar tug‘dirishi mumkin edi. Kadzan javob o‘rnida kulimsiradi, e’tiroz bildirish niyati yo‘q edi.

XIII

Kadzanni kuzatib qo‘yib, Bakin yozuv stoli tomon yo‘l oldi. U qo‘lyozmani davom ettirish zarurligini sezdi, do‘sti bilan suhbatdan keyingi hayajon, iztirob unga kuch-quvvat bag‘ishlashi kerak edi. Anchadan beri bir odatga ko‘nikkandi – ishni davom ettirishdan oldin avval yozganlarini o‘qib chiqardi. Mana hozir ham shoshilmay bir necha sahifani diqqat bilan o‘qidi, tor satrlar oralig‘idagi joylar tuzatishlarga to‘la edi.
Yozganlari uni qanoatlantirmadi. Harflar, belgilar orasida qandaydir ortiqcha, begona narsalar yashirinib yotganday, ular yaxlitlik, mutanosiblikni buzib turganday tuyuldi. Boshda taassurotni asabiylashganiga yo‘ydi. “Aftidan, hozir boshqacha kayfiyatdaman, bundan yaxshi yozib bo‘lmaydi”, o‘yladi Bakin va butun parchani qayta o‘qishga kirishdi, bu safar ham o‘sha holat: qanoatlanmaslik hissi kuchliroq edi.
Bakin birdan keksa odamlarga xos bo‘lmagan sarosimaga tushdi.
“Qani, ko‘raylik-chi, avval nima bo‘lgan ekan?” Oldingi parchaga ko‘z yugurtirib chiqdi. Ayqash-uyqash so‘zlar, satrlar bir-biri bilan zo‘raki bog‘langan, sayqal berilmagan jumlalar. Bakin yozganlarini yana va yana o‘qib chiqdi. O‘qish jarayonida ko‘z o‘ngida uquvsiz bitilgan epizodlar, betartib qalashtirib tashlangan tafsilotlar birma-bir namoyon bo‘la boshladi. Goh hech bir manzara hosil qilmaydigan peyzaj lavhalari, goh haqiqiy hayajon uyg‘otmaydigan oh-vohlar, goh mantiq hukmidan uzoq bahslar – shuncha kun davomida nima yozgan bo‘lsa, bari arzimas safsatabozlik. Yuragi uvishib ketganday bo‘ldi.
“Barini qayta ko‘rib chiqmoq kerak!” – dedi u o‘ziga o‘zi va nafrat bilan qo‘lyozmani bir chetga surib qo‘ydi, so‘ng gurs etib poyandozga cho‘kdi. Lekin nigohi hamon stolga qadalgandi. Shu stolda u “Oy o‘rog‘i”ni, “Manke davlati haqida tush”ni yozdi, so‘ngra shu stolda “Sakkiz olapar” yozildi. Stol ustida terilgan qimmatbaho siyohdon, ajdar shaklli press-pape, qurbaqa taxlit mis cho‘michcha, zangori yashil chinnidan yasalib, sher, gul tasviri tushirilgan siyohdon, shamol, changni saqlovchi to‘sqich, mo‘yqalam cho‘tkalar uchun bambukli taglik – bu buyumlarning bari uning ijodiy izlanishlari, azob-rohatlarining eski guvohlari. Hozir ularga qarab Bakin og‘ir hissiyotlar girdobida qoldi, go‘yo uning hozirgi mag‘lubiyati butun hayotidagi mehnatlariga soya solganday, ijodiy imkoniyatlarini shubha ostiga qo‘yganday. “Men bo‘lsam hamisha mamlakatimizda tengsiz buyuk asar yarataman deb umidvor bo‘lib yurgan ekanman. Barcha umidlarim o‘ziga haddan ortiq ishongan, bino qo‘ygan, o‘rtamiyona odamning puch umidlari bo‘lib chiqdi”. Bunday fikrdan keyin Bakin yurakni zirqiratadigan, chorasiz g‘am-anduh og‘ushida qoldi.
Yaponiya va Xitoyning buyuk san’atkorlariga ta’zim qilarkan, ularning qudratli iste’dodi oldida o‘zining qobiliyati qanchalik nochorligini hamisha yodda tutardi. Zamondosh yozuvchilaridan narxini past olar, manfaat bandalariga esa aksincha gerdayibroq qarar, ulardan afzalligini sezardi. O, oxir-oqibat ulardan kam joyi yo‘qligini, sharmandalarcha katta ketish asiriga aylangan kaltabin odamga aylanib qolganini tan olish juda qiyin bo‘ldi.
Halokatga uchragan kemaning cho‘kishiga darg‘a nochor qarab qolgani kabi, qiyomiga yetmagan, nochor qo‘lyozmasiga boqar ekan, Bakin vujudini qamrab olgan umidsizlik bilan asta-sekin kurasha boshladi. So‘nggi daqiqada orqadagi fusuma kengayib “Bobojon, mana men keldim!” degan xitob eshitilib, nozik qo‘lchalar bo‘ynini quchoqlamaganda, ehtimol, chorasizlik sirtmog‘idan hali-beri qutula olmagan bo‘larmidi. Nevarasi Taro xonaga chopib kirishga ulgurmay, bolalarga xos jur’at va soddadillik Bakinning tizzasiga tez chiqib oldi.
– Bobojon, bu menman!
– A-a, qaytib kelganing qanday yaxshi bo‘ldi. – Shunday der ekan, “Sakkiz olapar” muallifining ajin bosgan yuzlari quvonchdan porlab ketdi.

XIV

Oshxonadan xotini O-Xyakuning zardali, kelini O-Mittining iboli tovushi eshitildi: ayollar berilib gaplashishardi. Ora-sira past ovozli erkak qo‘shilib qolardi, demak, ular bilan birga o‘g‘li Soxaku ham kelibdi. Bobosining tizzasiga chiqib olgan Taro birdan jiddiy tortdi va go‘yo kattalarning gapini eshitayotganday shiftga tikilib qoldi. Ochiq havoda yurganidan yuzlari qizargan, burun parraklari har nafas olganda titrardi.
– Bobojon, bobojon! – kutilmaganda so‘z qotdi qizg‘ish-yashil kimono kiygan bolakay. Fikrini bir joyga to‘plashga uringani va kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tiygani uchun uning kulgichlari dam ko‘rinib, dam g‘oyib bo‘lardi.
Bakin nevarasiga boqib beixtiyor jilmaydi.
– Bobojon, sen har kuni…
– Nima har kuni?
– Ishlashing kerak.
Bakin qattiq kulib yubordi va so‘radi:
– Xo‘sh, keyin- chi?
– Keyin… nima edi… Sabr-toqatli bo‘lmog‘ing kerak.
– Ha, gap bu yoqda degin. Keyin-chi?
– Yo‘q, hali hammasi emas. – Sochlari kokil qilib o‘rilgan boshini orqasiga tashlagancha Taro sharaqlab kuldi.
Ko‘zlarini qisib, oppoq tishlarini ko‘rsatib, yuzlarida chuqurchalar paydo qilib kulishiga qarab qachonlardir, katta bo‘lganida, mana shu yuzlarida, boshqalar kabi g‘am-hasrat ifodalanishini tasavvur etish qiyin… Baxtli onlarni kechirayotgan Bakin shunday xayolga cho‘mgan edi. Va bu fikr uni yanada xushnud qildi.
– Menga yana nimalar buyurilgan?
– Ko‘p narsa.
– Qani, tezroq ayta qol.
– E-e… Sen, bobojon, hozirgidan xam buyuk bo‘lasan va shuning uchun…
– Buyuk bo‘laman? Xo‘sh, “shuning uchun”, u yog‘i-chi?
– Shuning uchun sen toqatli bo‘lishing kerak.
– Men o‘zi toqatliman, – dedi Bakin kutilmagan jiddiy ohangda.
– Yana, yanada toqatliroq bo‘lishing…
– Kimning buyrug‘i bu?..
Taro bobosining yuziga ayyorona qaradi-da, kulib yubordi:
– O‘zing top kimning buyrug‘i ekanini!
– Bugun ibodatxonaga bordinglar, menimcha, buni pop hazratlari aytgandir.
– E, yo‘q, yo‘q! – Taro qat’iy bosh irg‘adi, bobosi tizzasidan tushayotib, iyagini sal kerdi: – Aytaymi, kim buyurganini?
– Albatta, ayt-da.
– Asakusa ibodatxonasidagi Kannon-sama aytdi! – Shunday deb bolakay qattiq kuldi-da, chaqqonlik bilan go‘yo bobosining tutib olishidan cho‘chiganday qochib ketdi. Bobosini boplab laqillatganiga xursand bolakay oshxonaga yugurdi. Shu on Bakinning qalbi tantanavor va ulug‘vor bir hisdan yayrab ketdi. Lablarida baxtiyor tabassum jilvalandi. Ko‘zlari yoshlandi. Taro bu hazilni o‘zi o‘ylab topdimi yoki onasi o‘rgatdimi – uni mutlaqo qiziqtirmasdi. Shu topda nevarasi og‘zidan eshitgani chinakam mo‘jiza edi. “Ma’buda Kannon ishlashga da’vat etdi. O‘zidan ketmaslikni, yanada toqatli bo‘lishni buyurdi”.
Keksa adib ko‘zlari yoshlanib kuldi va boshini xuddi bolakaydek o‘ynatib qoldi.
XV

O‘sha kun, kechqurun. Dumaloq qog‘oz fonusning xira yorug‘ida Bakin qo‘lyozmani tuzatishga kirishdi. U ishlaganda xonaga hech kim, hatto uyidagilar ham kirmasdi. Kuzning uzun tunlarida pilikning chirsillashi va chigirtkalarning chirillashi uning xonasiga derazalari aro musiqadek kirar edi.
Bakin qalamni qo‘liga olishi bilan miyasida miltillagan uchqun yorishganini his qildi. Qalami o‘n, yigirma satr naqshlashi bilan yorug‘lik yanada kuchli, yorqin ayon bo‘la bordi. Buning nimaligini o‘z tajribasidan yaxshi bilgan Bakin qalamni o‘ta ehtiyotkorlik bilan yurgizdi. Ilhom gulxanga o‘xshash narsa, axir: qalovini topib yoqmasang, o‘chib qolishi hech gapmas…
– Shoshilma. Sabr qilib kut va yaxshilab o‘ylab ko‘r, – shipshidi Bakin shaxt bilan olg‘a intilayotgan qalamni to‘xtatishga harakat qilib. Lekin miyasidagi fikrlar, yulduz yiltillashiday, shiddat-la olg‘a intilardi. Fikr- o‘ylar lahza o‘tgan sari kuchayib, irodasiga qarshi o‘laroq, uni ergashtirib borardi.
U endi chigirtkalarning chirillashini eshitmasdi. Fonusning xira yorug‘i ortiq g‘ashiga tegmasdi. Qo‘lidagi qalam go‘yo mustaqilday alohida kuch kasb etib, qog‘oz yuzida beto‘xtov yo‘rg‘alardi. Endi u shiddat-la yozardi, kallasidagi fikr oqimi, osmondagi Somon yo‘li harakati yanglig‘ tobora shitob bilan borardi. Bu hayratangiz stixiya qo‘rqitardi: uning shiddatiga kuch-quvvati yetmay qolishidan cho‘chirdi. Qalamni qo‘lida qattiq qisgan holda buyruq berardi o‘ziga: “Yoz, kuching yetgancha yoz! Hozir yozmasang, keyin hech qachon yozolmaysan”.
Lekin oqim, yorug‘ tutun yanglig‘, shusiz ham tezligini kamaytirmasdi. Bosh aylantiradigan shiddat yo‘lida hamma narsani o‘chirib, yanchib, Bakinni siquvga oldi. Oxir-oqibat adib unga to‘la bo‘ysundi. Olamdagi hamma narsani unutib, qalamni oqim ortidan yelishga imkon berdi. Ushbu lahzalarda uning ulug‘vor qarashida narigi yoqdagi topish va yo‘qotishlar, muhabbat va nafratlar o‘z ifodasini topmoqda edi. Unda hayajondan zarracha iz qolmadi. Tanqidni ham, maqtovni ham unutdi. Unda faqat bir narsa – aql bovar qilmaydigan xursandchilik, aniqrog‘i, yuksaklik, ko‘tarinkilik barqaror edi. Bunday holatni boshidan kechirmagan odam aql-idrokning ijodiy fidoyilik bilan bog‘liq holatini tushunmaydi. San’atkor ruhining ulug‘vorligini his qilmaydi. Ayni shunday onlarda yozuvchi nigohiga hayot ochiladi. Bu hayot har qanday cho‘kindi, irkitlardan tozalangan, endi hosil bo‘lgan kristallday yarqiroq bo‘ladi…
Bu orada oshxonada, qog‘oz fonar yorug‘ida bir-biriga qarama-qarshi o‘tirib qaynona O-Xyaku va kelin O-Miti tikish bilan band edilar. Taroni uxlatishgan, chog‘i. Sal nariroqda bir amallab joylashgan nimjon Soxaku xapdori o‘rash bilan mashg‘ul edi.
– Ota hali yotmapti, – dedi O-Xyaku ignaga ip o‘tkazayotib.
– Ha, tag‘in ishga sho‘ng‘ib ketdi, menimcha – javob berdi O-Miti tikishdan boshini ko‘tarmay.
– Befarosat! Bu ishi oilamizga durust daromad keltirsa koshki edi, aks holda… – Shunday deb O-Xyaku o‘g‘li va keliniga karadi. Soxaku o‘zini eshitmaganga soldi va hech narsa demadi. O-Miti ham jim edi.
Bu yerda ham, Bakinning kabinetida ham chigirtkalarning to‘xtovsiz chirillashi eshitilib turardi.

Rus tilidan Saydi Umirov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son