Xudoyberdi Doniyorov. «O‘zbek» so‘zining kelib chiqishi (1990)

Ma’lumki, Sovet hokimiyati yillarida SSSR xalqlarining tarixini o‘rganish sohasida anchagina ishlar qilindi. Lekin bular ko‘proq ma’lum bir qolipga solingan holda olib borildi. Natijada SSSRdagi har bir xalqning o‘z tarixini chuqur o‘rganishi o‘rniga ko‘pgina chalkashliklarga yo‘l qo‘yildi. Ba’zan esa, masalan, O‘zbekistonning o‘zida ko‘proq o‘zbek xalqining tarixini emas, jahon xalqlari tarixini o‘rganishga, SSSR xalqlari tarixini o‘rganishga emas, balki asosan rus xalqi va rus davlatining tarixini o‘rganishga ko‘proq e’tibor va ahamiyat berib kelindi. O‘zbekistonning nisbatan ozroq o‘rganilayotgan tarixi ham ko‘proq o‘zimizning Sharq tarixiy manbalari asosida emas, balki asosan boshqa millat vakillarining (aniqrog‘i rus tarixchi olimlarining) aytgan fikrlari, chizib bergan chiziqlari asosida o‘rganib kelindi. To‘g‘ri, ko‘pgina rus olimlarining O‘rta Osiyo tarixini yoritishda katta xizmatlari bor. Masalan, akademik V. V. Bartoldning o‘zi bir olamga tatiydi. Atoqli olim L. Gumilevning ishlari esa turkiy xalqlarning tarixini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. V. P. Nalivkinning fidoyiligi hammaga ma’lum. Lekin so‘nggi davrda, xususan shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida, umumiy yo‘nalish, tarixni umumiy bir qolipga solib o‘rganish boshqacha tus olib ketganligini ochiq e’tirof etish lozim. Tariximizni o‘rganish sohasida juda ko‘p chalkashliklar, «oq dog‘lar» va hatto tariximizni soxtalashtirib ko‘rsatish hollari yuz bera boshladi. Ana shunday «oq dog‘lar» va chalkashliklar qatorida biz birinchi navbatda misol qilib, kamida 3,5 ming yillik shahrimiz tarixini aks ettiruvchi Afrosiyob — Alp Er To‘nga — Samarqand tarixining hozirgacha rasman o‘rganilmasdan kelinayotganligini, aslida shahar bundan ham keksaroq ekanligini (Samarqand tarixining esa faqat 2,5 ming yillik deb zo‘rama-zo‘raki tan olinganligini) eslatib o‘tmoqchimiz. Lekin bu alohida muhim va murakkab masala. Shu bois bu haqda o‘z o‘rni bilan alohida fikr yuritish niyatidamiz.

Hozircha, ushbu maqolada, ana shunday faktlardan yana biri haqida — «o‘zbek» so‘zining kelib chiqishi va qo‘llanilishi sohasidagi ayrim chalkashliklar, buzib talqin qilishlar va ularning salbiy oqibatlari haqida fikr yuritib, ba’zi mulohazalarni o‘rtaga tashlamoqchimiz.

Avvalo shu narsani aytish kerakki, «o‘zbek» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «o‘zi bek», «o‘zimizning bek», «o‘ziga mustaqil — o‘zi xon» degan ma’nolarni anglatadi, bu fikrni taniqli olim, O‘zSSR Fanlar akademiyasining muxbir

a’zosi, manbashunos Bo‘rivoy Ahmedov va boshqa tarixchilarimiz ham qayd etishgan. Xalq orasida ham bu so‘z asosan shu ma’noda qo‘llaniladi. Lekin ba’zi bir manbalarda «o‘zbek» so‘zi «engilmas — qaysar», «sher» (arslon) ma’nolarini, hatto «xudo» so‘zi bilan bog‘liq ma’nolarni anglatadi, degan fikrlar ham bor. Lekin ular ilmiy adabiyotda yetarli darajada isbot qilinmagan.

Ko‘rinadiki, «o‘zbek» so‘zining lug‘aviy ma’nosi aytarlik darajada chalkashlik va e’tirozlarga sabab bo‘lgan emas. Faqat «o‘zbek» so‘zining ayrim tarixiy davrlarda «o‘zbek» deb atalishi hodisasi uchraydiki, bu o‘rinda «o‘zbek» so‘zining lug‘aviy ma’nosi o‘zgargani yo‘q. Balki unga sharqona o‘ziga xos stilistik noziklik berib aytilgan va hatto o‘sha «baxt» yoki «xudolarga yaqinlashuvchi» degan ma’no nozikligi ham ma’lum darajada singdirib yuborilgan. Masalan, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning mazkur so‘zni «o‘zbakim» deb g‘urur va mehr bilan tilga olishini eslab ko‘ring. O‘rni kelganda shuni ham aytish kerakki, ba’zi bir g‘arazgo‘y chalamullalar so‘nggi vaqtlarda o‘zbek xalqi nomiga otila boshlangan tuhmat toshlaridan ilhomlanib, «o‘zbek» so‘zining «o‘zbek» shaklida qo‘llanilishini o‘zlaricha salbiy bo‘yoqda tushunib, har xil baland-past gaplarni tarqatishga urinmoqdalar. Chunki ularning asosiy maqsadi o‘zbek millatini ikkiga bo‘lib ko‘rsatish va ularning orasiga o‘zaro nifoq urug‘ini sepishdan iboratdir. Bu hol o‘z mohiyati e’tibori bilan ilmiy, madaniy jihatdan ham, odamiylik jihatdan ham yaroqsiz bo‘lib, g‘arazgo‘ylikdan boshqa narsa emas.

Ana shuning uchun ham u alohida munozara ob’ekti bo‘lishga arzimaydi.

«O‘zbek» so‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy chalkashliklar, buzib talqin etishlar bu so‘zning kelib chiqishini, qachondan boshlab xalq (etnos) ma’nosini anglatganligini va O‘rta Osiyoda qachondan beri qo‘llanganligini tushuntirish sohasida ko‘proq uchraydi. Aniqroq qilib aytganda, ba’zi bir tarixiy adabiyotlarda hanuzgacha «o‘zbek» nomi bilan tanilib kelgan qavmlarni go‘yo O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston territoriyasida qadimdan yashab kelmagan va madaniyatining yaratilishiga hissa qo‘shgan emas, degan gaplar aytilib kelinmoqda. Tarixga ana shunday noto‘g‘ri qarashi natijasida, ayniqsa so‘nggi vaqtlarda, o‘zbeklarga nisbatan o‘zini g‘arazgo‘y tutuvchi kishilar go‘yo o‘zbeklarning Samarqand va Buxoro shaharlarida yaratilgan mashhur yodgorliklarga hech qanday aloqasi yo‘q emish, degan (mish-mish tarzidagi) da’voni ta’magirlik bilan tarqatmoqdalar. Masalan, o‘tgan yili Butunittifoq teleko‘rsatuvining «Vzglyad» («Nigoh») programmasi vaqtida jurnalist Borovik ana shunday asossiz da’voni surbetlarcha takrorladi, lekin, afsuski, tarixchi olimlarimiz tomonidan, bilishimizcha, bunday asossiz da’volarga hanuzgacha yetarli darajada zarba berilgan emas. Shu tufayli bunday bachkana gaplar hozirgi vaqtda ham chekka-chekkalarda ora-chora davom etib kelmoqda.

Bizga tuyulishicha, tarixga bunday qarash aslida mashhur rus tarixchisi professor A. Yu. Yakubovskiyning 1941 yilda yozilgan «O‘zbek xalqining kelib chiqishi masalasiga doir» degan kitobchasidan boshlanadi. Mazkur kitobchada professor A. Yu. Yakubovskiy quyidagilarni yozgan edi:

«Biror xalqning shakllanish sharoitini uning nomlanish tarixidan farqlay bilish kerak, «O‘zbek» nomining o‘zi faqat XIV asrdagina kelib chiqqan… Ko‘chmanchi o‘zbeklar hozirgi O‘zbekistonning hamma territoriyasida bo‘lmaganida ham, har holda uning asosiy qismida turkiy tilda gaplashuvchi, ya’ni turk va turklashgan zich aholiga to‘g‘ri keldilar (va)… ushbu turkiy tilli aholiga faqat uning oxirgi qismi sifatidagina qo‘shilib unga o‘zlarining nomlarinigina berdilar, xolos».

A. Yu. Yakubovskiyning shunday qarashi, afsuski keyinchalik ko‘pgina o‘zbek tarixchi olimlari tomonidan (jumladan, akademik A. A. Asqarov va boshqalar tomonidan ham) mexanik ravishda qayta-qayta takrorlana bordi va oxir-oqibatda, yuqorida qayd qilib o‘tilganidek, hamma o‘zbeklarning Movarounnahr tarixidagi rolini umuman inkor qilishgacha yoki buzib ko‘rsatishgacha borib yetmoqda.

Aslini olganda, ma’lumki, o‘zbek millati boshqa har xil qo‘shilmalardan tashqari, asosan uchta katta turkiy xalqlar komponentidan (qismlaridan) tashkil topgan. Bular 1) qarluq —chigil komponenti (turk — barlos ham shunga qo‘shiladi), 2) qipchoq komponenti (bular qadimgi davrlardan beri «o‘zbek» nomi bilan atalib kelgan), 3) o‘g‘iz komponenti. Bular ham qisman o‘zbek nomi bilan, yoki «o‘g‘uz» «xorazmlik», «urganchi» degan nomlar bilan atalib kelingan. O‘zbek millatining bu komponentlari ayniqsa turkolog-tilshunos olimlarning ishlarida kayta-qayta e’tirof qilingan va yoritib kelingan. Eski o‘zbek adabiy tilining shakllanishidan tortib butun taraqqiyoti davomida bu komponentlarning xdr biri sezilarli darajada qissa qo‘shgan.

Karluq-chigil komponenti bilan o‘g‘iz komponentining hozirgi O‘zbekiston territoriyasida qadimgi davrlardan beri yashab kelayotganligi haqida ilmiy adabiyotlarda aytarli darajada e’tiroz yo‘q. Lekin qipchoq komponentining bu territoriyada qadimgi davrlardan beri yashab kelayotganligi haqida hozirgi davrda ham har xil qarashlar va munozaralar davom etib kelmoqda. Aslida bu munozara Shayboniyxonning XVI asrning boshlarida butun O‘rta Osiyoni, jumladan hozirgi O‘zbekiston territoriyasini zabt qilib olishi bilan bog‘liq ravishda davom etib kelmoqda. Chunki Shayboniyxonning qo‘shini tarkibida qatnashgan qavmlarning asosiy qismi o‘zbeklar (qipchoq-o‘zbeklar)dan iborat edi va shu vaqtgacha ular Sirdaryo bo‘ylarida o‘zlarining «Mamlakati O‘zbekiya» (yoki «Dashti qipchoq») deb atalgan kuchli davlatini tashkil qilgan edilar. Shuning uchun ham ba’zi bir tarixchilar ularni umuman «o‘zbek» nomi bilan atab kelgan va Oktyabr revolyutsiyasigacha o‘zbek nomi bilan ko‘pincha shular tushunilgan. Inqilobdan keyin, «o‘zbek» nomi O‘zbekistondagi hozirgi o‘zbek millatini tashkil qiluvchi barcha turkiy qavmlarning umumiy nomiga aylangandan so‘ng, avvalgi «o‘zbek» nomi bilan atalib kelgan qavm, ya’ni «qipchoq-o‘zbeklar» endi qaytadan qadimgi «qipchoq» nomi bilan atala boshladi. Shu tariqa avval asosan bir komponentni anglatib kelgan nom («o‘zbek») inqilobdan keyin hamma o‘zbeklarning umumiy nomiga aylanib qoldi. Gapning sirasini aytganda, professor Yakubovskiyning yuqoridagi, mulohazasi ziddiyatli ikki tomonlama ma’noni anglatadi. Bir tomondan, u turkiy xalqlarning (hozirgi o‘zbeklarning) O‘rta Osiyo va O‘zbekiston territoriyasida qadimgi davrlardan beri yashab kelayotganligini go‘yo himoya qilmoqchi bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, ayni vaqtda, «o‘zbek» nomi bilan yashab kelgan qipchoq-o‘zbeklarning katta bir qismi ham qadimgi davrlardan beri O‘rta Osiyoda, jumladan hozirgi O‘zbekiston territoriyasida yashab kelganligini va ularning madaniyat sohasidagi xizmatlarini inkor qiladi: «unga o‘zlarining nomlarinigina berdilar, xolos», deydi.

Ko‘rinadiki, asli A. Yu. Yakubovskiy yozgan vaqtda unchalik katta xatolik yoki chalkashlikka o‘xshab tuyulmagan bu fikr, bizning nazarimizda, keyinchalik to‘rtta zararli qarashning yuzaga kelishi uchun manba bo‘lib xizmat qilgan. Birinchidan, o‘zbeklarning (shu jumladan qipchoq-o‘zbeklarining ham) O‘rta Osiyoda qadimdan yashab kelganlik tarixini) va O‘rta Osiyo madaniyatiga qo‘shgan salmoqli hissasini buzib ko‘rsatishga yoki inkor qilishga olib kelgan. Ikkinchidan, o‘zbek millatining ikkita eng katta komponentini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, ularni ikkita tabaqaga bo‘lib yuborishga xizmat qilgan va ularning orasida ichki adovatning yuzaga kelishi uchun yo‘l ochgan. Ularning birini go‘yo «qadimiy», «madaniyatli» toifaga, ikkinchisini esa, «madaniyatsiz», yoki kam madaniyatli toifaga bo‘lib ko‘rsatish uchun asos solgan. Uchinchidan, A. Yu. Yakubovskiyning yuqorida aytilgan mulohazalaridan podshoh Shayboniyxon bilan o‘sha vaqtda bir qismi uning qo‘l ostida harakat qilgan butun bir xalq aralashtirilib yuborilgan, natijada ba’zi bir tarix darsliklarida ham «O‘rta Osiyoning Shayboniyxon tomonidan zabt etilishi» deb emas, «O‘rta Osiyoning o‘zbeklar tomonidan zabt etilishi», deb yozish an’anaga kirib qolgan. To‘rtinchidan, avvaliga muloyimroq, go‘yo g‘arazsizroq bo‘lib ko‘ringan bu xatolik keyingi vaqtlarda ayrim burchakdan turib tosh otuvchi buzuq niyatli kimsalar tomonidan rivojlantirilib, go‘yo butun o‘zbeklarning O‘rta Osiyo madaniyatini yuksaltirishda hech qanday xizmati yo‘q emish, deb surbetlarcha da’vo qilinishiga asos bo‘lib xizmat qildi.

Aslini olganda, o‘zbeklarning boshqa toifalarigina emas, qipchoq-o‘zbeklarning kattagina bir qismi ham hozirgi O‘rta Osiyo va O‘zbekiston territoriyasida juda qadimgi davrlardan beri yashab kelganlar va shu mamlakatda ulardan bir qismi katta mavqeni egallovchi nufuzli kishilardan deb hisoblanib kelingan. Ular ayniqsa harbiy ish sohasida va davlatni boshqarish ishlariga katta hissalar qo‘shib kelganlar.

Shunga ko‘ra, «o‘zbek» so‘zi ham, ko‘pgina tarixchilar, hozirgi vaqtgacha e’tirof qilib kelganlaridek, O‘rta Osiyo va hozirgi O‘zbekiston territoriyasida faqat XVI yoki juda bo‘lsa XIV asrdan qo‘llana boshlagan emas, balki XI asrdan va hatto undan avvalgi davrlarda ham «turk» so‘zining katta bir qismini bildiruvchi xalq nomi sifatida qo‘llanib kelingan.

Faktlarga murojaat qilaylik:

«O‘zbek» nomining professor A. Yu. Yakubovskiy, akademik A. A. Asqarov va boshqa ko‘pgina tarixchilar takrorlab kelayotganidek, faqat XIV yoki XVI asrdan keyingina paydo bo‘lmasdan, balki ancha ilgari yuzaga kelganligi, shuningdek shu nom bilan ataluvchi qavmlarning hozirgi O‘zbekiston, O‘rta Osiyo va hatto arab mamlakatlari territoriyasida ham ancha ilgarilardan beri yashab kelayotganligiga quyidagi misollar juda yorqin dalil bo‘la oladi. Masalan, XI asrda Suriyada yashagan arab tarixchisi Isoma ibn Munqizning «Kitob-al e’tibor» («Ibratli kitob») degan asarida yozilishicha, «o‘zbek» qavmiga mansub bo‘lgan kishilar o‘sha vaqtdayoq Arabistonda ancha mavqe egallaganlar va ovrupaliklarning salb yurishida musulmonlar tomonida jang qilganlar. Isoma ibn Munqizning o‘zi ham shu jangning ishtirokchisi bo‘lgan: «509 yil (hijriy hisobi bilan — X.D.) otam, Tangri uni rahmat qilsin, qo‘shin bilan lashkarboshi Bursuq ibn Bursuq huzuriga chiqdi. Bursuq sultonning amri bilan urushga otlangan edi. U bilan ko‘pchilik xalq birga bo‘lib, bir jamoa amirlar uni kuzatib borar edi, ular orasida qo‘shin amiri (otabegi), Mavsil hokimi O‘zbek, Vahba hokimi Sunqur Diroz, amir Kuntug‘di, Bosh Hojib Bektemir Zangiy ibn Bursuq kabi bahodirlar hamda Temirak, Ismoil Bekchi va boshqa amirlar bor edi… «yana» …Bursuq unga qo‘shinlar amiri O‘zbek boshliq uch ming otliq askarni yubordi».

Ko‘rinadiki, o‘zbek qavmiga mansub bo‘lgan kishilar u yerga faqat ovrupaliklarga qarshi urush qilish uchun borgan emas, balki avvaldan u yerlarda yashab kelgan, ba’zilari esa kichik bo‘lsa ham, o‘sha yerdagi shaharlarga hokim bo‘lganlar va ularning ixtiyorlarida o‘z lashkarlari bilan (ayniqsa turk, jumladan o‘zbek askarlari boshqalar orasida o‘zlarining jasurliklari bilan mashhur bo‘lgan).

Marhum tilshunos olim, muhtaram professor Hamdam Berdiyorovning qayta-qayta ta’kidlab aytishicha: «XI asrda yashagan arab sayyohi Yoqut o‘zining sayohatnomasida Movarounnahrda va Xorazmda «o‘zbek» nomi bilan yashagan qavmlarni uchratgan»ligi haqida hikoya qilgan.

Mahmud Qoshg‘ariyning mashhur «Devonu lug‘otit turk» asarida «o‘zbek» atamasi ma’lum bo‘lishicha, qo‘llangan emas. Lekin mashhur olim mazkur asarida qipchoqlarni turkiy xalqlar ichida alohida katta guruhga ajratib bergan va ularning til xususiyatlarini deyarli to‘la yoritib bergani holda ichki etnik bo‘linishlari haqida, bizga ma’lum bo‘lishicha, hech gap aytgan emas. Ehtimol, Mahmud Qoshg‘ariy «o‘zbek» atamasini bilganu lekin uni qipchoqning bir bo‘lagi sifatida hisoblab, alohida ko‘rsatib o‘tmagan bo‘lishi ham mumkin.

Ushbu devonida muallif «O‘zgan» shahrining nomiga izoh berar ekan, bu shaharning asli ma’nosi «o‘z shahrimiz, o‘zimizning shaharimiz, demakdir», deb yozadi. Ko‘rinadiki, «o‘zbek» bilan «o‘zgan» so‘zlarining yasalishida yasalish usuli bir xil. Ma’lumki, tilda so‘z yasalishning biror bir usuli faqat bir so‘zni yasash uchungina yuzaga kelmaydi, balki shu toifadagi ko‘pgina so‘zlarning yasalishini umumlashtiradi, ma’lum sistemaga soladi. Bu aytilganlarga ko‘ra, Mahmud Qoshg‘ariyning devonida «o‘zbek» so‘zi uchratilmagan bo‘lsa-da, lekin uning zamonida «o‘zbek» so‘zi mavjud bo‘lgan degan xulosani chiqarish mumkin. Qolaversa, bu so‘zning o‘sha XI asrda Movarounnahr yoki dashti qipchoqdagina emas, arab mamlakatlarida ham mavjud bo‘lganligi shu aytilayotgan fikrni to‘la-to‘kis tasdiqlashga xizmat qiladi. Chunki bunday toifadagi so‘zlar, shubhasizki, avval o‘zbeklarning asosiy vatanida yuzaga kelgan va keyinchalik boshqa tomonlarga tarqalgan.

Demak, «o‘zbek» so‘zi kishi nomi sifatida ham, el nomi sifatida ham aniq tarixiy manbalarning guvohlik berishicha XI asrda yuzaga kelgan.

Ma’lumki, turkiy xalqlarning vakillari, shu jumladan, ayniqsa qipchoqlarga mansub bo‘lgan ko‘pgina kishilar, XIII—XVI asrlarda Misr va boshqa arab mamlakatlarida Arab xalifaligining ixtiyorida harbiy xizmatlarda bo‘lganlar va katta jasoratlar ko‘rsatganlar (ulardan bir qismi XI asrdagi o‘zbeklarning avlodlari bo‘lishi ham mumkin).

Ular esa o‘sha vaqtlarda «momoliq» (ya’ni «davlat askarlari») deb atashgan. («Momoliq» so‘zi o‘zgarib, rus talaffuzida «mamlyuk», deb atalib ketgan). Ana shu momoliqlar va lashkarboshilarning xizmatlari va hurmati uchun Arabistonda o‘sha vaqtlardayoq bir necha tomlab turkiy tillarning lug‘atlari yaratilgan. Shularning ichida faqat qipchoq tiliga atalib yozilganlari va qipchoq-o‘zbeklarning hozirgi tiliga (qozoq, qoraqalpoq, no‘g‘ay, bolqar va boshqa qipchoq toifasiga kiruvchi xalqlarning tillaridan farqli o‘laroq (juda o‘xshash bo‘lganliklari ham bor. Ana shunday kitoblardan birining nomi qisqacha ravishda «Tuhfa» (to‘la nomi — «At-Tuhfatuz-zakiyatu-fillug‘atit-turkiya» — ma’nosi «zehnli yoki zakovatli turklarning tilida sovg‘a») deb ataladi. Afsuski, kitob muallifining nomi saqlanib qolmagan. Lekin biz, o‘zbeklar qali ana shunday kitoblarni ham yolchitib o‘rgangan emasmiz, ularni targ‘ib qam qilgan emasmiz. Holbuki, gruzinlar mamlyuklar tomonidan olib ketilib, mard jangchi sifatida tarbiyalangan birgina bola haqida kitoblar yozganlar, maxsus kinofilmlar yaratganlar.

O‘zbek nomi bilan ataluvchi qavmlardan bir qismining Movarounnahrda qam qadimdan yashab, Amir Temurgacha qam mamlakatni boshqarish ishining asosiy tomonlarini egallab kelganligi mashhur Jahongirning «Temir tuzuklari» asarida ham e’tirof qilingan. Ikkitagina misol keltirib o‘tamiz:

«Hijriy 762 (melodiy 1360—61) yili Tug‘luq — Temurxon meni o‘z huzuriga chorlab noma jo‘natdi. Men (rozi bo‘lib) uning istiqboliga chiqib, u bilan ko‘rishdim. U oramizdagi ahdni buzib, Movarounnahrni o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshirdi, meni esa bosh qo‘mondon qilib belgiladi. Bu ishga ortiqcha ro‘yxushlik bildirmayotganimni ko‘rib, mening bobom — Qochuvli — Bahodir va o‘zining bobosi Qobulxonlarning ahdnomasini ko‘rsatdi. Po‘lat taxtaga imzolangan ahdnomada «xonlik Qobulxon avlodining qo‘lida (ya’ni, o‘zbek qavmlarining qo‘lida — H. D), qo‘mondonlik esa Qochuvli — Bahodirxon bolalarida bo‘lsin, ular bir-birlari bilan yovlashmasin», degan so‘zlar bitilgan ekan. Buni o‘qib ko‘rgach, ulug‘lar ahdiga vafolik qilish yuzasidan qo‘mondonlikni qabul qildim…»

Ulug‘ Jahongir yana bir joyda yozadi «…mabodo Samarqand shahri ichida o‘zbeklarga qarshi urush boshlasamu, Movarounnahr ahli (bundan) qo‘l tortsa (unda nima bo‘ladi?), unda shahardan chiqib, Samarqand tog‘larida joylashaman, toki menga qo‘shilishni istaganlar huzurimga kelar, shunda men katta sipoh to‘plab, o‘zbeklarga qarshi jangu jadalni boshlagayman», — deb qaror qildim. Samarqanddan chiqqanimda oltmish otliqdan boshqa bir kishi ham menga ergashmadi. Shundan bildimki, o‘ylagan kengashim xato bo‘lmagan ekan».

Lemak, o‘sha vaqtlarda «o‘zbek» deb ataluvchi qavmlarning mavqelari umuman Movarounnahrda (shu jumladan, Samarqand va boshqa shaharlarda) shunchalik kuchli bo‘lganki, aholi dastlabki davrlarda Amir Temurdek buyuk sarkardaning orqasidan ham tezlikda ergasha bermagan.

Movarounnahrda «o‘zbek» nomi bilan yashab kelgan qavmlarning katta mavqega ega bo‘lganligi va ular nufuzli toifa vakillari deb hisoblanganligi ayniqsa buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlarida har tomonlama batafsil yoritib berilgan.

Avvalo shuni alohida qayd qilib o‘tish kerakki, Alisher Navoiy qipchoq — o‘zbeklar toifasiga kiruvchi qiyot, qo‘ng‘irot, og‘ar, yuz, ming, bilut, mang‘it singari urug‘ va qabilalarning vakillarini barloslar bilan bir qatorda, balki ayrim hollarda ularga nisbatan ham ko‘proq jamiyatni boshqarish ishlarida qatnashib kelayotgan nufuzli va nasabli kishilar — jamiyat aristokratiyasining vakillari deb hisoblaydi. Misollar:

a) Sanamlar husnidan maqsud yor o‘lmish, Navoiyga,
Agar barlos, agar tarxon, agar arlot, agar sulduz.

b) Men tilab husn, vale shoh tilab aslu nasab,
Menga lo‘li birla hindu, anga qo‘ng‘irotu qiyot.

Ey Navoiy, menga bas ul sanami lo‘livash,
Bekka qipchoqu og‘ar, shohga qiyotu bilgut.

Ey Navoiy, chu gadosen, senu bir lo‘livash,
Shohga mirzou mirak, xonga qiyotu qo‘ng‘irot.

Ikkinchidan, Alisher Navoiy shu toifalardagi o‘zbeklarni Movarounnahrdagi boshqa o‘zbeklardan farq qilmaydi, balki bularning hammasini o‘zining jonajon xalqining vakillari deb hisoblaydi:

Agar bir kavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.

Bu jihatdan Alisher Navoiyning ayniqsa «o‘zbek» qavmini umumlashma ma’noda, Movarounnahrdagi turkiy qavmlarning asosiy vakili va shoirning suyanchig‘i bo‘lgan xalq vakili sifatida «o‘zbakim» deb alohida mehr bilan atashi hamda uni hech qanday shoh va tojlarga almashtirmasligi haqida so‘zlari benihoyat darajada ibratlidir:

Shohu toju xi’atekim, men tomosha qilg‘ali,
O‘zbakim, boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas.

Ba’zi bir kishilar yaqin davrga qadar Alisher Navoiy «o‘zbek» degan so‘zni bilmagan, chunki u vaqtlarda «o‘zbek» degan so‘zning o‘zi bo‘lmagan», deb aytib kelishardi. Endilikda Alisher Navoiyning «o‘zbek» so‘zini o‘nlab marta qo‘llaganligidan va uni turk so‘zi bilan bir qatorda Movarounnahr turklarining asosiy vakillaridan biri sifatida kuylab, unga katta ishonchlar bilan qaraganligidan va uni o‘zining sevimli xalqining vakili deb hisoblaganidan xabardor bo‘lganlaridan keyin esa bunday holni targ‘ibot qilish, hozirgi o‘zbek nomi bilan ataluvchi, millatimizni tashkil etgan hamma etnik qo‘shilmalarni birlashtiruvchi yoki birlashtirishga undovchi, harakatlar qilish o‘rniga hanuz yerga qarab, yer chizib o‘tirmoqdalar. Chunki ularning eski aqidasiga ko‘ra «o‘zbek» so‘zi faqat Dashti qipchoqqa nisbatangina qo‘llanishi kerak edi.

Demak, Navoiy zamonidayoq «o‘zbek» so‘zining faqat Dashti qipchoq-o‘zbeklarga nisbatan qo‘llanib qolmasdan, Movarounnahrda yashovchi ko‘pgina boshqa o‘zbeklarni (turkiy aholini) ham birlashtiruvchi umumiy nomga aylanib qolganligi haqidagi yangi xulosani biz shuurimizga (ongimizga), qon-qonimizga mustahkam singdirmog‘imiz va uni hamma darsliklarimizda ham, birinchi navbatda, tarix darsliklarimizda to‘la aks ettirmog‘imiz lozim. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bir mamlakatning vaziri darajasiga ko‘tarilib, shu mamlakatni shohga nisbatan ham ko‘proq obod qilib turgan, nomi jahonga yoyilgan ulug‘ shoir o‘z xalqini qo‘yib turib, yonidagi boshqa mamlakatning xalqini kuylaydimi!? Yoki o‘z shohiga mansub bo‘lgan qavmlarning vakillarini ozroq kuylab, boshqa xalqning vakillarini ko‘proq kuylaydimi!?

Lekin, afsuski, ko‘pchilik olimlarimiz bu haqiqatni ko‘p vaqtlardan buyon tushunmay kelmoqdalar va hatto shu gaplarning aniq ma’lum bo‘lganligiga 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tgandan keyin ham ular hamon qotib qolgan noto‘g‘ri aqidalarni eskichasiga takrorlab yurmoqdalar.

Uchinchidan, Alisher Navoiy «o‘zbek» nomini ba’zan «mo‘g‘ul» nomi bilan yonma-yon qo‘yib kuylaydi:

Ul turki Xitonigg erur andoqki ko‘zi qiymoch,
Kim nozdin o‘lmas, demak, ollindaki ko‘z och,
O‘zbek, mo‘g‘ul o‘lg‘ay aning oldida musulmon
Bilmon ani qalmoqmudur, yo‘q esa sug‘moch.

Ushbu o‘rinda, shoirning shu baytiga izoh tarzida quyidagilarni aytib o‘tish lozim. Ba’zi odamlar, shu jumladan tarixchilar ham, XIV—XV asrlarda klassik adabiyotimizda va tarixda qo‘llangan «mo‘g‘ul» so‘zini faqat hozirgi mo‘g‘ullarga tegishli deb tushunadilar, holbuki o‘sha vaqtlarda mo‘g‘ul so‘zi yuqori darajali unvon sifatida tushunilgan va u ko‘pgina turkiy xalqlarga nisbatan ham qo‘llanilgan. Ana shuning uchun ham XIV asrning mashhur tarixchisi Rashid id-Din o‘zining «Jome at-tavorix» asarida «mo‘g‘ul» so‘zining avval turklarning kichik bir bo‘lagini anglatgani holda, Chingizxondan keyin katta unvonga aylanib ketganligini va ko‘pgina avvaldan «turkiy» nomlar bilan atalgan qavmlar shu vaqtdan boshlab o‘zlarini «mo‘g‘ul» nomi bilan ataganliklarini alohida qayd qilib o‘tadi.

Zahriddin Muhammad Boburning avlodlari o‘zlari tomonidan Hindistonda barpo qilingan yangi shohlik sulolasining Buyuk Mo‘g‘ullar sulolasi deb atar ekanlar, ular ham mo‘g‘ul so‘zi haqidagi ana shu aqidaga amal qilganlar. Lekin Zahriddin Muhammad Boburning bobosi buyuk jahongir Amir Temir o‘zini mo‘g‘ul deb atashga — xon deb atashga botinmagan. Chunki o‘sha davr shajarasida aks ettirilganidek, uning ajdodlari mo‘g‘ul unvoniga ega bo‘lmaganlar.

To‘rtinchidan, Alisher Navoiy asarlarida «o‘zbaki gulnora to‘n» degan ibora ham uchraydi:

Uzbaki gulnora to‘ndun kuydum, ammo o‘lturur,
Lemun terlik onning ostidakim, jonon kiyar.

Shoir bu baytda qizil anor gulli to‘nni «o‘zbekcha to‘n» deb ta’riflash bilan birga, yosh juvonlar o‘sha to‘nning ostidan yarashiqqa limon rangli ich ko‘ylak kiyganini aytganki, bu hol o‘sha davrda eng sifatli deb hisoblangan sanoat mollaridan bir turining «o‘zbek» deb ataluvchi qavmlar bilan bog‘liq ravishda qo‘llanganligidan guvohlik beradi.

Shunisi harakterliki, «o‘zbek» so‘zi faqat Navoiy asarlaridagina emas, uning zamondoshlari bo‘lgan Lutfiy va Sakkokiylarning asarlarida ham hurmat va e’zoz bilan tilga olinadi.

Beshinchidan, shu narsani ham alohida aytib o‘tish kerakki, yuqorida Alisher Navoiy asarlaridan «o‘zbek» so‘ziga nisbatan keltirilgan misollarning hammasini bizga tuyulishicha, aniq tarixiy manbalar qatoriga bemalol kiritish mumkin. Lekin buyuk shoirning asarlarida, xususan uning «Saddi Iskandariy» dostonida to‘la ravishda tarixiy manba deb atash, ular muammoliroq bo‘lsa ham, biroq e’tiborga olib chuqur ravishda o‘ylab ko‘rishga arziydigan juda qiziq materiallar ham bor. U ham bo‘lsa shundan iboratki, Alisher Navoiyning 6u badiiy asarida guvohlik berilishicha, «o‘zbek» toifasiga kiruvchi qavmlar mashhur podsho Iskandar Zulqarnayn qo‘shinlari tomonida turib, Eron shohi Doroning lashkarlariga qarshi jangga kirishga hozirlik ko‘radi:

…Borong‘or anga xayli Mashriq zamin,
Samarqanddin toki sarhaddi Chin.

Yana yuz ming o‘zbek mo‘g‘ul birla zam,
Yuz ellik ming ul sori qalmoq ham.

Bo‘lib, barchasi olti yuz ming kishi,
Boriga hunar kin ila razm ishi.

Yana mang‘it o‘zbak bila yondashib.
Ikki zulfdek tuzlari chirmashib.

Alar yonida Movarounnahr eli,
Iki rud arosida o‘n shahr eli…

Agar «Saddi Iskandariy»dan keltirilgan bu materiallarni biz haqiqatan ham tarixiy materiallar deb hisoblasak, u vaqtda o‘zbek so‘zining kelib chiqqanligiga kamida 2 ming 300 yildan oshgan bo‘ladi. Bu materiallarni to‘la tarixiy reallik deb qabul qilmaganimizda ham, baribir Navoiyning badiiy umumlashmasida hozirgi o‘zbek xalqining bir-biriga yaqin bo‘lgan uch toifa vakillari o‘sha vaqtlarda ham jahon ahamiyatiga molik bo‘lgan ramziy adolat qo‘shinlari tarkibida qatnashgan bo‘lib chiqadi.

Bu aytilganlarga kichik bir xotima tarzidagi qo‘shimcha sifatida shu narsani ham eslatib o‘tishimiz kerakki, o‘zbek xalq og‘zaki ijodining eng nodir va eng mukammal namunasi — «Alpomish» dostonining yuzaga kelganiga ham, kamida ming (bo‘lmasa, ikki ming) yil bo‘lgan.

Demak, bizning bisotimizda, shu jumladan adabiy, tarixiy meroslarimiz orasida ham, hali sinchiklab o‘rganilmagan, lekin o‘rganishga arziydigan materiallar ko‘p. Faqat biz ularni ko‘ra bilishimiz, to‘g‘ri baholay olishimiz va to‘g‘ri talqin qila bilishimiz kerak. Shundagina biz o‘zbek elining tarixini ham, uning ikki ma’nodagi otini ham orqaga tortib bog‘lab turgan iplarini uza olamiz va o‘z tariximizni o‘rganishda to‘g‘ri, ravon yo‘lga chiqa olamiz.

Xudoyberdi Doniyorov, filologiya fanlari doktori, professor

«Lenin yo‘li» gazetasining 1990 yil, 15 iyun sonidan.