“Tarixi Rashidiy” ingliz tilida

Turkistonlik muarrixlar bitgan rasmiy tarix asarlari, solnomalar yuz yillardirki, g‘arb olim va tadqiqotchilari e’tiborini o‘ziga jalb etib keladi. Bu qiziqishni olamga dong‘i ketgan bobolarimiz: Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub asarlarning bir necha jahon, xususan, Evropa tillariga qilingan tarjimalarida ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, Amir Temurning “Temur tuzuklari” ingliz tiliga Mayor Devi tarafidan tarjima qilinib, 1783 yili Oksfordda, 1785 yili Kalkuttada; L. Langle tomonidan frantsuz tiliga tarjimasi esa 1787 yili Parijda kitob holida bosilib chiqqan.

Alisher Navoiy asarlari ham ko‘p tillarga tarjima qilingan. “Sab’ai sayyor” dostonidan olingan bir parchani hikoya tarzida 1557 yildayoq Xristofor Arminiy tomonidan italyan tiliga o‘girilib, o‘zining “Sarandib shohi uch o‘g‘lonining ziyorati” asariga kiritgan va bu keyinchalik Evropa tillarida ham e’lon qilingan.

“Boburnoma” ingliz tiliga turli vaqtlarda uch marta: Uilyam Ers­kin va Jon Leyden (1826), Aneta Beverij (1922) va Uiller Takston (1996) tomonidan tarjima qilinib, Angliya va AQShda qayta-qayta chop etilgan.

Mirzo Muhammad Haydar qalamiga mansub “Tarixi Rashidiy” asari ham g‘arb olimlari diqqat nazariga tushgan nodir asarlar sirasiga kiradi.

“Tarixi Rashidiy”ni ingliz tiliga ilk marta britaniyalik sharqshunos olim Eduard Denison Ross (1871-1940) tarjima qilgan edi.

Britaniya “Qirollik geografiya jamiyati”ning oltin medali sohibi, Britaniya qirolichasining XuRosson va Seyistonga tayinlagan konsul-generali, geograf, sayyoh olim Ney Elias (1844-1897) esa tarjimani tahrir qilib, izohlar va xarita bilan boyitib, Londonda 1895 yili “Sampson Lou, Martson and Company, Ltd.”da bosib chiqargan.

Ney Elias “Tarixi Rashidiy”ning tarjimasiga yozgan so‘zboshisida bu nashr asarning ingliz tiliga birinchi rasmiy tarjimasi bo‘lsa-da, forsiy va turkiy tillarni biluvchi sharqshunos U. Erskin, H. Hovort, serjant-general V. H. Belyu, Eliot, R. B.Cho kabi g‘arb olimlari mazkur asar bilan allaqachon tanishib, o‘z tadqiqotlarida foydalanib ulgurishgan edi, deb xabar qiladi. Hatto olim R. B. Cho asarning faqat geografiyaga oid qismlarini ajratib olib, tarjima qilgan va 1876 yili “Geographical Society’s Journal” (Buyuk Britaniyada taxminan 1831 yildan chiqa boshlagan) jurnalida nashr etgan. Shuningdek, sharqshunos olim U.Erskin ham asarning ayrim boblarini ingliz tiliga o‘girgan, ammo bu tarjima hech qayerda chop etilmagan. N. Eliasning taxminiga ko‘ra, biz ham shu fikrga qo‘shilamiz, umuman, Erskin “Tarixi Rashidiy”ni nashr etish uchun tarjima qilmagan, balki o‘sha paytda yozayotgan kitobi “Temur xonadonidan chiqqan ilk ikki shahzoda Bobur va Humoyun qo‘li ostidagi Hindiston tarixi” (“A History of India under the Two First Sovereigns of the House of Taimur: Baber and Humayun”, London, 1854) kitobida foydalanish uchungina bunga qo‘l urgan.

“Tarixi Rashidiy”ni inglizchaga tarjima qilish niyati Ney Eliasda birinchi bor 1877 yilda do‘sti R.B.Cho tufayli paydo bo‘lgandi. Eliasning taxminicha, Cho o‘zi tayyorlayotgan turkiycha lug‘atni tamomlagandan keyin, “Tarixi Rashidiy” tarjimasiga kirishmoqchi bo‘lgan. Ammo u olim 1879 yili to‘satdan vafot etadi va tarjima amalga oshmay qoladi. Shundan keyin, Elias asarning asl nusxasini topishga kirishadi, lekin bu sa’y-harakatlar, urinishlar bekor ketadi.

Ney Eliasning “G‘arbiy Mo‘g‘ulistonga sayohat”             (“A Journey through Western Mongolia” // “R.G.S.”, 1873, xliii 108-bet), “XuRossondagi apokrifik matn” (“An Apocryphal Inscription in Khorassan” // “R.A.S.”, 1896, 767-bet), “Turbat-i-jomdagi matn borasida kuzatishlar” (“Notice of an Inscription at Turbat-i-Jam” // “R.A.S.”, 1897, 47-bet) singari maqolalar yozganini ham aytib o‘tish joiz.

1893 yili Angliyaga qaytgan N. Elias U.Erskinning qisman qilgan tarjimasi bilan tanishib qoladi. Unda dastlab tarjimani to‘ldirib, Erskinning nomi bilan nashr etish fikri tug‘iladi, biroq inglizcha matn bilan yaqindan tanishish jarayonida u yerdagi ba’zi o‘rinlar aslida tarjima emas, balki izohsifat xulosa (summary)lardangina iborat ekaniga amin bo‘ladi.

Britaniya muzeyidagi sharq matnlari katalogini tuzgan va “Tarixi Rashidiy”ni sinchiklab o‘rganib chiqqan olim Charlz Ryo Ney Eliasga boshqacha maslahat beradi. U fors tilini chuqur biluvchi, tilshunos, uzoq sharq tillari bo‘yicha mutaxassis shogirdi Eduard Denison Rossni asarning yangi tarjimasida hamkorlikka jalb etishni tavsiya etadi.

Eduard Denison Ross haqida ikki og‘iz so‘z. U sharqshunos, tilshunos, Uzoq Sharq tillari mutaxassisi. Qirq to‘qqiz tilda o‘qiy olgan, o‘ttiztasida bemalol gaplashgan. Yaqin Sharq Britaniya informatika byurosining direktori bo‘lib ishlagan. Eylin Pover bilan birgalikda “Katta yo‘l sayyohlari” (“The Broadway Travellers”)ning 26 bobini tahrir qilishgan. XIV asrdan XIX asrgacha yashab o‘tgan sayyohlarning turli tillarda yozilgan safar taassurotlari jamlangan bu majmua 1926-1936 yillar oralig‘ida Londonda nashr etilgan.

Yuqorida zikr qilinganiday, 1894 yili “Tarixi Rashidiy”ning ingliz tiliga birinchi rasmiy tarjimasiga kirishiladi va bu jarayon etti oy davom etadi. E.D.Ross tarjimaga Britaniya muzeyi katalogida Add. 24. 090 raqami ostida saqlanayotgan forscha matn bilan professor Kauyel bisotida bo‘lgan Or. 157 raqamli matnni asos qilib oladi. Asarning ikkinchi qismi tarjimasida esa “Britaniya va xorijiy Injil jamiyati” (“British and Foreign Bible Society”)ga tegishli bo‘lgan ikkita turkiycha nusxadan birini tanlaydi. N. Eliasning guvohlik berishicha, tarjima jarayonida Erskinning izohlari Rossga ancha qo‘l kelgan.

N. Elias, aytib o‘tganimizdek, “Tarixi Rashidiy” tarjimasini tahrir qilgan. Olim olti bobdan iborat, ya’ni asar muallifi, o‘sha davrga oid bo‘lgan tarixiy, etnik, etnografik, geografik va hokazo ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kirish qismini ham tarjimaga qo‘shgan. Boy ma’lumotga ega bo‘lgan bu boblar mana bunday nomlanadi: “Muallif va uning asari”, “Chig‘atoy sulolasi”, “Mo‘g‘ullar diyori”, “Xalq – mo‘g‘ul, turk va uyg‘urlar”, “Sharq xoqonligi yoxud Uyg‘uriston”, “Tarixi Rashidiy” va undan keyingi davr”.

Olim birinchi bobda asarning muhim ahamiyatiga to‘xtalib, uning Markaziy Osiyoning kam yoritilgan tarixini o‘z ichiga olganiga, ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotiga oid ma’lumotlarga boyligi va buni mahalliy tarixchi bitganiga alohida urg‘u beradi.

“Muallif va uning asari” bobida hammani qiziqtirib keladigan mavzu, ya’ni Haydar Mirzo va Bobur Mirzo haqida shunday deyilgan: “Bobur, Amir Temur (yoki Tamberlayn)ning avlodi bo‘lgan va shu sababdan u mo‘g‘ul bo‘lishdan ham ko‘ra ko‘proq turk (turkiy – D.A.) bo‘lgan, chunki Temur barlos degan zoti baland turk qabilasidan edi… Mirzo Haydar haqiqiy Chig‘atoy mo‘g‘ullarining bir bo‘lagi bo‘lgan dug‘lat qabilasidan chiqqan va bu qabila barlos qabilasi kabi obro‘li bo‘lgan…”

“Xalq – mo‘g‘ul, turk va uyg‘urlar” bobida jahon tarixshunosligida ko‘p uchraydigan xato ya’ni boburiylar sulolasi, umuman, Markaziy Osiyo turkiy xalqlarining “mo‘g‘ullar” deb noto‘g‘ri atalishi haqida so‘z yuritilishi diqqatga sazovordir. Jumladan, olim shunday yozadi: “…Nafaqat Boburning o‘zi, balki uning ota-bobolari ham har jihatdan turk bo‘lgan, inchunin, bu jihatlar nafaqat ularning tili va urf-odatlarida, balki boshqa millat bilan qanchalik darajada aralashganliklarida ham ko‘ringan edi. Vaholanki, hozirda topilishi mumkin bo‘lgan uning (Boburning – D.A.) avlodlariga oid Hindistonda chizilgan portretlarda haqiqiy mo‘g‘ul millatining hech qanday irsiy belgilari ko‘rinmaydi”.

O‘z fikrini davom etdirarkan, N. Elias, avvalo, mo‘g‘ul irsining belgilari “o‘chib ketishi” uchun ko‘plab asrlar kerak bo‘lishini ta’kidlaydi. Olim bu mulohazalardan keyin shunday xulosaga keladi: 1) musulmon tarixchilarining asarlarini o‘qiyotganda (bu ta’kid g‘arb olimlariga qaratilgan – D.A.), ular qo‘llagan qabila nomlari doimo etnik ma’noda qabul qilinavermasligi lozim, boshqacha qilib aytganda, muallif “turk” yoki “tatar” (yoki “tartar” – D. A.) so‘zini umumiylashtirib aytmoqdami yoki ma’lum bir guruh odamlarini boshqalardan ajratish uchun millatiga urg‘u berayotirmi, shunga e’tibor qilinishi kerak; 2) asarlarda “mo‘g‘ul” so‘zi kimningdir millatini ko‘rsatish uchun keltirilgan erlarda, ko‘p hollarda xato ishlatilgan va shu yo‘sinda keng qo‘llanilib ketgan. Asosan, asl turklar, umuman mo‘g‘ul bo‘lmagan qabilalar shu nom bilan atab yuborilgan; 3) “turk”, “tatar” va “mo‘g‘ul” nomlarining qo‘llanilishi va ahamiyati turli davrlarda turlicha bo‘lgan.

Olim bu fikrlar “mo‘g‘ul” atamasining ilmiy muomalada ishlatilishidagi chalkashliklar oldini olishga yordam beradi, deb umid qilgan. Afsuski, sinchkov olim N.Eliasning bildirgan jiddiy mulohazalariga qaramay, o‘shanga ham 116 yil (!) o‘tibdi, jahon tarixshunosligida boburiylar sulolasi haligacha “mo‘g‘ullar dinastiyasi”, sohibqiron Amir Temur esa g‘arb entsiklopediya va ilmiy kitoblarida “tatar”, “tartar”, “mongol”, “mo‘g‘ul” deb atalmoqda.

Taniqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali “Amir Temur chamani” essesida dolzarb savolni o‘rtaga tashlaydi: “Nima uchun Sezar, Iskandar, Chingizxon yoki boshqalar haqida jahonda hamma entsiklopediyalarda bir xil ma’lumot berilib, nomlari hurmat bilan bir xil yoziladi-yu Amir Temur haqida, xuddi Klavixo aytganday, kamsitmoqchi bo‘lganday xilma-xil nomlar, ta’riflar keltiriladi?.. Ehtimol, bu atay o‘quvchini chalg‘itish uchun qilinar?.. Bunday munosabatga ortiq yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini anglab yetishimiz kerak” . AQSh professori U.Takston ham “Boburnoma”ni tarjima qilar ekan, kirish so‘zida aynan mana shu mavzuga to‘xtalgan va Bobur “mo‘g‘ul” deb atalib, temuriydek sharafli nisbasidan bebahra qilinganini kuyinib yozgandi. Darhaqiqat, bunday chalkashliklarga chek qo‘yish vaqti allaqachon yetdi. Ayniqsa, “Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi”mi, “Boburiylar imperiyasi” deb atalishi kerakmi qabilida ilmiy doiralarda bahs borayotgan bir paytda, bu masalaga Amerika olimlarining qarashlari juda muhimligini ta’kidlash lozim.

Tarjimaga qaytsak. Yuqorida aytib o‘tilgan boblar 128 sahifani tashkil etadi. N.Elias, tarjimaning bu nashrida H.Charbau tomonidan chizilgan Markaziy Osiyoning o‘rta asrlar xaritasi ham berilgan, deb xabar qiladi. Ammo, bizga noma’lum sabablarga ko‘ra, bu xarita asarning qo‘limizdagi, Vashington universiteti Syuzalo kutubxonasida saqlanayotgan nusxasida yo‘q. Tarjimada ilova, ko‘rsatkichlar, joy, kishi nomlari, xronologiyalar mavjud. Bundan tashqari, kitobga uchta shajara ham kiritilgan: 1) olim X. Xovort tomonidan tayyorlangan S.Leyn Pulning “Muhammad sulolalari” (“Muhammadan Dynasties”) kitobida bosilib chiqqan “Chig‘atoylar xonadoni” shajarasi; 2) professor Blokmanning “Ain-i Akbar” kitobidan olinib, qisqartirilgan holda berilgan “Temuriylar xonadoni” shajarasi; 3) Eliasning o‘zi tayyorlagan “Dug‘lat amirlari” shajarasi.

Qo‘limizdagi bu nashr tarjima, izohu ilovalarni o‘z ichiga olgan holda 535 sahifadan iborat. Kitobning titul varag‘ida “Tarixi Rashidiy” nomi ostiga izoh sifatida “Markaziy Osiyo mo‘g‘ullari tarixi” (“History of Moghuls of Central Asia”) deb qo‘shimcha qilingan.

Muharrir tarjima jarayonini engillashtirish maqsadida ism va joy nomlarini mutaxassis U. Jounsning sodda, ya’ni talaffuzi asliyatga iloji boricha yaqin olingan metodiga ko‘ra, Hindiston davlati rasmiy hujjatlarida bu nomlar qanday yozilgan bo‘lsa, shundayligicha olganini so‘zboshida ta’kidlab o‘tadi.

Tarjimada uchraydigan ingichka yarim oysimon qavslar Muhammad Haydarga tegishli. Qalin va burchakli qavslar, N.Eliasning aytishicha, noma’lum turkiyzabon tarjimon tomonidan qo‘yilgan. Ingichka burchakli qavslarni esa muharrir bilan tarjimon o‘quvchiga matnning tushunilishi yengil, o‘qilishi ravon bo‘lishi va asar ruhini saqlash maqsadida berilgan so‘zlar uchun qo‘llashgan. Ular nafaqat inglizcha so‘zlarni, balki fors yoki turkiycha matnda qo‘llanilgan so‘zlarni ham ba’zan qavs ichida berib ketishgan. Masalan, 296-sahifada o‘qiymiz: “The valley of the Shahnaz lies in the western range, and the [high] road from Kashghar to Badakhshan runs through this valley. On the road from Kara Chanak to Kilpin Rabat, is a resting place [manzil] for those coming and going [on the road]…” Tarjimasi: “Shahnoz vodiysi g‘arbiy tomonda joylashgan bo‘lib, Qashg‘ardan Badaxshonga olib boradigan katta [high] yo‘l mana shu vodiyni kesib o‘tadi. Qora Chanoqdan Kiplin Rabotga ketishda [o‘sha katta yo‘lda] kelib-ketib turganlar uchun dam olish yeri [manzil] mavjud…” Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

N.Elias izohlarida o‘quvchining asarni yaxshiroq anglashi uchun o‘sha davr tarixiy kontekstini, mantiqan bog‘liq bo‘lgan faktlar bilan yanada boyitgan. Ba’zan bittagina izoh bir yarim yoki undan ham ko‘proq sahifani egallaganini ko‘rish mumkin. Masalan, 278-betda “ko‘ragon” (muharrir inglizchada “kurkan” deb beradi) so‘zini ingliz o‘quvchisiga mufassal tushuntirib berish uchun deyarli ikki sahifada izohlagan. Izohlarni yozishda olimlar Xovort va Vadel ham o‘z hissasini qo‘shganini eslab o‘tish joiz.

N.Eliasning xabar qilishicha, tarjimon E.D.Ross bir gapda takrorlangan so‘zlarni tarjimada tushirib qoldirgan. Bobning boshida yoki so‘ngida kelgan oltita yulduzcha asliyatda berilgan g‘azallar tarjima qilinmasdan qoldirilganini anglatadi. Ba’zi o‘rinlarda o‘girilmagan g‘azallarni o‘quvchiga bildirish uchun ingichka burchakli qavslar ichida “verses” – “g‘azallar”, “verse” – “g‘azal” yoki “two couplets” – “ikki bayt” va h.k. deb beriladi. Biroq g‘azallar hamma erda ham qoldirib ketilmagan.

Qisqa vaqt, ya’ni etti oy davomida 535 sahifali tarjimani izohlar bilan tayyorlash (bu yana 128 betli kirish qismidan tashqari) qanchalik izlanish va mehnat talab qilganini tasavvur etish qiyin emas. Bu borada Ney Eliasning g‘ayrat-shijoati, albatta, tahsinga loyiqdir.

“Tarixi Rashidiy”ga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borganini Ross tarjimasi ikkinchi marta 1898 yili Londondagi “Curzon” nashriyotida hech qanday o‘zgarishlarsiz bosilib chiqqanidan ham ko‘rish mumkin. 1973 yili esa Patnadagi “Academica Asiatica” nashriyotida uchinchi nashr amalga oshirildi (Ikkinchi va uchinchi nashrlar ham har biri 535 betdan iborat). Ikkisida ham xarita berilgan. Xaritaning mashhur Buyuk Britaniya jug‘rofiy jurnalida ham alohida bosilib chiqishi naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.

1970 yili 1898 yilgi nashr, bu safar xaritasiz, Nyu-Yorkdagi “Prager” nashriyotida bosib chiqariladi.

“Tarixi Rashidiy”ning 696 sahifadan iborat nusxasi 2008 yili beshinchi marta, Nyu-Yorkdagi “Cosimo Inc.” bosmaxonasida chop etildi. Bu nashr “A History of Moghuls of Central Asia: The Tarikh-i” deb nomlangan.

1996 yili professor U.Takston “Tarixi Rashidiy”ni inglizchaga to‘liq o‘giradi, kirish so‘zi yozib, izohlar, ko‘rsatkichlar, xarita ilova qiladi va Harvard universitetidagi Yaqin Sharq tillari va madaniyati fakultetida nashr etadi. Tarjimon asardagi she’riy parchalarni ham inglizchaga ag‘darib, kursivda bergani e’tiborga molik. Nashr “Mirza Haydar Dughlat’s Tarikhi-i-Rashidi: A History of the Khans of Moghulistan” deb nomlangan.

“Tarixi Rashidiy”ning inglizchaga tarjimalari va qayta nashrlari – g‘arb olimlarining Turkiston-Turon zamini tarixiga bo‘lgan katta qiziqishini ko‘rsatadi. Ammo, shuni ham ta’kidlash kerakki, bu qiziqish o‘z vaqtida siyosiy maqsadlardan xoli bo‘lmagan, albatta. Chunki yuqorida aytib o‘tilganidek, “Tarixi Rashidiy” bilan tanishib chiqqanlarning ko‘pchiligi Hindiston, umuman, Sharqqa ma’lum bir maqsadda yuborilgan harbiy sharqshunoslar bo‘lganini esda tutishimiz lozim. Bugun esa “Tarixi Rashidiy”ning xorij olimlari uchun ahamiyatli ekani sababi unda Markaziy Osiyoning kam ko‘rsatilgan davri yoritilgani, ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayotga, tarix, geografiya, etnografiya va hokazolarga oid ma’lumotlar ko‘pligi, eng muhimi, asar yoritilgan davrni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shu zamin farzandi tomonidan yozilganidadir. Binobarin, hali bu nodir asarning ingliz tiliga yangi tarjimalari, uning tarixiy ahamiyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlar paydo bo‘lishiga shubha yo‘q.

Dilbarxon Ahmedova, tadqiqotchi (AQSh)

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 8-son