Nikolay Dobrolyubov. Bobur va boburiylar haqida

Tarjimondan:

Dunyo olim va adiblarining Boburshoh ijodiga munosabati, asosan, to‘rt yo‘nalishda kuzatiladi: Boburning podshoh sifatidagi siyosiy faoliyati (1), uning ijodiga ulug‘ san’atkor sifatida murojaat etish (2), “Boburnoma”ga kamyob tarixiy manba sifatida qarash va uni tarjima qilish (3) hamda Boburshohning shaxsi va jasorati xususida badiiy asarlar (4) yozish. Ayni mana shu yo‘nalishlar Rossiyada XIX asrdan kuzatiladi.

Jahon afkor ommasi ichida Bobur siymosi va uning asarlarining vujudga kelishi, taraqqiyotida Rossiya olimlarining ham o‘z ulushi bor. Dastlab “Entsiklopedik leksikon”da (SPb, 1835) “Boburnoma”ga “Buyuk mo‘g‘ul Boburning tarixiy xotiralarining sarlavhasi” deya qisqa izoh bilan Rossiya boburshunosligi boshlanadi. “Boburnoma”ning matni Qozonda N. I. Ilminskiyning “Boburnoma” yoki Sulton Bobur xotiralari” so‘zboshisi bilan e’lon qilingan (1857)dan so‘ng Bobur shaxsiga qiziqish ortgan va shu yilning o‘zida I.N.Berezin tomonidan tuzilgan “Turk xrestomatiyasi”ning 1-qismida (226-272-betlar) Boburshoh asarlaridan namunalar chop qilingan. Bu ilmiy harakat boshida turgan N.Ilminskiy “Universitetda (Qozon univ.) turk-tatar kursi uchun Kirish ma’ruzasi”da “Boburnoma” materialiga tarixiy chig‘atoy tili nuqtai nazaridan yondashgan (1865). Ayni davrda rus munaqqidi N.Dobrolyubov “Ost-Indiyaning tarixi va hozirgi holatiga nazar” (1857) asarini “Sovremennik” jurnalida e’lon qilgan. Albatta, qisqa umri (1836-61) davomida, asosan, XIX asr rus adabiyoti haqida maqola yozib yurgan rus munaqqidining Hindistondagi Ost-Indiya kompaniyasi va Zahiriddin Muhammad Bobur hamda boburiylar tarixini chuqur yoritishiga nima sabab bo‘lgan edi, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Unga javoban aytish mumkinki, maqola “N.Turchinov” imzosi bilan chop etilgan bo‘lib, bu taxallusning N.Dobrolyubovga aloqadorligi haqida N.Chernishevskiy bunday xabar beradi: “U (N.Dobrolyubov – H.B.) “N.Turchinov” taxallusi bilan “Sovremennik” jurnalining 1857 yil sonida “Ost-Indiyaning tarixi va hozirgi holatiga nazar” sarlavhali maqola e’lon qildi. Maqola shu yilning may oyida ko‘tarilgan sipohiylar qo‘zg‘oloni haqida bo‘lib, u butun yoz davomida kengayib borgan. Bu hodisa G‘arbiy Yevropada va bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Jurnalga u haqda maqola kerak edi. Bunday voqealar xususida maqola yozib yurgan xodim (ya’ni, N.Chernishevskiyning o‘zi – H.B.) uni yozishga tayyor emas edi, shuning uchun maqola yozishni Nikolay Aleksandrovichdan iltimos qildim. U dastlab voqealar bilan kam xabardor ekanini aytib rad qildi, so‘ngra har holda bu vazifani qoniqarli darajada bajarishga kirishib, iltimosimni bajo qilishga rozi bo‘ldi. Haqiqatan ham maqola yaxshi chiqqan edi”[1].

Hindiston tarixidan bizga ma’lum bo‘lishicha, sipohiylar qo‘zg‘oloni nomi bilan tarixga kirgan harakat 1857 yilning 10 mayida Mirut shahrida ing­liz armiyasida yollanma jangchi bo‘lib xizmat qilayotgan sipohiylar polkida boshlangan. Qisqa muddatda Dehli qal’asini egallagan qo‘zg‘olonchilar yana ikki hafta davomida butun Shimoliy Hindistonni ishg‘ol qilgan edilar. Bu harakatga Laknau va Panjob aholisi ham qo‘shilgan. Ingliz harbiylari qo‘zg‘olonga qarshi 8 iyunda Dehliga kirib kelgan bo‘lsalar-da, katta qarshilikka uchrab, nihoyat 20 sentyabrdagina Dehlini egallay olgan edilar. Butun yoz davomida ingliz boshqaruviga qarshi yo‘nalgan bu qo‘zg‘olonda minglab musulmonlar ishtirok etgan, u inglizlarning Sharqdagi muvaffaqiyatli yurishiga jiddiy to‘siq bo‘lgan edi. Butun G‘arbiy Yevropani hayajonga solgan ushbu voqealar arafasida Rossiya Kavkazni zabt etish uchun urush boshlagan, so‘ngra qurolini Markaziy Osiyoga qaratgani Rusiya qo‘shinining harakatidan ma’lum bo‘lib qolgan va undan keyin navbat Hindistonga kelishi mumkinligini matbuotdagi maqolalar bildirib turar edi. Birgina rus matbuotida, jumladan, “Otechestvenniye zapiski”da “Hindistondagi jinoyatlar va turmalar haqida” (1857, №7); “Biblioteka dlya chteniya”da “Ost-Indiya shu yilning boshida” (1857, №10) va ayni maqola “Russkiy vestnik” (1857, XI, 2-kitob)da qayta bosilgan; shuningdek, “Russkiy invalid”ning 133-, 174-, 214-, 231-sonlarida; “S.-Peterburgskiye vedomosti” gazetasining 163-, 164-, 169-, 240-sonlaridagi maqola va xabarlar e’lon qilingan. Inglizlarning “Times” (“Tayms”) gazetasi holatni tan olib, “Hindiston hozir yana kurashga chog‘lidir” deya ­e’tirof (1857, 31 iyul) etishga majbur bo‘lgan holat edi.

N.Dobrolyubov maqolasi 2 qismdan iborat bo‘lib, uning dastlabki qismida Hindiston tarixiga murojaat etilgan va “hind qoloqligi”ning sabablari tarixan ko‘pinonchli mamlakat bo‘lgani va hindlar qarshilikdan ko‘ra, itoatga moyilligi bilan asoslanib ko‘rsatilgan. “Hindlar qoloqligiga qarshi ingliz tsivilizatsiyasini olib kirish” bahonasida, asarning 2-qismi iqtisodiy va harbiy urush boshlagan ingliz mustamlakachilari “faoliyati”ga bag‘ishlangan. N.Dobrolyubov maqolasida Ost-Indiya kompaniyasining bosqin­chilik harakatining qoralangani uning mana bu boshlang‘ich so‘zlaridan ma’lum: “Ost-Indiya hayrati (ajablanishi) mana necha oydan beri butun Yevropa e’tiborini jalb qilmoqda. Uning hozirga qadar tinmayotgani ingliz qurolining sipohiylarga qarshi kurashda ayrim muvaffaqiyatlari butun mamlakat bo‘ylab tarqalmoqda. Kutilmaganda Hindiston Angliya bosqinidan halos bo‘lishi shubhasiz, hozirgi qo‘zg‘olon Ost-Indiya kompaniyasining mamlakatdagi ahvoliga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin”[2].

Asarning 1-qismida muallif Hindistondagi Boburiylar asos solgan saltanat, Panipat jangi, Boburshoh, Akbarshoh, Avrangzeb haqida batafsil so‘z yuritgan[3].

 

OST-INDIYaNING TARIXI VA HOZIRGI HOLATIGA NAZAR

Ost-Indiya hayrati (ajablanishi) mana necha oydan beri butun Yevropa e’tiborini jalb qilmoqda. Uning hozirga qadar tinmayotgani ing­liz qurolining siboylarga qarshi kurashda ayrim muvaffaqiyatlari butun mamlakat bo‘ylab tarqalmoqda[4]. Kutilmaganda Hindiston ­Angliya bosqinidan xalos bo‘lishi ham, shubhasiz, hozirgi qo‘zg‘olon Ost-Indiya kompaniyasining mamlakatdagi ahvoliga o‘zgartirishlar kiritishi ham mumkin. Yevropadan Hindistonga bir necha o‘n minglab jangchi va million funt-sterling yuborilishining o‘zi ingliz hukumatining xavfsizlik choralari ko‘rayotganining isbotidir. Go‘yoki, “Tayms” iborasi bilan aytilgan “Hindiston hozir yana kurashga chog‘lidir” so‘zlari ushbu holat haqiqatiga yaqin keladi[5]. Shunga qaramay, shubha yo‘qki, endi qo‘zg‘olonni oxiriga qadar bosdirish uchun Ost-Indiya kompaniyasining yerlashishiga qaraganda ham ko‘proq kuch kerak bo‘ladi.

Hayratli xabarlar ingliz hukumatini cho‘chitib va xavfga solib qo‘ydiki, ingliz matbuotida hindlarga qarshi maqolalar kuchayib ketdi. Bu holat kutilmaganda hayratlanarli tus oldi. Angliyaning davlat odamlari, amaldorlari, Ost-Indiya kompaniyasining xodimlari, hatto qiziquvchan sayohatchilar ham Hindistondagi voqealar haqiqatidan yaqindan xabardor bo‘lib, allaqachonlardir ingliz hokimiyati mahalliy qo‘zg‘olonchilar tomonidan xavf ostiga olinganini bashorat qilmoqdalar. Ular boshqaruvdagi tartibsizliklarni, aholiga zulm qilinayotganini ko‘rdilar, ularda soqov norozilik paydo bo‘lganini va bu ertami-kechmi ochiq ko‘rinishga kelishi mumkin, chunki har qanday insoniy sabru bardoshning ham o‘lchovi bo‘ladi. Endi hozir aytilayotgan havfli bashoratlar, ingliz gazetalari tan olayotgan haqiqat, bu qo‘zg‘olon tasodifan o‘z-o‘zidan vujudga kelmaganini, bu holat Hindistondagi ingliz boshqaruvining azal-oqibati ekanini tan olmoqdalar. Omma fikriga ko‘ra, sipohiylarning hozirgi isyoni, bu ogohlantiruvchi to‘lqin bo‘lib, ertami-kechmi Hind – Britaniya mulklarida kuchayishi mumkinligi, u holda tarixan voqealarning borishi bu buyuk qo‘zg‘olonga debocha bo‘lib xizmat qilishi aytilmoqda. Haqiqatan ham, aholining tinchlikparvar xarakteri, zamonlar davomida har qanday zulmga ko‘nikuvchanligi oxirgi vaqtda Ost-Indiya kompaniyasining nisbatan oson boshqaruviga sabab bo‘la olmagani, kelib chiqqan qo‘zg‘olon Ost-Indiya munosabatiga qarshi norozilik qo‘zg‘oloni bo‘lgani bu tarixiy zarurat ekani ayon bo‘ldi[6]. Uning sabablarini u yoki bu hodisadan emas, balki Hindistonning butun davomli tarixidan va bugungi hisob-kitobidan kelib chiqqan tarixiy harakatdir. Bu nuqtai nazar Ost-Indiya voqealariga ilova ravishda shunchalar zarurki, u yerda inglizlar hukmronligining o‘rnatilishi bu tarix haqiqati bir necha kichik voqealardan iborat emasligini ko‘rsatmoqda. Ost-Indiya kompaniyasining Hindistonda joylashuvi dastlabki paytda va frantsuz ta’siri bilan kurashayotgan davrda inglizlar qo‘lidan chiqib ketgan joy va mulklar bunday ta’sirlarni yo‘q qilishi mumkin edi. Bularga qaramay, u yerda joylashib olib, butun Hindistonga hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan taqdirda frantsuzlar bunday tasodiflardan naf ko‘rmagani holda ayrim yo‘qotishlarga uchradi va buning sababini noqulay vaziyatdan ko‘rgan edilar. Bunda ayrim shaxslarga ayb qo‘yilishi ham mumkin: xalq qudrati, asrlar davomida xalq orasida yetilib kelgan quvvat, kuch bu inglizlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muvaffaqiyatlarining garovi sifatida baholandi. O‘sha xalq qudrati, o‘sha xalq ruhi tarixiy jarayonda hozirgi qo‘zg‘olonga sabab bo‘lgan bosh omil sifatida tushuniladi. Faqat bu yerda masala murakkabroq edi, chunki hind xalqi turlicha taraqqiyotni boshdan kechirdi. Uning boshiga o‘z xalqining boshqaruvidan tashqari, islom va nasroniylik, sharqona despotizm va ingliz savdo boshqaruvi, brahmanlik inonchi va Yevropa tamadduni kabilar ham qo‘shildi. Boshboshdoqlarcha taraqqiy etgan xalq haqida, uning tanbal sajiyasi va doimo bosim ostida bo‘lishi, har bir yangi ta’sirning qorong‘i jihatlari va so‘nggida voqealar chigalining xavfli tus olishi xalq ongi o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Bu voqea qanday kelib chiqdi, qanday qilib Ost-Indiya kompaniyasi sekin-asta bugungi holga tushib qoldi – to‘g‘rirog‘i, uning bugungi qismatini yaxshiroq ko‘rsatish uchun bu tarixiy ocherk orqali kitobxonlarga ingliz boshqaruvidagi Hindistonning hozirgi holatini izohlamoqchimiz.

Hozir Angliya qo‘li ostida bo‘lgan hind qabilalari juda katta hududni egallaydi (1400000 ingliz km/mili), bu ulkan hududda 160 million kishi hayot kechiradi, ularning oltidan biri islomga e’tiqod qiladi, qolganlari hindlarning o‘zak dinlari va odatlari bo‘yicha yashaydilar. Bu yerda yashayotgan yevropali aholi mahalliy xalqqa nisbatan sezilarsiz darajadadir. Ular hammasi bo‘lib 30 mingdan iborat yevropalik lashkarlar va bir necha o‘n minglarcha ingliz amaldorlari, savdogarlari va sanoatchilaridir.

Aholining yarimorolda yashayotgan nufuzi juda zich holda turmush kechiradi. Avvalgi vaqtlarda bunday zichlik u qadar katta emas ediki, Hindiston azaldan tarixan aholi yashab kelgan o‘lkalardan biridir. Uning tabiiy boyliklari doimiy suratda Hindistonni o‘rab turgan tog‘larning shimolidan kelganlar tomonidan talangan, tabiat saxovati bilan bu yerda yaratilgan ne’matlar bo‘lingan. Hindistonda dastlab yashagan aholi haqidagi ma’lumot saqlanmagani uchun bu qabilalar hozirgi yarimorolga qayerdan kelib qolganini  aytish qiyin. Qadimgi Hindiston o‘z tarixchisiga ega emas ediki, biz u haqdagi ilk ma’lumotlarni Gerodotdan olamiz. Lekin Hindistonning boshqa xalqlarga nisbatan qadimgiroq bo‘lgan adabiy va huquqiy yodgorliklari uning boy va taraqqiy etgan tamadduni bo‘lganini isbotlaydi. Lekin taassufki, bunday taraqqiyotdagi tamaddun bizning eramizdan besh asr oldin, Doroyu Gishtasplar va Iskandar Maqdunlilar davrida rivojlanishdan to‘xtagan edi. Buyuk taraqqiyotdan keyingi bunday turg‘unlikning sababi hind tamadduniga asoslanadi. Bu tamaddun tamoyillarini harakatga keltirgan ruh shunda ediki, ular o‘zlarining ilk boshlang‘ichi bilan kurashishlari va bu yo‘lda to‘xtamasliklari lozim edi. Ular tezdan joriy etilishi bilan Sharqqa xos fanatik qiziquvchanlik rivojlanib, o‘zining so‘nggi natijalarini berdi – qiziquvchanlik ruhida boshlangan bunday harakatlarning hammasi faqirlikda aks etgan edi. Turli tomonlardan tog‘ va dengizlar orasida tashqi dunyodan ajralgan hind o‘zicha alohida hayotda yashar, boshqa xalqlarnikiga o‘xshamagan o‘z dunyoqarashini ishlab chiqqan edi…

Hindistonning shunday sokin va turg‘un hayoti ming yildan ko‘proq davom etdi. Aholi yerga tinchgina ishlov berdi, yer egalari hukumat oldida o‘z vazifalarini sokin bajardi, hukumat o‘z soliqlarini tinchgina qabul qilib oldi va onda-sonda bo‘lib turgan o‘zgarishlar tufayli ham hech kim tinch hind hayoti haqida qayg‘urmadi. Turg‘unlik bu  sokin mamlakatga tashqaridan kuchlar kirib kelgunga qadar bu turg‘unlik davom etdi. To‘qnashuv VIII asrda musulmonlar Hindistonga kirib kelib, o‘zlarining diniy e’tiqodlarini singdirishlaridan boshlandi. Lekin bu masalada ham ularga diniy fanatizm xalaqit berdi: o‘z e’tiqodi himoyasi uchun minglab kishilar qo‘zg‘oldilar. Musulmonlar Hindistonning shimoliy qisminigina egallab, u yerda Afg‘on hokimiyatini o‘rnatdilar. Oradan uch yuz yil o‘tib (1004), Hindistonning shimoliy qismini Mahmud G‘aznaviy[7] egalladi.

XIII asrdan boshlangan mo‘g‘ul istilosi sekin-astalik bilan yarim orolni qamrab oldi. XIV asrning oxirida (1399) (Hindiston shimolidagi) afg‘on sulolasining boshqaruvi Amir Temurni qoniqtirmadi va yuz ming lashkari bilan Dehliga kirib keldi. Shu vaqtdan e’tiboran Hindistonda Temuriylar sulolasi o‘rnatila boshladi. XV asrdan bu hukumatni afg‘on qo‘zg‘olonlari va rahbarlarning o‘zaro urushlari parokanda qila boshladi. Lekin Bobur davridan boshlab, uning Panipatdagi (Dehlining shimolida) g‘alabasidan so‘ng butun Hindiston hokimiyatini qo‘lga oldi va bu saltanat mustahkam qaror topdi.

Musulmon temuriylarning intilishlari shundayki, ular hindlarning milliy talablariga osongina moslashdi. Muhammad payg‘ambardan ke­yingi arablardan farqli ravishda XIV asrdan diniy tashviqot usuli o‘zgartirildi. Ichki boshqaruvlarga befarq bo‘lgan avvalgilar faqat o‘z hokimiyati manfaatini o‘ylab, ularni kengaytirish yo‘lini tutdilar… Lekin zamindorlar[8] ko‘proq mustaqillikka erishib, yuqori lavozimdagi amaldorlarning tazyiqidan uzoqlashdilar. Ularning harakatlari oldindan yuqoridan belgilab qo‘yilgan qonunlar bilan emas, bevosita o‘zlarining ishlab chiqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ular hukumat oldida faqat to‘layotgan soliqlari uchungina javobgar bo‘lib qoldilar. Shunday qilib, xalq zamindorga bevosita o‘zining egasi sifatida qarashga odatlandi, ularning mulklari hind odatlari bo‘yicha nasldan naslga o‘tib bordi, ular belgilangan soliqni hukumatga to‘lash bilan cheklanib, nihoyat boburiylar saltanati davrida o‘z yerlarida egalik qila boshladilar. Shunday qilib, hind zaminida azaliy odatlardan tashqari, yerga egalik huquqi shakllandi.

Bunday o‘zgarishlarga qaramasdan, xalq o‘z ta’limoti tamoyillariga sodiq qoldi, ya’ni ularning hammasi o‘zlarining avvalgi sokin hayotini saqlab qoldilar. Hatto hind xalqi mamlakatni kim boshqarayotganiga befarq bo‘lib qoldi. Agar hukumat yaxshi bo‘lsa, bu Braxmaning donishmandligi va qudratining ifodasi sifatida qabul qilindi. Avvalgidan boshqacha yangi hokimiyat paydo bo‘ldi, biroq bu ham Brahmaning irodasi bo‘lib, u o‘z qudratini namoyon qilishning yangi boshqaruvchisini topgani edi. Bu holatlarda hindlar shaxsiyat masalasida izchil bo‘lib, shaxs ularni unvondan ayriltirdi. Bu holat, ayniqsa, mashhur sarkarda Bobur davrida ham kuzatilgan ediki, u o‘z asarida quyidagilarni yozadi: “Har qaysi yerda tobi’ va muti’ navkar va chokar va jam’i muayyan va muqarrardur. Podshohning nasb va azli xotiri (271 b) tilasa, har kimnikim birovning yerig‘a o‘lturg‘uzdi, ul yerga tobi’ va muti’ navkar va chokar tamom bu kishining bo‘lur, balki podshohining taxtida ham bu xosiyattur. Har kim podshohini o‘lturub, taxtg‘a chiqquncha fursat topsa, ul podshoh bo‘lur. Umaro va vuzaro va sipohiy va raiyat barcha anga itoat va inqiyod qilurlar. Burung‘i podshohidek podshoh va farmonravo bilurlar”.[9] Bunday qarashlari orqali Bobur nega endi xalq mutlaqo hukumatning boshqaruviga beparvo ekanini izohlamoqchi bo‘lgan, o‘zi bilan hukumat oldidagi ishlarga aralashishdan tiyilgan. Xalqning quyi sinflari oldidagi vazifa faqat uni boshqarayotgan unvonli kishini bilish, u bilan yaqin munosabatga kirishish, ayni shu holdagina ularning tirik jon ekanliklari namoyon bo‘ladi…

Sekin-astalik bilan Hindiston zaminida hind e’tiqodi bilan birga muhammadiylik shakllana boshladi: mulkdor va zamindorlar islomni qabul qildilar yoki musulmon boshliqlari bilan almashdilar. Butun Hindistonni uzoq yillar boshqargan Dehli imperatoridan tashqari, amaldor musulmonlar ham ajoyib kishilar bo‘lgan: Dekan (shahri) nozimi, Ud (hududi) qiroli, Misor (viloyati) sultoni va Bengal nabobi (boshqaruvchisi) shular jumlasidan. Qur’on talablari bo‘yicha davlat boshqaruvi hindlarning avvalgi rahbarlik tizimidan keskin farqlanmadi. Brahmaning sabr-qanoat haqidagi donishmandona hikmatlari hayotda o‘z tasdig‘ini topdi, har holda hindni kelishuvchilik bilan yashash sharoitiga ko‘niktirdi. Hind tasavvurida Brahma irodasiga ko‘ra, aslida Qur’onda belgilangan tarzda hukmdorning soliq olishi hindistonlik uchun qonuniy holday ko‘rindi: u o‘zini doimo yerdan vaqtincha foydalanuvchi deb his qildi, unga egalik esa yuqori unvonli kishilarga tegishli edi. Shuning uchun ham musulmonlar solig‘i – hiroj[10]  avvalgi soliqlarga qo‘shimcha bo‘lsa ham, lekin u doimo zamindor tomonidan tartibli ravishda yig‘ildi va yerga to‘liq egalik huquqini saqlagan kishilarga yetkazilib turildi.

XVI–XVII asrlar boburiylar saltanati Hindiston uchun o‘zining donishmandona davlat boshqaruvi tizimini meros qilib qoldirdi. XVI asrning 2-yarmida hukmronlik qilgan Akbarshoh, 1707 yilda vafot qilgan Avrangzeb shunday donishmand va ajoyib hukmdorlar sifatida xotirlanadi. Haqiqatan ham Akbarshoh amaldorlar boshqaruvi uchun juda ko‘p ijobiy islohotlarni qonunlashtirdi, soliq yig‘ishning eng yaxshi tizimini joriy qildi, davlat kirimlarini ko‘paytirdi, yo‘llar qurdirdi, pochta harakatini to‘g‘ri yo‘lga soldi, qo‘shinda yaxshi intizom o‘rnatdi, go‘zal inshootlar qurdirdi, hozir saqlangan xarobalar ham sayohatchilarga ularning asl mahobatini ko‘rsatib turibdi. Avrangzeb, ayniqsa, o‘zining muhtasham va qulay me’moriy inshootlari bilan shuhrat qozondi. U hokimiyatga kelgunga qadar qo‘liga qurol olib, Dekan shahrida o‘z hokimiyatini o‘rnatish uchun kurashishi kerak edi. Bu janglar ham mo‘g‘ullarning avvalgi vayronagarchilik urushlaridan farq qilgan. Bundan keyin Avrangzeb o‘z zimmasiga juda ko‘p ijtimoiy vazifalar oldi, bu orqali o‘zi erishgan zaminni qo‘lda saqlab turish iqtidorini ko‘rsatdi, urush oqibati tufayli ishsiz qolganlarga ish berdi. Shuning barobarida ko‘plab buyuk inshootlar: masjidlar, saroy va xonaqohlar qurdirdi. Bu bunyodkorlik bir frantsuz yozuvchisining ta’biricha, xalq uchun mahobat manbai nima ekanini ko‘rsatdi.

Shuningdek, bu qudrat va mahobat haqiqatan ham buyuk boburiylar saltanatiga betimsol ulug‘vorlik keltirdi. Lekin hind jamiyati shunday qurilgan ediki, hukumat boshlig‘ining shuhrati va uning hududining kengligi muhim emas edi. Buyuk boburiyning boyligi va ajoyibligi uni soliqdan butunlay ozod qilmadi. Aksincha, sekin-asta soliqlar ortib bordi. Akbardan avval o‘tgan Shershoh Suriy, masalan, hosilning to‘rtdan birini talab qildi. Akbarshoh hamma kichik soliqlarni bekor qilib, yagona soliq tizimini barpo qildi. Ishlab chiqaruvchilar bilan soliq yig‘uvchilar orasida o‘rtachi amaldorlar paydo bo‘lmasligi uchun mas’ul bo‘lgan amaldorlar tizimini shakllantirdi. Musulmon amaldori bilan ishlash yoki o‘z jamoatidagi amaldor bilan yashashdan osonroq bo‘lganmi bilmadik, biroq bundan qonuniy soliq va uning hukumatga tez yetib borishi yutdi. Akbarshoh davrida musulmon amaldorlarining soni ortdi, sipohsolor yoki subador (voliy – tarj.) kabi yangi muovinlar belgilanib, ularga lozim bo‘lganda urush ochish va o‘lim jazosiga hukm qilish huquqi berildi. Akbarshoh ulkan mamlakatni 12 hududga bo‘lgani kabi bunday subadorlar soni ham 12 ga yetkazildi. Shu bilan birga subodar yonida qo‘shimcha vazifalar joriy qilindiki, bu vazifalarga ko‘proq kiborlar tayinlandi. Akbarshoh tamoyiliga ko‘ra, kiborlar jamiyatini saqlash va ularning mamlakatdagi obro‘sini oshirish lozim bo‘ldi. Qur’onga ko‘ra, hindlar kofir bo‘lsa-da, ularga nisbatan rahmli bo‘lish talab etilgandi. “Olamning yaratuvchisi, – deb yozadi Akbarshoh o‘z kitoblarida, – podshohlarga shuni ishonib topshirdiki, ular o‘z xalqini saodatli qilishlari va ayniqsa, taniqli oilalarning nomusi va shuhrati haqida qayg‘urishlari lozim”. Bunday dunyoqarash, ko‘rinadiki, hindlar uchun e’tiqod muhim sanalgani kabi ular ruhiga mos kelar edi. Kuzatilishicha, har holda xalq eng yaxshi musulmon hukmdoriga qarshi chiqmagan, qaysiki, avvalgi hukmdorlar paytida sodir bo‘lgan telbalarcha isyonlar bo‘lmagan.

Xalqning aqliy rivoji Akbarshoh oldida yuqori bo‘lmaganini shu narsa tasdiqlaydiki, Akbarshoh tomonidan yangitdan olib kirilgan g‘oyalar ham yetarli tushunib yetilmagan. Akbarshoh (1605) haqiqatan daho (genial) kishilardan edi. Uning holati o‘zining erkin niyatlarini to‘liq amalga oshirishga imkon bermasa-da, u o‘z aqliy qudratiga yarasha ishlar qilib ulgurdi. Muhammad va Payg‘ambar vorislarining qonunlari asosida tarbiyalangan Akbarshoh islomda hayotning butun qulayliklarini ko‘rdi, o‘z falsafiy mulohazalarini kengaytirish orqali doru-r-rohat uylari – ibodatxonalar qurmoqchi bo‘ldi. Xalqning diniy e’tiqodi yuqori ekanini anglab, Akbarshoh uni qondirish maqsadida rohib Frantsis Ksave nasroniylikni targ‘ib qilsa ham uni qo‘l ostida uzoq saqladi, uning so‘zlariga quloq tutdi, garchi bu so‘zlar unga yoqmasa ham o‘z mamlakatida uning tomonidan nasroniylikni targ‘ib etilishiga qarshi turmadi. Turli dinlar tarixini yaxshi bilgan va o‘z e’tiqodida sobit Akbarshoh deistik xarakterdagi o‘z diniy tizimini yaratdi[11]. U o‘zini Xudoning yerdagi elchisi deb atamadi va o‘z qarashlarini aqlga muvofiq keladigan tarzda rasmiylashtirdi. Uning ta’limotiga ko‘ra, dunyoni ulug‘ Alloh boshqaradi, unga har kim o‘z fikri va harakat yo‘li bilan intiladi. Bu Iloh tashqi jihatdan alohida diniy ko‘rsatma talab qilmaydi: Unga e’tiqod doimiy ravishda kundalik hayotda bo‘lishi va o‘zining shaxsiy manfaatu qiziqishlarini insoniyatga bag‘ishlashi lozim. U o‘z ta’limotini Hindiston bo‘ylab yoymoqchi bo‘ldi. Biroq na musulmon, na brahman uni tushunmadi. Hindlarning diniy e’tiqodlari allaqachon shunga kelib qolgan ediki, unga qandaydir aqliy turg‘unlik kerak edi. Fikrlash huquqidan mahrum bo‘lgan, o‘z erkin aqliy taraqqiyoti davomida turli to‘siqlarga uchragan hindlar go‘yoki zohiran biror diniy shakl bilan cheklanib qolishlari mumkin emas edi. Ov qilishni xohlamay, xalqning ma’naviy taraqqiyotini o‘ylamay faqatgina odatdagi urflarning bajarilishini kuzatib yurishga o‘rgangan, tantanavor marosimlarga o‘ch va qurbonliklar qilishga saxovatli brahmanlar xalqning ma’naviy taraqqiyotini o‘ylamas edilar.

Bunday mamlakat va xalq orasida Akbarshohga har qanday zo‘rliklardan xoli bo‘lgan dinni belgilash lozim ko‘rindi, chunki podshoh zulmni istamas edi. U qandaydir istisno qilib, o‘z e’tiqodiga sipohiylarcha dengiz va olovni kiritdi, bu bilan uning dini ko‘rinarliroq bo‘ldi. Biroq bu e’tiqod Akbarshohning o‘limi tufayli keng yoyilmasdan to‘xtab qoldi.

Xuddi Akbarshoh kabi bir qancha podshohlar Hindistonga jalb qilindi. Lekin boburiylarning holati bunday Hindiston kabi mamlakatda va uning aholisi hind xalqiga nisbatan hasad qilishida edi. Akbarning davomchilari xalqning farovonligi haqida kam bosh qotirdilar. Ularning injiqliklari hatto sulhparvar hindlarni ham qarshi harakatga chorladi…

Bularga qarshi o‘zini saqlab qolish saqfi tabiati bo‘yicha ham nihoyat qurollanishga olib keldi. Hindlarning qanchalik shaxssizlantirishlariga qaramay, ularning hayotga bo‘lgan muhabbati zulmlarga qarshi chiqishga olib keldi. G‘ayri yurtlardan kelganlarning bosqini mamlakatni kambag‘allashtirdi, vaziyatdan chiqish uchun qilingan harakatlar o‘z hukumatining susayishiga ham sabab bo‘ldi. 1739 yili fors shohi Nodir boburiylar saltanatini butunlay talab, Avrangzeb o‘g‘li Muhammad XIV ga meros qilib qoldirgan taxtni o‘g‘irladi.  Uning Dehlini talab, olib ketgan xazinalari orasida shunday ulkan o‘ljalar bor ediki, uni faqat tarixgina esga oladi. Boshqa turli ashyoyu anjomlar orasida Dehlidan olib ketilgan va hozirga qadar Tehron saroylarini bezab turgan taxt tovusning qanoti tarzida butun billur va qimmatbaho toshlardan ishlangan edi. O‘ljani egallagach, Nodirshoh o‘sha ondayoq Hindistondan jo‘nab qoldi, lekin uning bosqini boburiylar saltanatini larzaga soldi, xalqning sabr kosasiga quyilgan so‘nggi tomchi bo‘ldi. Bu voqealar, ya’ni hokimiyatning sustlashuvidan, birinchi navbatda,  Markaziy Hindistonda Avrangzebobod bilan Berar o‘rtasida yashovchi maratxalar foydalanib qolmoqchi bo‘ldilar[12]. Bu qavm doim o‘zining johil va g‘azabnokligi bilan ajralib turar, Dehli sultonlari ularni batamom yo‘qotib ulgurmagan edi. Ulardan biri, o‘zining keng fikri va amaldagi chaqqonligi bilan ajralib turuvchi Sivojiy[13] maratxalar hokimiyatining asoschisi edi. Uning davrida kuchli Maratxa davlati Hindistondan ajralib chiqib, mustaqil davlatga aylangan va shu bilan buyuk boburiylar saltanati nurab borgan edi. O‘sha vaqtda o‘zini Nizomulmuluk atagan Shayd Qulixon Haydarobod davlatini tuzdi[14]. Birmuncha kechroq Haydar Ali[15] Misor saltanatini vujudga keltirdiki, bu davlat uning o‘g‘li Tibbu Soib davridan asrimiz boshigacha gullab-yashnadi. Bu barcha hayratlanarli voqealar kuchli urushlar tufayli yuzaga kelib, hukumatlararo urushlar yarim orolni xarob qilgan edi. Bunday boshboshdoqlik davrida hind xalqi iztirob chekdi, bir hokimiyatdan ikkinchisiga o‘tib talandi, o‘ziga yengillik tiladi…

Ingliz-hind kompaniyasi qirolicha Yelizaveta tomonidan 1600 yili ta’sis etilgan edi. Inglizlarning birinchi savdo o‘chog‘i – Hindistonning g‘arbiy sohilidagi Surat shahri 1611 yilda barpo qilindi. So‘ngra  faktoriya (kompaniyaning bir qismi – tarj.) 1654 yili Madras shahrida va 1664 yili Bombayda tashkil qilindi. Bu davrlar orasida ingliz savdo kompaniyasi alohida kengayib bordi, Surat shahridagi faktoriya Agra sultoni Shoh Jahonga o‘z elchiligini yubordi. Bu elchilik ichida shifokor Boufton ham mavjud bo‘lib, u sulton qizini o‘limdan saqlab qolgani uchun alohida e’zoz topdi.  Buning uchun Shohjahon erkin savdo qilish huquqini berdi. Bu huquqni Boufton o‘zigagina emas, kompaniyaga tegishli bilib, fursatni boy bermay, Bengaliyaning Gang sohilidagi Gugli shaharchasida savdo kontorasini ochdi. Keyinroq bu yerda Kalkutta shahri ham qad rostladi.

Shunday qilib, Hindistonning ikki qarama-qarshi qutbida joylashib olgan kompaniya mamlakat ichkarisida o‘z harakat doirasini kengaytira bordi. Kompaniyaning mablag‘i u qadar ko‘p emas edi, shuning uchun u butun Hindistonni egallashni orzu qilmagandi. Tashkilotning butun sarmoyasi  har biri 50 funtli aktsiyalarga ega bo‘lib, uning qiymati 40 ming funt sterlingdangina iborat edi. Bu mablag‘ bilan kompaniya o‘sha paytda Dehli sultoni bo‘lgan Avrangzeb zamonidagi mavjud golland va frantsuz kompaniyalari bilan raqobat qila olar edi xolos. Baxtga qarshi, kompaniyaning ayrim a’zolarining harakati tufayli sulton bilan qarama-qarshilik kelib chiqdi. 1690 yili Avrangzeb qo‘shinlari kompaniyaning barcha faktoriyalarini egallab, uni tarqatib yubordi[16]. Podshoh kompaniya chinovniklarini zanjirga solib, Bombay ko‘chalari bo‘ylab badarg‘a qildirdi. Vaziyat keskinlashgani tufayli Surat shahridagi elchilik Avrangzeb oldiga o‘z vakillarini yuborib, uzrxohlik qildilar. Avrangzeb elchilarni zanjirband qildirgan holda qabul qilib, ularni tavbasiga tayantirib, ta’zim qilib podshohdan kechirim so‘rashlikni buyurdi. Nihoyada esa kompaniyani kechirib, uning avvalgi imtiyozlarini qaytardi, ingliz kompaniyasidan jabr ko‘rganlarning yo‘qotgan chiqimlarini mukofot orqali qoplab ham berdi. Savdo kompaniyasi ishlari yanada jonlandi.

O‘ttiz yil o‘tgach (1726), kompaniya Dehliga o‘z yangi elchilarini yubordi, uning tarkibida san’atkorlar bo‘lgani uchun bu missiya muvaffaqiyat qozonib, podshoh bilan suhbatlashish sharafiga erishdi. Podshohni davolagan Kompaniya shifokori doktor Gamilton tufayli inglizlar uch nuqtada: Bombay, Madras va Kalkuttada mahkam o‘rnashib oldilar…

Shunday qilib, ingliz kompaniyalari Hindistonda o‘z so‘zini ayta boshladilar. Asrlar davomida qullikka ko‘nikkan xalq ular yeriga o‘rnashib olgan “ma’rifatli” kompaniyalardan noroziliklarini sekin-astalik bilan ifodalay oldilar. Agar Hindistonda kitob chop etish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa ham, hind brahmanlarining kitoblarini chop etib, xalqni chalg‘itib turganiga qaramay, Angliyaning oxir-oqibat maqsadi ma’rifat va tsivilizatsiya emas, balki xususiy egalik qilish ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Avval hind amaldorlari ingliz kompaniyalaridan norozi bo‘lgan bo‘lsa, endi amaldorlardan keyin xalq bu norozilikka qo‘shila bordi. Va nihoyat u kompaniya va tashkilotlardagi ingliz boshqaruvining basharasini ko‘rib, unga qarshi isyon ko‘tardi…

Asrlar davomida yuqori doiralarga qurbon bo‘lib kelgan baxtsiz avlodlar endi bunday vahshatlarga barham bermoqchi bo‘ldi. Bu qo‘zg‘olondan uyg‘ongan hind xalqiga endi qiyin bo‘ladi. Bundan keyin isyonni bostirgach, ingliz tsivilizatsiyasi Hindistonda uzoq yillar hukm surib, unga rahbarlik qilmoqchi bo‘ladi. Angliyaning o‘zida ham Ost-Indiya kompaniyasiga munosabat o‘zgaradi. Endi uning vazifasi xalqni ma’rifatli qilish emas, balki ekspluatatsiya qilish ekanini har kim tushuna boradi. Buni sezgan va Hindistonni boshqarmoqchi bo‘lgan ingliz davlat odamlari shuni tushunishlari kerakki, Hindiston Angliya tomonidan inglizlar uchun emas, Hindiston uchun hindlar tomonidan boshqarilishi lozimdir.

Endi sipohilar qo‘zg‘oloni tufayli inglizlar orasida qanday shov-shuvlar ko‘paygan bo‘lmasin, miting va parlamentlarda Hindistonda hukumatni suiste’mol qilgan ingliz boshqaruvi haqida so‘z boradi. London gazetalarida Angliya hukumatiga e’tirozli maqola va xatlar bosilib turibdi.  Bu qadar kuchli to‘lqinlar davlat va jamiyat kamchiliklarini ochiq ayta boshlagani kabi Angliyaning buyuk kuchidan darak bermoqda. O‘zining davlat boshqaruvi davomida ko‘plab kamchiliklarni yashirib kelgan jamiyat ovozi endi baralla eshitila boshlandi. Ehtimol, bu jamoatchilik qarashlari Hindistonga xalqning ehtiyojlarini hisobga olishda, so‘ngsiz bojlar va soliqlarning kamayishiga yordam berishi mumkindir. Va o‘shanda, albatta, Ost-Indiya kompaniyasining kuchli ekani o‘z tasdig‘ini topar va ana o‘shandagina tamaddun sari boshqaruvi qo‘ldan-qo‘lga o‘tib borishini ta’minlashi mumkin bo‘ladi.

“Sovremennik”, 1857. № 9.

Rus tilidan Hamidulla Boltaboyev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 3-son

_____________

[1] Dobrolyubov N.A. Sobr. soch. v 9-ti t-x. t. 2. M., 1962. S.506.

[2] Dobrolyubov N.A. Sobraniye sochineniy v 9-ti t-x. T.2. M., 1962. S.7-46.

[3] Dobrolyubov N. Vzglyad na istoriyu i sovremennoye sostoyaniye Ost-Indii / Glazami druzey: Russkiye ob Indii. M., 1957. S.7-46.

[4] Xalq qo‘zg‘oloni Hindistonda 1857 yil 10 mayda sipohiylar (ingliz armiyasidagi hind yollanma jangchilari)ning bir necha qo‘shinlarida  Mirut shahrida boshlangan. Qo‘zg‘olonchilar Dehli qal’asini egallagandan so‘ng ikki hafta davomida butun Shimoliy Hindiston bo‘ylab tarqalgan. Qolgan ingliz qo‘shinlari Laknauga berkinishgan. Panjobdagi umumiy qo‘zg‘olon sikhlar bilan mahalliy feodallar hamda mustamlakachi hokimiyat tomonidan bostirildi. Sikh va nepal qo‘shinlariga tayangan holda feodal boshqaruvchilar bu viloyatlarni inglizlar yordamida egallab oldilar.  Ingliz qo‘shinlari Dehliga 8 iyunda kirib kelib, uni 20 sentyabrda qamal orqali oldilar.

[5] “Times”dagi “Hindiston yana bosib olinsa kerak” iborasiga K.Marks ham o‘zining 1857 yil 31 iyuldagi “Hindistondan axborotlar” maqolasiga ishora qiladi.

[6] N.Dobrolyubov qarashlari bu masala bo‘yicha K.Marks nuqtai nazariga yaqin keladi. Qo‘zg‘olon boshlanishi paytida Marks aytgan ediki: “Vaqt o‘tishi bilan boshqa faktlar ham yuzaga chiqadiki, bular Jon Bulni ishontirgan holda bu harakat harbiy isyon bo‘lib, u xalq milliy qo‘zg‘oloniga aylanadi” (Asarlar. 2-nashri, 12-jild. B.259).

[7] Mahmud G‘aznaviy (998–1030) – Afg‘onistondagi musulmon sulolasi hukmdori. Shimoliy Hindistonga yurish qilib, uni egallagan.

[8] Zamindor – hind vassal knyazlarining nasliy mulkdorlari.

[9] Tarjimon izohi – Dobrolyubov bu iqtibosni “Boburnoma”ning inglizcha tarjimasidan olgan. Biz asl matnni quyidagi nashr bo‘yicha keltirdik: Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma.  – T.: “Sharq” NMAK, 2002. B.196.

[10] Hiroj – Hindistondagi musulmon hukumati tomonidan joriy qilingan kishi boshiga olinadigan soliq.

[11] Akbar (1542-1605) ma’muriy o‘zgarishlarni amalga oshirishdan tashqari, o‘z vaziri Abul Fazl bilan birga butun Hindiston uchun umumiy bo‘lgan hinduviylik, zardushtiylik va islom, hatto nas­roniylik elementlarining eklektik yig‘indisi asosida din yaratishga erishdi.

[12] Boburiylar hukumatining susayishiga sabab afg‘onlar, maratxalar, sikxlar kabi turli harakatlar natijasi ediki, ular orasida qisman bo‘lsa-da, g‘alabaga erishganlari maratxalar va sikxlar bo‘ldi.

[13] Sivojiy (Shivojiy) (1627–1680) – maratxalar davlatining asoschisi.

[14] Dekandagi boburiy hukmdor Chin Qilichxon (Nizomulmulk ismi bilan ham mashhur bo‘lgan) 1724 yili o‘zini Haydarobod hukmdori deb e’lon qilgan.

[15] Haydar Ali (1728–1782) – Hindistonda Maysur viloyati hokimi.

[16] 1685 yili inglizlar 10 kemadan iborat ekspeditsiya tashkil qilib, Hindistonning g‘arbiy sohiliga qo‘shin tushirdi va mamlakat ichkarisida bir necha janglar orqali aholiga daxl qildi. Buning natijasida esa ingliz faktoriyalari tarqalib ketdi.