Lutfiy (1366-1465)

Mavlono Lutfiy XIV — XV asrlardagi o‘zbek mumtoz adabiyotining atoqli namoyandasi bo‘lib, o‘zining o‘zbek va fors-tojik tillaridagi asarlari bilan Sharqda katta shuhrat qozongan so‘z san’atkoridir. Shoirning hayoti va ijodi haqida zamondoshlari Davlatshoh Samarqandiy, Shamsiddin Somiy, Xondamir, Abdulla Qobuliy kabi tazkiranavislarning asarlarida muhim qayd va mulohazalar uchraydi. Xususan, Lutfiyni yaqindan bilgan, u bilan ustoz va shogirdlik rutbasi bilan bog‘langan Alisher Navoiy asarlarida keltirilgan ma’lumotlar g‘oyat qimmatlidir.

Sharq adabiyoti tarixida Lutfiy taxallusi bilan asarlar yaratgan ijodkorlar ko‘pgina bo‘lib, “Qomus ul-a’lam” asarida ulardan ayrimlari sanab o‘tilgan. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy bilan yaqin muloqotda bo‘lib, o‘zining asarlari bilan Xuroson va Movarounnahr adabiy muhitida chuqur iz qoldirilgan Mavlono Lutfiy “Malik al-kalom”, ya’ni “So‘z podshosi” (Alisher Navoiy) unvoni bilan shuhrat qozondi.

Lutfulloh Lutfiy Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida guvohlik berishicha, 99 yil umr ko‘rgan. Shoirning zamoniga oid manbalardagi ma’lumotlar asosida uning tavallud sanasi 1366 yil deb ko‘rsatilgan. Lutfiy boshlang‘ich tahsildan keyin madrasalarda o‘z davrining dunyoviy va shariat bilimlarini chuqur o‘rganadi. So‘ngra esa tasavvuf bobida malaka hosil qilishga kirishadi. Bu haqda Alisher Navoiy quyidagilarni qayd etadi: “Mavlono yigitligida ulumi zohiriyni takmil qilg‘ondin so‘ngra Mavlono Shahobiddin Xiyoboniy qoshida so‘fiya tariqatida ham suluk qilg‘ondur”. Shahobiddin Xiyoboniy o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan mutasavvuf shayxlaridan bo‘lib, uning “Qur’oni Karim”ga yozgan sharhlari ham mavjud edi. Lutfiy ana shu allomadan tasavvuf ta’limini olib, keng va chuqur bilim sohibi bo‘lib yetishdi. Lutfiy asarlaridan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, u Abu Ali ibn Sinoning “Qonun” va “Ash-Shifo” asarlarini chuqur o‘zlashtirilgan.

Lutfiyning yoshlik yillaridanoq adabiyotga bo‘lgan katta qiziqishi alohida ko‘zga tashlanib turar edi. Bo‘lajak shoir o‘zigacha bo‘lgan turkiy tildagi adabiyot bilan bir qatorda fors va arab adabiyotlarini ham qunt bilan o‘rganadi. Uning Hofiz, Kamol Xo‘jandiy va Nasimiy meroslariga rag‘bati ayniqsa katta edi. Amir Temur davridan boshlab Xurosan va Movarounnahrda ro‘y bergan siyosiy markazlashuv samarasi o‘laroq shakllangan adabiy muhit Lutfiyni ham o‘z maydoniga tortdi. Uning g‘azallari og‘izga tushib, mushoira kechalarida o‘qiladigan, adabiy suhbatlarning esa mavzuiga aylandi. Oddiygina hayot tarziga o‘rgangan, darvishlarga xos xokisorlik bilan mo‘tabarlik kasb etgan bu shoirning she’rlari chuqur fikrlarni sodtsa so‘zlar yordamida yuqori badiiy bo‘yoqlarda ifodalay olishi bilan ajralib turar va she’rlari shu jihati bilan Navoiy va Jomiy kabi adabiyot homiylarining diqqat-e’tiborini qozongan edi.

Jome’ masjidi. Hirot, Afg‘oniston

Mavlono Lutfiydan bizgacha salmoqligina adabiy meros yetib kelgan bo‘lib, uning katta lirik asarlar tashkil qiladi. Lutfiyning lirikadagi serqirra ijodi haqida Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida quyidagilarni yozadi: “Mavlono Lutfiy o‘z zamonasining “Malikul-kalom”i erdi. Turkiy va forsiyda benazir erdi, ammo turkiyda shuhrati ko‘proq erdi va turkcha devoni mashhur”. Shoirning forsiy tildagi asarlarini to‘plab devon tuzgani bizga ma’lum bo‘lmasa-da, uning bu tilda ham katta mahorat bilan ijod qilinganligini zamondoshlari munosib baholagan edilar.

Lutfiyning adabiy merosi orasida dostonlar alohida o‘rin egallaydi. Shulardan biri 1411 yilga yaratilgan “Gul va Navro‘z” dostonidir.

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da Lutfiyning bizgacha yetib kelmagan “Zafarnoma” deb nomlangan dostoni to‘g‘risida shohidlik beradi va yozadi: “Mavlononing “Zafarnoma” tarjimasida o‘n ming baytdan ortiqroq masnaviysi bor. Bayozg‘a yozmog‘oni uchun shuhrat tutmadi”. Lutfiy ijodining tadqiqotchilari yuqorida qalamga olinayotgan “Zafarnoma” tarjimasining manbai Sharafiddin Ali Yazdiyning fors tilida yaratilgan Amir Temur hayotiga oid “Zafarnoma” asari ekanligini qayd etadilar. Shunday ekan, Lutfiy o‘z davrida avlodlar uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lgan bir mavzuga qo‘l urgan va Ali Yazdiyning tarix va xotira uslubida yozilgan asarining turkiy tildagi poetik namunasini yaratgan. Professor Ye. E. Bertels, shoir bu masnaviyni Firdavsiyning “Shohnoma”si uslubidagi qahramonlik asari sifatida rejalashtirgan bo‘lishi kerak deb aytadi. Lekin qandaydir sabablarga ko‘ra shoir uni oqqa ko‘chirmagan. Navoiy ham uni “oqqa ko‘chirmagani (“bayozg‘a yozmog‘oni uchun”) uchun shuhrat tutmadi” deb aytadi.

Sharq madaniyati tarixiga oid manbalarda Lutfiyning axloq-odob mavzuida “Mashqun ul-haqoyiq” nomi bilan ham asar yaratganligini eslanadi. Xo‘tanlik Mulla Ismatullaning “Tarixi musiqiyun” asarida Lutfiyning musiqa tarixi bilan ham shug‘ullanganligi, kuylar bastalaganligi qayd etiladi. Qariyb yuz yil umr ko‘rgan daho shoirning ijod qamrovi ham rang-barang bo‘lganligi, xususan, badiiy adabiyot sohasida ko‘p ishlarga ulgurganligi shubhasizdir.

Lutfiyning ona tilidagi lirik asarlaridan iborat devoni o‘z davridayoq Xuroson va Movarounnahrdan tashqari turkiy tilda so‘zlashuvchi ko‘pgina o‘lkalarga ham kirib borgan edi. Keyin bu hudud yanada kengayib bordi. Shoir devonining Respublikamizdan tashqari ko‘pgina mamlakatlar kutubxona xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalari shundan dalolat beradi. Respublikamizda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, shuningdek, Qo‘lyozmalar instituti fondlarida Lutfiy devonining o‘nlab nodir nusxalari saqlanadi. Ushbu manbalar devonning London va Parij nusxalari bilan qiyosiy-tanqidiy o‘rganilib, shoirning qator “Saylanma” nashrlari yaratildi. 1987 yilda G‘. G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan Lutfiyning “Sensan sevarim” nomli to‘plami so‘nggi o‘n yilliqda nashr etilgan devonidir.

Devon Sharq she’riyatining yetakchi janrlaridan bo‘lgan g‘azal, ruboiy, tuyuq, qit’a va fardlarni o‘z ichiga oladi. U odatdagidek, hamd va na’t she’rlari bilan boshlanadi. Devonning deyarli ko‘p nusxalarida Shohrux Mirzo nomiga yozilgan qasidaga ko‘zimiz tushadi. Ayrim nusxalarda esa Temuriy shahzodalar: Boysung‘ur Mirzo, Iskandar Mirzo nomiga bag‘ishlangan qasidalar ham uchraydi.

Lutfiy devonidan o‘rin olgan lirik asarlarning yetakchi temasi — ishqdir. Shu ishq insonning zohiriy va botiniy olamini oyna bo‘lib aks ettiradi. Biz bu asarlarda ishqning dunyoviy talqinlarini ham yuksak san’at bilan aks ettirilganligini kuzatamiz. Navoiy o‘zining “Manoqibi Pahlavon Muhammad” asarida Lutfiyni “zohir ahli shuarosi”, ya’ni dunyoviy mavzular talqinida mahorat ko‘rsatgan shoir sifatida alohida xarakterlaydi. Shoir lirikasida ancha keng o‘rin tutgan dunyoviy mavzular, ayni paytda, diniy-tasavvufiy mavzular bilan uyg‘unlashib, biri-birini to‘ldirib keladi. Shu tarzda ular majoz va haqiqat birligini tashkil qiladi.

Alloh o‘zi yaratgan mavjudot va maxluqotlar orasida insonni eng mo‘tabar pog‘onaga ko‘tardi. Unga o‘z nurini berdi. Inson shuning uchun ham azizdir. U husn bobida ham “mazhari sun’i ilohdir”. Lutfiyning quyidagi baytida shu mazmunga ishora qiluvchi teran bir fikr o‘zining go‘zal badiiy ifodasini topgan:

Ulki husn etti bahona elni shaydo qilg‘ali,
Ko‘zgudek qildi seni o‘zini paydo qilg‘ali.

Shoir asarlari uning o‘sha davrda keng tarqalgan tasavvuf g‘oyalari ta’sirida bo‘lganligidan dalolat beradi. Alloh dunyoni mukammal go‘zallik timsoli sifatida yaratgan, shu go‘zallik og‘ushidagi odamning borliqni idrok etish tuyg‘usi, muhabbat hislarining ustivorligi, atrofni o‘rab turgan jamoat va nabotot olami bilan aloqasini eng go‘zal fazilatlari sifatida kashf etgan. Lekin hayotda hamma narsa muvaqqat, u uzluksiz harakatda. Tabiat fasllari kabi odam umrining fasllari bir-biri bilan almashinib turadi. Shunga ko‘ra ham Lutfiyning g‘azallari markazida turgan qahramon hayotining Alloh in’om etgan barcha go‘zalliklariyu, ne’matlaridan bahramandlik tayg‘usi bilan yashaydi. “Bari aysh birla kechsa kerak ushbu umri foni”, deb xitob qiladi. Shoir lirik qahramonini navbahor kelishi bilan chamanlarning gurkirab ketishi, gul faslining tarovati maftun etadi. U shu chamanda “sarviqad guli xandoni”ni izlaydi.

Yoz bo‘ldi, kerak ul buti ayyor topilsa,
Barcha topilur, bizga kerak yor topilsa.
Men kezguchi qulnung tururin siz ne so‘rarsiz!
Istang meni ul yerdaki, dildor topilsa.

Shoir lirikasida hayot zavqlari, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish, shodlik va tarona ohanglari bilan bir qatorda inson qadriyati va uning orzu-umidlarini oyoq osti qiluvchi “kajraftor charx”, “sergina falak”, “jaholatpesha odamlar”dan ozurdahollik kayfiyatlari ham yuz ko‘rsatadi. Bunday tasvirlarda shoir o‘zini o‘rab turgan hayotga har jihatdan yaqinlashib boradi.

Lutfiyning hamisha yaxshilikka umidvor bo‘lgan oshiq nidolarini o‘z ichiga olgan shoh baytlaridan birida quyidagi talqinga ko‘zimiz tushadi.

Yo‘q turur yolg‘uz bu Lutfiy joniga javri raqib,
Qayda bir dono durur ul javri nodon tortadur.

Lutfiyning o‘ziga xos katta mahorati ham dastlab, bir tomondan qalamga olinayotgan barcha mavzularni qulay ochib beradigan poetik obrazlar vositasida tasvirlash bilan kitobxonlar qalbiga yo‘l topishidadir. Uslub soddaligi, ifodalarning xalqonaligi, she’r vaznining xalq qo‘shiqlariga yaqinligi Lutfiy lirikasining muvaffaqiyatini ta’min etgan ikkinchi muhim omildir.

Lutfiy g‘azallari aruzning rang-barang tarmoqlarida yozilgan va ular aksar hollarda hajm jihatidan juda ixchamdir. U o‘z g‘azallarida aruzning xalq qo‘shiqlariga yaqin turgan ohangdor, o‘ynoqi o‘lchovlarini tanlaydi. Lutfiy she’rlarida xalq urf-odatlari, marosim lavhalarini tez-tez uchratish mumkin. Lutfiy o‘z lirikasida xalqning jonli so‘zlashuv tilidagi erkalash, yupatish, qarg‘ish, istehzo, qochiriq iboralaridan mahorat bilan foydalaniladi. Ma’shuqning jabru sitamlaridan ko‘ngli ozurda bo‘lgan oshiq ich-ichidan zorlanib aytadi:

Lutfiyni kim qarg‘adi: “Yo rab, balog‘a uchra!” deb
Kim, seningtek tosh bag‘irliq dilrabog‘a uchradi.

Lutfiyning nazmiyatda xalq maqollaridan istifoda etish bobidagi san’atkorligi ayniqsa yuksaqdir. Uning ruboiy, qit’a, tuyuq va fardlarida kishi ruhiy olamining rang-barang lahzalari, axloq-odob mavzularining talqinlari asosiy o‘rin tutadi.

Shoirning to‘rtliklari haqida so‘z borar ekan, uning tuyuqlari alohida diqqatga sazovor. Ko‘proq turkiy tildagi she’riyatga taalluqli tajnisli (zulma’nayn) so‘zlar vositasida tuyuq yaratish san’ati Lutfiy she’riyatida yorqin ifodalangan deb aytish mumkin. Uning devonidan o‘rin olgan ko‘plab tuyuqlardagi nafis ma’no tovlanishlari kitobxonni ona tilining boy imkoniyatlari qatlamlariga olib kiradi, uni xayolga tortib, estetik zavq beradi.

Men sening ilkingdin, ey dil, bandamen,
Vah, qachon yetkayman ul dilbanda men,
Bevafolarg‘a meni qilding asir,
Sen manga sultonsan, ey dil, bandamen.

Ushbu tuyuqda uch marta goh qo‘shilib, goh alohida yozilgani holda takrorlanib kelayotgan “dilbandamen” so‘zi misralardagi o‘rinlariga ko‘ra uch ma’noni keltirib chiqarmoqda: 1) Ey, dil (ko‘ngil), men sening dastingdan qo‘l-oyog‘i bog‘lanmagan (bandamen); 2) Faryodim shuki, u ma’shuqa (dilband)ga qachon yetar ekanmen; 3) Ey, ko‘ngil (dil), sen meni vafosizlarga asir qilib qo‘yding. Bunga mening bo‘ysunib yurishdan boshqa ilojim yo‘q. Chunki sen menga podshohsan, men esa, senga banda — (qaram)dirman.

Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida Lutfiyning turkiy tildagi she’riyatda bo‘lgani kabi forsiy ijodtsa ham “benazir erdi” deb yozadi. Lutfiy, xususan, forsiy qasidanavislikda o‘z zamonasi ijodkorlarining e’tiborini qozongan edi. Navoiy yozadi: “Mavlono Lutfiy forsiyda qasidago‘y ustodlardin ko‘pining mushkul she’rlariga javob aytibdur va yaxshi aytibdur”. Navoiy tomonidan “Majolis un-nafois”da qayd etilgan bir necha parchalarning o‘zi Lutfiyning bu sohadagi salohiyatini ko‘rsatib beradi. Navoiyning qayd etishicha, umri oxirlab borayotgan Lutfiyning:

Ey zi zulfi shab misolat soyaparvar oftob,
Shomi zulfatro ba joi moh darbar oftob.

(Sening tun kabi sochingdan quyosh soyada parvarish topadigan bo‘ldi. Sochingdan taralgan shom qoraligini oy o‘rniga quyosh ko‘tarmoqda) matlali g‘azaliga zamondosh ijodkorlar ko‘plab javob yozganlar. Lekin ularning hech biri Lutfiy darajasida she’r aytolmaganlar.

Lutfiyning Abdurahmon Jomiyga ixlosi katta edi. U Jomiyga “Suxan” radifli qasida ham bag‘ishlagan. Umri oxirida boshlang‘ich baytinigina yozishga ulgurgan “Aftad” radifli g‘azalini tugallab, o‘z devoniga kiritishini Abdurahmon Jomiyga vasiyat qilgan. Jomiy keksa shoirning bu vasiyatini ado etgan, bugungacha Jomiy devonida yashab kelayotgan “Aftad” radifli g‘azal ikki buyuk so‘z san’atorining ijodiy hamkorligidan yodgorlik sifatida qadrlidir.

Lutfiyning forsiy nazmiyatidagi mislsiz san’atkorligini keyingi asrlarda yashagan tazkiranavislar ham qayd etadilar. Akbarshoh zamonida yashagan Abdulla Kobuliy o‘zining “Tazkirat ut-tavorix” asarida Lutfiy merosi haqida so‘z ochib, “dar forsi she’ri zebo va qasidai g‘arro dorad” (“forsiyda go‘zal she’rlari va porloq qasidalari bor”) deb aytadi.

Lutfiy o‘z davri adabiy hayotida ustoz sifatida katta mavqega ega edi. Keksayib borayotgan shoirning uyi ko‘pincha shogirdlar bilan gavjum bo‘lardi. Uning yaqin shogirdlaridan biri Alisher Navoiy edi. Navoiy o‘z ustozi haqida gapirganda ikki o‘rtadagi yaqin insoniy munosabatlarni ichki bir iftixor bilan tilga oladi. Navoiy Lutfiydan nazmiyatning sirru sinoatlari bobida ko‘p narsa o‘rgandi. Ustoz she’riyatiga bo‘lgan katta e’tiqod bilan uning “Laylatul me’rojning sharhi sochi tobindadur”, “Ko‘kdadur har dam fig‘onim ko‘rgali sen mohni”, “Ey soching shaydo ko‘ngullarning savodi a’zami” misralari bilan boshlanuvchi g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. Uning ustozni “Ey jamoling lahzolu bebadal husnung jamil”, “Ey qading to‘biyi jannat haddi gulgun ustina” muqaddimasiga ega g‘azallariga musaddaslari ham mavjud. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Navoiy o‘zigacha va o‘ziga zamondosh bo‘lib yashagan turkiygo‘y shoirlardan fakat Lutfiy g‘azallarigagina muxammas va musaddaslar bog‘lagan.

Lutfiy 1465 yilda o‘z manzilgohi bo‘lgan Dehikanorda vafot etgan. Navoiyning xabar berishicha, Mavlononing qabri ham o‘sha yerdadir.

Keyingi asrlarda Lutfiy mahoratining ta’sir doirasi tobora kengayib bordi. Fuzuliyning Lutfiy g‘azallariga ko‘plab naziralari, qator muxammaslari ma’lum. Mashrab Lutfiyning “xoh inon, xoh inonma” radifli g‘azalining matlaidan tazmin yo‘li bilan foydalanib, butun boshli yangi bir g‘azal yaratgan.

Lutfiy g‘azallariga muxammaslar bog‘lash Munis, Ogahiy, Ravnaq va Amiriy ijodlarida ham uchraydi. Shu yo‘nalishda bizga zamondosh bo‘lib yashagan Charxiyning ham manzur muxammaslari bor. Shoir g‘azallari maqom va xalq kuylari bilan ijro etiladi. Ularga muosir bastakorlarimiz ham kuylar yozganlar. Lutfiy devoni va undan saylanmalar o‘zimizda bir necha bor, so‘ng Turkiya va Sharqiy Turkistonda ham chop etilgan. Shoir g‘azallarining rus va boshqa tillarga tarjima qilingani ma’lum. Lutfiyning boy badiiy merosi adabiyotshunos olimlarimiz tomonidan keng o‘rganilib kelinmoqda, u haqda qator tadqiqotlar yaratildi. Bu o‘rinda dastlab Zaki Validiy, Ye. E. Bertels, Hodi Zarif, A. Hayitmetov, E. Rustamov, shuningdek, Yo. Ishoqov, H. Rasulov va E. Ahmadxo‘jayev kabi olimlarning tadqiqotlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Respublikamizda shoir nomi bilan atalgan ko‘cha, maktab va kutubxonalar uning xotirasiga abadiylik baxsh etib kelmoqda.

fil. f.d. S. Erkinov