Ali Qushchi (1403-1474)

Ali Qushchi. Rassom L.V.Kaydalov

“O‘z davrining Batlimusi” deb tanilgan Ali Qushchining to‘liq nomi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi bo‘lib, u Samarqandda tug‘ilib o‘sgan va XV asrda ilmiy faoliyat ko‘rsatgan matematik va astronomlardandir. Uning tug‘ilish sanasi ma’lum bo‘lmasa-da, XIV asr oxiri yo XV asr boshida tug‘ilgan deb taxmin qilinadi. U Ulug‘bek saroyidagi Muhammad ismli ovchi qushlarga qarovchi bir kishining o‘g‘li bo‘lib, shu sababli unga Qushchi laqabi berilgan. U otasidan yetim qolganidan so‘ng Ulug‘bekning tarbiyasida bo‘lgani bois, Ulug‘bek uni o‘z “Zij”ining so‘zboshisida “farzandi arjumand” deydi.

Ali Qushchi boshlang‘ich va shar’iy bilimlarni Samarqand olimlaridan, matematik va astronomik bilimlarni esa Qozizoda Rumiy bilan Ulug‘beqdan oladi. Bir ma’lumotga ko‘ra, u yoshligida beruxsat Samarqanddan g‘oyib bo‘ladi-da, Kermonda biroz muddat mahalliy olimlardan bilim o‘rganadi va yana Samarqandga, Ulug‘bek huzuriga qaytib kelib, uzr so‘raydi, Kermonda yozgan oygagag shakllariga taalluqli eng birinchi asarini unga taqdim etadi.

Ulug‘bek 1424 yili o‘zining mashhur rasadxonasiga asos soladi, ish boshlanishi bilanoq Jamshid Koshiy, bir necha yildan so‘ng Qozizoda Rumiy ham vafot etadi. Shunda Ulug‘bek rasadxonadagi qurilish ishlariga va astronomik kuzatishlarga yosh olim Ali Qushchini mutasaddi qilib qo‘yadi.

Ali Qushchi umrining ko‘p qismini Samarqandtsa o‘tkazadi. Faqat 1449 yili Ulug‘bek o‘ldirilib, mirzolar o‘rtasida ro‘y bergan nizodan afsuslanib, asta-sekin bu yerda ilmiy ishlarni to‘xtatishga majbur bo‘ladi, lekin ulardan haj safariga ruxsat olishga muyassar bo‘larkan, bu yerdan Ozarbayjonga ketib, biror muddat Tabrizda turadi. U yerda uni mahalliy hokim Uzun Hasan o‘z saroyiga taklif qilib, unga nisbatan katta hurmat va ehtirom izhor etadi. Ali Qushchi hajni bajo keltirgan yo keltirmagani haqida ma’lumotga ega emasmiz. Lekin u o‘z safarining pirovardida Usmonli sulton Abul Fotih Sulton Muhammad II ning saroyiga keladi. Sulton uni juda iliq qabul qilib, o‘ziga yaqin tutib, doimiy yashash uchun Istambulda qolishni taklif etadi. Ali Qushchi bu taklifni qabul etadi va sultonning ruxsati bilan yana Tabrizga qaytib borib, u yerda turgan ikki yuzga yaqin qarindosh-urug‘lari va yaqinlarini Istambulga olib keladi. Sulton uni juda zo‘r dabdaba bilan kutib oladi.

Ali Qushchi 1472 yil bahoridan boshlab kundalik 200 aqcha moyana bilan Ayya Sofiya madrasasiga bosh mudarris etib tayinlanadi. Uning qarindoshlari va yaqinlari ham o‘zlariga munosib vazifalarga tayinlanadilar.

Ali Qushchining tug‘ilgan yili aniq bo‘lmasa ham, o‘lgan sanasi juda aniq. Bu sana uning qizi tarafidan nabirasi bo‘lmish Miram Chalabiyning ushbu forsiy misralarida keltirilgan:

Rahnamoyi ilm mavlono Ali Qushchi,
Chun bisuyi ravzayi rizvon biraft:
Bud zi hijrat hashtsadu haftodu no‘h,
Ruzi shanba haftumi sha’bon biraft.

Ma’nosi:

Ilm-fan rahnamosi mavlono Ali Qushchi,
Jannat gulzori sari yuzlangan vaqt:
Hijratdin sakkiz yuz yetmish to‘qqizinchi yil,
Shanba kuni sha’bonning yettinchi kuni.

Bu yerda keltirilgan hijriy 878-sana, melodiy 1474 yil 17 dekabriga to‘g‘ri keladi. U Istambuldagi Abu Ayyub Ansoriy maqbarasida dafn etilgan.

Ali Qushchining ilmiy asarlari Ulug‘bek “Zij”idek shuhrat qozonmagan bo‘lsa ham, uning ijodi fan tarixida nihoyatda muhim o‘rin tutadi. U o‘rta asrlardagi Movarounnahrda rivoj topgan aniq fanlar sohasidagi buyuk olimlarning eng so‘nggi namoyandasi bo‘lishi bilan birga Usmonli turklardagi birinchi eng yirik va ko‘zga ko‘ringan olim bo‘lgan. Hozirgi zamon turk tarixchilarining e’tirof etishicha, Istambulga Ali Qushchi kelguniga qadar “ilmi hay’atda u daraja bir sohib vuqufi mavjud bo‘lmagan edi”. Istambulga Ali Qushchi kelishi bilan bu mamlakatda qisqa muddat ichida astronomiya fani sohasidagi ishlar yo‘lga qo‘yiddi va pirovard natijada Miram Chalabiy va boshqa atoqli zotlar yuzaga keldi.

Lekin u Istambulda kam vaqt bo‘lgani bois bu yerda yirik ishlarni amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Lekin shu qisqa muddat ham va umuman uning Istambulga kelishining o‘zi ham nafaqat Usmonli turk fani tarixida, balki dunyo fanida muhim bir voqea bo‘ldi. Chunki Usmonli turklar 1453 yili Istambulni fath etganidan so‘ng biroz o‘tmay bu shahar Sharq va G‘arb madaniyatlarining uchrashuv joyi bo‘lib qoldi. Ma’lumki, o‘sha davrda Ovro‘poda Sharq fani va madaniyatiga qiziqish juda katta bo‘lib, Ovro‘po Sharqning ilmiy yutuqlarini chanqoqlik bilan o‘ziga singdirayotgan edi. Istambulga Italiya, Germaniya, Avstriya va Gollandiyadan rassomlar, muhandislar, harbiy mutaxassislardan tashqari astronomiya va matematika mutaxassislari ham to‘plangan edi. Xususan, Germaniyadan hisobdon “kossistlar” kelgan edi. Birinchi bo‘lib Samarqand olimlarining yutuqlaridan ana o‘shalar bahramand bo‘ldilar. Shu tariqa Ulug‘bek va uning “Zij”i haqidagi xabarlar melodiy XV asr oxiridayoq Ovro‘poga yetdi. Bunda esa Ali Qushchining xizmati kattadir.

Ali Qushchining qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:

1. “Risola fi-l-hisob” (“Hisob haqida risola”). Asar fors tilida 1425 yili Samarqandda yozilgan. U uch qismdan iborat: o‘nlik hisoblash tizimi, oltmishlik hisoblash tizimi va handasa. Ali Qushchining bu risolasi o‘rta asrlarda keng tarqalgan bo‘lib, nafaqat Movarounnahr olimlarining, balki butun Yaqin va O‘rta Sharq olimlarining diqqatini o‘ziga jalb qilgan. Chunonchi, yozilganidan 150 yilcha keyin Bahouddin Omuliy (1547—1621) o‘zining “Xulosat ul-hisob” nomli asarini yozganida undan foydalangan. Risolaning qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Firdavsiy nomli kutubxonada, Sankt-Peterburgda, Rusiya akademiyasi kutubxonasida, Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istambuldagi (Turkiya) Ayya Sofiya kutubxonasida va Oksford (Angliya) universiteti kutubxonasida saqlanadi.

2. “Risolai kusur” (“Kasrlar risolasi”). Bu asar ham Samarqandda fors tilida 1426 yili yozilgan. Bu risolaning qimmati shundaki, unda Ali Qushchi o‘nlik kasrlar tushunchasini va o‘nlik kasrlar yordamida irratsional kvadrat ildiz chiqarish usulini bayon etadi. Risolaning yagona nusxasi Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

3. “Risola al-fathiya” (“G‘alaba risolasi”). Asar turk sultoni Muhammad II ning Iroq sultoni Azim ustidan g‘alaba (fath) qilgani munosabati bilan 1473 yili Istambulda yozilgan va astronomiyaga bag‘ishlangan. Asarning qo‘lyozmalari Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida, Tehron universiteti kutubxonasida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Berlindagi Germaniya davlat kutubxonasida, Dehlidagi Hindiston universiteti kubutxonasida va Bombey kutubxonasida saqlanadi.

4. “Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob” (“Hisob haqida”). Asar arabiy imloda yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan bo‘lib, turk sultoni Muhammad II ga bag‘ishlangan. Unda o‘nlik va oltmishlik hisoblash tizimlaridan arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari ko‘riladi. Asarni muallifning o‘zi 1472 yili forsiyga ag‘dargan. Risolaning muhim taraflaridan biri shundaki, unda birinchi marta “musbat” va “manfiy” iboralari hozirgi biz qo‘llayotgan ma’noda ishlatiladi. Risolaning ikki qo‘lyozmasi Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida va Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi.

5. “Risola fi halla ash-shakl al-hilol” (“Hilolsimon shakllarni o‘lchash haqida risola”). Arabiy imloda yozilgan risola, qo‘lyozmasi saqlanmagan.

6. “Sharhi Miftoh al-ulumi Taftazoniy” (“Taftazoniyning “Miftoh al-ulum”ining sharhi”). Fors tilida yozilgan risola. Unga mashhur Qozizoda Rumiy sharh yozgan. Birgina qo‘lyozmasi Mashhaddagi imom Rizo qutubxonasida saqlanadi.

7. “Risola dar ilmi hay’at” (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Asar “Risola dar falakiyot”, “Risolayi forsiya dar hay’at” va “Hay’ati forsiy” nomlari bilan ham ma’lum bo‘lib, fors tilida bitilgan. Risolada Samarqand maktabi olimlarining astronomiya sohasida erishgan yutuqlaridan guvohlik beruvchi qator ma’lumotlar mavjud. Ali Qushchining shogirdlaridan biri Abulqodir ibn Hasan Ro‘yoniy (vafoti 1520) risola haqida bunday deydi: “Men astronomiyaga doir ko‘p asarlarni o‘rgandim, Shamsiddin al-Koshiy, Husaynshoh Samoniy, Nosiri Sheroziy va Alishoh Xorazmiylarning “zij”larini sinchiklab mutolaa qildim. Lekin Ali Qushchining risolasini o‘qiganimdan so‘ng astronomiya sohasidagi barcha anglamagan narsalarim menga ayon bo‘ldi”. Bu risolaning qo‘lyozmalari O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida, Sankt-Pererburgdagi ommaviy kutubxonada, Parij milliy kutubxonasida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Oksford universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Berlinda Germaniya davlat kutubxonasida va Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida saqlanadi.

8. “Sharhi “Ziji Ulug‘bek” (“Ulug‘bek “Zij”iga sharh”). Sharh ham “Zij”ning o‘zi kabi fors tilida yozilgan. Uni avval Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiylar boshlagan edi. So‘ng sharhni Ali Qushchi Istambulda yakunladi. Bu sharhning qo‘lyozmalari Tehron universiteti kutubxonasida, Leyden universiteti kutubxonasida, Parij Milliy kutubxonasida hamda Sankt-Peterburg, Dushanbe, Mashhad, Istambul va Angliyadagi kutubxonalarda saqlanadi.

9. “Sharhi risolai “Tuhfai shohiya” (“Shohiy tuhfa” risolasining sharhi”). Mashhur matematik va astronom Qutbiddin Sheroziyning (vafoti 1311) risolasiga sharh, forsiy tilda yozilgan. Qo‘lyozmalari Ayya Sofiya, Oksford universiteti va boshka kutubxonalarda saqlanadi.

10. “Sharhi risolai “Sullam as-samo” (“Sullam as-samo” risolasiga sharh”). Bunda Ali Qushchi o‘zining Samarqanddagi ustodlaridan biri bo‘lmish Jamshid Koshiyning “Sullam as-samo” nomli astronomik risolasiga sharh bergan. Qo‘lyozmalari G‘arbiy Ovro‘po va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi.

11. “Xitoynoma”. Bu risolani Ali Qushchi 1438 yili Ulug‘bek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganidan qaytganidan so‘ng fors tilida yozgan. U o‘zining shaxsiy kuzatishlariga ko‘ra Xitoyning iqdimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan.

12. “Risolai mantiq” — 1430 yili Samarqandda, fors tilida yozilgan risola. Yagona qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

13. “Sharhi tajvidi Xoja” (“Xoja “Tajvidi”ning sharhi”). Asar mashhur astronom, matematik va faylasuf Xoja Nasiriddin Tusiyning (1201—1274) falsafaga doir “Tajvid” nomli asariga sharhdan iborat. Uni bo‘lajak olim 1417 yili Kermondaligida yozgan bo‘lib, uning qalamiga mansub ilk asar edi. Asarning qo‘lyozmalari Britaniya muzeyida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida, Tehron universiteti kutubxonasida, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida va Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonada saqlanadi.

14. “Risola al-Mufradiya”. Arab tilidagi risola, mantiqqa bag‘ishlangan. Yagona qo‘lyozma nusxasi Leyden kutubxonasida saqlanadi.

15. “Mahbub ul-hamoyil fi kashfil masoyil” (“Masalalarni hal qilishning mahbub bo‘lganlari haqida”). Risola arab tilida yozilgan bo‘lib, 20 bobdan iborat. Har bir bob alohida fanga bag‘ishlangan. Birgina qo‘lyozmasi Tehron universiteti kutubxonasida saqlanadi.

16. “Risola muta’olliqa bi kalimat at-tavhid” (“Tavhid kalimasiga aloqador risola”). Arab tilida yozilgan ilohiyotga doir risola. Ko‘lyozmalari Berlin, Rim va boshqa shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi.

17. “Risola tata’llaq bi kunya” (“Umumiyatga aloqador risola”) arab tilida yozilgan falsafiy asardir.

18. “Risola al-istiorot”. Arab tilida yozilgan mantiqqa doir risola. Ikki qo‘lyozmasidan biri Leyden universiteti kutubxonasida, ikkinchisi Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida saqlanadi.

19. “Sharh ar-risola al-Azudiya” (“Al-Azudiya” risolasiga sharh”). “Al-Azudiya” risolasi aslida Izziddin ibn Abdurahim ibn Ahmad Ijiy (vafoti 1335) tomonidan arab tilida yozilgan bo‘lib, uni Ali Qushchi sharhlagan. U tilshunoslikka mansubdir. Qo‘lyozmalari Leyden universiteti kutubxonasida, Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida, Parij Milliy kutubxonasida, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida, Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida va Oksford universiteti kutubxonasida saqlanadi.

20. “Al-unut va zavahir fi nazmil javohir” arab tilida yozilgan mantiqiy risola. Ayya Sofiya va Leyden kutubxonasida ikki qo‘lyozmasi saqlanadi.

21. “Risola al-mujas fit-tibb” (“Tibbiyotga mansub mo‘jaz risola”). Arab tilida. Birgina qo‘lyozmasi Ayya So‘fiya kutubxonasida saqlanadi.

22. “Sharh risola al-fiqh” (“Fiqh haqidagi risolaning sharhi”). Bu asar islomdagi to‘rt mazhabdan biri bo‘lmish “Imomi A’zam” mazhabiga asos solgan mashhur imom Abu Xanifa Nu’mon ibn Sobit tomonidan yozilgan “Al-fiqh” risolasiga sharhdir. Asar arab tilida yozilgan va islom huquqshunosligiga taalluqlidir. Qo‘lyozmaning birgina nusxasi Qozon universiteti kutubxonasida saqlanadi.

23. “Risola fi hall al-misol al-handasa” (“Geometriyaga doir bir masalaning yechilishi haqida risola”). Arab tilida yozilgan bu asarda muallif aylanaga o‘tkazilgan urinma hosil qilgan burchak haqida bir teoremani isbotlaydi.

Ali Qushchining butun hayoti va ijodi fan yo‘lida sarflandi. U o‘z asarlari bilan va ustozi Ulug‘bek bilan hamkorligi tufayli o‘z nomini tarix sahifalariga abadiy kiritdi.

t.f.d. A. Ahmedov