Habibulla Zayniddinov. Samarqand sayqali (1989)

http://n.ziyouz.com/images/ulugbek-madrasah.jpg…Kim necha naqshbandi rang omez,
Bo‘lgay ul qasrlarda san’at rez.
Alisher Navoiy. “Sab’ai sayyor”dan

Buyuk yodgorlik maskani bo‘lmish qadimiy Samarqandga keluvchilarni hayratga soladigan xalq me’morchiligi ansambli asosan Registon va undagi Ulug‘bek madrasasi hisoblanadi.

Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay) davrida, Movaraunnahrda tabiiy fanlardan tashqari, adabiyot va ayniqsa, me’morchilik taraqqiy etdi. Bu borada ham ilmu fanning benazir darg‘asi sanalgan Ulug‘bekning ma’rifatparvar, adabiyot, tarix va san’atga muhabbati kuchli bo‘lgani muhim ahamiyatga ega edi. Chunonchi, o‘sha Ulug‘bek davridagi olib borilgan qator qurilishlar haqida XV asrning sayyoh va tarixnavisi Abdurazzoq Samarqandiy Mirzo Ulug‘bek xayrli joylaru oliy imoratlar qurishga mayl ko‘rsatganligini alohida mamnuniyat bilan uqdiradi.

Xususan, bu qurilishlar ichida 1417-1422 yillari tiklangan nafis va mahobatli Ulug‘bek madrasasi me’morchilikda ana shu siradagi binolarning eng yuksak namunasi hisoblanadi.

Registon maydonining g‘arb tomonida to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida joylashgan Ulug‘bek madrasasining tashqi bezaklari baland minora bilan bog‘langan. Ichkarida chorsi hovli, atrofi ikki oshiyonali 48 ta hujradan iborat bo‘lib, supalar bilan o‘ralgan. Madrasaning ulug‘vor bosh fasadi Registon maydoniga qaragan. O‘rtadagi baland peshtoqning ikki yonida gumbaz va minoralar bor. Xuddi shunday gumbaz va minoralar imoratning g‘arb tomonida ham qad rostlab, ular orasida bir vaqtda ko‘ndalang joylashgan katta xonaqoh bo‘lgan. Umuman, madrasaning g‘arb tomoni o‘zaro uzviy bog‘lanuvchi uchta zaldan tashkil topgan. Madrasaning shimoliy va janubiy fasadlari o‘rtasida ham tashqi tomondan alohida peshtoqlar bor.

Madrasa bezaklari nihoyatda go‘zal. Devorning pastki qismi marmar tosh bo‘laklaridan yasalgan. Devorlari asosan moviy, lojuvard va oq rang sirkor g‘ishtchalar bilan gireh shaklida gilamday qilib terilgan. Ravoq ichidagi kitobalar ustidagi qo‘shburchak shaklli qismi ham koshin parchalaridan gul qilib ziynatlangan. Hovli atrofidagi bezaklar ham ajib. Xonaqohlar va ba’zi hujralar ichkarisi naqshin bezaklar bilan pardozlangan. Madrasa bezaklarining kichik bo‘lagidan to yirik kompozitsiyasigacha katta mahorat bilan san’atkorona ishlangan. Koshinlari ham ranglarning tiniq va shaffofligi bilan ajralib turadi.

Umuman olganda, madrasa har jihatdan ham mukammal va beqiyosdir. Shu tufayli ham bu noyob inshoot asrlar osha ko‘pgina qurilishlarga namuna bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, ajab emas. Bu narsa esa, shubhasiz, o‘z navbatida XV asrdagi yuksalishlar, ayniqsa, Samarqanddagi Ulug‘bek davrida olib borilgan bunyodkorlikning nechog‘lik gurkirab o‘sganligi — rivojlanganligidan darak berib turadi.

Qurilishlar ichida mumtozi bo‘lmish ushbu Ulug‘bek madrasasi haqida Abdurahmon Samarqandiy (1413—1482 y.) o‘zining «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» («Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi») nomli tarixiy asaridagi «Dorul-saltana Samarqand shahridagi qurilgan imoratlar zikri» bobida yozadi:

«Samarqand shahrining ichida, shaharning o‘rtasi va (shahar) maydonining markazida, Arki Oliyga yaqin joylashgan Sardovoyat degan mavzeda juvonbaxt shahzoda Mirzo Ulug‘bek Ko‘rogon bir-biriga ro‘baro‘ holda madrasa va xonaqoh bino qilishni buyurdi hamda bu ikki maqomni (ya’ni ikki binoni) qurib tamomlash borasida bir necha yil davomida sa’y-harakatlar ko‘rsatdi. Ularning balandligi va bezaklari hatto baland osmonning g‘ashini va Chin suratxonasining rashkini keltirar, binolarning mustahkamligi va ustunlarning nozikligi bilan Haramon hay’ati va tav’amon suratini eslatar edi. Darhaqiqat ham, bu ikki imorat latofatini na yozuv qalami va na bayon raqami bilan tasvirlash qiyin. Shul jihatdan ham xayrli va barakatli ishlar jumlasidan kayvon viqor va mushtariy osor shahzoda ko‘p daromadli yerlar, ekinzorlar va quduqlar, ariqlarni u joyga vakf qilib ajratdi, ulamolarning eng bilimdonlari va fozil kishilarning tajribakorlarini madrasada dars berish uchun tayin etdi hamda xonaqohga ham bilimdon mashoyixlar va muboshirlarni belgiladi. Shuningdek, bu ikki oliy maqomning muhim ishlarini kordon kishilarning sa’yi-harakati qo‘liga topshirdi. Vaqfga ajratilgan daromadli yerlar va ekinzorlardan har yili shunchalar ko‘p hosil olinar ediki, u ikki joyning o‘z xazinasiga yig‘ib qo‘yilar edi; hech bir takallufsiz aytish mumkinki, eng bilimdon podshoh (olloh) ixtiyor qilgan yana biror bir joy bo‘lmasa, islom shaharlarining barchasida bu ikki baxtli maqomga yaqin keladigan biror joyni ko‘rsatib bo‘lmas edi.

Bu varaqlarni yozib to‘plovchi Abdurazzoq Hasan, ittifoqo qutli bir munosabat bilan bir necha vaqt dorulsaltana Samarqandda muqim turganida bu holni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi» (Abdurazzoq Samarqandiy. «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn». Xuroson qogoziga yozilgan fors tilidagi qo‘lyozma nusxasining 2-jildi, Sh. I. qo‘lyozma fond. inv. № 1825, 103 b-, 104 a-betlar).

Bu obida alloma shoh zamonasida qay tarzda ko‘rinishda bo‘lgan bo‘lsa, sovet davriga kelib ham, davlatimizning yodgorliklarga bo‘lgan g‘amxo‘rligi tufayli deyarli to‘la holiga qaytdi. Osmon gumbazi bilan uyg‘unlashib ketgan Ulug‘bek madrasasining ichki va tashqi peshtoqlariga tushirilgan samoviy jismlar, yulduzlarning turkum tasvirlari bugungi kunda ham ravshan porlab turibdiki, shuning o‘ziyoq mazkur bino Ulug‘bek didi, fikrlash, o‘y-orzulariga xos qurilishlardan ekanligini yaqqol anglatib turadi. Bino devorlariga jilo berilgan koshinli sirkorliklar badiiy barkamollik ramzidir: madrasa ko‘rkam va uzviy handasaviy xamda islimiy naqshlar bilan bezatilgan. O‘z davrida bu yerga ilm egallash maqsadida kelgan talabalarning mutolaa qilishlari uchun yuqorida qayd etganimizdek shinamgina darsxonalar (hujralar) bunyod etilib, ularning ichi ham bezatilgan, yerga gilam, paloslar to‘shalgan bo‘lgan. P. Sh. Zohidovning yozishicha, o‘z zamonasida me’morlar sultoni deb atalgan G‘iyosiddin Koshiy (mavlono G‘iyosiddin Jamshid al-Koshiy, bu olim Ulug‘bekning ilm-fan yo‘lidagi eng yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan — H. 3.) bu ulkan noyob va nodir obida qurilishida o‘z fikr-mulohazalari bilan yordamda bo‘lgan. Madrasaga ko‘p tillarni biluvchi, barcha dunyoviy ilmlardan to‘la xabardor, zamonasining peshqadam olimi bo‘lgan mavlono Muhammad Xavofiy shaxsan Ulug‘bekning imtihonlaridan o‘tgach, bosh mudarrislikka tayinlangan edi. Shu madrasa bag‘rida tahsil ko‘rgan shoir Abdurahmon Jomiyning guvohlik berishicha, toliblarga Ulug‘bek davrida bunda talaygina yirik olimlar dars berganlar, ilmiy ishlar bilan shug‘ullanganlar. Hatto Ulug‘bekning o‘zi ham shu ulug‘ dargohda saboq berganligi haqida tarixiy manbalarda qayd etiladi. Olijanob ezgu ishlarga, ilmu fanga, samo tilsimlarini yechishga umrini baxshida etgan Ulug‘bekning benihoya ulkan tashkilotchilik harakatlari tufayli mazkur madrasa o‘z davrining nafaqat mashhur oliy bilim o‘chog‘i, balki markaziy ilmiy muassasa, ya’ni — akademiya sifatida ham mamlakat tashqarisida keng shuhrat qozongan.

Ulug‘bek atrofida esa butun bir ilmiy maktab (Ulug‘bek maktabi) paydo bo‘lganki, Mavlono Muhammad Havofiy, Nuriddin Lutfulloh (Hofizi Abru), Ali ibn Muhammad Jurjoniy, Mavlono Nafis, Xayoliy, Buxoriy, Abdurahmon Xorazmiy, Sirojiddin Bisotiy Samarqandiy, G‘iyosiddin Jamshid, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Muiniddin Koshiy, Ali Muhammad Birjondiy va boshqa ko‘plab ijodkorlar, ilm-fanning tengsiz zabardast arboblari uning (Ulug‘bekning) rahbarligida bo‘lganlar» (T. N. Qori-Niyoziy. Ulug‘bek va uning merosi. «O‘zdavnashr», Toshkent, 1971 yil, 71—73-betlar).

Ilm-fan beqiyos yuksalgan o‘sha paytlarda ma’lumki, ko‘plab ijtimoiy binolarga, madrasalarga, qurilishlarga ehtiyoj orta borgan. Ulug‘bek esa davr taqozo etgan bunday oliyhimmatli ishlarni yalpi avj oldirib yuborgan. Natijada shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib, tarovati ortib borgan. Ulug‘bek madrasasi kabi ko‘plab bilim maskanlari bunyodga kelgan. Madrasani ta’mirlashda bajarilgan eng muhim ishlardan biri uning minoralarining saqlab qolinishi bo‘ldi. Madrasaning shimoliy-sharqiy minorasi 1932 yili injenerlar M. F. Mauer va V. G. Shuxov loyihalari asosida qayta ta’mirlangan. Uchi o‘q markazidan ikki metr nari qochgan hamda qulashi mumkin bo‘lib qolgan peshtoqning ikkinchi — janubi-sharqiy minorasi muammosini esa 1965 yilda texnika fanlari kandidati E. M. Gendel ishlab bergan. Madrasani jamiki ta’mirlash ishlariga samarqandlik Akrom Umarov, Shamsiddin G‘ofurov, Quli Jalilov, Ibrohim Shermuhamedov, Anvar Quliyev, Shamsiddin Sayfiyev kabi ustalar o‘z hissalarini qo‘shganlar.

Bu bilim saltanati bo‘lmish binoning qurilganiga mana qariyb salkam olti asr bo‘lay deb qoldi, mazkur inshoot esa, hanuz manguga dunyoning bebaqoligi, o‘tkinchiligini emas, balki hayot davomiyligini, inson aql-idroki, zakovati va mehnatining go‘zalligi, abadiyligini olamga ko‘z-ko‘z qilgancha, salobat bilan qad rostlab turibdi.

Ilm-fan, madaniyat beqiyos gullab, taraqqiy etib ketgan bizning zamonamizda ham Ulug‘bek madrasasi qurilishidagi texnik tafakkur va matematik aniqlikni ko‘rgan mutaxassislar hayratda qolmoqdalar. Bu durdona binoni yaratgan ijodkor — xalq dahosiga tasanno aytmoqdalar. Registon nurli jamoli bilan millionlar qalbiga zavq va shuur bag‘ishlab, inson qudrati, iste’dodining yorqin namunasi sifatida ko‘zga tashlanib turibdi. G‘afur G‘ulom yozganidek:

Niliy gumbazlari ko‘k ichida ko‘k,
Lojuvard osmonda chinniy kabutar.
Samarqand sayqali ro‘yi zaminast,
Sharqning ko‘rki bo‘lgan tarixiy shahar.

Ansambl yonida esa ikkita marmar favvorali «Shoirlar bog‘i»ning bunyod etilishi va xalqning daxlsiz, ajralmas nodir merorosiga aylanishidek barcha ezgu ishlarning amalga oshishida omilkor xalq ustalarining, olimlarning olnjanob mehnatlari uyg‘unlashgandir.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 2-son