Edvard Rtveladze. So‘g‘dlik dengizchilar

Kema darg‘asi Ismoiliy menga bu toifa baliqlar Zanjilar dengizi va Samarqand bahri muhitida uchrashini aytib bergandi.

Buzurg ibn Shahriyor, X asr.

Yozma manbalarda, tarixiy asarlarda, O‘rta Osiyo xalqlari ertak va afsonalarida so‘g‘dliklarning dengiz va bahri muhit sayohatlari haqidagi, Amudaryoda qadimgi va o‘rta asrlardagi kemachilikning katta ahamiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Gap shundaki, o‘sha paytlarda Amudaryo hozirgiga qaraganda kengroq, chuqurroq va sersuv bo‘lganligi shubhasiz.

O‘rta Osiyoning ikki daryo oralig‘idagi barcha joylari o‘sha vaqtlarda katta va kichik daryo va ko‘llar bilan qoplangan edi.

“Avesto”ning ramzlari Sura — “kuchli” va Anahita — “sof, bokira” bo‘lgan suv va mo‘l-ko‘lchilik ma’budasi davrida (ya’ni Ardvi — Sura Anahita)ga bag‘ishlangan qo‘shig‘ida shunday deyilgan:

Vorukasha dengizi boshdan-oyoq
Chayqaladi qirg‘oqlarga bosh urib.
O‘zining mingta irmog‘i
Va mingta ko‘li bilan
Ardvi unga suvlarini keltirib quyganida
To‘lqinlar ko‘pirib-toshib
Osmonlarga sapchiydi.

XIX asrdayoq tadqiqotchilar bu tasvirni Amudaryo (qadimgi Oks) o‘zani bilan qiyoslash, Vorukasha dengizini Orol dengiziga o‘xshatish mumkin deb hisoblashgan, Ardvi ma’budasini esa Amudaryo ilohi darajasigacha ko‘tarishgan. Garchi bu joylarning chegaralanishi bo‘yicha boshqa fikrlar ham mavjud bo‘lsa-da, mazkur taxminlar ko‘p jihatdan hamon o‘z kuchini saqlab qolmoqda.

Shu munosabat bilan shuni eslab o‘tish joizki, 1558 yilda Xorazmga sayohat qilgan ingliz elchisi Jenninson Amudaryoning bosh irmog‘i bo‘lmish Ardok daryosini esga olib o‘tadi, ushbu nom Ardvi daryosi va nomi “Avesto”da tilga olingan iloh nomi bilan yorqin etimologik aloqadorlikka ega.

Arxeologik ma’lumotlar, O‘rta Osiyo ikki daryo irmog‘ida topilgan qadimgi va o‘rta asr davrlari yodgorliklarida turli xildagi kemalarning bizgacha yetib kelgan suratlari ham shuni tasdiqlab turibdi.

Ushbu daryo, to‘g‘rirog‘i, uning quyi oqimining ilohiy homiysi buyuk baqtriya xudosi Oaxsho edi, egniga uzun libos kiygan, o‘ng qo‘lida uch shoxli panshaxa, chap qo‘lida kattakon baliq tutgan alpqomat erkak kishi ko‘rinishidagi uning tasviri Kushon shohi Xuvishkaning oltin tangalarida o‘rin olgan. Bu iloh nomidan Amudaryoning tojikcha nomi Vaxsh kelib chiqqan. Qadimda biron daryo ilohiga atab ehromlar tiklaganlar (ulardan biri Taxti Sangin manzilgohida topilgan), haykallar yasab, mehroblar qurganlar, maishiy buyumlarni unga ataganlar.

Vaxshning bir qismi — Oks ko‘plab baqtriyaliklar ilohiy ismlari tarkibiga kirgan, shulardan eng mashhuri Aleksandrning qaynotasi Oksiart Vaxshuvardir. Kuyovining o‘limidan keyin u O‘rta Osiyo tarixida o‘z nomidan birinchi bo‘lib oromiylar afsonalari aks etdirilgan oltin tangalar chiqardi. Bu afsonalar uning Vaxshuvar ismiga baqtriyacha jarang bag‘ishladiki, V.A.Livshits fikriga ko‘ra u “Vaxsh xudosining mahbubi yoki uning muhofazasidagi zot” degan ma’noni anglatadi.

Ushbu nom O‘zbekistonning janubida uncha katta bo‘lmagan, Boysuntog‘ etaklarida joylashgan (Surxondaryo viloyatining Denov tumani) Vaxshuvar qishlog‘ida hozirgacha saqlanib qolgan. Bu yerda ushbu zodagon baqtriya akobirining nasab ibodatxonasi joylashgan.

Baqtriyaliklar va xorazmliklar haqida eslatib o‘tilgan turli yozma manbalardagi ma’lumotlari shundan dalolat beradiki, eramizgacha VI-V asrlardayoq ular dengiz sayohatlariga chiqqanlar. Bu eramizgacha 464 y. da Nilning quyi oqimlaridagi Elefantin orolida qo‘nim topgan harbiy o‘rdada xizmat qilgan xorazmlik Dragaman va Dardanellning yevropa qirg‘og‘ida joylashgan Sest shahrining sobiq boshlig‘i (bu ham xorazmlik) Artaiktdir (Gerodot, VII, 78). Delos orolida bir yozuv topilgan bo‘lib, unda shoh Artarkserksga qarshi bosh ko‘targan va Pergamni egallagan baqtriyalik Oront haqida so‘z yuritiladi.

Shu narsa ravshanki, ular bu yerga O‘rtayer yoki Egey dengizlari orqali yetib kelishlari mumkin edi.

Bizga ma’lum bo‘lgan birinchi so‘g‘dlik dengiz sayyohi, aftidan, Janubi-Sharqiy Xitoyda buddaviylikni dastavval targ‘ib qilgan mashhur Kem Sen-xuning otasi bo‘lgan edi. Ajdodlari Hindistonda yashagan bo‘lib, ular So‘g‘ddan ko‘chib borib qolishgan, keyinchalik Kan Sen-xuning otasi Izyaochji, ya’ni Shimoliy Vetnamga borib qoladi va u yerda savdo bilan shug‘ullanadi. U bu yerga Malay yarim orolini aylanib o‘tib, Hind bahri muhitidan Janubi-Sharqiy Xitoy bandargohlariga boruvchi ochiq, ancha qulay dengiz yo‘li bilan yetib kelgan bo‘lsa, ajab emas.

Biroq bordi-yu, biz buni faqatgina tusmol qilganimizda ham shu narsa kunday ravshanki, VI asrning ikkinchi yarmi boshida samarqandlik savdogar Maniax va uning so‘g‘dlik hamrohlari uzoq yo‘l yurib Qora dengizgacha yetib kelganlar. Sevastopollik — Sxumidan vizantiya kemasida bu dengizni suzib o‘tib, Konstantinopolga kelib tushganlar. Bu yerda ular Vizantiya imperatori bilan ushbu mamlakatga so‘g‘d ipagini yetkazib berish haqida muzokaralar olib borganlar. Ular bilan birga (P.Lerx fikricha) O‘rta Osiyodan xorazmliklarning vakili ham bo‘lgan.

Keyinchalik so‘g‘dliklar Vizantiya kemalarida Qora dengizni bir necha marta suzib o‘tganlar hamda ipak va boshqa mollar bilan o‘zaro foydali savdo ishlari olib borganlar. Shu munosabat bilan V.I.Atayevning fikri alohida qiziqish uyg‘otadi. Unga ko‘ra Qrim yarimorolining sharqiy sohilida hozirda ham mavjud bo‘lgan Sudak shahrining nomi dastavval “So‘g‘dak” deb aytilgan, bu “kichik so‘g‘d mustamlakasi” degan ma’noni anglatgan. Bunday nomning paydo bo‘lishi so‘g‘dliklarning na faqat karvon yo‘li savdosida, balki Qora dengiz orqali Vizantiya bilan dengiz yo‘li savdosida ham katta ahamiyat kasb etganligini namoyon etib turibdi.

Xitoy va Yaponiyada yaqinda topilgan topilmalar, aftidan, so‘g‘dliklarning Uzoq Sharqdagi dengiz yo‘li savdosida ham bevosita ishtirok etganligini ko‘rsatmoqda. Ular orasida Yaponiyaning qadimgi poytaxti Narada joylashgan Xoruja qal’asi xazinasida topilgan, pahlaviycha va so‘g‘dcha yozuvlar bo‘lgan sandal yog‘ochining ikki lavhasi ham bor. Pahlaviycha yozuvda bu buyumlar egalarining yoki ularni sotishda dallollik qilgan shaxsning ismi bitilgan. So‘g‘dcha lavhada esa ikkita so‘z bitilgan bo‘lib, ular, aftidan, og‘irlik o‘lchovini bildiradi. Yozuvlardan birida ko‘rsatilishicha, ushbu buyumlarning Yaponiyaga olib kelingan sanasi eramizning 761-yiliga to‘g‘ri keladi.

Saksoninchi yillarning birinchi yarmida Vetnam chegaralari yaqinidagi Kanton viloyatidagi qadimshunoslik qazilmalari chog‘ida xitoy olimlari sopol idishni topdilar. Unda ko‘plab oltin va kumush buyumlar bilan birgalikda sosoniylar shohi Peroz (Fero‘z) (459-481 y.y.)ning drahmalari ham bor edi, ularda ushbu buyumlarning ko‘mib qo‘yilgan sanalari bitilgandi — VI asrning birinchi yarmi. Biroq dastlabki o‘qilganda ma’lum bo‘lgan pahlaviy yoki sharqiy-eron yozuvi bo‘lgan kumush idish eng muhim topildiq bo‘lib hisoblanadi. Uning so‘g‘dliklarga mansubligini yapon so‘g‘dshunos olimi Itoka Ioshida aniqladi. Uning o‘zi bu yozuvni quyidagicha tarjima qilgan: “42 stater (vazn) lik ushbu idish Choch xalqidan (…)ga tegishlidir”. Yozuv o‘rtasida tamg‘a bor. Arablar davridagi Shosh deb atalgan Choch — bu hozirgi Toshkent viloyati va unga tutash tumanlar nomidir. Shunisi diqqatga sazovorki, 1908 yilda Uraldagi Korchevo qishlog‘ida topilgan va hozir Davlat Ermitajida saqlanayotgan kumush idishda ham eramizning VI asriga oid so‘g‘dcha yozuv bo‘lib, unda ham bu buyumning Choch hokimiga qarashliligi ko‘rsatilgan.

Ushbu topilma munosabati bilan bir qator xitoy va yapon olimlari ilk o‘rta asr davrida Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi dengiz yo‘li savdosida so‘g‘dlik savdogarlar ishtirokidagi masalani ko‘ndalang qo‘ydilar.

Masalan, yapon olimi Iojima taxmin qilishicha, so‘g‘dlik savdogarlar bu yo‘ldan VII-VIII asrlarda ham foydalanganlar va Xitoyda sandal (ud) yog‘ochi sotganlar.

Xitoyning janubi-sharqiy qirg‘og‘idagi eng yirik dengiz bandargohi Guanchjou bo‘lgan edi, bu yerda VII-VIII asrlardayoq dengiz yo‘li bilan savdo ishlarini amalga oshiruvchi katta arab-fors mustamlakasi yuzaga kelgan edi. Uning aholisi orasida O‘rta Osiyodan kelib chiqqan va ko‘pincha forslar deb atalgan kishilar bo‘lganligi istisno etilmaydi.

Al-Muqaddasiy (X asr) keltirgan ma’lumotlar so‘g‘dlik savdogarlarning dengiz yo‘llari bo‘ylab qilgan sayohatlari qadimdan an’ana tusini olganligidan dalolat beradi. Unga ko‘ra Samarqand savdogarlari avval Iroqqa o‘tganlar, so‘ngra bu yerdan dengiz yo‘li orqali Hindiston va Xitoyga borganlar.

X asr ikkinchi yarmida yozilgan mashhur “Hindiston mo‘jizalari haqida kitob” muallifi Buzurg ibn Shahriyor Hindiston, Xitoy, Afrika va Indoneziyaga suzuvchi dengizchilar va savdogarlarning hikoya va rivoyatlari asosida 300 yil (912—913)da Arab dengizi sohilida nahang ovi haqidagi g‘oyat ajoyib bir hikoyani keltiradi.

“Darg‘a Ismoiliyning menga hikoya qilishicha, — deydi u, — bu zot baliq ko‘pincha Zanjilar dengizi va Samarqand bahri muhitida (Samarqand dengizida) uchrar ekan”. Zanjilar dengizi bu — Afrika sharqiy qirg‘og‘i yaqinidagi Hind bahri muhitining bir qismidir, chunki zanjilar deb arablar negrlarni aytganlar.

Samarqand bahri muhitiga kelganda, uning joylashuvi haqida olimlar turlicha fikrlaydilar. Biroq shu narsa ravshanki, Hind bahri muhitining Fors qo‘ltig‘idan Hindistongacha bo‘lgan qismini ana shunday ataganlar. Bu nom zinhor tasodifan paydo bo‘lgan emas, u so‘g‘dlik dengizchilarning qadimgi an’analaridan kelib chiqqan. Aftidan, bu vaqtga kelib asli Samarqanddan bo‘lgan kishilar dengiz yo‘li savdosida faol ishtirok etganlar va dengiz yo‘llarida bot-bot ko‘zga tashlanib turganlar, natijada Hind bahri muhitining sharqiy qismi ushbu shahar nomi bilan yuritila boshlangan.

Buzurg ibn Shahriyor o‘z kitobining boshqa bir joyida yozadi: “Bir darg‘aning menga hikoya qilishicha, buyuk Samarqand dengizida (ushbu dengiz Harqand bilan tutashdir, Samarqand dengizi unga kelib quyilishi boisidan ham u Samarqand deb ataladi) u ko‘plab nahang (kit)larni ko‘rgan emish”. Qator olimlarning fikricha, Samarqand daryosi bu Hind daryosi bo‘lib, bir cheti Pomir tog‘lariga kelib tutashuvchi Himolay tog‘laridan boshlanadi. Aftidan, qadimgi zamonlarda ham, o‘rta asrlarda ham O‘rta Osiyodan yo‘l olgan savdogarlar o‘z mollarini shu daryodan tashiganlar, shu munosabat bilan u bir vaqtlar Samarqand daryosi deb atalgan. Hindiston O‘rta Osiyoga va undan Qofqozorti va Qora dengizga daryo yo‘li bo‘lganligi haqida ko‘plab yunon (grek) mualliflari ham yozgan edilar. Bu yo‘l Hind, Qunduzdaryo yoki Balxob bo‘ylab, keyin esa Amudaryo va O‘zboy orqali Kaspiy dengiziga chiqqan.

O‘rta Osiyoda kemaning eng dastlabki tasviri Nukusdan 20 km naridagi Beshto‘be qoyalaridagi suratlarda aks etdirilgan. Bu yerda qoya sirtiga bir machtali, to‘rtburchak yelkanli, baland gajak tumshuqli va unga nisbatan xiyol pastroq quyruqli yassi tubli kema tasviri o‘yib ishlangan. Yelkanning har ikkala tomonidan uni tutib turgan ikki odam qiyofasini ko‘ramiz. Shunisi qiziqki, machtaning har ikkala tomonidagi yelkanni ko‘tarib turgan ikki, ammo ancha aniq odam qiyofasi Spartadagi (eramizgacha I mingyillik boshi) suyak taxtachada ham tasvirlangan. Aftidan, Beshto‘bedagi suratda ham o‘sha jarayon aks etdirilgan.

S.P. Tolstovning fikricha, Beshto‘bedagi suvratda tasvirlangan kema shaklining sanasi eramizgacha III dan I mingyillik boshlarigacha deb hisob qilinadiki, bu brinj davriga to‘g‘ri keladi. U ta’kidlaydiki, mazkur kema o‘z tuzilishi bo‘yicha zamonaviy Amudaryo qayiqlaridan keskin farq qiladi va qadimgi zamon Misr yodgorliklaridagi kemalar tasvirini esga soladi. Bir yelkanli juda oddiy turdagi bu kema Misr, Mesopotamiya va Sharqiy O‘rta Yer dengizida ham rasm bo‘lgan edi. Misr sulolasigacha, ya’ni eramizgacha V-IV mingyilliklar davriga oid sopol idishlardagi dunyoda eng qadimgi tasvirni misol uchun olib qaraylik. Bu eng oddiy yelkanli kema bo‘lib, quyrug‘i va tumshug‘i baland, to‘rtburchak yelkani o‘rtada emas, kema tumshug‘iga yaqinroq qilib o‘rnatilgan edi.

Orol dengizi va Amudaryo bo‘ylab suzish uchun qadimgi xorazmliklar bir machtali yelkanli kema yaratganlar, ulardan boshqa maqsadlardan tashqari baliq ovlashda ham foydalanganlar. Spartadagi eramizgacha I mingyillik boshlariga oid o‘sha suyak taxtacha shu maqsadlarda kemalardan foydalanishning yorqin misoli bo‘lib xizmat qiladi. Bunda bevosita kemadan turib baliq ovlayotgan baliqchilar tasvirlangan.

Eslatib o‘tamizki, baliq ovlash Xorazm aholisi hayotida har doim katta ahamiyatga ega bo‘lib kelgan, uning kaltaminor neolit madaniyati bu yerda eramizgacha V — II mingyillik o‘rtalarida keng yoyilgan bo‘lib, olimlar uni baliq ovlovchilar va ovchilar madaniyati sifatida belgilaganlar. Yelkanli kemaning mazkur turi Xorazmda Old Osiyoning eng qadimgi taraqqiyoti ta’siri ostida yuzaga kelganligi ham istisno etilmaydi. S.P.Tolstov va L.S.Tolstova ko‘rsatib o‘tishganidek, Xorazm bu taraqqiyot bilan uzviy etno-madaniy munosabatlar o‘rnatgan edi.

Yanada qiziqarliroq misollarni keltirishimiz mumkin: bu finikiyaliklar kemasidir. U asosan savdo kemasi bo‘lib, eramizgacha VIII asrga oid Saragon II saroyining bo‘rtma suratlarida aks etdirilgan.Beshto‘be qoyasida tasvirlangan kema singari u ham bir yelkanli, bir machtali bo‘lib, machtani biri tumshuqqa, biri quyruqqa tortib bog‘langan ikki arqon ushlab turadi. Shuni aytish kerakki, finikiyaliklar kemasining tumshuq qismi ot boshi ko‘rinishidagi zalvorli gajak uch bilan tugallangan, xiyol pastroq bo‘lgan quyruq qismi esa ot dumi shaklida yasalgan.

Beshto‘be kemasi tasvirida gajak uchining mavjudligi uning ham tumshuq qismi qandaydir jonivorning boshi, quyruq qismi esa dumi ko‘rinishida bezatilgan deya taxmin qilishga imkon beradi.

Yozma manbalarda Amudaryoda daryo kemalari mavjudligini eng dastlabki dalolati ahmoniylar shohi Kirning eramizgacha 538 y.da massagetlar malikasi To‘marisga qarshi yurishi bilan bog‘liq. Gerodotning shohidlik berishicha, qo‘shinini narigi qirg‘oqqa olib o‘tish uchun Kir Amudaryo (Araks) orqali dam ko‘priklar qurishni, bu ko‘priklarni tashkil etuvchi kemalarda esa minoralar tiklashni buyuradi.

Oksda kemalar bo‘lganligi haqidagi eramizgacha 330 y. ga oid ikkinchi ma’lumot Arrianga tegishlidir, uning xabar berishicha, Aleksandr Makedonskiy qo‘shini yaqinlashib kelayotgani haqida darak topgan Bess “Oks daryosining narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tdi, o‘zlari suzib kelgan kemalarni yoqib yuborishdi va so‘g‘dlar yeri Navtakiga ketishdi” (Arrian, III, 28). Strabon (yangi eraning I asri) ta’kidlaydiki, Oks daryosida kemalar suzar edi va bu daryo Hindistondan tashqari ular Osiyoda ko‘rgan daryolar ichida eng kattasi edi (bu ma’lumotlarni u Patrokldan (eramizgacha III asr) olgan.

Shi-Szida (eramizning I asri) ham shu dalil tasdiqlanadi, unga ko‘ra “Guyshuy (Amudaryo) daryosi bo‘ylarida savdogarlar yashar edi, ular daryo va quruqliklardagi yo‘llardan o‘z mollarini minglab li masofalarga olib ketar edilar”.

Bu barcha ma’lumotlar qadimgi zamonlarda Amudaryo bo‘ylab daryo kemachiligining keng rivojlanganidan guvohlik beradi. Afsuski, bu daryo bo‘ylab suzishda foydalaniladigan kemalarning turlari haqida hali juda oz narsa bilamiz. Ular orasida eshkakli kemalar bilan bir qatorda yelkanli kemalar bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Kemalarning bunday turlaridan biri haqida Qoratepada (Ko‘hna Termiz)gi eramizning IV asri oxiri — V asri boshi deb sanalangan qatlamlarida topilgan toshmuhr nishonli noyob farmon sharofati ila hozir ishonchli ma’lumotnomalarga egamiz.

Bu farmonni e’lon qilgan B.G.Petersning aytishicha, unda eshkakli harbiy yukchi kema va undan oldinda suzib borayotgan ikki matrosi bor uchli lotsman qayig‘i tasvirlangan. Ushbu kemaning tagi doirasimon, bortlari to‘qima va charm qoplangan, tumshuq qismi boshini baland ko‘tarib turgan ajdarhoni eslatadi, manjanaqlari oldinga qattiq turtib chiqqan. Kemaning bort qismida tumshuqdan quyruqqacha boruvchi va o‘z navbatida o‘n tik chiziq bilan kesishuvchi besh yotiq chiziq o‘tgan. Kemaning quyruq qismida katta boshqaruv chovxodasi (eshkagi) tasvirini kuzatish mumkin, uning tagida esa 18 eshkak chovxodasi bor, bu kema haydovchilari jami 36 eshkakchi va bir darg‘adan iborat degan xulosaga olib keladi. Bundan tashqari, kema borti uzra nayzali besh jangchi tasviri bor. B.G.Petersning fikricha, yorliqda tasvirlangan kema tuzilishi vavilon (bobil) yukchi kemasi — guf (eramizgacha I mingyillik boshi)ning saqlanib qolgan tasvirlariga juda o‘xshab ketadi. Qoratepadan topilgan yorliqda tasvirlangan kema tuzilishida Nimrudda eramizgacha VIII asrda topilgan assiriya dumaloq kemasi tasviri bilan xiyla o‘xshashligi e’tiborni tortadi. Bu yerda har ikkala kemaning dumaloq shakldaligi va ular bortlarining to‘g‘ri burchakli bo‘limlarga bo‘linganligi mutlaqo bir-biriga o‘xshashdir. Biroq assiriya kemasida manjanaq bilan tugallanuvchi baland uch yo‘q, bu ushbu kemalar vazifalarining turlichaligi bilan bog‘liq — B.G.Peters to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Qoratepadan topilgan yorliqdagi kemalar harbiy-yukchi xususiyatga ega bo‘lgan.

Mavjud ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qadimgi zamonlarda Amudaryo bo‘ylab suzishlarda kemalarning ikki turi — bir machtali qoziq yelkanli va dumaloq (to‘qima) eshkakli kemalardan foydalanilgan. Bu har ikki tur kemalarning kelib chiqishi, garchi kelib chiqish vaqtlari noma’lum bo‘lsa-da, Sharqiy O‘rtayer dengizi mamlakatlari va Mesopotamiya bilan bog‘liq. Bu yozma manbalar shohidlik berishicha, xorazmliklar Misrdagi Elefantin orolida yashagan eramizgacha VI-V asrlar va O‘rta Osiyo, Mesopotamiya va Sharqiy O‘rtayer dengizi kuchli madaniy va siyosiy aloqalar bilan bog‘langan ellinizm davrida sodir bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

Qadimda Amudaryoda foydalanilgan kemalarning uchinchi turi to‘g‘risidagi aniq tasavvurni Afrosiyob shaharchasidagi so‘g‘d ixshidi Varxuman (eramizning VII asri oxiri) naqshu nigorlari beradi. Bu saroyning shimoliy devorida bir guruh ayollarning, ehtimol xitoy elchixonasi bir qismining katta qayiqda daryodan suzib o‘tayotgani tasvirlangan. Undagi odamlar miqdori bo‘yicha olib qaralganda bu oddiy qayiq emas, balki hajmdor kema edi, chunki unda malika boshchiligidagi o‘n ayol joylashgandi.

Kemani boshqarish uchun keng belkuraksimon uchli quyruq eshkagining borligi va kema tuzilishining o‘zi ham shundan dalolat berib turibdi. U dumaloq tubga va uch qavat keng taxtadan qilingan xiyla baland bortga ega. Kemaning tumshuq qismi sher boshi bilan tugallanadi, quyruq qismi esa bir oz egilgan, unga kemani qirg‘oqda tutib turish uchun halqa osib qo‘yilgan.

Boshqa qayiq oldida ikkita ot va u bilan yonma-yon suzib ketayotgan odam tasvirlangan. Bu otlar belgilangan joydan oqim kemani uzoqqa olib ketib qolmasligi uchun uning harakatini boshqarishga mo‘ljallangan. Daryo kemasini eshkak va ot yordamida bunday usul bilan boshqarish XX asr boshlarigacha Amudaryodan suzib o‘tish chog‘ida, jumladan, o‘ziga xos eshkakli kemalarda keng qo‘llanilgan va bu XIX asr ikkinchi yarmida Turkistondagi ko‘plab sayohatchilar tomonidan qayd etilgan.

O‘zining butun tuzilishi, bir eshkak va otlar yordamida boshqarish tizimi, Afrosiyob naqshu nigorlarida tasvirlanmish yo‘lovchilar miqdori va hajmi bo‘yicha kemalar o‘sha kemalarga juda o‘xshab ketadi.

Shuningdek, N.A.Karazinning 1888 yildagi surati bo‘yicha fikr yuritilsa, Xiva xonligidagi kemalar va sollarda foydalaniladigan eshkaklar xili ilk o‘rta asr So‘g‘didagi eshkaklar xiliga o‘xshaydi. Bularning barchasi shundan dalolat beradiki, kema tasviri kelib chiqish jihatidan Afrosiyob devoriy suratlarida tasvirlangan kema turlariga kelib taqaladi va dastlabki ikkitasidan farqli o‘laroq, bu xil kema mahalliy sharoitlarda vujudga kelgan.

Juda qadim zamonlardan buyon O‘rta Osiyoning ikki daryo oralig‘idagi suvlarda yuklarni olib o‘tish uchun ham, xiyla uzoq muddatli sayohatlar uchun ham sollar va dam to‘ldirilgan meshlar qo‘llangan. Jumladan, turli jonivorlar terisidan tayyorlangan yakka holdagi puflama sanoch (meshkob)lar qo‘llanilganligi ko‘rinib turibdi. Ularning qo‘llanish muddati Aleksandr Makedonskiy qo‘shini taxminan Kelif yoki Chushka Guzar tumanida Oksdan kechib o‘tgan vaqt, ya’ni eramizgacha 330 y. ga to‘g‘ri kelib, bu eng dastlabki dalolat hisoblanadi. Arrianning guvohlik berishiga ko‘ra, daryo oldiga kelgach, Aleksandr narigi qirg‘oqqa o‘tib bo‘lmasligiga ko‘zi yetdi, chunki daryo kengligi bu joyda 6 stadiya (qariyb 1,2 km.)ga yetar, g‘oyat chuqur va tez oqar edi.

Shunda u chodir qilingan terilarni bir joyga to‘plashni, ularni quruq xashak bilan to‘ldirishni va suv kirmaydigan qilib tikishni buyurdi. Shu vositadan foydalanib, Aleksandr qo‘shini besh kun deganda Oksning narigi sohiliga o‘tib oldi (Arrian, III, 29, 2).

Amudaryo va asosan uning yuqori oqimlarida so‘nggi vaqtlarda ham narigi sohilga o‘tib olishda ana shunday damli meshlardan foydalanganlar.

Yakka holdagi meshkoblardan tashqari aksar hollarda ho‘kiz terisidan qilingan damli qoplar yordamida chinakam sollar yasalgan. Shu maqsadda qo‘shaloq damli qopdan foydalanganlar, ularga yonma-yon qilib xodalar yotqizilgan, xodalar bir-biriga ip va arqonlar bilan zich qilib bog‘langan. Kamida to‘rt kishini ko‘taradigan sollar ana shu tariqa yuzaga kelgan. Bisotimizdagi suratlarda Amudaryo irmoqlaridan biri Qizilsuv daryosidan kechib o‘tish jarayoni tasvirlangan. Kechib o‘tishning aynan shunday usuli X asr boshida arab sayyohi Ibn Fadlan tomonidan tasvirlangan.

N.Karazinning 1885 yildagi suratlariga qarab fikr yuritadigan bo‘lsak, Amudaryo va Sirdaryoda damli qoplarsiz oddiy turdagi sollar keng rasm bo‘lgan. Ular uzunasiga va ko‘ndalangiga qator qilib joylashtirilgan xodalardan yasalgan. Bunday sollar yo solning old va orqa qismlarida turuvchi ikki eshkakchi (Xo‘jand yaqinida daryoni kechib o‘tish jarayoni tasvirlangan surat), yoki bir (Xo‘jaylidagi bozor tasviri) eshkakchi tomonidan uzun-uzun eshkaklar bilan boshqarilgan.

O‘z yuk ko‘tarish qobiliyatiga ko‘ra ushbu sollar ham turlicha bo‘lgan — ulardan ba’zilarida eshkakchilardan tashqari yana bir qancha odam va tashiladigan mollar joylashgan, boshqalarida — qaqir-ququri bilan birgina eltuvchi bo‘lgan. O‘rta asrlarda Jayhun — Amudaryoda eng yirik daryo bandargohi Termiz edi. Istahriy va Ibn Havkallarning ta’kidlashlaricha, Termiz shahri Jayhunda yirik bandargoh (gavan) bo‘lib xizmat qilgan. XX asr oxirlarida yashab o‘tgan Al-Muqaddasiy ma’lumotlariga ko‘ra, “Termiz — Jayhundagi eng yirik shahardir… Bu yerda suv ikki tomondan oqib o‘tadi va kemalar unga har ikki tomondan suzib kelib, langar tashlaydi”.

Al-Muqaddasiy ularni bejiz “qayiq” deb emas, balki “as-sufan” deb ataydi, arabchada bu “kema” ma’nosini bildirib, bular turli kattalik va tuzilishga ega bo‘lgan daryo kemalari ekanligidan guvohlik beradi.

M.E.Masson ma’lumotlariga ko‘ra, qayiqchilar — “keshtibonon” Termizning janubiy qismida sohil bo‘yiga yaqin joyda, keyinchalik esa, XV asrda qal’aning g‘arb tomonida istiqomat qilganlar. U yana shu narsani taxmin qiladiki, ular orasida na faqat qayiqchi-matroslar, balki asosiy kasb-kori daryo kemalari yasash va sozlashdan iborat kemasoz usta-hunarmandlar ham bo‘lgan. Kemalarni tayyorlashda mahalliy daraxtlar — tol, qayrag‘och va tutlardan, choklarni yamash uchun qamish popugi va chigitsiz paxta — momiqdan foydalanganlar.

Termiz kechuvining ahamiyatini Klavixo ham ta’kidlagan. Uning ma’lumotlari 1404 yilga oid. O‘sha vaqtda Amudaryoda qayiqlar suzgan, odamlarni bir sohildan boshqasiga eltgan, shunisi ham borki, odam eltish uchun suzishga ruxsat berilgan maxsus yorliq yoki farmon bo‘lishi shart hisoblangan.

Shu bilan birgalikda Amudaryodagi kemalar nafaqat bir sohildan boshqasiga olib o‘tishda, balki shu daryo bo‘ylab ko‘pkunlik suzishlarda ham qo‘llangan. Shu munosabat bilan Ibn Battutaning 1334 yilga oid axborotlari diqqatga molik, u ta’kidlaydiki, Xorazmdan “yoz kunlarida daryodan kemalarda Termizga suzib kelishadi va bu yerdan bug‘doy va arpa olib ketishadi. Bu oqim bo‘ylab o‘n kunlik yo‘ldir ”.

Shunisi qiziqki, Xorazmdan Termizgacha bo‘lgan quruqlik yo‘li Buxoro va Qarshi orqali o‘tganda bir oyga yaqin vaqtni olgan. Daryo bo‘ylab uni uch baravar tezroq o‘tish mumkin bo‘lgan, daryo bo‘ylab Termizdan Xorazmgacha masofa taxminan 600 km ni tashkil etsa, kemalar bir kunda 60 km. yo‘l bosgan.

O‘rta Osiyodagi ikkinchi buyuk daryo Sirdaryo (Sayhun)dan ham, garchi bu haqda ma’lumotlar xiyla oz bo‘lsa-da, daryo kemachiligida keng foydalanilgan. Yoqut al-Hanoviyning jug‘rofiy ma’lumotlar qomusi hisoblangan “Hudud al-olam” (Dunyo sarhadlari) risolasida (XIII asr) ko‘rsatib o‘tilganki, Shosh daryosidan Xo‘jand va Farg‘onaga kemalar suzgan. “Hudud al-olam” ma’lumotlariga ko‘ra Nujend shahrida (yoki Nujkatda, M.E.Masson uni Toshkentning janubi-sharqiy chekkasidagi Xonobodtepa shaharchasiga, Yu.A.Buryakov esa Chirchiq daryosi kelib quyiladigan joy yaqinidagi Gul qishlog‘i o‘rnida bo‘lgan shaharchaga o‘xshatadi. Park (Chirchiq) va Hashart (Sirdaryo) daryosida ishlovchi qayiqchilar (Keshtibonon) istiqomat qilganlar. Sirdaryo orqali eng asosiy kechuvlar Xo‘jandda, Ohangaronning Sirdaryoga quyilish joyidagi Banokent — Shohruhiya tumanida va Chinoz tumanida bo‘lgan. Chinoz tumanida o‘rta asrlarda Chinochket, ya’ni “Xitoy savdogarlari shahri” degan shahar mavjud bo‘lgan.

Qadimda va o‘rta asrlarda Amudaryo va Sirdaryoning katta kechuvlarida joylashgan yirik aholi manzilgohlarida o‘z hayot tarzlariga ega bo‘lgan muayyan guruhdagi odamlar yashashgan, ular maxsus kasb-kor — odam tashish bilan shug‘ullanganlar va aftidan o‘ziga xos kasb tashkilotlariga birlashganlar.

Yunon kechuvi deb atalmish shunday kechuvlardan biri Burdago‘y haqida (yunoncha “pandaxeyon” (mehmonxona) so‘zining buzib aytilgani, biz uni Termizdan 30 km. g‘arbdagi Kampirtepa — Sho‘robqo‘rg‘on shaharchasiga o‘xshatgandik) XV asr muallifi Hofizi Abro‘ning jug‘rofiy asaridagi qiziqarli ma’lumotlar mavjud. “…Burdago‘y — Jayhun sohilidagi bir joy, — deb yozadi u. — Qadim zamonlarda Jayxun kechuvi uchun javobgar bo‘lgan yirik kema egalari mana shu “Burdago‘y”da bo‘lganlar. Bu daryoni kesib o‘tgan sultonlar kechuvi (guzargohi) shu yerda bo‘lgan. Qadimgi podshohlar daryo kechuvini qo‘riqlagani uchun ham bu joylardagi aholini qanoti ostiga olganlar va ularni soliqlardan ozod (tarxon) qilganlar. Shu bois aholi qalin va xo‘jayinlari badavlat bo‘lgan. Ular shu yerdan o‘tgan har bir sayyohga yaxshi xizmat ko‘rsatganlar”.

Ushbu parchadan ko‘rinib turibdiki, “Burdago‘y” kechuvi chog‘ida muayyan miqdordagi sohib kishilarning aftidan, faqat daryo qatnovi bilan shug‘ullanadigan katta miqdordagi kemalari bo‘lgan (modomiki yirik kema egalari bo‘lgach, undan kichikroqlari bo‘lishi ham tabiiy). Bu haqda yuqorida tilga olingan “Hudud al-olam” ma’lumotlarida so‘z yuritilgan.

Rossiya O‘rta Osiyoni bosib olgan vaqtga kelib, Amudaryo va Sirdaryo kemachiligi ilgarigidek ushbu mintaqa aholisi hayotida muhim ahamiyat kasb etgan, kemalarning o‘zi esa tobora oddiyroq va xillari sanjobroq bo‘lib boravergan.

Amudaryodagi kemachilik tavsifi 1876-1878 y.y.da qidiruv maqsadida ushbu daryoni diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqish chog‘ida shtabs-kapitan A.Bikov tomonidan batafsil tasvirlab berilgan.

Masalan, uning ma’lumotlariga ko‘ra, Qabadiyon, Patta Hisor, Sho‘rob, Chushka Guzar kechuvlaridan o‘tilayotganda o‘ng va chap sohillarda ikkita daryo kemasi turgan, ulardan ko‘ra yirikroq kechuvlar Kelifda — 6, Kerkida esa 4 kema bo‘lgan. Shu bilan birga har bir kemada eltuvchi — kemachilarning muayyan miqdori xizmat qilgan: katta kemalarda — 6-7 odam, o‘rtacharog‘ida — 3-4 yoki 5 odam.

A.Bikovning shohidlik berishicha, har bir kechuvdagi kemalar miqdori bu yerdan o‘tuvchi savdo yo‘lining muhimligiga yoki daryoning har ikki sohilida istiqomat qiluvchi aholi miqdoriga bog‘liq bo‘lgan.

Shunisi ham borki, ishchilar haqi sifatidagi 25 foizdan tashqari yuk tashishdan tushgan barcha daromad beklik hukmdorlar orqali Buxoro amirining foydasiga kelib tushgan. 8-10 yoki hatto 12 ming tangagacha bo‘lgan asosiy daromad Kelif kechuvi chekiga tushgan. Bu demak: Buxoro va Qarshidan mol bilan chiqqan va Shimoliy Afg‘onistonning Axchi, Balx, Hulma shaharlari uchun Kampirtepa (Ko‘hitan tog‘larida) qishlog‘idan tuz bilan chiqqan karvonlardan kelib tushgan.

Amudaryo bo‘ylab kechuvlar va suzishlar chog‘ida foydalaniladigan kemalar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni ushbu daryoni Vaxsh vohasidan tortib K… shahridan 50 km quyiroqda yotgan Xo‘ja Jantas qishlog‘igacha 1878 y. yozida sinchiklab tekshirib chiqqan o‘sha A.Bikov keltirgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda bir-biridan hajmi bilan farq qiluvchi yassi tubli suzuvchi vositalar — kema turidan foydalanishgan. U ta’kidlaydiki, kema o‘z tuzilishiga ko‘ra Xiva qayiqlariga o‘xshab ketgan, biroq ulardan ko‘ra xiyla va kengroq, og‘irroq va boshqarish qiyinroq bo‘lgan.

Kema qurilishiga tol yoki terakning bir turi bo‘lgan patta yog‘ochi ishlatilgan. Ulardan chorqirra to‘sinlar ajratib olingan va kema qurilishi chog‘ida ular bir-biri bilan turum yordamida tutashtirilgan. Kema tubi yassi bo‘lib, yanada chidamliroq bo‘lishi uchun taxtalarni ko‘ndalang yotqizib, mix qoqib mahkamlangan.

Katta kemalar uzunligi tumshug‘idan quyrug‘igacha 20 va undan ortiq metrga yetgan. Kengligi o‘rtada — 5 metr, bortlar balandligi — 1 metr. Kema ichi bortdan bortgacha yotqizilgan va ularga temir tasmalar bilan mahkamlangan to‘sinlar bilan bo‘laklarga ajratilgan. O‘rtacha kemalar uzunligi — 5 metrgacha, kengligi — 3 va undan ortiq metrgacha yetgan. A.Bikovning shohidligicha, katta kemalar yuk ko‘tarish qobiliyati 16-18 tuya, 18-20 ot, 200 qo‘y, 700-800 pud don bo‘lib, shunga nisbatan o‘rtacha 10-12, 12-14, 150 va 400 pudgacha yetgan.

Katta kemalarda 67, o‘rtachalarida 3-4 yoki 5 ishchi xizmat qilgan.

Kemalar yelkansiz eshkakli bo‘lib, ularni boshqarish uchun kema yo‘nalishini izga solib turuvchi uchburchak zalvorli kalta eshkaklardan foydalanilgan. Biroq, A.Bikov so‘zicha, asosiy eshkak vositasi bo‘lib, kema xarisiga bog‘lab qo‘yilgan otlar xizmat qilgan.

Odatda ikki ot qo‘shilgan: biri — oldingi, ikkinchisi esa — quyruq qismida, u oqimga qarshi tomondan turgan, toki ot orqasi bortdan 60-70 sm. pastda tursin. Suv chuqur joylarda otlar oyoqlari bilan suvni eshib, o‘zlari suzib o‘tgan, sayoz joylarda va qirg‘oqda kemani sudrab borgan, ular chillakli va tasmali shatak qayishlar yordamida puxta arqonga qo‘shilgan bo‘ladi.

A.Bikov ta’kidlaganidek, sayoz joylar va quruqlikda kemani tortib borishning bunday usuli Rossiyadagiga juda o‘xshab ketadi.

Kemalardan nafaqat kechuv chog‘ida, balki daryo bo‘ylab suzishda ham vosita sifatida foydalanishganki, bu A.Bikov keltirgan hisob-kitoblardan ko‘rinib turibdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, daryo oqimi bo‘ylab yuqoriga kemani tortadigan arqonda 25 verstdan ko‘proq, ya’ni qariyb 50 km. gacha masofani bosib o‘tish mumkin bo‘lgan, quyi tomonga sayoz joylardan esa u 80 verst, ya’ni qariyb 170 km. masofani bosib o‘tganki, bu quruqlikda taxminan 6 kunlik yo‘lga to‘g‘ri keladi.

Shunday qilib, 8-10 kecha-kunduz ichida kema Termizdan Xorazmgacha bo‘lgan masofani bosib o‘ta olar ekan.

Harbiy qidiruvchi sifatida A.Bikovni birinchi galda bu kemalardan harbiy ehtiyojlarda foydalanish qiziqtirgan. Uning dastlabki hisob-kitoblari bo‘yicha qariyb 160 miltiqli piyoda askar rotasini ko‘tarish uchun yuksiz ikki katta kema kerak bo‘lar ekan.

Ayni vaqtda Amudaryoning quyi oqimida ikki turdagi suzish vositasi — qayiqlar va kemalardan foydalanganlar. G.P.Snesarev etnografik ma’nodagi qiziq ma’lumotlarni keltiradi. Kema yelkan va eshkaklar yordamida suzuvchi katta yassi suzish vositasini o‘zida namoyon etgan. Ular yuk, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, matolar va boshqa mollarni tashishga mo‘ljallangan. Ular Amudaryoning quyi oqimlaridan Orol dengizigacha, yuqorida Termizgacha qatnagan, Xorazm (Xonqa)dan bu shahargacha cho‘zilgan yo‘l bir oy vaqtni talab qilgan.

Katta kemalarning haydovchilar tarkibi darg‘a, uning yordamchisi yarim darg‘a va o‘n besh dengizchidan iborat bo‘lgan. Yarim darg‘a boshqaruvchi vazifasini ado etgan. Ularning barchasi kemani uning xo‘jayinidan odatda o‘n ikki oyga yollab olgan shirkatga birlashgan. Qizil (muhr) bilan tasdiqlangan shartnomani tuzish chog‘ida kema egalari bay puli berib turishgan.

Kema darg‘asi bunday paytda savdogarlar bilan yuklarni eltish uchun muayyan summaga shartnoma tuzgan. Qatnov tugagach va savdogarlardan pul olingach, pulning bir qismi kema egalariga to‘langan, qolgan qismi guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangan. Ko‘rib turibmizki, Xorazmda to‘lovning bir qadar boshqacha tizimi mavjud bo‘lgan, Amudaryoning o‘rta oqimidagi kechuvlarida esa, A.Bikov yozganidek, asosiy daromad davlat xazinasiga tushgan. Daryo yaqinidagi qishloqlarda yashovchi dengizchilar kasbi avloddan-avlodga o‘tuvchi meros hisoblangan. Kema haydovchilarning xuddi shunday kasb jamoalarini B.X.Karmisheva Kelifda qayd etgan.

G.P.Snesarev ma’lumotlariga qaraganda, dengizchi bo‘lishdan oldin yangi kelgan bola o‘qishning kattagina muddatini o‘tashi kerak bo‘lgan, u kemani boshqarishning ko‘plab malakalarini oshirishni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bir necha yilgacha cho‘zilgan.

G.P.Snesarev Amudaryo ilohiga qurbonliq qilish bilan bog‘liq qator diniy rasm-rusmlarni aniqlagan, bunda jonliq so‘yilgan yoki osh tortilgan, suvga tuz tashlangan, kema suvga tushirilishidan oldin darg‘a daryoda cho‘milgan. G.P.Snesarev yana shuni surishtirib bilganki, kemaning boshi (tumshug‘i) ot yolidan o‘rilgan uzun o‘rimlar bilan bezalgan, ularning oralig‘ida ko‘zga o‘xshagan bitta yoki ikkita oyna o‘rnatilgan, biqin tomonlarda esa mato parchalariga tangalar, chig‘anoqlar, tumorlar chatib qo‘yilgan. Uning aytishicha, kemaning tumshuq qismida ayol boshi tasviri bo‘lgan, uning fikricha, bu daryo ilohasi Ardvisura Anahitadir. Bu, albatta, faraz, xolos, biroq kemaning tumshuq qismida qandaydir mavjudot tasviri bo‘lganligi Afrosiyobning eramizning VII-VIII asrlariga oid devoriy suratlarida uchragan tasvirlar bilan isbotlangan. Unda tumshug‘i arslon boshi surati bilan tugallangan kema tasvirlangan. Ma’lumki, qadimda bu yerdagi tasvirlar, shu jumladan, Anahitaning boshi ham g‘oyat rang-barang bo‘lgan bo‘lishi kerak.

Shunday qilib, hatto mana shu qisqa ma’lumotlardan ham ko‘rinib turibdiki, qadimda va o‘rta asrlarda O‘rta Osiyoning ikkala daryosi bo‘ylarida yashovchi aholi hayotida daryo kemachiligi g‘oyat katta o‘rin tutgan. Bu kechuvlarni nazorat qilib turuvchi davlatga barqaror daromad keltirib turgan, yirik karvon va boshqa xiyla mayda savdo jarayonlarini ta’minlagan, baliq ovlash, daryoda yuk eltish, kemasozlik va o‘tkinchi savdo karvonlariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq aholining kattagina qatlami hayotini ta’minlagan.

Amudaryo va Orol dengizi bo‘ylab ko‘p asrlar davomidagi suzishlar chog‘ida to‘plangan boy tajriba so‘g‘dliklarga keyinchalik yanada kengroq dengiz va bahri muhitlarni o‘zlashtirish imkonini bergan bo‘lsa, ajab emas.

G‘olib Fayzulla tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 11-son