Boybo‘ta Do‘stqorayev. Jadidlar qanday ijtimoiy tuzumni orzu qilganlar

yoxud ularning davlat to‘g‘risidagi qarashlari

XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Turkistonda faoliyat ko‘rsatgan ijtimoiy-siyosiy oqim – jadidlar to‘g‘risida adabiyotlarda har xil qarashlar mavjud. Bunday qarashlarning ayrimlarida Turkis­ton jadidlari ma’rifat va madaniyatda juz’iy islohotlar o‘tkazishdan yuqori ko‘tarila olmadilar, ularning siyosiy maqsadlari cheklangan, davlat to‘g‘risidagi tasavvurlari tiniqlashmagan edi, degan fikr ilgari suriladi. Haqiqatan ham, Turkiston jadidlari ijtimoiy tuzum, davlat to‘g‘risida muayyan kontseptsiyaga, aniq qarashga ega bo‘lmaganlarmi? Haqiqatan ham, ularning davlat to‘g‘risidagi tushunchalari e’tibor berishga arzimaydimi? Bu savollarga javob qaytarishdan oldin yuzaki bo‘lsa-da, jadidlikning mohiyatiga nazar tashlaylik.

Kishilik jamiyatining ko‘p asrlik tarixi xilma-xil harakat, ta’limot, siyosiy oqim va firqalarni vujudga keltirdi. Buning asosiy sababi bashariyatning adolatli, insonparvar jamiyat qurish uchun, zulm va zo‘ravonlikdan, qullik va mustabidlikdan, tengsizlik va jaholatdan qutulish uchun tinimsiz izlanishi edi.

XIX asrda feodal qoloqlik Sharqni g‘arblik mustabidlarga qaram bo‘lishga olib kelgani sabab milliy zulmdan qutulish uchun ozodlik kurashi asosiy ijtimoiy dastur hisoblanardi. Ozodlik, mustaqillik, erkka feodal qoloqlikdan, jaholatdan qutulgandagina erishish mumkin bo‘lgan. Buning uchun jamiyatdagi mavjud tuzumni tubdan isloh qilish lozim ediki, shunday taraqqiyparvarlar qotib qolgan, daqqi kuchlar, ya’ni “qadim” (eski)larga qarshi turuvchi “jadid” (yangi)lar sifatida maydonga keldi. Shu bois jadidlar Misrda ham, Turkiyada ham, Turkistonda ham siyosiy oqim tarzida paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, ularning shakllanganlik, taraqqiy topganlik darajasi bir xil emasdi. Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan o‘lkalarda ham XIX asr oxiriga kelib milliy-ozodlik harakatlari oxir-oqibatda jadidlarni tarix sahnasiga chiqardi. Milliy istibdod zanjiriga tushgan xalq va elatlar qudratli imperiya changalidan faqat birlashib harakat qilgandagina qutulishlari mumkin edi. Buning uchun, eng avvalo, milliy ongni uyg‘otish, millatning o‘zligini anglab yetishuviga erishish lozim edi. Ana shunday fikrga birinchilardan bo‘lib qrimlik Ismoil Gasprinskiy keldi. U mazlum xalqlarda milliy g‘urur va milliy o‘z-o‘zini anglash, vatanparvarlik, ona-yurtga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish – ularni milliy-ozodlik kurashiga tayyorlashning poydevori deb bildi. Mazlum xalqlarni erk va ozodlikka eltish, moddiy va ma’naviy nochorlikdan qutqarish yo‘llarini izlar ekan, I.Gasprinskiy bir xulosaga keldi: 1895 yili yozgan maqolaridan birida  “ilm-fanni taraqqiy ettirish va uni takomillashtirish uchun, eng avvalo, yangi hamda mutlaqo o‘ng‘ay g‘oya zarur”, deydi u. Shu bois turkiy qavmlar, umuman, Rossiya musulmonlari, eng avvalo, asriy jaholatdan, feodal qoloqlikdan qutulib, dunyoviy ilmlarni, zamonaviy fan va texnikani egallab, taraqqiy topgan millatlar darajasiga ko‘tarilishi lozim degan g‘oyani ilgari suradi. Bu g‘oya esa insonning dunyoqarashi, saviyasini shakl­lantiradigan ta’lim-tarbiya tizimini isloh etishdan iborat edi. Natijada, u musulmonlar olamida yangi bo‘lgan “usuli savtiya tadrijiya”ni joriy etishga kirishdi va kutilgan natijalarga erishdi. Bu usulni Gas­prinskiy Kavkazdagina emas, Turkistonda, Volga bo‘yida ham joriy etishga tashviq qildi. Mazkur o‘lkalarda ham uning tarafdorlari, izdoshlari yuzaga keldi. Turkistonda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Abdulqodir Shakuriy, Fitrat va boshqalar uning hammaslaklari edi. Gasprinskiyning bu yangi va o‘ng‘ay g‘oyasi ma’rifatni egallash g‘oyasi edi. Xuddi shuningdek, uning turli jamiyatlar tuzish, milliy manfaatni himoya qiladigan matbuot yuzaga keltirib, undan bosh maqsad yo‘lida foydalanish, anjumanlar (s’ezd va kongresslar) o‘tkazish kabi g‘oyalari ham turkistonlik hammaslaklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ayni paytda, jadidchilik yuzaga kelgan vaqtda bu harakatga qo‘shilmagan holda Rossiya imperatoriga iltimosnomalar yozib, muayyan yengilliklarni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ygan guruh ham bo‘lgan. 20-yillarning ko‘zga ko‘ringan tarixchilaridan Ye.Fyodorov arxiv hujjatlari asosida O‘rta Osiyoda, jumladan, Toshkentda mahalliy xalq orasida ana shunday guruh bo‘lganini qayd etadi va  bu guruhni “islomchilar guruhi” deb atab, uning faoliyatiga quyidagicha baho beradi: 1905 yil yanvar voqealari munosabati bilan toshkentlik boylardan ayrimlari birontasining uyiga yig‘ilishib, musulmonlar uchun mustaqil mahkamai shar’iya tashkil qilish, vaqf mulklarini qaytarib olish, qozilar huquqini tik­lash, o‘lganlarni Toshkent shahri ichidagi qabristonlarga ko‘mish uchun ruxsat berilishini so‘rab “oqposhsho”ga ariza yozganlar. Ularning siyosiy xarakterdagi eng katta iltimosi musulmonlar istiqomat qiladigan eski shahar uchun alohida idora (ma’muriyat) tashkil etilishini so‘rash bo‘lgan. Mazkur arizalarni chor hukumati e’tiboriga yetkazish 2-Davlat dumasining Toshkent eski shahar qismidan saylangan a’zosi Obid Qoriyevga topshiriladi. Biroq bu ariza va shunga o‘xshagan boshqa xatlar beoqibat qoldirilgan. Mazkur islomchilar guruhi “… O‘rta Osiyodagi o‘zbeklar va qirg‘izlar (qozoqlar – B.D.) orasida va Buxoroda bo‘lgan boshqa oqimga dushman edilar. Bu oqim “Tarjumon” gazetasining ta’siri ostida vujudga chiqqandur va uning ismi “jadidchilik”dir”. Birinchi guruh keyinroq borib ulamolar guruhi (firqasi)ni tashkil qilgan bo‘lsa, keyingisi jadidchilik oqimini vujudga keltirdi. Ulamolar va jadidlar ayrim hollardagina o‘zaro kelishgan bo‘lsalar-da, aksari hollarda bir-biriga muholifatda, hatto dushmanlik kayfiyatida bo‘ldilar. Shu tariqa, “eski”lik ko‘proq ulamolar guruhida namoyon bo‘ldi. Jadidlar ham “qadim”lar, ham mustabidlarga qarshi turishiga to‘g‘ri keldi. Demak, jadidlarning millat erki va ozodligi, uni moddiy va ma’naviy jihatdan yuksaltirish yo‘lidagi kurashlari ular nomi bilan bog‘liq siyosiy oqim mohiyatini tashkil etadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash zarurki, Turkiston jadidlari siyosiy saviyalari, kurash tajribalariga ko‘ra Volga bo‘yidagi, Kavkazdagi, hatto Alash O‘rdadagi jadidlarga qaraganda ham orqaroqda edi. Buning sababi, avvalo, tatarlar, boshqirdlar, kavkazliklar va qozoqlar turkis­tonlilarga qaraganda Rossiya mustabidligiga ilgariroq tushib, o‘z haq-huquqlari yo‘lida ertaroq kurash yo‘liga kirgan edilar. XIX asr oxirida Turkistonda sodir bo‘lgan bir hodisa ham bu yerdagi jadidlarning hadik aralash faoliyat ko‘rsatishlariga sabab bo‘lgandi. Bu hodisa nimaligini qayd etishdan oldin ta’kidlash lozimki, Turkiston XIX asr ikkinchi yarmida Rossiya tomonidan zabt etilgach, o‘lka xalqlari mustabidlik zanjiriga solingan edi. Erksevar ajdodlarimiz oyoklariga milliy mustabidlik kishani urilganiga osonlikcha ko‘nikib qo‘ya qolmadilar: ular ozodlik uchun kurash olib bordilar. XIX asrdagi Po‘latxon boshchiligidagi qo‘zg‘olon, Dukchi eshon qo‘zg‘oloni, Toshkentdagi “vabo isyoni”, Zarafshon va Farg‘ona vodiysidagi mustabidlarga qarshi ko‘tarilgan g‘alayonlar buning yorqin misolidir. Mana shu isyon va qo‘zg‘olonlar ichida 1898 yil may oyida bo‘lib o‘tgan Dukchi eshon (Muhammadalixon) qo‘zg‘oloni ikki jihati bilan e’tiborga loyiq. Birinchisi, mustabid chor hukumati endi mahalliy aholi erk, istiqlol uchun bosh ko‘tarolmaydi, deb qattiq ishonib yurgan paytda mazkur qo‘zg‘olon sodir bo‘ldi. Qo‘zg‘olonga mustabidlar nazarida “savodsiz”, “joxil va nodon” bir ruhoniy – eshon boshchilik qildi. Minglab kishilar uning ketidan ergashib ozodlik, mustaqillik kurashiga otlandi. Bu voqea mustabidlarni o‘zlari Turkistonda yurgizayotgan siyosatga muayyan “tahrir” kiritishga majbur qildi. Mustabidlar xalqni butkul nodonlikda, jaholatda tutib turish o‘ta xavfli ekaniga amin bo‘ldilar. Oqibatda ular xalqqa ma’rifat berish kerak, faqat bu ruslarga nisbatan iliqlik hissini uyg‘otadigan tizim asosiga qurilgan bo‘lsin, degan to‘xtamga keldilar. Bunga rus tili, madaniyatini yuzakigina o‘rgatish, ularga rus turmush tarzini singdirish orqali erishish mumkin, degan xulosa chiqarildi. Mustabidlar nazarida, sxolastika asosiga qurilgan eskicha ta’lim usulini ham qisman o‘zgartirish kerak. Toki u yerdan o‘zlariga qarshi fanatik johil olomon paydo bo‘lmasin. Shu tariqa o‘tgan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida chor ma’murlari mahalliy aholi uchun rus-tuzem maktablarini ko‘paytirishga majbur bo‘ldi, katta yoshdagilarni ham rus tiliga o‘rgatuvchi bepul kechki kurslar ochishdi.

Dukchi eshon voqeasi erk, mustaqillik uchun yonib yurgan mahalliy xalqlar vakillariga ham o‘ziga yarasha saboq berdi. Qudratli, zamonaviy qurollarga ega muntazam armiyasi bor saltanat – Rossiya changalidan ongsiz, uyushmagan holda ibtidoiy qurollar bilan qutulib bo‘lmaydi.

Garchi Yaponiya masofa jihatidan Turkistondan juda uzoqda bo‘lsa ham, 1904–1905 yillardagi rus-yapon urushi o‘lka xalqlarining dilida umid uchqunlarini qayta alangalantirdi. “Rossiya qudratli, ulkan saltanat bo‘lsa, nega o‘zidan kichkina Yaponiyadan yengilyapti?” “Demak Rossiya biz o‘ylagandek mustahkam emas ekan”, “Eshitdinglarmi, yaponlar ham musulmonlar emish?” “Yaponlar ham turkiylar ekan”, “Yaponlar kelib Turkistonni ruslardan ozod qilisharmish…” Bunday mish-mishlar ko‘cha- ko‘yda, bozorlarda, choyxona va gap-gashtaklarda kuchayadi. Mahalliy aholi Rossiyani ham yengadigan kuch borligiga ishona boshlaydi. Muhimi, milliy-ozodlik yo‘liga kirgan kurashchilarning yuragiga dalda baxsh etadi.

XX asr boshlarida shunday katta bir tarixiy voqea ham sodir bo‘ldiki, u turkistonlik jadidlarga zimmalarida turgan vazifalarni amalga oshirishda muayyan shart-sharoit yaratish uchun omil bo‘ldi. Bu 1905–1907 yillar rus inqilobi, Eron va Hindistondagi inqilobiy harakatlar edi. 1905 yili inqilobiy harakatlardan tahlikaga tushib qolgan Rossiya imperatori Nikolay Ikkinchi 17 oktyabr manifesti deb atalgan hujjatga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldi. Mazkur manifestga ko‘ra, Rusiya fuqarolariga so‘z, matbuot va jamiyatlar tuzish erkinligi va’da qilingandi. Rossiya istibdodiga tushgan millat va elatlar yuzaga kelgan “zig‘irdek” imkoniyatdan foydalanib qolishga o‘rganib qolgandilar. Ushbu imkoniyat ham samarasiz qolmadi. Ular 1906 yilning 14 iyunidan boshlab dastlabki milliy gazeta “Taraqqiy”ni chiqara boshladilar.

Gazeta deyarli barcha sonlarida podsho boshliq Rossiya hokimiyatini tajovuzkor, makkorona siyosat yuritayotgani uchun tanqid qildi. Poraxo‘r, qobiliyatsiz kishilarga mansab, lavozim bermaslik g‘oyasini ilgari surdi, milliy istibdod asoratiga tushgan millatlarning haq-huquqlarini himoya qildi. “Taraqqiy” hukumat tomonidan yopilgach, “Xurshid” gazetasi uning yo‘lini davom ettirdi. U ham ma’murlar tomonidan chiqishdan to‘xtatilgach, “Shuhrat” mazkur gazetalar an’analarini davom ettirdi.

Aytish kerakki, turkistonlik jadidlar chiqargan gazetalar Bog‘chasaroy va Volga bo‘yida chiqqan jadidlar gazetalari tajribalariga tayandi. Ko‘zga ko‘ringan turkistonlik jadid siymolari ham qrimlik, Volga bo‘yilik maslakdoshlaridan siyosiy saviyalarini oshirishda ko‘mak oldilar. Taniqli olima Ingeborg Baldauf yozadi: “O‘rta Osiyo jadidlari birinchi navbatda tatar jadidlaridan o‘rnak oldilar… O‘rtaosiyolik ko‘pgina muallimlar va publitsistlar Qozon, Ufa va Orenburg shaharlaridagi jadidlar bilan yaqindan tanishib olgan, hatto Istanbul va Kavkazdagi jadidlar bilan ham aloqa o‘rnatgan edilar”.

Gap bu yerda maorif sohasida ketsa-da, komil ishonch bilan aytish mumkinki, siyosiy ta’lim sohasida ham xuddi shu holni ko‘rish mumkin. Chunonchi, samarqandlik mashhur jadid Mahmudxo‘ja Behbudiy tarjimai holini yozgan uning zamondoshi Hoji Muin shunday deydi: “Hijoz safaridan (1899 yil. – B.D.) Behbudiy afandi Bog‘chasaroyda chiqadurg‘on “Tarjumon” gazetasini oldurub o‘quy boshladi. Ikkinchi yoqdan, turlik ilmiy, fanniy kitoblarning mutolaasi bilan ma’lumotini kengaytirdi. Oz vaqtda dunyo siyosatidan va zamon ahvolidan xabardor bo‘ldi.

Shu tariqa, matbuot va kitoblarning ta’sirida turkistonlik ziyolilarning siyosiy ongi oshib, ularda siyosiy voqealarga munosabat bildirish rag‘bati paydo bo‘ldi. Ularning siyosiy jihatdan yetiluvida ichki Rossiya jadid liderlarining ham ma’lum darajada hissasi bo‘ldi. Turkistonlik jadidlarning 1905–1906 yillarda bo‘lgan umum Rossiya musulmonlari s’ezdlarida ishtirok etishlari ularning siyosiy takomilida o‘ziga xos maktab bo‘ldi. Shuni ham aytish kerakki, Rossiya musulmonlari qudratli va yovuz imperiya iskanjasidan qutulish uchun eng avvalo birlashib harakat qilish kerakligini anglab yetdilar. Natijada, milliy istibdod zanjiriga bog‘langan musulmon xalqlari bir jamiyat atrofiga uyushish maqsadida butun Rossiya musulmonlarining s’ezdini o‘tkazish uchun harakatni boshlab yubordilar. Harakat o‘z natijasini berdi. 1905 yilning 15 avgustida Nijniy Novgorod shahrida, Oka daryosidagi Gus­tav Struve nomli kemada butun Rusiya musulmonlarining (“musulmonlar” so‘zi bu yerda diniy mansublikdan ham ko‘ra ko‘proq etnik mazmunga ega) birinchi s’ezdi bo‘ldi. Unda turkistonliklar ham ishtirok etdilar. Rusiya musulmonlarining 1906 yil 13-23 yanvarda bo‘lib o‘tgan 2-s’ezdida esa “Butun Rossiya musulmonlari soyuzining ustavi” qabul qilindi. Ushbu s’ezdlar chor ma’murlari va oxrankasining qattiq kuzatuvi ostida o‘tgan bo‘lishiga qaramay, mustabidlik og‘usini totib kelgan musulmon xalqlarida mustaqillik, erk, ozodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmadi. Ular vaqti kelib Turkistonda ham mustaqil davlatchilikni tiklash umidini uyg‘otdi. Shunday holatda mazkur s’ezdlardayoq Rossiyaning, shuningdek, mustabidlik iskanjasiga tushib qolgan xalqlarning bo‘lajak davlat tuzumi qanday bo‘lishi keraq degan masala ilk bor muhokamaga olib chiqildi. Mazkur s’ezdlar turkistonlik delegatlarda ham mamlakat usuli idorasi haqida mushohada tug‘dirmay qolmadi.

Butun Rossiya musulmonlarining s’ezdlarini diqqat bilan kuzatgan Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Hozir Rusiya davlati(ning) tarixi hukmronligi(ni) noqis ekanligiga har bir xabarlik kishi iqror etar. Davlat qonunlarini(ng) isloh va tajdidig‘a har kim moyildur”, deb yozdi. Mustabidlar tomonidan “tuzemets” yoki “sart” deb kamsitilib kelingan xalqdan chiqqan bir kishi Rossiyadagi hokimiyat tizimida kamchilik mavjud demoqda. Buning ustiga, u Rossiya qonunlarini isloh qilish, yangilash fikrini bermoqda. Darhaqiqat, buni favqulodda jasorat va  siyosiy jihatdan yetilib borish natijasi, deyish mumkin. Mahmudxo‘ja Behbudiy “Xayrul umuri avsatuxo” sarlavhali maqolasida Rossiya siyosiy xaritasida yuzaga kelgan partiyalar haqida tushuntirish beradi. Bular: a) buyrukratiyai mustabid /monarxistlar, hukumat partiyasi/; b) mashrutai avomiya /kadetlar partiyasi/; v) ishtirokiyuni ommaviy /sotsial-demokratlar partiyasi/; g) Rusiya musulmonlari ittifoqi. Buyrukratiyai mustabid firqasi monarxiya tuzumini yoqlaydi, binobarin, u eski tarzdagi hukumat tarafdori. Eski tarzdagi hukumat esa, idorai mustaqila. “Idorai mustaqila qo‘l ostidagi fuqarolarni har qancha hukumat odamlari va to‘ralarga yaqin va munosabatlik o‘lsa ham, ahvoli siyosiyya, diniyya va dunyaviyya va oliyasi durust bo‘lmay, kundan-kun tanazzuldadur”. Mahmudxo‘janing bu fikri Rossiya davlat tuzumi bo‘lgan “idorai mustaqila” pirovardida taraqqiyotga emas, tanazzulga olib keladi degan hukmni tasdiqlayapti. Behbudiy sotsial-demokratik partiya haqida yozadi: “Bularni boshlucha murodi hozirgi barcha zakun, mulkiyat qoidalarini butun buzub, mol va yerlarni hamma xaloyiq o‘rtasiga mushtarak qilib, aning manfaatini butun xaloyiq o‘rtasida musoviy etmoqchidur. Boylik va kambag‘allikni yo‘q qilib, dunyo moli(ni) rohatidan hammani barobar foydalantirub, mas’ud va rohat umr o‘tkazmoqig‘a va har kim o‘z istiqbolidan amin bo‘lmoqiga zakun va qoida joriy qilmoqchidurlar. Bularni prugramini joriy bo‘lmog‘iga hozirgi asrimiz musoid emas. Balki necha asrlarga tavaqqufi bordur… Har holda, bu partiyani murodi mumkin loyiqi’ yoinki xayoliydek ko‘runub, bu toifag‘a qo‘shulmoq biz musulmonlar uchun nihoyatda zararlikdur”. Bu gaplar 1906 yilda yozilayotganini nazarda tutsak, Behbudiyda hodisalar istiqbolini ko‘ra bilishdek iste’dod bo‘lgan deb o‘ylaysan kishi.

Behbudiy umum Rossiya musulmonlari s’ezdlarida tashkil etilgan “Ittifoqi muslimin” partiyasi haqida bunday deydi: “Qarorlarining ijmoli, Turkiya gazetalaridan ma’lum bo‘lishiga qaraganda, Rusiya musulmonlari diniy va ilmiy vajhdan alohida bir partiyai maxsusadurlar. Ammo siyosiy va umumiy talab va maslaklar to‘g‘risinda kadetlarga qo‘shilaturg‘ong‘a o‘xshaydurlar”. Mahmudxo‘ja Behbudiy “Ittifoqi muslimin”ni Turkiya gazetalari kadetlarga yaqin deyishlariga e’tiroz bildirmaydi, bu unga kadetlar partiyasining dasturi ma’qul kelganidan bo‘lsa kerak. U kadetlar partiyasi, uning dasturi haqida yozadi: “Bu firqa haqiqatda o‘rta firqadur. Mo‘tadil al-mijoz xalqlar bu partiyani xohlagandurlar… Faqat salomatlik va amniyat bukun kadetlar hizbi soyasida vatanimiz Rusiyaga joriy bo‘lsa kerak…” Behbudiy bu partiyaning musulmonlarga maqbul bo‘lishini ularning har narsaning o‘rtachasini ma’qul ko‘rishi bilan izohlaydi. Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, musulmonlar, jumladan, turkistonliklar azaldan podshohlik tuzumini maqbul bilib, odil podshoh fuqarolarni baxtli qila oladi, deb hisoblaganlar. Bu Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilk siyosiy fikrlari edi. Ijtimoiy vaziyat o‘zgarishi barobarida uning qarashlarida ham tadrijiy siljish kuzatiladi. Har holda, Turkistonda bo‘lajak davlatchilik masalasi fevral inqilobidan so‘nggina butun dolzarbligi va ko‘lami bilan kun tartibiga qo‘yildi.

1906 yilda  Behbudiy Gasprinskiy taklifi bilan “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi”ni tuzib bergan. Mazkur loyiha Behbudiyning XX asr boshlarida Turkistonda amalga oshirishni mo‘ljallagan boshqarish tizimi to‘g‘risidagi tasavvurlarini aks ettiradi. Shuni ham aytish kerakki, Behbudiyning fikrlari asossiz emasdi. 1906 yili Rossiya Davlat dumasi qabul qilgan “Milliy-madaniy avtonomiya” to‘g‘risidagi qonun bu fikrimizning isbotidir.

1917 yilgi fevral inqilobini Rusiya musulmonlari, jumladan, Turkiston xalqlari ham benihoyat katta quvonch va umid bilan kutib oldilar. Ular tasavvurida hurriyat sodir bo‘lgandi: hademay, erkinliq ozodlik, istiqlol qo‘lga kiritilishi tayin edi.

XIX asrning ikkinchi yarmida qo‘ldan chiqarilgan vatan mustaqilligini qayta tiklash ufqlari go‘yo ko‘rinib qolgan edi. Darvoqe, 6 martda Turkistonda ham hurriyat e’lon qilindi. Peterburgda tuzilgan muvaqqat hukumat Turkistonni boshqarish uchun 8 kishidan iborat komitet yuboradi. Bulardan 4 nafari musulmonlar bo‘lgan – M.Tinishboyev, S.Maqsudov, Davlatshin va A.Bukayxonovlar.

1917 yilning 16 aprelida ish boshlagan Turkiston musulmonlari qurultoyida Turkiston o‘lka ijroiya qo‘mitasi a’zosi Kreps bunday degandi: “Musulmonlar! Siz butun yer yuzidagi musulmonlarning huri bo‘ldingiz!.. Eski hukumat siz ila so‘ylashganda, sabiy bola ila so‘ylashgandek so‘ylashar edi. Sizni hamisha bir yosh boladek ko‘rub o‘ksutar edi. Hozirgi hukumat (muvaqqat hukumat – B.D.) o‘zining aziz farzandidek ko‘rub, sag‘ir bola emas, kabir kishi ila, qul emas, ozod kishi ila so‘ylashkandek so‘ylashur. Ham shunday muomila qilur”. Bu balandparvoz so‘zlarni eshitgan bechora musulmon delegatlari qanday tuyg‘ular ichra g‘ark bo‘lishganini tasavvur qilish mumkin.

Har holda, fevral inqilobidan so‘ng bir-biri bilan bog‘liq ikki masala kun tartibiga qo‘yilmoqda edi: biri – Rossiyaning bo‘lajak davlat tizimi qanday bo‘lishi kerak: ikkinchisi – Turkistonning usuli idorasi endi qay yo‘sinda bo‘lmog‘i lozim? Bu ikki masala fevral inqilobidan so‘ng Rossiya musulmonlari, jumladan, Turkiston musulmonlari qurultoylarida keng muhokama etildi.

Ular bu masalada ikki xil davlat tuzimini ko‘rardilar: biri podsholikning tiklanishi: ikkinchisi – respublika boshqaruvi tizimi.

“Rusiyaning butun ongli qismi, asrlardan beri har turli zulm va jabr­lar ostinda ezilgan qismi, va shul jumladan butun musulmonlar, hech shubhasiz, Rusiya idorasining mundan so‘ng jumhuriyat asosina quruluvun tilar”, – deb yozgan edi Orenburgda turk-tatar o‘rta tilida chiqadigan “Vaqt” gazetasi.

Ushbu gazeta muxbiri podsholik tuzumining yaramasligini shunday muhokama aralash tushuntiradi: “Endi biz nima qilishimiz kerak? Romanovlar o‘rniga yangi podshoh qo‘yish kerakmi? Bunda, albatta, samoderjaviye haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Yangi podshoh xalq tarafidan saylanib qo‘yilachak ham mashrutitka (mashrutit – konstitutsiya. – B.D.) sadoqat bilan emin etachak tub xalq qo‘linda bo‘lub ministrlar kabineti parlamentdagi xalq vakillari bilan tuzilachak. Ya’ni chin ma’nosi bilan mashrutiy podshoh, (konstitusionnыy monarxiya) bo‘lachak. Shulay bo‘lg‘och, bunday podshohlikdan bizga ne zarur?” Shu bois jumhuriyat (res­publika) tuzumini talab etish kerak.

Ayni paytda, Rossiya fuqarolari, jumladan, musulmonlari oldida qanday jumhuriyat bo‘lmog‘i kerak degan masala ham turardi. Bu masalada ham ikki fikr tug‘ildi. Shu o‘rinda mazkur masalaga turkistonliklar qanday yondashganini ko‘rib o‘taylik. Ular bu masalani qurultoylarda qizg‘in muhokama qilgan edilar.

Umum Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyi 1917 yilning 16-17 aprel kunlari Toshkentda o‘tkazildi. Unda  Rossining hamda Turkis­tonning kelajakdagi usuli idorasi qanday bo‘lishi yuzasidan ham o‘zaro fikr almashiladi. Chunonchi, deputat Serali Lapin Rossiya usuli idorasi 2 xilda bo‘lishi haqida fikrlar borligini gapirib, biri – demokratik respublika, ikkinchisi – federativ respublika ekani, ikkinchi xil usul idora qaror topsa, Turkistonga muxtoriyat berilishi ko‘zda tutilajagi to‘g‘risida to‘xtaldi.

Deputatlardan “Qori Same’, Tugusev, Farid, Zaki Validiy, Mahmudxo‘ja Behbudiy afandilar, yana bir necha zotlar uzun-uzun so‘zlab, hozirga berilgan hurriyatdan foydalanib, o‘zimizga aftonumiya olib qolishimiz kerak! Hozirgi vaqtni qo‘limizdan bersak, ikkinchi vaqt aftonumiya olamiz deb, ko‘b talafotlar berurmiz, ko‘b qonlar tukurmiz” deb qattiq turib olishdi, deya yozgan edi qurultoydan hisobot tayyorlagan jurnalist Mirmuhsin Shermuhammedov.

S’ezdga Qozondagi Markaziy “Sho‘roi islom” tashkilotidan vakil bo‘lib kelgan “Vaqt” gazetasi tahririyati a’zosi Kabir Bakir so‘zga chiqib, Turkistonga avtonomiya berish erta, hozircha xalq jumhuriyati uchun harakat qilmog‘imiz kerak, avtonomiya olib halokatga uchramaylik, deydi. Uningcha, Turkistonga avtonomiya berilsa ham, baribir, uni boshqaradigan mahalliy kadrlar yo‘q. Shu bois mavjud ahvol bilan hisoblashish kerak.

Xullas, shu ikki xil fikr atrofida bahs ketib, s’ezd ulardan birontasini ham qabul qilolmaydi. Turkistonning usuli idorasi qanday bo‘lishini hal etish uchun s’ezd 9 kishidan iborat bir hay’at saylash bilan kifoyalanadi.

Keyinchalik bu hay’at 13 kishiga yetkaziladi va sentyabr oyiga borib hay’at tuzgan dasturini taqdim etadi. Bu haqda biz sal quyiroqda to‘xtalamiz. Hozir esa, mazkur masalalarning Rossiya miqyosidagi ahamiyatini e’tiborga olib, umum Rossiya musulmonlarining Moskva va Qozonda bo‘lib o‘tgan s’ezdlarida ushbu masalalar qanday muhokama qilinganiga murojaat etaylik.

Moskvada 1917 yilning 1-11 mayida bo‘lib o‘tgan umum Rossiya musulmonlarining 1-s’ezdida mazkur masala yuzasidan ikki xil fikr yuzaga kelib, delegatlar shu ikki turli fikr atrofida qattiq munozaraga kirishdilar. Bunga s’ezdda ushbu masala yuzasidan bir-biriga muqobil ikki ma’ruza qilingani sabab bo‘ldi. Birinchi ma’ruzachi Ahmadbek Salikov Rossiyaning usuli idorasi unitar demokratik respublika (markazlashgan demokratik respublika) tarzida bo‘lsin, degan fikrni quvvatlab, quyidagi rezolyutsiyani ovozga qo‘yish uchun taqdim etadi:

“a) Mamlakatning idorasi adam markaziyat va parlamentarnaya demokraticheskaya respublika hamda Qofqoz, Turkiston sahro va viloyatlari va Sibirda keng idorai muxtoriya usuli uzrinda bo‘lurg‘a tevish.

b) Rusiya musulmonlarina madaniy-milliy avtonomiya ta’min etilsun.”

A.Salikov va uning tarafdorlari tasavvuricha, Rossiyada, garchi markazlashgan (unitar) demokratik respublika qaror topgan taqdirda ham, u totalitar tuzumdan yiroq bo‘lishi kerak edi. Mamlakatda parlamentning mavjud bo‘lishi, demokratik huquqlarning ustuvorligi, markaziy hukumatning joylardagi hokimiyat tuzilmalariga kattagina huquqlar berishi nazarda tutilgandi. Rossiyadek ulkan mamlakatda yashayotgan turli millatlar o‘zlarining madaniy-milliy masalalarini o‘zlari hal etishlari, bularga markaziy hukumat aralashmasligi lozim edi. Buning uchun turli millatlarning madaniy-milliy markazi tashkil etilishi va muayyan millat vakili mamlakatning qaysi burchagida yashamasin, uning madaniy-milliy muammosini ushbu markazgina hal etishi ko‘zda tutilgandi.

Ikkinchi ma’ruzachi Bokuda chiqadigan “Ochiq so‘z” gazetasining muharriri Muhammad Eminbek Rasulzoda bo‘lib, u federativ demokratik respublika tuzish g‘oyasini o‘rtaga tashlab, quyidagi rezolyutsiyani delegatlar e’tiboriga havola etadi:

“a) Rusiyadagi musulmonlarning manfaatlarin, huquqlarin eng keng suratda ta’min etaturg‘on usuli idora bo‘lsa unda: terituriya (tuproq) ham milliyat asoslarina qurulgon qo‘shma (federativnыy) xalq jumhuriyatidir. Shuning-la barobar ayrum bir o‘runda ko‘bchilik tashkil etmagan xalqlarga shaxsiy (personalniy) milliy muxtoriyat berilur.

b) Rusiya musulmonlarining umumiy diniy ham madaniy ishlarin idora etar uchun qonun chig‘oruv haqina molik bo‘lg‘on bir umumiy markaziy musulmon muassisi tuzilur” .

Shuni ham ta’kidlash kerakki, milliy-territorial avtonomiya talab qilganlar ham mutlaqo mustaqillikni nazarda tutolmaganlar. M.E.Rasulzoda ma’ruzasida urush, sulh, temir yo‘llar, pul tizimi, bojxona xizmati, xorijiy savdo kabi masalalar markaziy hukumat tomonidan hal etiladi, deyilgandi.

Sinchiklab e’tibor berilsa, mazlum millat (xalq)lar o‘sha paytda Rossiyadan talab etgan mustaqilliklari to‘liq bo‘lmay, yarim mustaqillikdan iborat edi. Ularning eng katta orzusi o‘zlari maxsus hududga ega bo‘lib, bu hududga taalluqli mahalliy va milliy, madaniy masalalarni o‘zlari mustaqil hal etish huquqiga erishish bo‘lgan.

Ko‘ramizki, umum Rossiya musulmonlarining 1917 yilda bo‘lgan 1- s’ez­dida mazkur masalada, asosan, ikki xil qarash atrofida bahs yuritilgan: birinchi qarash – Rossiya unitar demokratik respublikasi bo‘lib qolishi kerak: uning tarkibida musulmonlar o‘zlarining milliy-madaniy avtonomiyasiga ega bo‘ladilar. Ikkinchi qarash – Rossiya federativ xalq jumhuriyati bo‘lib, turk-tatar qavmlari yashash joylarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yo milliy-madaniy, yo milliy-territorial avtonomiyaga ega bo‘lishlari lozim. Jumladan, tatar qavmlari Rossiya hududida keng tarqalib yashagani uchun ularga milliy-madaniy avtonomiya berilishi ko‘zda tutilgan. Kavkaz, Turkiston va Sibirda g‘uj bo‘lib yashayotgan mahalliy aholi uchun milliy-territorial avtonomiya bo‘lishi ma’qul ko‘rilgan.

Umum Rossiya musulmonlarining 1-s’ezdi 271 ovozga qarshi 446 ovoz bilan ikkinchi taklifni qabul qilgan.

Turkistonlik vakillar har ikkala s’ezdda ham ishtirok etganlar. O‘lka jadidlarining ko‘zga ko‘ringanlaridan biri advokat Ubaydulla Xo‘jayev har ikkala s’ezdda ham so‘zga chiqib, Turkistondagi mavjud ahvol bilan delegatlarni tanishtiradi, muhokama etilayotgan masalaga ularning nomidan munosabat bildiradi.

1917 yil martidan boshlab Turkistonda ham turli firqa va uyushmalar yuzaga kela boshladi. “Sho‘roi islomiya”, “Turk adami markaziyat (federalist)”, “Ulamo” va hokazo firqa va uyushmalar shular jumlasidandir. Bulardan “Sho‘roi islomiya” va “Turk adami markaziyat (federalist)” firqalari Turkistonning usuli idorasini qo‘shma xalq jumhuriyati (federativnaya demokraticheskaya respublika) tarzida bo‘lishi kerak, deb hisobladilar. “Ulamo” jamiyati ham bu fikrga kiyinchilik bilan qo‘shilgandi. Bu haqda jurnalist Hodi Fayziy bunday deb yozgandi: umum Turkiston musulmonlarining ikkinchi qurultoyida ulamolar kelajakda Turkistonning usuli idorasi kanday bo‘ladi, degan savolga “musulmonobod davridagidek xon ko‘tarilsin”, degan taklifni ilgari surishadi. Hatto Marg‘ilon ulamolari hamda Namangan ulamolarining peshvosi Nosirxon to‘ra Xudoyorxonning bir nevarasini topib, xon qilib ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. Lekin qurultoyda jadidlar bilan ilg‘orrok qarashdagi so‘l ulamolar bunga qarshilik ko‘rsatishadi. Ular agar yana xon qilib ko‘tarilsa, xalq ko‘zg‘aladi, deb ogohlantirilganidan so‘nggina ulamolar jumhuriyat (respublika) masalasiga bir shart bilan, ya’ni uning shariatga bo‘ysunishi asosidagina rozi bo‘lishadi.

Endi turkistonliklar qo‘shma xalq jumhuriyatini qanday tasavvur etganliklarini bilmoq uchun “Turk adami markaziyat (federalist)” firqasining 1917 yil 11 sentyabrda qabul qilingan maromnoma (programma)sini ko‘rib o‘taylik.

“Turk adami markaziyat (federalist)” firqasining maromnomasi 9 qismdan iborat bo‘lib, yaxlit olganda demokratik jamiyat asoslarini ifoda etgan. Birinchi qism “Davlat va muxtoriyat tashkiloti” deb sarlavhalangan. Unda firqaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bayon etilgan: “Firqaning maqsadi:

1-Rusiyada mahalliy va milliy adami markaziyat (federatsiya) asosi uzra xalq jumhuriyati tashkil etmakdir.

2-Firqa Turkiston, Qirg‘iziston, Qofqoz va Boshqirdiston qit’alari uchun boshqa milliy va madaniy muxtoriyat, Edilbo‘yi ila Qrim totorlari uchun boshqa, Rusiyada yashaydurg‘on turk qavmlari uchun milliy muxtoriyat talab qiladur.

Yuqoridagi iqtibosdan ko‘rinadiki, Rusiyaning usuli idorasi ham, Turkistonning davlat tuzumi ham qo‘shma xalq jumhuriyati bo‘lmog‘i kerak. Turkistondagi usuli idoraning xususiyati haqida “Turk adami markaziyat (federalist)” firqasining nashr afqori “Turk eli” gazetasi bunday yozgandi:.. “o‘ziga hayrixoh millatlar ila birlashkan holda turklik beshigi bo‘lg‘on Turkistonga milliy-madaniy va ham yerlik muxtoriyat (federatsiya) olmoqdur”.

Maromnomaga ko‘ra, Turkistonda tashkil etilajak xalq jumhuriyati qonun chiqaruvchi organi – parlamentiga ega bo‘lishi va unga a’zolar sinfi, dini va mazhabiga ko‘ra mansubligidan qat’i nazar, umumiy, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanishi ko‘zda tutilgan. Saylovda shariat doirasida xotin-qizlar ham ishtirok qilishlari mumkin, deyilgan.

Turkiston qo‘shma jumhuriyatining nimalarda mustaqil bo‘lishi firqa maromnomasida bunday belgilangan: “Muxtoriyatli qit’alar doxiliy masalalar (idoraviy, moliyaviy, shar’iy, madaniy, adliy va maorif ishlari)da mustaqildir”. Muxtoriyatli qit’alar keng huquq va imtiyozlarga ega bo‘lgan viloyat, uyezd va nohiya (uchastka)larga bo‘linishi rejalashtirilgan.

Maromnomada Rossiya markaziy hukumat ixtiyoriga mamlakat mudofaasi, pul chiqarmoq, boj va xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlar masalalarini hal etish huquqi qoldirilishi qayd etilgan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, Turkistonning mustaqilligi, “Turk adami markaziyat (federalist)” firqasining maromnomasiga ko‘ra, nisbiy bo‘lib, yuqorida zikr etilgan kabi muhim masalalarni hal etish faqat markaziy hukumat ixtiyoriga qoldirilgan. Demak, talab etilayotgan qo‘shma xalq jumhuriyati to‘la mustaqil bo‘lmay, balki Rossiya davlati doirasida, chegaralangan darajadagina bo‘lishi kerak edi. Agar shu maromnomadagi talab amalga oshganda ham, o‘sha paytda turkistonlik­lar do‘ppisini osmonga otgan bo‘lardi. Yana maromnomada muxtoriyatli qit’alarda vatan mudofaasi uchun xalq militsiyasi tashkil etilib, o‘sha paytda mavjud bo‘lgan harbiy tashkilotlar usuli bitirilur, deyilgan.

Maromnomaning eng dadil moddalaridan biri – bu til masalasidir. Til har bir millatning birinchi va asosiy belgisi tarzida namoyon bo‘lishi bois firqa maromnomasida ham bunga katta e’tibor qaratilgan. “Har bir muxtoriyatli qitaning tili, – deyiladi unda, – aksar xalqning so‘ylag‘on tili va shevasi bo‘lmoq ila barobar viloyat va sanjoqlarda (uyezd) yerli xalqning so‘ylashado‘rgan til va shevalari ham iste’mol qilinur”.

“Turk adami markaziyat (federalist)” firqasining maromnomasida Rossiyada yashaydigan barcha turk millati najibasining hamma qavmlariga oid umumiy masalalarni hal etmoq uchun milliy va madaniy ittifoq tashkil qilish ko‘zga tutilgandi. Bu Rossiyaning markaziy shaharlaridan biri yoki Qozon, Ufa singari turk qavmlari yashaydigan bironta shaharda barcha turk qavmlarining milliy va madaniy masalalarini hal etadigan bir markaz tashkil etilishini va unga turli qita (o‘lka)lardan vakillar saylab qo‘yilishini anglatadi.

Maromnomada diniy masalaga uch modda ajratilgan bo‘lib, ularning mohiyati shundan iborat: Rossiyada yashaydigan butun musulmonlarning diniy masalalarini hal etmoq uchun saylab qo‘yiladigan shayxulislom boshchiligida bir diniy hay’at yuzaga keltirilishi va unga turli millatlardan o‘sha millat sonidan kelib chiqqan holda saylanadigan vakillardan tashkil topishi lozim bo‘lgan.

Firqa o‘z maromnomasida ilgari surgan jamiyat tizimi demokratik  bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Bu, ayniqsa, maromnomadagi “Muxtoriyatli qitalardagi ahliyat (fuqarolik) huquqi” qismida yorqin ko‘zga tashlanadi. Unda aholi qaysi din va qaysi mazhabda bo‘lishidan kat’i nazar, qonun oldida tengligi: fuqarolarga chin ma’nosi-la vijdon erkinligi berilishi, bironta din va mazhab hukumat tomonidan boshqalaridan ustun qo‘yilmasligi; har bir fuqaro o‘z fikrini aytish, matbuot yoki boshqa nashr vositalari orqali bayon etish huquqiga egaligi: fuqarolarning yuzaga keladigan muammolarni hal qilish uchun yig‘inlar o‘tkazish, jamiyatlar tuzish huquqi bo‘lishi, buni(ng) uchun “hech kimdan ruxsat so‘ramoqga ehtiyoj yo‘qligi”, shaxs erkinligi, oila muhofazasi daxlsiz bo‘lishi, tegishli mahkamalarning qarorisiz bironta ham fuqaroning uyiga bostirib kirib tintuv o‘tkazish, xat va kitoblarini tekshirish mumkin emasligi kabi moddalar aks etgan.

Maromnomadagi ma’suliyatli masalalardan biri – yer masalasi edi. Shu bois maromnomaning oltinchi qismi butunlay yer masalasiga bag‘ishlangandi. Mazkur to‘rt moddadan iborat kismning 1-moddasini olib qaraylik.

“VI. YeR MASALASI:

  1. Firqa podshohlik mulklarini va podshoning xususiy yerlarini va kinyazlar xonadoni maxsus yerlarining barchasini badalsiz musodara qilinub, hosil majmuidan lozim miqdoricha ekinchilik ila mashg‘ul bo‘lg‘on mahalliy xalqga sotmak yoki ijaraga bermak tariqi ila taqsim etilub, yer berilishini lozim topadur”.

Qolgan uch modda xususiy yerlar to‘g‘risida bo‘lib, Turkistonda juda katta yer egalari bo‘lmagani sababli mahalliy aholi qo‘lida bo‘lgan xususiy yerlar o‘z holicha, ya’ni egalari qo‘lida qoldirilishi mo‘ljallangan. 3-modda Turkistonda bo‘lgan g‘alayon va qo‘zg‘olonlar sabab (Ming tepadagi Dukchi eshon voqeasi kabi) qishloqlaridan haydalib, yerlari boshqalar tasarrufiga berilgan holatlar to‘g‘risidadir. Bu moddada mazkur yerlar va qishloqlar avvalgi egalariga qaytarilishi shart qilib qo‘yilgan. 4-modda esa, hukumat va jamoat tarafidan musodara qilingan vaqf yerlari ham asl egalariga qaytarilishini nazarda tutadi.

Maromnomaning “Ishchilar mas’alasi”, “Adliya mas’alasi”, “Maorif ishlari” qismlarida ham o‘sha davrda muhim bo‘lib turgan masalalar o‘z aksini topgan.

Xulosa qilib aytganda, “Turk adami markaziyat (federalist)” firqasining maromnomasi Turkiston jadidlarining davlat tizimi to‘g‘risidagi qarashlari haqida to‘la tasavvur beradi. Mazkur maromnoma Turkiston musulmonlarining IV o‘lka qurultoyi tomonidan 1917 yil 27 noyabrda Qo‘qon shahrida e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatining davlat tizimiga asos bo‘lishi kerak edi. Lekin Turkiston muxtoriyati ­e’lon qilingach, uning davlat tizimini muxtoriyatchilar qonun yo‘li bilan mustahkamlashga ulgurolmadilar. Qurultoy ishtirokchilari muxtoriyat e’lon qilgach, tez orada umum Turkiston ta’sis majlisini chiqarishga qaror qilganlar. Ana shu ta’sis majlisi Turkiston muxtoriyatining bo‘lajak davlat tizimini qonuniy yo‘l bilan belgilashi kerak edi. Ta’sis majlisi ochilguncha Turkiston muxtoriyatining davlat hokimiyati Turkiston Muvaqqat Sho‘rosi hamda Turkiston xalq boshqaruvi ixtiyorida bo‘lmog‘iga qaror qilingandi.

Umuman, Turkiston muxtoriyati hujjatlarini tayyorlash va tasdiq­lash­da ishtirok etgan ilg‘or fikrli mahalliy ziyolilar mazkur hujjatlarning o‘ziga xos demokratik ibtido asosida bo‘lishiga erishganlar.

Taniqli o‘zbek publitsisti  Mirmuhsin Shermuhamedov “Turkistonning usuli idorasi haqinda” sarlavhali maqolasida federatsiya barpo etish Turkiston uchun hali barvaqtroq, deydi. Negaki, “Rusiyada mal’un eski hukumatning istibdodi umumiyat-la yemirildi, lekin Turkistonda istibdod endi quvvatlaydi… O‘zining shaxsiy va kissa manfaati uchun diniy va milliy huquqlarimizni oyoq ostina olib tobtag‘on provaqator ulamolar ila burjuaz zolim boylardir… Yaxshi bilinglarki, agarda Turkiston o‘ziga mustaqil idora bo‘lsa, maaltaassuf ul vaqt Turkistonda madaniyat, funun va maorif mutlaqo yemirilur. Chunki “Alhamdulilloh endi musulmonobod bo‘ldi”, deb ish boshinda turuvchi aqlli boshlar qisqa kiyum kiyganlarni, soqol qirg‘onlarni, choch, mix (mo‘ylov. – B.D.) qisqartmog‘onlarni, yangi usulda o‘qug‘onlarni, ruscha so‘zlasha bilganlarni “Bular bet kofir, bularning jazosi zindon yo ulum” deb millatning eng suyuklu aziz bolalarin qorong‘u zindon yoki dor og‘ochlarinda birma-bir yo‘q qilub, yoshlarning tomirin qurituvlari bik ma’lum. Bularning qurg‘on plonlari hozirdanuk shul…”

Afsuski, bu bashoratning ma’lum qismi Turkiston muxtoriyati e’lon qilingandan so‘ng ro‘yobga chiqqandi. Muxtoriyat e’lon qilinganda tuzilajak jumhuriyat shariat asosidagi demokratik xarakterda bo‘lishi kerak edi. Lekin bolsheviklar bilan to‘qnashib, fojia boshlangach, ulamolar urushning uchinchi kunida Ergashni oq kigizga solib xon ko‘tardilar…

Turkiston muxtoriyatining qonli fojialar bilan tugashida ulamolarning xonlikni qayta tiklashga bo‘lgan o‘rinishlari ham muayyan darajada sabab bo‘lgandi. Xonlik tuzumiga qaytish, buning ustiga, Ergashning olomon ko‘rinishidagi askarlariga umid bog‘lash – bular muxtoriyatchilarni muqarrar halokatga olib boruvchi omillar edi.

Turkiston muxtoriyatchilarining muayyan qismida bo‘lgan sustkashlikni ham qayd etish lozim. Jumladan, qon to‘kilmasligi uchun nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rish tarafdori bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy Qo‘qondagi qurultoy minbalaridan turib bunday degandi: “Biz muxtoriyat e’lon etdik. Lekin bizning bu muxtoriyatimizni boshqalar tasdiq etarga tevish, shunisi mumkin tug‘il, mana, sulh bo‘lur oldinda, shubhasiz, biror yerda sulh kunfronsasi bo‘lur. Shunda bizning Turkiston o‘lkasining ham vakillari bo‘lurg‘a kerak: olar bizning butun hol va ahvolimizni so‘ylasunlar, haqlarimizni talab etsunlar…”

Bu fikr, albatta, to‘g‘ri edi. Lekin e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatini siyosiy, iqtisodiy va boshqa jihatlardan mustahkamlashga qaratilgan keskin choralarni zudlik bilan ko‘rish talab qilinardi.  Tarixning shunday daqiqalari bo‘ladiki, bir qarorga kelish va bu qarorni mustahkamlash uchun dadil va o‘ylangan harakatlar qilish lozim.

Jadidlarning davlat tizimi haqidagi qarashlarini yanada oydinlashtiruvchi hujjat – bu 1917 yili Fitrat tomonidan tuzilgan va Yosh buxorolilar firqasi Markaziy qo‘mitasi tasdiqlagan Buxoroda “Islohotlar loyihasi” bo‘lishi mumkin edi. Afsuski, “bu loyiha konstitutsiya masalasini oldindan hal qilmay, mamlakatni boshqarishning monarxiya formasini o‘zgartirmay, ikkita asosiy maqsadni ko‘zlaydi. Konkret takliflar mana shu maqsadlarni amalda ruyobga chiqarishga qaratilgan”.

Bu ikki maqsad shunday iborat: “Buxoroda huquq asosiga qurilgan davlatchilikni joriy qilish o‘rta asrdan qolgan Sharq despotizmini yevropacha ma’rifatli monarxiya bilan almashtirish hamda Buxoro mehnatkashlar ommasining farovonligi va madaniyligini oshirish negizida Buxoroni ixtisodiy-siyosiy va harbiy jihatdan mustahkamlashdan iborat edi”.

Loyihada parlament tashkil etish hatto eslanmagan ham, “nozirlar saylanib qo‘yilishi va xalq oldida javobgar ekanligi loyihaning biror joyida aytib o‘tilmagan. Shu sababli bu loyiha hatto Buxoro sharoitida ham talabga javob bermas edi”.

Jadidlarning davlat to‘g‘risidagi qarashlari hayotda amalga oshmay qolishiga bolsheviklarning Rossiya hokimiyatini zo‘rlik bilan egallashlari to‘siq bo‘lgandi. Ma’lumki, bolsheviklar muvaqqat hukumatni qurol kuchi bilan ag‘darib, hoqimiyatni o‘z qo‘llariga olgach, ta’sis majlisi o‘tkazilishiga turli bahonalar bilan yo‘l bermadilar. Ta’sis majlisi o‘tkazilgandagina xalq vakillari Rossiyada qanday tuzum, usuli idora bo‘lishini qonuniy belgilardi.

Xulosa qilib aytganda, jadidlar Turkistonni, jumladan, O‘zbekistonni mustaqil davlat holida ko‘rishni orzu qildilar. Ular shu yo‘lda jon fido qilgan holda kurash olib bordilar. Bugungi O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishida, shak-shubhasiz, ularning ham hissasi bor.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 9-son