O‘lmas Rasulov. “Co‘zi rostu, ammo…”

Nazarimda, san’atning sharafli, ammo murakkab yo‘llarida dadil yurishning birdan-bir chorasi ustozlar etagidan mahkam ushlash, suyanish va doimo ulardan ibrat olishdir. Shu o‘rinda mashhur hofiz Rasulqori Mamadaliyev hayotidan bir ibratli voqeaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Qo‘qon urfiy ijrochiligining eng yetuk vakillaridan biri sifatida Rasulqori Mamadaliyevning xonandalikda qo‘l urmagan usulini topish qiyin. U maqom va maqom yo‘lidagi ashulalarni, yallayu laparlarni, lirik ashula va qo‘shiqlarni bir zaylda mahorat bilan ijro eta olardi. Hofizning ishqi o‘sha davrda endi paydo bo‘lgan Ma’rufxo‘ja Bahodirov bastalagan “Na qildim” ashulasiga tushadiyu, tinchini yo‘qotadi. Biroq ijro etishga jur’ati yetmaydi. o‘azaldagi bir so‘zning    ma’nosini bilmas ekan-da. Bu so‘z ma’nosini qishlog‘idagi, hatto qo‘shni qishloqlardagi ziyolilardan  so‘raydi, surishtiradi. Biroq jo‘yali javob ololmaydi. Axiyri, o‘sha paytlarda (70-yillar) Qo‘qondagi Muqimiy muzeyida ishlab yurgan aruz bilimdoni, g‘azalnavis shoir Charxiy domlaning huzuriga borib, ustozga o‘z maqsadini aytadi.

— “Na qildim sango man yorim, jamolingdin judo qilding, Boshimda gardu g‘amni chun charog‘i osiyo qilding” bayti bilan boshlanuvchi ashulani rosa aytgim boru aytolmayapmanda, domla, — deydi hofiz.

Shoir sababini so‘raganida g‘azaldagi “charog‘i osiyo” so‘ziga tushunmayotganini aytadi.

— “Charog‘i osiyo” tegirmonning chirog‘i degani, — javob beradi Charxiy. — Unga ko‘p chang, g‘ubor qo‘nadi, oqibatda nuri xiralashib boradi. Gard, changning ko‘pligidan mening boshim ham tegirmon chirog‘iga aylanib qoldi, ya’ni men senga nima qildimki, meni jamolingdan judo qilding,     boshimda gardu g‘amni charog‘i osiyo qilding, demoqda ustoz Huvaydo. Buni to‘la tushuntirishimizga bir kun ham kamlik qiladi, hofiz. o‘azalni ko‘p o‘qing, ashulasini ko‘p ayting. Shunda       bir-biridan go‘zal ta’sirchan ma’nolarni, ishtibohlarni topasiz, inshoolloh.

Shu muloqotdan so‘ng “Na qildim” ashulasi hofiz ijro dasturlarining ko‘rkiga aylanadi. Rasulqori Mamadaliyev ko‘zi ojiz bo‘lsa-da, “yiqilmagan” edi o‘shanda.

Bu ibratli muloqotni bekorga keltirmadik. Zero, g‘azal kuy ipiga terilgan dur bo‘lsa, kuy g‘azal rishtasini bezab turuvchi marvarid. Har ikki rishtaga tizilgan duru marvaridlar mo‘tabar. O‘z talqinida ohang va so‘z mohiyatini to‘la-to‘kis yetkaza olmaydigan xonanda esa hali barkamollikdan yiroqda, ko‘p izlanishi lozim. Achinarli tomoni shundaki, hozir unvonlarga sazovor ijrochilarda ham so‘zni buzib aytish hollari uchrab turadi. So‘z, ohang uyg‘unligini yetarlicha his qilishga intilishni istamagan xonandalarning befarqligi oqibatida “Munojot”, “Soqiynomai savti kalon”, “So‘lim” kabi ko‘plab nodir ashulalarning ijrosi sayozlashib boryapti. Boz ustiga ularni “zamonaviylik” niqobi ostida qayta ishlayotganlar ham urchib ketyapti.

Yaqinda anchayin mashhur bir xonanda ijrosida Alisher Navoiy g‘azali bilan aytiladigan ashulani eshitib qoldim. O‘ynoqiroq kuyga solingan. Shuning o‘ziyoq g‘azal salohiyatiga bir muncha putur yetkazganday, nazarimda. Ustiga ustak g‘azal matnining shinavandaga yetib borishiga ma’lum darajada monelik qiluvchi ba’zi illatlarni ham sezganday bo‘ldim. o‘azal qo‘sh qofiyali. U shunday misralar bilan boshlanadi:

Mehr ko‘p ko‘rguzdum, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido oromijone topmadim.

Darvoqe, bu g‘azalga XX asrning 70-yillarida  mashhur sozanda, betakror bastakor Saidjon Kalonov tomonidan noyob kuy bastalanganki, u har qanday maqom ohanglari bilan bellasha oladi. Xalq hofizlari Ortiqxo‘ja Imomxo‘jayev, Murodjon Ahmedov, Mahmudjon Yo‘ldoshev kabi o‘nlab xonandalar tomonidan qoyilmaqom ijro etilgan bu ashula. Aslida, bunday nodir asarlarga hurmat-e’tibor bilan yondoshsak yaxshiroq bo‘lardi.

Qo‘sh qofiyali bu g‘azalning ilk qofiyasi “mehribone”, “oromijone”, “dilistone”, “dostone” tarzida bo‘lib, ikkinchi qofiya o‘zgarishsiz “topmadim” tarzida kelgan. Xonanda esa bu so‘zlarni “mehriboni”, “oromijoni”, “delistoni” deb ijro etdi. o‘azal necha baytdan iborat bo‘lsa, u shuncha xato qildi — “yiqildi”. Bu holat, birinchidan, xonandaning g‘azal shakllaridan, ayniqsa, aruz ilmidan bexabarligini anglatadi. Ikkinchidan, ijro madaniyatining asosiy omillaridan biri bo‘lmish talaffuz qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Hatto she’riy matnni yaxshi bilgani holda ma’nosiga tushunmay yoki e’tibor bermay kuylayveradigan xonanda, Imom o‘azzoliy ta’biri bilan aytganda, “So‘zi rostu, ammo o‘zi yolg‘onchi odamlar toifasidandur”. Demak, bu toifadagi san’atkorlar o‘z faoliyati davomida ko‘p bor “yiqilishi” ehtimoldan xoli emas.

Professional xonandaning o‘z ovoziga mos narsalarni topib aytishida ham katta hikmat bor. Ma’lumki, har ovozning o‘z rangi, shirasi, tusi, ko‘lami bor. Bundan tashqari, his-tuyg‘ular bir-biriga yaqin, hatto o‘xshash bo‘lsa-da, ularning inson qalbida kechish jarayoni xilma-xil bo‘lib qolaveradi. Bu jarayonning yosh bilan, tafakkur, aql bilan, iroda bilan bog‘liq jihatlari bor. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘p hollarda bir ijrochi bir xil ashula yoki kuyni ikki marta o‘zgarishsiz ijro etolmaydi. Balki shuning uchun ham ijrochilar, ayniqsa, xonandalar orasida “ovozimga moslab oldim”, “ijro maktabim shunaqa” degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Asliy ijrodagi musiqiy bezaklarni o‘z ijrosida aniq aks ettirolmagan ijrochida maktab, uslub nima qilsin?! Men o‘z ijro uslubi, maktabiga ega bo‘lgan juda ko‘p san’atkorlar bilan  suhbatlashganman. Ijrolari haqida so‘z borganda,    hammamiz muhtaram ustoz akademik Yunus Rajabiy, To‘xtasin Jalilov maktabining talabalarimiz, deyishardi g‘urur bilan. Bu maktab talabalarining birortasi “yiqilganini” eslolmayman. Chunki u ijro va ilm dargohining tamal toshi, ustunlari milliy musiqamizning eng nodir qatlami bo‘lmish maqom shakliga  keltirilgan ohanglardan barpo qilingan edi-da…

San’atshunos olim Otanazar Matyoqubovning ta’kidlashicha, maqomlar nafaqat o‘zbek musiqasi, balki boshi berk ko‘chaga kirib borayotgan o‘arb musiqasiga ham to‘g‘ri yo‘nalish bera oladigan salohiyatga egadir.

Xo‘sh, biz nima qilyapmiz?

Sharq musiqasini suiiste’mol qilyapmiz. o‘arb ohang­lari tomon yugurib ketyapmiz. Bunaqada, albatta, qoqilamiz, “yiqilamiz”.

Yoshlarning ijrosiga nazar solaylik. Aksar ovozlar bir-biriga o‘xshaydi. Men yoshlarning juda ko‘pchiligining ovozida bugunning mashhur ikki qo‘shiqchisining ovozi ohangini sezganday bo‘laman. Qo‘shiqlar, ularning ijrosi shunchalar bir-biriga o‘xshashki, qiyofasini ko‘rmaguningizcha kimligini bilolmaysiz. Albatta, taqlid xonandalik san’atiga ilk bor qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun tabiiy hol. Ammo radio-televideniyeda taqlidga asoslangan bunday ijrolarni kamaytirsa bo‘ladi-ku. Pop-myuzik yo‘nalishida (aksariyat yoshlarning ijrosi shu yo‘nalishda) o‘z kuchini sarflayotgan qo‘shiqchilarning sa’y-harakati bilan o‘zbek folklor musiqasining shakli, ba’zi hollarda musiqiy, she’riy matnlari o‘zgarib bor­yapti. Bu ahvolda, ya’ni xalq og‘zaki ijodiyotiga tegishli kuy-qo‘shiqlar shu zaylda o‘zboshimchalik bilan ijro qilinaversa, biz kelajakda yoshlarga xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari deb nimani ko‘rsatamiz, hayronman. Bu “yiqilganimiz”dan dalolat emasmi?

Afsuski, bunday noxush xolatni mumtoz musiqaning nodir namunalari ijrosida ham uchratamiz. Masalan, “Qoshi yosinmu deyin…”, “Ko‘cha bog‘i-2” ashulalarini yuzlab xonandalar ijro etishgan. Biroq ularning deyarli birortasida O‘zbekiston xalq hofizi Orifxon Hotamov ijrosidagi vazminlik, ravonlik, dard, O‘zbekiston xalq artisti, akademik Yunus Rajabiy ijrosidagi iztirobni topa olmaysiz. Shuning uchun ham ijroning murakkab yo‘llarida sirg‘anib, “yiqilib” yuramiz.

Meningcha, “yiqilmaslik”ning asosiy omili asl ijrolarga suyanish, ularni ardoqlash, ulardan unumli foydalanish hamda yangi-yangi qirralarni izlashdan to‘xtamaslik. “Bildim”, demaslik….

O‘lmas Rasulov, O‘zbekiston xalq artisti, dotsent

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 43-son