Sarobga aylangan orzular (Ahmad Zohir)

1989 yilning sentyabr oyining o‘rtasi edi. Bir guruh jurnalistlar Kobul aeroportidan Toshkentga qaytayotgandik. Chiptalarimizni endigina ro‘yxatdan o‘tkazayotganimizda nogahon aeroport binosining atrofiga mujohidlarning raketalari yog‘ila boshladi. Raketa yeru osmonni titratardi. Noilojlikdan o‘zimni stol tagiga tashladim. Yonimga Ukrainaning Odessa shahriga tahsil olish uchun jo‘nab ketayotgan bir afg‘on aspiranti kelib, joylashib oldi. Necha yildan buyon bomba, raketa ovoziga o‘rganib qolgan afg‘on yigiti go‘yo hech qanday hodisa yuz bermayotgandek, parvo qilmasdi. U mendan: “Sho‘raviydanmisiz?” deb so‘radi. “Ha” dedim men past ovozda. “Qo‘rqmang, bu yerga raketa tashlanmaydi, aeroport binosi ularga kerak. Peshin namozi ham yaqinlashyapti. Namoz paytida bombardimon qilish to‘xtatiladi”, deya taskin berdi. – Eshitishimcha, dedi u, – Sho‘raviyda Ahmad Zohirni yaxshi ko‘rar ekansizlar-a?”. “Bale, shunday”, deb tasdiqladim uning so‘zini.

– Sho‘raviy kasofati Ahmad Zohirdek qo‘shiqchilarimiz hayotiga zomin bo‘ldiyu, o‘rniga raketa, tank, urush ovozini tashlab ketdi. Ana endi sizlar ham bemalol eshitinglar bu ovozni!

Afg‘on yigitining bu xulosaga kelganini tushunish mumkin edi. Chunki sobiq sho‘ro o‘zining gegemonistik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishni davom ettirish maqsadida chegarasidagi betaraf va tinchliksevar Afg‘onistonning ichki hayotiga “Buyuk Savr inqilobi” stsenariysi tufayli aralashib, tinchligini buzdi.

“Agar zambarakdan o‘q otilsa, musiqa o‘chadi”, deb bejiz aytishmagan. Mashhur xonanda va bastakor Ahmad Zohir ham millionlab vatandoshlari kabi mustabid tuzumning qurboni bo‘ldi. Biz –o‘tgan asr 70-yillarining yoshlari sehrli ovozga ega bo‘lgan xonanda Ahmad Zohirning taronalari og‘ushida o‘sdik, kamol topdik. Uning go‘zal qo‘shiqlari muntazam radio to‘lqinlari orqali, ko‘chayu xiyobonlarda, to‘yu bazmlarda yangrardi. Xonandaning qo‘shiqlarini o‘zbekistonlik xonandalar, xalq artistlari Bobomurod Hamdamov, Xayrulla Lutfullayev, Muhabbat Shamayeva, shuningdek, Munira Muhammedova, Shavkat Toshmatov kabi o‘nlab yosh qo‘shiqchilar o‘zgacha zavq bilan kuylardilar. Agar Raj Kapur Hindiston san’atini, uning jozibali kuy-qo‘shiqlarini qalbimizga olib kirgan bo‘lsa, Ahmad Zohir afg‘on xalqining ham jo‘shqin, ham fig‘onli, dardli qo‘shiqlari bilan qalblarimizni rom etgan desak, yanglishmaymiz.

70-yillarning oxirlariga kelib, afg‘onistonlik ijodiy guruhlar O‘zbekistonga tashrif buyura boshlashdi. Ular qatorida Ahmad Zohirni ham yurtimizga kelishini sabrsizlik bilan kutardik. Lekin bu istagimiz amalga oshmadi. 1979 yilning 14 iyun kuni Kobul radiosi noxush xabarni tarqatdi: endigina tug‘ilgan kunini nishonlab, umrining o‘ttiz uchinchi bahorini kutib olayotgan sevimli xonanda Mazori sharif shahridagi kontsertidan so‘ng Kobul tomon ketayotganida sirli holatda Salang dovonida o‘ldiriladi. Bu mudhish xabar butun mamlakatni larzaga keltirdi. Buyuk san’atkorning janozasida butun Kobul shahri va uning atrofidagi aholi to‘planib, uning jasadini poytaxt chekkasidagi tepalikda joylashgan Shuhadoyi solehin qabristoniga dafn etadi. Biz talabalar bir necha kun o‘zimizga kelolmadik. “Margi man ro‘ze faro xohad rasid…” (“Mening o‘limim bir kuni yaqinlashadi”) qo‘shig‘i qalbimizni yanada mutaassir qilardi.

Aytishlaricha, uning qabri oylar davomida gulu gullolalarga burkangan, hattoki, urf-odatlarga xilof bo‘lsa-da, Ahmad Zohir san’atiga shaydo bo‘lgan qizlar guruh-guruh bo‘lib, u bilan vidolashmoqqa boradilar, mozori ustida fig‘on ko‘taradilar… Ushbu mahzun lahzalarni bevosita o‘z ko‘zi bilan kuzatgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulom “Qor bosgan tog‘lar” (Ahmad Zohir qo‘shig‘i) she’rida shunday tasvirlagan:

Nuristonga yetolmay
Yo‘lda qoldim, voy-voy.
Ishqim bayon etolmay
O‘yga toldim, voy-voy.

Moviy ko‘zli Humayro
Yo‘lga chiqqandir tanho
Meni kechirgil, zebo,
G‘amga soldim, voy-voy.

Qor bosgan tog‘lar xomush,
Ajdahoday Hindikush
Yo‘limni to‘sib turmish,
Men yo‘qoldim, voy-voy.

Darvoqe, O‘zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov hamda Sirojiddin Sayyid ham Ahmad Zohir o‘limidan so‘ng unga bag‘ishlab o‘z marsiyalarini bitganlar.

Ahmad Zohir Afg‘oniston mu­si­­­qiy san’atida katta o‘zgarish, ta’bir joiz bo‘lsa, inqilob qilgan san’atkor hisoblanadi. Aytishlaricha, Afg‘onistonda aristokratlar, davlat arkonlarida ishlayotgan shaxslar farzandlarining san’atkor bo‘lishiga izn bermagan ekanlar. Ahmad Zohir avvalo, mansabdor kishilarning bu qarashlarini o‘z mahorati va odobi bilan o‘zgartirdi. Negaki, u 1946 yil 14 iyun kuni Afg‘oniston qiroli Zohirshoh saroyidagi mamlakat bosh vaziri Abdul Zohirning xonadonida dunyoga kelgan edi. Otasi o‘g‘lining shifokor bo‘lib, insonlar dardini yengillashtirishini orzu qilgan edi. Ammo Ahmad Zohir o‘zining ta’sirchan, hayotbaxsh va yoqimli qo‘shiqlari bilan afg‘on xalqining dardu firog‘iga malham bo‘layotgandi. O‘g‘lining bu intilishini ko‘rgan ota uning san’atkor bo‘lishiga rozi bo‘ldi va qo‘llab-quvvatladi. U Kobuldagi “Habibiya” litseyini tugatganidan so‘ng Hindistondagi san’at institutlaridan birida tahsil oldi. U yerda ingliz, hind va urdu tillarini mukammal o‘rgandi, shu tillarda qo‘shiqlar ijro etdi. Vataniga qaytgach, bir muddat “Kobul tayms” gazetasi tahririyatida, so‘ngra “Afg‘onfilm” studiyasida ishlay boshladi. Ammo u qo‘shiqsiz, san’atsiz yashay olmasdi. Xususan, Kobul radiosida tashkil etilgan orkestr uning butun hayotini qo‘shiqchilik san’ati bilan bog‘lashga sabab bo‘ladi. Mana shu orkestr yordamida “Interkontinental” mehmonxonasining katta zalida xonandaning ilk kontserti bo‘lib o‘tadi. Endi u poytaxtdan tashqari, ko‘pgina viloyatlarga ham gastrol safarlariga chiqa boshladi. Uning ovozi tezda Afg‘oniston radiosi to‘lqinlarini ham “zabt” etdi. Qisqa muddat ichida Eron, Pokiston va boshqa ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Tojikistonda ham uning shuhrati keng yoyildi.

Afg‘onistonda san’atkorlarga rasman faxriy unvon berilmaydi. Xalq har yili o‘zining eng sevgan qo‘shiqchisi yoki aktyorini tanlaydi, xolos. Ahmad Zohir esa 1971 yildan umrining oxirigacha “Yilning eng yaxshi qo‘shiqchisi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lib yashadi. Chun­ki u o‘z qo‘shiqlarida Sharq musiqasining barcha koloritlarini saqlagan holda ularga yangicha, zamonaviy ruh bag‘ishlay oldi. “Sharq va G‘arb musiqiy san’atlarini murosaga keltirmoqchiman”, degan edi u jurnalistlarga bergan suh­bat­larining birida. Ahmad Zohir Frantsiya qo‘shiqchisi Enriko Masias, Salvatore Adamo, amerikalik Elvis Preslilarning san’atini chuqur o‘rganib, ularning taronalarini Sharqqa mosladi. Xususan, Pol Maria kuyi bilan uning ijrosidagi “Tanho shudam, tanho” (“Yolg‘iz qoldim, yolg‘iz”) ko‘shig‘i darhol Yevropa auditoriyasini ham o‘ziga jalb etdi. U Italiya, Avstriya, Frantsiya, AQSh mamlakatlariga safar qilib, afg‘on va shu tariqa Sharq musiqasini targ‘ib va tashviq etgan san’atkor bo‘lib qoldi.

Xonandaning qo‘shiqlari matnlari bir-biridan go‘zal, ma’noli, kuyiga mos tanlagan. Chunki u bolaligidan Hofiz Sheroziy, Mavlono Jaloliddin Rumiy g‘azallarini yod olgan, Shayx Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Badriddin Hiloliy, Lohutiy nazmidan eng saralariga kuy bog‘lagandi. Turmush o‘rtog‘i Faxriyaning aytishicha, Ahmad Zohirning kutubxonasida 8000 jildan ziyod kitob jamlangan bo‘lib, u bu yerga tongda kirib, oqshomda bitta qo‘shiq bilan qaytib chiqar ekan. U o‘ziga juda talabchan edi. U qaysi bir qo‘shig‘ini ovoz yozish studiyasida 47 marotaba yozdirgan ekan.

“San’atkor ikkita narsani yoddan chiqarmasligi kerak, – derdi u, – birinchidan kibr, yulduzlik kasali bo‘lsa, ikkinchidan san’atkorlar orasidagi hasad. Bu ikkisi san’­atkorni o‘ldiradi”.

Ahmad Zohir haqiqiy oshiq edi. Undan oshiqlik nima, deb so‘raganlarida, u oshiqliq bu ishq, Xudoga, hayotga, tabiat, borliqqa oshiqlik” deb javob bergan ekan. “Oshiq shudam, gunohi man hamin ast” deydi u qo‘shig‘ida. Ya’ni: “oshiq bo‘ldim, gunohim shudir!”.

Ko‘pgina san’atkorlar tomonidan turlicha talqinda ijro etilgan Shayx Sa’diy g‘azali bilan “Ey sarbon” qo‘shig‘i o‘zbek musiqa shaydolariga ham yaxshi tanish. Bu qo‘shiqning kuyi Afg‘oniston qiroli Zohirshoh sa­royi davralarida o‘zinining munosib maqomiga ega bo‘lgan, afg‘on xalqining yana bir buyuk hofizi Sorbonga taalluqdir. Lekin ushbu ohang Ahmad Zohirning sururbaxsh ovozida, uning xos talqinida yanada jozibali yangragan.

1996 yilining kuzida toliblar Afg‘onistonda o‘zlarining dahshatli va qonli siyosatini o‘rnatdilar. Televideniye hamma joyda yopilib, barcha arxiv materiallari yoqib tashlandi. Jumladan, Ahmad Zohir audiokassetalari barcha xonadonlardan to‘plab olib, o‘tga tashlandi. Diniy aqidaparastlar bu bilan Ahmad Zohir ovozini o‘limidan key­in ham bo‘g‘moqchi bo‘ldilar. Ammo san’at ixlosmandlari nur sari intildilar. Uning musiqiy merosini asrab-avayladilar. 2002–2003 yillarda Afg‘onistonga ijodiy safar qilganimda barcha yerlarda Ahmad Zohir nolasini eshitdim. Mazori sharif shahridagi do‘konlarning biridan sevimli xonandaning har biri raqamlangan 15 ta audiokassetasini sotib olishga muvaffaq bo‘ldim.

Afg‘oniston – ko‘p millatli mamlakat. Ahmad Zohir esa shu yurtning barcha xalqlari uchun aziz va sevimli xonanda bo‘lib qoldi. U intervyularidan birida: “Asl shoirlar, adiblar va san’atkorlar o‘z e’tibori, shuhrati bilan mil­lat­ni parokanda emas, balki birlik, birdamlik va totuvlikka chorlashga xizmat qilishlari lozim”, deb ta’kidlagan edi. “Mening or­zu­im,­ – degan edi u, – bir kuni kelib in­son­larning baxt-saodatini ko‘rishdir, bu baxt esa faqat tinchlik, birdamlik va insonlarning do‘stligiyu inoqligi bilan muyassar bo‘ladi”. Ahmad Zohirning bu nekbin orzulari bir kuni ro‘yobga chiqishiga biz ham umid qilib qolamiz.

Shoqahhor Salimov

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son