Muhammad Shodiy. Askiya faqat kuldirish emas…

http://n.ziyouz.com/images/askiya.jpg

Xalq ijodida o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan, xususan, Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan askiyaga bolalikdan mehr qo‘yganmiz. Sayil va tomoshalar askiyasiz o‘tmasdi. “Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?» deb boshlanadigan ikki guruhning tarafma-taraf bahsini, so‘z o‘yinlariyu qiziq-qiziq hangomalardan yurakdan otilib chiqqan qah-qahalar gullagan davralarni qo‘msaymiz.

Hozir ham askiya xalq san’atining bir turi sifatida o‘z muxlislariga ega. O‘ziga xos askiya maktabiga ega bo‘lgan Marg‘ilonni tilga olishimiz bilan ko‘z o‘ngimizda Yusufjon qiziq Shakarjonov, Oxunjon qiziq Huzurjonov, Zaynobiddin qiziq Yusupov kabi kulgi ustalarining yorqin siymolari jonlanadi. Foziljon Sultonov, Qodirxon Usmonov, Muhiddin Darveshov singari askiya namoyandalarining nomi hanuz hurmat bilan tilga olinadi. Ularning Mamasiddiq Shirayev, Muhiddin Sultonov, Abdulla Akbarov singari munosib izdoshlarining askiyani san’at darajasiga ko‘tarish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, albatta, e’tiborga molik. Istirohat bog‘lari, “Otalar choyxonasi”da muntazam o‘tkazib kelinayotgan askiya kechalari, kulgi bayramlari, namoyish etilayotgan qiziqchilik dasturlari ayni muddao.

Biroq kulgida ham me’yor va odob, askiyada esa o‘ziga xos taomillar borligi hech kimga sir emas. Zotan, nutq madaniyati kuchli bo‘lgan qiziqchilarning hammasi ham askiyachi bo‘lolmaydi. Askiyada zukkolik, hozirjavoblik asosiy mezon. (Askiya arabcha “azkiya”, ya’ni “o‘tkir zehnlilik” so‘zidan kelib chiqqan degan taxminlar mavjud.) Askiya bir nav musobaqa, qolaversa, mazza qilib eshitadigan va tomosha qilinadigan o‘ziga xos bellashuv bo‘lib, tortishuvlar tomoshabinga bir olam zavq hadya etadi. Muqobil tomonni aniq nishonga urgan — mulzam qilgan guruhning qo‘li baland. Bu “jang”da asosiy aslaha nozik va serma’no so‘zlar. Beozor hazilga hazil bilan javob qaytarishga layoqati yetmagan askiyaboz nima qiladi? Ezmalikka o‘tadimi? Yo‘q. Hamma qatori kuladi.

Askiyada odamlar fe’l-atvoridagi nuqsonlar fosh qilinishi mumkin, biroq bundan hech kim ozor chekmaydi. Aksincha, kishi o‘z ayb-nuqsoni va bo‘sh tomonlarini bilib olib, ularni isloh qilishga kirishadi. Shu ma’noda, biroz ko‘ngilni xushlamoq, shodlik va xursandchilik uchun aytilgan askiya ma’lum ma’noda tarbiyaviy ahamiyatga ega. Xalqning “Bir marta dildan kulgan kishining umri bir kunga uzayadi”, deyishi ham bejiz emas. Kulgi, askiyaning kishi salomatligiga nechog‘li foyda keltirishi hammamizga ma’lum.

Biroq bugun askiya yo‘nalishidagi ijodning barchasini ham askiya deb bo‘ladimi? Afsus… so‘nggi paytlarda ming yillar osha taraqqiy etib kelgan askiyada mazmunsiz va axloqimizga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni o‘rinsiz qo‘llash hollari kuzatilmoqda, beo‘xshov, uyatli o‘xshatishlarga asoslangan “askiya”lar paydo bo‘ldi. Beg‘araz kulgi bilan sug‘orilgan, donishmandlik, zukkolik va hozirjavoblikni qamrab olgan nozik san’at, ayni damda, tarbiya vositasi bo‘lgan askiya bugun nima uchun bunday ahvolga kelib qoldi? Guruhlar bahsi gohida behayolar “musobaqasi”ga aylanib borayotgani hech kimga sir emas.

To‘yda ikki askiyachi “bellashyapti”. To‘yxonada kimlar o‘tirgani ular uchun go‘yo mutlaqo ahamiyatsizdek. O‘z hangomalari, aniqrog‘i, bemaza gaplariga o‘zlari qah-qah urib kulishyapti. Mayli, kulsin. Lekin muhimi kulishmi, kuldirishmi? Beo‘xshov qochirimlar teleekranlarga ham chiqishga ulgurgan.

Xalqni o‘ziga jalb etish uchun og‘ziga kelganni aytayotgan askiyaboz nahotki o‘zining oila a’zolarini ham noqulay ahvolga solayotganini o‘ylamasa. Sevimli yozuvchimiz Tohir Malik shunday yozadi: “Televizorda askiya ko‘rsatilsa, davrada xandon otib kulayotgan ayollarga achinaman. Hayoli, iboli ayol bunaqa gaplarga kulmay, g‘azablanishi kerak…”. Televizorda askiya berayotuvdi, tuyqus qiziqchilar nimaga sha’ma qilayotganini anglab, bolalarim oldida… “o‘ldim”, deydi bir tanishimiz. Boshqa bir do‘stimizning fikricha, qiziqchilarning auditoriyani, ya’ni u yerda onaxonlar, otaxonlar, qiz-juvonlar ham borligini hisobga olmay, yodlariga tushgan hangomani aytib berishlari noqulay ahvolda qoldiradi odamni.

Aytaylik, davrada ota-onaxon yoki qiz-juvon yo‘q. Bemazagarchilikka ruxsatmi? Har qanday g‘am-tashvishni kulgi bilan yengib yashagan xalq avlodimiz. Shuning uchun askiyani sevamiz. Ruhni ko‘taradigan, qalbni yayratadigan bobolarimizdan meros bo‘lmish haqiqiy askiyaning “ildizi pok joyga tutashgan gul” bo‘lib qolishini juda-juda istaymiz.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 44-son