Besh qaldirg‘ochning biri (Toshxon Sultonova)

“Mahallada duv-duv gap” filmini ko‘rmagan o‘zbek tomoshabini bo‘lmasa kerak. Lutfixon Sarimsoqova, Maryam Yoqubova, Rahim Pirmuhamedov kabi buyuk aktyorlarning mahoratiga “ofarin” deya tan bermagan, olqishlamagan odam ham bo‘lmasa kerak. Biroq filmdagi ushoqqina rollarga e’tibor berganmisiz? “Issiq-sovuq” qiladigan azayimxon Sa’dixon Tabibullayev, Moskvadagi o‘g‘ildan xat keltiradigan pochtachi Sayfi Olimov yoki mehmonxonada alam bilan Umarxonning suratini yirtib, yo‘lakka tashlab yuborilganida, jahl bilan surat parchalarini xonaga qaytarib supurib yuboradigan farrosh ayol yodingizdami? Ana shu bir ikki lavhada ko‘rinadigan ushoq rollar bo‘lmasa, filmdan olinadigan taasurot kutilganday bo‘larmidi? Yo‘q, albatta. Sababi shu kichkina lavhalarni katta aktyorlar ijro etib, oddiygina personajlarni o‘ziga xos xarakter xususiyatiga ega obrazlar darajasiga ko‘tara olganlar, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Birgina o‘sha farrosh ayolni yodga olaylik. Uning o‘z xizmatiga bepisandlikni sezib, jahl bilan surat parchalarini xonaga qaytarib supurib tashlashi, bu ayolning bo‘sh-bayov xotin emasligini ko‘rsatadi. Unga e’tibor berishga majbur qiladi. Ana shu ushoqqina lavha va personajni salmoqli va esda qoladigan darajada ko‘rsata bilgan aktrisa – O‘zbekiston xalq artisti Toshxon Sultonova bo‘ladi. Toshxon Sultonova kinoda ko‘p va katta rollar o‘ynamagan. Uning bari hayoti teatr bilan, otaxon san’at dargohi – Milliy teatr bilan chambarchas o‘tgan.

Aktrisa 1909 yilning 7 yanvarida Toshkent shahrida tavallud topgan. Yoshligida san’atga mehri bo‘lakcha Toshxon taqdirini teatr va kino san’ati bilan bog‘laydi. XX asr boshlarida “Kolezey” Toshkentdagi teatrida iqtidorli yosh aktyorlarga, ayniqsa, mahalliy xotin-qizlardan chiqqan aktrisalarga ehtiyoj nihoyatda katta bo‘lgan. Shunday sharoitda Respublika hukumatining qarori bilan 1924 yilda Moskvaga va 1925 yili Boku shahriga bir qator iqtidorli yoshlar o‘qishga yuboriladi. Lekin o‘sha yili xotin-qizlarni studiyaga jalb qilib bo‘lmaydi. Kelgusi yili Moskva studiyasi uchun Toshkentdagi o‘quv yurtlari, sanoi nafisa to‘garaklari ko‘rib chiqilib, Tursunoy Saydazimova, Zamira Hidoyatova, Toshxon Sultonova, V.Ermatovalar tanlab olinadi. Bu navnihol qizlar – besh qaldirg‘och orasida Toshxon endigina o‘n besh bahorni qarshilagan qizaloq edi.

Studiyaga rahbar etib Mannon Uyg‘ur, adabiy emakdosh va tarjimon sifatida Cho‘lpon tayinlanadi. Boshqalar qatori Toshxon ham rus teatrining yetuk rejissyor va aktyorlari V.S.Kantsel, L.Sverdlin, R.N.Simonov, I.M.Tolchanov, O.N.Basov boshchiligida sahna san’atining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganib qaytadi. Bu studiyada ta’lim olgan ijodkorlarning aksariyati keyinchalik Milliy teatrimizning yetuk namoyandalari bo‘lib yetishadi va o‘zbek teatri san’atini dunyoga tanitadi.

Studiyani 1928 yili tamomlab kelgan yosh malakali aktyorlar bilan truppa to‘ldirilgach, teatr hayotida katta o‘zgarishlar yuz bera boshlaydi. Shu yillarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Namuna” truppasi qayta tuzilib, uning negizida O‘zbek davlat drama teatri tashkil etiladi. Teatr repertuari mumtoz va zamonaviy mavzulardagi asarlar bilan boyitib boriladi. Toshxon Sultonova ham spektakllarda rang-barang rollar ijro etib, tomoshabinlar e’tiboriga tusha boshlaydi.

Dastlab, Mannon Uyg‘ur 1927 yili sahnalashtirgan Cho‘lpon va V.Yanlar qalamiga mansub “Hujum” spektaklida Guljahon rolini muvaffaqiyatli ijro etadi. Shundan keyin turli mavzu va janrlardagi qator spektakllarda o‘z mahoratini namoyon eta boshlaydi.

U.Shekspirning “Hamlet”ida Gertruda, “Otello”sida Emiliya, K.Goldonning “Ikki boyga bir malay”ida Smeraldina, N.Gogolning “Revizor”ida Anna Andreevna, Hamzaning “Boy ila xizmatchi”sida Rahima xola kabi rollari bilan nazarga tusha boshlaydi. T.Sultonova ijodi o‘zbek ayollari, ayniqsa, onalar obrazlari mohirona talqin etilgani bilan e’tiborga molik. U Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” fojeasidagi Gavharshodbegim, Umarjon Ismoilovning “Paxta shumg‘iyalari”da Oybuvi, Bahrom Rahmonovning “Yurak sirlari”da Rizvon, Abdulla Qahhorning “Og‘riq tishlari”da Rahima, “Shohi so‘zana”da Hamrobibi, Uyg‘unning “Hurriyat” dramasida Xosiyat, “Parvona”, “Ayajonlarim” komediyalarida Adolat va Bo‘ston, O‘lmas Umarbekovning “Komissiya” dramasida Tuhfa kabi turfa qiyofali ayollar obrazlari galereyasini yaratib, tomoshabinlar yodida qoldi. Masalan, “Paxta shumg‘iyalari” asaridagi Oybuvi obrazida Toshxon Sultonova mahorati yaqqol ko‘rinadi. U akasi Omon kabilar toifasidan bo‘lib, o‘zgalar hisobiga yashashga o‘rgangan, ma’naviy cheklangan, ijtimoiy hayot bilan mutlaqo qiziqmaydigan, savodsiz, tekinxo‘r, tubanlikka yuz tutgan ayol obrazini o‘ziga xos talqin qilgani tufayli o‘sha davrdagi matbuotda “Toshxonning bu o‘yiniga qoyil qoldilar” – deb alohida e’tirof etiladi.

Bahrom Rahmonovning “Yurak sirlari” asari rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev tomonidan 1953 yili sahnalashtiriladi. Spektakldagi ko‘pgina yetuk aktyorlar qatori Toshxon Sultonova Rizvon rolini ijro etadi. Surmaxonning onasi Rizvon xudbin, bema’ni ayol bo‘lgani uchun qizini ham shu asnoda tarbiyalagan. Rolning mohiyatini to‘g‘ri anglagan aktrisa Rizvonni ochko‘z, qo‘pol, dag‘al, hatto o‘z qizining baxtli bo‘lishidan ko‘ra, uni boyish manbai deb biladigan xudbin ayol sifatida talqin qiladiki, tomoshabin bu ayoldan ham, Surmaxon tarbiyalangan oiladan ham nafratlanadi.

Spektaklning satirik kuchi boshqa ijrochilar qatori shu obraz ijrosida ham namoyon bo‘ladi. Rizvonni aktrisa Zamira Hidoyatova ham ijro etgan bo‘lib, u ham o‘ziga xos talqini bilan ajralib turgan.

Elliginchi yillarning boshlarida Abdulla Qahhorning “Og‘riq tishlar” satirik komediyasi rejissyor A.Ginzburg tomonidan sahnalashtiriladi. Spektaklda aktyorlar har bir personajni o‘ziga xos xarakterli tomonlarini ochib berishga harakat qilib, yaxshi natijalarga erishadi. Unda bosh qahramon – tish doktori Mamarasul Huzurjonov tomonidan aldangan maktab o‘quvchisi Nasibaning onasi Rahima xola rolini Toshxon Sultonova Rizvonga nisbatan tamomila o‘zgacha ijro etadi. Rahima xola harakteridagi soddalik, farzandiga beqiyos muhabbat qirralari, samimiyligi, o‘g‘il ko‘rmadim deb hasrat chekishlarini ishonarli tarzda ochib berib, tomoshabin mehrini qozonadi. Mashhur komediyalar “Parvona” spektaklidagi Adolat, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi mehmon ayol kabi qator rollari epizodik bo‘lsa-da, esda qolarli ijro etilgan.

Aktrisa o‘ziga berilgan har qanday rolning mohiyatini tushunib yetib, ichki dunyosini chuqur anglab ijro etishi orqali ustozlari o‘gitlariga sodiq holda milliy teatr an’anasini davom ettirib kelgan ijodkordir. Toshxon Sultonovaning o‘zbek milliy teatr san’ati ravnaqiga qo‘shgan ko‘p yillik samarali ijodiy mehnati munosib taqdirlanib, unga O‘zbekiston xalq artisti (1955 yil) unvoni beriladi. Ayollar, onalar obrazlarining mohir ijrochilari Zaynab Sadriyeva, Holida Xo‘jayeva, Zamira Hidoyatova, Ikroma Boltayevalar bilan birgalikda Toshxon Sultonova ham O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ladi va besh yetuk ijodkorlarning biri sifatida e’tirof etiladi.

Aktrisa 1989 yili 80 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan.

Esonboy O‘rinov, teatrshunos

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son