Risolat Haydarova. Yo‘lbars xatti-harakatidan bilinadi…(Vole Shoyinka)

1957 yil yangi mavsum ochilish arafasida London teatr olamida yangi bir xabar paydo bo‘ldi: “Royal Kort tietr” teatr truppasi ijodkorlari afrikalik iste’dodli yosh dramaturgni kashf qilishibdi. Uning “Arslon va marvarid” pesasi shu choqqacha sahnaga qo‘yilgan asarlardan tamom o‘zgacha, isyon ruhida bitilgan emish…

O‘tgan asrning 50-60-yillari jahonda ko‘plab davlatlar, xususan, Osiyo va Afrika mamlakatlarining mustaqillikka erishish davri, ilg‘or madaniyat, san’at, siyosat va ijtimoiy soha namoyandalarining erk, vatan ozodligi yo‘lidagi chiqishlari dunyo bo‘ylab aks-sado berayotgan, jahon siyosiy xaritasida yangi-yangi nomlar paydo bo‘layotgan zamon edi. Yosh dramaturgning ijodiga qiziqish uyg‘onishiga uning vatani mana shunday yosh davlatlar paydo bo‘layotgan qit’ada joylashganligi ham sabab bo‘lgandir balki? Har nechuk, Vole Shoyinkaning jahonga tanilishi aynan mana shu nuqtadan boshlanadi.

Nigeriyalik dramaturg, adib va shoir Akinvande Vole Babatunde Shoyinka 1934 yil 13 iyulda G‘arbiy Nigeriyaning Abeokut shaharchasida tug‘ilgan. O‘sha paytda G‘arbiy Nigeriya Buyuk Britaniyaning mus­tamlakasi hisoblanardi. Uning otasi Samuel Ayodele Shoyinka ingliz tilida ta’lim beriladigan Muqaddas Pyotr boshlang‘ich maktabi direktori, onasi Greys Eniola Shoyinka esa xususiy do‘konga ega bo‘lib, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etuvchi, o‘zining bilimi, zukkoligi bois chor-atrofda hurmat qozongan ayol edi. Bo‘lg‘usi yozuvchining ota-onasi Nigeriyadagi eng katta elat – yoruba vakillari edi. Vole Shoyinkaning bolaligi o‘ziga to‘q, ma’rifatli, serfarzand oilada o‘tgan.

Muqaddas Pyotr boshlang‘ich maktabini bitirgach, Vole Shoyinka Abeokut o‘rta maktabiga o‘qishga kiradi. O‘qish davomida u yozgan insholari uchun bir necha marta mukofotlarga sazovor bo‘ladi. 1946 yilda Ibadandagi nufuzli Hukumat kollejiga o‘qishga qabul qilinadi. Bu o‘quv yurtida Nigeriya milliy an’analari bilan bir qatorda Britaniya mustamlakachiligi ta’siri hukm surardi. Kollejni bitirgach, bo‘lajak ijodkor Lagosdagi idoralardan birida kichik xodim bo‘lib ishlay boshlaydi, radiopesalar va hikoyalar yozadi, uning mashqlari Nigeriya radiosidan efirga uzatiladi. 1952 yilda bo‘lg‘usi ijodkor Ibadan Universitet kollejiga o‘qishga kiradi. Bu ham Britaniya hukmidagi nufuzli oliy o‘quv yurti bo‘lib, ingliz adabiyoti, tarixi, yunon tili o‘rgatilar edi. Aynan ushbu muassasada ta’lim olgan yillari yosh yigit mamlakat mustaqilligi yo‘lida kurashayotgan ozodlik harakati vakillari bilan yaqinlashdi.

1954 yilda Shoyinka Angliyaga kelib, Lids universitetida ingliz adabiyotini o‘rgana boshlaydi, iste’dodli yosh ingliz yozuvchilari bilan do‘stlashadi, taniqli olim G.Uilson Naytning drama nazariyasi bilan tanishadi, Yevropa teatri an’analarini o‘rganadi, Yevropa va Nigeriya teatr madaniyatini o‘zaro bog‘lashga urina boshlaydi. 1957 yilda san’at bakalavri unvonini olgach, Lids­da qolib, dissertatsiya ustida ish boshlaydi, amerikalik dramaturg, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Yujin O’Nil ijodini o‘rganadi. Xuddi shu davrda o‘zining ikkita pesasi – “Botqoqlik ahli” hamda “Arslon va marvarid” sahna asarlarini yozadi.

“Royyal Kort tietr” truppasi a’zolari bilan bo‘lgan o‘sha tarixiy yaqinlashuvdan keyin yosh dramaturg o‘qishni tashlab, shu truppaga ishga keladi. Uning vazifasi sahnalashtirish uchun tanlangan asarni ovoz chiqarib, ifodali o‘qib berishdan iborat edi. Bahona ortidan sabab keladi, deyishadi. Vole Shoyinka mana shu kichkinagina lavozimi bahona ko‘plab teatr arboblari bilan tanishadi, zamonaviy ingliz dramaturgiyasidagi asosiy yo‘nalishlar va oqimlarning mohiyatini o‘rganib chiqadi, shu davrda uning “Botqoqlik ahli” va “Uydirma” asarlari talabalar sahnasida qo‘yiladi.

Shoyinkaning izlanishlari e’ti­rof etilib, 1960 yilda Ibadan Universitet kolleji qoshidagi Rokfeller ilmiy-tadqiqot markazining drama san’ati sohasidagi mukofotiga sazovor bo‘ladi. Shu yili vataniga qaytib, “Niqoblar-1960” havaskorlik teatr truppasini tashkil qiladi. Shoyinkaning “O‘rmon raqsi” pesa premerasi tarixiy sanaga – Nigeriya o‘z mustaqilligini e’lon qilgan kun – 1960 yilning 1 oktyabriga to‘g‘ri keldi. Xuddi shu yili sahna yuzini ko‘rgan “Birodar Ieronimning ko‘rgiliklari” satirik pesasi Vole Shoyinkani Afrika qit’asi bo‘ylab tanitdi. Bu paytda dramaturg 26 yoshda edi.

Shundan keyingi voqealar Vole Shoyinkaning ijodkor va fuqaro sifatidagi ijtimoiy qarashlarini yaqqol ko‘rsatib berdi. Bu vaqtda dramaturg Ifa universitetida ta’lim berardi. U “negrofil” deb ataluvchi adabiy oqim vakillari bilan bahsga kirishadi. Mazkur adabiy oqim Afrika an’analarining mutloq hokimligi tarafdori bo‘lib, Yevropa madaniyati bilan yaqinlashuv milliy madaniyatni inqirozga olib keladi, deb hisoblar edi. Dramaturg esa faqat “qora” o‘tmishni, Afrika tarixini kuylash bilan cheklanish har qanday rivojlanishning oldiga g‘ov soladi, deb hisoblardi. Uning nazarida mamlakat adabiyoti, madaniyati, xususan, teatr va kino san’ati rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilishi, jahondagi ilg‘or an’analarga ergashishi shart, faqat insoniyat erishgan muvaffaqiyatlar va yutuqlarni o‘zlashtirish bilangina olg‘a siljish mumkin. U o‘zining matbuotdagi chiqishlaridan birida “Negrofillar” Afrikaning eng muhim muammolarini hal qilishga qodir emas, axir yo‘lbars men yo‘lbarsman, deya o‘kirib o‘tirmaydi, balki kim ekanligini o‘z xatti-harakati bilan bildirib qo‘ya qoladi”, deb yozadi.

Vole Shoyinkaning “Yo‘l” dramasi Londonda bo‘lib o‘tgan san’at festivalida namoyish qilinadi, Dakar festivalida teatr haqida doklad bilan chiqadi, “Kongo hosili” pesasi uchun mukofotga sazovor bo‘ladi, “Sharhlovchilar” (“The Interpreters”) romanini e’lon qiladi.

Roman qahramonlari bo‘lgan bir guruh yosh ziyolilar Angliya va AQSh universitetlarida ta’lim olib, jahondagi ilg‘or qarashlar va an’analarni o‘zlashtirib, yangi jamiyat qurish umidida vataniga qaytadi. Ammo bu yerdagi muhitda o‘z niyatlarini amalga oshira olmay qoladilar. Romanni yangi avlod va mavjud muhit o‘rtasidagi begonalik ruhi tasviri, yoshlarning ma’naviy isyoni timsoli deyish mumkin.

Roman qahramonlari bo‘lmish Sekoni – muhandis, Kola – rassom, Sago – jurnalist, Egbo – kattagina bir vazirlikda kotib, Bandele – universitet o‘qituvchisi. Ular turli kasb kishilari, lekin hammalarini bitta taqdir birlashtirib turadi. U ham bo‘lsa, jamiyatga kerakli odam bo‘lish yoki ortiqcha kishiga aylanishdir. Ular Afrikaning yangi zamon ziyolilari, ijodkorlar, yangilikka o‘ch, ruhan mustaqil odamlardir. Ammo ularning ruhidagi mustaqillik sinib qolmasmikin? Mavjud muhit bilan begonalik hissi kurashga aylanarmikin? Romanning bor mag‘zi va mazmuni qahramonlarning dilidagi ruhiy isyonni faol harakat etib ko‘tarishdan iborat. Bu asarni o‘qigan kishining yuragida momaqaldiroq oldi sukunati qo‘zg‘atadigan xavotir uyg‘onishi, ko‘ngli guldirak oldi dimligi kabi kayfiyatdan alag‘da bo‘lishi aniq. Bu asarda Sekoni yaratgan, tanasini chirmab olgan bo‘g‘ma ilon bilan olishayotgan kurashchi haykali umumlashtiruvchi timsol sifatida bobdan-bobga o‘tib yuradi. Rassomning nazdida bu timsol Afrikaning kelajagini bo‘g‘ib qo‘yayotgan kuchlarga qarshi g‘azabdir. Roman qahramonlarining nazarida mamlakatda hukm surayotgan muhit binoning hashamdor bezaklar berilgan old tomoni xolos, uning ortida esa nuragan zinalar, sovuq yo‘laklar, chirigan to‘sinlar bor…

Romanning ba’zi o‘rinlarida tasvirlar nasrdan ko‘ra ko‘proq nazmiy satrlarni yodga soladi. Bu Vole Shoyinkaning shoir bo‘lganligi sababli bo‘lsa kerak. Bu kayfiyat, ayniqsa, Sekonining ijod jarayonini tasvirlashda ko‘rinadi.

Ijodkorning hayotida yana qora kunlar boshlanadi. Nigeriya ikki yillik (1967 – 1969) fuqarolik urushi alangasi ichida qoladi. Bunga ibo qabilasining Nigeriya tarkibidan chiqishga urinishi sabab bo‘lgandi. Urush arafasida Vole Shoyinka Enugu o‘lkasida ibo qabilasi sardori Chukuyemeka Odumegva Odjukvu bilan maxfiy ravishda uchrashib, uni mamlakat tarkibidan chiqmaslikka chaqiradi. Lekin urinishlari samarasiz tugaydi. Urush boshlanadi. Yozuvchining xolis niyati uning ziyoniga aylanib, uni isyonchilar bilan til biriktirishda ayblashadi. Nigeriya hukumati rahbari, mamlakat prezidenti Yakub Govonning buyrug‘i bilan turmaga, bir kishilik kameraga tashlashadi. G‘arbning taraqqiyparvar yozuvchilari tomonidan bildirilgan noroziliklar endi uni qutqarolmaydi. Vole Shoyinka 27 oy mobaynida eni to‘rt, uzunligi sakkiz fut keladigan tor kamerada yotadi. Bir fut 30 santimetrdan sal ko‘proq ekanini hisobga olsak, yozuvchi ikki yildan ortiq muddat ichida eni bir yarim metr ham kelmaydigan, bo‘yi esa ikki yarim metrli yarim qorong‘i xonada yotganini tasavvur qilish mumkin. Hibsda yotgan chog‘ida u yaqinlari bilan ko‘risholmaydi, mahbuslar uchun belgilab qo‘yilgan bir soatlik sayrga ham chiqarilmaydi, tibbiy yordam ololmaydi, kitob va yozuv ashyolari esa inchunin. Shoyinkani faqat bir narsa xavotirga solardi. Ishqilib, bu muhitda ruhi so‘nmasa, aqldan ozib qolmasa bo‘lgani. Ammo shunday sharoitda ham u yashirincha she’rlar ijod qilishga imkon topa oladi. Yaratgan she’rlarini yod oladi, bo‘lg‘usi pesalarining qoralamalarini miyasida pishitib, xotirasiga mustahkamlaydi.

Yozuvchi fuqarolik urushi tugagach, hukumat qo‘shinlarining Biafra separatchilari ustidan qozongan g‘alabasi sharafiga e’lon qilingan umumiy avfdan keyingina ozodlikka chiqadi. U endi Ibadan universiteti qoshidagi Drama maktabi direktori. Vole Shoyinkaning “Kongo hosili” pesasi qit’a ekranlariga chiqadi, u Yevropada Afrika madaniyati haqida lektsiyalar o‘qiydi, Kembrij, Cherchill-kollejda malaka oshiradi, o‘ylab qo‘ygan pesalarini yozib tugatadi, London va Nyu-Yorkda “Insonning o‘limi” nomli asari chop etiladi. Bu asar yozuvchining turmada kechirgan kunlari haqidagi xotiralari edi.

Dramaturg endi odamlar ko‘p to‘planadigan istirohat bog‘larida namoyish qilinadigan bir aktli pesalar yoza boshlaydi. Tomoshabinlar, uning “Vonos operasi” pesasini tomosha qilishga oqib kela boshlaydilar. Bu asarda Nigeriyada yangi neft konlari topilishi, neft qazib oluvchi mamlakatlar ittifoqi bo‘lmish OPEK tashkilotiga a’zo bo‘lishi natijasida paydo bo‘lgan shov-shuvlar qalamga olingan bo‘lib, neft savdosi mamlakatni yashnatib yuboradi, degan da’volarning qanchalik yolg‘on ekani fosh qilinadi.

1979 yilda Chikago shahrida dramaturgning “O‘lim va qirol otboqari” pesasi sahnaga chiqadi, 1981 yilda esa “Ake: bolalik yillari” asari e’lon qilinadi.

Vole Shoyinka o‘z asarlari orqali Afrika madaniyati, dini va falsafasini jahonga tanita olgan ijodkordir. “Botqoqlik ahli”, “Kuchli avlod”, “Uydirma”, “O‘rmon raqsi” pesalari, “Idanre” dostoni shoir va yozuvchi Shoyinka ijodining g‘oyalari – erk, insonparvarlik va ma’rifat ruhi bilan sug‘orilgan.

Misol tariqasida uning “Kuchli avlod” pesasini keltirish mumkin. Unda Afrikadagi ba’zi elatlarda hukm surgan urf-odat – baxtsizlik va la’natlardan, bid’atdan qutulish haqida so‘z boradi.

Yangi yil arafasida qabila a’zolaridan biri qabiladoshlarining boshidagi baxtsizlik va tavqi la’natni o‘z zimmasiga olib, daryo ortiga o‘tadi-da, yer qa’riga ko‘mib qaytadi. Ajdodlardan qolgan odatga ko‘ra, bu ishni zimmaga olish ixtiyoriy bo‘lishi shart. Lekin so‘nggi paytlarda hech kim bu ishni zimmasiga olishni istamay qolgan. Chunki bu vazifa juda og‘ir. Avvalo bu odam o‘z ismini yo‘qotadi, qabiladoshlari uchun shunchaki “Olib ketuvchi”ga aylanadi. La’natlarni o‘z zimmasiga olish ham og‘ir marosim, odamlar o‘z boshlaridagi la’natlarni “Olib ketuvchi”ga tashlashadi, ya’ni yil davomida nima baxtsizliklar ko‘rgan bo‘lsalar, shularning hammasini “Olib ketuvchi”ning boshiga tushsin, deya tilashadi, keyin uni la’natlab, kaltaklab, quvib yuborishadi. Odamlarning la’nati o‘zining zalvori bilan “Olib ketuvchi”ning qaddini og‘ir yuk misoli bukib yuboradi. Shu bois zimmasiga “Olib ketuvchi”lik yuklangan aksariyat odam uzoq umr ko‘rmaydi…

Yangi yil yaqin, baxtsizliklardan qutulish shart, shu bois qishloq ahli bosh tortish qo‘lidan kelmaydi, deya soqov bir yigitcha – Ifadani “Olib ketuvchi” qilib tanlaydi. Qishloqda o‘qituvchilik qilayotgan Eman ismli yana bir yigit bo‘lib, uning ota-bobolari “Olib ketuvchi”lik qilgan, Eman odat o‘zining boshiga tushib qolmasligi uchun o‘smirlik chog‘i tug‘ilgan yurtidan bosh olib ketgan edi. Yigit Ifadani bu balodan qutqarmoqchi bo‘ladi-yu, lekin qishloq ahli Emanning o‘zi “Olib ketuvchi”lar avlodidan ekanini tasodifan bilib qoladi. Endi bosh qahramon oldida ikkita yo‘l qoladi: yoki rozi bo‘lish, yoki bu yerdan ham qochish. Albatta, Eman qochadi, biroq qayoqqa ham bora olardi? Axir ortidan tavqi la’nat quvib kelyapti-ku!

Eman otasi bilan yuzma-yuz kelar ekan, otasi unga o‘z avlodining vazifasini shunday tushuntiradi: “Avlodimiz – yer yuzidagi eng kuchli avlodlardan, o‘g‘lim. Faqat kuchlilargina har yili daryodan La’natlar qayig‘ini olib o‘ta oladi. Boshqalar bu ishni bajarolmay kuchdan qolganda, bizning avlod odamlarning la’natini olib ketgani uchun yanada kuchliroq bo‘lib boraveradi. Men ketayotgan umrning yovuzliklarini yigirma yildan ko‘p vaqt mobaynida olib ketdim. Sen mening o‘rnimni egallaysan, deb umid qilgandim”. Lekin Eman ajdodlarining ishini davom ettirgisi yo‘q. Tomirida oqayotgan qon esa uni baribir La’natlar qayig‘i va daryo tomon yetaklab keladi…

Oradan besh yil o‘tib, 1986 yilda Vole Shoyinka Afrika yozuvchilari orasidan birinchi bo‘lib “ulkan madaniy istiqbolga ega bo‘lgan teatr va she’riyatni yaratgani uchun” adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib deb topiladi.

Shvetsiya Qirollik akademiyasi a’zosi Lare Yyullensten nomzodni tanishtirar ekan: “U o‘z pesalarida rang-barang sahna usullaridan, avvalo Afrikaning an’anaviy san’ati, ya’ni marosim raqslari, niqoblar va pantomima, milliy musiqa va ohanglardan, teatr ichidagi teatr uslubidan mohirona foydalanadi, – deya ta’kidlaydi. – Shoyinka teatri Afrika madaniyati va olamiga tayanadi. Tan olish kerakki, u juda ma’rifatli dramaturg… Afsonalar, an’ana va marosimlar uning uchun shunchaki maskarad liboslari emas”. Yozuvchi o‘zining Nobel mukofoti berilishi oldidan Qirollik akademiyasida o‘qiladigan lektsiyasini Janubiy Afrikalik erk kurashchisi Nelson Mandelaga bag‘ishlaydi.

Vole Shoyinkaning nazdida ushbu yuksak mukofot uning zimmasiga yanada mas’uliyatliroq vazifalarni yukladi. Bundan buyon yozuvchi shunchaki yangi asarlar yaratish bilan cheklanishi mumkin emas edi. Mamlakat, qit’a va jahondagi ijtimoiy va madaniy rivojlanish silsilasida uning o‘rni yanada mustahkam bo‘lishi, umuminsoniy taraqqiyotda uning ulushi yana kattaroq bo‘lishi zarur edi. Qolaversa, uning vatanidagi siyosiy va ijtimoiy jarayonning muqim emasligi hamon uni iztirobga solardi.

1993 yilda Nigeriyada demok­ratik saylovlar bekor qilinib, hukumat tepasiga harbiy diktator Sani Abacha kelgach, yozuvchi muhojirlikka jo‘nashga majbur bo‘ladi. Shu davrlar yozuvchi uchun pub­litsistik chiqishlar pallasi bo‘ldi. “Qit’aning ochiq jarohatlari: Nigeriyadagi inqiroz haqida shohidlik” esselar to‘plamida Nigeriyaning mustaqillikka erishgan 1960 yildan to Sani Abacha rejimi o‘rnatilgunga qadar bo‘lgan tarixini yaratadi. Ijodkor alam va iztirob bilan Nigeriyada ma’nan aynish pallasi boshlandi, qadriyatlar toptala boshlandi, deya yozadi. Uning millatparvar shaxs sifatidagi bu chiqishi javobsiz qolmaydi, albatta. Mamlakat hukumati Vole Shoyinkani vataniga xiyonat qilishda ayblaydi. Yozuvchi uchun bundan ham og‘irroq aybni topib bo‘lmas edi.

1998 yilda Nigeriya hukumati yozuvchiga qo‘yilgan ayblovni olib tashladi. Shu yili Vole Shoyinka vataniga keldi. Va navbatdagi “Xotira yuki: avf etish ilohasi” esselar kitobini chop etdi. Bu kitob “Ochiq jarohat…”ning o‘ziga xos davomi edi. Ijodkor Afrikada hamon insoniylikka zid jinoyatlar sodir etilayotgani, yarashuv jarayoni qiyinchilik bilan amalga oshayotgani haqida kuyinib yozadi.

Vole Shoyinka o‘z pesalari va romanlari, maqolalarini ingliz tilida yozgan. She’rlari esa ona tilisi – yoruba elati tilida bitilgan. Uning nasr va dramaturgiyasidan ba’zi namunalargina rus tiliga tarjima qilingan.

Risolat Haydarova

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son