Vafo Fayzulloh. “Yuzma-yuz”dan “…Olapar”gacha…

1956 yil. Bir-ikki maqolasi, to‘rt-besh hikoyasigina bosilganiga qaramay, boshqa hech qanday mashg‘ulotdan bunchalik ruh va zavq ololmagan  Aytmatov, nihoyat, adabiyot qismati ekanini anglaganida yigirma sakkiz yoshda edi. Shu kichik, ilk asarlarining o‘ziyoq uni umidli yoshlar safiga qo‘shdi, Moskvada o‘qishiga yo‘l ochdi. U adabiyot sari butunlay yuz burganda jahon, xususan, sobiq Sho‘rolar ittifoqi tarixida ham zo‘ravonlikdan jindakkina tenglikka, erksizlikdan erkinlikka, adolatsizlikdan adolatga burilish pallasi bo‘lib, kechgan voqealarga kelgusini o‘ylab bir qayrilib qarash, ko‘pdan-ko‘p xatolarni tan olish, to‘g‘rilab bo‘lmasa-da, iqror bo‘lish zamoni edi… Adabiyot ahli uchun ham qator o‘n yilliklar osha, juda qisqa muddatga esa-da, osmonning ochilishiday ko‘rinardi…

Qattol “dohiy” o‘lib, necha bir taraddud, hozirlanish, hadiksirashlardan keyin birinchi marta uning siyosati tanqid qilingan, shaxsga sig‘inish deb qoralangan edi. Demakki, qariyb o‘ttiz, o‘ttiz besh yil dunyoning oltidan bir qismini egallagan mamlakat odamlari boshidan kechirgan yaxshi va yomon ko‘rgiliklarni bir nazardan o‘tkazib, qaytadan baholash, shu paytgacha aytib kelingan hukmron fikrning asosiy g‘oyalariga sodiq qolgan holda, o‘sha hukmfarmolikni yangi niqobga solish, vaqtinchaga yumshatish zamon taqozosi edi. Ikkinchi jahon urushi musibatlari, ungacha va undan keyingi ichki dushman izlab qilingan paydar-pay qatag‘onlardan ham juda bezilgan edi…

Bu yangilanish, ruhlanish uchun ham eski qarashlarda suyagi qotmagan, zulmu zo‘ravonliklarda sinmagan, hur fikrli, o‘ziga ishongan, yangicha qarashli, fikr, tasvir, baho, ta’sir bilan, tug‘ma ong va tuyg‘udan ko‘z ochganlar kerak edi.

Umuman, har qanday yangi, asil qarashli ijodkor erkinlikdagina ko‘z ochadi. Erkinlik – adibning tug‘ilish imkoniyati. Shunday qilib, yosh adib Aytmatovning boshidanoq manglayi porladi. 1956 yil uch yoqlama uning foydasiga kechdi. Jamiyat yangilanishni, tozarishni istadi. Zulmni, adolatsizlikni, qullikni qoraladi. U adabiy ilmni chuqur egallash uchun dunyo adabiyotining markazlaridan biriga yo‘l oldi.

1957 yil. Ijodiy hayotida birinchi unutilmas iz tushdi. U anchadan buyon o‘ylab yurgan birinchi yirik asarini bitdi. “Yuzma-yuz”. Qissa nomining o‘zi nafaqat ko‘p narsani anglatar, balki xo‘b voqelikni va’da ham qilar edi…

U tanlagan voqea odatdagi voqea emasdi. Urushdan qochgan inson taqdiri. Qochoqlik, qo‘rqoqlik hech qachon, hech qaysi jamiyatda, hech bir dinda oqlanmagan. El-yurti uchun har qanaqa ko‘rgilikka tayyor turish, Vatan uchun kerak bo‘lsa, jonni fido qilish hamisha sharaf hisoblangan. Shuning uchun urush boshlangach, asosan milliy o‘lkalarda unuttirilgan qahramon shaxs­lar haqida ham mardlikka da’vat sifatida asarlar yozishga ruxsat bo‘ldi. Kim o‘ylabdi deysiz, shunday paytda ijodini endigina boshlayotgan yozuvchi qochoqlik mavzusini olib chiqadi deb… Albatta, bu mavzu butunlay yangi emas, birgina Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanining kichik bir epizodini eslash kifoya… Biroq sovet adabiyotida hech kutilmagan, shu paytgacha ko‘rilmagan voqea edi… Holbuki, eng so‘nggi urush qahramonliklari qatorida xalq ichida bu mavzuda ham ko‘p gapirilar, turfa achchiq va kulgili hangomalar tildan tushmas edi. Zero, urush bu favqulodda vaziyat, o‘lim bilan kutilmaganda yuzma-yuz kelish ekan, o‘limdan qo‘rqish, yashashni xohlash tuyg‘usi har bir urush qatnashchisi ko‘nglida bosh ko‘tarishi aniq edi.

Aytmatovning “Yuzma-yuz”iga asos bo‘lgan voqea ham ayni hayotdan olingan edi. Qattol urush ketayotganda ovuldan chiqqan birinchi qochoqning ojizligi, yaqinlaridan tortib, og‘ir ahvoldagi qishloqdoshlariga, hatto tirikchiliklari arang o‘tayotgan Chingizlar oilasiga kuchli ta’sir qilgan ediki, oradan qariyb o‘n olti-o‘n yetti yil o‘tsa ham bu mash’um kunlar xotirasidan chiqmaydi. Qanday bo‘lsa, shunday tasavvur qilish uchun qochoqning Ismoil degan nomini ham o‘zgartirmaydi.

Adib ko‘rgan-eshitganlari qatorida, bu voqeani qoralash niyati tug‘ilgach, Ismoilning qanday odam bo‘lganini har tomonlama surishtirib, shaxsidagi murakkabliklar va urushdan qochishidagi sabablar borasida chuqur o‘ylagan, albatta. Biroq bunga o‘sha zamon siyosati qanday nuqtai nazardan qarashini ham unutmagan. O‘z g‘oyaviy maqsadini imkon qadar qog‘ozga tushirgan. Bundan qat’i nazar, shuning o‘zi ham katta jasorat, insonni tushunish edi. Iste’dod ish ko‘rsatib, qissa yarq etib chiqadi, xolis va fikrchan o‘quvchiga juda manzur bo‘ladi.

Ayniqsa, mehr-muhabbatli, sadoqatli Saidaning erini tutib berishidagi holati ham tuzumning xizmatkori yoki jazosidan qo‘rqqanidan emas, balki Ismoil odamiylikni boy berganidan keyin juda qattiq iztirobga tushgan holatda yuz beradi. Bu Saida siymosini yana ham nurlantiradi.

Saida urushdan qochib kelgan erini birinchi ko‘rganda unga: “Enamning bolasi”, deb murojaat qiladi. Bunda eriga ehtirom, uning onasiga hurmat, jigarlik, muslimalik hayosi kishi qalbini yorug‘likka to‘ldiradi. Saida shunaqa musaffo qalb egasiki, u boshqalarni quvontirishdan quvonadi, dardiga sherik bo‘lib kuyunadi. Uning: “Asrasa o‘zining boshini asrabdi, bu menga Yaratganning marhamati”, deya taskin topishi va odamlardan tobora uzoqlashib, ayniqsa, Mirzaqulga o‘xshaganlardan qo‘rqib yurish holatlari inson xatti-harakatining shunaqa nozik va sirli topilmalariki, asarni o‘qigan kitobxon qalbida tirik inson kabi o‘rnashadi.

Shuning uchun uning bir kechada sochlari oqarib ketganiga ishonamiz. Saida Ismoilning miltig‘iga to‘g‘ri bolasi bilan boradi, o‘zini-da fido qilib erini insofga chaqiradi. Shundan keyin Ismoil yashiringan joyidan chiqib, miltig‘ini sindirib, taslim bo‘ladi. Demak, yo‘ldan adashgan kishiga to‘g‘ri ta’sir qila bilinsa, u kim bo‘lmasin, o‘zligiga, fitratiga qaytadi. Beg‘ubor kelajak oldida gunohini anglaydi.

Ismoil qo‘lini ko‘tarib, Saidaning ro‘parasidan chiqib kelar ekan, butunlay boshqa bir ulug‘vor ayolni ko‘rdi. Ayolning unga tik boqqan ko‘zlari jiqqa yosh edi. Bu yoshlar Ismoilga, uning qismatiga achinishdir.

* * *

Asar yangi adib paydo bo‘lganidan darak beradi, ammo keskin tanqidga ham uchraydi. Aytmatovga hasad qilgan qalamkashlar: “Bu yosh bola qirg‘iz xalqini isnodga qo‘ydi, elimiz orasida urushda qahramonlik ko‘rsatganlar ozmi, bu esa bir qochoqni qahramon qilib ko‘rsatibdi”, deya yig‘inlarda ayyuhannos soldilar. “Yuzma-yuz” qissasi, ayniqsa, adibning ovuldoshlariga, xususan, Ismoilning qarindoshlariga botadi, ularni noqulaylikka solib qo‘ygandek bo‘ladi…

Ko‘p o‘tmay “Jamila” qissasi dovruq taratgach, bir muddat “Yuzma-yuz” uning soyasida qolganday bo‘ldi, negadir ko‘plar birinchi muvaffaqiyatli asar sifatida “Jamila”ni tilga olishardi. Shundan boshlab besh yil orasida yozilgan yana uch qissasi qizg‘in kutib olinib, sobiq Ittifoqning eng oliy mukofotiga loyiq ko‘rilganda ham “Yuzma-yuz” bu e’tirofdan chekkada qoldi… Ammo o‘quvchi e’tiboridan chekkada qolgani yo‘q. Qirg‘iziston drama teatri qissa asosida tayyorlagan spektakl tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Spektakl bilan o‘lkaning chekka joylarigacha borildi. Jumladan, “Yuzma-yuz”ni Shakar ovulida qo‘yadigan bo‘lishadi. Yurt poytaxtidan tashrif buyurgan mashhur artistlarning chiqishini ko‘rish uchun ko‘pchilik yig‘iladi. Ammo asar butun ovulni uyatga qo‘ygan qochoq Ismoil haqidaligini bilishgach, tomosha joyiga yopirilganlarning umumiy holati keskin o‘zgaradi. Kim yana Ismoildan nafratlangan, boshqa birov esa adibdan o‘pkalagan, kim Saidaning fidoyiligiga qoyil, kim u erini ushlab bergani uchun sadoqatsizligidan alag‘da… Ayniqsa, Ismoil rolini qoyilmaqom qilib ijro etayotgan mashhur artist Arsen Umuraliyevga nisbatan nafratlari jo‘shib boraveradi. Hatto birov sahnaga tosh ham otadi. Shunda ushbu obraz fojiasini chuqur his etgan san’atkorning miyasida bir fikr chaqnaydi. U asar qahramonini ovuldoshlari teran tushunishi uchun sahnadan shaxd bilan tushib, tomoshabinlar o‘rtasiga boradi va ensasi qotib turganlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib: “Ha, men o‘sha Ismoilman, ovuldoshlaringiz ichidan chiqqan qochoq Ismoil! Sizlarni isnodga qo‘ygan Ismoil… Xato qildim. Ammo buning bosh aybdori men emas, urush emasmi?! Ha, oting o‘chgur urush! U qanchalarning yostig‘ini quritdi. Men o‘lishni istamaganimdan xato qildim. Shunga majbur bo‘lmaganimda, yashashni juda istamaganimda, shunday qilarmidim?!” – deydi-da, yana shitob bilan sahnaga chiqib ketadi… Spektakl tugagach, haligi o‘pkachi tomoshabinlar Ismoil – mashhur artistni o‘rab olishib, aybdorni kechirishganday, uni olqishlashadi, gullarga ko‘mib tashlashadi…

* * *

Hayotdagi Ismoil fe’li tez, bezori, urushdan qochib, o‘n yilga kesilib ketadi. Jazo muddatini o‘tab qaytgach, oila qurib, hamma qatori yashaydi. Albatta, unga ham To‘raqulning o‘g‘li u haqida yozganini oqizmay-tomizmay yetkazishadi… Adibning xotirlashicha, u bundan xafa bo‘lmagan, balki Chingiz meni mashhur qilib yuboribdi, deya kulib qo‘ygan ekan… Harqalay, u ham anoyi odam bo‘lmagan, yillar o‘tib, o‘z xatosini shu asar bois ham chuqurroq anglagan ko‘rinadi. Negaki, ancha yillardan keyin, adib Ismoildan xat oladi. U xatida shunday yozgan edi: “Men sendan xafa emasman. O‘shandagi holatimni yaxshi tushunasan, deb o‘ylayman. Men urushdan qochgan bo‘lsam ham, ikki o‘g‘lim askarlikda bo‘lishdi, biri hatto dengiz flotida xizmat qildi”. Asar qahramoni Ismoil 2003 yili dunyodan o‘tadi.

* * *

Chingiz Aytmatovning ijodiy yo‘li “Yuzma-yuz” bilan boshlangan esa-da, undan adibning o‘zi ham ko‘ngli to‘lmagan edi. Holbuki, bu asar shu holida ham bahordan darak momaqaldiroqning birinchi guldurashi kabi adabiyotni yangilagan, mavzusi-da qaltis asar sifatida boshqalarni ham jur’atlantirgan, xuddi shu mavzudagi asarlarning qaldirg‘ochi edi. Ehtimol, buni sobiq Ittifoqdagi ko‘pgina xalq adabiyotidan ham topish mumkindir. Deylik, atoqli adibimiz Said Ahmad yaratgan salmoqli “Ufq” trilogiyasining birida talqin qilingan qochoq Tursunboy fojiasini eslashimiz mumkin. Hatto rus adabiyoti ham bundan mustasno emas. Endilikda XX asr rus prozasining zabardast vakillaridan biri Valentin Rasputinning “Omon bo‘lsang, unutma” qissasi shu mavzuda ekanligidan tashqari juda ko‘p personaj va obrazlari “Yuzma-yuz”ni esga soladi.

Bu ikki qissa bir-biriga juda yaqin va biroq shu bilan birga bir-biridan juda uzoq asarlardir. Yana ham e’tiborli jihati bu ikki asar bir-birining takomili uchun xizmat qilgan, bir-biriga ijobiy ta’sir etgan ko‘rinadi.

Odatda, avval yaratilgan yaxshi asarning keyin ko‘z ochganiga bevosita yoki bilvosita ta’sir qilishi tushunarli. Xuddi shunday Aytmatovning asaridan qariyb yigirma yil keyin yaratilgan Rasputinning “Omon bo‘lsang, unutma”si bilan “Yuzma-yuz”dagi Ismoil bilan Andrey Guskov, Saida bilan Nastena qismati, hatto Beksoat kampir bilan Semyonovna – kimga ona, kimga qaynonalar, qo‘shni To‘tioy va uning uch bolasi, xususan, Hasantoy ila hamsoya Nodka va uch churvaqasi, inchunun Petkasi, Mirzaqul va Mishka bat­rakning umumiy missiyasi shunchalik bir xil va bir xil emaski, birining xatti-harakati, fikr-o‘yini ko‘rib, uni ikkinchi asardagiga solishtirishdan o‘zingizni tiya olmaysiz. Albatta, ikki adib ham o‘z qahramonlarini kimdandir ulgi olib emas, hayotdan, o‘z bilgan-ko‘rgan kishilari orasidan tanlagan. Ammo Rasputin Aytmatovnikidan xabardor bo‘lgan, ehtimol, yelkasi osha “Yuzma-yuz”ning qahramonlari boqib turganini his qilib turgan. Aymatov bu asarni yigirma to‘qqiz yoshida bitgan, Rasputin esa nasrda ancha tajriba orttirgach, qirqning ustida. Hajm jihatidan Aytmatovniki siqiq, Rasputinniki esa to‘rt-besh barobar ko‘lamdor. Rasputin asari nashr etilishi bilan dovruq taratadi, Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Adib ijodida ham, yangi rus nasri taraqqiyotida ham yorqin iz qoldiradi.

Kamina bundan o‘ttiz yillar oldin Rasputin asari ilk bor qo‘limga tushganida qo‘ldan qo‘ymay o‘qigan va u “Yuzma-yuz”ning ta’siridan xoli bo‘lmagan holda undan-da go‘zal chiqqan, fojiasi yana ham chuqur ifodalangan, degan fikrga borganman… Men ikki asarning qahramon ayollari Saida va Nastenaning taqdirlarini solishtirib, shu fikrga kelganman. Saida Ismoilning kasriga qolib, ancha-muncha iztiroblar chekkan esa-da, oxiri qochoq erini tutib berdi, qaysi ma’nodadir, o‘sha zamon mafkurasi ruhida er-xotinlik burchiga xiyonat qildi. Qo‘shnilarining boshiga tushgan ko‘rgilikni o‘zinikidan ustun qo‘ydi. Bolasi omon, o‘zi ham ehtimol yana hayotini qaytadan boshlashi, kim bilandir taqdirini bog‘lashi mumkin…

Nastena esa o‘limga mahkumni qutqaraman deb, oxiri o‘zini, yana ham fojialisi, qornidagi bolasi bilan daryoga tashladi, cho‘kib ketdi…

“Omon bo‘lsang, unutma” yaratilganidan yana o‘n yil o‘tib, o‘zining ilk qissasiga qaytgan Aytmatov shunday e’tirof etadi: “Darvoqe, mening qahramonlarim tushgan hayotiy kolliziya, keyinchalik, anig‘i, salkam ikki o‘n yildan so‘ng Valentin Rasputinning “Omon bo‘lsang, unutma” qissasida o‘z tasvirini, hatto menimcha, yanada yorqinroq tasvirini topdi”[1].

Katta adibdagina shunday mardona e’tirof bo‘ladi. O‘zi yozgan mavzuda yana bir asar ko‘z ochar ekan, u bu asarni bir o‘quvchi muxlis, munaqqid, tadqiqotchi sifatida qiziqib mutolaa qilishi qatorida, albatta, uni yozuvchi sifatida ham sinchiklab ko‘zdan kechiradi. O‘z asaridan qoniqmagan Aytmatovga yigirma yil keyin yaratilgan Rasputinning “Omon bo‘lsang, unutma”si turtki beradi. Asar yaratilganidan o‘ttiz yil o‘tib, asariga qaytadi. Hamma ham e’tibor beravermaydigan o‘zidagi detal Rasputinda qanday rivojlantirilganligini u shunday baholaydi: “Mana endi asarimni qayta bichish paytida tuyqus ko‘rdimki, ikki-uch jumlada bo‘lsa-da, menda ham o‘sha motiv mavjud ekan. Lekin ma’lum bo‘ladiki, gumon tasdiqlanmagach, qo‘rquv unutiladi, ayol tinchlanadi, Rasputinda esa butun ajoyib qissa shu motiv ustiga qurilgan”.

Gap, Ismoil urushdan qochib kelgandan keyin, bir safar Saida boshi aylanib ketgach, yana bo‘yimda bo‘lib qolmadimi, deya bir lahza tashvishga tushib qolgani haqida boryapti. Vaziyat bir xil bo‘lgani bilan taqdirlar boshqacha edi. Aytmatovga voqeani bunaqa tarzda rivojlantirish kerak bo‘lmagan. Rasputinga esa ayni shu kerak edi. Shuning uchun ham bu asarlar vaziyati nihoyatda o‘xshash, ammo bir-birini qaytarmagan holda, bir-birini yuksaltirgan o‘ziga xos go‘zal asarlardir…

* * *

“Sohil yoqalab chopayotgan olapar” adibning o‘ninchi qissasi, bu janrdagi tugal oxirgi asari. Yigirma yillik qissanavisligining sarhisobi, xotimasi: 1957–1977. U birinchi asari “Yuzma-yuz”da o‘zi yashagan, o‘smirlik hayotida kuchli ta’sir qilib, xotirasida o‘rnashib qolgan voqeani relistik yo‘l bilan tasvirlagan, albatta, qahramon ruhiy olamini psixologik chuqur ochgan esa-da, baribir eng odmi, eng ko‘p qo‘llanilgan realizmda birinchi tajriba, urinish bo‘lgan edi. “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”da u realizmdan chekinmagan holda falsafiy, ramziy-timsoliy, allegorik; mif-rivoyat, xayoliy-fantastik, tush kabi syujet elementlarini ishga soladi. Bu uyg‘unlikda tashqi dunyoning inson ichki olamida qanday kuchli ta’sir qilishi va bu jarayonda insoniy qadriyatlarning sinovdan o‘tishini ko‘rsatadi. Shu paytgacha biz uning asarlari muvaffaqiyati sabablaridan biri u qalamga olgan voqea, muhiti va zamoni, kishilarini hayotda yaxshi bilganidan deb bilardik. Bu qissada esa adib uchun hamma narsa yangi. Ob’ekt ham, xalq, uning urf-odatlari ham. Tevarakka munosabat ham farqli. Vaziyat esa qaltis va favqulodda. Albatta, adib inson psixologiyasini ochish uchun ushbu elatning xalq og‘zaki ijodini va hozirgi turmush tarzini chuqur o‘rgangan. Shunda ham baribir asarda birinchi o‘ringa keng xayolot tasviri chiqadi. Chuqur tasavvur kuchi qissa g‘oyasi va syujeti, falsafasi ochilishida o‘zini namoyon qiladi. Aql va shuur, nozik his-tuyg‘u, shafqatsiz hayot haybati ichida undan qolishmaydigan she’riyat ruhi hayot uchun kurash, yo‘qolib ketmaslik g‘oyasi zalvorini ko‘taradi.

Darvoqe, qissadagi voqeani adib do‘sti Vladimir Sangi unga hikoya qilib berganini aytadi… Vladimir Sangi – Shimoldagi kam sonli nivx elatining birinchi yozuvchisi. Asarlarini rus tilida yozishiga qaramay, nivx millati, tili va madaniyati yo‘qolib ketmasligi uchun bor faoliyatini ishga solib, bugun ularning yo‘lboshchisiga aylangan inson. U elatining og‘zaki ijodini misqollab yiqqan, nivx yozuvini yaratgan.

Asar Vladimir Sangiga bag‘ishlangan. Biroq Aytmatov undan voqeani olganidan tashqari asarini bag‘ishlaganining yana ikki sababi bor, bizningcha. Qissada ozmi-ko‘pmi, nivx xalqini tanishda Sangi ijodidan, ayniqsa, uning “Kivonglar uylanishi” romanidan ijodiy ta’sirlangani seziladi. Boshqa jihatdan esa kam sonli, yo‘qolib ketayotgan millat vakili sifatida V.Sangining til va madaniyatni saqlab qolish borasida qilayotgan ishlari ham ramziy yo‘l bilan qissa voqeasi – dengizda nivx ovchilari boshiga tushgan tabiiy ofat misolida hayotning ayni o‘zi ekanligi kabi uqtiriladi. Demak, asar Sangiga o‘xshagan adib va elatlarga hurmat, ularni tushunish, qo‘llash ramzi hamdir.

* * *

Uncha-muncha nasriy asarlar falsafiylikni ko‘tarishi qiyin. Ehtimol, roman, epopeyalarning keng qamrovi, katta hajmi va salmog‘i sababli falsafiylik o‘quvchini qiynamaydi… Ammo bu jarayon hamma o‘quvchi uchun silliq kechmaydi. Masalan, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasidagi ikki qarama-qarshi kuch dramasi, kurashning falsafasi – odam urush davrida qanday evrilishlarni boshidan o‘tkazadiyu, farovonlikda o‘zini qanday tutadi, nimalarni rejalashtiradi. Demak, falsafiy o‘ylar tabiiy suratda real hayotga aralashadi. Shu tariqa urush va tinchlik orasidagi ruhiy-ma’naviy, axloqiy ziddiyatlar badiiy tasvir maydoniga aylanadi.

Bunday asarlarda shafqatsiz realizm falsafiy uslubda bayon etiladi. Hajman “Urush va tinchlik”dan yigirma barobar kichik Aytmatovning “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasi ham falsafiy asar deyishga barcha asos bor. U falsafiy mushohada bilan boshlanib, shunday fikrchanlik bilan nihoyasiga yetadi. “Olam olam bo‘lib yaralgandan buyon, tun kundan tug‘ilgan, kun tundan tug‘ilgan zamonlardan buyon ahvol shu – ikki qudratli kuch o‘rtasidagi olishuv davom etadi; bundan buyon ham kunu tun, tunu kun, toki yer bilan suv bor ekan, ular abadulabad shunday kurashaveradi.

Kunu tun, tunu kun…”

Quruqlik va suvlik. Ikki hudud. Ikki kuch. Ikki unsur. Bir-birisiz yasholmaydi, bir-birini ko‘rolmaydi ham. Nega kurashadi? Bu aslida-ku tabiatning qonuni. Hammadanam dengiz va quruqlik o‘rtasiga tushib qolib, andarmon bo‘lgan odamga qiyin…

Insoniyat yaralgandan buyon davom etadigan ana shu holatni adib tadqiq etarkan, odamlar aslida faqat quruqlikning emas, suvning ham dilbandi ekanligi haqidagi fikrning xayoliy emas, haqiqat ekanini mustahkamlashga qaratadi. Aytmatovda odamlar ana shu jangda ishtirokchidan ko‘ra yarashtiruvchi ekanligi yolqinlanadi. Zero, quruqlikning o‘zi ham suv, suvdan yaralgan, suvda oqib ketayotgan mitti uyacha degan fikr Luvr o‘rdagi rivoyati tarzida beriladi.

Hammayoq suvlikdan iborat bo‘lgan zamonda bir qarich ham quruq joy topolmagan Luvr o‘rdagi oxiri ko‘ksidan o‘z patlarini yulib, suv ustiga to‘shaydi va unda uya tiklab tuxumini qo‘yadi. Shu voqea bilan yer paydo bo‘ladi. Agar shunday bo‘lmaganda insonning hayoti butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi, degan fikr nihoyatda falsafiy, ramziy, kinoyaviy tarzda mushohada qo‘zg‘aydi. Luvr o‘rdagi haqidagi naqlning yuki qissa mohiyatidan kelib chiqib, yaralishning asli zurriyot, tirik jonzotni asrab qolish masalasiga borib taqaladi…

Diniy-dunyoviy fanlar olamning avvali suv bo‘lganligini rad etmaydi. Balki hamma jonzotlar suvdan, dastavval suvda bunyod bo‘lganligini u yoki bu ko‘rinishda tasdiqlaydi. Biz tuproqdan yaralganmiz, deymiz, albatta. Ammo tuproq – Yerning asli suvda, Suvlikda vujudga kelgan bo‘lsa, inson suv va tuproqdan bunyod bo‘lgan, deb aytilsa, xato bo‘lmaydi. Axir, tuproqning hamma unsurlari topilgan tanamizning yetmish foizi suv – suyuqlik ekanligi ham allaqachon isbotlangan! Demak, odamni suv bilan quruqlikning talashishi, meniki deb bilishi, odamning tobora yerga bog‘lanib qolgani-yu, dengizga intilishida azaliy qonuniyat, mangu sir yashiringanidan bahs emasmi?

Aytmatov haqiqatni rivoyat bilan isbotlashni, quvvatlashni “Oq kema”dan boshlagan edi. “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasida esa Shimol xalqining tirikchiligi vositasida dengizga bog‘lanishini o‘zlarining tushunchalariga ko‘ra “Ona baliq” rivoyati bilan quvvatlaydi. Bu ham xuddi “Shoxdor ona bug‘u”dagidek boshqa bir tarix misolida xuddi shu omil – jonivorlarning inson qavmi asrab qolinishiga sababchi bo‘lishi asosi, endi fantastik tarzda ko‘rsatishga muvofiq bo‘linadi. Onalik emas, yorlik motivida talqin qilinadi: uch aka-ukaning o‘rtanchasi omadsiz, oqsoq bo‘lgani sababli dengiz qirg‘og‘idan ketolmadi. Suvga qarmog‘ini tashlab, tirikchiligini chor-nochor o‘tkazar edi… Kunlardan-bir kuni uning to‘riga go‘zal suv parisi ilinib qoladi… U shunaqa ham sohibjamol xilqat ediki, lahzalik visoldan ikkisi ham o‘zini yo‘qotib, ishq shavqiga beriladilar. O‘zlariga kelganida esa qismatlari ayriliq bo‘ladi, suv parisi hajrida yonib qancha oylar dengiz sohilidan ketolmay yurgan nogiron yigitning qulog‘iga tuyqusdan chaqaloq yig‘isi chalinadi. Mening otam qani, deb chinqirar edi go‘dak. Uni oqsoq ota bag‘riga bosishi bilan tinchib qoladi… Dengiz qirg‘og‘idagi Ona baliq qavmi o‘zlarini ana shu visoldan ko‘paygan, deb bilishadi.

Bunda ham yerning ummonga, suvning quruqlikka bog‘liqligi, oshiq-ma’shuqligi, odam qavmining o‘z tarixi haqidagi oydin xayoli yotibdi. Aytmatov ijodiy falsafasining boshida ham olamni yaxlitlikda ko‘rish tadrijini kuzatish mumkin bo‘lib, bu qarashning ko‘lami asardan asarga kengayib bordi. Quruqlik va suvlikning yaxlitligi, birligi, bir-biriga bog‘liqligi, bir-biridan ekanligi ushbu voqea misolida badiiy tarzda jonlanadi. Faqat ana shu yaxlitlik bir chekkada yashaydigan mana bu insonlarning boshqalarnikidan farqli dunyoqarashlari orqali kashf etiladi.

Aytmatov inson ma’naviyatiga keskin ta’sir qilib, ichki dunyosini ag‘dar-to‘ntar qiladigan g‘ayb olamini ilk bor ob’ekt sifatida asarlariga kiritadi. Insonga zohiran ko‘rinmaydigan, lekin doimo munosabat-muloqot, ta’sirda bo‘ladigan; shuning uchun biridan himoyalanish payida bo‘lib, boshqasiga talpinadigan xilqatlar, ko‘zdan g‘oyib, aql-shuurdagina emas, moddiyan ham bor olam “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”da faol ishtirok etadi.

Eslang. Birinchi marta dengiz safariga chiqayotgan o‘spirinni kuzatib chiqqan onasi namoyishkorona “yaxshi bor”, deb o‘g‘liga o‘rmon tomonni ko‘rsatadi, ortidan ta’kidlab ham qo‘yadi: “Yana o‘rmonda adashib-netib yurma”. Bu bilan u kinrlar – jin-ajinalarni chalg‘itmoqchi, ular bolam dengiz safariga chiqayotganini bilib qolib, zarar yetkazmasin, degan tashvishda edi. Yana, ota-bola birga safarga chiqayotganini yovuz ruhlarga bildirmaslik uchun uydan alohida-alohida chiqishadi. Bu irim-sirim esa Aytmatovning shu paytgacha boshqa asarlarida kuzatilmagan g‘ayb olamining tadqiqi, Shimol xalqlarining sirli, ko‘rinmas yovuz kuchlar bilan kurashi, to‘g‘rirog‘i, munosabatlari misolida aks etadi. Ana shu g‘ayb olamida, kinrlar ishtirokida – dengizning ikki yoqlama sirli faoliyati, odamga dildoshligi va arazi, Suv parisi – Ona baliq siymosiga intilish va undan ayrolik asarning so‘ngigacha ko‘rinmas holda voqea jarayoniga aralashishini his qilamiz. Holbuki, bunga o‘xshash munosabat hamma xalqlarda, jumladan, o‘zbeklarda ham bor. Masalan, tushunchamizga ko‘ra, farishta va jinlar yon-atrofimizda yashaydi. Demak, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”dagi ko‘rinmas maxluqlarning hayotiy mavjudligi Aytmatov badiiy olamining yangi topildig‘i bo‘lib, shu paytgacha kuzatilmagan, aslida bor olam tasviri.

* * *

Aytmatov bu asarini sobiq Ittifoq ayni gullagan bir pallada yaratdi.Hukmron mafkura butun mamlakatda hokim, milliy til va madaniyat kamsitilgan, kam sonli el-elatlar yo‘qolib ketish xavfi ostida yashar, asarda bu fojiaviy holatga munosabatni ko‘rmaslik mumkin emasdi. Ummon qarshisida bir oila, bir qavmning zarra misoli himoyasizligi, ojizona kurashi, sabri, matonati quruqlikka, quruqlikdagi insonga qay ma’nodadir aynan o‘xshaydi.

* * *

“Sohil yoqalab chopayotgan olapar”ni amerikalik adib Ernest Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasiga o‘xshatganlar bor. O‘rinlimi? O‘xshaydi, ta’siri bor degan gaplar qay darajada asosli?

Darhaqiqat, ikkisida ham asosiy voqealar bir makon – dengizda kechadi. Personajlarning yoshi, xatti-harakati, niyati, tajribasi ham bir-biriga juda yaqin. Biroq bu ikki asar oldiga qo‘ygan maqsadi, aks ettirgan badiiy haqiqati, isbotlamoqchi, yechmoqchi bo‘lgan masalalari jihatidan tamoman o‘zgachadir.

Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi 1952 yili yozilgan va ijodidagi shoh asarlardan biri bo‘lib, yaratganidan ikki yil o‘tib, adib ijodi Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.“Chol va dengiz”da Amerika yozuvchisi inson irodasi va aqli bilan inson deb hayqiradi. Insonni har kuni tengsiz muhitda jangga chorlaydi. Asarning shoh bayti shu hikmatdan iborat: “Inson bolasi yengilib, yengilganiga rozi bo‘lib ketaverish uchun yaratilmagan. Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi!”

Albatta, bu g‘oyani juda realistik tarzda ifodalaganda, ana shu yengilmaslikning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan yengilish tomonini ham haqqoniy ko‘rsatar ekan, chol boshidan kechirgan voqealar odamni ma’nan uyg‘otadi, hushyor, irodali bo‘lishga undaydi, bor aqlu idrokni ishga soladi. Qisqasi, unda inson matonati nimalarga qodirligi kuylanadi. Shu bois ham ushbu qissa yana bir amerikalik adib Jek Londonning “Hayotga muhabbat”, “Meksikalik” hikoyalari, “Martin Iden”romani yo italyan adibasi O.Voynichning sal keyin yaratilgan “So‘na” romaniga izdosh, voqeasi esa yana ham qaltis va dahshatli bir asar bo‘ldi. Aytmatov qissasida esa yana ham katta zalvor bor: bir oila rizq istab dengizga tushdi. Eng kichigining dengiz bilan birinchi uchrashuvi. Tabiiy ofat tufayli boshlariga tushgan voqea qarshisida yashab qolish uchun o‘zidan bolasini, bolasidan nabirasini ustun qo‘yishi; kerak bo‘lsa, o‘z hayotidan ongli suratda voz kechib, kelajagini asrab qolishga urinish maqsadi – insonning ulug‘vorligi tarannum qilinadi. Shu bois biz uchun Xeminguey qissasiga qaraganda Aytmatov asaridagi maqsadning toshi, salmog‘i yana ham og‘irroq.

Ikki asardagi insonga: bola va cholga munosabat ham butunlay bo‘lakcha. “Chol va dengiz”ning qahramoni Santyago sakson to‘rt kundan buyon dengizga chiqib, qanchalik tajribali bo‘lishiga qaramay, quruq qo‘l bilan o‘ljasiz qaytavergach, qo‘shnilari uni juda ham omadsiz kishiga chiqarib qo‘yishadi. Qirq kun u bilan dengizga chiqqan o‘spirinni ham ota-onasi boshqalar bilan ovga borishga undaydi. Demak, Xemingueyni G‘arb dunyosining g‘ayriinsoniy qarashi o‘ylantiradi: odam qaridimi, uning qo‘lidan tuzuk bir ish kelmay qoldimi, yakkalab qo‘yishib, battar tushkunlik chohiga ro‘para qilishadi. Cholning qasdi esa shunga qarshi, odam o‘lishi mumkin, lekin uni hech qachon ulug‘vor ishlardan qaytarib bo‘lmaydi. Inson ulug‘vor bir xilqat, u turli tubanliklardan yuqori turadi. Unga ishonadiganlar yutadi. Masalan, sofdil, ma’sum, yaxshilikni unutmas bola – Monolin undan voz kechmaydi. Holidan xabar olib turadi. Cholning kelajagi, umidi bo‘lib, kitobxonni to‘lqinlantiradi.

“…Olapar”dagi ma’naviy muhit, tobora dunyoda nodirlashib borayotgan tartib – yoshi ulug‘ odamning har ishda bosh bo‘lishida ko‘rinadi. Dengizda ota-bola degan tushuncha goh ahamiyatsiz, goh juda ahamiyatli bo‘lgani holda, katta va kichik degan davomiylik mavjud. Kichik hamisha kattaning aytganini qilishi, o‘gitini aslo unutmasligi kerak. Zero, bu adolatli tartib pirovardida asosiy maqsad – kelajakni asrash vazifasi yotibdi. Shuning uchun kemaning yo‘nalishini qayiqning bir chekkasiga o‘tirgan O‘rxon chol belgilaydi. Chapdast va epchil Emrayin bilan Milxun esa eshkak eshishadi. Demak, Aytmatov boshidanoq hech bir narsada Xeminguey ortidan yo‘lga chiqmagani guvohi bo‘lamiz.

Albatta, ikki cholning holatlari, xatti-harakati, o‘y-mulohazalarida qanaqadir o‘xshashliklar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ikkisi ham tush ko‘rib yuradi. Lekin bu tushlarning ramziy ma’nosi borasida chuqurroq o‘ylaganda, ular tashiydigan zohiriy va botiniy ishoralar butunlay boshqacha ekanligiga amin bo‘lasiz. Santyagoning tushiga ko‘pincha Afrikaning cheksiz o‘rmonlari, sherlar, keyinroq yovvoyi cho‘chqalar galasi kiradi. Sher – yirtqich hayvonlarning eng kuchlisi. Bu bilan adib nima demoqchi? Ehtimol, kuch hamma narsaning hukmroni ekan, odam sifatida u sher bo‘lmoqchidir. Axir, tush hayotda amalga oshmagan orzular, kuchli xohish ifodasi-ku. Lekin boshqa jihatdan inson yirqichlarning yirtqichi, aqlli yirtqich degan ma’no ham cholning xayollari, mulohazalaridan qalqib chiqadi. Cholning o‘zi endi qari bir sher deyilayotganday bo‘ladi. Faqat o‘zini bilgangina emas, boshqalar ustidan hukm yuritishni istagan kimsa ham kuch-qudratni orzu qiladi… Qolaversa, Xemingueyning qahramoni bekordan bekorga olis Afrika qit’asini tush ko‘rmaydi. Adibning o‘zi hayotida uch marta uchoqda Afrika sari sayohat-safarga chiqadi, uch marta ham aviahalokatga uchrab omon qoladi, faqat uchinchisida boshidan og‘ir jarohat olgach, ijod qilish imkoniyatidan judo bo‘lganiga ko‘nikolmasdan joniga qasd qiladi…

O‘rxon bobo esa tushida mangu sohibjamol suv parisini ko‘radi. Bu birinchidan, go‘zallikka insonning fitratan intilishidir. Kuch va go‘zallik dunyoning ikki hisoblashadigan tushunchasi, ammo bularga talpinishlarning xayoli, ehtiyojida katta farq bor. Bundan tashqari, O‘rxonning Ona baliqqa intilishida o‘zligiga talpinish ramzini ham ko‘rmaslik mumkin emas. Ularning bir manzilga qarab oshiqishlarida zurriyotni davom ettirish ishqi, istagi – asosiy maqsad.

Ha, Santyagoning xatti-harakati, fikr-o‘yi bilan O‘rxonniki tamoman boshqacha. Xeminguey insonning ustunligi bo‘lgan aql-idroki, irodasi ham oxir-oqibat nafs xizmatkori bo‘lib qolishidan iztirobini yashirmaydi. “Xayriyatki, shu tirikchilik vajida u quyoshni, oyni, yulduzlarni gumdon qilishga majbur bo‘lmaydi”, deb juda ham achchiq zaharxanda qiladi Xemingueyning qahramoni bu bilan nafsi hakalak otadigan kimsa har qanday tubanlikdan qaytmaydi, deydi. Odamzodni nafs xataridan ogohlantiradi…

O‘rxon boboning dengizga chiqishi esa yuksak insoniy maslagidan ham mujdalar beradi. Bu yerda ezgu qadriyatlarni asrab qolish, hayotni bilish va unga suyanish muhim. Shuning uchun ham chol dengizchilarga, ayniqsa, u bilan birinchi marta ro‘para kelayotgan bolaga nima qilish kerakligini vasiyatday uqtirib boradi.

“ – Olapar qaytib ketdi, – dedi Emrayin. Bundan hamma jonlanib qoldi.

– Chaqirsak, qaytib kelarmikin? – dedi miyig‘ida kulib O‘rxon Kiriskka qarab.

– Buning uchun qayig‘imizda orqaga suzishimiz kerak bo‘ladi, – dedi Kirisk.

– Ho, bilag‘on ekansan-ku!”

(Olapar – itga o‘xshatilganda tosh avval metafora qilingan. Ammo endi “Olapar qaytib ketdi”, deyilayotganda, bu metafora jonlantirish ham bo‘ladi. Bu asarga nom bo‘lgani ham bejiz emas. U qadrdonlik, Vatan, millat, qavm oshiyoni ramzi hamdir).

Xuddi shunday O‘rxon cholning muqaddas burchi o‘zidagi bor eng muhim tajriba, to‘plangan bilimni avlodlariga yuqtirib ketish. U kuchli to‘lqinning ro‘paradan kelayotganini ko‘rib, qayiq uchini unga to‘g‘rilashni buyurdi. Aytmaganda, shu zahoti qayiq ag‘darilib ketib, hamma dengizga g‘arq bo‘lardi. U mudhish tuman bosib kelayotganida ham joni boricha baqirdi: “Shamolning yo‘nalishini eslab qolinglar”. Keyin u bolaga yana bir narsani vaqtida uqtirib qoladi: “Ana u bochkani ko‘ryapsanmi, ana shundan ajralma, undan ajralgandan o‘lgan yaxshi”. Bochkada hayot manbai – ichimlik suvi bor edi. Saldan keyin boshlangan bo‘ronda eshkakchilar “Cho‘kayapmiz, narsalarni tashlanglar”, deb dodlab yuborisharkan, hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolib, qariyb barcha narsa dengizga uloqtirilgan, bola esa bir chekkada bochkani bosib yotganicha, bobosining o‘sha so‘zi bilan hayotni, demakki, o‘zini asrab qoladi. Asar g‘oyasining eng yuksak taronasi chol o‘g‘li Emrayin va jiyani Milxun, xususan, nabirasi Kiriskka chuchuk suv yetishi uchun tabiiy ofat o‘tib ketguncha suv ichishdan voz kechishi, oxiri o‘zini suvga tashlab, avlod uchun qurbon bo‘lishidir.

Santyago uchun esa o‘z nafsini qondirish birinchi o‘rinda turadi. “Men seni yaxshi ko‘raman, baliq, lekin hali zamon seni gumdon qilaman”[2].

O‘rxon boboning o‘zini dengizga tashlashida ideal – suv parisiga yetishish orzusi ham bor…

Mana, nihoyat chol aqli va sabri, irodasi va dovyurakligi bilan qayig‘idan-da uch barobar katta baliqning uch kun ortidan sarson-sargardon ergashib, tepaga chiqishga majbur qildi, mahv etdi. Lekin bu o‘ljasini qo‘lida saqlashi juda ham qiyinligini u hali bilmasdi. Ko‘p o‘tmay qon hididan iz olgan akulalar ta’qibi boshlandi. Ular hamlasidan o‘ljasini himoya qilish uchun changagi va ipidan, keyingisida garpuni, pichog‘i, to‘qmog‘i, rumpel va eshkagi va hokazo, baliqchilik uchun kerakli barcha asbob-uskunalaridan ham ajraldi. Dengizda bolaning yo‘qligi chakki bo‘ldi, deya necha marta yakkalanganini eslagan chol bolaga: ular meni yengib qo‘yishdi, deganida ham yolg‘izlik qilganiga iqrori bor. Uning qirg‘oqqa baliqning skeletini bo‘lsa-da keltira olishi irodaning g‘alabasi. Ammo go‘shtidan biror misqol olib qololmagani nafsining mag‘lubiyati. Hamma baliqchilik asboblari sinib, yo‘qolib, ishdan chiqishi esa qarigani alomati. Akulalar hujumi tayyorga ayyor bo‘ladigan, ulug‘vor ishlarni boshqalar amalga oshirib, foydasini olchoqlar ko‘rishining isboti.

Harqalay, chol uzoq uxlaganda Monolin uning jarohatlangan qo‘lini ko‘rib, yig‘lab borar ekan, bu mardligi, irodasining o‘ziga xos samimiy bahosi, qadrlanishi hamdir.

Cholning dengizdagi holati ham inson ichki dunyosining bir kaliti sifati, u yolg‘izligida o‘zligini anglab, do‘stni sog‘inib, eshkak cheti, keyin ipiga qo‘ngan qush bilan, keyin baliq, akulalar va oxiri goh ichida, goh ovoz chiqarib o‘zining chap qo‘li bilan gaplashishi Santyago cholni benihoya jonli siymo ekaniga dalildir. ( Hayotda ham shunday chol bo‘lgan. U bilan adib gap­lashib turgan …). U hurlikni hamma narsadan ustun qo‘yadi: “Bu itoatkorlik ruhi qaydan keldi deb o‘yladi va or-nomusiga zaha yetkazmasligini bilgandan keyingina bolaning taklifiga rozi bo‘ldi”. Uning hayotiy falsafasi o‘zligini saqlashga, o‘z kuchi, intilishi bilan tirikchiligini yurg‘izishga qaratilgan. Shuning uchun ham u bolani xavflardan ogohlantiradi: “Avval qarz so‘raysan, keyin tilanchilik qilasan”. Baxt borasida ham achchiq tajribasi bor: “Hech bir voqea ikki marta takrorlanmaydi”.

Ammo Santyago shuncha aqli va matonati bilan ham baribir O‘rxon chol ulug‘vorligiga yeta olmaydi. O‘rxon chol Kiriskka har qanday pallada dengizda yashash, kurashish va omon qolish uchun bilganini o‘rgatib ketdi, Monolin esa Santyagodan endi o‘rganmoqchi…

“Sohil yoqalab chopayotgan olapar”da O‘rxon chol yetarli darajada ochilganiga qaramay, asosiy g‘oya tashuvchi qahramon o‘spirin bola. Shu ma’noda Aytmatov qissasini shartli “Bola va dengiz…” deb ham atash mumkin. Monolinga qaraganda Kirisk kurashga ko‘proq tayyor ham ko‘rinadi… Uning Muzlik haqidagi o‘ylari ham kelajak avlodni sevgi bilan davom ettirishning dilbar talqini.

Milxun obrazi hayotdagi kabi murakkab va to‘ldiruvchandir. Uning hayotsevar, hazilkash, chapdast, harakatchanligi dengizdagi vaziyatga qarshi, quruqlikdan zuvalasi olinganligining yorqin alomati. U sabrsiz, qiziqqon, ta’sirchan, chidamsiz fe’l-atvori bilan inson tabiatini ros­takamiga namoyon qiladi va Aytmatov oldiga qo‘ygan g‘oyani kuchaytiradi.

Aytmatovda tevarakning qarama-qarshiligi, ziddiyatida hikmat ko‘rish, qarashlarga ters turishda hayot urug‘ini sochish bor. Dengizga chiqib ketayotganda ota-bola safarga birga chiqishayotganlarini kinrlardan yashirishadi. Holbuki, qavm ota bolasini birinchi marta erkak sifatida dengizga olib ketayotganidan xabardor, agar yaxshi o‘lja bilan eson-omon qaytishsa, Emrayin ota deb atalar, bu bilan faxrlanar, Shomon yer bilan dengiz ila Kirisk haqida gaplashib borib, dengizga ham do‘st tutinganini e’lon qilib, shodon-shodon qo‘shiqlar aytgan bo‘lur edi. Ammo bochkada juda oz suv qolgan, ikkisiga yetmasligi aniq, avvaliga Emrayin ulushini ichishdan voz kechdi, keyin esa bolasi uchun o‘zini dengizga tashladi.

Kirisk obrazi nihoyatda ulug‘vor va nurli. U shu qadar mard. Boshda bobosi suv ichishdan voz kechib, mayli, o‘rnimga Kirisk icha qolsin, deganda, o‘zingiz iching, deb kuchli irodani o‘zida topa oladi. Bobosi yo‘qlik qa’riga yo‘l olganida, ayniqsa, otasini yo‘qotganida katta musibatni qarshilashida ajdodlaridan meros ulug‘ qalbini ko‘ramiz.

Mana, u nihoyat sakkizinchi tun osmonda yulduzlarni ko‘rdi. Akagug – qutb boyqushining uchishidan yo‘nalishni to‘g‘rilab oldi. Shu bilan u tevaragidagi yashayotgan olam bilan tanishdi. Shamolni O‘rxon, to‘lqinlarni aki Milxun, yulduzni Emrayin yulduzi deb atadi. Shularda yaqinlari hayotini ko‘rib, qadrdonlik tuydi. Mana uning hayotida to‘qigan birinchi va umrining oxirigacha aytadigan qo‘shig‘i:

Sohil bo‘ylab chopayotgan Olapar,
Yakka-yolg‘iz qaytmoqdaman yoningga –
Bobojonim O‘rxonsiz,
Otajonim Emrayinsiz,
Og‘ajonim Milxunsiz,
Ular qayda qoldi, so‘ragil mendan,
Faqat avval suv bergil, o, suv…

* * *

– Ko‘rsichqoncha, suv ber… – deb tinmay alahsirashida ham tashnalikdan qiynalgan bolaning tushda va hushdagi holati aniq va jonli ifodalangan.

* * *

Qissa Kiriskning qo‘shig‘i, ramziy she’riyat bilan yolqinlangach, yana o‘sha falsafiy, dastlabki azaliy qonuniyatni takrorlash bilan poyoniga yetadi:

“Tunu kun, kunu tun…”

* * *

Ko‘rdikki, Aytmatovga avval hayot ta’sir qildi va ilhom berdi. Fikrlagan sari uning qissalari ana shu hayotning dilbar va musibatli tomonlarini ochdi, to‘ldirdi, lekin o‘zini va o‘zgalarni qaytarmadi. Balki tinimsiz o‘rganib, ijodiy xayoli asardan asarga o‘sib, dunyoning eng mo‘jizakor, mard va oqil qalam sohiblaridan biri sifatida qalbimizni zavq-shavqqa g‘arq etdi, aqlimizni charxladi, ruhimizni yuksaltirdi.

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 12-son

[1] Ch.Aytmatov qissalaridan olingan barcha parchalar tarjimasi Asil Rashidovniki (V.F.).

[2] Xeminguey E. Alvido, qurol. Chol va dengiz. –Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1989. Rus tilidan Ibrohim G‘afurov tarjimasi.