Tamara Masharipova. G‘arb nazariy manbalarida “muallifning o‘limi” kontseptsiyasi

Postmodernizm ancha murakkab hodisa bo‘lib, bu masala bo‘yicha adabiyotshunoslar turlicha munosabat bildiradilar.  “Postmodern” (post – keyingi) atamasi ham XX asrning ikkinchi yarmi madaniyatidagi o‘ziga xoslik, ham Jak Lakan (1901–1981), Jak Derrida (1930), Jorj Batay (1987–1962), Jil Delez (1925–1995), Mishel Fuko (1926–1984), Rolan Bart (1915–1980), Richard Rorti (1931) va o‘zgalarning nomi orqali yuzaga chiqqan falsafiy tafakkurni  ifodalashda qo‘llanadi.

Postmodernchilar badiiy adabiyotning ko‘p asrlik, an’anaviy muammosi – asar muallifi bilan o‘quvchilar orasidagi munosabatni tahlil qilib, sub’ekt, muallif, mazmun, syujet, inson, Alo odam (sverxchelovek) va hatto “Xudoning o‘limi” kabi o‘lim turlarini olg‘a surishadi. Biz quyida sub’ekt va muallif o‘limi mavzui doirasida ushbu qarashlar mohiyatini ko‘rib chiqamiz.

Muallif va uning o‘quvchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tahlili bir qancha savollarni keltirib chiqaradi, bu savollarning asosiysi esa postmodernizm oqimi vakillari tomonidan olg‘a suriladi. Ushbu tushunchalarning an’anaviy talqiniga ko‘ra, ob’ekt (auditoriya) sub’ekt (muallif)ga bog‘liq, bunga esa ko‘plab postmodernchilar qarshi chiqadilar. Bu qarash ularning asosiy nazariy postulatidir. Ushbu munosabatlarning yechimi, ularning nazarida, an’anaviy qarama-qarshilik bo‘lib, bu muallifning erkin ijodi degani va ayni paytda, u ijod qilgan asarning auditoriya tomonidan erkin idrok etilishi ham emas, balki majburiy ratsionallik, ikkiyoqlama (dualnыe) ma’no kontrastidan iborat. Postmodernizm an’anaviy adabiyotshunoslik tomonidan qo‘llanadigan bunday ziddiyatni majburiylik xossasiga ega, deb hisoblaydi. Asar ob’ekti (auditoriya) bu holda mustaqil, ozod emas, uning asarga munosabatini adabiy tanqid mudom ko‘rsatib, o‘zini qanday tutish kerakligini ta’kidlab turadi.

“Sub’ekt” degan definitsiyaning hozirgi talqini R.Dekartdan boshlanadi, chunki u sub’ektni ob’ektga qarama-qarshi qo‘yib talqin etgan. Postmodernchilar mavjud ana shu ziddiyatni bartaraf etish maqsadida  sub’ekt-ob’ekt munosabatini biri-biridan ustun tarzda emas, balki teng holda o‘rganishni talab qiladilar. Ularning fikricha, biron-bir kategoriyani ziddiyatli kontekst sathida ko‘rib chiqish mumkin emas, bu samarasiz ishdir, shu bois, bunday tengsizlikni yo‘qotish kerak.

Xullas, postmodernchilarning bosh maqsadi – o‘zaro bog‘liqliklarni, jumladan, “sub’ekt” va “ob’ekt” kategoriyalari borasida ham bartaraf etishdan iboratdir. Ular ayni munosabatlarn bir-biriga tobe bo‘lmagan holda, teng asosda bo‘lishini hamda erkin amal qilishini talab qiladilar. Postmodernizm davriga qadar ko‘p narsalar, jumladan, “sub’ekt-ob’ekt” munosabatlari ham o‘zaro bog‘liq tarzda talqin etilar, chunonchi, auditoriyaning xatti-harakati unga muallifning ta’siri natijasi deb tushuntirilar edi. Shu sababli ham postmodernchilar tomonidan ob’ektning sub’ektga tobeligining bekor qilinishi butkul mantiqiy ravishda buni ularning sub’ektning o‘limi deb atashlariga olib keldi.

Postmodernchilar o‘z g‘oyalarini qanday asoslashadi? Bu maktabga mansub bir qator vakillarning qarashlari quyidagi iqtibosda yaqqol ifoda topgan: “Baynalmatniylik (intertekstualnost – T.M.) kontseptsiyasi M.Fuko tomonidan ilgari surilgan “sub’ektning nazariy o‘limi” g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liqki, buni Rolan Bart “muallif (ya’ni yozuvchi)ning o‘limi”, shu bilan birga turli ayon va noayon iqtiboslar ichida aralashib ketgan individual matnning ham “o‘limi” deb atagan. L.Perron-Muazes esa ushbu muammoni boshqalarga qaraganda ravshanroq ifodalab, mutolaa jarayonida uchala narsa: muallif, matn va o‘quvchi yagona narsa – “xat o‘yini uchun bepoyon maydon”ga aylanadi, deydi…

Rolan Bart “Muallifning o‘limi”ga esa yanada ko‘proq e’tibor qaratadi: “Muallifning o‘limi” – postmodernistik matnshunoslikning paradigmal figurasi bo‘lib, unda matn ma’no anglatish jarayoni uchun kifoya, degan g‘oyani ifoda etadi”.

Postmodernizm muallif yaratgan matnni u tomonidan barpo etilgan “asar” sifatida an’anaviy talqin etishni rad qiladi: “asarni muallifga bog‘lab qo‘yish – bu matnni bo‘g‘ish, matnga bitta ma’noni yopishtirib qo‘yish, xatni yopish demak” (R.Bart). Postmodernistik falsafa bunday yondashuv doirasida “muallif” tushunchasi o‘rniga “kotib” tushunchasini olg‘a suradiki, u sub’ektning asar ijodkori yoki loaqal matn determinanti sifatidagi da’volarini chippakka chiqaradi. Postmodernizm esa, P.de Manning fikriga ko‘ra, “talqinning matndan va matnning talqindan mutlaqo mustaqilligini” e’lon qiladi. Derridaning aytishicha, matnda sub’ektning talqiniy faoliyati emas, balki “fikrning olg‘a surilishi momenti” mavjud. T.D’an, L.Perron-Muazeslarning qarashiga ko‘ra, Muallif, O‘quvchi va Matn yagona verbal-diskursiv muhit ichra uyg‘unlashib ketadi”[1].

Muallif so‘ziga qaraganda, “kotib” so‘zi maqbul topilishiga tildagi bir nozik xususiyat ham sabab bo‘lgan ko‘rinadi. “Avtor” (muallif) so‘zi inglizcha “authority” – avtoritet (mavqe), hokimlik, ijozat kabi ma’nolarni bildiradi, inchunin, birinchi ma’no asosiy hisoblanadi[2]. “Avtoritet”tushunchasini yumshatishga intilgan R.Bart “yozuvchi” ta’rifini (definitsiyasi) “skriptor” (kotib) tushunchasi bilan almashtiradi; bunda esa tahqirlash  ma’nosi ayon ko‘rinib turadi (scriptor – oddiy ko‘chirib yozadigan odam).

Ushbu muammoga bag‘ishlangan asarlar ichida frantsuz faylasufi va adabiy tanqidchisi Rolan Bart qalamiga mansub “Muallifning o‘limi” (1967) tadqiqoti alohida ahamiyat kasb etadi. Olimning asosiy fikri shundan iboratki, yozuvchi ijodining maqsadi va u faoliyat ko‘rsatadigan ijtimoiy muhit matnning talqiniga qo‘shilmasligi kerak, chunki bu holda uning mazmuni auditoriyani yo‘naltirib, mazmunni cheklab qo‘ymasligi lozim. O‘quvchi o‘ziga taqdim etilayotgan asarni maksimal darajada erkin qabul qilishi kerak.

R.Bartning fikricha, muallifning individual ruhiy holati natijasida, yozuvchi bilan u ijod qilayotgan asar o‘rtasidagi hissiy mutanosiblik yo‘qqa chiqadi. Faqat matnda umumlashgan shaklda bayon etilgan narsagina qoladi. U endilikda muallif o‘rnini kotib egallaganini ta’kidlaydi va bunda kotib matn bilan bir vaqtda tug‘ilishini, xat ijod etilguniga qadar ham, undan tashqarida ham hech qanday voqelik mavjud emasligini, har qanday matnning esa shu yerda, hozir yozilishini ko‘zda tutadi.

Bart hatto “Muallif – Xudo” degan ifodani ham qo‘llaydi va yozuvchi haqida so‘z yuritib, “uning ixtiyorida faqat turli xildagi xatlarni aralashtirish, ularni bir-biriga duch qilish, ammo ulardan hech qaysisiga butunlay suyanib qolmaslik borligi…”ni ta’kidlaydi. Aftidan, muallif qarashlarining o‘ziga xosligi uning g‘oyalar, obrazlar, faktlar va mulohazalarni ana shunday original tarzda qorishtirib yuborishida ham namoyon bo‘lsa ajab emas.

Bartning xulosasiga binoan, “matn o‘z kelib chiqish asosiga ko‘ra emas, maqsad-e’tibori bilan yagonalik xarakteriga ega bo‘ladi, ammo bu maqsad shaxsiy adresli emas, zero, o‘quvchi tarixi,  tarjimai holiga, o‘z ruhiyatiga ega emas, u bor-yo‘g‘i – yozma matnni yuzaga keltiradigan barcha qirralarni o‘zida jamlagan mavhum odamdir”.

R.Bartning fikricha, yozuvchining hukmronligi barham topishi shart, buni olim essesida bir qadar o‘ziga xos usulda bayon qiladi. Shunday qilib, postmodernchilar adabiy tanqidning eng muhimi – muallif, qolgan barchasi – asar ham, uning ijtimoiy ta’siri ham pirovardida, yozuvchi shaxsiyatining namoyon bo‘lishiga bog‘liq, degan an’anaviy qarashlarni keskin inkor qiladilar.

Muallif muammosi frantsuz faylasufi va madaniyat nazariyachisi M.Fukoning bir qator asarlari uchun mavzu bo‘lgan. Frantsuz falsafiy jamiyatining 1969 yil fevraldagi majlisida u shunday deb aytgan edi: “Endi xat – bu ixtiyoriy o‘chirishdirki, u kitoblarda aks etmasligi ham lozim, zero, u yozuvchining mavjud ekanligining o‘zi bilanoq ro‘yobga chiqadi. O‘lmaslikka olib kelish vazifasi yuklangan ijod endilikda o‘ldirish huquqiga – o‘z muallifini o‘ldirish huquqiga ega bo‘ldi. Flober, Prust, Kafkani oling. Shu bilan birga, yana bir jihati ham bor: bu xatning o‘limga munosabatida yozadigan sub’ektning individual o‘ziga xosliklarini yo‘qqa chiqarishdir. Yozadigan sub’ekt turli vositalar orqali o‘zi bilan yozayotgan narsasi o‘rtasida barpo etayotgan xilma-xil nayranglar bilan u o‘zining alohida individualligini ko‘rsatadigan barcha belgilarni chalkashtirib yuboradi; endilikda yozuvchining qalami – bu uning yo‘qligi alomatidan boshqa narsa emas; u endilikda xat o‘yinida o‘lik rolini o‘ynashga mahkum. Bular ma’lum narsalar; tanqid va falsafa muallifning bu yo‘qolishini yoxud uning o‘limini qayd qilganlaridan beri allaqancha zamonlar o‘tdi”[3]. Ko‘ramizki, bu yerda ham muallifning o‘limini ta’kidlash yaqqol namoyon.

Nazarimizda, R.Bartning qarashlarini boshqacha talqin etish ham mumkin. U muallifning individualligiga emas, u haqda adabiy tanqid rejaga solib qo‘ygan tushunchalarga qarshi chiqmoqda. Hatto mualliflarning o‘zlari ham asarlaridagi bir talay jihatlarning talqini borasida – g‘oyadan tortib, janrlar masalasiga qadar munaqqidlar bilan hamfikr bo‘lavermaydilar. Adabiyotshunoslar o‘z tanqidlari, mantig‘i, qotib qolgan an’analari yoki stereotip ilmiy yondashuvlari bilan auditoriyaning tafakkur yuritishiga xalaqit beradilar.

Postmodernistlar aytayotgan muallif o‘limini to‘g‘riroq tushunish va talqin etishning yo‘li qanday? R.Bart va boshqa mutaxassislarning mushohadalari mantiqan qanchalik asosli bo‘lmasin, muallifning o‘rni va rolini yo‘qqa chiqarish mumkin emas. Biroq postmodernistlar, o‘zlariga xos o‘jarlik tufayli bu holni o‘lim deb: muallifning, sub’ektning, asarning va hokazolarning o‘limi, deb atamoqdalar. Chunki ularning tafakkuri, turmush tarzi va xatti-harakatlari – bari-bariga maksimalizm xos.

Aslida esa masala sal boshqacharoq. Zero, hatto postmodernchilar talqiniga ko‘ra ham “muallif o‘limi” degan iboraning ma’nosi o‘zgacha tarzda bo‘lib, u umuman o‘lib ketmaydi, balki kotibga aylanadi, ya’ni mavqei yuksak odamdan oddiygina yozadigan kotibga aylanadi. Odamning axborotni tushunishi hamda individlarning dunyoqarashi yuksalib borgani sari ommaning bilimlari oshib, auditoriyaning sifati yaxshilanaveradi, shunga muvofiq ravishda muallifning mavqei asta-sekin pasayib, u bora-bora kotib mavqeini egallaydi. Bu tabiiy bir jarayondir.

Xullas, matn tayyor bo‘lgach, muallif orqa planga o‘tib ketadi, chunki matn uning qo‘lidan chiqib, boshqalarning qo‘liga o‘tadi. Keyin bu asarning o‘z umr yo‘li boshlanadi: u erkin talqin qilinadi hamda asl manbaiga bevosita ham, bilvosita ham bog‘liq bo‘lmagan holda yashay boshlaydi.

Muallif bilan asar orasidagi munosabatni sub’ektning o‘limi nuqtai nazaridan emas, balki asar e’lon etilgan damdan boshlab muallifdan uzilishi jihatiga ko‘ra talqin etish maqsadga muvofiqdir. Bu jarayonni esa begonalashish deb atash to‘g‘ri bo‘lardi, chunki endilikda muallifning yaratgan asari unga tegishli bo‘lmay, jamoat mulkiga aylanadi. Aslida-ku, asar jamiyat uchun yaratiladi, bu jihatdan olganda, asarning sub’ektdan ajralib, ommaviy auditoriyaga uzatilishi muallifning asl maqsadini tashkil etadi.

Muallif matnni bayon qilishda boshqalarga tushunarli bo‘lishi uchun odatda an’ana va novatorlikni muvofiqlashtirishga urinadi. Ammo bularning nisbati qanaqa darajada bo‘lishi kerakligi borasida Marshall Maklyuenning yaxshi bir gapi bor: u o‘zining mashhur “Mediani anglash” kitobi qo‘lyozmasining taqdiridan hadiksiraganini tasvirlar ekan, bir muharrir aytgan gapni keltiradi – “U majhul bir kayfiyatda fikrini bildirdi: “kitobingizdagi materialning 75 foizi yangi. Ammo muvaffaqiyat qozonish uchun 10 foiz yangilik kifoya. Bundan ortig‘ini o‘quvchi hazm qila olmaydi”[4]. Shu o‘rinda shuni aytish o‘rinliki, Maklyuenning g‘oyalarini uzoq vaqtlargacha mass-media sohasidagi mutaxassislar ham anglay olishmagan va qabul qilishmagan.

Ayrim mualliflar davrning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirishadi (“Don-Kixot”), ehtirosni tasvirlashadi (“Demon”, “Aka-uka Karamazovlar”), ishqni (“Layli va Majnun”) yoki qahramonlikni (“Farhod va Shirin”) tarannum etishadi. Asar mumtoz namunaga aylanishi uchun u davrning tipik voqeligini yoxud muayyan davr jamiyati kishisining xarakterli xususiyatlarini tasvirlashi lozim.

Demak, sub’ekt o‘lmaydi, u avvalgi mualliflarning, hozirgi davr adiblarining hamda kelajak ijodkorlarining bag‘riga singib ketadi, adabiyot va tarix, estetika va ma’naviyatda zuhur etadi. Ammo muallif qanchalar yirik siymo bo‘lsa, uning izi ham shunga yarasha darajada chuqur va sezilarli bo‘ladi.

Publitsistikada boshqa sohalarga qaraganda sub’ekt o‘lmaydi, nimagaki hissiyotli, individual ijodida publitsist shaxsining o‘ziga xosliklari bo‘rtib ko‘rinib turadi. Publitsistik dialog tashabbuskori bo‘lgan sub’ekt “asar – auditoriya” bog‘lamasida yetakchi rol o‘ynaydi. Publitsistning siymosida jamiyat muhim shaxsni ko‘radi. Publitsistlar ijtimoiy fikrni o‘ziga xos tarzda, publitsistik ruh bilan ifoda etadilar, binobarin, adabiyot va ilm-fan kabi, publitsistika ham ijodning muhim sohasidir. Publitsist o‘tmish va o‘zi yashab turgan davr voqeligini idrok etadi. Biroq u shunchaki idrok etish va eslab qolish bilan chek­lanmaydi. Jamoatning munosabatiga qarab, ya’ni odamlar qanday qabul qilishayotganidan kelib chiqib u o‘z qarashlarini shakllantiradi va odamlar orasida yangilangan obrazlarni tarqatadi. Bunday anglash va tasvirlash jarayoni tinimsiz ravishda davom etadi, zero, u shunchaki bir odam emas, yozishga, boshqa ko‘plarga qaraganda yaxshiroq tafakkur yuritishga qodir shaxsdir. Bashariyatning aksiologik xazinasi mana shu tarzda to‘ldirib-boyitib boriladi.

Xuddi shu boisdan ham Aristofan, Demosfen, Sitseron, Jon Milton singari qadimgi va nisbatan keyin yashagan mutafakkirlar yorqin muallif sifatida tarixda qolganlar. Publitsistlarni odamlar hamda davrlarning vositachilari deb atash mumkin.

Sub’ektni tiriltirish, ya’ni aristotelcha-kantcha mantiqni rad etib, ijtimoiy munosabatlarda inson ustuvorligini tiklash uchun Sharqning haddan tashqari ratsionallashib ketmagan dunyoqarashiga qaytish lozim bo‘ladi. Sharq falsafasining markazida inson va uning his-tuyg‘ulari qo‘yiladi. Postmodernchilar sub’ektning o‘limini e’lon qilishadi va chora axtarib, uni o‘zlari yana tiriltirishadi, ammo endi bu ish dunyoni hissiy anglashning sharqona tarziga asoslanadi.

Postmodernchilar G‘arbning ratsionalizmidan ilgarilab, endilikda individning erkinligiga, shaxsning hurligiga qaytishni talab qilmoqdalar. I.P.Ilin yozadi: “Evropa falsafiy va madaniy an’analari tomonidan zabun etilgan hozirgi sharoitda boshqa ma’naviy an’analarni qidirib topish ehtiyoji yuzaga keldi va yuzimiz o‘z-o‘zidan Sharqqa tomon burildi. Sharq va uning donishmandligiga da’vat hozirgi ko‘pgina faylasuflar va madaniyatshunoslar, adabiyot va san’at nazariyachilarining asarlarida mavjud: Fuko “Klassik asrda telbalik tarixi” asarida Sharqqa da’vat etadi; Derrida o‘zining “Antiellinizm”ida qadim ahdli Sharqqa murojaat qiladi; Kristeva “Hind-Evropa jumlasidagi mantiq markazi” tanqidida hamisha mantiqqa yopishib olishni rad etib, undan najot topish uchun xitoy falsafasidan madad izlaydi”[5].

Shunday qilib, “muallifning o‘limi” degan tushuncha g‘arb nazariyotchilari fikricha, muallifning o‘limi emas, balki g‘oyalarning muallifdan auditoriya sari ko‘chishi hamda matnni talqin etish, asar g‘oyalarini izohlashda muallifning ahamiyati pasayishida ko‘rinadi, syujetning o‘limi emas, balki uning dunyo adabiyotlariga singib ketishi, konkret asarning o‘limi emas, balki unda xilma-xil manba va ta’sirlarning mavjudligida ko‘rinadi.

Bizningcha, bu tushunchalarni mutlaq va nisbiy xillarga ajratish mumkin bo‘ladi. Mutlaq ma’noda, garchi ko‘pgina mualliflarning nomi saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, ularning asarlari asrlar osha yashab kelmoqda. Ammo nisbiy ma’noda ular mashhur va auditoriya ularni konkret asarlarning muallifi sifatida biladi.

Asarning uni tayyorlovchisidan begonalashishi asarni yaratish g‘oyasining o‘zida dasturlab qo‘yilgan bo‘ladi. Aytish mumkinki, chop etilgan asarda aks etirilgan g‘oyalar gorizontal yo‘nalishda – odamlar va millatlarga,  vertikal yo‘nalishda esa avlodlar va davrlarga yetib borib, uzoq tarixiy taqdirga sazovor bo‘ladi.

Garchi bugungi postmodernizm asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, Sharq gumanistik falsafasi ta’sirida muallifning yana tirilishiga qaytayotgan bo‘lsa-da, bu muallifning o‘limi degan tushuncha noto‘g‘ri edi, degan fikrga olib kelmasligi kerak. Gap shundaki, bu tadorik muallifning tarixiy, milliy va mavzu sohalarida istiqbolda ham tuganmasligini anglashga yordam berdi, shu bilan birga, badiiy asarning yaratuvchilari bir vaqtning o‘zida ko‘p odamlar bo‘lishini ham anglab yetishga yo‘l ochdi.

Albatta, Aristotel, Kant, Gegel va boshqa atoqli Yevropa allomalarining erishgan yutuqlari bashariyat mantiqiy tafakkurining eng yuksak natijalaridan biri ekanini inkor qilib bo‘lmaydi. Ular insoniyat tamaddunining yanada yuksakroq bosqichiga ko‘chib o‘tish yo‘lida o‘ziga xos bir bosqichdir. Postmodernistik tafakkurning unga tanqidiy munosabati esa insoniyat adabiy-falsafiy yutuqlarining zamonaviy, postindustrial jamiyat sharoitida yangicha idrok etilishi natijasi sifatida izohlanmog‘i kerak.

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 11-son

[1] Bolshoy entsiklopedicheskiy slovar: filosofiya, sotsiologiya, religiya, ezoterizm, politekonomiya. Gl. nauch. red. i sost. S.Yu. Solodovnikov. – Mn.: UP MFSP, 2002. S. 755.

[2] Qarang: Collins Gem Dictionary. Harper Collins Publishers. General Editor W T McLeod. Latest preprint, 1991. – R. 413.

[3] http://lib.ru/COPYRIGHT/fuko.txt.

[4] Maklyuen M. Ponimaniye media: vneshniye rasshireniya cheloveka. 3-e izd. – M.: «Kuchkovo pole», 2011. S. 6.

[5] Ilin I.P. Poststrukturalizm, dekonstruktivizm, postmodernizm. – M.: Intrada, 1996. //–S=55 http://nietzsche.ru/influence/philosophie/iliin/?curPos=12&curpos=12.