Zahiriddin Muhammad Bobur haqida, Boburiylar saltanati va sulolasi, “Boburnoma” va Bobur she’riyati to‘g‘risida jahon tarixida ham, adabiyotida ham juda ko‘p yozilgan. Hazrat Alisher Navoiyning “Ne mulk ichraki bir farmon yibordim, Aning zabtiga bir devon yibordim” baytlari aynan hazrati Bobur ijodiga ham taalluqlidir, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, diyoru yor sog‘inchi bilan bir umr armonda o‘tgan Mirzo Boburning nomi-dovrug‘i, ul zotning Tojmahaldan ham zo‘r ma’naviy-ma’rifiy qo‘rg‘oni “Boburnoma” asari, o‘tlug‘ g‘azallariyu benazir ijodi jangsiz-suronsiz jahon mulkini zabt etdi. Shu ma’noda hozirga qadar jahongir bobolariga munosib Temuriyzoda sifatida jahon tarixi va tamaddunida naslu nasabiga loyiq baland maqomini saqlab kelayotir.
Keyingi yillarda Bobur xalqaro fondining, bu fondning raisi, ma’rifatparvar va fozil inson Zokirjon Mashrabov boshchiligidagi ilmiy ekspeditsiyaning xorijiy safarlari, sa’y-harakatlari davomida qo‘lga kiritilgan tarixiy-badiiy kitoblar, hujjatlar va manbalar o‘zbek boburshunosligida yangi-yangi yorqin sahifalar ochgani, natijada hazrati Bobur shaxsi, tarixi, ijodi va dovrug‘ining jahonshumul miqyosi borasidagi tasavvur va bilimlarimiz sezilarli darajada boyib kengayganini alohida qayd etish kerak.
Yapon olimi Eyji Manoning “Boburnoma” bo‘yicha amalga oshirgan beqiyos ishlari, amerikalik olim S.M.Berkning “Akbarshoh — Boburiylarning eng buyugi”, taniqli ingliz adibasi Rumer Goden xonimning “Gulbadan”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarlari va yana o‘nlab kitob va risolalari ma’naviy hayotimizda katta voqea bo‘ldi. Bu sohadagi izlanish va o‘rganishlar muttasil davom etmoqda. Boburshunoslar, adib va shoirlarimizning ham buyuk ajdodimiz shaxsi, hayoti va ijodiga qiziqishlari katta. Bu bebaho ma’naviy-tarixiy xazinaning vaqt o‘tgan sayin yangi-yangi duru gavharlari, yarqiroq olmoslari topilmoqda, bundan keyin ham shunday bo‘lmog‘i muqarrar.
Fond ilmiy ekspeditsiyasining keyingi safarlaridan birida, Olmoniyada qo‘lga kiritilgan yana bir muhim kitobi — avstriyalik nemis olimi va yozuvchisi Frits Vyurtlening nemis tilida yozilgan “Bobur — yo‘lbars” (so‘zma-so‘z tarjimaci “Babur, der tiger”), deb nomlangan sarguzasht qissasidir.
Asar muallifining hayoti va tarjimai holiga doir aniq sanalarni topish imkoni bo‘lmadi. Internet tarmog‘idan olingan qisqa ma’lumotlarga qaraganda, Frits Vyurtle asosan san’at, san’atshunoslik, dizayn, kino, madaniyat sohalariga bag‘ishlangan asarlar yozgan. “Veneraning qaytishi”, “Rassom va model” asarlari shular jumlasidan. “Bobur — yo‘lbars” qissasi uning yagona badiiy asari bo‘lsa kerak.
Frits Vyurtle bu asarini “Boburnoma”dan ta’sirlanib yoshlar uchun yozgan. Kitob o‘tgan asrning 1947 yilida Avstriyada (“S. Jorgl & Co” nashriyoti, Vena) bosilib chiqqan. Unda quyidagi tavsifni o‘qiymiz: “Ushbu qissaning yosh qahramoni Zahiriddin Muhammad 16-asr boshida yashab, davlatni boshqargan. U 11 yoshida Farg‘onaga podshoh bo‘lgan. Hindistonda bir necha asr davomida hukmronlik qilgan yirik sulola uning nomi bilan bog‘liq. Bobur o‘z boshidan kechirgan voqealarni ona tilida, ya’ni turkiy-chig‘atoy tilida kitob qilib yozgan. Bu kitob “Boburnoma” deb ataladi va qo‘lingizdagi qissa shu asosda yaratildi”.
Shuningdek, asl nusxada qissa haqida muxtasar va ta’sirchan muqaddima ham berilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Bu yo‘lbars shunday qahramonki, uning timsoli yoshlar qalbida otash, hayajon uyg‘otadi. Uning qismati juda g‘aroyib, bir xilda kechmaydi. Uni o‘rab turgan muhit — siru sinoatlarga to‘la uzoq Turkiston sarhadlarida joylashgan Farg‘ona davlatida do‘st ham, dushman ham bisyor. Kitobda yosh Zahiriddin Muhammadning ichki g‘alayonlari va sarguzashtlarga o‘chligi o‘z ifodasini topgan. U begona yurtlarni o‘rganishni istaydi. Bu yurtda u nimani orziqib istagan bo‘lsa, hammasini topadi. Muallif buni ko‘ngilga xush yoqadigan shaklda, o‘ziga xos rang-baranglikda tasvir etadi… U shunday odamlar timsolini yaratadiki, mard, jasur yigitlar jang maydonida junbishga kelib “Karugli!” deya hayqirisharkan, bu bilan o‘z bahodirliklarini, hech narsadan tap tortmasliklarini isbot qilishadi. Yozuvchi bu yerda yoshlar uchun shunchaki bir qissa yozish chegarasidan oshib ketgan va yoshlar yoppasiga miriqib, qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan antiqa asar yaratgan. Ruhiy, aqliy hududlardan tashqarida o‘quvchiga qimmatli qadriyatlar darajasidagi xislatlar taqdim etiladiki, bular uning kelgusidagi shakllanish jarayonida zarur bo‘ladi. Bu kitob o‘qituvchilar, tarbiyachilar, ota-onalar uchun ham mo‘ljallangan, negaki o‘z tarbiyachilik kasb-korida nimagadir erishish, bolalarga nafaqat o‘ziga xos quvonch bag‘ishlash, balki bundan-da yuksakroq nimadir bera olishni istagan kishi uchun bu asar ayni dasturulamaldir”.
Qissaning kitob holidagi asl nusxasi Andijondagi Bobur xalqaro fondi muzeyida saqlanmoqda. Nashr vaqtidan buyon salkam bir odam umricha muddat — oltmish to‘rt yil o‘tgan bo‘lsa-da, kitob yaxshi saqlangan, qog‘ozlari, bichimi va bosmasi sifatli. Hazrati Boburning nomi, sha’nu shavkati yanglig‘, davru zamonlarning shamollari bu kitobga ham daxl qilolmagan. Yana bir jihati shundaki, ushbu asar butun jahon va insoniyat Ikkinchi jahon urushidan qutilgan bir paytda, fashizm balosi Yer yuzidan tugatilganiga endigina ikki yil bo‘lgan bir davrda nashr etilgani bilan ham muhimdir. Buning ramziy ma’nosi bor. Ya’ni Yer yuzini qilich va qurol-yarog‘ bilan emas, ma’rifat ila, ilmu adabiyot, she’ru g‘azal bilan fath etmoqning naqadar ezgu va ulug‘ligiga ishora qilinmoqda.
Asarni olmon tilidan zahmatkash olima Yanglish Egamova o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Mutarjima opamiz atoqli nemis adibi Yogan Volfgang Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” asari tarjimasi orqali o‘quvchilarga yaxshi tanish. “Bobur — yo‘lbars” qissasini o‘girishga kirishar ekan, tarjimon o‘z tajriba va mahoratiga, tarix va adabiyotga tayanadi. Hajman uncha katta bo‘lmagan, yuz betdan sal ziyodroq asarni mutolaa qilar ekansiz, avvalo, muallifning bu qissani Bobur siymosi va shaxsiyatiga, u tug‘ilgan yurtga cheksiz mehr-muhabbat va ehtirom bilan yozganining guvohi bo‘lasiz. Tarjima ham xuddi shunday mehr va ishtiyoq, zavq va ixlos bilan amalga oshirilgan.
Asarda “Boburnoma”ning ilk faslini boshlab bergan, Boburshoh o‘zi alohida ta’kidlagan “Tengri taoloning inoyati bilan va hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati birlan seshanba kuni ramazon oyining beshida tarix sekkiz yuz to‘qson to‘qquzda Farg‘ona viloyatida o‘n ikki yoshta podshoh bo‘ldum” degan davr, ya’ni otasi Umarshayx mirzo jardan uchib halok bo‘lgandan keyin, Boburning taxtga o‘tirgan paytdagi qisqa bir jarayonda kechgan shiddatli voqealar qalamga olingan. Qissa muallifi Frits Vyurtle tarixni, Bobur shaxsi va hayotini, “Boburnoma” va yana ko‘plab boshqa manbalarni astoydil o‘rgangani o‘quvchida ishtiboh uyg‘otmaydi. Uning Temuriyzodalarga, Boburning nasl-nasabiga katta ehtirom va xayrixohlik bilan qarashi o‘quvchida ham muallifning o‘ziga nisbatan xuddi shunday hurmatni yuzaga keltiradi.
Qissa “Osmondagi temir qoziq”, “Karvonboshi”, “Umarshayx Mirzoning o‘limi”, “Oq kaptar”, “Yashil o‘q”, “Nog‘ora chalindi”, “Donolar urushga boradi”, “Harbiy kengash”, “Otliqlar jangi”, “Ollohning amri” singari kichik-kichik yigirma bobdan iborat. O‘n ikki yoshli podshohzoda Bobur ishtirokidagi qizg‘in voqealar tafsiloti davomida muallif o‘sha davrdagi Movarounnahrning siyosiy-ijtimoiy hayotiga, harbiy voqealar va nizolarga ham o‘z bilim va tajribasi doirasida baho beradi. Axsi qal’asidagi vaziyat, Umarshayx Mirzoning o‘limidan keyin ro‘y bergan tahlikali holatlar, sadoqat va sotqinlik manzaralari hayotiy tamsillar, shaxslar va hodisalar yordamida jonli lavhalar orqali ishonarli tasvirlanadi. Farg‘ona vodiysining so‘lim tabiati, tog‘u toshlar tasviri, obu havodagi o‘zgarishlar va hatto Bobur Mirzo “Boburnoma”da alohida tilga olgan “Ho darvesh” dashtidagi quyun, chang-to‘zon bo‘ronlari ham avstriyalik muallif nazaridan chetda qolmagan.
Biz o‘zbek kitobxoni uchun yangilik bo‘lgan mazkur asar mutolaasini e’tiborga olgan holda, o‘quvchini bu imkoniyatdan bebahra qoldirmaslik uchun qissa voqealarini so‘ylab berishdan tiyilamiz. Ammo tarjima bilan tanishish jarayonida tug‘ilgan ba’zi bir fikr-mulohazalarni aytib o‘tishni o‘rinli, deb hissoblaymiz. Kitob muallifi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, tarix va manbalarni nechog‘li o‘rganganiga qaramay, u baribir g‘arb kishisi. Sharqona taomillar, odob-axloq, yosh Bobur ta’lim va tarbiya olgan yuksak axloqiy muhit unga begona. Ana shu bexabarlik ba’zi bir o‘rinlarda muallifga pand beradi. Misol uchun, asardagi barcha qahramonlar, kattayu kichik g‘arbliklar odatiga ko‘ra bir-biriga “sen”lab murojaat qilishadi. Aytaylik, yosh Bobur uctozini, otacining do‘cti kekca Qocimbekni “cen”laydi. Sharqona udumga ko‘ra, ilmli, yukcak martabali kishilarga (garchi ular yosh bo‘lishca ham), yoshi ulug‘larga “ciz”lab murojaat etiladi. Bu ham bizda milliy qadriyat canaladi. Tarjimada shu jihat inobatga olingan: zarur holatlarda acar qahramonlari bir-birlariga “ciz”lab murojaat qilishadi. Ayrim o‘rinlarda perconajlar nutqida g‘arbona betakalluflik bilan qo‘llanilgan co‘zlar ham imkon darajacida sharqona lutf bilan yumshatilgan.
Albatta, Frits Vyurtle muallif sifatida har qanday badiiy vosita va uslublardan, jumladan, badiiy to‘qimadan ham foydalanishga haqli. Shu ma’noda, yosh Bobur taxtga o‘tirgan vaqtda o‘ttiz yoshli xushqomat, navqiron yigit bo‘lgan Qosimbek ushbu asarda ko‘zlari ojiz donishmand, maslahatgo‘y mo‘ysafid sifatida tasvirlanadi. Yana bir nozik holat shundan iboratki, asarda Umarshayx Mirzoning jardan uchib halok bo‘lishi tasodif yo qismatdan emas, balki Shayboniyxondan martaba va amal ilinjida yurgan sotqin beklar, aniqrog‘i, Axsi qa’asining begi boshliq fitnachilar guruhi tomonidan uyushtirilgan aniq reja asosida amalga oshirilgan suiqasd sifatida ifodalanadi. Bu voqea tarixiy haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishi yo kelmasligidan qat’i nazar, qissada g‘oyat ishonarli, jonli va ta’sirchan tacvirlangan. Tarjimon ham ushbu voqeani butun murakkabligi bilan bera olgan.
Asarga muallifning o‘zi munosib ko‘rgan “Bobur — yo‘lbars”, degan nomga e’tiroz bildirmagan holda, “Temuriyzoda”, “Andijondan chiqqan yo‘lbars” yoki “Andijon shahzodasi” nomlarini ham tavsiya etgan bo‘lardik.
Qissada o‘quvchi qalbini jimirlatadigan, hikmat darajasida qiyomiga yetkizib berilgan ta’sirchan o‘rinlar talaygina. Misol uchun, Axsi qal’asi tasvirlanar ekan, bunday ta’rifni o‘qiymiz: “Sirdaryo yurtimiz orqali qancha vaqtdan beri oqayotgan bo‘lsa, Axsi qal’asi shuncha vaqtdan buyon mavjud… Bir narsa aniq: agar qal’aning eng baland minorasining eng baland maydonchasidan turib daryoga tosh otilsa, toshning shaloplab suvga tushganini eshitgunga qadar odam Ollohga uch bora shukronalik keltirib, olti karra shaytonni la’natlashga ulguradi. Axsi mamlakatdagi eng yuksak qal’a, boshqa birorta qal’a uzoqdan qarasang, bu qadar osmono‘par bo‘lib ko‘rinmaydi”.
Umarshayx Mirzoning o‘g‘li Zahiriddin Muhammad Boburga yozgan xati esa bugungi kunlarimiz bilan hamohang:
“O‘g‘lim, senga Ollohning o‘zi yor bo‘lsin! Otangning gaplariga quloq sol. Bilasanki, men tinchlikni yaxshi ko‘raman, chunki tinch mamlakat baxtli mamlakat hisoblanadi. Men Axsi xalqining sadoqatiga ishonaman. Mabodo menga biror gap bo‘lsa, hamisha yodingda bo‘lsin: kimki vaqt sinovlariga dosh bera oladigan uy qurishni istasa, g‘ishtni to‘g‘ri tersin, qorishmani ezilgan xalq ko‘zyoshida tayyorlamasin! Muqaddas kitobimizda yozilgan gapni yodingda tut: Olloh Yer va osmonni bizga ermak uchun yaratmagan! Hamisha tajribali, oqil kishilarning maslahatiga quloq tut, yengiltaklik qilib ularni e’tiborsiz qoldirma. Biroq maslahat bergan har qanday odam ham tajribali hisoblanavermaydi. Sen esa, mening o‘g‘lim va merosxo‘rimsan, sen yoshsan, jasursan, hamisha aqlli va mulohazali bo‘l”.
Andijondan chiqqan yo‘lbars na’rasini olis Avstriya o‘lkasida turib eshitgan, mehr-muhabbati, izzat-ehtiromini qo‘shib, bizning ulug‘ ajdodimiz hayotidan chiroyli kitob bitib bizga meros qoldirgan, Temuriyzoda sultonimiz sha’ni-sharafi olamaro taralishida o‘zining benazir hissasini qo‘shgan janob Frits Vyurtle nomi oldida ta’zim bajo keltiramiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 31-sonidan olindi.